— Uni jazolash kerak! Otib tashlash kerak! Joyi jahannamda!
Erkaklaru ayollardan jam bo‘lgan olomon arzu samoni larzaga keltirib baqirardi. Olomonning oldida esa, qo‘llari bog‘langan qaddi raso, bo‘ydor bir kimsa boshini baland ko‘targancha bir-bir qadam bosib borardi. U kelishgan yigit edi. Shu bilan birga uning mag‘rur qiyofasida atrofidagi baqiroqlarga nafrat va g‘azab aks etib turganini ham ko‘rish mumkin edi.
Bu yigit… fuqaroga jabr qildi. Ana endi u jazosini olishi kerak. Uni albatta qatl etadilar.
“Nachora? — dedi u o‘ziga o‘zi, — bir boshga bir o‘lim deydilar. Taqdiri azalda yozilgani shu bo‘lsa, nima ham qilardik?” Yigit hamon ko‘chani boshiga ko‘tarib shang‘illayotgan olomonga kinoyali iljayib qarab qo‘ydi. Olomon qiy-chuv qilib uni qatl maydoni tomon haydab borardi.
Qatl maydoniga ham yetay deb qoldilar. Shu payt izdihomning etakrog‘idan bir bolakayning hiqillab yig‘lagani eshitildi. Olti yoshlardagi bir bola olomonni tirsaklab yorib o‘tmoqchi bo‘lar, “Dada! Dadajon! Qayoqqa ketayapsiz? To‘xtang! Meni ham olaketing!” deb yig‘lardi. Norasida go‘dakning nolasi ta’sir qildimi, xaloyiq bir lahza jimib qoldi, so‘ng g‘ayritabiiy bir kuchga duch kelganday, beixtiyor bolakayga yo‘l berdi. Bolakay chirillab yig‘lagancha tobora otasiga yaqinlashib borardi.
— Mushtdekkina ekan bechora! — dedi bir ayol bolaga qarab.
— Senga kim kerak, bolakay? — deb so‘radi yana bir xotin, uning boshini silab.
— Dadamning oldiga boraman! — dedi bola chirillab, — meni qo‘yvoringlar, dadajonimning oldiga bormoqchiman…
— Yoshing nechada, bolakay?
O‘g‘il savolga savol bilan javob berdi:
— Dadamni nima qilmoqchisizlar? Nega uning qo‘llarini bog‘lab qo‘ydinglar?
— Hoy bola, oyoq ostida o‘ralashmay uyingga jo‘na, onang izlab yurgandir?
Asir yigit o‘g‘lining iltijosini ham, mujikning uyingga jo‘na, degan gapini ham eshitgan edi. O‘g‘li o‘rniga o‘zi javob berdi:
— Uning onasi yo‘q, yetim, — dedi qovog‘ini solib. Bola esa, olomonni oralay-oralay, nihoyat, otasining oldiga borib oldi. Qo‘llariga osildi. Siynalari qahrga to‘la to‘da hamon, uni osish darkor, yo‘q, otib o‘ldirish kerak, deya hayqirardi.
— Bolam, nega bu yoqqa kelding, uyga bor, — dedi ota.
— Nega bu kishilar sizni bog‘lab qo‘yishibdi? Nima qilishmoqchi? — deb so‘radi o‘g‘il.
— O‘g‘lim, senga bir maslahat bor.
— Nima qilay, dada?
— Katyushani bilasan-a?
— Qo‘shnimizmi? Bilaman.
— Sen hozir o‘sha Katyushalarnikiga borgin-da, o‘tirib tur. Men ortingdan yetib boraman, xo‘pmi?
— Sizni tashlab hech qayoqqa bormayman! — dedi bola va ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
— Nega unaqa deysan? Axir aytdim-ku, men… izingdan yetib boraman, deb.
— Yolg‘on. Ular sizni o‘ldirishmoqchi. Hali eshitmadingizmi?
— Yo‘g‘-e, unchalik emas. Ular… ular menga ziyon yetkazishmaydi.
Bandi yigit o‘g‘lini yerga qo‘ydi va xaloyiqqa yetakchilik qilib borayotgan kishining oldiga bordi.
— Menga qarang, birodar, — dedi bandi, — meni qay yo‘sinda, qachon o‘ldirsanglar ham roziman. Faqat bu ish mana shu bolaning ko‘z o‘ngida bo‘lmasin. Iltimos, ikki daqiqaga qo‘llarimni yechib qo‘yinglar. — Qo‘rqmang, qochib ketmayman. Men o‘g‘limga bu amakinglar mening og‘aynilarim bo‘ladi, biz sayrga chiqqanmiz, deyman. Shunda o‘g‘lim uyga ketadi. Keyin, mayli, qanaqasiga qatl etsanglar ham turib beraman.
Olomon sardori bandining iltimosiga rozi bo‘ldi. Ota o‘g‘lining yoniga qaytdi.
— Bolam, bor endi, uyga borib Katyalarnikida o‘tirib tur.
— Siz-chi, siz nega men bilan ketmaysiz?
— Bular mening og‘aynilarim bo‘ladi. Biz bir pas aylanamiz, keyin men ham uyga ketaman. Mana, ko‘rding-ku, qo‘llarim ham yechilgan. Boraqol.
Bolakay otasining yuziga tikilib o‘ylanib qoldi. Keyin ishonqiramay dedi:
— Rostdan ham uyga borasizmi?
— Boraman dedim-ku, o‘g‘lim, albatta boraman.
Bola ortiga qaray-qaray istamaygina jo‘nadi. U ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, bandi yigit sardorga qarab dedi:
— Endi men o‘limga tayyorman, qani boshlasinlar.
Shu payt aql bovar qilmaydigan mo‘jiza ro‘y berdi. Hozirgina tomoqlarini yirtgudek bo‘lib birovga o‘lim tilayotgan beshafqat odamlarning ko‘ngli birdan yumshadi. Ularning ko‘ksida kishini o‘yga toldiradigan ilohiy bir nur paydo bo‘lgan edi. Bitta ayol asta gap qo‘shdi:
— Menga qolsa… uning gunohidan kechish kerak.
Ayolni kimdir quvvatladi:
— Yaratgan Egam rahmdil bo‘linglar, degan. Bu yigit ham Xudoning osiy bir bandasi. Kelinglar, qo‘yvora qolaylik…
Biror soatdan beri “Osilsin! Otilsin!” deb hayqirayotgan xaloyiq endi jo‘rovoz bo‘lib, “Qo‘yvorilsin! Gunohi o‘ziga!” deb qichqira ketdi. Mag‘rur bandi yigit esa, qo‘llari bilan ko‘zlarini bekitgancha yig‘lab yubordi. U olomonni yorib o‘tdi va kallasini osiltirgancha uyiga, o‘g‘lining oldiga yelib ketdi.
Sa’dulla Siyoyev tarjimasi.