Taksi haydovchilar rasvo bo‘lishadi-da juda, tiqilinchda odamning holi-joniga qo‘ymay xira pashshadek yopishib olishgani-chi, nega shunaqa qilishadi-ya, ko‘rib turishibdi-yu, ahvol-tirikchilikni – haydasang ketmaydi, boshida, yo‘q, kerakmas, qo‘yasanlarmi-yo‘qmi, bo‘ldi-da endi, deya javob qilib charchamayotgan odamning oxiri indamay, namoyishkorona yuzini burib olishdan o‘zga chorasi qolmadi, ular shunchalik shilqim bo‘lib ketganidan uning g‘ijinayotgani, ko‘zlarida chaqnagan g‘azabni sezmasdilar, tavba, qochib ham qutulib bo‘lmasa ulardan, yaxshi gapga – iltimosga ko‘nishmasa, qo‘ysalaring-chi, shunchalik ham bo‘lasizlarmi, degani bilan tinch qo‘yish u yoqda tursin, Sintagma, Akropol, Monastiraki, Pirey, Agora, Plaka yoki to‘xtovsiz ravishda mehmonxona, mehmonxona, deb to‘tiqushday takrorlayversa, yana very nice, bilan very goodga balo bormi, otasi karnaychi o‘tganmi bularning, quloqni qomatga keltirib shang‘illashini qarang, ishshaygani hammasidan o‘tib tushadi, biram yoqimsiz, surbetlarcha ko‘zini lo‘q qilib ishshayadi, bunisidan qutulsang, undan o‘tadigan so‘xtasi sovuqrog‘i ortingdan kelib tiqiladi, jomadoningni narigi qo‘lingga olib, teskari burilib olishdan o‘zga chora topolmaysan, lekin ular lop etib oldingdan to‘sib chiqadi, bularning epchilligini – bir nafasda goh ortingda, goh oldingda paydo bo‘lishadi, butun aeroport kelib ketish manziliga emas, balki adashib qolganlar makoniga aylanganini anchadan keyin – g‘oyat katta kutish zalidagi berahm olomon orasiga kirib borganingdagina fahmlab qolasan, har tarafdan odamlar to‘da-to‘da bo‘lib yoki yakka-yolg‘iz so‘ppayib kirib kelishadi, bolalar ota-onasini chaqirib qichqirgan, uzoq ketma, yonimdan jilma, deb tanbeh berganiga qaramay tentirab ketgan kichkintoylarini izlab onaning fig‘oni falakka ko‘tarilgan, darmonsiz qariyalar oyoqlarini sudrab bosadi, maktab o‘quvchilaridan tuzilgan guruh rahbari bolalarning o‘takasini yorgudek ovozda qichqiradi, Yaponiyadan kelgan sayyohlarning tarjimoni bayroqchasini silkitib, bejirimgina karnaychalari orqali quti o‘chgan hamyurtlarini chaqiradi, hamma qora terga botgan, chunki kun yonayapti, buning ustiga dim, iloj qancha, yoz yozligini qiladi, faqat mana shu shovqin ortiqcha, chidash qiyin, go‘yo dunyoning barcha shang‘i, befarosat odamlari bir yerga to‘planib olgandek, amallab shaharga olib chiqadigan yo‘lga chiqib olasan-da, xayriyat, deb tashqariga oshiqasan, holbuki, u yerda ahvol beshbattar ekani xayolingga ham kelmaydi… Ana shundagina u Afina avji yoz pallasida tandirdek yonajagini tushunib yetdi, taksi haydovchilarning uch-to‘rttasi haliyam uning ortidan ergashib yurardi, qo‘yib bersa ular ortidan jahannamgacha boradigan, biri ishshayadi, boshqasi iljayadi, yana bittasi jomadonga qo‘l uzatib bezor qiladi, oxiri bu qiy-chuv, to‘s-to‘polondan xayriyat, qutuldim, deganda butunlay holdan toydi, aeroport binosidan chiqaverishda kutib turgan taksilardan biriga shartta o‘tirdi-da, saqich chaynayotgan lanj haydovchiga, Sintagma yonidagi Erma va Eola ko‘chalari chorrahasida joylashgan mehmonxonaga, dedi, haydovchi bu aljiragan chol nima deyapti, degandek ma’noli qarab qo‘ydi, so‘ng indamay bosh qimirlatdi, u esa, o‘rindiqqa behol suyanib ko‘zlarini yumdi, garchi taksi haydovchilar aldab, patingni yulishmasin, deb grek tanishlari oldindan ko‘chalarning tarhini chizib bergan qog‘oz yonida bo‘lsa ham, olib o‘qimadi, mashina qayoqqa ketayotganini aniqlash uchun qaramadi, baribir to‘rt tanga qo‘shib aytishmasa, yeganlari harom bo‘ladi, yozilmagan qonun bu, sen ham ular bilan tortishib yurma, busiz ularga hayot tatimaydi, do‘stlarining shu taxlit ko‘rsatmalariga binoan u talashib-tortishmadi, azbaroyi nima qilishni bilmagani, holi yo‘qligi, asablari qaqshayotgani uchungina emas, balki parvozdan keyingi voqealar: topolmayotgan yuklarining tasodifan hech kutilmagan yerdan chiqib qolishi, xira-xandon haydovchilar, issiq, dim havo uni shoshilishga majbur etdi. Jomadoni yo‘qolgani haqida xabar berishga chog‘langanida yuki begona lash-lushlar – to‘rt soat avval Kiyev aeroportida yo‘lovchilar yuklarini joylashtirganda ko‘zi tushgan qop-xaltalar orasidan chiqdi, bu mayli, uchrab turadigan hodisa, biroq taqiqlangan giyohvand moddalar izlab o‘sha la’nati jomadonini tit-pit qilib tekshirishganda bu ko‘ngilsizliklar yana davom etdi va nihoyat, kutish zalidagi sarsongarchiliklar, bular odamman, deganning sabr kosasini to‘ldirib yuborar, buning ustiga uni Gretsiyaga taklif etgan tanishlaridan birontasi kutish zalida ko‘rinmasdi, kim aybdor, ular kutib-kutib qaytib ketgan bo‘lsalar-chi, odamlar orasida o‘ralashib yurgani yetmagandek, taksi haydovchilar yopishib xiralik qilishganda ular bilan adi-badi qilib o‘tirgani uchun o‘zi aybdordir balki, qisqasi, ana endi sillasi qurib, taksining orqa o‘rindig‘iga o‘zini tappa tashlab, tong qorong‘isidagi kimsasiz ko‘chalarga ma’nosiz qarab, yozib berishgan bironta xiyobon yoki ko‘chaning nomi yo kinoteatrni ko‘rmasa ham, ahamiyat bermagani tugul bir qancha vaqt qayerga ketayotgani va hisoblagich shaqillatib qancha yozib qo‘ygani bilan zarracha qiziqmagani ham oqlash mumkin bo‘lgan narsalardek tuyuldi, avvaliga bu xususda o‘ylash xayoliga ham kelmadi, biroq haydovchi qisqa yo‘ldan emas, butun boshli nohiyani aylantirib olib ketayotgani uchun hisoblagich ko‘rsatkichi besh yevroga yaqinlashib, bir daqiqa o‘tar-o‘tmas undan ham osha boshlaganida bekorga aytishmaganini fahmladi, tanishlari shunchadan ko‘p yo‘lkira so‘rashsa, sira to‘lamagin, deb tushuntirgan edilar, u ingliz tilida bir nimalar degandi, haydovchi avval eshitmaganga oldi, keyin o‘zini ovsarlikka solib mashinani dam o‘ngga, dam so‘lga burib ketaverdi, nihoyat, allaqaysi chorrahaga kelgach, qizil chiroqda to‘xtadi-yu, yo‘lovchi uzatgan bir parcha qog‘ozdagi ko‘chaning nomiga chertib-chertib, bir nimalar dedi, lekin yo‘l haqi xususida g‘ing demadi, qisqasi, insof qilish u yoqda tursin, hozirgina o‘tib ketishgan joyning nomini aytishni ham ep ko‘rmadi, zero, bu yerdan Sintagma maydoni tugul, shahar markaziga ham juda olis edi, ana shunda uning jahli chiqib, tepa sochi tikka bo‘ldi-da, noroziligini bildirish maqsadida o‘shqirdi, qo‘lini paxsa qilib jazava ichida soatini, so‘ng qog‘ozdagi “Sintagma maydoni” degan yozuvni ko‘rsatdi, baribir foydasi bo‘lmadi, taksi haydovchi pinagini buzmay, saqich chaynab o‘tiraverdi, unga hech nima ta’sir qilmaydiganga o‘xshardi, u go‘yo adashishi mumkin emasdek, to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganiga ishonchi komil ekanini namoyish etish uchun beg‘am-beparvo o‘tirgandek tuyulardi, oxiri hammasi joyida, qo‘rqmang, deya uni xotirjam qildi, bu ham yetmagandek ortiga o‘girilib, be happy, dedi yana, pirovardida haydovchi allaqanday odam gavjum chorrahada keskin tormoz bosganda, yo‘lovchining tomiri tortishib, qornini changallagancha bukchayib qoldi, haydovchi eshikni ochdi va so‘ljayib qo‘llari bilan ishora qildi, mana, marhamat, Sintagma maydoni, axir shu yerga deganmidingiz – u esa dastlab tanish-bilishlari qat’iy belgilab bergan pulni uzatdi, haydovchi pulning ozligini ko‘rib unga baqira ketdi, yelkalaridan ushlab siltadi, u endi mashinadan tushgan edi, bir to‘da greklar kelib bularni qurshab olishdi, birovi u dedi, boshqasi bu dedi, xullas, bularning ishiga aralashib ikkovini kelishtirib qo‘yishdi, ming la’nat, bu korchalonlar ham yo‘l haqini grek tanishlari hisoblab berganidan ikki hissa ko‘proq undirib berishdi, ammo to shu choqqacha yuz bergan lo‘ttibozliklar joniga tegib ketganidan, “tupurdim o‘sha Afinangizga!” deb baqirdi u o‘zini o‘rab olgan greklarga, ammo ular xafa bo‘lish o‘rniga uning yelkasiga qoqib, ishshaygancha yupatishdi, hammasi joyida, no problem, yur, undan ko‘ra qittak-qittak olamiz birgalikda, sizlar bilan birgami, ko‘zim uchib turgani yo‘q, degancha u jingalak soch, moviy ko‘zli, nazarida suyuq tuyulgan bu yigitlar chet ellik mehmonning bor-budini qoqishtirib olish uchun emas, balki taksi haydovchisi bilan bo‘lib o‘tgan mojaroda yengib chiqqanini yuvish, nishonlash maqsadida chin dildan taklif qilishayotganiga fahmi yetmay ularning qurshovidan chiqib ketmoqchi bo‘ldi, greklar esa o‘zingni bos, haydovchilarning bari bir go‘r, ularga tushuntirolmaysan, ular yuho-ku, puling tugul teringni ham shilib olishadi, ayniqsa, bunaqa paytda, undan ko‘ra yur biz bilan, sal ko‘ngling yoziladi, deya ko‘chaning narigi betidagi hozirgina o‘zlari o‘tirgan restoranning oldiga o‘rnatilgan ixchamgina stollarni ko‘rsatishib, uning yelkasiga qoqib qo‘yishdi, biroq u shunchalik qo‘rqib ketgan ediki, jomadonini ola solib orqa-oldiga qaramay son-sanoqsiz mashinalar qalashib yotgan chorraha tomon yugurdi, uning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmasdi, ko‘chani kesib o‘tayotganida mashinaning tagiga kirib ketishi mumkinligini xayoliga ham keltirmay, ketma-ket yangrayotgan signallarga ham ahamiyat bermadi, vaholanki, ko‘chaning narigi tarafiga o‘tib olguncha, uch marotaba mashina urib ketishiga oz qoldi – yaxshiyamki, qo‘lidagi jomadon yengil edi, lekin yengil bo‘lgani bilan baribir emin-erkin yurishga xalal berardi, uni yana Xudo asradi, yugurib ketayapti-yu, ko‘nglida tanishlarga qo‘ng‘iroq qilsammi, qayerdaykin ular, yordam so‘rasammi, degan o‘y-xayollar g‘ujg‘on o‘ynaydi, qo‘ng‘iroq qilish qayerda, boyagi taksi haydovchisi bor pulini olib qo‘ydi-yu, yaramas, qo‘ng‘iroq qilishga naqd puli bo‘lmasa, shuning uchun u to‘xtab, shinavanda grek yigitlari tomonga bir ilinj bilan qaradi, ular bundan chamasi besh-o‘n daqiqa avval yeb-ichishgan restoran oldidagi stollarga borib o‘tirishgandi, shu o‘tirishda ular yo‘lto‘sar-yulg‘ichga ham, o‘g‘ri-firibgarga ham o‘xshamasdi, shu bois birozdan keyin sal o‘ziga kelgach, ularning oldiga borib, maslahat so‘rashga qaror qildi, aloha, shunday xayol bilan yo‘lni kesib o‘tish uchun bir-ikki qadam yurdi, u ko‘p narsani tushunmasdi, ro‘paradagi svetoforning yashil chirog‘i yonib turgani bilan o‘ziga, yon-atrofidagi yo‘lovchilarga aloqasi bormi-yo‘qmi – bilmasdi, nihoyatda ehtiyot bo‘lish kerak ekan, chunki zum o‘tmay yana chalkashib ketdi, yashil chiroq yonib turgani bilan, mashinalar oqimi to‘xtay demasdi, bahaybat yuk mashinasidan qochaman, deb orqasiga tisarilgan edi, qoqilib yiqilishiga oz qoldi, bu ham yetmagandek o‘qdek uchib kelayotgan odam to‘la avtobus uni turtib yuboray dedi, svetoforning yashil chirog‘i o‘chib, bir daqiqadan keyin qayta yonganida u to‘rt-besh nafar yo‘lovchilarning panasida eson-omon o‘tib oldi, hech kimga e’tibor bermay, restoran ayvonchasida betashvishgina musallas ichib o‘tirgan haligi yigitlar davrasiga borib qo‘shildi, uning qaytib kelishiga ishongan ekanmi, yigitlar do‘stona kutib olish tugul, yonlariga taklif etib, bitta qo‘shimcha stul keltirib berishdi, hammasining yuzida boya aytmadikmi, biron qarorga kelishdan avval, eng yaxshisi, aqlni peshlash uchun bir stakan musallas ichib olish kerak edi, degan ifoda zuhr etardi, ular nima ichasiz, pivomi, musallasmi, deb so‘rashdi, e, yo‘q, deya rad etdi u, men, yaxshisi, qahva ichaman, grekcha qilib damlasin, ular ofitsiantni chaqirib qahva buyurishdi, shu asno gurung qizidi, grek yigitlari unchalik yosh emas – o‘ttiz-o‘ttiz beshlarda edi, inglizchani yaxshi bilishgani bilan taffuzlari biroz g‘alati ekan, o‘zining talaffuzi ham havas qilarli darajada emasdi, shunga qaramay ular bir-birlarini yaxshi tushunishardi, gapga berilib ketganidanmi yo bir tashvishi arigani uchunmi, qayerda kimlar bilan o‘tirganini ham unutib, tili yechilib, qayerdan va nima maqsadda kelgani, bu dunyoning ishlari ko‘ngliga zig‘ir yog‘dek urgani, keyingi paytda hatto o‘ziga o‘zi yoqmay qolganlari, xullas, Afinaga borib kelsammi deb ahd qilganlari haqida bir boshdan oqizmay-tomizmay aytib berdi, lekin ochig‘ini aytganda, u ancha yillardan buyon chindan ham Afinani bir borib ko‘rishni orzu qilardi, yigitlar indamay bosh qimirlatib tinglab o‘tirishdi, hech kim uning gapini bo‘lmadi, gapdan gap chiqib bu yangi tanishlari, kutib olish uchun aeroportga chiqmagan “do‘stlari”ga qo‘ng‘iroq qilish va ularni izlab topish niyatidan uni qaytardilar, xo‘p, mayli, bir sabab tufayli kechikkan bo‘lishlari mumkin, nega u holda Ermi ko‘chasining chorrahasida ertalab soat to‘qqizda ko‘rishamiz, degan so‘zlarida turmay, haliyam kelishmadi, hozir to‘qqiz qoliptimi, undan ko‘ra biz bilan qol, modomiki, taqdir taqozosiga ko‘ra uchrashib qolgan ekanmiz, bu bejiz emasdir, nima bo‘ladi sizlar bilan qolsam, deya qiziqsinib so‘radi u, biron taklifingiz bormi, nima, taklif, greklar bir-biriga qarab olishdi, uning savoliga kulgilari qistadi, qanaqa taklif – hech qanaqa taklif yo‘q hozircha, mana shu yerda o‘tirganimiz yetmaydimi, pivo, musallas ichib o‘tiribmiz-u, bu taklifga kirmaydimi, uning soddaligidan miyig‘ida kulib qo‘yishdi, kechadan beri shu yerda dam olib o‘tiribmiz, hech kim hech narsani o‘ylamaydi, puling bo‘lsa bas, hammasi o‘z-o‘zidan chiroyli taklifga kiraveradi, dedi o‘zini Adonis deb tanishtirgan novcha yigit, to‘g‘risini aytganda es-hushli, yoqimtoy yigitlar ekan, u grekcha damlangan qahvani ichgach, daf’atan agar ularning taklifiga rozi bo‘lib, shu yerda ular bilan birga qolsa, Afinani tomosha qilish nima bo‘ladi, deb o‘yladi, axir bu tomonlarga shuning uchun kelgan emasmi, hozirgina shu fikrini aytganda nega hammalari ma’noli ko‘z urishtirib, indamay o‘tirishdi, u chindanam ajablandi, shuning uchun yana ko‘nglidagi niyatini aytdi, qani, nima deyisharkan, biron yangi taklif eshitarmikanman, deb umidlandi, Afina to‘g‘risidagi bunaqa gaplar taniqli rassomga mo‘yqalam nimaligini tushuntirishga urinishdek gap, to‘g‘rimi, Iorgos, dedi yigitlardan biri, uning so‘zlari negadir o‘zini Jorj deb tanishtirgan yigitga ham yoqmaganligi sezildi, u qo‘l siltab, hafsalasi pir bo‘lgan odamdek, buni qara, Afinani tomosha qilmoqchiman emish, Afinaning nimasini tomosha qiladi – hayronman, dedi-da, krujkasini shart ko‘tarib qolgan pivoni ichib yubordi, yigitning gaplarida qandaydir alam, norozilik bor edi, ammo nega Iorgos bunaqa deyapti, deb dabdurustdan so‘rolmadi, keyinroq, sohildagi qumloqqa chiqarib tashlangan baliqlar, beozor, yoqimtoy yalqovlar, deya ta’rifladi ularni ichida, ammo ular bilan birga o‘tirish yoqayotgani, o‘zini bemalol, erkin tutishiga shu ko‘ngli toza yigitlar sababligini tobora chuqurroq his qilardi, zotan, bu tuyg‘uning yomon jihati ham bor edi, bu xavfli, domiga tortib ketsa qutulishning iloji yo‘q xatarli mashg‘ulotga o‘xshaydi, to‘g‘rirog‘i, bekorchidan Xudo bezor – kun bo‘yi o‘tirib, ularning falon estrada guruhi narigisidan yaxshiroq deganini eshitish, o‘tgan-ketganni alang-jalang qilib kuzatish, shu issiq va qo‘lansa havoda Sintagma maydoni va unga tutash ko‘chalarda u yoqdan-bu yoqqa g‘izillab o‘tayotgan son-sanoqsiz mashinalarni tomosha qilish, bo‘lar-bo‘lmas, keraksiz, puch hangomalardan charchamay, og‘izga kelgan mayda gaplarni dudlangan, yog‘siz, sho‘r baliqning dumini chaynagandek tamshanib, takrorlashlar joniga tegib ketmagani-chi bularning deb o‘ylardi u, agar hoziroq shartta o‘rnidan turib ketmasa, o‘zi ham shu botqoqqa botishi mumkinligidan cho‘chidi, ana unda kech bo‘ladi, orzu qilgan hayotidan butunlay mahrum bo‘ladi, keyin… u kutilmaganda o‘rnidan turdi-da, jillaqursa bolaligidagi eng ardoqli, aziz orzusi – Akropolni bir marta bo‘lsin ko‘rishi shart ekanligini ma’lum qildi, bir vaqtlar o‘lsam ham boraman degan edim, mana, yoshim o‘tganda nasib qilibdi, endi ko‘rmasam bo‘lmaydi, shuning uchun uzr, dedi, ana xolos, demak, loaqal Akropolni ko‘rsang bo‘ldi ekan-da, deya ko‘zini qisdi Adonis, qisqasi, Akropol, piching qildi Iorgos, o‘zing bilasan, deyishdi oxiri ular, birinchi kelishing ekan, ko‘rganing ma’qul, o‘ta bema’nilik, dedi Iorgos, men ham fikringga qo‘shilaman, dedi Adonis, bo‘pti, boraqol, faqat gapimga quloq sol, dedi bularning orasida o‘tirgan bittayu bitta qiz – uni Ela deyishardi – manavi dardisarni ko‘tarib yurmay, shu yerga qo‘yib ketaver, mabodo, zarur bo‘lib qolsa, kelib so‘rasang, olib berishadi, mabodo, biz yo‘q bo‘lsak… hozir, shoshmay tur, qani u, Ela atrofga alangladi, Maniopulosning oldida bo‘lsa kerak, dedi Iorgos, Maniopulos deganlari sotuvchi bo‘lib, kichkina do‘konchada kompyuterning ehtiyot qismlarini sotarkan, pardani ko‘tarib ishora qilishgandi, uning gumashtasi kelib jomadonini olib ketdi, xohlagan paytingda kelib o‘sha boladan olasan, shundan so‘ng unga yo‘lni ko‘rsatib yuborishdi, jazirama issiqqa qaramay ular nima uchundir piyoda borishni taklif qilishganiga u ajablandi, biroq ularning aytishlaricha, birinchidan, hozir sayyohlar kam va qolaversa, shaharning eski qismidagi Plaka mavzesini yo‘l-yo‘lakay tomosha qilib borishi mumkin emish, qaysi tomondan borsa qulayroq ekanini Iorgos hijjalab tushuntirdi, hatto tushuntirayotganda qo‘li bilan ko‘rsatib turdi, hammalari restoranga darhol kirib keta qolmay, uning ortidan qarab turishdi, u ko‘chaning narigi tomoniga o‘tib, Plakaning tor jinko‘chalari og‘zigacha bordi-da, o‘girilib qo‘l silkidi, bunga javoban ular ham do‘stona xayrlashdilar, u yengil xo‘rsinib qo‘ydi-da, yo‘lga tushdi, bir zumgina yuragi hapriqdi, negaki, u ayni daqiqalarda ko‘pdan-ko‘p orzulari ichida hamisha ohanrabodek o‘ziga jalb etib kelgan ma’vo – Akropol ostonalarida turardi, bir ko‘rsam armonda qolmasdim, deya ko‘nglidan o‘tkazdi va bolaligida rangli kitob sahifalarida ko‘rib xotirasiga muhrlanib qolgan xira suratlar ko‘z oldidan o‘ta boshladi, bir jihatdan xursand bo‘ldiki, boyagi yigitlar uning qat’iyati oldida chekindilar va yo‘ldan qaytara olmadilar, agar chini bilan aytsa, bir zamonlar tasavvur qilgan Akropol aslida xayoliy, yuksak, hapriqtiruvchi emas ekan, shekilli, hozir boshqacharoq ko‘rinmoqda edi, axir u Akropolning bunchalik katta masofani egallab olganini bilarmidi – bilmasdi, binolarini qarang, Propileya yo‘lagini aytmaysizmi, Panteon ibodatxonasi qanday muazzam va ulug‘vor ekan, greklar temenos, deb ataydigan Afinadagi tabarruk maskanlar silsilasining benazir mahobati va ko‘lamini hikoyalar, xotira va suratlar orqali tasavvur qilib bo‘lmas ekan, nafsilamrini aytganda bu suratlar va hikoyalar Akropolning buyukligi haqida hech narsa demas ekan, Akropol ko‘lamining o‘ziyoq tasavvurga sig‘mayapti, uni mana shu narsa hayratga soldi, u sendvich sotib oldi, qorni ochganligidan narxi nega bunaqa qimmat ekanini surishtirib o‘tirmadi, muzdek kolaning narxidan odamning, ayniqsa, sayyohning ko‘ngli ozardi, nima degan gap bu, qorni ochsa ochibdi – nima bo‘pti, shunga ham ota go‘ri qozixonami, muhimi, uni hozir boshqa narsa tashvishlantira olmasdi – jaziramaga qaramay, Akropolga tobora yaqinlashib kelayotgan edi, ayni choqda mana shu narsa hammasidan muhimroq va ahamiyatliroq ekanini his qilardi, yana ozginadan keyin Niki va Erexteon ibodatxonalarini, oxiri yodgorliklarning gultoji bo‘lmish benazir Panteonni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, qisqasi, tez orada u Akropolning eng yuqorisiga ko‘tariladi, bu uning doimiy orzusi bo‘lib kelgan, greklar 2439 yil avval qurgan, qurish qayoqda, yaratgan buyuk obidalarni tezroq ko‘rish ilinjida yuragi hapriqa boshladi.
U Plaka mavzeiga kirib borganida, boya aytishganidek sayyohlar ko‘p emasdi, u shuncha yurib nari borsa, sakson-to‘qson chog‘li sayyohni uchratdi, ro‘paradan kelayotgan sayyohlar guruhi uni aylanib o‘tganda u xursand bo‘ldi, bir o‘zi tomosha qiladi – hech kim xalal bermaydi, so‘ngra u Flessa ko‘chasi bo‘ylab ketdi, notanish shahar – adashib qolishi hech gap emas, boshi gangib Erexteon ko‘chasi bo‘ylab yurgan yaxshimi, yomonmi – ikkilanib turdi-da, har ehtimolga qarshi to‘g‘ri ketaverdi, Stratonos ko‘chasidan Frozzilono ko‘chasiga burilgach, kutilmaganda keng, odam gavjum Dionis Areopagita shohko‘chasidan chiqib qoldi va shuning barobarida yuksakda viqor bilan qad rostlab turgan Akropolga ko‘zi tushdi, tepalik shu choqqacha tor ko‘chalar aro bir on ko‘rinib qolayotgan edi, biroq loshlanib turgan butun mahobati ila endi yaqqol ko‘zga tashlandi, bu umrida ilk bor niyatiga erishishi mumkinligidan darak berardi, boshqasining nima keragi bor, axir u Akropol ostonalarida-ku, bunday ne’matdan bahramand bo‘lish arafasida nechuk quvonmasin, quyosh ayovsiz qizdirardi, katta ko‘chada qatnov o‘ta xavfli, soat o‘n-o‘n birlar bo‘lsa kerak, lekin anig‘ini aytolmaydi, chunki soati hali samolyotdayoq to‘xtab qolgandi, vaqtida batareyasini yangilamaganining oqibati, endi buning qizig‘i ham yo‘q, deya xayolidan o‘tkazdi u, men manzilga yetib kelgan bo‘lsam, u sayyohlarning shubhali darajada kamligidan hayron bo‘ldi, ularning safi tobora siyraklashardi, biroq bu ham uning dilidagi zavqni, g‘ayratini susaytirmadi, aksincha, ruhi yuksalib borayotgandek tuyuldi, axir, mana, o‘ng tomonida Akropol qad rostlab turibdi, ertami-kechmi, o‘sha yerga olib chiqadigan so‘qmoqni topadi, buning uchun butun tepalik etagini aylanib chiqishdan erinmaydi, bunga bardoshi yetadi, ming qilsa ham topadi, u shunday xayollar bilan o‘ziga o‘zi dalda berardi, ammo yo‘l hali-veri tugay demas, aksiga olib issiq havoda qandaydir badbo‘y hid kuchayib borardi, ko‘chaning shovqini quloqni qomatga keltiradi, u endi birinchi ro‘baro‘ bo‘lgan odamdan u yerga qanday boriladi deb so‘rashni diliga tugib qo‘ygan mahal birdan ohaktosh plitalar bilan mustahkamlangan ilonizi yo‘lga ko‘zi tushdi, bu ilonizi so‘qmoq tepasida allaqanday qorovulxona bor ekan, u o‘sha yoqqa chiqib bordi, qarasa, qorovulxona emas, chiptaxona ekan, o‘n ikki yevro to‘laysiz, deyishdi, u jahl bilan qo‘lini paxsa qilib dag‘dag‘a qila boshlagan edi, olti yevroga tushirishdi, shu tariqa u olti yevroga chipta olib, ichkariga kirdi va boshini tepaga ko‘tarib qaradi: demak, mana Akropol qanaqa ekan, biroq o‘sha zahoti quyosh nuridan ko‘zi qamashib, boshini quyi solishga majbur bo‘ldi, ko‘z oldidan qora-jigarrang dog‘lar bir necha soniya ketmay turdi, ko‘zlariga dam berish uchun oftob nuri tushmayotgan yerga qaramoqchi bo‘ldi, biroq harakati zoye ketdi, chunki oyog‘i ostidagi marmartosh yarqirab, unda aks etayotgan nur chaqindek ko‘zlariga sanchildi, zina pillapoyalari oq marmardan ishlangan bo‘lib, uning orasidan bironta maysa yoki giyoh o‘smagan edi, u Akropolga eltguvchi asosiy darvozaxona ostonasida ekanini bilardi, xolos, bundan chiqdi, so‘l tomonida Pinokoteka deb atalmish suratlar galereyasi, o‘ng qo‘lda esa mudofaa minorasi, undan yuqoriroqdagi maydonda to‘rt ustunli Niki ibodatxonasi joylashgan bo‘lishi kerak, buni u Akropol xaritasi orqali esida saqlab qolgandi, ilgari ko‘rmagan, qayerda ko‘radi, u to‘xtamasdan ketaverdi, ko‘zlarini ocholmay, zina panjarasini ushlab chiqib borar ekan, o‘zini o‘zi yupatardi, mayli, hechqisi yo‘q, vaqtinchalik shunday, lekin zinapoya tugagach, biron daraxt soyasida nafasimni rostlab olaman, keyin sal o‘zimga kelgach, bu yerga qaytib tushaman-da, Propileya yo‘lagini yaxshilab tomosha qilaman, deya xayol qildi, shuning uchun to‘xtamay ketaverdi, ketaverdi, lekin Propileyadan o‘tgach, yurish yanayam qiyinlashdi, sababi, obida boshdan-oyoq ohaktoshlardan iborat qoyaga qurilgan edi, pastga enib ketgan yo‘l ham ko‘zni oladigan ohaktosh bo‘laklari oralab o‘tgandi, bundan chiqdi, o‘sha dong‘i ketgan Akropol boshdan-oyoq yaxlit, tap-taqir toshlar ustiga qurilgan ekan-da, degan xulosaga keldi va shu asno mudrab qolishdan qo‘rqib, kiprik qoqmay ilgarilab boraverdi, quyosh tandirdek qizdirar, boshi, yelkasi, qo‘l-oyoqlari, a’zoyi badani, qo‘ying-chi, ichu tashi kuyardi, chidamay qayoqqa boradi, faqat bir narsani u kutmagan edi, ana shu narsa uni gangitib qo‘ydi, bu quyosh nurining marmartoshlarga tushib qaytayotgan shu’lasining aksi edi, buni u aslo kutmagandi, bilmaganligi tufayli bundan saqlanish choralari haqida o‘ylab ham ko‘rmabdi, qayerdan bilsin, qachonki, bironta yo‘llanma, san’at tarixi bo‘yicha yozilgan bironta tadqiqotda ogohlantirilmagan bo‘lsa, Akropol tepasida quyosh shunchalar yarqiroq nur sochadiki, ko‘zi noziklar, albatta, ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘yishi zarur deb ochiq-oydin ogohlantirishsa asakalari ketarmidi, mana shunaqa ko‘zi noziklardan bittasi hech qanday chora ko‘rmagan, oqibatda hozir ham biron narsa o‘ylab topolmadi, chunki qo‘lidagi jomadonidan bo‘lak hech vaqosi yo‘q, bilganda o‘zi bilan bir nimalar olgan bo‘lardi, shu payt jomadoni shaharda, Maniopulos degan yigitda qolgani lop etib esiga tushdi, quyosh ham aksiga olib ayovsiz o‘t purkamoqda, tevarak-atrofda tangadek soya beruvchi na daraxt, na shiypon, na devor bor, quyosh naq boshdan urardi, butun boshli Akropol otashda qovurilayotgandek edi, Xudoning marhamatini qarangki, u shimining orqa cho‘ntagida dastro‘moli borligini eslab qoldi va o‘shani olib ko‘ziga bosdi, ammo qo‘lro‘molchaning oppoq enlik hoshiyasi ko‘ziga malol keldi, ana shunda u qo‘lro‘molchasi ustidan kaftlarini bosib turdi, biron-bir salqin soya yer chiqib qolar, o‘ldimi, degan umidda yana olg‘a yurdi, aloha, u bolaligidan ko‘rishni orzu qilgan Akropol bo‘ylab borar edi, shu narsa ma’lum bo‘ldiki, eru xotin nemislarni hisobga olmaganda bu maskanda undan boshqa tirik jon yo‘q edi, bu nemislar ham ancha narida, Panteonda edi, ana o‘shalar puxta ish qilgan ekan-da, deb o‘yladi u, sayohatga chiqishdan avval tayyorgarlik ko‘rishgani sezilib turibdi, boshlarida issiqda kiyadigan soyabonli, suv o‘tkazmaydigan maxsus bosh kiyim, ko‘zlarida qora ko‘zoynak, yelkalarida ryukzak, ryukzakning yarim ochiq og‘zidan bir litrli mineral suvning idishi ko‘rinib turardi, suv idishni eslab uning tashnaligi ortdi, lekin nima bilan qondiradi bu istakni, vaholanki, bu yo‘llarda na tamaddixona, na muzdek ichimliklar do‘konchasi bor edi, qisqasi, Akropolda Akropoldan boshqa hech vaqo yo‘q edi, bu vaqtga kelib uning toqati toq bo‘layozgandi, shunga qaramay bir zamonlar Afinaga haykal o‘rnatilgan yerga yetib keldi va Erexteon tomonga yurdi, u ko‘zi ojiz odamlardek timirskilanib borar, yuqoriga qarash tugul, jillaqursa, bir boragina ko‘z qirini tashlay olmasdi, holi kelmasdi, mabodo, shunday qilsa ko‘zlari yoshlanardi, yaxshiyamki, hali og‘riq sezmayapti, hammasi Erexteonga yetib kelganida boshlandi – ko‘zlari qurib, yoruqqa qarolmay qoldi, u obidaga kirolmadi va hatto bir qur ko‘z yugurtirib chiqolmadi ham, chunki purviqor ustunli ayvon juda balandda bo‘lib, u yoqqa chiqishning sira iloji yo‘q edi, u noumid bo‘lib atrofga alangladi, ana shu lahzada ko‘zlari achishib og‘ridi, qoya tepasida hali u yerda, hali bu yerda bahaybat o‘ymakor toshtaxtalar yotardi, bu toshtaxtalar arxeolog Dyorpfeld olib borgan qazilma ishlardan qolgan Afina mehrobining qoldiqlari edi, yana kim bilsin, lekin har holda ko‘zlarini amallab ochib qaraganida shu narsalarni ko‘rishga muyassar bo‘ldi, daf’atan unga ma’budlardan birining rahmi keldimi, Erexteonning orqa tarafida o‘sgan bir daraxtni ilg‘adi, ey Xudoyim-ey, daraxt, Akropolning basir muxlisi shu zahotiyoq o‘sha tomonga oshiqdi, lekin yetib borib daraxt tanasiga yelkasi bilan suyanib, ko‘zlarini ochishga uringan edi, hech qanday o‘zgarish sezmadi, sababi, bu yerda ham quyosh nurlari ko‘zini ochirmadi, bu kichkina, quriyozgan zaytun daraxti edi, poyasi nozik, tepasidagi zaif shoxlari hamda butoqlarini bazo‘r ko‘tarib turganga o‘xshardi, quyosh nurlarini to‘sishi mumkin bo‘lgan yaproqlardan deyarli nishon yo‘q, u hayron bo‘lib oyoqlari ostiga qaragandi, bu daraxt mador bo‘larli soya solmasligini payqadi va ey, Xudo, uning axiyri bir narsaga fahmi yetdi: nimani deb kelgan bo‘lsa, o‘sha narsani ko‘rolmas ekan-da, o‘-o‘, deya alam bilan o‘yladi u, Akropolning ko‘lamini bilish hech qachon nasib etmasligi tugul, shu yerda bo‘la turib ham Akropolning o‘zini ko‘rish nasib etmas ekan, biroq ma’budlar unga yupanch uchun daraxtdan tashqari Erexteonning shimoliy darvozaxonasi devorlarini ham tayyorlab qo‘ygan edi, zero, kunning shu qismida devorning quyuq soyasi najotbaxsh edi, u orqa-oldiga qaramay, o‘sha yerga yugurdi, er-xotin nemislar bu yerga allaqachon yetib kelishgan, ularning qiyofasida quvonch balqir, o‘zlari bardam va tetik ko‘rinardi, eri fotoapparatga yangi plyonkani joylashtirish bilan mashg‘ul, ikki yonog‘iga quyosh rasmini chizdirgan xotini esa suratga tushishga hozirlanardi, ikkovi ham jasadli, baquvvat va sog‘lom edi, nimayam qilardik, deya ko‘nglidan kechirdi u, bunaqalarga Xudoning marhamati cheksiz, uyida bo‘lganida u bunday shakkok xayollarga bormasdi, zotan, ma’budlar uni chetda qoldirishmagani xayoliga kelmadi, axir u qanday qilib bu ahvolda shunaqa og‘ir va uzoq yo‘lni bosib o‘tdi, unga bunchalik sabr-bardosh, kuch-quvvatni kim berdi, kim yo‘l ko‘rsatdi – yo‘l chetidagi belgilar, ko‘rsatkichlarmi, yo‘l-yo‘lakay og‘riy boshlagan, achishgan ko‘zlarini qanday qilib ocha oldi, kimning sharofati bilan, to‘g‘ri, minba’d to‘g‘ri, bu yerdan turib qaraganda, qadimgi Akropol deb atalgan osori atiqadan Parfenon ibodatxonasi ustunlarining poydevorlaridan boshqa hech vaqo ko‘rinmasdi, umr bo‘yi mana shu manzarani ko‘rish orzusida yashadimi, bu yerda qandaydir anglashilmovchilik bor, uning achchig‘i chiqdi, umidlari puchga chiqqanini u sira tan ololmadi, nemislar suratga tushishni davom ettirish uchun Parfenonga ketishdi, u esa Erexteon devorlari ostidan bir qadam jilsa nimalar bo‘lishini his qilgani uchun shu yerda qoldi, shu yerda biroz bo‘lsin mizg‘ib olishni xayol qildi, kun qaytguncha shu yerda dam olsam-chi, deb o‘yladi, biroq o‘sha zahoti bu o‘y-xayollari xato ekanini, ming qilsa ham, baribir, soya-salqin bo‘ladimi, shabada esadimi, bir qultum suvsiz bu otashxonada uzoq qololmasligini tushunib yetdi, u boshini sarak-sarak qildi, suv ola kelish esiga tushmaganini qarang-a, nomard, derdi o‘ziga o‘zi xayolan, bir shisha suv kimni o‘ldiribdi, uning miyasi g‘ovlab ketdi, shu keraksiz xayollardan o‘zini chalg‘itish uchun devorga suyangancha Parfenonni qurgan me’morlar Kallikrat va Iktin haqida o‘ylab ketdi, keyin mana shu san’at namunasiga yanayam ko‘rk bag‘ishlagan Afinaning ulug‘vor haykalini tilla va fil suyagidan ishlagan haykaltarosh Fidiy haqida o‘yladi, u zo‘r berib shu muqaddas makonni yaxlit, to‘laligicha tasavvur qilishga va shu tariqa ko‘z oldida to‘la gavdalangan tabarruk qadamjo bilan xayolan xayrlashmoqqa va pirovardida g‘arb olamining ulug‘ kashfiyotini mana shu taxlit xotirada saqlab qolishga urindi, ajabo, uning yuragi yumshab, ko‘ngli buzildi, ochig‘i, u bemalol ko‘nglini bo‘shatib olsa arzirdi, chunki birinchidan, orzu qilgan makonga yetib keldi, ikkinchidan, yo‘q, u yetib kelgan bo‘lsa ham, orzulari amalga oshmagan edi.
Akropoldan tushish o‘ta mushkul edi, shuning barobarida bachkana, arzimas ikir-chikirni, deb uning butun Afina bilan bog‘liq intilishlari barbod bo‘lganini his qilish undanam og‘ir edi, u ikkala kafti bilan ko‘zlarini pana qilib olgan ko‘yi, qoqilib-suqilib, oyoqlarini sudragancha tushib kelar, chiptaxona oldiga kelganda, mana shu qo‘qqayib turgan shumshuk taxta uyani yakson qilib tashlashdan o‘zini zo‘rg‘a tiydi, ko‘nglida bir dunyo armon bilan quyosh tobida jizg‘anak bo‘lib yonayotgan so‘qmoqdan gandiraklab pastga tushib kelar edi, nihoyat gavjum, jo‘shqin hayot qaynayotgan serqatnov yo‘lga, Dionis Areopagita ko‘chasiga yetib keldi, endi Akropolga sira qaragisi kelmas edi, loaqal shu yerda, pastda ko‘zlari quyosh nuriga xiyla ko‘nikdi va u o‘zini birmuncha tetikroq his qilayotganiga qaramay dilida kelgan yo‘lidan iziga qaytib borib tomosha qilishni davom ettirishga zarracha rag‘bat uyg‘onmadi, unga hech narsaning keragi yo‘q va uni ayni choqda na Milliy muzey, na Zevs ehromi, na Dionis teatri, na Agora maydoni qiziqtirardi, ochig‘ini aytganda, Afinasi ham, demakki, yuqoriga qarasa, yaqqol ko‘zga tashlanadigan Akropoli ham endi e’tiborini jalb qilmasdi, tupurdim o‘sha Akropolga, deya to‘ng‘illadi u xayoli parishon bo‘lib, biroq ko‘rganlari bir ro‘yo bo‘lib chiqqanidan afsus chekkani uchun shunday deyayotganini tushundi – avvaliga u sodir bo‘lgan voqealardan shu tariqa o‘zi izlagan va kutgan teran ramziy ma’noni topdi, afsus, ming afsus, mag‘lub bo‘lganida topdi, ana endi besh-olti soat ichida barini mushohada qilib ko‘rgach va tushunib yetgach, orzularidan nega voz kechmoqchi bo‘layotganini izohlamoqqa urinardi, buning ma’nosi endi-endi uning shuurida ham ifodasini topmoqda edi, u oyog‘i ostidan ko‘zini uzmas, a’zoyi badani, ayniqsa, ko‘zidagi og‘riq to‘xtamas, oyoqlari qaqshar, ikkala tovoni qavarib, har qadam bosganda zirqirar, tovoni poyabzaliga botmasin, deb barmoqlarini oldinga cho‘zib og‘irligini goh o‘ng, goh chap oyog‘iga solar, bu ham kamlik qilgandek, og‘riqdan boshi yorilay derdi, qorni ham o‘lgudek och edi, oshqozoni sanchib-sanchib qo‘yardi, axir qachondan beri tuz totmayotgan bo‘lsa – yanayam chidab kelayapti, u Dionis Areopagita ko‘chasida sudralib borar ekan, bu yo‘l unga yanayam uzoq, chidab bo‘lmas darajada uzoq tuyular, iloji boricha yuqoriga qaramas, sababi, yuqorida – shu bugundan e’tiboran hatto nomini ham tilga olmaslik uchun Akropolni shunday deb atardi – ertaga yoki bugun kechki payt qarashga arzigulik hech narsa qolmagandi, u endi batamom tushunib yetgani shu bo‘ldiki, qaytib borgani bilan ro‘yoga aylangan Akropoldan boshqasini topolmaydi, bugun, bevaqt, xosiyatsiz kunda kelib qoldi, umuman olganda, o‘zi dunyoga bevaqt keldi, nega tug‘ildi o‘zi, balki boshidanoq hammasi egri-bugri yo‘lga kirib ketgandir, bugun ham, ertaga ham nobop kun ekanligini bilishi, his qilishi kerak edi, chunki qulay kun istiqbolda yo‘q va bo‘lmasligi aniq, zero, ilgari ham bo‘lmagan, bu yo‘ldan yuqoriga odamga o‘xshab chiqish mumkin emas ekan, nega burnini suqib yuribdi, bo‘lmaganga bo‘lishma deyishadi axir, u labini tishladi, shoshma-shosharlikning oqibati shunaqa bo‘ladi, u o‘zini koyidi va boshini quyi soldi, ruhi tushib, la’nati poyabzalida tovonlari yorilib, Akropol etagida kalovlanib yurardi, tongda kelib qolgan ko‘chaga qaytib borishi uchun ham juda uzoq yurishi kerak edi, ko‘chaning nomi Stratonos edi, keyin u Erexteos ko‘chasiga o‘tdi, u yerdan Apollon ko‘chasi orqali Ermi ko‘chasining chorrahasigacha ikki qadam edi – mana, nihoyat, u maydonning narigi tomonida, ertalab tanishgan yigitlar turganini ko‘rdi-yu, ko‘zlariga ishonmadi, Ela degan qizdan bo‘lak yigitlarning bari o‘sha yerda o‘tirishardi, yigitlar ham uni payqab qo‘l silkishdi, ularning ko‘rinishi unga jazirama issiqda esa boshlagan salqin shabadadek ta’sir qildi, yuqorida shuncha chekkan qiynoqlaridan keyin, xayriyat, ularning yoniga qaytishning o‘zi mo‘jizadek tuyuldi, yigitlarni ko‘rgan zahotiyoq yuragi gup-gup ura boshladi, ertalab bu yigitlarning nimasi yoqib qolganiykan unga, bekorga emasdir, ha, ularning hech narsa qilmasliklari, hech narsani istamasliklari, shuningdek, ehtimol, ko‘ngilchanliklari manzur bo‘lgandir, deya o‘yladi u ulardan ko‘z uzmay turib, so‘ng, charchash alomatimi, javob tariqasida horg‘in qo‘l siltab qo‘ydi, ertalab ulfatlari unga birdek lutf qilishdi, grekcha qahva buyurib shu yerda ular bilan o‘tiraversa bo‘lmasmidi, nima keragi bor edi bema’ni sayohatning, bunaqa ko‘ngilsiz tentirashdan keyin ertalab qalbida jo‘sh urgan xohish-istaklari hozir o‘ziga erish tuyuldi, agar shu yerda qolganida edi, bunaqa betayin ishlar yuz bermasdi, nima qilasan o‘zingni o‘qqa-cho‘qqa urib, o‘tir qahvangni ichib, o‘tgan-ketgan qiz-juvonlarni suqlanib tomosha qil, u qattiq toliqqanini his etdi, bundan buyon nima qilishini u endi yaxshi bilardi, yangi tanishlari bilan birga o‘tiradi, ularga o‘xshab xushhol va xushchaqchaq kayfiyatning qadriga yetadi, yeydi, ichadi, sovutilgan grekcha qahvadan so‘ng mas’ud damlarga ichida shukronalar aytib, ko‘zlarini chirt yumgancha orom oladi, hushiga kelsa poyabzalini yechib, oyoqlarini uzatib o‘tiradi, birov mushugini pisht demaydi, aloha, xayolan o‘zini o‘zi askiya qilib tepada nimalar ro‘y bergani haqida so‘zlab beradi, yozning qoq o‘rtasida Afinaga kelib, ilk kuniyoq jazirama issiqqa qaramay Akropolga chiqqan va u yerda hech qanaqa Akropolni ko‘rmaganidan hayratga tushgan telba sayyoh haqida kula-kula gapirib beradi, ana shunisiga dog‘man, deb hammani kuldiradi Iorgos, rostdanam telba, yana nima deb atash mumkin uni, qo‘shimcha qiladi Adonis, quyosh tig‘ida Akropolga chiqayotib qora ko‘zoynak olishga fahmi yetmaganiga o‘laymi, deganda yigitlardan bir-ikkitasi tizzasiga shapatilab o‘rnidan turib ketadi, shularni xayolida tasavvur qilar ekan, ehtimol, u mana bunday javob beradi: sayohatga qora ko‘zoynaksiz chiqqanining sababi – ko‘zoynak orqali tomosha qilingan Akropol bu endi Akropol emas, uning gapidan ensalari qotgan yigitlar achinib qarashadi o‘zlaricha, ana shularni o‘ylab turgan paytida yigitlar qo‘l siltab, yo‘ldan o‘ta qolmaysanmi tezroq, cho‘zib o‘tirasanmi, bo‘laqol, deb qichqirishdi, u sog‘-salomat shu yerga, salkam qadrdon bo‘lib qolganlar oldiga yetib kelganidan quvonganicha hovliqib narigi tarafga o‘tish uchun yugurdi va o‘qdek uchib kelayotgan mashinalar oqimi orasida qoldi, katta tezlikda kelayotgan yuk mashinasi uni urib, majaqlab ketdi.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 8-son