Azonda bexos uyg‘onib ketdim. Qarasam, chap qo‘lim yo‘q! «Ie, bu qanaqasi bo‘ldi? — dedim o‘zimga o‘zim. — Kechqurun axir joyida turuvdi-ku. Qo‘l jonivor qayoqqa ketishi mumkin?»
Shunday dedimu yotgan o‘rnimni titkiladim. O‘rinda ko‘rinmadi. Xotinimga o‘girildim-da, tirsagim bilan (o‘ng qo‘limning tirsagi bilan) turtib, so‘radim:
— Jonim, mabodo chap qo‘limga ko‘zing tushmadimi?
— Chap qo‘lmi, o‘ng qo‘lmi… — deya g‘o‘ldiradi xotinim uyqusirab. — Qo‘llaringizga shuncha qaraganim ozmidi? Qo‘llaringiz ko‘rsatgan hunarlarni shuncha ko‘rganim yetmasmidi? Saharlab bu nima maynavozchilik?
— Jonim, maynavozchilik deganing nimasi? Men hech maynavozchilik qilmayapman-da. Rostdan ham chap qo‘lim yo‘q. Ishonmasang, mana, o‘zing turib qara.
Bu gapimni eshitib xotinim seskanib ketdi. O‘rnidan turib o‘tirdi-da, chap yelkamni paypaslab ko‘rdi.
— Ha, rostdan ham yo‘q-ku, — dedi hayron bo‘lib. — Qarang, nom-nishon ham yo‘g‘-a.
Shundan keyin xotinim menga shubhalanib qarab turdi-da, to‘satdan so‘rab qoldi:
— Kimga berdingiz qo‘lingizni?
— Ie, kimga berardim? Mening qo‘limni birov boshiga uradimi?
— Ha bo‘ldi, bo‘ldi. Hammasini bildim. Bitta-yarimta jononning nozik qo‘lchalariga topshirgansiz. Atrofingizda parvona bo‘lib yurgan o‘sha qushcha sizdan o‘ziga keragini olgan-u, pir etib uchgan-ketgan. Yo bo‘lmasa bironta go‘zalning ko‘kragiga qo‘lingizni solgansiz-u, qaytib olish esingizdan chiqqan…
— Yo tavba! Hazil qilishga topgan vaqtingni qarayu! Men senga qo‘lim yo‘qoldi deyapman. Tushunyapsanmi, yo‘qmi?
— Yo‘qolsa menga nima? — deya esnab javob berdi xotinim. — Hammayoqni yaxshilab qarab ko‘ring. Ehtimol, bitta‑yarimta teshikka bekitgansiz-u, qaytib olish esingizdan chiqqandir. Qachon qarasa, har narsangiz har yoqda sochilib yotadi. Nima qayerda yotganini o‘zingiz ham bilmaysiz.
Butun uyni tit-pit qilib tashladim. Qidirmagan joyim qolmadi. Hamma shimlarning cho‘ntagini bir-bir qarab chiqdim. Hatto tunda ishlatiladigan tuvakni ham ochib ko‘rdim. Hech qayerdan topolmagach, xunobim chiqib, xizmatkorning yoqasidan oldim:
— Qani yaramas, to‘g‘risini ayt: chap qo‘limni sen oldingmi? Yolg‘on gapirsang, naq basharangni teskari qilib qo‘yaman.
Dag‘-dag‘amdan sho‘rlikning es-xonasi chiqib ketdi.
— Voy, xo‘jayin, men sizning qo‘lingizni nima qilaman, o‘zimning ikkita qo‘lim bo‘lsa… Yana bitta qo‘lni nima keragi bor menga?
Xizmatkorning gapi to‘g‘ri. Haqiqatan ham, ikkala qo‘li joyida turibdi. Rost-da, ikkita qo‘li bo‘la turib ortiqcha qo‘lni nima qiladi? Olganda ham qayeriga qo‘yadi?
Xizmatkorni qo‘yib yubordim. Tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib ko‘chaga chiqdim. Har kuni kechqurun ovqatdan keyin ko‘chaga chiqib bir aylanib kelaman. Hozir ham o‘sha har kungi yo‘l bo‘ylab yura boshladim. Mening bir yomon odatim bor: yurganda qo‘llarimni qattiq-qattiq siltab-siltab yuraman. «Ie, to‘xta, — dedim o‘zimga-o‘zim. — Kechasi uyqusirab ko‘chaga aylangani chiqqan bo‘lsamu chap qo‘limni qattiqroq siltab yuborgan bo‘lsamda, u shilq etib uzilib ariq-pariqqa tushib qolgan bo‘lsa-ya?»
Shunday deb yo‘l chetidagi ariqlarni titkilashga tushdim. Hamma ariqlarni birma-bir qarab chiqdim. Lekin qo‘limni topolmadim. Har kuni ishdan qaytayotganda chorrahadagi baqqolning do‘konidan uyga mayda-chuyda ola ketaman. Borib undan ham surishtirdim.
U gapimni eshitib turdi-da, ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, dedi:
— Yo‘q, yo‘q, taqsir! Xudo asrasin! Men do‘konimda birovning qo‘lini sotmayman. Bundoq nopok ishlardan xudoning o‘zi asrasin!
— Shunaqami hali?! — dedim tutaqib. — Hov, Mithumal! Men seni juda yaxshi bilaman. Xudoning nomi tilingdan tushmaydi-yu, lekin o‘g‘rilik mol kelib qolsa pullashdan hech qochmaysan. Qani, bo‘l, buyoqqa cho‘zib qo‘y qo‘limni!!!
— Taqsir! Menda qo‘lingiz yo‘q, axir! Ko‘zim tushgani ham yo‘q unga! Bitta-yarimta do‘konimda biror narsasini qoldirib ketsa, darrov ehtiyotlab olib qo‘yaman. Bir gal bunaqa voqea bo‘lgan. Yomg‘ir mavsumi edi ayni. Bir kuni bitta xaridor do‘konimda shamsiyasini qoldirib ketipti. O‘sha shamsiyani roppa-rosa bir yil asrab, axiyri egasiga topshirdim. Shamsiya — kerakli matoh. Sizning chap qo‘lingiz kimga ham kerak?
Qo‘limni qidira-qidira charchadim. Endi mirshabxonaga borsammikan, deb turuvdim, birdan baqqolning oxirgi gapi yodimga tushib qoldi. O‘yladim: rostdanam, cham qo‘lning menga nima keragi bor o‘zi? Hamma narsani o‘ng qo‘lda qilsam, o‘ng qo‘lda yozaman, o‘ng qo‘lda ovqat yeyman, shu qo‘l bilan yoqalashib, shu qo‘l bilan ko‘rishaman. Ikkita qo‘l faqat kaftlarni juftlashtirib, hinducha salomlashish uchun kerak, xolos. Bir qo‘limning yo‘qligi qaytanga foyda bo‘ldi menga: duch kelgan amaldorga qo‘l qovushtirib ta’zim qilavermayman. Bunga endi to‘liq haqqim bor. Qarabsizki, bu odatdan ham qutulib turibman. Chap qo‘lning ishini o‘ng qo‘l ham bemalol bajaraveradi. Shu bitta qo‘lni deb mirshabga murojaat qilsam, ular darrov surishtirishga tushishadi: «Isming nima? Otangning ismi nima? Buvang kim? O‘g‘rilik qaysi paytda yuz berdi? Qayerda sodir bo‘ldi? O‘zi bormidi chap qo‘ling? Daliling bormi bunga? Qo‘ling kechasi uxlab yotganingda yo‘qolgan ekan, demak, xotiningni so‘roq qilishga haqlimiz. Uni uchastkaga olib kelishing kerak. Ehtimol, qo‘lingni xotining o‘g‘irlab, birortasiga pullab yuborgandir? «Yo‘g‘-ey» deganing nimasi? Undoq bo‘lsa xotiningning begunohligini isbotla. Qo‘lingni o‘zing berkitib qo‘yib, aldayotgan bo‘lsang-chi? A? Hozir bunaqalar tiqilib yotibdi. Butun mol-davlatini havoga sovuradi-da, keyin o‘g‘ri urdi, deb yig‘lab yuradi. Ehtimol, sen shu qo‘ling bilan biror jinoyat qilib qo‘ygandirsan-da, suvdan quruq chiqish uchun uni gumdon qilgansan… Qo‘lingning rangi qanaqa edi? Uzunligichi? Nechta barmog‘i bor edi? Barmoqlarning soni beshta bo‘lsa, jinoyatda shularning hammasi ishtirok etganmidi, yo‘qmi? O‘sha paytda kallang qayoqda edi? Qani, yaxshilikcha shularning hammasiga iqror bo‘l…»
Shu boshog‘riq tomonlarini o‘ylab, mirshabga murojaat qilmay qo‘ya qoldim.
Shu voqeadan keyin besh-olti kungacha bir xil bo‘lib yurdim. Ko‘chada keta turib bitta-yarimtaning qo‘li uchtamasmikin, deb o‘tgan-ketganga tikilib qarayman. Ammo unaqa odam uchramadi. Keyinroq borib, bildimki, xuddi menga o‘xshab, ko‘pchilikning qo‘li bitta ekan. Nihoyat, «Ha, chap qo‘lim o‘zi butunlay ortiqcha bo‘lib qolgan ekan», degan fikrga keldim-u, ko‘nglim taskin topdi. O‘ylab qarasam, ba’zan chap qo‘lim g‘ashimga ham tegarkan. Mana, o‘ylab ko‘ring. O‘ng qo‘lingiz bilan mahbubangizning nozik belidan astagina quchdingiz, deylik. Shunaqa paytda qani endi chap qo‘l degan narsa bir chekkada tursa! Qayoqda! U ham hoziru nozir bo‘ladi. Qutulganimga shukr-ey!
Shundan keyin bir mahallar qo‘lim ikkita bo‘lgani esimga ham kelmaydigan bo‘lib qoldi.
Oradan ko‘p o‘tmay bitta qulog‘imdan ayrildim. Voqea bunday bo‘ldi. Bir kuni ertalab uyg‘ondim-da, o‘zimcha yuz-ko‘zimni siypalab ko‘rdim. Nazarimda bir narsa kamga o‘xshadi. Yana boshqatdan siypaladim. Qarasam, o‘ng qulog‘im yo‘q. O‘rni sip‑silliq. Go‘yo umuman bo‘lmagandek. O‘rnimdan sapchib turdimda, borib o‘zimni oynaga soldim. Rostdan ham bir quloqdan nom-nishon yo‘q. Hayron bo‘lganmdan o‘zimni yo‘qotib, haykaldek qotib qoldim. Anchadan keyin o‘zimga keldim-da, «Qulog‘im qayoqqa ketganikin?», deb o‘yladim. Hammayoqni tit-pit qilishga tushdim. Yostiqning tagini qaradim, karavotning tagini… qulog‘im yerda ham, ko‘kda ham yo‘q. Taqur-tuqurimga xotinim ham uyg‘onib ketdi.
— E-e, sizning dastingizdan uxlab bo‘ladimi, yo‘qmi? Yana nima baloni boshladingiz? — deb to‘ng‘illadi.
— O‘ng qulog‘im yo‘qolib qoldi-ku, — dedim men.
— E-e, qayoqqa ketardi yo‘qolib? — dedi xotinim. — Qulog‘ingiz xuddi shaytonnikidek shalpang bo‘lsa… kim boshiga uradi?.
— Ishonmasang, mana, o‘zing turib qara. Bitta qulog‘im yo‘q, — dedim men.
— O‘zi hech bir gap qulog‘ingizda turmaydi. Biridan kirib, ikkinchisidan chiqib ketaveradi. Yana qulog‘im yo‘qoldi, deb da’vo qilib yuribsiz. Qulog‘ingiz bor bo‘ldi nima-yu, yo‘q bo‘ldi nima?
— Hoy, xotin, menga qara! O‘ng qulog‘im butunlay yo‘q, bundoq o‘rningdan turib qarasang-chi.
Shundagina xotinim gapning tagiga yetdi. Kaftini kaftiga tars etib urdiyu yig‘i-sig‘i qilishga tushdi.
— E, xudoyim-ey! Nima gap o‘zi?! Sizga nima jin urdi, a? Hali u yeringiz yo‘qoladi, hali bu yeringiz… Avval qo‘lingiz yo‘qoluvdi, mana, endi qulog‘ingiz yo‘q bo‘lib turibdi. Ertaga, hoynahoy, oyog‘ingiz g‘oyib bo‘ladi. Keyin o‘zingiz ham yo‘q bo‘lib qolmasangiz edi. Meni hech balodan xabari yo‘q deb o‘ylamang, ha. Men hamma narsani ko‘rib-bilib turibman. Siz jo‘rttaga hali u yeringizni, hali bu yeringizni gumdon qilyapsiz. Shundoq qilib-qilib, oxiri bir kuni shartta bitta‑yarimta jononning uyiga borib o‘tirib olasiz. Bu yoqdagilar qayoqqa ketdi ekan deb hayron o‘tiraveradi. Siz meni go‘l deb o‘ylamang. Men sizning ichingizdagini shundoq ko‘rib turaman.
Bu voqeadan keyin butun tanish-bilishlarim mirshabxonaga murojaat qilgin deb maslahat berishdi. Oldin to‘satdan qo‘ling yo‘qoldi, endi qulog‘ing. Shuning uchun mirshabga arz qilmasang bo‘lmaydi, deyishdi ular. Men ko‘p o‘yladim. O‘ylab‑o‘ylab, oxiri hech qayoqqa bormayman, degan qarorga keldim. «E, shunga ham g‘am chekamanmi? — dedim o‘zimga o‘zim. — Bitta qulog‘im yo‘qolsa yo‘qolibdi! Ikkinchisi turibdi-ku joyida! Kerakli gapni bitta quloq bilan ham eshitsa bo‘ladi. Bo‘lar‑bo‘lmas narsalarni eshitib o‘tirishga o‘zi vaqtim yo‘q. Bitta qulog‘im yo‘qolgani qaytanga foyda bo‘ldi. Xotinim nuqul: «Sizga gap gapirsa bu qulog‘ingizdan kirib, u qulog‘ingizdan chiqib ketadi», deb noligani noligan. Shu gapdan ham qutuladigan bo‘ldim endi. Eng yaxshi joyi shuki, endi men ko‘chadagi quloqni batang qiluvchi shovqin-suronning yarminigina eshitaman, xolos. Hozirgi davrda o‘zi mashinalarning shovqini odamning umrini teng baravar qisqartirar ekan. Shuni hisobga olsak, unda mening bitta quloqdan ayrilganim nur ustiga nur bo‘ldi. Shuning hisobiga umrim ham ikki baravar uzaysa, ajab emas. O‘ylagan sarim bir narsaga tobora ishonchim komil bo‘lib bordi: quloq ikkitaligidan bitta bo‘lgani afzalroq ekan. Shu bois mirshabga arzga bormay qo‘ya qoldim.
Shundan keyin ikki-uch oy juda huzur qilib yurdim. Lekin bir kuni to‘satdan ko‘zimning bittasi yo‘qolib qoldi. Xonamda kitob o‘qib o‘tiruvdim. Qo‘limdagi kitob juda qizig‘-u, lekin haddan tashqari murakkab masalalar ko‘tarilgan ekan. Shu sababli arang besh-olti bet o‘qidim-u, uxlab qoldim. Qattiq uxlabman. Bir mahal uyg‘onib, ko‘zimni ochdim. Nazarimda, tevarak g‘ira-shiradek ko‘rindi. Turib, chiroqni yoqdim-da, vannaxonaga kirdim. Yuvinib turgan edim, nazarimda bitta ko‘zim yo‘qqa o‘xshab tuyuldi. Shartta yuzimni artib, oynaga qarasam, chap qoshimning ostida hech vaqo yo‘q! Na kiprik bor, na qorachiq — ko‘zning o‘rni sip-silliq teri. Sog‘ qolgan ko‘zimni jonholatda bir necha marta ochib, yumdim. Qo‘lim bilan ishqalab, yana oynaga qaradim. Baribir chap ko‘z ko‘rinmadi. Hech qachon bo‘lmagandek, o‘rni tep-tekis.
Menga nima bo‘ldi o‘zi? Hech aqlim bovar qilmay qoldi. Axiyri hech chidab turolmadim, telba odamday dodlab yubordim.
Dod deganimni eshitib, xotinim yugurib keldi.
— Ha, nima bo‘ldi? — dedi u shang‘illab. — Nima balo, ko‘zingizga sovun kirib ketdimi?
— Sovun kirishi qayoqda! Ko‘zning o‘zi yo‘q!
— Qaysi ko‘zingiz yo‘q?
— Chap ko‘zim.
Xotinim birpas o‘ylab turdi-da, dedi:
— Bitta-yarimtaga ko‘z tikib, ololmay qolgandirsiz-da? — E, xotinjon-ey!
— Ye bo‘lmasa, birorta xonimga ko‘z qisgandirsiz.
— Obbo!
— Ha, xuddi shundoq bo‘lgan. Bitta-yarimta buzuq xotinga hirs bilan tikilgansiz-u, xuddi o‘sha ko‘zingizni ilib ketgan.
Xotinimning nima deyishi oldindan ma’lum, shuning uchun gapni cho‘zmay qo‘ya qoldim. Vannaxonadan chiqdim-da, ko‘zimni qidirishga tushdim. Kitobni birma-bir varaqlab chiqdim. Kresloning tagini qaradim, ko‘zoynak saqlanadigan qutichani ham tekshirib ko‘rdim. Ko‘zim hech yerda yo‘q! Oshna-og‘aynilarnikiga borib surishtirdim. Besh-olti kun shu bilan o‘tdi. Lekin ko‘z qurg‘ur yerda ham yo‘q, ko‘kda ham! Nazarimda, bitta-yarimta olgan-u, hech qaytarib bergisi yo‘qdek. Nega shunday qilayotganini yaxshi bilaman. Chunki o‘zim ham ortiqcha narsa desa tomdan tashlaydigan odamman.
Hozir kishilarda zig‘ircha insof qolmagan. Hatto, umrida insof, diyonat degan so‘zlarni eshitmagan odamlar bor. Menku, juda unaqa emasman. Shunga qaramay, hayronman: ko‘zim qayoqqa yo‘qolishi mumkin!
Endi xotinim mirshabga arz qiling, deb hiqillashga tushdi. O‘ylab ko‘rsam, mirshabga borib o‘tirishdan zig‘ircha foyda yo‘q. O‘zim kattakon savdogarman, ishim ham boshimdan oshib yotgan bo‘lsa… Mirshabga qatnash o‘rniga biror ishimni bitirganim ma’qul emasmi? To‘g‘ri, bir ko‘z bilan yurish ancha noxush. Lekin ikkinchi ko‘zim sog‘-ku? Bir ko‘zim yo‘qolgach, ikkinchisi shunaqa ravshan ko‘radigan bo‘ldiki, asti qo‘yaverasiz. Ko‘zim bittaligidan yana bir foyda bo‘ldi: endi men dunyoni faqat bir nuqtai nazardan ko‘ryapman. To‘g‘ri, bu ma’lum vaqtgacha husnimga putur yetkazdi, lekin keyin shaxsiy tabibim Suzaniy shunday bir quling o‘rgilsin shisha ko‘z yasab berdiki, ko‘rgan odamning havasi kelmay qolmasdi. Bu ko‘z menga shu qadar yarashdiki, hatto sog‘ ko‘zimni ham yulib tashlab, o‘rniga shu ko‘zdan qo‘ydirsammikan, degan xayolga bordim. Xullas, ko‘zim bittaligi menga har jihatdan qo‘l keldi!
…O‘tgan kuni birdan yostig‘imning tagidan hamyonim yo‘qolib qolsa bo‘ladimi? Kechasi yotayotganimda yirik pullarimni albatta po‘lat sandiqqa qulflab qo‘yaman. Shuning uchun hamyonimda atigi bitta o‘n rupiyalik bor edi. Lekin o‘n rupiya ham baribir pul-ku!
Pulim yo‘qolganini o‘sha zahotiyoq xotinimga aytdim. U uyni boshiga ko‘tarib dod-voy qildi. Menda emas gunoh, deb darhol qo‘lini qulog‘iga tegizdi. Men shartta uyni supurib-sidiruvchi xizmatkor ayolga yopishdim. U ham qasam ichib, men olganim yo‘q, deb turib oldi. Pul axiyri oshpazning yostig‘i tagidan chiqdi. Oshpaz bezgak tutganini bahona qilib, to‘rt kundan beri ko‘rpa-to‘shak qilib yotgan edi. Yaramasga bir yaxshilab do‘q qiluvdim, aybiga iqror bo‘ldi-qo‘ydi. Jag‘iga o‘xshatib bir tarsaki tortdimu qulog‘idan cho‘zib, hovliga olib chiqdim.
— Padaringga la’nat! — deya o‘shqirdim. — Ham tuzimni ichasan, ham o‘g‘rilik qilasanmi, ablah?!
— Hay, qo‘ying bechorani o‘z holiga! — deb oraga tushdi xotinim. — Ko‘rmayapsizmi, sho‘rlikning a’zoi badani yonib turibdi. Doriga pul bering, deb hiqillab turuvdi. Pul berish esimdan chiqibdi.
— Pul berish esingdan chiqqan bo‘lsa, o‘g‘irlash kerakmidi? A?
Shunday deb oshpazning yuziga yana bir tarsaki tortdim. Bechora gurs etib quladiyu ingrab yubordi.
— Hay-hay! Qo‘ying deyapman sizga! Rahm degan narsa bormi? — deya iltijo qildi xotinim. — Sho‘rlikni to‘rt kundan beri bezgak tutib yotibdi. Million-million pul o‘ynaydigan odamsiz-ku, pul bo‘ptimi shu o‘n rupiya sizga?!
— Nega pul bo‘lmas ekan? — deb na’ra tortib yubordim men. — Bu pulni men qandoq hasratlarda topganimni bilasanmi? Shu pulni deb qancha-qancha odamni aldayman, xiyla-nayrang ishlataman, birovlarga xushomad, tilyog‘lamalik qilaman! Yo‘q, sen ikki dunyoda buni tushunmaysan. Buni faqat men bilaman!..
— Qo‘yvoring bechorani, — deb yalindi xotinim.
— Qo‘yvorib bo‘pman, — dedim men. — Mening o‘n rupiyamni o‘g‘irlabdimi — jazosini tortishi kerak!
Shunday deb men oshpazni yoqasidan oldimu mirshabxona tomon sudrab ketdim.
Hindiy tilidan Ansoriddin Ibrohimov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 11-son