— Grammatikani o‘rgataymi yoki she’r?
— She’r.
— Balki, ikkalasini hamdir?
— Ikkalasini ham.
Garchi tirnog‘idan ayrilsa-da u,
Hech narsa o‘zgarmas,
u yana arslon.
Arslonlar ichida ulg‘aysa-da it,
Arslonga aylanib qolmas hech qachon.
— Kimki bu she’rni yoddan bilsa, demak, u arslon, – dedi otam.
— Bundan chiqdi, men arslon ekanmanda.
Dadam mast bo‘lib kelganida qozi oshnasi unga nasihat o‘qir, javobini esa she’riy tarzda qabul qilardi. Oshnasi esa “Noma’lum xazina”dan misol keltirardi. Shunday kunlar bo‘lardiki, qozi bilimini to‘ldirish uchun otamga ergashib, qovoqxonaga yo‘l olardi.
— Chinakam arslon doimo mast yuradi, — derdi otam. — Azaldan shunday.
Ichib olsa, qizib turgan cho‘g‘ga aylanib, og‘zidan o‘tdek qarg‘ish yog‘diradi. Keyin mo‘ylabi osilib, sochlari oqaradi. Vaqt o‘tib, shamol cho‘g‘ni alangalatgandek sochlaridan siypalaydi…
— Lekin ba’zida, — derdi onam, — o‘zgacha kayfiyatda xushiga keladi.
Shunda volidam otamning g‘azabidan yashirinardi.
Bolaligimda meni jo‘jabirday oilam davrasida ko‘rgan kishi, bu bola yozuvchi yoki hech bo‘lmaganda, adabiyot shaydosi bo‘lardi, deb o‘ylashi turgan gap edi. Agar meni qaysi tilda yozishimni so‘rashsa, u kishi: “Albatta, ota-onasi, bobokalonlari singari arab tilida”, — degan bo‘lardi. Balki u haqdir: she’riyatni, shubhasiz, ona tilimdagi manbalardan o‘rganardim.
Otam Qur’on sharhlari yoki musulmon farzlari bilan shug‘ullanayotib, she’riy yo‘sinda so‘zlar, onam ham shu uslubda javob qaytarishga odatlanib qolgandi. Biroq onam teatr uchun tug‘ilgan edi. Qanday tushuntirsam ekan?.. Uning bir o‘zi butun boshli teatr edi. Otam sudga ketganida men yagona tinglovchi bo‘lib qolardim. Sudning natijasiga qarab, otam shod yoki g‘amgin kayfiyatda qaytardi.
Onam buyuk aktrisa bo‘lishi mumkin edi. Bir kuni menga vokzalni ko‘rsatib berdi. Ikir-chikiridan tortib shovqin-suronlarigacha. Parovozga o‘xshab xushtak chaldi. Bu ayol — umrbod taqvodorlik yo‘lini tutganidan sayohatni yoqtiradigan, fidoiy inson edi… “Poyezd” ortidan chopib, qichqirardim: “To‘xta, meni ham olib ket!”
Biz jazoir-tunis chegarasidan uncha uzoq bo‘lmagan Sadratda kun kechirardik. Mening eng g‘ala-g‘ovur, yorqin xotiralarim ana shu davrga taalluqli. O‘sha paytlarda baxtiyor edim.
Madrasaning vaqtinchalik “mehmon”i ekanman, hammasi yaxshi ketardi. Ko‘plab tushunarsiz she’rlarni yod olib, hurmat taxtachasiga ilindim. Boshqa bilimlarni o‘zlashtirmay, shu bilan kifoyalansam bo‘lardi, o‘rtamiyona, o‘ziga to‘q shoir yoki zim-ziyo hovuzdagi baliq kabi. Hayhot, meni umri akvarium yoki tovada tugaydigan o‘sha mashhur gulmohining bo‘ronli hayoti kutardi. Ammo men ungacha ko‘l bo‘yidagi itbaliq ekanman, uning ham suvda, ham quruqlikda yashaydigan turining tungi ranglaridan faxrlanardim.
Menga toliblik yoqmasdi. Yetti yoshga to‘lganimda, boshqa qishloqqa o‘tganimizda (biz tez-tez sayohat qilardik, to‘g‘rirog‘i, ko‘chib yurardik: musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmas ekan), otam paysalga solmay, meni “Bo‘rilar komi”, ya’ni frantsuz maktabiga berishga qaror qildi. O‘z xohishiga qarshi bo‘lsa-da, buni izohladi:
— Arab tili bilan uzoqqa borolmaysan. Sen ham madrasa qurboni bo‘lishingni istamayman. Bu tilni boshqa payt ham oying ikkovimiz o‘rgataveramiz. Hamma yoqda frantsuz tili. Yoshligingda nimaiki uqtirgan bo‘lsak, barini unutib, bu tilni o‘zlashtirishing shart. Frantsuzchani o‘zingga singdirib, arabcha bilimlaringni bamaylixotir tiklay olasan.
Otam taxminan shunday degandi. O‘shanda bunga o‘zi ishonganmikan? Onam xo‘rsindi. Yangicha fanlarni o‘rganishga kirishib, yolg‘iz o‘zim dars tayyorlab o‘tirarkanman, volidam tinchini yo‘qotib, uy ichida izg‘irdi. Alvido, dunyoda yagona teatr… Dramaning tuguni yaqinlashib qolgandi.
Boshida qiyin bo‘lsa-da, keyinchalik bu chet tilini yoqtirib qoldim, muallimimizdek bemalol gapiradigan bo‘ldim.
Onamning dili “xiyonatim”dan ranjigandi. Shu ko‘yi meni kitobdan alahsitganlari esimda:
— Betob bo‘lib qolmagin yana! — derdilar.
Bir kuni kechasi u muloyim, ammo ma’yus holda:
— Men seni yangi dunyoingdan chalg‘itmasligim lozim. Menga ham frantsuzchani o‘rgat… — dedilar.
Shunday qilib yangi zamonning tuzog‘i zaif ildizlarimga bolta urishga ulgurdi. O‘sha kunlardagi axmoqona takabburliklarimni eslasam, o‘zimdan uyalib ketaman. Ona qo‘lida frantsuz jurnali bilan o‘g‘lining stoli ro‘parasida sukut saqlab o‘tirardi. Qahri qattiq maktab bolasi esa undan jim o‘tirishni, nima desa shuni ortidan qaytarishni talab qiladi…
Shunday keyin qalbimda farzand va ona o‘rtasidagi begonalikni his qildim. Birato‘la o‘z ona tilimni ham, onamni ham boy berayotgan edim!
Oradan yigirma besh yil o‘tdi. Qohiradaman. “Al-ahram” ro‘znomasining muharriri qo‘limga jurnal tutqazdi: livanlik shoir kitobimni o‘z ona tilimga o‘giribdi. Men esa bu tilda ismimni arang yoza olaman.
Ajdodlarimning tili menga nisbatan shafqatsiz bo‘lib borayotgandi, go‘yo. Ibn Arabiyning olamshumul she’rlari kutilmaganda men uchun yangi ma’no, falsafa kashf etib borayotgandi:
O, qanday karomat!
Bu olov ichra bo‘ston.
Har nega qodir turar,
Vujudimda urgan jon…
Baxtsizlik ichidagi bu alamli va zaif yuksalish, alanga ichidagi bo‘ston — darbadarlikda, frantsuz tilida qog‘oz qoralayotgan jazoir shoirining boshpanasi mana qayerda ekan — bo‘rilar komida.
Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi