Karel Chapek. Masallar

ChUMOLI
Bu galvarslar aynan bizning yo‘limizdan boshqa yerga uy qurishga joy topisholmagan, shekilli.

ShILLIQURT
Chumolilar — qalang‘i-qasang‘i. Buni qarangki, ular dunyoni Buyuk shilliqurt boshqarayotganiga hatto ishonishmaydi.

XO‘ROZ
Hali tong otmagan, chunki men hali xabar berganim yo‘q-da.

ChUMChUQ
Bulbul — buyuk qush. Ammo biz chumchuqlar xiylagina ko‘pmiz.

TO‘NKA
Nima uchun meni “Muhtaram zot to‘nka” demaydilar?!

TULKI
Jamiki maxluqlar uch toifaga bo‘linadi: dushmanlar, raqiblar va o‘lja.

BAQA
Taraqqiyotmi? Ha, bilaman, bilaman. Mana, masalan, men bori-yo‘g‘i itbaliq edim.

HUKMRON
Menga haq to‘lashingiz uchun sizlarni boshqaraman, sizlar esa farmoyish berishim uchun menga haq to‘laysizlar.

GUGURT
Qaranglar, men mangu olovman.

SUVDAGI ChO‘P
Allaqayoqdagi gulmoh baliq meni suzishga o‘rgatmoqchi! O‘zi esa nodon — oqimga qarshi suzayotibdi.

PAShShA
Suratning ramkasidagi dog‘larni ko‘rayotibsizmi? Bu mening ishim, men ham rassomman.

QO‘ShNI
Bu Arximed degani qo‘rqoq va sotqin. Bizning shaharga dushman bostirib kelayotibdi-yu, u bo‘lsa chizma-chizig‘i bilan ovora.

NERON
Nasroniylarni ta’qib qilishyapti degan gap — uydirma. Biz faqat ularning aqidasini inkor etamiz.

ATILLA
Biz ham dunyoni saqlab qolish uchun kelganmiz.

SARKARDA
Mening qahramonlarim, ovozingizni o‘chiring!

AXBOROT
Aholi qirilgan, to‘la-to‘kis tartib va intizom saqlangan holda shahar yondirib yuborilgan.

G‘IShT
To‘g‘ri to‘rtburchak nima ekanini faqat men bilaman.

OYNA
Gap mana bunday: dunyo bizning tasavvurimizda yashaydi. Mendan sirtda hech narsa yo‘q.

BUGUNGI KUN
Qachonlardir men ham shonli o‘tmish bo‘laman.

MADANIYLAShGAN KALAMUSh
Qishloqda men nima ham qilardim? U yerda hatto mag‘zava oqadigan obrav ham yo‘q.

YaNGI AVLOD
— Yoshlarga yo‘l bering!
— Necha yilga?
— Salkam ellik yil kifoya qiladi.

QO‘Y
So‘yishsa so‘yaverishsin, bo‘ri daxl qilmasa bo‘lgani.

SARG‘ISh ChUMOLI
Chumolilarga ozodlik berilsin!
Jahon — chumolilarniki!
Tabiiyki, qora chumolilarniki emas.

IXTILOF
Sh o f yo r. Anavi piyoda qo‘ydek tipirchilayotibdi.
P i yo d a. Anavi dovdir shofyor jinniga o‘xshab bostirib kelayotibdi.

QUYoN BOQUVChI
Hayronman, qanday qilib kaptarboz bo‘lish mumkin?

SAXOVAT
Qashshoqlik haqidagi safsatalarni bas qilinglar! Men hozirgina bir tilanchiga o‘n geller pul berdim.

JALLOD
Meni hech kim qahramon demaydi.

ChO‘ChQA VA MARVARID
Br-r! Yuvindiga nima balolarni qo‘shib berishdi? Bu nima cho‘chqachilik?!

MIKROB
Men ko‘zga tashlanmaydigan xizmatkorman.

ISKANDARI RUMIY
Men maqsadimga erishdim: endi Hindiston ham Makedoniyaning viloyati bo‘lib qoladi.

LAShKARBOShI
Qarshilik ko‘rsatganlarga nisbatan qurol ishlatinglar, qarshilik ko‘rsatmaganlarga ham.

MA’LUMOT
Hujumni avj oldirib, biz yana bir necha qishloqni yondirib yubordik. Tirik qolgan aholi askarlarimizni zavq-shavq bilan kutib oldi.

DIPLOMATIYa
Biz, albatta, zo‘ravonlikni qoralaymiz, ammo qurol-yarog‘ yetkazib berishga tayyormiz.

MUSTAMLAKAChILIK
Endi omon qolganlarga otalarcha g‘amxo‘rlik qilamiz.

MARS
Bosqinchilik urushi taqiqlansinmi? Faqat shu shart bilanki, mudofaa urushlari va jazo ekspeditsiyalari man etilmaydi.

O‘LIM
Hoy, esipastlar, bu mening g‘alabam-ku!

TINChLIK
Endi biz yana xotirjam qurollana olamiz.

TO‘QLIK
Qashshoqlik haqidagi gaplar mubolag‘aga aylanib ketayotibdi. Aslida ahvol unchalik yomon emas.

JURNALIST
Men behuda umr o‘tkazmadim. Masalan, qanchadan-qancha odamlarda nafrat uyg‘otishga erishdim.

VATANPARVAR
Siz uni vatan uchun jang qiladi, deyapsizmi? Axir, uning cho‘ntagida sariq chaqa ham yo‘q-ku!

QIChITQON
Kartoshka ham begona o‘t.

XALQARO BITIM
Biz, quyonlar tovuqlar bilan bir-birimizni yemaymiz, deb shartnoma tuzdik. Ko‘raylik-chi, qarchig‘ay bunga nima der ekan?

EChKI
Bo‘rilar bilan tinch-totuv yashasak, dunyoda osoyishtalik bo‘lardi.

BO‘RI
Qo‘chqorning niyati yomon edi — u mendan yashirinmoqchi bo‘ldi.

SIChQON
Mushuk chumchuqni ushlab olibdi. Endi biz qo‘rqmasak ham bo‘ladi.

JUVON
Er ostida ayvonimiz bo‘ladi, men u yerda vazalarda zamburug‘ bilan mog‘or o‘stiraman.

QO‘ShNILAR
Qiyin bo‘ldi: havo yana qimmatlashib ketdi.

BOLA
— Dada, olam degani nima?
— Bilmadim. Bunday tuturiqsiz narsalarni so‘rab boshimni qotirma.

BITSIN URUSh
Chindan ham urushni xohlamasligimizning isboti shuki, biz urush e’lon qilmasdan urushamiz.

BO‘RI BILAN EChKI

Iqtisodiy asosda kelishib olaylik: men sening o‘t-o‘lanlaringni yemayman, sen esa meni ixtiyoriy ravishda o‘z go‘shting bilan ta’minlab turasan.

BO‘RI
Men to‘ydim. Yuksak axloqiy adolat yana bir bor tantana qildi.

O‘G‘RI
U meni yolladi, men esa o‘z manfaatimni qimoya qildim.

GUL
Meni, gullab bo‘ldi, deyishlari yolg‘on. Men o‘sayotibman.

SASSIQ QO‘NG‘IZ
Hayot bir qonun asosida davom etmoqda. Dunyodagi hikmat bitta. Donishmandlik ham bitta: qattiq bo‘lish.

GULTUVAK
Siz meni sopol idish deysizmi, a? Mendan nima o‘sib chiqqanini ko‘rib qo‘ying.

ZANGLAGAN MIX
Ha-a! Men uning tovoniga kirdim! Vaholanki, meni hech narsaga yaramaydi, deyishadi!

DARAXT
Tevarak-atrofni uzoqdan ko‘rish uchun bo‘y qo‘yib o‘sish kerak.

QARChIG‘AY
Qahri qattiqlik nima? Yashash uchun kurash, janoblar, bu esa doimo qonuniy.

PAShShA
Ha, og‘ir zamonlar keldi. Axir, urush vaqtida qanchadan-qancha ajoyib murdalar bo‘lardi!

BUTOQDAGI SO‘NGGI YaPROQ
Yashasin hayot!

BIR KUNLIK KAPALAK
Yuz yoshli toshbaqa! Qanday qilib bu qadar qoloq bo‘lish mumkin?!

QIChITQON
Bog‘ qarovsiz holga tushib qoldimi? Men bunday demas edim.

XABARDOR QURT
Botanikami? Bu endi mening ixtisosim.

XAZON
Zamonning talabimi? Bilamiz: yelda pildirash kerak.

YaNA BIR DIKTATOR
Men ularning ozodligini olib qo‘ydim, ammo ularga o‘zlariga ishonishni o‘rgatdim.

HO‘KIZ
Men aytayotibman-ku, kiyiklarni boshingizga urasizmi?!

ChUMChUQ VA OLAMShUMUL MASALA
Aqalli bir to‘pgina ot go‘ngi bo‘lsa edi! Dunyo qayoqqa qarab ketayotibdi o‘zi?

BOG‘LAB QO‘YILGAN EChKI
Dunyo shuncha ham tor bo‘ladimi?

DERAZA OYNASIDAGI PAShShA
Hayotning chegarasi qayerda ekanini endi bilib oldim.

BIR KUNLIK KAPALAK
Tarixmi? Bu men uchun qorong‘i.

QURIB QOLGAN ShOX
Nihoyat, ixtiyorim o‘zimga tegdi.

MUSTABID VA FAYLASUFLAR
Men ish ko‘raman, sizlar mening harakatim uchun asos qidirasizlar.

XON
Aholini bitta qo‘ymay qirishlaringiz mumkin. Men o‘zimni ularning sultoni deb e’lon qilmoqchiman.

O‘TMIShNING GUVOHI
Axir men yarim asr burun aytgan edim-ku, biz jarga qarab ketayotibmiz, deb.

DIPLOMATIYa
Xayriyat, tinchlik ahdi tuzildi. Kelinglar, endi uni qanday buzishni o‘ylaylik.

QULAGAN DARAXT
Bu mening kuch yig‘ayotganim. Hali qad rostlayman.

ChUMChUQ
Ko‘ryapsizmi, bahor kelishi uchun qancha chirqillashga to‘g‘ri kelayotibdi?!

2200 YIL
Asr kashfiyoti — zanglamaydigan tosh zambaraklar!

XALQARO BITIMLAR
…Ha, albatta, biz hech kim bilan urushmaymiz — bu bizning ichki ishimiz.

ChANGALZORDAGI IKKI YO‘LBARS
Biz tinchlik manfaati uchun uchrashdik va shunday bitimga kelishdikki, endi birgalikda ov qilamiz.

Vahob Ro‘zimatov tarjimasi
“Tafakkur” jurnali, 2004 yil, 1-son