– Hech qachon sudga ishim tushmagan, – gap boshladi Kosteletskay, – ammo sizga aytsam, hammasidan ham menga ulardagi sinchkovlik, arzimagan ish ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, amal qiladigan har xil rasmiyatchiliklar va tartiblar yoqadi. Bu odil sudlovga ishonch uyg‘otadi. Femidaning qo‘lida tarozi bor ekan, u dorishunoslarnikiday aniq ko‘rsatadigan bo‘lishi lozim. Agar qilich ursa, unga tig‘day o‘tkirlik ato etsin…
Shu munosabat bilan ko‘chamizda yuz bergan bir voqea esimga tushdi.
Mashkova degan ayol do‘kondan bo‘lka non sotib oldi va endi bir burdasini yeya boshlagan edi, yengilgina sanchiqni his etdi. Barmog‘ini og‘ziga tiqqan edi, u yerdan… igna chiqdi. Qorovul ayol hayratdan dong qotdi, keyin esa “voy-dod” deb yubordi: “Xudoyim-ey, axir bu ignani yutib yuborishim mumkin edi-ya, u esa oshqozonimni teshib qo‘yardi! Hayotim qil ustida turgan ekan-a, men buni shunday qoldirmayman! Qaysi ablah igna tiqib qo‘yganini tekshirtirib bilishim kerak!”
Shunday qilib, u tishlangan bo‘lkaning ichidan chiqqan topilmasini politsiyaga olib bordi.
Politsiyachilar do‘kon egasini so‘roq qilishdi, unga bo‘lka yetkazib beradigan novvoy ham tergovda bo‘ldi, ammo tabiiyki, ikkovi ham igna meniki, deb tan olishmadi. Ish sud-tergov organlariga oshirildi, chunki sizga ma’lum bo‘lsinkim, bu “engil tan jarohati yetkazish” moddasiga mos tkelardi. Sud tergovchisi, u vijdonan ish yuritadigan va bir narsaning tagiga yetmay qo‘ymaydigan xizmatchi edi, do‘konchi va novvoyni yana bir bor so‘roq qildi. Ular qasam ichib, o‘zlarida bo‘lkaga igna tushib qolishi mumkin emasligini aytdilar. Tergovchi do‘konga jo‘nadi va u yerda sotuvda igna yo‘qligini aniqladi. So‘ngra nonni qanday yopishlarini ko‘rish uchun u novvoyxonaga bordi va xamir qanday tayyorlanishini hamda pishirilishini, pech qanday qizdirilishini, bo‘lkaga shakl berilishini, qolipga solib, to pishguniga qadar tomosha qilib, tuni bilan o‘tirib chiqdi. Shunday uslub bilan u mazkur jarayonda ignalar qo‘llanilmasligini aniqladi…
Non pishirish qanday ajoyib ish ekanligini bilasizmi? Men-ku bolaligimda ko‘p ko‘rganman – chunki marhum bobomning novvoyxonasi bo‘lardi. Non pishirishda ikki-uchta qariyb ilohiy sinoat mavjud. Birinchisi, xamirni oshirgani qo‘yganda. Uni tog‘oraga soladilar, u yerda, qopqoq ostida yashirin o‘zgarish amalga oshadi, un va suvdan ko‘pchigan xamir paydo bo‘ladi. Keyin xamirni kurakcha bilan aralashtiradilar – bu jarayon marosim raqslariga o‘xshaydi – keyin xamirni kanopdan to‘qilgan mato bilan yopadilar va ko‘pchiguncha o‘rab qo‘yadilar. Xamir ulug‘vorlik bilan ko‘tariladi, shishadi, matoni ko‘tarib, ichiga qaragani yuraging betlamaydi – bu ikkinchi sirli o‘zgarish… Bu hammasi, men sizga aytsam, xuddi homiladorlik singari go‘zal va ajablanarli, menga hamisha xamirda ayollarga xos nimadir borday tuyulaveradi. Uchinchi sinoat esa och tusdagi va yumshoq xamir nonga aylanadigan pishish jarayonidir. Siz pechdan to‘q qizil, oltinrang nonni olasiz, uning go‘daknikiday shirin isi dimog‘ingizga uriladi. Bu shunday ajoyibki, novvoyxonadagi ana shunday o‘zgarishlar paytida, fikrimcha, ibodatxonadagiday, diniy bayramdagiday, qo‘ng‘iroqlar jaranglashi kerak.
Xa, nima haqda gapirayotgandim? Darvoqe, tergovchi boshi berk ko‘chaga kirib qoldi; ishni yopishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. U ignani oldi-da, kimyo institutiga jo‘natdi. U yerda aniqlashsin-chi, igna bo‘lkaga pishgandan oldin tushganmi yoki keyin? (U ilmiy ekspertizaga mukkasidan ketgandi).
Institutda o‘sha paytda professor Uger ismli soqolli olim bor edi. Ignani olgach, u so‘kinib qo‘ydi – suddagilar unga har narsani jo‘nataverarkan-da; yaqinda shunday aynigan ichki a’zolarni jo‘natishibdiki, hidiga murda yoradigan jarroh ham dosh berolmadi. Institut bu ignani nima kila oladi? Ammo professor mushohada qilib, unga bilasizmi, ilmiy nuqtai nazardan qiziqib qoldi. Amalda esa, balki, dedi u o‘ziga, xamirga solib qo‘ysa yoki bo‘lka bilan pishirsa, ignada qandaydir o‘zgarishlar hosil bo‘ladi, pishirganda har xil fizikaviy-kimyoviy jarayonlar yuz beradi, bularning bari igna yuzasiga ta’sir qilishi – shaklini o‘zgartirishi yoki oksidlanishi mumkin. Mikroskop bilan tadqiq etganda buni aniqlash mumkin. Shunday qilib, professor ishga kirishdi.
Eng avvalo, u bir necha yuzta igna – yangilaridan tortib, to ozmi-ko‘pmi zanglaganlaricha sotib oldi va institutda bo‘lka pishira boshladi. Birinchi tajribada u ignalarni achitish jarayoni ularga qanday ta’sir etishini bilish uchun xamirturushga solib qo‘ydi. Ikkinchisida yangi qorilgan, uchinchisida ko‘pchiy boshlagan, to‘rtinchisida esa ko‘pchigan xamirga tiqib qo‘ydi. Keyin u ignalarni bo‘lkani pechga qo‘yish paytida joylab qo‘ydi. So‘ngra – pishirish paytida ham. Keyin yangi pishgan bo‘lkalarga va nihoyat, soviganlariga ham. Shundan so‘ng aynan mazkur tajribalarning nazorat turkumlari yangitdan o‘tkazildi. Umuman, ikki hafta mobaynida institutda faqat ignali bo‘lka pishirish bilan shug‘ullandilar. Professor, dotsent, to‘rt aspirant va bir xodim har kuni xamir qorar va bo‘lkachalar pishirar, keyin esa ignalarni mikroskop ostida tekshirishardi. Bunga yana bir hafta vaqt ketdi, nihoyat, pirovardida mash’um igna pishgan bo‘lkaga tiqib qo‘yilgani aniqlandi, chunki u tayyor bo‘lkalarga tiqilgan tajriba ignalarining xossalariga to‘la muvofiq tushdi.
Ekspertizaning ana shu xulosasi asosida tergovchi igna bo‘lkaga do‘konda yoki novvoyxonadan do‘kongacha bo‘lgan yo‘lda tushgan, degan xulosaga keldi. Ana shunda novvoy yo tavba, aynan o‘sha kuni bo‘lka tashiydigan shogirdini ishdan haydab yuborganini esladi!
Bolani chaqirib kelishdi va u xo‘jayiniga qasdma-qasd bo‘lkaga igna tiqib qo‘yganini tan oldi. Bola voyaga yetmaganligi sabab tanbeh bilan qutuldi, novvoyga esa ellik kron jarima solindi, chunki u o‘z xodimlari uchun javob berishi darkor. Mana sizga, odil sudlov qanday puxta va sinchkovlik bilan ishlashiga misol.
Biroq bu ishning yana bir tomoni bor. Bilmayman, biz erkaklarga bunday – izzat-nafs va qaysarlik qayerdan keladi. Institutda kimyogarlar bo‘lkalar bilan tajribalarni boshlaganlarida, ular nonni haqiqiy novvoylarday pishirishlari kerakligi to‘g‘risidagi fikrni miyaga quyib olgandilar. Dastlab bo‘lkalar uncha yaxshi chiqmadi, xamiri yaxshi pishmagan, ortiqcha ishtaha ham ko‘zg‘atmas edi. Lekin borgan sari ish yaxshilanib boraverdi. Nihoyat, bu olimlar bo‘lkalarga ko‘knor urug‘i, tuz va zira sepadigan bo‘lishdi, zuvalani ham shunday ishlashardiki, qarab havasingiz kelardi. Ular faxr bilan institutlaridagi kabi bunday pishirilgan va ishtahani ochadigan bo‘rsildoq nonlarni butun Pragada topib bo‘lmaydi, deb gapirardilar.
– Siz buni qaysarlik deb ataysizmi, janob Kosteletskiy, – e’tiroz bildirdi Lelek. – Menimcha esa bu yerda sportga xos xususiyat – ishni namunali bajarishga intilish ko‘zga tashlanadi. Haqiqiy erkak kishi qiymati sariq chaqalik natija ketidan quvmaydi. Unga o‘yinning o‘zi, bilasizmi, maqsadga erishish yo‘lidagi qiziqish muhim… Siz buni arzimaydigan narsa, bu ishga daxli yo‘q desangiz-da, bitta misol keltiraman.
Men hisobxonada ishlaganimda va ba’zan yarim yillik hisobot tuzganimda, ayrim hollarda raqamlar bir-biriga to‘g‘ri kelmay qolardi. Bir kuni naqd puldan uch geller kamomad chiqdi. Albatta, men o‘sha uch gellerni xazinaga topshirib qo‘yishim mumkin edi, ammo bu noto‘g‘ri yo‘l bo‘lardi. Hisobchilik nuqtai nazaridan bu sportchilarga xos holat emasdi. Qaysi hisobda xato qilinganligini topish zarur, hisoblar esa bizda o‘n to‘rt mingta edi.
Va men sizga aytsam, balans tuzishni boshlaganimda, har doim qandaydir xatoni topishni xohlardim. O‘shanda ba’zan tuni bilan xizmatda qolib ketardim. Oldimga hisobchilik kitoblaridan bir uyumini qo‘yardim-da, ishga kirishardim. Shunda ustunlarga saflangan raqamlar ko‘zimga juda ajoyib, bezaklarday go‘zal ko‘rinardi. Ayrim hollarda ustunlardan tik cho‘qqiga chiqqanday yuqoriga ko‘tarilayotgan, boshqa payt ular orqali zinapoyadan chuqur yerosti koni tubiga tushayotganday bo‘lardim.
Ba’zan o‘sha uch geller hurkak va noyob hayvon bo‘lib tuyular, o‘zimni esa uni – ushlash uchun raqamlardan iborat chakalakzor orqali o‘tib borayotgan ovchiday his etardim. Yoki izquvarman-u, muyulish ortida turib jinoyatchini poylayotganday bo‘lardim. Yonimdan minglab odamlar o‘tar, ammo men muttahamni – o‘sha yovuzni – hisobot xatosini yoqasidan olish uchun o‘z daqiqamni kutardim! Yana ba’zida shunday tuyulardi: go‘yoki baliqchiman-u, qirg‘oqda qarmoq bilan o‘tiribman: ana-ana, po‘kak qimirladi… e-ha, qo‘lga tushdingmi, zang‘ar. Ammo hammadan ko‘p men o‘zimni tog‘lar, vodiylar bo‘ylab, qalin maymunjon butazorlari aro daydib yurgan ovchiday tasavvur etardim. Shunday lahzalarda harakat va kuchning bu hissidan o‘zimni shu qadar yengil his etardimki, go‘yo chindan ham ajoyib sarguzashtlarni boshdan kechirayotgan bo‘lardim, o‘z atrofimda hayajonli erkinlik tuyardim. Butun-butun tunlar bo‘yi uch geller ortidan ovga chiqardim, topganimda esa uning arzimagan sariq chaqaligi haqida o‘ylamasdim ham. U o‘lja edi va men tantanavor hamda baxtiyor holda uxlagani ketardim, etiklarni yechishga ulgurmayok to‘shakka dumalardim. Bor-yo‘g‘i shu.
Rus tilidan Nurbek Abdullayev tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 4-son