Professional munaqqid deb atalmish samo ahliga mansub bo‘lmagan yozuvchi boshqa yozuvchilar to‘g‘risida mulohaza yuritishga jahd qilar ekan, faqat ularni dil-dilidan yaxshi ko‘rgani uchun bunga jur’at qiladi. Lekin tirik yozuvchi boshqa tirik yozuvchilarni dil-dilidan yaxshi ko‘rishi kamdan-kam bo‘ladigan hodisa, aksincha, u odatda boshqa tirik yozuvchilarni dil-dilidan yomon ko‘radi. Shuning uchun ham men vafot etib ketgan to‘rtta adib to‘g‘risida gapirmoqchi bo‘lyapman. Hayotdan ko‘z yumganligi ularni bir-biriga bog‘lab turgan yagona rishtadir. Ammo hayotliklarida o‘z oldilariga qo‘ygan vazifalariga ko‘ra ham, qiyofalariga ko‘ra ham ular bir-birlaridan juda farq qiladilar. Bu jihatdan ular baayni London ko‘chalaridagi bir-biriga tutash to‘rtta uyning egalariga yoki bemorga tashhis qo‘yayotgan to‘rtta vrachga o‘xshaydilar.
Dyumani men yigirma besh yoshimda — hali g‘o‘rgina sarguzashttalab bir yigit o‘laroq olis safarga otlanganimda o‘qiy boshlagan edim. Men “Monte-Kristo”dan boshladim. Men uni Hind okeanini kesib o‘tayotgan “Torrens” degan yelkanli kemada, o‘zim ham xayolotim yelkanlarini yoyib yuborib, bu ajoyib romanning aql bovar qilmaydigan kengliklari bo‘ylab suzib yurib o‘qigan edim. Esimda — dengiz tinch chog‘larda men yashil jildli romanni qo‘ltiqlab olib, kemaning tumshuq tomoniga hamrohlarimdan — bu real dunyoning ayanchli siymolaridan nariga borib olardim-da, uchar baliqlar va romantika bilan xoli qolib o‘qiyverardim, o‘qiyverardim. Keyingi to‘rt yil mobaynida men ichkilikka o‘rganib qolgan odamdek Dyumadan ajralolmadim — “Mushketchilar” turkumining va “Qirolicha Margo” turkumining muallifi o‘ziga tortaverardi. Men “Jozef Balzamo” bilan “Qirolichaning marjoni”ni ham tatib ko‘rdim, ammo men ulardan bir qultum ichdim-u, qolgan to‘qsontadan ortiq romanning hech qaysisiga qo‘l tekkizmadim. Ammo “Monte Kristo” bilan o‘sha “Mushketchilar” va “Qirolicha Margo” turkumi har nima deganingizda ham yigirma besh jildni tashkil qiladi, binobarin. Ular to‘g‘risida bemalol gaplashsa bo‘ladi. Balog‘atga yetgan odamning mulohazalariga ko‘ra “Monte Kristo” “Qirolicha Margo” darajasida emas, bu turkum ham uch mushketchi haqidagi trilogiyadan ancha berida turadi, lekin hech shubha yo‘qki, bu trilogiya o‘sha paytdagi tarixiy romanlarning mualliflari o‘rtasida Dyumaga birinchi o‘rinni olib berdi. Chindan-da, Dyumaning tarixni yaratish qobiliyati har qanday odamni larzaga solmay qolmaydi. Dyuma yaratgan Tarix shu qadar chin, shu qadar haqqoniyki, tarixchilar yaratgan Tarix uning oldida rangsiz va tussiz bo‘lib qoladi va bu sho‘rliklar hech qanchalik muvaffaqiyatga erisha olmay, yozganlari bilan shalvirab qolaveradilar. U sho‘rliklar sizga zorlanib, “yo‘q, yo‘q, unday emas, voqealar unaqa ro‘y bermagan, aslida falonday va falonday bo‘lgan” deb shikoyat qilishadi, “voqealarning ishtirokchilari ham aslida boshqa, falonchi-pistonchilar” deb sizni haqiqatdan ogoh qiladi. Ammo siz allaqachon bu to‘g‘rida Dyumaning yozganlarini o‘qib bo‘lgansiz va olimlarning gapi sizga sariq chaqalik ham ta’sir ko‘rsatmaydi. Tarix yo‘llarida telbaday javlon urgan Dyuma bu yo‘llarni tarixchilarning qonsiz jasadlariga to‘ldirib tashladi. Uning biri biridan boy to‘qimalari orasida tussiz haqiqat haq-huquqlaridan mosuvo qilingan arvohga o‘xshaydi. Rishele va Mazarini, Karl IX, Anna Avstriyskaya, Liza de la Voler, Ulug‘ podsho, gertsog Gizlar Genrix Navarrskiy va qirolicha Margolar bilan birga Dyuma maktabida tahsil ko‘rgan kitobxonlarning qay biri keyin ular to‘g‘risidagi tarixiy asarlarni o‘qirkan? Men o‘zim marhum bosh vazirimiz bilan maktabda birga o‘qiganman, ammo keyinchalik uning to‘g‘risida jannati odamlardan biri to‘g‘risida yozilgan gaplarni o‘qiganimda Garvardda mendan yaxshiroq o‘qigan yigitni va men uni futbol maydonida chalib yiqitganimni eslayoldim, xolos. Uning xizmat pillapoyalaridan keyincha omad bilan ko‘tarilishlariga men doimo gumon bilan qaraganman. Xuddi shunga o‘xshab, Frantsiyada Dyuma sahifalarida muhrlanib qolgandan boshqa tarix bo‘lganmi-yo‘qmi ekani kishida shubha tug‘diradi.
So‘nggi paytlarda markazida biron-bir tarixiy shaxs turgan biografik pesalar yoki romanlar modaga kirmoqda. Dyumani munosib baholamoq uchun ana shu hozirgi asarlarni ulug‘ frantsuz yaratgan tarixiy siymolar bilan yonma-yon qo‘yib ko‘ring — ularning naqadar nimjonligi, ularda latofat va joziba naqadar kam ekanini yaqqol ko‘rasiz-qo‘yasiz. Keyin yana bir narsani taqqoslab ko‘ring — Dyumaning tarixiy shaxslarini uning xayoloti kuchi bilan yaratilgan d’Artanyan, Aramis, Portos, Atos, Kokoina, Shiko, Bossilar kabi obrazlar bilan yonma-yon qo‘yib ko‘ring. Bu obrazlarning ko‘pchiligi hayotda prototiplarga ega bo‘lgan, biroq bu bilan kimning nima ishi bor? Hammadan avval, ularning o‘zlarining hech qanaqa ishi yo‘q. Bunday taqqos oqibatida Dyumaning iste’dodi yanada to‘laroq va aniqroq ko‘rinadi, negaki hech narsa bilan cheklanmagan xayolot kuchi yordamida yaratilgan Dyuma farzandlari uning tarixiy siymolariga qaraganda to‘laqonliroq va jonliroq bo‘lib chiqadi. Erkaklar Dyumaga ayollarga qaraganda yaxshiroq bo‘lib ko‘ringan. Anna Avstriyskaya, Margo, Luiza, de Monsoro xonim va gertsoginya de Shavrez yaxshi chizilgan obrazlar, lekin ular haddan ziyod yorqin yaratilgan emas, Miledi-ku ayol libosidagi dahshatli bir maxluq, xolos. Bulardan boshqa unda tilga olishga arziydigan tuzukroq ayol obrazining o‘zi yo‘q. Ammo buning evaziga uning erkaklari eng yaxshi adabiy qahramonlar bilan bellasha oladi: ular o‘n yilliklar orqali mag‘rur qadam tashlab o‘tadilar, ularning qaddi-qomatiga qarab to‘ymaysan, kishi. Qiziqarli hikoya qilish qobiliyatiga ko‘ra Dyuma Dikkensga teng keladi, yozuvchiga esa bundan ortiq baho yo‘q. Albatta, uning ba’zi bir arzon-garov tasvirlaridan burun jiyirish mumkin yoki ingliz adibining tasvirdagi ba’zi bir tiyiqsizligidan ham ranjish mumkin, ammo u qadar yirik bo‘lmagan adiblarda bizga malol keladigan qusurlar bu ulug‘ rejissyorlarning asarlarida mutlaqo tabiiy ko‘rinadi. Men bayon qilish san’atini tilga olganim uchun ming bora uzr so‘rayman — bizning kunlarimizda juda ko‘pchilik bu shaklni allaqachon o‘lgan va ko‘mib yuborilgan deb hisoblaydi — ular inson hayotini bir-biri bilan defis orqali bog‘langan bir qator portlashlar orqali ifodalashga harakat qilishadi. Shundoq bo‘lgandan keyin Dyuma to‘g‘risida gapirganda bu mavzuni chetlab o‘tib bo‘ladimi? U o‘zining eng yaxshi asarlarida kitobxonning diqqatini sira chalg‘itmay, qattiq ushlab turaoladi — bunda unga deyarlik hech kim teng kelolmaydi. Odatda u bir nechta syujetni oladi-yu, ularni aravaga qo‘shilgan to‘rtta otni boshqarganday abjirlik bilan boshqarib boradi, otlarning tezligi har qancha shiddatli bo‘lmasin, u ravonlikni yo‘qotib qo‘ymaydi. Bir-biri bilan haddan ziyod murakkab tarzda birikib ketgan epizodlar va xarakterlarning ko‘pligi jihatidan uning romanlari orasida birinchi o‘rinni “Vikont de Brajelon” egallasa kerak. Ha, hech shak-shubhasiz, Dyuma — ulug‘ roviy! Unda allanechuk sehrgarlik xislati bor, lekin u jodu qilganda o‘zining dori-darmonlarini haqiqiy hayotdan olib ishlatadi. U yorqin ranglarni va o‘tkir ziravorlarni yaxshi ko‘radi, lekin zinhor-bazinhor quruq gap sotmaydi. Gomer zamonlaridan beri adabiyotning oldiga ikkita talab qo‘yib kelishadi — unda syujet bo‘lmog‘i kerak va unda xarakter bo‘lmog‘i shart. Inson tabiati shu darajada sekin o‘zgaradigan narsa bo‘ladiki, ming yil muqaddam o‘tgan narsa ham uning uchun kuni kecha ro‘y bergandek ko‘rinadi. Shuning uchun kitobxon Choser zamonida qanday bo‘lsa, bugun ham xuddi shunday tarzda syujet bilan xarakterni talab qilaveradi. Eklektiklar Dyumani rad qilishsa qilaverishsin, uning asarlarini hozirgacha o‘qishmoqda, bundan keyin ham yana yuz yil, yana uch yuz yil o‘tgandan keyin ham o‘qiy berishadi. Ayni chog‘da, komil ishonch bilan aytamanki, hozirgi kunda bo‘tqa adabiyot deb atasa bo‘ladigan, shakli yo‘q, shaklsizlikdan doimo liqillab turadigan adabiyot asarlari o‘ttiz yildan keyin xotiralarda hech qanday iz qoldirmay g‘oyib bo‘lib ketadi, hatto ularning nomlari ham esda qolmaydi.
Realizm bilan romantizm o‘rtasidagi farq yozuvchi o‘z oldiga qo‘yadigan asosiy maqsad bilan belgilanadi: birinchi navbatda kitobxonni qiziqtirib, ko‘nglini chog‘ qilishni maqsad qilib olgan yozuvchi romantik bo‘ladi; tasvirlayotgan narsasini birinchi navbatda ko‘rsatib berishni yoki agar istasangiz, talqin qilib berishni maqsad qilib olgan yozuvchi realistdir. Men bu gapni ilgari ham aytganman, lekin tajribam shundan dalolat beradiki, bir aytgan gapni yana takrorlab turmoq kerak, aks holda hech kim unga e’tibor bermaydi. Shunday qilib, Dyuma birinchi navbatda kitobxonni bironta jumboqqa qiziqtirib qo‘yishini e’tiborga olib, uni romantiklar safiga qo‘shmoq kerak. Uning kitoblariga qarab Dyumaning o‘zining allanechuk g‘arazlari bormi-yo‘qmi — bilib bo‘lmaydi, xuddi shuningdek, unda avvaldan pishib qolgan o‘z qarashlari yoxud biron falsafiy tizimi bormi-yo‘qmi — buni ham aniqlash amrimahol. Uning romanlarida voqelik tanqid qilinmaydi, uning kayfiyatiga o‘rab berilmaydi. Ingliz yozuvchilaridan bunaqa xolis yozuvchi sifatida ko‘rsatsak, faqat Shekspirni ko‘rsatish mumkindir, xolos. Ammo Dyuma romantik bo‘lsa-da, zamin uzra ikkala oyog‘ida mustahkam turadi. Kayfiyatiga ko‘ra romantik bo‘lgan bu adib o‘zining metodiga ko‘ra realist edi va ayrim hollarda esa u ilhom bilan xarakterlar yaratishga ham qiziqqan. U yaratgan eng buyuk obraz, shak-shubhasiz, d’Artanyandir. U shunday bir mehvardirki, o‘n bir jild asar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. U bir vaqtning o‘zida sarguzashttalab sarboz va ishonchni qozongan mulozim. Kimda-kim olijanoblikda va dovyuraklikda uning oldiga tusha olmasa, bunday odamga qilichini sanchishga tayyor. Bunday odam og‘ir va bosiq bo‘lsa-da, d’Artanyan hamlasidan qochib qutulolmaydi, chunki d’Artanyanga ayni ana shu bosiqlik va og‘irlik butunlay begona. Bilmadim, o‘zining hayotiyligi va tipikligiga shu qadar ishonchimizni qozona olgan biror adabiy qahramon adabiyotda yana topilarmikan? d’Artanyan bironta kimsadan yordamini ayamaydigan odam, u shunday ishlarni qilib, shunday xatti-harakatlarni amalga oshiradiki, boshqalar bunday harakatlaridan olam-jahon foyda ko‘radilar; u hali-zamon o‘zining baxt qushini ushlab oladigandek tuyuladi, lekin hamisha boshqalarning baxt-saodatini barpo qilish uchun yelib-yugurgan bo‘lib chiqadi va bundan uning jozibadorligi zarracha kamayib qolmadi. Bunaqa odamlarni biz hayotda kam uchratamizmi! d’Artanyan obrazini yaratgan odamning har qanday gunohidan o‘tsa arziydi.
Uchar etigimizni oyoqqa ilaylig-u, Dyumadan rus yozuvchisi, har qanday zamondoshlarimizdan ko‘ra bizga zamondoshroq bo‘lgan Chexovga o‘taylik.
Chexov to‘g‘risida gapirganda aytmoq kerakki, uning hikoyalarining na boshi, na dumi borga o‘xshaydi, ular baayni toshbaqaga o‘xshab, o‘rtaning o‘zidan iborat. Ammo unga taqlid qilmoqchi bo‘lganlarning ko‘pchiligi shuni tushunmadilarki, uning hikoyalarida asarning boshi va dumi ichkariga tortib olingan, toshkosaning tagiga yashirib qo‘yilgan. Uistlerga o‘xshab ko‘rmoq va yozmoq uchun buni xohlashning o‘zi kifoya qilmaydi. Xuddi shunga o‘xshash Chexov kabi his qilmoq va yozmoq uchun uning yangicha yozish manerasi sizga yoqadimi-yo‘qmi — shuni hal qilish kerak.
Chexovga o‘xshab yozishga hech kim muvaffaq bo‘lmaydi, faqat Ketrin Mensfild degan hozirgi davrdagi bir yosh yozuvchi juvongina bu qoidadan istisno bo‘la oldi. Ammo u boshqalardan ko‘ra yaxshiroq taqlid qilishni eplagani uchun shunday bo‘lgani yo‘q, buning sababi shundaki, bu adiba ham xuddi Chexovga o‘xshab tarang va mahzun tuyg‘ularga ega edi, u ham xuddi Chexovday o‘ylar va his qilardi (taassuflar bo‘lsinki, u ham o‘sha dahshatli xastalik sababidan vafot etgan). Mening fikrimcha, so‘nggi yigirma yil mobaynida bir necha mamlakatda yosh yozuvchilar uchun Chexov eng qudratli ohanrabo bo‘lgan edi. U juda katta adib edi, biroq uning ta’siri ko‘proq zaiflashtiruvchi xususiyatga ega bo‘ldi. Gap shundaki, uning uchun yengilday bo‘lib tuyuladigan bir usul bilan ishlamoq tabiiy edi, ammo amalda tekshirib ko‘rganda bu usul g‘arb yozuvchisi uchun juda qiyin bo‘lib chiqdi. Uning asarlari G‘arbiy Ovro‘pada shunday bir fursatda shuhrat topdiki, bu paytda yozuvchilar ko‘pda ortiqcha mehnat sarf qilmay muvaffaqiyatga erishish dardiga tushib qolishgan edi — bunaqa ruhiy holat faqat yozuvchilargagina xos emas, balki uni vodoprovodchilar o‘rtasida ham, birja korchalonlari orasida ham uchratish mumkin.
Chexovda kishining xayolini olib qochadigan maftunkor bir imkoniyatni ko‘rganday bo‘lishdi — Chexov go‘yo ardoqli maqsadga olib boradigan eng yaqin yo‘l edi, biroq dadil aytmoq mumkinki, bu yo‘ldan ketganlarning birontasi ham maqsadga yetib borgani yo‘q. Uning ijodi ko‘z ilg‘amas tarzda daydib yuradigan bir shamchiroqdir. Yozuvchi o‘ylashi mumkinki, kundalik tuyg‘ular va hodisalarni hafsala bilan qayd qilib chiqsa kifoya — uning ham qalami ostida Chexovniki singari ajoyib hikoya chiqadi qo‘yadi. Qayoqda deysiz! Biror asarni “ajoyib” degan bilan u chindan-da ajoyib bo‘lib qolavermaydi. Agar shunday bo‘lganda edi, bugun bizning tegramizni qanchadan-qancha ajoyib asarlar qurshab turgan bo‘lardi. Hikoyada yaqqol ko‘rinib turgan kompozitsiyasiz qalam tebratish rus yozuvchisiga nisbatan g‘arb yozuvchisiga qiyinroq. Lekin shunisi ham borki, ko‘pgina g‘arb yozuvchilari hozir bunday deb o‘ylamaydi. Bizning “yangi” adabiyotimiz go‘yo allaqachon Chexovni orqada qoldirib ketdi va hatto o‘zi otasini ham tanimay qoldi-yu, men uning yutuqlarini hamda intilishlarini yetarli darajada qadrlamayapman degan tasavvur hosil qilmoqchi emasman. Juda qobiliyatli va jiddiy yozuvchilar chin dillaridan hayotni hamma ranglari va jilolari bilan butun turfa xilligini saqlagan holda aks ettirishga urinib yotishipti, buning ustiga ular mahzun va kinoyaviy bir fatalizm bilan sug‘orilganlar, bu fatalizm ularga ehtimol yangi bir narsa bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ularning nazarida bu fatalizm Chexov va yana boshqa ko‘pgina yozuvchilardan o‘tgan bo‘lib tuyulishi mumkin. Ba’zi bir ana shu dovyurak novator yozuvchilarimizning uslubi va metodlarida chindan ham bir qadar yangilik bor, lekin ularning hayotiy falsafalarida men har qancha urinmay, hech qanday yangilik topa olmayman. Ular syujetdan va xarakterlardan voz kechishgan yoki aniqroq qilib aytganda, syujet va xarakterlar yaratishda avvalgi dramatik usullardan voz kechishgan, lekin falsafiylik jihatidan qaraganda ular o‘zlarining Turgenev, Mopassan, Flober, Genri Jeyms, Meredit, Gardi, Frans, Konrad kabi ajdodlaridan unchalik o‘tib ketganlari yo‘q. Bu yangi yozuvchilar biz mistitsizm yaratdik va u to‘laligicha bizning kashfiyotimizdir deb da’vo qilishadi, haqiqatda esa ularning mistitsizmi yuqorida nomlari sanalgan katta yozuvchilarning ijodlari zamirida yotgan mistitsizmdan ortiqroq yoxud o‘tkirroq emas, axir, ularning bari yetarli darajada ravshanlik bilan ko‘rsatdilarki, ular koinot tartibining sirli hamda o‘z-o‘ziga hokim maromini tan olishadi, inson hayotiga boshdan-oxir singib ketgan go‘zallikni, dahshatni, mushfiqlikni va kinoyani ko‘rib turishipti. Ha, mening fikrimga ko‘ra, yangi yozuvchilarimizning uslubi va metodi ularning falsafasiga qaraganda ancha qiziqroqdir. Men ularning dadil usullarini ko‘rib qoyil qolaman, holbuki bu usul ancha yuzaki joyda yotadi. Beixtiyor savol tug‘iladi: ehtimol, epchillik va dadillik bilan shaklni hamda muntazam syujetni bartaraf qilib, ular bir haqiqatni nazardan qochirgandirlar, bu haqiqatga ko‘ra esa bizning tezkor harakat qiladigan zamonamizda inson hayoti har qancha havoyi ko‘rinmasin, haqiqatda esa teran va o‘ziga xos tomirlarga bog‘lab qo‘yilgandir. Chexov bo‘lsa o‘zining shaklsizday ko‘ringan hikoyalarida hech qachon bu haqiqatni unutmaydi va hech qachon uning mahorati mana men deb turtib ham turmaydi.
Chexov 1860 yilda rus shahri Taganrogda tavallud topgan va bor-yo‘g‘i qirq to‘rt yil umr ko‘rib, Shvartsvaldda vafot etgan. U dehqonlar toifasidan chiqib kelgan, o‘zi qishloq vrachi bo‘lgan. Uning avlodiga mansub boshqa rus yozuvchilarining hech qaysisida biz rus zakovatini va rus xalqini bu qadar teran tushunishni ko‘rmaymiz, rus xarakterini bu qadar bexato his qilishni uchratmaymiz. Rus tabiatiga azaldan xos bo‘lgan mujmallikni u qochib qutulib bo‘lmaydigan bir qismat deb biladi va butun ijodi davomida uni erinmay, uzluksiz tarzda va xolisanlillo ochib berishga harakat qiladi. U qishloq vrachi bo‘lgani vajidan, boshqa har qanday odamdan ortiqroq darajada inson tabiatini kuzatish imkoniga ega va u bu tabiatning o‘z bardoshidan boshqa har qanday yordamdan mahrum holda og‘ir dardlar va yomon sarguzashtlar zulmi ostida ezilib yotganini ko‘radi. Chexov g‘oyatda sezgir va muayyan usullardan mahrum bo‘lmagan inson edi. Aftidan, o‘z yaqinlarining iztirob chekishlarini kuzatmoq uning uchun g‘oyatda og‘ir bo‘lgan bo‘lsa kerak, ularning o‘z xarakterlarining milliy belgilaridan kuch-quvvat olabilmasliklarini ko‘rib yanada qiynalgandir. Harholda, u bularning bari tug‘ma san’atkor sifatida g‘oyatda o‘tkir bir nigoh bilan ko‘rgan. Bilmadim, ko‘pgina turfa xil xalqlar yashaydigan bir mamlakatda rus xarakteri to‘g‘risida yaxlit bir narsaday gapirish mumkinmi-yo‘qmi? Harholda, rus xarakteri vaqt va makon qadriyatlariga nisbatan befarqdir, uning uchun eng muhimi — tuyg‘ular, bundan ham ortiq darajada muhimi tuyg‘ularni ifodalab berishdir. Shunday ekan, u tuyg‘ularning yangi to‘lqini ularni butkul yuvib ketmaguncha o‘z maqsadlariga erishib ulgurmaydi. Ko‘p masalalarda favqulodda jozibador bo‘lgan rus kishisi, mening nazarimda, muayyan bir narsada o‘zini to‘xtatib qolishga qodir emas. Shuning uchun u doimo u yoki bu byurokratiyaning qurboni bo‘lib kelgan va mening o‘ylashimcha, bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Rus xarakteri — uzluksiz ravishda yopirilib kelib-ketib turadigan oqimdir va sof rus so‘zi bo‘lmish “nichego!” (“hechqisi yo‘q!”) bu adoqsiz ikkilanishlarning fatalizmini yaxshi ifodalab beradi. Rus kishisi uchun moddiy qadriyatlar va ularning ortida turgan printsiplar — haddan ziyod darajada kamdir, tuyg‘ular va ularning ifodasi esa haddan ziyod ko‘pdir. Mening bu gaplarim, albatta, bir ingliz nuqtai nazaridan aytilayotgan gaplardir. Rus kishisi aytishi mumkin ediki, uning uchun moddiy qadriyatlar va ularning ortida turgan printsiplar haddan ziyod darajada ko‘p ahamiyatga ega, tuyg‘ular va ularning ifodasi esa haddan ziyod darajada kam ahamiyatga ega. Ikki milliy xarakter o‘rtasidagi ayni ana shu ziddiyat vajidan Chexov hikoyalarining shakli ingliz yozuvchilarini o‘ziga shu qadar maftun etadi va ular uchun shu qadar yotdir. Bu shakl xuddi rus tekisliklari kabi yassidir. Chexovning muvaffaqiyati shundaki, u yassi narsani jon olguvchi bir jozibador narsaga aylantira oldi, uning jozibadorligi prepriya yoxud sahroning birinchi bor ko‘rishdagi jozibadorligidan qolishmaydi. Qanday qilib uning bunga erishgani sir, va garchi o‘shandan beri ko‘pgina odamlar u sirning tagiga yetdik deb o‘ylashsa-da, ochig‘ini aytmog‘imiz kerak — bu ularning nazarida shunday tuyulgan, xolos.
Chexovning pesalari ham ingliz sahnalarida hech qachon bizni to‘la qanoatlantirgan emas, buning sababi qisman shunda bo‘lsa kerakki, ular, aftidan, dunyoda eng yaxshi bo‘lgan rus aktyorlari uchun yozilgan, va yana qisman shuning uchun bo‘lsa kerakki, bunga Chexovning xarakteri va metodi sabab bo‘lgan bo‘lishi kerak. Ingliz aktyorlari Chexov pesalarining muhitini ifodalashga qodir emaslar. Chexov asarlari esa — xohlang ular pesa bo‘lsin, xohlang — hikoya bo‘lsin — o‘zlarining muhiti vajidangina esda qolishadi. Ilhom va insoniy tuyg‘ular uning narsalariga ichki shakl baxsh etadi, bu ichki shakl dramatik syujetlar zamiridagi shaklning o‘rnini bosadi. Chexov bironta ham roman yozgan emas, buning sababi shu bo‘lsa kerakki, asar qancha uzun bo‘lsa, unda biron muayyan voqeaning ro‘y bermog‘i shuncha muqarrar bo‘lmog‘i kerak bo‘ladi. Xarakterlar masalasiga keladigan bo‘lsak, yo ular haddan tashqari bevosita hayotdan olingan, yoxud haddan ziyod tarzda ruscha xarakterlardir va shuning uchun esda yaxshi saqlanib qolmaydilar. “Olchazor” yoki “Vanya tog‘a”dagi personajlar — ularning ba’zi birlarini men hatto nomma-nom ham aytishim mumkin — juda jonli, juda ishonchli odamlar sifatida xotiraga keladilar, biroq ular shu darajada kayfiyatga va muhitga bo‘ysundirilganki, unchalik yorug‘likda turganga o‘xshamaydilar, balki allaqaylarda nimqorong‘ilik ichida tentirab yurganday ko‘rinadilar. Ammo shunga qaramay, Chexovning ijodi juda katta qimmatga ega, chunki u bizga buyuk bir xalqning qalbini ko‘rsatib berdi va buni shovqin-suronsiz va hech qanday da’volarsiz amalga oshirdi.
Dyumadan Chexovga faqat uchar etik yordamidagina sakrab o‘tish mumkin edi. Chexovdan Stivensonga o‘tish uchun esa ikki barobar zo‘rroq uchadigan etik kerak. Agar san’at kishini ezadigan ta’sir ko‘rsata olsa, aytish kerakki, Chexovchalik kishini ezadigan yozuvchi yo‘q. Ko‘nglingiz xufton bo‘lib turgan bo‘lsa, har qanday yozuvchidan ko‘ra ham Chexovga kamroq talpinamiz. Shotlandiyalik Stivenson esa butunlay boshqa gap — birinchi navbatda ayni shu yozuvchining shapaloqdek kitoblariga jon-jahdimiz bilan yopishib olamiz. Kezi kelganda bir narsani so‘rab olay — sezganingiz bormi — fojeiy voqealarni tasvirlaydigan yozuvchilar odatda o‘ta sog‘lom odamlar bo‘ladi. Ruslar bu hisobga kirmaydi, ular hamisha o‘zlari his qilib turgan narsalarni tasvirlashadi, bizga — G‘arb odamlariga esa boshqacha sifat xos — biz doimo o‘z tuyg‘ularimiz va sezgilarimizga teskari boramiz. Biz agar o‘zimizni yomon his qiladigan bo‘lsak, ijodda yumorist bo‘lib olamiz yoki jilla bo‘lmasa, romantik bo‘lamiz. Stivenson mustahkam sog‘liqqa ega bo‘lganida ulug‘ fojeanavis yozuvchi bo‘lishi mumkin edi, biroq xastaligi sababidan quvnoq yozuvchi bo‘lmoqdan o‘zga iloji qolmadi. U xalos bo‘lish ilojini siyohdan qidirdi, uning uchun eng katta baxt — qalamni ishga solish edi. Yoshim o‘tib borgani sari men uni ko‘proq qadrlaydigan bo‘lib boryapman. Menga aytishlari mumkinki, bu — qarilikdagi miya aynishining belgisi deb. Yoshligimda men o‘zim ham shunaqa derdim. Negaki, men u paytlarda frantsuz va rus yelvizaklarida o‘tirishga o‘rganib qolgandim — o‘sha paytdagi ingliz adabiyotining diqqinafasroq xonasi bu yelvizakka to‘la edi. Bundan tashqari, o‘sha kezlarda Stivensonni huda-behudaga ulug‘lab ko‘klarga ko‘taraverish shu qadar me’damga tekkan ediki, u mening nazarimda “yoqimli safsataboz”ga aylanib qolgandi, o‘zi biroz oliftaroq va ikki dunyoda tuzalmaydigan romantik edi. Endilikda bildimki, men mutlaqo haq emas ekanman. Ha, Stivenson birinchi darajali romannavis emas, uning salomatligi jiddiyroq falsafiy izlanishlar bilan shug‘ullanishga imkon bermasdi yoxud har narsani bilishga chanqoqligini faol qondirishga ham yo‘l qo‘ymasdi. U shu lahzaning o‘zi bilan yashar edi, yashaganda ham orqa-oldiga o‘girilib qaramay yashardi, bunaqa odamlar esa psixologiyaga chuqur kirib borishga va har narsaning birlamchi sababini izlab topishga moyil bo‘lishmaydi. Biroq Stivenson birinchi darajali yozuvchidir, bir vaqtlar uning uslubidagi menga oliftagarchilikday tuyulgan jihatlarda esa men bugun haddan tashqari yorqin, nozik va jasur qalbning tabiiy ifodasini ko‘raman. Deyarlik har bir jumlada biror kutilmagan narsani namoyon etuvchi uning uslubi jimjimador emas va unga zo‘rma-zo‘rakilik begona. Bu uslubda hamisha dunyoda biror yangi narsani ko‘rishga hozir turgan qalb, hayotga so‘nmas qiziqish ifodalangan, unga materialni esa hamisha g‘oyatda noyob kuzatuvchanligi hamda va juda ajoyib xotirasi yetkazib berib turgan. Men uning kitoblaridan birining duch kelgan sahifasini ochaman va unda quyidagi iboraga ro‘para kelaman: “Manzara so‘ngida yuksak serqoya tog‘lar viqor bilan bo‘y cho‘zib turishardi. Bu tog‘lar qimmatbaho javohirday moviy rangga chulg‘angandi. Ularning oralarida esa tizmalar ketidan tizmalar yelkama-elka qalashib ketgan, archalar bilan qoplangan tik yonbag‘irlar osmon sari intilgandi, quyoshda toshlar yarqirardi, pastqam chuqurliklarda esa yerga qapishgan pakana daraxtlar yuqoriga tarmashib, bo‘y rostlashga harakat qilishardi. Bularning bari qo‘pol va dag‘al, o‘sha eng boshida xudo yaratib qo‘ygan shaklda qolib ketgandi”.
“Tarmashib”, “dag‘al”, “eng boshida”… Stivenson bu so‘zlarni atayin izlab topgan bo‘lsa kerak deb o‘ylamayman. Ular umuman olganda juda oddiy jumlalarga birdan kutilmagan unsurlarni olib kiradiki, bu juda ham qimmatlidir. O‘ylaymanki, ular uning ko‘ngliga o‘z-o‘zidan quyilib kelgan. Aftidan, biron-bir boshqa ingliz yozuvchisi (Shekspirdan tashqari, albatta, va ehtimolki, yana mister Vodxauzdan ham tashqari) kutilmagan unsurni jumlaga bu qadar bevosita va o‘rinli olib kirgan emasdi. Bu to‘g‘rida sharhlovchilar har nima deyishsa deyisha bersin. Ammo men Stivensonni qayta o‘qiganimda bunga yana qat’iy ishonch hosil qildim. Bu xususiyat esa chindan-da juda qimmatlidir va ko‘pgina nuqsonlarning o‘rnini bosib ketishi mumkin. Uslub bobida dong chiqargan ba’zi bir yozuvchilardan farq qilaroq Stivenson jumlama-jumla juda yengil o‘qiladi, uning kutilmagan so‘zlarida qoqilmaysiz, uning jumla tuzishlari buloq suvidek tip-tiniq, ularda na zalvarli og‘ir iboralar uchraydi, na keskin va qo‘pol joylarga ro‘para kelasiz, na adib kishining ensasini qotiradigan luzumsiz takrorlar bilan ta’sirchanlikni oshirishga harakat qiladi.
Dyumaga o‘xshash Stivenson ham romantik: turli toifadagi odamlarni ko‘rsatishdan yoxud inson hayotining yo‘llarini tasvirlab berishdan ko‘ra qiziqroq voqeani hikoya qilib berish uning uchun muhimroqdir. To‘g‘ri, “O‘g‘irlangan” va “Katriona”da u deyarlik baravar darajada syujet va xarakter yaratish ishiga berilgan, ya’ni “oltin me’yor”ga yaqin turadi, umrining oxiriga kelib esa “To‘lqinning qaytishi” va “Germistonlik Uir”da haqqoniylikka moyillik bildiradi-yu, lekin, baribir, romantikligicha qolaveradi. Endr Leng Stivensonning Stonstomda nashr etilgan asarlar to‘plamiga yozgan muqaddimasida ta’kidlaganidek, u o‘z mavzularini hech qachon hozirgi hayotning bosh oqimlaridan qidirmagan, hech qachon kitobxonlarga ularga tanish voqelikni tushuntirib berishga urinmagan. Stivenson yozgan narsalarning hammasida sinchkov va jasur zakovat egasi sezilib turadi, u maishiy masalalarda hamisha olijanoblik bilan ish yuritadi, u o‘z-o‘zini og‘riqli tarzda tahlil qilishga moyil ekan, bunda uning gunohi yo‘q, u hatto narsalarning mohiyatini izlashga haddan tashqari berilib ketib adashib qolishdan ham qo‘rqadi. Uning romannavis sifatidagi asosiy kamchiligi shundaki, ko‘pincha u o‘z iste’dodiga uncha munosib bo‘lmagan mavzularga qo‘l uradi. Mavzu “Doktor Jekil va mister Xeyde”dagi kabi yetarli darajada jiddiy bo‘lsa, Stivenson bunday mavzularni oxirigacha ochib berishga jur’at qilolmaydi, natijada asar qay bir darajada kemtikroq chiqadi. “To‘lqinning qaytishi”da mavzuga o‘zining murosasiz yondashuvidan o‘zi ancha tashvishga tushib qolgan, bizning tanqidchilarimiz buni “hayotning avra-astari” deb atashni yaxshi ko‘rishadi. “Germistonlik Uir”ni u qanday tugatishi mumkinligini aytib berish qiyin, lekin u, ehtimol, belgilab qo‘yilgan fojeali yo‘nalishdan o‘zini olib qochishi ham mumkin edi. (Ehtimol, sizning esingizda bo‘lsa kerak — uning sevgililari murodu maqsadlariga erishadilar, ya’ni aniqroq aytganda, Amerikaga jo‘nab ketishadi).
Roviylik bobida esa Stivenson garchi kichikroq ko‘lamda bo‘lsa-da, Dyuma va Dikkensdan qolishmaydi, hatto abjirlik va tezlik jihatidan ulardan o‘zib ham ketadi. Stivensonda cho‘zilib ketgan joylar yo‘q. Uning mavzui hamisha bitta — hamma romantiklarning mavzusi uning ham diqqat markazida — bu yaxshilik bilan yovuzlik o‘rtasidagi, qahramon bilan yovuz odam o‘rtasidagi kurashdir. Lekin shunisi ham borki, bunday kurashda qahramon ayol ko‘pincha ishtirok etmaydi, balki, biron to‘siqlik orqasidan qarab turadi, xolos.
Chunki Stivensonda allanechuk mangu navqiron bir narsa bordirki, uning “Qizlar va yigitlarga” degan hikoyalar to‘plamini yaratgani ham bejiz emas.
Uning romanlaridan “O‘g‘irlangan” bilan “Katriona” birgalikda shak-shubhasiz boshqa asarlarining hammasidan ko‘ra salmoqliroqdir. Bularda asar fabulasining qiziqarli bo‘lishidan tashqari, mahorat bilan chizib berilgan tiplar bor. Alan Brek bilan David Valfurlar bir umrga tog‘li Shotlandiyaning ham, Shotlandiya vodiysining ham tasvirchilari bo‘lib qolish imkoniga egadirlar. Katriona bilan Barbara Grant esa adib yaratgan ayol xarakterlari ichida eng yaxshilaridir. Bundan tashqari bu asarlar boshdan-oyoq Shotlandiyaga nisbatan mag‘rur bir muhabbatga yo‘g‘rilgan, hamma narsa o‘rmonlar va dengizning xushbo‘y hidi bilan sug‘orilgan, kamdan-kam asarda oilaviy muhit bu qadar teran va yorqin ifodalangan. Ikkinchi o‘ringa men “Balantrening egasi”ni qo‘yaman. Bu kitob birinchi shaxs nomidan hikoya qilingan, bu usulning o‘ziga xos qiyinchiliklari va murakkabligi bor, lekin adib uning uddasidan chiqqan. Balantrening egasi esa uchchiga chiqqan razil odam. Men “Qora o‘q”ni ham juda ma’qul ko‘raman, uning voqealari benihoya qiziqarli va unda o‘rta asrlar hayotining manzaralari kamdan-kam uchraydigan tarzda jonli tasvirlangan. O‘z-o‘zidan ravshanki, “Xazinalar oroli” alohida ajralib turadi. U sof holda to‘qima asardir. “To‘lqinning qaytishi” va “Dengiz o‘laksaxo‘ri”da voqealar tasviri biroz xira tortgandek ko‘rinadi, ammo ikkita muallif sherik bo‘lib yozgan asarlarda odatda muqarrar tarzda shunaqa bo‘ladi, shunday bo‘lsa-da, men ularni zavq bilan maroqlanib o‘qiyman. “Sent-Iv” eslab qolish qiyin bo‘lgan ajoyib kitoblar sirasiga kiradi, lekin uni hamisha qayta o‘qisa bo‘ladi. Bu asar aslida tugallanmay qolganida yaxshi bo‘lar edi. “Mushkulotlar iskanjasida” — chinakamiga quvnoq asardir. “Doktor Jekvil va mister Zayd”siz ham mening kunim o‘taverar edi. Bu asar Stivenson yozgan asarlar ichida eng kam darajada Stivensonnikiga o‘xshaydi, holbuki — kitobxon ommasining tug‘ma ziddiyatli ruhi shunaqaki, ayni ana shu asar unga juda katta shuhrat keltirdi, men yaqinda o‘qiganimga qaraganda, hozirga qadar bu asar uning ijodining cho‘qqisi hisoblanar ekan. “Germistonlik Uir” masalasiga kelsak, aytishim kerakki, men shu paytga qadar ser Sidney Kolvinning fikriga qo‘shilmayman. Uning fikricha, bu kitob Stivensonning eng yaxshi asari bo‘lib qolmog‘i kerak edi. Bu kitob qiziqarli, chunki unda romantizmdan qutulishga qat’iy harakat qilingan, ammo unda Stivensonning bir zaifligi sezilib qolgan. Bu, ayniqsa, insonning ichki dunyosini ochishda yaqqol ko‘rinib qoladi. Archi mavaffaqiyatli chiqqan emas, mening nazarimda, Kristinaning boshiga ham shu qismat tushgan.
Stivenson shu darajada yorqin va salobatli odam ediki, uning sayohatlari va butun turmush tarzi shu darajada rango-rang, uning ocherklari va maktublari shu qadar ko‘p va qiziq, uning she’rlari shu qadar yoqimli ediki, shaxsiyatining bunaqa ko‘p qirraliligi undagi romannavisni to‘sib qolgan edi. Biroq siz uning kitoblari bilan undan keyin yozilgan romantik qissalarning hammasini, hatto dong chiqargan yoqimtoy egizaklar — Entoni Xoupning “Zenda mahbusi” bilan “Rupent fon Xentsau” romanlarini taqqoslab ko‘ring — Stivensonning qanchalik yuqori turishiga yana bir karra amin bo‘lasiz. Chindan ham Dyumadan keyin u romantik yo‘nalishdagi hamma nosirnavislar orasida yaxshisidir, Angliyada-ku, albatta, eng yaxshisi. Agar bordi-yu, bizning davrimizda birorta odam chiqib, uni bu o‘rindan siqib chiqarib qo‘ysa, men bunga g‘oyatda hayron qolgan bo‘lardim. Negaki, dunyo hali romantik adabiyotdan lazzat ololmaydigan darajada qarib qolgan bo‘lmasa-da, mening fikrimcha, u Stivensonga o‘xshagan shodmon qalbli va bu qadar navqiron xayolot quvvatiga ega bo‘lgan yozuvchini barpo etishga borgan sari noqobilroq bo‘lib bormoqda. Xo‘sh, shundoq ekan, biz o‘zimiz o‘qtin-o‘qtin qalamimizni romantik xayolot siyohdoniga botirib tursak bo‘lmaydimi? Ammo Dyuma bilan Stivenson yozaboshlagan zamonlardan beri nimadir ro‘y berdi. Bu dunyoni kuy degan narsa tark etdi. Bizning kunlarimizda romantiklar juda abjirlik bilan bochkalar ichida yashirib qo‘yilgan murdalar haqidagi va shunga o‘xshash boshqa vahima gaplarni to‘kib tashlayveradilar-u, ammo Ilhom otini jilovlab olishni istagan odam, aytaylik, Jon Mensfild “Sarda Xarker”ning yoxud “Jon Byuken”ning muallifi sifatida romantika degan jonvorda qanot bo‘lmog‘i kerakligini ancha-muncha yaxshi biladi. Romantiklar o‘z kitoblariga 9,15 dagi poyezdni kiritishga to‘la haqlidirlar, ammo bu poyezdda Chizlxerstdagi yoki Kloydondagi korchalonlar yuradi. Biz hammamiz limuzinlar va samolyotlar degan joyda aqlimiz shoshib qoladigan bo‘lib qoldik. Romantik adabiyotga mashinalar suqilib kirib olishdi — miyangda mashina guvillab tursa, qulog‘ingga nay navosi kirmas ekan. Shuning uchun mening nazarimda biz Stivensonni shohsupasidan ag‘darib tashlaydigan zamonlarga yetib borolmaymiz. Va men deyarlik shunga aminmanki, Stivenson XIX asrda yashagan hamma ingliz yozuvchilari orasida Dikkensdan keyin eng uzoq umr ko‘radigani bo‘ladi.
Garchi U.G.Xadson ko‘proq tabiatni kuzatuvchi va tabiat shaydosi sifatida shuhrat topgan bo‘lsa-da, men uning tag‘risida faqat san’atkor sifatida — “Qirmizi zamin”, “El ombu” va “Zangori kulba” kabi romanlarning muallifi sifatida gapiraman. Bu asarlarning har biri bir durdonadir. Xadson katta iste’dod egasi, ammo men bu katta iste’dodni Tabiat deb atalmish makkora nozanin to‘g‘ri yo‘ldan urib chalg‘itdi va nobud qildi degan gapni aytmoqchi emasman. Men hatto badiiy ijod qilmoq uchun unda ortiqroq materialning o‘zi bo‘lmagan bo‘lishi mumkin deb o‘ylayman, chunki qat’iyat bilan aytish mumkinki, yozuvchi odam yozadiganini yozmay qo‘ymaydi. Ammo ana shu uch kitobning har biri yozuvchi erishgan o‘ziga xos katta g‘alabadir. “Qirmizi zamin” — so‘nggi yuz yildan ortiqroq vaqt ichida ingliz tilida yaratilgan eng yaxshi hazil-mutoyibali romandir: “El ombu” — jo‘n va fojeiy qissaning juda go‘zal bir namunasidir, “Zangori kulba” esa bizning davrimizdagi eng jimjimador fantaziyadir. Xadson — mutlaqo o‘ziga xos bir adibdir, u g‘oyatda erkin va samimiy. U hech qanday maktabga mansub emas, u o‘z ijodida biron-bir mahoratli san’atkorning ta’sirini ko‘rgan emas. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan joylardagi Pampa shamoli kabi erkin shamol qanotlarida adabiyotga kirib keldi. Yoki u Kormuel bo‘ronlaridan g‘oyatda zavqlanar edi — u adabiyotga ana shu bo‘ronlardan biri yanglig‘ yopirilib keldi. “Qirmizi zamin” saksoninchi yillarda yozilgan edi, shekilli, balki oldinroq ham yozilgandir. Bu asar bir zamonlardagi Argentinada yosh yigitning boshidan kechirganlari to‘g‘risidagi hikoyadir. Aftidan, kitobda avtobiografik unsurlar bor yoki ayrim-ayrim shaxsiy xotiralar mavjud — shak-shubha yo‘q — ayrim voqealar muallifning boshidan kechgani yaqqol ko‘rinib turadi, ba’zan vaziyatlarni esa muallif o‘zidan o‘g‘irlab olgan. Agar asardagi Diki Lemb Xadsonning o‘zi bo‘lmagan taqdirda ham, ko‘rinib turiptiki, Xadsonning yoshlik paytidagi sarguzashtlari va tanish-bilishlaridan yaxshi xabardor. Bu toifa romanlarning mohiyati yangi makonlarga va yangi odamlarga qiziqishining kuchli ekanida, unda, ayniqsa, ayol kishining tabiati va qismatiga qiziqish zo‘r, tabiiyki, “Qirmizi zamin”ning ham mohiyati aynan shunday. Bu kitob hayotga oshiq odamning asari, shuning uchun ham u hech qachon tuzukroq muvaffaqiyat qozongan emas. Ko‘pchilik odamlar hayotni yaxshi ko‘rmaydi, ular hayotga parvoz vaqtida o‘q uzishmaydi, ular hayotning qo‘nishini poylab turishadi, shunda ham avval uni tanovvul qilish mumkinmi-yo‘qmi ekaniga ishonch hosil qilganlaridan so‘ng unga qarata o‘q uzadilar. Biz o‘zimizga naf keltirmaydigan quruq sarguzashtlarni yoqtirmaymiz: biz kafolatlar davrida yashamoqdamiz. “Qirmizi zamin” — boshqa dunyo haqidagi hikoyadir, unda shunday kunlar tasvirlanganki, u paytlarda hech qanday kafolatlar bo‘lgan emas — odamlar esa g‘alaba va muhabbatga erishmoq niyatida safarlarga jo‘nayverganlar. Bundan tashqari, kitobda Ispaniyaning ta’mi sezilib turadi, ingliz tili tarqalgan mamlakatlarda bu kitobning sovuq qabul qilinishining sabablaridan biri ham ana shunda. Axir, bizni gitaralardan ko‘ra pand-nasihatlar ko‘proq qiziqtiradi.
“El ombu” — Xadsonning ikkinchi kitobining markaziy qissasi, uning umuminsoniy mavzui fojeona xarakterga ega, lekin men uni Turgenevning “Cho‘l qiroli Lir” yoki “Bahor suvlari”, Konradning “Yoshlik”, “Zulmat qalbi” va “Bo‘ron” asarlari yoxud Merimening “Karmen”i, Mopassanning “Do‘ndiqcha”si, yo Floberning “Oddiy qalb”, yo mister Moemning “Yomg‘ir” kabi asarlari qatoriga qo‘ymagan bo‘lardim. Bu qissalarning hammasi hajmiga ko‘ra taxminan “El ombu” bilan bir xil hajmga ega, ularning hammasi umuminsoniy mavzularda yozilgan, “Yoshlik” bilan “Bo‘ron”dan boshqa hammasining mazmuni fojeona. “El ombu” hikoyasining nomi shu hikoyada tasvirlangan ulkan daraxtning nomidan olingan. Garchi bu daraxt hikoyada hamma qismlarni birlashtirib turadigan bir omil sifatida ko‘rinsa-da, unda yuqorida zikr etilgan ajoyib qissalardagi kabi mustahkam ustun yo‘q va muqarrarlik tuyg‘usi ham mavjud emas. Keksa cho‘pon tilidan hikoya qilinadigan, bir-biri bilan uncha bog‘lanmagan lavhalardan tashkil topgan bu asar — kulfatlar va baxtsizliklarning chambarchas ulanib ketgan zanjiri to‘g‘risidadir — u insoniy ehtiroslar quyuni haqidagi mavzuning o‘ziga xos ko‘rinishlaridan biridir. Ammo asar tiliga xos bo‘lgan ajib bir soddalik va asarning umumiy muhiti unga salmoq baxsh etib turipti. Aftidan, u ham “Qirmizi zamin” kabi faktlarga asoslangan bo‘lsa ajab emas, asar Panpadagi xalq ijodi materiallaridan to‘qilgan va bu materiallar ancha rangdor hamda dolg‘ali bo‘lgan qadimgi zamonlarda maydonga kelgan. Kezi kelganda aytmoq kerakki, Konradning ijodida dengiz qanday o‘rin tutsa, Xadsonning ijodida tekislik ham shunday o‘rin tutadi. Faqat farqi shundaki, Xadsonda tabiat muhabbatni qo‘zg‘aydi, Konradda esa u kishini dahshatga soladi. Masalan, Konradning “Zulmat qalbi”dagi o‘rmon bilan Xadsonning “Zangori kulba”sidagi o‘rmonni taqqoslab ko‘ring, ularning birinchisi mudhish, yuraklarni orziqtiruvchi xatar, ikkinchisi esa xilvatdagi ajib bir boshpana.
“Zangori kulba” — Xadsonga katta yozuvchi degan nomni olishga huquq beruvchi uchinchi kitobidir. Bu asar shu darajada o‘ziga xos, boshqa adabiy asarlarga shu darajada o‘xshamaydigan asarki, birinchi marta o‘qiganimda uning go‘zalligini hatto his qilolganim ham yo‘q. Oradan o‘n yil o‘tib, uni ikkinchi marta o‘qiganimdagina men bu kitobning qadriga yetdim. U menga ma’lum bo‘lgan shunday bir yagona kitobki, unda “o‘rmondagi shovur-shuvur ovozlarni bir ohangga jamlashga muvaffaq bo‘lingan”. Asarda Rayma degan o‘rmon qizi bor — u ayni choqda qush ham. Bu qush — qiz bir vaqtning o‘zida tabiatning sehrkor jozibasini ham, insonning tabiat bilan birikib ketishga ishtiyoqini ham o‘zida tajassum etadi. Afsuski, o‘z-o‘zini tahlil qilishning kuchayishimi yoxud, aytaylik, bizning shaharda yashashga ko‘nikib qolganimizmi — bizni ana shu tabiat bilan birikib ketish imkonidan mahrum etgan. Ana shu Rayna o‘zining g‘ayrimoddiy go‘zalligi bilan o‘ziga xos tarzdagi yagona adabiy qahramondir. Bundan uch yil muqaddam Hayd-parkda Raymaning haykalini o‘rnatishdi. Haykal atrofida qizg‘in bahslar bo‘lib o‘tdi. Ochig‘ini aytsam, haykal menga sira yoqmadi. Darhaqiqat, bu hatto shu darajadagi o‘ziga xos san’atkor uchun ham bajarish mumkin bo‘lmagan vazifa edi. Sezgilar bilan sezib ko‘rish, qo‘l bilan ushlab, ko‘rish mumkin bo‘lmagan narsani tasvirlash uchun metall bilan tosh yaramaydi. Rayma obrazida Xadson boshqa har qanday odamdan ko‘ra o‘tkirroq his qilgan narsasini — insondan boshqa hamma jonzotlarga va, ayniqsa, shirin-shirin kuylar kuylaydigan parrandalarga rag‘batini ifodalashga harakat qilgan. Shuning uchun ham Xadsonni bilgan odamlar uchun haykaltaroshning ustaxonasidan chiqqan ana shu og‘irdan-og‘ir buyumda qandaydir kufrona va tahqirli jihat bor. Bunaqa narsani faqat jahl ustidagina yasab qo‘yib, keyin bekorchilikda azasini tutib yursa bo‘ladi.
Xadsonni shaxsan bilgan odamlar uchun uning shaxsiyatida inson yozuvchidan ko‘ra ustunroq edi: u o‘z davrining eng hayron qoladigan, eng betakror odami edi, hech kimning diqqat-e’tibori sof insoniy hududlardan tashqarida bu qadar olislarga yo‘naltirilmagan edi, hech kim tabiat qiyofasini uningchalik aniq-taniq ko‘rishga muvaffaq bo‘lmagan edi. U har qancha ma’rifatli va madaniyatli bo‘lmasin, unda ibtidoiy odamga xos bo‘lgan qandaydir jihatlar bor edi, hattoki uning o‘zi yaxshi ko‘radigan jonivorlar va parrandalarda nimadir bor edi. Shunday bo‘lganda ham, agar u o‘zidan shaxs sifatida biron xotira qoldirmagan bo‘lsa va tabiat haqida maxsus asarlar qoldirmagan bo‘lsa-da, faqat yuqorida zikr etganimiz uchta badiiy asarnigina qoldirgan taqdirda ham uni juda ajoyib bir siymo deb va nihoyatda yirik ijodkor deb e’tirof etmoq lozim bo‘lardi.
Muharrirlar ba’zan mendan “kelajak romanini qanday tasavvur qilasiz?” deb so‘rashadi. Bu savolga hech kim javob bera olmaydi. Romanning kelajagi yozuvchilik uslubidagi u yoki bu modaga bog‘liq emas. U biron-bir iqtisodiy sharoitga ham bog‘liq emas. Romanning kelajagi faqat bir narsaga bog‘liq — ikkita xususiyat mavjud — ularning ikkovini ham ta’riflash ancha qiyin — tasodif ana shu sifatlardan biriga ega bo‘lgan yoki yanada yaxshisi har ikkala xususiyatga ega bo‘lgan yozuvchini barpo qiladimi-yo‘qmi — roman istiqboli ana shunga bog‘liq. Bu xususiyatlar — Ulug‘vorlik va Jozibadorlikdir. O‘rtacha sonlar qonuniyatiga ko‘ra har o‘n yillikda taxminan baravar miqdorda bunday yozuvchilar paydo bo‘lib turmog‘i lozim, ammo mening o‘ylashimcha, biz o‘tmishni o‘rganar ekanmiz, bunday yozuvchilar paydo bo‘lmagan davrlarni ko‘plab uchratamiz, hozirgi davrni o‘rganadigan bo‘lsak, ehtimol, kelajak masalasida ancha tashvishga tushib qolishimiz ham mumkin. Bizning davrimizda ulug‘vorlikka dushman bo‘lgan allanechuk bir narsa bor. Hatto insonning individual belgilari ham reklama ta’sirida, lampa chiroqlarida, standartlashish, mutaxassislashish ta’sirida, sur’ati tez aloqa vositalari vajidan sekin-asta yedirilib, yo‘q bo‘lib bormoqda. Har qancha g‘alati ko‘rinmasin, hech qanday shak-shubha yo‘qki, menimcha, biz amaliy aql-zakovat deb ataydigan xususiyat ulug‘vorlikka batamom yotdir, bizning davrimiz esa bag‘oyat oqil va kun sayin oqilroq bo‘lib bormoqda.
Jozibadorlikka xavf solib turgan xatar, ehtimol, unchalik jiddiy emasdir, lekin nima bo‘lganda ham, jozibadorlik tepasida xatar bor. Negaki, jozibadorlik intim xususiyatdir, shoyista sifatdir, hayotimizda esa shoyistalik borgan sari kamayib bormoqda. Biz shu darajada mukammallashib bormoqdamizki, avvalgi barqaror xomaki umrguzaronligimizdan hademay hech vaqo qolmaydi. Bu umrguzaronlik odamlar qalbiga o‘z muhrini bosib ulgurgan va ularning fikrlari uchun sevimli yoxud yoqimsiz iqlim yaratgan.
Hayot bo‘ronlaridan yuqoriroq ko‘tarilishga qobil bo‘lgan yoxud miyig‘ida kula oladigan san’atning ildizlari ancha teran bo‘ladi va u jo‘shqin hamda ardoqli tuyg‘ularga asoslanadi. Biz o‘z davrimizda fikrlarimiz va tuyg‘ularimizning o‘ziga xosligini qanchalik saqlab qola olishimizni o‘zingiz o‘ylab ko‘ring.
Shunday qilib, ulug‘vorlik yoxud jozibadorlik yoki ba’zan ularning ikkovi ham birgalikda — bizni bir kitobning o‘ziga ikkinchi va hatto uchinchi marta qaytishimizga majbur qiladi. Gap shundaki, bizni o‘qtin-o‘qtin o‘ziga qaytarib turadigan kitobgina umrboqiy bo‘lishi mumkin. Kitob bosib chiqarishning oxir-keti ko‘rinmaydi, uning to‘g‘risidagi gap-so‘zlar esa avj olgandan avj olib bormoqda. Shuning uchun men maqolamni o‘sha gapiradiganlar to‘g‘risida aytilgan uch-to‘rt og‘iz gap bilan yakunlamoqchi bo‘ldim. Bu gapiradiganlar sirasiga o‘zimni ham qo‘shaman, albatta. Hech qanday gap-so‘zlar bilan muallifga yoki uning kitobiga obro‘ orttirib berib bo‘lmaydi. Men qo‘limga qalam olgandan beri o‘tgan o‘ttiz yil mobaynida o‘nlab kitoblar to‘g‘risida gap-so‘zlar bo‘lgan, ularni go‘yo mangu umr ko‘radigan asarlar sifatida bahs yuritishgan, bugun esa go‘yo u kitoblar, umuman hech qachon bo‘lmagandek, ularni paqqos unutib yuborishdi. Tarkibida “hayot” deb atalmish sehrli buyumdan asar ham bo‘lmagan nimaiki bo‘lsa, hammasini Vaqtning ko‘z ilg‘amas shamoli uchirib olib ketadi. Biron hazilkash solnomachi og‘zaki gap-so‘zlar bilan obro‘ orttirgan asarlarni va bu obro‘ning naqadar bardavom bo‘lganini yozib chiqmoqchi bo‘lsa, bizning tanqidiy didlarimiz to‘g‘risida ko‘p g‘alati tasavvurlar hosil qilgan bo‘lardi. Shuning uchun men o‘zim o‘zimga va kitobga yoxud adibga obro‘ olib beradigan, og‘izdan-og‘izga ko‘chib yuradigan qanotli gaplar gapiradiganlarning hammasiga qarata shunday deyman: “Ha, albatta, o‘z didlaringga tayanib ish yuritinglar, biroq tarix saboqlari hamisha yodingizda bo‘lsin va o‘zingizning didingiz ancha tamizsiz ekani to‘g‘risidagi fikrga tan bering!”
1928 yil.
Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 8-son