Sleg Moynixen simyog‘ochga suyangancha turardi. U yoqdan-bu yoqqa o‘tayotgan yo‘lovchilar unga qarab-qarab qo‘yishar, u o‘girilganida tezda nigohlarini chetga burishardi. Sleg gavdali, baquvvat edi. U Xenklestenning restoranida haftasiga ikki marta tashkillashtiriladigan janglarda qatnashuvchi uchinchi toifali bokschilar jamoasida ro‘yxatda turardi. U oz pul ishlar, lekin ko‘p zarba o‘tkazardi. U hali yigirma beshga ham kirmagan, shuning uchun bu zarbalar o‘ziga ta’sir qilmasligiga ishonardi. Ammo yoshi o‘tganidan so‘ng bu zarbalar unga ta’sir qilishidan tashvishlanardi.
Biroq ayni paytda uni bu fikr bezovta qilmayotgandi. Uning fikri-zikri Roza Xensonda edi. Slegning ayollarga suyagi yo‘q edi. Ayollar bilan bo‘lganidan so‘ng u bu ayollarni unutardi. Ammo Roza Xensonni ko‘rgach, barchasi o‘zgardi. Roza uning ko‘z oldidan ketmay qoldi. U odatda ayollarni shunday so‘zlar bilan ilintirardi: «Menga qarang, go‘zalim, xoliroq joyda uchrashishga nima deysiz? Vaqtimizni chog‘ o‘tkazardik».
Odatda bu samarali bo‘lardi. Ammo Roza unga mensimas nazar bilan bir qarab qo‘ydi xolos. Qiz hech narsani eshitmagandek, uning so‘zlariga e’tibor ham bermadi.
Birinchi marta u qizni Qirq uchinchi ko‘cha va Farbiy avenyu burchagidagi raqs maydonchasida ko‘rgandi. Qiz o‘zini puldorlardek tutayotgan baland bo‘yli ozg‘in yigit bilan raqs tushardi. Sleg janjal boshlashni o‘yladi, ammo Rozaning oldida ahmoqqa o‘xshab qolishini o‘ylab bu fikrdan voz kechdi. Biroq qo‘li qichiyvergach, u uyiga ketvordi.
U Rozani endi o‘ylamaslikka qaror qildi, lekin qiz uning ko‘z o‘ngidan ketmasdi. U Rozani bir necha marta ko‘rdi. Har safar qizni ko‘rganida undagi muhabbat alangasi kuchayar, u bilan gaplashmasa bo‘lmasligini anglardi. U nimadir qilmasa bo‘lmasligini tushundi. Qizning qaerda ishlashini zo‘rg‘a aniqladi. U Braunrig ismli kishining sartaroshxonasida manikyurchi bo‘lib ishlarkan. Sleg sartaroshxonaga borib manikyur qildirishga ahd qildi. U sartaroshxonaga shaxd bilan kirdi va Braunrigga so‘z qotdi.
-Sizlarda tirnoqni pardozlaydigan qiz bormi?-so‘radi Sleg.
-Ha, albatta, janob Moynixen. Keling, o‘tiring.
Sleg unga shubhalanib qaradi.
-Mening Moynixen ekanligimni qaerdan bilasiz?-so‘radi u.
Braunrig jilmaydi.
-Men janglaringizni kuzatib boraman,-dedi u.-Siz chempion bo‘lishga qodirsiz.
Slegning ko‘ngli xotirjam bo‘ldi.
-Yaxshi,-to‘ng‘illadi u.-O‘sha qizni chaqiring. Men shoshilyapman.
Braunrig sartaroshxona burchagidagi parda ortiga o‘tib ketdi va bir necha daqiqadan keyin qaytdi.
-Xenson xonim hozir chiqadi,-dedi u.-Birato‘la soch-soqolingizni ham oldirasizmi?
Sleg unga g‘azab bilan tikildi.
-Yo‘q. Men bu qiz bilan gaplashib olishim kerak.
Braunrig ta’zim qildi va qo‘shib qo‘ydi:
-Yaxshi, janob Moynixen.
Sleg tirjaydi.
-Bo‘pti,-bosh irg‘adi u,-tezroq kirsin.
Braunrig qo‘shni xonaga kirib ketdi, lekin eshikni qiya ochiq qoldirdi.
Parda ortidan pardoz buyumlari joylashtirilgan g‘ildirakli aravachani yurgizgancha Roza Xenson paydo bo‘ldi. U Slegni ko‘rgach, yuzi jiddiylashdi.
-Ha, sizmisiz?-dedi u kinoya bilan.-Nima xizmat?
Sleg unga suqlanib tikildi.
-Tirnoqlarimni pardozlasangiz bo‘ldi,-dedi u.-Men esa sizni zeriktirmay o‘tiraman.
Qiz bosh chayqadi.
-Sizga manikyurning keragi yo‘q,-dedi u.-Bunday qo‘llar uchun motorli arra kerak.
Sleg qo‘llarini aylantirdi.
-Menga qara, azizam,-dedi u,-bu qo‘llarim bilan yaxshigina pul topaman. Bo‘l, pardozingni boshla.
Qiz aravachasini uning yoniga olib keldi va tizzalarini namoyish etgancha kursiga o‘tirdi. Sleg uning oyoqlariga oshkora tikildi.
-Oyoqlaring chiroyli ekan. Demak, go‘zalsan.
Qiz uning qo‘lidan tutdi.
-Go‘zalligimni ta’riflashingizning keragi yo‘q. Buni o‘zim ham yaxshi bilaman.
Sleg labini cho‘chchaytirdi. «Bu xonim qattiq yong‘oq ekan,-o‘yladi u.-Uni chaqish oson bo‘lmaydi».
-Jangimga chipta kerakmi?-so‘radi u yashirin qurollaridan birini ishga solib.-Ertaga zo‘r tomosha bo‘ladi. Sizga ringga yaqin joydan chipta olib berishim mumkin.
-Nima dedingiz?-so‘radi qiz.
Sleg uf tortdi va taklifini takrorladi.
-Janglaringiz meni qiziqtirmaydi,-dedi qiz uning tirnoqlariga ishlov berishni boshlar ekan.-Ammo chiptangizni do‘stimga berishim mumkin.
-Anavi siz bilan raqsga tushgan novchani aytyapsizmi?-so‘radi Sleg.
Roza unga bir qarab qo‘ydi.
-Garriga boks tomosha qilish yoqadi.
-Menga unga o‘xshagan yigitlar yoqmaydi,-dedi Sleg.
Roza qovog‘ini uydi.
-Buni qarang-a,-dedi u sovuq ohangda.
Oraga jimlik cho‘kdi. Sleg hech narsaga erisholmaganini his qilgach, o‘zining asosiy qurolini ishga soldi:
-Ertaga qo‘limga yaxshigina pul tushadi. Balki biror joyga borarmiz?
-Qaerga boramiz?-ehtiyotkorlik bilan so‘radi Roza.
-Menimcha, o‘zingiz taklif qilishingiz mumkin,-dedi Sleg xursand bo‘lib.-Istagan joyingizga boramiz.
-Unda…-qiz bir oz sukut saqladi, so‘ng bosh chayqadi,-yo‘q, u yerga borishga unamaysiz.
Sleg qovog‘ini uydi.
-Ayting,-dedi u.-Qaerga?
-Men anchadan beri «Mayami» klubiga borishni istayman, u yerga puldorlar kirishadi. Siz kira olmasangiz kerak.
Slegning yuragi to‘xtab qolgandek bo‘ldi va darhol javob qaytardi:
-Kim aytdi sizga? Siz istagan joyga olib borishga qurbim yetadi.
Roza kursi suyanchig‘iga boshini tashladi va unga tikilib qoldi.
-Zo‘r-ku!-dedi u.-U yerga hatto Garri ham bormaydi. Rostdan qo‘lingizdan keladimi?
Falaba qozonganini his qilgan Sleg darhol tashabbusni qo‘lga oldi.
-Albatta,-dedi u.-Sizday go‘zalni albatta olib boraman.
-Janob Moynixen, pulingiz bunchalik ko‘pligini bilmagan ekanman. Balki «Mayami» klubiga bormasmiz? Keling, «Ambassadors»ga boramiz. U yerga borishni anchadan beri orzu qilaman.
Slegning nafasi ichiga tushib ketdi. U maqtanchoqligi nimaga olib kelganini judayam kech tushundi. «Mayami»ga bo‘lsa mayli edi. Ammo «Ambassadors» shahardagi eng qimmat tungi klub edi. Bu yerga hatto smoking kiymaganlar kiritilmas, Slegning esa smokingi yo‘q edi. U bu yerga borish qanchaga tushishini hisoblaguncha terga botib ketishini his qildi.
Roza esa quvonchdan terisiga sig‘masdi.
-Keling, ertaga boramiz,-taklif qildi u.-Ertaga bo‘shman. Kech soat to‘qqizda uchrashamiz. Hozir janob Braunrigni chaqiraman, soch-soqolingizni tartibga keltirib qo‘yadi.
Sleg e’tiroz bildirishga ham ulgurmay u Braunrigni chaqirdi. Braunrig shu zahoti paydo bo‘ldi va ishga kirishdi. Sleg soch-soqolini oldirib ko‘chaga chiqqanida hamyoni uch dollarga bo‘shagan, bo‘yniga esa hayotidagi eng qimmat oqshomni o‘tkazish majburiyati ilingandi.
Ammo u ishni oxirigacha yetkazishga qaror qildi. Sleg shaxdam qadamlar bilan Izzining chevarxonasiga keldi va smokingni ijaraga olishni kelishib olgani anchagina vaqt sarfladi. U arzimagan pul evaziga smokingni ijaraga oldi.
Sleg karton qutiga joylangan smokingni olib uyiga keldi. Kunning qolgan qismini esa kechki payt bo‘ladigan jangga tayyorlanish bilan o‘tkazdi. Ammo miyasi Roza va «Ambassadors»da o‘tadigan oqshom haqidagi fikr bilan band edi.
U sparring-raqiblaridan biri Peg O‘Maliga dilini ochdi.
-Menga qara, Peg,-dedi u.-Ertaga bir xonimni «Ambassadors»ga olib borishim kerak.
Peg Slegga ajablanib qaradi.
-Xo‘sh, nima bo‘pti?
Sleg iyagini qashladi.
-Sen u yerda bo‘lganmisan?-so‘radi u umid bilan.
Peg bosh chayqadi.
-Yo‘q, u yerda olgan nafasingga ham pul to‘laysan.
-Xonim o‘sha yerga bormoqchi-da,-dedi Sleg.
-Nima qilasan u yerga borib. Boshingdagi shlyapangga qarab turadigan garderobchi ham hamyoningni qoqlab oladi.
Sleg xavotirlana boshladi.
-Qancha pulim ketadi?-so‘radi u.-Yigirma dollar yetarmikin?
Peg o‘ylanib qoldi.
-Ha,-dedi u,-etsa kerak. Yigirma dollarni o‘sha xonimga berib qo‘yaver undan ko‘ra. Bir tuning rohatda o‘tadi.
Slegning jahli chiqdi.
-U unaqa ayollardan emas,-dedi u.-U odobli.
-Aqldan ozibsan, og‘ayni. «Ambassadors» sen boradigan joy emas.
Shundan so‘ng «Ambassadors» haqida umuman gap ochilmadi. Sleg jangda osonlik bilan g‘alaba qozondi.
Ma’mur unga ellik dollar to‘ladi va u yana yigirma besh dollar qarz so‘radi. Pulni olgach, do‘stlari bazmga taklif qilishlariga ham qaramay, tezda uyiga jo‘nadi. U har bir dollarni asrash kerakligini tushunib turardi.
Uyga qaytgach, u javonni ochdi va har ehtimolga qarshi saqlab yurgan yigirma besh dollarini ham oldi. Endi unda yuz dollar va ancha-muncha mayda pul bor edi. U o‘zida ishonch sezdi. Buncha pul bilan bemalol istagan joyiga borsa bo‘ladi.
U shuncha pulni bir oqshomda ishlatib yuborishiga ishonmasdi. Buncha pul uning bir oy yashashiga yetardi.
Ertasiga Sleg ijara uy bekasi va uning qizi yordamida kiyindi. Bo‘yinbog‘ bog‘lab, smokingni egniga ilgach, u oynaga qarab o‘zini taniy olmay qoldi. Unga oynadan bashang kiyingan janob qarab turardi.
Sleg boshiga shlyapani qo‘ndirib, cho‘ntagidagi pulini yana bir marta tekshirib oldi va uyidan chiqdi. U sartaroshxonaga kelganida Braunrig uni ko‘rib og‘zini ochib qoldi.
-Janob Moynixen, ko‘rinishingiz ajoyib,-dedi u.-Kostyumingiz chiroyli ekan.
Sleg smokingidagi ko‘rinmas changni qoqib qo‘ydi.
-Ha, narxi ham shunga yarasha. U shu yerdami?
Braunrig ko‘zi bilan manikyur bo‘limiga ishora qildi.
-U tayyorlanyapti,-dedi u ko‘zini qisib.-Qaerga ketyapsizlar?
-«Ambassadors»ga,-dedi Sleg.-Men o‘sha yerga borishni yoqtiraman.
Braunrig hushtak chalib yubordi.
-O‘-ho‘,-dedi u,-didingiz chakkimas.
Shu payt parda ortidan jilmaygancha Roza chiqib keldi.
Sleg ko‘zlariga ishonmadi. Uning ro‘parasida sohibjamol malika turardi. Yashil ko‘ylak qizning ko‘rkiga yanada ko‘rk qo‘shgandi. Sochlari yelkasigacha tushgan, yuzidagi pardozi ham joyida bo‘lgan qiz xuddi kino yulduzlaridek yurib kelardi.
-Judayam go‘zalsiz,-dedi Sleg. Roza joyida turgancha aylandi.
-Yoqamanmi?-so‘radi u.
-Judayam.
-Siz ham bugun ochilib ketibsiz.
Braunrig bosh irg‘adi.
-Ajoyib juftlik,-dedi u.-Endi esa bemalol ketishingiz mumkin, men sartaroshxonani yopaman.
Roza Slegning yonidan o‘tayotganida uning dimog‘iga atirning xush bo‘yi urildi. Sleg uning ortidan ergashdi. U xuddi tush ko‘rayotgandek edi.
Tashqariga chiqishgach, Roza atrofga alangladi va qovog‘ini uydi.
-Mashinangiz qani?
Tramvayda ketmoqchi bo‘lgan Slegning rangi oqarib ketdi.
-Mashinam yo‘q,-tan oldi u.
-Men bo‘lsam mashinangiz bor deb o‘ylabman,-dedi Roza g‘ijinib.-Unda taksi to‘xtating.
Sleg ming‘irladi:
-Xo‘p.
U ko‘chaning narigi betida ketayotgan taksiga qo‘l siltadi.
Taksi to‘xtadi. Haydovchi esnagancha ularga qaradi.
-Og‘ayni, qaerga?-so‘radi u.-Xiyobongami?
Sleg unga g‘azab bilan tikildi.
-«Ambassadors»ga.
Haydovchi uzun hushtak chalib qo‘ydi.
-O‘key, boyvachcha. «Ambassadors» bo‘lsa «Ambassadors»ga-da.
Sleg Rozaning yoniga o‘tirdi. Qiz chetroqqa surildi va ko‘ylagini astoydil to‘g‘riladi. Sleg uning ko‘ylagini g‘ijim qilib qo‘ymaslik uchun mashinaning bu burchagiga surildi. Qiz unga qarab jilmaydi.
-«Ambassadors»ga borayotganimizga haliyam ishongim kelmayapti,-dedi u.-Garri hasaddan yorilib o‘ladigan bo‘ldi.
Sleg qovog‘ini soldi.
-U yigit bilan endi uchrashmang,-dedi u.-Endi siz mening qizimsiz.
Qiz kuldi.
-Tentakmisiz,-dedi u,-men hech kimning qizi emasman. Istagan joyimga boraman, istaganimni qilaman, hech kim menga buyruq bera olmaydi.
Sleg unga nigoh tashladi va boshqacharoq yo‘l tutish kerakligini tushundi. «Bu xonim asov, uni jilovlash qiyin bo‘ladi. Ammo uning go‘zalligi har qancha qiynalishga arziydi».
U qizning qo‘lidan ushlamoqchi bo‘ldi, ammo qiz bunga yo‘l qo‘ymadi.
-Iltimos, kerakmas,-dedi u.-Ko‘ylagim g‘ijim bo‘ladi.
Sleg joyiga surildi, uning kayfiyati buzildi. Ammo qiz undan jang haqida so‘radi, u-bu narsalar haqida gaplashib ketdi va Slegning kayfiyati yana yaxshilandi.
Taksi klub eshigi oldiga kelib to‘xtadi. Oppoq qo‘lqop kiygan shveytsar mashina eshigini ochdi.
Sleg yo‘lkira haqini to‘ladi va eshikbonga choychaqa uzatdi. So‘ngra Rozaning ortidan ichkariga kirdi.
Katta zalda odamlar guruh-guruh bo‘lib turishardi. Ular suhbatlashar, kulishardi. Sleg yerga kirib ketguday holatda ayollar uchun mo‘ljallangan zalga qarab ketayotgan Rozaning ortidan ergashdi. Roza ortiga o‘girildi:
-Bir ozdan so‘ng shu yerda uchrashamiz,-u shunday deb ayollar orasida g‘oyib bo‘ldi.
Sleg atrofga mo‘ltirab qaradi. Shu payt bir kishi kelib uning tirsagidan ushladi.
-Bu yoqqa, janob,-u Slegni garderob tomon yetakladi. Bu yerda bir qiz kiyimlarni qabul qilib olar va raqam yozilgan qog‘oz uzatardi.
Sleg dollar tashlagancha raqamli qog‘oz olayotgan kishilarni ko‘zlari katta-katta bo‘lib kuzatib turdi. Uning navbati kelgach, qiz unga qog‘oz uzatdi va jilmaydi. Sleg hech achinmasdan bir dollar uzatdi.
U ortiga qaytdi va ulkan bochkalarga o‘rnatilgan palmalar ostidan boshpana topdi.
U bu yerda bir necha daqiqa ham turmadi. Uning yoniga charm papkali bir kishi keldi.
-Ovqatlanasizmi, janob?-so‘radi u yarim egilib.
-Sizga nima?-dedi Sleg.
-Kechirasiz, janob, tashrifingiz a’lo kayfiyatda o‘tishi bizga bog‘liq. Bir o‘zingizmisiz? Stolga buyurtma berasizmi?
Sleg shoshib uning qo‘liga yopishdi.
-Menga qara, og‘ayni,-dedi u.-Menga sen kerak eding. Bir xonim bilan kelganman. Judayam chiroyli xonim bilan. Pulim bor. Biror narsa uyushtir. O‘key?
Erkak ta’zim qildi.
-Albatta, janob,-dedi.
-Hammasi senga bog‘liq,-dedi Sleg.-Oqshom zo‘r o‘tishi kerak.
-O‘n sakkizinchi raqamli stolga o‘tirasizlar. Mana bu eshikdan kirganingizda o‘ng tarafda.
U ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Sleg xuddi dushmanlarini kuzatayotgan jangchidek yana palmalar ostiga o‘tdi. Nihoyat Roza ayollar xonasidan chiqdi.
Sleg to‘ng‘illadi:
-Adashib qoldingizmi?
Qiz bosh chayqadi.
-Hamma narsa tayyormi?-so‘radi u.
Sleg uning qo‘lidan tutdi.
-Albatta. Kecha tayyorlab qo‘yganman. O‘n sakkizinchi stolga o‘tamiz. Hamma narsa tayyor.
Qiz qo‘lini tortib olmoqchi bo‘ldi, ammo Sleg hadeb uning aytgani bo‘lavermasligini ko‘rsatish uchun qizning qo‘lini mahkam ushlab oldi.
Afsuski, ziyofat Slegga yoqmadi. Shampan ichib burni to‘xtovsiz qichishdi, turli xil frantsuzcha ovqatlarni yeb ko‘ngli behuzur bo‘ldi. Kumush pichog‘u qoshiq-vilkalarni to‘g‘ri ushlayman deb peshonasidan ter chiqib ketdi.
Ikkinchi tomondan esa u maqsadiga erishgandi. Roza xursand edi. U tinmay odamlar, orkestr, ushbu maskan haqida gapirardi.
Slegning oldida turli xil nomini ham bilmaydigan ovqatlar paydo bo‘lar, oldidagi qadah o‘z-o‘zidan to‘lib qolayotgandek edi. Ammo u borgan sari ma’yus torta boshladi.
Bir kishi kelib Rozani raqsga taklif etdi. Ular raqs maydonchasi tomon yo‘l olishgach, Sleg hatto o‘zi yolg‘iz qolgani uchun ancha yengil tortdi.
Uning oldiga ofitsiant kelib hol-ahvol so‘radi. Sleg ma’yus jilmaydi.
-Bu yer menbop joy emas ekan,-tan oldi u boshini qashlarkan.-Balki kimlardir bu yerda rohat qilar, ammo men uchun bu yer azobxona ekan. Ketamiz endi, hisobni ayting.
Ofitsiant ta’zim qildi va likopchaga bir parcha qog‘oz qo‘ydi. Sleg qog‘ozga befarq nazar tashladi. U bu oqshom katta pulga tushishini bilgan, ammo bundan tashvishlanmagandi. Biroq qog‘ozdagi yozuvni ko‘rgach, yuzi bujmayib ketdi.
-Bir yuz yigirma besh dollarmi?
Ofitsiant ta’zim qildi.
-Hammasi to‘g‘ri.
Slegning a’zoi badani muzlab qoldi. Hozir Roza kelib qolishi mumkin edi. U o‘rnidan turdi.
-Bir daqiqaga, janob,-dedi ofitsiant.-Bu narx sizga ma’qul kelmayaptimi?
Slegning peshonasi tirishdi.
-Gaping to‘g‘ri, og‘ayni, -dedi u. -Yonimda bor-yo‘g‘i yuz dollar bor edi. Jin ursin! Bu yerda kuppa-kunduz kuni odamlarni talashinglarni bilmagan ekanman.
-Siz adashyapsiz. Bu yerga kelmasligingiz kerak edi.
Sleg g‘amgin bosh irg‘adi.
-Gapingiz to‘g‘ri. Xonim shu yerga kirishni istagani uchun kelgandim. Nima qilasiz, politsiya chaqirasizmi?
Ofitsiant u yoq-bu yoqqa alanglab olgach, likop ustiga yigirma besh dollar tashladi.
-Qarz berib turaman,-taklif qildi u.-Men ham bir paytlar shunday ahvolga tushganman.
Sleg unga qaragancha og‘zini ochib qoldi.
-Jin ursin!-dedi u.-Rahmat. Qarzimni tezda qaytaraman.
Ofitsiant yelkasini qisdi.
-Qolgan pulni to‘lasangiz, taksi chaqiraman.
Sleg yuz dollarni chiqardi. Uning cho‘ntagida bor-yo‘g‘i ikki dollar puli qolgandi.
-Bu yerga qaytib kelmayman.
Ofitsiant ta’zim qildi.
-Balki boshqa joyda o‘zingizni yaxshiroq his qilarsiz.-U shu so‘zlarni aytib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Roza stolga qaytdi.
-Jahlingiz chiqmadimi?-dedi u.-Raqsga zo‘r tusharkan. Shampan qoldimi?
Sleg o‘zini zo‘rg‘a tutib turardi.
-Uyga qaytamiz, azizam,-dedi u.-Yur, ketdik.
-Uyga? Uyga qaytgim kelmayapti. Ketdik, raqs tushamiz.
Sleg uning qo‘lidan tortdi.
-Ketdik deyapman.
Ular tashqariga chiqishdi. Eshik oldida taksi turardi.
Ular taksiga o‘tirishlari bilan Roza unga zahrini socha boshladi.
-Bu qanaqasi?-dedi u.-Oqshomni rasvo qildingiz. Nega «ketdik» dedingiz?
Sleg unga yaqinroq surildi.
-Sen bilan yolg‘iz qolgim keldi, go‘zalim,-dedi u pullari havoga sovurilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun.
-Nariroq suriling,-dedi qiz jahl bilan.-Ko‘ylagimni rasvo qilasiz.
Sleg uning belidan quchdi va o‘ziga tortdi.
-Ko‘ylagingni o‘ylama,-dedi u.-Vaqting chog‘ o‘tdimi? Endi buning evaziga menga nima berasan?
U qizning lablaridan o‘pdi. Qizning lablari qattiq va sovuq edi. Slegning hafsalasi sovib qizni o‘zidan itardi va negadir undan nafratlana boshladi.
Qiz lablarini siladi.
-Tarbiyasiz ekansiz,-dedi u.-Nariroq o‘tiring.
Sleg nari surildi. U nima qilishni bilmasdi.
Ular sartaroshxonaga kelgunlaricha «miq» etishmadi. Yetib kelishgach, qiz dedi:
-Bugungi oqshom uchun rahmat. Siz bilan boshqa uchrasholmayman.
Sleg shunchalik g‘azabda ediki, hatto javob qaytarishga ham tili aylanmadi. Uning hamma narsadan hafsalasi sovigandi. Bir oqshomda bor pulidan ayrilgani, buning ustiga, qarz ham bo‘lganligi uning hayotdagi bor umidini so‘ndirgandi. Uning turmush tarzidagi qoidasi oddiy edi. Agar biror narsa uchun pul to‘lasang, o‘sha narsani olasan. U bu xonimga ajoyib oqshom hadya etdi, u esa evaziga hech narsa bermadi. Bor-yo‘g‘i bitta bo‘sa-u ham sovuq va hissiz.
Qiz sartaroshxonaning ro‘parasidagi uyga kirib ketdi.
Sleg jahl bilan tupurdi. Uning miyasida g‘azab uchquni chaqnar, ammo nima qilishni bilmay, gangib qolgandi. Uning judayam ichgisi keldi va Qirq to‘qqizinchi ko‘chadagi tungi barga kirdi.
Bar egasi Jo Rensho viski ichib o‘tirardi. U Slegga hayron qaradi.
-Namuncha, bunaqa kiyinib olibsan?
Shundagina Sleg hali bu kiyim uchun ham pul to‘lashi kerakligini esladi. U kursiga o‘tirib boloxonador qilib so‘kindi va viski so‘radi.
U bir necha qultum viski ichganidan keyin Jo undan nima bo‘lganini so‘radi. Sleg hammasini aytib berdi.
U hikoyasini tugatgach, Jo o‘ychan holda dedi:
-Omading kelmabdi, oshna.-U Slegning yelkasiga qo‘l tashladi.-Nega menga bu haqda aytmading? Seni ogohlantirgan bo‘lardim. Roza Xenson uchiga chiqqan tovlamachi-ku.
Sleg unga shubha bilan qaradi.
-Nima demoqchisan?
-U judayam ayyor ayol. Ikki yil ilgari u bir kishiga turmushga chiqqan. Ammo eri tez orada uning qanaqaligini sezib qolgan va ajrashmoqchi bo‘lgan. U nikohni bekor qilmoqchi bo‘lgan, lekin Roza bunga rozi bo‘lmagan. U erini qiynamoqchi bo‘lgan. Eri uni xiyonat ustida qo‘lga tushirish uchun ortidan odam qo‘ygan va shu asosda u bilan ajrashishga uringan. Ammo Roza buni bilib qolgan va uning ustidan kulish uchun har xil yigitlarni qarmog‘iga ilintirib, «Ambassadors»ga olib boradigan bo‘lgan. Birorta yigit ham hali unga erisholmagan. Seni nima uchun u yerga olib borganini endi tushundingmi?
Sleg peshonasini tirishtirdi.
-Nimaga aynan «Ambassadors»ga?-so‘radi u.
-Eri xuddi o‘sha yerda ishlaydi. Ofitsiant bo‘lib.
Sleg qotib qoldi.
-Baland bo‘yli kishimi? U menga yigirma besh dollar qarz berdi.
-Ha, o‘sha bo‘lsa kerak. Jonni Roza seni ahmoq qilayotganini bilgan. Senga rahmi kelgan bo‘lsa kerak.
-Endi tushundim,-dedi Sleg.-Uning eri menga yaxshilik qildi, men ham bu yaxshiligini qaytarishim kerak.
-Ha. Jonni bunga loyiq. Men uyga ketishim kerak. Ketasanmi?
Sleg bosh chayqadi.
-Mana bu shishadagini tugatib olay.
Jo uning yelkasiga shapatiladi:
-Mayli, asabiylashma.
Sleg viski ichgancha Roza va uning eri haqida o‘ylardi. U nimadir qilishi kerakligini tushundi.
U ko‘chaga chiqdi va sartaroshxona tomon yo‘l oldi. «Men bu xonimning aqlini kiritib qo‘yaman,-dedi u ichida.-Eri juda yaxshi odam ekan. Hammasi uchun javob beradi hali bu ayol».
U ayol yashaydigan uy oldiga keldi. Rozaning ismi yozilgan eshikni topgach, itarib ko‘rdi. Eshik berk edi. Sleg yo‘lakka chiqib derazani ochdi va tashqariga razm soldi. Rozaning derazasi oldida tomga chiqadigan narvon joylashganligini ko‘rgach, asta narvonga osildi va undan balkonga o‘tdi. Balkon eshigi ochiq edi. U ichkariga kirdi.
U gugurt chaqib chiroq tugmasini topdi va chiroqni yoqdi.
Roza yotgan joyidan sakrab turdi va qichqirib yubordi. U ko‘zlariga ishonmasdi.
-Uyimga bostirib kirishga qanday haddingiz sig‘di!-chinqirdi u.-Yo‘qoling tezda!
Slegning g‘azabi qaynadi. U bor kuchi bilan ayolning yuziga shapaloq tushirdi. Ayol chinqirgancha karavotga quladi.
Sleg uning ustiga bostirib bordi. Ayol uni tepmoqchi bo‘ldi, ammo Sleg uning qanshariga tarsaki tushirdi. Roza garangsib qoldi. Sleg uni bo‘g‘a boshladi.
U ayolning qachon jon berganini ham payqamay qoldi. Chunki u jazavaga tushgancha ayolni mahkam bo‘g‘ib turardi.
Nihoyat u qo‘llarini ayolning tomog‘idan oldi. So‘ngra Rozaning jonsiz tanasiga tikilib turdi. U o‘zini ofitsiantdan qarzi qolmagandek his qildi.
U endi nima qilishni o‘ylamoqchi bo‘ldi. Ammo miyasi o‘ylaydigan holatda emasdi. Bir oz o‘tirgach, u telefon go‘shagini ko‘tardi va politsiyaga qo‘ng‘iroq qildi.
Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.