Jeyms Grem Ballard. Eng yaxshi istak barbodi (hikoya)

Doktor Jeymison ayni tush payti Londonga yetib keldi. Shaharga eltuvchi barcha yo‘llar esa ertalabki soat 6 dayoq bekilgan edi. Odatda bo‘lganidek, yosh qirolning taxtga o‘tirish, ya’ni toj kiyish kunida odamlar marosim boshlanishidan bir kun oldin qirol korteji o‘tadigan butun yo‘l bo‘ylab o‘rin ola boshlashdi. Doktor Jeymison “Rits” mehmonxonasi yonidagi metro bekati tomon o‘t-o‘lanlar bosgan nishablikdan yuqoriga ko‘tarila boshladi. Grin-Parkda esa yuqoridagi sababga ko‘ra, biror jonzot qorasi ko‘rinmas edi. Daraxtlar osti qarovsiz, turli lash-lushlar sochilib yotardi. Doktor Jeymison metroga yetguncha qora terga botdi, o‘zining kichkina, lekin xiyla og‘irgina qurol-aslahaga moslangan jomadonini o‘tloqqa qo‘yib, o‘rindiqqa cho‘kdi.
Uning qarshisida baland yog‘och minbarning orqa tomoni turardi. U eng yuqori qatordagi tomoshabinlarning-ochiq yoqali yozgi ko‘ylakli ayollar, qo‘lidagi gazeta bilan boshini quyoshdan panalab turgan yengi uzun ko‘ylakli erkaklar, milliy bayroqchalarni silkitib, kuylayotgan bolalarning yelka-boshlarini ko‘rib turardi. Odamlar butun Pikadilli bo‘ylab idora derazalaridan boqib, tokchalardan egilishib, o‘zaro suhbatlashishar, endi ko‘chaning o‘zi ham nur va tovush aralashmasiga aylanib ketgan edi. Goh u, goh bu tomondan uzoqroqdan orkestr sadosi yoki qaysi bir ofitserning askarlarni yo‘lning ikki yoniga saf tortishi yoki safni almashtirishga undovchi buyrug‘i eshitilib qolardi.
Doktor Jeymison bularni qiziqish bilan tinglab, quyosh taftini ham unutganday bo‘ldi. U 65 yoshlarga yaqin, o‘rta bo‘yli, to‘ladan kelgan kishi edi. Sochlari ham endi oqara boshlagan, o‘ynoqi, sergak ko‘zlari esa atrofda ro‘y beruvchi har qanday narsani ilg‘ayotir edi. Uning qiyofasida olimona ko‘rinish bo‘lsa-da, keng peshonasi nishabligi tufayli, o‘z yoshiga nisbatan ancha kichik ko‘rinardi. Ustidagi bashang kulrang kostyumi bu taassurotni yanada kuchaytiradi. Minbar chekkasidagi birinchi yordam chodiridan kimdir chiqib, shu tomon yo‘nalganda, doktor Jeymison uning kiyimi o‘ziga yarashmay turganini his qildi va qay bir g‘amgin xayoldan ko‘ngli buzildi.Soatiga qaradi-da, jomadonni qo‘lga olib, metro bekati tomon jadalladi.
Qirol korteji toj kiyish marosimidan keyin o‘z yo‘lini soat uchda Vestminster abbatligidan boshlashi kerak edi. Shuning uchun ham u o‘tadigan ko‘chalarda politsiya allaqachon har qanday harakatni to‘xtatgandi. Doktor Jeymison ikkinchi chiqish yo‘lagidan yuqoriga, Pikadillining shimol tomoniga ko‘tarildi-da, ko‘plab idoralar va mehmonxonalar joylashgan baland binolarga sinchiklab razm soldi, qaysi birlarini tanib olib vaqti-vaqti bilan ularning nomini ichida takrorlar edi.
Yo‘lakda tig‘iz turgan odamlarga qiyinchilik bilan urinib-surinib, buning ustiga, temir qoplama jomadoni tizzasiga urilganda og‘riq tortib, Bondstritgacha yetib bordi. Qarshisida Pikadilli tomon kelayotgan odamlar oqimi unga ajabsinib qarab qo‘yishardi. Nihoyat, u mashinaga chiqqandan keyingina o‘zini yengil his qildi. Haydovchining yordamini rad etib, jomadonini o‘zi kabinaga qo‘ydi va o‘tirar ekan:
-“Uestlend” mehmonxonasiga, -dedi.
Haydovchi unga yarim o‘girilib so‘radi:
-Qayerga dedingiz?
-“Uestlend”, -deya takrorladi doktor Jeymison, o‘z gapirish tarzini, iloji boricha, haydovchinikiga muvofiqlashtirishga harakat qilib. Chunki bu yerdagilarning nutqi u kelgan joydan ancha boshqacharoq ekanini sezib qolgan edi. – Oksford-stritda, Marbl-Archdan yuz ellik yard sharqda. Menimcha, u yerga qo‘shimcha kirish joyi Grouvenor-pleys tomondan.
Haydovchi unga diqqat bilan nazar tashladi-da, ma’qullab bosh silkidi. Mashina qo‘zg‘aldi.
-Toj kiyish marosimini ko‘rgani keldingizmi?
-Yo‘q,-beparvolik bilan dedi doktor Jeymison. -Ish bilan. Bor-yo‘g‘i bir kunga.
-Men kortejni ko‘rmoqchisiz deb o‘ylabman. “Uestlend” dan hammasi juda yaxshi ko‘rinadi.
-Ha, shundayga o‘xshaydi. Imkoniyatim bo‘lsa, albatta, ko‘raman.
Ular Grouvenor xiyoboniga burilishdi. Doktor Jeymison jomadonni o‘rnidan qo‘zg‘ab, ustalik bilan ishlangan pinhona temir qulflarini jiddiy ko‘zdan kechirdi va ular qopqoqni mahkam tutib turganligiga ishonch hosil qildi. So‘ngra xotiralar to‘lqini qo‘zg‘agan hissiyot tug‘yonini bosishga intilib, atrofdagi binolarga qaray boshladi. Biroq hammasi uning xotirasidagiday emas edi. O‘zini bugunidan orqaga qarab uzoqlashtirgan yillar eski taassurotlarni yodga solar edi. Uzoqlarga ketuvchi ko‘chalar, tartibsiz binolar, qayoqqa qarama, ko‘plab xilma-xil ma’nisiz reklamalar, bularning hammasi tamoman yangi edi. Shahar benihoya eski andozali va turli uslubli hamda unda qachonlardir o‘zi yashaganini tushunishi qiyin tuyulardi.
Nahotki, qolgan barcha xotiralari ham uni aldasa?
Birdaniga chehrasi yorishgan holda oldinga egildi, hozirgina yonidan o‘tganlari Amerika elchixonasining nafis o‘yma  devorli binosi uning shubhasini yozdi.
Haydovchi uning kutilmagan qiziqishiga e’tibor berdi.
-Yankilarning qo‘lidan kelgani shu-da, -dedi u, sigaret kukunini qoqar ekan. -Nima ekanligini ham tushunib bo‘lmaydi.
-Shunaqa deb o‘ylaysizmi? -dedi doktor Jeymison. -Bu fikringizga ko‘pchilik qo‘shilmasa kerak.
Haydovchi kulib yubordi.
-Xuddi shu yerda xato qilasiz, mister. Men haligacha biror kishidan bu daxmaza haqida yaxshi so‘z eshitmadim.  –  Haydovchi  yo‘lovchining ko‘nglini ranjitgisi kelmagandek yelka qisib qo‘ydi.  – Tag‘in kim biladi… Ehtimol, buni qurgan me’mor  o‘z davridan o‘zib ketgan odam bo‘lsa kerak.
Doktor Jeymison bu gapga javoban  yengil tabassum qildi.
-Balki, -dedi u haydovchidan ham ko‘ra o‘ziga qarata. -Naq o‘ttiz besh yilga. Vaqti kelib bu arxitektura haqida odamlar juda yuksak fikrda bo‘lishadi.
U yana yengil manqalanib gapirayotganini sezmay qoldi. Shunda haydovchi so‘radi:
-Siz xorijlik emasmisiz, ser? Yangi Zelandiyalik emasmisiz?
– Yo‘q, -deb javob qaytardi doktor Jeymison va endi ko‘chalarda transport harakati chap tomonlama ekanligiga e’tibor berdi. -To‘g‘ri, Londonda bo‘lmaganimga ancha bo‘ldi. Lekin kelish kunini yaxshi tanlabman, shekilli.
– Mana bu gapingiz to‘g‘ri bo‘ldi, ser. Shahzoda uchun  bugun haqiqiy bayram,  Aslida qirol uchun deyishim kerak edi-yu,  ammo,  Qirol Yakov III deb aytisha hali ko‘nikkanimiz yo‘q-da. Ammo unga yaratgandan omad tilaymiz.
Doktor Jeymison qo‘lini jomadon ustiga qo‘yganicha yarim ovozda bo‘lsa-da, jo‘shqinlik bilan javob qaytardi:
-Siz haqsiz, iloyim, baxtli bo‘lsin.
U mehmonxonaga orqa eshikdan kirdi va kichkina vestibyulda to‘planib qolgan odamlar  ichiga tushib qoldi. Qulog‘ida hamon Oksford-strit shovqini bosilmaganday edi. Besh daqiqacha kutib turdi-da, so‘ng mehmonxona xizmati  joylashgan  peshtaxta  tomon yurdi. Jomadoni og‘irligidan  qo‘li uyushib borar edi.
– Doktor Rejer Jeymison, – deb o‘zini tanitdi. – Bu yerda men uchun ikkinchi qavatdan xonaga buyurtma berilgan.
Xizmatkor ro‘yxatlar jurnalidan yozuvni izlay boshladi. Doktor esa atrofdagilar shovqiniga quloq tutib, peshtaxtaga suyandi. Bu yerdagilarning ko‘pchiligi yaltiroq ko‘ylakli o‘rta yashar baqaloq ayollar edi. Ular to‘xtovsiz bidirlashib telivizor turgan xolga o‘tishardi: soat ikkidan boshlab Vestminster abbatligida o‘tkaziladigan taxtga chiqish marosimining namoyishi boshlanadi. Doktor Jeymison ularga e’tibor bermay, boshqalarni – o‘z ishini tugatgan ofitsiantlar, xat tashuvchilar, yuqori qavatlarda tantanali ziyofat uyushtirishga hozirlik kshrayotgan xizmatchilarni kuzata boshladi. U har bir kishiga, xuddi biror tanishini uchratib qoladigandek razm solardi.
Xizmatchi enkayganicha jurnal sahifalariga tikilib aytilgan nomni axtarar edi.
– Xona sizning nomingizga buyurtma qilinganmidi, ser?
– Shunday bo‘lishi kerak. 17-raqamli, burchakda.
Ro‘yxatchi ishonchsizlik bilan boshini sarak-sarak qildi.
– O‘ylashimcha, qandaydir xatolik yuz bergan, bizda  hech nima qayd qilinmabdi. Ehtimol, siz biron-bir ziyofatga taklif etilgandirsiz?
– Ishoning, o‘sha 17-raqamli xonaga shaxsan o‘zim buyurtma berganman,-dedi doktor Jeymison jahlini bosishga urinib. U jomadonini ehtiyotlab oyoqlari orasiga oldi. -Bu ancha ilgari bo‘lgan edi, ammo mehmonxona boshqaruvchisi, hammasi joyida bo‘ladi, deb meni ishontirgan edi.
o‘yxatchi jurnalni sekin varaqlashga tushdi. Daf’atan, u birinchi varaqning eng yuqorisida vaqt o‘tishi bilan rangi o‘chgan yozuvni barmog‘i bilan turtdi.
– Mana bu yerda ekan, ser. Kechirim so‘rayman. Gap shundaki, uni bu yerga oldingi daftardan ko‘chirishgan. “Doktor Jeymison, 17-xona”. Juda qulay kunni tanlabsiz, doktor, qarang-a,bu xonaga ropa-rosa ikki yil avval buyurtma bergan ekansiz.
Nihoyat, xonaga o‘rnashgan doktor Jeymison uni ichidan bekitib oldi-da, toliqish bilan krovatga o‘tirdi. Nafas olishi yana maromiga tushib, uyushgan o‘ng qo‘li asl holiga kelgach, o‘rnidan turib xonani ko‘zdan kechirib chiqdi.
Xona keng edi. Ikkita burchak derazasidan pastdagi odam to‘la ko‘cha yaqqol  ko‘rinib turar edi. Chiy pardalar esa quyoshning keskin nuridan va qarshidagi katta universal do‘kon ayvonida joylashgan yuzlab odamlarning nigohidan himoya qilar edi. Doktor Jeymison devordagi javonlarni, so‘ngra yuvinish xonasining zinapoyaga chiqadigan darchasini tekshirdi. Ko‘ngli tinchigach, keyincha kortejni yaqindan kuzatish mumkin bo‘lgan deraza yoniga kresloni surib qo‘ydi. Bir necha yuz yard masofadagi ko‘cha bo‘ylab saf tortgan askar va politsiyachilarning har biri aniq ko‘rinib turardi.
Butun deraza  bo‘ylab doktor Jeymisonni qiziquvchi nazarlardan yashirib turuvchi keng qizil matoh – mehmonxona devorini bezagan bayram gulchambari o‘rami kesib o‘tgan. Doktor Jeymisonga pastdagi uy devori bilan yog‘och to‘sinlar orasidan o‘tgan olomonga to‘la yo‘lak juda yaxshi ko‘rinib turardi. O‘ramni, uning quyi qismi bilan deraza tokchasi orasini bor-yo‘g‘i olti dyumcha qoldirib tortib qo‘ydi-da, kresloga qulayroq o‘rnashib oldi va shoshilmay olomon orasidan odamlarni bir-bir qarab chiqa boshladi.
Ko‘rinishidan, hech kim unda alohida qiziqish uyg‘otmadi va u asabiy holatda soatiga qaradi. Soat ikkigacha bor-yo‘g‘i bir necha minut qolgan edi, ehtimol, bo‘lajak qirol Bukengem qasridan Vestminster abbatligi sari allaqachon yo‘lga chiqqandir ham. Olomondagilarning ko‘plari o‘zlari bilan radiotranzistor olib olishgan va, nihoyat, abbatlikdan reportaj berila boshlanishi bilan odamlarning g‘ala-g‘ovuri tindi.
Doktor Jeymison o‘rnidan turib, yana krovat yoniga bordi va cho‘ntagidan kalitni oldi. Jomadondagi qulflar maxfiy edi. Bir necha marta kalitni chapga, so‘ng o‘ngga buradi, bosgan edi qopqoq ochildi.
Jomadonda  uzoqqa otishga mo‘ljallangan ov miltig‘ining qismlari va olti patronli o‘qdon o‘rab-o‘rab qo‘yilgan edi. Temir qo‘ndoq olti dyumga qisqartirilgan va qiyalantirilgan bo‘lib, shu tariqa uni yelkaga qo‘yib, 45 gradus burchakdan otish imkoni yaratilgan edi.
Doktor Jeymison detallarni qisqichlardan bir-bir bo‘shatib, miltiqni tezda terib chiqdi va qo‘ndoqqa mustahkam o‘rnatdi. O‘qdonni o‘rnatib, zatvorni orqaga tortdi va patronni otishga mo‘ljallab yuqoriga joyladi.
Derazaga orqa turib, krovatda o‘qlanib yotgan miltiqqa bir muncha vaqt qarab turdi. Qo‘shni xonalardan eshitilayotgan mast-alast baqiriqlar va ko‘chadagi olomon shov-shuvi bir zum bo‘lsin tinmasdi. Tasodifan  nimadir  doktor Jeymisonning  ruhini tushirib yuborganday bo‘ldi,  hlzir uni kimdir ko‘rganida  edi: doktorning yuzidagi jur’at  va qat’iyatni  batamom yo‘qolganini , endi u o‘zidan boshqa hamma uchun bayram bilan chulg‘angan bu begona shahardagi mehmonxona xonasida yolg‘iz, do‘st-yoronlarsiz, holdan toygan cholga aylanib qolganiga guvoh bo‘lardi. U miltiq yotgan to‘shakka o‘tirdi, ro‘molcha bilan qo‘lllaridagi moy yuqini arta boshladi. Bu paytda xayollari uzoq-uzoqlarda edi. U zo‘rg‘a oyoqqa turdi va bu yerga qanday kelib qolganidan hayron bo‘lganday, atrofiga parishon nazar tashladi.
Lekin darhol o‘zini qo‘lga oldi. Miltiqni tezgina bo‘laklab, har bir qismni jomadonga avvalgi tartibda joylab chiqqach, qopqoqni yopdi. Jomadonni stol tortmasining eng pastki qismiga joyladi-da, kalitni yonidagi to‘pga qo‘shib qo‘ydi. Xonadan chiqayotib, eshikni mahkamlab yopdi va   dadil  qadamlar bilan  mehmonxonadan chiqib ketdi.
Grouvenor-pleys bo‘ylab ikki yuz yard yurgach, odatda ko‘plab kichik-kichik do‘konchalaru yemakxonalari bilan jonlanib turuvchi Xallam-stritga tomon burildi. Vitrinalar ustidagi yo‘l-yo‘l chodirlar quyoshda yorqin tovlanib turar, ammo endi  ko‘cha shunchalik bo‘m-bo‘sh edi, xuddiki qirol kortejini kuzatayotgan olomondan uni ulkan masofa ajratib turganday edi. Doktor Jeymison o‘ziga ishonch qaytib kelayotganini his etdi. Taxminan har o‘n yard yurib tent ostida to‘xtar va do‘kon ustidagi darchadan xirillab eshitilayotgan uzuq-yuluq telereportajni tinglagancha bo‘m-bo‘sh yo‘laklarga nazar tashlar edi.
U Xallam-stritning yarmini bosib o‘tib, yo‘lakda o‘nta stol qo‘yilgan kichkina qahvaxona oldida to‘xtadi Tent soya tashlagan bu stollardan biriga o‘tirdi-da, cho‘ntagidan qora ko‘zoynagini olib taqqach, qulayroq joylashib oldi va xizmatkorga yaxlatilgan apelsin sharbati buyurdi-da, bamaylixotir icha boshladi. Qalin gardishli qora ko‘zoynakda uni tanish qiyin edi. Ko‘cha jimjit, faqat Veytminster abbatligida vaqti-vaqti bilan tadbir bosqichlari biri boshqasi bilan almashgan tartibda Oksford-stritdan qarsaklar portlashi va tabrik xitoblari eshitilib turar edi…
Televizorlardan abbatlikda tantana yakunlangani va toj kiyish marosimi nihoyasiga yetgani to‘g‘risida xabar berilib, organning ohista ohanglari havoda suza boshlaganda, doktor Jeymison chap tarafda qadam ovozlarini eshitdi. Burilib qaradi-da, qo‘l ushlashib kelayotgan oppoq kiyimli yigit-qizga  ko‘zi tushdi. Ular juda yaqin kelgach, yoshlarni yaxshiroq ko‘rish uchun ko‘zidan qora ko‘zoynagini oldi, so‘ng shoshib yana  uni qayta taqdi-da, yuzini qo‘li bilan bekitib,butun gavdasi bilan stolga tayandi.
Yoshlar bir-birlari bilan tamoman band bo‘lganlari uchun, o‘zlarini zimdan kuzatib turishgani  mutlaqo sezishmadi. Yo‘qsa, xuddi shu paytda biron bir kishining  doktor Jeymisonga ko‘zi tushganida edi,  uning behad  hayajonga tushganini bilib olar edi. Yigit 28 yoshlarda bo‘lib, egnidagi  kostyumi qomatiga mos kelmay,qopdek osilib turardi. Jeymisonning e’tibor berishicha, Londonda hozir hamma shunday kiyinar ekan. Yigitning uzun yoqali ko‘ylagiga rangini yo‘qotgan galstuk e’tiborsiz taqilgan, ko‘krak cho‘ntagining birida ikkita avtoruchka, boshqasida kontsert dasturiga taklif qog‘ozi chiqib turar edi. Uning butun qiyofasida universitet yosh o‘qituvchisining xushyoqim bamaylixotirligi namoyon edi. Chiroyli yuzi ustida peshona orqaga tortilgan, siyraklashgan qora sochlari pala-partish silab qo‘yilgan edi. Yigit qizning yuziga tikilar, unga bo‘lgan tuyg‘usini yashirmas, uni diqqat bilan tinglar, faqat ba’zi-ba’zida xitob yoki qisqa luqmalar bilangina uning gapini bo‘lib turar edi.
Doktor Jeymison ham endi qizga nazar tashladi. Shu bilan birga, yigitdan ham ko‘z uzmadi, uning har bir harakatidan va yuzidagi o‘zgarishlardan ko‘z uzmas edi. Kishilar faqat o‘zining oynadagi aksigagina shunday tikilib, diqqat ila sinchkovlik bilan kuzatishi mumkin. Uni to‘laqonli yengil tortish hissi qamrab oldi va quvonchdan o‘rnidan sapchib turib ketishiga bir baxiya qoldi. U o‘z xotiralari oldida qo‘rquv hissini tuyar, lekin amalda qiz u yodiga keltirganidan ham ko‘ra yanada chiroyliroq edi. U ko‘p deganda 19-20 yoshlarda bo‘lib, boshini baland ko‘tarib va sal orqaga tashlab borar, shamol ham oftobda toblangan yelkasidagi uzun somonrang sochlarini silkitib o‘ynar edi. Uning to‘kis lablari juda harakatchan, shodonlikdan nurlangan ko‘zlari esa yigitga mug‘ombirona boqar edi.
Ular qahvaxonaga yaqinlashgach, qiz ehtiros bilan nimadir deb shivirlay boshladi,ammo  yigit  uning gapini bo‘ldi:
– Shoshma, Jun, men sal nafasimni rostlab olay. Bir pasgina o‘tiramiz-da, biror narsa ichamiz. Kortej Marbl-Archga kamida yarim soatdan keyin yetib keladi.
-Bechora qariyaginam, men seni rosa sillangni quritibman-da?
Ular doktor Jeymison yonidagi stolga o‘tirishdi. Endi qizning ochiq qo‘lini bir necha dyumgina ajratib turardi. Doktor yana hissiyotga g‘arq bo‘lib, uzoq yoshlikdagi qiz tanasining shaffof bo‘yini esladi. Uni xotiralar chulg‘ab oldi: Ha, bu aynan uning nozik va ravon qo‘llari, bu o‘sha, xuddi hozirgidek oldinga cho‘zilgan yoqimtoy iyagi va xuddi hozirgidek keng oq yubkasi ostidagi tizzasini xuddi shunday silab-silab qo‘yishlari.
–  Kortejni ko‘rmasak ham nima bo‘pti. Bugungi kun – qirolniki emas, meniki.
Yigit jilmaydi va joyidan turmoqchi bo‘lganday harakat qildi.
– Gaping rostmi? Demak, bugun hammani aldashibdi-da. Sen  o‘tirib tur, men hozir borib, kortejning yo‘lini o‘zgartirib, aynan shu yerga kelishlarini buyurib kelaman,- yigit stol ustidan engashib, qizning qo‘lini tutdi va uning barmog‘idagi nafis brilliantga diqqvt bilan  qaradi. – Xudo biladi nima bu o‘zi, uni senga kim sovg‘a qilgan.
Qiz brilliantni o‘pdi.
-“Rits”  mehmonxonasi bilan barobar olmos. Yo xudo, men yaqinda   turmushga chiqadigan yigitimning ahvolini ko‘rib qo‘yinglar . Lekin mukofot bilan  kutilmagan  mo‘jiza ro‘y berdi-ya, Rojer, to‘g‘rimi? To‘rt yuz funt! Sen endi asl boyvachchasan. Faqat  qirollik jamiyati uni hech nimaga sarflashga ruxsat bermagani alam qiladi, bo‘lmasa, uni Nobel mukofotiday sarflashga tushardik. Xullas, endi  Nobel mukofoti olishingni kutishimizgaga to‘g‘ri keladi, ana o‘shanda hammasi boshqacha bo‘ladi.
Yigit kamtarona jilmaydi.
– Qo‘y endi, jonginam, bunga ko‘p ham  umid bog‘layverma.
– Yo‘q, sen uni albatta olasan. Axir, sen vaqt mashinasini kashf qilding-ku!
Yigit barmoqlari bilan stolni cherta boshladi.
– Jun, iltimos, buning hammasi bo‘lmag‘ur gap: men hech qanaqa vaqt mashinasini kashf qilmaganman. – U qo‘shni stolga o‘tirgan yolg‘iz  kishini eslab ovozini pasaytirdi; boshqa hech kim atrofda yo‘q edi.-  Agar sen buni hammaga aytaversang, meni telbaga chiqarishadi.
Qiz burnini jiyirdi.
– Yo‘q, kashf qilgansan, bundan hech qayoqqa qochib qutila olmaysan! Bilaman, senga bu haqdagi gaplar yoqmaydi, ammo-lekin, oliy matematikanini bir chetga surib qo‘yganda ham, qolgan barchasi buni tasdiqlaydi-ku, shunday emasmi?
Yigit stolga o‘ychan tikildi. Endi uning jiddiy  yuzida butun aqliy qudrati  barq etib turar edi.
– Qandaydir matematik tushuncha  koinotdagi nima bilandir muvofiq kelganday bir gap bu. Biz faqat  nimalanidir soddalashtirish yo‘lidan bordik,xolos. Hatto shunda ham buni vaqt mashinasi demaganimiz ma’qul. To‘g‘ri, ertaga “Neycher”da mening maqolam paydo bo‘lganidan keyin, matbuot gap aynan vaqt mashinasi haqida borayotir deya qattiq turib oladi,ammo  hozirgi paytda  u yo bu tarzda  bo‘lsayam vaqt mashinasi meni  deyarli qiziqtirmaydi. Agar mening o‘ttiz yillik ortiqcha vaqtim bo‘lganida edi, bu bilan shug‘ullansam arzirdi. Lekin hozircha boshqa  muhimroq ishlarim bor.
U qizga tabassum qildi, qiz esa oldinga egilib, nima haqidadir jiddiy o‘yga tolib, yigitning qo‘llarini qo‘liga oldi.
– Menimcha esa, Rojer, sen haq emassan. Sen kashfiyotingni kundalik hayotga tatbiq etish mumkin emas deb hisoblaysan. Olimlarning hammasi shunday deb o‘ylaydi. Bir o‘ylab ko‘r, vaqtni  orqaga qaytarib o‘tmishga sayohat qilish-a . Demoqchimanki…
– Buning nimasi qizig‘i? Hozir biz vaqt bo‘yicha olg‘a harakat qilyapmiz,to‘g‘rimi? Ammo  “ura” deb qichqirish hech kimning xayoliga ham  kelgani yo‘q-ku? Koinotning o‘zi  vaqt mashinasidan o‘zga narsa emas. Agar to‘g‘ri  ifodalaydigan bo‘lsam, mana shu o‘tirgan joyimizdan kuzatadigan bo‘lsak,ya’ni  uni tomosha zalida o‘tirgan kabi kuzatadigan bo‘lsak, bir yo‘nalishda harakat qilayotganmizni ko‘ramiz. Yanada aniqroq qilib aytganda, asosan bir yo‘nalishda harakat qilyapmiz. Menga bor-yo‘g‘i faqat bir narsani ilg‘ash nasib etdi, ya’ni tsiklotronning ichidagi ayrim qismlar ba’zan teskari tomonga aylanib, o‘zining so‘ngsiz qisqa troyektoriyalarining yana o‘z yo‘lini qaytadan boshlaydigan oxirgi nuqtasigacha boradi. Bu gap umuman bir haftadan keyin har qanday kishi  bugundan ertaga qarab yo‘l oladi  va  o‘z bobosini o‘ldiradi degan gap emas.
-Xo‘sh, o‘ldirsang nima ro‘y beradi? Yo‘q, jiddiy aytayapman.
Yigit kuldi.
– Bilmayman. Rosti gap, men, hatto, bu to‘g‘rida o‘ylashni ham istamayman. Ehtimol, xuddi shuning uchun ham muammo sof nazariy jihatdan ishlab chiqilib hal etilishini istayotgandirman. Agar uni oxirigacha mantiqan o‘ylaydigan bo‘lsak, mening Xaruelldagi kuzatishlarim noto‘g‘ri bo‘lib chiqishi kerak. Chunki koinotdagi voqealar (bu juda aniq) vaqtga bog‘liq bo‘lmay kechadi va u biz uning orqasidan boqib hamda o‘zimizni unga bog‘laydigan ko‘rish burchagidan boshqa narsa emas. Necha yillardan keyin muammoni, ehtimol, Jeymison paradigmasi deb atashib, sinchkov matematiklar uni hal qilgunlaricha qancha-qancha bobo va buvilar u dunyoga rixlat qilishsa kerak. Sen bilan men esa bizning nevaralarimiz olimlar emas, balki admirallar yoki arxitektorlar bo‘lishi uchun g‘amxo‘rlik qilishimiz kerak.
Yigit gapirar ekan,doktor Jeymison bor kuchi bilan uning qo‘llariga tegib yoki unga so‘z qotib qo‘ymaslikka harakat qilib, qizni kuzatar edi. Uning ingichka nafis qo‘llaridagi mayin sepkillar, ko‘ylak etagi burmalari, oyog‘idagi kichkina, lak bilan bo‘yalgan tirnoqlari, -bularning hammasi uning uchun, shubhasiz, o‘z mavjudligining dalil-isboti edi.
U ko‘zoynagini oldi va qandaydir soniyalarda yigit bilan nigohlari to‘qnash keldi. Yigit o‘zlarining har ikkalasida ham manglay tortilishi bu qadar o‘xshashligidan hayratlandi, shekilli, doktorga qisqa tabassum qildi. Doktor Jeymisonni unga nisbatan chuqur, qariyb otalarcha mehr chulg‘ab oldi. Bu yigitdagi to‘g‘rilik va sodda jiddiylik, bamaylixotirlik va jozibador qo‘pollik uning uchun muhim aqliy ustunlik bo‘lib ko‘rindi hamda unga nisbatan o‘zida hech qanday hasad sezmadi.
U yana ko‘zoynagini taqdi va ko‘chaning oxiriga qaradi: uning o‘z rejasini oxirigacha yetkazish niyati yanada qat’iylashdi.
Uy ortidagi shovqin keskin kuchaydi va ikki yosh o‘rinlaridan sapchib turishdi.
– Tezroq, to‘rt yarim bo‘lib qolibdi! – deya xitob qildi yigit. Yaqinlashib qolishdi, shekilli.
Ular chopib ketishdi, lekin qiz shippagini to‘g‘rilash uchun to‘xtab, qora ko‘zoynakli qariyaga qaradi. Doktor Jeymison oldinga egilib, uning biror narsa deyishini kutdi, lekin qiz ko‘zini boshqa tarafga olib qochdi. Doktor yana o‘rniga cho‘kdi.
Yoshlar chorrahagacha chopib borishgach, u o‘rnidan turdi va mehmonxonaga qarab jadal odim otdi.
Xonani ichidan qulflab, doktor Jeymison stol tortmasidan jomadonni chiqardi, miltiqni terdi va uni qo‘liga olib, deraza yoniga o‘rnashdi. Kortej endi yaqinginada harakatlanar,  marosim boshida parad kiyimidagi askarlar  harbiy orkestr musiqasi ostida tantanavor qadam tashlab borar, ulardan keyin  qirolning otliq gvardiyasi kelar edi. Olomon havoga serpantinu  konfetalarni hovuchlab  sochgancha shovqin solar va qutlovli xitoblar aylab qiyqirar edi. Doktor Jeymison o‘ram parda chekkasi bilan deraza tokchasi o‘rtasidan quyiga, yo‘lakka tikildi. U o‘sha yerda turgan har bir odamni birma-bir kuzata boshladi va ko‘p o‘tmay haligi oq ko‘ylakli qizni ko‘rib qoldi – u oyoq uchida  ko‘tarilib, olomon ustidan kortejni tomosha qilishga urinar edi. Qiz atrofdagilarga tabassum hadya etar va oldinroqqa o‘tishga harakat qilib, tinmay yigitning qo‘lini tortqilar edi.
Doktor Jeymison bir necha daqiqa qizning har bir harakatini kuzatib boqdi, ammo diplomatiya korpusining dastlabki safi ko‘ringach, yana boshqalarni, olomon orasidan har bir kishini diqqat bilan  kuzata boshladi. So‘ngra cho‘ntagidan kichkina plastik paket chiqardi va  qo‘li bilan iloji boricha yuzidan olisroq  tutib, paketning muhrini buzdi. Paket ichidan oniy pishillash bilan yashil rang gaz chiqdi va doktor Jeymison vaqt o‘tishi bilan sarg‘ayib ketgan gazeta parchasini tortib oldi; u shunday buklangan ediki, faqat erkak kishi surati ko‘rinib turar edi.
Doktor Jeymison gazeta parchasini deraza tokchasiga qo‘ydi. Suratdagi kishi o‘ttiz yoshlarda edi, uning qorachadan kelgan oriq yuzi suvsar tumshug‘ini eslatar, bu politsiya tomonidan suratga olingan aynan qandaydir bir jinoyatchi edi. Surat tagida jinoyatchining ismi bitilgan edi: Anton Remmars.
Doktor Jeymison yo‘lakdan ko‘z uzmay oldinga egilib oldi. Diplomatiya korpusi o‘tdi, undan keyin ochiq mashinalarda shoyi tsilindrlarini  olqishona silkitib vazirlar mahkamasi a’zolari borar edi. Yana qirollik otliq gvardiyasi ko‘rindi, o‘sha zahoti odamlarning  g‘ovur-g‘uvuri kuchaydi:  olomon yaqinlashayotgan  qirol  kortejini ko‘rgan edi.
Doktor Jeymison tashvishlanib soatiga qaradi, 3. 45. Yetti minutdan keyin qirol korteji mehmonxona yonidan o‘tadi. Olomon shovqini diqqatni jamlashiga yo‘l bermadi, buning ustiga, qo‘shni xonalarda televizorlarning ham ovozi baland qilib qo‘yilgan edi.
Birdaniga uning barmoqlari tokchaga yopishdi: Remmers!
Pastda, to‘g‘rida, tamaki do‘koni yaqinida, keng soyabonli yashil shlyapa kiygan kasalmandnamo odam turar, ohorsiz  yoping‘ichi cho‘ntagiga qo‘lini solgancha kortejga loqayd boqib turar edi. Doktor Jeymison shiddat bilan miltiqni ko‘tardi va o‘sha odamni ko‘zdan qochirmagan holda miltiq uchini deraza tokchasiga qo‘ydi. O‘sha odam oldinga tiqilish uchun hech qanday harakat qilmas va  yo‘lakka olib boruvchi kichkina peshtoqqa  yonma-yon joylashgan tamaki do‘koni oldida   indamay  turar edi.
Hayajondan oqarib ketgan doktor Jeymison yana derazadan hammani navbat bilan kuzata boshladi. Uni olomonning shovqin-suroni garang qilib qo‘ydi: otliq gvardiya ortidan, ot tuyoqlari dupuri ostida oltin naqshli qirol aravasi ko‘rindi. Doktor sinchkovlik bilan Remmersning sherigiga imo qilishini ilg‘ab olish maqsadida uni nazardan qochirmas edi. Biroq Remmers avvalgiday cho‘ntagidan qo‘lini chiqarmay, xotirjam qiyofada qotib turar  edi.
-Jin urgir! – so‘kindi doktor Jeymison. -Ikkinchisi qani?
U telbanamo holatda  chiy pardani surib qo‘ydi-da, qolgan sanoqli daqiqada pastdagi o‘nlab odamlarning fe’l-atvorini bilib olish maqsadida  butun aql kuchini va boy tajribasini to‘plab olomonga tikildi .
-Axir, ular ikki kishi bo‘lishi kerak edi-ku! -deya o‘ziga o‘zi murojaat etib  bo‘g‘iq  g‘udirlandi. – Ikkov edi!
Undan qandaydir ellik yard masofa narida oltin naqshli kareta suyanchig‘iga orqa tashlab yosh  qirol  o‘tirar va uning yelkasidagi yoping‘ich quyoshda lovillab tovlanar edi. Bir necha daqiqa doktor Jeymison undan ko‘z uzolmay qoldi, keyin  birdan Remmersning  do‘kon yonida  yo‘qligini sezib qoldi.
Endi Remmers o‘zining oriq oyoqlari bilan olomonning orqa saflari bo‘ylab  qutirgan qoplonday u yoqdan bu yoqqa zir yugurar edi. Olomon yana oldinga tashlanganini ko‘rgan Remmers to‘satdan yoping‘ichining chuqur cho‘ntagidan moviy termosni chiqardi-da, tezkor harakatlar bilan uning qopqog‘ini buray  boshladi. Qirol karetasi endi uning to‘ppa-to‘g‘risida edi va u chaqqonlik bilan termosni o‘ng qo‘liga oldi; termosning ichiga tiqilgan temir  portlatgich dikkayib turar edi.
– Demak, bomba Remmersda ekan-da!- deb yubordi doktor Jeymison sarosimaga tushib.
Remmers o‘zini sal orqaga tashlab, tajribali  granatomyotchiga xos harakat bilan o‘ng qo‘lini iloji boricha orqaga olib bordi va bombani uloqtirishga kirishdi. Ammo miltiq  mili allaqachon unga qadalgan va doktor Jeymison uning ko‘ksini nishonga olib, Remmersning qo‘lidan bomba ajralib chiqishiga daqiqalik fursat qolganda tepkini bosdi. O‘sha zahoti qo‘ndoqning yelkasiga  zarb bilan urilishi tufayli  o‘zi ham ag‘nab tushdi. Remmers ikki bukilgancha tamaki do‘koni tomon qulay boshladi. Shunga qaramay,  bomba xuddi mohir ho‘qqovoz otganday,  osmonga balandlab uchib borardi. U Remmersdan bir necha yard naridagi yo‘lakka, qirol karetasi izidan yoprilgan  olomonning oyog‘i ostiga tushdi.
So‘ngra u portladi.
Ko‘zni qamashtiruvchi o‘t  chaqnab, to‘rt tomonga  tutun va chang to‘lqini urildi. Deraza oynalari butunlay uchib tushdi va  sakrab turgan doktor Jeymisonning oyoqlari ostiga tushib parchinlandi. Polni oyna siniqlari va portlash to‘lqini maydalagan  devorga yopishtirilgan plastika bo‘laklari qopladi, doktor Jeymison ularga tayrinib ketib, kresloga ko‘ndalangiga quladi; shu bilan birga, ko‘chada odamlar qichqirig‘i ohu vohlar bilan almashdi, shunda u o‘zini tutib olib derazaga yaqin bordi va havoda yoyilgan tutun qoplagan tashqariga qaradi. Odamlar o‘zini har tomonga urar, otlar bosh yalang qolgan egalariga bo‘ysunmay osmonga sapchir edi. O‘n-o‘n besh kishi shundoq deraza tagidagi yo‘lakda yotar va ba’zilar o‘tirgancha nima sodir bo‘lganini anglamay qotib qolgan edi. Bir g‘ildiragidan ayrilgan qirol karetasini ot oldingaga sudrab borar,  uni otliq gvardiya va askarlar to‘rt tomondan o‘rab olishga urinishar edi. Ko‘chaning qarama-qarshi tomonidagi mehmonxona tarafga bir necha  politsiyachi yugurib kelardi va doktor Jeymison kimdir uni ko‘rsatib, nimalardir  deb baqirayotganini ko‘rib qoldi.
U pastdagi yo‘lak chetiga qaradi, u yerda oq ko‘ylakli qiz  g‘alati tarzda oyoqlarini bukib qimirlamay yotardi. Hamma yog‘i  yirtilgan kamzulli yigit uning yonida tiz cho‘kib o‘ltirar, qizning yuzi yigitning dastro‘moli bilan yopib qo‘yilgan va  dastro‘molni   asta-sekin  qora dog‘ qoplab borar edi.
Koridordan g‘ala-g‘ovur eshitildi. U eshikka burildi. Oyog‘i ostida portlash to‘lqini  uloqtirgan rangi o‘chgan gazeta parchasi yotardi. Doktor Jeymison tezlik bilan uni qo‘liga olib, ko‘z yugurtirdi-da, afti bujmayib ketdi.

QIROL YaKOVGA SUIQASD

Oksford-stritda bomba portlashidan 27 kishi halok bo‘ldi.
Ikki kishi politsiya tomonidan otib o‘ldirildi.
Siyoh bilan quyidagilar ajratib chizib qo‘yilgan edi: “O‘lganlardan biri Anton Remmers, professional qotil, yollangan deb taxmin qilinayotgan ikkinchi terrorchi Remmersdan ancha qari kishi;   jasadi o‘qdan dabdala bo‘lgani sababli   uning shaxsini  politsiya aniqlay olmadi”.
Eshikni mushtlay boshlashgan edi. Kimdir nimalardir deb tinmay baqirardi, so‘ng eshikning ushlagichini tepa boshlashdi. Doktor Jeymison gazeta parchasini tashladi-da, derazadan pastga, hamon avvalgiday qizning boshida tiz cho‘kib egilgan kuyi uning jonsiz qo‘llarini qo‘liga olib o‘tirgan yigitga qaradi.
Eshikning oshiq-ma’shuqlarini buzishgan paytda u endi ikkinchi qotil kim ekanligini, ya’ni o‘ttiz besh yildan keyin o‘ldirish uchun kelgan kishi ekanligini anglab yetgan edi. Uning o‘tmish voqealarini o‘zgartirishga bo‘lgan urinishi samarasiz bo‘lib chiqdi, olis o‘tmishga qaytib,  bir  paytlar sodir etilgan mudhish jinoyat ishtirokchisiga aylantirdi va  yoshgina qaylig‘ining o‘ldirilishiga ixtiyorsiz sababchi bo‘lishga giriftor bo‘ldi. Agar u Remmersni otmaganida, qotil bombani ko‘cha o‘rtasiga uloqtirar va Jun omon qolgan bo‘lar edi. Uning pastdagi,qiz jasadi ustida bosh egib o‘tirgan yigit foydasi uchun ishlab chiqqan butun fidokorona rejasi, boshqa kishiga, ancha yosh bo‘lgan o‘ziga atalgan bu beg‘araz armug‘oni o‘z halokatiga sabab bo‘lib chiqdi, chunki u qutqarishi zarur bo‘lgan kishini nobud qildi.
Yana bir marta, oxirgi marta qizni ko‘rish niyatida, shuningdek, yigitni mahbubasini batamom unutishi darkorligidan ogohlantirish maqsadida, u politsiyachilar  pistoletlaridan tinimsiz potirlab otilayotgan o‘qlarga nishon bo‘lganicha olg‘a intildi.

Bolta Yoriyev tarjimasi
Xurshid Davron  tahriri ostida
Xurshid Davron saytidan olindi.