“O‘sha Xonim”ga bag‘ishlanadi
Ishtirokchilar:
Ines
Estel
Garsen
Xizmatchi bola
Birinchi ko‘rinish
Garsen, Xizmatchi bola
II Imperiya davri usulidagi mehmonxona. Kamin ustida bronza haykalcha.
Garsen (kirib kelib ko‘zdan kechiradi). Ana xolos.
Xizmatchi. Shu xolos.
Garsen. Shundayku-ya…
Xizmatchi. Shunday-da.
Garsen. Men… menimcha, vaqti kelib bu jihozlarga ham ko‘niksa bo‘lar.
Xizmatchi. Bu odamning o‘ziga bog‘liq.
Garsen. Nima, hamma xonalar shunaqami?
Xizmatchi. Nima deyapsiz o‘zi! Bizga, axir, xitoylar ham, hindular ham kelib turadi. Sizningcha, ularga II Imperiya usulidagi o‘rindiqlar kerak emasmi?
Garsen. Uni boshimga uramanmi. Siz kim bo‘lganimni bilasizmi? Mayli, hozir buni qo‘ya turaylik, ahamiyati yo‘q. Umuman olganda, doim o‘zimga yoqmaydigan jihozlar ichida bo‘laman, yasama vaziyatlarga tushib qolaman; bu menga xush yoqadi. Lui-Filipp usulidagi mehmonxonaning bunday ohanjamasi sizga yoqadimi?
Xizmatchi. Ko‘rib turganingizdek, II Imperiya usulidagi mehmonxona ham yomon emas.
Garsen. Ha, ana xolos. (Atrofga alanglab) Harqalay, bular haqida hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman… Odamlarning og‘zidagi gaplarni hoynahoy eshitgandirsiz-a?
Xizmatchi. Qanday gaplar?
Garsen. Ya’ni… (Mavhum noayon ishoralar qiladi). shunaqa narsalar haqida.
Xizmatchi. Shunday bema’niliklarga ishonib yuribsizmi? Bu odamlarning birortasi bu yerda qorasini ham ko‘rsatmagan. Agarda ular bu yerda bo‘lganlarida edi…
Garsen. Ma’qul.
Ikkovi ham kulishadi.
Garsen (birdan jiddiy tortib). E, qoziq qayerda qoldi?
Xizmatchi. Nima?
Garsen. Qoziq, ko‘ra, mis anjomlar?
Xizmatchi. Hazillashayapsizmi?
Garsen (unga tikilib). A? Mayliku-ya… Yo‘q, hazillashmayapman. (Xonani aylanib chiqadi). Haqiqatan, na ko‘zgu, na deraza oynasi. Sinadigan hech vaqo. (Kutilmaganda g‘azab bilan) Nega mening tish cho‘tkamni olib qo‘yishdi?
Xizmatchi. Nihoyat-e! Axiyri o‘zingizni, o‘z qadringizni bildingiz. Qoyil!
Garsen (kreslo suyanchig‘iga zarb bilan uradi). Menga bunday betakalluf muomala qilmang! Men o‘z ahvolimni juda yaxshi tushunib turibman, lekin aslo toqatim yo‘q sizning bunday…
Xizmatchi. Eh, kechiring. Nima qilay – hamma shuni so‘raydi. Keladilaru: “Ko‘ra qayerda?” deb so‘raydilar. Ishoning, mana shunday daqiqalarda ular o‘zlarini tartibga keltirish borasida o‘ylab ham o‘tirishmaydi. Keyin esa o‘pkalarini bosib olgach, darrov tish cho‘tkasi haqida eslab qolishadi. Ammo, xudo haqqi, yaxshilab o‘ylab ko‘ring, bu yerda tishingizni tozalab nima qilasiz, bu qanaqasi, axir?
Garsen (o‘zini bosib olib). Rostdan-a, nima keragi bor? (U yoq-bu yoqqa ko‘z yugurtiradi). Nima qilaman o‘zimni oynaga solib? Kerak bo‘lsa, bronza haykalcha bor… Eh-he, hali ko‘zimni katta ochib qarashimga to‘g‘ri keladi. Ko‘zimni katta ochib, to‘g‘rimi? Mayli-da, yashiradigan narsaning o‘zi yo‘q: takrorlayman, men o‘z holatimni unutib qo‘yganim yo‘q. Xohlaysizmi, bu qanday sodir bo‘lishini aytaman? Odam siqiladi, suvga tushadi, butunlay ko‘miladi, suv ichidan faqat uning nigohi ko‘rinib turadi. U nimani ko‘radi deng? Bronza haykalchani. Voy, dahshat! Axir, sizga menga javob qaytarishingizni taqiqlashgan, sizni majburlamayman. Aytib qo‘yay, meni g‘aflatda qoldirolmaydilar, meni hayron qoldirdim, deb taltaymang. Men o‘z vaziyatimni sog‘lom aql bilan baholayapman. (Yana xona bo‘ylab yura boshlaydi). Demak, tish cho‘tka bo‘lmaydi. Karavot ham. Axir, bu yerda yotib uxlanmaydi-ku, a?
Xizmatchi. Jin ursin!
Garsen. Qasam ichamanki, men haqman. Nega ham uxlaymiz? Uyqu bildirmasdan keladi. Ko‘z tobora yumilib boraveradi, ammo nega ham uxlaymiz? Divanda yotibsan va… banogoh! – uyqu o‘chadi. Ko‘zlaringni ishqalaysan, o‘rningdan turasan va hammasi yana boshdan boshlanadi.
Xizmatchi. Xayolparast ekansiz-ku!
Garsen. Jim bo‘ling. Ko‘z yosh to‘kmoqchi ham, nolimoqchi ham emasman, ammo haqiqatga tik qaramoqchiman.Uni orqalamoqchi emasman, men hatto unga yaxshiroq qarab ham qo‘yolmayman. Xayolparastmish? Ammo hamonki uyquning hojati bo‘lmasa… Uyqing kelmasa yotib nima qilasan? Bo‘pti. Shoshmay turing: nega bunchalar og‘ir? Nega doimo og‘ir? Bilaman, chunki bu hayotda yorug‘lik yo‘q.
Xizmatchi. Qanaqa yorug‘lik?
Garsen (uni masxaralab). “Qanaqa yorug‘lik?” (Ishonchsizlik bilan) Menga qarang. Men ham shunday o‘ylardim! Sizning qarashlaringizdagi chidab bo‘lmas va dag‘al xiralikning sababi mana shunda. Ana xolos – ular ko‘rmaydi-ku!
Xizmatchi. Nimalar deyapsiz?
Garsen. Sizning qovog‘ingizni aytaman. Biz, biz ko‘zlarimizni pirpiratamiz. Ochib yumamiz, yilt etgan qora chaqin, parda tushadi va qayta ko‘tariladi: ana yorug‘lik! Ko‘zlar yoshlanadi, borliq ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Odam qanchalar yengil tortadi, siz buni tasavvur ham qila olmaysiz. Bir soatda to‘rt mingta shu’la. To‘rt mingta mayda novdacha. Axir, men to‘rt mingta deganimda… Ammo qanday? Men qovoqlarsiz yashaymanmi? O‘zingizni jinnilikka solmang. Qovoqsiz, uyqusiz – bular ayni bir narsa. Men boshqa uxlamayman. Qanday qilib o‘zimga toqat qilaman? Tushunishga harakat qiling, urinib ko‘ring: kajfe’lman, men ko‘nikkanman… o‘zimni masxaralashga o‘rganib qolganman. Lekin to‘xtovsiz o‘z jig‘imga o‘zim tega olmayman-ku: u yoqda tunlar bo‘lgan edi. Va men uxlaganman. Xotirjam, tinch uxladim. Hissasini chiqarib oldim. Va oddiy tushlar ko‘rdim. Masalan, dashtlar… Dashtlar bari-bari. Sayr qilib yurganimni ko‘rdim. Hozir kunduzmi?
Xizmatchi. O‘zingiz ko‘ryapsiz-ku, yop-yorug‘.
Garsen. Jin ursin. Sizlarda bu kunduz-ku. Tashqarida-chi?
Xizmatchi (talmovsirab). Tashqarida?
Garsen. Ha, tashqarida. Bu devorning narigi tomonida.
Xizmatchi. U yer yo‘lak.
Garsen. Yo‘lakning oxirida-chi?
Xizmatchi. Boshqa xonalar, yo‘laklar, zinalar.
Garsen. Keyin-chi?
Xizmatchi. Bori shu.
Garsen. Sizlarda, albatta, dam olish kunlari bo‘ladi. Qayerlarga borasiz?
Xizmatchi. Tog‘amning oldiga, u katta xizmatchi, uchinchi qavatda.
Garsen. Fahmim yetmaganini qarang… Chiroq qayerdan yoqib, o‘chiriladi?
Xizmatchi. Bu yerda yo‘q.
Garsen. Demak, chiroqni o‘chirish mumkin emas?
Xizmatchi. Direktsiya elektrni uzib qo‘yishi mumkin. Lekin men bu qavatda bunaqasi bo‘lganini hech eslolmayman. Bizda elektr quvvati oshib-toshib yotibdi.
Garsen. Juda soz. Demak, ochiq ko‘zlar bilan yashashga to‘g‘ri keladi…
Xizmatchi (istehzoli). Yashashga…
Garsen. Gapimdan xato topishga urinmang. Ochiq ko‘zlar bilan. Doimo. Doimo mening ko‘zlarimda kun aks etadi. Miyamda ham. (Sukut). Agar haykalchani qandilga qarab uloqtirsam, u o‘chadimi?
Xizmatchi. Haykalcha juda og‘ir.
Garsen (haykalchani ko‘tarishga urinadi). Haqsiz. U haddan ortiq og‘ir.
Sukut.
Xizmatchi. Menga boshqa xizmat bo‘lmasa, ketdim.
Garsen (cho‘chib tushib). Ketyapsizmi? Ko‘rishguncha.
Xizmatchi eshik tomonga yuradi.
Bir daqiqa.
Xizmatchi o‘giriladi.
Bu qo‘ng‘iroqmi?
Xizmatchi bosh irg‘aydi.
Agar xohlasamu sizga qo‘ng‘iroq qilsam, yetib kelishga majbur bo‘lasiz-a?
Xizmatchi. Umuman, ha. Lekin u yaxshi ishlamaydi. Nimasidir singan.
Garsen (tugmani bosib, qo‘ng‘iroqni chaladi.) Ishlayapti?!
Xizmatchi. Ishlayapti! (Chaladi). Bunga ishonib qolmang, uzoqqa cho‘zilmaydi. Hamisha sizning xizmatingizdamiz.
Garsen (ketmay turishini ishora qiladi). Men…
Xizmatchi. Labbay?
Garsen. Yo‘q, hech narsa. (Kamin yoniga boradi va qog‘oz kesadigan pichoqni oladi). Bu nima?
Xizmatchi. Ko‘rib turibsiz-ku.
Garsen. Bu yerda kitoblar bormi?
Xizmatchi. Yo‘q.
Garsen. Unda bu nega kerak?
Xizmatchi yelka qisadi.
Yaxshi. Boravering.
Xizmatchi ketadi.
Ikkinchi ko‘rinish
Garsen yolg‘iz.
Haykalchaga yaqin keladi va uni silaydi. O‘tiradi, turadi. Tugmani bosadi. Ovoz yo‘q. Ikki-uch marta urinib ko‘radi. Hammasi bekor. Eshikka yaqin keladi va uni ochishga urinadi. Ochilmaydi. Chaqiradi.
Garsen. Xizmatchi! Xizmatchi!
Javob yo‘q. Eshikni urib Xizmatchini chaqiradi. Birdan o‘zini qo‘lga oladi va avvalgi joyiga o‘tiradi. Shu vaqt eshik ochiladi va Xizmatchi hamrohligida Ines kirib keladi.
Uchinchi ko‘rinish
Garsen, Ines, Xizmatchi
Xizmatchi (Garsenga). Siz meni chaqirdingizmi?
Garsen javob berishga shaylanadi, ammo uning nigohi Inesga tushadi.
Garsen. Yo‘q.
Xizmatchi (Inesga o‘girilib). Mana, o‘z xonangizdasiz, xonim.
Ines indamaydi.
Agar savollaringiz bo‘lsa…
Ines yana hech narsa demaydi.
Xizmatchi (hafsalasi pir bo‘lib). Odatda mijozlar so‘rab-surishtirishni yoqtirardi… Ammo, mayli. Janob tish cho‘tkasi, qo‘ng‘iroq va bronza haykalcha borasida mendan yaxshiroq aytib beroladi.
Xizmatchi ketadi. Jimlik. Garsen Inesga qaramaydi. Ines atrofni ko‘zdan kechiradi, so‘ng birdan Garsenga o‘giriladi.
Ines. Florans qani?
Garsen javob bermaydi.
Men sizdan so‘rayapman, Florans qani?
Garsen. Men hech narsani bilmayman.
Ines. Boshqa gapingiz yo‘qmi? Indamay azob berasizmi? Qo‘lingizdan hech narsa kelmaydi-ku. Florans – jinni, unga achinib o‘tirmayman.
Garsen. Kechirasiz, meni kim deb o‘ylayapsiz?
Ines. Siznimi? Siz – jallod.
Garsen (seskanib ketadi, so‘ng yolg‘ondakam kuladi). Tuturuqsizlik! Siz haqiqatan meni jallod sanayapsizmi? Keldingiz, meni ko‘rdingiz va hukm chiqardingiz: jallod. Qandayin safsata! Lavang xizmatchi bizni bir-birimizga tanishtirishi kerak edi. Jallodmish! Men Jozef Garsen, publitsist va yozuvchiman. Gap shundaki, bizni bir xonaga qo‘yishdi. Xonim…
Ines (quruqqina). Ines Serano. Oyimqiz.
Garsen. Ajoyib. Zo‘r. Mayli-da, ishlar yurishib ketdi. Sizningcha, men jallodga o‘xshayman-a? Lutfan aytolmaysizmi, qanday belgilarga ko‘ra jallodni aniqlaydilar?
Ines. Ular ko‘rinishdan qo‘rqayotganga o‘xshaydilar.
Garsen. Qo‘rqayotganga? Qiziq. Kimdan qo‘rqadi ular? O‘z maqtullaridanmi?
Sukut.
Ines. Qanday? Nima deyotganimni bilaman. O‘zimni ko‘zguda ko‘rdim.
Garsen. Ko‘zguda? (O‘zini alang-jalang ko‘zdan kechiradi.) Chidab bo‘lmaydi: bu yerda ko‘zguga o‘xshash hech vaqo yo‘q. (Sukut). Ishonavering, har qanday holatda ham men qo‘rqmayman. O‘zimdagi og‘ir holatlarni to‘g‘ri baholayman va bunga juda jiddiy qarayman. Lekin baribir qo‘rqmayman.
Ines (elka qisadi). Bu sizning ishingiz. (Sukut). Bu yerdan chiqib birpas aylanib kelishga imkoniyatingiz bormi?
Garsen. Eshik berk.
Sukut.
Ines. Juda chatoq-ku.
Garsen. Yaxshi tushunaman, bu yerdaligim sizga malol kelayapti. Men ham vaqtida yolg‘iz qolishni afzal ko‘rardim: bir qarorga kelish va hayotimni qandaydir yo‘lga solish kerakdek tuyulardi. Lekin, ishonamanki, biz bir-birimizga ko‘nikib qolamiz: men kamgap, bosiq va vazmin odamman. Ijozatingiz bilan yana aytmoqchimanki, o‘zaro munosabatlarda g‘oyat iltifotli bo‘lishimiz kerakligini yodda saqlasangiz. Bu o‘zini saqlashda eng samarali usul bo‘ladi.
Ines. Men iltifotsizman.
Sukut.
Garsen. Unda men ikkimiz uchun ham iltifotli bo‘laman.
Jimlik. Garsen divanga cho‘kadi. Ines xona bo‘ylab aylanadi.
Ines (unga qarab). Sizning lablaringiz.
Garsen. Nima-nima?
Ines. Lablaringizni qimirlatishdan to‘xtaysizmi? Ular pirildoqdek uchyapti.
Garsen. Uzr so‘rayman, e’tibor bermagan ekanman…
Ines. Gap shunda.
Garsenning lab uchish kasali avjiga chiqadi.
Yana! Siz boadab bo‘lmoqchi edingiz, yuzingizga mutlaqo e’tibor bermayapsiz. Bu yerda yolg‘iz emassiz va menga o‘zingizning qo‘rqinchingizni yuqtirolmaysiz.
Garsen o‘rnidan turadi va unga yaqin keladi.
Garsen. Siz qo‘rqmaysizmi?
Ines. Nega qo‘rqishim kerak? O‘tgan zamonlarda – hali umidimiz bor paytda qo‘rquv bizga asqotgan.
Garsen (muloyimlik bilan). Ortiq umid yo‘q, ammo biz hamon o‘tmishdamiz. Biz hali azob chekishni boshlamadik, oyimqiz.
Ines. Bilaman (Sukut). Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? Yana kim keladi?
Garsen. Bilmadim. Kutayapman.
Jimlik. Garsen yana o‘tiradi. Ines yurishda davom etadi. Garsenning lablari tag‘in pirpiraydi, ko‘zlari bo‘lsa Inesda, yuzini qo‘llari bilan to‘sadi. Xizmatchi va Estel kirib keladi.
To‘rtinchi ko‘rinish
Ines, Garsen, Estel va Xizmatchi
Estel bosh ko‘tarmay o‘tirgan Garsenga qaraydi.
Estel (Garsenga). Yo‘q. Yo‘q-yo‘q, boshingni ko‘tarma. Men bilaman, qo‘llaring bilan nimani to‘sayapsan, bilaman, endi senda yuz yo‘q.
Garsen qo‘llarini tushiradi.
Oh (Sukut. Hayratlanib) Men sizni bilmayman.
Garsen. Men jallod emasman, xonim.
Estel. Sizni jallod deb o‘ylamagandim ham. Men… men o‘ylagandimki, kimdir meni kalaka qilmoqchi. (Xizmatchiga) Siz nimani kutyapsiz!
Xizmatchi. Boshqa hech kim kelmaydi.
Estel (engil tortib). Demak, bu yerda uch kishi qolamiz: janob, xonim va men-a? (Kuladi).
Garsen (quruqqina). Hech kulgili narsa ko‘rmayapman.
Estel (kulishda davom etib). Bu divanlar qanchalar ko‘rimsiz. Qarang-a, ular qanday joylashtirilgan, go‘yo hozir Yangi yilu men xolajonim Marini ko‘rgani kelganman. Balki ularning har biri bizlardan birimizga atalgandir? Mana bunisi menikimi? (Xizmatchiga) Lekin u menga to‘g‘ri kelmaydi, bu dahshat: men och havorangman, divan bo‘lsa och yashil.
Ines. Almashishni xohlaysizmi?
Estel. To‘q qizilmi? Juda iltifotlisiz, lekin u hech ham yaxshi emas. Menga nasib qilgani shu yashil ekan, mayli, shundayligicha qolsin. (Sukut). Mana bu janobga tegishlisigina menga to‘g‘ri kelar ekan.
Jimlik.
Ines. Eshityapsizmi, Garsen?
Garsen (cho‘chib tushadi). Divan? O, uzr. (Turadi). Marhamat qiling, xonim.
Estel. Minnatdorman. (Paltosini yechadi va divanga cho‘kadi. Sukut). Tanishaylik, baribir birga yashashga to‘g‘ri keladi. Ismim Estel Rigo.
Garsen ta’zim qiladi va ismini aytishga shaylanadi, ammo Ines undan avvalroq ulguradi.
Ines. Ines Serano. G‘oyat shodman.
Garsen qayta ta’zim qiladi.
Garsen. Jozef Garsen.
Xizmatchi. Sizga kerakmanmi?
Estel. Yo‘q, bo‘shsiz. Sizni o‘zim chaqiraman.
Xizmatchi ta’zim qiladi va ketadi.
Beshinchi ko‘rinish
Ines, Garsen, Estel
Ines. Siz qanchalar go‘zalsiz. Afsus, qo‘limda gullar yo‘q, tanishuvimiz ramzi, sizni qutlab taqdim qilgan bo‘lardim.
Estel. Gullar? Ha, gullarni juda yoqtiraman. Ammo ular bu yerda so‘lib qolarmidi – haddan tashqari issiq. Eng muhimi yaxshi kayfiyatni saqlay olish kerak, to‘g‘rimi? Siz qachon?..
Ines. Men? O‘tgan haftada. O‘zingiz-chi?
Estel. O‘zim? Kecha. Marosim hali yakunlanmadi. (Nimanidir tavsiflagandek bir xil ohangda gapiradi). Shamol yuzimdagi to‘rni hilpiratyapti! Singlimning to‘ri ham hilpiraydi. U bor kuchi bilan yig‘lashga urinayapti. Qani, qani yana bir urinib ko‘r. Nihoyat ikki tomchi ko‘z yoshi to‘r ostida yaltirayapti. Bugun Olga Jardening ko‘rinishi u qadar emas. U opasini suyab qo‘lidan tutib turibdi. Ko‘zlaridagi bo‘yoq chaplanmasligi uchun yig‘lamayapti, men uning o‘rnida bo‘lsam… Eng yaqin dugonam edi.
Ines. Ko‘p azob chekdingizmi?
Estel. Yo‘q. Tez o‘tib ketdi, juda charchadim.
Ines. Nimadan?..
Estel. Zotiljamdan. Mana, hammasi tamom bo‘ldi, ular ketishyapti. Ko‘rishguncha, ko‘rishguncha. Qancha qo‘l siqishlar. Erim ranj-alamdan kasallandi, uyda qoldi. (Inesga) Siz o‘zingiz nimadan?..
Ines. Gazdan.
Estel. Siz-chi, janob?
Garsen. O‘n ikkita o‘qdan. (Estelga ishora qilib) Kechirasiz, nomusli o‘liklar jamoasiga to‘g‘ri kelmayman.
Estel. O, janob, bu dahshatli so‘zga chap bersangiz bo‘lmasmidi. U… u asabga tegadi. Umuman, u nima ma’no anglatadi? Balki hech qachon o‘zimizni bu qadar tirik his etmagandirmiz. Agar buni qandaydir nomlash shunchalar zarur bo‘lsa… bu holatni, bizni “mavjud bo‘lmaganlar” deb atashni taklif qilaman. Bu mayinroq eshitiladi. Qachondan beri mavjud emassiz?
Garsen. Taxminan bir oy.
Estel. Qayerdansiz?
Garsen. Riodan.
Estel. Men Parijdan. U yerda yaqinlaringizdan kimdir qolganmi?
Garsen. Xotinim. (Estel so‘zlagan ohangda gapiradi). U har doimgidek kazarmaga keldi; uni qo‘yishmadi. U sim to‘r orasidan tuynukdan qarayapti. U hali mening endi mavjud emasligimni bilmasa-da, lekin payqab turibdi. Keyin ketadi. U qora kiyimga burkangan. Unga kiyimini almashtirishning hojati ham yo‘q. U yig‘lamaydi: u hech qachon yig‘lamagan. Quyosh erkalanib nur taratadi, u esa yolg‘iz, qora libosda, kimsasiz ko‘chada, uning nigohlari – qurbonning nigohlari. Eh, u mening qanchalar g‘azabimni qo‘zg‘aydi!
Jimlik. Garsen o‘rtalikdagi divanga cho‘kadi va yuzini qo‘llari bilan berkitadi.
Ines. Estel!
Estel. Janob Garsen!
Garsen. Nima deysiz?
Estel. Siz mening divanimga o‘tirib oldingiz.
Garsen. Kechirasiz. (Turadi).
Estel. Yuzingizdan hech narsani uqib bo‘lmaydi.
Garsen. Men o‘z hayotimni izga solayapman.
Ines kuladi.
Kulayotgan kimsa mendan ibrat olsa bo‘larmidi.
Ines. Mening hayotim saranjom. Butunlay saranjom. O‘sha yerdayoq u o‘zini tartibga soldi, u bilan alohida shug‘ullanishimga hojat yo‘q.
Garsen. Chindan-a? Shugina xolos, a? (Peshonasini silaydi). Yondi-ku! Ruxsatingiz bilan. (Pidjagini yecha boshlaydi).
Estel. Unday qilmang! (Muloyimlik bilan) Yo‘q. Pidjaksiz erkak kishini xushlamayman.
Garsen (pidjagini qayta kiyadi). Xo‘p. (Sukut). Men ko‘pincha tunda tahririyatda qolardim. U yer doim jahannamdek yonardi. (Sukut. Yana eslaydi). Bu yer naq do‘zax. Hozir tunmi?
Estel. Ha, qorong‘i tushib qoldi. Olga yechinyapti. Zaminda vaqt qanchalar tez ildamlaydi.
Ines. Hozir tun. Ular mening xonamni qulflab, muhrlab qo‘yishdi. Qorong‘ilik qo‘ynidagi bo‘m-bo‘sh xona.
Garsen. Ular pidjaklarini stol suyanchig‘iga ilib qo‘ydilar va ko‘ylaklari yengini tirsakdan yuqori qayirib oldilar. Odamlar va sigara hidi yoyilyapti. (Jimlik). Menga pidjaksiz erkaklar orasida bo‘lish yoqardi.
Estel (quruqqina). Demak, bizning didlarimiz turlicha. (Inesga) Sizga pidjaksiz erkaklar yoqadimi?
Ines. Pidjakdami yoki yo‘q, men umuman erkaklarga toqat qilolmayman.
Estel (ikkisiga ham hayratlanib qaraydi). Lekin nega, nega bizni birga joylashtirishdi?
Ines (g‘azabi qaynab). Nima demoqchisiz?
Estel. Ikkingizga qarab birga yashashimiz haqida o‘ylayapman. Men bu yerda do‘stlarim va qarindoshlarimni ko‘rsam kerak, deb o‘ylovdim.
Ines. Yoqimtoy do‘st – ahmoq do‘st.
Estel. Ha, yoqimtoy do‘stni ham. U mohir raqqoslardek tangoga o‘yin tushadi. Ammo nega bizni birga yig‘ishdi?
Garsen. Bu tasodif. Ular kelgan odamlarni qayerga to‘g‘ri kelsa o‘sha yerga joylashtiradi. (Inesga) Siz nega kulasiz?
Ines. Sizning tasodif haqidagi mulohazangiz kulgili eshitildi. Nahot sizga bularning hammasiga ishonish shunchalar zarur bo‘lsa? Ular hech qanday tasodifga yo‘l bermaydi.
Estel (hadik bilan). Balki biz avval ko‘rishgandirmiz-a?
Ines. Yo‘q, hech ham. Sizni eslab qolgan bo‘lar edim.
Estel. Yoki bizning umumiy tanishlarimiz bordir? Dyubua-Seymurlarni taniysizmi?
Ines. Yo‘q, shekilli.
Estel. Ularga ko‘p odamlar borishadi.
Ines. Ular nima bilan shug‘ullanishadi?
Estel (ajablanib). Hech nima bilan. Ularning Korrezeda qasrlari bor va…
Ines. Men pochtada ishlaganman.
Estel (biroz tisarilib). Rostdanmi? (Sukut). Siz-chi, janob Garsen?
Garsen. Men hech qachon Riodan tashqariga chiqmaganman.
Estel. Unda siz haqsiz – bizni tasodif uchrashtirgan.
Ines. Tasodif? Unda mana bu yerdagi mebel ham tasodif ekan-da. Tasodifan o‘ng tomondagisi och yashil, chapdagisi to‘q qizil. Tasodif, shundaymi? Unda ularning o‘rnini almashtirib ko‘ring, nimadir o‘zgararmikan, keyin ko‘ramiz. Bronza haykalcha-chi – bu ham tasodifmi? Issiq-chi? Mana bu harorat?! (Jimlik). Ishoning, hammasi atay uyushtirilgan. Mayda-chuydalargacha hammasi, juda puxtalik bilan. Bu xona bizni kutgan.
Estel. Qanday bunday bo‘lishi mumkin? Bu yerda hammasi qo‘pol, dag‘al va beso‘naqay. Men beso‘naqay narsalarni juda yomon ko‘rardim.
Ines (elka qisadi). Men II Imperiya usulidagi mehmonxonada yashaganmikanman-a, nima deysiz?
Sukut.
Estel. Hammasi hisobga olingan ekan-da?
Ines. Hammasi. Va biz atay tanlanganmiz.
Estel. Sizlar bilan birgaligim tasodif emasmi? (Sukut). Ular nimani kutishyapti?
Ines. Nimaligini bilmadim, ammo nimadir kutishyapti.
Estel. Mendan nimadir kutishlariga toqatim yo‘q. Menda o‘sha zahoti hammasini teskari olishga ishtiyoq uyg‘onadi.
Ines. Bo‘pti, teskari oling! Nima bo‘ldi? Siz hatto ular nima xohlayotganini ham bilmaysiz.
Estel (depsinib). Bunga chidab bo‘lmaydi! Bu “nimadir”ni sizdan kutishga majburmanmi? (Ularga qaraydi). Sizning har biringizdan. Bir vaqtlar yuzdan hammasini uqib olardim. Sizning yuzingizdan bo‘lsa hech narsa uqib bo‘lmayapti.
Garsen (birdaniga Inesga o‘girilib). Xo‘sh, nega biz birgamiz? Juda ko‘p gapirdingiz, cho‘zib yuboryapsiz.
Ines (hayratlanib). Men mutlaqo hech narsa bilmayman.
Garsen. Bilish kerak. (O‘ylanib qoladi).
Ines. Bizda aytib berishga yurak bo‘lganida edi…
Garsen. Nima?
Ines. Estel!
Estel. Ha, nima?
Ines. Nima qilgandingiz? Sizni nega bu yerga jo‘natishdi?
Estel (jonlanib). Axir, men bilmayman, hech narsadan xabarim yo‘q. Istisnosiz bu xato. (Inesga) Kulmang. O‘ylab ko‘rsangiz-chi, bir kunda qanchalab odamlar… yo‘qlikka ketadi. Ular ming-ming bo‘lib bu yerga kelishadi va faqat hech qanday ma’lumoti yo‘q mansabdorlaru ularning qo‘l ostidagilar bilan ish ko‘rishadi. Xatolardan qanday saqanish kerak! Kulmang! (Garsenga) Nimadir desangiz-chi. Agar ular mening masalamda xato qilishgan bo‘lsa, sizning borangizda ham adashgan. (Inesga) Sizga nisbatan ham. Biz bu yerga adashib tushib qolganmiz, deb o‘ylasak yaxshiroq emasmi?
Ines. Aytmoqchi bo‘lganlaringizning hammasi shumi?
Estel. Sizga yana nima kerak? Yashiradigan sirim yo‘q. Men bechora yetimcha bo‘lganman, ukamga qaraganman. Otamning qari oshnasi meni olmoqchi bo‘ldi. U boy, saxovatli edi, men rozi bo‘lganman. O‘rnimda bo‘lganingizda nima qilar edingiz? Ukam kasal va unga doimiy parvarish kerak edi. Erim bilan olti yil birga yashadim, biror marta janjallashmadim. Ikki yil avval sevishim kerak bo‘lgan odamni uchratdim. Bir qarashdayoq bir-birimizni tanidik. U o‘zi bilan birga ketishimni xohladi, ammo men rad etdim. Shundan so‘ng zotiljamga yo‘liqdim. Bor gap shu. Balki cholni deb o‘z yoshligimni qurbon qilganimni qandaydir tarzda ta’na qilishar. (Garsenga) Siz buni xato sanaysizmi?
Garsen. Yo‘q, albatta. (Sukut). O‘z aqidangizga ko‘ra yashash, sizning-cha, xato sanaladimi?
Estel. Bizni kim buning uchun malomat qila oladi?
Garsen. Men patsifistik jurnal chiqarar edim. Urush boshlanib qoldi. Nima qilish kerak? Hamma mendan harakat kutar edi. “Uning yuragi dov berarmikan?” Mening yuragim dov berdi. Qo‘limni ko‘ksimga qovushtirdim va meni otib tashlashdi. Nimasi xato? Axir, nimasi xato?
Estel (uning yelkasiga qo‘lini qo‘yib). Bu yerda hech qanaqa xato bo‘lmagan. Siz…
Ines (yana istehzo bilan). …qahramon. Xotiningiz-chi, Garsen?
Garsen. Xotinim? Men uni soydan tortib oldim.
Estel (Inesga). Buni qarang-a!
Ines. Ko‘rayapman. (Sukut). Siz kimni laqillatmoqchisiz? Bu yerdagilarning hammasi o‘zimiznikilar.
Estel (kibr bilan). O‘zimiznikilar?
Ines. Ha, biz hammamiz qotillarmiz. Biz jahannamdamiz, qizaloq, bu yerda hech qanday xato bo‘lmaydi va odamlar bekorga azob chekishga mahkum etilmaydi.
Estel. Jim bo‘ling.
Ines. Do‘zaxda! La’nat, ming la’nat!
Estel. Jim bo‘ling. Jim bo‘lolasizmi? Qarg‘amang.
Ines. La’natlangan jajji riyokor. La’nat, benuqson qahramon. Hayotimizda baxtli lahzalar bo‘lgan, shunday emasmi? Odamlar bizni deb, bizning o‘limimizga qadar azob chekkan va bu bizga xush yoqqan. Hozir bo‘lsa jazoni tortish kerak.
Garsen (o‘qrayib). Jim bo‘ling deyapman!
Ines (chuqur hayrat bilan, ammo qo‘rqmasdan unga qaraydi). Xeh! (Sukut). Shoshmay turing! Men tushundim, endi bilayapman nega bizni bir yerga to‘plashdi.
Garsen. Gapirishdan oldin o‘ylab ko‘ring.
Ines. Qarang-a, qanchalar oson. Oson, ikki karra ikkidek. Jismoniy zo‘riqishlar yo‘g‘u, baribir ham do‘zaxdamiz. Va endi hech zog‘ kelmaydi. Hech kim. Biz doimiy shu yerda qolamiz, hammamiz birga, yolg‘iz. Xo‘sh? Bu yerda faqatgina jallod yetishmayapti.
Garsen (pichirlab). Ha, bu shunday.
Ines. Ular shunchaki xizmat ko‘rsatish kuchlarini tejayapti. Bori shu. Xuddi o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish yemakxonalaridagidek – mijozlar hammasini o‘zlari uchun hozirlaydilar.
Estel. Nimani nazarda tutayapsiz?
Ines. Bizning har birimiz boshqamiz uchun jallod vazifasini o‘taymiz. (Sukut. Hamma o‘ylanib qoladi).
Garsen (ko‘ngilchanlik bilan). Sizlar uchun jallod bo‘lishni istamayman. Ahmoqona nimanidir sizlarga ravo ko‘rmayman va mening siz bilan ishim yo‘q. Hammasi juda oddiy. Keling, kelishamiz: har birimizning o‘z burchagimiz bo‘lsin. Siz bu yerda, siz bo‘lsa u yerda, men ana u yerda. Jim bo‘lamiz: og‘zimizdan so‘z chiqmaydi, ma’qulmi? Bu u qadar qiyin emas. Har birimizning o‘z fikrimiz bor. Menga kelsak, o‘n ming yil ham gapirmay yurolaman.
Estel. Men jim bo‘lishim kerakmi?
Garsen. Ha. Shunda biz xalos bo‘lamiz. So‘zlamaymiz, ichimizga g‘arq bo‘lamiz, boshimizni ko‘tarmaymiz. Kelishdikmi?
Ines. Kelishdik.
Estel (ishonchsizlik bilan). Kelishdik…
Garsen. Unda, xayr.
Garsen o‘z divaniga cho‘kadi va yuzini qo‘llari bilan to‘sadi.
Jimlik.
Ines ohista kuylaydi:
Ines. Blan-Marto tor ko‘chasida
O kimdir yashirar paqirga ovoz,
Mustahkam yasaldi jallod supasi – bu nima?
Blan-Marto tor ko‘chasida
Shay turar kunda.
Blan-Marto tor ko‘chasida
Jallod yengil uyg‘onar tongda.
Ishga botgan bo‘g‘ziga qadar –
Hech kimsaga shafqat yo‘q unda.
Uni yiqar, buni o‘ldirar,
Blan-Marto tor ko‘chasida.
Blan-Marto tor ko‘chasida
Chiqishadi xonimchalar – “komilfo”
Bezaklarda va manto,
Hech kim tushuna olmas,
Nima bo‘ldi daf’atan:
Kalla botar quyiga
Blan-Marto soyi tubiga.
Ines kuylashda davom etadi, Estel yuziga upa surtadi, labini bo‘yaydi. Toqatsizlik bilan alanglaydi, ko‘zgu izlaydi. Sumkachasini kovlaydi, so‘ng Garsenga o‘giriladi.
Estel. Janob, sizda ko‘zgu bormi?
Garsen javob bermaydi.
Hech bo‘lmasa cho‘ntak oynacha?
Garsen jim.
Meni yolg‘iz qo‘ymoqchi ekansiz, hech bo‘lmasa ko‘zgu topib bering menga.
Garsen umuman javob bermaydi.
Ines (ra’yi kelib). Mening sumkamda oynacha bor. (Sumkasini titadi. Alam bilan) Oynacha endi yo‘q. Idorada olib qo‘yishibdi.
Estel. Bular hammasi shu qadar jonimga tegdiki!
Sukut. U ko‘zlarini yumadi va tebranadi. Ines uning yoniga chopib keladi-da, tutib turadi.
Ines. Nima bo‘ldi?
Estel (ko‘zlarini ochadi va iljayadi). G‘alati sezgi. (O‘zini paypaslab ko‘radi). Sizda bunday bo‘lmayaptimi? O‘zingni ushlab ko‘rasan, ammo behuda: go‘yo yo‘qdaysan.
Ines. Ishingiz o‘ng keldi. Men doimo ich-ichimdan sezaman.
Estel. Ha, sizning ichko‘zingiz… Ammo bu mujmal va tushunarsiz. (Sukut). Yotog‘imda oltita ko‘zgu bor. Men ularga qarayman, termilaman ularga. Lekin men ularda ko‘rinmayman. Ularda to‘shak, gilam, oyna aks etadi… Ko‘zgu xuddi bo‘m-bo‘shdek, go‘yo sen yo‘qdek. Kim bilandir suhbatlashgan vaqtimda, men ulardan biriga qarab o‘tiraman. So‘zlashaman, ko‘ramanki, go‘yo o‘zim so‘zlashayapman. Men o‘zimni yot nigohlarda ko‘raman, bu men uchun bir ermak. (Umidsizlik bilan) Mening lab bo‘yog‘im! Turgan gap, qiyshiq bo‘yalgan. Butun umr ko‘zgusiz o‘tib ketsam-a, qanday chidayman!
Ines. Xohlasangiz, sizga ko‘zgu bo‘laman. Sizga o‘zimni taklif etaman. Mening divanimga o‘tiring.
Estel (Garsenni ko‘rsatib). Biroq… Ines. Keling, uning e’tiborini tortmaylik. Bizga yomon bo‘lishi mumkin – buni siz o‘zingiz aytgansiz.
Ines. Nahot sizga yomonlik tilasam?
Estel. Kim biladi deysiz…
Ines. Bu sening menga yomonlik tilayotganing. Mayli-da. Magarki baribir qo‘rqish kerak ekan, sen sababchi bo‘la qol. O‘tir. Yaqinroq. Yanada yaqinroq. Ko‘zlarimga qara: o‘zingni ko‘rayapsanmi?
Estel. Men juda kichkinaman. O‘zimni arang ko‘rayapman.
Ines. Seni men ko‘rayapman. Bor bo‘y-basting bilan. Menga savollar ber. Men eng to‘g‘ri ko‘zgu bo‘laman.
Estel xijolat tortib, ko‘mak so‘rayotgandek Garsenga o‘giriladi.
Estel. Janob! Bema’niligimiz bilan sizga xalaqit bermayapmizmi?
Garsen javob bermaydi.
Ines. Uni o‘z holiga qo‘y. Tasavvur qilki, u endi yo‘q, biz yolg‘izmiz. So‘rayver.
Estel. Lablarimni to‘g‘ri bo‘yapmanmi?
Ines. Shoshma… Uncha bo‘lmaydi.
Estel. O‘zim ham biluvdim. Shukrki, meni hech kim… (Garsenga nigoh tashlaydi). …hech kim ko‘rmadi. Qaytadan bo‘yayman.
Ines. Endi yaxshi. Yo‘q. Lablaringning chizig‘i bo‘ylab chizgin. Menga qaragin. Shunday, shunday. To‘ppa-to‘g‘ri.
Estel. Kirib kelgan paytimdan ko‘ra yaxshimi?
Ines. Tuzuk: yorqin va dag‘al. Do‘zaxiy dudoqlar hosil bo‘ldi.
Estel. Himm! Menga yarashdimi? Afsus, o‘zim ko‘rolmayman-da. Menga so‘z bering: ular chiroyli, deng.
Ines. Senlashib gaplashaylik, maylimi?
Estel. Chiroyli, deb so‘z ber menga.
Ines. Sen go‘zalsan.
Estel. Sizda did bormi? Didingiz xuddi menikidekmi? Hammasi qanday ahmoqona…
Ines. Sening ta’bing qanday bo‘lsa, meniki ham shunday, chunki menga yoqasan. Menga yaxshiroq qaragin. Tabassum qil. Men ham xunuk emasdirman. Ko‘zgudan ko‘ra men yaxshiroq emasmanmi?
Estel. Men ayolni senlab gapirolmayman.
Ines. Nazarimda, ayniqsa, pochta xizmatchisini. Yuzingdagi nima? Qanaqadir qizil dog‘mi?
Estel. Qizil dog‘? Dahshat! Qayerida?
Ines. A-ha! Men to‘rg‘aylar uchun ko‘zguman: mening mittigina to‘rg‘ayginam, men seni tutib oldim! Hech bir qizil dog‘ yo‘q. Zarracha ham. Ko‘zgu yolg‘on ko‘rsatsa-chi? Yoki men ko‘zlarimni yumsamu seni ko‘rsatishdan bosh tortsam, sen o‘z go‘zalliging bilan mashg‘ul bo‘larmiding? Qo‘rqma: men senga keng ochiq ko‘zlarim bilan qarashim kerak bo‘ladi. Yana men nihoyatda itoatkor bo‘laman. Senlasang ham mayli.
Sukut.
Estel. Senga yoqamanmi?
Ines. Juda!
Sukut.
Estel (Garsen tomonga imlab). U ham menga qarashini xohlayman.
Ines. Ha, albatta, erkak axir u. (Garsenga) Siz yutdingiz.
Garsen indamaydi.
Unga qarab qo‘ying, axir.
Garsen jim.
Ahmoqlik qilmang: siz aytilgan so‘zlarning barini eshitdingiz.
Garsen (boshini qo‘qqisdan ko‘taradi). Ha-da, birorta so‘zni ham qoldirmadim: quloqlarimni behudaga tambalab o‘tirgan ekanman, bekorchi nag‘malaringiz mening miyamga o‘rnashib oldi. Tinch qo‘ying, axir. Siz bilan nima ishim bor!
Ines. Nozaninlar bilan ishingiz yo‘qmi? Siz ustomon ekansiz: uning e’tiborini qozonish uchun o‘zingizni atay katta tutayapsiz.
Garsen. Men sizdan o‘z holimga qo‘yishingizni so‘ragan edim-ku. Tahririyatda men haqimda gapirishayapti, eshitishni xohlayman. Sizning chiroyli oyimchangiz meni misqolcha qiziqtirmaydi.
Estel. Rahmat.
Garsen. Sizni ranjitmoqchi emasdim…
Estel. Beadab!
Sukut. Ular bir-birlariga yuzma-yuz turib qoladi.
Garsen. Buni qarang-a! (Sukut). Sizdan ovozingizni o‘chirishingizni so‘ragandim.
Estel. Buni u boshladi. Men undan hech narsa so‘ramagandim, ammo u o‘z ko‘zgusi bilan menga yopishib oldi.
Ines. Ha, sen hech narsa so‘ramading. U senga qarasin deb tirkalib, qiyshanglading, xolos.
Estel. Nima bo‘pti?
Garsen. Aqlingizni yo‘qotdingizmi? Bunaqada, xudo biladi, og‘zimizdan nimalar chiqmaydi. Ovozingizni o‘chirsangiz-chi. (Sukut). Keling, xotirjam o‘tirib olaylik, ko‘zlarimizni yumaylik va boshqa barini unutishga urinaylik.
Sukut. U o‘tiradi. Qolganlar ikkilangancha o‘z o‘rinlari tomon yuradi. Ines qo‘qqisdan o‘giriladi.
Ines. Unutish?! Qanday kaltafahmlik! Sizni o‘zimda sezib turibman. Sizning sukutingiz qichqiriqdek mening quloqlarimni yemirayapti. Og‘zingizni yumishingiz mumkin, tilingizni yutib yuborishingiz mumkin, lekin u sizning yashashingizga to‘siq bo‘loladimi? Fikringizga to‘siq qo‘yolasizmi? Men uni eshitayapman, u qo‘ng‘iroq soatdek jiringlab turibdi va men bilamanki, siz menikini eshitib turibsiz. O‘z divaningizda qotib o‘tirishingiz behuda, siz – shu yerdasiz, hatto ivirsiq saslaringiz menga urilib turibdi, chunki siz ularni eshitayapsiz. Hatto mening yuzimni mendan o‘g‘irladingiz, uni ko‘rayapsiz, men esa yo‘q. U-chi? Uni ham mendan o‘g‘irlab oldingiz: agar biz yolg‘iz bo‘lganimizda edi, u menga e’tiborli bo‘lishga jur’at toparmidi? Ammo endi yo‘q! Yuzingizdan qo‘lingizni oling, o‘z holingizga qo‘ymayman sira, orzu ham qilmang. Siz shu yerda hissiz, o‘zingizga ko‘milib qolaverasiz, go‘yo Buddadek, men bo‘lsa yumuq ko‘zlarga qaramayman, men his qilamanki, u sezilar-sezilmas saslaringizga e’tibor berayapti, hatto kiyimingiz shitir-shitiriga va tabassumini sizga yo‘llayapti, ularki siz ko‘rmayotgan… Ammo endi yo‘q! Men hech tortinmay o‘zimga o‘z do‘zaximni tanlayman: sizga ko‘zlarimni katta ochib qarayman va ochiqchasiga kurashaman.
Garsen. Yaxshi. Oxiri shunga kelamiz, deb o‘ylovdim. Ular bizni bolalardek laqillatishdi. Agar meni erkaklar bilan joylashtirishganda edi… erkaklar jim o‘tirishni eplay oladi. Ammo nega bunchalar ko‘p talab qilishadi? (Estelning yoniga boradi va iyagidan og‘riqli tutadi). Xo‘sh, nozigim, senga yoqamanmi? Gapir, menga ko‘zlaringni tikkanmiding?
Estel. Menga qo‘l tekkizmang.
Garsen. Voy-bo‘! Hammasini o‘z o‘rniga qo‘yamiz. Bilasan, men ayollarni juda yoqtiraman. Va ular ham meni deb o‘lib qoladi. Qarasang-chi, bizni axir hech narsa endi ajratolmaydi. Rasm-rusum, taomil nega kerak? Takalluf nimaga kerak? Bu yerdagilarning hammasi o‘zingniki. Tez orada biz g‘umbaklardek yalang‘och qolamiz.
Estel. Qo‘yib yuboring meni.
Garsen. G‘umbaklardek. Men sizni ogohlantirgandim. Men sizdan tinchlik va sukunatdan bo‘lak hech narsa, hech vaqo so‘ramadim. Quloqlarimni berkitdim. Gomes tahririyatda o‘rtada tik turib olib gapirdi, mening barcha jurnalist oshnalarim eshitishdi. Ular pidjaksiz edilar. Men ular nima haqida gapirganini aniqlamoqchi bo‘ldim, bu shunchaki ish emas: zamindagi hodisalar shiddat bilan sodir bo‘lmoqda. Siz tinch o‘tirolmadingiz-a? Endi hammasi tugadi, u boshqa gapirmaydi: men haqimda nima o‘ylagan bo‘lsa, o‘zi bilan olib ketdi. Mana shunday, biz oxirigacha borishimiz zarur. Yalang‘och, xuddi g‘umbaklardek: kim bilan birga bo‘lishni bilishni xohlardim.
Ines. Siz buni bilasiz, Garsen. Endilikda bilasiz.
Garsen. Birortamiz nima uchun hukm etilganimizga iqror bo‘lmagunimizcha, hech narsani bila olmaymiz. Sarg‘ish sochli xonimlardan boshlaymiz. Nima qilgansan? Bizga ayt, nega; sening samimiyating falokatingni aritishi mumkin. Qani, boshla!
Estel. Sizga aytayapman-ku, men hech narsa bilmayman. Ular menga izoh berishni xohlashmadi.
Garsen. Tushunarli. Ular menga ham javob berishni xohlamadilar. Ammo men o‘zimni bilaman. Sen birinchi bo‘lib gapirishdan qo‘rqayapsan-a? Yaxshi. Men boshlayman. (Sukut.) Men bu qadar itoatkor emas edim.
Ines. Bari ravshan. Biz bilamiz, siz qochgansiz.
Garsen. Gap bunda emas. Buni unuting. Men xotinimga azob berganim uchun bu yerdaman. Bori shu. Besh yil mobaynida. Rost, u haliyam qiynalib yuradi. U ko‘z o‘ngimda: u haqda gapirsam, uni ko‘rib turaman. Meni Gomes qiziqtirayapti, xayolimda esa xotinim. Gomes qayerda? Roppa-rosa besh yil. Buni qarang-a, ular xotinimga mening narsalarimni qaytarishdi; u pidjagimni tizzalariga qo‘yib, deraza yonida o‘tiribdi. O‘n ikkita teshigi bor pidjak. Zangga o‘xshash qon dog‘lari. Teshiklar o‘rni sarg‘ayib ketgan. Eh! Bu muzey eksponati, tarixiy pidjak. Men uni kiyib yurardim! U yig‘larmikin? Sen yig‘laysan! Men cho‘chqadek g‘irt mast holatda kelardim, mendan may va ayollarning hidi burqsirdi. U meni tun bo‘yi kutardi; u yig‘lamasdi. Bir og‘izgina gap ham qilmasdi. Faqat ko‘zlari. Uning katta-katta ko‘zlari. Men hech narsaga achinmayman. U yoqda qor yog‘ayapti. Yig‘lamaysanmi endi? Bunday ayolning qismati azob chekish bo‘ladi.
Ines (yumshoqroq ohangda). Siz nega uni azobga tashladingiz?
Garsen. Shunchaki bu oson edi. U dilgir holatda yurardi, birgina so‘z kifoya edi, darrov kayfiyati o‘zgarardi-qolardi. Hech qachon gina-ta’na qilmasdi. Men o‘taketgan gajir, asov odamman. Men kutdim, ko‘p kutdim. Na ko‘z yosh, na gina ko‘rdim. Men uni soydan tortib chiqarib oldim, tushunyapsizmi? U pidjakka qaramaydi, qo‘li bilan paypaslab yirtiqlarni topadi. Nimani kutayapsan? Ilinjing nimadan? Hech narsaga achinmayman, deyapman senga. Bilasizmi, u menga haddan ortiq maftun edi. Bu sizga, albatta, tushunarlidir?
Ines. Yo‘q. Menga maftun bo‘lishmagan.
Garsen. Yana ham yaxshi. Siz uchun juda yaxshi. Bularning bari sizga juda mavhum tuyulsa kerak. Sizga qiziq bir voqeani so‘zlab beray: men o‘zimnikiga bitta mulat ayolni ko‘chirib keldim. Tun bo‘yi tinim yo‘q! Xotinim birinchi qavatda uxlardi, shovqinimizni eshitardi, ehtimol. U birinchi bo‘lib uyg‘onardi – biz bo‘lsak tonggacha irg‘ishlab yotardik – u bizning yotoqqa nonushta keltirardi.
Ines. Iflos!
Garsen. Ha-da, iflos, ammo sevimli. (chetga olib.) Yo‘q. Bu Gomes, ammo uning gapi men haqimda emas. Siz “iflos” dedingiz. Jin ursin, agar boshqacha bo‘lsa, bu yerda nima qilardim? Siz-chi?
Ines. Men-ku qarg‘ish tekkan ayol edim. O‘sha mahaldayoq qarg‘ishga qolgandim, ha, bilib qo‘ying. Shuning uchun unchalik hayron bo‘lganim yo‘q.
Garsen. Bori shumi?
Ines. Yo‘q, albatta, yana Florans bilan bog‘liq o‘sha kechmish. Ammo bu tarix murdalar haqida. Uchta murda haqida. Avvalo u, keyin u bilan biz. O‘shandan keyin u yerda hech kim qolmadi, men xotirjam tortdim – shundoq yolg‘iz xona. Men uni ba’zida ko‘raman. Deraza-eshiklari berkitilgan bo‘sh xona. E-e! Nihoyat ular muhrlarni olib tashlashdi. Ijaraga beriladi… Uni ijaraga qo‘yishgan. Eshikda e’lon yopishtirilgan. Bu… kulgili.
Garsen. Uchta? Siz uchta dedingizmi?
Ines. Uchta.
Garsen. Erkak va ikkita ayolmi?
Ines. Ha.
Garsen. Buni qarang-a! (sukut). U kishi o‘zini o‘ldirdimi?
Ines. U kishi? U bunga qodir emasdi. Bunda aybi yo‘q, u azob chekkan. Yo‘q, u tramvay ostida qolgan. Maynavozchilikni qarang-a! Men ular bilan yashadim, u mening amakivachcham edi.
Garsen. Florans oq-sariq sochlimidi?
Ines. Oq-sariq sochli? (Estel tomonga qaraydi.) Bilasizmi, men sira achinmayman, bu haqda gapirishni xohlamayman, buning yoqadigan joyi yo‘q.
Garsen. Keyin, keyin-chi! U joningizga tegib ketmadimi?
Ines. Ha, asta-sekin. Bir undoq, bir bundoq… Masalan, u xo‘rillatib ichardi – stakanga pish-pish nafasi urilardi. Har xil mayda-chuydalar. Tegma nozik baxtsiz bir odam. Siz nega kulayapsiz?
Garsen. Chunki meni jin urmaydi.
Ines. Ko‘ramiz. Men qizni avradim: unga mening ko‘zlarim bilan qaraydigan bo‘ldi. Va oxir-oqibat mening qo‘llarimda qolib ketdi. Biz shaharning bir chekkasidan ijaraga joy oldik.
Garsen. Keyin nima bo‘ldi?
Ines. Keyin mana bu tramvay… Men doim uning miyasiga quyardim: ha, mana shunaqa, jonginam, biz uni o‘ldirdik-qo‘ydik. (jimlik.) Men yovuzman.
Garsen. Ha. Men ham.
Ines. Yo‘q-yo‘q. Siz yovuz emassiz. Bu butunlay boshqa narsa.
Garsen. Aynan nima?
Ines. Buni sizga keyin aytaman. Mana men yovuzman: men uchun boshqalarning azobli hayoti darkor. Mash’ala. Yurak mash’alasi. Qachonki yolg‘iz qolsam, men tugab bitaman. Olti oy men uning yuragini kuydirdim: men u yerda hammasini o‘tga tashladim. Bir kecha qiz o‘rnidan turdi va gazni ochdi, bunday bo‘lar deb xayolimga keltirmagandim. Keyin u yana yonimga kelib yotdi. Bor gap shu.
Garsen. Himm!
Ines. Nima?
Garsen. Hech nima. Palid bir ish.
Ines. Palidmi, nima bo‘pti?
Garsen. Ha, siz haqsiz. (Estelga.) Sening navbating. Sen nima qilib qo‘yganding?
Estel. Axir aytdim-ku, hech narsadan xabarim yo‘q.
Garsen. Xo‘p, biz senga yordam beramiz. Basharasi abjaq bo‘lgan kimsa kim?
Estel. Qanaqa abjaq?
Ines. Sen o‘zing bilasan. Bu yerga kelganingda uchrab qolishidan qo‘rqqaning o‘sha odam.
Estel. Bir tanishim.
Ines. Nega undan qo‘rqasan?
Estel. Meni so‘roq qilishga hech qanday haqqingiz yo‘q.
Ines. U sen sabab o‘zini o‘ldirdimi?
Estel. Yo‘q, siz aqldan ozibsiz!
Garsen. Nega undan qo‘rqasan bo‘lmasa? U, nima, o‘zini peshonasidan otdimi? Shuning uchun unda bosh bo‘lmasligi kerakmi?
Estel. Bas qiling, bas qiling!
Garsen. Seni deb, seni deb!
Ines. Sen sabab o‘zini otgan!
Estel. Meni tinch qo‘ying. Men sizdan qo‘rqaman. Men bu yerdan ketishni xohlayman. Bu yerdan ketishni xohlayman!
Eshikka qarab yuguradi, uni silkilay boshlaydi.
Garsen. Ket. Men jon deyman. Ammo eshik tashqaridan berk.
Estel tugmachani bosadi. Qo‘ng‘iroq ovoz bermaydi. Ines va Garsen kulishadi. Estel ularga o‘giriladi, eshikka suyanadi.
Estel (asta bo‘g‘iq ovozda). Sizlar pastlik qilayapsiz.
Ines. Albatta, bu pastlik. Biz aniqlab bo‘ldik, u sening aybing bilan o‘zini otgan. U sening o‘ynashing edimi?
Garsen. Bari ravshan, o‘ynashi. U qizning yolg‘iz o‘ziga tegishli bo‘lishini xohlagan. Shunday, shundaymi axir?
Ines. U mohir raqqoslardek raqsga tushardi, ammo, aftidan, notavon bo‘lgan.
Garsen. Sendan so‘rayapti, u nochormidi?
Estel. Ha, u qashshoq edi.
Garsen. Ha-da, sen o‘z obro‘yingni saqlab qolishni istagansan. Kunlardan bir kun u senga qattiq yolvorgan, sen bo‘lsa kulgansan.
Ines. Shunday emasmi? Sen kulganmisan? Shuning uchun ham u o‘zini otganmi?
Estel. Sen Floransga shunday ko‘z bilan qaradingmi?
Ines. Ha.
Sukut. Estel kuladi.
Estel. Topa olmabsiz. (ularga qaraydi, eshikka tiraladi. Quruq pisanda bilan) U mendan bola ko‘rmoqchi bo‘ldi. Endi xursandmisiz?
Garsen. Sen xohlamagansan.
Estel. Yo‘q, xohlamadim. Shunga qaramay bola tug‘ildi. Men besh oy Shveytsariyada yurib keldim. Hech kim bu haqda bilmadi. Qiz tug‘dim. U tug‘ilganda o‘sha nusxa men bilan edi. U qiz xohlardi. Men esa yo‘q.
Garsen. Keyin-chi?
Estel. Boloxona ayvoni ko‘lga chiqardi. Men katta tosh oldim. U: “Estel, sendan o‘tinaman, yolvoraman”, deb qichqirdi. Men undan jirkanardim. U hammasini ko‘rdi. U boloxonadan qarab turardi va suvda taralgan halqachalarni ko‘rdi.
Garsen. Keyin.
Estel. Hammasi shu. Men Parijga qaytdim. U o‘ylab qo‘ygan ishini bajardi.
Garsen. O‘zini otdi-a?
Estel. Albatta. Bekordan bekorga nobud bo‘ldi: mening erim bu borada gumonga ham bormagandi axir. (sukut.) Men sizlardan nafratlanaman. (ko‘z yoshsiz yig‘laydi.)
Garsen. Foydasi yo‘q. Bu yerda yosh kelmaydi.
Estel. Men tuban odamman. (sukut.) Siz bilsangiz edi, sizlardan qanchalar nafratlanaman!
Ines (uni quchadi). Sho‘rlik qizgina! (Garsenga.) Tergov tugadi. Jallod bo‘lmay ket.
Garsen. Jallod… (alanglab.) Bir ko‘zguga qarasam, hech narsamni ayamasdim! (sukut.) Yondirdi! (beixtiyor pidjagini yecha boshladi.) E, uzr. (uni yana kiymoqchi bo‘ladi.)
Estel. Pidjakni yechishingiz mumkin. Keyin…
Garsen. Ha. (pidjakni divanga itqitadi.) Mendan jahling chiqmasin, Estel.
Estel. Men sizdan achchiqlanmayman.
Ines. Mendan-chi? Mendan g‘azablanasanmi?
Estel. Ha.
Jimlik.
Ines. Mana, Garsen, biz endi g‘umbaklardek shir yalang‘och bo‘lib qoldik. Yengil tortdingmi?
Garsen. Bilmadim. Ehtimol, biroz. (botinmay.) Bir-birimizga yordam berish yo‘llarini qidirib ko‘rsak nima bo‘pti?
Ines. Men yordamga muhtoj emasman.
Garsen. Ines, hamma iplar chuvalib ketgan. Siz qimir etsangiz, zarbasi bizga tushyapti. Har birimiz alohida-alohida qutulib ketolmaymiz: birgalikda yutishimiz yoki birga yutqizishimiz kerak. Tanlang. (sukut.) Nima gap?
Ines. Qizni ular sotishgan. Oyna lang ochiq, erkak mening karavotimda o‘tiribdi. Ular uni sotishgan, ular sotishgan uni! Boshlang, boshlayvering, hech iymanib o‘tirmang. Bu ayol. U erkak tomon keladi va qo‘lini uning yelkasiga qo‘yadi… Nega ular chiroqni yoqmayapti, endi hech narsa ko‘rinmayapti: ular o‘pishayotgandir, a? Bu xona meniki! Meniki! Axir nega ular chiroq yoqishmayapti? Men ularni endi ko‘rmayapman. Ular u yerda nimani ivir-shivir qilishyapti? Nahotki u uni mening to‘shagimda silab-siypalaydi? Ayol unga hozir choshgoh ekanligi, quyosh yorqin porlayotganini so‘zlayapti. Demak, meni ko‘zdan qoldirishibdi. (sukut.) Tamom. Endi hech narsa ko‘rinmaydi va eshitilmaydi. Xo‘p, yaxshi: ishondimki, bu dunyoning ishlari sob bo‘lar. Menda aybsizligimni isbot etuvchi boshqa biror narsa qolmadi. (titraydi.) Men sezyapman, ichim bo‘m-bo‘sh. Mana hozir, nihoyat, men butunlay o‘ldim. Men butunlay, butunligacha shu yerdaman. (cukut). Siz nimadir dedingizmi? Siz, menga yordam bermoqchi edingiz, shekilli, a?
Garsen. Ha.
Ines. Qanday?
Garsen. Ularning rejasini yo‘qqa chiqarish uchun yordam.
Ines. Evaziga nima so‘raysiz?
Garsen. Menga siz yordam berasiz. Sizdan arzimas narsa darkor bo‘ladi, jindek xolis yordam.
Ines. Xolis yordam?.. Uni qayerdan olaman men? Men yo‘ldan ozganman.
Garsen. Men-chi? (cukut.) Shunday bo‘lsa ham, bir urinib ko‘raylik?
Ines. Men qurib-qaqshab qolganman. Hech narsa berolmayman, hech narsa ololmayman – axir qanday yordam berolaman. Qurigan butoq o‘tga tashlanadi. (Sukut. Qo‘llari bilan yuzini to‘sib o‘tirgan Estelga qaraydi.) Floransning sochlari sarg‘imtil-oq edi.
Garsen. Bu zinqarcha sizning kushandangiz bo‘ladi, bilasizmi shuni?
Ines. Ehtimol, garchi men bunga ishonmasam ham.
Garsen. U sizni ularga tutib beradi. Menga kelsak, men… men… men unga hech bir e’tibor qilmayman. Faqat uning tarafidan…
Ines. Nima?
Garsen. Bu tuzoq. U kutib turibdi, uning tuzog‘iga tushasizmi yoki yo‘q?
Ines. Bilaman. Siz ham – qopqon. Nima deysiz, ular sizning so‘zlaringizni avval-boshdan hisobga olmaganmi? Balki, shubhaga borilmaydigan joylarga tuzoq qo‘yilgandir. Tuzoqlar – hamma yoqda. Ammo mening bu bilan ishim yo‘q. Men ham tuzoqman. O‘sha qiz uchun tuzoq. Balki, payti kelib naq uni tutib olarman.
Garsen. Siz hech kimni tutib olmaysiz. Biz qanchalar yugurmaylik, hech qachon bir-birimizga quvib yetolmaymiz, xuddi ot o‘yinidagidek. Ishonavering – ular bularning barining g‘amini yeb qo‘yishgan. Bas qiling, Ines. To‘xtang. Aks holda biz uch sho‘rpeshonaga aylanamiz.
Ines. Nahotki qo‘lidagi o‘ljani qochirib yuboradiganga o‘xshasam? Bilaman, meni nima kutyapti. Men yonayapman, men allaqachon yonib bitayapman va bilamanki, oxiri yo‘q; hammasini bilaman – meni kurashsiz boy beradi deb o‘ylaysizmi? U meniki bo‘ladi, u sizni mening ko‘zlarim bilan ko‘rib turibdi, xuddi Florans o‘shani, boshqa birini ko‘rib turgandek… Siz sho‘rpeshonalar haqida nima deyotgandingiz? Takrorlayman: men hammasiga tayyorman va o‘zimga hayfim ham kelmaydi. Tuzoq! Albatta-da, men tuzoqqa tushdim. Xo‘sh, nima bo‘pti? Qaytaga ularga yaxshi.
Garsen (uni yelkasidan tutadi). Sizga rahmim keladi. Menga qarang. Biz yalang‘ochmiz. Suyaklarimizga qadar yalang‘och, sizni boshdan-oxir ko‘rib turibman, yuragingizga qadar. Biz qattiq bog‘langanmiz: nahotki sizga yomonlik qiladi deb o‘ylasangiz? Men o‘kinmayman, nolib o‘tirmayman; men ham qurib bitganman. Ammo sizni ayasam deyman.
Ines (uning gapini bo‘lmaydi, boshini ko‘taradi). Menga tegmang. Menga qo‘l tekkizishsa kufrim keladi. O‘zingizcha achinmay qo‘ya qoling. Garsen, bu xonada sizga qo‘yilgan ko‘pdan-ko‘p tuzoqlar bor. Sizga! Aynan siz uchun hozirlangan! O‘zingizning g‘amingizni yeganingiz yaxshiroq. (Sukut.) Agar bizni qiz bilan o‘z holimizga qo‘ysangiz, men sizga ziyon yetkazmaslikka harakat qilaman.
Garsen (unga qaraydi, keyin yelka qisadi). Ma’qul.
Estel (boshini ko‘taradi). Menga yordam bering, Garsen.
Garsen. Mendan nima xohlaysiz?
Estel (o‘rnidan turadi va unga tomon yuradi). Siz menga yordam berishingiz mumkin.
Garsen. Undan so‘rang.
Ines yaqin keladi, Estelning ortida unga taqalib turib oladi, ammo qo‘l tekkizmaydi. Keyingi luqmalarda u deyarli uning qulog‘iga so‘zlaydi. Biroq Estel Garsenga tomon o‘giriladi, churq etmasdan unga termuladi, go‘yo savollarni u berayotgandek faqat unga javob beradi.
Estel. O‘tinaman, Garsen, axir siz va’da bergandingiz! Shoshiling, tez bo‘ling, men yolg‘iz qolishni xohlamayman. Olga uni raqsga tortdi.
Ines. Kimni?
Estel. Perni. Ular birga raqsga tushishyapti.
Ines. Qaysi Per?
Estel. Bir tentak. U meni o‘zining obihayoti deb biladi. U meni sevadi. U uni raqsga tortdi.
Ines. Sen uni sevasanmi?
Estel. Ular o‘tirishdi. Qiz og‘ir nafas olayapti. Nega raqsga tushishyapti? Balki ozmoqchidir. Yo‘q, albatta. Yo‘q, men uni sevmaganman: yigitcha o‘n sakkizda, men bo‘lsam odamxo‘r emasman.
Ines. Unda ularni unut. Sening nima ishing bor?
Estel. U meniki bo‘lgan.
Ines. Yer yuzidagi hech bir narsa endi senga tegishli bo‘lmaydi.
Estel. U meniki bo‘lgan.
Ines. Ha, bo‘lgan edi… Uni tutib ko‘r-chi, qo‘l uzatib ko‘r-chi. Mana Olga unga tegina oladi. To‘g‘rimi? To‘g‘rimi? Olga uning qo‘lini ushlashi, tizzalarini silashi mumkin.
Estel. U yigitga o‘zining og‘ir ko‘kraklarini botirdi, uning yuziga tirgalib nafas olayapti. Mitti bolakay, ilojsiz mitti bolakay, sen nega kulmayapsan? Eh, ayol yuragi dov bermagan vaqtda men faqatgina termulib turardim… Mana shunaqami, men endilikda hech narsamanmi?
Ines. Hech narsa. Zaminda sendan hech vaqo qolmadi: sening bor bud-shuding shu yerda. Qog‘oz kesish uchun pichoqcha kerakmidi? Yoki bronza haykalcha? Qizg‘ish divan ham seniki. Va men, men ham umrbod senikiman, qizgina.
Estel. Shundaymi? Bularning bari menikimi? Ikkingizdan qaysi biringizning meni obihayotim deya atashga haddingiz sig‘adi? Mening hisobimda sizning ikkingiz ham yanglish fikrlamayapsiz, mening yaroqsiz ekanligimni bilib turibsiz. Men haqimda o‘yla, Per, faqat men haqimda o‘yla, meni ehtiyot qil: mening obihayotim, mening bahosi yo‘q obihayotim, mening yarmimgina shu yerda, mening faqat yarmimgina gunohkor, men u yerda obihayot edim, bag‘ringda, sen bilan yonma-yon. U qiz pomidordek qip-qizil. Axir bu mumkin emas edi: biz sen bilan yuz martalab uni mazax-masxara qilganmiz. Bu qanday musiqa? Men qizni qanchalar sevgandim. Ha, San Lui blyuz. O‘ynang, o‘ynang. Garsen, agar ularni ko‘ra olganingizda edi ko‘nglingizni xushlagan bo‘lardingiz. Men uni ko‘rayotganimni u hech qachon bilolmaydi. Seni ko‘rayapman, sening hurpaygan turmaging, beo‘xshov kulgingni, ko‘rayapman uning oyoqlarini qanday bosib olayoganingni. Kulgidan o‘lib qolish mumkin! Qani tezroq, yana ham tezroq! U uni tortadi, turtadi. Bu odobdan emas. Tezroq! U menga aytdi: – Siz qanchalar yengilsiz. Qani, qani. (Raqs tushadi, so‘zlashda davom etadi.) Senga aytayapman, seni ko‘rayapman deyapman. Ayolga baribir, u raqs tushayapti va mening nigohlarimni sezmayapti. Bizning dilrabo Estel! Bizning dilrabo Estelmish-a? E-e, to‘xtab qolishdi. Sen hatto dafn vaqtlarida ham yig‘lamagansan. Ayol unga “bizning dilrabo Estel” dedi. U uyalmasdan u bilan men haqimda so‘zlashayapti. Tuyg‘ularning chek-chagarasi bormi: bir vaqtning o‘zida ham gapiradi, ham o‘yinga tushadimi! Bu nimasi?.. Yo‘q, yo‘q, yigitga aytma! Men uni senga berdim, uni olib ket, yashirib qo‘y, u bilan xohlaganingni qil, faqat unga aytma. (Boshqa raqsga tushmaydi.) Bo‘ldi. Endi yigitni tutib kelishing mumkin. Ayol unga hammasini aytdi, Garsen: o‘sha nusxa haqida, Shveytsariya safari haqida, bola haqida – unga borini aytib berdi. “Bizning dilrabo Estel bo‘lmagan…” Ha, rost, men bo‘lmaganman… U g‘amgin qiyofada bosh silkayapti, aytishga ham hojat yo‘q, xabar uni titroqqa solgan. Endi uni olib ketishing mumkin. Uning kipriklari uzun-uzun, u qiz bolaga o‘xshaydi… Biz endi raqib emasmiz… U meni billurim derdi, obihayotim derdi. Sening billuring sinib chil-parchin bo‘ldi. “Bizning dilrabo Estel”. Tushaver, tushaver o‘yinga! Musiqani tinglang. Bir-ikki. (Raqs tushadi.) Zaminga bir daqiqaga, atigi bir daqiqaga qaytish uchun borimni berardim – va bir muddat raqs tushardim. (Raqs tushadi; Sukut.) Hozir men ularni yaxshi eshitmayapman. Ular tango tushadigandek chiroqni o‘chirishdi, nega hech kimga bildirmay o‘yinga tushayaptilar? Balandroq! Qanchalar uzoq! Men… men endi hech narsa eshitmayapman. (Raqs tushishdan to‘xtaydi.) Endi hech qachon eshitmayman. Men va Zamin vidolashdik. Garsen, menga qarang, meni quching.
Ines Estelning ortidan Garsenga nari ketishni ishora qiladi.
Ines (buyruq ohangida). Garsen!
Garsen (bir qadam nari ketadi va Estelga Inesni ko‘rsatadi). Undan so‘rang.
Estel (unga yopishib oladi). Ketmang! Erkakmisiz yoki yo‘q? Menga qarasangiz-chi, ko‘zingizni olib qochmang: bu shunchalar mushkulmi? Mening sochlarim tillo rang, axir kimdir meni deb o‘zini otgan. Yolvoraman, siz nimagadir qarashingiz kerak-ku. Agar menga bo‘lmasa, unda haykalchaga, stol yoki divanga qarang. Har qalay menga qarash yoqimliroq. Eshiting, men ularning yuragidan quladim, qush bolasi uyasidan qulagandek. Meni ol, meni qabul et o‘z yuragingga – ko‘rayapsan-ku, men mahbubang bo‘laman.
Garsen (uni kuch bilan itarib yuboradi). Sizga aytayapman, undan so‘rang.
Estel. Undanmi? U hisobda yo‘q – u ham ayol bo‘lsa.
Ines. Men hisobda yo‘qmanmi? Ammo, qushcha-to‘rg‘aycha, sen allaqachondan beri mening yuragimda yashayapsan. Qo‘rqma, sening ko‘zlaring bilan qaramayman, hatto pirpiratib ham qo‘ymayman. Sen mening nigohlarimda yashaysan, quyosh nurlaridagi qum zarrasidek.
Estel. Quyosh nurlaridagi? Ey, meni o‘z holimga qo‘ysangiz-chi. Siz boyagina urinib ko‘rdingiz va qiz rad qildi.
Ines. Estel! Mening obihayotim, mening billurginam!
Estel. Sizning billuringiz ekanmanmi? Ahmoqlik. Kimni avramoqchisiz? Hamma biladi, men bolani oynadan uloqtirganman. Billur siniqlari yerda sochilib yotibdi, men tupurdim bunga. Mening po‘stim qoldi xolos va bu qobiq siz uchun emas.
Ines. Yonimga kel! Hayot suvi yoki bulg‘anch suv, xohlaganing bo‘laver; mening ko‘zlarim qa’rida o‘zingni qanday xohlasang o‘shanday ko‘rasan.
Estel. Tinch qo‘ying meni! Sizda ko‘zning o‘zi yo‘q, to‘g‘rimi? Meni tinch qo‘yishing uchun nima qilay? Mana senga!
Uning yuziga tuflab yuboradi. Ines tezdan uni qo‘yib yuboradi.
Ines. Garsen! Siz buning uchun menga haq to‘laysiz!
Sukut.
Garsen yelka qisadi va Estel tomon yuradi.
Garsen. Nima deysan? Erkaksirab qoldingmi?
Estel. Yo‘q, erkak emas. Seni.
Garsen. Aljiraganing yetar. Bu yerda kim bo‘lsa ham epini qiladi. Men tasodifan qo‘lga tushib qoldim. Yaxshi. (Uning yelkalarini tutadi.) Bilib turibsan, senga yoqishim qiyin – men ahmoq emasman, yana tangoga ham tushmayman.
Estel. Seni qanday bo‘lsang shundayligingcha qabul qilaman. Balki, sen uchun boshqacha yo‘l tutarman.
Garsen. Ishonmayman. Men… e’tibor qilmayman. Mening xayolim boshqa ishlar bilan band.
Estel. Qanday ishlar bilan?
Garsen. Senga qizig‘i yo‘q.
Estel. Men sening divanchangda o‘tiraman va men bilan shug‘ullanishingni kutaman.
Ines (qah-qah urib kuladi). Fohisha! Mayli yot! U hatto xushro‘y ham emas.
Estel (Garsenga). Quloq solma unga. Endi unda na ko‘z bor, na quloq. U hisobda yo‘q.
Garsen. Senga yo‘g‘u borimni beraman. Bu ko‘p emas. Men seni sevolmayman: men seni haddan ortiq yaxshi bilaman.
Estel. Meni ko‘ngling tusaydimi?
Garsen. Ha.
Estel. Menga boshqa narsa kerak emas.
Garsen. Unda… (Unga engashadi.)
Ines. Estel! Garsen! Aqldan ozibsiz! Men shu yerdaman axir!
Garsen. Ko‘rayapman, nima bo‘pti?
Ines. Mening ko‘z o‘ngimda-ya? Siz… siz bunday qilolmaysiz!
Estel. Nega? Men oqsoch oldida yechinaverganman.
Ines (Garsenga yopishadi). Uni qo‘yib yuboring! Qo‘yib yuboring! Unga iflos erkak qo‘llaringizni tekkizmang!
Garsen (qo‘pollik bilan uni itarib yuboradi). Men oliyhimmat insonlardan emasman, ayollarni urishdan cho‘chimayman.
Ines. Siz menga so‘z bergansiz, Garsen, siz so‘z bergansiz! O‘tinaman sizdan, siz va’da bergansiz!
Garsen. Siz o‘zingiz kelishuvni buzdingiz.
Ines uni o‘z holiga qo‘yadi va xonaning olis burchagiga ketadi.
Ines. Xohlaganingizni qiling, sizni qo‘lga tushirdi. Ammo esingizda bo‘lsin, men shu yerdaman va sizlarga qarab turibman. Ko‘rayapman, Garsen, sizni mening ko‘zlarim ilg‘ab turibdi. Sizdan gulqog‘ozlardek nafratlanaman! O‘z maylingiz bilan mashg‘ul bo‘ling, ammo unutmang: biz do‘zaxdamiz va mening navbatim yaqinlashayapti.
Keyingi sahna davomida u ularga qaraydi, bir so‘z ham gapirmaydi.
Garsen (Estelga qayta o‘giriladi va uni yelkalaridan tutadi). Meni o‘p.
Sukut. Unga engashadi va birdan rostlanadi.
Estel (alamli). Ey!.. (Sukut). Senga aygandim-ku, unga e’tibor berma.
Garsen. Uning uchun emas. (Sukut.) Gomes tahririyatga keldi. Ular derazalarni berkitishgan, demak, allaqachon qish kelgan. Olti oy. Allaqachon olti oy, xuddi men… Men seni ba’zan parishonxotir bo‘lib qolishimdan ogohlantirgandim-a? Ular sovuqdan titrayapti, pidjaklar egnida… G‘alati: u yerda ular sovqotishyapti, men bo‘lsa yonayapman. Bu safar ular men haqimda gapirishyapti.
Estel. Bunisi endi uzoq cho‘ziladi. (Sukut.) Jilla qursa ular nima haqida gaplashayotganini aytsang-chi.
Garsen. Hech narsa haqida. U hech narsa haqida gapirmayapti. Bu shunchaki yaramas odam. (Tinglashda davom etadi.) Qanchalar razil! (Estelga yaqinlashadi.) O‘z ishimiz bilan mashg‘ul bo‘lamiz. Meni sevmoqchimisan?
Estel (jilmayib). Kim biladi deysan?
Garsen. Menga ishonmoqchimisan?
Estel. Kulgili savol: sen doimo mening ko‘zlarimda bo‘lasan va Inesga og‘ib, menga xiyonat qilmassan balki.
Garsen. To‘g‘ri. (Sukut. Qo‘llarini Estelning yelkasidan oladi.) Men boshqacha tarzdagi ishonchni xohlayman. (Nenidir tinglaganday bo‘ladi.) Bo‘lsang-chi, barisini gapir, kallangga nima kelsa gapir, men o‘zimni himoya qilmayman. (Estelga.) Estel, sen menga ishonishing kerak.
Estel. Muncha ohanjama! Men o‘z lablarim, o‘z qo‘llarim, o‘z vujudimni senga topshiraman; hammasi shunchalar jo‘n sodir bo‘ladiki!.. Ishonch-chi? Bunga va’da berolmayman; meni juda ezib yubording. Shu tarzda ishonchimni qozonmoqchi ekansan, chog‘imda, dahshatli nimadir qilgansan.
Garsen. Meni otib o‘ldirishgan.
Estel. Bilaman – sen ketishdan bosh tortgansan. Keyin-chi?
Garsen. Men… men hech ham bo‘yin tovlaganim yo‘q. (Ko‘rinmas narsalarga murojaat qilib.) U gapni boplaydi, meni o‘lguday qoralaydi, lekin nima qilish kerakligini aytmaydi. Nahotki generalga borib: “Mening generalim, men ketishni xohlamayman”, – deb aytishim zarur bo‘lsa? Bema’nilik-ku bu! Ular meni qamab qo‘yishardi. Men shohid guvoh bo‘lishni xohlardim, tushunyapsizmi? Og‘zimga urishlarini xohlamadim. (Estelga.) Men… men poyezdga o‘tirdim. Meni chegarada qo‘lga olishdi.
Estel. Qayerga ketmoqchi eding?
Garsen. Mexikoga. Men u yerda patsifistik jurnal chiqarishni mo‘ljallagandim. (Jimlik.) Shu, qani, nimadir desang-chi, axir.
Estel. Senga nima desam bo‘ladi? Sen to‘g‘ri yo‘l tutgansan, chunki kurashishni xohlamagansan.
Garsen asabiy qaltiraydi.
Eh, azizim, senga nima javob berishni ham bilmayapman.
Ines. Durdonam, unga xuddi arslondek qochib qolgansan deb ayt. Chunki sening ma’shuqing oyog‘ini qo‘liga olib tumtaraqay qochgan. Aynan shuning uchun ham u shunaqa jizzaki.
Garsen. Qochib ketgan, dumini xoda qilgan – xohlaganingizcha atayvering.
Estel. Ha-da, qochishing kerak bo‘lgan, agar qolmaganingda, seni tutib olishardi.
Garsen. Xuddi shunday. (Sukut.) Estel, meni qo‘rqoq deb o‘ylaysanmi?
Estel. Bilmasam, suyukligim, men axir sening o‘rningda bo‘lib ko‘rmaganman. O‘zing o‘ylab top.
Garsen (horg‘in). O‘ylaydigan ahvolda emasman.
Estel. Unda eslab ko‘r; senda, balki, buning uchun sabablar bo‘lgandir.
Garsen. Ha.
Estel. Qanday sabablar?
Garsen. Nahot shular jiddiy sabab bo‘lsa?
Estel (afsuslanib). Sen hammasini ortiq murakkablashtirib yuboryapsan!
Garsen. Men isbotlab berishni xohlagandim… men uzoq o‘yladim… Menda chinakam asosli sabab bo‘lganmikin?
Ines. E-e-e, mana muammo nimada. Bu sabablar arzigulikmidi? O‘ylab ko‘rgansan, qaltis ishlar bilan shug‘ullanishni xohlamagansan. Ammo qo‘rquv, nafrat va boshqa qabihliklar odatan sir tutiladi-yu, bular ham sabab. Bo‘la qol, o‘zingdan so‘rab ko‘r.
Garsen. O‘chir ovozingni! Sening o‘gitlaringni eshitib o‘tiradi deb o‘ylayapsanmi? Men o‘z kameramda tunu kun qadamlab yurdim, u boshdan bu boshga, derazadan eshikkacha, eshikdan derazagacha. O‘zim o‘zimni nazorat qildim. O‘zim o‘zimni kuzatdim. O‘ylashimcha, butun hayotim davomida faqatgina bir ish qildim – o‘z-o‘zimga savollar berdim, keyin bo‘lsa vaqt kuchga kirdi. Men… men poyezdda ketdim, buni bilaman. Ammo nega? Nega? Oxiri o‘yladimki, mening o‘limim hamma muammolarni yechib beradi; agar mening o‘lishim kerak bo‘lsa, men qo‘rqoq emasligimni isbot qilaman.
Ines. Garsen, o‘limni qanday kutib oldingiz?
Garsen. Yomon.
Ines qah-qah uradi.
O‘, bu shunchaki jismoniy zaiflikdan bo‘lgan. Bundan uyalmayman. Faqat hammasi chala-chulpa qolib ketdi. (Estelga.) Bu yoqqa kel. Menga qara. Toki Zaminda men haqimda so‘zlasharkan, menga kimdir qarashi zarur. Menga ko‘k ko‘zlar yoqadi.
Ines. Ko‘k ko‘zlar? Qarang-a! Senga-chi, Estel? Senga qo‘rqoqlar yoqadimi?
Estel. Bilsang edi, bu menga farqsiz. Qo‘rqoqmi, yo‘qmi, o‘pishni bilsa bo‘lgani.
Garsen. Ular uyqusirab boshlarini tebratishyapti, sigara tortishyapti, – juda zerikishyapti. Garsen qo‘rqoq, deb o‘ylashyapti. Bo‘shang va zaif. Ammo har holda ular nima haqidadir o‘ylashayapti. Garsen qo‘rqoq – mana ular qanday to‘xtamga kelishdi, mening oshnalarim. Yarim yildan so‘ng ular xuddi Garsendek qo‘rqoq, deyishadi. Siz ikkingiz omadlisiz; siz haqingizda yerda endi hech kim eslamaydi. Mening qismatim og‘ir keldi.
Ines. Xotiningiz-chi, Garsen?
Garsen. Xotinimga nima bo‘pti… U o‘lgan.
Ines. O‘lgan?
Garsen. Ha, sizga aytishni unutibman. U yaqinda ko‘z yumdi. Taxminan bundan ikki oycha avval.
Ines. Alam-hasratdanmi?
Garsen. Albatta, alamdan. Yana nimadan bo‘lsin? Hozir hammasi o‘z o‘rniga tushdi: urush tugadi, xotin o‘ldi, men bo‘lsam tarixga aylandim.
Ko‘z yoshsiz o‘ksib yig‘laydi, yuzini qo‘llari bilan berkitadi. Estel uni quchadi.
Estel. Jonim, azizim! Menga qaragin, jonginam! Menga suyan. Qo‘llaringni ko‘ksimga qo‘ygin.
Uning qo‘llarini o‘z ko‘ksiga qo‘yadi, uni silab-siypalaydi. Garsen undan o‘zini tortishga harakat qiladi.
Qo‘llaringni shu yerga qo‘y, ularni qo‘y, qimirlatma. Ular bitta-bitta o‘lib ketadi, nima farqi bor, deb o‘ylashadi. Ularni unut. Mendan bo‘lak hech kim qolmadi.
Garsen (qo‘llarini tortib oladi). E, ular-ku meni unutishmaydi. Ular o‘ladi, ammo boshqalar keladi, estafetani qo‘lga olishadi: mening hayotim ularning qo‘lida.
Estel. Sen haddan ortiq vaysab yuboryapsan!
Garsen. Yana nima ham qilardim? Ilgari tinmasdim… Eh, hech bo‘lmasa bir kunga ular yoniga qayta olsam edi… shu qadar fosh bo‘lish! Ammo men o‘yindan tashqaridaman: ular mensiz yakunlashyapti, hamonki men o‘lik ekanman, ular haq. O‘lik, kalamushdek. (Kuladi.) Men jamiyat mulki hisoblanaman.
Sukut.
Estel (mayinlik bilan). Garsen!
Garsen. Shu yerdamisan? Bu yoqqa qara, menga yordam ber. Yo‘q dema. Bilaman, o‘ylaysanki, sendan yordam so‘rashyapti va sen bunga odatlanmagansan. Agar xohlasang, agar zo‘r bersang, biz chindan ham, rostdan ham bir-birimizni sevib qolishimiz mumkin. Ko‘rayapsan-ku, mening qo‘rqoqligimni butun xalq tasdiqlayapti. Ular bilan nima ishim bor? Tirik jon borki, baralla, qayta-qayta aytgan bo‘lardiki, men qochmaganman, qocha olmasdim, meni mard derdilar, sofdil derdilar, men… men ishonaman, men xalos bo‘lardim. Menga ishonishni xohlaysanmi? Dunyoda eng qimmatli kishim bo‘larding.
Estel (kuladi). Tentak! Ahmoq! Meni qo‘rqoqni seva olardi deb o‘ylaysanmi?
Garsen. Ammo sen aytgandingki…
Estel. Hazillashgandim. Men erkaklarni sevaman, Garsen, terisi dag‘al, qo‘llari kuchli haqiqiy erkakni. O‘xshamaydi, sening engaging qo‘rqoqning engagiga, og‘zing – qo‘rqoqning og‘ziga, ovozing, sochlaring – qo‘rqoqning ovozi va sochlariga o‘xshamaydi. Men bo‘lsam seni sening og‘zing, sening ovozing, sening sochlaring uchun sevaman.
Garsen. Rostmi? Shu rostmi?
Estel. Senga qasam ichaymi?
Garsen. Unda hammangga tupurdim, u yerdagi, bu yerdagi – hammasiga. Estel, biz do‘zaxdan chiqamiz.
Ines qah-qah uradi. Garsen gapirishdan to‘xtaydi va unga qaraydi.
Nima gap?
Ines (kulib turib). Ha, u o‘zining birorta so‘ziga ishonmaydi. Qanday qilib bunchalar go‘l bo‘lish mumkin? “Estel, nahot qo‘rqoq bo‘lsam?” Bilib qo‘y, buning unga sariq chaqalik ahamiyati yo‘q!
Estel. Ines. (Garsenga.) Unga quloq solma. Agar ishonishimni xohlasang, avvalo, menga ishon.
Ines. Ana topding. Unga ishonch bildir. Unga erkak kerak, unga balki ishona olarsan, bellar tegrasidagi erkakcha qo‘llar, erkakcha bo‘y, erkakcha nigohlardagi erkakcha istak. Qolganiga… Voh! Buni qarang-a! Agar senga bu huzur-halovat baxsh etsa, u seni Ota-xudo deydi.
Garsen. Estel! Shu rostmi? Javob ber: rostmi shu?
Estel. Senga nima deyishim kerak? Bu ishlarda hech baloni tushunmayman. (Oyoqlarini tapirlatadi.) Bularning bari shu qadar jonimga tegdiki! Qo‘rqoq bo‘lganmisan, bo‘lasanmi, farqi yo‘q, seni sevgan bo‘lardim, tushunarlimi senga? Shu kifoya emasmi?
Sukut.
Garsen (ikkala ayolga). Ikkingiz ham naqadar qabihsiz! (Eshik tomon yuradi.)
Estel. Nima qilayapsan?
Garsen. Ketyapman.
Ines (tezlikda). Olis ketolmaysan – eshik berk.
Garsen. Ochtiraman.
Tugmachani bosadi. Qo‘ng‘iroq ovoz bermaydi.
Estel. Garsen!
Ines (Estelga). Xotirjam bo‘l, qo‘ng‘iroq buzilgan.
Garsen. Men aytdimmi, ular ochadi. (Eshikni taqillatadi.) Men sizlarga boshqa toqat qilolmayman, toqatim yetmaydi.
Estel u tomon chopqillab boradi, Garsen uni itqitib yuboradi.
Yo‘qol! Sen anavindan ham jirkanchsan. Sening ko‘zlaringga cho‘kib ketishni xohlamayman. Sen yopishqoq! Shalviroq! Sen sakkizoyoqsan, botqoqsan. (Eshikni mushtlaydi.) Ochsangiz-chi axir!
Estel. Garsen, o‘tinaman, ketma, senga boshqa gapirmayman ham, o‘z holingga qo‘yaman, faqat ketma. Ines changalini yozdi, men u bilan yolg‘iz qolishni istamayman.
Garsen. O‘zlaring hal qilaveringlar. Men seni bu yerga chaqirganim yo‘q.
Estel. Qo‘rqoq! Yuraksiz! Sen chinakamiga qo‘rqoqsan!
Ines (Estelga yaqin keladi). Xursand emasdirsan, so‘fito‘rg‘ay! Sen unga xush yoqqanidan mening yuzimga tuflading, uning aybi bilan arazlashib qoldik. Ammo baxtimizga g‘ov bo‘layotgan to‘siq ketyapti, biz haroratli ayollar jamoasida qolayapmiz.
Estel. Sen bundan hech narsa yutmading: agar eshik ochilsa, men ketaman.
Ines. Qayerga?
Estel. Farqi yo‘q. Sendan uzoqroqqa.
Garsen eshikni gursillatib ura boshlaydi.
Garsen. Oching! Oching! Hammasiga roziman, ispancha etikka, omburga, eritilgan qo‘rg‘oshinga, taxtakachga, sirtmoqqa – hammasiga, yoqishlari va osishlariga, chinakamiga azoblanishni xohlayman. Yaxshisi kaltaklang, qamchilang, chechakka yo‘liqtiring miyani azoblagandan ko‘ra, bu seni silab-siypalaydigan va hech qachon chinakamiga og‘riq bermaydigan azobning nishonasi. (Eshik zulfagini silkitadi.) Ochasizmi yoki yo‘q? (Eshik qo‘qqisdan ochilib ketadi, uning yiqilib ketishiga oz qoladi.) Ana xolos!
Uzoq jimlik.
Ines. Endi nimani kutasiz, Garsen? Keting.
Garsen (shoshilmasdan). Qiziq, eshik nega ochilib ketdi?
Ines. Nimani kutayapsiz? Tezroq keting.
Garsen. Ketmayman.
Ines. Sen-chi, Estel?
Estel qimirlamaydi. Ines kuladi.
Xo‘sh, qani! Kim ketadi? Uchalamizdan qaysi birimiz? Yo‘l ochiq, to‘siq yo‘q! Kula-kula o‘lasan! Biz ajralmasmiz.
Estel unga ortdan tashlanadi.
Estel. Ajralmas? Garsen! Yordam ber. Tezroq yordam ber. Biz uni tashqariga chiqarib tashlaymiz va kiritmaymiz: battar bo‘lsin.
Ines (himoyalanib). Estel! Estel! Yolvoraman, meni shu yerda qoldir. Faqat yo‘lakda emas, meni yo‘lakka haydama!
Garsen. Qo‘yib yubor uni.
Estel. Aqling bormi, u sendan ham nafratlanadi.
Garsen. Men uni deb qoldim.
Estel Inesni qo‘yib yuboradi va hayrat bilan Garsenga qaraydi.
Ines. Meni debmi? (Sukut.) Eshikni yopib qo‘ying! Eshik ochilgandan buyon bu yer o‘n baravar qizib ketdi.
Garsen eshikni yopadi.
Meni debmi?
Garsen. Ha. Sen qo‘rquv nimaligini bilasan.
Ines. Bilaman.
Garsen. Sen bilasan yovuzlik nima, nomus nima, nima qo‘rquv. O‘tmish daqiqalarda o‘zingga boshdan-oxir nazar solgansan – bu senga xotirjamlik bermagan. Undan so‘ng esa, keyingi kun, bunday oshkoralikda qanday tushunishni, nima deb o‘ylashni bilmagansan. Ha, yovuzlikning narxini bilasan. Meni qo‘rqoq der ekansan, buni yaxshi bilib aytayapsan, to‘g‘rimi?
Ines. Ha.
Garsen. Seni men ishontirishim kerak – bizning qonimiz bir. Nahotki meni ketadi deb o‘ylading? Miyangdagi men to‘g‘rimdagi mana shu jamiki fikrlar bilan g‘olib holda seni bu yerga tashlab ketmasdim.
Ines. Sen meni chindan ishontirolasanmi?
Garsen. Boshqacha qilolmayman. Bilasan, men ularni endi eshitmayapman. Ular meni hayotdan mahrum qilishdi. Ish yopildi, endi men zaminda o‘zimni hech qachon tanita olmayman, endi men hatto qo‘rqoq ham emasman. Ines, endi biz bittamiz: faqat ikkingiz men haqimda yana o‘ylashingiz mumkin. U hisobda yo‘q. Ammo sen mendan nafratlanasan, – agar menga ishonsang edi, men najot topardim.
Ines. Senga oson bo‘lmaydi, men o‘lgudek qaysarman.
Garsen. Qancha vaqt kerak bo‘lsa ham tayyorman.
Ines. O! Senda undan xohlagancha bor.
Garsen (uning yelkalaridan tutadi). Eshit, har birimizning o‘z maqsadimiz bor, to‘g‘rimi? Men pulga ham, muhabbatga ham tupurganman. Men odam bo‘lishni xohladim. Shafqat bilmas odam. Men borini bitta qartaga tikdim. Qo‘rqoqlar eng xavfli yo‘lni tanlaydi, to‘g‘rimi? Butun bir hayotni bitta qiliq bilan baholab bo‘ladimi?
Ines. Nega bo‘lmasin? O‘ttiz yillik umring davomida umidlar bilan o‘zingni yupatib yashading, senda yurak bor edi; sen ko‘pda o‘z zaif tomonlaringdan ko‘z yumding, chunki qahramonlarni doimo kechirsa bo‘ladi. O‘ng‘aygina! Undan keyin bo‘lsa, xavf yaqinlashdi, seni otib tashlashdi va… va sen Mexikoga jo‘nading.
Garsen. Men bunday qahramonlikni o‘ylab topmadim. Men uni tanladim. O‘zimizni qanday ko‘rishni xohlasak, o‘shandaymiz.
Ines. Buni isbot qiling. Isbotla, o‘ylamasdan qilinganini isbotla. Faqat yumushlar bizning istaklarimizni baholaydi.
Garsen. Men juda erta o‘ldim. Menda yumushlar uchun vaqt yetarli bo‘lmagan.
Ines. Biz doim juda erta yoki juda kech o‘lamiz. Hayot yakunlanaveradi – yakun chiqarish kerak bo‘ladi. Sen o‘z hayotingning mujassam timsolisan.
Garsen. Shallaqi! Senda hamma narsaga javob bor.
Ines. Ol-a, ol-a! Dadil bo‘l! Sen meni shunchaki ishontirishing darkor. Zo‘r ber, dalillar top.
Garsen yelka qisadi.
Nima bo‘ldi? Men aytgandim, sen zaifsan. Aha, endi hammasi uchun to‘laysan. Sen qo‘rqoqsan, Garsen, qo‘rqoq, chunki men shuni xohlayman. Men shuni xohlayman, eshityapsanmi? Holbuki, men zaifman, Garsen, sabodek zaif; men faqat nigohman va seni ko‘rayapman, men faqat shaffof fikrman va sen haqingda o‘ylayapman.
(Garsen u tomon suriladi va qo‘llarini uzatadi.)
Bu kuchga to‘la erkak qo‘llari menga nima? Nimaga ishonayapsan? Qo‘llar fikrlarni changallay olmaydi. Shunday ekan, boshqa yo‘ling yo‘q: meni ishontirishing kerak. Sen mening qo‘llarimdasan.
Estel. Garsen!
Garsen. Nima deysan?
Estel. Unga javob qaytar.
Garsen. Qanday?
Estel. Meni quchoqla, u qanday sayrashini eshitasan.
Garsen. Mana bu to‘g‘ri, Ines. Men sening qo‘llaringdaman, ammo sen mening qo‘llarimda.
Estelga engashadi. Ines dodlab yuboradi.
Ines. Qo‘rqoq! Qo‘rqoq! Ayoldan tasalli izla!
Estel. Kuyla, Ines, kuyla!
Ines. Qoyilmaqom oshiq-ma’shuqlar! O‘z yelkangda uning bahaybat panjalari ko‘ylaklaringni ezg‘ilayotgani, badaningni piypalayotganini ko‘rganingda edi! Qo‘llari namiqqan, u butunlay terga botgan. U ko‘ylagingda dog‘ qoldiradi.
Estel. Sayra, qushcha, sayra! Meni qattiqroq quch, Garsen, u yomonligidan yorilib o‘lsin.
Ines. Ha-ha, uni qattiqroq qisgin! Haroratingiz bir-biringizga o‘tadi. Ha, muhabbat yaxshi narsa ekanmi, Garsen? Yumshoq va iliq, go‘yo uyquda yotgandek, ammo uxlab qolishingga yo‘l qo‘ymayman.
Estel. Eshitma. Meni o‘p, men butunlay senikiman.
Ines. Nega imillayapsan? Aytganidek qila qol: qo‘rqoq Garsen bola kushandasi Estelni quchmoqda. Umidingni uzma! Uni qo‘rqoq Garsen o‘payaptimi? Men sizlarga qarayapman, men o‘zim butun boshli xalqman. Garsen, sen odamlarning ovozini eshityapsanmi? (Pichirlaydi.) Qo‘rqoq! Qo‘rqoq! Qo‘rqoq! Qo‘rqoq! Qancha qochma, men seni tinch qo‘ymayman. Undan nima olmoqchisan? Unutishmi? Ammo men seni unutmadim! Men seni ishontirishim kerak. Men. Bo‘l, bo‘lsang-chi. Men seni kutyapman. Qarasang-chi, Estel, u quchog‘ini yozayapti, u itoatkor xuddi itdek… Sen uni ko‘rmagaysan!
Garsen. Kecha hech qachon bo‘lmaydimi?
Ines. Hech qachon!
Garsen. Sen doim meni ko‘rib turasanmi?
Ines. Doim.
Garsen Estelni qo‘yib, xona bo‘ylab bir necha qadam yuradi. Kaminga yaqin keladi.
Garsen. Haykalcha… (Uni silaydi.) Bu lahza o‘tib ketdi! Mana haykalcha, men unga qarayapmanu tushunaman – men do‘zaxdaman. Sizga aytayapman, hammasi oldindan ko‘rilgan. Ular biladi, men kamin yonida turibman, sizning nigohlaringiz ostida haykalchaga qadar qo‘l tekkizaman. Yuho nigohlar… (Birdan o‘giriladi.) E-e! Sizlar faqat ikkitamisiz? Ko‘proqsiz, deb o‘ylovdim. (Kuladi.) Mana u qanday bo‘lar ekan – jahannam! Hech o‘ylab ko‘rmagandim… Eslab qoling: oltingugurt, panjaralar, ko‘ra… Bularning bari bir pulga qimmat. Ko‘raga nima bor bunda: do‘zax – bu Boshqalar.
Estel. Muhabbatim mening!
Garsen (uni itarib yuboradi). Qoch. Anavi, boshqasi, o‘rtamizda turibdi. U qarab turar ekan, seni sevolmayman.
Estel. Oh, shundaymi! Unda u bizga boshqa qaramaydi.
Qog‘oz kesadigan pichoqni qo‘liga oladi, Inesga tashlanadi va bir necha bor unga pichoq uradi.
Ines (kulib, uni qaytarib). Bu nimasi, tentak? Unutdingmi, men o‘lganman?
Estel. O‘lgan?
Pichoqni uloqtiradi. Sukut. Ines engashib pichoqni oladi va jon-jahdi bilan uni o‘ziga uradi.
Ines. O‘lgan! O‘lgan! O‘lgan! Na pichoq, na zahar, na arqon. Bu allaqachon ado etilgan, tushunarlimi? Va biz abadiy birgamiz. (Kuladi.)
Estel (qah-qah uradi). Abadiy, xudoyim, ana qiziq! Abadiy!
Garsen (kuladi, ularga qaraydi). Abadiy.
Kula-kula har birlari o‘z divanlariga qulaydilar. Uzoq jimlik. Kulishdan to‘xtab, bir-birlariga qaraydilar. Garsen turadi.
Garsen. Nima bo‘pti, davom etamiz.
Parda
Rus tilidan Shahnoza Nazarova tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 7-8son