Jan-Mari Leklezio. Diyego va Frida (hujjatli roman)

MUQADDIMA

1910 yilning beshinchi oktyabrida prezident Porfirio Dias Meksika mustaqilligining yuz yilligini mutlaq monarxiyaga xos tarzda o‘ta dabdababozlik bilan nishonlashga hozirlik ko‘rayotgan kezlarda jahon tarixida misli ko‘rilmagan va ispan konkistadorlari tomonidan istilo etilgan davrlardan buyon jiddiy o‘zgarish bo‘lmagan ana shu mamlakatni larzaga solgan voqea yuz berdi. Frantsisko Maderoning da’vati bilan (uning “San-Luis” rejasi Porfirio Diasning soxtalashtirilgan saylovlari natijalarini bekor qiladi va isyon boshlashga undaydi) xalq qo‘liga qurol oldi. Shu tariqa, bir milliondan ziyod kishining hayotiga zomin bo‘lgan hamda mavjud tuzumning ag‘darilishiga sabab bo‘lgan qisqa va shiddatli urush boshlandi.
 Bexosdan boshlangan bu harakatning chinakam qahramonlari dehqonlar bo‘lgani bois u butun mamlakatga yoyildi. 1910 yilda ham Meksika ispan ko‘chmanchilari davridan deyarli farq qilmasdi: yirik yer mulkdorlari, bir hovuch mahalliy hukmdorlar va ularning qurollangan tuzilmalari dehqonlar ommasini ezib kelardi. Yer bepoyon maydonga ega (masalan, Sinaloa shtatidagi San-Blas yoki Yukatan shtatidagi Progressoda joylashgan har bir asendaning yer maydoni bir million gektardan ziyod bo‘lgan) o‘n beshta mulkdor o‘rtasida bo‘lib olingan; zamindorlarning hokimiyati cheksiz, ular daryo va hindular qishloqlarining egasi hisoblanar va hatto ayrimlari ulkan yer maydonlarini aylanib chiqish uchun temir yo‘l qurgan edi. Yer mulkdorlari to‘plagan boyliklarni tasavvur etish amrimahol. Ular bolalarini o‘qitish uchun Angliyadan tarbiyachi keltirishar, kirlarini yuvdirish uchun Parijga jo‘natishar, o‘tda yonmaydigan ulkan seyflarni esa Avstriyada tayyorlatishar edi.
O‘sha zamonlarda Meksika — kelgindilar hukmronlik qilayotgan tobe mamlakat edi. Sanoat va savdo-sotiq to‘liq ularning izmida: ko‘mir konlari va tsement zavodlariga amerikaliklar egalik qilardi, qurol-yarog‘ va mayda-chuyda metall buyumlarni nemislar ishlab chiqarardi, oziq-ovqat savdosi bilan ispanlar, mato-gazlama savdosi bilan frantsuzlar shug‘ullanardi. Tag‘in, frantsuzlar ulgurji savdoni qo‘lga olib, mashhur “Barselonet” do‘konlar tarmog‘ini nazorat etardi. Temir yo‘llar inglizlar va belgiyaliklar, neftga boy yerlarga esa Doxeni, Guggenxaym va Kuklar singari amerika neft sanoati korchalonlarining sulolalari egalik qilar edi.
Porfirio Dias hukmronligi davrida Meksika yevropacha mezonlar bo‘yicha yashardi. Hatto san’at va madaniyatda ham yevropa andozalari ustuvor edi. Parij ko‘cha va xiyobonlaridan ruhlangan hukmdor talabi bilan Mexikoda barpo etilayotgan bino va inshootlarda yevropacha andozalarga ko‘r-ko‘rona taqlid qilinardi. Mamlakatdagi deyarli har bir shaharda, xuddi Avstriyadagidek, vals va kadrillarni chalib turgan orkestr joylashgan pavilonlar barpo etilgan edi. Musavvir Saturnino Erran tomonidan tasvirlangan atsteklarning shonli tarixiga oid asarlar hisobga olinmasa, mahalliy aholining ko‘hna madaniyati, qadriyatlari deyarli unutilayozgandi.
Porfirio Dias yakka hukmronligining so‘nggi yillarida mamlakatda kulgili va shu bilan birgalikda g‘oyat ayanchli dabdababozlik muhiti hukm surar, aksariyat adib va musavvirlar, chunonchi, Vaskonselos, Alfonsa Reyes, Sikeyros va Orosko singari ijodkorlar saroy san’atining dimiqqan muhitidan qochib, Yevropadagi ozodlik nashidasidan bahramand bo‘lishga intilardi.
Madero da’vati bilan boshlangan inqilob sabablarini shunchaki junbushga kelgan olomonning zo‘ravonligi bilangina izohlab bo‘lmaydi. Bu harakat bosqinchilarning shafqatsizligi, hindularning istilo etilishi, qisqasi, to‘rt asrlik azob-uqubatlarga qarshi ko‘tarilgan ulkan to‘lqin edi. Mamlakat tarixida tengi yo‘q ikki shaxs inqilobiy jarayonlarga yetakchilik qildi. Har ikkisi ham — jilovlanmagan, omi, murosasiz, ya’ni mahalliy aholi vakili edi. Inqilobiy to‘lqin ularni yuksaklikka — bir vaqtlar Tenochtitlanning ilohiy hukmdorlari va ispan vitse-qirollari istiqomat qilgan Mexikoning bosh maydonidagi Milliy saroyga yetakladi.
Jon Rid “Bosh ko‘targan Meksika” turkum ocherklarida isyonchilar yetakchilaridan biri — cho‘pon, keyinchalik “janubiy diviziya” generali bo‘lgan Frantsisko Vilya haqida shunday deb yozadi: “Vilya men ko‘rgan odamlarning eng to‘porisi edi. U shu jihati bilan yovvoyi maxluqlardan unchalik farq qilmaydi”.
“Janub Attilasi” Emiliano Sapata timsolida esa — chinakam romantik, machete1 bilan qurollangan, sombrero2sida Gvadelupa muqaddas avliyosi surati aks ettirilgan dehqonlar armiyasiga yetakchilik qilgan va “Er va erk uchun” kurashga otlangan hindular vakili namoyon bo‘ladi.
Meksikada inqilob yuz berganda yigirma to‘rt yoshni qarshilagan Diye-go uzoqda bo‘lgani sababli (san’atda erkinlikka moyilligi uni kubistlar makoni — Parijga yetaklagan edi) bu jarayonlarda ishtirok eta olmas edi. U faqat zolimning taxtdan ag‘darilganiga xursand edi; biroq, taqdirning o‘yinini qarangki, sobiq hukmdor musavvir istiqomat qilgan shaharda quvg‘inlikda yashashni ixtiyor etadi. Madero da’vati jaranglaganda Frida Kalo uch yoshga to‘lgan va shu bois Mexikodagi voqea-hodisalar uning Koyoakandagi hayotiga deyarli ta’sir etmagan edi.
Aslida, har ikkisi — Diyego ham, Frida ham mamlakatning chekka hududlarida tug‘ilib o‘sgan. Diyego o‘zgarishlar epkinlari hamisha chetlab o‘tadigan, hindular bilan muomalada allaqanday bepisandlik va kalondimog‘lik urf bo‘lgan konchilar shaharchasi — Guanoxuatoda dunyoga kelgan. Frida esa onasi — Matilda “qishloq” deb ataydigan, “Markiz” Ernan Kortesning ruhi kezib yurgan, tevarak-atrofdagi Xochimilko, San-Xeronimo, Istapalapa, Milpa Alta qishloqlaridan kelgan hindu dehqonlar to‘planadigan har haftalik bozordan boshqa deyarli hech qanday voqea-hodisa yuz bermaydigan Koyoakan shaharchasida tug‘ilib voyaga yetgan.
Diyegoni ham, keyinchalik Fridani ham industrial davr asirlari uchun o‘ziga xos pistirmaga o‘xshab qolgan hozirgi megapolis emas, aynan inqilobdan so‘ng talabalar, avantyuristlar, sevishganlar, mutafakkirlar, izzattalab siyosatchilar hamda zamonaviy san’at asoslarini egallashga intilayotgan nazariyotchi-san’atshunoslar uchrashadigan charaqlab turgan, beg‘am va shu bilan birga, jo‘shqin shahar — Mexiko o‘ziga ohanrabodek tortar edi.
Inqilobdan keyin Meksika poytaxti nihoyatda gavjum shaharga aylanib qoldi. Vilya va Sapata ortidan kelgan isyonchilarning ulkan oqimi shaharning markazi va Sokalo maydonini to‘liq egallab oldi. Har kuni mamlakatning turli burchaklaridan ming-minglab dehqonlar va qiziquvchan odamlar kelib, shahar ko‘chalari, bozorlar, xiyobonlarda kezishar, ilgarilari faqat asilzodalar ko‘rishi mumkin bo‘lgan ko‘hna obidalar atrofida to‘planib, bir-biri bilan uchrashar, tanishishardi. Shaharda ko‘chada savdo qiladiganlar, restoranlar, arzon mehmonxonalar hamda jamoat transporti kundan-kun ko‘payib borardi. O‘zligini anglashga intilayotgan meksikaliklar milliy san’ati va xalq musiqasini qaytadan kashf etish imkoniga ega bo‘ldi.
Diyego va Fridaning Mexikosi. Ijod ruhi, sir-sinoat va yangiliklarga tashnalik hukmron bo‘lgan shahar. Nazarimda, bironta ham boshqa shahar Mexiko singari inqilobning chinakam timsoli, ezilgan amerika xalqlari uchun haqiqiy mayoq bo‘lgani yo‘q. O‘tgan asrning yigirmanchi yillarida Meksika poytaxti Dikkens davridagi London yoxud Monparnas gullab-yashnagan davrdagi Parij singari san’at va tafakkur rivoji uchun oziq beradigan shahar edi.
1926 yilning avgustida Milliy saroyni ta’mirlash jarayonida ishchilar tepasida quyosh aks etgan tosh qo‘yilgan ulkan Tenochtitlan ehromi qoldiqlariga duch keladi. Shu tariqa, quyosh aksi tushirilgan buyuk ibodatxona tiklangan kunda hokimiyat ajdodlardan avlodlarga o‘tishi haqidagi ko‘hna afsona haqiqatga aylandi. Diyego Rivera Chapingodagi Milliy dehqonchilik maktabida bezash ishlariga kirishganda ana shu ehromning ochilish marosimi o‘tkazildi. Bu hol hindularning qadimiy madaniyatini tiklashga kirishilganidan dalolat berardi.
Ma’lum ma’noda, Diyego va Frida Meksika madaniy qadriyatlari, Kolumbgacha bo‘lgan tamaddunlar san’ati va ijodiy tafakkuri tiklanayotgan ana shu davrga xos ijobiy va salbiy jihatlarni o‘zida mujassam etgan ijodkorlar edi. Diyego birinchilardan bo‘lib Meksikaning inqilobiy istiqboli va hindular o‘tmishi bilan uzviy bog‘liqligi haqida gapira boshlagan: uning fikricha, “qadimiy meksikaliklar uchun kohinlarning ajabtovur rasm-rusumlaridan tortib eng oddiy kundalik ishlargacha — barcha-barchasi yuksak go‘zallik tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgan. Tog‘-toshlar, bulutlar, qushlar va baliqlar ular uchun zavq-shavq manbai hamda Buyuk Mohiyat ifodasi bo‘lib kelgan”.
Diyego va Frida butun umri va iste’dodini hindularning ana shu idealini izlashga sarfladi.
Diyego va Fridaning Mexikosi — ulkan imkoniyatlarga ega va tashqi dunyoga ochiq shahar edi: uning ko‘chalari san’at galereyasidan o‘rin olgan go‘yo tugallanmagan san’at asariga o‘xshab ketardi.
Bu yerda, shaharning qoq markazida, nisbatan cheklangan hududda(Arxentina, Moneda – Sokazo mavzelari, Alameda bog‘i hamda Dolores ko‘chasi oralig‘ida) har ikkisining hayotidagi asosiy voqealar bo‘lib o‘tadi. Diyegoning dastlabki freskalari yaratilgan va Frida bilan ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tgan Tayyorlov maktabi Arxentina ko‘chasida joylashgan. Ikki ko‘cha narida, Arxentina va Belezario Dominges ko‘chalari muyulishida ta’lim vazirligi, Fridani mayib-majruh qilgan avtofalokat sodir bo‘lgan San-Xuan bozori esa olti ko‘cha narida joylashgan. Diyego umrining o‘ttiz yilini bag‘ishlagan Milliy saroy shaharning qoq markazida, bir vaqtlar Tenochtitlan hukm-dori yashagan makon — Montesuma o‘rnida barpo etilgan. Fridaning, keyinroq Diyegoning dafn marosimi o‘tkazilgan, oq katafalkka o‘xshab ketadigan Nafis san’at saroyi sevishganlarning tungi makoni — Alameda bog‘i bilan tutashib ketgan.
Ana shu shahar va ikki ijodkor o‘rtasida g‘aroyib bog‘liqlik bordek: nazarimda, ularni inqilobiy e’tiqod, Meksika hindulari o‘tmishini tarannum etishga intilish birlashtirgan edi.
Diyego va Frida o‘rtasidagi muhabbat tarixi o‘tmishga aylangani yo‘q, chunki u Meksika bilan, gavjum shahar shovqin-suroni, ko‘chalar va bozorlar ifori, ko‘hna ibodatxonalar va asriy daraxtlar bilan uyg‘unlashib ketgan.
Chinakam san’at asarlari vaqt o‘tishi bilan o‘zgarmaydi, eskirib qolmaydi. Bugungi kunda ne-ne orzu-umidlar armonga aylanganiga, ko‘rimsiz savdo imperiyalari tomonidan hindularning betakror madaniyati har kuni oyoqosti qilinayotganiga guvoh bo‘lgan bu dunyoda Diyego va Frida yaratgan muhabbat va haqiqatga tashna timsollar kishini hayratga soladi. Meksika tarixida ular jonli mayoq singari hamon porlab turibdi.

“ODAMXO‘R” BILAN UChRAShUV

Diyegoning Frida bilan ilk uchrashuvi Ta’lim vazirligi buyurtmasi bilan universitetning bo‘lg‘usi talabalari o‘qiydigan Tayyorlov maktabi binosini devoriy suratlar bilan bezash ishlari boshlagan paytda bo‘lib o‘tadi. Keyinchalik Diyego hayotini tubdan o‘zgartirib yuborgan, Frida taqdirida ham muhim bosqich bo‘lgan ana shu uchrashuvni bot-bot esga olar edi.
U kontsertlar o‘tkaziladigan va sahna asarlari qo‘yiladigan Bolivar amfiteatrida ishlab turgan paytida ustunlar ortidan kimningdir masxaromuz ovozi qulog‘iga chalindi: “Ehtiyot bo‘l, Diyego! Naui kelayotir!” Naui Olin deganlari — haqiqiy ismi sharifi Karmen Mondragon, musavvir Murilo hamda mashhur doktor Atlning xushtori, o‘zi ham tasviriy san’at bilan qiziqadigan, rasm chizishda Diyegoga ko‘maklashadigan xonimlardan biri. Boshqa kuni Naui Olin rasm oldirish uchun uning oldida turganda yana o‘sha istehzoli ovoz eshitiladi: “Ehtiyot bo‘l, Diyego! Lupe kelayotir!” Kunlarning birida Diyego kechki mahal havozaning yuqori qismida ishlayotganda, Lupe Marin esa pastda kashta tikib o‘tirgan paytda eshik ortidan qandaydir ovozlar eshitildi va go‘yo kimdir ataylab itarib yuborgandek, to‘satdan zalda yoshgina qizaloq paydo bo‘ldi.
Diyego Tayyorlov maktabi talabalari kiyimidagi, ammo ularning hech biroviga o‘xshamaydigan “o‘n-o‘n ikki yasharlik qizaloq”qa (aslida u o‘n beshda edi) hayron bo‘lib tikildi. Keyinchalik 1944-1957 yillarda Gledis March bilan bo‘lib o‘tgan suhbatlarida o‘sha uchrashuvni eslab, Diyego shunday degan edi: “U o‘ziga ishongan, qadr-qimmatini biladigan odamdek tutar, ko‘zlari porlab turardi. U xushro‘y, ko‘kraklari bo‘liq edi”. Kim biladi, Frida va Lupe Marin yuzma-yuz turib, nigohlari bilan teshib yuborgudek bir-biriga qarab qolgani haqidagi gaplari haqiqatdan yiroq bo‘lishi ham mumkin. Harholda, taqdir taqozosi bilan raqqosalardek harakatchan, shumtaka va shu bilan birga o‘ta jiddiy qizaloqning «odamxo‘r» — ayollarning kushandasi va ishga jon-dili bilan berilgan musavvirning yuzma-yuz bo‘lgani ayni haqiqat.
Qanchadan-qancha voqea-hodisalar yuz bergan, bir-biri bilan to‘qnashadigan va bir-birini boyitadigan g‘aroyib g‘oyalar paydo bo‘lgan inqilobdan keyingi davrdagi bu uchrashuv ularning taqdirini hal qildi-qo‘ydi. Bu uchrashuv Diyegoning hayotini tubdan o‘zgartirdi, shaxsiyatining ilgarilari u mutlaqo xayoliga ham keltirmagan yangi-yangi qirralarini namoyon etdi, o‘sha qizaloqni esa zamonamizning o‘ziga xos, eng iste’dodli musavvirlaridan biriga aylantirdi.
Shunday qilib, Frida havoza ustida turgan devqomat odamga qo‘rqmasdan yuzlanib, u qanday ishlayotganini ko‘rishga ruxsat so‘raganda chindan ham Bolivar amfiteatrida qandaydir g‘aroyib hodisa yuz bergan ko‘rinardi. Harholda Diyegoning Frida haqidagi “o‘ziga ishongan, qadr-qimmatini biladigan odamdek tutardi”, degan so‘zlari qizning bolalarcha sodda va dadil nigohi hamda jozibasi uning hissiyotlarini qitiqlab, musavvir qalbini rom etganidan dalolat berardi. Keyinchalik Diyego u bilan Lupe Marin o‘rtasidagi rishtalar uzilgandan so‘ng amfiteatrdagi o‘sha uchrashuv qanchalik muhim bo‘lganini tushunib yetadi, qayta-qayta uni xayolidan o‘tkazadi.
1928 yilda maorif vazirligida rus inqilobining fojiaviy oqibatlari ta’sirida g‘amgin freskalar yaratayotgan paytda zalga kirib kelgan “o‘n sakkiz yashar g‘oyat xushsurat, qorayaloqning dumiga o‘xshab ketadigan qalin tim qora qoshlari chimirilgan”, sochlari uzun qizni ko‘rib, Diyego avvaliga Bolivar amfiteatriga yugurib kirgan o‘sha qizaloqni tanimaydi. Ehtimol, ularni umrbod bir-biri bilan bog‘lagan ikkinchi uchrashuv boshqacha bo‘lgandir, ammo musavvirning o‘zi uni aynan shunday tasvirlanishini istaydi. Bir vaqtlar amfiteatr ustunlari ortidan istehzoli ovozi eshitilgan qizaloq o‘tgan besh yil ichida mislsiz azob-uqubatlarni boshidan kechirgan, o‘zi ham musavvirlikka mehr qo‘ygan qizga aylangan edi. Frida uni maftun etgan, jufti haloli bo‘lishga qaror qilgan hamda bir etak farzand ko‘rishni orzu qilgan inson bilan uchrashishni sabrsizlik bilan kutardi. Tasviriy san’at esa xohlagan paytda uchrashish, yana va yana amfiteatr eshiklarini ochib, sevgilisining hayotiga shiddat bilan kirib borishga imkon berardi.
Albatta, bu qadar kichik va havodek yengil jismdagi mislsiz jasorat va kuchli iroda, tim qora ko‘zlarning jozibali nigohi Diyegoni bee’tibor qoldirishi mumkin emasdi. U havozadan ohista pastga tushib, Frida tomon yura boshladi. U Fridani darrov taniyolmadi: qirq ikki yoshlik erkak uchun besh yil bir yildek o‘tib ketgandek bo‘lsa, bo‘yi yetgan qizga aylangan Frida uchun bu yillar nihoyatda og‘ir va iztirobli bo‘lgan edi. Frida yaratgan asarlari va zo‘r musavvir bo‘lish istagi haqida gapira boshlaganda Diyegoning ko‘ngli birdan yorishib ketdi: axir, bu xushtori Lupe Maringa raqib sifatida qaragan, u bilan qo‘rqmasdan tillashgan va tanobini tortib qo‘ygan o‘sha shartaki, shumtaka qizaloq-ku! Hatto o‘ziga bino qo‘ygan Lupe bir oz esankirab, “Buni qaranglar-a! Hali og‘zida ona suti qurimagan bu qizaloq mendek durkun va qudratli ayoldan qo‘rqmasa-ya!” deganini o‘zi ham bilmay qoldi.
Kim biladi, deysiz, bu gaplar Diyegoning xayoliy mushohadalari mahsuli bo‘lishi ham mumkin. Nima bo‘lganda ham, oradan besh o‘tib, Lupe Marin yonida yo‘q, uning erki o‘zida. Darvoqe, Frida ham bundan xabardor, shu bois u Diyegoni o‘ziga rom eta olishini, uniki bo‘lishini yaxshi bilardi.
Diyego bilan ikkinchi bor uchrashganda (bu paytda musavvir Maorif vazirligida devoriy suratlar ustida ishlayotgan edi) Fridaning ko‘z o‘ngida yetuk, hayotning achchiq-chuchugini tatib ko‘rgan odam namoyon bo‘ldi. Devsifat (hazillashib Frida uni “Fil” deb atardi) bu odamning yoshi ikki barobar katta, ikki bor uylangan, to‘rt farzandning otasi: Angelinadan o‘g‘li, xushtori Morevnadan qizi va Lupe Marindan ikki qizi bor edi.
Ammo suratkash Edvard Veston kundaligida yozganidek, yuzining qiyofasi xuddi bolanikidek, peshonasi keng, boshi ulkan gumbazdek edi; uning yuz tuzilishi va qiyofasida go‘yo barcha irqlar Vaskonselos tasavvuridagi g‘aroyib timsolga birlashgandek. Uni nyu-york-lik mushtariylarga tanishtirgan Anita Brenner (“Tasviriy san’atning jasoratli ritsari”, “Nyu-York tayms”, 1933 yil aprel) musavvirning hayratomuz timsolini yaratadi: “Muloyim xulq-atvor, muomala va jussani italiyaliklardan, gapga chechanlik va jiddiy qiyofani ispanlardan, terining rangini, kichik va keng kaftlarni meksikalik hindulardan, jonli va teran nigohni yahudiylardan, indamaslikni ruslardan olgan; bundan tashqari, unga xos bo‘lgan yoqimtoylik, o‘tkir zehn, aql-zakovat, fikrni tizginga sola bilish xislati bilan har qanday suhbatdoshni o‘ziga rom etardi”.
Uning qiyofasidagi ana shu tafovut: ulkan, devqomat hamda ma-yin qiyofa va kichikkina bezovta qo‘llar barchani hayratga solar edi. Qiyofasi harchand beo‘xshov bo‘lmasin, uning jismidagi allaqanday ibtidoiy kuchga kamdan-kam ayol dosh bera olardi. Albatta, Diyegoning shuhrati va badavlatligi ham ayollarni jalb etardi: uning atrofida hamisha taniqli siyosatchilar va aql sohiblari o‘ralashib yurardi. Qolaversa, uning ko‘zlaridagi qandaydir ilohiy nur, jismidagi haybat, ehtiroslaridagi zaiflik, uning ustidan hukmronlik qilishdan lazzatlanish mumkinligi barchaning diqqat-e’tiborini tortar edi. Kunlarning birida urushdan keyin Monparnasda unga duch kelgan Eli For1 uning jismoniy kuch-qudratiga qoyil qolib, shunday deb yozadi: “O‘n ikki yil muqaddam Parijda ulkan aql-zakovat sohibiga duch keldim. Gomerdan o‘n asr ilgari Pinda va Egey orollari sohillarida yashagan ko‘plab oqinlarni shunday tasavvur qilardim. Uni afsungar desa ham bo‘ladi”. Darhaqiqat, Diyego Rivera faqat devsifat qomati bilan emas, g‘ayritabiiyligi, so‘zlash uslubi bilan ham barchani hayratga solardi. U bir vaqtning o‘zida ham afsungar, ham maqtanchoq, ham xayolparast edi.
Diyego o‘ziga tegishli bo‘lgan har qanday afsonaviy shov-shuvlarni jon-dili bilan qabul qilardi. Aytishlaricha, u Guatoxuato tog‘ yon-bag‘ridagi o‘rmonda tug‘ilib o‘sgan, otomi qabilasiga mansub hindu ayol qo‘lida tarbiya topgan emish. Olti yoshga to‘lganda u Guatoxuato islovatxonasi “tarbiyachi”lari davrasining to‘rida bo‘lgan ekan. O‘n yoshida tasviriy san’atga muhabbat va shuhratparastlik uni Mexikodagi San-Karlos badiiy akademiyasiga yetaklagan.
Diyego o‘zi haqidagi dahshatli voqealarni gapirib yurishni xush ko‘rardi. U qadar ishonchli bo‘lmagan tarjimai hollaridan birida uning hatto “odamxo‘rlik tajriba”lari haqida ham so‘z boradi…
Albatta, tog‘ni talqon qiladigan devsifat odam, ayollar kushandasi timsoli — bu shunchaki Diyego xayoloti mahsuli bo‘lsa, bolalik davri haqidagi gaplari, ehtimol, haqiqatga yaqinroq bo‘lsa ajab emas. Bir yarim yasharligida egizak ukasi Karlos vafot etib, onasi g‘am-alamdan to‘shakka mixlanib qolganda, u butun farzandlik ehtirosi bilan enagasi — hindu ayol Antonioga bog‘lanib qoladi.
Antonio haqida ma’lumot ko‘p emas. Diyegoning singlisi Mariya del Peroning ta’kidlashicha, u shunchaki sadoqatli xizmatkor,to‘pori, ammo sog‘lom fikrlaydigan oddiy dehqon ayoli bo‘lgan ekan. Ba’zan u bolani o‘zi bilan Guanaxuato yaqinida joylashgan tog‘ yon bag‘ridagi o‘rmonga olib borar, bu yerda Diyego tengqurlari va fermadagi jonivorlar bilan o‘ynar edi. Diyegoning o‘zi esa enagasini tamoman boshqacha tasvirlaydi, u haqda hayrat va cheksiz mehr-muhabbat bilan so‘zlaydi. Uning aytishicha, bu hindu ayol bolalik davridagi eng yaqin kishilaridan biri bo‘lgan, aynan Antonio Diyego hayotida chuqur iz qoldirgan hindularning rang-barang va g‘aroyib olamiga uni oshno qilgan ekan. “U men uchun hamisha barhayot, — deb yozadi Diyego tarjimai holida. — Yigirma yashar sarvqomat, xotirjam, harakatlari nozik, oyoqlari g‘oyat chiroyli bu ayol, boshida qandaydir yuk ko‘tarib turgandek, doimo o‘zini g‘oz tutib yurardi”.
Diyego umrining oxirigacha Amerikaning Kolumbgacha bo‘lgan misl-siz go‘zalligi va kuch-qudratini o‘zida mujassam etgan ana shu timsolga sodiq qoldi. “Musavvir uchun, — deb yozadi u, — Antonio hindu ayolining chinakam timsoli edi; men ko‘p bora xotiramga tayanib, uni meksikacha uzun qizil libosda va katta ko‘k ro‘mol bog‘lab turgan holda tasvirlaganman”.
Otomi qabilasi taomiliga ko‘ra, qizil libos kiyib, boshiga ko‘k ro‘mol bog‘lab yuradigan ana shu ayol Diyego ijodini oziqlantirib kelgan hindular olamiga olib kirdi. Aynan Antonio tufayli uning bolaligi maroqli o‘tdi: u o‘rmonda o‘sib-ulg‘aydi, ko‘hna afsungarlik san’ati hamda dorivor o‘tlar bilan davolash muolajasi bilan tanishdi. Diyego erkinlik nashidasini surar, echki sutidan simirar, o‘rmon jonivorlarining barchasini, hatto eng yirtqich va zaharlilarini ham o‘ziga do‘st deb bilardi. Boshqacha aytganda, Diyego timsolida navqiron Gerakl yoxud afsonaviy chaqaloq Pantagryuel namoyon bo‘ldi. Hayratlanarlisi shundaki, Diyego uchun hindu enaga va sut beruvchi echki hamma narsadan ham muhim va qimmatlidir; ular bolaligidagi barcha yaqinlari — onasi, xolalari, hatto singlisi Mariyani xotirasidan siqib chiqargan edi.
Sirasini aytganda, Diyego aksariyat yolg‘iz kishilar singari bolalik nimaligini bilmaganman, aslida chinakam hayot tasviriy san’atga qiziqishdan hamda muhabbat ehtirosidan boshlangan demoqchi.
Aynan shu jihati bilan u Fridaga jozibali ko‘rinadi: u izzattalab, ehtiroslarga limmo-lim haqiqiy erkak, ayollar nazarida boladek zaif, o‘ta xudparast, havoyi, rashkchi, xayolparast, uydirmachi, shu bilan birga, kuch, jo‘shqinlik hamda faqat o‘ta sodda odamlarda uchraydigan allaqanday latiflik unga xos edi. U hayot beradigan hamma ne’matlardan bahramand bo‘lishni xohlardi: tasviriy san’at olamida shuhrat cho‘qqisiga ko‘tarilishni, ayollarning diqqat-e’tiborini qozonishni, mol-dunyo va hokimiyatga erishishni orzu qilardi.
 Bir gal yalang‘och ayol suratini chizib, San-Karlos akademiyasidagi ustozi Ribelning e’tiborini jalb etganini Diyego g‘urur bilan gapirib bergandi. O‘shanda ustozi unga: ishni taomilga ko‘ra boshlamabsan, endi uni oxiriga yetkazishing amrimahol deya, tanbeh berganda, u pinagini buzmay chizishda davom etar, kursdoshlari esa ustoz yana nima derkin deya, Diyego atrofida to‘planishdi. Etyud yakunlanishi bilan, ancha vaqt sukut saqlagan ustoz: “Nima ham derdim: asar qiziqarli chiqibdi. Ertalab ustaxonaga kelsangiz, gaplashib olardik”, dedi. Bu o‘rinda ustozning bahosi va Diyegoning san’atdagi qarashlari bir-biriga mos tushgan edi: “Eng muhimi — harakat va hayotga qiziqishingiz so‘nmagani. Tanqidchilar va hasadchi hamkasblaringizga esa parvo qilmaganingiz ma’qul”.
Ana shu oddiy so‘zlarda Diyegoning kelajagi mujassam edi: tinimsiz harakat, hayotga chanqoqlik va ruhiy erkinlik. Musavvirning ijodiy kamolot yo‘lida buyuk iste’dod sohibi, chinakam ijodkorni emas, qandaydir afsungar va xayolparastni “kashf etgan” hasadgo‘ylar ham unga hamroh bo‘lishi tabiiy hol edi.
Mexikodagi o‘qishning dastlabki yillarida Diyego XIX asr oxirida yashab ijod etgan meksikalik buyuk musavvir, milliy san’at rivojiga ulkan hissa qo‘shgan xassos ijodkor, keyinchalik ustoz deya ardoqlagan zot — Xose Guadalupe Posada bilan tanishadi.
Zo‘r bezakchi rassom, karikatura ustasi, buyuk o‘ymakor asli Guanoxuatoda tug‘ilib o‘sgan. Ular uchrashgan kezlarda Mexikoning markazida, badiiy akademiyaning yonginasida San-Ines (hozirgi paytda Moneda) ko‘chasidagi 5-uyda Posadaning o‘ymakorlik do‘koni va ustaxonasi joylashgan edi. Diyego deyarli har kuni, bo‘sh vaqti bo‘ldi deguncha, ustaxona oynasiga qo‘yilgan yangi suratlarni tomosha qilishga shoshilardi. Bu asarlar (ko‘cha ko‘rinishlari, taniqli siyosatchilar, ruhoniylar, generallar, sudyalar, Goyyaning “Kaprichos”lari va Domening sharjlariga o‘xshab ketadigan zodagon ayollar) San-Karlos akademiyasidagi ko‘rimsiz an’anaviy rasmlardan ko‘ra uning ehtiroslariga mos bo‘lib, kuchli ta’sir etardi.
Aynan Xose Guadalupe Posada do‘koni oldida uning musavvirlik missiyasini belgilab bergan narsalar: xalq nomidan so‘zlashga intilish, Uyg‘onish davridagi italyan ustalar yoxud barokko davrida ispan tasviriy san’at ustalari singari azaliy madaniyatidan uzilib qolgan, ezilgan xalqlar orzu-intilishlarini aks ettirishni ko‘ngliga jo etdi. Keyinchalik u Gledis Marchga bu haqda shunday degan edi: “Aynan Posada Meksika xalqining betakror go‘zalligi, uning orzu-umidlari, maqsad-muddaolarini anglashimga ko‘maklashdi. U har qanday san’atning mazmun-mohiyatini belgilaydigan asosiy tamoyilni tushuntirib berdi: his-tuyg‘ular kuchiga tayanmasdan turib hech nimani ifoda etib bo‘lmaydi, asarning ruhi ana shu his-tuyg‘ularning kuchi bilan belgilanadi”.
O‘lim va iztirob, do‘zax manzarasi va azob-uqubatlari aks ettirilgan, hatto hayot quvonchlari ham dahshatli yakun muqarrarligini eslatadigan Posada asarlari kishilar hayotining beqarorligini har soniyada his etish mumkin bo‘lgan don Dias davridagi Meksika voqeligini (qurolsiz aholining o‘qqa tutilishi, tashqi tajovuz xavfi, hokimiyat tepasida o‘tirganlarning badnafsligi, jangarilarning shafqatsizligi, ommaviy qirg‘inlar, maydonlardagi bayram, o‘yin va tomoshalar hamda tobora ayon bo‘lib borayotgan isyon, qo‘zg‘olon tahdidi) aniq namoyon etardi. Diyego xuddi Posada singari o‘lim va hayot doimo yonma-yon yuradigan ana shu mamlakat ruhining chinakam ifodalovchisi edi.
Bertram Volf Diyegoga bag‘ishlangan kitobida uning Posada asarlarini Mikelanjelo gravyuralariga qiyoslab, bolalarcha hayrat va zavq-shavq bilan so‘zlagani haqida hikoya qiladi. Posada Diyego hayotining mazmun-mohiyatini belgilab bergan ijodiy “men”ining ikki qirrasini anglab yetishiga ko‘maklashgan edi. Birinchidan, Diyegoning meksikancha o‘ziga xosligi: ko‘hna hindular madaniyatidan oziqlanadigan xalq badiiy ijodiyoti umrining oxirigacha uning uchun ilhom manbai sifatida xizmat qildi. “Meksikalik hindular san’atining hayotbaxsh qudrati, — degan edi u Gledis Marchga, — vatan, zamin, tabiat, hayvonot olami, ularni qurshab turgan turfa ranglarning uzviy bog‘liqligi va mushtarakligi bilan belgilanadi. His-tuyg‘u esa ana shu san’atning, aks ettirmoqchi bo‘lgan eng muhim narsalarning o‘zagini tashkil etadi. U kishilar orzu-umidlari, quvonch-tashvishlari, xurofot va iztiroblari bilan yo‘g‘rilgan”. Aynan ustozi tufayli Diyegoning hindular san’atiga bunday munosabati umrining oxirigacha unga ilhom baxsh etgan, yo‘naltirgan hamda Frida bilan yaqinlashtirgan asosiy ijodiy tamoyilga aylandi, og‘ir, musibatli kunlarda unga kuch bag‘ishladi, o‘zligidan voz kechmagan holda turli ziddiyatlarni hal etishga ko‘mak berdi.
Posada asarlarini ko‘zdan kechirgan Diyego anglab yetgan ikkinchi jihat bu — inqilobiy kurash zarurati. Posadaning hajviy rasmlari, Dias rejimiga qarshi chiqishlari, dimog‘dor zodagonlar ustidan istehzoli kulishi, ruhoniylar va harbiylarga qaratilgan zaharxanda asarlari Diyegoning qalbiga isyonkorlik ruhini olib kirdi. Hech qanday siyosiy voqea-hodisalar e’tiqodini o‘zgartira olmaydi: u siyosatchi bo‘lib tug‘ilmagan edi. Bu Posada gravyuralari kashf etgan yana bir haqiqat. Vaqt o‘tib, siyosiy arbob Trotskiy yoki adabiyotdagi aslzodalardan biri Andre Breton bilan uchrashganda, u o‘zga g‘oyalarga duch kelgan odam singari o‘zini noqulay his etgandi. Uning uchun bu g‘oyalardan ko‘ra, meksikaliklarning dag‘al istehzosi va donishmandligi, o‘lim aksi va hindularning betakror go‘zalligi, gullarga burkangan hindu qiz va g‘aroyib naqshlarning o‘zaro mushtarakligini tasvirlash muhimroq edi: 1947-1948 yillarda, musavvir umrining oxirida yaratilgan asarlarda ana shu g‘aroyib olam yuksak mahorat bilan aks ettirildi.

“YoVVOYI” ODAM PARIJDA

Diyego ham, Frida ham, har biri o‘z davrida va o‘ziga xos tarzda, ijodining burilish pallasida G‘arbiy Yevropa madaniyatining yangi shakl-shamoyillari ta’siriga berildi. Ayniqsa Diyego uchun bu jarayon uzoq davom etdi: u umrining o‘n to‘rt yilini Frantsiya va Ispaniyada o‘tkazdi, bu mamlakatlarni kezib chiqdi, san’atda burilish yasagan taniqli ijodkorlar bilan uchrashdi. Shu yerda u uylandi, o‘g‘il ko‘rdi, ijod ahli hayotini o‘rgandi, qashshoqlik va urushni boshdan kechirdi, san’atda o‘z yo‘lini topishga erishdi. Katta tajriba orttirgan, shon-shuhratga burkangan, inqilobiy g‘oyalar ta’siriga berilgan Diyego nihoyat Meksikaga qaytib keldi.
Frida esa shaxs va musavvir sifatida shakllangandan keyingina hamda uning yordamida bir oz so‘nib qolgan nufuzini tiklashni ko‘zlagan Andre Breton va syurrealistlar taklifi bilan istar-istamas Parijga bordi. Bu yerda qisqa vaqt bo‘lgan Fridada Parij va parijlik musavvirlarga nisbatan nafrat tuyg‘usi paydo bo‘ladi, hatto maktublarida bu shaharni este pinche paris — “iblislar shahri” deb ataydi hamda uning bilan parijlik musavvirlar o‘rtasida ulkan jarlik borligini anglab yetgan zahoti Meksikaga qaytib ketadi. Uning nazarida, Yevropa, ayniqsa, Frantsiya bir vaqtlar Diyego bilan San-Frantsiskoda ko‘rgani — Gringolandiyadan farq qilmasdi. Ehtimol, u Yevropaga Diyegosiz bir o‘zi kelgani uchun bu sayohatdan ko‘ngli to‘lmagandir.
Diyego uchun hammasi o‘zgacha bo‘lgan edi: Yevropaga sayohat uning hayotida chuqur iz qoldirdi. O‘spirinlik davri va San-Karlos akademiyasi bilan xayrlashib, dastlab Ispaniyaga borishga qaror qildi. U uydagi rishtalardan uzilish, moddiy ahvolini o‘nglashdan tashqari (Porfirio Dias hukmronligi davrida musavvirlarning ahvoli tang edi), dunyoqarash va bilim doirasini kengaytirish, buyuk musavvirlar bilan musobaqalashishni ko‘zlagandi. 1909 yili Diyego ilk xorijiy safarga otlangan paytda san’at asarlari hali eksport tovariga aylanmagan edi. Muzeylardagi sara asarlar hech qayoqqa olib chiqilmas, reproduktsiyalar hali paydo bo‘lmagan, nusxalar ham ko‘ngildagidek emasdi. Binobarin, El Greko, Goyya, Velaskes, Rafael, Rembrandt, Breygel, Bosx, Van Eyk va Mikelanjelo asarlaridan bahramand bo‘lish uchun muzeyga borish lozim edi. Veraktus shtati gubernatori Teodor Deesadan stipendiya undirgan, musavvir Mauriloning (doktor Atl) hikoyalaridan ruhlangan Diyego shu tariqa o‘tgan asr boshlarida Yevropada paydo bo‘ldi.
U dastlab Ispaniyaga tashrif buyurib, Madriddagi Prado muzeyida namoyish etilayotgan Goyya va Velaskesning noyob asarlarini tomosha qildi. Goyya ijodidan hayratlanganidan unga taqlid qilishga intildi va hatto soxta, yasama nusxalar chizishni ko‘ngliga tugdi, ammo tez orada bu niyatidan voz kechdi: u hech qachon boshqa musavvirning uslubini o‘zlashtirib, mukammal nusxa olishga erisha olmasligini anglab yetdi. Ispaniyada uni faqat tasviriy san’atgina o‘ziga jalb etmagan edi. Zero, XX asr boshlari Ispaniya — keskin ziddiyatlar mamlakati bo‘lgan: bu yerda, bir tomonda, aql bovar qilmaydigan boylik, Karl Beshinchi imperiyasi va qirolicha Izabellaning merosi, ikkinchi tomonda, dahshatli qashshoqlik hukm surar edi. Diyego uchun Ekstremadura dehqonlari va Kataloniya batraklari Mexiko vodiysida, Velakrusdagi shakarqamish paykallarida tong sahardan qosh qorayguncha mehnat qiladigan peonlar yoxud Gerrero va Michoakandagi yerlarni chopiq qilayotgan hindular og‘a-ini edi. Ularning azob-uqubatlarini ko‘rgan musavvirning qalbida barcha ezilgan xalqlarning o‘zaro birodarligi haqidagi orzular va ispan zodagonlariga nisbatan naf-rat tuyg‘usi paydo bo‘ladi. Keyinchalik bularning barchasi Chapingodagi konkistadorlar aks ettirilgan musavvirning devoriy suratlarida zo‘r mahorat bilan ifodalangan edi.
Ammo Diyego faqat Ispaniya taassurotlari bilan qoniqmaydi. Chunki 1909-1910-yillarda dunyo miqyosidagi san’at markazi Parij va ijodkorlar manzili — Monparnasda bo‘lish uning azaliy orzusi edi. Aynan shu yerda — Monparnasda kamxarj Diyego dastlab pansionda, keyinchalik esa Depar ko‘chasidagi ustaxonada istiqomat qildi.
Bryusselga safari chog‘ida u sof slavyancha qiyofaga ega, ko‘zlari moviy, keyinchalik Diyegoning o‘zi xotirlaganidek, “bag‘oyat nozik, ehtirosli va sofko‘ngil” yosh rus ayoli — Angelina bilan tanishdi. U Diyego jozibasiga taslim bo‘ldi. “Baxtiqaro bu ayolning, — deya eslaydi musavvir, — men bilan qonuniy turmush qurishga jazm etganiga hayronman”. Diyegoning Parijdagi hayoti davrida Angelina quvonchli kunlarda ham, tashvishli damlarda ham hamisha uning yonida bo‘ldi. U o‘ziga o‘xshamagan, jahldor, ba’zan esa bolalarcha soddadilligi, g‘ayritabiiy qobiliyati bilan barchani hayratga solgan ana shu yosh musavvir, qiziqqon meksikalik bahodirga oshiq bo‘lib qolgandi.
1915 yilda (o‘sha paytda Frida hali bola edi) Angelina ko‘rgan farzand ko‘p o‘tmay vafot etdi. Frida bu fojia haqidagi xotiralarni yumshatish maqsadida hali Diyego bilan uchrashmasidanoq, unga o‘g‘il tug‘ib berishni ko‘ngliga tugib, bu niyatini Tayyorlov maktabidagi kursdoshlariga g‘urur bilan e’lon qilgan edi.
Parij Diyego uchun shunchaki madaniyat markazigina emas, u tasviriy san’atning chinakam maktabi ham edi. Diyego bu shaharga kelganidan keyin tasviriy san’at asarlari bilan savdo qiluvchi Ambruaz Vollar do‘koni oynasidan Sezanning asarini ko‘rib, qanchalar hayajonga tushganini shunday tasvirlaydi:
“Men bu asarni soat o‘n birlarda tomosha qila boshladim. Peshin mahali Vollar ovqatlangani ketayotib, galereya eshigini yopib qo‘ydi. Bir soatdan keyin qaytib kelgach, hamon asar ro‘parasida turib, o‘yga tolib turganimni ko‘rib, menga g‘alati qarab qo‘ydi. So‘ng kursiga borib o‘tirdi-da, ko‘z qiri bilan meni kuzata boshladi. Egnimdagi kiyimlar haddan tashqari yupun bo‘lganidan, u hoynahoy meni o‘g‘ri, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Keyin shiddat bilan o‘rnidan turib, Sezanning boshqa asarini oldi-da, birinchisi bilan almashtirdi. Daqiqa o‘tar-o‘tmas, uning o‘rniga uchinchi asarni keltirib qo‘ydi. Keyin birin-ketin Sezanning yana uchta asarini keltirdi. Bu vaqtda qosh qoraya boshlagan edi. Vollar vitrinadagi chiroqni yoqib, Sezanning yana bir asarini keltirib qo‘ydi. Nihoyat, sabri tugadi shekilli, yonimga kelib baqira ketdi: “Tushunsangiz-chi! Menda uning boshqa asari yo‘q!”
Diyego tungi ikki yarimda uyga qaytdi: Parij ko‘chalaridagi izg‘irin ta’siridanmi yoki Sezann asarlaridan hayajonga tushganidanmi, kechasi bilan issig‘i ko‘tarilib, alahsirab chiqdi.
Qisqa vaqtga vataniga kelgan Diyego zamonaviy tarixning muhim voqeasi — keyinchalik ko‘plab inqilobiy harakatlarning debochasi bo‘lgan 1910 yildagi Meksika inqilobiga guvoh bo‘ldi. Chaqmoqdek boshlangan inqilob o‘tida yonmaganlarning barchasi: aksariyati burjuaziyaga mansub xayrixohlar, musavvirlar, aql sohiblari chetga uloqtirildi. Binobarin, Diyego ham, uning do‘sti Vaskonselos ham inqilobda bevosita ishtirok etmagan bo‘lsa-da, bu voqealarga befarq qolmadi. Frantsisko Madero hokimiyat tepasiga kelib, mamlakatda tinchlik-osoyishtalik o‘rnatilganda Diyego va Vaskonselos nazarida go‘yo hech nima o‘zgarmagandek bo‘lib tuyuladi. Har ikkisi ham zodagonlar qavmiga mansub bo‘lgani bois Meksika jamiyatini larzaga solgan tub o‘zgarishning kuch-qudratini his eta ololmasdi. Hatto diktator Porfirio Diasning taxtdan ag‘darilgani ham ular uchun katta voqea bo‘lmadi. Diyego mamlakatida ro‘y bergan inqilobning mazmun-mohiyatini, bu jarayonlarda o‘zining o‘rnini anglab yetishi uchun Parij muhitida o‘n yil mobaynida ulg‘ayish davrini boshdan kechirishiga to‘g‘ri keldi.
Frida esa bunday ulg‘ayish davriga zarurat sezgani yo‘q. Chunki u inqilob bilan dunyoga kelgan va o‘sib-ulg‘aygan avlod vakili. Yangi g‘oyalar uning qon-qoniga singib ketgan edi. Uning nigohida Diyego allaqanday afsonaviy qahramon sifatida namoyon bo‘ladi: musavvir Sapata machete bilan qurollangan dehqonlarni ortidan ergashtirib kelganini ko‘rgan, o‘sha kezlarda Mexiko ko‘chalarida bo‘lgan, Moskvaga borganda rus inqilobchilari bilan muloqot yuritgan, hatto Stalin bilan uchrashgan edi.
Diyego inqilob alangasida yonayotgan yurtidan 1911 yilning qishida “inqilobiy” Parijga qaytadi. Ammo bu yerda u ijtimoiy to‘ntarishga emas, tasviriy san’at, musiqa, she’riyat, adabiyotda modernizm asoslarining shakllanishi, syurrealizm oqimining vujudga kelishi, tasviriy san’atda Pablo Pikassoning da’vatkor, afsonaviy asarlaridan oziqlangan yangi-yangi yo‘nalishlarning paydo bo‘lishiga xizmat qilgan tom ma’noda tub o‘zgarishlar davriga duch keldi.
 Diyegoni larzaga solgan Sezann asarlari bilan ilk uchrashuv uni yangiliklarni tinimsiz izlash jarayoniga yetakladi. Parijga qaytgach, u kubizmning2 estetik nazariyasi tarafdoriga aylandi va ana shu oqim ta’sirida Depar ko‘chasidagi ustaxonasida birin-ketin asarlar yarata boshladi. Tasviriy san’atga sho‘ng‘ib, u tabiatidagi johillikni yengib o‘tishga intildi. Bu uning uchun hayotiy zaruratga aylandi: in-qilobdan keyingi Meksikadagi boshboshdoqlik sharoitida chinakam san’atga o‘rin qolmagan edi. Diyegoning nazarida, kubizm o‘zida inqi-lob yasash uchun zo‘r imkoniyat edi. Zero, El Greko ta’sirida San-Karlos akademiyasi va Toledoda u o‘rgangan mumtoz ispan tasviriy san’atining asoslari kubizm tomonidan yemirilib, chilparchin qilingan edi.
1914 yili Diyegoning yana bir azaliy orzusi ushaldi. U Fudzita va Kavasima hamrohligida Pablo Pikassoning ustaxonasiga tashrif buyurib, musavvir bilan tanishishga muyassar bo‘ldi. Shundan e’tiboran u san’atda yangi yo‘llarni izlashga intilayotgan Pikasso, Pikabia, Xuan Gris, Brak, Modilyani singari musavvirlarni birlashtirgan kichkina va serharakat to‘garakning a’zosiga aylandi. Diyegoning tomirlarida yahudiylar qoni ham (ota tarafidan buvisi Inee Akosta portugaliyalik yahudiylarga mansub edi) oqayotgani bois, u Sutin, Kisling, Maks Jakob, Ilya Erenburg singari muhojir – yozuvchi va musavvirlar bilan yaqinlashdi. Amadeo Modilyani bilan uning o‘rtasida chinakam do‘stlik rishtalari bog‘landi: ular birgalikda bazmi jamshid qilishar, ba’zan bo‘g‘ilib qolguncha bahslashishar, doimo bir-biriga ko‘maklashishardi. Hatto ma’lum muddat moddiy jihatdan qiynalib qolgan Amadeo va uning sevgilisi Janna Ebyutern Diyego va Angelinaning Depar ko‘chasidagi xonadonidan panoh topgan edi.
Urush boshlanishi bilan Meksika hukumatidan olayotgan stipendiyasi to‘xtatib qo‘yilgani sababli, harbiy harakatlar davridagi Parij Modilyani va boshqa musavvirlar hayotida o‘ziga xos tuzoqqa o‘xshab qolgani singari, Diyego ham isitilmaydigan ustaxonasida mablag‘siz qolib ketdi. Biroq, ana shunday tahlikali kezlarda ham Parij san’at shaydolari hayoti o‘pqoniga tushib qolgan Diyego o‘zini “odamxo‘r”dek, ayollar kushandasidek namoyon etardi. To‘fondek paydo bo‘lgan ehtiros ta’sirida taqdir uni Angelina Belovaning dugonasi, u ham rus millatiga mansub, xipchabel, sariqsoch, kuchli irodali va g‘oyat izzattalab xonim — Morevna Vorobeva-Stebelskaya bilan bog‘ladi. Ular qiz ko‘radi, unga Marika deb ism qo‘yishadi. Ana shu g‘aroyib muhabbatdan xotira sifatida Diyegoning monparnaslik do‘stlari aks ettirilgan ikki eskiz va gardanidagi chandiq (xayrlashayotganda Morevna uning gardaniga pichoq sanchgan edi) saqlanib qoladi.
1918 yilning oxirida Diyego o‘g‘lidan ajraladi: bola urush davri qiyinchiliklari tufayli menengitga chalinib vafot etadi.
Bu ruhiy jarohat musavvir umrining oxirigacha tuzalmaydi. Uni Angelinaning muhabbati, atrofdagilarning iliq, do‘stona munosabati qurshab turganiga qaramay, Diyego hayotining Parijdagi davri poyoniga yetgani, endi izlanishlarni boshqa joyda davom ettirishi zarurligini angladi.
Buyuk Eli For bilan uchrashganidan keyin u qat’iy qarorga keladi. Bertran Volfening ta’kidlashicha, aynan Eli For tufayli musavvir san’atdagi haqiqatning mohiyatini, o‘zining maqsad-muddao hamda missiyasini anglab yetadi. “Musavvir, — deya uqtirardi unga Eli For, — hech qachon yolg‘iz qolmasligi kerak. Uning asarlari barcha uchun tushunarli bo‘lgan taqdirdagina ijodkor xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi”. Shunisi aniqki, ruhan ozod va nozikta’b For Diyego Riverada Monparnasning intellektual tajribasi buysundira olmagan mislsiz kuch-qudrat, ulkan iste’dod, g‘ayritabiiy quvvatni his etgan ko‘rinadi.
Diyegoning o‘zi ham For uqtirmoqchi bo‘lgan narsalarni bildi: u tasvir uslublarining G‘arbiy Yevropa san’atiga begona ekani va urushdan keyingi Parijda qolishi mumkin emasligini yaxshi tushunardi. Shuning uchun u hammasiga qo‘l siltab ketishga qaror qildi. U tinimsiz ishlash, o‘zligini qaytadan kashf etishni maqsad qilib, baxtiqaro Angelinani tashlab, bu yerlardan butunlay ketadi.
Diyego Italiyaga borib, Mikelanjeloning devoriy suratlari, Tintorettoning asarlari, etruss madaniyati noyob asarlari, Pestum, Sitsiliya, xullas, uning ta’biricha, “insonning ichki olamini ag‘dar-to‘ntar qiladigan” narsalarni ko‘rishga muyassar bo‘ldi. Ana shu safar chog‘ida uning tasviriy asarlari tamaki tutuniga dimiqqan Monparnas ustaxonalaridan emas, inqilobdan keyin barpo etilajak binolar devorlaridan o‘rin olishini, barcha ulardan bahramand bo‘lishini orzu qilardi. 1921 yili Diyego do‘sti Alfons Reyesga bitgan maktubida shunday deb yozadi: “Bu sayohat ijodimda yangi davrni boshlab berdi. Bu yerda kishilar hayoti va san’at asarlari o‘rtasida farq yo‘q. Ibodatxonalar eshiklari ortida qolib ketmagan, ular ko‘chalarda, uylarning devorlarida, ko‘zingiz tushgan joyda namoyon bo‘ladigan bu devoriy suratlar naqadar xalqchil, barcha uchun qadrli va aziz. Ular po‘lat quyiladigan zavodlar, konlar, dengiz kemalari quriladigan korxonalar, ibodatxonalar, saroylar bilan o‘yg‘unlashib ketgan. Sitsiliyadagi uylarning old tomonida esa baland-past tepaliklarda oddiy ustalar qurgan qishloq uylari ham ajib uyg‘unlik kasb etgan”.
1917 yili Rossiyada yuz bergan inqilob dunyo yangi davr bo‘sag‘asida turganidan darak berardi. Bexosdan Diyegoda bu jarayon qanday kechayotganini ko‘rish istagi paydo bo‘ldi. Dahshatli urushdan holdan toygan, o‘g‘lining o‘limiga zomin bo‘lgan Yevropada Diyegoning o‘rganadigan narsasi qolmagan edi. Endi uning orzu-intilishlari ummon ortida hali o‘zi ham anglab yetmagan, bag‘riga chorlayotgan ona yurti — Meksika bilan bog‘liq edi. Meksika inqilobi natijalarini yirik yer mulkdorlari manfaatlariga xizmat qildirishga uringan Venus-tiano Karransa taxtdan ag‘darilishi va xalq ichidan yetishib chiqqan arbob — Alvaro Obregonning hokimiyat tepasiga kelishi bilan Diyegoning vataniga qaytishi uchun imkoniyat tug‘ildi.
1921 yilda Diyego Meksika zaminiga qadam qo‘yganda Frida endigina o‘n to‘rt yoshga to‘lgan edi. Diyego haqidagi afsonalarni u gazetadagi maqoladan va Tayyorlov maktabidagi kursdoshlaridan eshitgandi. Sirasini aytganda, bu gap-so‘zlardan afsonaviy shaxs emas, maishiy buzuq va anarxist timsoli namoyon bo‘ladi. Aytishlaricha, Diyego bir vaqtlar Meksikani istilo etmoqchi bo‘lgan, ammo 1867 yilda Pueblo ostonasida Benito Xuares qo‘shini tomonidan tor-mor qilingan g‘o‘ddaygan, o‘ziga bino qo‘ygan frantsuzlarni betakror san’ati va so‘zamolligi bilan maftun qilgan va shu tariqa, davr qahramoniga aylangan edi. Qolaversa, Alvaro Obregon hukumati madaniyat ishlarini musavvirning do‘sti, yaqinda Yevropadan qaytib kelgan Xose Vaskonselosga topshirgan edi.
1910 yilda, Porfirio Diasning hukmronligi davrida ikki musavvir: Doktor Atl va Manuel Orosko yangi bir asar yaratish maqsadida Milliy Tayyorlov maktabi amfiteatrida devoriy suratlar chizish taklifi bilan chiqqanda keksa diktator rad javobi beradi.
Vaskonselos ana shu g‘oyaga qaytib, tasviriy san’atning mumtoz yo‘nalishlariga mansub musavvirlardan ko‘ngli to‘lmay bu ishni xudobexabar, “odamxo‘r” Riveraga topshiradi. Zero, uning qiziqqonligi, betizgin ehtiroslari va aql bovar qilmaydigan mehnatsevarligiga zarracha shubha qilmasdi. Shu tariqa, Pikasso kubistlar sardori bo‘lgani singari, Diyego endigina shakllana boshlagan muralist-lar harakatining yetakchisiga aylandi. O‘sha kezlarda Diyego atrofida Xerardo Murilo, Xorxe Ensiso, Sikeyros, Jan Sharlo, Fermin Revueltas, Montenegro, Xaver Gerrero, Gvatemalalik Karlos Merida, Rufino Tamayo singari meksikalik taniqli ijodkorlar guruhi shakllandi. Diyego birinchilardan bo‘lib siyosiy inqilob ortidan tasviriy san’atda tub o‘zgarishlar yuz berishi zarurligini anglab yetdi. Meksika mustaqilligining yuz yilligiga bag‘ishlangan anjumanda qatnashish uchun Chyapas va Yukatanga borgan hamda Talabalarning birinchi xalqaro kongressida ishtirok etgan Diyego mayya san’atining betakror go‘zalligi va hayratomuz kuch-qudratini kashf etdi. Cheche-Itsadagi Yaguarlar ibodatxonasidagi devoriy suratlarni ko‘zdan kechirar ekan, musavvir “Ozod inson” g‘oyasini zamonaviy binolar devorlarida aks ettirishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi.
Mexikoga qaytgach, Diyego Vaskonselos rejalashtirgan ulkan loyi-haning rahbari va asosiy ijrochisiga aylandi: u yordamchilariga fon tayyorlash, bo‘yoqlarni hozirlab, o‘simlik yelimi bilan aralashtirish ishlarini topshirib, Tayyorlov maktabi devorlarini bezash ishlarini to‘liq zimmasiga oldi.
Ish jarayonida u chindan ham devdek mehnat qilar, jismoniy kuchi va baquvvat irodasi bilan barchani lol qoldirardi. Shu bois topshirilgan anchayin murakkab vazifaning uddasidan chiqishiga hech kim shubha qilgani yo‘q. Diyego Yevropadan “axloqan buzuq” va “yovvoyi sifat odam” tamg‘asini orttirib kelgan bo‘lsa, aynan shu yerda — Tayyorlov maktabi havozalari yoxud San-Ildefonso kolleji ustaxonasida chinakam daho, buyuk Rivera hamda navqiron musavvir Frida Kalo haqidagi afsona tug‘iladi.

 “ShAYTON QIZ”

Diyego ilk bor Fridani ko‘rganda, uning Tayyorlov maktabi amfiteatridagi shum qilig‘ini aytmasa, jussasining o‘ta nozikligi va yuz qiyofasining go‘zalligi, tim qora ko‘zlarining o‘ychan, savolomuz nigohi va bolalarcha soddaligi uni hayratga solgan edi.
Frida u bilgan ayollarning birortasiga ham o‘xshamasdi. Yuzlari qandaydir botiniy nurdan porlab turgan Angelinaga ham, qiziqqon Morevnaga ham, ehtirosi jilovlanmagan Lupe Maringa ham o‘xshamasdi. Frida uzoq Yevropaga mutlaqo begona, Lupe Marin singari qashshoqlashib qolgan gvadalaxara zodagonlari oilasida tarbiya topmagan, uning qiyofasida Tina Modottining farishtalarnikidek chiroyli yuzida yaqqol namoyon bo‘lib turadigan qat’iyatdan asar ham yo‘q. Bu qiz Vaskonselosning asarlarida aks ettirilgan g‘aroyib timsollarga va nimasi bilandir Diyegoning o‘ziga o‘xshab ketardi: unda hindularning samimiy quvonchi va metislarning g‘am-tashvishlari hamda otasidan o‘tgan yahudiylarning tinib-tinchimasligi g‘aroyib tarzda uyg‘unlashib ketgan. Bularning barchasi hamda Fridaning navqironligi darrov ko‘zga tashlanar va ohanrabodek o‘ziga tortar edi.
Kuyov bo‘lmish — Diyego Fridaning turish-turmushi va oilasi bilan yaqindan tanishish maqsadida Kalolarning Koyokandagi uyiga tashrif buyurganidan keyingina jussasi kichkina bu qizgina naqadar dahshatli sinovlarni boshdan kechirganiga amin bo‘ldi. Frida esa o‘tmish haqida gapirishni xush ko‘rmas, dard-alamini ichida saqlab yurardi. Tevarak-atrofidagi aksariyat meksikalik ayollar singari hammaga ham ko‘nglini ochavermas, Diyegoga o‘xshab dardini hazil-mutoyiba orqali yengishga harakat qilardi; uning uchun hayotdan nolishdan ko‘ra ikki og‘iz achchiq-chuchuq gap yoki hazil-huzul afzalroq edi. Frida yaratgan tasviriy asarlarni ko‘rgan Diyego hayratdan tili kalimaga kelmasdi va bir umrga bu g‘aroyib musavvir qizning asiriga aylanib qoldi. Diyego nazarida, bu asarlarda Fridaning ulkan fojiasi, ruhiy kechinma va iztiroblari, mislsiz azob-uqubatlari u hech qachon duch kelmagan allaqanday shafqatsizlik va botiniy erkinlik bilan aks ettirilgan edi.
Xatti-harakatlari g‘oyat muloyim ana shu navqiron qiz nihoyatda achchiq hayotiy tajriba to‘plagan edi. 1907 yilda qashshoq oilada dunyoga kelgan Frida kelajakdan ko‘p narsa kutib bo‘lmasligini erta anglab yetdi. Otasi Gilermo Kalo Porfirio Dias davrida suratkash sifatida xizmat qilgan, inqilobdan keyin esa bor-budidan ajralib, Mexiko markazidagi suratxonasida cho‘qintirilayotganlar va kelin-kuyovlarni suratga olib, bir amallab kun kechirardi. Oilani oziq-ovqat bilan ta’minlash onasi Matilda Kalderoyning zimmasida edi: u jihoz va boshqa buyumlarni sotar, yakka kishilarga xonalarni ijaraga topshirar, har bir pesoni tejab-tergab ishlatardi.
Frida bolalik chog‘idayoq azob-uqubat nimaligini boshdan kechirishga majbur bo‘ldi. 1916 yilda — olti yoshligida poliomelitga chalinib, chap oyog‘i qisman falaj bo‘lib qolgan edi. Ana shu mayiblik tufayli u umr bo‘yi mislsiz azob-uqubat, iztirob va aziyat chekib keldi. U Posadaning rasmlari yoki qurigan oyoq bilan tasvirlanadigan atsteklarning urush ma’budasi Uitsilopochtlini eslatadigan cho‘pdekkina oyog‘idan uyalib yurar, o‘zining avtoportretlarida ko‘pincha majruh oyog‘ini yashirishga intilardi. 1930 yilda Diyego yaratgan asarda ham u ana shu oyog‘ini yashirish uchun o‘rindiqda chordana qurib, gujanak bo‘lib o‘tirgan tarzda tasvirlangan.
Frida tuzalganidan keyin ma’lum vaqt o‘tgach, tushirilgan oilaviy suratdagi uning qiyofasida, azob-uqubat ta’sirida bo‘lsa kerak, tushkunlik va yolg‘izlik kayfiyati muhrlangan. Unda jiddiy qiyofali kichkina qizaloq boshqalardan sal narida, Koyoakandagi uyning ayvoni tagida gavdasining pastki qismi butalar ortida yashiringan holatda suratga olingan. U hech qachon tengqurlaridek bo‘lolmasligini bilardi; qo‘shni bolalar o‘zlari anglab tushunmagan shafqatsizlik bilan uni masxara qilishardi; Avrora Rayesning xotirlashicha, ular poshnasi baland poyafzal (u umr bo‘yi shunaqasini kiyib yurishga majbur edi) kiyib, velosipedda uchib yurgan Frida ortidan “Frida, pata de palo!” (“Frida, yog‘och oyoq!”, “Frida, yog‘och oyoq!”), deya qichqirishardi. Ulg‘aygan sari Frida o‘zini yolg‘izlik qurshovida qolib ketayotganini his etardi. Yagona do‘sti — opasi Matita ham tez orada uning yordami bilan uydan qochib ketadi. Keyinchalik o‘zini aybdor deb bilgan Frida ko‘p vaqtini opasini izlashga sarfladi. Oradan yillar o‘tib, qochoq qiz yigirma yetti yoshga to‘lgandagina kechiriladi va uyga qaytib keladi.
Frida shaxsiyatining shakllanishida uning boshqalarga o‘xshamasligini tushunishi muhim ahamiyat kasb etgan edi. O‘sha zamonlar u hali tasviriy san’at haqida o‘ylamas, xayolot, orzular olamiga cho‘mib, yolg‘izlikdan qutulishga harakat qilar, deraza oynasida go‘yo xuddi o‘ziga o‘xshagan boshqa Fridani tasavvur etib, u bilan xayolan suhbatlashardi. “Terlagan oynaga, — deb yozadi u kundaligida, — barmog‘im bilan eshikni chizardim va qalbimdagi allaqanday quvonchni bosa olmay, ana shu xayoliy eshik orqali xonadan chiqardim-da, Pinsonning sut do‘koniga yo‘l olardim. Peshtoqidagi “O” harfidan o‘tib, meni hamisha o‘ziga chorlayotgan xayoliy dugonam turgan yerning markaziga tushib qolardim. Men uning qiyofasini, sochlarining rangini eslay olmayman. Biroq, uning quvnoqligi, muloyimgina kulib turishi, farishtalardek harakat qilib raqsga tushishi hamon ko‘z o‘ngimda. Men u bilan raqsga tushib, dardu hasratlarimni unga to‘kib solardim”.
Frida umrining so‘nggi kunlarigacha ana shu xayoliy timsoldan qutula olmadi. 1939 yilda yaratilgan “Ikki Frida” asarida siam egizaklari singari o‘xshash, bir-birining qo‘lini tutib turgan, yuraklari umumiy tomir orqali birlashgan ikki qiz tasvirlangan. Shu tariqa, yolg‘izlik va dard-alam Fridaning bolalarcha orzusini, xayolida qayta-qayta gavdalanadigan allaqanday xira sharpaga aylantiradi, o‘zga “men”ga, uning aksiga afsonaviy kuch baxsh etadi.
Frida taqdirining hayratlanarli jihati shundaki, uning qanday kechishini o‘zi ham, atrofdagilar ham mutlaqo tasavvur qila olmasdi. Diyegodan farqli o‘laroq, u dastlab musavvir bo‘lishni xayoliga ham keltirgani yo‘q. Biroq, otasi uning qalbiga san’atga muhabbat hissini singdirgan, o‘zi ham yosh musavvirlarga qiziqishi beqiyos edi. U Tayyorlov maktabida g‘alati furajka kiyib yuradigan, o‘zlarini “Kachuchas” deb ataydigan tinib-tinchimas va so‘zamol talabalar guruhiga qo‘shilib qoladi. Vaskonselosni o‘zining qahramoni deb bilgan bu yoshlarning adabiyotga ishtiyoqi zo‘r edi: Frida ular orasida xitoy she’riyatiga qiziqqani sababli Chung Li, deb laqab qo‘ygan Migel Lira, musiqachi Anxelo Salas, yozuvchi Oktavio Bustamante, huquqshunoslik fakulteti talabasi, jurnalist va “Kachuchas” yetakchisi Aleksandro Gomes Arias bilan do‘stlashadi. Frida, ayniqsa, Aleksandro bilan tez-tez uchrashib turar, turli kecha va ballarga birgalikda borar, mazmundor ishoralarga to‘la maktublar bitar, hatto hazillashib uni novio — qallig‘im, o‘zini esa uning xotini, ba’zan esa “boshpanasiz laycha”si deb atardi. Oshiq-ma’shuq o‘yiniga berilib ketgan Frida ular o‘rtasidagi munosabatlar jiddiy tus olganini sezmay qoldi. Yigirmanchi yillar Meksika jamiyatida axloq-odob qonun-qoidalariga qattiq rioya etilgan. Dolores Olmedo Frida Kaloning 1922 yilda Parijda bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmasiga bag‘ishlangan maqolasida yozganidek, “o‘sha paytlarda sanoqli qizlargina universitetga kirishi mumkin bo‘lgan” va “Frida ikki ming o‘g‘il bolalar qatorida o‘qishiga ruxsat berilgan o‘ttiz besh qizdan biri edi”. Albatta, uning jo‘shqin va jilovlanmagan tabiati maktabdagi muhabbati doirasiga sig‘ishi qiyin edi. U uzoq-uzoqlarga ketishni, erkin va ozod yashashni orzu qilardi. 1925 yilning 1 yanvarida u Aleksandroga yozgan maktubida Qo‘shma Shtatlarga birgalikda ketishga da’vat etadi: “Hozirgi turish-turmushimizda qandaydir o‘zgarish qilish zarurligini payqamayapsanmi? Umrimizni Meksikada o‘tkazadigan bo‘lsak, biror nimaga erishishimiz mumkinmi? Umuman olganda, sayohatdan yaxshiroq narsa bormikan dunyoda? Shu gaplarni senga yozayapman-u, shu orzularimni ro‘yobga chiqarish uchun menda iroda kuchi yetmayotgani sababli g‘azabdan o‘zimni qo‘yarga joy topa olmayman. Sen bu orzularga yetish uchun irodaning o‘zi yetarli emas, mablag‘ ham zarur deyishing mumkin. Bir yilcha ishlab, kerakli mablag‘ topish nahotki mumkin? Ochig‘ini aytganda, bu narsalarga unchalik aqlim yetmaydi, sen bu mamlakatning afzalliklari va kamchiliklari, chindan ham gringolar yoqimsiz ekani haqida menga gapirib berishing kerak. Ko‘rib turganingdek, yozganlarimning hammasi xomxayoldan boshqa narsa emas. Ehtimol, ularni hoziroq tarqatib yuborsang, yaxshiroq bo‘larmidi… ”.
Oradan bir oz vaqt o‘tib, Fridaning butun hayotini o‘zgartirib yuborgan, yolg‘izlik va chidab bo‘lmas og‘riqlar komiga uloqtirgan, san’at uning yagona najot vositasiga aylanib qolishiga sabab bo‘lgan o‘sha dahshatli, mash’um fojia yuz berdi.
1925 yilning 17 sentyabrida (o‘shanda u hali o‘n sakkizga ham to‘lmagan edi) Frida Aleksandro bilan shahar ko‘chalarida yaqindagina paydo bo‘lgan va tramvayga nisbatan tezroq yurishi sababli shaharliklarga ma’qul kelgan avtobuslardan biriga chiqadi. San-Xuan bozori yonidagi chorrahada avtobusga tramvay kelib uriladi.
Keyinroq Frida ana shu voqeani bunday bayon etadi: bu hol avtobusga chiqishimiz bilan sodir bo‘ldi. Do‘stim bilan birga ketayotib, soyabonimni yo‘qotib qo‘yganimni payqaganimdan keyin, uni topish uchun avtobusdan chiqishimizga to‘g‘ri keldi; shu tariqa meni burda-burda qilib tashlagan avtobusga chiqib qolgan edim. To‘qnashuv San-Xose bozoriga yetmasdan, muyulishda yuz berdi. Avtobus yonida tramvay ketib borardi, ammo haydovchimiz yosh va besabr ekan. Tramvay qayrilgan zahoti biz o‘tirgan avtobus zarb bilan kelib urilgan tramvay va devor orasiga qisilib qoldi.
O‘sha kezlarda aqlim joyida bo‘lsa-da, hayotiy tajribam hali kam edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘sha daqiqalarda nimalar sodir bo‘lgani, qanday jarohatlar olganimni tasavvur qila olmaganman.
Bunday vaziyatda kishilar dastlab nima sodir bo‘lganini anglashi va yig‘lab-siqtashiga ishonmayman. Men yig‘lamaganman. Zarbaning kuchi hammamizni oldinga uloqtirdi, qilichsimon nayza buqaning biqinini teshib o‘tganidek, avtobus zinalaridan bir bo‘lagi chap biqinimdan kirib, ikki oyog‘imning o‘rtasidan yorib chiqdi. Yo‘lovchilardan biri qonga belanib yotganimni ko‘rib, asta ko‘tarib, bilyard stolining ustiga qo‘ydi, oradan bir oz vaqt o‘tib, Qizil Hoch xodimlari yetib keldi. Shu tariqa iffatimdan ayrildim. Buyragim jarohatlangani sababli, peshob qila olmasdim, eng yomoni, umurtqalarim qattiq jarohatlangan edi. Nazarimda, hech kim shoshmayotgandek, tashvishlanmayotgandek edi. Hatto rentgen ham qilishmadi. Bir amallab o‘rnimdan qo‘zg‘alib o‘tirib oldim-da, yaqinlarimga xabar berishlarini iltimos qildim. Matita ro‘y bergan fojia haqida gazetalardagi xabarlardan eshitib, birinchi bo‘lib yetib keldi va uch oy kechayu kunduz yonimdan qo‘zg‘almadi. Voqeadan xabar topgan onam shu darajada esankirab qolgan ekanki, hatto meni kelib ko‘rish uchun o‘zida kuch topa olmabdi. Men haqimda singlim Adrianaga aytishganda, u hushdan ketib qolgan ekan. Otamning asabi dosh berolmay kasallikka chalinib yotib qoldi, uch haftadan keyingina uni ko‘rishga muyassar bo‘ldim.
Avtofalokat oqibatlari chindan ham dahshatli edi. Fridani ko‘zdan kechirgan mutaxassislarning aksariyati uning tirik qolganiga hayron edi: umurtqa bel qismida uch joydan, son bo‘yni va bir necha qovurg‘a, chap oyoq o‘n bir joydan, tos suyagi boshqa uch joydan singan, o‘ng tovon maydalanib ketgan, chap yelka chiqib ketgan. Uning boshqa jarohatlarining dahshatli oqibatlarini gapirmasa ham bo‘ladi.
Ammo u dardga chidamliligi va hayotga tashnaligi tufayli tirik qoldi, keyinchalik butun vujudini qamrab olgan tushkunlikni ham yengishga o‘zida kuch topa oldi. Vaholanki, uning boshiga tushgan azob-uqubatlarga odam bolasining dosh berishi qiyin edi.
“Og‘riq qanchalar azob berayotganini sen hatto tasavvur ham qila olmaysan, — deb yozadi u Aleksandroga bitgan maktublarining birida, — har gal to‘shakda “meni yon tomonga o‘girishayotganda, ko‘zyoshlarim daryo bo‘lib oqadi”, ammo aytganlaridek, itning vovullashi va ayollarning ko‘zyoshiga ishonib bo‘larmidi”.
Ana shunday g‘alati istehzo va hazil-mutoyiba bilan u tushkunlik va og‘riqni yengishga harakat qiladi. U tinimsiz yozar, kitob mutolaa qilar, Matita bilan hazillashib kunini o‘tkazardi. U aynan shu yerda oddiy meksikacha ibora aguantar — sabr-toqat tushunchasining mazmun-mohiyatini anglab yetadi. 1925 yili u kundaligiga “Faqat birgina narsa — og‘riqlarga ko‘nika boshlaganim ko‘nglimga bir oz taskin beradi”, deb yozadi.
Qizil Xoch kasalxonasidan Fridani ota-onasining Koyoakandagi uyiga olib kelishdi. U to‘shakka mixlangan. O‘shanda u tasviriy san’at bilan shug‘ullanishga qaror qiladi. “Men tirik qoldim, qolaversa, endi hayotimda yashash uchun maqsad — tasviriy san’at paydo bo‘ldi”, deya o‘ziga o‘zi taskin beradi. U o‘zini ko‘rib turishi va chizishi uchun karavotining ustiga ko‘zgu o‘rnatib qo‘yishdi. Ana shu karavot va ko‘zgu Frida ijodining o‘zagiga aylandi: endi u, yoshlik chog‘laridagidek, quvnoq, latofatli, xushqomat, ko‘nglidagi barcha gaplarni aytishi mumkin bo‘lgan boshqa Frida bilan dardlasha oladi.
O‘sha mash’um avtofalokatdan keyin Frida inson bolasi dosh berishi qiyin bo‘lgan barcha azob-uqubatlarni boshdan kechirgan bo‘lsa-da, eng og‘ir sinov hali oldinda edi. Zero, u tanasini boshqara olishga, bemalol, erkin harakatlanishga o‘rganishi kerak edi. Frida o‘zidagi bor kuch-quvvat va irodani ana shu maqsadga yo‘naltirdi.
Bu o‘ziga xos muhoraba Koyoakandagi uyiga qaytishdan boshlandi. U o‘zini majburlab ko‘chaga chiqa boshladi, Tayyorlov maktabidagi do‘stlari tez-tez uchrashishga harakat qildi. Kasalxonadan chiqqanidan uch oy o‘tgach, yana avtobusga o‘tirib Mexikoga yo‘l oldi.
Endi tasviriy san’at uning uchun eng muhim narsa, hayotining bosh mazmuniga aylangan edi. Avtoportret janrini u 1923 yildayoq o‘zlashtira boshlagan, dastlabki asari — Bottichelli yo‘nalishida yaratilgan portretini u Aleksandroga taqdim etgandi. Bu romantik asarda, meksikalik musavvir Saturnino Erran asarlarida aks ettirilgan qotib qolgan timsollar singari binafsharang fonda, ko‘p azob-uqubat ko‘rgan ayol qiyofasi namoyon bo‘ladi. Muallifning o‘ziga xosligi qalin qoshlar ostidagi sinchkov, aql nuri bilan porlab turgan tim qora ko‘zlarda hamda asar uchun tanlangan “Heute ist immer Noch” (“Hayot hali davom etmoqda”) shiorida ifodalangan.
Bir necha yillik iztirob va azob-uqubatlar tufayli Frida katta hayotiy tajribaga ega bo‘ldi. O‘n to‘qqiz yoshida u aqli raso, o‘ziga ishongan, xatti-harakatlari g‘ayritabiiy, intiluvchan va e’tiqodli ayolga aylangandi. U bir vaqtning o‘zida mo‘min-qobil, artistlikka moyil otasini ham, uydan qochib ketishga dadilligi va irodasi yetgan opasi Matildani ham jon-dilidan sevsa, zodagonlar rasm-rusumlari, onasining xudojo‘yligi va hamisha rashk qilib yuradigan singlisi Kristinadan nafratlanardi.
Aleksandro bilan ayriliq unga qimmatga tushdi, yolg‘izlik va tushkunlik kayfiyatlarini kuchaytirdi. Ammo u o‘zining qadr-qimmatini biladiganlar toifasidan. Yolg‘izlikka davo yo‘qligiga ishonch hosil qilgan edi. 1927 yilning 17 sentyabrida Aleksandroga bitgan maktubida shunday deb yozadi: “Qaytib kelganingdan keyin sen istagan narsani bera olmasligimni bilaman. Men ilgarilari ham o‘yinqaroq va tannoz edim, hozir ham shundayman, faqat mayib-majruhman, xolos. Sen mening hayotimsan, ammo bu hayotdan men hech qachon bahra ololmayman”.
Muhabbati sarobga aylangan bo‘lsa-da, Frida taqdirga tan berishni, nogironlik qismatiga bo‘yin egishni sir-sira istamasdi. 1926 yilda otasi tushirgan suratda u ozib-to‘zigan, ko‘zlari g‘amgin, lablari qisilgan holda namoyon bo‘ladi.
Tinimsiz og‘riqlar, tarkidunyochilik, korsetlar va qo‘ltiqtayoqqa suyanib yurishiga qaramay, Fridaning yashashga ishtiyoqi so‘nmaydi, aksincha, uni ta’qib etayotgan yolg‘izlikka qarshi kurashishga qaror qiladi. Yigirma yashar majruh qizning jismida hayotga tashnalik mavj urardi. U gazetalardan tashqi olamdagi g‘aroyib voqealar, Obregon va Kales o‘rtasida hokimiyat uchun kurash, Shimoliy Amerikadan kelayotgan tahdid, Obregoning o‘ldirilishi, Frantsisko Vilyaning o‘limi, talabalarning chiqishlaridan boxabar bo‘ladi. Ayniqsa, rus inqilobi va Shan-xaydagi xalq qo‘zg‘oloni haqidagi xabarlarni katta qiziqish bilan qarshi oladi.
Tasviriy san’at bilan shug‘ullanish, do‘stlariga maktub bitishdan tashqari sekin-asta oyoqqa turayotgan Frida kitob mutolaasiga sho‘ng‘ib ketadi. U Xuan Gabriel Borkmanning romanlari, Elias Nandinoning she’rlarini yoxud Aleksandr Kerenskiyning Rossiyadagi inqilob haqidagi maqolalarini berilib o‘qiydi. Lenin tomonidan hokimiyatdan mahrum etilgan yaqindagina Qo‘shma Shtatlarga kelgan Muvaqqat hukumat sobiq rahbarining rus inqilobi haqidagi qarashlari kommunistik ideallardan tubdan farq qilardi. Shunga qaramay, 1928 yilning yanvarida Tayyorlov maktabining sobiq talabasi Xermann del Kamponing ta’sirida u kommunistlarga xayrixoh ziyolilarning guruhiga qo‘shiladi. Ular orasida kubalik muhojir Xulio Antonio Melya, italiyalik xonim Tina Modottining xushtori meksikalik musavvir Xaver Gerrero bor edi. Yosh, tinib-tinchimas va g‘oyat xushbichim Tina xonim Fridani o‘ziga rom etdi. U Meksikada qo‘nim topguncha, bir mamlakatdan ikkinchisiga ko‘chib yurishga majbur bo‘lgan ekan. Tarixchi Daniel Kosio Vilegasning ta’kidlashicha, inqilobdan keyin Meksikada ko‘plab siyosiy muhojirlar boshpana topadi, bu mamlakat “barcha lotin amerikaliklar uchun o‘z uyidek bo‘lib qolgan edi”.
Inqilob Tina Modotti va Xulio Antonio Melyani ohanrabodek o‘ziga tortar edi. Albatta, Frida bunday yorqin shaxslar, ayniqsa, yosh, go‘zal, iste’dodli va inqilob ishiga o‘zini baxshida etgan Tina Modottiga talpinardi. Binobarin, uning huzuriga tez-tez kelib turadigan Diyego Riverani aytmasa ham bo‘ladi. Ko‘zlari hamisha porlab turadigan, qat’iyatli, qiyofasida iztirob aks etgan bu yosh ayolni har gal ko‘rganda Diyegoning yuragi tez-tez ura boshlardi. Shunday bo‘lsa ham Frida uning hayotiga avvalo tasviriy san’at orqali kirib keladi. Vaskonselosning buyurtmasi bilan maorif vazirligi binosining to‘rtinchi qavatida yaratilgan devoriy suratda Diyego qizil libosga burkangan, Tina Modotti va Xulio Mele bilan yonma-yon turib, ishchilarga qurol tarqatayotgan Fridani asarning qoq markaziga joylashtirdi. Ammo o‘sha kezlardayoq ularning oilaviy hayotining deyarli oxirigacha davom etgan mojarolar boshlandi. Diyego sevgilisi ustidan kulib, uni “ittumshuq” deb masxaralasa, Frida ham undan qolishmasdan, o‘sha zahoti “sen qurbaqabasharasan”, deya javob berib qoya qolardi.

INQILOB DAVRIDAGI MUHABBAT

Yigirmanchi yillarning oxirida Mexiko hali qashshoqliq hukm surayotgan, zavod mo‘rilari va avtomobillar tarqatayotgan zaharli tutundan dimiqib ketgan aholi ko‘p yashaydigan shaharga aylanib ulgurmagandi. O‘sha vaqtda bu — dunyodagi havosi eng musaffo tropik poytaxt shahar, markaziy ko‘chalaridan olisda oppoq qor qoplagan vulqonlarni, ispan uslubida barpo etilgan qadimiy saroylar hovlisidagi mavj urayotgan favvoralarni tomosha qilib, mitti qush kolibrining qanot qoqishini kuzatish, hammayoqdan musiqa ovozi jaranglab turganini eshitish mumkin bo‘lgan, Karlos Fuentes ta’biri bilan aytganda, “osmoni musaffo o‘lka” edi.
Porfirio Diasning ko‘p yillik hukmronligi shahar qiyofasida o‘ziga xos iz qoldirdi: uning turli burchaklarida ulkan bog‘lar bilan o‘ralgan hashamatli villalar, akatsiya ekilgan xiyobonlar, maydonlarda favvoralar, kadril, marsh va valslarni chalib turgan orkestrlar. Inqilob boshlangan zahoti shahar ko‘chalari, maydon va bozorlari mamlakatning barcha burchaklaridan kelgan dehqonlar, asosan, hindular bilan to‘ldi.
Ana shunday tahlikali vaziyatda yangi davr musavvirlari, Migel Anxel Asturias iborasi bilan aytganda, “inqilob solnomachilari” paydo bo‘ldi: ular mo‘yqalam vositasida amerika qit’asi mahalliy xalqlarining ayanchli va shu bilan birga, g‘aroyibotlarga to‘la tarixini jamoa binolari devorlarida aks ettirishga kirishdi. San’at o‘z navbatida maorifning rivojiga xizmat qildi: qishloq joylarda savodsizlikka qarshi kurashda qo‘g‘irchoq teatrlari, Posada gravyuralari, masxarabozlar san’atidan keng foydalanildi, uzoq-uzoq manzillarda ko‘plab maktablar barpo etildi. Yangi davr kirib kelishi bilan allaqanday ko‘tarinkilik butun mamlakatni qamrab oldi. Eng olis qishloqlarda(Toluka vodiysi, Yukatan kengliklari va Sonora cho‘lida) hindu muallimlar nauatl, mayya va yaki tillarini o‘rganishni yo‘lga qo‘ya boshladi, gazetalar, lug‘atlar, afsonalar kitoblari chop etildi. Ibodatxonalarda ham, bayram mushakbozligi paytida samoga intilgan zarralar singari tevarak-atrofni nurafshon etadigan, tasviriy san’atga shiddat bilan kirib kelgan, uni yangi shakl va dunyoqarash, tabiiy musaffolik bilan boyitgan o‘ta sodda va shu bilan birga, bag‘oyat xalqchil san’at asarlari shahar ko‘cha va xiyobonlaridagi binolarda ham o‘z aksini topdi. Bu san’at yaqin-yaqinlargacha meksikalik musavvirlarni rom etib kelgan fovizm va kubizm yo‘nalishlarini siqib chiqardi, tasviriy san’atni antik davr andozalaridan qisman xalos etib, azaliy ifoda shakllari, ramziy timsollar va tasviriy muvozanat qonuniyatlariga bo‘ysunmaydigan o‘sha davrning murakkab voqeligini anglash va tasvirlashga yetakladi.
1921 yilda Diyego Meksikaga qaytib kelganda, uning qalbida bir umr muhrlanib qolgan ana shu jarayonlarning guvohi va bevosita ishtirokchisi bo‘ldi. Uzoq davom etgan fuqarolar urushidan hali o‘nglanmagan, siyosiy inqilob yakuniga yetib borayotgan mamlakatda yangi inqilob — tasviriy san’at sohasida tub o‘zgarishlar davri boshlanayotgandi.
Yaqindagina urush tufayli vayronaga aylangan, Monparnas zulmati, uning farzandini yutib yuborgan minotavr Angelinaning muhabbatini fojiaga aylantirgan Yevropani tark etib, Meksikaga kelganda, bu yerda uni jo‘shqin hayot, hayratomuz o‘zgarishlar, ayollar jozibasi, qorachadan kelgan Lupe Marinning ehtiroslari, cheksiz istiqbol va imkoniyatlar qarshi oldi. U ana shu zaminda ildiz otishi, hindular madaniyatining qaytadan tiklanayotgan ko‘hna an’analarini qalbiga jo etishi, eng muhimi, ko‘p narsalarni bilishi va o‘rganishi kerak bo‘lgan xalqning orzu-intilishlarini ifodalashi zarur. Bu davr-ni u “Meksika Renessansi” deya ta’riflab, “burjuaziya ziyolilari va ularning xizmatida bo‘lgan gazetachilarning tajovuziga qaramay, maktablar, mehmonxonalar, jamoat binolari ajoyib devoriy suratlar bilan bezalgani”ni ta’kidlaydi.
Diyego ana shunday g‘aroyib davrda: shakllanish, o‘zgarish va yangilanish pallasida Meksika zaminiga qadam qo‘ydi. Ko‘rgan-kechirganlari e’tiqodining baquvvat bo‘lishiga, zo‘r hayotiy tajriba orttirishiga xizmat qildi. O‘ttiz besh yoshidayoq u boshqalarga yo‘l ko‘rsatadigan, ularni ortidan ergashtiradigan timsol darajasiga ko‘tarildi. Diyego atrofida u singari tasviriy san’atda yangi ifoda vositalarini izlashga harakat qilayotgan David Alfaro Sikeyros, Xose Klemente Orosko, Xaver Gerrerolardan iborat hamfikrlar guruhi shakllandi.
1927 yilda Meksika kommunistik partiyasining rahbarlaridan biriga aylangan Diyego sho‘rolar hukumatining taklifiga binoan Moskvaga safar qildi. Bu taklif ayni muddao bo‘lgan edi: rashkchi Lupe Marinning g‘avg‘olaridan charchagan musavvir undan batamom qutulish uchun ana shu safardan foydalanishni ko‘zlagan edi. Shu tariqa, Lupe ikki qizi bilan vataniga, Xaliskoga qaytdi, Diyego esa Sovet ittifoqida uch oy bo‘lib, inqilobiy hokimiyatning faoliyati, xalq ommasining tartib-intizomliligi, haybiy paradlarni kuzatib, hayratga tushadi. U dunyodagi birinchi inqilobiy mamlakatning elchisi sifatida Moskvada tantanali ravishda kutib olinadi. Diyego partiyaning bosh kotibi Iosif Stalin portretini chizishga kirishadi. U fikrlashida kuchli mantiq namoyon bo‘lib turadigan, temir irodali bu odamni Benito Xuaresga o‘xshatadi. Stalinning tashqi qiyofasi ham musavvirni bee’tibor qoldirmaydi. Diyegoning nazarida, uning quyoshda qoraygan yuzlari xuddi meksika dehqonining qiyofasiga o‘xshab ketardi. Sovet Itttifoqiga kelishdan oldin u Berlinga borgan va natsistlarning ommaviy yig‘iniga guvoh bo‘lgan edi. Endi u kommunistlar yetakchisini bo‘yini balandroq qilib ko‘rsatish uchun ingliz zobitlarining plashini kiyib yuradigan “ko‘rimsiz odam”cha, biroq vatandoshlarini sehrlab qo‘yish qobiliyatiga ega natsistlar fyureri bilan qiyoslash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘sha paytlarda Lenin haqidagi xotiralar hali unutilmagan va Stalin Kominternni astoydil qo‘llab-quvvatlab turgan edi. Ammo Trotskiy Stalinni hokimiyatni suiiste’mol qilish va kommunistik ideallarga xoinlikda ayblaganda, musavvir Xuares singari inqilobning jonli ifodasiga aylangan va o‘zi bilgan Stalin timsoliga sodiq qolgan edi.
Biroq, safarining oxirida uning haflasasi pir bo‘ldi. Inqilobiy omma bilan muloqot yuritish uchun tashrif buyurgan meksikalik musavvirning ishlashiga imkon berishmadi. Devorlarni bezash ishlari qotib qolgan akademizm tarafdorlari — sovet musavvirlariga topshirildi. Shu tariqa inqilob va san’at o‘rtasida tafovut paydo bo‘ldi, qolaversa, Diyego o‘zidagi ichki ijodiy inqilob siyosiy voqea-hodisalardan ilgarilab ketgani hamda hukmdorlarning o‘zgaruvchan talablariga uning bo‘ysunishiga yo‘l bermasligini tushunib yetdi.
Kasallikdan endigina oyoqqa tura boshlagan Fridaning qalbini zabt etgan inson ana shunaqa edi. Zahmatkashligi va g‘aroyib fe’l-atvori unga ro‘baro‘ kelgan kishilarning barchasini hayratga solardi. Orosko va Sikeyroslar qatorida u kommunistik partiya ijroiya qo‘mitasiga saylandi. Yevropada boshdan kechirganlari, Ispaniya, Frantsiya, Angliya va Italiya muzeylaridan olgan ulkan taassurotlari tufayli u yangi Meksikaning chinakam timsoliga aylandi. G‘alati hazillari va o‘ziga bino qo‘ygan kishilarga istehzoli munosabati ularga nisbatan ustunligini yanada kuchaytirdi. Ana shunday inson Fridaning mehr-muhabbati, ko‘zlaridagi hayrat ila sehrlanib, unga oshiqu beqaror bo‘lib qoladi. Zero, bu ayol uning xushtorlarining birontasiga o‘xshamaydi. Unda Angelinaning beozorligi, Morevnaning izzattalabligi va yengiltakligi, Lupening ehtirosliligidan asar ham yo‘q. Uning navqironligi, tasavvur va qarashlarining g‘ayritabiiyligi hayotida ko‘p narsani ko‘rgan, yetuklik darajasiga yetgan musavvirni batamom o‘ziga asir etgan edi. Fridaning farishtadek pokizaligi Diyegoning qalbini junbushga keltiradi, bolalarcha xayolparastligi beqiyos qiziqish uyg‘otadi, boshdan kechirgan iztiroblar tufayli yaqqol namoyon bo‘lgan zakovati va shu bilan birga, allaqanday shumligi hayratga soladi.
Fridaning shumligi — shunchaki bir niqob, xolos; uning ortida cheksiz hasrat, muloqot qilish, hurmat-e’tirofga erishish ehtiyoji yashirin. U Diyegoga ishqi tushgan ayolgina emas, talabchan ijodkor sifatida o‘z kasbining yetuk ustasi bo‘lishni ko‘zlagan, hayotda o‘z o‘rnini topmoqchi bo‘lgan inson sifatida uni o‘ziga jalb etadi. “Takallufdan bezorman, — deydi u Diyegoga. — Men bilimli odamning maslahatlariga muhtojman. San’atda men havaskor ham, uning bilimdoni ham emasman. Men yashash uchun ishlashga mahkum etilgan ayolman, xolos”. Darhaqiqat, u tinimsiz mehnat qilishi zarur: san’at — uning “men”ini aks ettiruvchi ko‘zgu, yashashi uchun berilgan yagona imkoniyat ekanini u yaxshi biladi. Diyego uchun esa, aksincha, san’at — dunyoni zabt etish, o‘ziga rom qilish, qalblarni junbushga keltirish, irodasiga bo‘ysindirish vositasi ekani shubhasizdir.
Yolg‘ondakam chiranishiga qaramay, Fridaning qalbini his-hayajon egallagan. Uning 1927-1929 yillardagi ijodi mahsuli: Alisiya Talant, opasi Kristina va singlisi Adrianalarning suratlarini tom ma’noda san’at asari deyish qiyin; aslida ular musavvirning hayot-mamot haqida o‘ziga xos tasavvurlari edi, xolos.
Diyego hammasini anglab yetdi. Xatti-harakatlari g‘alati, bolalarcha beg‘ubor bu nimjon qiz — chinakam musavvir, uning vujudida xuddi o‘zidagidek, qo‘lga mo‘yqalam olishga majbur qiladigan allaqanday sirli kuch mujassam ekanini tushundi. Fridaning “nurafshon xonasi, nurli qiyofasi” yaqqol namoyon bo‘lib turgan ana shu asarlar Diyegoning qalbini cheksiz quvonchga to‘ldirardi.
U ko‘plab musavvir-ayollarni, xususan, Ispaniyada uchrashgan va uning Angelina Belova hamda Morevna bilan tanishuviga sabab bo‘lgan Mariya Guterras Blansharni bilardi. Biroq Diyegoning hayot yo‘lida ilk bor tasviriy san’at xuddi o‘zi kabi — hayotiy ehtiyojiga aylangan ayolga duch kelgan edi. Navqiron bu ayol ijodida uning ta’siri yaqqol namoyon bo‘lib turardi: asarlardagi yorqin ranglar, daydi suratkash rasmlaridagidek, bir oz qiyshaytirilgan tarzda tasvirlangan timsollar aksi xuddi unikidek. Shunga qaramay, bu ayol-musavvir asarlarida betakror va o‘ziga xos jihat ham bor edi. Diyegoning qalbini bu ayolga nisbatan tushuntirib bo‘lmas his-tuyg‘u: umrining oxirigacha so‘nmagan mehr-muhabbat va hayrat chulg‘ab oldi.
Hayoti mobaynida ko‘plab g‘aroyib voqea-hodisalarni boshdan kechirgan, Napoleonning Rossiyadan chekinishi haqida shaxsan o‘zi bunga guvoh bo‘lgandek, so‘zlab beradigan, urush va inqiloblarni boshdan kechirgan, Pikasso, Roden va Modilyani bilan uchrashgan ana shu zamonaviy san’at darg‘asi, “ayollar kushandasi”, xayolparast musavvir qadrdon Koyoakan va Tayyorlov maktabidan boshqa joyni ko‘rmagan, yoru birodarlarining portretlari va karavoti ustida osig‘liq ko‘zgudagi aksinigina chizadigan ana shu navqiron qizga oshiq bo‘lib qoldi.
Kunlarning birida u Diyegoning qo‘lidan tutib, ota-onasining uyini ko‘rsatdi. Frida ko‘p yillik tanishlardek, hazil-huzul va sirli kulgisi bilan uning ko‘nglini ovlashga harakat qilardi. U Tayyorlov maktabida o‘qigan kezlarda Aleksandro Gomes Arias bilan turmush qurmoqchi bo‘lgan davrlardayoq kimdir uning ko‘nglini ovlashini istardi. Diyego ham rasmiy kuyov rolini qoyilmaqom qilib bajarishga intilardi. U Kalolar xonadoniga tez-tez kelib turar, Fridaning otasi bilan suhbatlashar, uning “Frida shaytonning o‘zginasi!” degan yarim chin, yarim hazil gaplarini eshitib ajablanardi.
Oshiqu beqaror bo‘lgan Diyego maqsadiga erishish uchun o‘zini go‘llikka soldi: garchand Fridalar oilasining qarzdan boshqa hech vaqosi bo‘lmasa-da, u o‘zini Fridaga munosib kuyov deb bilardi. “Biroq ota-onam, — deb yozadi Frida, — kommunist bo‘lgani va ularning ta’biricha, Breygel suratidagi semiz odamga o‘xshab ketgani sababli nikohga rozilik bermay, oyoq tiragandek bo‘lishdi. Bu, ularning aytishicha, fil va kabutar o‘rtasidagi nikoh bo‘lar emish”. Matilda Kaloni esa musavvirning ko‘pni ko‘rgani, axloqsizligi, bir necha bor uylangani tashvishlantirsa-da, voyaga yetgan Fridaning istagi uning uchun qonun. Qolaversa, Matitaning qochib ketganidan keyin uy huvillab qolgani ham hali unutilgani yo‘q. Oxiri, Gilermo Kalo Fridaga juda xush tushadigan achchiq-chuchuq hazil-huzul bilan nikohga rozilik beradi. “Bir narsani e’tiborga oling, — dedi u Diyegoga. — Qizim kasalmand va umr bo‘yi shunday bo‘lib qoladi. Aqli raso bo‘lsa-da, uni go‘zal deyish qiyin. Obdon o‘ylab ko‘ring: agar fikringizdan qaytmasangiz, mayli, rozilik berganim bo‘lsin”.
Nikoh marosimi 1929 yilning 21 avgustida bo‘lib o‘tdi. Frida hindu qizlar kiyadigan libosga burkandi. Diyego esa, “Prensa” gazetasi muxbirining iborasi bilan aytganda, amerikalik erkaklarga xos tarzda kiyingan edi: egnida kulrang kostyum, oq ko‘ylak, qo‘lida texasliklarning kattakon shlyapasi. Marosim Koyoakan shahar hokimi tomonidan o‘tkazildi.
Shundan keyin Robert Montenegro restoranida to‘y marosimi boshlanadi. Fridaning eslashicha, kayfi oshib qolgan Diyego yonidan to‘pponchani chiqarib, to‘g‘ri kelgan tomonga o‘q uza boshlagan va mehmonlardan birini yaralagan ekan. Frida kechasi ota-onasining uyida qolib, bir necha kundan keyingina Diyegoning Paseo de la Reforma ko‘chasidagi kulbasiga keladi.
Matilda Kalo qizining to‘yini boshqacha bo‘lishini orzu qilgandi. Shunga qaramay, ana shu axmoqona masxarabozlikdan xudparast daho va navqiron qiz o‘rtasida, Meksikada san’at haqidagi tasavvurlarni tubdan o‘zgartirgan, zamonaviy san’atning shakllanishida ulkan ahamiyat kasb etgan cevgi tarixi, “fil va kabutar” muhabbati boshlangan.

DAHONING RAFIQASI BO‘LISh OSONMI?

To‘ydan oldingi bir necha yil Diyego uchun g‘oyat sermahsul davr bo‘ldi. 1925-1927 yillarda u jamoat binolarini go‘zal tasvirlar bilan bezab, tinimsiz mehnat qildi. Uning ijodiy imkoniyatlari cheksiz, quvvati esa tuganmasdek edi. Musavvir dam olmasdan har kuni, ba’zan o‘n sakkiz soatlab ishlardi. Sovet Ittifoqiga qisqa muddatli safari e’tiborga olinmasa, u Vaskonselos buyurtmasi — Maorif vazirligi binosida umumiy maydoni qariyb besh yuz kvadrat metrni tashkil etgan bir yuz yigirma to‘rt devoriy rasm yaratib, bezak ishlarini to‘rt yil deganda yakuniga yetkazdi.
Xuddi shu davrda u Chapingodagi milliy qishloq xo‘jalik maktabida o‘ttiz to‘qqiz devoriy tasvir ustida ish boshlab, tugallaydi, shuningdek Kuernavakdagi Ernan Kortes saroyini tiklash ishlarida faol ishtirok etadi. Tiklash ishlari yakuniga yetgach, u qisqa muddatli Yevropa safariga yo‘l oladi. Musavvirning ana shunday ulkan bunyodkorlik faoliyatida u tayanadigan asosiy g‘oyalar, foydalanadigan shakllar, uning “men”i yaqqol namoyon bo‘ladi. U endi Tayyorlov maktabida yaratgan dastlabki asarlarida shundoqqina sezilib turgan Yevropa ustalarining ta’siridan to‘liq xalos bo‘lgan edi. Musavvir bugungi kun voqea-hodisalarini tasvirlaydimi, meksika xalqining tarixiga oid lavhalarga murojaat etadimi — barcha-barchasida kuch-qudrat, jo‘shqinlik va soddalik mujassam edi. Uning bu asarlari ifoda erkinligi va yuksak mahorat bilan yaratilgani bilan barchani hayratga soladi: musavvir timsolida teatr rejissyori, me’mor yoxud xalq tarixnavisi namoyon bo‘ladi. Diyego devoriy suratlarni yaratishdan oldin vazirlik binosining hovlilari, zallari, xonalarining shakl-shamoyili, ko‘rinishi, yoritilishi hamda muzey chordevori muhitidan farqli o‘laroq, mo‘yqalam asarining tashqi voqelik bilan o‘zaro uyg‘unligidan paydo bo‘ladigan g‘aroyib quvvatni izchil o‘rganib chiqdi.
Binobarin, uning asarlaridagi bosh mavzu — inqilob. Zero, o‘sha yillar Meksikada g‘oyat muhim siyosiy jarayonlar kechayotgan davr edi. Uning natijalaridan asosan shuhratparast dohiylar va o‘z ta’sirini saqlab qolgan burjuaziya foydalangani xalqning hafsalasini pir qildi. Musavvirning Chapingodagi devoriy suratlarida Emilio Sapata jangchilarining qoni bilan sug‘orilgan Morelos shtatining tarixi aks ettirilgan. Diyego Chapingodagi maktab devoridagi “Er taqsimoti” hamda Mehnat vazirligi hovlisidagi “Tegirmon”asarlarida dehqonlarning og‘ir mehnatini ifodalashga harakat qilgan. Vazirlikdagi devoriy suratlarning birida musavvir o‘zini ishchilar kiyimida me’mor timsolida aks ettirgan. Sovet Ittifoqidan hafsalasi pir bo‘lganiga qaramay, Diyego san’at xalqqa xizmat qilishi zarurligiga imoni komil edi. U tayyorlov maktabida boshlangan ishlardan ruhlanib, Qo‘shma Shtatlarga yo‘l olganda ana shu g‘oya unga doimiy hamroh bo‘lgan edi.
Musavvirning Meksika milliy madaniyatiga mehr-muhabbati yana ikki yirik asari: Milliy saroyning asosiy zinasi va Kortes saroyidagi devoriy tasvirlarda o‘z aksini topgan. Bu ikki ulkan asarda Meksika mahalliy xalqlarining shonli tarixi, o‘zligini anglash jarayoni, mustaqillik uchun kurashi ulug‘langan, bosqinchilar va aqidaparast ruhoniylar shafqatsizligi tasvirlangan. Milliy saroyga kiraverishda esa Sapataning mahobatli rasmi va “Terra y Libertad!”(“Er va erkinlik!”) shiori aks ettirilgan.
Mahobatli san’at va Diyego yaratgan devoriy rasmlar musavvirga ko‘nglidagi orzu-intilishlarnigina emas, hayotga, istiqbolga ishonch-ni, ayol jismining beqiyos go‘zalligini tasvirlash imkonini beradi.
Chapingodagi maktab devoriga Lupe Marinning yalang‘och holda aks ettirilgan tasviri, bir tomondan, odamning g‘ashini keltiradi, ikkinchi tomondan, Monparnasdagi savdogarlar do‘konlarida osig‘liq turgan Modilyanining xuddi shunday rasmlari singari allaqanday kosmik umumlashma darajasiga ko‘tarilgandek bo‘lib ko‘rinadi. Bu asarlarni yaratish jarayoniga guvoh bo‘lgan Fridaga ular ham hayratlanarli, ham dahshatli tuyuladi. Chunki ularda Fridaga nasib qilmagan baxt — onalik timsoli bo‘lgan ayolning go‘zal va ehtirosli qiyofasi ifodalangan edi.
Boshqa tomondan qaraganda, Diyegoning ijodida diniy e’tiqod va hissiyotlar bilan bu qadar yo‘g‘rilgan asarlar hali yaratilmagan edi. Albatta, bu o‘sha zamonlarda umri tinimsiz mehnat bilan o‘tayotgan va zahmatkashlarni dunyoga keltirayotgan terisi qahrabo singari oltinrang, jussasi nozik hindu qizlarini agava1 tikanlari ustiga uloqtirishga tayyor turgan generallar va badavlat kishilarning panohi bo‘lgan katolik cherkovi emasdi. Yo‘q, bu tamoman o‘zgacha — majusiy, ibtidoiy, e’tiqod, dunyo va odamlardan balandda — samoda yastanib yotgan qorni katta va siynalari bo‘rtib turgan bag‘rikeng va sermahsul ayol-zamin e’tiqodidir. Diyego ana shu ko‘hna va hamisha navqiron timsolni ilgarilari ibodatxona vazifasini o‘tagan binoning qoq o‘rtasiga — mehrobning ortidagi devorga aks ettirdi.
Mone va Modilyanining yalang‘och ayollar aks ettirilgan asarlari zodagonlarda qay darajada nafrat uyg‘otgan bo‘lsa, Diyegoning devoriy suratlari ham ularning g‘ashini keltirardi. Biroq g‘aroyib va mojaroli bu asarlar Fridani hayajonga solar, ko‘nglini yorishtirar, uni ijodiy izlanish sari yetaklardi. Frida bu asarlar unga ruhan yaqinligini chuqur his etardi: chunki, ularda xuddi uning asarlaridagidek o‘zligini anglashga intilish, tasviriy san’at orqali haqiqatning tub-tubigacha yetish ishtiyoqi mujassam.
Diyegodan farqli o‘laroq, Fridaning ijod olami vazirliklar yoki muzeylar devorlarida aks ettirilmagan. U ilgarigidek, yashirin tarzda kechayotgan bo‘lsa-da, o‘sha — uyat tuyg‘usidan voz kechish yo‘lidan rivojlanib bormoqda. Frida botinidagi ichki inqilob ommaviy namoyishni talab etmaydi. Uning ijodida Tina Modottining o‘z e’tiqodi haqida teatr tomoshasiga xos tarzda bor ovoz bilan e’lon qilishidan asar ham yo‘q. Garchand Diyegoning Maorif vazirligidagi devoriy suratida u Tina va Xulio Antonio Melya bilan ishchilarga qurol tarqatayotgan holda tasvirlangan bo‘lsa-da, aslida Frida o‘zgacha — jismoniy og‘riq va azob-uqubatlardan xalos etadigan, butun borlig‘ini qurshab olgan cheksiz muhabbat darajasiga ko‘tarilish, sevgilisi, uning nazarida, mukammal insonga munosib yor bo‘lishga xizmat qiladigan inqilob yuz berishini istaydi. Hayotda bunday inqilobning ro‘y berishi amrimahol, ammo uni san’at orqali ifoda etish mumkin: keyinchalik tasviriy san’at xuddi Diyego singari Frida uchun inqilobning yakkayu yagona makoniga aylanadi.
Turmushining dastlabki oylari Frida uchun baxtli va quvonchli kechgan bo‘lsa-da, keyinchalik sevishganlar o‘rtasidagi munosabatlarning sovushi va oqibatda nikohning buzilishiga sabab bo‘lgan voqea-hodisalarning yuz berishi Fridaning yurak bag‘rini g‘am-g‘ussaga to‘ldirdi. 1929 yilda Kuernavakda Diyego Ernan Kortes saroyini ta’mirlayotgan va bezayotgan, Frida esa shirin orzular og‘ushiga cho‘mgan kezlarda bu g‘avg‘olardan hali asar ham yo‘q edi.
O‘ttizinchi yillarda Kuernavak hali Malkolm Lauri tasvirlagan qo‘rqinchli joy emasdi. Bu Mexikoning izg‘irinlari, noxush havosidan bezganlar: badavlat amerikaliklar, musavvirlar, meksika burjuaziyasining yirik vakillari to‘planadigan mo‘jazgina, obod va ozoda shahar edi. O‘sha paytlarda tevarak-atrof Porfirio Dias davridagi shohona hayot, ulkan asendalar va cheksiz shakarqamish dalalarini eslatib turardi. Yirik yer mulkdorlari “hindular”ning (ular Sapata qo‘shini askarlarini shunday deb atardi) tajovuziga dosh bera olgan edi. Inqilobchilar shashti pasaygan, Karransaning jallodlari Sapataning o‘q otilganidan ilma-teshik bo‘lib ketgan jasadini Kuetl maydoniga osib qo‘ygan va “hindular” g‘amga botib, o‘z uylariga qaytgan paytlar edi. Ammo Sapataning ruhi tirik, u shakarqamish dalalari, tegirmonlar, badavlat kishilar uylari, shahar-qishloqlar atrofida kezib yurgandek. Hindular qattiq shamol esgan paytlarda Sapata otining tuyog‘i ostidan chang-to‘zon ko‘tarib yelib borayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlarini gapirib yurgani bejiz emas.
Frida hayotida ilk bor dehqonlar va hindular mamlakati – chinakam Meksika bilan yuzma-yuz keldi. U saroy devorlarini bezayotgan Diyego bilan hamnafas bo‘lib turganidan baxtiyor edi: uning devoriy suratlarida yaguar terisiga burkangan, yuziga marosim niqobi olgan hindu ruhoniylari va askarlarining ispan bosqinchilarini qurbonlik qilayotgani, peonlar (dehqonlar)ning dalalar hamda shakarqamishni maydalaydigan tegirmonlarda og‘ir mehnatdan azob chekayotgani zo‘r mahorat bilan tasvirlangan.
Ayni shu kezlarda uning miyasida ruhiy inqilobni amalga oshirish, butun umrini shu ishga baxshida etish, hayotining bosh maqsadiga aylantirish g‘oyasi tug‘iladi. U adolat uchun kurashga otlanishi zarurligini aynan shu yerda — hindular olami bilan uyg‘unlikda, odamni o‘ziga rom etadigan go‘zal tabiat og‘ushida anglab yetadi.
Frida bundan cheksiz baxtiyor edi. Ehtimol, Diyego uchun partiya bilan munosabatlar ikkinchi darajali bo‘lib qolganining sababi ham shundadir.
Diyegoning “Partiya — mening uyim” deya boshqalarni ishontirishga uringaniga qaramay, aynan Frida tufayli u haqiqiy boshpana, uyga ega bo‘lgan edi. Endi uning amerika elchisi Morrouning villasida yashayotgani, undan pul olayotganini yuziga solayotgan markazkomdagi tanqidchilar bilan nima ishi bor? U shu kezlarda o‘zini erkin his etar, tasavvuridagi musavvir hayoti bilan yashar edi. 1929 yilning oktyabrida, turmush qurganidan rosa ikki oy o‘tgach, Diyego kommunistik partiya safidan chiqariladi. Siyosiy g‘alayon tusini olgan o‘sha majlis haqida Fridaning kollejdagi do‘sti Baltasar Dromundo shunday hikoya qilgan edi: Diyego partiyaning bosh kotibi sifatida mayda Meksika burjua hukumatining xizmatkor-musavviri o‘rtoq Diyego Riveraning partiya saflaridan chiqarilishini tantanali e’lon qiladi. Dromundoning aytishicha, ana shu ayblov nutqidan keyin Diyego, Monparnasdagi maynavozchiligi paytidagi jiddiy qiyofada, cho‘ntagidan loydan yasalgan to‘pponchani chiqarib, stol ustiga qo‘yadi-da, bolg‘acha bilan maydalab tashlaydi.
Diyego bu ishlarga har qancha istehzoli munosabatda bo‘lmasin, partiya saflaridan chiqarilishi unga og‘ir botgan edi. Sovet ittifoqidagi sovuq munosabatdan keyin Meksika kommunistik partiyasining shakllanishi va rivojlanishi uchun kuch va mablag‘ini ayamagan Diyego uchun bu hol qattiq zarba bo‘lgan edi. Bu uning yoshlik chog‘laridan ko‘ngliga tukkan — kapitalizm va ekspluatatsiyaga qarshi birgalikda kurash olib borish haqidagi orzu-intilishlarining barbod bo‘lganini anglatardi. Qolaversa, partiya bilan munosabatlarining uzilishi tufayli u o‘z haqiqatini izlayotgan ijodkor muqarrar ravishda yolg‘izlikka mahkum ekanini nihoyat tushunib yetadi.
Frida ham partiyani tark etadi va Diyegoga tosh otayotgan sobiq partiyadoshlari, jumladan, inqilobiy e’tiqodining mustahkamligi uchun yuksak qadrlaydigan Tina Modotti bilan aloqalarini uzishga qaror qiladi. Diyegoning partiya saflaridan chiqarilishidan oldin Tina Edvard Vestonga bitgan maktubida shunday deb yozadi: “Hukumat Diyego bilan mushuk-sichqon o‘ynayotgani va shu bois unga ko‘plab buyurtmalar berayotganini barchamiz bilamiz; aksariyat safdoshlarimiz uni sotqin deb hisoblashi chindan ham bejiz emas”.
Frida Diyego bilan hayotining dastlabki oylarida yana bir ulkan orzusi — yuksak tuyg‘ular bilan yo‘g‘rilgan muhabbat ilinjida yashaydi. U Diyego bilan ikkisining o‘rtasida boshqa ayollar bilan oshiq-ma’shuqligi, shunchaki hirsni qondirishga intilishgina emas (Diyego ana shu maylga o‘ta berilgani uchun zamondoshlari tomonidan “Ho‘kiz” degan laqab bilan siylangan edi), butun vujudni titratuvchi, chek-chegarasiz va samoviy muhabbatni orzu qilardi. Ana shu tuyg‘u Fridaning kuchini ham, zaifligini ham namoyon etadi; u sevgilisi bilan ham ruhan, ham jismonan bir butun bo‘lishni istardi.
Diyego uchun g‘oyat sermahsul bo‘lgan bu davr Frida uchun ijodiy sokinlik pallasi bo‘ldi. U kechayu kunduz karavot tepasidagi oynaga tikilib yotgan va ota-onasining Koyoakandagi uyining asirasi emasdi. U endi nogiron ham emas. Endilikda u Diyegoga hamisha hamrohlik qiladigan, uning soyasi bilan uyg‘unlashib ketgan, u taratayotgan nurdan bahramand bo‘layotgan, u nimani tamaddi qilishi, kun tartibi qanday bo‘lishini hal qiladigan rafiqasi edi. Frida o‘zicha ikki inson — ko‘nglidagi barcha sir-sinoatlarni yashirmay oshkor etadigan ulkan devsifat odam va nigohida allaqanday dard muhrlangan noziknihol ayolni mustahkam rishtalar bilan bog‘langan xayoliy qasrni gavdalantirishga intilardi.
Ana shu davr mobaynida u atigi bir necha asarlar yaratishga muyassar bo‘ldi. Ulardan birida Diyego ikkisi, kelin-kuyovlardek, bir-birining qo‘lidan tutib turgan holda tasvirlangan: unda jussasi kichikkina, noziknihol, boshi bir oz egilgan, uzun yashil libos kiygan va yelkasiga sholro‘mol tashlab olgan yoshgina ayol hamda bo‘ylari baland, kuchli, beliga yuk ko‘taruvchilarnikiga o‘xshash belbog‘ bog‘lagan va ishchilarning beso‘naqay poyafzalini kiyib olgan devsifat odam aks ettirilgan. Bu asar, o‘lim ularni bir-biridan ajratmaguncha, Frida va Diyego ma’naviy-ruhiy ittifoqining mangu tim-soliga aylandi.
Frida sevgilisiga yoqish uchun kiyinish odatlarini o‘zgartirishga qaror qildi. Endi u Teuantepekaning hindu ayollari singari qo‘sh etakli uzun ko‘ylak, Oaxake va Xuastek asendalarida urf bo‘lgan kofta, Michoaka va Xaliskoda yelkaga tashlab yuriladigan keng shol-ro‘mol, Toluka vodiysidagi otomi qabilasi ayollari kiyadigan atlas liboslar yoxud gullar bilan bezatilgan turfa rang yukatan ko‘ylaklarini kiyib yuradigan bo‘ldi.
Shak-shubhasiz, Diyego bunday o‘zgarishlarning bosh sababi edi. Musavvir Yevropadan qaytgach, imkon tug‘ildi deguncha, mamlakat bo‘ylab safarga otlanardi: u ilgari bebahra qolgan madaniy boyliklarni ko‘rishga shoshilardi. Parijdagi izg‘irinli, ochlik yillaridan keyin u vataniga qaytib, o‘zi uchun g‘aroyib narsalarni kashf etdi. Ammo u sayyoh emas va Meksika g‘aroyibotlari hamda o‘ziga xos urf-odatlarining shinavandalaridan farqli o‘laroq, shunchaki qiziqishini qondirishni ko‘zlamaydi. Vaskonselos bilan Yukatanga qilgan safarlari chog‘ida, Verakrusdan Mexiko ilonizi yo‘lida yoki Michoakanning tog‘larida u faqat bir narsani — xalq bayramlari va an’analarida, kundalik hayotda, qadimiy liboslarga burkangan ayollar go‘zalligida, ularning soch turmaklari va o‘zini tutishida, dala mehnatkashlari, ulkan xumlarda suv tashuvchi xuakaleroslar, baliqchilar, shakarqamish kesuvchilar, boshida mais solingan qop ko‘tarib olgan tamemeslarning xatti-harakatlarida hindularning qalbini izlaydi. Safar chog‘ida Diyego yon daftarchasiga ko‘rganlarini yozib borar, ko‘plab eskizlar chizar, Meksikaning kuch manbai va yagona boyligi — xalq turmushini astoydil o‘rganishga intilardi.
Musavvir xalqning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, uning og‘zaki ijodi, rasm-rusumlari va marosimlari bilan uyg‘unlashish meksika san’atining istiqbolini belgilab beradigan bosh omil ekaniga chin dildan ishonadi. Yigirmanchi yillarda u folklor harakatida faol ishtirok etadi, urf-odat, sodda portret, pulkeriya devorlarini bezab turgan tasvirlar haqida maqolalar yozib, “Mexikan Folkways” jurnalida nashr qildiradi.
Diyego nazarida, xalq ruhini ifoda etgan har qanday narsadan xavfsiragan Porfirio Dias tomonidan ta’qib etilgan pulkeriyalarni bezab turgan devoriy rasmlar — chinakam yangicha san’atidir. U ana shu san’at ta’sirida, avvalo, rangtasvirchi sifatida mukamallik sari intilishni mo‘ljallaydi. Musavvirning ta’kidlashicha, meksika xalq san’atining kuch-qudrati estetik inqilobning chinakam manbaiga aylanishi zarur. “Men xom g‘ishtdan barpo etilgan, ba’zi hollarda shu qadar xarob va uydan ko‘ra inga o‘xshaydigan ko‘plab kulbalarni ko‘rganman, — deb yozadi musavvir, — biroq, ana shu inlarning har birida gullar, gravyuralar, mo‘yqalam asarlari yoxud rangli qog‘ozdan kesib yasalgan gulchambarlarni ko‘rishga muyassar bo‘lganman: bularning bari menga go‘yo ranglar diniga e’tiqod qilinadigan mehrobni eslatadi”.

DUNYoNI TITRATGAN ShAHAR

1930 yilning o‘ninchi noyabrida Diyego va Frida paroxodda San-Frantsiskoga kelishadi. Bu yerda ularni Qo‘shma Shtatlarda devoriy rasmlar yaratish uchun Diyegoning buyurtmalar olishini tashkil etgan me’mor Ralf Stekpol qarshi oladi. Diyego uchun bu shunchaki sayyohlik safari yoki qisqa muddatli tashrif emas, u hatto Meksikaga qachon qaytishini ham bilmasdi. U birinchi bor ayol bilan safarga chiqqan edi: ilgarilari joniga tekkan ishqiy munosabatlarni uzish uchun vatanini tark etardi.
Musavvirning hayotida bir bosqich yakuniga yetib, ikkinchisi boshlanayotgan edi. U 1926 yildayoq Uilyam Lyuis Gerstdan maktub olgan va unga Tasviriy san’at maktabida devoriy rasm chizib berish taklif etilgan edi. O‘shandan buyon ko‘p narsa o‘zgardi: Diyego Amerika bilan tanishish fursati yetganini endigina anglab yetdi. O‘tgan to‘rt yil mobaynida qanchadan-qancha voqealar bo‘lib o‘tdi. Musavvir fisqi-fasod va xusumat halqasi tobora siqib kelayotganini his etardi. Hatto azaliy safdoshlari — Orosko, Sikeyros va Jan-Karlolar ham yutuqlarini ko‘rolmasdan, unga tosh otgan, hindular san’atiga bo‘lgan mehr-muhabbati ustidan oshkora kula boshlagan edi.
Meksikada siyosiy mojarolar keskin tus olgani, inqilobiy harakatning zaiflashuvi, jamiyat hayotida yaqqol namoyon bo‘layotgan ma’naviy yemirilish, qishloqlarda boshlangan diniy asosdagi qurolli to‘qnashuvlarga guvoh bo‘lgan musavvir mamlakatni tark etishga qaror qildi. Ustiga-ustak, Ortis Rubio va Diyegoning sobiq homiysi, siyosiy safsatabozga aylanib qolgan yozuvchi Vaskonseloslar o‘rtasida hokimiyat uchun kurashga aylanadigan saylovlar ham yaqinlashib qolgan edi.
Hammasidan ham achinarlisi — bolasidan mahrum bo‘lib qolgan Fridaning ruhiy holati g‘oyat og‘ir edi. Axir, u Meksikadan ketishga, sayohat qilishga, “dunyoviy shahar” deb atagan San-Frantsiskoni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni doimo orzu qilardi. Nihoyat, uning orzusi ro‘yobga chiqadigan bo‘ldi. Diyegoning xotirlashicha, Timoti Pflyugerdan San-Frantsiskodagi fond birjasi binosini bezash haqidagi taklifini olishidan bir kun ilgari Frida orzu-xayollarga berilib, qarindosh-urug‘lari bilan qanday xayrlashishi va paroxodga o‘tirib, “dunyoviy shahar”ga yo‘l olishini gapirgan ekan. Bu safar uning uchun xuddi Diyego singari shunchaki qisqa muddatli tashrif emas. Bu uning uchun yangi hayot va yangi olamga sho‘ng‘ish demakdir.
Amerika san’at ixlosmandlari ularni katta xursandchilik bilan qarshi oldi. Sobiq kommunistlar mamlakatga kiritilmasa-da, sug‘urta agenti va san’at asarlari kollektsioneri — Bender ularning tashrifiga bir amallab ruxsat olishga erishgan edi. Bunday himmatdan ularning boshi osmonga yetdi.
San-Frantsiskoga sayohat Diyego va Frida uchun asal oyi bo‘ldi. Stekpol shahar markazidagi kichkina xonadonini ularning ixtiyoriga topshirishdi. Er-xotin qayoqqa borishmasin, ularni aziz mehmonlardek qarshi olishar, kontsertlarga, universitetda ma’ruza o‘qishga taklif qilishar edi. Diyegoning quvonchi ichiga sig‘masdi: birinchidan, u bu zaminda hech qayerda ko‘rmagan e’tirof va hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ldi, ikkinchidan, san’atini yanada takomil-lashtirish uchun Kaliforniyada zo‘r imkoniyatlar mavjudligidan mamnun edi.
Bu yerda u ilk bor haqiqiy amerikaliklar bilan uchrashdi. Diyego nazarida, Amerika o‘tmish sharpasi va davr ziddiyatlari, dunyoning turli mintaqalaridan kelib qolgan muhojirlarga xos milliy xususiyatlar aralash-quralash bo‘lib ketgan ulkan qozonga o‘xshab ketardi. Kelgusida u farovon, jannatmonand makonga aylanishi kerak edi.
San-Frantsiskoda ko‘rgan-kechirganlari Fridaga Diyegochalik zavq-shavq bag‘ishlamadi. Atertonda er-xotin Sternlarnikida bir muddat mehmon bo‘lib turgan paytda u 1931 yilning 3 mayida yoshlikdagi dugonasi Isabel Komposga shunday deb yozadi: “Bu naqadar ajoyib shahar ekanini hatto tasavvur ham qila olmaysan. Shahar va bo‘g‘ozlar hayratlanarli darajada go‘zal. Ammo gringolar yoqimsiz, g‘alatiroq odamlar ekan, barchasining, ayniqsa, ayollarining yuzlari pishmagan kulchaga o‘xshab ketadi. Biroq bu yerda xitoyliklar istiqomat qiladigan mavze va xitoyliklarning o‘zi ham g‘oyat jozibali. Men xitoylik bolalardek chiroyli, kelishgan bolalarni hech qayerda uchratmaganman. Bunga ishonch hosil qilishing uchun ularning birini hatto o‘g‘irlashga ham tayyorman”.
Shu tariqa, Diyego tun-kun ish bilan band, Frida esa, aksincha, yolg‘izlikdan o‘zini qo‘yarga joy topa olmas, til bilmasligi vaziyatni yanada chigallashtirardi. U bir amallab zarur narsalarni bilib olardi-yu, ammo hech kim bilan dildan suhbatlasha olmasdi. O‘shanda u uzun meksikancha ro‘mol, hindular liboslari va taqinchoqlariga burkanib, o‘zining tor olamida yashay boshlaydi. Aynan shu yerda — San-Frantsiskoda uning timsolida boshqalarga mutlaqo o‘xshamaydigan, o‘n olti yashar jonli va istehzoli Fridadan farqli o‘laroq, bir oz odamovi hamda kalondimog‘ ayol qiyofasi namoyon bo‘ladi.
Frida Kaliforniyadagi qariyb olti oylik safar chog‘ida qo‘liga deyarli mo‘yqalam olmadi. U asosan shaharning diqqatga sazovor joylarini tormosha qilar, o‘zining ta’biri bilan aytganda, “ko‘rishni his etishni” o‘rganayotgandi. Bu safar chog‘ida jismoniy og‘riqlar ham, ruhiy iztiroblar ham bir oz unutilgandek edi go‘yo.
San-Frantsiskoda ular bir oz bo‘lsa-da dam olish, bir-birining diydoriga to‘yishga fursat topa olmadi. Kaliforniyaliklarning mehmondo‘stligi ham bunga imkon bermas edi. Diyego obro‘-e’tibori, salobati, yoqimtoyligi bilan nafaqat ziyolilarni, balki matbuot nashrlarining e’tiborini qozongan jurnalistlar uchun qiziqarli suhbatdosh, g‘oyat mashhur shaxsga aylangan edi. Hali paroxoddan tushmasidanoq Diyegoni uyiga taklif etmoqchi, turli masalalar bo‘yicha uning fikrini bilmoqchi bo‘lganlarning son-sanog‘i yo‘q edi. Hatto bir gal futbol o‘yiniga tushganda ham uni holi-joniga qo‘yishmadi. Jurnalistlardan birining o‘yin taassurotlari haqidagi savoliga Diyego o‘yingohdagi muhitni ommaviy san’at shakllaridan biri — korridaga qiyoslagan edi. O‘ttizinchi yillarda Kaliforniya kosmopolitizm keng tarqalgan hududlardan sanalgan va shu ma’noda Meksika uning o‘tmishini eslatib turardi.
Diyego allaqanday ko‘tarinkilik bilan fond birjasi oshxonasi devorlarini bezashga kirishdi. San-Frantsisko bu — Amerikaning o‘ziga xos davrvozasi bo‘lgani bois Diyego undan tezroq hatlab o‘tishga shoshilardi.
“Dunyo miqyosidagi shahar” — San-Frantsisko Diyego uchun Amerikaga kirib boradigan darvoza vazifasini o‘tagan bo‘lsa, Frida uchun ana shu yarim yillik yolg‘izlik, odatlanib qolgan muhitdan uzoqlashuv o‘zligini anglashga, o‘z qalbida voqelikdan yiroq mavhum timsollar va sir-sinoatlarni ko‘rishni o‘rganishga xizmat qildi. Faqat bu gal Koyoakandagi ko‘zguning o‘rniga yoshlik chog‘ida o‘zining chinakam olamiga olib kiradigan sehrli oynaga o‘xshash bir xilqat paydo bo‘ldi.
 1931 yilning yozida Meksikaga qaytib kelgan Diyego Milliy saroydagi ishlarga sho‘ng‘ib ketdi: yordamchilarning chizganlarini tuzatish, ayrim suratlarni esa yuvib tashlashga to‘g‘ri keldi. U juda ham shoshilardi. Zero, yana Qo‘shma Shtatlarga borishga oshiqar, u yerdagi cheksiz imkoniyat va taassurotlar uni o‘ziga ohanrabodek tortar edi.
Bu Frida uchun kutilmagan noxush xabar edi. “Dunyo miqyosidagi shahar”da bo‘lib, yoshlik chog‘larida orzu qilgan g‘aroyib, sarguzashtlarga boy sayohat qanchalar yoqimsiz va xatarli bo‘lishi mumkinligini anglab yetgandi. Bunday kezlarda u o‘zi sevgan, qon-qoniga singib ketgan, o‘zi bilgan va odatlanib qolgan olamga murojaat etadi: Koyakandagi qizil-oq rangga bo‘yalgan, bolaligi kechgan uy, qing‘ir-qiyshiq ko‘chalar, sokin kechalar, bog‘larda qushlarning chug‘ur-chug‘uri, favvoralarda suvning mavjlanishi, Kristina bolalarining baqir-chaqiri, sevishganlarning dil izhori, musiqa, bozorlarda hindu qizlarning xirgoyisi. Diyego Milliy saroydagi bezak ishlaridan harchand horgan bo‘lmasin, qo‘shni bolalar, o‘zining ta’biri bilan aytganda, Fridaning kichik do‘stlarining suratlarini chizishga vaqt topar va shu orqali unga muhabbatini izhor etardi. Ular ham bir burchakka tiqilib yoki kursiga bejirimgina o‘tirib, hindularning munchoqlariga o‘xshab ketadigan tim qora ko‘zlari va ma’yus yuzlarini musavvirga qadab turardi; bekasi go‘zal, faqat bir oz g‘alatiroq, hatto jodugarga o‘xshab ketadigan sinora yashaydigan bu uyning — bolalar nazaridagi ulkan “saroy”ning eshigi ular uchun hamisha ochiq edi. Frida qadrdon tovushlar va iforlar, qalampirli kulcha va qovurilgan loviyani qanchalar sog‘inganini, “dunyo miqyosidagi shahar”da o‘zini azaliy rishtalardan uzilgan va har tomondan dushmanlar bilan o‘rab olingan hindulardek his etganini San-Frantsiskodagi do‘sti va uni davolagan doktor Leo Eloesserga bitgan maktublarida alam bilan yozadi: “Meksikada ilgarigidek tartib yo‘q, hamma narsa nomigagina qilinadi, ammo uning go‘zal va betakror zamini va hindulari bor. Har kuni amerikaliklar ana shu go‘zalikdan bir chimdimini o‘g‘irlayotganidan tashvishdaman. Ammo odamlarga ham yemak kerak, shu bois yirik baliqlarga mayda-chuyda baliqchalarni yutib-yamlashiga to‘sqinlik qila olmasligimizdan afsusdaman”.
Fridaning tushkun kayfiyati Diyegoga zarracha ta’sir qilmasdi. Uning nazarida, aynan Amerika san’atdagi yangi o‘zgarishlar, kashfiyotlar makoniga aylanishi kerak. “Amerika, — deydi u, — asrlar mobaynida mana shu zaminda ildiz otgan hindular san’atining ijodiy ruhi bilan oziqlanib kelgan. Amerikaliklar! Chang yutkichni oling-da, keraksiz naqsh-bezaklarni va betayin shakllarni sidirib tashlang! Miyangizdan eski an’analar va asossiz qo‘rquvni quving, o‘zligingizni anglang! Amerikaning cheksiz imkoniyatlariga ishoning: Amerika qit’asining estetik mustaqilligini e’lon qiling!”

INQILOBIY AMERIKA MANZARASI

Er-xotin Riveralar yozni Mexikoda o‘tkazib, Fridaning ikkilanishlariga qaramay, 1931 yilning noyabrida Nyu-Yorkka yo‘l olayotgan “Morro Kastl” paroxodiga chiqishdi. Diyego Detroytdagi San’at instituti direktori Uilyam R.Valen-Tayner va uning sherigi me’mor Edgar P. Richardsondan institut bog‘ida devoriy surat chizib berishga buyurtma olgan edi. Yozda esa bundan-da qiziqarliroq buyurtma kelib qoldi. Rokfeller fondining maslahatchisi, Nyu-Yorkda san’at asarlari savdosi bilan shug‘ullanadiganlar orasida eng obro‘li odam — Frensis Flinn Peyn Diyegoga murojaat etib, Zamonaviy san’at muzeyida uning asarlari ko‘zgazmasini o‘tkazishni taklif qildi.
San-Frantsiskodan Meksikaga qaytib kelganda, Diyego va Frida ko‘z o‘ngida ayanchli vaziyat namoyon bo‘ldi. 1928–1929-yillardagi iqtisodiy inqiroz birinchi navbatda qashshoq mamlakatlarga zarba bergan edi. Fuqarolik urushi nafaqat Markaziy-G‘arbiy viloyat, Michoakan, Xalisko va Nayarit shtatlari, balki mamlakatning ilgarilari gullab-yashnagan mintaqalarini ham vayronaga aylan-tirgan edi.
O‘sha kezlarda Diyego va Frida mablag‘ga katta ehtiyoj sezayotgani bois Valentayner va Richardsonning taklifi ayni muddao bo‘ldi. Diyego San-Anxeleda uy, aniqrog‘i, ular alohida-alohida yashashi mumkin bo‘lgan hamda galereya bilan tutashtirilgan ikkita uycha qura boshlagan edi. Koyakandagi Kalolar xonadonining moddiy ahvoli ham borgan sari qiyinlashib borar, Diyego qaynotasiga ko‘maklashish maqsadida, ularning umrbod yashab qolish sharti bilan bu uyni sotib olishga majbur bo‘lgan edi.
Albatta, gap faqat pulda emas. Diyegoni bu mamlakatga pulning kuch-qudrati yoki erkinlik nashidasidan to‘yib-to‘yib nafasi olish istagigina yetaklagani yo‘q. U, avvalo, tasviriy san’at vositasida tarixdagi eng qudratli industrial imperiyani barpo etgan odamlarni anglash va tushunish, ana shu ulkan mexanizmning sir-sinoatlaridan voqif bo‘lish, uning quvvat manbaini izlab topish va, shak-shubhasiz, asarlari bilan barchani hayratga solishni ko‘zlagan edi.
Uzoq kutilgan ko‘rgazma nihoyat 1931 yilning 22 dekabrida seshanba kuni Beshinchi avenyudagi Zamonaviy san’at muzeyi binosida ochildi. Unda musavvir ijodiy yo‘lini mujassam etgan bir yuz qirq uchta asari (shu jumladan, kubizm davrigacha yaratilgan) namoyish etildi. “Barbizon-Plaza” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Diyego Italiya Uyg‘onish davri va Kolumbgacha Meksika materiallari asosida devoriy suratlarni yaratish texnikasi va uslublari haqida so‘zlab berdi.
Riveraning shon-shuhrati hamda Zamonaviy san’at muzeyining katta obro‘-e’tiborga (bundan oldingi ko‘rgazma Matiss ijodiga bag‘ishlangan edi) ega ekanidan qat’i nazar, musavvirning ko‘zgazmadan ko‘ngli to‘lmadi. Matbuotda Rivera ijodi haqida tanqidiy maqolalar chop etildi, ayniqsa, qullikning hamon saqlanib qolayotganida o‘zaro kelishib faoliyat yuritayotgan pul va politsiya aybdor etib tasvirlangan devoriy surat keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi. “Nyu-York tayms”ning kechki sonida chop etilgan maqolada musavvirning devoriy suratlari Chapingo va Mexikodagi asarlarning “beo‘xshov nusxalari, xolos” deya baholandi. Tanqidchi va jurnalistlar uning hindular san’atini tiklash haqidagi g‘oyalari ustidan oshkora kulib, hindular san’atini “to‘qima to‘rvalar va guldor ko‘rpalar” bilan qiyoslaydi, homiylarni esa mahalliy ijodkorlardan yuz o‘girib, xorijlik musavvirlarni qo‘llab-quvvatlayotganini keskin tanqid qiladi. Darhaqiqat, iqtisodiy inqiroz oqibatida qabul qilingan qonunga binoan xorijliklarga doimiy ish berish taqiqlangan edi. Shunga qaramay, nyu-yorklik ziyolilarning aksariyati ancha shov-shuvlarga sabab bo‘lgan bu ko‘rgazmani o‘z ko‘zi bilan borib ko‘rishga ishtiyoqmand edi.
Frida uchun Nyu-Yorkdagi dastlabki oylar og‘ir kechdi. Meksikancha libos va taqinchoqlarga burkanganiga qaramay, u alpqomat erining soyasi ortida qolib, bu shaharni zo‘ravonlik va tubanlik botqog‘iga botgan, doktor Eloesserga bitgan maktubida “tovuqlar uchun qurilgan ulkan, bulg‘angan tor katak” deya ta’riflaydi. Fridaning ko‘nglida San-Frantsisko taassurotlari ta’sirida keyin “ming-minglab odamlar ochlikdan jon taslim qilayotgan bir paytda kechayu kunduz aysh-ishratga berilgan” boy-badavlat amerikaliklarga nisbatan cheksiz nafrat paydo bo‘ldi.
O‘sha kezlarda ahvol chindan ham og‘ir edi. Yangi yil arafasida iqtisodiy qiyinchiliklar ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lar, qashshoqlar bilan to‘lib-toshgan Nyu-York Rokfeller singari kiborlar shahridan ko‘ra Dikkensning Londoniga o‘xshab ketardi. Gazetalar “qanchadan-qancha munosib odamlarning qashshoqlikdan azob chekayotgani” va ularga yordam qo‘lini cho‘zish kerakligi haqidagi da’vatlar bilan to‘lib-toshgan. Ko‘pchilikning oylik maoshi eng kam ish haqi darajasiga ham yetmagan, tikuv ustaxonalarida ishlaydiganlar esa oyiga atigi ellik, hatto o‘ttiz dollarga kun ko‘rar edi.
Diyego devoriy suratlar ustida ishlayotgan paytda Frida Manxetten ko‘chalarida sayr qilib yurardi. Bu yerning qishi yumshoq, tez-tez yomg‘ir aralash qor yog‘ib turardi. Shu kezlarda Frida Koyoakandagi moviy osmon, subhidamdagi yoqimli shabada, obakidandon so‘rib yurgan bolakaylar, yangi yil uchun gullar hamda ko‘chatlar uchun o‘g‘itli tuproq sotib yurgan hindu qizlarini allaqanday sog‘inch bilan xayolidan o‘tkazdi. “Barbizon-Plaza” mehmonxonasi o‘lgudek zerikarli, ustiga-ustak, Frida ingliz tilini bilmagani bois tevarak-atrofdagi voqea-hodisalarni tushunolmay garangsirab qolgan edi.
Bekorchilik joniga tegib ketdi. Kiborlar jamiyati uni mutlaqo qiziqtirmas, Nyu-York avomi esa unga nafrat bilan qaraydigan uyushgan ommadek bo‘lib tuyulardi. Rasm chizayin desa, mehmonxona xonasi haddan tashqari tor. Har qalay, Diyegoning yordamchisi Lyusena Blox bilan do‘stlashib qolgani yaxshi bo‘ldi, ular goh teatrga, goh Zigfeld tomoshasiga, goh kinoga borib ko‘ngilxushlik qilishardi.
Mart oyida Diyego va Frida Filadelfiyaga Diyegoning g‘oyasi va bezaklari hamda meksikalik kompozitor Karlos Chavesning musiqasi asosida yaratilgan baletga borishdi. Unda musavvirning azaliy orzusi ushaldi: spektaklda Meksikaning hinducha o‘tmishi zamonaviy industrial voqelik bilan qorishib ketishi aks ettirilgandi. Uning nazarida, bu Detroytda amalga oshirmoqchi bo‘lgan loyihasining debochasi bo‘lib xizmat qiladi. Ammo Frida doktor Eloesserga bitgan maktubida spektaklni ayovsiz tanqid qiladi: “Oq-sariqdan kelgan qandaydir zaif kimsalar hundular timsolini yaratishga jazm etganiga hayronman; ular sandungu raqsiga tushayotganda tomirlarida qon emas, go‘yo qo‘rg‘oshin oqayotgandek tasavvur hosil bo‘ladi”.
Frida anglosakson olamini sira hazm eta olmadi: bu olam uning qalbida qo‘rquv va, ehtimol, erini undan uzoqlashtirayotgani uchun ishonchsizlik tuyg‘usini uyg‘otardi. Industrial olam va uning adolatsizliklari Frida qalbini jarohatladi, ammo u Diyego singari ijod vositasida bu darddan xalos bo‘lishga qodir emasdi. U o‘zini o‘zligidan, o‘z aksidan, quvvat manbaidan uzilib qolgandek his etardi. Uning uchun dunyoda Diyegodan aziz inson yo‘q, Frida uning uchun ota-onasidan ayrilib, uzoq-uzoqlarga ketishga, hatto ma’lum ma’noda san’atini ham qurbon qilishga tayyor. U anchadan buyon Diyegoga ko‘nglidagini oshkor etmagan bo‘lsa-da, shu kezlarda u yana farzandlik bo‘lish orzusida yashardi. 1932 yilning aprelida Diyego Detroytda ish boshlashga qaror qilganda Frida u bilan ketayotganidan, ko‘ngliga qo‘rquv solgan ulkan vahimali shaharni tark etayotganidan xursand edi.
Detroytda er-xotinni kutib olish chog‘ida ularga ko‘rsatilgan hurmat-ehtiromdan Fridaning boshi osmonga yetdi. San’at instituti direktori Valentayner va uning yordamchisi Berrouz ularni vokzalda qarshi olishdi. Kutib oluvchilar orasida meksikaliklar (asosan Ford zavodida ishlaydigan ishchilarni Meksika konsuli olib kelgan ekan) ham ko‘p edi. Diyego bu zaminga Lotin Amerikasining madaniy elchisi sifatida tashrif buyurgan edi. Binobarin, har ikkisi uchun muhojir ishchilar bilan muloqot, Nyu-Yorkdagi oliy doira vakillari bilan uchrashuvlardan muhimroq edi. Institut tomonidan Diyego uchun ajratilgan kattagina mablag‘ uning kuchiga kuch qo‘shdi. Bu mablag‘ning anchagina qismini u vatandoshlarini, ayniqsa, Meksikaga qaytish uchun pul topa olmayotgan yurtdoshlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun sarfladi.
Diyego Detroytda chindan ham o‘ziga xos elchiga aylanib qoldi. O‘ttizinchi yillarda Prezident Guver, ko‘p yillik uzilishdan keyin janubdagi notinch qo‘shni bilan iqtisodiy va savdo aloqalarini mustahkamlashga bel bog‘ladi. Amerikaning Meksikadagi elchisi Morrou Kuernavakdagi Ernan Kortesning saroyini tiklash va bezash ishlarini Diyegoga topshirgani tufayli musavvir ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yaqinlashuviga xizmat qiladigan rasmiy vakilga aylanib qolgan edi. Darhaqiqat, devoriy san’at xalqchilligi va hammabopligi bilan ana shunday yaqinlashuvning chinakam timsoli sifatida xizmat qilishi mumkin edi.
Bunday yaqinlashuvga undagan boshqa sabablar ham bor edi. Ayniqsa, 1929 yilda birjalardagi falokat Amerika iqtisodiyotiga jiddiy zarba bergandi.
Inqiroz hatto Ford zavodlarini ham chetlab o‘tmadi. Diyego bilan Frida kelgan kezlarda Detroyt allaqachon falokat o‘chog‘iga aylanib ulgurgan, zavod ma’murlari inqiroz oqibatlarini tugatish yo‘llarini izlash bilan band edi. Chigal vaziyatdan chiqish uchun Ford kompaniyasi boshqa mamlakatlarga ko‘proq e’tibor qaratishi, xususan, tobora istiqbolli bozorga aylanib borayotgan Meksikaga jiddiyroq nazar solishiga to‘g‘ri keldi. Edsel Ford mahsulot sotuvini ko‘paytirishda san’atning, ayniqsa, tasviriy san’atning ahamiyati naqadar katta ekanini birinchilardan bo‘lib tushunib yetdi. Edsel Fordning Uilyam Valentayner bilan uchrashuvidan keyin kompaniya Detroytdagi zamonaviy san’at muzeyi va San’at institutini ta’mirlash va kollektsiyasini boyitishga mablag‘ ajratishga qaror qildi. Valentaynerning esa Kaliforniyada Diyego Rivera bilan uchrashuvi musavvirning Detroytga tashrif buyurishiga sabab bo‘ldi. 1932 yilning 21 aprelida poyezddan tushishlari bilan Diyego va Frida Nyu-Yorkdagi kiborlar doirasidagi xotirjamlikdan farqli o‘laroq, ijtimoiy keskinlik hukm surayotgan, ko‘plab ishlab chiqarish muammolari paydo bo‘lgan muhitga sho‘ng‘idi. Ana shunday vaziyatda Diyegoning kayfiyati chog‘, u kuni bilan zavod binolari va ishchilar yashaydigan turar joylarni borib ko‘rar, ishchi-xizmatchilar, muhandislar bilan suhbatlashar, yuzlab eskizlar qoralab, zavod bog‘i devorlarini bezash ishlariga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan edi. Ayniqsa, Ruje daryosi yaqinida po‘lat va tsementdan barpo etilgan hamda musavvirning mehnat olami haqidagi tasavvurlariga mos keladigan ulkan g‘aroyib inshoot uning hayratini yanada oshirdi. “Nyu-York gerald tribyun” gazetasida chop etilgan maqolasida u bu haqda shunday deb yozadi: “Insoniyatning butun tarixi mobaynida bunyod etilgan bironta ham inshoot unga tenglasha olmaydi. Unda qit’amizning kuch-qudrati, imkoniyatlari, quvonch-qayg‘ulari, shon-shuhrati va o‘tmishi tajassum topgan”.
Shu tariqa, fordlar sulolasining asoschisi, keksa Genri Birinchi va alpqomat meksikalik o‘rtasida g‘aroyib, hatto qay bir jihatlari bilan g‘ayritabiiy do‘stlik rishtalari bog‘landi. Oddiy xalq orasidan chiqib, Braziliyagacha yastanib yotgan ulkan imperiyani barpo etgan metin irodali bu odam musavvirning cheksiz hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘ldi. U ham xuddi Diyego singari Amerika qit’asining kimsasiz hududida, konchilar o‘lkasida dunyoga kelgan edi. Mislsiz ijodiy salohiyatga ega bu ikki insonni xomashyoning tayyor mahsulotga aylanish jarayoni, taraqqiyotning kuch-qudrati, po‘lat erituvchi pechlarning alangasi, presslar, dastgohlar, ko‘plab odamlarning birgalikdagi mehnati hayratga solardi, tinimsiz izlanish, harakat qilishga undardi. Diyego Dirborndagi ko‘rgazmaga qo‘yilgan ekspo-natlarda mashinalar tarixi aks etgan Sanoat muzeyini borib ko‘rganda, “bir uyum temir” uni shu qadar hayratga soldiki, vaqt tundan oqqanini ham sezmay qoldi. Ertasiga Ford bilan uchrashib, uning oldida bosh egishini aytadi. Ortga qaytayotib, u zavod va uning bosh binosi yonidan o‘tar ekan, loyiha ustidagi ishlarni tezroq boshlash kerakligini tushundi. “Detroytga qaytayotganimda, — deb yozadi musavvir, — Fordning sanoat imperiyasi doimo ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘lib turar, odamzotga xizmat qilish uchun dastgoh va mashinalarga aylanayotgan tsexlardan taralayotgan ajib simfoniya quloqlarim ostida jaranglab turardi. Bu yangi musiqa odamlar tushunadigan shaklga tushira oladigan daho — kompozitorni kutib turardi”.
Kelgusida Diyegoning Amerika bilan munosabatlari qanday tus olishidan qat’i nazar, Genri Fordning ijodiy salohiyati, industrial davrning kirib kelishiga ko‘shgan xizmatini u hamisha tan olardi. Keyinchalik Gledis March bilan suhbatlarining birida u bu davrni shunday xotirlaydi: “Genri Ford dunyodagi eng badavlat kishilardan biri bo‘lgani sababli uning xizmatiga yarasha o‘zim istaganimdek ochiq-oshkora baho berishga jazm eta olmadim. Aks holda, ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘lgan, nazarimda, dunyodagi eng buyuk bu ijodkor inson haqida kitob yozib qoldirgan bo‘lardim”.
Ford haddan tashqari uni o‘ziga rom etganidanmi, Diyego unga xos ayrim illatlarni, xususan, ashaddiy antisemitizmni payqamaydi. Zero,Ford 1921–1924 yillarda “Dirborn independent” gazetasida jaz musiqasi va korruptsiyaning ommalashib borayotganiga aybdor bo‘lgan, uning ta’biricha, “Amerikani zulukdek so‘rayotganlar” — yahudiylarga qarshi o‘ta keskin maqolalar nashr ettirgan edi.
Frida esa, Diyegodan farqli o‘laroq, hammasini sezib-bilib turardi. Ford kompaniyasi ularni joylashtirgan “Uordell” mehmonxonasiga yahudiylarning kiritilmayotganini bilgach, u Diyegodan buning biron-bir chorasini topishni talab qildi. Ular boshqa mehmonxonaga ko‘chib o‘tamiz, deya qo‘rqitgandan keyin yahudiylarni tahqirlovchi qoida bekor qilindi, hatto yashash haqi ham bir oz pasaytirildi. Ammo Fridaning ko‘ngli baribir taskin topmadi. Genri Fordning qarorgohida berilgan ziyofatlarning birida, o‘rtadagi sukunatdan foydalanib, u cholga anchadan buyon tilining uchida turgan “Mister Ford, Siz mabodo yahudiy emasmisiz?” degan savolni berishdan o‘zini tiya olmadi.
Ammo Fridaning bunday qiliqlari ham Diyego va Edsel Ford o‘rtasidagi do‘stlikka raxna sola olmadi. Keksa Ford tayyorlov ishlari ketayotgan kezlarda ijodkorlar mehnatini yengillashtirish uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qilishga harakat qilardi. Mutaxassislar kerakli bo‘yoqlarni topib kelishar, suratkashlar esa Diyego devorlarni bezashda foydalanmoqchi bo‘lgan zavod manzaralarini suratga olish bilan band edi.
1932 yilning bahori va yozida Diyego devoriy suratlar uchun andozalarni tayyorlashga sho‘ng‘ib ketgan bir mahalda Frida hayotidagi eng og‘ir, iztirobli davrni boshdan kechirayotgan edi. Diyegodan farqli o‘laroq, nima uchun u Detroytga, doktor Eloesserga yuborgan maktubida yozganidek, “xaroba uylardan iborat bu qishloqqa” bunchalik mehr qo‘yganini sira tushuna olmasdi. Unga ham Rujedagi zavodlar zo‘r taassurot qoldirgan bo‘lsa-da, “Qolgan barchasi, — deb yozadi u maktubida, — Qo‘shma Shtatlarning hamma joyidagi shaharlari-dagidek ko‘rimsiz va ahmoqona”. Uzoq oylar mobaynida vatandan yiroqda yashagan Fridaning qalbini aziz yurti, tinch va xotirjam Koyoakani, qadrdon do‘stlari, hatto ota-onasining besaranjom xonadoniga nisbatan sog‘inch hissi qurshab olgan edi. U saraton xastaligiga chalingan onasining ahvoli kun sayin og‘irla-shayotganini his etib, yurak-bag‘ri ezilardi. Tag‘in, Matita va Kristinadan biron-bir xat-xabar kelmayotgani sababli o‘zini yolg‘iz, kimsasiz his etardi.
Diyego har jihatdan uning ko‘nglini olishga harakat qilardi. Er-xotin Riveralar bilan birga Nyu-Yorkdan bir necha inglizlar: vi-kont Jon Xastings, graf Xantington va uning rafiqasi kelishgan edi. Ular Riveralar istiqomat qilayotgan uyga qo‘shni xonadonni ijaraga olib, har kuni kechki ovqatga tashrif buyurishar, allamahalgacha suhbatlashib o‘tirishardi. Diyego Detroytda Monparnasning o‘ziga xos erkin muhitini shakllantirishga muvaffaq bo‘lgan edi. Ana shu paytlarda u Valentaynerga bo‘lg‘usi devoriy rasmlarning eskizlarini namoyish etardi.
Ammo Fridaning ko‘ngli yorishmadi-yorishmadi. Shu tariqa, uning musavvirlik iste’dodini yemirayotgan yolg‘izlik va bekorchi kunlar ortidan kunlar o‘taverdi. Detroytda bo‘lgan vaqt mobaynida u mo‘yqalamga deyarli qo‘l urgani yo‘q. O‘z yog‘iga o‘zi qovurilib, iztirob chekar, jismoniy og‘riqlar tufayligina u yashayotgani, yashashi kerakligini tushunardi.
Ustiga-ustak, miyasini, butun vujudini qurshab olgan g‘oya unga sira tinchlik bermasdi. Frida Kuernavakdagi fojiadan keyin, qanday bo‘lmasin, farzandlik bo‘lishga qaror qilgan edi. Endi bu istak uning o‘y-xayolini butunlay egallab olgan edi. Chap oyog‘idagi yarani davolash uchun Ford kasalxonasiga murojaat etganda uni doktor Pratt bilan tanishtirishdi. Doktor qalbidagi orzu-armon va xavotirlarini so‘zlab bergan bu navqiron ayol mislsiz azob-uqubatlarni boshdan kechirganini tushundi. U shaxsan o‘zi tekshiruv o‘tkazib, Fridaning barcha jismoniy nuqsonlarini aniqlashga urindi: avtofalokatning dahshatli oqibatlaridan tashqari, uning bola tug‘ishni qiyinlashtiradigan tug‘ma nuqsoni — tos suyagi haddan tashqari tor ekani ma’lum bo‘ldi. Xullas, uning holati g‘oyat achinarli va xatarli edi. Shu bois doktor dastavval, imkon borida(uning homilasi hali uch oyga ham yetmagandi), homilani oldirib tashlashni maslahat berdi. Farzandli bo‘lishni orzu qilgan Frida uchun bu ulkan fojia edi.
Albatta, avvalo, Fridaning o‘zi bir qarorga kelishi kerak edi. Nihoyat u, mo‘jiza ro‘y berishiga umid qilib, umr bo‘yi intilgan va ko‘ngliga tukkani — farzandli bo‘lish orzusiga erishish maqsadida homilani oldirmaslikka, institut binosidagi ulkan devoriy rasmning qoq markazida Diyego tasvirlamoqchi bo‘lgan timsol — bolani saqlab qolishga qaror qildi. Bu bola Detroyt farzandi bo‘ladi. Frida avgust oyigacha Meksikaga qaytib, uyida, Koyoakanda tug‘ishni rejalashtirdi.
Biroq, oradan bir yarim oy o‘tgach, Michigan yozining diqqinafas kunlarining birida kutilmagan fojia yuz berdi. 4 iyulga o‘tar kechasi ko‘p qon yo‘qotgan Frida boladan mahrum bo‘lib qoldi. Ford kasalxonasiga kuzatib borgan Diyego seviklisiga taskin berishga harakat qilardi. Ertasiga unga qalam va bo‘yoq keltirib berdi. Zero, bu Frida uchun yagona najot vositasi ekani, faqat tasviriy san’atgina uning qalbiga taskin berishi mumkinligini u yaxshi bilardi.
Kasalxonadan chiqqach, Frida ijodida tub burilish yasagan, uning o‘ziga xos, g‘oyat jozibali tasvirlash usulini namoyon etgan, kundalik turmush voqea-hodisalari, orzu-armonlari, xavotirlari va hissiyotlari ramziy tarzda va shu bilan birgalikda, g‘oyat aniq shakllarda ifodalangan ikki asar yaratdi. Asarlarning birida u o‘zini kasalxonada operatsiyadan keyingi holatda bolasi bilan birgalikda tasvirlagan. Ikkinchisida esa to‘shakda yotgan qip-yalang‘och, qonga botgan ayol, karavotning tepasida esa boshdan kechirganlarining timsoli sifatida: singan tos suyagi, jarroh anjomlari joylangan quticha, orxideya guli, ulkan shilliqqurt, g‘aroyib tug‘ va uch oylik homila, xuddi dahshatli tushdagidek, xonada gir-gir aylanib turgan holda ifodalangan. Ana shu asarni chizish uchun u Diyegodan rasmli tibbiy qomusni keltirib berishni iltimos qilgan edi. Asarda tasvirlangan kasalxona karavotining yon qismiga o‘sha mash’um sana — 1932 yilning iyul oyi muhrlab qo‘yilgan.
Diyegoning ta’kidlashicha, Frida ana shu sanadan boshlab “san’at tarixida hali misli ko‘rilmagan shoh asarlar — ayolning shafqatsiz voqelik, achchiq taqdir, odamlarning bag‘ritoshligi, jismoniy va ruhiy iztiroblar qarshisidagi qat’iyati va cheksiz irodasini tarannum etgan asarlar ustida ish boshlagan edi. Shu vaqtgacha iztirob va g‘am-anduhni bu qadar yuksak mahorat bilan tasvirlash baxti hali birorta ham ayolga nasib qilmagan”.
Frida o‘sha mash’um voqeadan keyingi bir necha hafta mobaynida tinimsiz ijod qildi. Zero, tasviriy san’at uni voqelik dahshatidan bir oz bo‘lsa-da chalg‘itardi. Bu pallada u yaratgan har bir asar, har bir rasm — uni qurshab turgan odamlarga murojaati, iltijosidek qabul qilinadi. “Ikki dunyo oralig‘ida” asarida uning ikki o‘t o‘rtasidagi hayoti: Detroytga mehr qo‘ygan sevgilisi Diyego va jonajon Meksikasiga muhabbati tasvirlangan bo‘lsa, qalam bilan chizilgan rasmlarda kasalxona palatasida boshdan kechirgan azob-uqubatlari, Detroyt markazidagi binolar, Diyegoning yulduz singari uzoqdan porlab turgan qiyofasi g‘ayritabiiy timsol — iyeroglif vositasida aks ettirilgan.
Diyego esa o‘sha yilning yozi va kuzida butun vujudi bilan devoriy suratlar ustida mehnat qildi. Kun tobora qisqarayotgani bois u yorug‘likdan imkon boricha samaraliroq foydalanishga harakat qilardi. Xuddi Uyg‘onish davridagidek, ustaxona to‘la odam u bilan yonma-yon mehnat qilar, Diyego esa orkestrni boshqarayotgan dirijyor singari, butun ijodiy jarayonni boshqarib turardi. Uning ishini dastlab tayyorlov, keyinchalik hal qiluvchi bosqichda kuzatib borgan Edsel Ford musavvirning san’ati va chizish mahoratiga tan berdi. Erta tongda musavvirning shogirdlari Klifford va Lyusenda Blox andoza asosida kompozitsiyaning chiziq belgilarini chizib chiqish va dastlabki bo‘yoq ishlarini bajarish uchun yarim tundanoq devorlar yonida barpo etilgan havozalarda suvoqchi-ustalar devorni suvab, bezashga tayyorlab qo‘yishardi. Tong otishi bilan musavvirning o‘zi havozaga ko‘tarilib, asarni yaxlit ko‘rinishga keltirar, bezar va jilo berardi. U mo‘yqalamni uzun tayoqchaga bog‘lab kun bo‘yi, ba’zan yarim tungacha, dam olmasdan mehnat qilardi.
Shu tariqa, asta-sekin San’at instituti devorlarida yaratuvchan, bunyodkor insonni sharaflaydigan hayratomuz timsollar namoyon bo‘la boshlaydi. Neoklassitsizm uslubida barpo etilgan bino devorlari va shiftida zamonaviy tamaddun taraqqiyotining turli bosqich va davrlarining badiiy tasvirini ko‘rish mumkin. G‘arbiy darvoza ortidagi bog‘dorchilik ma’budasi obrazi orqali tasvirlangan bashariyat tarixining timsoliy kurtagi sharqiy devorda aks ettirilgan mehnat olami, ulkan quvurlar, qudratli texnika timsollari bilan ajib bir uyg‘unlik kasb etgan. Shimoliy va janubiy devorlardagi ulkan suratlarda industrial davrning g‘aroyib manzarasi: ilonizi daryolar, geologik qatlamlar, insoniyat hayotining turli bosqichlarini o‘zaro bog‘layotgan elektr impulslar, sifatli po‘lat ishlab chiqarish maqsadida tabiat qa’ridan qazib olinayotgan volfram, nikel, molibden hamda vulqon singari olov purkayotgan domna pechlari yuksak mahorat bilan aks ettirilgan. Sanoat xomashyosining ko‘pgina turlari: ohak, qum, ko‘mir hamda tibbiyot, sanoat va harbiy soha borasidagi izlanishlarning turli bosqichlari bir-biri bilan goh nizolashayotgan, goh tinch-totuv yashayotgan odamzot irqlarining ifodasini Mikelanjeloning devoriy suratlari yoxud Yaratganning ilohiy timsoliga qiyoslash mumkin.
Devoriy suratdagi har bir chizgi, har bir detal — yuksak iste’dod mahsuli; tomoshabin nigohida majmua manzarasida insoniyatning o‘tmishi va istiqboli, mangulikka daxldor betakror asar namoyon bo‘ladi. Shu vaqtgacha Diyego Rivera bu qadar teran va mahobatli asarga qul urmagan edi. Musavvir klassitsizm, kubizm va ekpressionizm, xullas, tasviriy san’atdagi barcha usullarni qo‘llab, San’at institutining mo‘jazgina hovlisida bashariyat tarixiy silsilasi, ulkan bunyodkorlik, hayotga tashnalik, cheksiz azob-uqubat va rohat-farog‘at, shayton qilmishlariyu ilhom farishtalarini betakror chizgi va bo‘yoqlar vositasida tasvirlab, mukammal asar yaratishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Diyego va Frida majmuaning tantanali ochilishidan bir hafta oldin Detroytni tark etishdi. Jurnalistlarning dastlabki taassurotlari “bo‘ron” yaqinlashayotganidan dalolat berardi. Devoriy suratlar keskin tanqidga uchradi. Avliyo Ralf Xingins va rohib Yudjin Polas boshchiligidagi ruhoniylar tomonidan bu asar Rojdestvo ustidan kulish, tahqirlash deya baholandi. Ayollar tashkiloti va katoliklar klubi yalang‘och ayollarning tasvirlanishi “Amerika ayollarini oshkora oyoqosti qilishdan boshqa narsa emas”, degan xulosaga keldi. Bu g‘avg‘o boshlanganda Riveralar allaqachon Nyu-Yorkka yetib olishgan edi: musavvir “Radio-Siti” — bo‘lg‘usi Rokfeller markazining katta zalini bezash uchun taklif etilgandi. Diyego Detroytdagi asarini tanqid qilganlarga yo‘llagan maktubida achinish hissi va shu bilan birgalikda, g‘ururini ifoda etadi: “Detroytdagi devoriy rasmlar buzib tashlanadigan bo‘lsa, bu asarni yaratish uchun bir yillik mehnatim va bor iste’dodimni safarbar etganim bois, qalbimni tilka-pora qilishi shubhasizdir. Shunga qaramay, ertagayoq yangi asar yaratishga kirishaman. Chunki men shunchaki “musavvir” emas, balki ma’lum ma’noda gullab, meva tugadigan daraxt singari, o‘z biologik vazifasini bajarayotgan insonman. Binobarin, guli va mevalari to‘kilgan daraxt hech qachon zorlanmaydi, chunki bu yil bo‘lmasa kelasi yili yana gullashi va meva tugishini yaxshi biladi”.

NYu-YORKDAGI MUHORABA

1933 yil martining boshlarida Diyego va Frida Nyu-Yorkka tashrif buyurishdi; bu yerda ularni izg‘irinli shamol qarshi olgan bo‘lsa, ortlarida — Detroytdagi San’at instituti hovlisida chinakam “bo‘ron” boshlangan edi. Frida qanchadan-qancha iztirobli kunlarni boshdan kechirgan bu shaharni tark etganidan afsus chekkani yo‘q. Ammo ahvoli tobora og‘irlashayotgan onasi bilan vidolashish uchun bir muddat Mexikoga kelganida qadrdon xonadonidagi motamsaro vaziyatni ko‘rib, ko‘ngli buzildi. Bu yerda — Nyu-Yorkda esa Diyego Riverani yana bir buyurtma kutib turar va u tezroq yangi ishga sho‘ng‘ishga shoshilardi.
Detroytdagi devoriy suratlar yaratish ishlarining tayyorlov bosqichidayoq Diyego missis Peyn orqali “Radio-Siti” — kichik Jon Rokfeller tomonidan Nyu-Yorkda barpo etilayotgan yangi madaniy va ijodiy markazni bezashda ishtirok etish uchun taklif etilgandi. Dastlab loyihada Matiss, Pikasso va Rivera ishtirok etishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, faqat Diyego uni amalga oshirish bo‘yicha mas’uliyatni zimmasiga olgan edi. Unga yigirma bir ming dollar mehnat haqi evaziga binoning asosiy xonalari: lift va vestibyul-lardan iborat katta zalni (jami yuz kvadrat metrdan ko‘proq) bezash ishlarini bajarish topshirildi.
Har bir musavvirning orzusi — dunyodagi eng yirik shaharning qoq markazida o‘z iste’dodini namoyon etish bu — Diyego uchun zo‘r imkoniyat edi. Detroytdagi ishni yakuniga yetkazmasidanoq u Nyu-Yorkdagi devoriy suratlarning manzarasini aniq tasavvur qilardi. Barpo etilayotgan markaz uchun san’at asarlarini tanlash ishlariga mas’ul bo‘lgan hay’at tomonidan taklif etilgan, bir qarashda, me’daga tekkan mavzu (devoriy suratda “yo‘llar kesishgan joyda tasvirlangan va vujudida yorug‘ kelajakka umid va ishonch ufurib turgan inson qiyofasini aks ettirish” talab etilgandi) uning tasavvurlariga mos kelgani bois butun o‘y-xayollarini egallab oldi. Nima bo‘lganda ham, musavvir o‘zini yangi ijodiy maqsad va eng muhimi, ko‘plab odamlar bilan uchrashuvlar kutib turganidan xushnud edi.
Biroq Detroytdagi ijodiy jarayondan farqli o‘laroq, Nyu-Yorkdagi Rokfeller markazini bezash ishlari g‘oyat keng ko‘lamli loyiha bo‘lib, u iqtisodiy inqiroz avj olgan, shahar ko‘chalarida minglab qashshoq va kimsasiz kishilar izg‘ib yurgan, ozgina bepul bo‘tqa uchun odamlar uzundan-uzoq navbatga tizilib turadigan paytda amalga oshirilishi kerak edi. Dastlab xuddi shu joyda Metropoliten-opera teatri binosini qurish rejalashtirilgandi. Ammo, inqiroz hammasini chippakka chiqardi: teatr qurilishi ishlari to‘xtatilib, Manxetten markazidagi kattagina yer maydonida ulkan bino-majmua barpo etildi. Qurilish xarajatlari bir yuz yigirma million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, har yili yer ijarasi uchun uch million dollar to‘lash talab etilardi. Kichik Jon Rokfeller bino maydo-nining bir qismini ijaraga topshirib, vaziyatni bir oz bo‘lsa-da o‘nglashga erishdi. Uning nazarida, mazkur majmua kapitalizmning eng yirik qo‘rg‘oni, pul kuch-qudratining chinakam timsoliga aylanishi kerak edi.
Rokfellerlarning o‘zi ham allaqachon kapitalizm timsoliga aylanib ulgurgan bo‘lsa-da, Jon Rokfeller shaxs sifatida musavvir hurmat qiladigan va qadrlaydigan kishilar sirasiga kirmasdi. O‘ziga va atrofidagilarga o‘ta shafqatsiz bo‘lgan bu inson daromad olish uchungina yashar, chumoliga xos tinimsiz harakat va sabr-matonat bilan ulkan imperiyaga asos solgan edi. Diyegoning unga nisbatan munosabatini shundan ham bilsa bo‘ladiki, bir vaqtlar Meksika maorif vazirligi hovlisida yaratgan devoriy rasmda ochko‘z kapitalist va axloqsizlikning umumlashtirilgan timsoli orqali aynan Jon Rokfeller qiyofasi aks ettirilgan edi.
Qolaversa, ilg‘or fikrlaydigan kishilar uchun Rokfellerning nomi “Standart oyl” kompaniyasi va “Ladloudagi qirg‘in”1 bilan chambarchas bog‘liq edi. O‘shanda qirqqa yaqin odam joyida otib o‘ldirilgan, shaxta binosining ichida yashirinishga uringan ikki bolalik ayol esa olovdan kuyib jizg‘anak bo‘lgan edi. Agarda prezident Vudro Vilson qo‘shin yuborib, vaziyatni nazorat ostiga olmaganda, ishchilar harakati inqilobiy tus olishi hech gap emasdi. Bu qonli voqealarning sababchisi Rokfeller markazi loyihasining muallifi, so‘l ziyolilar nazaridagi manfur kimsa — kichik Jon Rokfeller edi.
Biroq Diyego, Fridaning qarshiligiga qaramay, ishga kirishishga qaror qildi. Uning nazarida, bajarilajak ish har qanday siyosiy qarashlardan ustundir. Diyego bu ulkan me’moriy inshoot barcha nyu-yorkliklarga tegishli, deb hisoblardi. Shu bois mazkur binoning qurilishida ishtirok etgan yetmish besh ming ishchining har biri u yaratmoqchi bo‘lgan san’at asarini o‘z mulki deb bilishga haqli. Bundan tashqari, rokfellerlar bino vestibyulini uning ixtiyoriga topshirib, asrlar mobaynida barchani hayratga solib kelayotgan Misr va Sholtek ehromlari singari, taqiq va adolatsizliklarga qaramay, musavvir nomini jahon san’at tarixi sahifalarida abadul-abad muhrlanib qolishiga imkon yaratgan edi.
Diyego g‘oyaviy jihatdan g‘ayrioddiy (u taklif etilgan mavzu doirasida mehnatkashlar timsoli va taraqqiyotning uzluksizligi g‘oyasini aks ettirishni mo‘ljallagan edi) asar rejasi ma’lum ma’noda inqilobiy mohiyat kasb etgan bo‘lishiga qaramay, loyiha bino me’mori Gud va Nelson Rokfeller tomonidan ma’qullandi. Detroytdagi devoriy rasmlar tufayli boshlangan “bo‘ron” musavvirning obro‘-e’tiboriga unchalik ta’sir qilmagan va u Nyu-Yorkda katta izzat-ikrom bilan qarshi olingan edi.
Er-xotin Riveralar “Barbizon-Plaza” mehmonxonasining o‘tgan safardagi xonasida joylashishdi. Yo‘l azobi, hadeb ko‘chaverishdan horigan, Koyoakandagi azadorlikdan tinkasi qurigan Frida bir oz bo‘lsa-da, ovunishni istardi. Shu tariqa, asilzodalarga mansub “qari echkilar” Lyusenda Blox va Frida o‘ylab topgan shumliklar “qurbon”iga aylandi. Shu bois “Barbizon-Plaza” xonasida Lyusenda tomonidan olingan uning rasmlarida talabalik davridagi Frida qaytadan tug‘ilgandek bo‘ldi: uning qiyofasida yana o‘sha istehzoli tabassum, allaqanday shumtakalik, egnida xitoylik ayollar libosi, boshida esa g‘aroyib bosh kiyim namoyon bo‘ladi. Uning yana bir nishoni — Diyego atrofida girdikapalak bo‘lib yurgan jurnalistlar edi. Nyu-Yorkka ketish arafasida, Detroytda bo‘lgan chog‘ida uning “musavvir sifatida men Riveradan ustunroqman”, degan so‘zlari rosa shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Nyu-Yorkka kelgach, u Lyusenda Blox va Kristina Xesting bilan Xitoy mavzesi bo‘ylab soatlab kezar, turli mayda-chuyda bezaklar xarid qilar yoxud bejirim libos va shlyapalar kiyib, Beshinchi avenyuda sayr qilar edi. Ammo, aslida bunday quvnoqlik zamirida bolasi va onasidan mahrum bo‘lib qolgandan buyon qalbini tilka-pora qilayotgan cheksiz g‘am-g‘ussa va yolg‘izlik yashiringan edi.
Bu davrda Frida “Radio-Siti” vestibyulini bezatayotgan Diyego singari bor vujudi bilan ijod qiladi va iztirobga to‘la bir necha asarlarni yaratadi. Jumladan, ularning birida onasi va bolasidan ayrilib qolgan odamning qayg‘usi, Nyu-York manzarasida hilpirab turgan hindu ayollarning g‘aroyib libosi, Amerika hayotining eng jirkanch manzarasi: hammayoqda tashlandiqlar uyumi, havoni zaharlayotgan mo‘rilar, tasvirlangan. Shoir Salvador Novoning fikricha, bu asarda Fridaning hindularga xos tabiati hamda uning industrial dunyoga nafrati mujassam etilgan. Nyu-Yorkda Frida eng ajoyib avto-portretlardan birini yaratdi: unda oltinrang yorug‘lik gardishi manzarasida go‘yo mumlangan qiyofasida yolg‘izlik belgilari aks ettirilgan, tim qora ko‘zlari porlab turgan, bo‘ynida qadimiy davrlarni eslatib turgan hindular munchog‘i ajib tarovat bag‘ishlagan bag‘oyat go‘zal ayol timsoli tasvirlangan.
Diyego esa allaqanday vajohat bilan kechayu-kunduz mehnat qilar, asarni, qanday bo‘lmasin, ikki oy ichida — birinchi maygacha yakunlashga intilardi. Rokfeller markazi tomonidan ajratilgan mablag‘ ishni jadallashtirishga ko‘maklashadigan yordamchi-assistentlarning kattagina guruhini shakllantirish imkoniyatini berdi (Lyusenda Bloxdan tashqari, u bilan Detroytdagi San’at instituti xodimi Dimitrov, Ben Sheyn, Lu Blox va yaponiyalik musavvir Xideo Noda mehnat qilardi). Vestibyulda Brenguin va Sertaning o‘rtamiyona rasmlari bilan yonma-yon insoniyat tarixining to‘kis silsilasi: ibtidoiy davrdan boshlab fanning paydo bo‘lishigacha, mustabid tuzumlarning ag‘darilishidan tortib hokimiyatning xalq qo‘liga o‘tishigacha bo‘lgan davr aks ettirilgan ulkan triptix paydo bo‘ldi. Uning markazida ikki koinot – mikro va makrokoinot kesishgan joyda mashinani boshqarayotgan ishchi, mashinalar tevaragida esa erkinlik sari intilayotgan erkak va ayollar timsoli gavdalantirilgan.
Loyiha ustidagi ish oxiriga yetgan sayin Diyegoning asl maqsad-muddaolari ayon bo‘la boshladi. “Radio-Siti”ga tashrif buyurgan “Uorld telegramm” xodimi “Rivera kommunistlarning tajovuzkorona maqsadlarini ifoda etmoqda” degan sarlavha ostidagi maqolasi bilan birinchi bo‘lib Diyegoga qarshi “o‘t” ochdi. Maqolada devoriy rasmlarga berilgan sharh, bir tomondan, ularga nisbatan qiziqish uyg‘otsa, ikkinchi tomondan, ayrim tomoshabinlarning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Nelson Rokfellerning o‘zi ham kapitalizmni tajovuzkorona, shafqatsiz tuzum, “maxluq qiyofasidagi moliya korchalonlari, maishiy buzuq ayollar” jamiyati sifatida tasvirlangan timsollarning keskinligidan hayratga tushdi. Agar Deytroytda Rojdestvoga bog‘langan istehzoli sahna “bo‘ron”ni keltirib chiqargan bo‘lsa, Nyu-Yorkdagi muhorabaning sababchisi — suratda aks ettirilgan Lenin qiyofasi edi.
4 mayda Nelson Rokfeller musavvirga maktub yo‘llab, “ko‘plab odamlarning his-tuyg‘ularini poymol qiladigan qiyofani olib tashlashni” va “uning o‘rniga boshqa biron-bir notanish odam qiyofa”sini tasvirlashni talab qiladi. Bertram Volfe musavvirga ehtiyotkorlik vajidan hamda “devoriy rasmni yaxlit holda saqlab qolish uchun” Leninning o‘rniga Avraam Linkoln qiyofasini aks ettirishni maslahat qildi. Ammo Diyegoning yaqinlari unga bosim o‘tkazib, o‘z maslagida qat’iy turishi lozimligini uqtirardi. Xullas, ikki kun o‘tib, Diyego Nelson Rokfellerga maktub yo‘llab, niyatidan qaytmasligini bayon etdi. Albatta, bunday qaror jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishini Diyego yaxshi anglardi. Shunday bo‘lishiga qaramay, u ma’lum ma’noda san’atni siyosiy maslagi yo‘lida qurbon qildi. Qolaversa, uning bunday keskin harakati Amerika jamiyatidan nafratlanadigan Fridaga nisbatan muhabbati bilan ham bog‘liq edi. Zero, uning nazarida, Frida timsolida meksikaliklarning qahramonligi, Amerika kapitalining zo‘ravonligiga qarshi kurashga otlangan Sapata va Xuares ruhi tajassum topgan edi. Bundan tashqari, Rokfellerning bosimiga parvo qilmasdan, uning talabini rad etishida, mohiyatan qaraganda, musavvirning yakdilligi, e’tiqodiga sadoqati yaqqol namoyon bo‘ladi. U hamisha devoriy tasviriy san’atning bosh maqsadi — xalqchillik, devoriy suratlar “xalq uchun yaratilgan xalq mulki”, deya hisoblardi.
Nizo qanday yakun topishi mumkinligini bilgan musavvir, Rokfellerning taqiqiga qaramay (uning buyrug‘i bilan Markaz yopilgan va qurollangan kishilar tomonidan qo‘riqlanayotgan edi), devoriy rasmlarni yashirib olib o‘tilgan fotoapparat yordamida suratga olishga muvaffaq bo‘ldi. 9 mayda toqati-toq bo‘lgan qurollangan qo‘riqchilar kuch ishlatib, musavvir va uning yordamchilarini binodan chiqarib tashlashdi, devoriy rasmlarni esa qalin mato bilan yopib qo‘yishdi.
Dastlabki bir necha kun mobaynida Diyego san’at himoyasiga jamoatchilikni safarbar etishga harakat qildi. U matbuotda bir necha bayonotlar bilan chiqqandan keyin jahondagi ko‘plab taniqli musavvirlardan hamdardlik ifodalangan maktublar oldi. Nyu-Yorkdagi radiostantsiyalardan birida qilgan chiqishida u masalani keskin qo‘yadi: “Amerikalik millionerlarning biri Mikelan-jeloning shoh asari — Sekstin kapellasini sotib oldi deb tasavvur qilaylik. U mazkur devoriy rasmni buzib tashlashga haqqi bormi yoki yo‘q. Biz butun insoniyat mulki hisoblangan san’at asarlarining mavjudligini tan olishimiz va biron-bir odam bu asar uning mulki bo‘lgani uchun buzib tashlashga yoki undan faqat o‘zi bahramand bo‘lishga haqqi yo‘qligini e’tirof etishimiz lozim”.
Ajablanarlisi shundaki, “Rokfeller markazi uchun” muhoraba Diyego va Frida o‘rtasidagi muhabbat rishtalarini mustahkamlash o‘rniga ularning bir-biridan uzoqlashuviga xizmat qildi. Devoriy rasmlarni yaratish, Rokfellerlar bilan jangu jadal jarayonidagi ijodiy va hissiy ko‘tarinkilikdan keyin musavvirda tushkunlik kayfiyati paydo bo‘ladi. U endi xuddi Frida singari Nyu-Yorkda o‘zini yakka-yolg‘iz his etardi. Shu chog‘da Bertram Volfe, Lyusena Blox, Sanches Flores, Artur Nidendorf singari bir necha do‘stlari unga ko‘mak bera olmaydi. Hatto Xose Xuan Tabladaning Meksika gazetalaridagi jo‘shqin chiqishlari, Anita Brennerning “Nyu-York tayms”dagi maqolalari ham uni himoya qilishga qurbi yetmadi.
Ayni shu kezlarda Frida ham o‘zini har qachongidan yomon his etardi. U yozning jaziramasidan qiynalar, avtohalokat paytida jarohatlangan oyog‘idagi og‘riqlar bemalol yurishiga imkon bermasdi. Diyego “Nyu-Yorkers” maktabidagi kichik pannolarda devoriy suratlarni yaratish bilan band bo‘lgan paytda Frida o‘sha maktab yaqinidagi O‘n uchinchi ko‘chada ijaraga olingan xonadonda bir o‘zi zerikib o‘tirardi. Diyego har oqshom kechalar uyushtirar, ishda unga ko‘maklashadigan yoki u bilan ingliz tili bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazyapmiz deya barchani ishontirishga urinadigan yosh xonimlar bilan bazmi jamshid qilardi. Diyego ular yashayotgan uyda istiqomat qiladigan hamda tez-tez uning oldiga kelib turadigan, 1899 yili Kiyevda tug‘ilgan va oilasi bilan bu yerga ko‘chib kelgan yosh musavvir xonim — Luiza Nevelsonga befarq emasligini yashirib o‘tirmasdi. Uning ajrashgani va ayni paytda ozod ayol ekanidan xabar topgan Fridaning qalbini rashk o‘ti tirnaydi. Xullas, meksikalik “odamxo‘r”, ayollar kushandasi va monparnaslik aldoqchi yana “ov”ga chiqqan edi. Frida esa yolg‘izligini yanada chuqurroq his etar, o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib yotardi. U oddiygina mehrga, meksikaliklarning dag‘al hazil-mutoyibasi, quvnoqligiga muhtoj edi. Frida yankilarning takabburligi, protestantlarga xos rasmiyatparastlini sira hazm qila olmasdi. Bir necha yildan keyin u do‘sti Leo Eloesserga bitgan maktubida bu boradagi his-tuyg‘ularini yashirib o‘tirmaydi: “Men gringolarning barcha fazilatlaridan, nuqsonlaridan, ularning ruhiy olamidan va o‘sha yaramas sipoligidan nafratlanaman. Gringolandiyada eng avvalo insonning shaxsiyatparastligi, qanday bo‘lmasin, o‘z maqsadi-muddaosiga erishish maylining qadrlanishi g‘ashimni keltiradi. Men bunday intilishlardan yiroqman va qandaydir “katta odam” bo‘lish ishtiyoqi menga begona”.
Nihoyat, Fridaning iztiroblarini sezgan Diyego vatanga qaytishga qaror qildi. Luiza Nevelsonning ta’kidlashicha, bu paytga kelib ular g‘oyat kamxarj bo‘lib qolgan, hatto Meksikagacha chiptalarni do‘stlarining ko‘magi bilan olishgan edi. 1933 yilning 20 sentyabrida ular Gavana orqali Velakrusgacha boradigan dengiz kemasiga chiqishdi.

BITMAYDIGAN ChANDIQ

Fridaning Meksikaga bu galgi kelishi o‘n ikki yil oldin Yevropadan qaytishiga sira o‘xshamasdi. Nyu-Yorkdagi bir necha oylar davomida boshdan kechirgan ko‘ngilxiralik va umidsizlik izsiz ketmagan edi. Bolaning nobud bo‘lishi esa uning xasta jismini yanada zaiflashtirgandi. Fridaning ruhiy holati shu qadar ayanchli ediki, hatto kasallik ham unga mukofotdek bo‘lib tuyulardi. Bir vaqtlar unga uylanmoqchi bo‘lgan do‘sti Aleksandro Gomes Ariasga bitgan maktubida “Nazarimda, kallam mayda qurt-qumursqalarga to‘lib ketgandek” degan gaplaridan uning og‘ir ruhiy holati yaqqol namoyon bo‘ladi.
Diyego esa ilgari boshlab qo‘ygan ishi — Milliy saroy devorlarida Meksika hindulari tamaddunining asosiy bosqichlari, atsteklarning ulug‘vor Tenochtitlani, tarasklar, sapoteklar, olmeklar va mayyalar madaniyatini tasvirlashni ko‘zlagan mahobatli asarini yakuniga yetkazishga kirishadi. Ammo Rokfeller markazida yakson qilingan devoriy rasm unga sira tinchlik bermasdi. Shu bois Nozik san’at saroyida devoriy surat yaratish ishlari Orosko ikkoviga topshiril-ganda, u “O‘ldirilgan asarni” tiklashni rejalashtiradi. O‘ch olish niyatida u mazkur asarda tungi klubda fohishalar davrasida aysh-ishratga berilgan kichik Jon-Rokfeller qiyofasini aks ettiradi.
Vatanga qaytishni sabrsizlik va katta orzu-umidlar bilan kutgan Frida qalbi bu yerda ham orom topa olmaydi. Unga yolg‘izlik, jismoniy og‘riqlar tinchlik bermas, uning nazarida, Kalolar xonadoni, ayniqsa, onasining vafotidan keyin taqdiri azalning ketma-ket zarbalariga duchor bo‘layotgandek edi. Singlisi Kristinaning xiyonati esa umuman kutilmagan hol bo‘ldi.
Diyegoning Kristina bilan aloqasi Frida boladan mahrum bo‘lgach, uzoq vaqt davolanishga majbur bo‘lgan paytlarda boshlangan ko‘rinadi. Frida uchun bu aqlga sig‘maydigan va chidab bo‘lmaydigan holat edi. Kristina eridan ajrashgandan keyin ikki bolasi bilan ota-onasining Koyoakandagi uyiga ko‘chib kelgandi. Opa-singil bir-biriga sira o‘xshamas, boshqa-boshqa dunyo edi. Kichik singlisi yoshlik paytlaridayoq uning aql-zakovati, dadilligi, ishqiy munosabatlariga rashk qilgani uchun, bir vaqtlar ustidan kulib yurgan odam bilan don olishishga qaror qilgandi. Frida esa uning bolalariga bog‘lanib qolgan, ularni go‘yo o‘zinikidek erkalar, yaxshi ko‘rardi. Fridaning nazarida, Kristina go‘yo Diyego bilan ishqiy aloqa qilishi mumkin bo‘lmagan uning yagona ittifoqchisi edi.
Frida xiyonat haqida 1934 yilning yoz kunlarining birida Kristinaning o‘zidan eshitib, dahshatga tushdi. Otasi og‘ir xastalikka chalingan, bola haqidagi orzu-umidlari sarobga aylangan bir paytda Kristinaning qilmishi hammasidan oshib tushdi. Birdaniga u hamma narsadan mahrum bo‘lib qolgan edi. Ammo u taqdirga tan berishni istamasdi. U sira ikkilanmay Diyegoni tark etib, yana yolg‘izlik olamiga g‘arq bo‘ldi. Frida bundan buyon Kristina bilan ham bir uyda yashay olmasdi: u Insurxentes ko‘chasida ijaraga olingan xonadonga ko‘chib o‘tdi. G‘ururi bo‘yin egishga, taqdirga tan berishga yo‘l bermas, u uzilgan rishtalarni tiklashga birinchi bo‘lib Diyego harakat qilishi kerak, deb hisoblardi.
Diyego va Frida o‘rtasidagi muhabbatning chilparchin bo‘lishi bu — ularning oilaviy hayotidagi shunchaki arzimas bir hodisa emasdi. Eri bilan Qo‘shma Shtatlarda bo‘lgan kezlarda Frida ko‘p narsaga e’tibor bermas, ko‘rib ko‘rmaslikka, eshitib eshitmaganga olgandi. Ma’lum ma’noda, u nafratlanadigan anglosakson jamiyati Meksika voqeligidan uni uzib qo‘ygandek, ular allaqanday yorqin va g‘aroyib ertakda yashayotgandek edi: Diyego unda “najotkor”, Frida esa “atsteklar malikasi” rolini ijro etardi.
Diyegoning bevafoligi, Kristina bilan don olishib, uni aldab yurgani — har bir meksikalik ayolning taqdirida muqarrar ravishda yuz beradigan hodisa Fridaning ham boshiga tushganidan dalolat berardi. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi deganlaridek”, Diyego yoshlik chog‘ida o‘z oilasida kuzatgan fojiani takrorlagandi, xolos. Uning onasi — donya Mariya umr bo‘yi erining bevafoligidan ko‘p aziyat chekkan, kuyib kul bo‘lgan ayol edi. U hatto bir gal o‘g‘lidan ko‘mak olish ilinjida Ispaniyaga uning oldiga borgan va oxir-oqibat taqdirga tan berishga majbur bo‘lgan, baxtiqaroligi haqida esa onda-sonda va sha’malar bilan gapiradigan bo‘lib qolgan edi. Chunonchi, Diyego va Angelinaning farzandi — birinchi nevarasiga taqdim etgan suratda u oilasini saqlab qolish va “farzandlari tirik yetim bo‘lib qolmasligi” uchun butun umrini qurbon qilgani, qanchadan-qancha iztirob chekkaninii ifoda etgan edi.
Diyego uchun jinsiy erkinlik suv-havodek zarur, san’atini oziqlantiruvchi, ilhom bag‘ishlovchi omil edi. Ammo uning bu ishtiyoqi Parij san’at ahlining g‘ayritabiiy axloqsizligidan tubdan farq qilardi. Uning uchun ayol jismi, xuddi Gogen yoki Matiss uchun bo‘lgani singari ijodiy parvozning qudratli manbai. Musavvir nazarida, ayol jismining beqiyos go‘zalligida bunyodkor hayotiy quvvat, aqlning besamar mavjlanishidan farqli o‘laroq, voqelikning cheksiz kuch-qudrati mujassamlashgan. Uning barcha asarlari erkaklarning yovvoyi, ajal urug‘ini sepadigan mayllariga qarshi kuch — huzur-halovat, hayotning ulkan imkoniyatlari, ayolning ilohiy go‘zalligiga ishonch tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan. Musavvir xuddi Matiss yoki Sezann singari ayol jismining g‘oyat nozik va betakror go‘zalligidan dunyoni fojiali halokatdan asrab qolishi mumkin bo‘lgan mutanosiblik, uyg‘unlikni izlaydi. Detroytdagi devoriy suratlarda ona-zamin timsoli — ayol jismining beqiyos go‘zalligi urush, qashshoqlik, kapitalning yovuzligi ustidan g‘alabasi g‘oyat ishonarli va ta’sirchan tasvirlangan. Shu choqqacha hali birorta ham musavvir mo‘yqalam vositasida erkak va ayol, urush va muhabbat, quyosh va oy quvvatining o‘zaro mutanosibligi va uyg‘unligini Diyego singari yuksak mahorat bilan aks ettira olmagan.
Musavvir tajovuzkor Shimol — industriya olami, texnik uskuna va qurol-aslaha ishlab chiqaradigan Detroyt va Nyu-Yorkning real dunyosiga, Matiss asarlarida ifodalangani singari, g‘oyat jozibador, nozik chizgilarda aks ettirilgan ayol – go‘zal jins timsolini qarshi qo‘yadi.
Frida uchun muhabbat e’tiqod singari muqaddasdir. U Diyegosining boshqa ayol, ayniqsa, singlisi bilan aloqa qilishiga chiday olmasdi. U taqdirga tan bergan donya Mariya ham, Angelina Belova ham emas. U xiyonat oldida bosh egishni va “sahna ortiga” ketishni sira-sira istamasdi. Shuning uchun u kurashishga qaror qiladi; uning uchun kurashning yagona chorasi — jondan ortiq sevadigan kishisidan uzoqlashish. Bu qarorga u osonlikcha kelgani yo‘q, ammo Frida qiyinchiliklarga ko‘nikib qolgan. Tashvishlar va tinimsiz jismoniy azoblar ta’sirida toblangan kuchli irodasi bir vaqtlar Diyegoni o‘ziga maftun etgan, uning uchun aynan Frida timsolida mukammal ayol qiyofasi namoyon bo‘lgan edi. Albatta, gap faqat uning tashqi ko‘rinishida emas: Diyego nazarida, Fridaning bolalarcha sodda qiyofasi zamirida ayollarga xos eng zo‘r, erkaklar ustidan hukmronlik qilishga omil bo‘ladigan fazilat — mislsiz jasorat va sabr-bardosh mujassamlashgan edi. Aynan Frida timsolida uni hamisha hayratlantirib kelgan xislatlar — dadillik, kuchli ehtiros, bolalarcha samimiylik ajib uyg‘unlik kasb etgan edi. Endi u Frida bilan ehtiroslarini junbushga keltiradigan, o‘ta shafqatsiz ishqiy o‘yinga jazm etgandi.
Yolg‘izlik Fridaning sillasini quritar, chunki, Diyegodan uzoqda u o‘zining hech kim emasligini chuqur his etardi. 26 noyabrda, ya’ni ayriliqdan bir necha hafta keyin u doktor Eloesserga shunday deb yozadi: “Qalbimni qurshab olgan g‘am-g‘ussaning og‘irligidan ko‘zimga hech nima ko‘rinmaydi. Diyego bilan munosabatlarimiz kundan-kun chigallashib borayotir. Albatta, ro‘y bergan voqealarda aybim yo‘q deya olmayman, chunki avvalboshdanoq unga nima kerakligini anglab yetmaganman, taqdiri azalga qarshi borganman”.
Bir necha oylik ayriliqdan keyin, Fridaning toqati-toq bo‘lib, oilasiga qaytishga qaror qiladi. “Muhabbati avvalgidek bo‘lsa-da, g‘ururidan asar ham qolmabdi”, — degan edi o‘shanda Diyego istehzo bilan. Ammo, baribir bu endi avvalgi Frida emasdi. U hammasini boshidan boshlashga, odamlar oldida o‘zini avvalgi Fridadek tutishga harchand urinmasin, qalbida kechayotgan tug‘yonlarni yashira olmasdi. Dilini tilka-pora qilgan o‘sha paytlardagi iztiroblarini 1938 yilda yaratgan “Bitmaydigan chandiq”(unda tanasini chuqur chandiqlar bosgan, o‘lim talvasasida qonga botib yotgan ayol qiyofasi aks ettirilgan) asarida tasvirlashga intilgan.
Diyego aysh-ishratga berilib, tevarak-atrofidagi har bir ayolni “bir yamlab yutayotgan” kezlarda Frida undan yiroqda o‘zini go‘yo muz zarrachalariga aylanib qolayotgandek his etardi. Ruhiy tushkunlikdan qutulish maqsadida u kutilmagan ishga qo‘l uradi: Anita Brenner hamrohligida xususiy samolyot yollab Nyu-Yorkka yo‘l oladi va bu yerda erkaklar bilan oshkora “ishqiy o‘yin”larga berilib ketadi.
1936 yilda u Luiza Nevelson orqali amerikalik me’mor Isamu Noguti bilan tanishadi. Nyu-York oliy tabaqasiga mansub ko‘plab taniqli kishilar, meksikalik musavvir Xose Klemente Oroskoning me’moriy portretlarini yaratgan ijodkor Meksikaga Abelardo Rodriges taklifi bilan tashrif buyurgan, Diyego va Frida bilan uchrashgan edi. Frida undan keyinchalik Nikolas Myurrey va Lev Trotskiy singari, Diyegoning qalbida rashk o‘tini yondirish maqsadida foydalangan bo‘lsa ajab emas. Biroq endi barbod bo‘layotgan nikohni tiklash, so‘nayotgan muhabbat olovini qaytadan yoqish imkoni boy berilgan edi.
Bu davrda Frida o‘zining eng ziddiyatli, ehtiroslarga boy, g‘oyasi obdon miyada pishitilgan san’at asarlaridan ko‘ra, ko‘proq dardli hayqiriqni eslatadigan asarlarini yaratadi.
1938 yilning oxirida amerikalik jurnalist Kler Byut Lyus Nyu-Yorkdagi ko‘p qavatli binoning yuqori qavatidagi oynasidan tashlab, o‘ziga suiqasd qilgan dugonasi, aktrisa Doroti Xeyl xotirasiga atab asar chizib berishni iltimos qilganda, Frida Diyego bilan ayriliqdan keyingi tushkunlik holatini ko‘z oldiga keltirib, asarda tasavvuridagi o‘zining suiqasdini aks ettiradi. Ammo buyurtmachi asarda shafqatsizlik bilan aks ettirilgan voqelikdan, Dorotining yuzidagi qon go‘yo kartina gardishidan oqib tushayotganidek seskanadi va dahshatga tushadi. Frida esa ko‘nglida kechayotgan his-tuyg‘ularni yashirmay ifoda eta olganidan mamnun edi: mayli, odamlar, butun dunyo uning yakka-yolg‘iz, kimsasiz bo‘lib qolganini bilsin, bundan uyalsin!
Bu og‘ir damlarda u imkon bo‘ldi deguncha qalb iztiroblarini aks ettirishga intilardi. Ayni shu kezlarda uning asarlarida ilk bor mutlaqo yangi ifoda shakllari namoyon bo‘ladi: terisi archilgan, ichi yorqin ranglarda aks ettirilgan, yorib tashlangan mevalar umrining oxirigacha uning poymol etilgan, tahqirlangan muhabbati, his-tuyg‘ularining timsoliga aylanadi.
Bu davrda tasviriy san’at uning uchun hayotiy zarurat, ayriliqdan keyin yashab qolish uchun yagona imkoniyat, ma’vo bo‘lib qoladi. Lekin baribir san’at voqelikdan ustun kela olmaydi. 1939 yilda Fridaning Parijdan qaytib kelishi bilan Diyego undan ajralishga rozilik berishini iltimos qiladi.

MUHABBAT GIRDOBI

Shu kezlarda Diyegoning ham, Fridaning ham sillasi batamom qurigan. Ko‘p yillik moddiy qiyinchiliklar, boshdan kechirilgan iztirob, urush azob-uqubatlari va oilaviy kelishmovchiliklar izsiz ketmagan edi. Diyego talab qilayotgan ajralish — uning hissiyot va mayllarini zanjirband etgan, ehtiros va ziddiyatlarga to‘la oilaviy hayotning, nikoh kelishuvining so‘nggi nuqtasi edi. Bu hol har ikkovining hayotidagi eng muhim sahifa, chinakam tarixiy voqea bo‘lsa ajab emas. Negaki, ular o‘rtasidagi muhabbat rishtalari, birgalikdagi turmush, nihoyat ajralish bu — olamni boshqarayotgan ikki asos: qadimiy xitoyliklar qarashlariga binoan — in va yan, atsteklarning afsonaviy tasavvurlariga ko‘ra, yerdagi hayotni vujudga keltirgan erkak va ayol ma’budalari — Ometekutli va Omesiuatlning o‘zaro uyg‘unligining yaqqol ifodasi edi. Diyego sevgilisi bilan ajralishga qaror qilganda bu haqiqatni hali anglab yetmagan edi. Frida esa buni boshidanoq, azob-uqubatlar tufayli unda namoyon bo‘lgan o‘ziga xos sezgi kuchi bilan payqagan edi. Uning uchun olam doimo ikki bo‘lakka: kun va tun, oy va quyosh, suv va olov, tush va o‘ng, ayol va erkak asoslariga bo‘lingan edi. Frida buni hamisha aqli-dan tezkor bo‘lgan qandaydir ichki bir tuyg‘u ila his etardi.
Hayotlarining ana shu nuqtasida Diyegoning betizgin ehtiroslari va mislsiz rashk o‘ti Frida tabiatiga xos xotirjamlik, xayolparastlik, yolg‘izlikka moyillik va azob-uqubatga sabr-bardosh va shu bilan birga, undan qo‘rqish hissi bilan to‘qnash kelgandi. Frida jismoniy og‘riqlardan qo‘rqishni aysh-ishrat, lazzatdan qo‘rqish deb tushunardi. Bu butun olamga, barcha jamiyatlarga (hindular, meksikaliklar, nasroniylar tamaddunlariga) xos bo‘lgan umumiy qonuniyat sifatida, ba’zi hollarda ana shu qonuniyatlar negizida paydo bo‘ladigan shafqatsiz, jinoyatkorona maqsadlarda ifodalanadi. Zero, odamlarni bo‘ysundirish, ulardan foydalanish, o‘zgalarga yetkazilayotgan azob-uqubatdan, ularning ko‘z-yoshidan lazzatlanish erkak zotiga azaldan xos bo‘lsa, ayol esa hamisha tobelik, iztirob, yolg‘izlik timsoli bo‘lib kelgan, shu bilan birgalikda, unga kelajakni ko‘ra bilish, xavf-xatar va qayg‘uli damlarni oldindan sezish qobiliyati ham in’om etilgan.
1935–1940 yillar oralig‘ida Diyego va Frida o‘rtasidagi “jangu jadal” shunchaki oilaviy nizo, kelishmovchilikni emas, ular go‘yo sahnada turib, Markaziy va Janubiy Amerikaning barcha hindulariga xos bo‘lgan mashhur xalq marosimidagi urf-amallardan foydalangan holda fojiada rol o‘ynayotgan qahramonlarni eslatardi.
Bu nizoning oxiriga kelib, Diyego va Frida butkul boshqa odamlarga aylandi, ularning hayoti ham o‘zgarishi muqarrar edi, zero, ular jamiyatni o‘zgartirishdan oldin, o‘z botiniy olamida tub burilish yasashi talab etilardi.
Bu jarayonda Lev Trotskiy va Andre Bretonning ma’lum darajada ta’siri namoyon bo‘lgani diqqatga sazovordir.
1937 yilning 9 yanvarida Lev Trotskiy va uning rafiqasi Natalya Sedova “Rug” dengiz kemasida Tampiko portiga yetib kelishganda Diyego Rivera nomidan quvg‘indagilarni Frida qarshi olgan va ota-onasining Koyoakandagi uyidan boshpana bergan edi. Diyego va Frida uchun Trotskiy bilan uchrashuv g‘oyat muhim va quvonchli voqea bo‘lgandi. Ularning nazarida, Stalin josuslari tomonidan hammayoqda ta’qib qilinayotgan, Norvegiyadan badarg‘a etilgan, Ruzvelt buyrug‘i bilan Qo‘shma Shtatlarga kiritilmagan Trotskiy butun umrini kommunistik ideallarga bag‘ishlagan, murosasiz inqilobchi timsoli edi. Diyego Riveraning iltimosiga binoan Meksikaning yangi prezidenti Lesaro Kardenas uning mamlakatda qolishiga izn beradi, hatto Trotskiy va uning kotiblariyu tansoqchilarining Koyoakanga kelishlari uchun Tampikoga shaxsiy poyezdini jo‘natadi. Shu tariqa, Mexiko yaqinidagi kichkina shaharcha trotskizmning yangi markaziga aylanadi: bu yerda inqilob yetakchisi chaqiriqlarini yozadi, kurash taktikasini ishlab chiqadi, Stalin tajovuzlariga qarshilik qilishga urinadi.
Trotskiy ham Diyego va Fridaning xayrixohligi va mehmondo‘stligi, Koyoakanning o‘ziga xos jozibasi, xonadon sohibasining go‘zalligidan hayratga tushadi. Frida Trotskiyni o‘ziga maftun etish maqsadida u bilan g‘aroyib ishqiy “o‘yin” boshlaydi. Chunki, keyinchalik Fridaning o‘zi kalondimog‘lik bilan “chol” deb atagan ana shu odam bugun tarix girdobiga tushganlardan biri edi. U Leninning vorisi, sal bo‘lmasa, ulkan sho‘rolar davlatini boshqaradigan shaxsga aylanishi mumkin bo‘lgan, g‘oyat jozibali quvg‘in edi. Tez orada Diyego Rivera va Trotskiy do‘stlashib ketdi. Amaliy harakatni xush ko‘radigan, lotin amerikalik ayollar qalbining nozik jihatlarini his etmaydigan rossiyalik bu muhojir Frida bilan o‘zi o‘rtasida qanday o‘yin boshlanganini tushunishi amri mahol edi. U ehtiroslariga erk berib, o‘zini xuddi maktab o‘quvchisidek tutar, Fridaga maxfiy ishqiy maktublar bitar, uchrashuvlarga chorlar va San-Migeledagi “Regla” asendasida Frida bilan ko‘rishar edi. Ana shu uchrashuvlar ta’sirida Trotskiyning bu ishqiy “o‘yin”lardan mutlaqo bexabar bo‘lgan Diyegoga nisbatan munosabati o‘zgaradi. 1938 yilda Trotskiyning maslahatchilari Diyegoni trotskiychilar Internatsionali safidan chiqarishga qaror qilganida, u do‘stini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi. Meksikaning strategik o‘q mamlakatlari1 bilan neft bo‘yicha kelishuvini Rivera keskin qoralagani, Trotskiy esa, aksincha, ma’qullagani ular o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning batamom uzilishiga sabab bo‘ldi. Shundan e’tiboran Frida “chol”ni hurmat qilmaydigan bo‘ldi2.
Diyego Fridaning Nyu-Yorkda tashkil etilgan ko‘rgazmaga ketishidan foydalanib, ajralish jarayonini tezlashtirishga urinardi. U oilali erkak mas’uliyatidan, Fridaning rashki, iztiroblaridan charchagan, bir vaqtlar uning qalbini rom etgan seviklisining kasalmand bolalarga xos nimjon-nozikligidan endi hafsalasi pir bo‘lgan edi.
Frida Nyu-Yorkda o‘z davrining eng mashhur kishilarini suratga olgan taniqli suratkash, kelishgan, bo‘ychan, baquvvat (u qilichbozlik bo‘yicha ikki karra AQSh chempioni bo‘lgan), yuz qiyofasi bir vaqtlar uning qallig‘i bo‘lgan Aleksandro Gomes Ariasni eslatadigan Nikolas Myurey bilan tanishadi. Frida o‘ziga xos go‘zalligi, tim qora ko‘zlari, o‘tkir aql-zakovati bilan o‘sha zahoti uni o‘ziga rom etdi. U bilan Nyu-Yorkda o‘tkazgan uch oy mobaynida Frida Koyoakandagi ko‘ngilxiraliklarni: Kristinaning xoinligi, Diyegoni boshqa ayollar davrasida ko‘rganda chekkan aziyatlarini unutgandek bo‘ldi. Nyu-York ijod ahlining yorqin hayotiy girdobida kechgan bu g‘alati ishqiy sarguzasht jarayonida Frida musavvir va san’atkorlar: raqqosa Marta Gream, Luiza Nevelson, jurnalist Kler But Lyus, aktrisa Edda Frankau, musavvir Jorjiya O’Kif, kollektsionerlar A.Levinson, Ch.Libman, hatto Diyegoning “Radio-Siti”dagi devoriy rasmlarini vayron ettirgan Nelson Rokfeller bilan tanishadi va muloqot yuritadi.
Bu gal avvalgi tashrifi chog‘ida ulkan shahar mehmonxonalarining birida diqqinafas havodan qiynalib, yakka-yolg‘iz qolib ketgan paytlaridagi Nyu-York emasdi. Uning ko‘rgazmasi ham katta muvaffaqiyat qozondi, asarlarining yarmi xarid qilindi. Fridaning esa kelishgan, o‘ziga ishongan erkakka ishqi tushdi. Kunlarning birida “Barbizon-Plaza” mehmonxonasidagi nonushtadan keyin ular Makdugal-stritdagi suratxonasiga yo‘l oladi va bu yerda Myureyning eng mashhur asari — bo‘yniga uzun sholro‘mol o‘rab olgan, kokillari hindu qizlariniki singari shoyi lentalar bilan bezatilgan, yuz qiyofasida ajib xotirjamlik, ko‘zlarida allaqanday intizorlik ufurib turgan Fridaning bo‘yi baravar portreti dunyoga keladi. Frida Myurey bilan ishqiy munosabatlarining umri qisqa ekanini bilsa-da, bir necha hafta mobaynida unga chinakam erkinlikni va bolalik chog‘idagi beparvolikni hadya etgan bu g‘aroyib sarguzasht uning hayotidagi eng yorqin xotira bo‘lib qoladi.
Biroq, bayram ham bir kun kelib o‘z yakuniga yetadi va San-Anxeldagi betartib, hasad va fisq-fasod muhitiga qaytgan Frida o‘sha o‘tkinchi muhabbat haqidagi xotiralarini bebaho tumor singari hamisha qalbining tubida saqlab qolishga harakat qiladi. Hozir esa “o‘yin”ga butun vujudi bilan berilib ketganidan ertami-kechmi bu ishqiy sarguzasht shafqatsiz yakun topishi, yolg‘izlik unga yanada ayanchliroq bo‘lib ko‘rinishi mumkinligi haqida hali o‘ylayotgani yo‘q.
Fridaning 1937 yildagi Parij safari Diyego, atrofdagilar, barcha narsalardan ajralish nuqtasi bo‘ldi. Kardenas tomonidan Per Koll galereyasida tashkil etilgan Meksika tasviriy san’ati ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun taklif etilgan Frida Mexiko muhitidan uzoq-lashish, o‘z holati, jismoniy og‘riqlarini unutish hamda ozod va mustaqil shaxs ekanini Diyegoga ko‘rsatib qo‘yish uchun bu imkoniyatdan foydalanishga shoshildi. Parijda Fridani syurrealist-lar (u Andre va Jaklin Bretonlarning xonadonida yashaydi), Iv Tangi va Pablo Pikasso singari mashhur musavvirlar iliq qarshi oladi. Diyegoning so‘zlariga ko‘ra, Fridaning tasviriy asarlarini ko‘rib hayratini yashira olmagan Kandinskiy “ko‘rgazma zalida, hammaning ko‘z o‘ngida Fridani quchoqlab, yuzlaridan bo‘sa olayotganda, ko‘zlaridan tirqirab yosh oqqan ekan”.
Ammo Fridaning nazarida, Nyu-Yorkda unga quvonch bag‘ishlagan bayramona muhitdan Parijda asar ham yo‘q edi. 1939 yilning 16 fevralida Nikolas Myureyga yo‘llagan maktubida uni yaxshi kutib olmagani, qizi Ob bilan bir xonaga joylashtirgani uchun Andre Bretonni “itvachcha” deb ataydi. Parijning iflosligini, frantsuzcha yemaklarni hazm qila olmasligini (o‘sha safar chog‘ida u hatto qandaydir kasallikka ham chalinadi) ta’kidlaydi; unga, bir qarashda, Meksika tasviriy san’atiga bag‘ishlangan, aslida esa “miyasiz muttaham — syurrealistlar” asarlari bosib ketgan ko‘rgazma ham xo‘jako‘rsinga tashkil etilgan bo‘lib ko‘rinadi. Myureyga yo‘llagan yana bir maktubida Fridaning Parij ziyolilariga bo‘lgan nafrati yaqqol ifoda etilgan:
“Bu yaramasni ko‘rishga ko‘zim yo‘q. Men uchun ular bilan gaplashgandan ko‘ra, Toluka bozorida yerda o‘tirib kulcha sotgan ma’qulroq. Biror marta ham Diyegoning yoki sening ahmoqona safsata va bo‘lmag‘ur bahs-munozaraga vaqt ketgizganingizni eslay olmayman. Nahotki, nima sababdan Yevropaning yemirilib borayotgani, mana shu no‘noq odamlar tufayli Gitler va Musolliniga o‘xshaganlar paydo bo‘lganini tushunish uchungina bu yerga kelish shart bo‘lsa?!”
Meksikaga qaytishi bilan uni og‘ir sinovlar: boshqa ayolga uylanishga qaror qilgan Nikolay Myurey bilan ayriliq va Diyego bilan ajralish kutib turardi. 1939 yilning 6 noyabrida ikki tarafning o‘zaro kelishuvi bilan ajralish haqida berilgan ariza Koyoakan sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi va qoniqtiriladi. Fridaning nazarida, eng og‘ir kunlar — Nyu-York va Parijdagi iztiroblar, Diyego bilan dahanaki janglar ortda qolgandek edi. Shu tariqa, ular o‘rtasida uch yil davomida kechgan murosasiz, hech nima bilan oqlab bo‘lmaydigan g‘ayritabiiy “jang” natijasida nikoh barbod bo‘ldi. Keyinchalik Diyego o‘sha voqealarni bunday xotirlaydi:
“Biz o‘n uch yil turmush qurdik. Bir-birimizdan ko‘nglimiz ham sovimagan edi. Men o‘zim yoqtirgan ayollar bilan ko‘ngilxushlik qilish imkoniyatiga ega bo‘lishni xohlardim, xolos. Ko‘pgina hollarda Frida ham bunga e’tiroz bildirmas, u faqat menga munosib bo‘lmagan, allaqanday shallaqilar uchun undan voz kechishimni istamas, buni sira-sira hazm qila olmasdi. Agar men uning ko‘ngliga qaraydigan bo‘lsam, bu bilan o‘z erkimni cheklagan bo‘lmaymanmi? Nahotki, bu hol tuban mayllarga berilganim, axloqsizligimdan dalolat bersa? Nikohni bekor qilish Fridaning azob-uqubat va iztiroblariga chek qo‘yadi, deb o‘ylash xomxayollik emasmi? Axir, ajralishdan keyin uning iztiroblari ming chandon ortishi ayon-ku!”
Fridaning ajralish jarayoni boshlangan paytda Nikolas Myureyga yozgan maktubida qalbini tirnayotgan g‘am-g‘ussa bayon etilgan:
“Ayanchli ahvolimni ifodalashga tilim ojiz. Diyegoni qanchalik sevishimni bilganing uchun ham bu azob-uqubatlar umrimning oxirigacha meni tark etmasligini tushunsang kerak, deb o‘ylayman. Shunga qaramay, u bilan so‘nggi bor telefon orqali gaplashganimdan keyin ajralish Diyego uchun ma’qul bo‘lishini anglab yetdim… Shu kezlarda o‘zimni qanchalik g‘arib, yolg‘iz-kimsasiz his etayotganimni bilsang edi. Nazarimda, bu dunyoda hech bir inson menchalik iztirob chekmagan bo‘lsa kerak. Lekin, baribir, bu kunlar ham o‘tib ketar, deya o‘zimga o‘zim taskin berishdan boshqa ilojim yo‘q”.
Shunga qaramay, Diyego va Frida syurrealistlarning 1940 yilning boshlarida Mexikoda tashkil etilgan hamda dunyoning ko‘pgina taniqli yozuvchilari, musavvirlari, san’atkorlari ishtirokidagi ulkan anjumaniga birgalikda tashrif buyurishadi. Sezar Moro va Volfgang Palen Lotin Amerikasida Meksika va Peru hindulari-ning ko‘hna madaniyatiga tayanib, syurrealizm oqimini jonlan-tirishga harchand urinmasin, Ispaniyadagi fuqarolar urushi, Yevropaning bir necha davlatlarida fashistlar hukumat tepasiga kelganidan keyin ushbu anjuman syurrealizm oqimining o‘ziga xos motam marosimiga aylangandi.
24 mayda Trotskiyga suiqasd uyushtiriladi: qurollangan guruh (aytishlaricha, musavvir Sikeyrosga o‘xshab ketadigan plashch kiygan noma’lum odam rahbarligida) uning uyini o‘qqa tutib, ichkariga yondiruvchi bomba tashlagandan keyin muhojir bilan aloqador barcha kishilar, shu jumladan, Diyego ham shubha ostiga olinadi. E’tiborli jihati shundaki, joni omon qolgan Trotskiy politsiyaning Diyegoga nisbatan shubha va gumonlarini tarqatishga hatto urinib ham ko‘rmaydi. Uyining ro‘parasigi xonadonda istiqomat qiladigan aktrisa Polett Goddarning ogohlantirishi tufayligina Diyego eski tanishi vengriyalik musavvir Irena Boxusning yengil mashinasida San-Frantsiskoga qochib ketishga ulguradi.
Bu yerda ancha qiyin ahvolga tushib qolgan musavvir Polett Goddarning yordami bilan eski tanishlari Albert Bender va Pflyugerni izlab topishga, eng muhimi, Trejer-Aylend xiyobonidagi attraktsionlarni bezash bo‘yicha buyurtma olishga muvaffaq bo‘ldi. U panamerika birdamligi g‘oyasini ifodalashni nazarda tutib, asarning markaziga atsteklarning buyuk ona ma’budasi — Koatlikuening qiyofasini aks ettiradi. O‘sha asarda Polett Goddar bilan yonma-yon Charli Chaplin tasvirlangan (Diyego u bilan Nyu-Yorkda tanishgan va “Diktator” filmini ko‘rib, uning ashaddiy muxlisiga aylangan edi). Musavvir filmdagi ayrim sahnalardan “Reforma” mehmonxonasida yaratmoqchi bo‘lgan devoriy suratlarida foydalanmoqchi bo‘lgan, ammo bu g‘oya hokimiyat vakillari tomonidan siyosiy vajlar bilan rad etilgan edi1 . Musavvirning San-Frantsiskodagi kollejda yaratgan devoriy rasmida hindu ayollar libosiga burkangan holda aks ettirilgan Frida Kalo timsolida nafaqat Shimol va Janubning birlashuvi, balki uning sevgilisi bilan yarashish g‘oyasi ham singdirilgan edi.
Chindan ham, voqealar rivoji ularning o‘zaro yarashuvini tezlashtirdi. 1940 yilning 20 avgustida Ramon Merkader (o‘zini Jekson deb atagan Stalin josusi) degan kimsa Trotskiyning uyiga bostirib kiradi va inqilob yetakchisining boshiga muzkesar bolta bilan urib o‘ldiradi.
Shu kundan boshlab Trotskiyga aloqador bo‘lgan barcha odamlar, jumladan, Frida ham oldingi suiqasd paytidagi Diyego singari politsiya tomonidan shubha ostiga olinib, bir necha bor so‘roq qilinadi. Fridaning tushkun holati, salomatligi kundan-kun yomonlashib borayotganini kuzatib turgan doktor Eloesser uni davolanish uchun zudlik bilan San-Frantsiskoga jo‘nashiga da’vat etadi. Darhaqiqat, qadrdon shaharga yana bir bor safar qilish hamda Diyego bilan uchrashish imkoniyati tufayli mo‘jiza ro‘y berdi. Diyego doktor Eloesser bilan suhbatda uning “ajralish Fridaning salomatligi uchun dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin” degan gaplaridan keyin “yana uni rafiqasi bo‘lishiga ko‘ndirishga” qaror qiladi. Doktor Eloesserning Diyego hech qachon vafodor er bo‘la olmas-ligi haqida ogohlantirishiga qaramay, Frida nikoh shartnomasiga bir necha shartlar kiritilsagina, uning rafiqasi bo‘lishga rozi bo‘lishini aytadi. Birinchidan, ular o‘rtasida jinsiy aloqa bo‘lmasligi kerak, ikkinchidan, Frida iqtisodiy jihatdan mustaqil, o‘zini o‘zi boqish imkoniyatiga ega bo‘lishi shart. Ammo keyinchalik u ro‘zg‘or xarajatlarining yarmini Diyego o‘z zimmasiga olishiga ko‘nadi. “Men u bilan yarashib olganimdan shu qadar baxtiyor edimki, — deya xotirlaydi Diyego, — o‘sha zahoti uning barcha shartlariga rozi bo‘laqoldim. Sakkizinchi dekabrda, ellik to‘rt yoshga qadam qo‘ygan kunim biz ikkinchi bor turmush qurishga jazm etdik”. Shu tariqa, uzoq davom etgan ayriliq, ularning hayotini barbod qilayotgan qalb iztiroblari, tushkunlik, kelishmovchiliklar davri poyoniga yetdi.

HIMOYaSIZ BOLAKAY

Otasi Gilermo Kalo vafoti munosabati bilan Frida Koyoakanga qaytib keladi va umrining oxirigacha shu yerda yashaydi. Hayotida boshlangan yangi bosqichni nishonlash maqsadida uyni qadimiy atsteklar ibodatxona va saroylarini bezashda qo‘llangan to‘q-ko‘k rangga bo‘yatadi va shundan e’tiboran u Ko‘k uy deb yuritiladi. Seviklisi bemalol ijod qilishi uchun Diyego uyning bir qanotida, Fridaga hamisha zavq-shavq bag‘ishlaydigan bog‘ ustiga ustaxona qurib beradi.
1941 yilning boshida Mexikoga qaytgach, ular hammasini boshidan boshlashga qaror qilganlarida, bunga monelik qiladigan hech qanday to‘siq yo‘q edi. Chunki, Frida imzolagan g‘alati nikoh shartnomasida butun mas’uliyat uning zimmasiga yuklatilgandi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu shartnoma Fridani to‘rt devor ichiga tiqib, “oyoq-qo‘lini zanjirband” etgandi. Frida qanday bo‘lmasin, g‘ururi va o‘jarligini yengib, nikohni, muhabbatini oxirigacha qat’iyat bilan himoya qilishga harakat qiladi. Fridaning ana shu xislati o‘z mayl-ehtiroslarining quli bo‘lgan Diyegoni hamisha lol qoldirib kelgan. Shu bois ham San-Frantsiskoga Fridaning yoniga kelib, u bilan yana turmush qurishga ko‘ndirishga uringanida, qalbidagi samimiy istaklarini oshkor etgan edi. Chunki, Frida va uning ilohiy muhabbatisiz u zaif va himoyasiz “bolakay” ekanini juda yaxshi bilardi.
San’at tarixida erkak va ayol ijodining bu qadar yaxlit va uyg‘un holda namoyon bo‘lishi hali kuzatilmagan. Diyego ijodida uning dahosi — portret va devoriy rasmlarida tasvirlangan belgi, shakl, soya, harakat, jismlar to‘qnashuvida mislsiz kuch-qudrat, barhayot asos namoyon bo‘ladi. Uning betakror iste’dodi Fridaning qarashlari, irodasi, aql-zakovati, teran ilmidan oziqlanadi. Musavvirlar sifatida Bolivar amfiteatridagi uchrashuvning ilk daqiqalaridanoq ular bir butun, o‘zaro mushtarak ijodkorlardir. Frida Diyegoning ko‘zlari bilan ko‘radi, sezgilari bilan his etadi, aqli bilan anglaydi, ta’bir joiz bo‘lsa, ular go‘yo bir-birining mohiyati, botiniy olamini ifodalardi.
Bu hol Fridaning kundaligida bitilgan quyidagi satrlarda tajassum topadi:

Diyego — ibtido
Diyego — bunyodkor
Diyego — farzandim
Diyego — qallig‘im
Diyego — ijodkor
Diyego — xushtorim
Diyego — erim
Diyego — do‘stim
Diyego — onam
Diyego — otam
Diyego — o‘g‘lim
Diyego — mening o‘zim
Diyego — cheksiz koinot
Diyego — yaxlitlik ziddi
Biroq, nima uchun mening Diyegom deyapman?

Zero, u hech qachon meniki bo‘lmaydi. U faqat o‘zigagina tegishli.
Diyego bilan ajralish va yarashish davridan keyin yaratgan asarlarida Frida ruhiy xotirjamlikka erishmagani ko‘rinib turardi. O‘sha davrda chizgan avtoportretlarida ruhiy iztirob izlari: burishgan lablar, tortilgan bo‘yin mushaklari, olovli nigohlar ortida qotib qolgan mag‘rur qiyofa namoyon bo‘ladi. Turmush ko‘ngilxiraliklari, uzluksiz jismoniy og‘riqlar va tinchlantiruvchi dorilar miqdorining tobora ortib borayotganiga qaramay, uning nigohlarida qan-daydir da’vatkor uchqunlar hamon porlab turardi.
Frida onalik baxtiga musharraf bo‘lishni qanchalar orzu qilganini bilamiz. Uning miyasida o‘rnashib qolgan bu orzu-intilish nafrat va qo‘rquv tuyg‘ulari bilan aralash-quralash bo‘lib ketgani sababli, u qanday yo‘l tutishni: tug‘ishni ham, tug‘maslikni ham bilmasdi. Tashqi sabablar: avtofalokat, jismoniy nogironlik va kasallik oqibatlaridan tashqari, ona bo‘lish mas’uliyati oldidagi ichki hadik ham unga to‘sqinlik qilardi. Ana shu hadik ta’sirida unda butun ijodiy faoliyatida bo‘rtib turadigan aybdorlik tuyg‘usi paydo bo‘ldi. Turli taxminlarni ilgari surgan shifokorlar ham uning fe’l-atvoriga xos bu g‘aroyib hodisani tushuntirib berishga ojiz edi. Bu tuyg‘u umrining oxirigacha unga tinchlik bermadi. Ayniqsa, Lupe Marin yoki singlisi Kristina oldida u o‘zining hayotdan uzilib qolganini, bepushtligini yanada chuqurroq his etar, bir daqiqaga bo‘lsa-da, buni esdan chiqarolmasdi.
Frida uchun san’at onalik o‘rnini bosa olmasa-da, ammo qalbini tilka-pora qilib kelayotgan ruhiy iztiroblarga dosh berishiga ko‘maklashadi, yurak-bag‘rini tirnayotgan his-tuyg‘ularni tashqi olamga oshkor etish vositasiga aylangan edi go‘yo. Frida uchun san’at — insondagi g‘ayritabiiylik, o‘z-o‘zidan, sabab-oqibatsiz intilish ifodasi bo‘lgani uchun ham uning tasviriy asarlari syurrealistlarni hamisha lol qoldirib kelgan. Uni qurshab turgan barcha narsalarda: hindularning tropik o‘rmonlardagi gullar singari yorqin liboslari, ona-zamin ma’budasi Tlasolteotlniki kabi turmaklangan kokillari, xassos, bag‘rikeng, ba’zan shafqatsiz tabiatning sehr-jodusi ila olmos singari yarqirab turgan ko‘z yoshi — barcha-barchasida san’at, bolalik, go‘zallik, zo‘ravonlik, muhabbat aralash-quralash bo‘lib, yaxlit bir butunlik kasb etib turardi.
Ikkinchi nikohdan keyingi yillar Diyego hayotidagi eng ziddiyatli davr bo‘ldi. U Fridasiz yashay olmasligini, Frida yakkayu yagona muhabbati ekanini va ana shu ayol faqat uning uchun yaratilganligini yurakdan his etardi. Bu davrda unga yozgan maktublarini Diyego “Ko‘zlarimning qarog‘i, Friditamga” deya boshlagani bejiz emasdi.
Ammo, Frida endi u bilan tamoman boshqacha, o‘zi o‘ylab topgan qoidalarga asoslangan, ba’zan o‘ta shafqatsiz, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga xos muhabbat bilan nafrat qorishib ketgan g‘aroyib “o‘yin”ga kirishdi. Bu “o‘yin”da erkak — o‘z mayl-ehtiroslari, xohish-istaklarining sohibi, ayol esa — tobe etilgan muhabbat farishtasi timsolida gavdalanadi.
Bu davrda Riveralar moddiy jihatdan ancha qiynalib qolgan bo‘lib, Diyego Milliy saroydagi bezak ishlarini tugatgandan buyon davlat buyurtmalari olmayotgan edi. Vaziyatni o‘nglash maqsadida Diyego va Frida Mexikoning badavlat kishilari va ularning oila a’zolarining suratlarini chizishga majbur bo‘ladi. Ammo ana shu asarlarda ham ular o‘z qarashlari, e’tiqodi va tamoyillariga sodiq qoldilar. Fridaning ishlarida uning o‘ziga xos tasvir uslubi (achchiq haqiqat, unsurlarning aniqligi, g‘ayritabiiy timsollar) bo‘rtib tursa, Diyegoning suratlarida aks ettirilgan qiyofalarda iliqlik, samimiylik, ehtiroslar tug‘yoni mujassamlashgan edi.
1950 yilning oxiri — 1951 yilning boshlari Frida uchun benihoya og‘ir davr bo‘ldi. O‘ng oyog‘ida qorason kasalligi boshlangani uchun panjalarini kesib tashlashga to‘g‘ri keldi. Inglizlar gospitali shifokori doktor Faril umurtqa pog‘onasini operatsiya qilib, suyak to‘qimasini ko‘chirib o‘tqazadi. Ammo infektsiya tushgani sababli sog‘ayish jarayoni haddan tashqari cho‘zilib ketdi. Ana shu muvaffaqiyatsiz muolajadan keyin, 1950 yilning may va noyabr oylari oralig‘ida, u ketma-ket yana oltita operatsiyani boshidan o‘tkazadi. Diyegoning e’tibori va mehribonligiga qaramay, u jismonan juda zaiflashib qolgan bo‘lsa-da, ruhan hamon tetik edi. Kasalxona to‘shagiga gips va po‘lat simlar bilan mixlangan Frida og‘ir xastalikka parvo qilmay, hazil-huzulga, xonasida g‘aroyib teatr tomoshasini uyushtirishga o‘zida kuch topa olar, shu holida ham ijod qilardi. Diyego esa ilk tanishgan paytlaridagidek, uning atrofida parvona edi. Fridaning ko‘nglini olish uchun, unga qo‘shiq kuylab berar, masxarabozlik qilar, yolg‘on-yashiq hangomalarni tizib tashlardi. Dugonasi Adelina Sandexas bir gal Fridadan xabar olishga kelib, Diyegoning masxarabozlarga o‘xshab, qo‘lidagi nog‘orani o‘ynatib, karavot atrofida lapanglab raqsga tushayotganiga guvoh bo‘lganini xotirlaydi. Fridaning kundaligiga nazar tashlasak, o‘sha kezlarda u bor kuch-irodasini ishga solib, umidsizlik holatidan qutulishga harakat qilganiga ishonch hosil qilamiz. “Men — deb yozadi u, — unchalik iztirob chekayotganim yo‘q. Faqat so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan qandaydir charchoq, chorasizlikdan o‘zimni qo‘yarga joy topa olmayman, xolos. Tinimsiz chizaversam-chizaversam deyman. Ammo ilgari asosan o‘zimning qiyofamni chizgan bo‘lsam, endilikda asarlarim kimgadir naf keltirishini istardim. Hozirgi vaqtda faqat shu orzugina hayotimga mazmun baxsh etadi”.
Frida shifokorlar bilan doimo kirishib ketar, tez orada ular uning eng yaqin do‘st va maslahatgo‘yiga aylanardi. U operatsiya boshlanishidan oldin paydo bo‘ladigan qo‘rquvdan bir oz bo‘lsa-da xalos bo‘lish uchun doktor Faril bilan tez-tez xat yozishib turar, hammasi tugagandan keyin minnatdorchilik izhor etish maqsadida uning portretini chizishga kirishardi: ana shunday rasmlardan birida u doktor bilan birga hinducha oq ko‘ylak va qora yubkada oromkursiga o‘tirgan holda aks ettirilgan; san’atning hayot bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatish uchun asarda Fridaning chap qo‘lida tomirlari bo‘rtib turgan yuragi, o‘ng qo‘lida esa uning qoniga bo‘yalgan mo‘yqalam tasvirlangandi.
Ahvoli og‘irlashgan sayin Frida tevarak-atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalarni diqqat bilan kuzatar, go‘yo tashqi olamni o‘ziga singdirib olishga intilardi. Uning iztiroblari olamni o‘ta keskin tarzda idrok etishning vositasi, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga xos ifoda tiliga aylangan edi. Frida hamisha sevib-ardoqlab kelganlari: jarohatlangan bug‘u ko‘zlarida muhrlangan iltijo singari jabrlangan hindular, Koyoakan ayollari va bolalari nigohlaridagi dardli mung uning qalbida aks sado berardi.
Fridaning nazarida, Mexiko markazidagi qaynoq hayot og‘ushida o‘z yog‘iga qovurilib yurgan Diyego va do‘stlaridan uzoqda, Koyoakanda vaqt go‘yo to‘xtab qolgandek edi. U hammasini boshidan boshlaydi: kasalxonada chizilgan eskiz bo‘yicha ilk bor bu mavzuda 1936 yilda yaratilgan asarni to‘ldiradigan kartina dunyoga keladi: unda Kalolar oilasining shajarasi, jumladan, singillari, jiyani Antonio, asarning markazida esa u dunyoga keltira olmagan homila — zurriyoti tasvirlangan.
Frida 1943 yildan buyon birinchi marotaba guanaxuatolik musavvir Ermenexildo Bustosning sodda uslubi yo‘lida g‘aroyib natyurmortlar turkumini yaratadi. Tomoshabin ko‘z o‘ngida botiniy mohiyatini ko‘z-ko‘z qilayotgan, ichlari to‘q-qizil, terisi shilib tashlangan yorqin ranglarga bo‘yalgan mevalar namoyon bo‘ladi. Bu asarlardagi har qanday, hatto eng oddiy detallarda ham allaqanday qo‘rquv va xavotir bo‘rtib turadi.
Fridaning ahvoli tobora og‘irlashib borayotganini sababli 1953 yilning boshlarida Diyego uning hayotidagi so‘nggi bayram — Nafis san’at institutida rejalashtirilgan asarlar ko‘rgazmasining ochilish marosimini tezlashtirishga qaror qildi. Suratkash Lola Alvares Bravo o‘zining Amberes ko‘chasida joylashgan san’at galereyasini ularning ixtiyoriga topshirdi. Aksariyat asarlari — singlisi Kristina tasvirlangan ilk kartinalardan tortib “Jarohatlangan bug‘u”, “Diyego va men”, “Muhabbat rishtasi” kabi eng so‘nggi asarla-rini namoyish etish uchun imkoniyat paydo bo‘lgani uning ruhiyatini ko‘tardi. U bor kuch-quvvatini jamlab, ko‘rgazmaga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi.
Ko‘rgazma ochilishidan oldin Lola Alvares Bravo olgan suratda Frida o‘z xonasida bayramona libosda — qo‘lda tikilgan oq ko‘ylak, sochlari chambarak va taqinchoqlar bilan bezalgan, ammo yuz qiyofasida xavotir va charchoq ifodalangan holda tasvirlangan. Aprelning o‘rtalarida uning ahvoli og‘irlashgani bois Lola ko‘rgazmani bekor qilish kerakmikan, degan xayolga ham boradi. Shunda Diyegoning miyasida Fridaning karavotini san’at galereyasiga olib kelish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Ko‘rgazma ochiladigan kuni Frida “Tez yordam” mashinasida g‘oyat go‘zal sapotekcha ko‘ylakda, bisotidagi bor taqinchoqlarga burkangan holda galereyaga olib kelinadi. Lola Alvares Bravo aksariyat asarlari yaratilgan karavotda o‘tirib, kulimsirab turgan bu xasta ijodkorga hayrati va mehr-muhabbatini izhor etish uchun uch soat galereyaga odamlar oqimi to‘xtamaganini eslaydi. Bayramda Diyego va Fridaning barcha yaqinlari, do‘stlari, ustoz va shogirdlari hozir bo‘ldi. Meksikalik keksa musavvir doktor Atl ham tashrif buyurib, uning qo‘lini siqib qo‘ydi. Tayyorlov maktabi davridan buyon Fridaning qadrdon dugonasi qo‘shiqchi Koncha Michel va Andree Errestros u sevib tinglaydigan “Adelita”, “Bechora kiyikcha” xalq qo‘shiqlarini ijro etishdi.
Xullas, tantanavorlik va ko‘tarinkilik ruhida o‘tgan ko‘rgazma san’at ixlosmandlarining Fridaga nisbatan yuksak hurmat-ehtiromi va muhabbati timsoliga aylandi. “Tez yordam mashinasi”da tashrif buyurgan Fridani, — deya eslaydi Diyego, — do‘stlari va shogirdlari qahramon singari qarshi oldi. Bunday yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatilishini xayoliga ham keltirmagan Fridaning butun vujudi baxtiyorlikdan sarmast edi. Ko‘rgazma jarayonida u deyarli gapirmagan bo‘lsa-da, bu uning hayot bilan so‘nggi bor vidolashuvi ekanini anglab yetgan edi, deb o‘ylayman”.
Diyego haq bo‘lib chiqdi. Ko‘rgazmadan keyin uch oy o‘tar-o‘tmas qorason yanada kuchaygani sababli shifokorlar o‘ng oyog‘ini kesib tashlash zarurligini unga ma’lum qilishdi. U bu xabarni har doimgidek matonat bilan qarshi oldi, qalbidagi his-tuyg‘ularini esa kundaligiga to‘kib soldi. Uning bir sahifasida bo‘lak-bo‘lak qilib kesilgan oyoqni tasvirlar ekan, “Parvoz uchun qanot bo‘lsa, oyoq menga ne kerak” degan so‘zlarni bitib qo‘yadi.
Frida tunu kun yaqinlari va do‘stlarini uning bag‘ridan yulib ketayotgan o‘lim, oxirat haqida o‘ylar, marhumlar bilan g‘oyibona so‘zlashar, kundaligidagi yozuvlar borgan sari mavhum, tushunarsiz, bir so‘z bilan aytganda, hardamxayol bo‘lib qolgan edi. U 1953 yilning kuzida marhum dugonasi Isabel Vilyasenorga g‘oyibona murojaat etib, kundaligiga shunday deb yozadi: “Azizim, Isabel. Men ham yo‘lga hozirlik ko‘rayapman, tez orada senga yetib olaman. Yo‘ling xayrli bo‘lsin, Isabel. Qizil, qizil, qizil. Hayot. O‘lim. Kiyik, kiyik”. Uning ruhiy holati shu qadar ayanchli ediki, hatto o‘sha yilning qishida o‘ziga suiqasd qiladi, lekin joni omon qoladi.
Operatsiyadan keyin u dugonasiga shunday deb yozadi: “Oyog‘imni kesib tashlashdi. Umrim bino bo‘lib hech qachon bunday azob-uqubatlarga duchor bo‘lmaganman. Vujudni qurshab olgan titroq hozirgacha bosilmagan, tanamda sog‘ joyning o‘zi qolmagan, hatto qon aylanishi buzilgan. Operatsiyadan olti oy o‘tib, ko‘rib turganingdek, hamon to‘shakda mixlangan ahvolda ham Diyegoni har qachongidan ko‘proq sevaman, hali uning uchun foydali bo‘lishga, ko‘plab asarlar yaratishimga umid qilaman. Ishqilib, Diyego sog‘-omon bo‘lsa bas, chunki, u hayotdan ko‘z yumadigan bo‘lsa, men shu zahoti uning ortidan boraman. Ikkimizni birgalikda dafn etishadi. Diyegodan keyin mening yashashimga xomtama bo‘lib yurmanglar. Men usiz yashay olmayman. U mening o‘g‘lim, u mening onam, u mening otam, u mening turmush o‘rtog‘im. U mening borlig‘im”.
Ammo taqdiri azalning hukmi o‘zgacha bo‘ldi. Operatsiyadan keyin Fridaning mislsiz jasorati va matonatiga qaramay, kundan-kun hayotiy quvvati so‘nib borardi. Keyinchalik Diyego u bilan o‘tkazgan so‘nggi daqiqalarni Gledis Marchga so‘zlab bergan edi: “Bir kun oldin Frida to‘yimizning yigirma besh yilligiga (uni o‘n yetti kundan keyin nishonlamoqchi edik) sotib olgan uzukni qo‘limga tutqazdi. Nima uchun sovg‘ani oldindan berayotganini so‘raganimda, u “ko‘nglim sezib turibdi: yaqinda men seni tark etaman”, deya javob qilgan ekan.
Kundalikning so‘nggi sahifasida qo‘rqinchli o‘lim farishtasi tasviri yonida Fridaning metindek irodasi va matonatining timsoliga aylangan “Ketishim xayrli bo‘lishiga va hech qachon qaytib kelmasligimga umid qilaman” degan dahshatli so‘zlar bitilgan edi.
U 13 iyulda, qirq yoshga to‘lganidan roppa-rosa bir hafta o‘tib vafot etdi.
Ertasiga sharros quyayotgan yomg‘ir ostida Diyego ochiq tobutda, hindularning oppoq libosi kiyintirilgan Fridani vidolashuv bo‘ladigan joy — Nafis san’at saroyiga kuzatib qo‘ydi. Marosim oxiriga yetgach, ustiga qizil mato tashlangan tobutni San-Dolores qabristonidagi krematoriyga olib ketishdi.

XOTIMA

1954 yilning 13 iyulida, seshanba kuni Lola Alvares Bravo tomonidan tushirilgan oxirgi suratda jonsiz jismini aks ettirayotgan oyna tagidagi karavotda, so‘nggi bayram chog‘ida kiyib borgan qora yubka va hindu ayollarning oppoq ko‘ylagiga burkangan holda yotgan Frida yuz qiyofasida marhumlarga xos ajib bir xotirjamlik muhrlangan. Yonida uning uchun qadrdon bo‘lib qolgan narsalar: gullar, javonda bir to‘p kitob, qo‘g‘irchoqlar, suratlar. Qo‘liga qo‘ngan pashshani ko‘rgan odamga go‘yo hammasi tushda bo‘layotgandek, u hozir nafas ola boshlayotgandek, uyg‘onib, yana hayotga qaytayotgandek bo‘lib tuyulishi mumkin. Bu paytda esa Moviy uy afsonaga aylanib borayotgandi. Itlar eshik bo‘sag‘asida uy bekasining chiqishini kutib o‘tirar, sukunatga cho‘mgan bog‘dagi ko‘lmakchalar maydalab yog‘ayotgan yomg‘ir tomchilaridan qalqib-titrab turardi.
Keyingi paytda Frida bu uy va bog‘ni deyarli tark etmas, uni tashqi dunyoning, bir qarashda, xayoliy, shu bilan birga, azob-uqubatlar voqeligi bilan uyg‘unlashgan o‘ziga xos andozasini yaratgandi. Moviy uy uning uchun go‘yo har qanday hayotiy tashvish va ko‘ngilxiralik, hatto o‘limga ham dosh bera oladigan Diyegoga muhabbatining timsoli edi.
Fridaning o‘limidan keyin Diyego Koyoakanga qaytib kelmaslikka qaror qildi. Uning oddiygina muzey emas, bu yerga tashrif buyurgan har bir san’at ixlosmandini Fridaning ijodiy merosiga, uy devorlari, jihozlari, bog‘dagi o‘simliklarda muhrlanib qolgan beqiyos go‘zallikka oshno etadigan muqaddas maskan bo‘lib qolishini istardi.
Diyego uchun Frida yonida o‘tkazgan so‘nggi daqiqalari juda iztirobli va ayanchli bo‘ldi. Nafis san’at saroyining ko‘rkam binosida milliy musiqa yangrab turar, odamlar esa Diyego Rivera va Lesaro Kardenasni har tomondan qurshab olib, sukut saqlab turishardi. Keksa musavvir Kardenasning yuzlari g‘amdan qorayib ketgan, u tevarak-atrofda nimalar bo‘layotganini ko‘rmas, his etmasdi. Motam marosimiga tashrif buyurgan odamlar Xuares shohko‘chasi bo‘lab tobut ortidan San-Dolores qabristoni tomon yurib borishardi. Krematoriy eshigi oldida qandaydir sarosimalik paydo bo‘ldi: kelganlarning barchasi marhuma-ning yuzini yana bir bor ko‘rib qolishga shoshilardi. Sikeyrosning xotirlashicha, Fridaning yuzida paydo bo‘lgan olov uchqunlari kungaboqarning gulini eslatar, u go‘yo o‘zining so‘nggi avtoportretini chizayotgandek tasavvur hosil bo‘lar edi.
Hindularning qadimiy urf-odatiga ko‘ra, marhumning kuli solingan xaltacha an’anaviy sholro‘molga o‘ralgan holda Fridaning xonasiga qo‘yildi.
Qancha g‘am-anduhni boshdan kechirmasin, Diyego uzoq vaqt yolg‘iz qolmadi. 1955 yilning 29 iyunida ko‘p yillar unga yordamchi va tijorat agenti sifatida xizmat qilgan ayol — Emma Urtado bilan turmush quradi. Diyegoning singlisi Mariya del Pilarning xotirlashicha, o‘limi arafasida Frida Emmani yoniga chaqirtirib, bu dunyodan ketganidan keyin Diyegoga turmushga chiqishga va unga g‘amxo‘rlik qilishga va’da berishini iltimos qilgan ekan.
Diyego avvalgidek mehnat qilar, Milliy Saroy, Kimyo maktabi va universitet stadioni uchun devoriy suratlar loyihasini tayyorlash bilan band bo‘ldi. U yoshlikdagi orzusi — San’at shaharchasi rejasini ishlab chiqadi va uni Anaukalidagi ehrom atrofida barpo etishni rejalashtiradi.
Diyego saraton xastaligiga chalinganiga qaramay, hamon ijodiy kuch-quvvatga to‘la edi. U ko‘plab anjumanlar, siyosiy tadbirlarda ishtirok etar, yorqin nutqlar so‘zlardi.
1955 yilda musavvir rafiqasi bilan davolanish uchun Sovet Ittifoqiga bordi. Ketish arafasida Frida uning butun o‘y-xayollarini qamrab oldi. Esdalik suratida u Fridaga xos uslubda “Ko‘zlarimning qarog‘i, Friditamga. Sening Diyegong, 1955 yil 13 iyul. Bugun o‘sha kundan rosa bir yil o‘tdi”, deb yozib qo‘yadi.
Diyego Rivera Moskvadan son-sanoqsiz suratlar, eskizlar, jumladan, yoshlik chog‘ida tanishgan shoir Mayakovskiyning portreti bilan qaytdi.
1956 yilning 13 dekabrida uning yetmish yillik yubileyi tantanali nishonlandi. Mexikoda Anaukali ehromlari, musavvir-ning bolalik davrlari o‘tgan Guantoxuatoda banketlar, ballar, mushakbozliklar tashkil etildi.
Salomatligi tobora yomonlashayotganiga qaramay, Diyego Rivera mamlakat bo‘ylab tinimsiz safarlar qilar, ko‘plab tabiat manzaralari, chunonchi, quyoshning botishi (birgina Dolores Olmedo fondida musavvirning quyosh botishi paytida Akapulko manzalari aks ettirilgan ellikta asari saqlanadi) tasvirini yaratardi. U avvalgidek ezilgan, jabrlangan xalqlar manfaatlarini ifoda etib, inglizlar, frantsuzlar va isroilliklarning Suetsdagi tajovuzini, Frantsiyaning Jazoirdagi xunrezliklarini, AQShning Kubani yakson qilish borasidagi intilishlarini keskin qoralaydi. Shu bilan birga, 1956 yilda Vengriyada sodir bo‘lgan qo‘zg‘olonni “imperialist-lar fitnasi” deya baholaydi.
1957 yilning 25 iyunida Diyego Rivera Frida bilan ruhan uyg‘un holda dunyoga o‘zining so‘nggi murojaatini e’lon qiladi. Musavvir Migel Pantoxning tashabbusi bilan u jahondagi barcha ijodkorlar va madaniyat arboblarini sayyoramizda tinchlikni saqlab qolish, kuchli davlatlar aybi bilan ko‘plab mamlakatlar va xalqlarga tahdid solayotgan yadro sinovlari va qurollanish poygasini to‘xtatishdek ezgu maqsad yo‘lida birgalikda harakat qilishga da’vat etadi. Uning bu da’vatida umr bo‘yi hayotning beqiyos go‘zalligini ifoda etishga intilib kelgan Fridaning shijoatkor ovozi hamohang jaranglagandek bo‘ladi: “Bor ovozim bilan sevgi-muhabbat, insonlararo muloqotning qadriga yetadigan, hayot timsoli — go‘zallik bunyodkorlariga murojaat etmoqchiman: barchamiz birlashib, yadro sinovlarini zudlik bilan to‘xtatish haqida bong urmog‘imiz, talab qilmog‘imiz va shunga erishmog‘imiz darkor. Bunday sa’y-harakatimiz bilan odamlarni aql bilan ish tutishga, ezgu maqsad yo‘lida birlashishga, odamzotning qirilib ketishiga olib keladigan termoyadro qurilmalarini ishlab chiqarish va qo‘llashni batamom taqiqlash haqida qonun qabul qilinishiga erishishimiz mumkin”.
Shu tariqa, Frida Kalo vafotidan uch yilu to‘rt oy o‘tib, Diyego 1957 yilning 24 noyabrida, qadrdon Guanaxuato ahli uning tug‘ilgan kunini nishonlashga hozirlik ko‘rayotgan paytda San-Anxeldagi ustaxonasida miyasiga qon quyilib, hayotdan ko‘z yumdi. U jasadini kuydirib, kulini jondan aziz sevgilisining kuli bilan aralashtirishni vasiyat qilgan edi. Biroq uning vasiyati amalga oshmaydigan bo‘ldi: Diyego Rivera San-Dolores qabristonidagi Mo‘tabar zotlar xiyobonida dafn etildi.

Ruschadan Bahodir Zokir tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil 12-son.