Moskvaning chet ko‘chalaridan biridagi ustunlari oq, boloxonador, balkoni xiyol qiyshayib turgan kul rang uyda bir vaqtlar beva boy xotin yashardi, uning ko‘pgina xizmatkorlari bor edi. Uning o‘g‘illari Peterburgda xizmat qilishar, qizlari erga tegib ketishgan edi; u kamdan-kam biror joyga borar, ziqna va ruhsiz qariligining so‘nggi yillarini yakka-yolg‘izlikda o‘tkazardi. Uning shodlik va yorug‘likdan mahrum kuni allaqachon o‘tib ketgan, oqshomi esa qop-qorong‘i zimiston kechadan ham battar edi.
Uning hamma xizmatkorlari orasida eng yaxshisi Gerasim degan qorovul bo‘lib, bo‘yi salkam uch gaz, qaddi-qomati bahodirona, onadan gung bo‘lib tug‘ilgan edi. Boy xotin uni qishloqdan olib kelgan edi. Gerasim qishloqda aka-ukalari bilan birga emas edi, yakka o‘zi kichik bir uyda yashar va majburiyatni bajarib, o‘lpon to‘lab turadigan dehqon hisoblanardi. U nihoyatda baquvvat odam edi, bir o‘zi to‘rt kishining ishini qilardi — u qo‘l urgan ish o‘ngaverardi. U zabardast qo‘llari bilan omochni bosib qo‘sh haydaganida go‘yo omoch otsiz o‘zi yer bag‘rini tars yorib borayotgandek tuyular yoki Petr kuni chalg‘i o‘roqni shiddat bilan solib g‘alla o‘rganida xuddi yosh qayin daraxtini tag-tomiridan qo‘porib tashlagandek tuyular yoki uch gazlik katta to‘qmoqni tez va to‘xtovsiz ko‘tarib urib, xirmon yanchiganda uning uzun va mahkam yelka paylari xuddi pishangdek goh ko‘tarilib, goh tushib turar ediki, ana shu paytlarda uni tomosha qilmoq juda ham maroqli edi. Doimiy sukut uning shiddatli ishiga tantanali ulug‘lik baxsh etib turardi. U juda yoqimli yigit edi. Gung-garang bo‘lmaganida har qanday qiz ham unga jon deb tegar edi… Ammo Gerasimni Moskvaga olib keldilar, unga etik olib berdilar, yozlik chakmon, qishlik po‘stin tikib berdilar, qo‘liga supurgi va kurak berib, hovliga qorovul qilib qo‘ydilar.
Bu yangi turmush avval boshda unga sira yoqmadi. Bolalik chog‘idan boshlab dehqonchilik ishlariga, qishloq turmushiga odatlangan edi. U gungligi orqasida odamlarga aralasholmay, serunum yerda o‘sgan daraxtdek, tilsiz va baquvvat bo‘lib ulg‘aydi… Shaharga olib kelingach, u o‘zi nimalar ro‘y berayotganini bilolmay, tamom ichi pishdi va siqildi, qorni baravar ko‘m-ko‘k o‘t ichida o‘tlab yurgan va endigina ushlab olinib, temir yo‘l vagoniga qamab qo‘yilgan, goh paravozning uchqunli tutuni, goh tovlanib chiqayotgan issiq bug‘i chor atrofdan go‘shtdor badaniga urilib turgan, jahdu jadal bilan shaqirlatib allaqayoqqa, — xudo bilsin qayoqqa! — olib ketilayotgan baquvvat buqa nima bo‘layotganini bilolmay, naqadar dovdirasa, Gerasim ham xuddi shunday dovdirab qoldi. Gerasimning og‘ir dehqonchilik ishlaridan keyin boshlangan bu yangi vazifasi unga xuddi hazilakam ishdek bo‘lib qoldi; u butun ishni yarim soat ichida sarishtalab qo‘yar, goh hovli o‘rtasida yana serrayib to‘xtab qolar, bu sirli ahvolining ma’nosini o‘tgan-ketgandan so‘ragandek, og‘zini ochib ularga qarab turar, goh dabdurustdan supurgi bilan kurakni bir tomonga otib yuborardi-da, bir burchakka borib, ko‘ksi bilan yerga tashlanar, xuddi tutib olingan yovvoyi hayvondek, soatlarcha bag‘rini yerga berib qimirlamay yotardi. Ammo, odam har narsaga ko‘nikadi, Gerasim ham bora-bora shahar turmushiga ko‘nikdi. Unga yuklatilgan ish ko‘p emas edi; uning qiladigan bor-yo‘q ishi hovlini toza tutish, kuniga ikki marta bochkada suv keltirish, oshxona va uy uchun o‘tin keltirish va yorib berish, hovliga begona kishilarni yo‘latmaslik, kechalari qorovullik qilish edi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, u o‘z vazifasini ixlos bilan bajarardi: hovlida hech mahal biron payraha va xas-cho‘p ko‘rinmasdi; uning ixtiyoridagi suv tashiydigan qirchang‘i ot loygarchilik kezlarida biror joyga botib, tortolmay qolsa, u orqaga o‘tib, yelkasi bilan aravani itardimi, aravagina emas, otning o‘zi ham turgan o‘rnidan qo‘zg‘alib ketardi; o‘tin yorishga tutindimi, bolta chinnidek jaranglar, o‘tin parcha-parcha bo‘lib ketar, tarashalar har tarafga uchishardi; yot kishilarga kelsak, bir kun kechasi u ikki o‘g‘rini ushlab olib, ularning peshanalarini bir-biriga shunday urdi, shunday qattiq urdiki, hatto ularni politsiyaga olib borishga ham hojat qolmadi, ana shundan beri dahadagilarning hammasi unga hurmat ko‘zi bilan qaraydigan bo‘ldilar; o‘g‘rilik ko‘chasiga sira kirmagan shunchaki notanish kishilar kuppa-kunduz kuni o‘tib borayotganlarida ham dahshatli qorovulni ko‘rganlari hamono, ho‘l silkir, go‘yo ovozlarini eshitadigandek, unga qarab baqirishar edi. Hovlidagi boshqa xizmatkorlar undan hayiqardilar, Gerasim ular bilan do‘stona bo‘lmasa-da, yaqinlik munosabatida bo‘lar, ularni o‘z kishilari deb bilardi. Ular Gerasim bilan imo-ishoralar orqali gaplashar, u ham ularning fikrini tushunar, hamma buyruqlarni aniq bajarar, lekin o‘z huquqini ham bilardi, shu sababdan uning ovqat stoliga o‘tirishiga hech kim jur’at qilolmasdi. Umuman Gerasim tabiati qattiq va jiddiy odam edi, har ishda tartib-sarishtalik bo‘lishini sevardi; hatto xo‘rozlar ham uning huzurida bir-birlari bilan urishishga jur’at qilolmasdilar, — aks holda, ko‘rgiliklarini ko‘rardilar! — Urishayotganliklarini ko‘rib qoldimi, shu topdayoq oyoqlaridan ushlab olar va osmonga ko‘tarib, chambarak qilib o‘n marta aylantirardi-da, har tarafga uloqtirib yuborardi. Boy xotin hovlisida g‘ozlar ham bor edi; lekin, ma’lumki, g‘oz ulug‘sifat va eslik maxluq; Gerasim ularga hurmat ko‘zi bilan qarardi, ularni parvarish qilardi; uning o‘zi ulug‘sifat erkak g‘ozga o‘xshab yurardi. Unga oshxona tepasidan kichik bir hujra berdilar, hujrani o‘z didiga moslab o‘zi tuzadi, tagiga g‘o‘la qo‘yib dub taxtasidan o‘ziga karavot yasab oldi, bu chindan ham pahlavonlar karavoti bo‘lib, yuz pud yuk qo‘yganda ham qirs etmaydigan karavot edi; karavot tagida kattakon og‘ir sandiq, burchakda xuddi karavot singari mahkam stol yonida esa uch oyoqli stul turardi, bu stul ham shu qadar pishiq va zilday ediki, hatto Gerasimning o‘zi ham bu stulni ko‘targanda qo‘lidan tashlab yuborar va jilmayib qo‘yardi. Hujraga ko‘machdek kattakon qulf solib qo‘yilardi, farqi shuki, qulf qora edi xolos; qulfning kalitini Gerasim hamisha belbog‘iga bog‘lab, yoniga osib yurardi. U uyiga odam kirishini xohlamas edi.
Shu tariqa yil o‘tdi, oxirida Gerasimning boshidan kichik bir voqea kechdi.
Gerasim hovlisida qorovul bo‘lib turgan shu keksa boy xotin hamma narsada qadimiy urf-odatlarga amal qilar va ko‘p xizmatkor saqlardi; uning uyida kirchilar, tikuvchilar, duradgorlar, mashinachilargina emas, hatto bir sarroch[1] ham bo‘lib, u ham mol doktori, ham odamlarni davolaydigan tabib edi, boy xotinning o‘z tabibi ham bor edi, yana Kapitan Klimov degan o‘ta piyanista bir boshmoqchi ham bor edi. Klimov o‘zini kamsitilgan, kadr-qiymati e’tiborga olinmagan kishi deb, Mookvaning noobod bir joyida ishsiz holgan odam deb emas, balki o‘qimishli va poytaxt kishisi deb bilardi, ichishiga kelganda, do‘ndirib, ko‘kragiga urib turib aytishicha, faqat qayg‘u-alamining zo‘rligidan ichardi. Kunlardan bir kun eshik og‘asi Gavrila bilan boy xotin o‘rtasida shu Kapiton to‘g‘risida so‘z ketdi. Gavrilaning sariq ko‘zlariga va o‘rdak tumshug‘iga o‘xshash burniga qaraboq bu odamni ishboshi qilib taqdirning o‘zi tayinlagan, deb o‘ylash mumkin edi. Boy xotin Kapitonning axloqi buzilib ketganligiga achindi, chunki uni qaysi bir ko‘chada ichib yotgan joyidan o‘tgan kuni topib kelgan edilar.
— Qalay, Gavrila, — deb gap boshladi u, — uni uylantirib qo‘ysak deyman, sen nima deysan? Balki o‘zini tutib, bosilib qolar.
— Nega ham uylantirmaylik? Mumkin, hatto ko‘p yaxshi bo‘ladi, — javob berdi Gavrila.
— Shundoq, ammo unga kim ham tegardi?
— Albatta. Darvoqe, ixtiyor sizda. Nimaiki bo‘lsa ham, u har holda biror ishga yarab qolar, o‘nlab odam orasidan uni ko‘chaga chiqarib tashlab bo‘lmas.
— Tatyana unga yoqadi shekilli?
Gavrila nimadir deb e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldi-yu, ammo labini tishlab qoldi.
— Shundoq!.. Tatyanaga sovchi yuborsin, uqdingmi? — dedi boy xotin tamakisini huzur qilib hidlab.
— Xo‘p bo‘ladi, — dedi Gavrila va chiqib ketdi.
Gavrila o‘z uyiga qaytib kelgach (uning uyi hovlidagi binoda bo‘lib, tunuka qoplangan sandiqlar bilan to‘la edi), avval xotinini chiqarib yubordi, so‘ng deraza yoniga o‘tirib, o‘ylay ketdi. Aftidan, boy xotinning kutilmagan bu farmoyishi uni tashvishga solib qo‘ydi. Oxiri o‘rnidan turib, Kapitonni chaqirib kelishni buyurdi. Kapiton keldi. Lekin kitobxonlarga ularning gaplarini aytib berishdan avval, keyinchalik Kapiton uylanadigan ayol Tatyananing kimligini, boy xotinning farmoyishi eshik og‘asini nega tashvishga solib qo‘yganini bir-ikki og‘iz so‘z bilan aytib bersak, ortiqcha bo‘lmas deb o‘ylaymiz.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Tatyana kirchilik vazifasida bo‘lib (darvoqe, u mohir va usta kirchi bo‘lganidan, unga faqat nozik ko‘ylaklarni yuvish topshirilar edi), yigirma sakkiz yoshlardagi chuvakkina, ozg‘in, oppoqqina, chap yuzida xoli bor ayol edi. Rusda chap yuzdagi xolni yomon alomat — baxtsiz turmush nishonasi, deyishadi… Tatyana o‘z yozmishidan mamnun bo‘la olmadi. Yoshlik chog‘idanoq uni kamsitdilar: yolg‘iz o‘zi ikki kishining ishini qilsa hamki, biron marta ham yaxshi gap eshitmadi; uni yomon kiyintirardilar, u hammadan oz haq olardi, qarindoshlari deyarli yo‘q edi: uning boy xotin uyida avvallari oziq-ovqat omborchisi bo‘lgan, lekin xizmatga yaramay qolgach, qishloqda qoldirilgan keksa kalidchi bir amakisi bo‘lar, boshqa qarindoshlari esa faqir dehqon edi — uning bor-yo‘q qarindosh-urug‘i shu edi. Bir vaqtlar go‘zallikda uning nomi chiqqan edi, lekin go‘zallik undan tez yo‘qoldi. U juda mo‘min tabiatli, yoki durustroq aytganda, yurak oldirib qo‘yganday edi; u o‘ziga beparvo qarar, boshqalardan o‘lguday qo‘rqardi, faqat ishni muddatida bajarishnigina o‘ylar, hech kim bilan gaplashmas, u garchi boy xotinning aftini ko‘rmagan bo‘lsa hamki, uning nomini eshitgan hamono qaltirab ketardi. Gerasim qishloqdan olib kelingan kuni uning gavdasini ko‘riboq Tatyana qo‘rqqanidan behush bo‘la yozdi; u Gerasimga sira duch kelmaslikka harakat qilar, uydan kirxonaga shoshib borayotganida ham Gerasim yonidan ko‘zlarini yumib, tez o‘tib ketardi. Gerasim dastlabki kunlarda unga uncha e’tibor qilmadi, bora-bora Tatyana ro‘para kelganda, unga jilmayadigan bo‘ldi. Keyinchalik unga razm solib tikila boshladi, nihoyat, undan ko‘z uzmaydigan bo‘ldi. U Tatyanani yaxshi ko‘rib qoldi: istarasining issiqligimi, cho‘chib-tortinib yurishlarimi, xudo bilsin, ishqilib, unga yoqib qoldi! Kunlardan bir kuni Tatyana boy xotinning kraxmallangan koftochkasini panjalarini yozib, avaylab ko‘tarib, hovlidan o‘tib borardi… kimdir birov qo‘qqisdan uning bilagidan mahkam ushlab oldi; u qayrilib qaradi-yu, qattiq qichqirib yubordi: uning orqasida Gerasim turardi. U tentaklarcha kulib muloyimgina g‘o‘ng‘illab, Tatyanaga shirin nondan yasalgan, dumi va qanotlari oltindek yaltiragan xo‘rozqand uzatdi. Tatyana olmaslikka urindi, ammo Gerasim zo‘rlab uning qo‘liga tutqazdi-yu, boshini chayqab, o‘zi nari ketdi va qayrilib qarab, unga allanimalar deb juda do‘stona g‘o‘ng‘illadi. Shu kundan boshlab u Tatyanani tinch qo‘ymaydigan bo‘ldi: u qayoqqa bormasin, Gerasim shu yerda hozir bo‘lar, uning qarshisidan chiqar, jilmayar, allanimalar deb g‘o‘ng‘illar, qo‘llarini silkir, qo‘ynidan lenta chiqarib, unga tutqazar va uning oyoqlari ostidagi changlarni supurgisi bilan supurar edi. Bechora qiz nima qilishini va nima iloj topishini bilmasdi. Soqov qorovulning bu ishi tez orada uydagilarning hammasiga ayon bo‘ldi: piching va kinoya so‘zlar aytishib, Tatyanani masxara qila boshladilar. Ammo Gerasimni masxara qilishga hamma ham jur’at qilavermasdi: u hazilni yoqtirmas edi, lekin uning huzurida Tatyanaga ham tegajaklik qilmas edilar. Qiz istasa-istamasa Gerasimning himoyasiga tushib qoldi. Hamma gunglar singari Gerasim ham juda hushyor edi, o‘zini yoki Tatyanani masxara qilib kulayotganlarni juda yaxshi payqab olardi. Bir kuni ovqat ustida Tatyananing boshlig‘i kastelyansha[2] Tatyanaga ta’na gaplar aytib, uni mazax qildi, uni shu qadar izza qildiki, sho‘rlik bosh ko‘tarolmadi va yig‘lab yuborayozdi. Gerasim o‘rnidan dast turdiyu, zabardast qo‘lini cho‘zib, kastelyanshaning boshiga qo‘ydi va unga shu qadar jahl bilan xo‘mrayib tikildiki, kastelyansha o‘tirgan o‘rnida bukchayib ketdi, xuddi stolga qapishib qolganday bo‘ldi. Hamma jim qoldi. Gerasim yana qoshiqni olib, sho‘rvasini ichaverdi. Hamma eshitilar-eshitilmas: «Voy, garang alvasti-ey!» deb yuborishdi, ammo kastelyansha o‘rnidan turdi-da, xizmatkor xotinlar uyiga kirib ketdi.
Boshqa bir kuni esa Kapitonning, hozirgina gapirib o‘tganimiz o‘sha Kapitonning Tatyanaga allaqanday xushomad so‘zlar aytib, suyulib turganini ko‘rib, Gerasim uni qo‘li bilan imlab o‘z oldiga chaqirib oldi, aravaxonaga boshlab borib, burchakda turgan arava shotisining bir uchidan ushlab turib, unga salgina, lekin ma’nodor po‘pisa qilib qo‘ydi. Shu-shu hech kim Tatyanaga gap otmaydigan bo‘ldi. Ammo bu ishlar uchun Gerasimga hech gap bo‘lmasdi. To‘g‘ri, kastelyansha uyga keliboq behush yiqildi, umuman, u g‘oyat ustalik bilan ish ko‘rib, shu kuniyoq Gerasimning bu dag‘al harakatini boy xotinga yetkazdi, lekin alomat kampir faqat bir necha bor kulib qo‘ya qoldi, buning ustiga kastelyanshaning xo‘rligini oshirib, u o‘zining og‘ir qo‘li bilan seni qanday bukchaytirib tashladi, deb qayta aytishga majbur qildi va ertasi kuni Gerasimga bitta bir so‘mlik chiqartirib yubordi. Boy xotin sodiq va kuchli qorovul deb Gerasimga hadya berdi. Gerasim o‘z navbatida undan hayiqardi, lekin har qalay uning marhamatiga ishonar va Tatyanaga uylanish uchun ijozat bersangiz, deb unga iltimos bilan bormoqchi edi. U boy xotin huzuriga durustroq kiyinib bormoq uchun bosh mudir va’da qilgan yangi chakmonni olishni kutib turgan edi, ammo bu orada shu boy xotinning boshiga Tatyanani Kapitonga berish fikri kela qoldi. Eshik og‘asi Gavrilaning boy xotin bilan gaplashgandan keyin nega dovdirab qolganining sababini kitobxon endi osongina tushunib olgan bo‘lsa kerak. «Boy xotin, — deb o‘ylardi u deraza yonida o‘tirib, — albatta, Gerasimga iltifot qiladi (Gavrila buni yaxshi bilar va shu sababdan Gerasimdan hayiqar edi), harqalay u tilsiz bir maxluq; boy xotinga, Gerasim Tatyanaga xushomad qilib yuripti, deb aytish ma’qul emas. Ha, nihoyat, bu haq gap: u qanday er bo‘lsin? Ikkinchi tomondan, bu alvasti, xudo asrasin, Tatyanani Kapitonga erga berilishini bilib qolsa bormi, boy xotinning butun uyini ostin-ustin qilib yuboradi-ya. Unga gap uqtirib bo‘lmaydi-ku axir: mendek gunohkor banda u iblisni hech ham gapga ko‘ndirolmas… bu haq gap!..»
Kapiton kirib Gavrilaning xayolini bo‘lib yubordi. Yengil tabiatli boshmoqchi kirib keldi-yu, qo‘llarini orqasiga qo‘yib, devorning eshik yonidagi qirrasiga takallufsiz suyanib, o‘ng oyog‘ini chap oyog‘i ustiga chalkashtirib oldi-da, boshini bir silkib qo‘ydi. U go‘yo, — mana, men keldim, nima deysiz? —degandek baqrayib turardi.
Gavrila Kapitonga bir qarab qo‘ydi-da, derazaning kesakisini cherta boshladi. Kapiton o‘zining qoramtir ko‘k ko‘zlarini xiyol qisdi, lekin yerga boqmadi, hatto sal kulimsiradi va tamom to‘zg‘ib ketgan oqish sochlarini qo‘li bilan siladi. Go‘yo, mana men turibman, nega tikilasan? — degandek qarab turaverdi.
— Binoyi. Juda binoyi! — dedi Gavrila va jim bo‘ldi.
Kapiton faqat yelkasini qisib qo‘ydi. «Xo‘sh, mendan qayering ortiq ekan?» —deb o‘yladi u o‘zicha.
— Xo‘sh, afti angoringga bir qara, qani bir qarachi, — dedi ta’na qilib Gavrila: — ayt-chi, kimga o‘xshaysan axir?
Kapiton o‘zining allaqachon xizmatini o‘tab bo‘lgan yamoq-yasqoq uzun kamzuliga, shimiga razm soldi, xususan, to‘zib ketgan etigiga, tumshug‘i uchidan turtib chiqib turgan oyog‘ining barmog‘iga diqqat bilan qaradi-da, keyin yana eshik og‘asiga boqdi.
— Xo‘sh, nima bo‘pti?
— Nima bo‘pti? — deb takrorladi Gavrila. — Nima bo‘pti?! Tag‘in nima bo‘pti deysan-a. Baloga o‘xshaysan, odamga o‘xshamaysan.
Qapiton ko‘zlarini pirpiratdi.
«So‘king, so‘kib qoling, Gavrila Andreich», deb o‘yladi u yana ichida.
— Sen yana ichib uchib qolibsan, — dedi Gavrila, — yana tag‘in? Xo‘sh, javob ber, axir.
— Darhaqiqat, sog‘lig‘im yaxshi bo‘lmaganidan ichkilikka berilib ketdim, — dedi Kapiton.
— Sog‘lig‘ing yaxshi bo‘lmaganidan!.. Sening ta’ziringni berib qo‘yishmayapti, hamma gal shunda. Tag‘in bu kishim Piterda maktab ko‘rganmish… o‘qib juda bilimdon bo‘lib ketdingmi, faqat tekin non yeb yuribsan.
— Bu masalada, Gavrila Andreich, mening qozim bitta: yolg‘iz xudoning o‘zi, boshqa hech kim emas. Bu yorug‘ dunyoda mening kimligimni va, darhaqiqat, bekorga non yeb yuribmanmi-yo‘qmi, buni tanho o‘zi biladi. Mastlik to‘g‘risidagi fikrga kelganda, ayb menda emas, ayb bir o‘rtog‘imda. U meni qiziqtirib qo‘ydi-da, o‘zi quvlik qildi, ya’ni qochdi, men bo‘lsam…
— Sen ahmoq ko‘chada qolaverding. Eh landavur! Ammo gap bulda emas, — dedi davom etib eshik og‘asi, — gap bu yoqda. Bekam… — dedi-yu, u bir oz jim qoldi, — bekam sening uylanishingni istaydi. Uqyapsanmi? Bekam, uylansang tiyilarsan, deb o‘ylaydilar. Uqyapsanmi?
— Nega uqmayin.
— Shundoq. Fikrimcha, seni yaxshilab qo‘lga olish kerak edi. Darvoqe, bu uning ishi. Xo‘sh, nima deysan? Rozimisan?
Kapiton tishlarini tirjaytirib jilmaydi.
— Uylanish odam bolasi uchun yaxshi gap, Gavrila Andreich, menga qolsa, juda mamnunman.
— Ha, shunday, — dedi Gavrila va u: «Haqiqatan ham, buning gapi to‘g‘ri», deb o‘yladi-da, so‘zida davom etdi: — shunisi borki, senga kelinning nobopini tanlaptilar.
— Kim ekan, bilsam bo‘ladimi?..
— Tatyanani.
— Tatyanani?
Kapitonning ko‘zlari chaqnab ketdi va o‘zini devordan nari otdi.
— Xo‘sh, nega bezovta bo‘lib qolding?.. Axir, u sening didingga yoqmaydimi?
— Nega yoqmasin, Gavrila Andreich! Qiz chakki emas, ishchan, mo‘min qiz… O‘zingiz bilasiz-ku, Gavrila Andreich, axir uning ketidan anavi alvasti, sahro yovvoyisi…
— Bilaman, oshna, hammasini bilaman, — dedi afsus bilan eshik og‘asi, — ammo lekin…
— Rahmingiz kelsin, Gavrila Andreich! Axir u meni o‘ldirib qo‘yadi, xudo ursin, o‘ldirib qo‘yadi, xuddi pashshani ezg‘ilagandek ezib tashlaydi, axir, uning qo‘li, axir, uning qo‘li qanaqa qo‘lki, o‘zingiz bir nazar soling, axir, uning qo‘li xuddi Minin va Pojarskiylarning qo‘llarining o‘zi-ku. Axir, garang, do‘pposlayveradi-yu, ammo qanday urayotganini o‘zi eshitmaydi! Xuddi uyqusida mushtlarini ko‘targandek mushtlayveradi. Uni hech ajratib ham bo‘lmaydi. Nega? Chunki buni o‘zingiz bilasiz, Gavrila Andreich, u garang va buning ustiga, borib turgan tentak… Axir, u allaqanday bir hayvon, esi yo‘q tentak. Gavrila Andreich, tentakdan ham battari… Xuddi tog‘terakning o‘zi. Nima gunohim borki, uning qahriga duchor bo‘lay?! Albatta, men bo‘larimcha bo‘lganman, endi hech tap tortar joyim yo‘q; mehnat, mashaqqat tagida iyig‘im chiqib ketgan, Kolomnada qilinadigan xumchadek, xo‘p yog‘ bosib chirkim chiqqan, biroq men har holda odamman, allaqanday arzimas xumcha emas, odamman axir.
— Bilaman, bilaman, ko‘p ezmalanma…
— Yo tangrim! — qizishib so‘zida davom etdi boshmoqchi, — bu kulfatning oxiri bormi? Qachon oxir bo‘ladi, tangrim! Men sho‘rpeshona, baxtsizman! Mening qismatim, peshonam sho‘r ekan! Bolalik chog‘imda nemis xo‘jayinimning kaltagi tagida ezildim, navqiron chog‘imda o‘z akam savaladi, katta odam bo‘lganimda, mana bu ko‘rgiliklarga duchor bo‘lsam-a…
— E, yuraksiz ezma, — dedi Gavrila. — Muncha vaysaysan, axir?
— Nega vaysamayin, Gavrila Andreich! Kaltak yeyishdan qo‘rqayotganim yo‘q, Gavrila Andreich. Meni uyga qamab ur, ammo odamlar oldida iltifot qil, chunki men odamlar jumlasidanman, ammo bu yerda kimdan kaltak yeyman…
— Bas, yo‘qol ko‘zimdan, — jahl bilan uning so‘zini bo‘ldi Gavrila. Klimov burilib, uydan chiqa boshladi.
— Xo‘sh, agar u bo‘lmasa, rozi bo‘larmiding? — deb qichqirdi uning orqasidan eshik og‘asi.
— Rozi bo‘lardim, — dedi Kapiton va chiqib ketdi.
Mastligida ham Kapitonning tili burrolikdan qolmas edi.
Eshik og‘asi uyda bir necha bor u yoq-bu yoqqa yurdi va nihoyat:
— Qani, endi Tatyanani chaqiring, — dedi.
Bir necha daqiqadan so‘ng Tatyana ohistagina kirib, ostona yonida to‘xtadi.
— Biron ishingiz bormidi, Gavrila Andreich? — dedi u sekingina.
Eshik og‘asi unga boqdi.
— Xo‘sh, Tanyusha, erga tegishni xohlaysanmi? Beka senga kuyov topib qo‘yibdi, — dedi u.
— Qulog‘im sizda, Gavrila Andreich. Bekach kuyovlikka kimni topibdilar? —deb so‘radi u tortinibgina.
— Kapiton boshmoqchini.
— Xo‘p bo‘ladi.
— U yengiltak odam, bu aniq. Ammo bekach bu ishda senga ishonadi.
— Xo‘p bo‘ladi.
— Faqat bir chatog‘i bor… Anavi garang-chi, Geraska, senga xushomad qilib yuripti. U ayiqni qaydanam o‘zingga ilashtira qolding? Axir, u ayiq bilib qolsa, seni o‘ldirib qo‘yadi-ku…
— O‘ldiradi, Gavrila Andreich, hech so‘zsiz o‘ldiradi.
— O‘ldiradi… Qani, buni ko‘rarmiz. Xo‘sh, nega, nega o‘ldiradi, deysan? Seni o‘ldirishga nima haqi bor, o‘zing o‘ylab ko‘r-chi?
— Haqi bormi-yo‘qmi — bunisini bilmayman, Gavrila Andreich.
— Voy, sen-ey! Axir unga hech va’da berganing yo‘q-ku…
— Nima demoqchisiz?
Eshik og‘asi birdan jim bo‘lib, o‘ylanib qoldi:
— Mo‘min, mushtiparsan! Yaxshi, sen bilan yana gaplasharmiz, — deb qo‘shib qo‘ydi, — endi boraver, Tanyusha; ko‘rib turibmanki, sen juda mo‘min qizsan.
Tatyana o‘girilib, eshikni astagina yopib chiqib ketdi.
«Balki bekach ertagayoq bu to‘yni esidan chiqarib yuborar, ammo men nega buncha hovliqmasam? — deb o‘yladi eshik og‘asi. — U shumni tiyib qo‘yarmiz, biror hodisa bo‘la qolsa, politsiyaga xabar qilamiz…» — Ustinya Fedorovna! — qattiq tovush bilan xotinini chaqirdi, — bir samovar qo‘yib yuboring, hurmatligim…
Tatyana o‘sha kuni kun bo‘yi kirxonadan chiqmadi desa bo‘ladi. U dastlab bir oz yig‘lab oldi, so‘ng ko‘z yoshlarini artib, avvalgidek ishga tutindi.
Kapiton allaqanday g‘amgin bir oshnasi bilan yarim tungacha qovoqxonada o‘tirdi, unga ham Piterda bir boy eshigida yurganini hikoya qildi, u kishi zo‘r odam edi, deb davom etdi, tartib-sarishtalikni ko‘zdan qochirmasdi, ammo kichkinagina bir xatolari bor edi: ko‘pincha mast yurardi, xotin jinsiga qolganda uning suyagi yo‘q edi… G‘amgin o‘rtog‘i balli-balli deb uning gapini ma’qullab turdi, xolos, lekin Kapiton nihoyat, ertaga bir sabab vajidan o‘zimni o‘ldirishim lozim, deganida g‘amgin o‘rtog‘i, endi borib uxlaylik, dedi. Shu tariqa ular tund va jim tarqalishdi.
Ammo eshik og‘asining o‘ylaganlari bo‘lmadi. Kapitonni uylantirish haqidagi fikr boy xotinning xayolini shu qadar chulg‘ab olgan ediki, hatto kechasi ham uyidagi xos xotinlardan biri bilan shu haqda gaplashdi. Bu xotin uyqusizlik paytlarida boy xotinning ko‘nglini xush qilmoq uchungina uyda saqlanar va tungi izvoshchidek kunduz uxlar edi. Nonushtadan so‘ng Gavrila ishlarning borishidan xabardor qilmoq uchun boy xotinning huzuriga kelgan hamono u dastlab: to‘y nima bo‘ldi, yurishyaptimi? — deb so‘radi. Ma’lumki, u: «Ish juda joyida va Kapiton tashakkur izhor qilmoq uchun bugunoq huzuringizga keladi», deb javob berdi. Boy xotin negadir notob edi; u ishlarning borishini uncha surishtirib turmadi. Eshik og‘asi o‘z xonasiga kelib, darhol kengash chaqirdi. Darhaqiqat, masala o‘ziga xos muhokama talab qilardi. Tatyana-ku so‘z qaytarmadi-ya, ammo Kapiton hammaning oldida, boshim bitta, ikkita emas, uchta ham emas, dedi… Gerasim hammaga tez-tez xo‘mrayib boqar, xizmatkor xotinlar uyining zinapoyasi oldidan qo‘zg‘almas va o‘zi uchun allaqanday noxush ish qilinayotganini payqab turgandek edi. Kengashga yig‘ilganlar (ular jumlasida Quyruq amaki laqabli keksa bufetchi ham bo‘lib, garchi undan faqat: «buni qara-ya» va «shunday, shunday» degan so‘zni eshitsalar ham, hammalari hurmat bilan undan maslahat so‘rar edilar, ishni Kapitonni har ehtimolga qarshi suv tozalaydigan mashina turgan hujraga yashirib qo‘yishdan boshladilar-da, o‘zlari yaxshilab bosh qotirishga kirishdilar. Albatta, zo‘rlikka qolsa, ish oson bo‘lardi-ya, ammo shovqin-to‘polon ko‘tarilsa-chi, — bundan xudo saqlasin! — boy xotin eshitsa bezovta bo‘ladi! Xo‘sh, nima qilmoq kerak? Uylab-o‘ylab, oxiri bir fikrga kelishdi. Gerasimning piyanistani ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi, buni hamma juda yaxshi bilardi… U darvoza yonida turganida, biror mast shapkasini qiyshaytirib, qulog‘iga bostirib o‘tsa bormi, u har doim nafrat bilan teskari qarab olardi. Tatyanaga, mastdek gandiraklab Gerasimning yonidan o‘tasan, dedilar. Sho‘rlik qiz xiyla vaqt unamadi, lekin oxiri uni ko‘ndirdilar; agar shunday qilmasa, oshig‘idan sira qutula olmasligini uning o‘zi ham bilardi. Tatyana gandiraklab jo‘nadi. Kapitonni hujradan chiqardilar, chunki bu ish har holda unga bog‘liq edi. Gerasim darvoza yonidagi kursichada belkurak bilan yer cho‘qilab o‘tirar edi… hamma burchaklardan, deraza pardalari orqasidan uiga qarab turardi…
Hiyla ko‘ngildagidek natija berdi. Gerasim Tatyanani ko‘rgan hamono, har safargidek, xushdillik bilan g‘o‘ldirab boshini chayqadi, so‘ng razm solib, unga tikildi, qo‘lidan kuragi tushib ketdi, dast o‘rnidan turib, uning yoniga keldi, yuzlarini uning yuzlariga yaqin olib keldi… Tatyana qo‘rqib ketib, yana ham qattiqroq gandirakladi va ko‘zlarini yumib oldi… U Tatyananing qo‘lidan tutib oldi-da, hovli bo‘ylab g‘izillatganicha, kengash bo‘lib turgan uyga yetaklab keldi va uni to‘ppa-to‘g‘ri Kapitonga qarab itarib yubordi. Tatyana hushidan ketdi…. Gerasim tik turganicha, Tatyanaga boqdi, miyig‘ida jilmaydi va qo‘lini bir silkidiyu, og‘ir-og‘ir qadam bosib, o‘z hujrasi tomon ketdi. U bir kecha-kunduz uydan chiqmadi. Bosh aravakash Antipkaning keyinchalik aytishicha, u teshikdan mo‘ralab, Gerasimni ko‘rgan emish: Gerasim ikki qo‘lini jag‘iga tirab, ohista bir ohangda, faqat ahyon-ahyonda g‘o‘ng‘illab karavotida o‘tirib ashula aytibdi, ya’ni yamshiklar yoki burlaklar o‘zlarining mungli ashulalarini cho‘zib aytgandek, gavdasini tebratib, ko‘zlarini yumib, boshini chayqab o‘tiribdi. Antipkaning quti o‘chib, teshikdan nari ketibdi. Ertasi kun Gerasim hujrasidan chiqqanida uyda aytarlik o‘zgarish bo‘lganini bilib bo‘lmadi. U xafaga o‘xshardi-yu, lekin Tatyana bilan Kapitonga sira e’tibor qilmadi. O‘sha kuni kechqurun ular ikkalasi g‘ozlarni qo‘ltiqlashib, boy xotin huzuriga kirdilar va bir haftadan so‘ng to‘ylari bo‘ldi. Gerasim to‘y kuni fe’l-atvorini sira o‘zgartirmadi, ammo daryoga bordi-yu, suvsiz qaytib keldi: yo‘lda nimadir bo‘lib bochkani sindirib qo‘yibdi; tunda esa otxonada otini shu qadar hafsala bilan qashlab tozaladiki, ot xuddi shamol zarbiga silkinib turgan o‘tdek tebranar va uning qattiq mushti ostida goh u oyog‘iga, goh bu oyog‘iga bosib turardi.
Bu voqealar bahor kezida sodir bo‘lgan edi. Oradan yana bir yil o‘tdi, shu bir yil ichida Kapiton ichkilikka mukkasi bilan berilib, odam qatoridan chiqib qoldi, uni butunlay yaroqsiz odam hisoblab, karvonga qo‘shib, xotini bilan birga uzoq bir qishloqqa jo‘natib yuborildi. Jo‘nab ketadigan kuni u, avval juda kerila boshladi va qayoqqa yuborsalar, hatto tupkonning tagiga, borsa-kelmasga yuborsalar ham yo‘qolmayman, o‘z kunimni ko‘raman, deb maqtandi, ammo so‘ngra ruhi tushib ketdi, meni ilm-ma’rifatsiz odamlar orasiga olib ketmoqdalar, deb zorlana boshladi, oxiri shu qadar bo‘shashib, holdan ketdiki, hatto o‘z shapkasini ham kiyolmay qoldi, lekin kimdir birov rahmi kelib, uning shapkasini boshiga ilib, old tomonini peshanasiga keltirib, ustidan bosib qo‘ydi. Safar hozirligi tugab, mujiklar otning tizginini ushlagan va: «Xudoga topshirdik!» so‘zini kutib turgan vaqtda Gerasim o‘z hujrasidan chiqib, Tatyana yoniga keldi va esdalik uchun unga bir qizil ro‘mol hadya qildi, bu ro‘molni u bir yil muqaddam Tatyana uchun sotib olgan edi. O‘z hayotidagi butun ko‘rgilikka hozirgacha zo‘r chidam bilan toqat qilib kelgan Tatyana shu damda chidab turolmadi, ko‘zlariga jiqqa yosh oldi va aravaga chiqa turib xristianlar odaticha Gerasim bilan uch bor o‘pishdi. Gerasim uni qorovulxonagacha kuzatib bormoqchi bo‘ldi, dastlab uning aravasi bilan yonma-yon bordi, lekin Qrim Brodga yetganda birdan to‘xtadi, qo‘lini bir silkidiyu, burilib daryo yoqalab ketdi.
Kechki payt edi. U suvga nazar tashlab asta-asta ketib borardi. Birdan uning nazarida daryo labidagi suv o‘tlari ichida nimadir tipirchilayotgandek bo‘ldi. Gerasim engashib qaragan edi, bir olapar kuchuk bolaga ko‘zi tushdi. U suvdan chiqishga shuncha urinsa ham chiqolmas, tirtishib-tirmashar, ammo yana sirg‘anib tushib ketar, ho‘l, ozg‘in badani dir-dir qaltirardi. Gerasim bu bechora kuchuk bolaga bir oz qarab turdi. Keyin bir qo‘li bilan uni suvdan olib, qo‘yniga soldi-da, katta-katta qadam tashlab uyiga qarab ketdi. U hujrasiga kelgach, kuchuk bolani karavotiga yotqizib, o‘zining og‘ir chakmoni bilan o‘rab qo‘ydi, dastlab otxonaga borib poxol, so‘ng oshxonadan bir piyola sut olib keldi. U chakmonini kuchuk bola ustidan avaylab ko‘tardi va tagiga poxol to‘shab, karavot ustiga sutni qo‘ydi. Bechora kuchukning tug‘ilganiga endigina bir hafta bo‘lgan, ko‘zlari endigina ochilgan, hatto bir ko‘zi ikkinchisidan xiyol kattaga o‘xshardi; u hali tovoqdan ovqat ichishni bilmas, qaltirar va ko‘zlarini qisib turar edi. Gerasim ikki barmog‘i bilan uning boshidan tutib, tumshug‘ini idishdagi sutga tegizib qo‘ydi. Kuchuk birdan tez-tez icha boshladi, u sutni icha turib pishqirar, qaltirar va entikar edi. Gerasim kuchuk bolaning bu holiga xiyla tikilib turdi-da, birdan kulib yubordi… U tun bo‘yi shu kuchuk bola bilan ovora bo‘ldi, uni silab-artib yotqizdi, oxiri, o‘zi ham qandaydir bir mamnuniyat bilan kuchuk bola yonida yotib, shirin uyquga ketdi.
Hech bir ona o‘z bolasini Gerasim o‘zi asragan kuchukni parvarish qilganday parvarish qilmaydi. Dastlabki vaqtlarda u juda nimjon, ozg‘in va xunuk edi, lekin bora-bora yaxshilanib, rang kirdi, oradan sakkiz oy o‘tgach, o‘z xaloskorining tinmay parvarish qilishi natijasida ispan itlari jinsidan bo‘lgan durustgina it bo‘ldi-qo‘ydi. Uning quloqlari uzun, naysimon dumi serjun va ko‘zlari katta-katta, o‘tkir edi. U Gerasimga juda ham o‘rganib qoldi, undan bir qadam ham orqada qolmas, dumini likillatib, doim uning orqasidan ergashib yurgani yurgandi. Gerasim kuchukka nom ham qo‘ydi, — soqovlar o‘z tovushlari boshqalarning e’tiborini tortishini biladilar, — u, itga Mumu deb nom qo‘ydi. Uydagilar hammasi bu itni yaxshi ko‘rib qolishdi, ular ham uni Mumu deb chaqira boshladilar. U juda esli it edi, hammaga erkalanardi, ammo yolg‘iz Gerasimnigina yaxshi ko‘rardi. Gerasim ham uni nihoyatda yaxshi ko‘rardi… va shuning uchun ham boshqa birovlar uni silasalar, Gerasimning g‘ashi kelardi: unga biron narsa bo‘ladi, deb qo‘rqar edimi, uni qizg‘anarmidi — xudo bilsin! It har kuni ertalab etagidan tortib uni uyg‘otar, suv tashuvchi otning tizginidan tishlab, Gerasimning oldiga yetaklab kelardi, ot bilan juda inoq edi, — o‘zini sipo tutib, Gerasim bilan birga daryoga borardi, uning supurgisi va kuragini qo‘riqlar, hujrasiga hech kimni yaqin yo‘latmas edi. Gerasim ataylab o‘z hujrasining eshigidan it kirib chiqadigan teshikcha qilib qo‘ydi, kuchuk ham o‘zini faqat Gerasimning hujrasidagina to‘la huquqli xo‘jayindek deb his qilar, shuning uchun ham hujraga kirishi bilanoq mamnun bo‘lib, darrov karavotga chiqib olardi. U tunlari butunlay uxlamas, lekin bo‘lar-bo‘lmasga vovillayvermas edi; cho‘nqayib olib, tumshug‘ini osmonga cho‘zib, ko‘zlarini chirt yumib, zerikkanidan yulduzlarga qarab ketma-ket vovillaydigan esipas hovli itlari jumlasidan emas edi — yo‘q! Mumuning ingichka tovushi hech mahal bejiz chiqmasdi: yo begona odam devorga yaqinlashsa yoki biror joyda shubhali shovqin, yoinki shitirlash eshitilsagina vovillardi… Xullas, u juda yaxshi qo‘riqchi edi. Durust, hovlida undan boshqa yana Bo‘ri nomli sariq-chipor qari it ham bor edi, ammo uni hech qachon, hatto kechalari ham zanjirdan bo‘shatmas edilar, darvoqe, turarga madori yo‘qligidan uning o‘zi ham zanjirdan bo‘shalishga sira harakat qilmasdi — o‘z uyasiga kirib yotgani yotgan edi va ahen-ahyondagina bo‘g‘iq, eshitilar-eshitilmas tovush chiqarib vovillagan bo‘lardi-yu, lekin bu vovillashi befoyda ekanini o‘zi ham sezib, darrov jim bo‘lib qolar edi. Mumu xo‘jayinning uyiga kirmas edi; Gerasim uyga o‘tin ko‘tarib kirgan vaqtlarda, u doim orqada qolar, quloqlarini dikkaytirib, eshik ichkarisidan salgina ovoz eshitilgan hamono goh o‘ng tomonga, goh birdaniga chap tomonga qarab, Gerasimning chiqishini kutardi…
Shu tariqa yana bir yil o‘tdi. Gerasim o‘z qorovullik ishida davom etar, taqdiridan juda mamnun edi, ammo bir kuni kutilmagan bir hodisa yuz berdi… Yozning go‘zal kunlaridan biri edi, boy xotin o‘z prijivalkalari[3] bilan birga mehmonxonada u yoqdan-bu yoqqa yurib ko‘ngil ochmoqda edi. Uning vaqti xush edi, kular va hazillashardi; prijivalkalar ham kular va hazillashardilar: aslida esa ular biror xursandlik sezmasdilar, boy xotinning vaqti xush bo‘lgan payt uyidagilarga uncha xush kelmasdi, chunki shu paytlarda u, birinchidan, hammaning darhol xursand bo‘lishini talab qilardi, agar birortasining yuzida xursandlik alomatini ko‘rmasa, jahli chiqardi, ikkinchidan, bu xursandlik payti darrov o‘tib ketardi, odatda xursandlik o‘rnini xafalik, ruhsizlik olardi. Shu kuni ertalab u uyqusidan qandaydir xursand uyg‘ondi, karta ochganda unga to‘rtta soldat chiqdi, bu istakning ro‘yobga chiqishini bildirardi (u hamisha ertalab fol ochardi) — choy ham unga haddan ziyod lazzatli tuyuldi, bu choyi uchun xizmatkor xotinni maqtadi va unga bitta o‘n tiyinlik tanga in’om qildi. Boy xotin burishgan lablarida sevinch, tabassum bilan mehmonxonada yurardi, u deraza yoniga keldi. Deraza oldiga gulzor qilingan edi. Mumu ana shu gulzorning qoq o‘rtasidagi doira ichida, atirgul tagida yotib olib, hafsala bilan suyak g‘ajir edi. Boy xotin uni ko‘rib qoldi.
— Yo xudoyim! — deb xitob qildi u birdan: — bu qandaqa it!
Boy xotin murojaat qilib gapirgan bechora prijivalka shunday bir noxush ahvolga tushib, juda tipirchilab qoldiki, odatda birov hukmi ostidagi odam o‘z boshlig‘ining xitobini durust tushunolmay qolganda xuddi ana shunday tipirchilab qoladi.
— B… b… bilmadim, — dedi u dovdirab, — anov soqovniki shekilli.
— Yo xudoyim!—dedi boy xotin uning so‘zini bo‘lib, — (qanday ajoyib kuchuk-a! Ayting, uni bu yoqqa olib kirishsin. Qachondan beri uning qo‘lida? Nega shu vaqtgacha men uni ko‘rmapman?.. Ayting, uni olib kirishsin.
Prijivalka darrov dahlizga qarab yugurdi.
— Hoy odamlar, hoy odamlar! Mumuni darrov bu yoqqa olib kiringlar! U gulzorda, — deb qichqirdi u.
— Uning nomi Mumumi?! Juda yaxshi nom, — dedi boy xotin.
— Juda yaxshi nom, — dedi prijivalka. — Tez bo‘ling, Stepan!
Uy xizmatkori polvon yigit Stepan o‘lgan-tirilganiga qaramay, gulzorga qarab yugurdi va boriboq Mumuni ushlab olmoqchi bo‘lgan edi, lekin it chaqqonlik bilan uning panjalari orasidan chiqdi-da, dumini dikkaytirib, jon-jahdi bilan Gerasimning oldiga yugurdi, Gerasim esa bu vaqt oshxonada bochkani xuddi bolalar nog‘orasidek qo‘lida ko‘tarib, aylantira-aylantira qoqib silkitmoqda edi. Stepan Mumuni izma-iz quvib bordi va egasining oyoqlariga o‘ralashib turgan itni tutib olmoqchi bo‘ldi; lekin chaqqon kuchuk begona qo‘lga tutqich bermay, u yoqdan-bu yoqqa sakrar va chap berib qochar edi.
Gerasim bu ovoragarchiliklarga bir oz kulib qarab turdi; nihoyat, Stepan alamiga chidamay qaddini rostladi-da, Gerasimga, sening itingni boy xotin o‘z uyiga olib kelishni buyurdi, deb imo-ishoralar bilan shosha-pisha tushuntira boshladi. Gerasim bir oz hayron bo‘lib turdi, so‘ng Mumuni o‘z yoniga chaqirdi-da, tutib olib Stepanning qo‘liga berdi. Stepan kuchukni mehmonxonaga keltirib, parket polga qo‘yib yubordi. Boy xotin itni suyub chaqira boshladi, bu xil hashamatli joyni hech qachon ko‘rmagan Mumu juda qo‘rqib ketdi va eshikka qarab yugurdi, lekin xizmatga hozir Stepan uni itarib yubordi, kuchuk qaltirab, devor tagiga qisilib oldi.
— Mumu, Mumu, beri kel, mening yonimga kel, — dedi boy xotin, — kela qol, tentak… qo‘rqma…
— Kela qol, bekamning yonlariga bora qol, Mumu, bora qol, — deb takrorlashardi prijivalkalar.
Lekin Mumu atrofga noxush boqar va o‘rnidan sira qo‘zg‘almas edi.
— Unga biror ovqat keltiringlar, — dedi boy xotin, — munchayam tentak bo‘lmasa! Bekaning yoniga kelmaydi. Nimadan qo‘rqarkin?
Prijivalkalardan biri ma’yus tovush bilan qo‘rqibgina:
— Hali o‘rganmagan, yotsirayapti, — dedi.
Stepan bir idishda sut keltirib, Mumuning oldiga qo‘ydi, lekin Mumu hatto sutni iskab ham ko‘rmadi, hamon qaltirar, jovdirab atrofga boqardi, xolos.
— Voy, sen-ey! — dedi boy xotin va kuchuk yoniga kelib, uni silamoqchi bo‘ldi, lekin Mumu darrov boshini o‘girib tishlarini tirjaytirdi. Boy xotin chaqqonlik bilan qo‘lini tortib oldi…
Bir daqiqa jim qolishdi. Mumu go‘yo zorlangan va afv so‘ragandek, sekingina ingray boshladi… Boy xotin nari borib, qovog‘ini solib turdi. Itning qo‘qqisdan qilgan bu harakatidan u juda qo‘rqib ketgan edi.
Hamma prijivalkalar baravariga:
— Voy! — deb yuborishdi, — sizni tishlab olgani yo‘qmi, xudo ko‘rsatmasin! Voy, voy! (Mumu umrida hech mahal hech kimni tishlamagan edi.)
— Uni bu yerdan yo‘qoting! — dedi kampir xasta tovush bilan. — Juda yomon it ekan! Qanday qopag‘on-a!
Boy xotin astagina qayrilib, o‘z kabinetiga qarab ketdi. Prijivalkalar qo‘rqa-pisa bir-birlariga qarashib oldilar, uning ketidan bormoqchi bo‘lib chog‘langan ham edilarki, u to‘xtab, ularga sovuqqina tikildi va: «Nega kelyapsiz? Sizlarni chaqirganim yo‘q-ku», deb kabinetiga kirib ketdi.
Prijivalkalar darg‘azab bo‘lishib, Stepanga qo‘l silkishdi; Stepan Mumuni changallab olib, darrov eshik orqasiga, xuddi Gerasimning oyoqlari tagiga otib yubordi. Ammo yarim soatdan keyin uyda chuqur jimlik hukm surar va keksa boy xotin quyun boshlab keladigan qora bulutday o‘z divanida qovog‘ini solib o‘tirar edi. Ba’zan, bekorchilik odamning kayfini naqadar buzib yuboradi-ya, deb o‘ylaysan kishi!
Boy xotin kechgacha kayfsiz o‘tirdi, hech kim bilan gaplashmadi, karta o‘ynamadi, tunni beorom o‘tkazdi. Har kungi odekolonni bersalar ham, unga boshqa odekolondek tuyular, yostig‘idan sovun hidi kelayotgandek bo‘lar va kastelyanshani o‘z kiyim-boshlarini hidlab ko‘rishga majbur qilar edi; — xullas, juda betoqat bo‘lar va «qizishar» edi; ikkinchi kuni ertalab Gavrilani odatdagidan bir soat ilgari chaqirtirdi.
Gavrila o‘z ichida allanimalar deb to‘ng‘illab, kabinet ostonasiga qadam bosgan hamono boy xotin gap boshlab yubordi:
— Qani ayt-chi, tun bo‘yi hovlimizda vovillab chiqqan it qanaqa it? Menga uyqu bermadi-ku!
— It… it… ehtimol, anavi soqovning itidir, — dedi u uncha botinolmay.
— Bilmadim, soqovnikimi, boshqa itmi, ishqilib, menga uyqu bermadi. Shunga hayron bo‘lamanki, buncha itning bizga nima keragi bor? Xo‘sh, bilmoq istayman! Bizda hovli iti bor-ku, axir?
— Bo‘lmasa-chi, Bo‘ri bor.
— Shunday bo‘lgach, bizga boshqa itning nima darkori bor? Tartibsizlikning sababi bitta, xolos. Uyda boshliq yo‘q, ana shu. Soqov itni nima qiladi axir? Mening hovlimda it saqlash uchun unga kim ijozat berdi? Kecha deraza oldiga borib qarasam, u gulzor ichida yotipti, allaqanday iflos narsani olib kelib, g‘ajib yotipti, men u yerga atirgul ektirganman axir…
Boy xotin jim bo‘ldi.
— Bugunoq bu yerda uning qorasi ko‘rinmasin… eshitdingmi?
— Xo‘p, bo‘ladi.
— Bugunoq. Endi boraver. Dokladga keyin chaqiraman.
Gavrila chiqib ketdi.
Eshik og‘asi mehmonxonadan o‘tib keta turib, tartibli qilib qo‘yish maqsadida qo‘ng‘iroqni bir stoldan ikkinchisiga olib qo‘ydi, o‘rdak tumshug‘iga o‘xshagan xunuk burnini sekingina qoqdiyu, dahlizga chiqdi. Dahlizdagi skameyka ustida Stepan ko‘rpa o‘rniga kamzulini ustiga tashlab, oyoqlarini g‘ujanak qilib yig‘ib, xuddi jang maydonida o‘lib yotgan askardek uxlab yotardi. Eshik og‘asi uni turtib uyg‘otdi-da, ovozini zo‘rg‘a chiqarib, unga allanimani buyurdi, Stepan bu buyruqqa yarim esnash, yarim kulgi bila javob qaytardi. Eshik og‘asi chiqib ketdi. Stepan darrov o‘rnidan turib, chakmon va etigini kiydi, tashqariga chiqib, zinapoyada to‘xtab turdi. Oradan besh minut ham o‘tgani yo‘q ediki, orqasiga katta bir bog‘lam o‘tin orqalab, doimiy hamdami Mumuni ergashtirib Gerasim keldi. (Boy xotin yotog‘i bilan mehmonxonasiga hatto yozda ham pech yoqtirardi.) Gerasim yonlab kelib, eshikni yelkasi bilan ochdi-da, o‘tinni ko‘targanicha uyga kirib ketdi, Mumu esa har safargidek, uni poylab eshikda qoldi. Shu orada, Stepan xuddi chovut kilib turib jo‘jaga changal solgan kalxatdek, Mumuning ustiga tashlandi, ko‘kragi bilan uni yerga bosib, quchoqlab oldi va hatto shapkasini ham kiymasdan hovliga qarab yugurdi, to‘g‘ri kelgan bir izvoshga o‘tirib, Oxotniy ryadga[4] qarab choptirib ketdi. U darrov xaridor topib, Mumuni yarim so‘mga sotdi va unga itni loaqal bir hafta boyloqda tutish kerakligini uqtirib, shu zamonoq qaytib keldi; lekin uyga yetmay izvoshdan tushib, orqa yo‘lakdan aylanib, hovliga devordan oshib tushdi, tag‘in ro‘paramdan Gerasim chiqib qolmasin, deb darvozadan kirishga qo‘rqdi.
Ammo u bekorga hadiksiragan edi: Gerasim hovlida yo‘q edi. U uydan chiqish bilanoq atrofga qarab, Mumuni axtara boshladi, chunki Mumu uning chiqishini kutmasdan biror yoqqa ketib qolmasdi, bu mahalgacha Gerasim bunday holni ko‘rmagan edi, shu sababdan u yoq-bu yoqqa yugurib, uni izlay boshladi, o‘zicha chaqirdi… hujrasiga qarab yugurdi, pichanxonaga bordi, g‘izillab ko‘chaga chiqdi, har yoqqa yugurdi… Yo‘qoldi! Odamlarga murojaat qilar, qattiq tashvish chekib, qo‘lini yerdan yarim gaz baland ko‘tarib, uning qandayligini tasvirlab imo-ishoralar bilan so‘roqlardi… ba’zilar Mumuning qayoqqa yo‘qolganini chindan ham bilmas, faqat boshlarini chayqardilar, ba’zilar bilsalar ham, unga aytish o‘rniga kulardilar, eshik og‘asi esa favqulodda jiddiy tusga kirib, izvoshchilarga o‘shqira boshladi. Shundan keyin Gerasim yugurganicha hovlidan chiqib ketdi.
Gerasim qaytib kelganida qosh qorayib qolgan edi. Uning horg‘in rangi ro‘yiga, gandiraklab qadam bosishlariga, chang bosgan ust-boshlariga qarab, u Moskvaning yarmini aylanib chiqqan, deb o‘ylash mumkin edi. U boy xotinning derazasi ro‘parasiga kelib to‘xtadi, xizmatkorlardan yettitacha kishi to‘planib turgan zinapoyaga bir nazar tashladiyu, orqasiga o‘grilib olib, yana bir bor: «Mumu!» deb chaqirdi. Ammo Mumudan javob bo‘lmadi. Gerasim bu yerdan nari ketdi. Hamma uning ketidan qarab qoldi, lekin hech kim jilmaymadi, hech nima demadi ham… ammo har narsani bilish payida bo‘ladigan bosh aravakash Antipka ertasiga oshxonada odamlarga, soqov tun bo‘yi oh tortib chiqdi, dedi.
Gerasim ertasiga kun bo‘yi ko‘rinmadi, shu sababdan suv keltirish uchun uning o‘rniga izvoshchi Potap bordi, Potap bundan juda norozi bo‘ldi. Boy xotin Gavriladan, mening buyrug‘im bajarildimi, deb so‘radi, Gavrila, bajarildi, deb javob berdi. Gerasim ertasiga ertalab hujrasidan chiqib, ishiga tutindi. U ovqatga keldi, ovqatni yedi-da, hech kim bilan xayrlashmasdan yana chiqib ketdi. Uning hamma gung-garanglarniki singari busiz ham ruhsiz, kayfiyatsiz bo‘lgan yuzi hozir xuddi toshdek qotib qolgan edi. Ovqatdan so‘ng u yana hovlidan chiqib ketdi, lekin uzoq yurmay, qaytib keldi va shu zamonoq pichanxonaga jo‘nadi. Tun, musaffo oydin kecha boshlandi. Gerasim og‘ir-og‘ir nafas olib, to‘xtovsiz u yon-bu yoniga ag‘darilib yotdi, to‘satdan go‘yo bir narsa uning etagidan tortayotgandek bo‘ldi; a’zoyi badani titrab ketdi, ammo boshini ko‘tarmadi, hatto ko‘zlarini chirt yumib oldi, lekin etagi oldingidan qattiqroq tortildi; Gerasim sakrab turdi… uning oldida, bo‘ynida uzilgan bo‘yinbog‘i bilan Mumu parvona bo‘lib turardi. Uning sevinchi ichiga sig‘may ketdi, unsiz ko‘ksidan cho‘ziq shodiyona qichqiriq otilib chiqdi; u Mumuni quchoqlab olib, bag‘riga bosdi; Mumu bir lahzada Gerasimning burnini, ko‘zlarini, mo‘ylov va soqollarini yalab chiqdi… Gerasim bir oz tik turdi, o‘ylab oldi, pichanxonadan turib, atrofiga astagina boqdi, o‘zini hech kim ko‘rmaganligiga qanoat hosil qilgach, o‘z hujrasiga bexatar kirib oldi.
Gerasim it o‘zi yo‘qolib ketmaganligi, uni boy xotinning buyrug‘iga muvofiq adashtirib kelganlarini oldinoq payqagan edi; Mumu boy xotinga tishlarini tirjaytirib, irillab berganini odamlar unga imo-ishoralar bilan tushuntirgan edilar, shu sababli Gerasim ham o‘z tomonidan chora izlash fikriga keldi. Oldin Mumuga non berib to‘ydirdi, erkalab yotqizdi, so‘ng yashirib asrash yo‘llarini o‘ylay boshladi va tun bo‘yi shuni o‘ylab chiqdi. Nihoyat, u Mumuni kun bo‘yi hujrada asrashga va faqat ahyon-ahyonda undan bir xabar olib turishga, kechalarigina bo‘shatib yuborishga ahd qildi. Eshik teshigini eski chakmoni bilan mahkam bekitib tashladi, tong yorisha boshlagan hamono, go‘yo hech narsa bilmagandek, hatto yuzidagi avvalgi qayg‘u alomatini saqlab (sodda hiyla) hovlida paydo bo‘ldi. Mumu vangillab o‘zini bildirib qo‘yadi, degan fikr bechora soqovning xayoliga kelmapti; darhaqiqat, soqovning iti qaytib kelganini va hujraga qamab qo‘yilganini oradan ko‘p o‘tmay uydagilar bilib qolishdi, lekin uning o‘ziga va itiga rahmlari kelganidanmi, balki bir qadar undan qo‘rqqanlaridanmi, uning bu siridan voqif bo‘lganliklarini o‘ziga bildirmadilar. Yolg‘iz eshik og‘asigina afsus qilib, boshini qashidiyu, qo‘l siltab qo‘ya qoldi. «Mayli, bo‘lar ish bo‘lipti! Boy xotin bilmasa bo‘lgani!» Ammo soqov hech qachon bu kungidek zo‘r g‘ayrat ko‘rsatib ishlamagan edi: butun hovlini tozalab yog‘ tushsa yalagudek qilib chiqdi, o‘tlarni bitta qoldirmay yulib tashladi, gulzor atrofidagi qoziqlarning mahkammi-yo‘qmi ekanini tekshirib ko‘rmoq uchun, ularni bir boshdan qo‘li bilan sug‘urib, yana o‘z o‘rniga qoqib qo‘ydi, xullas, shu qadar g‘ayrat va himmat bilan ishladiki, hatto boy xotin ham uning bu harakatiga e’tibor qildi. Gerasim kun davomida yashirincha borib, itdan ikki bor xabar olib keldi; kechasi esa u bilan hujrada yotdi va faqat soat ikkilardagina toza havodan bahra olsin uchun itni ergashtirib tashqariga chiqdi. Hovlida u bilan ancha aylanib yurib, endigina qaytib ketmoqchi bo‘lgan ham ediki, qo‘qqisdan devor orqasidan, tor ko‘cha tomondan sharpa eshitildi. Mumu quloqlarini dikkaytirib, vovilladi, devor tagiga kelib, iskab ko‘rdi va qattiq chinqirib vovillay boshladi. Allaqanday mast odam tunda shu yerda tunamoqchi bo‘lgan ekan. Boy xotin uzoq «asabiy beoromlikdan» keyin xuddi shu paytda endigina uyquga ketgan edi: u kechqurunlari haddan ziyod to‘yib ovqat yeganda doim ana shunday betoqat bo‘lardi. Itning qo‘qqisdan vovillab yuborishi uni uyg‘otib yubordi: uning yuragi qattiq ura boshladi va to‘xtab qoldi. «Qizlar, hoy qizlar! — deb ingradi u, — Qizlar!» Qo‘rqib quti o‘chgan qizlar uning yotog‘iga yugurib kelishdi. «Oh, oh, o‘laman!» — dedi u qo‘llarini g‘amgin qimirlatib. «Yana, yana o‘sha it!.. Oh, doktorni chaqiringlar. Ular meni o‘ldirishmoqchi… it, yana it! Oh!» — dedi va boshini orqasiga tashlab yubordi, bu hol uning behush bo‘lganidan darak berardi. Doktorni, ya’ni uy tabibi Xaritonni chaqirish uchun yugurgilab qolishdi. Bu tabib, bor-yo‘q hunari tag charmi yumshoq etik kiyib yurishdan, nazokat bilan tomir ko‘ra bilishdan, bir kechayu kunduzda o‘n to‘rt soat uxlab, qolgan vaqtida oh tortib yurishdan va dam o‘tmay dafna tomchisini boy xotinga keltirib tutishdan iborat bo‘lgan shu tabib bir zumda yetib keldi-da, tutatqi tutatdi va boy xotin ko‘zini ochishi bilanoq, kumush patnischada haligi dori solingan ryumkani unga uzatdi. Boy xotin dafna tomchisini ichdi, ammo shu zamonoq yig‘loqi tovush bilan itdan, Gavriladan, o‘z taqdiridan shikoyat qilib, men mushtipar kampirni o‘z holimga tashlab qo‘ydilar, menga hech kim achinmaydi, hamma mening o‘limimni tilaydi, deb zorlana boshladi. Shu orada sho‘rlik Mumu yana vovillay berdi. Gerasim esa uni devor yonidan chaqirib olishga bohuda harakat qilar edi. «Mana… mana… tag‘in…» dedi madorsiz tovush bilan boy xotin va yana ko‘zlarini yumdi. Tabib shu yerdagi ayolga allanima deb pichirladi, u yugurib dahlizga chiqdi, turtib Stepanni uyg‘otdi. U Gavrilani uyg‘otishga yugurdi, Gavrila hech o‘ylab-netib turmay, uydagilarning hammasini uyg‘otishga buyurdi.
Gerasim qayrilib qaragan edi, derazalarda miltillab turgan chiroq yorug‘ini va odamlar qorasini ko‘rdi, biror baxtsizlik ro‘y berishini sezib, Mumuni qo‘ltiqlab oldi-da, hujrasiga qarab yugurdi, eshikni mahkam bekitib oldi. Bir necha daqiqadan keyin besh kishi kelib uning eshigini itara boshladi, lekin tambaning mahkamligini sezib, to‘xtadilar. Gavrila halloslab kelib, hammangiz ertalabgacha shu yerdan qimirlamay, poylab o‘tiring, dedi, so‘ng o‘zi chopib xizmatkor ayollar uyiga borib, choy, qand va oziq-ovqatlarni birgalikda o‘g‘irlaydigan va hisob yurgizadigan bosh kompanonka[5] Lyubov Lyubimovnaga: bekaga ayting, baxtga qarshi, it allaqayerdan yana qochib kelipti, lekin ertagayoq u tirik qolmaydi, beka shafqat qilsinlar, g‘azablanmasinlar, tinchlansinlar, dedi. Boy xotin uncha ham tez tinchlana qolmasdi, lekin tabib shoshganidan, o‘n ikki tomchi o‘rniga birdaniga qirq tomchi quyib yuboripti: dafna tomchisi ta’sir qildi — chorak soat o‘tgach, boy xotin qattiq va tinch uxlab qoldi, ammo Gerasim rangi bo‘zdek oqarib, Mumuning og‘zini mahkam yumib, o‘z karavotida yotar edi.
Ertalab boy xotin ancha kech uyg‘ondi. Gavrila Gerasimning boshpanasiga qat’iy hujum qilishga buyruq berish uchun boy xotinning uyg‘onishini kutib turdi, o‘zi esa zo‘r dahshatga bardosh berishga hozirlanar edi. Lekin dahshat yuz bermadi. Boy xotin o‘rinda yotgan joyida bosh prijivalkani o‘z yoniga chaqirtirdi.
— Lyubov Lyubimovna, — deb gap boshladi u muloyim va hasta tovush bilan: ba’zan u jafo chekkan g‘arib va hasratli odamdek muomala qilishni yaxshi ko‘rardi; bunday hollarda uydagilar juda noqulay holga tushib qolardilarki, buni aytib o‘tirishning ham hojati yo‘q, — Lyubov Lyubimovna, mening ahvolimni ko‘rib turibsiz, jonginam, Gavrila Andreichga borib ayting; nahotki allaqanday bir it unga o‘z bekasining oromidan, hayotidan aziz bo‘lsa? Mening bunga ishongim kelmaydi, — deb ilova qildi u, chuqur nafas olib: —bora qoling, jonginam, umrginangizdan baraka toping, Gavrila Andreichga borib ayting.
Lyubov Lyubimovna Gavrilaning uyi tomon yo‘l oldi. Ular nima to‘g‘risida gaplashganliklari noma’lum, lekin oradan bir necha minut o‘tgach, bir to‘da odam hovlidan Gerasimning hujrasiga qarab yo‘l oldi: Gavrila, garchi shamol bo‘lmasa ham, shapkasini qo‘lida tutib oldinda borardi, uning yonida uy xizmatkorlari va oshpazlar kelishardi; Quyruq amaki derazadan qarab, buyruq berib turar, ya’ni faqat qo‘llarini u yoq-bu yoqqa siltar edi, xolos; orqada bir to‘da bolalar sakrashib, sho‘xlik qilishardi, ularning yarmi shu atrofdan yig‘ilib kelgan bolalar edi. Hujraga chiqadigan tor zinapoyada bitta poyloqchi turar, eshik yonida ikki kishi qo‘lida tayoq ushlab turardi. Zinapoyadan chiqa boshladilar. Zinapoya odamga liq to‘ldi. Gavrila eshikka kelib, uni mushti bilan qoqib, qichqirdi:
— Och!
Itning bo‘g‘iq tovushi eshitildi, ammo javob bo‘lmadi.
— Och deyman! — deb takrorladi u.
— Aytmoqchi, Gavrila Andreich, u kar-ku, axir, eshitmaydi, — dedi pastdan turib Stepan.
Hammalari kulishdi.
— Xo‘sh, nima iloj qilamiz? — dedi yuqoridan Gavrila.
— Eshigining teshigi bor, shu teshikdan tayoq tiqing, — deb javob berdi Stepan.
Gavrila engashib qaradi.
— U teshikka chakmon tiqib, bekitib qo‘yipti.
— Siz chakmonni ichkariga itarib yuboring.
Yana bo‘g‘iq vovillagan tovush eshitildi.
— Qara, qara, o‘zini o‘zi bildirib qo‘yyapti, — deyishdi odamlar va yana kulishdi.
Gavrila qulog‘ining orqasini qashladi.
— Yo‘q, og‘ayni, agar istasang, chakmonni o‘zing itarib yubora qol, — dedi u nihoyat.
— Nima ham derdik, ruxsat eting!
Stepan shoshib-pishib yuqori chiqdi, tayog‘ini qo‘liga olib, chakmonni teshikdan ichkari itarib yubordi va «Chiq-chiq!» deb tayoqni teshikka suqib likillata boshladi. U tayoqni likillatayotganida qo‘qqisdan hujraning eshigi tars ochildi — hamma xizmatkorlar zinapoyadan o‘zlarini tashlab urra qochishdi. Hammadan oldin Gavrila qochdi. Quyruq amaki esa derazani yopib oldi.
— Hoy, hoy, hoy, menga qara, menga qara! — deb o‘shqirdi Gavrila hovlidan turib.
Gerasim ostonada qimirlamay turardi. Olomon zinapoya tagiga to‘plandi. Gerasim yuqorida turib, qo‘llarini beliga xiyol tiragan holda, nemis chakmonini kiygan bu yuraksiz odamlarga qarab turardi; ustida dehqoncha qizil ko‘ylagi bo‘lgan Gerasim ular oldida xuddi pahlavon edi. Gavrila bir qadam olg‘a bosdi.
— Menga qara, to‘polon qila ko‘rma, — dedi u.
U Gerasimga, boy xotin itingni talab qilmoqda, e’tirozga so‘z bo‘lishi mumkin emas, itni hoziroq ber, bo‘lmasa holing yomon bo‘ladi, deb imo-ishora bilan tushuntira boshladi.
Gerasim unga razm solib qaradi-da, qo‘llarini bo‘yniga keltirib, sirtmoq qilib itni ko‘rsatdi va eshik og‘asiga savol alomati bilan tikildi.
Eshik og‘asi boshini qimirlatib:
— Shundoq, shundoq, albatta, berishing kerak, — dedi.
Gerasim boshini quyi soldi, so‘ng birdan silkindi, hamon o‘z yonida hech narsadan bexabar dumini likillatib va quloqlarini chimirib turgan Mumuni yana ko‘rsatib, o‘z bo‘ynini ushlab, bo‘g‘ib o‘ldirish ishorasini takrorladi-da, Mumuni o‘zim bo‘g‘ib o‘ldiraman, degandek ko‘kragiga qattiq mushtladi.
— Yo‘q, sen aldaysan, — deb ishora qildi unga Gavrila.
Gerasim unga bpr tikildiyu, nafrat bilan kulib, yana o‘z ko‘kragiga urdi-da, eshikni yopib oldi.
Hammalari indamay, bir-birlariga qarashdi.
— Buning ma’nosi nima bo‘ldi? U eshikni bekitib oldi-ku? — dedi Gavrila.
— Qo‘yavering, Gavrila Andreich, — dedi Stepan, — va’da berdimi, bajaradi. U shunday odam… va’da berdimi, albatta bajaradi. Bundaqa masalada u bizlarga o‘xshamaydi. To‘g‘rini to‘g‘ri demoq kerak. Ha.
— Shundoq. Haq gap. Ha, — deb takrorlashdi yig‘ilganlar hammasi va boshlarini qimirlatib tasdiqlashdi.
Quyruq amaki derazani ochdi va u ham: «Shunday», deb tasdiqladi.
— Ehtimol shundaydir, ko‘ramiz! — dedi Gavrila: — har qalay qorovul tursin. Hoy Yeroshka! — deb qo‘ydi u, dag‘al sariq matadan kalta chakmon kiygan, bu hovlining bog‘boni hisoblanuvchi rangi zahil bir odamga murojaat qilib, — sen nima ham qilarding! Qo‘lingga tayoq tutib, mana bu yerda o‘tir va biror hodisa yuz berib qolsa, darrov mening oldimga chop!
Eroshka tayoqni ushlab, zinapoyaning pastki poyasiga o‘tirdi. Odamlar tarqalishdi, bu yerda tomoshani yaxshi ko‘ruvchi bir necha kishi va bolalar qoldi, xolos. Gavrila uyga qaytib keldi-da, Lyubov Lyubimovnaga, farmoyishingiz bajo keltirildi, deb bekaga ma’lum qiling, dedi, o‘zi esa, har ehtimolga qarshi bosh aravakashni politseyskiyga yubordi. Boy xotin dastro‘molining uchini tugib, unga odekolon quydi, bir hidlab chakkalarnga surtdi va nonushta qilib, dafna tomchisining ta’siri hali ham ketmaganidan yana uyquga ketdi.
Shu g‘alvalardan keyin oradan bir soat o‘tgach, hujraning eshigi ochildi va undan Gerasim chiqib keldi. U yasan chakmonini kiyib olgan va Mumuni tizimchaga bog‘lab olib borardi. Yeroshga o‘zini bir chetga olib, unga yo‘l bo‘shatdi, Gerasim darvozaga qarab yurdi. Bolalar va hovlidagi odamlar hammasi jimgina uning orqasidan qarab qoldilar. U hatto qayrilib ham qaramadi, shapkasini ko‘chaga chiqqandagina kiyib oldi. Gavrila haligi Yeroshkani uning ketidan poyloqchi qilib yubordi. Yeroshka uzoqdan u iti bilan mayxonaga kirib ketganini ko‘rdi va uning chiqishini kutib turdi.
Mayxonadagilar Gerasimni tanir va uning ishoralarini tushunar edilar. U go‘shtlik sho‘rva berishlarini so‘radi va ikki qo‘lini stolga tirab o‘tirdi. Mumu ziyrak ko‘zlari bilan bahuzur unga tikilib, uning stoli yonida o‘tirardi. Uning yunglari yaltirab turardi: uni haligina yaxshilab tozalanganligi sezilib turar edi. Gerasimga sho‘rva keltirdilar. U sho‘rvaga non to‘g‘radi, go‘shtini maydalab tarelkani polga qo‘ydi. Mumu odatdagidek odob bilan ovqatga tumshug‘ini xiyol tegizib, sho‘rvani icha boshladi. Gerasim unga uzoq tikilib turdi, birdan uning ko‘zlaridan ikki dona katta-katta tomchi yosh oqib tushdi: yosh tomchisining biri itning peshonasiga, ikkinchisi sho‘rvaga tushdi. U kaftlari bilan yuzini bekitdi. Mumu tarelkadagi sho‘rvaning yarmini ichdiyu, lablarini yalab, bir chetga borib turdi. Gerasim o‘rnidan turib, sho‘rvaning pulini to‘ladi-da, chiqib ketdi, mayxona xizmatkori bir oz ajablanib, uning orqasidan qarab qoldi. Yeroshka Gerasimni ko‘rgan hamona o‘zini burchakka oldi, uni o‘tkazib yuborib, yana ketidan tushdi.
Gerasim shoshmay borar, Mumuni ipidan bo‘shatmas edi. U ko‘cha muyulishiga yetgach, xayol surgandek to‘xtab qoldi va birdaniga jadal qadam tashlab to‘ppa-to‘g‘ri Qrim Brodga qarab ketdi. Yo‘lda u uy yonida yangi imorat solinayotgan bir hovliga kirib, undan ikkita g‘ishtni qo‘ltig‘iga qisib oldi. U Qrim Broddan qirg‘oqqa tomon burilib, eshkaklarini ichiga solib qoziqqa bog‘lab qo‘yilgan ikki qayiq yoniga bordi, bu qayiqlarni u oldin ko‘zlab qo‘ygan edi. Mumu bilan birga shu qayiqlardan biriga tushib oldi. Polizning bir chetidagi kapa ichidan bir chol chiqib, unga qichqirdi. Ammo Gerasim faqat unga qarab bosh silkidiyu, daryo oqimiga qarshi borishiga qaramay, qayiq eshkaklarini shuncha tez eshib haydadiki, bir zumda yuz sarjin nariga borib yetdi. Chol turdi-turdi-da, avval chap qo‘li bilan, so‘ng o‘ng qo‘li bilan yelkasini qashidi, oxiri oqsoqlanib, kapaga kirib ketdi.
Gerasim esa hamon qayiqni jadal haydab borardi. Mana, Moskva ham orqada qolib ketdi. Ana, sohil bo‘ylab pichanzorlar, polizlar, daraxtzorlar tizilishib o‘ta boshladi. Ana, uylar ham ko‘rindi. Qishloq isi kela boshladi. U eshkaklarni qo‘yib, qayiqqa ko‘ndalang qo‘yilgan taxta ustida o‘z oldida o‘tirgan Mumuga engashib (qayiq tubiga suv yig‘ilib qolgan edi), zabardast qo‘llari bilan uning yelkasidan tutganicha qimirlamay turib qoldi, vaholanki, suv to‘lqini qayiqni asta-asta shahar tomonga, orqaga surib borar edi. Nihoyat, Gerasim dast ko‘tarildi, yo‘ldan olgan g‘ishtlarini yuzlarida allaqanday alam iztirobida arqonga bog‘ladi, arqonning uchini sirtmoq qilib, Mumuning bo‘yniga soldi va uni baland ko‘tarib, so‘nggi marta unga tikilib boqdi… it soddalik bilan va hech cho‘chimay, qo‘rqmay unga qarab turar, dumini sekingina likillatar edi. Gerasim teskari qarab oldi, ko‘zlarini chirt yumib, qo‘llarini bo‘shatib yubordi. U hech narsani: g‘arq bo‘lib borayotgan Mumuning zorlanib tez-tez vangillashini ham, suvning og‘ir chayqalishini ham eshitmadi; eng tinch kechalarning hech biri biz uchun unsiz bo‘lmagandek, eng shovqinli kun uning uchun jim va tovushsiz edi. U yana ko‘zlarini ochib qaraganda, kichik-kichik to‘lqinlar go‘yo bir-birlarini quvishgandek boyagiday daryo betida jadal chopishar, qayiqning sirtiga urilar, chayqalar va faqat uzoq-uzoqlarda, orqa tomondagina qandaydir keng halqalar qirg‘oqqa qarab yugurishar edi.
Eroshka Gerasim ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan hamono uyga qaytib keldi va ko‘rganlarining hammasini gapirib berdi.
— Albatta, — dedi Stepan. — U kuchukni suvga g‘arq qilib yuboradi. Xotirjam bo‘laversa bo‘ladi. Va’da berdimi…
Gerasimni kun bo‘yi hech kim ko‘rmadi. U uyga kelib ovqatlanmadi. Kech kirdi, hamma kechki ovqatga yig‘ildi, bular orasida yolg‘iz Gerasimgina yo‘q edi.
— Bu Gerasim g‘alati odam, — dedi yo‘g‘on gavdali kirchi xotin chiyillab:—bir itni deb shuncha bekor yurish mumkinmi… Ajab!
Stepan tovoqdagi kashaga qoshiqni botira turib:
— Gerasim haligina shu yerda edi! — deb xitob qildi.
— Nima? Qachon?
— Atigi ikki soatgina bo‘ldi. Yo‘qsachi. U bilan darvoza oldida uchrashdim; u yana bu yerdan, hovlidan chiqib ketdi. Undan itni nima qilding, deb so‘ray dedimu, lekin avzoyi buzuq ko‘rindi. Ammo meni hazilakam ham turtib yubormadi; yo‘lni to‘sma, nari tursang-chi, demoqchi bo‘ldi, shekilli, qurg‘ur, o‘sha bahaybat gavdasi bilan shunday qattiq turtdiki, umurtqam sinay dedi, voy, voyey! — Stepan beixtiyor kulib, yelkasini qashib qo‘ydi. — Ha, uning qo‘liga tasanno, — dedi ilova qilib, — qo‘li gul, bu haq gap.
Hammalari Stepandan kulishdi va kechki ovqatdan so‘ng uxlashga tarqalishdi.
Shu vaqt T… tosh yo‘lida juda ulkan bir odam yelkasida tugun, qo‘lida uzun tayoq tutib jadal borar edi. Bu odam Gerasim edi. U yon-veriga qaramay, uyiga, o‘z qishlog‘iga, tug‘ilib o‘sgan yurtiga tomon jadallab ketib borardi.
U Mumuni g‘arq qilib, o‘z hujrasiga keldi, ul-bullarini otning eski yoping‘ichiga tezgina o‘rab bog‘ladi-da, yelkasiga tashlab olib, uydan chiqib ketdi. Boy xotin uni qishloqdan Moskvaga oldirib kelayotganida u yo‘lni yaxshi eslab qo‘ygan edi; uning qishlog‘i shu tosh yo‘ldan yigirma besh chaqirim narida edi, xolos. U, bu tosh yo‘ldan qandaydir zo‘r jasorat, shiddat bilan, quvonchli qat’iyat bilan borardi. Ko‘kragi keng ochilib, ko‘zlarini to‘ppa-to‘g‘ri olg‘a tikib borardi. Go‘yo o‘z yurtida keksa onasi uni kutayotpandek, begona yurtda, begona odamlar orasida sargardon bo‘lib yurgandan keyin onasi uni chaqirayotgandek oshiqib borardi… Endigina boshlangan yoz kechasi sokin va iliq edi; bir tomonda, quyosh botgan tarafda, ko‘kning bir cheti g‘oyib bo‘lgan kunduzning so‘nggi shu’lasi bilan hali oqarinqirab va xiyol qizarib ko‘rinardi, ikkinchi tomonda esa, zangori, qadimiy qorong‘ilik bostirib kelmoqda edi. Tun shu yoqdan kelardi. Atrofda yuz-yuzlab bedanalar sayrashar, to‘rg‘aylar bir-birlaridan o‘zib xonish qilar edilar… Gerasim bu ovozlarni eshitmasdi, kuchli oyoqlari bilan jadal qadam bosib ketib borarkan, yon-veridagi daraxtlariing tungi nozik shitirlashlarini ham eshitmasdi, lekin u pishib kelayotgan javdarning qorong‘i dalalarni tutib esayotgan tanish xushbo‘y isini sezardi, ro‘parasidan, yurtidan esayotgan mayin shabada yuziga urib, soch va soqollarini siypab o‘tayotganini sezardi; o‘z oldida oqarib turgan yo‘lni — uyiga tomon xuddi kamon o‘qidek to‘ppa-to‘g‘ri ketgan yo‘lni ko‘rardi; o‘z yo‘lini yoritib turgan behisob yulduzlarni ko‘rar va sherdek kuchli, bardam qadam tashlab borardi, shunday shahdam qadam tashlardiki, ko‘tarilib chiqayotgan quyosh o‘zining qizg‘ish nurlarini uzoq yo‘l bosib o‘tgan azamatga sochganda, Moskva bilan uning orasida o‘ttiz besh chaqirim yo‘l orqada qolgan edi… .
Ikki kundan so‘ng u uyiga, o‘z kulbasiga yetib kelgan edi, bundan uning uyiga ko‘chib kirgan soldat xotini juda hayratda qoldi. U but oldiga borib cho‘qindiyu, shu zamonoq oqsoqolga bordi. Oqooqol avval boshda hayron bo‘lib turdi; lekin pichan o‘rog‘i endigina boshlangan edi. Gerasim eng yaxshi mehnatkash bo‘lganidan, shu ondayoq uning qo‘liga chalg‘i-o‘roq tutqazdilar, u avvalgidek qulochlarini keng ochib o‘roq o‘rishga kirishdi, chalg‘i-o‘roqni shunday zarb bilan solardiki, mujiklar uning qulochkashlashiga va xashakni qamrab olishiga tahsin bilan qarab turardilar…
Moskvada esa Gerasim qochib ketgan kunning ertasiga uni axtara boshladilar. Uning hujrasiga borib, tit-pit qilib qaradilar va kelib Gavrilaga aytdilar. U kelib qaradi, yelkasini qisib, soqov yo qochib ketgan, yoki o‘z iti bilan birga g‘arq bo‘lib ketgan, degan fikrga keldi. Politsiyaga xabar qildilar, boy xotinga ma’lum qildilar. Boy xotin g‘azablandi, yig‘lab yubordi va har narsa qilib bo‘lsa ham uni topinglar, deb buyurdi, itni o‘ldirishni hech buyurganim yo‘q, deb tasdiqlay boshladi va nihoyat, Gavrilani shunday siqiq ostiga oldiki, u kun bo‘yi boshini chayqab, to Quyruq amaki «Xo‘sh!» deb uni mazax qilmaguncha, «Xo‘sh!» deb yuraverdi. Nihoyat, Gerasimning qishloqqa ketganligi to‘g‘risida u yerdan xabar olindi. Boy xotin bir oz tinchlandi: dastlab u Gerasimni darhol Mookvaga qaytarib keltirishga farmoyish bermoqchi bo‘ldi, biroq, keyin, menga yaxshilikni bilmaydigan bunaqa odamning hech keragi yo‘q, dedi. Ammo shu voqeadan keyin oradan ko‘p o‘tmay, uning o‘zi dunyodan o‘tdi; vorislari esa Gerasimni esga ham olmadilar, ular onalarining boshqa xizmatkorlarini ham chorakor qilib tarqatib yubordilar.
Gerasim hanuz o‘z uyida oilasiz tanho yashaydi; u avvalgidek sog‘lom va baquvvat, avvalgidek bir o‘zi to‘rt kishining ishini qiladi, avvalgidek ulug‘sifat va vazmin. Qo‘ni-qo‘shnilar u Moskvadan qaytib kelganidan buyon xotinlar bilan bordi-keldi qilmaydigan, hatto ularga qaramaydigan va bitta ham it asramaydigan bo‘lib qolganligini payqadilar. «Darvoqe, — deyishadi mujiklar, — xotinlar bilan aralashmasligi uning baxti, ammo itga kelganda, it unga nima darkor! Uning hovlisiga o‘g‘rini bo‘ynidan arqon solib sudrab ham keltira olmaysan!» Soqovning pahlavonligi haqida ana shunday gaplar yuradi.
Ruschadan Yo‘ldosh Shamsharov tarjimasi
_________________________
[1] Egar-jabduq yasovchi.
[2] Kastelyansha — bu o‘rinda: boy xotinning kiyim-boshlarini sarishtalab turuvchi xotin. (Tarj.)
[3] Prijivalka — katta boylar yoki katta savdogarlar uyida ular hisobiga yashab, boy xotinning vaqtini xush qilib yuradigan, aniq bir ish bajarmaydigan, asli nasabi krepostnoy bo‘lmagan kambag‘al xotin. (Tarj.)
[4] Oxotniy ryad — Moskvaning markaziy ko‘chalaridan biri; revolyutsiyaga qadar Oxotniy ryadda bozor bo‘lar edi. (Tarj.)
[5] Kompanonka — boylar uyida xotin-qizlarni biror yoqqa kuzatib borish va vaqtlarini xush qilish uchun yollanib ishlovchi ayol. (Tarj.)