(«Ovchining xotira daftari»dan)
Iyul oyining go‘zal kuni, ya’ni ob-havo uzoq vaqt bir qiyomda turgandagina ro‘y beradigan chiroyli kunlarning biri edi. Erta tongdan boshlab ko‘k yuzi ochiq; ertalabki shafaq unchalik qizdirmaydi: u och-qizg‘ish tusda yoyiladi. Quyosh jazirama qurg‘oqchilik vaqtlaridagiga o‘xshab qizg‘in va haroratli emas, bo‘ron oldidan bo‘ladigandek xira-qizil tusda ham emas, balki yorug‘ bo‘lib, kambar va uzun bulut parchasi ostidan astagina qalqib chiqmoqda, mayin yarqirab, qizg‘ish-zangor bulut tumanlari qo‘yniga yashirinmoqda. Uzun bulut parchasining ustki, nozik cheti chaqmoq chaqqanda hosil bo‘ladigan yashin izi kabi yaltirab ko‘rinadi; u kumushdek yaltiraydi… O‘ynoqi, sho‘x nurlar yana birdan olamga taraldi, xuddi yuqoriga parvoz qilgandek, hashamat va dabdaba bilan qudratli quyosh chiqdi. Peshinda odatda, baland osmonda nozik oq qirrali juda ko‘p zarrin-kulrang yumaloq bulutlar paydo bo‘ladi. Ular tiniq suvli chuqur zangori yilg‘alardan iborat cheksiz keng daryodagi chochov orollar singari, o‘z joylaridan qo‘zg‘almay tek turgandek ko‘rinadi, nariroqda, osmonning ufqqa yaqin yerida ular bir-birlariga yondashadilar, siqilishadilar, o‘rtalaridagi zangor rang ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi; lekin ularning o‘zlari ham osmon singari ochzangor tusdadir; ularning hammasi iliq nur emib, yorishib ko‘rinadi. Osmonning oqish-gunafsha tusi kun bo‘yi o‘zgarmay, hamma yerda bir xil turadi: hech qayerda bulutlar quyuqlashmaydi va ular bir-biriga qo‘shilmaganligi uchun hech qayerda momaqaldiroq kuchaymaydi; faqat ba’zi yerlarda yuqoridan pastga qarab och-ko‘k rangli yo‘l-yo‘l izlar paydo bo‘ladi — u yerda yomg‘ir quyyapti. Kechqurun bu bulutlar ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Ularning qoramtir va noaniq shaklda bo‘lgan eng so‘nggilari, xuddi tutun singari botayotgan quyoshning ro‘parasiga o‘tib pushti rangda burqiraydi; osmonga tinch va osoyishta ko‘tarilgan quyoshning xuddi shunday tinch va osoyishta botgan joyida — qorong‘ilashayotgan yer ustida bir oz vaqtgacha qizil shu’la paydo bo‘ladi, bu shu’la ustida ehtiyot bilan ko‘tarib borilayotgan sham singari astagina miltillab kechki yulduz yonib turadi. Bunday kunlarda hamma ranglar tiniq-nozik va ravshan bo‘ladi. Ammo ko‘z qamashtiradigan darajada o‘tkir bo‘lmaydi; hamma narsada ko‘ngilga orom beruvchi qandaydir bir mayinlik alomatlari bor. Bunday kunlarda havo ba’zan juda isib ketadi, ba’zan esa, hatto dalalar qo‘ynidan «bug‘» chiqib turadi: lekin shamol bu jazirama issiqni haydaydi, tarqatib yuboradi va ob-havoning doimiyligini ko‘rsatuvchi shubhasiz belgi bo‘lgan uyurmalarning baland oq ustunlari dala yo‘llarida sayr etib yuradi. Quruq va toza havodan erman, o‘rilgan javdar va qorabug‘doyning yoqimli hidi keladi; kechaning boshlanishiga bir soat qolganda ham siz havoda namlik sezmaysiz. Dehqon g‘allani o‘rib-yig‘ib olish vaqtida ob-havoning ana shunday bo‘lishini xohlaydi…
Xuddi shunday kunlarning birida men Tula gubernasining Chern uyezdida karqur ovlab yurardim. Men anchagina parranda otib oldim; xaltam to‘lib ketib, og‘irligidan yelkalarimni qiyar edi; lekin shafaq so‘nib borardi va ufq orqasiga botgan quyosh o‘tkir yog‘dularini sochmasa-da, hamon yorishib turgan osmon qorong‘ilashib, havo soviy boshladi, shu vaqtda men uyimga qaytmoqchi bo‘ldim. Tez-tez yurib, uzundan-uzoq butalar «maydoni»dan — butazordan o‘tdim, tepalikka chiqdim, qarasam, o‘ng tomoni dub daraxtzori va narirog‘ida pastakkina oq cherkovi bo‘lgan o‘zimga tanish yaylov deb gumon qilgan joyimga emas, balki butunlay boshqa, ko‘rmagan joylarga kelib qolibman. Ro‘paramda — pastda tor vodiy bor edi; to‘ppa-to‘g‘rimda qomatini baland ko‘tarib tog‘ terakzori ko‘rinardi. Nima qilishimni bilmay, to‘xtadim… «Eha! Juda ham o‘ng tomondan yurib, butunlay boshqa yerga kelib qolibman-ku», deb o‘yladim va yo‘ldan adashganimga o‘zim taajjublanib, tepalikdan darrov pastga tushdim. Shu onda a’zoyi badanim bo‘shashib, junjikib ketdi, o‘zimni go‘yo zax bir yerto‘laga kirib qolgandek his qildim; baland va qalin o‘sgan ko‘katlar shabnam yeb, vodiy qo‘ynida oq dasturxon kabi yoyilib yotardi; bu ko‘katlar ustidan yurish vahimali ko‘rinardi. Men qiyinlik bilan yo‘limni tezgina boshqa tomonga burib, chap tomondan, tog‘ terakzori bo‘ylab yurib ketdim. Ko‘rshapalaklar o‘rmondagi daraxtlarning harakatsiz uchlari ustida sirli ravishda aylanib va g‘ira-shira yorug‘ osmonda pirpirab uchib yurardi; ovdan kech qaytgan qarchig‘ay o‘z uyasiga tezroq yetib olish uchun balanddan o‘qday uchib o‘tdi. «Mana, endi men anavi burchakka borib olsam, — deb o‘yladim ichimda, — darrov yo‘lni topaman; bir chaqirim yo‘lni ortiqcha yurib qo‘yibman-a!»
Nihoyat, o‘rmonning burchagiga yetib oldim, ammo u yerda hech qanday yo‘l yo‘q edi: oldimda o‘roq tegmagan allaqanday pakana butalar yoyilib yotar va ular orqasida, uzoqlarda kimsasiz dala ko‘rinardi. Men yana to‘xtadim. «Bu qanday gap?.. Qayerda turibman?» Kun bo‘yi qay yo‘l bilan qayerga borganimni eslay boshladim… «E! Ha, bu, Paraxin butazoriku! — deb yubordim ajablanib. — Huv anovi ko‘ringan xuddi Sindeev daraxtzorining o‘zginasi bo‘lishi kerak… Men qanday qilib bunchalik uzoq joyga kelib qoldim?.. G‘alati-ya! Endi yana o‘ng tomonga qarab yurishim kerak».
Men butalar orasidan o‘ng tomonga qarab ketdim. Bu vaqtda qorong‘i kecha chaqmoq va momaqaldiroq bilan keladigan qora bulutdek yaqinlashib kelmoqda edi; kechki tuman bilan birga qorong‘ilik har tomondan yuqoriga qarab ko‘tarilganday va hatto yuqoridan pastga quyilganday tuyilardi. Men, odam yurmay o‘t bosib ketgan allaqanday yo‘l oldiga chiqib qoldim va shu yo‘ldan yurib, ro‘paramga diqqat bilan qarab bordim. Butun atrofni tezda qorong‘ilik qopladi, hammayoqni jimlik bosdi — ba’zi-ba’zida bedanalargina sayrab qo‘yardi. Yengil qanotlari bilan eshitilmas darajada astagina va pastlab uchib yurgan kichkina bir qushcha o‘zini menga urib olishiga sal qoldi-yu, lekin hurkib darrov boshqa tarafga burildi. Men butazorning chetiga chiqdim va dala o‘rtasidan, uvatlar ustidan sekin keta boshladim. Uzoqdagi narsalarni zo‘rg‘a ko‘rardim: atrofimdagi dala bilinar-bilinmas oqarib turardi; uning orqasidan, quyuq tutun singari burqirab, har daqiqada osmonga haybatli bir qorong‘ilik ko‘tarilardi. Sovib borayotgan havoda qadam tovushlarim yaxshi eshitilmasdi. Oqargan osmon yana moviy rangga kira boshladi, ammo bu endi tungi moviylik edi. Uning qo‘ynida yulduzlar miltillab ko‘rindi.
Daraxtzor deb o‘ylagan narsam qora, yumaloq bir tepalik ekan. «Tavba, men qayerda turibman?» — dedim yana ovozimni chiqarib va uchinchi marta to‘xtab, to‘rt oyoqli maxluqlarning eng aqllisi bo‘lgan va ingliz itlari zotidan tarqalgan malla-chovkar itim Diankiga savol nazari bilan qaradim. Ammo to‘rt oyoqli maxluqlarning eng aqllisi dumchasini likillatib, horg‘in ko‘zlarini ma’yus pirpiratib qo‘ya qoldi-da, menga yaxshi maslahat bermadi. Men undan uyalib ketdim va qaysi tomonga yurish kerakligi to‘satdan miyamga kelib qolgandek, jadallik bilan olg‘a bosdim, bir tepalikni yoqalab o‘tib, uncha ham pastqam bo‘lmagan va haydab qo‘yilgan yalanglikka chiqib qoldim. Shu on men anglashilmas bir kayfiyatda qoldim. Bu yalanglik qozonga o‘xshardi; uning o‘rtasida bir necha katta oq tosh yotardi, — toshlar go‘yo maxfiy kengash o‘tkazmoq uchun u yerga surilib borgandek tuyulardi, — bu joy shu qadar ko‘ngilsiz, xilvat va kimsasiz ediki, uning ustidagi osmon shunday mungli va ma’yus ko‘rinardiki, yuragim siqilib ketdi. Toshlar orasidan allaqanday kichkina bir jonivorning zaif va mungli ovozi eshitildi. Men orqamga qaytib, tepalikka chiqib olishga shoshildim. Hanuzgacha, yo‘lni topib uyimga borib olarman, degan umidda edim: ammo endi qayoqqa borarimni bilmay butunlay adashib qolganimga qat’iy ishondim va shuning uchun, qorong‘ilik qo‘ynida ko‘zdan g‘oyib bo‘layozgan tevarak-atrofimdagi joylarning qanday joy ekanligini bilishga tamomila qiziqmay qo‘ydim-da, yulduzlarni mo‘ljal qilib, tavakkal bilan to‘g‘ri qarab ketaverdim… Oyog‘imni zo‘rg‘a sudrab bosib, yarim soatcha shunday bordim. Umrim bino bo‘lib bunday kimsasiz, xilvat joylarni sira ham ko‘rmagan bo‘lsam kerak; hech qayerda o‘t uchquni ko‘rinmas va hech qanday tovush eshitilmas edi. Ketma-ket qiya tepaliklarga duch kelardim, ketma-ket cheksiz dalalardan o‘tib borardim, ba’zi joylarda to‘satdan, bo‘yim baravar baland o‘sgan butalar oldidan chiqib qolardim. Men shu holda ketayotib, ertalabgacha biror joyda tunab qo‘ya qolay, degan fikr bilan bilmasdan bir chuqur jar yoqasiga borib qolibman.
Jar labiga uzatgan oyog‘imni darrov tortib oldim va kechaning g‘ira-shira qorong‘isida pastlikda katta bir vodiyni ko‘rdim. Mening yonimda yarim doira shaklida oqayotgan keng daryo vodiyning tevaragidan aylanib o‘tardi; suvning goh-goh oynadek yaltirab jilva qilishi daryoning oqib turganini ko‘rsatardi. Men turgan tepalik pastga tomon juda tik jar shaklida davom etardi; uning haybatli qora summoti moviy osmon bo‘shlig‘ida ajralib turardi va shundoq takkinamda, haligi tik jar bilan yalanglik o‘rtasida hosil bo‘lgan burchakda, daryoning xira oyna singari harakatsiz turgan joyidagi qirg‘oq bo‘yida, tepalikning pastga tik tushgan yerida — pastda, bir-biriga yonma-yon ikki gulxan qip-qizil alanga va tutun chiqarib yonib turardi. Gulxanlar atrofida odamlar ivirsib yurar, soyalar tebranar, ba’zan jingalak sochli kichkina kallaning oldingi yarim qismi gulxan yorug‘ida aniq ko‘rinardi…
Nihoyat, men qayerga kelib qolganimni bildim. Bu o‘tloq bizning joylarda «Bejin o‘tlog‘i» deb dong chiqargan… Lekin uyga qaytib ketishning, xususan, kechasi ketishning hech bir iloji yo‘q edi; charchaganimdan oyoqlarim bukilib ketay deyardi. Gulxanlar yoniga borib, tong otguncha o‘sha yerdagi kishilar o‘rtasida o‘tirmoqchi bo‘ldim (men bu kishilarni ot va mollarini sotishga haydab olib ketayotgan yilqichi boylar va ularning podachilari bo‘lsa kerak, deb o‘yladim). Jardan pastga asta-sekin tusha boshladim, ammo osilib tushayotganim eng so‘nggi shoxni qo‘limdan endi qo‘yib yuboray deb turganimda birdan ikkita katta oq baroq it qattiq vovullab men tomonga chopib kela boshladi. Gulxanlar atrofida bolalarning qiy-chuvi ko‘tarildi; ikki-uch bola irg‘ib o‘rnidan turdi. Men ularning shovqinlariga javob qaytardim. Ular men tomonga yugurib kela boshlashdi va Diankamning bu yerda paydo bo‘lganiga juda hayron bo‘lgan itlarini darrov chaqirib olishdi. Shundan keyin men ham bolalar yoniga bordim.
Men gulxan atrofida o‘tirgan kishilarni, podachilar bo‘lsa kerak, deb yanglishgan ekanman. Ular qo‘shni qishloqdan kelgan dehqon bolalari bo‘lib, poda qo‘rib o‘tirishgan ekan. Issiq yoz vaqtlarida bizda kechalari otlarni o‘tlatish uchun dalaga chiqarib yuboradilar: bu ish otlarni kunduz kuni pashsha va so‘naga talanishdan saqlaydi. Yilqini kechqurun o‘tloqqa haydab olib ketish va erta saharlab yana olib kelish — dehqon bolalari uchun katta bir bayram. Ular kalta eski po‘stinlarni kiyib, boshyalang holda sho‘x otlarga minib oladilar-da, oyoq-qo‘llarini silkitib, shovqin-suron va qiy-chuv bilan otni choptirib ketadilar va ot ustida balandga sakrab, xursandlikdan xaxolab kuladilar. Ularning orqasidan ko‘chada yumshoq sariq chang uyurmasi ko‘tariladi, ot tuyoqlarining tovushi uzoqlarga ketadi, otlar quloqlarini chimirib chopib boradilar; eng oldinda dumini dikkaytirib va chigal yoliga tikanak o‘tlar ilashgan allaqanday paxmoqsoch malla ot chopib boradi.
Men bolalarga yo‘ldan adashib qolganimni aytib, yonlariga o‘tirdim. Bolalar mening qayerlik ekanimni so‘radilar, keyin ular jim bo‘ldilar, chetlandilar. Men ular bilan bir oz gaplashib o‘tirganimdan so‘ng, barg va shoxlari g‘ajib tashlangan bir daraxtcha tagiga cho‘zilib, tevarak-atrofni tomosha qila boshladim. Manzara ajoyib edi: gulxan atrofida hosil bo‘lgan yumaloq-qizg‘ish yorug‘lik zulmat qo‘ynida jimirlab turadi va go‘yo harakatsizdek ko‘rinadi; alanga kuchayib, goho shu qizg‘ish yorug‘likning gardishidan tashqariga tez-tez shu’lalar sochadi; shu’lalardan tarqalgan ingichka zarrin nurlar tollarning yalang‘och shoxlariga qadaladi-da, birdan g‘oyib bo‘ladi; bir lahzada uzun soyalar yopirilib chiqib, gulxanning oldiginasigacha chopib kelardi: qorong‘ilik yorug‘lik bilan kurashardi. Ba’zi vaqtda, ya’ni alanga sal pasayib doira shaklidagi qizg‘ish yorug‘ kichraygan paytda, hamma yerni qoplab olgan qorong‘ilik ichidan peshonayei qashqa yoki butunlay oq to‘riq otning kallasi ko‘rinib qolardi, u uzun ko‘katni tez-tez chaynab bizga diqqat bilan va lekin ma’nosiz qarab turardi-da, keyin yana pastga engashib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lardi. Uning ko‘katlarni chaynashi va pishqirib qo‘yishigina eshitilardi. Yorug‘ joydan qorong‘ida nima bo‘layotganini ko‘rib bo‘lmaydi, shuning uchun yaqin atrofimizga qora parda yoyib qo‘yilganga o‘xshardi; ammo yiroqda, ufqqa yaqin yerlarda o‘rmon va tepaliklarning uzun, qora ko‘lankasi bilinar-bilinmas ko‘rinib turardi, Qorong‘i, tiniq osmon o‘zining butun go‘zalligi va malohatini bizga cheksiz balandliklardan ulug‘vorlik bilan ko‘rsatib turardi. Boshqa hidlarga o‘xshamagan, ko‘zlarni xumor qiladigan yoqimli hiddan — rus yurtining yoz kechalaridagi hayotbaxsh hididan nafas olib, ko‘krak yoqimli jimirlardi. Hammayoq deyarli jimjit edi… Ba’zan, yaqindagi daryoda katta baliq suvni to‘satdan shapillatib o‘ynar va qirg‘oqdagi qamish suv to‘lqinidan salgina tebranib asta shitirlab qo‘yardi, xolos… Gulxanlarda yonib turgan o‘tgina chirsillab sekin ovoz chiqarardi.
Bolalar o‘t atrofida o‘tirishardi; meni g‘ajib tashlamoqchi bo‘lgan ikkita it ham shu yerda edi. Bu itlar ancha vaqtgacha mendan yotsirab turdilar va uyquli ko‘zlarini qisgan holda o‘tga beparvo qarab, goh-goh irillab qo‘yardilar. Ular boshda irilladilar, keyin esa niyatlariga yeta olmaganlariga afsuslangandek bo‘lib sekin chiyillab ovoz chiqardilar. Bolalarning hammasi beshta edi: Fedya, Pavlusha, Ilyusha, Kostya ham Vanya. (O‘zaro gaplaridan ularning nomlarini bilib oldim, hozir men kitobxonlarni ular bilan tanishtirmoqchiman.)
Bolalarning eng kattasi bo‘lgan Fedyani ko‘rsangiz, uni o‘n to‘rt yashar, deb o‘ylar edingiz. Bu — chiroyli, nozik va kichvk yuzli, jingalak malla sochli, quvnoq ko‘zli, qaddi-qomati kelishgan bola bo‘lib, tabassumida yarim xursandlik, yarim parishonlik alomati bor edi. Uning boy oilaga mansubligi va dalaga biror ish bilan emas, balki shunchaki bir ermak uchun chiqqani hamma harakatlaridan ko‘rinib turardi. U sariq jiyakli ola chit ko‘ylak kiygan edi; ustiga tashlab olgan yangi chakmonchasi kichkina, tor yelkasida tushib ketguday bo‘lib zo‘rg‘a turardi; ko‘k kamiriga sochtaroq osib olgan edi. Qo‘nji kalta etigi otasiniki bo‘lmay, o‘ziniki edi. Bolalarning ikkinchisi, ya’ni Pavlusha paxmoq, qora sochli, kulrang ko‘zli, keng yonoqli, qonsiz oq yuzli, katta va lekin chiroyli og‘izli, xumkalla, pakanagina, qo‘pol gavdali, cho‘tir bola edi. Bu bola haqiqatan ham xunuk bo‘lsa-da, menga yoqdi: u juda ma’noli va to‘g‘ri qarardi, tovushida ham qat’iyat bor edi. U kiyimi bilan maqtana olmasdi: kiyimi qo‘pol kanop ko‘ylak va yamoq ishtondan iborat edi. Uchinchi bolaning, ya’ni Ilyushaning anchagina kichik, qirg‘iy burunli, xira ko‘zli cho‘zinchoq yuzida kasallarda bo‘ladigan qandaydir ma’nosiz tashvish alomatlari bor edi: uning qisilgan lablari sira qimirlamas, chimirilgan qoshlari yozilmasdi, u o‘tga qarashga toqat qilolmay, ko‘zlarini pirpiratib o‘tirardi. Uning o‘ta darajada oq-sariq sochlari qulog‘igacha bostirib kiyib turgan taypoq kiygiz shapkasi tagidan kokil singari chiqib yotardi. Oyog‘ida yangi laptisi[1] va yangi paytavasi bor edi; gavdasini uch marta aylantirib o‘rab olgan arqon ozoda qora chakmonini tortib, ixcham qilib turardi. Chamalab qaralganda, bu bola ham, Pavlusha ham o‘n ikki yoshdan ortiq emas edi. O‘n yoshlarda bo‘lgan to‘rtinchi bola — Kostya o‘ychan va g‘amli qarashlari bilan mening diqqatimni o‘ziga jalb qildi. Uning olmaxonnikiga o‘xshab pastga qarab cho‘zilib tushgan, sepkil bosgan yuzi kichkina, ozg‘in edn; lablari yupqaligidan zo‘rg‘a bilinardi (ammo xira yiltillab turgan katta qora ko‘zlari kishida g‘alati bir taassurot qoldirardi. Uning ko‘zlari allanarsa demoqchi bo‘lganday ko‘rinsa ham, ammo aytmoqchi bo‘lgan narsasini ifodalash uchun tilida, albatta, uning tilida — bitta ham so‘z yo‘q edi. U past bo‘yli, nim-jon bola bo‘lib, kiyimlari juda oddiy va eski edi. Bolalarning eng kichigini, ya’ni Vanyani men avval payqamabman: u uch burchak chiptani yopinib, yerda g‘ujanak bo‘lib, tinchgina yotar va jingalak, malla sochli boshini chipta tagidan har zamonda chiqarib qo‘yardi. Bu bola juda bo‘lsa sakkiz yoshlarda edi.
Shunday qilib, men bir chetdagi daraxtcha tagidan bolalarga qarab yotardim. Gulxanlardan biri ustida qozoncha osig‘liq turardi, unda kartoshka pishayotgandi. Pavlusha cho‘kkalab turib, qozonchadagi qaynagan suvga tarashaning uchini tiqib, kartoshkaning pishgan-pishmaganini tekshirardi. Fedya jag‘ini kaftiga tirab va chakmonining etaklarini yopib, cho‘zilib yotardi. Ilyusha Kostyaning yonida o‘tirar va hamon ko‘zlarini boyagiday pirpiratardi. Kostya boshini salgina engashtirib, uzoqqa, allaqanday bir nuqtaga qarab turardi. Vanya chipta tagida qimirlamay, tinch yotgandi.
Men o‘zimni uxlaganga soldim. Bolalar asta-sekin yana gaplasha boshladilar.
Ular dastlab har to‘g‘rida, ertagi ishlari to‘g‘risida, otlar to‘g‘risida so‘zlashdilar: Fedya esa to‘satdan Ilyushaga qaradi va chala qolgan gapni yana boshlayotganday, undan:
— Rosti bilan sen alvastini ko‘rganmisan? — deb so‘radi.
— Yo‘q, men uni ko‘rmaganman, innaykeyin, u ko‘zga ko‘rinmaydi ham, — deb tez javob qaytardi Ilyusha zaif tovush bilan. Uning tovushi yuzining ma’nosiz ifodasiga juda ham mos edi, — Men uni eshitganman… Boshqalar ham eshitgan.
— Uning uyasi qayer ekan? — so‘radi Pavlusha,
— Eski rolnya[2].
— Sizlar fabrikada ishlaysizlarmi?
— Bo‘lmasa-chi, ishlaymiz. Men Avdyushka bilan birga qog‘oz silliqlovchi bo‘lib ishlayman.
— Hali fabrika ishchisiman, degin?
— Qani, aytib ber-chi, sen alvastining sharpasini qanday eshitding? — deb so‘radi Fedya.
— Mana bunday. Akam Avdyushka bilan men, innaykeyin Fyodor Mixeevskiy, innaykeyin g‘ilay Ivashko, yana boshqa Ivashko, anovi krasniy xolmlik Ivashko-chi, o‘sha, innaykeyin yana Ivashko Suxorukov, innaykeyin yana bir qancha boshqa bolalar ham bor edi; hammamiz o‘ntacha kishi edik — smenamizdagilarning hammasi bor edi; Rolnyada tunab chiqishga to‘g‘ri keldi. Boshqa joyda tunashni nazoratchi Nazarov bizga taqiqlab qo‘ydi: — Bolalar, uyga borib ovora bo‘lib yurmanglar, — dedi, — ertaga ish ko‘p, shuning uchun, bolalar, uylaringga bormanglar, — dedi. Biz ham tunab qoldik, hammamiz birga yotdik. Bir vaqt Avdyushka gap boshlab: — Bolalar, agar alvasti kelsa nima qilamiz? — deb qoldi… Avdeyning gapi bitar-bitmas, to‘satdan bir narsa tepamizdan yurib ichkariga kirdi, biz pastda yotuvdik, u bo‘lsa tepadan, parrak oldidan kirdi. Bir vaqt, uning gursillab yurgani, oyog‘i ostidagi taxtalarning egilgan va qasir-qusir qilib singani eshitildi; mana, u bizning boshimiz ustidan oshib o‘tdi; birdan shovillab, shaldir-shuldir qilib parkka suv keldi; parrak taqir-tuqir qilib aylanib ketdi; ammo tarnovning og‘zi yopiq edi, shunday bo‘lsa ham suv tarnovdan pastga qarab oqib ketaverdi. Tarnovni kim ochib yubordi ekan deb, hayron bo‘ldik, parrak esa aylanib-aylanib, oxiri to‘xtab qoldi. Haligi narsa yana tepadagi eshik oldiga bordi, keyin narvondan pastga tusha boshladi, shoshmasdan, bitta-bitta qadam qo‘yib sekin tushdi; har qadamida narvon pog‘onalarining g‘irchillagan tovushi eshitilib turdi… Keyin u bizning eshigimiz oldiga keldi, ancha kutib turdi, bir vaqt eshik taraqlab ochilib ketdi. Qo‘rqib ketdik, ammo hech narsa bo‘lmadi… Bir zamon qarasak, qozonlardan birining sim chovlisi birdan o‘zidan-o‘zi qimirlab qoldi, asta yerdan ko‘tarilib, havoda lapanglab aylanib yurdi, ancha yurdi-yu, keyin yana joyiga kelib to‘xtab qoldi. Keyin boshqa qozonning halqasi mixidan chiqib ketdi, sal balandga ko‘tarildi-yu, yana qaytib joyiga tushdi; innaykeyin bir narsa eshik tomonga yurdi-da, xuddi kasal qo‘yga o‘xshab xirillab qattiq yo‘taldi. Hammamiz birdan yerga yiqildik-da, bir-birimizning pinjimizga kirib ketdik… O‘sha paytda qo‘rqqanimizdan yuragimiz tars yorilayozdi!
— Uni qara-ya! — dedi Pavel. — Uni nega yo‘tal tutibdi.
— Bilmadim, namgarchilikdan yo‘talgan bo‘lsa kerak. Hamma jim bo‘ldi.
— Kartoshka pishdimi? — deb so‘radi Fedya. Pavlusha qozonchadagi kartoshkalarga cho‘p suqib ko‘rdi.
— Yuq, hali xom… Baliqning sakrab suvni shapillatib o‘ynashini qara, — deb qo‘shib qo‘ydi u, daryo tomonga yuzini o‘girib, — cho‘rtanbaliq bo‘lsa kerak… Ana, yulduz uchib tushdi.
— Ha, bolalar, men sizlarga bir narsa aytib beraman, — dedi Kostya ingichka ovoz bilan: — Quloq solinglar, otam buni yaqindagina mening oldimda gapirgan edi.
— Xo‘p, aytaver, eshitamiz, — dedi Fedya itoatkorona tusda.
— Sizlar slobodka duradgori Gavrilani bilasizlar-a?
— Ha, albatta, bilamiz.
— Uning doim xafa bo‘lib, indamay yurishining sababini ham bilasizlarmi? Uni xafa qilgan narsani men sizlarga aytib beraman: bir kuni u, dedi otam, yong‘oq terib kelgani o‘rmonga kegibdi-da, yo‘lda adashib qolibdi, bir joyga, — og‘aynilar, qayergaligini xudo biladi, — boribdi. Yuraveribdi, yuraveribdi, ammo, yo‘lni sira ham topolmabdi; kech kirib, qorong‘i tusha boshlabdi. Shunda u daraxt ostiga o‘tirib, tong otishini kutmoqchi bo‘libdi, o‘tirishi bilan ko‘zi uyquga ketibdi. Uyqu aralash o‘zini birov chaqirganini eshitibdi. Uyg‘onib qarasa, hech kim yo‘q emish. U yana mudray boshlabdi, uni yana birov chaqiribdi. Ko‘zini ochib atrofiga qarasa, ro‘parasidagi daraxt shoxida suv parisi arg‘imchoq uchib o‘tirgan emish, pari uni, beri kel, deb imlab chaqirar, o‘zi esa qotib-qotib kular emish… Oy esa juda yorug‘, shunday yorug‘ ekanki, og‘aynilar, yorug‘ligidan hamma narsa baralla ko‘rinib turgan ekan. Suv parisi uni chaqiribdi-da, o‘zi oppoq bo‘lib, yashnab, daraxt shoxidagi arg‘imchoqda o‘tiraveribdi, xuddi toshboshli baliqchaga o‘xshar zmish, karas balig‘i bor-ku, u ham mana shunaqangi oqish, kumushrangda bo‘ladi… Duradgor Gavrila esini yo‘qotib, anqayib qotib qolibdi, suv parisi esa qah-qah urib kular, uni qo‘li bilan imlab chaqirar emish. Gavrila o‘rnidan turib, suv parisining oldiga borayotganida-chi, og‘aynilar, xudo unga aql kirgizibdi: cho‘qinib olibdi… Og‘aynilar, u ne mashaqqatlar bilan cho‘qinib olibdi, qo‘lim toshday qotib, asti qovushmay qoldi, debdi… Eh, gapini qara-ya! U cho‘qingan zamon suv parisi kulgidan to‘xtab, yum-yum yig‘lay boshlabdi… Yig‘lab-yig‘lab, ko‘z yoshlarini sochi bilan artar emish, uning sochlari esa sen ekkan nashaning bargiday yashil emish. Gavrila unga qarab turib-turib: «Nega yig‘layapsan, sehrgar go‘zal?» — deb so‘rabdi. Suv parisi o‘shqirib javob qaytaribdi: «Cho‘qinmasang bo‘lar edi. Ey, odamzod, umringning oxirigacha men bilan aysh-ishrat qilib o‘tganing yaxshi emasmidi; yig‘lashimga, qayg‘u-alamlarimga sening cho‘qinganing sababchi bo‘ldi; shu qilmishing uchun sen ham to o‘lguningcha qayg‘u va alamlardan chiqmagin»,— debdi. Suv parisi shu gaplarni aytibdi-yu, og‘aynilar, birdan yo‘qolib qolibdi. Gavrila esa shu zamoniyoq o‘rmondan qay yo‘l bilan chiqib ketishini bilib olibdi… Ana shu vaqtdan beri u hammavaqt xafahol bo‘lib yuradi.
— Uni qara-ya! — deb yubordi Fedya bir oz jimlikdan keyin. — Bunday o‘rmon ajinasi xristian qalbini qanday qilib shikastlay olar ekan, axir, u uning gapiga kirmadi-ku?
— Ishonmaydi-ya, — dedi Kostya, — Suv parisi cho‘l baqasiga o‘xshab ingichka, mungli tovush chiqaradi, deb Gavrilaning o‘zi ham aytibdi.
— Buni otangning o‘zi aytib berdimi? — deb savolini davom ettirdi Fedya.
— O‘zi. Men so‘rida yotib, hamma gapini eshitib oldim.
— Juda g‘alati-ya. Gavrila xafa bo‘lib nima qiladi?.. Suv parisi uni yoqtirib qolgan bo‘lsa kerak, shuning uchun uni oldiga chaqirgan.
— Ha, yoqtirib qolgan! — deb tasdiqladi Ilyusha. — Bo‘lmasam-chi! Suv parisi uni qitiqlamoqchi bo‘lgan, qitiqlashni xohlagan. Bu ularning — o‘sha suv parilarining qiladigan ishi.
— Suv parilari bu yerda ham bo‘lishi kerak, — dedi Fedya.
— Yo‘q, — dedi Kostya. — Bu yer ochiq yalanglik, bu joyda bo‘lmaydi. Faqat daryo yaqinroq, xolos.
Hamma jim bo‘ldi. Shu payt birdaniga uzoq bir joydan jaranglab, xuddi ingraganday cho‘ziq tovush keldi, bu — ba’zan jimjit kechalarda paydo bo‘lib, salmoq bilan kuchayib, osmonni yangratib, keyin sekin pasayib eshitilmay qoladigan sirli tovushlardan biri edi. Quloq solsang, hammayoq jimjitdek tuyuladi, lekin allaqanday tovush osmonni yangratib turadi. Go‘yo, osmonning yerga tutashgan joyida allakim uzoq vaqt qichqirganday, boshqa bir kishi o‘rmon ichida turib chiyildoq ovoz bilan qahqaha urib unga javob qaytarganday ko‘rinardi. Shu paytda daryo yuzidan vishillagan hushtak ovozi keldi. Bolalar seskanib, bir-birlariga qarab oldilar…
— Yo pirim! — deb pichirlab qo‘ydi Ilya.
— Eh, siz, anqovlar-ey! — deb qichqirdi Pavel. — Nega hovliqib qoldilaring. Buni ko‘ringlar, kartoshka pishibdi. (Bolalarning hammalari qozoncha yoniga o‘tirib hovuri chiqib turgan kartoshkani yeya boshladilar; faqat Vanyagina o‘z joyidan qimirlamadi.) — Kelmansanmi? — dedi unga Pavel.
Ammo u o‘zining chiptasi tagidan chiqmadi. Bolalar qozonchadagi kartoshkani tezda bitta qo‘ymay yedilar.
— Bolalar, — deb boshladi Ilyusha, — bizning Varnavitsada yaqinda bo‘lib o‘tgan gapdan xabarlaring bormi?
— To‘g‘ondagi voqeami? — deb so‘radi Fedya.
— Ha, ha, suv urib ketgan to‘g‘ondagi voqeani. Ajinasi ko‘p va o‘taketgan xilvat joy mana shu to‘g‘on. Uning butun tevaragini chuqur jarlar o‘rab olgan, jarlarda har xil ilonlar to‘lib yotibdi.
— Qani, nima voqea bo‘lgan edi? Ayt…
— Mana bunday voqea bo‘ldi. Fedya, sen Varnavitsada suvga cho‘kkan kishining go‘ri borligini bilmasang kerak; u odam bundan ancha vaqtlar ilgari, ya’ni hovuz juda chuqur vaqtida cho‘kib ketgan edi; hozir uning go‘rigina bor, go‘rning o‘zi ham kichrayib, bilinar-bilinmas tepacha bo‘lib qolgan… Yaqinda prikazchik itboqar Yermilni chaqirib: Yermil, pochtaga borib kel, — debdi. Bizda pochtaga hamma-vaqt Yermil boradi; uning hamma itlari o‘ldi; nimagadir uning itlari yashamaydi, nshqilib, hech qachon yashamaydi, Yermilning o‘zi esa yaxshi itboqar, hammaga yoqadi. Ana shu Yermil pochtaga borgan-u, shaharda uzoqroq yurib qolgan, qaytib kelayotganida mast ekan. Oydin kecha, hammayoqni oy yoritib turarkan… Yermil to‘g‘on orqali o‘tib kelgan: unga shu joydan yurishga to‘g‘ri kelib qolgan, Itboqar Yermil shunday kelayotib, suvga cho‘kkan odamning go‘ri ustida oppoqqina, chiroylikkina bir barra qo‘zichoqni ko‘rgan. Yermil ichida: qo‘zichoqni olib keta qolay, men olmasam ham bari bir nobud bo‘ladi, deb o‘ylabdi va otidan tushib, qo‘zichoqni qo‘liga olibdi… Qo‘zichoq esa yuvoshgina turaveribdi. Yermil otining oldiga borsa, oti ko‘zlarini chaqchaytirib orqaga tislanibdi, kishnab, boshini silkitibdi; lekin Yermil otni silab-siypab tinchlantiribdi-da, minib olibdi, qo‘zichoqni oldiga qo‘yib, yana yo‘lga tushibdi. Qo‘zichoqqa bunday bir qarasa, qo‘zichoq ham baqrayib, uning ko‘ziga tikilib qarab turgan emish. Itboqar Yermil qo‘rqib ketibdi; qo‘ylarning odam ko‘ziga bunday tikilib qaraganini sira ham ko‘rmovdim, deb o‘ylabdi. Yermil! «Barra qo‘zi, barra qo‘zi!» deb uning yunglarini silasa, qo‘y ham birdan, tishining oqini ko‘rsatib: «Barra qo‘zi, barra qo‘zi», — deyar emish…
Hikoyachining so‘zi shu joyga yetar-etmas to‘satdan ikkala it baravariga o‘rnidan turdi-da, qattiq vovullab gulxan oldidan chopib ketib, qorong‘ilik ichida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bolalar qo‘rqib ketishdi. Vanya yopinib yotgan chiptasi tagidan sakrab chiqdi. Pavlusha qichqirganicha itlar orqasidan chopdi. Itlarning vovullagan tovushi tezda yiroqlashdi… Podadagi hurkkan otlarning bezovtalanib har tomonga tartibsiz chopa boshlagani eshitildi. Pavlusha: «Seriy Juchka!» — deb qattiq qichqirdi. Bir ozdan keyin itlarniig vovullashi to‘xtadi; Pavelning ovozi uzoqlardan eshitildi… Yana bir oz vaqt o‘tdi; bolalar nima bo‘larkin deb, hayronlik bilan bir-birlariga qarardilar… Birdan chopib kelayottan otning tuyoq tovushi eshitildi; u taraqa-taraq qilib chopib kelib gulxanning oldiginasida to‘xtadi va uning yolidan mahkam ushlab olgan Pavlusha irg‘ib pastga tushdi. Itlarning ikkalasi ham gulxan yoniga chopib keldi-da, qip-qizil tillarini osiltirib o‘tirdi.
— Nima gap? Nima bo‘libdi? — deb so‘rashdi bolalar.
— Hech gap yo‘q, — dedi Pavel, — otga qo‘l siltab, — itlar bir narsaning sharpasini sezgan. Men bo‘ri kelgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edim, — deb qo‘shib qo‘ydi u, xotirjamlik bilan tez-tez nafas ola turib.
Men Pavlushaga ixtiyorsiz ravishda qiziqib qarab qoldim. Shu paytda u juda yoqimli edi. Otni tez choptirib kelgani uchun tetiklanib, qizarib ketgan xunuk yuzida jasurona mardlik va zo‘r qat’iyat ko‘rinib turardi. Shunday qorong‘i kechada qo‘liga kichkina cho‘p ham olmay, hech bir ikkilanmay yakka o‘zi bo‘ri quvlab ketdi… «Qanday bahodir bola-ya!» — deb o‘yladim unga qarab turib.
— Bo‘ri-mo‘rini hech ko‘rganmisizlar? — deb so‘radi qo‘rqoq Kostya.
— Bo‘ri bu yerda hammavaqt ko‘p bo‘ladi, — deb javob qaytardi Pavel. — Lekin ular qishdagina bezovta qiladi.
U yana gulxan oldiga yonboshlab yotdi. Yerga o‘tirayotib, itlardan birining paxmoq yungli orqasiga qo‘lini qo‘ydi, bunga xursand bo‘lgan it Pavlushaga mag‘rurona erkalik qilib, ko‘z qiri bilan qarab, tek turdi.
Vanya yana chipta tagiga kirib, yotib oldi.
— Ilyusha, sen bizga juda ko‘rqinchli narsalarni aytding-da, — dedi boy dehqonning o‘g‘li bo‘lganligi uchun gapni birinchi bo‘lib boshlab beradigan Fedya (o‘zi esa, oriyat qilganday bo‘lib, juda kam gapirardi). — Undan keyin, itlar ham bir yomon narsani sezib vovullab yubordi… Ha, sizlarning u joyingizda ajinalar borligini eshitganman.
— Varnavitsami?.. Bo‘lmasa-chi! Juda yomon joy! U yerda o‘lib ketgan qari barinning yurganini odamlar bir necha marta ko‘rgan emishlar. U keng chakmon kiyib yurar emish va oh tortib, yerdan allanarsani axtararmish. Bir kuni uni Trofimovich ota ko‘rib qolib: «Boy bobo, Ivan Ivanich, yerdan nimalarni izlab yuribsan?» —deb so‘rabdi.
— Trofimich ota undan so‘rabdimi? — deb Ilyushaning so‘zini bo‘ldi ajablangan Fedya.
— Ha, so‘rabdi.
— Trofimichga barakalla.. Xo‘sh, u nima debdi?
— Ochqich-giyoh[3] izlayapman, — debdi. — Ochqich-giyoh, — deb juda sekin aytibdi, — Boy bobo, Ivan Ivanich, ochqich-giyohni nima qilasan? — desa, — go‘r meni juda qisyapti, Trofimich, men tashqariga chiqmoqchiman, tashqariga… — debdi u.
— Uni qara-ya! — dedi Fedya. — Aftidan, dunyoda kam yashagan ekan.
— Voy tovba-ey! — dedi Kostya. — Men o‘lgan kishilar arvohlarga chiroq yoqiladigan shanba kunlarigina ko‘rinadi, deb o‘ylab yurardim.
— O‘lganlarning arvohlarini har vaqt ko‘rish mumkin, — dedi ishonch bilan Ilyusha (bolalarning suhbatlaridan payqashimcha, qishloqdagi xurofot va afsonalarni Ilyusha boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilardi…). Ammo, arvoh yo‘qlanadigan shanba kunlari tiriklarni, ya’ni shu yili o‘lish navbati kelgan kishilarni ham ko‘ra olasan. Kechasi butxonaning eshigi oldida ko‘chaga qarab o‘tirsang bo‘lgani, ko‘raverasan. O‘sha yili o‘ladigan odamlar yoningdan bitta-bitta o‘tib ketaveradi. Mana, o‘tgan yili Ulyana buvi butxona eshigi oldiga bir necha marta chiqib o‘tirgan ekan.
— Xo‘sh, u hech kimni ko‘ribdimi? — deb so‘radi qiziqib ketgan Kostya.
— Ha, albatta. Avvallari u hech narsa ko‘rmabdi va hech narsaning sharpasini sezmabdi. Faqat allaqayerdan itning akillagan tovushigina eshitilibdi, xolos… Birdan ko‘ziga: yo‘ldan ko‘ylakchan bir bola kelayotgani ko‘rinibdi. Tikilib qarasa, kelayotgan bola Ivashka Fedoseev emish…
— Bahorda o‘lib ketgan Ivashkami? — deb gapni bo‘ldi Fedya.
— O‘shaning o‘zginasi. Yurib kelayotgan emish-u, boshini ko‘tarmas emish… Lekin Ulyana uni tanibdi… Keyin yana qarasa, bir xotin kelayotgan emish… Unga yaxshi tikilib qarasa, xudoyo tovba qildim! Kelayotgan xotin Ulyananing o‘zginasi emish.
— Rosti bilan-a? — so‘radi Fedya.
— Azbaroyi xudo, o‘zi.
— Xo‘sh, ammo u hali o‘lgani yo‘q-ku?
— Hali bir yil o‘tgani yo‘q-da. Sen uning aftiga bir qarab ko‘r: rang-ro‘yi bir ahvolda, zo‘rg‘a qiltillab yuribdi.
Bolalar yana jim bo‘lishdi. Pavel bir tutam mayda quruq shoxni o‘tga tashladi. O‘t birdaniga alanga oldi, unga tashlangan shox qorayib, chirsillab tutab yona boshladi va o‘tda yonib bo‘lgan uchlari gajak bo‘lib yuqoriga ko‘tarildi. Gulxandagi o‘tning shu’lasi har tomonga, ayniqsa yuqoriga lipillab urib turardi. Shu paytda allaqayerdan oq kaptar uchib keldi-da, o‘zini to‘ppa-to‘g‘ri ana shu yorug‘lik quchog‘iga urdi va chiroyli tovlanib, bir joyda hurkibgina aylanib turdi-da, qanotlarini parillatib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
— Sheriklaridan orqada qolib, uyasini topolmay yurganga o‘xshaydi,— dedi Pavel. — Endi biror narsaga duch kelib qolguncha uchib yuraveradi: agar biror narsaga duch kelib qolsa, erta tonggacha o‘sha yerda uxlaydi…
— Pavlusha, — dedi Kostya, — bu kaptar biror aziz kishining arvohi emasmikin? A?
Pavel olovga yana shox tashladi va birmuncha vaqt jim turgandan keyin:
— Balki shundaydir, — deb qo‘ydi.
— Pavlusha, sizning Shalomovda ham osmon karomati[4] ko‘ringanmi? Aytib bersang-chi, — dedi Fedya.
— Quyosh ko‘rinmay qoldimi, deyapsanmi? Ha, albatta.
— Sizlar ham juda qo‘rqqandirsizlar-a?
— Birgina biz qo‘rqqanimiz yo‘q. Bizning barinimiz, karomat ko‘rasizlar, deb yurgan bo‘lsa ham, keyin o‘zi shunday qo‘rqibdiki, asti qo‘yaverasan. Barinnikidagi oshpaz xotin esa quyosh qoraya boshlaganda uchi ayri temir kosov bilan pechkadagi ko‘za va xurmachalarni urib sindirib tashlabdi: «Qiyomat bo‘ldi, endi hech kim ovqat yemaydi…» — debdi. Shunday qilib karam sho‘rva to‘kilib ketibdi. Bizning qishloqda esa, endi yer yuzida oq bo‘rilar to‘lib ketib, hamma odamlarni bir burdadan qilib yeb qo‘yar emish, yirtqich katta bir qush paydo bo‘lar emish, hatto Trishkaning[5] o‘zi ham ko‘rinar emish, — degan mish-mish gaplar tarqaldi.
— Trishka deganing nima o‘zi? — deb so‘radi Kostya.
— Sen hali bilmaysanmi? — deb qizishib ketdi Ilyusha. — E, og‘ayni, o‘zing qayerdansan? Trishkani bilmaysan-a? Sizlarning qishloq odamlari hech qayoqqa chiqmasdan, uylarida o‘tiraverib, dunyodagi gaplardan xabarlari ham yo‘q ekan-da. Tryashka shunday bir g‘alati odamki, bu odam shunday g‘alati bo‘lib keladiki, uni ushlab ham bo‘lmaydi, hech narsa qilib ham bo‘lmaydi: u mana shunaqa g‘alati odam bo‘ladi. Agar bordi-yu, masalan, dehqonlar ushlab olmoqchi bo‘lib tayoq bilan oldiga chiqib, tevaragini o‘rab olsalar, u ularning ko‘zini shunday shamg‘alat qiladiki, ularni shunday aldab qo‘yadiki, bir mahal qarasang, o‘zlari bir-birlarini do‘pposlashga tushib ketadilar. Agar uni, masalan, turmaga qamab qo‘yishsa, u ichish uchun cho‘michda suv keltirishni so‘raydi: unga cho‘michda suv keltirib berishadi, u esa cho‘michning ichiga sho‘ng‘ib kirib ketadi-da, g‘oyib bo‘ladi. Uni zanjirlar bilan bog‘lab qo‘yishsa, u qo‘lini bir silkitib, zanjirlarni uzib tashlaydi. Shunday qilib, bu Trishka qishloqma-qishloq, shaharma-shahar kezib yuradi: innaykeyin bu Trishka, ayyor kishi, xrestyanlarni aldab yuradi… ammo uni hech narsa qilib bo‘lmaydi… U ana shunaqangi g‘alati, mug‘ambir odam.
— Ha, shunday, — deb davom etdi Pavel salmoqdor tovushi bilan. — Shunaqa. Qishlog‘imizda odamlar ana shu Trishkaning paydo bo‘lishini kutadilar. Keksalar, karomat boshlanishi bilanoq Trishka paydo bo‘lar emish, deyishardi. Ana, karomat boshlandi ham. Hamma odamlar ko‘chaga, dalaga chiqib, nima bo‘lishini kutib turdi. Qishlog‘imizning hammayog‘i ko‘rinib turadigan yalang joyligi o‘zlaringga ma’lum. Odamlar qarab turishsa, Slobodka tarafdagi tepalikdan allaqanday g‘alati bir kishi kelyapti, boshi juda ajoyib; hamma birdaniga: «Voy, Trishka kelyapti! Voy, ana Trishka kelyapti!» — deb vahima bilan baqirib, har tomonga duv-duv qocha boshladi. Qishloq oqsoqolimiz o‘zini zovurga tashladi; uning xotini esa eshikka qisilib, ovozining boricha qichqirdi, itiki biram qo‘rqitib yubordiki, kayfi uchib ketgan it zanjirini uzib, chetandan sakrab o‘tib, o‘rmonga qochdi; Kuzmaning otasi Dorofeich esa yugurganicha pichan ustiga chiqib olib: «Bu jallod loaqal parrandaga rahm qilsa kerak, axir», — deb baqira boshladi. Hamma ana shunday qiy-chuv solib, ko‘rqib ketdi!.. Qarasak, bu kelayotgan kishi o‘zimizning bochkasoz usta Vavila ekan: u yangi yog‘och chelak sotib olib, boshiga kiyib kelayotgan ekan.
Hamma bolalar birdan kulib yuborishdi va yalanglik joyda gaplashib o‘tirgan odamlar o‘rtasida ko‘p uchragani singari, yana bir lahza jim bo‘lishdi. Men tevarak-atrofni tomosha qildim; hashamatli va ma’sum kecha: kechki oqshomdagi salqin havoning o‘rnini yarim kechaning namsiz iliq havosi olgan edi va u hali sokin dalalarning ustini uzoq vaqtgacha yumshoq parda singari qoplab turishi kerak edi; daraxtlarning ertalabki birinchi shitirlashlariga, shaldir-shuldir va g‘ir-g‘ir qilib eshitiladigan birinchi mayin tovushlarga, erta tongning birinchi shabnamiga hali ko‘p vaqt bor edi. Osmonda oy yo‘q — o‘sha mahalda kech chiqar edi. Son-sanoqsiz oltin yulduzlar yiltillab Somon Yo‘li tarafga astagina oqib borayotganday ko‘rinardi; ularga qarab tursangiz, nazaringizda yer hech to‘xtamay tez yugurib ketayotganday tuyulardi… To‘satdan daryo tomondan ikki marta g‘alati, keskin ingragan tovush eshitildi, bir necha sekunddan keyin bu tovush nariroqda takrorlandi…
Kostya qo‘rqib ketdi… «Bu nima?» — dedi.
— Bu, qarqaraning ovozi, — dedi Pavel osoyishtalik bilan.
— Qarqara, — deb takrorladi Qostya… — Men kecha bir tovush eshitdim, — deb davom etdi u, bir oz jim turgandan so‘ng, — balki sen, Pavlusha, nimaning tovushi ekanini bilarsan…
— Mana bunday tovush eshitdim. Men Kamennaya Gryaddan Shashkinoga borayotgan edim, oldin yong‘oqzordan yurib bordim, keyin o‘tloq bilan jarning tikka burilgan joyidan yurib bordim, u yerda sel suvlari yig‘ilib qolgan ko‘lcha bor; bilasanmi, bu joy hali ham qamishzor bo‘lib yotibdi: men qamishlar o‘sib yotgan ana shu chuqurlik yonidan o‘tib ketayotgan edim, birdan shu chuqurlik ichidan alla-kimning: «u-u… u-u… u-u!» — deb qattiq ingrab yig‘lagan tovushini eshitdim. Og‘aynilar, qo‘rqqanimdan yuragim «shuv!» etib ketdi, chunki vaqt juda kech va buning ustiga bu tovush haddan tashqari mungli edi. O‘rnimda bo‘lganingda, balki o‘zing ham yig‘lab yuborar eding… Bu nima ekan-a?
— O‘tgan yili shu qamishzordagi ko‘lga o‘g‘rilar o‘rmon qorovuli Akimni cho‘ktirib yuborgan edilar, — dedi Pavlusha, — ehtimol, o‘shaning arvohi yig‘layotgan bo‘lsa…
— Shundaymi hali, og‘aynilar, — dedi Kostya, o‘zining shokosa ko‘zlarini yanada kattaroq ochib… — Akimni u chuqurlikka cho‘ktirib yuborganlarini bilmasdim-da, agar bilsam, unchalik qo‘rqmagan bo‘lar edim.
— Yana, — deb so‘zida davom etdi Pavel, — ana shunday mungli tovush bilan qurillaydigan mayda qurbaqachalar ham bo‘ladi, deyishadi.
— Qurbaqachalar? Yo‘g‘-ey, bu qurbaqa emas… bu qanday qilib… (Qarqaraning daryo tomondan qichqirgan tovushi yana keldi). Uni qara-ya! — deb yubordi Kostya beixtiyor suratda. — Xuddi alvastiga o‘xshab qichqiradi-ya.
— Alvasti qichqirmaydi, u soqov, — dedi Ilyusha, — u qarsak chaladi, xolos.
— Sen alvastini ko‘rganmisan o‘zing? — masxara qilgandek uning so‘zini bo‘ldi Fedya.
— Yo‘q, ko‘rgan emasman, xudo uni ko‘rgulik qilmasin; ammo uni boshqalar ko‘rgan. Mana, yaqinda u bir dehqonni dovdiratibdi: uni o‘rmonning bir yalanglik o‘tlog‘i atrofida aylantirib olib yuraveribdi… Dehqon uyiga tong paytida zo‘rg‘a kelibdi.
— Xo‘sh, u alvastini ko‘ribdimi?
— Ko‘ribdi. «Juda ham katta, qop-qora narsa ekan. Xuddi daraxt orqasiga bekinganday o‘ranib olibdi. O‘zini yaxshi ko‘rib bo‘lmaydi, xuddi oydan yashiringanday turadi, kichkina ko‘zchalari bilan qarab-qarab qo‘yadi, ko‘zchalarini pirpiratadi…», deydi.
— He, basharasi qursin! — dedi Fedya, sal seskanib va yelkalarini uchirib.
— Bu yaramas narsa haqiqatan ham nima uchun dunyoga keldi ekan? — dedi Pavel.
— So‘kma, ehtiyot bo‘l, eshitib qoladi, — dedi Ilya. Yana jimlik boshlandi.
Shu paytda Vanya:
— Bolalar, uni qaranglar, uni qaranglar,— deb shovqin soldi. — Uni qaranglar, osmondagi yulduzchalarga qaranglar, xuddi ari galasiga o‘xshaydi!
U o‘zining tiniq yuzini chnpta ostidan chiqarib, mushtiga tiraldi-da, harakatsiz katta ko‘zlari bilan asta yuqoriga qaradi. Hamma bolalar osmonga qaradilar va uzoq tikilib turdilar.
— Ha, Vanya, — dedi erkalatuvchi ovoz bilan Fedya, — opang Anyutka sog‘-salomatmi, yaxshimi?
— Yaxshi, — dedi Vanya chuchuk tili bilan.
— Sen undan so‘ra, u nima uchun biznikiga kelmayapti?
— Bilmayman.
— Unga ayt, kelib-ketib tursin.
— Aytaman.
— Yana ayt, men unga qandu qurslar beraman.
— Menga ham berasanmi?
— Senga ham beraman.
Vanya eshitilarli qilib chuqur xo‘rsindi.
— Yo‘q, menga kerak emas. Unga bera qol, opam juda yaxshi, mehribon qiz.
Shu so‘zlarni aytgandan keyin, Vanya boshini yana yerga qo‘ydi. Pavel o‘rnidan turib, bo‘sh qozonchani qo‘liga oldi.
— Qayerga ketyapsan? — deb so‘radi Fedya.
— Daryodan suv olib kelmoqchiman, chanqadim.
Itlar o‘rinlaridan turib, uning orqasidan ketishdi.
— Ehtiyot bo‘l, daryoga yiqilib ketmagin! — deb qichqirdi Ilyusha uning orqasidan.
— Nega yiqilarkan? — dedi Fedya. — U ehtiyot bo‘ladi.
— Ehtiyot bo‘ladi, deysan-da. Har qanday ishlar bo‘lishi mumkin: u suv olish uchun engashsa, daryodan suv odami chiqib uni suvga tortib ketadi. Undan keyin kishilar bolagina daryoga yiqilib cho‘kib o‘lgan emish, — deb yurishadi… Yiqilmaydi, deysanmi? Ana-ana, qamish ichiga kirib ketdi, — dedi u quloq solib turib.
Qamishlarning orasi ochilganday bo‘lib, shitirlay boshladi.
— Tentak Akulina suv tagiga tushib chiqqandan beri jinni bo‘lib qolgan, deyishadi, rostmi? — deb so‘radi Kostya.
— Suv tagiga tushib chiqqandan beri… Hozir bir holatda-ya1 Ammo ilgari juda chiroyli bo‘lgan ekan. Suv odami uni aqldan ozdirib qo‘ygan, deyishadi. Aftidan, u tezda qutqarib olinishini kutmagan ekan. Ana shunday qilib, suv odami uni suv tagida jinni qilib qo‘ygan.
(Bu Akulinani men o‘zim bir necha marta ko‘rgan edim. Juldur kiyimli, haddan tashqari ozg‘in, ko‘mirday qora — saxtiyon yuzli bu xotin doim tishlarini irjaytirganicha atrofga ma’nosiz qarab, cho‘pdek ingichka qo‘llarini ko‘kragiga mahkam bosib, goh bir oyog‘ini va goho ikkinchi oyog‘ini yerga qo‘yib, yo‘l ustida, bir joyda necha soatlargacha xuddi temir qafasdagi vahshiy hayvondek lapanglab turardi. U hech bir gapni anglamaydi, ba’zan titrab-qaqshab xaxolab kuladi, xolos).
— Akulina,— deb so‘zini davom ettirdi Kostya, — sevgani aldagani uchun o‘zini suvga tashlagan emish.
— Xuddi shuning uchun.
— Vasya esingdami? — deb xafalik bilan so‘radi Kostya.
— Qaysi Vasya? — dedi Fedya.
— Mana shu daryoga cho‘kib ketgan Vasya-chi, o‘sha, — deb javob qaytardi Kostya. — Qanday yaxshi bola edi-ya! Esizgina, qanday alomat bola edi-ya! Onasi Feklista uni — Vasyani juda yaxshi ko‘rardi. Feklista uning suvga cho‘kib o‘lib ketishini xuddi oldindan sezib yurganday bo‘lardi. Vasya yozda biz bilan, bolalar bilan birga cho‘milgani daryoga ketayotgan paytlarda, onasi tipirchilay boshlardi. Boshqa xotinlar hech narsa demay, kir tog‘oralarini ko‘tarib yonimizdan o‘tib ketaverardilar. Feklista esa tog‘orasini yerga qo‘yib: «Qayt, buyoqqa, qayt, borma, qo‘zichog‘im! Hoy, qaytsang-chi, bolaginam!» — deb uni chaqira boshlardi… Uning daryoga qanday cho‘kib ketganini hech kim bilmaydi. U daryo qirg‘og‘ida o‘ynab yurardi, onasi ham yonginasida turib pichan bog‘larini taxlardi, shu vaqt onasiga birdan allakimning suvni shaloplatib, og‘zidan varaqlatib ko‘piklar sochgani eshitilib qoladi, qarasa — suv yuzida Vasyaning shapkasi oqib yurgan emish. Feklista ana shunda aqldan ozib qolgan: qachon qarasang, u Vasya suvga cho‘kkan joyga kelib yotadi-da, ashula aytadi, eslaringdami, Vasya hammavaqt bir ashulani aytar edi-ku, u o‘sha ashulani aytib yig‘laydi, o‘ksib-o‘ksib yig‘laydi.
— Ana, Pavlusha kelyapti, — dedi Fedya.
Pavel qozonchada liq to‘la suv ko‘tarib gulxan oldiga keldi.
— Bolalar, bilasizlarmi, — deb so‘z boshladi u, bir oz jim turgandan keyin, — ish yomon.
— Ha, nima gap? — shoshib so‘radi Kostya.
— Men Vasyaning ovozini eshitdim. Hamma bolalar titrab ketdilar.
— Nima deding, nima deding? Rosti bilan-a? — dedi Kostya dovdirab.
— Xudo ursin, rost. Suvga endi engashayotgan edimki, birdan Vasyaning ovoziga o‘xshagan bir ovoz: «Pavlusha, hoy Pavlushajon, buyoqqa kel», — deb meni chaqirdi, ovozi xuddi daryoning tagidan eshitilganday bo‘ldi. Men shoshilganimcha qozonchaga suv olib, daryo labidan yiroqlashdim.
— Ey xudo-e, ey xudo-e! — deb yuborishdi bolalar, cho‘qinib turib.
— Pavel, unday bo‘lsa, seni suv odami chaqiribdi, — dedi Fedya. — Hozirgina biz Vasya to‘g‘risida gaplashib turgan edik.
— Obbo… bu yomon narsaning alomati-ku, — dedi Ilyusha o‘rnidan bir qo‘zg‘alib qo‘iib.
— Xayr, qo‘yaver, hechqisi yo‘q! — dedi Pavel qat’iy qilib va yana o‘tirdi. — Peshonada yozilganini ko‘rmay iloj yo‘q.
Bolalar churq etmay qoldilar. Pavelning so‘zidan qattiq ta’sirlanganlari ko‘rinib turardi. Ular uxlamoqchi bo‘lgandek gulxan yoniga joy to‘g‘rilay boshladilar.
— Bu nima? — deb so‘radi to‘satdan Kostya, boshini sal ko‘tarib.
Pavel quloq soldi.
— Bu, chiyillab uchib ketayotgan loyxo‘raklarning tovushi.
— Ular qayoqqa uchib ketishyapti?
— Qish bo‘lmaydigan taraflarga.
— Qish bo‘lmaydigan joylar ham bormi?
— Bor.
— Uzoqdami?
— Juda uzoqda, issiq dengizlar orqasida. Kostya chuqur nafas oldi-da, ko‘zlarini yumib, uxlab qoldi.
Bolalarning yoniga kelib o‘tirganimga uch soatlardan ortiq bo‘lgan edi. Nihoyat, oy ham chiqdi; men uning chiqqanini darrov payqamadim, chunki u juda kichkina va nafis edi. Bu oysiz kecha ham xuddi avvalgidek hashamatli ko‘rinardi… Ammo bundan bir oz vaqt ilgari baland osmonda turgan ko‘pgina yulduzlar endi yerning qorayib ko‘ringan chetlariga engan edilar; hamma narsa odatda faqat tongotar paytdagina jimlik quchog‘iga kirgandek, butun tevarak-atrof jimjit edi; hamma narsa tong paytidagi qattiq shirin uyquda orom olmoqda edi. Havoning hidi endi uncha yoqimli emasdi, havo yana salqinlashganday bo‘ldi… Yoz kechalari kalta!.. Gulxan so‘na boshlagan sari bolalarning tovushlari ham asta-sekin tina boshladi… Hatto itlar ham mudrardilar; yulduzlardan tushib turgan sarg‘ish kuchsiz yog‘dular ichida otlarning boshlarini solintirib yotganlari arang ko‘rinardi… Ko‘zimni sal uyqu oldi, keyin meni mudroq bosdi.
Salqin shabada yuzimni silab o‘tdi. Ko‘zimni ochsam, tong ota boshlagan ekan. Hali tonggi qizillik bo‘lmasa ham, sharq tomon oqarishib qolgan edi: garchi xiraroq ko‘rinsa ham, harholda hammayoq ko‘rinarli bo‘lib qoldi. Oqish-kulrang osmon tobora yorishib, oqarib, moviy tusga kirmoqda edi; yulduzlar miltillab yonib-o‘chib turardi, yerlar namlangandi, barglarda mayda shabnam donalari tizilib yotardi; unda-bunda qattiq tovushlar, ovozlar eshitila boshladi: ertalabki mayin shabada yer ustida erkalanib sayr qilmoqda edi. Badanlarim bu shabadaga yoqimli, yengil qaltirash bilan javob qaytardi. Men sapchib o‘rnimdan turib, bolalar oldiga bordim. Ular tutab yonib turgan gulxan tevaragida qattiq uxlab yotardilar; faqatgina Pavel uyg‘ondi-da, bir oz ko‘tarilib, menga tikilib qarab turdi.
Men bosh qimirlatib, «xayr» degan ishorani qildim va hovuri chiqib turgan daryo bo‘ylab o‘z yo‘limga jo‘nadim. Ikki chaqirimcha yurmasimdanoq tevaragimdagi keng nam o‘tloqqa, old tomonimdagi yashil tepaliklarga, qator ketgan o‘rmonlarga, orqa tarafimdagi uzun chang yo‘lga, yiltillagan qizil butalarga, siyraklashayotgan tuman ostidan uyalib qarab turuvchi daryoga kuchli, issiq yorug‘likning avval och-qizil, keyin qizil rangdagi zarrin to‘lqinlari quyila boshlagan edi… Hamma narsa tebranib ketdi, birdan uyg‘ondi, kuylab yubordi, shovqin ko‘tardi, tilga kirdi. Hammayoqda yirik shudring donalari qizg‘ish tusda olmosday yaltirab turardi; ro‘paramdagi butxona qo‘ng‘irog‘ining tovushi, xuddi ertalabki salqin havodan nafas olib yayraganday, aniq va ravshan eshitildi, shu onda to‘satdan menga tanish bolalar dam olgan yilqilarini haydab, yonimdan ot choptirib o‘tib ketdilar…
Afsuski, Pavelning o‘sha yili o‘lganini hikoya oxirida aytib o‘tmog‘im lozim bo‘ladi. U suvga cho‘kib emas, otdan yiqilib o‘libdi. Esizgina, ko‘p yaxshi bola edi!
1851
Rus tilidan Madamin Ibrohimov tarjimasi
______________________
[1] Lapti — kanop shippak (tarj.).
[2] Katta qozonlardagi suyuq qog‘oz massasi chovli bilan suzib olinadigan bino qog‘oz fabrikalarida rolnya yoki chovlixona deb ataladi. Bunday bino to‘g‘onning oldida, parrak tagida bo‘ladi. (Avtorning izohi.).
[3] Ochqich-giyoh — xalq afsonalarida qulf va tambalarni ochib yuboradigan o‘simlik.
[4] Bizda dehqonlar quyosh tutilishini shunday deb atashadi. (Avtorning izohi).
[5] «Trishka» to‘g‘risidagi irim-chirim (e’tiqod) dajjol haqidagi afsonaga asoslangan bo‘lsa kerak. (Avtorning izohi).