Ivan Franko. Feruza (hikoya)

Polsha mamlakatiga tobe Galitsiya o‘lkasida yashovchi “rusinlar” turmushidan olingan. Galitsiya Jahon harbidan burun Avstriyaga qarardi. Harbdan so‘ng (hozir) Polsha qo‘lida edi. “Rusinlar” nash’at va til e’tiboralari bilan ukrainalilarga, ya’ni maloruslarga yaqindirlar.

Feruza “mehmon” kutadi

– Ivan, Ivanjon, jonimning malhamginasi!
– Xo‘sh, nima deysan?
– Sen o‘zing shu kunlarda allaqanday qattiq ko‘ngil, badmuomila bo‘lib qolibsanki…
– Ayt, axir, nima demakchisan?
Kuzning shamoli Borislaf shaharchasining tor ko‘chalarida g‘uvullab, hushtak chalib aylanar va bir kun burun shaxtadan qo‘porilgan nam uvoqlarini har tomonga irg‘itib o‘ynardi. Tun esa juda qorong‘i.
– Xo‘sh, qachongacha men bu yerda sening gap boshlashingni kutib turaman? Shunday shamolda bu yerga, ko‘chaga, nima uchun chaqirib chiqding meni? Gapir.
– Men sening bilan haligiday… burunlari o‘z qishlog‘imizda gaplashardik-ku… Ana shunaqasiga gaplashayin, deb edim.
– Obbo! Toza topibsan gaplasha turgan paytni, bu joyni! Ayta qol tezroq, nima demakchisan, ko‘rmay yotibsanmi axir, shunday dildirab qoldim?
– Ko‘rib yotibman, ko‘rib yotibman, – uning ovozi qaltirar va ul o‘zi Ivandan ortiqroq ushub dildirab edi.
– Ivan… ko‘rinadikim, endi sen meni sevmaysan… yoki sevsang ham burungiday emas.
– Xa, xa, xa! Qayerdan bilding sen muni?
– Anovi-chi, Ganga degan dumaloq yuzliging-chi… Har oqshom sen o‘shaning ketidan chopasan…
– Tuf senga! Uning ketidan men chopar emishman!.. Ul o‘zi chopadi mening ketimdan. Men qandoq qilay axir, ketimdan ergashishini qo‘ymasa o‘zi?
– Nega bo‘lmasa meni haydab yotibsan?
– Ey, sen hadeb o‘zingni gapirasan, xolos. Nima kerak senga? Bir narsaga zoriqqanmisan? Aytgil axir, o‘zing nima bilasan, sen bir narsaga zoriqqanda men hech qaytargan emasman.
Qiz bir “uh” tortdi.
– “Zoriqqaningda” emish! Sen bilsang edi agar mening qanday zoriqqanimni!.. Nimasini aytay… Menga bir narsa kamlik qiladi, Ivancha.
– Nima ekan?
– Sen.
– Men yoningdaman-ku!
– Nima chiqardi undan? Modomiki, sen meni unutding, sen meni sevmaysan. Sen bilan birga bo‘lsam, hech narsaga zoriqishdan qo‘rqmas edim. Sen uchun har qanday og‘irlikka ham chidar edim.
– Iy, esing yo‘q sening, – deb qizning so‘zini bo‘ldi Ivan, – esing yo‘q, dedim, tamom, “Gangaga berilib ketding”, deb valoqlaysan, men bo‘lsam Ganga to‘g‘risida o‘ylamayman ham.
So‘ngra qizga yaqinlashdi. Va uni ko‘ksiga tortib turib ancha yumshoq va sekin ovoz bilan dedi:
– Qo‘rqma, Feruza, men seni unutmayman. Esingda bormi, unda daraxt ostida qilgan ahdim. Ikkovimiz ham endi bir ozgina qiynalamiz, xolos… Senga qiyin bo‘lganini men bilmaymanmi? Hozir menga ham oson emas. Yana ikki haftagina… Tinchlan endi. Kafamizga qaytaylik. “Dir-dir” qaltirab yotibsan, ushub qolibsan. Yur, ikkovimiz traktirga kiraylik. Yur, isinib olasan. Sening uying juda olis, axir.
– Men hali nima…
– Yura qol, gap sig‘maydi.
Shunday qilib qizni kuch bilan derlik-traktirga olib kirdi. Unda odam zich edi. Ishchilar, ishchi xotin-qizlar to‘lganlar. Havo yomon dam bo‘lgan. Neftli ko‘ylaklardan nafasni bo‘g‘uvchi bir hid ko‘tarilgan, qichqirib kulishlar, araq hidlari yuksalgan.
Ularga hech kim e’tibor qilmadi. Ikkalasi pechka yonidagi ustalga o‘tirdilar.
Feruza o‘zining eng yomon dushmani, mana bu Ivanning ko‘ngli tufaylidan o‘ziga kundosh bo‘lgan Gangani izlab, butun tegrasiga qiziqish bilan ko‘z yugurtib chiqdi.
Ganga yo‘q edi, shuning uchun u erkin nafas oldi. Bir kichkina stakanchada vishnyovka ichib, bir oz isingach, ochilib gapira boshladi. U o‘z qishlog‘ini va undagi tanish-bilishlarini bir-bir eslab o‘tdi. Oxirda Ivanning boshini o‘ziga tomon engashtirib turib, pichirladi:
– Yangi gap topib qo‘ydim.
– Qanday yangi gap?
– Mehmon kutayotibman.
– Mehmon, kim ekan u?
– Qani, topgil-chi o‘zing.
– Senikiga kelmakchi bo‘lgan mehmonni qaydan bilay men?
– Bilishing kerak.
– Bilishim kerak, kim bo‘ldi endi u mehmon?
– O, shunga ham aqli yetmaydi-ya.
So‘ngra Feruza Ivanning qulog‘ini hazil bilan bir cho‘zdi-da, dedi:
– Umi, u bola, sening bolang, Ivan.
U bu so‘zni to‘ppa-to‘g‘ri, xursand bo‘lib turib aytmakchi edi, na ko‘ngli, na ovozi bu tilagiga unamadi. Yuragi urib, qaltirab ketdi. U bilar edikim, ko‘p narsa, balki-da, uning butun hayoti – mana shu so‘zning Ivan tomonidan qanday qabul qilinishiga bog‘liq.
Feruza o‘zida onalik vaziyatini sezgandan beri, shu narsani Ivanga qanday qilib aytish to‘g‘risida o‘ylar va shuni o‘ylab qo‘rqar edi. Albatta, bir narsa deydi Ivan – nima deydirkin. Endi shu tobda u gap og‘zidan chiqib ketgandan so‘ng, sho‘rlik qiz, xuddi og‘ir bir ishda ayblanganday, xuddi Ivandan allaqanday mudhish bir hukm kutganday, rangi oppoq oqarib, qo‘rqib o‘tirar edi.
Ivan uchun esa, go‘yo, bu narsaning sira, aslo ahamiyati yo‘q kabi edi. U boshini teskari burdi, ko‘zini shipga tomon ko‘tardi va astagina hushtak chala boshladi, so‘ngra Feruzaga qarab, xuddi eshitmagan kabi, so‘radi:
– Xo‘sh, yana bittagina ichasanmi?
– Yo‘q, ichmayman, – dedi qiz sekingina.
Ivan o‘ziga bir stakan pivo so‘ratib oldi-da, jim bo‘ldi. Feruza esa, qimirlab ketishdan ham qo‘rqib, toshday qotib turardi. “Endi bitdi har narsa, – degan o‘ylar aylanardi uning boshida. – U meni sevmaydi. U meni mana shu botqoqqa tashlab ketadi”.
Traktir “guv-guv” qilar va qaynardi. Feruza bo‘g‘ila boshladi. Uning ko‘kragini allanarsa kelib qisganday bo‘lardi. O‘rnidan turdi.
– Xo‘sh, ketayotibsanmi?
– Ha!
Ivan o‘rnidan qo‘zg‘olmadi, “bir oz o‘tir” ham demadi, hamon o‘sha shipga tikilishda davom qildi. Qizning ko‘zlarida yoshlar qo‘zg‘olmoqqa boshladilar, lekin u iroda kuchi bila ularni qaytardi.
– Tun oydin.
– Tun oydin.
Ko‘chaga chiqib edikim, shamol uni darrov o‘zining sovuq quchog‘iga tortdi, kiygan kiyimining etaklarini yirtdi, yuzlariga neftli yerning qora tuzlarini keltirib urdi, shunda ham qiz sho‘rlik hech narsani sezmas edi. Negakim, uning o‘z ko‘ngli shu topda ko‘chadan ham qorong‘iroq va sovuqroq edi…

Konlarda

Borislaf shaharchasining bir chetida, qo‘rg‘on tashqarisidagi qirda zovurlardan kavlanib olina turgan yer mumining katta bir ombori bor. Bu ombor Linden degan katta bir mushtumzo‘rning xususiy mulki edi. U ombor deganimiz ulkan bir yog‘och binodan iborat bo‘lib, uning to‘rt tomoni chuqur zovurlar bilan o‘ralib olingan, dovollarning oldiga esa zovurlardan kavlab olingan xom tuproqlar uyilib tashlangan edi. Yolg‘iz zambarg‘altaklarning qatnashi bilan ochilgan tor yo‘laklar, bir tomondan – o‘sha tuproq uyumlari orasidan chiqib kelib, omborning darvozalariga tomon uzalib ketardilar.
Orqada, ombor derazalari ro‘baro‘sida, qo‘shimcha solingan ikkita choldovol bo‘lib, unda ombor qorovuli yashar edi. Bu choldovol yuksak tuproq uyumlari orasida berkinib qolib ketganligidan uning kichkina terazachalari orqali quyosh shu’lalari juda siyrak o‘tardi.
Qorovul bolalarni boshqa odamlarga tarbiyaga berib yuborgan “beva” bir kishi edi. Lindendan olgan ish haqlaridan tashqari ham biror narsa olmoq istagan qorovul choldovolning ikki xonasidan birini ishchi xotinlarga yotoq uchun ijaraga qo‘ygan edi. U o‘zi yolg‘iz bir xonaga ham qanoat qilar edi – baribir o‘zi ham tunlarning ko‘pini ombor qo‘rishda o‘tkazgani uchun oz uxlardi. U vaqtlarda hali Borislaf shaharchasi politsani ham bilmas edi.
Tunning anchaga yetib qolgan vaqti. Tor, iflos va dimoqni bo‘g‘uvchi xona ishchi xotinlar bilan to‘lgan. Yalang‘och dovollar, ohak bilan naridan-beri oqlangan taxtalar, ularning biriga allaqanday surat yopishtirilgan va yana bir bo‘lak ko‘zgucha osilib qo‘yilgan.
Bir burchakda ko‘rpa-to‘shagi poxoldan iborat bo‘lgan uch taxtali bir yog‘och kart turadi. Teraza oldida baland-baland uch oyoqli kichkinagina ustalcha, xona ichida ko‘zga ko‘rina turgan narsalarning barchasi – mana shundan iborat. Na pechka, na oshxona asbob, na ko‘rpa-to‘shak va na sandiqdan asar yo‘q.
Kart bo‘sh qolgani holda, past yerda xuddi bochkadagi mayda baliqlarga o‘xshab allaqancha va allaqanday odamlar uyilishib yotadilar. Ular og‘ir-og‘ir va qattiq hansirash bilan nafas oladilar va xona ichidagi g‘ira-shirada bir joyga tashlab qo‘yilgan kir ust-boshlari uyumiga o‘xshab ko‘rinalar. Bu, ishchi xotinlarning yotoqxonasi.
Xotinlar, qizlar, yosh-yosh juvonlar muhtojlik orqasida uzoq yerlardan surilib kelganlar. Butun kunduzi bilan ishlab horgach, ular endi sovuq va yalang‘och yerda, qo‘llari ustiga bosh qo‘yib va bir-birlariga mahkam yopishib yotalarkim, bu, birinchidan, joy torligi uchun bo‘lsa, ikkinchidan – issiq yotmoq uchundir.
Ularning yuzlari muhtojlik orqasida sap-sariq bo‘lgan, qo‘llari esa tuproqdan va yer mumidan yana bir qavat teri orttirgan… Ustlaridagi titilib ketgan kiyimlari gavdalariga zo‘rg‘a-zo‘rg‘a ilashib turadi. Mehnat va hasrat bilan donglangan qari chehralari ham yosh chehralar bilan bir qatorda yotalar. Ulardan hali go‘zallik izlari yo‘qolmagan bo‘lsa-da, vaqtidan burun yoqalariga yopishgan og‘ir mehnat, muhtojlik va buzuqlik – u yuzlarni erta-qachon so‘ldirib bitirgan.
Xonada jimlik; yolg‘iz ba’zi-ba’zida birortasi tushida bosinqirab qichqiradi, qo‘llarini to‘lg‘aydi, uyqu orasida allakimlarga la’nat o‘qiydi. Yoki yonida yotganini quchoqlaydi. U, balki, tushida sevgan yigitini quchoqlab yotgandir.
Ularning hammasidan ham tinchsiz yotgan ana u kampirdir. Bir zamon butun qishloqda yakka-yagona ro‘zg‘or egasi bo‘lgan xotin – o‘sha edi. Hozir uni gadoydan ayirish qiyin. Butun kunduzi bilan ishlab, ozgina narsa topadi: qari suyaklarida darmon qolmagan, uning darmoni omborning bir burchida o‘ltirib olib, zovurdan chiqqan tuproqlarni tozalashgagina yetadi. Bu ishi uchun unga kunda uch “sheska” haq beradilar.
Lekin kechalari unga jon kiradi. Aftidan, xuddi o‘sha vaqtlarda yashab o‘tkazgan rohat kunlari ko‘nglida qayta tiriladi, shekilli.
Xirxiragan ovozi bilan u, kampir, o‘zining qiz chog‘idagi ko‘pdan unutilib ketgan qo‘shiqlarni kuylaydi. Chiroylik liboslarini ko‘zgu oldida tutib tuzatayotganday, juldur engillarini ushlab-ushlab qo‘yadi. Burungi qadrdon qo‘shnilari bilan gaplashib, yangi marjonlarini maqtab yotganday kibr bilan boshini qimirlatadi. So‘ngra yana allaqanday la’natlar, og‘ir ho‘ngrashlar, dod-voylar bilan bir-bir ketin chiqib keladi. Undan keyin yana qo‘shiq parchalari… va butun kecha shu ahvol.
Uning yonida yotgan xotin bu bosirqishlar orqasida necha martaba uyqusidan uyg‘onadi, hadeb kampirni haydaydi va “tinch yotsin”, deb biqiniga turtadi – lekin hech bir foydasi bo‘lmaydi. Uyqudan uyg‘ongach, kampir tushida ko‘rganlarining hech birini eslamaydi, lekin uyquda tinch yotish ham sira qo‘lidan kelmaydi.

Feruzaning tashvishi

Teraza oldidagi kichkina ustalcha ustida tozalanmagan yer mumidan sariq bir sham’ yonib turadi. Uning olovi hadeb pirillaydi. Va bir xilda yonmagani uchun uxlab yotgan ishchi xotinlarning ustallariga chuchmal ko‘lagalar tashlaydi.
Ustal oldida quyi egilib bir qiz o‘tiradi. Butun shu uyda uyqusi qochgan odam bolasi shudir. U xafa. Uning qayg‘uli ko‘zlari yignaning shoshilish harakatini kuzatib boralar. U shu topda ko‘ylakcha – kichkina bir ko‘ylakchani tikib o‘tiradi, qorong‘i kechalarda zo‘r berib tikadi, negakim, kunduz kuni boshqa ishi bor, undan bo‘shayolmaydi.
– Gangani o‘ylamayman ham, dedi…
Qizning boshida xunuk o‘ylar yuradi.
– Balki bu gapi to‘g‘ridir-da. Lekin nima uchun u meni sevgan yo sevmaganini ochiq aytmaydi. Ey, gapirishning nima keragi bor. Men o‘zim ko‘rmay yotibmanmi? Yo‘q, u meni sevmaydi. Mening to‘g‘rimda o‘ylamaydi ham u – bergan va’dasini unutdi, ba’zida quruq so‘z bilan o‘sha va’dasini esga olib qo‘yishlariga ishonib bo‘lmaydi. So‘z nima degan narsa o‘zi, o‘tkinchi shamol, boshqa narsa emas U meni masxara qilib, mendan kulayotganga o‘xshaydi. Mening ahmoqligimga – uni deb, otam, onam, hovli-joylarimdan kechganimga kulayotgandir. Chinakam, har narsamni, hamma narsani berdim men unga. Endi kelib mendan olinaturgan narsa qolmagandan so‘ng men unga kerak bo‘lmay qoldim, ko‘ziga yomon ko‘rinib qoldim.
Shunday qilib uning yuzlarida yana burungi yoshlar qo‘zg‘ola boshladilar. Yolg‘iz bu daf’a qiz sho‘rlik u yoshlarni to‘xtatmadi, qaytarmadi. Yigna yurishdan to‘xtadi. O‘zi ham sababini bilmagani holda, Feruza, sham’ning oloviga nazar soldi. Olov ustidan ko‘m-ko‘k tutun ko‘tarilgan va quyuq tuman shaklida shipga solingan edi. Qizning boshi og‘ridi.
Bu vaqtda shamol tashqarida hushtak chalar, teraza va eshiklarning yorig‘idan o‘tib, sho‘rlik qizning badanlariga sovuq changalini botirardi.
Feruza bir yig‘lab olib, shu bilan ancha yengilladi.
– Yo‘q, u meni sevadi. U meni sevmay qo‘ysa, men o‘lib qolar edim. Men unga nima qilib qo‘ydimki, meni unutmoqqa majbur bo‘lsin. Yaqinda dunyoga kelajak yosh go‘dakni, u bo‘lmasa agar, men qanday qilib sarishta qilaman?
Chinakam, Feruza sho‘rlik oraga go‘dak bola kirgandan keyin, Ivanning o‘zi bilan ham qanday aloqada bo‘lish-bo‘lmasligini bilmas edi. “Bola” degan so‘zni eshitganidan keyin Ivanning teskari burilganini u axir o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Ivanda pul yo‘qligini, uning bir kun ham ishdan bo‘shamaganini qiz o‘zi ham biladi. Shu uchun o‘ziga xastaxonaga kirib yotishdan boshqa iloj qolmaganini ham biladi, sho‘rlik qiz.
Butun shu ko‘rgiliklarini u burunroq, sovuqda mujmayib va tishlarini kakirlatib, traktirdan uyga qaytgan vaqtda ham ko‘z oldiga keltirib qo‘ygan edi. Lekin, u endi shu topda u to‘g‘rida o‘ylamas edi. Negakim, o‘ylagali qo‘rqardi. Va xuddi suvga botayotgan kishi bir cho‘p, bir poxol parchasiga osilganday, qiz sho‘rlik ham birgina fikrga osilardi: “U meni sevsa-chi! Men bilan bo‘lsa-chi! U men bilan bo‘lsa, hech narsadan qo‘rqmasdim, u har narsani bajaradi…”
Feruza shu xil fikrlar bilan shuurli suratda o‘zini aldar, shu fikr­ni o‘zicha talqin qilar va shuning natijasida o‘sha ishlarning gulday bo‘lib bitishiga tamom derlik ishonib ketardi. “Shunday bo‘lishi kerak”, derdi. Axir uni deb behuda yerga ota-onalaridan kechgani yo‘q, bekorga bu qadar og‘irliklarni ko‘targani yo‘q. “Ikovimiz ham ozgina qiynalamiz, xolos, undan so‘ng hamma narsa o‘z joyiga tushadi. Butun g‘amlar yuvilib ketadi”, deb bekorga va’da bergani yo‘q Ivan ham.
Ivan nima qilmoqchi, ajabo, Feruza buni anglayolmasdi, lekin o‘z ko‘nglining, ko‘klam chog‘i qor ostidan yorug‘ dunyoga chiqib kelayotgan maysaday quvonib, yengillab borganini sezardi…
U sham’ga ko‘z tashladi, sham’ esa bu vaqtda o‘chay-o‘chay deb yiltillab, yorug‘ bermay qo‘ygan; yolg‘iz buruqsab, butun hujrani is bilan to‘ldirgan edi. Feruzaning ko‘kragi juda qattiq urar, qo‘lidagi yignasi uchib yurganday bo‘lardi. Charchash, qotishdan asar ham yo‘q. Cholg‘i chalib turadi. Allanarsa yiltillaydi, go‘yoki ko‘m-ko‘k ekinzor o‘rtasida quyosh nurlariga ko‘milgan uzun bir yo‘l cho‘zilib yotganday ko‘rinardi. Yumshoq sevimli qo‘llarning ta’masiga o‘xshagan allanarsa… qitiqlaydi.
Qizning boshi engishdi va shu bilan uxlab ketdi.
Yiroqlardan, Borislaf tomondan esa, shamol bo‘g‘iq qichqirishlar va qo‘shiqlar ovozini surib kelmakda. Bu, traktirdan chiqqan ishchilarning qichqirish va qo‘shiq aytishlari edikim, ular orasida ham eng kuchligi yana Ivanning ovozi edi.

Kundoshlar

Ertalab Feruza boshqa ishchi xotinlardan burun uyg‘ondi. Uning boshi og‘rir, xuddi titrab-qaqshar, lekin o‘zi bu to‘g‘rida o‘ylab ham turmasdi. Tezgina yuvinib, traktirga tomon chopdi. U yerda Feruza bir haftalik nonushta – har kun bir kosachada qaynoq sut bilan bir bo‘lak non – haqqini ilgaridan to‘lab qo‘ygan edi. Lekin tomog‘idan hech narsa o‘tmadi.
Sutni zo‘rg‘a ichib, nonni qo‘yniga soldi-da, chopib ketdi. Qayerga, buni uning o‘zi ham durustgina bilmas edi. Ishga borishga hali ertarak edi. U Ivanni ko‘rmakchi bo‘lardi. Lekin uning ko‘chadan topilishiga o‘zi ham ishona olmas edi. Bu kunlarda Ivan qayda yotib turadi, buni ham bilmasdi. Shunday qilib, Feruza tavakkal bilan, quyuq va yopishqoq loyni shilpillatib kecha-kecha, sovuqdan qaltirab, ko‘kragini taka-puka qilayotgan iztirobni horg‘inliq va harakat bilan bosmoqchi bo‘lib, yo‘lga tushdi.
Borislaf jonlana tushdi. Qorong‘i uylardan, bo‘g‘uvchi va tor bostirmalar ichidan iflos va maol odamlar chiqa boshladilar. Ularning kunlari qarg‘ishlar va janjallar bilan boshlanadi. Yuzlarni yuvmasdanoq ular traktirlarga yo‘l soladilar. U yerda bir istakondan araqni urib, orqasidan quruq nonni “zakuska” qilib, yana o‘sha quruq non bilan birga jindak qazini qo‘ltiqqa joylab, so‘ngra ishga jo‘naydilar. Ko‘chada o‘tin ortgan, kartoshka, un, bug‘doy va boshqa oziq-ovqat yuklagan aravalar chizilib ketadilar. Butun shularning ustida o‘chiq rangli va qosh-qovog‘i soliq osmon allaqanday o‘ylarga botib turadi. Olislarda, Dol tog‘ining yon bag‘rida esa, yuksak bo‘yli “tikanli daraxt” o‘rmoni ko‘m-ko‘k ko‘karib ko‘rinadir.
Ko‘cha loylarida shilpillab yurib, Feruza qancha jin ko‘chalarni aylandi. Eshigi ochiq traktirlarning hammasini qaradi: Ivan yo‘q edi. Muyulishga, ishchilar hayoti va kecha buzuqchiligining bosh markazi bo‘lgan Kirnetskiy nomerlari yaqiniga kelgach, u Gankaga yo‘liqib qoldi.
Bu ham Ivan bilan Feruzaning qishlog‘idan kelgan bir qiz edi. Sog‘lom, qizil yuzli, olaygan ko‘zli va qalin labli bu qiz-arvoq Feruzaga qaraganda xuddi ulkan polvonday ko‘rinadi.
Elkasida obkash, ikki paqir suvni ko‘targani holda, Ganka shipillagan loydan yo‘g‘on va qip-qizil oyoqlari bilan juda dadil qadam bosib boradi. Qora sochlarini boshiga o‘rab olgan, qora va porloq ko‘zlari esa sog‘lomlik va kuch bilan yarqirlaydi.
Ba’zi odamlar bo‘ladikim, yo‘qchilik va og‘ir mehnat changaliga tushib qolsalar ham, g‘alaba, chin muhtojlik nima ekanini anglamaydilar. Qayg‘u-hasrat degan narsani bilmaylar. Bizning Ganka ham ana shularning biri edi.
Ular, xuddi ho‘kiz ish uchun yaratilganday, mehnat uchun yaratilganlar. Ular o‘zlarining temir sihatlari o‘zlariga xizmat qilishdan bo‘yin tovlagandagina qayg‘ira boshlaydilar.
Feruza burundan Gankani sevmas edi. Endi u bilan birga bo‘lganda Ivanning ochilib yayrashini, u bilan tegishib, u bilan o‘yinga tushganlarini ko‘rgach, Gangani chin ko‘ngildan yomon ko‘ra boshladi. Ivanning kecha aytgan gapi – “Ganka o‘zi ketimdan o‘ralashadi”, degani – Feruzaning yurak-bag‘rini o‘rtab ketdi.
– Menga qara, Ganka, – dedi u salom-alik qilmasdan to‘ppa-to‘g‘ri unga yaqinlashib kelib.
– Xo‘sh, nima gaping bor menga?
– Sen Kirnetskiynikida xizmat qilasan-a?
– Ha, to‘rt kundan beri.
– Xo‘sh, kecha mening Ivanim keldimi o‘sha yerga?
– Sening Ivaning? Nechik sening Ivaning bo‘lar ekan? – deb piching otib gapirdi Ganka.
– O‘zing yaxshi bilasan nechik ekanini, – dedi Feruza o‘zidagi jahlni bosib turib.
– Qancha seniki bo‘lsa, o‘shancha meniki ham. Balki, sendan ko‘ra ko‘prak meniki bo‘ladi. Nega desang, seni qiya boqib ham ko‘rgisi kelmaydi, men bilan bo‘linganda esa ichiga sig‘maydi.
– Bekor aytasan. U o‘zi aytib berdi menga, sen chopasan Ivanning ketidan. Menga qara, agar yana bir martaba u bilan bir joyda ko‘rsam, ko‘zingni o‘yib olaman bu yoqqa.
– Qo‘lingdan kelsa, dorga os! Nega menga osilasan sen!
– Saqlan! Saqlan! – deb baqirdi Feruza, zo‘rg‘a dam olgani holda. – Saqlan uni ergashtirishdan!
– Saqlanmayman hech, nima qila olarding? Kecha ham birga edim, bugun ham birga bo‘laman. Xohlasam, birga bo‘laveraman, menga desa g‘azabingdan “tars” yorilib ket, parvoyim yo‘q mening.
Feruza shu yerda o‘zini yo‘qotdi va musht ko‘tarib Gankaga hamla qildi. Lekin ul qo‘lidagi paqirni shunday bir ko‘tardi-yu, uni shundoqqina suvga pishib tashladi.
Ko‘chada to‘planib olib, bu ikki kundoshning shovqinini eshitib turgan ishchilar kula ketdilar.
– Barakalla, Ganka! Cho‘miltirib qo‘y uni! Olovi bosilsin, – deb qichqirdi biri.
– Xo‘sh, Feruzacha, cho‘zib qol, qani, sochlaridan. Nima haddi bor ekan sening yigitingni tortib olgali, – deb achchiqqina tegadi boshqalari.
Feruza kamoli uyatgani va achchiqlanganidan o‘zini bilmas edi.
U butun uyib ketgan va sovuqdan qaltirar, shu uchun azobi ham badtar olovlanardi. So‘ngra birdan o‘zini Gankaga tashladi va uning sochlaridan ushlab tortishga va urishga boshladi.
Ganka esa hanuz yelkasida obkash bilan paqirlari bo‘lgan holda, bir oz noiloj qolib turdi, na obkashni tashlash, na-da mudofaa boshlashni bilolmadi. Lekin so‘ngra birdan qaror berib, obkashni irg‘itdi-da, bo‘shalgan qo‘llari bilan Feruzani shunday kuchli bir zarb bilan tushirdiki, u sho‘rlik birdan yerga yiqildi. Va uning sochlarini ham qo‘yib yubordi.
– Hu, hu, hu, – qahqaha otdilar ishchilar. – Mana, qiz degan. Sallot-a, sallot. Ajab qildi!
– Ivan, – dedilar boshqalari xuddi shu vaqt traktirdan chiqib kelgan Ivanga, – beri kelgil-a! Tomosha ko‘rasan!
– Nima bo‘ldi? – deb so‘radi Ivan.
– Eyy, bu yoqqa kel! Bu yerda seni deb ikki qiz bola yumdalashayotir. Beri kel, hech bo‘lmasa, tomoshani ko‘r! Juda ham, lekin, baxti bor yigit ekan-da, qiz bolalar ham uni talashib mushtlashadi-ya!
Ivan keldi va nima bo‘lganini darrov payqadi.
– Ganka, – deb haybat bilan gapirdi u, – nima qilganing bu?
– Mana buni qara, – deb qichqirdi Ganka, – menda nima ishi bor ekan, bilmadim, ko‘cha-ko‘yda ham hadeb menga osiladi; meni odamlarga masxara qilib o‘ynaydi.
Feruza, zo‘rg‘a dam olgani holda, o‘rnidan turdi. Uning ko‘kragi og‘rir, nafasi qisilardi.
– Ivan, – dedi u yolborish bilan.
– Yo‘qol, padaringga la’nat sening! – deb o‘shqirdi Ivan. – Sen menga osila berasan hadeb, nuqul ko‘cha-ko‘yda sharmanda qilasan odamni! Bor, tezrak kiyimingni yangila! Qara, shundoqqina uyib qolibsan.
– Men sepdim u qizga bir paqir suvni, pichagina olovi bosilsin, dedim, – deb achitdi Ganka. – Men bilan hazillashishga yaramaganini xo‘p bilib qo‘ysin u.
Shu gapni aytdi-da, paqirlarni obkashga ilib, tezgina jo‘nab ketdi.
Ivan ham, ko‘nglida la’nat o‘qigach, burildi va boshqa ishchilar bilan birga o‘z ishiga ketdi.
Feruza yolg‘iz qoldi. Uning butun vujudi qaltirar, u o‘zini butun dunyo­da kuchsiz, baxtsiz va yolg‘iz tuyardi. Nega kerak unga yashash? Axir, hamma narsa unga ravshan bilindi, endi unda hech bir shubha va hech qanday umid qolmadi.
Qanday va qachon ekanini bilmagani holda uyiga qaytdi, ho‘l kiyimini yeshib, qurug‘ini kiydi, so‘ngra ishiga chiqib ketish o‘rniga, kartga cho‘zildi, yotdi va asta-sekin ingrashga boshladi. Bu vaqtda uyda ham hech kim yo‘q edi.
Feruza boshining yomon og‘riganini, butun vujudining mudhish suratda charchaganini sezdi. Tashnalikdan entikardi. Zo‘rg‘a o‘rnidan turib, bir oz suv ketirdi, ichdi, so‘ngra boshini ho‘l sochiq bilan o‘ragach, yotib uyquga ketdi.

Feruzaning sho‘ri

O‘sha kunning o‘zida bir-ikki piyola pivo ichib chiqmoq uchun Ivan Kirnetskiynikiga kirdi. Ganka uning oldiga so‘ralgan pivoni keltirib qo‘ydi-da, indamasdan ketdi. Ivan ham unga hech bir ahamiyat bermadi. Sekin-asta pivosini ichib, yo mudraganday, yoki bir narsani o‘ylaganday bo‘lib o‘tirdi.
Ganka bir necha marta uning yonidan o‘tdi. Har martabada unga qarab, tikilib o‘tardi, aftidan, unga gap tashlab o‘tmakchi bo‘lardi-yu, lekin bu daf’a unday qilmadi. Oxirda ikkinchi pivoni buyurganda, Ganka istakonni ustal ustiga qo‘yib turib, xohlar-xohlamas gapirdi:
– Xo‘sh, qani ana u… nimang?
– Qaysi u?
– Sening nishonling-chi?
– Mening nishonlim? Mening hech qanday nishonli, pishonlim yo‘q.
– Ha, gapir yolg‘onni. Feruza “oyim” nimang bo‘lmasa? U o‘zini nishonlingday emas, xuddi xotiningday qilib ko‘rsatadi: “Mening Ivanimni ergashtira ko‘rma”, dedi.
– Xa, xa, xa! – deb kulib yubordi Ivan.
– O‘shaningga aytib qo‘y, – deb jahl bilan tez-tez gapirdi Ganka. – Mundan keyin menga osila ko‘rmasin. Men unga oqsoch emasman. Agar yana bir martaba gap taqqunday bo‘lsa, men arvoq yuzlariga ham qaramay, shunday kelishtirib savalaymanki, xuddi o‘ttiz ikki tishi quyilib tushadi. Bilib qo‘ysin! Tushundingmi?
– Ey, nariroq yur sen ham mendan, – dedi Ivan. – O‘zing borib ayt unga nima xohlasang, u sizning o‘z ishingiz, ammo meni bir soat bo‘lsa ham tinch qo‘ying.
Ganka ketdi. Ivan o‘tirib, pivo ichishda qoldi. Shu vaqtda traktirga birdan bir gala ishchilar kelib kirdilar. Ivanni ko‘rgach, ular unga tegisha boshladilar:
– Ha, Ivan, Borislafdan ketar emishsan, deb eshitdim-a?
– Menmi? Yetti uxlab bir tushimga ham kirgani yo‘q.
– Feruzaga uylanib, uning yeriga ishlagali borarkansanmi?
– Nima balo, jinni bo‘ldingizmi?
– Aslida sen o‘zing jinni bo‘lganga o‘xshaysan, Borislafning erkin turmushini tashlab, ho‘kizdek bo‘yinturuqqa kirmakchisan.
– Bolalar! – bu pichinglarga qoni qaynab, istakoni bilan ustalni urib qichqirdi Ivan. – Shu gapni gapirgan odam it bolasidan o‘zga emas!
– Eyy, biz ichimizdan chiqarib aytayotganimiz yo‘q. Sening Feruzang bilan birga yota turgan qizlar shunday dedilar. Feruza o‘sha qizlarga debdirki, “Ivan bilan maslahatimiz bitgan!”
– Jinni bo‘lib qolibdir u Feruza! Nima maslahat bo‘libdir ekan oramizda? Oriy rost. U o‘zi necha martaba: “Yur, Borislafdan ketamiz”, deb menga osildi. Men undan qutulmoq uchun bir marta: “Ha, xo‘p, xo‘p, yana bir-ikki hafta sabr qilaylik, undan keyin bir nima bo‘lib ketar”, deb qo‘ydim. Bo‘lgan gap shugina.
– Hu, hu, hu! – deb qahqaha soldilar ishchilar. – Boplabsan, lekin, “bir-ikki hafta sabr qilaylik, undan keyin bir nima bo‘lib ketar”. Mana bu gapni qarang! Bir-ikki haftadan keyin ham shu bu kungi hangomaning o‘zi bo‘ladi-da, a?
– Ha, albatta-da. O‘zingiz bilasiz, axir: mulku dastmoya degan narsalar yo‘q. Qancha ishlab topsam, o‘shanga egaman, xolos.
– Hoy, Ivan, bir zamon bor edi-ku, – deb qichqirdi ishchilardan Ivanni yaxshi taniy turgan birisi.
– Eyy. Bor ekanu, ketgan, murodiga yetgan, – dedi Ivan qo‘lini siltab. – Otam butun bir qishloqda birinchi boy bo‘lgan ekan, undan nima foyda menga? Hozir nima bor qo‘limda?
– Qolsa, shirin xayoli qolgan, – deb qichqirdi ulfatlardan biri.
– Rost aytasan. Shirin xayoli qolgan, xolos. Lekin xayol bilan hech kimning qorni to‘ymaydi. Xo‘sh, endi Feruzaning nimasi bor? U o‘zi aytadiki: “Men seni deb uy-joyimdan kechib, bu yerlarga kelganman”; lekin buni men undan ko‘ra yaxshiroq bilaman. Uyi-joyidan kechdi – chunki, kechmasa bo‘lmas edi. Uyi torlik qilib qolgan edi. Otasining mundan boshqa ham ikkita qizi bor, ularni erga berishi kerak, qo‘lida balo ham yo‘q. Uning yer-suv degani ham ikki parcha yeru bitta choldovol yeriga qiziqib, birorta yeri ozroq odam bu qizni olsa-olardi. Lekin shundayam qiz sog‘lom bo‘lsayu mehnatga yarasa.
Bordiyu mana bu Feruzaga o‘xshagan nimjon bo‘lsa, na ovga yaramasa, na dovga. Xo‘sh, Feruzani qanaqasiga ish xotini deb bo‘ladi? Agar boy bo‘lsang, uni qurchoqday yasantirib qo‘ysang, xuddi yosh bolaga qaraganday qarasang, o‘shanda ehtimol munday bir odamga o‘xshardi. Shu yo‘qsullikda biz, xalq, mundaylarga uylangandan ko‘ra, bo‘ynimizga besh-o‘n pud tosh bog‘lab, o‘zimizni daryoga tashlamog‘imiz durust.
– Rost, rost, – deb, – endi hazilni tashla, – tasdiqladilar ishchilar.
Xuddi shu choqda traktir uyining burchagida turgan katta pechkaning ketidan, rangi o‘chgan va mung‘aygan bir “qora” chiqib keldi. Traktirga orqa eshikdan kirib, bu shovqin va g‘ovur-g‘uvurda hech kimning nazariga ilinmay anchadan beri o‘tirardi bu qora. Bu, o‘zimizning Feruza edi.
U xuddi bezgak tutayotganday qaltirardi. Uning ko‘zlari yonar, lablari oppoq oqargan va issiqdan yorilib ketgan edi. Bo‘shang qadamlar bilan bosib, qisila-qisila ishchilar orasidan o‘tib, traktirning orqa joyiga keldi va Ivanning oldida to‘xtab, qo‘llarini yergacha yetkizgan holda unga ta’zim qildi.
Hamma jim bo‘ldi va hayron bo‘lib unga tikildi.
– Rahmat senga, Ivan, – deb gap boshladi u, – rahmat! Umringda bir martaba ko‘nglingdagi gapni tiling bilan, yolg‘on qo‘shmasdan, aytib berding. Oldimda qanday ko‘cha borligini men endi xo‘b bilib oldim. Qo‘rqma, men sening ko‘changga kirmayman, sening yo‘lingga ko‘ndalang ham kelmayman. Ko‘ngling qanday xohlasa, o‘shanday tur!
Shundan so‘ng u Ivanga yana bir martaba ta’zim qildi.
Bu vaqtda Ivan xuddi yigna ustida o‘tirganday o‘tirardi.
– Endi menga bergan va’dalaring, “Seni olaman, qo‘ldan chiqqan yerlarimni yana sotib olib, o‘zim ekaman”, deganlaringga kelsak, u gaplarning hammasini yolg‘on aytgan ekansan. Lekin men shu vaqtgacha senga ishonib kelgan ekanman. Undan keyin: “Feruzani bu yerga otasi haydadi”, degan gaping ham yolg‘on, bu gaping menga tuhmat bo‘ladi, yaxshi yigit. Otam, hattoki, mening qayerdaligimni ham bilmaydi. Buni boshqalar ham bilmaydilar. Yolg‘iz o‘zim bilaman. Bir kun men sening bu yerda ekaningni bilib qoldim; bu yerda kasal bo‘lganingni, kimsasiz va sovuq bir olachiqda yolg‘iz o‘zing yotganingni, kuni bo‘yi og‘zingga bir tomchi suv tomuzg‘unday kishi bo‘lmaganini eshitdim, shundan buyon mening ko‘nglimni bir fikr nishtaladi. Biz, axir, bir-birimizni sevar edik-ku. El oldida bo‘lmasa hamki, u mening nishonlim bo‘ladi-ku, deb o‘yladim men.
Shundan keyin narsalarimni yig‘ishtirdim-da, bu yerga qarab yo‘l soldim, qanday qilay, falak meni qiynab o‘ynamoqchi bo‘lgan ekan, tilagidan necha baravar ortiq ham qiynab oldi. Uning qolgan-qutganini bu kun mana sen to‘lg‘azding. Sen hatto har qanday marradan o‘tkazib, har qanday mo‘ljaldan oshirib yubording. Yana bir rahmat aytaman senga, xayr.
Shu gapni aytdiyu, Ivanga uchinchi marta ta’zim qilgandan so‘ng, u chiqib ketdi.
Bu kutilmagan hodisadan so‘ng ishchilar bir daqiqa jim qoldilar. So‘ngra tezgina talvasalarini bosib olib, dag‘al va xunuk pichinglarni yog‘dira boshladilar.
– Qurg‘ur-ey, xuddi ariday chaqadi-ya?
– Qiz emas, balo!
– Ishda eriga taqir foydasi tegmaydi, tili bilan, ko‘z yoshlari bilan esa odamning naq bag‘rini ezadi.
– Qani, shundaqasiga bir uylanib ko‘r-chi!
Shuncha odam orasida yolg‘iz Ivangina damini chiqarmasdan, boshini quyi solib o‘tirardi.

Feruzaning qayg‘uli oqibati

Kirnetskiynikidan chiqqach, Feruza hech bir yerda to‘xtamasdan, qayerga va nima uchun borayotganini o‘zi ham bilmagan holda, ko‘cha bo‘ylab ketdi. Ko‘cha sovuq va qorong‘i bo‘lib, mayda yomg‘ir ko‘z ochirgali qo‘ymasdi. Uyigan va loylangan ko‘cha, ko‘chadan ko‘ra ko‘prak yomg‘ir suvi to‘plangan kenggina bir ko‘chaga o‘xshardi.
Feruza yopishqoq loydan etigini bazo‘r tortib olib, nafasini ham yetkizib yo‘l bosardi. Allanarsa uning bag‘rini o‘rtar, lekin na ko‘zida yosh, na boshida o‘ydan asar yo‘q edi.
Yolg‘iz muhim va belgisiz bir ish pishqir – “Qoch bu yerdan, chop. Berkin”, – degan bir o‘y uni oldiga solib haydardi.
Berkinish kerak. Lekin qayerga, kimdan? U hozir o‘z-o‘zidan qochib berkinmak istaganini o‘zi ham bilmas edi. Yuz qadam ham bosgani yo‘q ediki, uning yonida, birdaniga, xuddi yerdan chiqqan kabi, Ganka paydo bo‘lib qoldi. Qayerdan chiqib keldi u? Feruzaning boyagi gaplarini eshitgan bo‘lsa kerak. Feruzaning traktirdan yolg‘iz chiqqanini ko‘rib, u ham hech kimga bildirmasdan chiqdi-da, ketidan quva ketdi. U Feruzaning yonida shu qadar kutilmagan ravishda paydo bo‘lib qoldikim, hatto uni ko‘rgandan keyin qo‘rqib ham ketdi va qichqirib yubordi. Ganka bo‘lsa, unsizgina kulib qo‘ydi.
– Qo‘rqib ketdingmi? – deb so‘radi u. – Qo‘rqma, men Gankaman.
– Nima istaysan mendan? – deb zo‘rg‘a gapira oldi Feruza.
– Hech narsa istamayman. Ko‘cha ekan, men ham kelayotirman. Sen bilan birga bu yerdan ketib ham bo‘lmaydimi, yo?
– Bu, axir, sening yo‘ling emas-ku?
– Bo‘lmasa, sening yo‘lingmidi? Sening uyingga bormoq uchun orqaga qaytish kerak-ku?
– Menga baribir, – dedi Feruza.
– Men bo‘lsam ana shu yoqqa boraman, – dedi Ganka.
Bir daqiqa qadar ikkalasi ham indamay borishdi. Tevarak bo‘m-bo‘sh; yolg‘iz traktirdangina qiyqirgan va qo‘shiq aytgan tovushlar keladi. So‘ngra Dol degan qop-qora va azamat o‘rmon “g‘uv-g‘uv” qilib, kuzning yomon havosida ingraydi.
– Ha, nima deysan endi? Ivaning seni rosa o‘xshatibdi-ku? – deb achitib gapirdi Ganka.
– Ha, shunga xursandmisan sen?
– Menmi? Menga baribir! Men muni ko‘pdan bilardim.
– Nimani bilarding?
– Sening endi eshitayotgan gaplaringni! Ivanning seni sevmaganini, yolg‘iz aldab yurganini, senga uylanish degan gap uning xayolida ham bo‘lmaganini.
– U o‘zi gapirdimi senga bu gaplarni?
– Bo‘lmasam-chi, boshqa kim gapirardi?
– Demak, u seni sevar ekan-da?
– Menimi? Men qaydan bilay? Mening nazarim ilmaydi.
– Nega bo‘lmasa, hadeb uning bilan o‘ynasha berasan?
– Xa, xa, xa! Mening tushimga ham kirmaydi o‘ynashish. U o‘zi menga yopishib keladi. Nima balolarni gapiradi. Lekin men u gaplarning nimaligiga juda yaxshi tushunaman. Shu yaxshi-da, men bilib turamanki, u agar menga suykanib kelayotgan bo‘lsa, albatta, ko‘nglida bir g‘arazi bor! U ham biladiki, men unga iljayib kulib kelsam, uni o‘lgudek sevib qolganimdan emas, mening ham ko‘nglimda bir g‘araz bo‘lganligidan!
– Tuuuf! – dedi Feruza chin ko‘ngildan.
– Xoh tupur, xoh tupurma, meningcha, yaxshi yo‘l shu. Sen ulug‘ sevgiga berilish orqasida shunday darajaga tushdingki! Mana hozir qayerga borishingni bilmasdan yo‘l bosayotirsan! Men bo‘lsam, mana, qornim to‘q, tani-jonim sog‘! O‘zim xursandman. Unga ham yomon bo‘layotgani yo‘q!
– Unga ham?
– Albatta, unga ham. Axir sen o‘zing ko‘rib turasanki, u men bilan birga bo‘lganda yayraydi, gaplashadi, o‘ynashadi. Xursandlik qiladi. Sen bilan bo‘lganda, jahli chiqadi, xolos.
– Sen uni o‘zingga isitib olgansan!
– Yo‘q, oppog‘im, isitib olganim yo‘q uni men; sen o‘zing esi pas, ish bilmas narsasan. Ha! Yigitlar bilan muomala qilishni bilmaysan, bittasini topib olasan-da, “Oyim ham shu, kunim ham shu”, deb osilib olasan. Xa, xa, xa, bilsang edi sendan boshqalar qanday bo‘lalar. Qanday qilib ishni yo‘lga solalar! Menga nima, o‘shani deb ozib, sarg‘ayib, yig‘lab-siqtab turaymi? Yo‘q, kutgan shu bo‘lsa, kuta tursin! Kerak bo‘lsa, meni desa u o‘zi sarg‘aysin!..
– Men muni qilolmayman!
– Qilolmasang, o‘zingdan o‘pkala! Unaqa, “sen isitib olding”, deb yurma! Isitish nima kerak? Isitmasam ham bu kecha menda yotadi.
Bu so‘zni eshitgach, Feruza unaqa qichqirib ham turmadi, yolg‘iz qo‘lini ko‘kragiga bosib, bir dovdirandi. Agarda Ganka quchoqlab suyab qolmasa, o‘shandayoq yerga yiqilgan bo‘lardi.
– Hay. Nima bo‘ldi senga? – deb qichqirda Ganka, birinchi daf’ada o‘zi xuddi o‘lganga o‘xshardi. Mana bu hangomani ko‘ring endi! – deb qizni xuddi bir qop somonday ko‘tarib turib g‘udurlandi Ganka. – Esidan og‘ib qoldimi yo butunlay tugab qoldimi?
So‘ngra boshini egib, qizning ko‘kragiga quloq soldi.
– Nafas ololmay qolibdir sho‘rlik. Nima qilaman endi muni munday yerda? Qichqirsam, birorta odam eshitib, kelib o‘ziga keltirib berarmikan?
Va shu onda Ganka to‘rt tomonga ko‘z yugurtdi. Juda qorong‘i edi. Ular allaqanday yomon ko‘chalardan biriga kirib qolganlar. Yaqin o‘rtada na bir uy, na traktir – hech narsa yo‘q edi. Yolg‘iz ko‘chaning ikki tomonida baland-baland tuproq uyumlari bor edi.
Tikilib qolgandan so‘ng, Ganka qanday joyda turganliklarini bildi. Bu joy bir zamonlar birinchi daf’a kovlangan konlardan birining o‘rni edi. Bor neftni kovlab olgach, zovurlarni qaytadan ko‘mib tashlagan edilar. Ishlar boshqa joyga ko‘chirilgan, bu yerda esa tuproq uyumlari bilan bo‘sh zovurgina qolgan edi. U zovurlardan ba’zilarining oldiga taxta mixlaganlar, ba’zilariga esa suv to‘ldirgan edilar.
– Bu shamolda, munday joyda kim eshitadi mening qichqirganimni? – deb, Feruzani suyab turgani holda guvrandi Ganka. – Nima, men jinnimidim? Muni bu yerda bir umr qo‘rib o‘tirgani? O‘zi kelib qolar hushiga. Muning tezligini ko‘ring tag‘in! Meni so‘kadi, sochlarimni yuladi, hu, senday shallaqini… Ko‘rsatib qo‘yaman men senga o‘ynasha turgan odamni!
Birdan Gankaning yuragida tentaklarcha g‘azab olovi alangalandi. Shu alanga bilan jonlanib ketib, yana bir daf’a tegrasiga qaradi, u yoq-bu yoqqa quloq berdi. So‘ngra hech kim yo‘qligini bilgach, yana Feruzani ko‘targan holda, xuddi it kabi, ko‘cha bo‘ylab oldinga tomon chopdi.
So‘ngra u bir tuproq uyumi ustiga chiqib, yana bir daf’a tegrasiga qarandi-da, ehtiyot bilan pastga, o‘rtasida boshlangan zovuri bo‘lgan bir tekislikka tushdi.
Yo‘lni oyog‘i bilan parmalab yurib, zovurni topdi. Bu zovurning og‘zi ikki taxta bilan berkitilgan, lekin bitta taxtasini allakimlar sug‘urib tashlagan edilar.
Ganka qo‘li bilan parmalab yurib, zovurning eshigini topdi-da, so‘ngra butun kuchi bilan narigi taxtani torta boshladi, ikkita mix qoqilgan va o‘zi qanchadan beri chirib yotgan taxta tezgina ko‘cha qoldi. So‘ngra oyoqlarini zovurning labiga mahkam niqab tutib, pastga engashdi, hissiz yotgan Feruzani asta-sekin qo‘llari ustidan yerga tushirgach, boshini pastga qilib turib zovurning qorong‘i og‘ziga tashlab yubordi.
Zovur og‘zigacha deyarli suv bilan to‘la edi, shuning uchun Feruza, xuddi yengil bir kesakday, astagina, jimgina zovurning og‘ziga qarab ketdi…

Jinoyatchi qiz

Hamma yog‘i uyigan, butun kiyimlariga loy-tuproq yopishgan va yuzi xuddi o‘lik yuziday oppoq oqargan Gankani, yarim soatdan so‘ng oshxonaga kelib kirgach, xo‘jayin xotini jahl bilan qarshi oldi.
– Shu vaqtgacha qayerlarda daydiding, qiz o‘lgur Ganka?
– “Qayerlarda daydiding?” Suvg‘a chiqib edim.
– Yolg‘on aytasan, paqirlar shu yerda turibtir-ku?
Shundan keyin Ganka yana yolg‘on aytib turmasdan, yugurib oshxonadan chiqdi-da, paqirlarni olib, suvga ketdi.
Xo‘jayin xotini yana bir oz guvrangach, jahlidan tushdi. “Ganka qaysi go‘rlarda o‘ynashsa, o‘ynasha bersin! Menga nima? O‘zim ham bilmaymankim, bu Borislafda hech qanday oqsochni tiyib bo‘lmaydi – hammasi ham o‘ynashadi”, deb o‘yladi.
Yarim kechadan ancha oshganda, Kirnetskiynikidan mast va quvnoq ishchilar chiqib keldilar. Ular ko‘cha o‘rtasida galalashib kelarkan, baland ovoz bilan so‘zlashar, qo‘shiq aytar edilar.
Ularning orasida yolg‘iz Ivan qayg‘ili edi. Bu oqshom u oz ichgan. Allaqanday og‘ir o‘ylarga botganday, doim tumtayib o‘tirgan va unda bir turli shoshqinlik ko‘ringan edi. Uning ko‘kraginda allaqanday bir qayg‘i – novut bo‘lgan yosh umr qayg‘isi, Borislafning buzuq turmushi orqasida qo‘ldan ketgan otameros yerlar qayg‘isi qo‘zg‘olgan edi. Feruzaning so‘zlari uning ko‘kragini og‘ir bir zarb bilan achitgan va uning butun yemak, ichmak, o‘ynamoq, kuylamoq ishtahalarini bo‘g‘ib qo‘ygan edi.
– Ivan bugun ishtahasini yo‘qotib qo‘yibdir, – deb o‘rtoqlari undan kularlar va o‘zini chetga olarlar edi.
Mana shu ahvol bilan u boshqa ishchilarning ketidan yolg‘iz o‘zigina ketayotib edikim, Ganka chiqib kelib, birdan muning qo‘liga osildi. Ivan hatto bir qur seskanib ham oldi. Tun qo‘lga yopishgan odamni tanib bo‘lmaslik darajada qorong‘i bo‘lgach, albatta, har qanday odam ham seskanadi-da!
– Kim bu? – deb qichqirib yubordi u.
– Men-men! Ivan, men, – deb asta pichirladi Ganka.
– Senmisan? Nima kerak senga?
– Xafa bo‘lib qoldingmi mendan?
– Menmi? Sendanmi? Nega xafa bo‘layin?
– Xudo ursin, agar menda qilcha gunoh bo‘lsa, – allaqanday hovliqma bir shoshilish bilan tez-tez gapirdi Ganka. – Bekordan-bekorga nega tegar edim men unga? U o‘zi menga osildi, janjalni ham o‘zi avval qo‘zidi. Keyin meni urgali yugurdi. O‘zing ayt! Axir u shunday qilib turganda, men nima – qarab turamanmi?
– Men senga bir narsa deb yotibmanmi? – qovog‘ini solib javob berdi Ivan.
– Ivanjonim, – dedi Ganka, nafasi bo‘g‘ilib turib,– qanday rahmdil yigitsan sen. Chinakam sen mendan xafa emasmisan-a? Nega bo‘lmasa traktirda tumtayib o‘tirding? Aytib ber-chi menga?
Ganka Ivanning yonboshida, uning qo‘liga osilib, xuddi qorong‘ilik va yolg‘izlikdan qo‘rqqanday unga yopishib borardi.
– Ey! Nimasini so‘raysan uning? – dedi Ivan va qo‘lini uning qo‘lidan tortib olmoqchi bo‘ldi.
– Yo‘q, yo‘q, shoshma? Qayerga ketayotibsan? – deb so‘radi Ganka.
– Uyimga boraman, uxlayman.
– Yur! Menikiga boramiz. Menikida sen rohat qilasan.
– Istamayman!
Ivan bundan burun ham Gankanikida bir kecha yotgan edi. Ganka Kirnetskiyning mollari uchun omborlik vazifasini o‘tagan bir ayrim uyda turardi. Unda mol toylari va tugunlari orasida katta bir “yog‘och eshak” turadi.
Gankaning bir juft bolish va bitta issiq ko‘rpasi bo‘lib, u yotib yurgan omborning pechkasi bo‘lmasa ham, Ivanning boshqa ishchilar bilan tura turgan omboridan ancha issiq edi.
Lekin, Ivan shu kuni, negadir, Gankanikiga borishni istamadi. Feruzaning entikkan va oqarib ketgan yuzlari xuddi ro‘baro‘siga kelib turganday, ko‘zlari esa munga yolvorib, allanarsadangina qilayotganday bo‘ldi.
Lekin Ganka uning qo‘lini sira bo‘shatmadi. Uning o‘zini ham quchoqlab, o‘ziga tortib, “Birga ketdik”, deb yalinib-yolvora berdi.
– Ivanjon! Jonim, men uchun una! Shu bu kun, xolos. Bilmayman, menga nima bo‘ldi ekan, yolg‘iz qolgali qo‘rqaman, juda yomon qo‘rqaman. Men seni qo‘ymayman, men yolg‘iz qolmayman! Yur! Yur!
Yolg‘iz qolishni o‘ylashi bilanoq u xuddi bezgak tutganday qaltirardi.
– Qo‘y! – dedi Ivan. – Nima balo, yosh bolamisan sen? Yolg‘iz yotgali ham qo‘rqasanmi? Mana bu gapni qarang!
– Voy, bo‘lmaydi! Voy, bo‘lmaydi! Butun dunyoni menga bersalar ham, men bu kecha yolg‘iz qolmayman. Xohlasang – ur! Xohlasang – o‘ldir! Lekin sensiz qolmayman men, menikiga borib yotasan, men o‘zim sen turgan joyga borib yotaman.
– Nima balo, jinni bo‘ldingmi sen? U yerda bir gala yigit-yalang yotadi.
– Bo‘lsa bo‘lar! Men ulardan qo‘rqmayman, faqat yolg‘iz qolishdan qo‘rqaman!.. Qorog‘iliqdan qo‘rqaman… Undan qo‘rqaman…
– Kimdan?
– Undan… Senikidan!.. Senga ta’zim qilishlarini qara-ya! Traktirdan chiqib ketayotganda yuzlarini bir ko‘rdingmi uning?
Gankaning Feruzani eslatishlari Ivanning ko‘kragiga, og‘rigan joyiga qo‘pollik bilan borib tekkan qo‘lday tegdi.
– Qo‘y meni! Uni eslatma menga! – dedi u, so‘ngra Gankaning yolvorishlariga ko‘nib, u bilan birga tunagali ketdi. Ganka uni yo boshlab boradi, yo sudrab. Har holda uning qo‘lini sira qo‘yib yubormasdan, gapdan ham sira to‘xtamasdan, o‘zi ham birushta qaltirab boradi.
– Nima bo‘ldi senga, hoy qiz? – dedi, nihoyat, Ivan. – Uyib-netib qoldingmi? Yo sovuq o‘tdimi? Bezgak tutayotibdirmi yo chinakam og‘irroq kasalmisan? O‘zing “dir-dir” qaltiraysan: qo‘llaring sovuq, muzday, boshingdan o‘t chiqayotibdir.
– Mayli, Ivanjon, mayli, zarari yo‘q! Uyga borib uxlaylik, ertalab turganimizdan keyin hammasi yo‘q bo‘lib ketadi.
Lekin bu holat tezgina o‘tib ketmadi, har holda Ganka istagan tezlikda o‘tmadi. Uning Ivanga bu qadar suqulib kelishi ham bekor edi. Ivan uyquga ketar-ketmas, Gankani vahima bosar va uni yana uyg‘otib yuborardi.
– Ivanjon, uxlama! Bir narsadan gapirib ber menga! – deb pichirlardi u, qo‘rqinch qorong‘ilikni ko‘rmaslik uchun ko‘zlarini yuma-yuma.
– Jinni bo‘ldingmi sen? – deb so‘kdi Ivan. – Men charchagan odamman, uxlamoqchiman. Nima to‘g‘risida gaplashaman men sening bilan?
– Nima bo‘lsa ham mayli! Nima bo‘lsa ham uxlamasang bo‘ldi! Shu qadar qo‘rqamanki…
– Nimadan qo‘rqasan?
– Bilmayman nimadan, nimadanligini, qo‘rqaman… Nimadanligini bilmayman! Sira uxlayolmayman.
So‘ngra yig‘lab yubordi. U hamma gapni Ivanga aytib bermakchi bo‘lar, lekin allanarsa uni bu fikridan qaytarardi. Shu uchun u hadeb tishlarini qisar, qonatar darajada lablarini tishlar va hech narsa aytmas edi… Tongga yaqin tashqarida havo oqara boshlagachgina u uxlab ketdi.

Ivan bilan Ganka

Bir necha kun o‘tdi. Ivan konda ishini qildi; traktirda yeyib-ichdi, Feruzani sira o‘ylamasdan, Gankanikida yotib yurdi. Ganka tinchlandi va endi kechalari qo‘rqmay turgan bo‘lib qoldi. Lekin har holda yolg‘iz yotgali botina olmasdan, Ivanni kechasi o‘zinikiga olib ketmak uchun har kecha har yo‘l bilan uni o‘ziga tortgali urina boshladi.
Burun Gankanikida yotishga o‘zi talabgor bo‘lib yurgan Ivan endi xohlamasdan bora turgan bo‘ldi. Ganka unga yopishib kelsa, uning g‘ashi kelardi. Ganka u bilan o‘ynashgali boshlasa, u so‘kinardi; Ganka kelib yoniga yotsa, u jirkanganday bo‘lib, o‘zini olib qochardi.
Tez orada bu “qo‘nishlar” uni badtarroq jirkantiraturgan bo‘ldi. Ganka tez uxlab ketardi; lekin kechasi yana uyg‘onib ketib, allaqanday bo‘g‘iq bir vahimani seza boshlardi.
“Nima balolarni ko‘radi bu tushida? Nega muncha baqiradi?” – deb o‘ylardi u. O‘sha xil baqirishdan so‘ng qizning og‘ir nafas olishini tinglab turardi. Shundan keyin qiz yana tinchgina uxlab ketardi. Yarim soatcha qiynalgandan so‘ng ko‘zi uyquga ketgan Ivan yana tag‘in dahshatli “dod-voy”larni eshitar, yana uyg‘onib ketardi.
– Ganka, qanday balo seni tushingda bo‘g‘adi? Nega muncha qattiq baqirasan?
– Menmi, – dedi Ganka, bir qur seskanib olgach, so‘ngra tishlarini qisdi. – Men hech narsa bilmayman!
– Unday bo‘lsa, mundan keyin sening yoningda boshqa odam kelib tunasin, men bo‘ldim, – deb achchig‘lanib g‘udurlandi Ivan. – Odam bolasinikiga o‘xshamagan yovvoyi bir ovoz bilan shunday baqirasanki, ko‘zimda uyqu-muyqudan asar qolmaydi.
– Qani, qani, Ivancha, qani, qilib ber-chi, qanaqa baqiraman men?
– Xuddi teringni shilib olganday baqirasan.
– Xo‘sh nimalar deb gapiraman?
– O‘sha gaplaringdan bir narsa uqib bo‘larmidi? Xuddi so‘yilayotgan hayvonday bo‘kirasan!
– Men o‘zim azaldan shunaqaman.
– Tug‘ma kasalim bu.
– Bekor aytasan. Burun munday baqirishlaringni sira eshitmaganman.
– Shunaqa, ba’zida paydo bo‘ladi-da, yana yo‘q bo‘lib ketadi. Sen qo‘rqma, Ivancha! O‘tib ketadi.
– Xoh o‘tsin, xoh o‘tmasin, mundan keyin meni bu shumli uyingga hech bir yo‘l bilan olib kelolmaysan!
– Mana xolos, darrov achchig‘ing keldi. Bu yaxshi emas, Ivan! – dedi Ganka; kech kirgach, yana suykandi unga, yolindi, yolvordi, pivalar, araqlar olib berdi. Oxirda mast bo‘lgan Ivanni unatib, yana o‘zinikiga olib ketdi.
Ivan qattiq mast bo‘lsa, juda qattiq uxlar va Gankaning ancha-muncha baqirishlariga uyg‘onmas edi. Shu uchun qiz unga mumkin qadar ko‘p ichirar va hatto uyiga ham bir shisha-yarim shisha olib kelib, Ivanning bolishi ostiga qo‘yib qo‘yardi. Uyqusi ochilib ketsa, darrov bosh ostiga qo‘l uzatsin, olib ichsin, so‘ngra yana uxlab ketsin, deb.
Ori rost, bu xil unashlar natijasida Ivanning rangi olinib, yuzi bir xil ko‘kimtil tusga kirib, boshi og‘riyturgan bo‘lib qoldi. Lekin bu to‘g‘rida Ganka hech bir g‘am yemas, hatto Ivanning o‘zi ham ko‘zguda yuzini ko‘rgali vaqt topmas edi.
Ojizlik bilan boshini quyi solib, u har kun ishiga boradi.
Uning yuzlarida yolg‘iz bir narsa ochiq ko‘rinadikim, u ham bo‘lsa, undagi xafa hollik, tabiatidagi quvnoqlikning so‘nishi, o‘yin va kulgiga bo‘lgan havasining yo‘qolishidir.
– Ey, Ivan, sen shu kunlarda allaqanday bo‘lib qolding, – deydilar unga o‘rtoqlari.
– Rost, allanarsa bor, – deb qayg‘irib javob beradi Ivan.
– Nima bo‘ldi senga? Tag‘in kasal bo‘lmagil?
– Do‘xtur, ey, har kun erta bilan boshim og‘riydi. Bu ehtimol araqdan bo‘lsa.
– Eyy, yo‘q, araqning o‘ziga bo‘lsa, bosh og‘rimaydi. Agarda unga pivo aralashtirib ichsang, ana unda yomon. Mana shundan bosh og‘rishi mumkin.
– Ha, rost, balki o‘shandandir. Endi mundan keyin aralashtirmayman.

Arina kampir

Bir kun tush paytida Ivanni zovurdan tortib oldilar. U neft gazidan o‘lar darajada bo‘g‘ilgan holda tuproq uyumi ustida yotardi. Og‘ir-og‘ir nafas olib, ba’zi-ba’zida bir ryumka araq ichib, o‘ziga kelardi. Xuddi shu vaqtda Feruzalar bilan bir uyda yotib tura turgan ishchi xotin – Arina degan kampir kelib kirdi. Bu xotin Feruzaning hangomalarini yaxshi bilar va Ivanni ham tegishincha tanirdi. Shuning uchun ishchilar bilan salom-alik qilgandan so‘ng, to‘g‘ri Ivanning yoniga qarab ketdi.
– Menga qara, Ivan! – dedi kampir. – Feruzang qayerda? Sen uni bilmaysanmi?
– Mening Feruzam? – deb g‘udurlandi Ivan. – Qanday qilib meniki bo‘lar ekan u?
– Xayr endi, qanday bo‘lsa o‘shanday, ishqilib, mendan ko‘proq seniki. Shuni so‘ramoqchi edim sendan: qani, qayerda o‘sha qiz?
– Nima, men uning ketidan iz quvlab yuribmanmi?
– Eyy, g‘alati odam ekansan-a? Men sendan yaxshi odamsan, deb to‘g‘rilikcha so‘rab yotibman… Sen kampir onangga yumshoq gap bilan javob qilgil, undan keyin jindak araq bilan siylagil.
Ivan hech narsa demasdan, araq quydi-da, kampirga uzatdi. U araqni ichdi. Qarilikdan burishgan lablarini qiyshaytirdi. Kir-mog‘or yengi bilan og‘zini artdi.
So‘ngra Ivanning yoniga o‘tirib, astagina so‘zlay boshladi:
– Mana bu siylaganing uchun rahmat! Xuddi ko‘nglimga yetib borib to‘xtadi. Men nima aytmoqchi edim senga?.. Ha, Feruza to‘g‘risidaydi. Bilasanmi, ikki haftadan beri biznikida yotmay qo‘ydi u. Men o‘yladimki, siz endi, balki, boshqa bir joy olib, birga tura boshlagandirsiz; shuning uchun bizdagi kiyim-kechak solib qo‘ygan bir sandig‘i bor, qo‘rqma, quluflangan, hech kim hech narsasiga tekkani yo‘q. Xudo saqlasin undan! Endi borib, o‘sha narsalarni olib ketsin.
Ivan gangib, boshi qotib turardi. Zovurdagi neft gazidanmi yoki ertalabki bosh og‘rig‘idanmi, yo shu tobda kampir aytgan gaplardanmi, ishqilib, nimadan gangiragan bo‘lmasin, shu onda hech narsani anglay olmasdan, kampirning gaplarini ham xuddi bir ertakday tinglab o‘tirardi.
– Ha, ha, – dedi u birdan boshini qimirlatib, – chinakam, borib narsalarini olsin. Lekin o‘zi qayerda ekan?
– Hali sen bilmaysanmi?
– Uni ko‘rmaganimga ikki haftadan ko‘p bo‘ldi.
– Qayerga ketganini ham bilmaysanmi?
– Qayerga ketganini? Shoshmang-a! Biz o‘sha kuni… Oqshom chog‘i edi… Kirnetskiynikida… jindak koyishib qoldik… O‘shanda traktirdan chiqib ketdi, shundan beri ko‘rganim yo‘q.
– Qaysi kun edi, eslaysanmi?
Ivan kunni eslayolmadi.
– Ikkovingiz g‘ijillashib qolgan bo‘lsangiz, u, balki, arazlagandir. Sening ko‘zingdan yiroq bo‘layin, deb boshqa biror joyga ishga o‘tgandir. O‘zining qayerdaligini senga bildirmaslik uchun, balki boshqa biror joyda yotib ham yurgandir. Lekin sen, yaxshi yigit, har nima bo‘lganda ham uni axtarib ko‘rsang bo‘lardi, yo‘qsa, biz yotgan uyning egasi – qorovul chol Feruzaning joy ijarasini bizdan qistab yotir. O‘zgalar uchun biz hech qachon to‘lamaymiz. Mana shu gap, uy ijarasiga deb uning narsalarini bosib olmasinlar tayin!
– Xo‘p, xo‘p, men surishtiraman… Bir ish qilib o‘zim xabarini beraman.
Kampir ketdi. Ivan bo‘lsa, yo bir narsani o‘ylab, yo hissiyotga botib, anchagacha o‘tirdi. So‘ngra o‘rnidan turib, tez-tez ovqat yegali boshladi. Negakim, ovqatdan so‘ng yana qaytib zovurga tushmak kerak edi.
Oqshom u Feruzaning qayerga yo‘q bo‘lib ketganini bilmaysanmi, deb Gankadan so‘radi. Ganka ko‘zlarini olaytirib, rangi oppoq paxtaga aylanib, xuddi so‘z bilan bo‘g‘ilganday bo‘lib g‘urungladi:
– Yo‘q, bilmayman!
Ivan Gankadan mundan ortiq so‘rab o‘tirmadi. Ganka bilan Feruza o‘rtasida ko‘chada bo‘lib o‘tgan mashhur urishdan so‘ng Feruzani Borislaf shaharchasida hech kim ko‘rgani yo‘q.
Ivan Gankadan yana so‘radi
– Menga qara, Ganka! Sen Feruza bilan ko‘chada bir urishib eding, esingda bormi?
– Ha, bor, avvalboshlab o‘zi osildi.
– O‘sha kunning o‘zida u oqshom chog‘i Kirnetskiynikida edi.
– Men ko‘rganim yo‘q uni.
– Ko‘rganing yo‘q? Hoy, rostini gapir!
Gankaning yana rangi o‘chdi. Lekin tezgina o‘zini to‘xtatib oldi.
– Nega sen menga o‘shqirasan?
– Mana, ko‘rasanmi, o‘sha kundan beri qizdan darak yo‘q.
– Sen usiz sira yashay olmaysan-a?
– Mening nima ishim bor u bilan? Shunchalik…
– Yo‘qolgan bo‘lsa yo‘qolibdir, xudoga shukur, qo‘rqma, jin urmagandir. Sening bo‘yningga tumor bo‘lolmasligini bilgandir, “bor”, deb uyiga qaytib ketgandir.
– Narsalarining hammasini qoldirib ketibdir-da.
– Qoldirsa nima bo‘ladi?! Qancha narsasi bor ekan uning? Uch miridan osharmikan?
– Yo‘q-ey, kiyim-kechaklari bor.
– Unday bo‘lsa, albatta, bir oydan chiqib qoladi.

Yangi turmush xayollari

Ivan bir oz tinchidi… “Chinakam ham juda mumkin, – deb o‘yladi Ivan. – O‘sha kuni Feruza juda yomon achchig‘langan edi. Kirnetskiynikidan chiqqach, Borislafdan chiqqach, to‘ppa-to‘g‘ri uyiga qaytgandir”.
Shundan so‘ng Feruza to‘g‘risida hech kimdan hech narsa so‘ramay qo‘ydi. Yakshanba kuni kelgach, Feruza turgan uyga borib, uning uy ijara haqlarini to‘lab, narsalarini o‘zinikiga olib keldi.
Bayram kunlarida o‘z qishlog‘iga tushib, Feruzaning narsalarini o‘ziga topshirishga qaror berdi. Uning bu qarorida Feruzani ko‘rmak yoki u bilan yarashmoq istagi yo‘q edi, albatta; yolg‘iz uni surishtirib, o‘tkazgan bir necha kunlarida u xuddi o‘z gardanida chinakam ayb borday, allaqanday bir vahimaga yo‘liqqan edi.
Borislafning o‘z hayoti bu o‘tkinchi talvasalarni tez kunda bosib ketdi. Na Ganka, na boshqa birov Feruzani taqir o‘ylamas bo‘ldi. Hatto Ivan ham unutdi uni. Lekin shunda ham Ivanni allaqanday bir narsa qiynab turganday bo‘lardi. Araqqa, buzuqchilikg‘a, o‘yin-kulgiga bo‘lgan havaslari so‘ndi. Va kon ishchilari orasida sira ko‘rilmagan ravishcha pullarini ham ehtiyot qila boshladi.
Ikkinchi haftaning o‘zidayoq u topgan pulining tek yarminigina sarf qilib, qolgan yarmini – besh “guldo‘n”ni orttirib qoldi. Lattaga o‘ralgan bu beshlikni olib yurib, g‘alati rejalar chiza boshladi. “Borislafning turmushi, – deb o‘ylar edi u, – chinakam erkin turmush, lekin odam bolasiga yarashaturgan turmushmi? Uning erkinligi ham qursin! Erkinlik yolg‘iz yakshanba kuni bilan bayram kunlarida, xolos. Boshqa kunlarda sen ish ho‘kizidan o‘zga emassan. Mundan ortiq xorlik bo‘ladimi? Sen kon egasining yoki u belgilagan odamning asl qulisan. Yer ostida hayotingning har bir daqiqasi xavf ostida, yer betida bo‘lsa – doim so‘kish… Va doim bu badaviylik, shu ifloslik, shu buzuq havo, shu mastlik, shu ibtilo.
Ayo, to o‘lguncha, to qariguncha uning turmushi shunday o‘tadimi? Shuni o‘ylagan vaqtda butun vujudi sovuqdan jimirlab ketadi.
O‘zi tug‘ilgan qishloqning ko‘m-ko‘k talalari, chechak to‘la qirlari, kulrang terili ho‘kizlari, oppoq qilib oqartilgan uylari va kichkina-kichkina bog‘lari esiga tushdi uning. Va u birdaniga kelgan shu talvasalar bilan yig‘lab yubora yozdi.
Shunday jannatni qanday esi pastlik bilan shu issiq yerga alishtirib yurgan ekan u? Shundan so‘ng uning xayolida qishloq turmushining ko‘rinishlari bir-bir ketin yasov tortib o‘ta boshlaylar…
Bu eslatishdan so‘ng uning o‘ylari to‘ppa-to‘g‘ri Feruzaga keldi. U ham axir uning qishloq turmushidagi go‘zalliklaridan biri edi-ku! Agarda quruq charxning qitillashi uning esiga shu topda shu qadar yoqimli bo‘lib tushayotgan esa, bu yolg‘iz shuning uchundirkim, quduq boshida, u Feruza bilan birga sevimli so‘zlar so‘zlashib, ko‘p kechalarni kechirgan edi.
Bug‘doy o‘rog‘i vaqtida Feruza otasiga tushlik olib borardi. O‘shanda – yolg‘iz bu ishlab turgan ekinlik orqali yurmak, o‘zining go‘zal tovushi bilan unga bir martaba “hormang!” deb va kulrang ko‘zachasidan bir kosa-yarim kosa muzday suv berib o‘tmak uchungina u qiz eng olis so‘qmoq yo‘llarni ham izlab topmasmidi?
Bayram vaqtlarida-chi, bayram vaqtlarida… Unda… Unda… Shunday qilib, Ivanning xayoli qishloq turmushidagi go‘zalliklarning Feruzaga bog‘liq davrlaridan yuzlarcha, minglarcha xotiralarni uning eslarida jonlantira ketdi. Va shunda uning yuragiga allanarsa qadalib, siqdi.
Afsuslar qimirlab, alamlar ko‘tarildi. “Feruza haqli edi! Men endi tezlik bilan Borislafni tashlab, qishlog‘imga qaytmasam bo‘lmaydi!”
To‘g‘ridir: u o‘zining tolesiz ko‘rligi bilan ota merosini sotib sovurdi. Feruzani o‘zidan qochirdi. Lekin hali o‘zi yosh, kuchli, sog‘lom va shuning uchun qo‘lidan chiqqanlarning barchasini qaytarib qo‘lga kirgizishga yaraydi.
Mana, bir hafta ichida bitta “beshlik” orttirdi. Holbuki, bir haftada “beshlik” emas, “sakkizlik” orttirish ham mumkin. U holda bir yilda to‘rt “marg” yer keladi. Shunday qilib, hech kimga bildirmasdan, yangi turmush boshlasa, pulni har tomonga sovurmasdan, tushganini to‘plab borishga qaror berdi. Undan u yog‘ida bir narsa chiqar.

Shartnoma

Bayramda Ivan chinakam o‘z qishlog‘iga qaytdi. Bu safargi qaytishda uning yonida lattaga o‘ralgan 50 guldo‘n pul, boshida esa ota meros yerning bir bo‘lagini bo‘lsa ham qaytadan sotib olish to‘g‘risida pishiq reja bor edi.
Qishloqqa kirgan hamon u to‘ppa-to‘g‘ri muning ota meros yerlarini olgan mushtumzo‘rnikiga qarab ketdi. Mushtumzo‘rga sotilgan joy – sabzazor bog‘ va ketida uch marg yer bilan bir qishloq uyidan iborat edi. Mushtumzo‘r bu joyni dehqonchilik qilib foydalanmoq uchun emas, tayyor uyga traktir (pivaxona) ochmoq uchun olgan edi. Lekin, negadir, uning ishi oldinga yurishmadi. Bir qishloqning o‘zida hali ham to‘rtta traktir bo‘lgani uchun beshinchisiga ruxsat olish qiyin edi. Muning ustiga uning ko‘p narsalarini bir martaba o‘g‘ri urib ketdi. Shuning uchun u bu joyga kelgandan so‘ng boyish o‘rniga, juda yo‘qsullanib qoldi. Shuning uchun:
– Falokat joy bu, – der edi u o‘zi ham va bu joyni sotib, boshqa bir joyga o‘tmakchi bo‘lib yurardi.
Shuning uchun ota meros yerini olmoqchi bo‘lib kelgan, ayniqsa, xaltasini ham quruq ko‘tarib kelmagan Ivanning mushtumzo‘r uchun juda istakli mehmonlardan bo‘lishi sira taajjub emas edi.
Ular bitishdilar; uch yuz guldo‘n baravariga mushtumzo‘rga sotilgan o‘sha hovli-joy uchun – bir yarim yil orasida berib tugatmak sharti bilan – Ivan ham o‘sha 300 guldo‘nni mushtumzo‘rga topib berajak bo‘ldi. Unga qadar joyning ixtiyori mushtumzo‘rda qolajakdir.
Ertasi kun Ivan bilan mushtumzo‘r shaharga tushib, notariusnikida shartnoma qilishdilar. O‘sha yerda Ivan shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ning bir bo‘lagini, 50 guldo‘nni naqd sanab berdi. Shundan so‘ng o‘zi ham erkin bir nafas oldi. Endi uning oldida belgili bir maqsadi bor. Endi u o‘z yuragida ishlash uchun kuchli bir havas qo‘zg‘olganini va butun borlig‘ida allaqanday yangi bir kuch paydo bo‘lganini sezdi.
Bu kunlarda u Feruza to‘g‘risida oz o‘ylardi. Uning qishloqda yo‘qligini va kelmaganligini mushtumzo‘rdan so‘rab bildi. Yaqinda qizning otasi qizining Borislafda ham yo‘qligini eshitgach, jandarma idorasiga borib, bolasining axtarmog‘ini so‘ragan ekan. Hozirgacha hech bir natija ko‘rilmagan emish. Ivan qizning otasi bilan ko‘rishishni o‘zi uchun o‘ng‘aysiz bilardi. Mana shu sababli Feruzaning narsalarini otasiga topshirmoq uchun haligi mushtumzo‘rga berib, o‘zi qishlog‘iga kirmasdan, shaharning o‘zidan to‘ppa-to‘g‘ri Borislafga qarab jo‘nadi.

Folbinning follari

Kunlar ketidan kunlar, haftalar ketidan haftalar o‘tdi. Jandarmalar Feruza to‘g‘risida Ivandan ham, Gankadan ham, boshqa ishchilar va ishchi xotinlardan ham surishtirdilar. O‘sha o‘zimizga ma’lum kechaga qadar o‘tgan ishlarning hammasini aniqladilar. Lekin undan nariga o‘tgach, hech narsa bilmadilar va shu bilan bir necha kundan so‘ng surishtirishni ham bas qildilar.
Allakim Feruzaning allaqanday xizmatga kirgani to‘g‘risida ovoza taratgan. Allakimlar uni shaharda allakimning xizmatida ko‘rganlar. Boshqa birov esa uning tog‘ tomonga chiqib ketib, u yerda allaqanday dehqonning qo‘rg‘onida yashay boshlaganini eshitgan. Yana boshqa birovlar uning allaqanday boylar bilan birga Istriy shahariga ketganini gapirganlar. Mana shu bilan tinchlanganday bo‘lganlar.
Ivan Ganka bilan mavlud bayramidan ham burunroq ayrilishgan edi. Ularning orasiga hech qanday janjal oralagani yo‘q, albatta; yolg‘iz bora-bora Ganka Ivanning ko‘ngliga tegdi. Unga yoqmay boshladi va hatto Ivan uni ko‘rishni ham istamay qoldi. Boshda Ganka bu ishga loqaydlik bilan qaradi.
– Demakki, shunday! Ivan meni xohlamay qolgan bo‘lsa, parvoyi palagimga, boshimning g‘alvasi kamrak bo‘lar. Shu choqqacha o‘zim yolg‘iz yashab, o‘zimni eplab kelgan edim, mundan keyin ham eplab ketarman.
Ammo bir necha hafta o‘tgandan so‘ng, Gankaning rangi olinib, sarg‘ayib, ozib qoldi. Uni tag‘in vahima bosa boshladi. O‘zi yolg‘iz uxlayolmay turgan va kechalari cho‘chib uyg‘onib, dodlay turgan bo‘lib qoldi.
Axir bir kun Feruza bilan yotib yura turgan xotinga – Arina kampirga yalinib, mana shu vahimadan qutqarmog‘ini so‘radi.
Kampir folbinlik bilan nom chiqargan edi. Gankaning so‘rovini qabul qilib, va’da berdi va sekin-asta ehtiyot bilangina, bu vahimaning qachondan paydo bo‘lganini surishtira boshladi. Nimadan bo‘ldi, qanday bo‘ldi va qachondan beri shunday bo‘ldi, deb so‘radi. Ganka ham bu ahvolning kuzdan boshlab ro‘y berganini darrov iqror qilib qo‘ydi. Feruza ham kuzda yo‘qolgan edi. Lekin mundan boshqa hech narsa aytmadi.
Kampir avval bir idishda suv keltirib qo‘yib, ul idishga ancha dam solgandan so‘ng, bir bo‘lak qo‘rg‘oshinni eritib, Gankaning boshidan aylantirgach, yana shu idishga to‘kdi. So‘ngra idishga tikilib turib, birdan qichqirib yubordi.
– Ey, qizim, sho‘ring bor ekan sen yetimning! Hech kim senga ko‘mak berolmaydi!
Ganka qo‘rqqanidan toshday qotib qoldi.
– Ha, nima bo‘ldi?
– Muni qara, jigarim, qo‘rg‘oshin suvga tushgandan keyin qumday tirqirab ketdi.
– Tirqirab ketsa nima bo‘ladi?
– Ey, nimasini aytay senga? U narsani bunday joyda o‘ylash ham yaramaydi.
Ganka gapni uncha kavlab ham o‘tirmadi. Kampir esa o‘rnidan qo‘zg‘olmay, idishga tikilib olib, boshlarini to‘lg‘ab, allakim bilan tovushsiz gap­lashib yotganday, so‘lg‘in lablarini qimirlatib, “pichir-pichir” qilib o‘ltira berdi.
Unga qarab Ganka o‘z yuragida sovuq bir qo‘rquv tuydi. Unga shunday tuyuldikim, bu kampir hozir allaqanday arvoh bilan gaplashib turadi; so‘ngra uning yarim so‘nik ko‘zlari qizning ko‘ngligacha kirib borib, shu topda undagi mudhish sirlarni ham o‘qib yotadi.
Qiz birdan kampirning oldida turgan suvli idishni oldi-da, teraza orqali tashqaridan zovurga irg‘itdi. Kampir sira pinagini buzmasdan unga qaradi. Tishsiz og‘zi bilan bir kulib qo‘ydi.
– Sening ishing ko‘p ham yaxshi emas, qizim, yaxshi emas! – dedi kampir. – Bu, sendagi narsa quruq vahima emas, yo‘o‘o‘q…
– Nima, nima narsa, bo‘lmasa?
– Sening ko‘kragingga allaqanday og‘ir bir narsa yopishibdir, qizim. Voy, rost gap, rost. Men ko‘rib turibman, baribir iqror qilmaguningcha qutulolmaysan, bolam.
– Nimalar deb yotibsan sen, kampir? Nimani iqror qilar ekanman men? Nima qilibman men, birovni o‘ldirib yo birovning bir narsasini o‘g‘irlabmanmi?
– Men qaydan bilay? – dedi kampir yelkasini qoqib. – Mening ishim emas, o‘ksizim, mening ishim emas! Men senga o‘zimcha o‘quv chiqarib ayta yotganim yo‘q. Arvohlarning aytganini ayta yotibman. Sen, bolam, bilganingni qil!
Kampir chiqib ketishga boshladi. Ganka mundan so‘ng o‘zining yana badtarrak besaranjom bo‘lajagini va mundan nari o‘zi yolg‘iz sira uxlayolmayajagini yaxshi sezdi. Shu uchun kampirdan bu yerga ko‘chib kelib, o‘zi bilan birga yotishini so‘ramoqchi bo‘ldi. Muning so‘rovlariga kampir unamadi. Lekin bu ham sira bo‘shatmasdan yalina bergach, oxirda rozilik berdi. Va shu kunning o‘zida ko‘chib kelmakchi bo‘ldi.

Nemis bilan shartnoma

Ivanni allakim irim-sirim bilan boshini aylantirib qo‘yganga o‘xshaydi. Mundan o‘zga emas. Tanib bo‘lmay qolibdir sho‘rlik yigitni, bir og‘iz ham, yarim og‘iz ham og‘zidan so‘zi chiqmaydi. Xuddi ayiqday – indan chiqmaydi, traktirga kelmaydi, ichkilik ichmaydi, qachon qarasang, xayolga botib yuradi. Baxil bo‘lganini ayting! O‘zidan ham qizg‘onadi-ya… Xuddi itga o‘xshab kun kechiradi, hech kim bilan bordi-keldi qilmaydi. Burun qanday yaxshi ko‘rardi o‘yin-kulgini, ulfatchilikni, xotinbozlikni; endi hozir tanib bo‘lmaydi! Birorta xotin muni irim qildirib, shu holga solib qo‘ygan, o‘zga emas!
Ishchilar o‘z oralarida mana shu xil gaplarni ko‘p gaplashdilar. Ivan bilan har bir yo‘sinda gaplashib ko‘rdilar: astoydil ham, ermak qilib ham, hazillashib ham, jiddiy ham – hech biri foyda bermadi.
– Ey, tinch qo‘yinglar axir meni! Siz nimani bilasiz? Sizning boshingizda o‘zingizniki, mening boshimda o‘zimniki!
Ularning undan eshitgan butun javoblari mana shundan iborat edi. So‘ngra ular yenglarini qoqib, undan yiroqlashdilar.
Ba’zilar dedilarki, u ilgari zalolatga ketgan ekanu, endi tavba qilgan emish. Lekin Ivanning o‘zi bu gaplarning hammasiga e’tiborsiz qarardi.
Nihoyat, allaqaydan Ivanning ota meros yerini qaytadan sotib olmoqchi bo‘lganini bilibdilar. Ivanning o‘zi bu gapni hech kimga aytmagan edi. Demak, bu gapni uning o‘z qishlog‘idan kelgan birorta odam yoygan bo‘ladi.
– Ha, mana shunga pul yig‘ayotgan ekan-da! Shoshmay tur sen! Juda qaltis bir siri borday, bizdan yashiradi-ya!
Shundan bir oz o‘tgach, Ivanga qattiq bir hazil qildilar: kechasi uning pulini o‘g‘irladilar. Pulining o‘zi ham ko‘p emas, 8 guldo‘ncha bor edi, xolos. Shunday bo‘lsa ham hayf, Ivan “dod-voy” qildi. Lekin pul ketgan. “Sizning pulingizni o‘g‘irlabdirlarmi, Ivan?” deb bir kun unga savol berdi prikazchik.
– Him, him, – deb g‘ungullab qo‘ydi Ivan.
– Eshitdimki, pulingizni yig‘ib borasiz ekan, yer-per olmoqchimisiz? – deb davom qildi prikazchik.
– Ha, yer olmoqchiman.
– Juda yaxshi qilasiz! Xudo yor bo‘lsin! Siz o‘zingiz durust odam ko‘rinasiz. Pul degan narsa – katta gap. Topish – qiyin, yo‘qotish – oson. Yelga sovurmak uchungina pul sovurmoq – ahmoqlik. Bu ham biru, odam o‘z umri, o‘z kuchini yelga sovurishi ham bir. Bir kun kelib odam qariydi, kuchdan qoladi, o‘shanda ham yana pul kerak bo‘ladi.
Prikazchik juda to‘g‘ri gapirardi, o‘zi ham samimiy odam edi. Shundan so‘ng Ivan ham unga o‘z fikrlarini ochib aytdi. Prikazchik ilgari uni xo‘b maqtagach, so‘ng dedi:
– Men sizga mana munday maslahat ko‘rsataman, Ivan! Nega pulingizni yoningizda olib yurasiz? Mast odamlar o‘g‘irlab qo‘yadilar. Yoningizdagi pullaringizni siz menda – kassada qoldiringizu, o‘zingiz bitta daftarcha qiling. Har bir oylik tekkanda men sizga o‘zingizga yetarligini beraman, qolgani kassada yota beradi. Men o‘z daftarimga yozib boraman, siz o‘z daftaringizga; shunda adashilmaydi. Yeringiz uchun pul kerak bo‘lganda menga aytasiz, men sizga darrov kassadan olib beraman. Pulingiz ishonchli joyda bo‘ladi, hech kim o‘g‘irlamaydi.
Ivan birdaniga qaror berolmadi, nemis-ku to‘g‘ri maslahat berayotibdir-a, har holda unga ishonib bo‘lmaydi. Lekin, ikkinchi tomondan, o‘ylaganda, mundan boshqa iloj ham yo‘q. Bir martaba o‘g‘irladilarmi, yana o‘g‘irlaydilar. O‘sha prikazchikning maslahatiga ko‘ngan yaxshiroq. Shunday qilib, Ivan ko‘ndi.
Xudoga shukur, gina qila turgan joyi yo‘q. Nemisning qo‘lidagi pul 50 guldo‘nga yetgan hamon darrov oladi-da, pochta orqali yer xususida shartnoma qilib bergan notariusga yuboradi.
Ivan o‘zidan ham, prikazchikdan ham rozi edi; ishlarning yaxshi bo‘lajagiga ishonchi ham tugal deyarli edi. Hali bahor kirib ulgurmagan bo‘lsa-da, u yerga tegishli pulning to‘rtdan uch hissasini berib bo‘lgan edi!
Endi u o‘zining xayollari bilan, butunlay demak mumkin, o‘z qishlog‘ida yashardi. Chuqur zovur yoki qorong‘i konda ma’dan kavlab turib ham xayoli o‘z qishlog‘ida bo‘lar; u o‘zini, go‘yo quyoshning yorug‘ shu’lalari ostida yer haydab, bug‘doy o‘rib, don tashib turgan dehqonday sezardi. Borislaf hayoti uning uchun xuddi bir qorong‘i zindonday edikim, erta-indin u bu zindondan qutulajak, bu kenglikda muni ko‘m-ko‘k ko‘kargan xushbo‘y o‘tlar bilan olma gullariga ko‘milgan olma og‘ochlari qarshi olajaklar!

Sho‘rlik ota

Ro‘za bayramining birinchi haftalarida Borislafga Feruzaning otasi keldi. U Ivanning qayerda ishlaganini surishtirib bilgach, to‘g‘ri uning yoniga bordi.
– Ivan, mening qizim qani? – mana shu savol bilan boshlandi ota sho‘rlikning so‘zlari. Ivan ko‘rgandan beri u ancha o‘zgargan: ancha oriqlagan, birmuncha qarigan. Ivanning bu cholga juda yomon rahmi keldi.
– Bilmayman, – deb javob berdi u.
– Bilmaysan? Bilishing kerak edi! Uni o‘zing bilan birga Borislafga boshlab kelgan sensan. Uning qayerdaligini sen bilishga tegishsan!
– Durust, Borislafda vaqtida bilardim. Ammo bu yerdan ketgandan beri bilmayman.
– Qayerga ketgan?
– Qayerga ketganini ham bilmayman! Men siznikiga ketdimikan, deb o‘ylagan edim. Balki biror joyga xizmatga kirgandir?
– Hech qayerga kirmabdir. Men ko‘p surishtirdim. Jandarmalar ham toza qidirdilar, Istiriyga ham, Stanislafga ham tiligram berdilar. Diragavichda men jar chaqirtirdim. Hech qayerda yo‘q. Endi oxirda sening yoningga keldim, topib ber mening bolamni!
– Men uni go‘rga ko‘mganim yo‘q, – dedi Ivan xotirjamlik bilan.
– Zovurga ko‘mmadingu nobud qilding! – deb dahshat bilan baqirdi chol. – Sen o‘ldirgansan uni. Aytishlariga qaraganda, u sendan bo‘yida bo‘lib qolgan ekan. Shundan qutulmoqchi bo‘lgansan sen. Sen o‘ldirgansan uni.
– Qasam ichib beramanki, unday emas, – dedi Ivan va paxtaday oqarib ketdi.
– Ming martaba qasam ichsang ham, ishonmayman senga!
– Unday bo‘lsa, bilganingizni qiling. Meni osib yuborsangiz ham gapira turgan gapim shu. Uning qayerga yo‘qolganini men bilmayman.
Shundan so‘ng chol bir bor yumshadiyu lekin yig‘lashga, sochlarini yumdalashga boshladi. Ishchilar va prikazchiklar to‘planib kelib, uni yupatmoqqa kirishdilar.
Kirnetskiynikida o‘tgan ma’lum kechani, Feruzani so‘ng daf’a o‘sha kechadagina ko‘rganliklarini, Ivan bilan uning o‘rtasida o‘tgan g‘ijillashlarni, uning traktirdan yolg‘iz o‘zi chiqib ketganini bitta-bitta cholga aytib berdilar. “Shundan so‘ng, – dedilar ular, – Ivan yarim kechagacha traktirda qolgan edi”.
Prikazchik Ivanni “ichkilik ichmaydi, yomon yurmaydi, yaxshi odam bu”, deb maqtadi. Nihoyat, chol nima qilishni bilmay qoldi. Diragavichda jandarmalardan Ivanning darrov qamoqqa olinishini so‘ragan edi. Endi bu yerda boshqacha o‘ylay boshladi. Bu yigitni qamatdirish hech gap emas, lekin insofdan bo‘larmikan?
Bordiyu Feruza achchiq qilib bir joyga – tog‘ tomonga chiqib ketdi, u yerda bir xizmatga kirdi, uyalganidan turgan joyini ataylab bildirmadi? Shular barchasi mumkin narsalar-ku, jandarmalar ham unga: “Noumid shayton”, demadilarmi? Birovni odam o‘ldirishda ayblash oson emas. Feruzaning chinakam o‘ldirilgani to‘g‘risida jindak bo‘lsa ham bir alomat bo‘lsaydi, unda boshqa gap edi.
Shu bilan Feruzaning otasi ham uyiga qaytib ketdi.

Ganis va Ya’nas

Bayram o‘tdi. Havo isiy tushdi. Dol tog‘idan ham sovuq ketmagan bo‘lsa-da, vodiylarda ko‘klam chechak sochib, go‘zal yuz ko‘rsatib qoldi. Borislafning ko‘rinishi – neft aralash shilpillama balchiqning tutash va chuqur bir handag‘iga o‘xshardi. Shanba kuniydi. Tiniq va bulutsiz ko‘kda quyosh kulib turadi. Yangi po‘stin va shapka kiygan prikazchik kimsasiz yerlarda – Borislaf bilan Katef Sofiyasi qarshisidagi so‘qmoq yo‘lda aylanishib, nemis tilida suhbat qilishadilar.
– Ish shu qadar ko‘p, bilsang agar, Ganis, tashvish shu qadar zo‘rki, miyalarim shundaqa qurib ketdi, – dedi bittasi.
– Hali zovurga yiqilgan odam tufaylidanmi?
– Mastlik yiqitdi uni zovurga! Mastlik tepdi uning beliga!
– Komissiya keldimi?
– Keldi.
– Xo‘sh, nima dedi?
– Menga guldo‘n jarima soldilar.
– Nega? Nega?
– Beparvolik uchun emish. Men beparvo emishman! Men qarayolmagan emishman! Ularning ketidan, xuddi yosh boladay, men qarab yurar ekanman. Uning bu xilda yiqilishi, bir hisobda, xayriyatli bo‘ldi. Nega desang, boshqa ishchilar zovurga uning o‘zi yopishib, o‘zi yiqilganini aytib berdilar. Agar haligi shohidlar bo‘lmasa, balki allakim qasd bilan tashlagan, derdilar.
– Oh, Ganis! – dedi Nikolay Ya’nas deb yuritilgan yana biri. Men zararning tagida qoldim! Mening omborimda bo‘lgan shikastni eshitdingmi? Eng kami 50 guldo‘n turadi! Ayb kimda – ma’lum emas. Zararni kim to‘laydi? Nikolay Ya’nas.
– Yo‘q, men hech narsa eshitmadim. Nima bo‘ldi?
– Bizning xizmatchimiz ikkita yangi parra qayish sotib olib, boshqa narsalar bilan birga menga topshirdi. Men ham omborning tokchasiga qo‘yib qo‘ydim. O‘sha tokchada bir shisha oltingugurt suvi bor edi. U narsa, o‘zing bilasan, ishga kerak bo‘ladi… Shishadagi suv ishga ishlatilib, tagida ozgina qolgan edi. Shisha o‘lgurning og‘zida mahkamgina shisha qopqog‘i bor edi! Bir kun zovurga qayish lozim bo‘lib qoldi. Omborga kirdim. Tokchadan qayishni oldim, shundagina falokat bosib, shishaga tegib ketibman. Shisha ag‘darildi. Qo‘rqqanimni aytgil o‘zimning! Shoshilganimdan shishaga ochiq qo‘l bilan chang solibman. O‘sha onda ikkita barmog‘imni kuydirib tashladi! Kuygan qo‘lim bilan shishani joyiga qo‘yay desam, yana qopqog‘i tushib ketdi. Shundan haligi suv o‘lgurdan jindagi, ko‘p bo‘lsa, 2-3 tomchisi qayishga tomib ketdi. Qopqog‘ini darrov yerdan oldimu, shishaning og‘zini mahkamlab, yana joyiga qo‘ydim.
– Bay, bay! – deb yubordi Ganis. – Mening sho‘rim quridi! Xo‘jayin bilib qolmasin, deb hech kimga aytganim ham yo‘q. O‘z yonimdan to‘lab qo‘yaman, shekilli, boshqa iloji yo‘q.
Ganis Nikolayga achinganini bildirib, bir “uh” tortdi. So‘ngra Borislafga qaytgandan so‘ng haligi qirqilgan qayishni ko‘rmak uchun Nikolay bilan birga ataylab omborga kirdi.
Ganis Nikolayga juda uzoq tikilib turdi va afsus bildirganday qilib, tez-tez boshini qimirlatdi. Bir vaqt Nikolay Ya’nas bir ozgina teskari qayrilgan edi, Ganis yonidan kichkinagina bir shishacha olib, haligi suvdan bir necha tomchi quyib oldi. Nikolay muni sezmay qoldi. Ikkalasi ham ombordan chiqdilar. Ya’nas omborni qulflab oldi. So‘ngra ikki do‘st bir-biriga oq yo‘l tilagach, ayrilishdilar.

Ivan pullarini qaytarib olmoqchi

Oradan yana ikki oycha vaqt o‘tdi. Borislaf tegrasidagi bug‘doylar o‘rila boshladilar. Kunning eng issiq vaqtlari keldi.
Ivan xuddi ichiga o‘t ketgan odamday yashardi. Borislafda yashash borgan sari og‘irroq tuyulardi. Oyog‘i ostidagi yer o‘t bo‘lib yonardi. Allanarsa uni bog‘lar, turtar va Borislafdan haydaganday bo‘lardi. U qanday qilib shu yerdan tezroq qutulib ketishdan boshqa hech narsani o‘ylamas edi.
Mushtumzo‘rga shartnomadagi pulning hammasini berib tugatmak uchun, unga, kuzgacha va balki qishgacha shu yerda qolib, yana zovurlarda ishlashga to‘g‘ri kelar. Mana shu narsani o‘ylashning o‘zi ham uni allaqanday yovvoyi bir qo‘rquv bilan qo‘rqitardi.
– Yo‘q, chidolmasman! – dedi u bir necha daf’a va har daf’a soatlar bilan kunlarni sanardi.
U yana yuz guldo‘n pul to‘plagan edi. U pullar nemisning qo‘lida saqlanar edi, o‘sha pullarni olib, qishlog‘iga qaytib, mushtumzo‘rga topshirmoqchi bo‘ldi. Lekin mo‘ljallangan vaqt yaqinlashgani sayin yana boshqa bir fikrga ko‘prak-ko‘prak berilar, xuddi dengizga botayotgan odam bir taxta parchasiga yopishganday, tobora o‘sha fikrga yopishardi.
“Yuz guldo‘nni-ku to‘laganman, – deb o‘ylardi u. – Yana yuz guldo‘nni endi olib to‘layman-da, Borislafni tashlayman. Ketamanu yana qaytib kelmayman. Qolgan bir yuz guldo‘nni bir ish qilib ishlab yurib topib berarman yoki birovdan qarzga keltirarman, ammo-lekin bu yerda qolmayajakman”.
Boshda olis xayollar kabi xiraroq bo‘lgan bu fikr bora-bora uning miyasida belgili shakllarga kira boshladi.
U har xil yo‘llar axtara boshladi.
“Uylanayin, qizning qancha yo‘qsil bo‘lganda ham 100 guldo‘ni bo‘ladi. Balki muning ustiga yana bir oz yer ham tegib qolar”.
So‘ngra yana haligi pulga ikkita ot olib, aravakashlik qilmoqchi yoki birovga qarollikka yollanmoqchi, yoki podshohlik o‘rmonida sarjinlik bilan mashg‘ullanmoqchi bo‘lib qoladi. Qayerda bo‘lsa ham, qanday qilib bo‘lsa ham bir oz pul topib, mushtumzo‘rning pulini berib, o‘zining yerini olmoqchi. O‘z yeri, o‘z joyida hammadan yo‘qsil, hammadan orqada bo‘lsa ham, o‘zi ega bo‘lib, o‘zi ishlamakchi bo‘lardi. O‘zining bu fikrlarini Ivan kimsaga ishonib aytmas edi. Yolg‘iz mo‘ljallagan kuniga bir hafta qolganda nemisga dedi:
– Menga qarang, Ganis, bir haftadan keyin mendan olgan pulning hammasini birdan qaytarib berasizmi?
– Bo‘lmasam-chi? – dedi Ganis. – Xo‘sh, nima gap, pochtadan jo‘natay, deysizmi?
– Yo‘q, o‘zim olib ketmakchiman.
– Nega o‘zingiz borib yurasiz? Pochtadan ham yuborish mumkin-ku.
– O‘z ishlarimni ko‘rgim kelayotir. Bilmayman, balki o‘sha yoqlarda butunlay qolib ketarman.
– Xo‘sh, bizni tashlab ketmakchimisiz?
– Ha, ketmakchi edim, lekin bilmayman… O‘sha mushtumzo‘rning pulini berib, yerni olish uchun o‘sha yoqlarda birorta ish topilsaydi…
– Mayli, ixtiyoringiz, – dedi Ganis Ivanning so‘zini bo‘lib, – juma kuni pulingizni tugal topshiraman.
Shu bilan suhbat tugadi. Shundan keyin Ivan bilan prikazchik o‘rtasida pul to‘g‘rida hech bir so‘zlashuv bo‘lmadi.

Qo‘rqinch xabar

Juma kuni kechqurun Ivan kechki navbatda ishlashi kerak edi. “Bu, – deb o‘yladi u, – yer ostida, zulmat o‘lkasida so‘nggi kech ham bo‘lajakdir”. O‘sha kechada uning ko‘ngli yengil va quvnoq edi, lekin kutmagan bir xabar uning quvnab turgan ta’bini xira qilib qo‘ydi.
U bir oz araq ichgandan so‘ng quruq nonni zakuska qilib, endi konga yaqinlashib kelayotgan vaqtida nari yoqdan o‘sha Feruzaning yo‘qolganligi to‘g‘risida birinchi daf’a xabar olib kelayotgan Arina kampir shu yoqqa qarab kelayotir edi. U xuddi pishinganday kelardi. Ivan uni taniyolmadi. Shundan so‘ng u o‘zining qoq va qora qo‘llarini Ivanning orqasidan uzatib, yelkasidan ushlab oldi.
Shunga qadar o‘ylanib kelayotgan Ivan, shunda, xuddi uyqudan uyg‘onganday bo‘lib ketdi va bir qur seskanib olib, so‘radi:
– Kim bu?
Aylanib qaragach, kampirning qo‘rqinch, sariq va tirishiq yuziga ko‘zi tushdi. U yuz o‘zining ko‘m-ko‘k lablarini keng ochib va tishsiz milklarini ko‘rsatib, allaqanday sovuq bir kulish bilan unga qarab kulganday bo‘ldi.
Ivan qaltirab ketdi. Uning miyasiga ixtiyorsiz kelgan birinchi o‘y shu bo‘ldi: “Ko‘zimga bu xil tikilgan o‘limdir” va shunda uning butun vujudini sovuq va xurofiy bir qo‘rqinch o‘radi.
– Sen hali mendan cho‘chib yuribsanmi? – deb koyishni boshladi kampir va shu onda yuzidagi kulimsirash ham yo‘q bo‘ldi. Uning o‘rniga allaqanday tundlik va tajanglik belgilari ko‘rindi. – Nima balo, men bir ajina yo bir arvohmidim. Muni qarang, muni! Cho‘chib ketgan emish! Go‘yoki butun umrida meni ko‘rmagan!
Shundan so‘ng Ivan kampirni tanib, undan uzr so‘ray boshladi:
– Ey, kechiring! Men sizni taniy olmapman. Men bir xayol bilan ketayotir edim, birdaniga siz chiqib qoldingiz… Munday bir dovushingizni ham chiqarmaysiz…
– Ha… mana shunday! Kampir onaga munday o‘z bilganlaricha bir qarash, salom berish, hol-ahvol so‘rash, bir ryumka-yarim ryumka araq olib berish – yo‘q, yo‘q, yo‘q, o‘zi pul topib olmasa, tashnalikdan o‘lib keta bersin kampir.
– Qo‘ying, gapirmang, hali o‘lib ketayotganingiz yo‘q-ku! – dedi Ivan kulimsirab. – Xo‘sh, siz birorta ish bilan kelgandirsiz, albatta?
– Ish deb ham bo‘lmaydi-ya, shunday… Bilmayman. Senga qandoq qilib aytsam. Ha, ish bilan, yaxshi yigit, ish bilan! Har nima bo‘lganda ham siz ikkovingiz bir qishloqning bolalarisiz, albatta; senga aytsam yaxshi bo‘ladi.
– Bir qishloqdan? Kim bilan?
– Kim bilan bo‘lardi? Ganka bilan. Bilasanmi, men o‘sha Gankanikida yotib yuraman. Endi shu topda bola sho‘rlik butun-butun yotib qoldi, men ham kecha-kunduz yonidan jilmay qoldim.
– Yotib qoldi? Xo‘sh, nima bo‘libdir unga?
– Men qaydan bilay, bolaginam? Boshda men xotinlarning o‘zlarida bo‘la turgan bir xil kasalliklardanmikan, deb o‘ylagan edim. Unday emas ekan. Bu boshqa. Allaqanday bir dard. Muning nimaligiga o‘zim ham hayron bo‘lib qoldim.
– Kechalari qur-qur baqiradimi?
– Ey… Endi shu topda kechalarigina emas, kunduzlari ham baqiradi. Ko‘zi sal uyquga ketdimi, darrov allanimalarni ko‘ra boshlaydi. Shunday baqiradiki, quloqlarni yorib yuboradi. Birdan o‘rnidan irg‘ib turib, allaqayerlarga chiqqanday, berkinganday bo‘ladi, dovollarga borib tirmashadi.
– Siz, axir, dori-morini qilib ko‘rmadingizmi?
– Nega qilmayin ekan? Qildim, bolam, qildim. Bilganlarimning hammasini, hammasini qilib ko‘rdim, hech bir foyda bermay yotibdir. Foyda berishi ham qiyin. Nega desang, uning miyasida butunlay boshqa bir narsa javlon uradi. Men-ku, u narsani boshdayoq bilib edim-a, lekin aqlim yana boshqa narsaga ketib yurgan ekan. Men o‘ylabmanki, qizi tushmagur bola tug‘ib qo‘yganu – munday ishlar bu yerda ayb emas – keyin o‘z bolasini o‘zi nobud qilgan. Endi o‘sha bolaning ruhi ko‘ziga ko‘rinib, tushlariga kirib, munga hech bir tinchlik bermaydi, deb. Qiz o‘zi qo‘rqqandi, tinchidi, “yo‘q”, dedi. Shundan keyin men ham shoshib qoldim. Nima qilishimni bilmadim. Nimalar deb javraganini bilmakchi bo‘lib, necha martabalar kechalari quloq soldim, hech narsa uqib bo‘lmadi. Bir-ikkita gapini uqidim, xolos: “Ana u yerda! Zovurda! Suvda! Ko‘lmak suvda! Ana, keldi! Ana, keldi!” deb javraydi. Kim ul, qani, qayerda, taqir bilib bo‘lmaydi. Men ko‘p aylantirib so‘radim – juda o‘jar bola! Payraxaday qurib, qaqshab ketdi o‘zi, qop-qora bo‘ldi – qishda qanday qiz edi? Xuddi momiqday! Bu ahvol bilan ko‘pga bormasligini, hech bir umidi qolmaganini o‘zi ham biladi. Yana jim, yana aytmaydi.
– Siz chinakam uning ko‘nglida bir siri boru, berkitadi, deb o‘ylaysizmi?
– Ha, albatta! U sirni qandoq qilib bilsak ekan, deb bosh qotirib o‘tirish ham kerak emas, men ertaroq bilganman uni.
– Xo‘sh, nimani bilgansiz siz?
– Nimani bo‘lardi, yaxshi yigit? Sening Feruzangni o‘ldirgan o‘sha!
– Feruzani? Ganka-ya? Qandoq qilib? Nima uchun?
– Rost-a! Nima uchun, degin-a! Bo‘lmasa, quloq sol, men senga hammasini aytib beray.

Kampirning hikoyasi

Kampir ko‘chada Ivan bilan yonma-yon boradi… Lekin unga yetib yurolmasdan, orqada qola boshlagach, qo‘l uzatib Ivanning etagidan ushladi-da, o‘zi to‘xtadi.
– Shoshilma-da! Ko‘rmaysanmi, hansirab qoldim. Ko‘p shoshilma ishingga! Bir oz kamrak toparsan. To‘xta mana bu yerda, gapni eshit!
– Ish vaqtim bo‘lib qoldi. Eshitayotirsizmi? Kechki navbat qo‘ng‘irog‘ini chalayotirlar.
– Kechki navbating qursin, ilohim! Borma bu kun ishingga! Birgalashib Gankanikiga boraylik. Bu ish zarurrak.
Ivan bir nafas ikkilanib qoldi.
– Yo‘q! Bu kun kech kirib qoldi. Nima qilaman shu topda Gankanikida. Ertaga ishdan chiqqan hamon to‘ppa-to‘g‘ri boraman, bo‘lajak ishlar to‘g‘risida gaplashamiz. Qani, aytib bering-chi, nimalarni bila oldingiz undan?
– Nimasini so‘raysan, – dedi kampir, – kecha kechasi bir nafas ham ko‘zini yumolmay chiqdi o‘zi ham. Shunday qiynaldiki, xudo ko‘rsatmasin! Bu kun erta bilan turib qarasam, oppoq oqarib yotibdir. Yolg‘iz ko‘zi tirik, xolos.
– Ganka, – dedim men, – yo popni chaqirib beraymi?
U xuddi bir narsa chaqib olganday irg‘ishlab ketdi.
– Pop deysizmi? Nega?
– Nega bo‘lardi, oppog‘im, bu yorug‘ dunyoda bir necha kunlikkina nasibang qoldi. Oxiratning g‘amini yeyish kerak.
– Yo‘q, istamayman, – dedi u, – bir oz tinchlansam, tuzalib ketaman.
– Eyy, qizim, munday gaplarni gapirma ! O‘zingni ham aldama. Men ko‘rib turibmanki, sanog‘lik kunlaring qolgan, borib popni chaqirib kelay.
– Yo‘q, kerak emas, – dedi u. – Kerak bo‘lganda o‘zim aytaman. Siz chiqmay turing! Men bir oz uxlab olayin.
Ko‘zi ilinar-ilinmas yana baqirgali, o‘zini urgali turdi!
– Ana, keldi, ana, keldi! Ana, qo‘li! Ana, uzatdi menga! Ushladi! Qo‘yib yubormaydi, voy-dod, voy-dod, voy-dod! Qutqaring! Onajon, qutqaring!
Yotgan joyidan o‘zini tashladi. Menga osilib olgan, o‘zi “dir-dir” qaltiraydi, ko‘zi doim orqasida, bir narsadan cho‘chigan boladay hadeb baqiradi, hadeb chiyillaydi.
– Hoy, nima bo‘ldi senga deymanu, hadeb qo‘rqaman. Kim kelayotir? Kimni ko‘rayotirsan?
– O‘sha xotin, axir, o‘sha xotin! Ko‘rmay yotibsizmi? Uni qarang, qo‘lida go‘sht degan narsa qolmabdir, qup-quruq suyak!
– Xudo o‘zi o‘nglasin sening ishingni! Nimalar deyapsan? Kimni ko‘rayotirsan?
– O‘sha xotinni axir, Feruzani!
– Qaysi Feruzani?
Lekin shu joyga kelganda, uning yana o‘jarligi tutadi. Butun vujudi qaltiraydi, hadeb menga yopishadi, ammo og‘zidan bir og‘iz ham gap chiqmaydi, bir navi qilib uni tinchitdim, joyiga yotqizdim. Endi har xil gaplar bilan ko‘nglini xursand qilib o‘ltiribman, ikkinchi tomondan, miyamda hamma gaplar aniqlashib yotibdir. Qancha nasihatlar qildim unga, bir oz go‘sht qaynatib berib, qornini ham to‘yg‘azdim, endi tinchlanib yotdi-yu, lekin meni taqir yonidan jildirmaydi.
– O‘tiring! Meni tashlab ketmang! Uxlab ketmayin, deb qo‘rqaman; ko‘zim uyquga ketgan hamon yana o‘sha xotin kelib qoladi, deb qo‘rqaman.
– Nega u xotindan muncha qo‘rqasan? – deb so‘radim men. – U seni nima qila oladi?
– Voy, onajon! Voy, jonimni qoqay! Qanday qo‘rqinchligini bilsangiz edi uning! Butun qonlarim muzlab qoladi. Sira betiga qaray olmayman, lekin qaramasdan ham ilojim yo‘q. Mening ko‘zlarimni allaqanday bir narsa unga tikiltirib qo‘yayotganday bo‘ladi.
– Demakki, u sening yuragingda ekan-da?
Indamaydi.
– Iqror qil, qizim! – deyman men qattiqlik bilan. – Ko‘rasanmi, sen nima narsani berkitib ketmakchi bo‘lding. Odamlardan berkitganing bilan bo‘larmidi, qizim? Xudo hamma narsani bilib turadi, axir. O‘zing ko‘rayotibsanki, qanday og‘irliklarga qolganingni! Agarda seni dorga osib yuborsalar, mana shu azoblarning o‘ndan birini ko‘rgancha ham qiynalmas eding.
Qiz gaplarimni xo‘p eshitdi, eshitdi-da, so‘ngra birdan yig‘lashga boshladi. Xuddi yosh boladay ho‘ngur-ho‘ngur yig‘ladi.
– Voy, oyijon, gapingiz rost! Voy, men gunohkorman! Men uni o‘ldirganman. U xotin o‘sha kuni bo‘shashib ketib, mening qo‘limga yiqilgan edi, men uni o‘sha behush holda zovurga tashlab yubordim. Men o‘yladimki, muni hech kim bilmaydi-yu, undan keyin Ivan meni oladi… Aylanay, onajon, yo‘l ko‘rsating menga, nima qilaman men endi?
Kampirning bu so‘zlarini eshitgach, Ivanning butun badaniga muzdek bir narsa tegib o‘tgandek bo‘ldi. U o‘zini ezilgan kabi tuydi. O‘sha kechadagi ishlar, Feruza bilan ayrilish, Gankanikida o‘tgan bir kecha, uning o‘sha vaqtda bezovta bo‘lishlari darrov uning esida jonlandilar. U hattoki Gankaning: “U xotindan qo‘rqaman”, degan so‘zlarini ham esladi va shundagina hamma narsa unga ravshan bo‘ldi. Og‘ir tuyg‘ular bilan ezilib, og‘ir nafas oldi.
Undan so‘ng kampir Gankaning e’tiroflari to‘g‘risida gapirib ketdi. Qayerda uniing Feruzani zovurga tashlagani, so‘ngra qanday qilib noma’lum bir kuch ta’siri bilan iz berkitish uchun yana o‘sha zovurga borgani, o‘shanda qandoq qilib ishchilardan biriga ko‘rinishdan qutulib qolgani, so‘ngra qandoq qilib tushlarida Feruzaning muni quvganlari, so‘ngra Ivanning munga yomon va sovuq muomala qila boshlagani – mana shularni bitta-bitta naql qildi.
– Xo‘sh, shu topda nima qilayotibdir u? – deb kampirning naqlini bo‘lib so‘radi Ivan.
– Yig‘lab, yig‘lab uyquga ketdi. Endi tushida ham urinmasdan, tinch uxlab yotadi. Men uning yonida bir oz o‘tirdim-da, so‘ngra: “Bu gaplarni Ivanga aytsam yaxshi bo‘lar”, deb sening yoningga keldim. Qani, ayt-chi, nima qilamiz endi?
Ivan bu gaplarni toshday qotib turib eshitdi. Uning ichida allanarsa qo‘zg‘olgan, allanarsa yulingan, allanarsa dod-fig‘on qilganday bo‘ldi. U narsa-da ayash tuyg‘usi edi, na qattiq koyish va na allaqanday gunohning e’tirofi…
– Endi nima qilish lozimligini men qaydan bilay? – dedi u bo‘g‘iq tovush bilan. – Tegishli joyga bildirish kerak. Bu axir mudhish narsa!
– Oqsoqolga boraymi?
– Boring, boring! – dedi Ivan shoshilib va kampirning so‘ziga ulab.
– Balki sen birga borarsan men bilan? Men negadir qo‘rqayotirman.
– Men nima qilaman siz bilan borib, so‘ngra mendan ham shubha qila boshlaydilar. Yo‘q, o‘zingiz boring. Men ertaga ishdan chiqqan hamon uchrayman, boring, boring!
Shundan so‘ng kampir indamasdan ketdi.

Ganisning jinoyati

Ivan o‘zi ishlay turgan konga yaqinlashganda nemisni uchratdi. U yot bir ishchi bilan gaplashib, allaqayerga ketmakda edi.
– Shom oydin, Ivan! – dedi Ganis. – Ishga borayotirsizmi?
– Ha, ishga, – dedi qandoq qilib va nimalar deb gapirishni qiyinlik bilan topayotgan Ivan.
– Ertaga bizdan ketasizmi?
– Ha, ketaman.
– Xo‘p, xo‘p, ixtiyor o‘zingizda. Pulingizni ertaga ola bilasiz.
Ivan boshqa hach narsani aytmasdan, zovurga qarab ketdi. Ganis esa ertaga o‘sha zovurda Ivanning o‘rnida ishlayajak ishchi bilan gaplashib qoldi.
– Bu yerda sizga yaxshi bo‘ladi! – dedi Ganis. – Men unaqa birovlarning haqqiga qiziqa turgan odam emasman. Ishonmasangiz, mana shu Ivanning o‘zidan so‘rang. U hatto oylik olar vaqtlarida pulning bir bo‘lagini menga qoldirib, 50 va 100 guldo‘nga yetganda hammasini birdan oladi. Endi, ertaga, bu yerdan ketayotir. Bilasizmi, qayerga? O‘z yerini o‘zi ekib, dehqonchilik qilgali!
– O‘z yeriga? – deya tag‘in qaytib so‘radi ishchi. – Qayerda yeri bor ekan uning? Allaqachon sotib sovurgan-ku!
– Allaqachon sotib sovurgan edi. Endi qaytadan sotib olayotir. To‘lanajak pulining so‘nggi bo‘lagi uchun so‘nggi guldo‘nni kecha olib edi. Endi ertaga o‘zining tug‘ilgan qishlog‘iga jo‘nayajak. Bu yerdan butunlayga ketayotir. Kim ko‘rsatdi unga bu yo‘lni?.. Ganis ko‘rsatdi, albatta! Ishonmasangiz, o‘zidan so‘rang!
Shu onda zovur tomondan shovqin va oyoq tovushlari kelib qoldi. Ko‘chada bir ishchi yugurgancha keta turib, bo‘g‘ila-bo‘g‘ila qichqiradi:
– Ganis afandi! Ganis afandi!
– Xo‘sh, nima gap? – deb so‘radi Ganis.
– Darrov zovurga boring! Darrov!
– Nima bo‘libdir u yerda? – zo‘rg‘a so‘ray oldi Ganis va javobini ham kutmasdan, zovurga tomon chopdi. Uning ketidan yangi yollangan ishchi ketdi.
Ganis haligi qichqirgan ishchiga yetib borgach:
– Xo‘sh, nima bo‘libdir? – deb na pichirlash va na bo‘g‘ilishga o‘xshamagan bir ovoz bilan so‘radi.
– Allaqanday bir qazo…
– Qanday qazo?
– Eyy.. O‘zim ham bilmayman, o‘zingiz borib ko‘ring! Munday narsani butun umrimda ko‘rmagan va eshitmagan edim.
Uchalasi ham zovurga yetib bordilar. U yer butun qorong‘i, yolg‘iz bittagina chiroq turli taxtadan yasalgan “budka”ning o‘rtasini zo‘rg‘a-zo‘rg‘a yoritib turadi. Zovur labida turgan bir ishchi zovur charxida juda bo‘sh sangillagan qayishni yuqoriga tortmoq bilan mashg‘ul edi.
– Xo‘sh, nima hodisa bo‘ldi? Gapir! – deb baqirdi Ganis, to‘rt tomonga ko‘z yugurtib, ishchilarni cho‘chitgan narsani izlaganday bo‘lib.
– Qayish uzildi.
– Nima? Nechuk u mumkin bo‘lsin?
– Bilmayman. Ana, ko‘ring o‘zingiz.
Zovur bo‘yida turgan ishchi haligi qayishni yana bir daf’a tortib olib, bir-ikki aylantirib, yana tashladi.
– Xo‘sh, Ivan-chi? Ivan qani?
– Zovurda.
– Nechik zovurda? Ishlay turgan zovurga tushganmi?
– Albatta, ishlay turgan zovurga tushgan bo‘lsa kerak, lekin tirik qolmagandir.
– Mana muni qarang, bu qayish 10 metrcha joyga ham yetmasdan uzilgan.
– Bu nechuk bunday bo‘ldi? Qanday? Gapir bitta-bitta! – deb hali ham nima bo‘lganini anglamasdan, shoshiltira boshladi Ganis.
– Eyy! Muning qandoq bo‘lganini men qaydan bilaman axir? Ivan keldi, qayishni beliga bog‘ladi. Men ham uni asta-sekin zovurga tushira boshladim. To‘lg‘adim, to‘lg‘adim, o‘n metrcha to‘lg‘ab edimmi, birdaniga barmoqlarim “dir-dir” qaltirab, so‘ngra mana bu og‘ir qayish birdaniga juda jingillab qoldi. O‘sha onda zovurdan qo‘rqinch bir faryod eshitildi-yu darrov jim bo‘ldi. Mana, bo‘lgan gap shu. Qayish uzildi-yu Ivan sho‘rlik zovurning qa’riga, qirq sarjin joyga borib tushdi.
Ganis hech narsa demasdan, sochlarini yulishga va jinni kabi pitillashga boshladi.
– Voy, voy! Mana, falokat! Hoy, menga qarang… Ul, balki, o‘lmagandir! Menga qarang, Dmitriy, – deb yangi yollangan ishchiga yuz o‘girdi ul. – Siz nima deysiz, balki u tirikdir?
– Ha, mumkin. Zovurning tagi tosh emas-ku?
– Yo‘q, tuproq.
– Agar metinning ustiga tushmagan yoki tushib ketayotib boshi yorilgan bo‘lmasa, balki hali tirikdir.
– Unday bo‘lsa, “oh-voy” eshitilardi-ku? – deb qo‘ydi ishchi.
– Tushing siz, Dmitriy! Tushing, balki qutqara olarsiz.
– Men-ku tushaman-a, – dedi Dmitriy, – lekin uni ko‘tarolmasdan uzilgan qayish – qanday qayish ekan, shunga hayronman.
U zovurga yaqin kelib, qayishni ushlab ko‘rdi; qayishning bir uchidan ikki metrcha zovurda osilib turardi. Bu odam eski ishchilardan bo‘lib, munaqa ishlarni juda yaxshi bilardi; lekin munga kelganda ul ham yot eshikka kelib qolgan buzoqday bo‘lib qoldi. Munday hangomani sira ko‘rmagan edi!
Qayishning uzilgan joyiga juda uzoq tikildi, barmoqlari bilan siypalab ko‘rdi, yoriqqa olib chiqib qaradi va bir narsasiga aqli yetmaganday qilib birushta boshini chayqab turdi.
Ganis rangi o‘chgan holda, qo‘rquv to‘la ko‘zlari bilan uning har bir harakatini kuzatib turardi.
– Anglayolmayman! Anglayolmaymanki, nima bo‘lgan bu qayishga-yu, nega ul uzildi?
– Balki chirigandir? – deb, ko‘p ham botinmasdan so‘radi Ganis.
– Ha, rost, balki shunday bo‘lgandir. Agarda qasd bilan kesilib qo‘yilganda, kesilgan joyida tekis iz bo‘lardi. Chiriganga o‘xshaydi.
– Eski qayish edi, yangilash kerak edi uni, – ishchining so‘zini darrov ilib olib ketdi Ganis. – Voy, bu kun erta bilan allakim xuddi yelkamdan tortib: “Ganis, qayishni yangila!” deganday bo‘ldi-ya. Shunda men o‘yladim: “Juma kuni yangilab turmayin, yakshanba keladi, o‘shanda yangilayman!” dedim. Mana endi bu hol! Uning uzilib ketishini kim bilgan edi, deysiz?
Bu vaqtda Dmitriy hanuz qayishni ko‘rish va boshini chayqash bilan mashg‘ul edi.
Bu orada Ganis borib, ombordan yangi qayish olib keldi, uni charxga bog‘ladilar, so‘ngra Dmitriy tegishli hozirliklarni ko‘rgach, zovurga tushib ketdi.
Yarim soat o‘tar-o‘tmas, ularning ikkalasini – Ivan bilan Dmitriyni zovurdan tortib oldilar. Ivanning yelka-oyog‘i singan va boshi yorilgan edi. U zovurning tagiga tirik bo‘yincha yetolmagan bo‘lsa kerak.

Gankaning qamalishi va o‘lishi

Ertasi kuni tong vaqtida oqsoqol Borislaf orqali o‘ziga qarashli xolislar va ikki nafar jandarma bilan birga Ganka turgan uyga keldi. Qiz hali uyqudaydi. Juda ko‘p uyqusiz tunlar va kechalardan so‘ng sho‘rlik qiz endigina o‘lim uyqusi singari qattiq bir uyquga kirgan edi. Kampir eshik ochdi. Hammalari kirdilar. Lekin Gankaning dahshatli ichki azoblar bilan ishdan chiqqan o‘lik va qoq-quruq yuzlarini ko‘rgach, uni uyg‘otishga botinolmadilar.
– Qo‘y, mayli, uxlay bersin, – dedi astagina oqsoqol. – Biz tashqarida kuta turamiz.
Ular chiqqan hamon Ganka ham uyg‘ondi.
– Shu yerdamisiz, onajon? – so‘radi ul.
– Shu yerdaman, oppog‘im, shu yerdaman.
– Tushimda ko‘rdimmi yo chinakam bu yerga birov kirdimi?
– Kim kirardi deysan, qizim?
– Allaqanday odamlar… jandarmalar kirganga o‘xshaydi.
– Ha, kirib edilar, qo‘zi bolam.
– Meni izlabmi? – deb so‘radi Ganka o‘rnidan tura boshlab.
– Ha, seni izlab.
– Hamma gapni bilalarmi?
– Bilalar.
Ganka uzoq qarash bilan kampirga tikildi, so‘ngra o‘zining qaqshagan qo‘lini uzatdi.
– Rahmat sizga, onajon, – dedi. – Men o‘zim ham yuz martaba bormoqchi va hamma narsani aytib bermakchi edim. Lekin sira botinmadim. Endi hamma ish bitibdir, endi men tinchidim.
Shundan so‘ng ul juda qiyinlik bilan o‘rnidan turdi. Kampir kiyintirib qo‘ydi.
Xolislar bilan birga oqsoqol kirdi, uning ketidan jandarmalar kirdilar.
– Xo‘sh, nima bo‘ldi senga? – so‘radi oqsoqol. – Tobing yo‘qmi?
– Ha, tobim yo‘q.
– Bizga ayta turgan gaping bormi?
– Bor.
Shunday qilib, ul, o‘sha kechaning ishlarini xotirjamlik bilan bitta-bitta aytib berdi. Jandarmalardan biri yozib turdi.
So‘ngra bechora Feruzaning juda ham chirib ketgan jasadini ilgaklar bilan zovurdan tortib olib, murdaxonaga yubordilar. Gankani aravaga solib, Tergovichdagi tergov avaxtasiga olib ketdilar. Ul, u joyga borganidan keyin birinchi so‘roqqa ham yetmasdan o‘lib qoldi.
Jandarmalar uchun bu ishdan so‘ng darrov boshqasi chiqib keldi; ya’ni allaqaysi konda qayish uzilib, bir ishchining nobud bo‘lganini bildirdilar. U joyga borish, o‘likni ko‘rish, shohidlardan so‘roq olish lozim edi.
Beparvolik bilan, “Qayish chirigan”, – dedi ikkinchisi.
– Mundan ham yomonroq bir gap yo‘qmi ekan munda? Dmitriy pul-mul degan gaplarni ham qilayotib edi…
– Xo‘sh, nima demakchisan? Shu yerda allaqanday bir jinoyat ham bor, demakchisanmi? Qayishni birov ataylab qirqqan, deysanmi?
– Juda mumkin narsa, munga haligi pul sabab bo‘lmog‘i mumkin. Nemis aytadiki, pulni o‘zi olib edi. Holbuki, o‘likning yonidan pul chiqmadi.
– Uyini qarab ko‘raylik bo‘lmasa.
Lekin ul uyda, to‘g‘risi, Ivanning boshqa ishchilar bilan tura turgan joyida hech qanday pul to‘g‘risida hech kim hech narsa bilmas va eshitgan ham emas edi.
So‘roq natijasida jandarmalar shunigina bildilarkim, ilgari bir daf’a Ivanning pulini o‘g‘irlaganlar, shundan beri ul pullarini yonida olib yurmasdan, hech kim bilmas bir yerga yashiruvchi bo‘lib qolgan.
Mundan tashqari, Ganisning: “Ivan to‘plagan pullarini yer olish uchun Tergovichdagi notariusga yuborardi”, degan gapini o‘sha notariusning o‘zi telegramm bilan tasdiq qildi. “Qolgan yuz guldo‘nini hodisadan bir kun burun Ivanning o‘zi olganini Dmitriy tasdiq qildi”, dedi.
– Ganisning: “Pulingizni olsangiz mumkin”, deganini o‘z qulog‘im bilan eshitdim; Ivan esa bu so‘zni eshitgach, “xo‘p” deganini qilib, boshini qimirlatdi. Va so‘ngra olganini ham aytdi.
Demak, Ivan pullarini olgandan so‘ng, keyincha o‘z yonida olib ketmak uchun bir joyga berkitib qo‘ygan bo‘ladi. Shunday bo‘lgandan keyin bir muncha joniga qasd qilishdan kimga nima foyda bo‘lar edi?
Ish shu bilan tamom bo‘ldi. Yolg‘iz Ganisga beparvoligi va chirigan qayish ishlatgani uchun 20 guldo‘n jarima soldilar.
Ivanni esa o‘z Feruzasining suyaklari bilan birga bir go‘rga ko‘mdilar.

Cho‘lpon tarjimasi
Nashrga tayyorlovchi: Naim Karimov
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 8-9-sonlar