Kuzning sovuq, yog‘in-sochinli pallasida yomg‘irdan shiltasi chiqib, egri-bugri, qoramtir g‘ildirak izlaridan toptalib yotgan Tulaning keng yo‘llaridan birida tebranib borayotgan to‘rt g‘ildirakli soyabon arava uzun yog‘och uy qarshisiga kelib to‘xtadi: uyning bir tarafida podsholik tasarrufidagi pochta bekati, narigi tomonida esa yo‘lovchilar hordiq chiqarib tunab qolishi yoki samovar qaynattirib, tamaddi qilib olishi mumkin bo‘lgan xususiy musofirxona joylashgan. Loyga botgan aravaning soyaboni tepaga yarim ko‘tarilgan, izvoshga qo‘shilgan uchta jaydari otning dumi balchiq sachramasligi uchun tugib qo‘yilgan edi.
Izvoshchining joyida — o‘rindiqda belini mahkam sirib olgan, qoramag‘iz gazi tund va jiddiy chorpahil mujik o‘tiribdi; kamdan-kam kishilarda uchraydigan qop-qora, quyuq soqoli uni qadimgi qaroqchilarga o‘xshatib turardi; soyabon ostida katta shalkali, nikolaycha qunduz yoqali kulrang shinel kiygan basavlat harbiy qariya o‘tirar, uning qoshlari hali tim-qora bo‘lsa ham, mo‘yloviga tuteshgan chakka soqoli oppoq oqarib ketgan edi; iyagi za bag‘baqasi tozalab qirilgan, umuman, u tashqi ko‘rinishdan Aleksandr II ga shunday o‘xshab ketardiki, bu o‘xshashlik Aleksandr II davrida yashagan harbiy kishilarning deyarli barchasida uchrardi; uning qarashlari ham qat’iy, savolomuz, shu bilan birga, birmuncha horg‘in edi.
Otlar to‘xtagan zahoti u tik, tekis qo‘njli harbiycha etikdagi oyoqlarini aravadan pastga osiltirdi-da, bug‘u terisidan tikilgan qo‘lqopli qo‘llari bilan shinelining etaklarini tutgan ko‘yi yog‘och uy yonidagi maydonchaga sakrab tushdi.
— Chapga yuring, zoti oliylari,— deya izvoshchi o‘rindiqdan turmay dag‘al tovush bilan qichqirdi; harbiy kishi ostonadan hatlarkan, baland gavdasini sal engashtirgancha, avval dahlizga, keyin meqmonxonaga kirdi.
Mehmonxona ozoda, saranjom va issiqqina edi. Chap tomondagi devorga zarhalli avliyo suvrati osilgan, uning ostida top-toza, dag‘alroq matodan tikilgan dasturxon yozig‘liq stol, stol tegrasida yaltiratib yuvib qo‘yilgan taxta xarraklar. Xonaning o‘ng burchagida yaqinda bo‘r bilan oqlangan oshxona pechkasi; yon tomonda ola-bula ot yopqichi yopilgan kat — suyanchiqsiz divanga o‘xshash bir narsa pechkaning biqiniga taqashtirib joylashtirilgan; pechka tarafdan ko‘k sho‘rvaning, hil-hil pishib yotgan qo‘y go‘shti, karam va dafna bargining qorishiq, lazzatbaxsh hidi taraladi.
Mehmon shinelini yechib taxta o‘rindiqqa qo‘ydi, mundiri, po‘rim harbiy etiklari yaqqol ko‘zga tashlanib, gavdasi yanada basavlat tus oldi, keyin qo‘lqop va bosh kiyimini yechdi-da, ozg‘in, rangpar qo‘llari bilan sochini ketma-ket horg‘in taradi — oppoq, quyuq sochlari ikkala chakkasi uzra fatila-fatila bo‘lib tushdi, bilinar-bilinmas chechak asorati qolgan cho‘zinchoq, chiroyli yuzida, qora ko‘zlarida favqulodda bir jonlanish paydo bo‘ldi. Mehmonxonada hech kim ko‘rinmasdi, u dahliz eshigini ocharkan, ovozini baralla qo‘yib qichqirdi;
— Hoy, odam bormi bu yerda?
Shu zahotiyoq mehmonxonaga qora sochli, qora qoshli, yoshi o‘tinqirab qolganiga qaramay, hali-hamon dilovar, keksa lo‘li xotinlarga o‘xshagan bir ayol kirib keldi. Uning yonoq chakkalari, dudog‘ining ustki qismi nafis tuklar — irnlar bilan bezangan edi. Qomati to‘la bo‘lsa ham, qushdek yengil va nozik odimlar, bo‘liq ko‘kraklari qizil koftasini turtib turar, qora jun yubkasi ostidagi qorni esa, xuddi g‘ozning qorniday, uchburchak bir tarzda ko‘rinar edi.
— Xush kelibsiz, zoti oliylari,— dedi u.— Tamaddi qilmoqchimilar yoki samovar qo‘yishni buyuradilarmi?
Musofir kishi ayolning dum-dumaloq yelkasiga, to‘zg‘ibroq qolgan qizg‘ish tatarcha boshmoqli xushbichim oyoqlariga birrov ko‘z yugurtirdi va e’tiborsizlik bilan qisqa-qisqa qilib dedi:
— Choy ichmoqchiman. Bu yerning bekasimisan, xizmatkormisan?
— Bekaman, zoti oliylari.
— Demak, mehmonxonani yolg‘iz o‘zing boshqarasan?
— Xuddi shunday, zoti oliylari, o‘zim.
— Bu qanaqasi bo‘ldi, a? Hamma ishni qo‘lingga olvolibsan, yo tulmisan deyman?
— Er qilmadim, zoti oliylari, ammo — sababi tirikchilik, qolaversa, o‘zim ham xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanishni yaxshi ko‘raman.
— Ha-ha, shunday degin. Ko‘p yaxshi. Uyni pokiza tutarkansan, bu ishing menga ma’qul.
Ayol sinovchan nigohini harbiy kishidan bir nafas bo‘lsin uzmas, andak qisilgan, xayolchan ko‘zlari unga qadalgan edi.
— Pokizalikni ham jonimdan ortiq ko‘raman,— deya javob berdi u.— Axir, aslzodalar xonadonida o‘sdim, tarbiyat topdim, shunday bo‘lgach, ro‘zg‘or tutishim ham shunga yarasha bo‘ladi-da, Nikolay Alekseevich.
Musofir ilkis qaddini rostladi, ko‘zlari katta-katta ochilib, yuzlari qizarib ketdi.
— Nadejda! Senmisan? — dedi u shosha-pisha.
— Menman, Nikolay Alekseevich, — deya javob berdi ayol.
— Yo rabbiy, yo rabbiy, buni qara-ya! — dedi musofir taxta o‘rindiqqa o‘tirarkan, ko‘zlarini hamon ayoldan uzmay. — Kim ham shunday bo‘lishini o‘ylabdi deysan? Ko‘rishmaganimizga necha yil bo‘ldi ekan-a? O‘ttiz besh yilmi?
— O‘ttiz yil, Nikolay Alekseevich. Men qirq sakkizga kirdim, siz ham oltmishga borib qolgandirsiz?
— Shunga yaqinroq… Yo tavba, juda qiziq bo‘ldi, a?
— Nimasi qiziq, taqsir?
— Hammasi, hammasi-da… Nahotki tushunmayotgan bo‘lsang!
Musofirning horg‘inligi va parishonligidan asar ham qolmagan, endi u yerga tikilgancha mehmonxona bo‘ylab keskin odimlar edi. Bir payt u shartta to‘xtadi, yuzlari lov-lov yonib, so‘z boshladi:
— O‘shandan keyin sen to‘g‘ringda hech narsa eshitmadim. Qanday qilib bu yerlarga kelib qolding? Nega aslzodalar xonadonidan ketding?
— Siz ketganingizdan keyin ular menga ham javob berib yuborishdi.
— Keyin qayerlarda yashading?
— Siz so‘ramang, men aytmay qo‘yaqolay, taqsir.
— Erga ham chiqmadim, dedingmi boya?
— Ha, taqsir.
— Nima uchun? Shunchalik husni latofating bo‘laturib-a?
— Jur’at qilolmadim, taqsir.
— Nega jur’at qilolmadim, deysan? Nima deganing bu?
— Nimasini ham aytay endi? Balki yodingizdadir, axir sizni qanchalar yaxshi ko‘rardim…
Musofir bu so‘zlardan behad mutaassir bo‘ldi, azbaroyi qizarib ketganidan ko‘zlariga yosh qalqdi, so‘ngra qovoq uyib, yana xona bo‘ylab nari-beri odimlay boshladi.
— Hamma narsa o‘tkinchidir, azizim,— deya g‘udrandi u.— Muhabbat, yoshlik — hamma-hammasi foniydir. Nima bo‘lgan bo‘lsa, o‘tdi-ketdi. Hammasi dahmazayu bemazagarchilikdan iborat. Vaqti kelib, bari unutiladi. Isoning muqaddas kitobida bu xususda nima deyilgan, bilasanmi? «Oqib ketgan suvlar yanglig‘ xotirlagaysan».
— Nima bo‘lsayam, peshonada bori bo‘larkan, Nikolay Alekseevich. Yoshlik-ku, hech kimsaga vafo qilmaydi, ammo muhabbat — boshqa narsa.
Nikolay Alekseevich boshini xiyol ko‘tarib, yurishdan to‘xtadi-da, hasratli kulimsirab qo‘ydi:
— Sen meni bir umr sevolmasding-ku, axir!
— Yo‘q, sevishim mumkin edi; o‘shandan buyon qancha yillar o‘tdi, ammo men yolg‘iz muhabbatim bilan yashadim. Sizning avvalgiday emasligingizni, oramizda neki o‘tgan bo‘lsa, barini unutmog‘ingiz mumkinligini, bu bilan hech narsa yo‘qotmasligingizni ham bilardim… Lekin, hozir… Endi gina-kudurat qilib o‘tirishdan hech qanday naf yo‘q, albatta; ammo, to‘g‘risini aytganda, o‘shanda siz meni juda shafqatsizlarcha tashlab ketgan edingiz — mana shuning uchun ham o‘zimni o‘zim bir necha bor o‘ldirmoqchi bo‘lganman, sizni deb chekkan azoblarimni aytib ado qilib bo‘lmaydi. Nikolay Alekseevich, yodingizdami, qanday davrlar ediki, o‘shanda sizni Nikolenka deb chaqirardim, siz esa meni, eslaysizmi, nima deb atardingiz? Aytganday, mendan lutfingizni darig‘ tutmay, qandaydir «Xilvat xiyobonlar» to‘g‘risidagi she’rlarni o‘qisam ham indamas edingiz,— deya noxush jilmaygancha qo‘shib qo‘ydi ayol.
— Eh-he, sen haqiqatan ham ajoyib eding! — dedi mehmon armon bilan bosh chayqarkan. — Qanday jozibador, qanday dilovar eding-a! Ko‘zlaring yonib turardi, juda xushqomat eding. Esingdami, seni ko‘rganda hamma ortingdan nihoyasiz hayrat bilan termilib qolardi?
— Esimda, taqsir. Ammo siz ham o‘shanda g‘oyat ajoyib edingiz-da. Ana shuning uchun ham men bor husni latofatimni, butun yoshlik jozibamni sizga fido qilgan edim. Axir, bularni unutib bo‘larkanmi!
— Ha-ha! Hammasi o‘tarkan. Hammasi unutilarkan.
— To‘g‘ri, hamma narsa o‘tadi-yu, ammo hamma narsa ham unutilavermas ekan-da.
— Bas, bas, meni xoli qo‘y, — dedi mehmon to‘satdak va qayrilib deraza yoniga bordi.— Iltimos, chiqib ket bu yerdan, — deya yolvordi u, so‘ng dastro‘molini olib, ohista ko‘zlariga bosdi-da, bidirlagancha: — Ishqilib: meni xudo kechirsin, — dedi. — Sen-ku kechirgan ko‘rinasan-a…
Ayol eshik oldiga yetganda taqqa to‘xtadi:
— Yo‘q, Nikolay Alekseevich, men sizni kechirmaganman. Modomiki, gap hissiyotlarimiz haqida borarkan, to‘g‘risini aytmay ilojim yo‘q gunohingizdan o‘tishni harchand istasam-da, hargiz kechirolmadim. O‘sha paytlarda siz men uchun yorug‘ dunyodagi eng aziz kishi edingiz, keyin ham shunday bo‘lib qoldingiz. Shu vajdan ham sizni kechirolmadim. Keling, yaxshisi, shularni eslab o‘tirmaylik, go‘rga kirgan qaytib chiqarmidi hech jahonda!
— Ha-ha, to‘g‘ri, o‘tgan ishga salovat; buyur, otni qo‘shishsin, — dedi musofir deraza oldidan nari jilarkan, birmuncha jiddiy, sovuqqon ohangda.
— Ammo, men senga aytsam, hayotda sira omadim yurishmadi, baxtiyor bo‘lolmadim, tag‘in boshqacha o‘ylab yurma iltimos. Balki mening gaplarim sendagi xudkashlik, izzattalablik hissiyotiga ziddir; balki ular seni tahqir etar, biroq men ochig‘ini aytaman: xotinimni ko‘r-ko‘rona, telbalardek sevar edim. U esa, avval xiyonat qildi, so‘ng men seni tashlab ketgandagidan ko‘ra ham battar tahqirlab, tashlab ketdi. O‘g‘limga qattiq mehr qo‘ygan edim — voyaga yetgunicha unga ne-ne umidlaru ne-ne orzularimni bog‘lagan edim-a! U esa odam emas, isrofgar, surbet, imonsiz, vijdonsiz, yaramas bir hayvon bo‘lib chiqdi… Sirasini aytganda, bularning hammasi turmushdagi o‘sha dahmazayu bemazagarchilikning bir ko‘rinishi xolos. Xo‘p, mayli, omon bo‘l, azizam, O‘ylab qarasam, sendan ayrilib, men ham hayotdagi eng bebaho gavharimdan judo bo‘lgan ekanman.
Ayol unga yaqin keldi, egilib qo‘lini o‘pdi. Nikolay Alekseevich ham uning qo‘llaridan o‘pdi.
— Buyur, otlarni qo‘shaverishsin…— dedi u. …Soyabon arava xususiy musofirxonadan olislab borarkan, Nikolay Alekseevich xomush o‘ylar edi: «Ha, judayam chiroyli edi, go‘zal edi, sohira edi!» U xayrlashayotib aytgan so‘nggi so‘zlarini esga oldi va Nadejdaning faqat qo‘llaridan o‘pganini eslab uyaldi, ammo shu zahotiyoq uyatchanligidan xijolat chekdi. «U menga umrining eng go‘zal davrini, oltin daqiqalarini baxsh etgani rost emasmi, axir?!»
So‘nik quyosh endigina ufqqa bosh qo‘ygan edi. Izvoshchi ham allanarsalarni o‘ylagan ko‘yi otlarni yo‘rttirib borar, arava katta yo‘ldagi son-sanoqsiz, qop-qora g‘ildirak izlari bo‘ylab shaloplagancha tebrana-tebrana yelar edi. Nihoyat, izvoshchi qo‘pol, to‘pori tovushda so‘z qotdi:
— Anavi xotin, zoti oliylari, jo‘nashimiz bilanoq deraza oldiga kelib orqamizdan termilib qoldi. Avvaldan tanishligingiz bo‘lsa kerak-da, zoti oliylari?
— Ha, Klim, tanish edik.
— Aqli raso xotin u. Juda boyib-bitib ketayotganmish — hammaning og‘zida shu gap. Qarzga pul ham berib turadi.
— Shuyam martaba bo‘pti-yu!
— Martaba bo‘lmay-chi! To‘kin-sochin yashash kimgayam yoqmaydi! Ammo, rostini aytganda, o‘zi juda yaxshi xotin-da. Birovga zig‘ircha yomonlik qilganini hali hech kim eshitmagan. Jaraq-jaraq pulni qarzga beradi-yu, ba’zi boyvuchchalarday tirriqlik qilmaydi. Lekin, o‘z ishiga pishiq — qattiq xotin! Landavurlik qilib qarzni vaqtida to‘lamasang, o‘zingdan o‘pkala, ayab o‘tirmaydi.
— Ha-ha, o‘zingdan o‘pkala… Tezroq hayda, muncha imillamasang, poyezddan kechikib qolmaylik tag‘in…
Ufqqa cho‘kib borayotgan quyoshning kahrabo yog‘dulari kimsasiz dalalarda tanhogina jilvalanar, otlar o‘tloq yo‘ldan, xuddi suzib ketayotgandek, bir maromda chopib borar edi. Nikolay Alekseevich otlarning yalt-yult ko‘zga chalinayotgan taqalariga termilib o‘tirarkan, qora qoshlarini chimirgancha o‘ylar edi:
«Ha, o‘zingdan o‘pkala. Ajoyib damlar edi-da o‘shanda! Nainki ajoyib, chinakam afsungar damlar edi! «Atrofda na’matak gul ochmish alvon, xilvat xiyobonlar shivirlar tanho…» Yo rab, yo rab, keyin nima bo‘lgan edi o‘zi? Agar Nadejdani tashlab ketmaganimda nima bo‘lardi? Qanday bema’nilik, qanday bemazagarchilig-a! Axir, mana shu Nadejda xarob bir musofirxona sohibasi bo‘lmay, mening xotinim bo‘lishi, Peterburgdagi xonadonimga beka, bolalarimga ona bo‘lishi ham mumkin edi-ku?!»
U ko‘zlarini behol yumib, boshini ohista chayqab qo‘ydi.
Tohir Qahhor tarjimasi