– Ma, ol! – dedi otam va qo‘limga kichkina, suyakdan yasalgan fleyta tutqazdi. – O‘zga yurtlarda kuy-qo‘shiqlaring bilan odamlarning ko‘nglini chog‘layotganingda qari otangni yodingdan chiqarma. Sen dunyoni ozmi-ko‘pmi ko‘rding ham, o‘rganding ham. Men bu fleytani sen uchun yasadim, chunki sen kuylashdan boshqa hunarni o‘rganmading. Doimo kuylashni xohlagansan. Agar yoqimli, betakror qo‘shiqlar aytib kishilarning ko‘nglini xushlamasang, xudo bergan qobiliyat hayf senga!
Mening sevikli otam donishmand inson bo‘lib, musiqaga unchalik tushunmasdi. U mening ham izidan borishimni va fleytani shunchaki ko‘ngil yozish uchun chalishimni xohlardi. Lekin men uning ta’limotini o‘rganmadim. Men qo‘shiq aytishni, fleytada sehrli kuylar ijro etishni istardim. Xullas, fleytamni oldim-da, otamdan oq fotiha so‘rab, safarga otlandim.
Men o‘zim tug‘ilib-o‘sgan vodiyning ulkan tegirmonidan naryog‘ini bilmasdim va dunyo shu tegirmondan boshlangan bo‘lsa kerak, deb tasavvur qilardim. Bu tegirmon menga juda yoqardi. Hozir esa olamning juda bepoyonligini ko‘rib turibman.
Yo‘l davomida yengimga uchishdan charchagan ari qo‘ndi. Men uni o‘zim bilan birga oldim. Birinchi marta dam olganda xat tashuvchini uchratdim va undan vatanimga salom yo‘lladim.
Men o‘rmonlar va dalalar oralab yurardim. Daryo ham ildam oqardi. Boshqa o‘lkalar mening yurtimdan deyarli farq qilmas ekan. Yo‘l-yo‘lakay daraxtlar, gullar, butalar bilan so‘zlashar, ular bilan birgalikda kuylardim. Nazarimda, ular xuddi tushunishayotgandek qo‘shiqlarimdan zavq olardi. Shu mahal ari uyg‘onib, yelkamga o‘rmalab chiqdi-da, parvoz qildi. G‘ing‘illab atrofimda ikki marta charx urib, ortga, vataniga tomon uchib ketdi.
O‘rmonda qo‘lida savat ushlagan va sariq sochli boshiga keng poxol qalpoq kiygan qizaloqni uchratdim.
– Salom, qayerga borayapsan? – deb undan so‘radim.
– O‘roqchilarga tushlik olib borayapman. O‘zing-chi, qayerga yo‘l olding? – so‘radi u mendan.
– Meni dunyo kezish uchun otam yubordi. U mening fleytadan kuy chalib, odamlar ko‘nglini xushlashimni xohlaydi. Lekin men buni unchalik yaxshi uddalay olmayman. Avval o‘rganishim kerak.
– Shunaqami, unda qo‘lingdan nima ish keladi? – so‘radi qizaloq.
– Qo‘shiq kuylay olaman.
– Qanday qo‘shiq?
– Har xil: tong va oqshom haqida, daraxtlar, gullar va hayvonlar haqida, masalan, hozir o‘rmonda o‘roqchilarga yegulik olib borayotgan yoqimtoy bir qizaloq haqida qo‘shiq xirgoyi qila olaman.
– Rostdanmi? Shunday qila olasanmi? Iltimos, kuylayqol!
– Mayli, isming nima?
– Brigitta.
So‘ngra men boshiga poxol qalpoq kiygan go‘zal Brigitta haqida qo‘shiq kuylay boshladim. Qo‘shiqda uning qo‘lidagi savatda o‘roqchilarga yegulik olib borayotganligini, chirmoviqlarning qizni ko‘rishga oshiqib, bog‘ panjaralaridan boshlarini chiqarib unga intilishlarini va atrofdagi manzarani tasvirlab kuyladim. U menga jiddiy boqdi va yaxshi kuylaganimni aytdi. Men yana kuylashda davom etdim va holdan toygunimcha qo‘shiq aytdim. Ochiqqanimni qizga bildirganimda, u menga savatidan bir burda non olib berdi. Nonni bir tishlab, yo‘limda davom etmoqchi edim, lekin u menga yurib ovqatlanish yaxshi emasligini aytdi. Biz maysalar ustida o‘tirdik va men nonni shoshmasdan yedim. U esa oftobda qizargan qo‘llari bilan tizzasini ushlab, meni jimgina kuzatib o‘tirardi.
– Men haqimda yana kuylashni xohlamaysanmi? – so‘radi qizaloq.
– Sen haqingda nimalarni bilsam, hammasini kuylab bo‘ldim, yana nima haqida kuylashim mumkin?
– Sevgilisi tashlab ketgan qiz iztiroblari haqida.
– Bu haqda kuylolmayman. Otam menga faqat quvnoq qo‘shiqlar aytishimni tayinlagan. Buning ustiga g‘am, iztirob, qayg‘u qanaqa bo‘lishini bilmayman. Istasang, senga boyqush yoki ninachilar yoxud kapalaklar haqida kuylayman.
– Sen muhabbat haqida kuylay olmaysanmi?
– Muhabbat haqida? Oh, bo‘lmasam-chi! Bu eng zo‘r tuyg‘u-ku.
Men unga quyosh nurining qizg‘aldoqlarga maftun bo‘lib, qanday boqishi va qizg‘aldoqlar uning nurida qanday tovlanishlari, ularning quvonchdan raqsga tushishlari, moda sa’vaning nar sa’vani intiqlik bilan kutayotgani, u kelganda esa hurkib, unga jahl qilishi haqida hamda moviy ko‘zli qizaloq va yigit haqida kuylab berdim. Qo‘shig‘imni yana davom ettirib, yigitning qizga dil izhori qilayotganini, qiz esa unga savatchasidan non olib berayotganligini, yigit endi qizaloqdan non emas, bo‘sa olishni, uning ko‘zlariga tikilishni xohlashi haqida juda uzoq, qiz kula boshlab, yigitning ovozini eshitmay qolgunga va yigit uning og‘zini lablari bilan yopmagunga qadar kuylagani haqida xirgoyi qilib berdim.
Shunda Brigitta egilib, lablari bilan og‘zimni yopdi va ko‘zlarini yumdi. Qo‘ng‘ir ko‘zlarini ochganda, qorachiqlarida kamina va bir juft yovvoyi gul raqsga tushardi.
– Otam haq ekan. Olam juda go‘zal ekan! – dedim men. – Endi senga savatingni ko‘tarishga yordam berishni xohlayman.
Men uning savatini qo‘lidan oldim va biz yo‘lda davom etdik. Uning odimlashi va mening qadam tashlashim, uning quvonchi bilan mening xursandchiligim bir-biriga hamohang edi. O‘rmon esa tog‘ haqida mayin va yoqimli shivirlardi. Umrim davomida hech qachon bunday baxtni tuymagandim. Men juda bardamlik bilan xirgoyi qilardim. Ovozim butun borliqqa: vodiylaru tog‘larga, maysazorlaru ko‘kalamzorlarga, daryolaru butalarga baralla taralardi va qalb qo‘rimdan chiqayotgan nidoni hikoya qilardi.
Shunda men chuqur xayolga cho‘mdim. Agarda dunyoning barcha qo‘shiqlarini: maysalar va gullar, odamlar, bulutlar, o‘rmonlar va jonivorlar, o‘zga yurtlardagi dengizu tog‘lar, yulduzlar va oy haqida kuylay olsam edi. Qo‘limdan kelganida edi, har bir yangi qo‘shiqni osmondagi yangi yulduzday terib chiqardim.
Shular haqida o‘yladim-u, bundan o‘zim hayratda qoldim. Shu paytgacha bunday o‘ylar miyamga kelmagan ekan. Qarshimda Brigitta turardi. U ketishga hozirlanib, savatni qo‘limdan oldi.
– Endi men ketishim kerak! – dedi u. – Huv anavi dalada bizning ishchilarimiz ter to‘kishmoqda. Sen qayerga borasan? Men bilan birga qolishni xohlamaysanmi?
– Yo‘q, sen bilan birga qololmayman. Men dunyo kezishim kerak. Yegulik uchun rahmat va albatta… bo‘sa uchun ham. Seni unutmayman.
U savatini olishga egilganda ko‘zlarimiz yana bir-biriga qadaldi. Shu on yana uning lablari mening lablarim bilan qovushdi. Uning bo‘sasi shunaqangi mayin, shunaqangi ajoyib ediki, men bu baxtdan o‘zimni butkul yo‘qotib qo‘ydim. Shunda men undan ajralishim kerakligini o‘ylab, qayg‘uga botdim. Brigitta bilan vidolashib, yo‘limda davom etdim.
Qiz tog‘ tomon yuqorilay boshladi, lekin biroz yurib, qora qayinlar soyasida to‘xtab qoldi. Va menga qaradi, men esa unga. Boshimdan qalpog‘imni olib unga silkitdim. U ham boshini irg‘adi va qora qayinlar orasida g‘oyib bo‘ldi.
Men esa zo‘rg‘a yo‘lga tushdim. Bir burilishga yetguncha xayol ummoniga g‘arq bo‘ldim.
U yerda bir tegirmon bo‘lib, uning oldidagi daryoda qandaydir qayiq menga anchadan beri intizor bo‘lgandek turardi. Qayiqda eshkakchi o‘tirardi. Qalpog‘imni eshkakchiga silkitganimda u qayiqni men tomon burdi, qayiqqa chiqdim va yo‘lga tushdik. Men qayiqning o‘rtasidan, eshkakchi esa eshkaklar ortidan joy oldi. Qayoqqa suzayotganimizni so‘raganimda u menga qisiq ko‘kimtir ko‘zlari bilan tikildi.
– Qayerga borishni xohlaysan? – so‘radi bo‘g‘iq ovozda. – Daryoning quyi oqimi bo‘ylab dengizgami yoki katta shaharlargami, tanla, bularning barchasi menga tegishli.
– Senga tegishli? Nima, sen qirolmisan?
– Balki, – dedi u. – Sen shoir bo‘lsang kerak, shunday bo‘lsa, menga yo‘l davomida biror nima kuylab ber.
Jiddiy, yuzlari bujmaygan bu kimsadan biroz hadiksirayotgandim. Qayiq esa daryo bo‘ylab shiddat bilan tovushsiz oqib borardi. Men qayiqni uchirib borayotgan daryo haqida, quyoshning charaqlashi va qirg‘oqdagi qoyalarning kuchli shovqini, to‘lqinlarning safarini qirg‘oqqa to‘qnashib tugatishi haqida kuylardim.
Lekin eshkakchining yuz ifodasi sira o‘zgarmasdi. U xuddi orzu qilayotgandek boshini sokin tebratdi. Va qo‘shig‘imdan ilhomlanib, xuddi mendek vodiylar osha daryodagi safar haqida kuylay boshladi. Uning qo‘shig‘i menikidan yoqimliroq va go‘zalroq edi, lekin allanechuk o‘zgacha yangrardi.
Daryo uning kuylashiga hamohang tarzda quturgandek bo‘lib chayqalar, ko‘priklar ostidan dabdaba bilan oqib o‘tardi. Uning to‘lqinlari qoya qirg‘oqlariga urilib-qaytib, bamisoli g‘azablangandek, nafratlangandek qayiqni suv ustida o‘ynatardi. Suvda cho‘kkanlarning uzun yashil suv o‘tlari orasidagi oppoq murdalarini u kulimsiragandek tebratardi.
Bularning bari nihoyatda g‘aroyib, jozibador va sirli ohanglarga to‘la bo‘lishiga qaramay, menga sira yoqmasdi. Men sarosimada qoldim va tang ahvolimdan tilim kalimaga kelmasdi. Bu qari, ajabtovur, aqlli eshkakchi bo‘g‘iq ovozda kuylaganda, mening qo‘shiqlarim uniki oldida arzimasdek tuyuldi. Shunda so‘ng, nazarimda, olam aslida ajoyib va nurafshon emas, balki nursiz va g‘amgin, beshafqat va kemtikdek tuyuldi. O‘rmonlar quvonchdan emas, azob-uqubatdan shitirlardi.
Biz suzaverdik. Soyalar borgan sari cho‘zilar, har safar kuylaganimda qo‘shiqlarim kuchsizlanib, ta’siri kamayib borayotgandek bo‘lardi. Ovozim ham bo‘g‘ilayotgandek edi. Lekin u kuylaganda olam yanada jumboqli va azob-uqubatli tuyular, men esa jur’atsiz va qo‘rqoqqa aylanardim.
Qalbim bezovtalandi. Gullarga to‘la vodiyda, Brigitta oldida qolmaganimga afsuslandim. So‘ngra qosh qorayayotganda o‘zimni yupatish maqsadida yana baland ovozda kuylay boshladim. Men endi qizg‘ish tus olgan shafaqda Brigitta va uning bo‘sasi haqida kuylardim.
Shunda qorong‘i tushdi. Men til-zabondan qolgan edim, eshkakchi esa muhabbat va uning quvonchlari, moviy ko‘zlar, namlangan qirmizi lablar haqida kuylardi. Bu esa daryo haqidagi qo‘shiqdan-da go‘zalroq va jozibaliroq edi. Lekin uning qo‘shig‘ida muhabbat azobli, qo‘rqinchli va sir-sinoatga to‘la, inson esa nochor va g‘am-hasratli edi. Va ular bir-birlariga o‘zaro azob berishar, bir-birlarini mahv etishardi.
Bularni eshitib, nihoyatda toliqib, g‘am-g‘ussaga cho‘mdim. Go‘yo yillar davomida g‘am-alam olamiga sayohat qilayotgandek edim. Eshkakchining qo‘shig‘ida qalb azobi va g‘am-anduhning sovuq va sokin daryosi madh etilardi. Bularning bari mening yuragimga singib borardi.
– Hayot men tasavvur qilganchalik go‘zal va ajoyibotlarga boy emas, o‘limdek mash’um ekan. Sendan o‘tinaman, qayg‘ular qiroli, menga o‘lim haqida qo‘shiq aytib ber! – deb iltijo qildim bardoshim tugab.
Eshkakchi endi o‘lim haqida kuylay boshladi. Bunisi oldingilaridan-da mukammalroq qo‘shiq edi. Lekin o‘lim ham uning uchun eng qudratli, eng yetuk va taskin beruvchi narsa emas edi. Uning xonishida o‘lim – hayot, hayot esa – o‘lim edi. Ular o‘rtasida abadiy, dahshatli, jazavali muhabbat kurashi borardi. Shu kurashning o‘zi hayot mazmuni edi. Bu to‘qnashuvdan bir tutam nur taralar, ayni damda baxt va go‘zallikka rahna solish maqsadida soya ham o‘rlardi.
Eshkakchining qo‘shig‘ini tinglarkanman, damim ichimga tushib, irodam sinib bo‘lgandi. Uning mungli nigohida allaqanday rutubatli sokinlikni ilg‘ash mumkin edi. Moviy ko‘zlari g‘am-anduhga to‘la va shu bilan birga borliqning jamiki jozibasi namoyon edi ularda. U menga jilmayardi. Men butun kuch-quvvatimni, irodamni jamlab undan o‘tinib so‘radim:
– Meni ortga qaytar, bu zulmatdan dahshatga tushayapman. Brigitta yoki otamning oldiga qaytishni xohlayman.
Eshkakchi o‘rnidan turib, zim-ziyo tunga boqdi. U yoqqan chiroq ozg‘in va ajin bosgan yuzini yoritdi.
– Ortga yo‘l yo‘q! – dedi u jiddiy va do‘stona ohangda. – Dunyoni o‘rganish uchun doimo oldinga qarab yurishing kerak. Moviy ko‘zli qiz bilan tanishganing, uni sevganing yaxshidir, lekin yo‘lingni davom ettirsang, dunyoning bundan-da ajoyib, bundan-da g‘aroyib mo‘jizotlarini ko‘rasan. Men senga o‘z o‘rnimni qoldirmoqchiman, lekin sen doimo o‘zing xohlagan yo‘ldan bor!
Gaplari meni tushkunlikka solsa-da u haq edi. Men o‘z vatanimga qaytishni xohlaganimda faqat Brigittani, uyimni, boshimdan o‘tkazganlarimni, yo‘qotganlarimni o‘ylardim. Lekin endi eshkakchi o‘rnini egallashim kerak edi. O‘zi shunday bo‘lishi ham kerak!
Indamay o‘rnimdan turib, eshkakchi o‘tirgan joyga bordim. U ham jimgina men tomon yaqinlashdi va ro‘para kelganimizda ko‘zlarimga qattiq tikilib, qo‘lidagi chiroqni menga berdi.
Men eshkakchining o‘rniga o‘tdim. Oldimda chiroq miltillab yonib turar, shu zaylda suzishda davom etardim. Faqat qattiq bir silkinishdan keyin o‘zimga keldim. Qayiqda yakka-yolg‘iz o‘tirardim. Eshkakchi allaqachon ketgandi. Otam, Brigitta, tug‘ilib-o‘sgan yurtim, qayiqqa tushgan kunlarim xayolimda go‘yo bir lahzalik tushdek charx urardi. Xuddi doim shu tungi daryoda suzaverib qarigandek, g‘am-anduhga botgandek edim.
Eshkakchini chaqirish mumkin emasligini tushungandim. Shu haqiqatni anglash hissi xuddi sovuq shamoldek etimni junjiktirardi.
Ko‘nglim sezib turgan narsaga ishonch hosil qilish uchun suvga enkaydim va qo‘limdagi chiroqni yoqdim. Suvning aksida esa oriq yuzli, jiddiy, kulrang ko‘zli bilimdon qariya menga tikilib turardi. Bu – men edim.
Endi ortga yo‘l yo‘q edi. Men zulmat ichra suzishda davom etdim.
Nemis tilidan Asror Rahmonov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 12-son