Ota tomondan bobomning millati ingliz, o‘zi harbiy va burni negov edi. U ikki marta uylangan va yetti o‘g‘il, to‘rt qizga ota bo‘lgan. Ona tomondan bobomning millati shveytsar bo‘lib, bu ham negov burun edi, dehqonchilik qilardi, birgina xotindan olti o‘g‘li, olti qizi bor edi. Shu bois men faqat tug‘ishgan tog‘a va xolalardan emas, balki pochcha-tog‘a va kelinoyi-xolalardan ham yolchigandim. Bu juftliklar haddan tashqari serpusht bo‘lgani sababidan, bolalik yillarimda atrofimda turli yoshdagi negovburun amakilaru xolalar, maqtanchoq o‘smirlaru vaysaqi juvonlardan tortib, darg‘azab qirolicha Viktoriyaga o‘xshab, boshiga chepchigi qiya qo‘ndirilgan yelimshak chaqaloqlargacha to‘lib-toshib yotardi. Endi menga bobolarim Avstraliyaga faqat serpushtlik va negov burunlarnigina emas, balki eng asosiysi, shovqinni olib kelgandek tuyuladi. Bu holda shovqindan portlagan tuyg‘ular, quturish bilan, – jin ursin hammasini! – birinchi darajali nomuhim masalalarni yonib-jo‘shib muhokama qilishdan nariga o‘tmagan jonlanishni xaspo‘shlab, battar kuchga kirardi. Barcha qarindosh-urug‘larim, bir chaqaga qimmat amakimdan tortib dunyoviy xolamning o‘zigacha, tekin nonga navbatda turguvchi xolalarimdan tortib eng boy amakijonimgacha – barchalari quling o‘rgilsin beg‘amlikka mahkum bo‘lishgan. G‘irt qishloqi onajonim esa laqqa baliqday laqma edi, galma-galdan xuruj qilib turuvchi g‘ajishlaru xursandchiliklar epkinida aylanuvchi shamol tegirmonga o‘xshab yashardi.
Mana shu shiddatkor qarindosh-urug‘chilik girdobida yosh bolakay bo‘lmish mening zuvalam boshqa tuproqdan olingandi. Qaysidir ajdodlarimdan osonlikcha qaynamaydigan qon menga meros bo‘lib qolgandi. Royish- risolaga moyilligim shu qadar kuchli ediki, ularning hamma narsani qo‘l uchida, chalakam-chatti bajarishidan, bor ovoz bilan gapirishidan, qimor o‘ynashidan va lo‘licha yashashdan nuqs olganday. Bosiqlikdan ming chaqirim uzoq bunday tiyiqsizlik meni bir chetda turishga va ularning hayotida ishtirok etishdan ko‘ra ko‘proq kuzatishga majbur etardi. Ammo taajjublanarlisi shundaki, menda spirit de corps haddan tashqari kuchli edi. Lekin men na takabbur edim va na olifta. Birovlarning bog‘laridagi mevalarni o‘g‘irlaydigan barcha qishloq juldirvoqilari singari tizzalarim har doim yapon iyerogliflariga o‘xshagan jarohatlar bilan qoplangan bo‘lardi, yalang tovonlarim shunchalik qotib ketgandiki, laqqa ko‘mir cho‘g‘i ustidan yursam ham bilinmasa kerak. Men qurbaqaday suzar, kovboydek so‘kinar, askardek chekar edim. Biroq bu qobiliyatlarim va yolg‘ondakam rahmsizligim qat’iy cheklangan edi. Men chiziqdan chiqib ketolmasdim. Oilaning boshqa a’zolari ko‘ngillari istagan narsani qilishardi. Men, masalan, hech qachon ilonlarni tog‘ajonim Foster va amakilarim qilgandek o‘ldirmaganman: ular ilonlarni qamchidek havoda silkitib o‘ynar edilar. Men tayoq ishlatardim. Bundan tashqari shu taxlitdagi ehtiyotkorlikka borishdan andisha qilmasdim va ko‘pincha, qarindoshlarimizning shovqinli g‘ala-g‘ovuridan juftakni rostlab qolardim, men yana tuturuqsiz an’analarga xilof ish tutardim. Barcha katta va kichik amakilarimning itlari, odatda fe’ldor fokstererlari yoki ildam ko‘ppaklari bo‘lar edi. Mening mushugim bor edi, menga uning nisbatan yuvoshligi va manmanlarcha mustaqilligi itlarning soxta qulchiligiyu o‘chakishib akillashlaridan afzal ko‘rinardi.
Ko‘zoynak taqishimni va murakkab so‘zlarni ishlatishga juda havasmandligimni aytib o‘tirishim shartmikan?
O‘z qilmishlari bilan faqat oilaviy an’anani buzibgina qolmasdim – men unga qarshi ko‘rinmas joyda, qalbimda isyon ko‘tarar edim. Juda bo‘lmaganda buning uchun meni so‘kmas edilar. Barcha o‘smirlar kabi beli sindirilgan ilon quyosh botmaguncha o‘lmasligiga, agar it so‘galni yalasa, darhol yana bir qanchasi bo‘rtib chiqishiga, boshmaldoq va ko‘rsatkich barmoq oralig‘idagi joyga jarohat yetsa, o‘sha zahoti jag‘lar yumilib, kishi umrbod gung bo‘lib qolishiga ishonar edim. Barcha bola-baqralar bilan birgalikda men arvohlarga, davri qiyomatga va turli ertaklarga qattiq ishonardim. Keyin bari o‘tib ketgandek bo‘ldi. Mantiq tarafdori o‘laroq men bolalik yillarim uchun mumkin bo‘lgan yoki shunga mos kelganidan ko‘proq vaqtgacha Qor boboga ishonib keldim. Men Xudoga ishonmasdim, u, shuncha duoyu iltijolarimga qaramay, meni laqillatgandi – “Yosh texnik” uskunalar to‘plamiga ega bo‘lolmadim-bo‘lolmadim. Men falaklarga qarata kufrona so‘zlarni chinqirib aytib, atrofdagilarning naq o‘takasini yorganman. Dindorlar uchun men chaqin chaqqanda yonida turish xatarli bo‘lib qolgan daraxtga aylangandim.
Kufronalikdan ham g‘alatiroq va uyatliroq narsa mening biri biridan g‘alati xatti-harakatlarim edi. Qarindosh-urug‘larimning nayrangbozliklari va og‘zi shaloqliklaridan shunaqangi huzurlanardimki, odatdagi indamasligimga qarshi o‘laroq, men ochilib-sochilib bor ovozim bilan qarindosh-urug‘larim xo‘jako‘rsinga qo‘ymaslik durust bo‘lgan holga qanday munosabatda bo‘lishganini aytgan edim. Shveytsar amakining qizlariga tug‘ilish tartibiga ko‘ra Roza Bona, Adelina, Semena, Marta, Meta va Ida deb ismlar qo‘yilganini kir yuvuvchining jirkanch o‘g‘illariga og‘zimdan gullab qo‘ygandim. Ularga bu barcha ismlar oxiri “a” bilan tugashidan tashqari har gal bir harfga qisqa bo‘lib qolishini ham tushuntirgandim. Og‘a-inilarim meni jim bo‘lishga yoki bu mavzudan chetlanishga majbur etolmagandan keyin burnini tanqaytirib menga ma’yus qarab qolgan edi, ammo men tinimsiz sayrardim, bizga yana ikkita xola tug‘ib berishmaganidan malomat qilardim – so‘nggi, A ismli ertaknamo mavjudot, A xolamdan hammadan ko‘p suyunar edim – buning oldida sagodan qilingan plumpudingim ham o‘taversin. Ammo bizning butun oilamiz – uni o‘ylab men oq tovba-ko‘k tovba qilardim, – bularning o‘rniga xolalarimizning kalta-ko‘toh ismlari Bon, Addi, Lina, Mar, Min-Min va Dillni tilga olar edi. Hamma narsada tartibga o‘rgangan meni bu g‘azablantirardi, bunda hech qanaqa tartibni ko‘rmasdim. Onamni Ida xola emas, Dolli xola deb atashganida izzat-nafsim ozmuncha lat yemagandi. Roza Bona xola va Adelina xolaning qayta-qayta noroziliklariga qaramay, men namoyishkorona qarindosh-urug‘larimni kalta-ko‘toh ismlar bilan atamadim. Men oyoq tirab amakilarimni “Uot amaki”, “Gat amaki” va “Tini amaki” deb tilga olmadim, ularga o‘t ochuvchi qurol sharafiga Uitvort, Gatling va Martini-Genri laqablarini berishgandi. Harbiy bobomning qolgan o‘g‘illarining ismlari Lankaster, Enfild, Snayder va Mauzer edi.
Garchi bu almisoqdan qolgan ismlarga nisbatan o‘z munosabatim bo‘lsa-da, yuragida o‘ti bor qarindoshlarim menga ohanrabodek ta’sir ko‘rsatishdi. Uning xeshlari hatto jayraga ham momiqday yumshoq tuyulardi. Ammo men jayradan ham o‘tib tushgandim – mening jayra xeshlarim o‘zimga atlasday mayin, upa surtadigan momiqday yumshoq ko‘rinardi.
Barcha tog‘ajonlarim va xolajonlarim juda bo‘lmaganda bitta tiyiqsiz havasga ega edilar va hatto hozir ham, ko‘p yillar so‘ngida, o‘zimning qo‘msovchi yetuklik yillarimda shu havaslarni hayajon bilan eslayman. Ammo, afsuski, endi men hayotbaxshlik va yengiltaklik niqobi ostida turfa insoniy illatlar: surbetlik, nodonlik, yolg‘on, isrofgarlik, xilma-xil azob-uqubatlar va hatto chinakam fojia yashiringanini bilardim. Baribir ham o‘sha paytlarda og‘zimni ochgancha ularning yorqin va maroqli ishlari haqidagi hikoyalarni tinglar edim. O‘zlari va boshqalar haqidagi bo‘yab-bejab hikoya qilingan bu afsonalar ularni qahramonlar qilib ko‘rsatar, osmoni falakka ko‘tarar, tasavvurimning ming yillik kengliklariga mash’aldek yog‘du taratar edi. Bu zodagonlar ko‘z o‘ngimda jisman paydo bo‘lganlarida men og‘zimni ochishga tayyor edim – u vaqtlarda hafsala pir bo‘lish nimaligini bilmasdim. Voqelik tasavvur bilan yalakatmag‘iz bo‘lib ketgandi. Oilada esa o‘zimni Uch Dono maymunday tutardim: “hech narsani ko‘rmayapman, hech narsani eshitmayapman, hech narsa gapirmayman”.
Martini-Genri tog‘amning yasama mo‘ylovi, uning hassasi, to‘g‘a o‘rniga akula tishli soat zanjiri meni o‘rmondagi uning sarguzashtlari haqidagi afsonalari yoki Uotvort tog‘amning chirmovuq bosgan trubka do‘koni yoxud Roxa Bona xolamning azbaroyi yirikligi va bo‘liqligidan yeb qo‘yging keluvchi gullarga to‘la bog‘idan kam hayratga solmasdi. Meni ularning uylari maftun etardi, u yerda yangi qaynatilgan qulupnay murabbosi yoki mebel loki yoki parraklangan limon yoki atir yoki sut, mushuklar va sigaralar hidi dimoqqa urardi. O‘z-o‘zidan ravshanki, miyamning bir chetida o‘tmishdagi olis xotiralar hamon saqlanib qolgandi va men Mauzer tog‘am chekkan turk sigareti hamda Selina xolamning moyli sovuni hidini hamon eslayman, yaxna choyli bankalar qanday tartib bilan terib qo‘yilganini va dastasi zarhal eski guldon ham esimda. Adelina xolamning shirinlik solinadigan likobchalari chetlaridagi yunoncha bo‘rtiq gullar barmoqlarimga qattiq tegishini hali ham his etaman, xonanda Melbaning “Qadrdon uyim manim” qo‘shig‘i Meta xolam grammofonining shokalad rangli karnayidan qanday yangragani qulog‘im ostidan ketmaydi.
Taassurotlarimni bir joyga to‘plash uchun har bir holatdan foydalanardim. Men tashlab yuborilgan pishiriqlar uvoqlari orasidan, choynak ustidan ajoyib iboralarni terib olardim, pikniklar vaqtida tutib olingan havoyi tabassumlarni asrab qo‘yardim, – xullas, yoz tuganmasdek va go‘zal ko‘rinuvchi bog‘dagi gullari qiyg‘os ochilgan shoxlardan quchoq-quchoq sindirib o‘g‘irlar edim. Bu o‘lik mavsum endi qanchalik shafqatsiz darajada cho‘zilib ketardi.
Serbutoq oilaviy shajaramizdagi barcha bolalar singari mening uzoq va yaqin aka-uka va opa-singillarim, jumladan, o‘zim ham, maktab ta’tilini istagan joyda o‘tkazar edik, faqat shovqinli oshyonimiz bundan mustasno. Bizlar bilan qarindoshlarday salomlashishardi. Shahar tashqarisida yashaydiganlarimizdan ayrimlarimizni qishloqda yashaydigan tog‘a va xolalarimiznikiga jo‘natib yuborishardi, qo‘pol qishloqliklar esa mehmondorchilikka shaharga kelar edilar. Bolalar – bu bolalar emas, qip-qizil balolar bo‘lishadi. Har biri uyga bir pulga qimmat narsani o‘marib kelardi, ularning qimmati – sovg‘a qilingani, xolos. Esimda, singillarim uyga tufli tikadigan iplar, ipak kalavalar, kashta kegaylari, upadon, eski qo‘g‘irchoqlar, siniq yelpig‘ichlar, urfdan qolgan, hidi zo‘rg‘a bilinadigan atirlarni ko‘tarib kelishgandi – ularning nomlari esimda qolibdimi. Ukalarim goh-goh spirtli bankaga solingan kaltakesaklarni, bo‘sh sigara qutisini, chaqilgan tuyaqush tuxumini, toshbaqa sopli va tig‘i zada qalamtaroshni, to‘rtburchak tennis raketkasini va biron tantanali voqea uchun Snayder tog‘amizga deb ko‘hna banjo ni olib kelishgandi. Bular bari qaqir-ququrlardan boshqa narsa emasdi, turistlarning sovg‘alariga o‘xshardi, begim va ta’til kunlari oralig‘idagi qisqa vaqtni maroqli o‘tkazish uchun alohida fusun baxsh etardi.
Bu olatasirlar ichida men qarindosh-urug‘lar xatti-harakatini diqqat bilan o‘rganib boruvchi odam o‘zim edim va otning qashqasi bo‘lib qolgandim. Snayder tog‘amning o‘tmishi meni chalinmaydigan banjodan ko‘ra ko‘proq qiziqtirib qolgandi. Men hurmat qila boshlagan jonli ma’bud va ma’budalarning o‘tmishi to‘g‘risida iloji boricha ko‘proq ma’lumot to‘plash, qanday qilib, qayerda va nima uchunligini, dalillarni bilish jonu dilim edi.
Menga dabdabali ziyofatlar, masonlar ovqati va merlar ovqati taomnomasi bo‘lgan qog‘ozni yoki eski teatr dasturlari, ko‘rgazma va to‘y taklifnomasini taqdim etganlarida ko‘zlarim ko‘zoynak shishasidan ham kuchliroq chaqnab ketgan bo‘lsa, ne ajab. 1911 yil 24 iyunda Adelina xolam to‘yda ishtirok etganida yer o‘z o‘qi atrofida sekinroq aylangan bo‘lsa kerak. Uning hozir ham to‘ylarda bo‘lishi tasavvurimga yorqinlik va teranlik bag‘ishlaydi. Mening tinim bilmas tegirmonim uchun don otkritkalar edi. Chunki o‘n to‘qqizinchi asr oxiri, yigirmanchi asr boshida, otkritka jo‘natmalari va yig‘noqlarining shu asrida tog‘am va xolalarim hali yosh edilar, men ko‘plab to‘siqlarga duch kelishga majbur bo‘lgandim. Masalan, mana bu g‘alati topildiqni qarang – 1913 yil 13 fevralda Shimoliy Uilemstoundagi Viktoriya ko‘chasida istiqomat qiluvchi tog‘am Getlin otkritkaga yozilgan bir maktub oldi, unda habash qizi Topsining suvrati bor edi – boshidagi tikraygan kokilchalar cho‘kmor ignalariga o‘xshardi, yuzining qoq yarmi bir tilik qovunga o‘xshash katta yarimoy ortiga yashiringan, tepasida esa yozuv: “Dahshat qanchalar yaxshi”. Pastda, uning yalang oyoqlari barmoqlari tagidagi yozuv “… Sent-Kilda” so‘zlari bilan tugagan. Orqa tomoniga binafsharang siyohda quyidagilar yozilgandi:
“Azizim Get! Orqa tomondagi qorayaloqni bir tomosha qil. Kelasi shanbada soat uchda butun qaynoq guruhimiz “Oq kiyik”da to‘planishimizni senga bildirmoqchiman. Bir xumordan chiqib chaqchaqlashaylik!!! Esingdan chiqmasin!!!
Garri”
Men ko‘plab otkritkalarni qaradim: Nil uzra oqshom, Miss Bill Berk, Miss Zena Deyr, baxmal gullar yopishtirilgan otkritkalar, kurort pansionlarining jozibador manzaralari aks etgan otkritkalar yoki qaynonaning g‘ishavalari yozilgan fotosuvratli otkritkalarni jon-jon deb olar edim – qizil-oq yo‘l-yo‘l libosli futbolchilar sartaroshxona oldidagi ustunchalarning o‘zginasi; arava g‘ildiragiday kattalikdagi tuyaqush patidan qilingan shlyapa kiygan Selina xolam; bo‘ynidagi boa bo‘yinturuqqa o‘xshaydi; menga a’lo tikilgan kostyumda, bir ko‘ziga monokl taqqan Enfild tog‘am ko‘rindi; kartochkada u qiltiriq, g‘ilay ko‘zli o‘smir edi. Egniga lord Faunilrayning a-lya baxmal kostyumchasini ilib olgan; Meta xola – labbo‘yoqsiz lablar, yalang‘och yelkalar, obdon paxmaytirilgan soch va irg‘ib chiqqan ko‘zlar – sartaroshxona peshtaxtasi ortidagi xonachalarga terib qo‘yilgan mum haykalchalariga o‘xshaydi.
Men shunchalik ishtiyoq va berilib xiralik qilishda davom etardimki, qarindosh-urug‘larim endi ustimdan malomat qilishdan to‘xtab, hatto harakatlarimni ma’qullay boshlashdi. Meni kam deganda notariusga chiqarib qo‘yishgandi. Bahorgi supur-sidirlardan keyin xolajonlarim menga dasta-dasta fotosuvratlar yuborishdi; tog‘alarim noaniq sarg‘ish fotosuvratlar havola etishdi (“Men – Leongatdaman, 1920”), yoki qizilburun araqxo‘rlar va ular shimlarining orqa cho‘ntaklaridan qisqichlari bilan nimanidir yulqiyotgan qisqichbaqalar tasvirlangan otkritkalar. Bular barchasini ular yashab o‘tilgan umr xazinalari – katmon, sug‘urta qog‘ozlari, ko‘zli galstuk to‘g‘nog‘ichi, xotinlarning birinchi ishqiy maktublari va pachag‘i chiqqan gultugmalar saqlangan qutidan topib olishgan. Meni professor deb atashar va yumshoq joyimdan shapatilab qo‘yishardi. Men tufayli shov-shuvga sabab bo‘ladigan va betartib o‘tmishning qadimshunoslik qazilmalari tog‘ajonlarim va xolajonlarim uchun odatdagi ermak bo‘lib qolgandi.
Ammo afsus!
Tirnoqdekkina shuhratimning cho‘qqisida, ko‘rinmas o‘n yoshimda menkim, o‘z asalarim nishidan ozor chekkan asalarichi fotosuvratni sevib qolgandim. Men chin yurakdan, telbalarcha va bor vujudim bilan oshiq bo‘lib qolgandim.
Bu fotosuvratni Meta xolamdan bir dasta otkritka bilan birga olgandim. Agar uyda yolg‘iz qolmaganimda, yelkam osha qaraydigan hech kim bo‘lmaganida, men, ehtimol, avval uzoq jazavaga tushmagan, keyin esa hafsalam butunlay pir bo‘lmasdi. Biroq pochtalon kelganida uyda bir o‘zim edim; men sovg‘ali xatjildni hech kim yo‘qligida ochdim, atrofda esa Varete qizlari tasvirlangan otkritkalar bor edi, havaskorlar olgan suvratlar – aravalarda o‘tirgan tog‘ajonlarim, velosipedda yoki yonida turgan mo‘rchamiyon xolajonlarim – men esam huvillagan uyda o‘z taqdirimga duch kelib o‘tiribman. O‘sha kuni, o‘sha onda sodir bo‘lgan voqeani esa o‘zgartirib bo‘lmasdi.
Men bir fotosuvratni ko‘rib qoldim. Ortimdan menga tanish palag‘da dunyo eshigi sassiz yopildi. Men jannat bo‘sag‘asida paydo bo‘ldim. Olmoslardan yarqiragan oltin taxt endi meniki bo‘lgandi. Mening barcha xufiya sevishlarim haqiqiy emasligini, to‘qib chiqarilganini, hech narsa emasligini angladim. Ming jonli bo‘lmasin, soyalardan, ming rang-barang bo‘lmasin, ichi bo‘sh mavjudotlardan, yolg‘ondakam husnlardan, xotinlarsiz harir liboslardan, erkaklarsiz erkak ismlaridan bekorga ichim muzday bo‘lib yurmagan ekan. Sevgi bilan mening faqat “salom-xayr”lik tanishligim bo‘lgan ekan, xolos.
Fotosuvratda taxminan mening yoshimdagi qiz qarab turardi. Qizaloq krinolin ko‘ylakda edi va qo‘lida katta jig‘a bilan bezatilgan gavron bo‘lganidan tusmol qildimki, u bal uchun shunday kiyinib olgan va qo‘yini yo‘qotgan bolalar qo‘shig‘idagi cho‘pon qizni ifodalayapti. Balki, o‘sha cho‘pon qizning o‘zi bo‘lsa-chi? Ammo fotosuvratdan buni bilib bo‘lmaydi. Tasmalar va atirgul g‘unchalaridan yasalgan suyri shlyapasi boshiga biroz qiya qo‘ndirilgan, tirsagigacha qora to‘rsimon yeng kiygan, korsaji xoch ko‘rinishida tarmoqlangan – bular bari ko‘nglimni ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi. Ko‘nglimda yana menga noaniq teranlik va kenglik ochib, uni ag‘dar-to‘ntar qilgan narsa bu emasdi, balki qiz ko‘zlaridagi nur va tabassum edi. Tabassum va nigoh uning ro‘parasida turgan uchoyoqdagi fotoapparatga yo‘llangani xayolimga ham kelmagandi. Fotoapparat nomsiz inson bolasi qora mato ostida yashirib turgan garmonga o‘xshardi. Yo‘q! Bu zaifgina, yoqimli tabassum menga atalgandi. Bu tubsiz, ammo tiyrak qora ko‘zlar to‘g‘ri yuragimga qarab turardi. Fikrlar ayqash-uyqash bo‘lib yotgan miyamga tovushlar shovqini kelib urildi, oldingi barcha tasavvurlarni siqib chiqarib, ular o‘rnini notanish bo‘ylar va hayajonli “Sen!” qichqirig‘i bilan to‘ldirdi.
– Sen!
Qulog‘imga abadiyat sadosi chalindi.
Abadiyat – vaqt qurboni.
Bu yoqdan abadiyat boshlanishi hamon eshik tomonidan onamning ovozi keldi.. Uchiga chiqqan jinoyatchiday, shoshmasdan fotosuvratni ichki cho‘ntagimga yashirdim. Bu cho‘ntak mening chap yonimdaligini va ilohiy chehra ataylab ichkari tomonga burib qo‘yilganini esladim. Uning ko‘zlari men qip-qizil cho‘g‘, pomidorday dum-dumaloq tasavvur qilgan, paypaslaganda gulhamishabahor tanasiga o‘xshash bir nimadan qilingan yuragimga tik qarab turardi. Men yuzimdan nurni haydadim, qartaboz harakati bilan yelpig‘ich yordamida qolgan fotosuvratlarni to‘pladim va onam kirib kelganda o‘zimni musichai bezavolday ma’sum ko‘rsatib, gapni avval boshladim:
– Qarang, Meta xola menga nima yuboribdi!
Yuragimga qarab turgan iloha haqida lom-mim deganim yo‘q. O‘shanda ham churq etmagandim onamga, keyin ham. Shu tariqa fotosuvratni va muhabbatimni yetti yil asrab yurdim. Yetti yilgacha birovga bildirmadim.
Biroq cho‘ntaklarim va stolim tortmasini onam tez-tez ko‘zdan o‘tkazib turganidan men hushyorlikni sira qo‘ldan bermasdim. O‘zim bilan olib yurish imkoni bo‘lmagandan muhabbatimni qay puchmoqqa berkitganimni hozir loaqal eslayolmayman ham. U bilan ajrashishga, pilla qurti saqlanadigan poyafzal qutisining qog‘oz qatlami ostiga, dazmol taxtasining so‘kilgan chokiga yoki mozor toshidek zil-zambil, hech kim o‘qimaydigan Bibliya ichiga yashirishga majbur bo‘lganimda menga shunday tuyulardiki, u yerda qizning nozik tabassumi shimilib ketgan, tik boquvchi tiyrak ko‘zlari esa – uyquda.
Sajda qilishim qolib ketmadigina emas, hatto kuchayavergach, hayratim oshgandan-oshdi, chunki men aql bovar qilmas tezlik bilan yil sayin qizdan ilgarilab bormoqda edim. Menda hayajonli sevishdan boshqa hamma narsa o‘zgarib ketgandi. Qiz esa o‘zgarmasdi, holbuki undagi latofat endi boshqacha ma’no kasb etgandi: uning ko‘zlari menga yangi haqiqatlarni oshkor etardi, uning ko‘zlari qop-qora neft sirtidagi sadaf pardaday milt-milt qilardi, ayni vaqtda abadiyat singari harakatsiz va sirli edi.
Men o‘zgargandim. Barcha xeshu taborlarim ham. Bir qaraganda ularning harakatchanligi, tetikligi, jo‘shqin qo‘l ishoralari va yashash ishtiyoqlari o‘zgarmay qolganga o‘xshardi. Biroq sinchiklab qaralsa, ohordan nom-nishon qolmagani yoki qilday ingichka ajinlar paydo bo‘lgani ko‘rinardi. Kuydirish o‘chog‘ida uzoq vaqt tutib turilgan likobchalar kabi yoshlari ulug‘roq tog‘alarim va xolalarimning ko‘rinishi shundan dalolat berardiki, ular hayot o‘chog‘ida haddan tashqari uzoq qolib ketishgan. Ko‘zlar atrofini ajinlar qancha ko‘proq egallasa, sochlari shuncha siyraklashib borar yoki oq sochlar qoplar, eni va bo‘yiga kengayib borar yoki badanlari qurib, oyoqlarini so‘nggi maskan – go‘r tortib ketmoqda edi, boz ustiga ular sergap va shovqinli odamlarga aylanmoqda edi. Ular ko‘proq peshtaham so‘zlarni aytishdan lazzatlanar edilar, nimaga va nimadanligini o‘zlari bilmagan holda tinimsiz qah-qah urib kulardilar; darvoqe endi buning ahamiyati yo‘q edi. Aftidan, hech kim: “Biz nimaga kulyapmiz o‘zi?” deb so‘rashni ep bilmasdi va kulgi to‘xtamasdi. Mening ilk bolaligimni ilitgan bu davriy yoritqichlarning barchasi bosiq g‘azabdan qizargan osmon bo‘ylab botishga yaqinlashmoqda edi.
Bu so‘nib borayotgan yoritqichlar ichida eng shaddodi Marta xolam edi. Butun xonadonning kattayu kichik vakillari allaqachondan buyon uni Quvnoq Beva derdi – ko‘plab er-xotin juftliklari orasida xiyla g‘alati laqab. Men Marta xolamning erini xushro‘y, yoqimli, boy, iste’dodli va hokazo deyishlarini ko‘p eshitardim. Men shunday xulosaga keldimki, marhumlar tiriklarda qariyb bo‘lmaydigan barcha fazilatlarga ega bo‘ladilar, tiriklarda bunday fazilatlar bo‘lganda ham hammasida emas. Yaxshi fazilatlarning mo‘lligi o‘lim uchun muqarrar shart deb o‘ylash mumkin. Bu shunday fojialikki, deb takrorlar edi hamma, u to‘yidan ikki oy o‘tib o‘ldi. U va mehribon Marta, deb bir ovozdan uqdirar edi hamma, ajoyib er-xotin edi va bir-birini telbalarcha sevardi. Menga ma’lum bo‘lishicha, Marta avval sayru sayohatlardan yupanch qidirar ekan, keyin sayohatlar va musallasga ruju qo‘yibdi, oxirida esa sayohatlardan ham ko‘ra musallasga zo‘r beribdi va… shu yerda ovozlar pasaydi, lekin men qulog‘imni ding qilib, baribir ham eshitib qoldimki, … va o‘zidan ancha yosh yigitlar bilan don olishar ekan.
Men Marta xolamni ko‘p ko‘rmasdim. U har doim upa-eliklarga qattiq bo‘yanib olar edi. Uning xirillab aytgan kinoyalaridan ilon po‘st tashlar edi. Tumshuqlarini qimmatbaho badanlariga tiqib olgan tulkilarning basharasidan zaharli ko‘zlar chaqnab turgan uning mo‘ynalaridan o‘tkir atirlar anqir edi; mayin teri qo‘lqoplari tagidan tilla uzuklar turtib turardi. U tillarang filtrli ko‘kishtob, sariq va binafsharang sigaretalar chekardi. U xonadon sulolasining isnodiga aylangandi. U oila a’zosi sanalardi, ammo unga qandaydir g‘alati illatlari bor uy hayvonidek qarar edilar. Darvoqe, valine’matlar ham muqarrar tusda valine’matlarni qaritadilar: soddadillik g‘ijinishga o‘tadi, odatlar – soxtalikka, yoqimli sho‘xliklar – jonga teguvchi maynavozchilikka.
Menga kelganda, men shunday pallada edimki, bu paytda tepadagi lab usti tuklarga moy surtiladi, ya’ni mo‘ylab sabza urgan bo‘ladi. Men olmos buyumlardan foydalana boshlagan edim – mening ota-onam uchun bu afyun chekishim bilan baravar edi. Men katta yoshdagilarning toifaviy belgilaridan azoblanardim – bular gultugmalar va soatlar edi; o‘sha qisqagina vaqtda men manman, faqat o‘zini ayaydigan, odamlarning yolg‘izligi va zerikishini ardoqlaydigan va insoniyatning barcha asosiy illatlari unib chiqadigan chidab bo‘lmas nasliga tegishli edim.
Mening barcha illatlarim: takabburlik, beodoblik, iflos fikrlar va bir chaqaga qimmatlik faqat fotosuvratlardagina kechirilar edi. Men chidab bo‘lmas darajada kattarib ketdim, men birinchi marta shim kiydim va onam endi: “Bu iflos ro‘molchani qachongacha tutasan?” deb qichqirgancha cho‘ntaklarimni kavlamas edi.
Shu bois fotosuvrat yurakkinamning shundoq yonida, Lankaster tog‘am menga sovg‘a qilgan saxtiyon hamyonimda bemalol yotaverardi. Yetti yil tez-tez tomosha qilganim ko‘zlar avvalgidek oy kabi porlar edi va avvalgidek menga payg‘ambarona haqiqatlardan xabar berardi; tabassumli lablar hali-hanuz: “Sen!” – deya pichirlayotgandek va barcha isbotlarni, butun xotirjamlikni, butun donoligu butun muhabbatni shunga nisor etayotgandek tuyulardi.
Mo‘ylabim sabza urmagan vaqtlarimda hali olmos buyumlar onam uchun tavqi la’nat timsoli edi, qo‘liga hech soat taqqan emasdi va zerikishdan bir kun ming kunday bo‘lib ketardi – xuddi shu vaqtda bizning ovloq shaharchamizga Marta xola qadam ranjida qilib qolgandi.
Bir kuni oqshomoldi pallada ovqatlanib o‘tirganimizda telefon jiringlab qoldi. Onam stoldan turdi-da, telefonga chiqdi. Qulog‘imizga uning hayajonli gaplari chalinib turdi. U gul-gul yashnab qaytdi, yuzlarida qizil dog‘lar ko‘rinardi. “Jahli chiqqan”, – bu dog‘lardan bizlar shunday to‘xtamga keldik. Otam uyda yo‘q edi. Onamga biz qarab turardik. Biz oltovlon unga savol nazari bilan tikildik. Onam nigohlarimizga mardona chidab berdi.
– Marta xola kelibdi, – dedi u oxiri ancha noqulay ohangda, stolga o‘tirmasdan. – Mana buni yo‘q qilinglar. Tezda. Bo‘lmasa dadalaringga aytaman. Surbet basharalaringizdan mana bu surbet ifodani yo‘qotinglar.
– Oyijon, o‘tiring, – bir ovozdan dedik biz. – Damingizni oling, oyijon. Xayolingizni bir joyga to‘plang. Qo‘rqmang. Ko‘nglingizga kelgan hamma yomon gaplarni ayting, oyijon. Bo‘lmasa dadamizga biz aytamiz.
Ona hadeganda o‘tirmadi.
– Bas qilinglar, – dedi u. – Hoziroq. Bo‘lmasa butun uyni boshimga ko‘tarib qichqiraman. – U nima qilishini bilmagandek soatga qaradi. – Marta xola Sidneyga shu yerdan o‘tib ketayotgan ekan. “Terminus”da tunar ekan.
– E-ha! – dedi mening o‘n yetti yasharlik singilcham. – U shunaqa odamjon ekanmi, a? U kambag‘al qarindoshlarini ko‘rgani kelibdimi?
– Yo‘q, – shartta kesdi ona. – Og‘zingga qarab gapir, xonimcha. – Shunday deya boshqa qiladigan hech ishi qolmagandek onam joyiga cho‘kdi. – U juda qattiq charchadim deydi.
– U biram odamshavandaki…
– O‘chir! – qichqirdi ona. – Martani shunaqa deb o‘ylashga qanday hadding sig‘di… qanday haddingiz sig‘di, miss? Uning hayoti o‘zi fojiadan iborat-ku… – U ko‘z yoshi to‘kishga harakat qilib ko‘rdi-yu, biroq buning o‘rniga mamnun holda barmoqlarining uchini bugun o‘rilgan kalta sochlariga tekkizib-tekkizib qo‘ydi. So‘ng xayolan kiyim javonini titkiladi.
– Soat necha bo‘ldi? Bu soat oldindami, orqadami yo to‘g‘ri yurayaptimi? Men bormasam bo‘lmaydi, uni ko‘rishim kerak, axir.
“Juda ko‘rgim kelayapti, – boshqachasiga o‘girdik biz, – ko‘rmasam o‘lib qolaman”.
To‘ng‘ich o‘g‘il va oila boshlig‘i vakili sifatida men onam bilan ketdim.
“Terminus” mehmonxonasi tashlandiq bir joy edi. Bir qancha xurmo daraxti yalang‘och qish bog‘i taassuroti yaratgan mehmon bo‘lmasida Marta xola va qandaydir yigitchadan boshqa jon asari yo‘q edi. Ular chuqur chirmovuq o‘rindiqlarga cho‘kkan va ko‘rinishlariga qaraganda juda uzoq o‘tirgan edi. Ular o‘rtasida ustiga shisha va qadahlar hamda viski reklamali kuldon qo‘yilgan hindcha mis stolcha turardi, kuldon labbo‘yoq izlari tushgan sigareta qoldiqlariga to‘la bo‘lib, axlat uyumiday tutib turardi.
– Qadrdonlarim! – chiyildoq ovozda dedi Marta xolam, o‘rindiqdan og‘ir turarkan. So‘ng past ovozda og‘zining bir chekkasi bilan dedi: – Hoy to‘nka, uyga xonim kirganda turish kerak.
Har ikkala ko‘zi uzra bitta bo‘lib tortilgan qoshi ostidan yigit xolamga menga tanish bo‘lgan nigoh tashlab qo‘ydi – shunday nigohlar bilan men she’r yozayotganimda yoki tirnoqlarimni g‘ajiyotganimni chet kishilarga e’lon qilayotganda onamga qarar edim. Moy surtilgan, ammo xira yuzli yigit qo‘pollik bilan o‘rnidan turdi.
Keyin sodir bo‘lgan bor gaplarni unchalik e’tiborga molik deb bo‘lmasdi.
Marta xolam g‘irt mast edi. Ellikka kirganiga qaramay, uning qaddi-qomati yaxshi saqlangan edi. Juda katta pul turadigan ko‘ylak va tuflisi did bilan tanlangan edi. Uning qoramtir sochlari to‘lqin-to‘lqin qilib o‘rilgan edi; bo‘yoq va o‘rim ham, turgan gapki, ozmuncha chiqimni talab etmasdi.
Biz ikki tomon bir bo‘lib, to‘rtlik hosil qilgandik, biroq, bu oqshomda nimalar sodir bo‘lmasin, buni Marta xolam bilan onam xayollariga xam keltirishmagandi. Yigitga qilingan birgina pand uning nafasini ichiga tushirib yubordi. Xolam uni bizga falon Ivan deb tanishtirdi, ammo o‘zi qariyb er-xotinlik pichingi bilan uni “I-fan” deb atadi. Aftidan, tunga yaqin shoshmay to‘shakka tomon kelarkan, u to‘xtashi va go‘yo gap soyabon haqida ketayotgandek: “E Xudoyim! I-fanginam! Anovini esdan chiqarayozibman-ku!” deyishi mumkin edi. U qanchalab bunaqa soyabonlarni esidan chiqargan bo‘lishi kerak.
Opa-singillarning ovozlari birining ustidan biri bosib ketmoqdaydi, ular tinimsiz vaysar edilar va nuqul va nuqulgina oila haqida vaysar edilar. Ular xiringlashar, hatto chiyillar edilar. Ularning vaysashlari orasida I-fan jo‘ngina so‘zlarda meni og‘ir atletika bilan tanishtirdi. Bu men uchun xitoy yorlig‘i bo‘lgan edi. Men haykaldek qotib o‘tirar edim. U quyuq qoshlarini soyabonday ko‘zlari ustiga tushirib olardi-da, konyakdan urardi. Marta xola qadahda paydar-pay musallas ichardi. Onam, “Yo‘q, yo‘q, Marta! Ortiq bir tomchi ham ketmaydi, bo‘lmasa oyoqda turolmay qolaman”, – dedi-da, konyakdan ikkinchi, uchinchi va keyin to‘rtinchi qadahni paqqos urdi. Menga ikki stakan zanjabil pivosidan totib ko‘rishga ruxsat berildi, xolos.
Qarindosh-urug‘larimiz xayotiga bo‘lgan qiziqishim yillar o‘tishi bilan so‘ndi, Marta xolam meni qiziqtirmaygina qolmadi, balki malollik, uyat va nafrat uyg‘otar edi. Ro‘paramda axloqsizlikning oliy darajadagi namunasi turardi. Uning sharti ketib, parti qolgan rezinaga o‘xshash yuzida nimadir parpirardi, bu yuz burishar, im qoqar, kulgidan taxlam-taxlam bo‘lib, bir joyga to‘planar edi-yu, baribir o‘lik edi. Burilgan lablardagi labbo‘yoq o‘rtasidan o‘chib, ularning binafsharang tusi ochilib qolgandi. Goho uning ko‘zlarida qora alanga porlardi, ammo bu shunchaki ro‘yo edi – ko‘zlar shunchaki o‘ynoqlardi. Ular yaltiroq moviy qaboqlar ostida to‘xtashni ep bilmasdi.
Bular bari mening o‘lgudek jonimga tegdi va men o‘zining ahvolini va vaqtning allamahal bo‘lib qolganini eslatib, onamni qo‘rqitishga harakat qildim. Men hamyonimni chiqardim-da, yoshi katta erkak harakati bilan uni ochdim. Bu harakatimni ko‘rib, onamning gapi bo‘g‘zida qoldi.
– Men yana bitta… – spirtli ichimliklardan birontasining nomi esimga kelmadi, – yana bir shisha sotib olmoqchiman.
– Obbo zumrasha-ey! – dedi Marta xolam. – Bilasanmi, Doll, u hatto ko‘zoynakda xam quling o‘rgulsin yigit bo‘ladi. Shirintoyginam, bisotingdagi mablag‘ni iflos boy xolalaringga sarflamasliging kerak.
U qo‘lini uzatdi, mendan hamyonni tortib oldi, boshmaldog‘i va ko‘rsatkich barmoqlari bilan bir uchidan tutgancha silkita boshladi. Bu eski urfdagi “qiz bola” o‘yini, Lili Lentri usulidagi karashmadan boshqa hech narsa emasdi, ammo u menga zilziladek ta’sir ko‘rsatdi, men adoyi tamom bo‘lgandim. Hamyondan mis stol ustiga mening sirim, unsizligim, orzum va yetti yillik ardog‘im tushib ketgan edi – bokira nigoh va tabassumli qizning fotosuvrati – mening birinchi muhabbatimning tabassumi.
Fotosuvratni tutib olish, yashirish, qutqarish uchun men butunlay yaroqsiz holga kelgandim.
– Buning ayg‘irchaning o‘zi ekan-ku, Doll, – dedi Marta xolam, fotosuvratni olarkan. – Kazanova. Bu uning muhabbati! – ko‘zlarini qisgancha u cho‘zilgan qo‘l uzunligidagi masofada tutib, fotosuvratga razm sola boshladi.
– Kim ekan bu suvratdagi, biz ham bir ko‘raylik-chi, – onam qo‘lini cho‘zdi.
Bu birinchi marta hayot menga go‘zal bo‘lib ko‘rinishdan to‘xtagan daqiqa edi.
Hayot to‘satdan va shiddat ila biz tomon yuzini buradi va ko‘zlarini katta-katta ochadi. Barbod topish, hamma narsadan voz kechish va hech nimaga aylanishdan boshqa ulardan hech nimani o‘qib ham, uqib ham bo‘lmay qolgandi. Ruhiy xotirjamlik – bu yolg‘on, bunaqasi bo‘lmaydi. Ma’budlar yo‘q bo‘lishga mahkum. Shirin tushlarga kiruvchi javohirot ila muzayyan taxtning cho‘l o‘rtasida yotgan toshdan farqi qolmagan. Sening hayot yo‘lingga to‘shalgandek bo‘lib ko‘ringan gullar hecham gullar emas ekan, qovjiroq barglar ekan, ular bo‘shliq ichiga jazavali uchib kirar ekan-da, bo‘shliqda aylanib-aylanib yurib, holdan toygach, tap etib yerga tusharkan. Shunda banda ekaningni, sendan hech kim tortib ololmaydigan yagona narsa o‘lim ekanini birinchi marta anglar ekansan.
– Kim deding? – so‘radi Marta xolam, nafratomuz jilmaygancha fotosuvratga razm solar ekan. – Qara, Doll. Mana bu suluvgina jinqarcha qizni qara.
– Qayerdan olding buni? – so‘radi onam.
– Topib oldim. Men uni topib oldim, – dedim nafrat va yolg‘ondan ovozim xirillab. – Men uni stol tortmasidan topib oldim. Eski fotosuvratlar turgan joydan. Bugun kunduzi.
– Esingdami, Doll? – so‘radi Marta xolam, vinosini oxirigacha simirib. – Lolli Edvardnikidagi oqshom-chi? Jin ursin, ilgari bo‘lganidek, men endi zinhor-bazinhor burchak-burchaklarda qichqirmayman. Sen shunchaki Zolushka eding. Esingdami, Doll? Men qanaqa pari-paykar bo‘lganimni I-fanga ko‘rsatib qo‘y.
Shunday deya ichkilikdan ko‘zlari qizarib ketgan mast xotinning osilgan lablari keng ochildi-da, xirildoq ovozda xandon tashlab kuldi va yuragimni pora-pora qilib tashladi.
Rus tilidan Amir Fayzulla tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 1-son