Hektor Hyu Manro. Sredni Vashtar (hikoya)

Konradin o‘zining uzog‘i bilan besh yillik umri qolgani haqidagi shifokorning fikrini eshitganida endigina o‘n yoshga to‘lgan edi. Garchand doktor biroz ikkilanib tashxis qo‘ygan bo‘lsa-da, missis de Ropp uning fikrini qo‘llab-quvvatladi. Missis de Ropp bolaning amakivachchasi va boquvchisi edi. Konradinning nazdida, bu ayol dunyoning zaruriy, yoqimsiz va haqiqiy bo‘lgan beshdan uch qismini ifodalardi; Qolgan ikki qismi esa buning mutlaqo teskarisi bo‘lib, bolaning o‘y-hayollari va tasavvurida jam bo‘lgandi. Shunday og‘ir kunlarning birida Konradin hayotidagi o‘ta zerikarli narsalarga, masalan, hastaliklar, ortiqcha cheklovlar va tinimsiz bosimlarga taslim bo‘lishi kerakligini angladi. Agar uning yolg‘izlik ta’sirida yaralgan g‘azabnok hayoloti bo‘lmaganida, bolakay allaqachon yengilgan bo‘lar edi.
Missis de Ropp o‘zini go‘yoki Konradinga g‘amxo‘rdek ko‘rsatar edi. U, huddiki, “bolaning foydasini ko‘zlash” maqsadida, uni qattiq nazorat qilishdan charchamasdi. Konradin esa uni ich-ichidan yomon ko‘rsada, buni ayolga umuman sezdirmas edi. Bir kuni Konradin o‘zining kayfiyatini biroz ko‘tarish yo‘lini topdi. Ayniqsa, bu ishi bilan boquvchisining g‘ashiga tegishini o‘ylab quvondi. Hayolan uni chiqishi berklangan qafasdagi nopok jonzotga mengzab lazzatlandi.
Uni yoki buni qilmaslik, yoinki, dorilarni ichishi kerakligini eslatishga tayyor bo‘lgan ko‘plab derazalar qarab turgan ushbu g‘amnok bog‘ bolani deyarli qiziqtirmasdi. Qurg‘oq yerda siyrak joylashgan mevali daraxtlar o‘z hosilini undan qizg‘ongandek turardi, go‘yo. Bog‘dagi yillik hosilni, hech bo‘lmasa, o‘n tiyinga sotib oladigan xaridor chiqishi ham dargumon edi.
Zich o‘sgan butazor orqasida buzilgan asbob-uskunalar saqlanadigan tashlandiq omborxona yashiringandi. Konradin bu joyni o‘zi uchun ham o‘yingoh, ham ibodatxonaga aylantirdi. Qisman tarix parchalaridan, qisman tasavvuridagi mavjudotlar to‘dasiga uning ichidan joy berdi. Hujrada go‘sht va qonning birlashmasi bo‘lgan ikki mavjudot bor edi. Bir burchakka patlari hurpaygan udan tovug‘i joylashtirildi. Noiloj bolakay unga bor mehr-muhabbatini bag‘ishladi. Boshqa bir qorong‘u burchakda esa ikkita ayri xonali katta qafas bo‘lib, ularning biri temir panjaralar bilan o‘ralgandi. U bahaybat sassiq ko‘zanning joyi bo‘lib, bularning barchasini bir paytlar qassob bola Konradinga uzoq vaqt mobaynida to‘plagan mayda kumush tangalari evaziga yashirincha keltirib bergandi. Konradin ushbu epchil va o‘tkir so‘yloq tishli maxluqdan o‘lguday qo‘rqsa-da, biroq bu uning qimmatli mulki edi. Bolakay xolasiga hayolan laqab qo‘yib olganini sir saqlagani kabi, vahshiy maxluqning hujrada ekanligini juvondan yashirishi lozim.
Kunlarning birida ilohiy bir xabar keldimi, ishqilib, Konradinning miyasiga maxluqqa nom berishdek bir fikr keldi. Shundan so‘ng, u jonivorni Xudo bilib, qattiq sig‘ina boshladi.
Ayol haftada bir marta uyi yaqinidagi cherkovga borar, har safar o‘ziga bolakayni ergashtirib olishni kanda qilmasdi. U yerga shuncha qatnamasin, lekin Konradin uchun cherkov urf-odatlari o‘ta g‘alati va tushunarsizligicha qolaverdi. Har payshanbada esa u po‘panak bosgan nim qorong‘u ombordagi Sredni Vashtar laqabini olgan bahaybat sassiq ko‘zan yashayotgan yog‘och qafas ro‘parasida o‘zining puxta o‘ylangan diniy marosimlarini nishonlardi. Ziyoratgoh poliga yozda qizil rang gullar, qishda esa qirmizi maymunjonlar to‘shalar edi. Alvon rang, Konradinning fikricha, ilohiy kuch-qudrat timsoli edi. Necha vaqtlardan beri xolasining diniy e’tiqodlarini kuzatib kelgan bolakay, ataylab, ko‘rganlarining teskarisini qildi. Hujrasida uyushtirilgan tantanali bayramlarda hayvon qafasi oldiga muskat yong‘og‘i bo‘laklari sochildi. Ushbu marosimlarning eng ahamiyatli jihati shundaki, yong‘oq bo‘laklari oshxonadan o‘g‘irlanib keltirilishi lozim edi. Bundayin tadbirlar nomuntazam ravishda tashkillashtirilib, asosan, uyda sodir bo‘lgan biron bir hodisa sharafiga bag‘ishlanardi. Bir marta missis de Ropp qatorasiga uch kun kuchli tish og‘rig‘idan azob chekdi. Konradin ham shu vaqt mobaynida to‘xtovsiz bayram qilib, juvonning og‘rib qolishi sababi faqatgina Sredni Vashtar bilan bog‘liqligiga o‘zini qattiq ishontirdi. Agar kasallik yana bir kunga cho‘zilganida, uyda umuman muskat yong‘og‘i qolmasdi.
Udan tovug‘i Sredni Vashtarning ibodatida hech qatnashmadi. Konradin allaqachon uning anabaptist ekanligini anglagandi. Anabaptistlar kimligini zig‘ircha tushunmasa-da, Konradin o‘zicha buni chapanilik va nomaqbulikka yo‘yardi. Missis de Ropp sababli bolakay barcha narsaga nafrat ko‘zi bilan qarashga odatlangandi.
Konradin ko‘p vaqtini hujrada o‘tkazayotgani boquvchining diqqatini o‘ziga tortdi:
– Erta-yu kech u yerda sang‘ib yuraverishi yaxshi emas, – pichirladi juvon bir qarorga kelib.
Shunday kunlarning birida nonushta yeb bo‘lingach, missis de Ropp kecha shom mahali udan tovug‘ini ombordan olib chiqib, sotib yuborganini xabar qildi.
Konradinning qattiq g‘azablanishi va achinishini kutgan ayol faqat yaqinni ko‘ra oladigan ko‘zlari bilan bolaga sinchiklab tikildi. Zotan juvon uni nasihat-u o‘gitlar bilan ovutishga oldindan tayyorlanib qo‘ygandi. Biroq bolakay lom-mim demadi. Bir og‘iz ham gapirmadi. Ammo bolaning rangi oqarib ketganini sezgani bois, biroz tashvishga tushdi. Shuning uchun tushlik dasturxoni ustida Konradinning sog‘ligini ko‘zlab, unga yeyishni ta’qiqlagan kuydirilgan qitirloq non paydo bo‘ldi. Bu yegulik tayyorlanmasligining boshqa sababi esa, o‘rta sinfga tegishli tabaqa xonimlarining ko‘zi bilan qaraganda, uni pishirish “ortiqcha dahmaza” bo‘lib, nojo‘ya ish sanalardi.
– Senga kuydirilgan non yoqadi, deb o‘ylardim, – so‘z qotdi juvon shikasta ovoz bilan bolaning yemakka qo‘l ham tekkizmaganini ko‘rib.
– Gohida, – javob berdi Konradin.
O‘sha kuni kechqurun diniy marosimga ayrim o‘zgartirishlar kiritildi. Odatda qafasdagi ilohiy mavjudotiga faqat tasannolar o‘qiydigan Konradin, bu safar o‘zi uchun undan muruvvat ko‘rsatishini so‘radi:
– Men uchun bir nima qil, Sredni Vashtar!
Nima qilish zarurligini u aniq aytmadi. Axir Sredni Vashtar uning uchun Xudo ekan, bolakay nimani nazarda tutganini so‘zsiz ham bilib olishi kerak-ku. Konradin hujraning bo‘shab qolgan burchagiga ko‘zi tushib, o‘pkasini to‘ldirib turgan yig‘idan nafasi bo‘g‘ildi. So‘ngra yanada nafrati oshgan dunyosiga – uyiga qaytdi.
Shundan beri tunlari uni tinchlantiruvchi zimiston yotoqxonasida, kechqurunlari nimqorong‘u omborxonada o‘tirib, to‘xtovsiz birgina iltijoni takrorlardi: “Men uchun bir nima qil, Sredni Vashtar!”
Ko‘p o‘tmay, missis de Ropp hujraga tashriflar hanuz davom etayotganini payqab qolib, u yerni qattiq tekshiruvdan o‘tkazishga qaror qildi.
– Qulflangan qafas ichida nima bor? – so‘radi u. – Ehtimol, dengiz cho‘chqasi bo‘lsa kerak. Ularning hammasini omborxonadan uloqtiraman.
Konradin indamay labining chetini mahkam tishladi. Juvon esa bolaning yotog‘idan qafas kalitini axtarishga tushdi. Uni topgan zahotiyoq, ishni yakuniga yetkazish maqsadida hujraga yo‘l oldi.
Havo yaxshigina sovuq edi. Konradinga uyda qolish buyurildi. Ovqatlanish xonasining derazasidan butazor ortidagi ombor eshigini uzoqdan ko‘rsa bo‘lardi. Buni biladigan bolakay voqeani kuzatib turish niyatida o‘sha yerga joylashdi. U juvonning ichkariga kirayotganini ko‘rdi-yu, tasavvur qildi: hozir u kalitni suqib, qulflangan qafasni ochgach, bolaning Xudosi yashiringan somon g‘aramiga uzoqni ko‘rmaydigan ko‘zlari bilan sinchiklab tikiladi. U betoqatlik bilan poxolni titkilashi ham ehtimoldan holi emas.
Konradin yuraginining tub-tubidan so‘ngi marta iltijo qilib, so‘radi. U o‘z e’tiqodi bilan vidolashayotganini anglab turardi. Hozir ayol hujradan beo‘xshov irshayib chiqqach, bir-ikki soat o‘tar-o‘tmas, bog‘bon uning ziyoratgohini vayron qilishi tayinligini bolakay sezardi. Endi uning ilohiy mavjudoti yo‘q, u shunchaki qafasda turgan jigarrang sassiq ko‘zandan boshqa narsa emas. Konradin anglardiki, bundan buyog‘iga hamisha juvon g‘alaba qozonadi, huddi hozir uni yengib chiqqani kabi. Ayolning o‘zicha donoligi, har ishda unga hukmronlik qilib ezg‘ilashi oqibatida endi bolakayni kasallik yeb tugatishi aniq. To dunyo unga tor kelib, shifokorning tashxislari tasdig‘ini topmaguncha. U mag‘lubiyatning achchiq alamiga chidolmay, baland va xunuk ovozda yirtqich maxluqiga bag‘ishlov qo‘shiqni kuylay boshladi:

Sredni Vashtar ketdi yiroq,
Uning hayollari qonga belangan,
Tishlari so‘yloq, misdek oq.
Uning dushmanlari tinchlik so‘raydi,
Lek u tilaydi bariga o‘lim.
Sredni Vashtar, buyukdir u.

To‘satdan u qo‘shiq aytishdan to‘xtab, deraza romiga yaqinroq keldi. Soniyalar daqiqalarga ulanar, hujra eshigi esa hanuz qiya ochiqligicha turardi. Vaqt bir zumga qotib qoldi, go‘yo. Chug‘urchiqlarning mayda galasi maysazor bo‘ylab u yoqdan – bu yoqqa uchib o‘tardi. Konradin qushlarni qayta va qayta sanar ekan, bir ko‘zini tebranib turgan eshikdan uzmasdi.
Xafaqon qiyofali oqsoch kelib, choy tayyorlash uchun dasturxon yozdi. Konradin esa hanuz nima sodir bo‘lishiga qiziqib, ko‘zini tashqaridan uzmasdi. Asta-sekin uning qalbida umid uchqunlari yona boshladi. Uning ko‘zlarida g‘alaba nashidasi aks etgandi. Ich-ichidan shodlik hissiga chulg‘angan bolakay yana mag‘lubiyat va zafar qasidasini kuylay ketdi. Vanihoyat, shuncha kutganlari o‘z mevasini berdi: Ombor eshigidan yo‘g‘on, pastbo‘y, sarg‘imtir jigarrang maxluq ko‘rindi. Uning ko‘zlari vahshiy yaltirardi. Tomoq va iyak qismidagi junlarini qoramtir nam dog‘ qoplagandi. Konradin tizzasi bilan o‘tirib qoldi. Bahaybat sassiq ko‘zan bog‘dagi ariq tomon yurib, bir zum chanqog‘ini bosgach, taxta ko‘prikcha orqali butazorga o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Shu tarzda, Sredni Vashtar ketdi.
– Choy tayyor, – dedi xafaqon yuzli oqsoch. – Xonim qayerdalar?
– Biroz avval u omborxonaga tushib ketgandi, – javob berdi Konradin.
Xizmatkor uy bekasini choyga chaqirishga ketgan zahoti, bolakay idish javonidan toster sanchqisini olib, o‘ziga non bo‘lagini kuydirishga hozirlandi. Nonni qotirish, unga ko‘pgina saryog‘ni surish va uni bamaylixotir tanovvul qilish asnosida, Konradinning qulog‘i ding turardi. Mahkam yopilgan ovqatlanish xonasi eshigining narigi tarafidan uzuq-yuluq tovushlar eshitildi: Oqsoch hovliqib baqirar, oshxona tomondan hayratomuz nidosi yangrardi. U tez-tez yurib, tashqaridan yordam chaqirishga shoshildi. Sarosimaga tushib, xo‘ngrab yig‘lab olgach, hovlida og‘ir liboslar kiygan kimsalarning shitir-shitir qadam tovushlari quloqqa chalindi.
– Bechora bolaga bu xabarni kim aytadi endi? Men hayotda buni ayta olmayman! – dedi kimdir chiyillagan ovozda.
Ular bu masalani hal qilguniga qadar, Konradin o‘ziga yana bir non bo‘lagini kuydirishga ulgurdi.

Ingliz tilidan Gulnoz Mamarasulova tarjimasi.