Gi de Mopassan. Sovaj kampir (hikoya)

 Virelonida o‘n besh yildan beri bo‘lmagan edim. Kuz payti nemislar vayron qilib qilib ketgan uyini endigina tiklay boshlagan oshnam Servalning xonadoniga, o‘sha taraflarda ov kilish uchun boradigan bo‘ldim.
 Bu joylar menga judayam yoqardi. Yorug‘ jahonda ko‘rib ko‘z to‘ymaydigan ana shunaqa ajoyib go‘shalar bor. Ularni xuddi odamzotni sevgandek sevib kolish hech gap emas. Biz insonlarni ona-Zaminga bog‘lab turadigan qadrdon irmoklar, o‘rmonlar, hovuzlar, tepaliklar borki, ular yodingga tushganida xuddi quvonchli bir voqeani eslaganday beixtiyor entikib ketasan. Shunaqa paytlar bo‘ladiki, odatiy kunlarning birida qandaydir daraxtzor, o‘tloq, mevali bog‘ yoki oddiygina gulzor sening qalbingda bahor tongida yonginangdan xshbuy hid taratib o‘tgan sarvqomat dilbar singari ajoyib taassurot qoldiradi.
Virelonidagi o‘t bosgan har karich yer, qon tomirlar singari bir-biriga ulanib ketgan irmoqlar yuragimga yaqin. Bir paytlar bu arikchalardan qisqichbaqa, shilliqqurt va chuvalchang tutib katta bo‘lganmiz. Ajoyib manzaralar.
…Serval mendan yuz metrcha narida, o‘ng tarafda bedazorlarni ko‘zdan kechirardi. Sodrey o‘rmoni va ekinzor o‘rtasidagi chegara vazifasini bajaruvchi butalar shoxlari osha atrofni kuzatarkanman, eski, g‘aribona kulbaning qoldiqlariga ko‘zim tushdi. Bunday ko‘rimsiz manzara kishiga g‘alati ta’sir qilarkan. Birdaniga bu kulbani so‘nggi da’fa 1869 yilda tom ustida bir savat uzum va tovuqlar qurshovida ko‘rganimni esladim. U paytlar bu mo‘jaz uycha atrofning go‘zal manzarasiga ko‘rk bag‘ishlab turar, uning oldida ishkom qilingan uzumlar g‘arq pishib yotardi.
Bu uychaning sohibasini tanirdim. Jikkakkina, istarasi issiq kampir bir gal meni xushta’m uzum vinosi bilan siylagandi. Yo‘l-yo‘lakay Serval menga bu xokisor xonadon ahlining alamnok kechmiishini so‘zlab berdi.
Oila boshlig‘i ilgaridan brakonerlik bilan shug‘ullaib kelgan, payti kelib uni qishloq qorovullaridan biri otib o‘ldirgan ekan. Uning o‘g‘li – men bu rangpar, qotmadan kelgan yigitchani bir martagina ko‘rganman – yovvoyi parrandayu darrandalarning ashaddiy kushandasi sifatida nom chiqargan ekan ekan. Bu xonadon ahlini bir so‘z bilan Sovaj*lar deb chaqirishardi. Bu ularning familiyasimidi yoki laqabmidi, bilolmadim. Xullas mening turnaqadam hamrohim bu g‘aroyib xonadon egalari hayoti bilan bog‘liq ushbu voqeani so‘zlab berdi.
…Urush boshlangach, kichkina Sovaj, kampirning o‘ttiz uch yoshli bittayu bitta o‘g‘li onasini uyda yolg‘iz qoldirib, ko‘ngillilar qatori urushga otlandi. Kampir boshqalarning rahm-shafqatini uyg‘otadigan darajada nochor yashamasdi. Puli o‘ziga yetarli edi. Xullas, u odamlardan ancha yiroqda, o‘rmonning biqinidagi kulbasida yakkayu yolg‘iz umrguzaronlik qila boshladi. Kampir tabiatan eri va o‘g‘li singari sog‘lom, barvasta, hazil-huzulga o‘ch, xushchaqchaq ayol edi. Odatda dehqon ayollari o‘ta kamgap, jiddiy bo‘lishadi, o‘yin-kulgini erkaklarga chiqargan .
 Sovaj kampir qor ostida kolib ketgan kulbasida odmigina hayot kechirardi. Haftada bir marta non, go‘sht sotib olish uchun qishloqqa kelar va ishini bitirib ortiga kaytardi. Bo‘rilar paydo bo‘lgani haqidagi gap-so‘zlar ko‘payib qolgani uchun u odatda o‘g‘lining eski miltig‘ini osib chiqardi.
Nihoyat nemislar kelib qolishdi. Ularni xonadon sohiblarining furjasi va imkoniyatiga qarab joylashtirib chiqishdi. Kampirni boy deb o‘ylashgani uchun uning uyiga to‘rtta nemisni joylashdi.
Oqbadan, siyrak, sarg‘ish soqol mo‘ylovlari o‘zlariga yarashgan, sariqsoch, moviy ko‘z yigitlar halimligi, tichliksevarlagi bilan boshqa safdoshlaridan ajralib turishardi. Ular tirishqoq, mehnatkash bu kampirga og‘irliklarini tashlashmas, kerak bo‘lganda uy ishlariga yordam berishardi. Ular ertalab turib, qurol-yaroq taqmay, mundir kiymay, o‘rmon atrofida shimolliklarga xos rangpar, qizg‘ish badanlarini qishning ilimiliq oftobida toblab yurishar, bu paytda Sovaj kampir ularga nonushta tayyorlardi. Keyin to‘rtovlon ishga kirishib ketishar, birovi oshxonani yig‘ishtirar, boshqasi quduqdan suv tashir, yana biri o‘tin yorsa, boshqasi kartoshka archish bilan mashg‘ul bo‘lar, qisqasi, tanimagan bilmaganlar ularni kampirning bir qorindan talashib tushgan o‘g‘illari deb o‘ylardi. Kampir esa, har kuni o‘zining qotma, chayir, qosh-ko‘zlari qop-qora, qirg‘iyburun, qaldirg‘och mo‘ylovi nozik, yupqa lablari ustida titrab turguvchi jigarporasini o‘ylab ustma-ust xo‘rsinardi. U har kuni o‘z qo‘noqlaridan bitta narsani takror-takror so‘rardi:
– Yigitlar, sizlar frantsuzlarning 23-piyoda polki qayerdaligini bilmaysizlarmi? Mening o‘g‘lim o‘sha polkda xizmat qiladi.
– Yo‘q, bizniki bilmaydi, bilmaydi, deya javob berishardi ular. Albatta yigitlar sho‘rlik kampirni tushunishardi. Chunki, olis-olislarda ularning ham onalari nigoron bo‘lib o‘tirardi. Shu bois, nemis askarlari bu jonsarak kampirning hurmatini joyiga qo‘yishardi. Kampir ham dushman qavmidagi bu to‘rtovlonga faqat mushtipar ona ko‘zi bilan qarardi. Zotan, vatanparvarlik tuyg‘usi oliy tabaqadagi odamlarga yarashardi. Zahmatkash dehqonning uyi tinch, bola-chaqasi omon bo‘lsa bo‘ldi-da, uning urush, adovat, to‘s-to‘polon bilan nima ishi bor? Urushdan faqat o‘sha «oliy zotlar» manfaat kutishadi. Oddiy xalq esa, faqat uning jabru-jafosini tortishga mahkum. Urush xarajatlari birinchi navbatda kambag‘allarning tinkasini quritadi. Zero, urush alaloqibat g‘olibni ham mag‘lubni ham holdan toydiradi.
Qishloqdagilar Sovajning uyida yashayotgan nemislar haqida gapirisharkan, «kampirshoning omadi bor-da» deb qo‘yishardi.
Kunlarning birida kampir ertalab, uzoqdan uning kulbasi tarafga oshiqayotgan qishloq pochtaloniga ko‘zi tushdi. Pochtachi kampirning qo‘liga bir konvertni tutqazdi-da, o‘zi indamay ortiga burildi. Kampir faqat tikishi-bichish payti ishlatadigan ko‘zoynagini olib, xatni o‘qishga tutindi.
«Sovaj xonim! Bu xat orqali sizni qayg‘uli voqeadan ogoh etayotganim uchun uzr so‘rayman. Sizning o‘g‘lingiz Viktor kuni kecha zambarak o‘qiga uchib, qahramonlarcha halok bo‘ldi. Ochig‘ini aytganda, dahshatli o‘q uning tanasini ikkiga bo‘lib yubordi. Men bu paytda uning yonida edim. U menga siz haqingizda ko‘p gapirar, «agar menga bir gap bo‘lsa, o‘zing onamga xabar qilasan» derdi. Men uning cho‘ntak soatini olib qo‘yganman. Urush tugagach, bu omonatni yetkazaman. Sizga kamoli ehtirom bilan Sezar Rivo 23-piyodalar polkining oddiy askari».
 Xat uch hafta ilgari yozilgan edi.
 U yig‘lamadi, ko‘ziga yosh kelmadi. U xuddi sehrlangandek turgan yerida bir necha daqiqa qotib qoldi. Miyasida birgina fikr charx urardi «Viktor endi yo‘q, uni o‘ldirishdi!» Keyin ko‘zlaridan mayda-mayda yosh tomchilari siza boshladi va daf’atan ko‘ksini bir faryod yorib chiqdi. Keyin uning miyasida bir-biridan qo‘rqinchli, mash’um o‘ylar aylana boshladi. Endi u o‘g‘lini hech qachon ko‘rmaydi, qop-qora sochlarini siypalab, peshonasidan o‘polmaydi. Qorovullar otasini otib tashlashgandi, nemislar o‘g‘lini nimtalashdi. Ko‘z oldida dahshatli bir manzara namoyon bo‘ldi. Mana, kuchli bir portlashdan so‘ng, o‘g‘lining boshi tanidan uzilib bir tarafga dumalab ketyapti, ko‘zlari hayratdan katta ochilgan, xuddi jahllangan paytidagidek mo‘ylovining bir uchini tishlab olgan. Uning tanasini nima qilishdiykin? Yuvib-tarab ko‘mishdimikin? Koshkiydi, uniyam xuddi otasidek shu qishloq qorovullari peshonasidan otib qo‘ya qolishsa edi.
 Daf’atan qishloqdan qaytib kelayotgan nemis askarlarining shodon ovozidan hushiga keldi. Shoshqich haligi xatni qo‘yniga tiqdi va askarlarni hech gap bo‘lmagandek, xotirjam qiyofada qarshi oldi. Uning yuzlarida odatiy sokinlik balqib turar, ko‘z yoshlarini artib olishga ulgurgandi. Bugun nemislarni kayfiyati chog‘, chunki ular qishloqdan semizgina bir quyonni tutib kelishgandi. Kimningdir uyidan o‘g‘irlashgani aniq. Askarlardan biri imo-ishora aralash quyon go‘shtidan mazali qovurdoq yegilari kelayotganini tushuntirdi.
 Kampir indamay ovqat tadorigini ko‘ra boshladi. Faqat quyonni so‘yishga uning qo‘li bormadi. Umrida bunaqa ishni qilmagandi-da! Askarlardan biri quyonning boshiga bir musht tushirib, masalani hal qilib qo‘ya qoldi. Kampir joni badanni tark etgan quyonning terisini shilib olarkan, jonivorning qontalash badani hamon titrab turganini payqab, ko‘z oldi xira tortib ketdi. Ko‘z o‘ngida o‘g‘lining qoq ikkiga bo‘lingan, hamon jon talvasida tipirchilib yotgan jasadi gavdalanib, dod solishiga bir bahya qoldi.
 Ovqat pishgach, u ham yigitlar o‘tirgan stoldan joy oldi. Ammo tomog‘idan bir luqma ovqat o‘tmadi. Nemislar bir butun quyonni paqqos tushirisharkan, kampirdagi bu o‘zgarishni payqashmadi ham. Ular yer ostidan hammani kuzatib o‘tirgan kampirning dilidagi niyatdan mutlaqo bexabar edilar. Kutilmaganda kampir ularga yuzlandi:
– Men hatto sizlarning ismingizni ham bilmayman. Birga yashayotganimizga bir oydan oshibdi.
Nemislar kampirning gaplarini qiynalmay tushunishdi va birma-bir o‘zlarini tanishtirdilar. Kampir bunga qanoatlanmadimi, ularga bir varaq qog‘oz uzatdi va har biridan manzilu makonini aniq yozib berishni so‘radi. Keyin ko‘zoynagini taqdi-da, begona qirrador imlodagi bitiklarga to‘lgan qog‘ozni ko‘ziga yaqin tutdi va qog‘ozni to‘rt buklab, boya pochtachi tashlab ketgan maktub turgan cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
– Men ketdim, – dedi kampir birozdan keyin qo‘zg‘alarkan. – Sizlarga o‘rin tayyorlab beray.
U askarlar tunaydigan chordoqqa bir bog‘ yumshoq pichanni olib chiqa boshladi. Yigitlar avvaliga hayron bo‘lishdi. Kampir esa «bo‘lmasa, sovqotib qolasizlar» deya izoh berdi. Yigitlar qari kampirni urintirib qo‘yganlaridan xijolat chekib, unga yordam bergani chordoqqa ko‘tarilishdi. Kampirning qo‘lidagi pichanni chordoqning qalin poxol to‘shalgan joyiga sudrab borishdi. Bir zumda besh kishi bo‘lib chordoqning to‘rida poxol va pichandan qulay, issiq va yumshoqqina xobgoh hozirladilar.
Tushlik payti nemis yigitlaridan biri kampirning hech narsa yemay o‘tirganini payqab qoldi. Kampir yigitlarning qistoviga u yer-bu yerim sanchib turibdi, deya bahona qilib qo‘ya qoldi. Kechki payt esa, to‘rtovlon kichkina narvoncha bilan yangi qo‘nalg‘alari tomon o‘rmalab chiqishdi. Ular chordoq qopqasini surishlari bilan kampir narvonni pastga tushirdi. Keyin ohista darchani ochib, oshxonada turgan poxolning hammasini uyga tashib kirdi. U hovlidagi qor ustida shu qadar ehtiyotkorlik bilan yurardiki, g‘ijirlagan tovush ham eshitilmasdi. Vaqti-vaqti bilan tepadan askarlarning vahimali xurragi quloqqa chalinardi, xolos.
Keyin kampir bir bog‘ poxolning bir uchini o‘choqqa tutib, o‘t oldirgach, atrofga sochib tashladi. Qurib-qaqshab yotgan poxol bog‘lamlari birdaniga gurillab ketdi. Keyin kampir ostonada turib, jimgina kuzata boshladi. Bir zumda taxtadan tiklangan mo‘jaz kulba otash og‘ushida qoldi. Ko‘kka o‘rlagan alanganing qirmizi shu’lasi hammayoqni qoplagan oppoq qorga urilib, ajib manzara kasb etardi.
Shu choq chordoqdan askarlarning tahlika va dahshat ichidagi qichqirig‘i tun qo‘ynini yorib kirdi. Keyin shift ichkariga qulab tushdi. Olovning vahshiy tillari chordoqni ham yamlay boshladi. Poxoldan yopilgan tom uzra porlagan ulkan mash’ala osmonu falakka o‘rladi. Zum o‘tmay askarlarning yuraklarni larzaga solguvchi jon vahmidagi nolalari tindi. Faqat olovning voshillagan tovushi, uy to‘sinlarining qarsillab sinishi eshitilib turardi, xolos. Mana, tom ham olov taftidan yemirilib, yerga cho‘kdiyu, alanganing shashti ham pasaya boshladi.
Uzoqdan qo‘ng‘iroq ovozi yangradi. Sovaj kampir esa, hamon bir chetda uyning yonishini tomosha qilib o‘tirar, nemislardan birovi olovdan chiqib qochgudek bo‘lsa, otib tashlash niyatida o‘g‘lidan qolgan miltiqni changallab o‘tirardi. Askarlardan birortasi tirik qolmaganiga ishonch hosil qilgach, qo‘lidagi miltiqni olovga irg‘itdi. Bir necha soniya o‘tar-o‘tmas, kuchli portlash yuz berdi. Har tarafdan dehqonlar, kelgindi nemislar yugurib kela boshladi.
Frantsuz tilida frantsuzlardek ravon gapiradigan nemis ofitseri kampirdan so‘radi:
– Uyingizda turgan askarlar qayoqda?
Kampir qo‘li bilan gulxanning qizg‘ish-pushtirang quchog‘iga imo qildi va mag‘rur ovozda dedi:
– Ana, anavi yerda!
Bir zumda kampirning atrofini olomon o‘rab oldi.
– Yong‘in qayerdan chiqdi? – so‘rashdi undan.
– Olovni men o‘zim yoqdim. Ularni ham men o‘ldirdim.
Avvaliga bu gaplarga hech kim ishonmadi. Olovni ko‘rib, kampirning esi og‘ib qolgan, deb o‘ylashdi. Shunda kampir qo‘liga o‘g‘lidan kelgan qora xat tekkanidan boshlab, yigitlarning jon halpidagi chinqirig‘igacha, hamma-hammasini oqizmay-tomizmay aytib berdi.
U har bir gapni dona-dona qilib, shoshilmay, allanechuk shavq bilan gapirardi.  Keyin u so‘zini tasdiqlash uchun cho‘ntagidan ikki parcha qog‘oz chiqardi va ularni bir-biridan farqlash uchun so‘nayotgan gulxan yorug‘iga soldi va ko‘ziga boyagi ko‘zoynakni taqdi.
– Manavi, Viktorning o‘limi to‘g‘risida uning o‘rtog‘i yozgan xat, bunisini askarlarning o‘zlari yozib berishdi, ism-sharifi va manzillari.
Kampir ikkinchi qog‘ozni nemis ofitseriga tutqazib, uning yelkasini qoqib qo‘ydi:
– O‘g‘lim, mana shu manzillarga xat yozib, ularning onalarini xabardor qilib qo‘ysang. Ha, bu ishni aynan men, haqiqiy ismi Viktuar Simon bo‘lgan Sovaj kampir qilganini yozish esingdan chiqmasin.
Ofitser yonidagi askarlarga nemischalab qandaydir buyruq berdi. Ular hali hamon hovuridan tushmagan kampirni tutib, uyining devori tagiga olib kelishdi. Keyin yigirmata askar yigirma metr masofada yarim doira shaklida o‘rab olishdi.
U qimirlamas, askarlarga tik va mag‘rur boqib turar, hozir qanday hodisa yuz berajagiga aqli yetib, kutayotgan edi. Buyruq yangrashi bilan askarlar birin-ketin o‘t ochishdi. Kampir yiqilib tushmadi, balki oyog‘idan mador ketgandek ohista o‘tirib qoldi. Keyin nemis ofitseri kampirning yoniga bordi. Ayolning tanasi g‘alvirdek ilma-teshik bo‘lib ketgandi. Hali hamon bezgak tutgandek titrayotgan qo‘llarida qonga bo‘kkan qog‘oz parchasini tutib turardi.
– Shunday qilib nemislar o‘ch olish maqsadida bu yerlarni yer bilan yakson qilib ketishdi, – deya gapini tugatdi Serval.
Men esa, bu paytda farzandlari g‘urbatda yonib kulga aylangan to‘rt onaning g‘am-hasratiyu, manavi vayrona devor ostida otib tashlangan yana bir onaning shafqatsizlarcha jasorati haqida o‘ylardim. Va xayolchanlik bilan yerdan qora qurumda qolgan kichkina tosh parchasini qo‘porib oldim.

Rus tilidan Rustam Jabborov tarjimasi
_________________
*Sauvage (sovaj) – yovvoyi (frantsuzcha).