Sizga aytib bermoqchi bo‘lgan hikoyam, aslida, hech qanday mazmunga ega emas. Ehtimol uni hikoya ham deb bo‘lmas, shunday bo‘lsa-da uni sizlarga aytib berishni lozim deb topdim. Bundan o‘n yil muqaddam uning ibtidosi deb atash mumkin bo‘lgan hodisa yuz bergandi, ayni kunlarda esa, chamasi, hamma narsa oydinlashgandek u o‘z intihosini topdi.
Gap shundaki, bir necha kun avval yuzlab haykallardan iborat Bismarkning ko‘ksidek baquvvat va keng, xuddi harbiy intizom kabi mustahkam o‘sha ko‘prik orqali o‘tib borar edik. Rayn daryosi ustidan o‘tuvchi va ko‘plab tosh ustunlardan iborat to‘rt yo‘lli bu ko‘prik juda mahobatli edi.
U vaqtlarda men haftada uch marta: dushanba, chorshanba va shanba kunlari bu ko‘prik orqali doimo bir poyezdda ketardim. O‘shanda ovchi itlarni ko‘paytiruvchi umumolmon xo‘jaligida oddiy xat tashuvchi edim. Itlar haqida hech nimani bilmaydigan bir chalasavod, omi odam edim.
Shunday qilib, men haftada uch marta Kyonigshtadtdan boshqarmamiz joylashgan Gryunderxaymga qatnar, bo‘linmamizdan tezkor pochta, pul va “munozarali ish”larni olib kelardim. Oxirgi ikki safar hamma narsa katta sariq papkada keldi. Papka ichida aynan nima borligi haqida hech qachon hech narsa bilmasdim. Men atigi bir xat tashuvchi edim, xolos…
Har doim ertalab uydan to‘g‘ri vokzalga kelaman, u yerdan soat sakkizdagi poyezd bilan Gryunderxaymga yo‘l olaman, poyezd u yerga qirq besh daqiqada yetib boradi. Ko‘prikdan o‘tayotganimda meni vahima bosadi. Garchi barcha texnik xavfsizlik choralaridan, ko‘prikning mustahkamligi, yuk ko‘tarish hajmi, umuman, muhandislikni yaxshi tushunadigan tanishim bergan ma’lumotlardan xabardor bo‘lsam-da, baribir qo‘rqardim. Ochig‘ini aytsam, temir yo‘l va ko‘prikning tutashgan joyi meni vahimaga solardi.
Raynning biz o‘tadigan joyi juda keng bo‘lib, har safar ko‘prikning qattiq chayqalishi, olti yuz metrli po‘lat arg‘imchoqlarning vahimali tebranishini his qilganimda yuragim hapriqib ketardi.
Nihoyat, rels g‘ildiraklarining kishi g‘ashini keltiradigan taraq-turuqini eshitib, biz yana yerga mustahkam yotqizilgan temir yo‘l ko‘tarmalaridan o‘tib borayotganimizga ishonch hosil qilganimdan so‘nggina o‘zimni xotirjam seza boshlayman. Oyna ortidagi uncha katta bo‘lmagan ekinzorlar ko‘z o‘ngimdan “lip-lip” o‘tib turadi. Kalenkatten bekatiga yetmasdan bir uy ko‘rindi-yu, unga tikilib qoldim. Yerda mustahkam qad rostlagan bu imoratga kupe derazasidan boshimni chiqarib uzoqdan sabrsizlik bilan qarardim. Uy devorlariga suvoq tortilgan va did bilan qizil rangga bo‘yalgandi. Deraza panjaralari hamda devorning pastki qalinroq qismi to‘q jigarrang edi.
Uy ikki qavatli bo‘lib, yuqorida uchta va pastda ikkita derazasi, o‘rtada esa eshigi bor edi. Uyga eshik oldidagi uchta zinadan iborat pillapoyadan kirib borilardi. Va doim sharros yomg‘ir yoqqanida pillapoyada toza, nafis ipakdan to‘qilgan katta qo‘g‘irchog‘ini quchoqlab olgan to‘qqiz-o‘n yoshlar chamasi bir qiz o‘tirardi. U o‘tib borayotgan poyezdni g‘azab to‘la ko‘zlari bilan kuzatardi.
Har gal o‘sha qizga ko‘zim tushar, so‘ngra nigohim chap derazaga qadalardi. U yerda qo‘lida pol latta va chelak ushlagan bir ayol ko‘rinardi. Ayol horg‘in engashgancha qo‘lidagi lattani siqib, qunt bilan polni tozalar, u hamisha shu holatda ishlardi. Yomg‘ir sharros quyar, qiz esa pillapoyadan jilmasdi.
Har safar men bir xil manzarani ko‘rardim: bo‘yni ingichka ozg‘in ayol – qizning onasi va uning qo‘lidagi pol latta, odatdagi supur-sidir ko‘z o‘ngimdan “lip-lip” o‘tardi.
Ko‘pincha derazadan bir bor bo‘lsa-da, uning jihozlari yo pardalariga nazar solishga o‘z-o‘zimga so‘z berardim-u, ammo nigohim har gal ozg‘in bo‘yinli, odatdagidek ish bilan band ayolga tushardi, xolos. Xayolimni jamlaganimda esa, poyezd allaqachon u yerdan o‘tib ketgan bo‘lardi.
Bu holat har doim dushanba, chorshanba va shanba kunlari ertalab soat sakkizdan o‘n daqiqa o‘tganida yuz berardi. U paytlari poyezd belgilangan vaqtdan og‘ishmay yurardi. Bir gal poyezd uy yonidan o‘tayotganida oynalari mahkam yopilgan imoratning orqa tomoni tozalanayotganiga ko‘zim tushdi.
Miyamda bu xonadon va ayol haqida turli o‘y-taxminlar tug‘ila boshladi. Poyezddagi safarimdan boshqa hech narsa menga qiziq emasdi, na Kalenkatten, na Brederkotten, na Sulenxaym va na Gryunderxaym, bu bekatlarning hech qaysisi qiziqtirmasdi. Fikrlarim doimo shu uy atrofida gir aylanardi. “Nima uchun bu ayol uyni haftada uch marta tozalaydi?” deb o‘ylardim. Diqqat bilan razm soladigan bo‘lsak, ko‘p mehmon kelib-ketadigan joy bo‘lmagani bois bu uy hech ham iflos emasdi. Har holda bu yer zimiston va huvillagan makondek ko‘rinsa-da, uy juda saranjom-sarishta, ammo qandaydir fayzsiz edi.
Gryunderxaymdan soat o‘n birdagi poyezdda qaytayotganimda, o‘n ikkida Kalenkatten bekatidan o‘tgach, yana qizil uyning orqa tomonida o‘sha ayolning o‘ng tarafdagi so‘nggi deraza oynasini artayotganini ko‘rdim.
Dushanba va shanba kunlari ayol aynan bir vaqtda o‘ng tomondagi so‘nggi deraza oynasini, chorshanba kuni esa o‘rtadagi deraza oynasini latta bilan ishqalab tozalardi.
U sochlarini ajabtovur qizil ro‘mol bilan bog‘lab olgandi. Ortga qaytayotganimda uning qizini sira ko‘rmadim. Kun oqqanda, soat taxminan o‘n ikkilarda, u paytlarda poyezd aql bovar qilmas darajada aniq yurardi, uyning old tomonidagi derazalar yopilgandi.
Men bu hikoyani faqatgina o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim uchun yozishga kirishdim. Uch oydan keyin Gryunderxaymdagi poyezdda o‘tirgancha, haqiqatni anglash yo‘lida oddiy bir xulosaga keldim: seshanba, payshanba va juma kunlari o‘sha ayol, ehtimol, qolgan oynalarni artar. Men tobora miyamga o‘rnashib borayotgan bu fikrdan qutulolmayotgan edim.
Ba’zan Kalenkattendan to Gryunderxaymgacha bo‘lgan yo‘l bo‘ylab xayolga cho‘mib boraman. U qolgan ikki qavatdagi deraza oynalarini qachon artar ekan-a, tushlikkachami yoki tushlikdan keyinmi? Bir kuni o‘tirib uy tozalash bo‘yicha reja tuzib chiqdim. Dushanba, chorshanba va shanba kunlari tushlikka qadar kuzatuvlarimdan tashqari, qolgan kunlarning tushlikdan keyingi qismi va uy tozalash mumkin bo‘lgan butun kunni, umuman, haftaning barcha kunlarini birlashtirib chiqishga kirishdim.
Shuning uchun o‘zim guvoh bo‘lgan kunlarning tushlikdan keyingi yarmida u nima bilan mashg‘ul bo‘ladi-yu, qolgan kunlari nimani tozalashi mumkinligini tasavvur qilishga urindim.
Men hech qachon soat sakkizdan o‘n daqiqa o‘tganga qadar uni chelak ushlagancha horg‘in qiyofada, lekin qunt bilan ishlayotganini ko‘rmasdim.
Hatto, nazarimda, menga uning hansirab nafas olishi eshitilayotgandek tuyulardi. Ayniqsa, soat o‘n ikkiga bir necha daqiqa qolganida u shunchalik hafsala bilan oynani artar ediki, nazarimda, dudoqlari orasidan tilining uchini chiqarib turgandek ko‘rinardi go‘yo.
Bu uyda bo‘layotgan voqealar meni ta’qib etardi. Men juda o‘ychan, ishda esa sovuqqon va e’tiborsiz bo‘lib qolgandim. Ha, rostdan ham juda beparvo edim. Haddan tashqari ko‘p o‘ylardim. Bir kuni hatto “munozarali ish”lar solingan papkani olishni unutib qoldirganim uchun hududiy boshqarma boshlig‘ining g‘azabiga duchor bo‘ldim. Meni yoniga chaqirganida u g‘azabdan titrardi.
– Grabovski! – dedi u menga. – Eshitishimga qaraganda “munozarali ish”lar solingan papkani unutib qoldiribsiz?! Ish hamma narsadan muhim, Grabovski, – indamay jim turaverganimni ko‘rib, boshliq yanada qat’iyroq ovozda davom etdi. – Xat tashuvchi Grabovski, men sizni ogohlantiraman. Ovchi itlarni ko‘paytiruvchi umumolmon xo‘jaligida noshudlarga o‘rin yo‘q, tushundingizmi? Albatta, biz o‘zimizga malakali mutaxassislarni jalb qilishimiz mumkin…
U menga jahl bilan qaradi, biroq to‘satdan qovog‘i ochilib, hovuridan tushdi.
– Ehtimol, biror ko‘ngilsizlik sodir bo‘lgandir?
Men sekingina, “Ha”, deb javob berdim.
– Nima bo‘ldi? – so‘radi u butunlay boshqacha ohangda. Bu safar men javob berish o‘rniga faqat boshimni silkib qo‘ydim.
– Sizga qanday yordam berishim mumkin?
– Janob boshliq, meni bir kunga ishdan ozod eting, boshqa hech narsa kerak emas, – tortinibgina so‘radim.
U oliyjanoblik bilan bosh sermadi.
– Bu tanbehlarni yuragingizga yaqin olmang. Axir papkani har kuni unutib qoldirishingiz mumkin edi. Qolgan xizmatlaringizdan mamnunmiz…
Ko‘nglim shodlikka to‘la edi. Bu muloqot chorshanba kuni sodir bo‘lgandi, ertasiga, payshanba kuni esa men bo‘sh edim.
Men soat sakkizdagi poyezdda ketishga va barchasiga aniqlik kiritishga qaror qildim. Ko‘prikdan o‘tayotgan poyezd relslarining taraq-turuq ovozi eshitilgan paytda qo‘rquvdan ko‘ra sabrsizlikdan titrar edim.
Bu paytda ayol eshik oldidagi pillapoyani tozalardi.
Kalenkattendan birinchi poyezdda qaytib kelayotganimda, taxminan soat to‘qqizda uning qizil uyi yonidan o‘tdim. U ikkinchi qavatning o‘rtasidagi deraza oynasini artish bilan band edi.
Shu kuni men to‘rt marta u yoqdan-bu yoqqa o‘tib ayolning payshanba kungi ish tartibini batafsil o‘rgandim. U navbati bilan eshik oldidagi pillapoyani, binoning old tomonidagi o‘rta deraza oynasini, orqa tomondagi ikkinchi qavat o‘rta derazasi oynasini, pollar va ikkinchi qavat oldidagi xonani tozaladi. Kechki soat oltida, uy yonidan oxirgi marta o‘tayotganimda, men bog‘da ivirsib, ish qilib yurgan pakana baqaloq erkakni ko‘rdim. U bir maromda g‘imirlar, gard yuqmagan qo‘g‘irchog‘ini quchoqlab olgan qiz esa xuddi qo‘riqchiday erkakni kuzatib turardi. Ayol ko‘rinmasdi…
Bularning bari bundan o‘n yil burun sodir bo‘lgandi. Bir kuni yana o‘sha ko‘prikdan o‘tishimga to‘g‘ri keldi. E Xudo, Kyonigshtadtda poyezdga allanechuk parishonxotirlik bilan chiqdim. O‘sha voqealarning barini allaqachon unutgandim. Biz poyezdning yuk vagonida ketardik. Rayn daryosiga yaqinlashganimizda qandaydir g‘alati voqea ro‘y berdi. Birdan poyezd vagonlari biri boshqasiga taraqlab urilganicha taqqa to‘xtab qoldi. Bu juda g‘ayrioddiy hodisa edi. O‘n besh-yigirma vagondan iborat butun boshli poyezd elektr chiroqlar tizimidek oldinma-ketin o‘chdi. Biz sukunat ichra qattiq gumburlagan yoqimsiz tovushni eshitdik. To‘satdan, kimdir kichkina bolg‘a bilan biz o‘tirgan vagonning ostiga taqillatib ura boshladi. Biz jim bo‘lib qoldik. Boshimizni chiqarib tashqariga qaradik va hech narsani ko‘rmadik. Hech narsa yo‘q… Chap va o‘ng tomonimiz poyonsiz bo‘shliq… olisda Rayn qirg‘og‘i bo‘ylab yastangan yam-yashil maysazor ko‘rinardi…
Ostimizda esa – suv… kemalar… biroq qarashga yurak dov bermasdi. Rangi dokadek oqarib ketgan dehqon ayol ro‘parasida o‘tirardim. Indamay jim o‘tirganidan uning ibodat qilayotganini angladim. Erkaklar qaltiroq qo‘llari bilan sigareta chekish uchun gugurt yondirdilar. Hatto chekkaroqda qarta o‘ynayotganlar ham bir muddat jimib qolishdi…
Shundan so‘ng yana oldindagi vagonlarning temir yo‘l ko‘tarmasiga qattiq urilganini eshitdik. Hammamiz ham bir xil xayolga bordik: u yerdagilar uchun bari ortda qoldi. Agar bizga biror nima bo‘lsa, ehtimol, ular sakrab tushishga ulgurishar… Ammo, biz eng oxirgi vagonda edik, shuning uchun bizning ag‘darilib ketishimizga shak-shubha yo‘q edi. Bu hadik oqarib ketgan yuzlardan sezilib turardi.
Ko‘prik temir yo‘l izining kengligida qurilgan, aniqrog‘i, ko‘prikning o‘zi temir yo‘l edi, vagonlarning yon tarafi esa bo‘shliqda osilib turardi. Ko‘prik vahimali tebranar, go‘yoki bizni shu bo‘shliqqa ag‘darib, chilparchin qilib yuborgudek tuyulardi…
Xullas kalom, bizning g‘ildiraklarimiz ham gumburlab ketdi va odatiy “taraqa-turuq” vagonimizga shiddat bilan yetib kelib oyog‘imiz ostida eshitila boshladi. Hammamiz yengil nafas olib, dadillashib, eshik tirqishidan mo‘raladik: tashqarida ekinzorlar ko‘zga chalindi. Yo Tangrim, bu ekinzorlarni O‘zing asra! Birdan yuragim shuvillab ketdi: men bu joyni tanidim. Biz Kalenkattenga yaqinlashar ekanmiz, meni faqat bir fikr qiynar edi: o‘sha uy haliyam joyida turganmikan?
Va nihoyat, men uni uzoqdan, och yashil siyrak bahorgi barglar bilan qoplangan daraxtzor orasida ko‘rdim, avvalgiday qip-qizil, saranjom-sarishta uy menga peshvoz chiqardi.
Men qattiq hayajon ichida qoldim. O‘n yil burun bo‘lib o‘tgan voqealar yuragimni yorgudek hapriqtirib yubordi.
Uy aql bovar qilmas tezlikda yaqinlashib kelardi. Mana, men uni, o‘sha ayolni ko‘rdim. U eshik oldidagi pillapoyani yuvayotgandi. Yo‘q, u men bilgan ayol emasdi, yubka ostidan bo‘liq sonlari oqarib ko‘rinib turar, ammo harakatlari keskin, dag‘al edi.
Yuragim “shuv” etdi. Ayol bir lahzaga yuzini poyezd tomon o‘girdi va men o‘sha zahoti qo‘g‘irchog‘ini quchoqlab olgan qizni, uning xuddi kechagi kundan qolgan sabzavotli bo‘tqadek yoqimsiz, norozilik ufurib turgan sovuq qiyofasini tanidim.
Yuragimning yana bir maromda urayotganini his qilganimda bugun payshanba ekanini esladim…
Nemis tilidan Abror Qurbon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 12-son