Haynrix Byoll. Non ta’mi (hikoya)

Erto‘ladan achimsiq, badbin hid kelardi, u yopishqoq zinadan sarimtir qorong‘ulik qa’rida timirskilanib o‘ziga yo‘l mo‘ljallab, sekin-asta pastga tushdi. Qayerdandir chakka oqayotir, chamasi yoki tom teshilgan yoki suv quvuri darz ketgan. Chang va axlat chiqindilari suvga aralashib zina pog‘onalari xuddi akvarium tubidagi qoldiq kabi shilimshiqqa aylanib, sirpanchiq bo‘lib yotibdi. Orqadagi eshikdan xira yorug‘ tushib turibdi, u nim qorong‘ulik ichida o‘ng tomondagi “Rentgen xonasi, iltimos bezovta qilmang” degan yozuvli taxtachani ko‘rdi. Yorug‘likka yaqin keldi, sariq rangdaligi, xira va miltillab turganidan tushundiki, yonayotgan sham edi. Yana biroz yurib qorong‘u xonaga bir qur nazar soldi, bu yerda pala-partish qalashib yotgan stullar, charm kushetkalar va abjag‘i chiqib yotgan shkaflarni ko‘rindi.
Yorug‘lik tushayotgan eshik lang ochiq edi. Baland bo‘yli mehrob shami yonida moviy libosda ruhoniy ayol turar, u ajabtovur kosadagi salatni qo‘llari bilan aralashtirar edi; kosa tagidagi yashil barglar ustiga oqish qayla quyilganidan yengilgina shapillaydi. Ayol pushti rangga kirib qolgan qo‘llari bilan salatni aylantirib aralashtirar, kosadan tushgan bargchalarni xotirjamlik bilan olib yana kosaga solar edi. Shamdonning yonida katta tunuka bidon turar, undan qaynoq sho‘rva, sabzi va piyozning hidi kelardi.
U baland ovozda:
– Kechki salom , dedi.
Ruhoniy ayol o‘girilib qaradi, uning pushtirang serbar yuzida qo‘rquv alomatlari hukmron edi, u bazo‘rgina eshitiladigan ovozda javob qildi:
– Ey Xudoyim, Sizga nima kerak edi?
Uning barmoqlaridan sutli qayla tomib turar, oppoq, bolalarnikiga o‘xshash qo‘llariga salatning mayda barglari yopishib qolgan edi.
– Ey, Olloh, meni juda qo‘rqitib yubordingiz, sizga nimadir kerakmidi?
– Mening qornim och, – ohistalik bilan tan oldi u.
U ayolga boshqa qaramadi, uning nigohlari o‘ng tomonda turgan shkafda edi, shkafning eshiklari xuddi shamoldan sinib tushganga o‘xshaydi, chunki fanerli bo‘laklari ilmoqda osilib turardi; yerga lokning archib tashlangan qipiqlari sochilib yotardi. Shkafda taxlab qo‘yilgan non anchagina edi. Dumaloq bo‘lka nonlar bir-biriga tartibsiz holda qalashib turar, ularning asosiy qismi ezilgan, suvi qochgan edi. U og‘zida paydo bo‘lgan so‘lakni qiyinchilik bilan yutar ekan, o‘yladi:”Men non yeyishni istayman, nima bo‘lishidan qat’i nazar, non yeyishim kerak…”
U ruhoniy ayolga qaradi, ayolning bolalarcha boquvchi ko‘zlarida qayg‘udoshlik, shu bilan birga, qo‘rquv mujassam edi.
– Siz ovqatlanishingiz kerak, – shundaymi? – savol alomati bilan avval kosaga, keyin taom solingan bidonga, so‘ng non taxlangan polkaga qaradi ayol.
– Non, dedi u. – Iltimos, menga non bering.
Ayol shkafdan bir bulka non oldi va uni stologa qo‘yib, kesish uchun pichoqni axtara boshladi.
– Rahmat, qo‘ying, hech narsani izlash shart emas, axir nonni bo‘lib ham yeyish mumkin-ku!
Ruhoniy ayol salat solingan kosani, sho‘rva quyilgan bidonni oldi-da, chiqib ketdi…
U nonni sindirdi, u shunday ahvolda ediki, iyagi qaltirayotgani, lablari qimirlayotgani, jag‘i qanday qilib borib kelayotganini sezib turardi. Nihoyat, u nonning ta’mini totishga kirishdi, uning tishlari ishga tushdi. U non yerdi. Non eski edi. Balki bir haftalikdir, suvi qochgan, ko‘kimtir, qanaqadir fabrikaning markasi bo‘lsa kerak, alvon rangli qog‘oz lenta bilan o‘rab qo‘yilgan. U nonning yumshoq joyidan to charm qobiqday qizarib pishgan qirrasiga yetguncha tishladi, keyin nonni qo‘shqo‘llab tutib yana bir bo‘lagini sindirdi; o‘ng qo‘li bilan sindirib olingan burdani og‘ziga soldi, chapi bilan esa nonning qolganini mahkam ushlab oldi; nonning har bir sindirilgan bo‘lagini yumshoq joyidan tishlashga urinar, bunda u nonning yuziga qadalishini, qurib qolgan bo‘lsa-da, yoqimli tegayotganini his qilib turardi, bu orada esa tishlar tingani yo‘q, ular o‘z vazifasini bajarardi.

1955

Husan Ermatov tarjimasi