Bu minbarga meni taqdir yetaklab keldimi yo boshqa narsami, bilmayman. Biroq bunga yordam bergan omadli onlar haqida gapirish uchun “taqdir”dan boshqa so‘zni bilmayman. Xudoning bor-yo‘qligi masalasini qo‘ya turaylik. Javobi menga qorong‘u bo‘lgan bu savolni, qachon bo‘lmasin, menga berishsa, garchi o‘zimni faxriy hisoblasam-da, cheksiz hurmat hissi ko‘kraklarimdan toshib chiqadi.
Odam hech qachon Xudoning o‘rniga o‘tmaydi, ilohiy mavjudotga ham aylanolmaydi. O‘ta qudratli inson boshqaradigan dunyo muqarrar tartibsizlikka uchraydi, juda og‘ir baxtsizliklar ro‘y beradi. Nitsshe vafot etgandan keyingi yuz yil davomida odamlar keltirib chiqargan halokatlar insoniyat tarixining eng qora sahifalari bo‘lib qoldi. Biroq o‘ziga o‘zi mahliyo bo‘lgan bu faylasufning aqlga to‘g‘ri kelmaydigan fikrlarini, xalqning dohiysi, davlat rahbari, millat yetakchisi, deb ulug‘lanadigan o‘ta qudratli turfa shaxslar hech o‘ylamasdan qilgan shafqatsizliklari bilan tenglashtirib bo‘lmaydi.
Siyosat va tarix haqida behuda fikrlar aytib, bu adabiy anjumanning e’tiborini suiiste’mol qilmoqchi emasman. Shunchaki, bir yozuvchi va shaxs sifatida imkoniyatdan foydalanib qolmoqchiman, xolos.
Yozuvchi – juda o‘ziga xos, nozik tabiatli odam … o‘ta ta’sirchan odamlar esa, ko‘pincha, boshqalarga qaraganda ojizroq bo‘lishadi. Agar yozuvchi xalqning jarchisi bo‘lmasa, adolat timsoli sifatida chiqmasa, demak, uning ovozi ojiz. Darhaqiqat, alohida bitta odamning ovozi boshqalarga qaraganda haqiqatga yaqin bo‘lib chiqadi. Ayni, shu fikrni bu yerda aytishni maqsad qilib qo‘ydim: adabiyot – bitta odamning ovozi va doim shunday bo‘lib kelgan. Vatan madhiyalariga, millat bayroqlari, qandaydir siyosiy partiya yoki ma’lum ijtimoiy sinf yoki guruh ovoziga aylanib qolgan adabiyot o‘zining haqiqiy ruhini yo‘qotadi. Hatto u hamma vositalar yordamida tantanalar bilan dunyoga tarqalganda ham yashab qolish huquqidan mahrum bo‘ladi va hokimiyat yoki ayrim manfaatlar qo‘lidagi qurol darajasigacha pastlashib ketadi.
O‘z nihoyasiga yetgan asrda adabiyot mana shunday baxtsizlikka yo‘liqdi. XX asrdagi siyosat va hokimiyatning tamg‘asi adabiyotga shunday azoblar berdiki, o‘tmishda bunaqasi hech bo‘lmagan. Bu asrda yozuvchilar duch kelgan ta’qiblar va quvg‘inlar ham dahshatli edi.
Agar adabiyot – adabiyot bo‘lib qolish huquqini saqlab qolmoqchi va siyosiy qurolga aylanishdan qutulmoqchi bo‘lsa, u yana ayrim odamning ovozi bo‘lishi kerak, chunki u avvalo bir odamning hislari va tashvishlaridan dunyoga keladi. Adabiyot siyosatdan butkul uzilishi kerak, demoqchi emasman. Bunday tasavvur, adabiyot siyosiy bo‘lishi kerak, degan ta’kid singari badiiy asarlarda “an’analar” haqida, yozuvchi qandaydir siyosiy qarashlarni ifodalaydimi, yo‘qmi, degan muzokaralarni boshlab berdi. Bu munozara o‘tgan asr adabiyotida og‘ir izlar qoldirdi. Munozara bilan bog‘liq an’analar va yangilanish yoki konservatizm bilan inqilob o‘rtasidagi ziddiyatlar, adabiyot, ilg‘or kayfiyatli va reaktsion siyosatlardan bittasini tanlash haqidagi muhokamalar maydoniga aylanib qolishiga ko‘mak berdi. Aynan shu daqiqada mafkura birinchi marta adabiyotga aralashdi. Mafkura hokimiyat bilan birlashib, sezilarli ta’sir o‘tkaza boshlagach, bu, adabiyotda ham, alohida yozuvchi ijodida ham halokatli darajada aks etdi.
XX asr xitoy adabiyoti mana shunaqa biryoqlama, ojiz bo‘lib qolishiga va nihoyat, nazarimda, o‘sal holga kelishiga siyosatga butkul bog‘lanib qolish sabab bo‘ldi: inqilob adabiyoti va inqilobiy mafkura, umuman, adabiyotni ham, alohida yozuvchini ham kundaga olib keldi. Inqilob nomi bilan Xitoyning an’anaviy madaniyatiga hujumlar kitoblarni taqiqlashga, ularni ommaviy tarzda yoqishlarga aylanib ketdi. Bu yuz yillikda qatl qilingan, qamoqlarga tashlangan yozuvchilar shunchalik ko‘pki, sanab chiqishga imkon yo‘q. Xitoyning butun tarixi davomida, imperatorlar hukm surgan davrlarda ham hukmdorlar bunaqa ta’qiblar, cheklovlarni joriy qilmagan edi. Bunday ahvol xitoy adabiyoti uchun cheksiz qiyinchiliklar tug‘dirdi. Yozuvchining yaratuvchilik faoliyatga berilish erkinligi butkul cheklab qo‘yildi.
Erkin fikr yuritishni istagan yozuvchi yo sukut saqlashga, yoki uzoqlarga chekinishga majbur edi. O‘z fikrlarini qog‘ozga tushirishni istagan yozuvchini sukut saqlashga majbur etish, o‘z joniga o‘zi qasd etish bilan barobar. Bu darajaga bormaslik uchun va yana, taqiqlanganlar ro‘yxatiga tushmaslik uchun, yozuvchi, agar ovozimni boshqalar eshitsin, desa, uzoqlarga chekinishga majbur edi. Sharq yoki G‘arb tarixga nazar solsak, doim shunday bo‘lib kelganini ko‘ramiz. Bunga misollar ko‘p: Xitoyning qadimiy shoiri Syuy Yuan, Dante, Joys, Tomas Mann, Soljenitsin va 1989 yili Tyananmin maydonida bo‘lgan qirg‘indan keyin chekka-chekka joylarga qochib ketgan xitoylik qator ziyolilar. O‘z ovozini og‘ishmay himoya qiladigan har bir shoir va yozuvchining taqdiri shunday bo‘ldi.
Mao Szedun mutlaq diktatura siyosatini o‘tkazgan o‘n yillar davomida tashqi dunyodan muhofazalanib turishni-da iloji bo‘lmadi. Feodalizm davrida tog‘li o‘lkalardagi o‘zgacha fikrlaydigan talabalarga boshpana bergan monastirlar va butxonalar yer bilan yakson qilindi, yozuvchilik faoliyati bilan pinhona shug‘ullanganlar esa, hayotini xatarga qo‘ydi. Mustaqil tarzda fikr yuritish qobiliyatini saqlab qolishni istagan odam faqat o‘z-o‘zi bilan gaplashishi va shunda ham mutlaq sir saqlashi kerak edi. Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlashni xohlardim: yozish imkoniyatimni yo‘qotganimda adabiyot qanchalik zarur narsa ekanligini his qildim. Aynan, adabiyot, odam o‘z ongini saqlab qolishiga imkon berar ekan.
Odam o‘zi bilan o‘zi gaplashishini adabiyotning chashmasi desa bo‘ladi. Boshqalar bilan til yordamida muloqot qilish esa ikkinchi darajali ahamiyatga ega. Odamning fikrlari va tajribasi tilida mujassam bo‘lgandagina, ularni yozadi, ana shular adabiyotga aylanadi. Shu ish sodir bo‘layotganda yozuvchi yozayotganining foydasi yoki u qachondir matbuot yuzini ko‘rishi haqida zarracha ham o‘ylamaydi. U yozishga berilib ketishiga sabab, aytayotgan gaplari unga katta quvonch, qoniqish va ovunish keltirayotganidadir. O‘zimning eng katta romanim “Mo‘jizakor tog‘lar”ni oldingi asarlarim, ularni shaxsiy nazoratimdan o‘tkazganimga qaramay, ta’qibga uchraganimdan keyin yoza boshladim.
Bu romanni o‘zim uchun, e’lon etilishiga umid qilmagan holda, yolg‘izlik hissini yengish uchun yozgandim.
O‘tmishimga nazar tashlab, yozuvchilik ishlarimni mulohaza qilib, shuni ta’kidlagim keladiki, yozishdan eng asosiy maqsad – o‘zini namoyon qilish imkoniyati ekan. Asar bosilib chiqadimi va u o‘quvchilarda qanday taassurot uyg‘otadi, bularga faqat kelajak javob bera oladi.
Adabiyot, yozuvchi o‘z-o‘zini xursand qilish ehtiyojidan tug‘iladi, deb hisoblayman. Asarni o‘quvchilar qanday qabul qilishi keyin ma’lum bo‘ladi, yozuvchining o‘zi bu jarayonga ta’sir o‘tkaza olmaydi. Jahon adabiyotidagi ko‘plab o‘lmas asarlar, mualliflari hayotlik chog‘ida bosilmagan. Bu yozuvchilar ijod jarayonida o‘z qadr-qimmatlarini anglab yetmaganlarida yozishni davom ettirgan bo‘la olarmidilar? Xitoy adabiyoti tarixidan o‘rin olgan yirik romanlar – “G‘arbga yo‘l”, “Daryo qo‘ltig‘i”, “Oltin vazadagi olxo‘ri guli yoki Szin, Pin, Mey”, “Qizil boloxonadagi tush” ni to‘rt san’atkor yozgan, ularning taqdiri Shekspirniki singari jumboq. Saqlanib qolgan birdan-bir hujjat – Nayan Shining (u “Daryo qo‘ltig‘i” ning muallifi deb taxmin qilinadi) avtobiografik essesi. U aytganidek, o‘zidan-o‘zi mamnun bo‘lish uchungina yozmaganida, qanday qilib butun umrini shunday katta, lekin hech qanaqa daromad keltirmagan asarni yozishga sarflagan bo‘lardi? Shu gap zamonaviy romanning darakchisi Kafkaga, XX asrning zabardast shoirlaridan biri Fernando Pesoaga ham tegishli emasmi? Ular tilga murojaat etganlarida, butkul dunyoni o‘zgartirishni oldilariga maqsad qilib qo‘ymagan edilar. Shunga qaramay, ular o‘z fikrlarini so‘zlar bilan kiyintirdilar, lekin bitta odam qanchalik ojiz ekanligini yaxshi bilardilar. Tilning sehrli kuchi mana shunaqa buyuk.
Hayron qolarli darajada nozik, serma’no va tutkich bermaydigan til – odamzod tamaddunining yorqin namoyandasi, kristallanishidir. U hamma yoqqa kirib boradi, odamning ongini, hissiyotlarini teshib o‘tib, dunyoni anglash imkonini beradi. Yozuv ham xuddi shunaqa mo‘jizaki, u har bir shaxs boshqa davrlar va madaniyatlarning odamlari bilan muloqot qilishiga imkon beradi. Aynan yozuv, ko‘rinib turgan o‘tkinchi hodisalar bilan o‘qishni va adabiyotning vaqtga bo‘ysunmaydigan qadriyatlarini bog‘lab turuvchi bo‘g‘in hisoblanadi.
O‘z mamlakatining madaniyatini bo‘rttirib ko‘rsatuvchi zamonaviy yozuvchilarga birmuncha shubha bilan qarayman. Ona tilim va kelib chiqishimga qaraganda o‘zim ham til bilan bog‘liq xitoycha madaniy muhit tamg‘asi ostidaman va shu muhit mening ongimni, fikrlarim va ularni ifoda etish tarzimni muayyan holda shakllantirgan. Biroq yozuvchining ijodiy jarayoni til bir gapni aytib bo‘lib, hali to‘la ifodalamagan boshqa gaplarini tasvirlashga kirishayotgan paytdan boshlanadi. Til yordamida ijod qiladigan odam, millatini ko‘rsatib turadigan yorliqni o‘ziga o‘zi yopishtirib olishiga hojat yo‘q.
Adabiyot milliy chegaralarni bilmaydi, tarjima esa tillar orasidagi to‘siqlarni yengib o‘tishga yordam beradi. Adabiyot u yoki bu ijtimoiy tuzumga xos an’analarning muayyan muhit va davr odamlari o‘rtasidagi munosabatlarning chegaralaridan chiqib keta olsagina, odamning tabiati, ushbu asarda tasvirlanganidek, butun odamzod uchun umumiy bo‘lib ko‘rinadi. Zamonaviy yozuvchiga o‘zinikidan boshqa ko‘p madaniyatlar ta’sir o‘tkazgani ham shunga bog‘liq. Agar yozuvchi sayyohlar uchun risolalar yozishdan tashqari, o‘z mamlakatining madaniyatini zo‘r berib ta’kidlayversa, o‘quvchining ko‘ngliga shubha soladi.
Alohida shaxsning mavjudligi, qanday bo‘lmasin, intellektual yo‘nalishlarga bog‘liq bo‘lmagani kabi, adabiyot ham mafkuralar, chegaralar va milliy tafakkur sarhadlaridan tashqarida turadi. Odam yashayotgan sharoit borliq haqidagi uzundan-uzoq mulohaza va safsatalardan ko‘proq ma’lumotlarni o‘zida mujassam etadi. Adabiyot – inson hayotining og‘ir sharoitlarini har tamonlama va uzluksiz kuzatish va tasvirlashdan iborat. Adabiyotni cheklash uchun bo‘ladigan har qanday urinishlar siyosiy, ijtimoiy, axloqiy yoki an’analar bilan bog‘liq omillardan kelib chiqadi va hammasi adabiyotni o‘z qoliplariga tushirish, uni faqat bezak sifatida xizmat qildirish uchun bosim o‘tkazadi. Biroq adabiyot hokimiyat uchun bezak ham emas, dunyoviy nozik did belgisi ham emas. Uning go‘zallik bilan bog‘liq o‘z mezoni bor. Badiiy asarni baholashdagi yagona mezon, bu – insonning hissiyotlariga to‘la tayanadigan estetik bahodir. Bu baho turli odamlarda turlicha bo‘ladi, chunki hissiyotlar doimo individual. Shunga qaramasdan, sub’ektiv estetik baholar ichida umumiy mezonlarni ko‘rish mumkin.
Odamning, muttasil o‘qish natijasida rivojlanib boradigan tanqidiy fikrlash qobiliyati asardagi shoirona sifatlarni, go‘zallik, yuksak g‘oyalar, kulgili epizodlar, fojiaviy voqealar, tahayyul, yumor va kinoyani tushunib yetishiga yordam beradi.
Poeziyani his qilish yozuvchining hissiyotga beriluvchanligidangina boshlanmaydi. U o‘ziga cheksiz mahliyo bo‘lishi – bolalarcha bir kasallik bo‘lib, boshlovchi yozuvchi undan oson qutulmaydi. Bundan tashqari, yozuvchining ortiqcha sezgirligi ko‘p sohalarda aks etib turadi. Yuqoriroq doiralarda sezgirlik uzoqdan turib, ehtirosga berilmay kuzatish bilan tenglasholmaydi. Aynan shu – katta masofadan turib kuzatishda poeziyani his qilish yashirinib yotadi. Agar kuzatuvchining nigohi asar qahramonlari va muallifi tepasidan uchib o‘taturib, yozuvchini ham ko‘ra olsa, bunday nigoh yozuvchining uchinchi ko‘zi, beg‘araz nigohi bo‘ladi. Shuning hisobiga, hatto halokatlar va razolatga ketgan har qanday kishilar samimiyat bilan tasvirlanishi mumkin. Shunday qilib, yozuvchi azob-uqubatlarni, yaramas, jirkanch voqealarni tasvirlay turib, hamdardlik, mehr va hayotga cheksiz sadoqat hislarini uyg‘otishi mumkin.
Odamning hislariga ildiz otib kirgan estetik baho, garchi adabiyotdagi moda, san’atdagi kabi vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turishiga qaramay, eskirmaydi, chog‘i. Shunday bo‘lsa ham, har bir onda adabiyotga va modaga berilgan baholarning farqi shu bo‘ladiki, modaga berilgan baho faqat yangilikka e’tibor qaratadi. Mana, shu tamoyil bozorning muttasil o‘zgarib turishi negizida yotadi. Kitob bozori ham bundan mustasno emas. Biroq yozuvchi o‘zining estetik mezonlarini sakrab-sakrab yugurayotgan bozorga moslasa, bu, adabiyot o‘z joniga o‘zi qasd qilishi bilan barobar bo‘lur edi. Nazarimda, bugungi iste’molchilik jamiyatida adabiyot uchun munosib ish – sovuqqonlik bilan kutish pozitsiyasini egallashdan iborat.
O‘n yil burun, yetti yillik mehnatdan so‘ng “Ruhlar tog‘i” romanimni tugatgach, men qisqagina esse yozib, o‘zimga xush kelgan adabiyot haqida fikr yuritgandim.
Adabiyotning siyosat bilan hech qanaqa ishi yo‘q va faqat yozuvchining shaxsiy ishi hisoblanadi. U o‘z fikrlarini dalillash ehtiyojini qondirishi ya’ni yozishi uchun kuzatish, boshdan kechirganlarni eslash, bir necha badiiy to‘qima, turli hissiyotlar, muayyan bir kayfiyatni ifodalash kifoya qiladi.
Yozuvchi o‘z-o‘zi bilan gaplashayotganda yoki yozayotganda boshqalar, xohlasalar unga quloq tutishlari, xohlasalar asarini o‘qishlari mumkin. Yozuvchi o‘z xalqining otashin kurashchisi sifatida chiqmaydi, u ta’zimlarga muhtoj emas. U jinoyatchi ham emas, xalq dushmani ham emas. Goho o‘z asarlari tufayli bir baloga yo‘liqsa, boshqa birovlarning istagi bilan bo‘ladi. Hukmdorlar xalqning e’tiborini chalg‘itish maqsadida qandaydir dushmanlarni izlab qolishsa, yozuvchilarga yopishib olishadi. O‘zini yo‘qotib qo‘ygan ba’zi yozuvchilar bunaqa qurbon bo‘lishni o‘zlari uchun yuksak iftixor sanashadi.
Aslida, yozuvchi va o‘quvchi bir-biri bilan uchrashib, muloqot qilishi shart emas, bu ishni asar orqali, ruhiy darajada bajarish kifoya. Biroq, badiiy ijod kabi faoliyat muqarrar bir talabni ilgari suradi: yozuvchi va o‘quvchi ixtiyoriy ravishda uchrashishlari kerak. Shuning uchun ham adabiyotning omma oldida hech qanaqa majburiyati yo‘q.
O‘zining ibtidoiy ruhiga kirgan adabiyotni “sovuq-ob’ektiv” deb atasak, bunga hech nima monelik qilmaydi. Uning yashash huquqi shundan iboratki, odamzotni “moddiy ehtiyojlarni qondirish” degan maqsad sarhadlaridan chetda yotgan sof ruhiy mashg‘ulot bilan ta’minlaydi. Bunday adabiyotni yaratish, albatta, kecha yo bugun boshlangan emas. Biroq u o‘tmishda siyosiy hokimiyatdan va qadimdan o‘rnashib qolgan dunyoqarashlarning bosimidan saqlanishi lozim bo‘lgan, shu kunlarda esa iste’molchi jamiyatning tijoriy me’yorlari bilan kurashishiga to‘g‘ri kelayapti. Bunday adabiyot yashab qolish uchun yolg‘izlikka sabot-matonat bilan bardosh berishi kerak.
O‘zini shunday adabiyotga bag‘ishlagan yozuvchi tirikchilik qilishi qiyin, shuning uchun nonini boshqa yo‘llar bilan topishiga to‘g‘ri keladi. Bunday yozuvchilikni dabdaba, sof ruhiy ehtiyojlarni qondirishning bir yo‘li, deb qabul qilish kerak. Ushbu sovuq-ob’ektiv adabiyot nashr qilinishi uchun yozuvchi do‘stlarining madadiga suyanishiga to‘g‘ri keladi. Bu o‘rinda Sao Suetsin (“Qizil boloxonadagi tush” romani muallifi) va Kafka misol bo‘la oladilar. Ularning asarlari o‘zlari hayotlik chog‘larida bosilmadi, natijada adabiy oqimlarni boshlab berolmadilar va yozuvchi sifatida yulduz hisoblanmadilar. Ular jamiyatdan ovloq joylarda yoki uning qaysidir pastqamliklarida yashadilar va ishladilar. Mukofotlarga umid qilmasdan, e’tiroflarni izlamasdan, o‘zlariga quvonch baxsh etadigan ma’naviy faoliyat bilan zo‘r berib shug‘ullandilar.
Sovuq-ob’ektiv adabiyot – yashab qolish uchun berkinib yuradigan, jamiyat uni bo‘g‘ib tashlashiga imkon bermay, ma’nan butun qolishga intiladigan adabiyot. Agar qaysidir millat bunday nafi yo‘q adabiyotga kerakli joy berish lozim, deb hisoblamasa, bu nafaqat yozuvchi uchun zarba, balki o‘sha millatning o‘ziga ham fojia bo‘lib tushadi.
Hayotimda omadim yurishib qolgani va Shvetsiya Akademiyasi meni bu yuksak mukofot bilan taqdirlagani butun dunyodagi ko‘plab do‘stlarim asarlarimni beg‘araz va sabot bilan, avvalo, taqriz qilganlariga, so‘ng tarjima qilib nashr etganlariga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu do‘stlarimning ro‘yxati juda katta, men ularning har biriga alohida-alohida minnatdorchilik bildirolmayman.
Men, shuningdek, meni quchoq ochib qabul qilgan Frantsiyaga minnatdorchi-ligimni izhor qilaman. Adabiyot va san’at gullab-yashnagan bu mamlakatda ijod qilishim uchun erkinlik berildi, u yerda mening o‘quvchilarim va tinglovchilarim bor. Men shug‘ullanayotgan faoliyat juda ham yolg‘izlanib yurishni talab qilishiga qaramay, o‘zimni yolg‘iz sezmayman, shunisi ham yana bir omadim.
Men yana shuni aytishni istardimki, hayot hamma vaqt ham bayram emas. Dunyodagi hamma mamlakat ham Shvetsiyaga o‘xshab, 180 yildan buyon tinchlik gashtini surmayapti. O‘tgan asrda dunyo boshiga tushgan dahshatli falokatlar endi boshlangan asr organizmida immunitet hosil qilmadi. Xotirani biologik irsiyat singari meros qilib bo‘lmas ekan. Insoniyat aqlli majudot bo‘lgani bilan, o‘zini o‘tmishdan saboq olishga majbur qilolmas ekan; aqli yetishmaydi shekilli. Aql, aksincha oqibatlarga olib kelayapti: odamzodning mavjudligiga xavf soladigan dahshatli portlashlarga olib borishi ham mumkin.
Shubhasiz, insoniyat hamma vaqt taraqqiyot yo‘lidan boradi. Tarix – tamaddun tarixi demoqchiman – har doim ilgarilab yurmagan. O‘rta asrlar Yevropasidagi turg‘unlik, bizning davrlarda Osiyo mintaqasining rivojlanishida orqaga ketish; bu betartib rivojlanish cho‘qqisi – XX asrdagi ikki karra jahon urushlari bo‘lib, o‘ldirish texnikasi juda takomillashib ketdi. Insoniyat tamadduni fan va texnikaning yutuqlariga qarab rivojlanmaydi.
Tarixni tushuntirishga harakat qiladigan ilmiy usullar ham, uni aldamchi dialektika yordamida tahlil qilishga urinishlar ham odamning xatti-harakatini tushuntirib berolmaydi. Yuz yildan ortiq davom etgan utopiyalarga ko‘r-ko‘rona qiziqish so‘ngan, ketma-ket inqiloblar ko‘targan chang-to‘zonlar bosilgan bir paytda, yashab qolish baxtiga sazovor bo‘lganlar alamlarni dildan tuyishi uchun fursat yetmadimikin?
Salbiy narsani inkor etish ijobiy natija beravermaydi, inqilobiy g‘oyalarni esa hamma vaqt ham hayotga tatbiq etib bo‘lmaydi. Yangi jamiyat haqidagi utopiyalar eski dunyoni tag-tugi bilan buzib tashlash faraziga qurilgan. Inqilobiy-ijtimoiy nazariyani adabiyotga qo‘llash shuni anglatadiki, azaldan ijod uchun yaralgan jannatiy bog‘ urushlar maydoniga aylantiriladi va katta avlod vakillarini yuztuban yiqitib, an’anaviy madaniyat oyoq osti qilinadi. Hamma narsani yo‘qdan, ya’ni boshqatdan boshlash kerak, nima yangilik bo‘lsa, o‘shanga ta’zim qilish kerak. Adabiyotning tarixiy rivoji jamiyatga dushman hodisalarning uzluksiz ketma-ketligi, deb e’lon qilinadi.
Yozuvchi xudolik da’vo qilolmaydi, shuningdek, kalondimog‘ qilib o‘zini Iso Masihga teng odam sifatida ko‘rsatolmaydi. Aks holda, u nafaqat aqldan ozgan, balki butun dunyosi sarobga aylangan bo‘lardi, o‘zini esa arosatda ko‘rardi. Agar do‘zax – qolgan hamma narsa bo‘lsa, shundog‘am o‘sha yerda hozir bo‘lishi kerak emasmi? Chunki o‘zining “men”idan ajrab bo‘ldi. Bundan tashqari u kelajakning mehrobida qurbon bo‘lsa, boshqalar ham bu qismatni u bilan baham ko‘rishga majbur bo‘lardi.
Biz XX asr natijalarini xulosalay turib, judayam shoshmasligimiz kerak. Agar biz navbatdagi g‘oyaviy shakllarning vayronalarida qadalib qolsak, demak, o‘tmishning tarixiy rivoji hech nimaga arzimabdi. Bunday holda kelajakning odamlari tartiblarni tiklashi lozim bo‘ladi.
Yozuvchi, shuningdek, payg‘ambar ham emas. U shu kunlarda yashaydi, yolg‘onlardan tozaradi, amalga oshmaydigan orzulardan voz kechadi, hozirgi onlarda nimalar bo‘layotgani haqida aniq tasavvurlar hosil qiladi va ayni paytda, o‘z-o‘ziga tanqidiy ko‘z bilan qaraydi. Har qanday qiyinchilik, har qanday zulm ko‘pincha tashqi vaziyatlardan kelib chiqadi; ular alohida shaxsning ojizligi va muvozanatlashmagani sababli yanada kuchayib, boshqalarga yomon ta’sir etadi.
Odamzodning xatti-harakatlari tushunarsiz bo‘lganda, alohida odam esa o‘zini-o‘zi anglashi qiyin bo‘lganda, adabiyot o‘z-o‘zini mushohada qilish natijasi bo‘la oladi. Bu jarayonda ongning bittayu bitta nuri odamning “men” – ini yoritib o‘tishi mumkin.
Adabiyotning maqsadi – ijtimoiy to‘ntarish qilish emas, bu dunyo haqiqatlarini tanib, ochib berishdan iborat. Bu haqiqatlar odamlarga judayam ayon bo‘lavermaydi, ular haqida juda kam biladilar yoki ma’lum narsa deb yurganlari aslida noto‘g‘ri chiqib qoladi. Haqiqat, shubhasiz, adabiyotning eng tagzamin sifatidir.
Mana, XXI asr ham boshlandi. Men uni yangi yoki eski deyolmayman. Adabiy inqilob va inqilobiy adabiyot chok-chokidan so‘kilib ketgan mafkura ko‘yiga tushish vaqti yetdi. Turli jamoalarni yuz yildan ortiq chulg‘ab olgan illyuziya va utopiyalar shamolda to‘zib ketdi. Har qanday intellektual oqimlarning kishanlaridan qutulgan adabiyot odamzod hayotining yolg‘onlarini, asrlar o‘tsa ham ko‘p o‘zgarmagan yolg‘onlarini, doimo adabiyotning mavzusi bo‘lib qoladigan yolg‘onlarini tasvirlashga qaytishi kerak edi.
Biz yashayotgan davrda kelajak haqida bashoratlar va va’dalar yo‘q, o‘ylaymanki, shunday bo‘lishi kerak. Yozuvchi zimmasida payg‘ambarlik va qozilik vazifasi yo‘q. O‘tgan asrda kelajak haqida aytilgan bashoratlarning aksari yolg‘on bo‘lib chiqdi. Kelajakka nisbatan ortiqcha taassubga berilmasdan taraqqiyotni kuzatganimiz ma’qulroq. Yozuvchi guvoh sifatida chiqib, haqiqatni iloji boricha aniq tasvirlashi kerak.
Adabiyot – haqiqatning oddiy bayonidan iborat demoqchi emasman, aslo. Voqelikni bayon etishda guvohlarning ko‘rsatmalari ko‘p narsa bermasligini tushunib yetishimiz kerak; voqealar, xatti-harakatlar ortida turgan dalillar ko‘pincha sirligicha qolib ketadi. Biroq, adabiyot haqiqatga aralashsa, hech bir narsa haqida sukut qilmay, odamning dilida yashiringan narsani ochib tashlashi, voqeaga sabab bo‘lgan omillarni izchillik bilan kuzatishi kerak.
Yozuvchi inson hayoti haqiqatlarini, o‘zidan hech narsa qo‘shib-chatmay ochib tashlaganida adabiyot mana shunday kuchga ega bo‘ladi.
Yozuvchining, haqiqatni aniq ajrata olish xususiyati uning asarlari sifatini belgilaydi. Bu xususiyatni so‘z o‘yini yoki qandaydir ustomon ijodiy usullar bilan almashtirib bo‘lmaydi. Haqiqat aslida bir narsa ekanligi haqida ko‘p fikrlar bor, shuningdek, unga yaqinlashish usullari ham bisyor. Bir qarashdayoq, yozuvchi hayotning soxta manzarasini chizayaptimi yoki hech narsani tushirib qoldirmay haqiqatni tasvirlayaptimi, bilib olish mumkin. Semantik nazariyalar yordamida haqiqat nima, tamoyillari va dogmalari yaratuvchilik adabiyotiga hech qanaqa aloqasi yo‘q mafkura bilan bog‘liq adabiy tanqidchilik nima qilayapti, degan masalalarni hal qilib bo‘lmaydi.
Yozuvchi asari orqali haqiqatga yetadimi, yo‘qmi, degan savol nafaqat uning ijodiy usuliga tegishli, balki o‘z ijodiga munosabati bilan ham bog‘liq. Agar u yozgan narsa – haqiqat bo‘lsa, demak, u halol niyat bilan yozibdi. Bu holda haqiqat – adabiy qadriyatlarni aniqlash bo‘libgina qolmay, axloqiy mazmun ham kasb etadi.
Yozuvchi o‘z zimmasiga o‘quvchilar axloqini mustahkamlash vazifasini olmaydi, uning maqsadi – Budda aytganidek, cheksiz koinotdagi mavjudotlarning bitmas-tuganmas to‘dalari haqidagi haqiqatni so‘zlab berish va ayni vaqtda, hech narsani yashirmasdan, inson qalbida yashirin bo‘lgan haqiqatni ochiq-oydin ko‘rsatishdan iborat. Haqiqat va adabiyotning o‘zaro munosabatlari yozuvchi uchun o‘zini ma’naviy jihatdan namoyon etish, oliy e’tiborga loyiq adabiy axloqdir.
Ijodga jiddiy qaraydigan yozuvchi qo‘liga qalam olganda, hatto adabiy tahayyuli inson hayotining haqiqiy manzarasini berish lozimligidan boshlanadi. Mana shu omil jahon adabiyotining ko‘p asarlariga hayotiy kuch bergan. Shuning uchun ham qadim yunon tragediyalari va Shekspir asarlari hech qachon eskirmaydi.
Adabiyot voqelikdan nusxa olibgina qolmay, uning tashqi qobig‘ini yorib o‘tib, eng chuqur joylarigacha yetib boradi, yolg‘onlarni fosh qilib, kundalik ikir-chikirlardan baland ko‘tariladi, keng nigoh bilan qarab, voqealar zanjirini ochib ko‘rsatadi.
Tahayyul ham adabiyotda o‘z ifodasini topadi. “Ruhning parvozi”, degan so‘z bekor emas.
Haqiqiy hissiyot va tasavvurlar bilan bog‘lanmagan, hayotiy tajribaga asoslanmagan tahayyulning rangi za’faron, kuchi yo‘q bo‘ladi. Yozuvchining o‘zi ishonmaydigan asar, albatta, o‘quvchiga ta’sir qilolmaydi.
Adabiy asarda kundalik hayot tajribalaridan boshqa narsalar ham yoritiladi, yozuvchi o‘z tajribalari bilan cheklanib qolmaydi. U til vositasida adabiyot ilgari yozgan, o‘zi ko‘rgan va eshitgan narsalarni o‘z tajribasiga aylantirib oladi. Bu ham tilning yana bir mo‘jizaviy kuchidir.
Tilning duo va afsunlardagi kabi yana bir kuchi bor; bu kuch odamning yuragini gupillatib, jismi-jonini titroqqa sola oladi. Til san’ati ham aynan mana shunda; hikoya qiluvchi o‘z kechinmalarini boshqalarga yuqtira bilishi kerak. Til – faqat timsollar, ma’no tizimlari va grammatik tuzilmagina emas. Til orqasida turgan hikoyachini hisobga olmaganda matnni talqin qilish aqllar o‘yiniga aylanib qoladi.
Til – nafaqat tasavvurlar va g‘oyalarni tashuvchi vosita, u hissiyotlar va intuitsiyaga ham murojaat etadi. Shuning uchun ham timsollar va ma’lumotlar yig‘indisi hikoyachining tili o‘rniga o‘tolmaydi. Talaffuz etilgan so‘zlar ortida gapirayotgan odamning intilishlari, yozishga undagan sabablar, gapirish ohanglari, kayfiyatlari yotadi; ularni semantika va ritorika yordamida to‘laligicha tasvirlab bo‘lmaydi. Matn tili o‘zining to‘liq ifodasini tirik hikoyachi orqaligina topadi. Matnni nafaqat o‘ylayotganimizda ishlaydigan a’zolarimiz, balki quloqlarimiz bilan ham qabul qilamiz. Til odam uchun fikrlarni uzatish uchungina emas, eshitish va o‘z-o‘zini bilish uchun ham kerak.
Shu yerda men Dekartning: “Men fikrlarimni ifoda qilayapmanmi, demak, tirikman: degan gapini boshqacha tushuntirmoqchiman. Yozuvchining “men”i – hikoya qilayotgan yoki asardagi boshqa bir personaj. U erkak ham, ayol ham bo‘lishi mumkin. Hikoyachi birinchi, ikkinchi yo uchinchi shaxs tilida gapiradi, fikrlari va hissiyotlarini ifodalaydi, shu tariqa uch xil kompozitsiya shakllanishi mumkin.
Mening romanlarim qahramonlari olmosh sifatida ko‘rinadi. “Men”, “sen”, “u” kabi olmoshlar yordamida bosh qahramonni kuzataman va tasvirlayman. Ya’ni bitta shaxsni turli olmoshlar bilan ko‘rsataman; tasavvurda hosil bo‘ladigan begonalashish boshqa personajlarga kengroq psixologik maydon ochib beradi. Olmoshlarni bunday almashtirish usulimdan dramalarimda ham foydalanganman.
Roman va dramalarni har doim yozishgan va bundan keyin ham yozishadi. Adabiyot va san’atdagi birorta janr tugab bo‘ldi, degan gaplar kulgili.
Insoniyat tamadduni bilan bir vaqtda yuzaga kelgan til hayotning o‘zi kabi ajoyib, ifoda kuchi esa – tuganmas. Yozuvchining vazifasi – tilning yashirinib yotgan quvvatini kashf qilish va rivojlashtirishdan iborat. Yozuvchi – xudo emas, u dunyoni – qanchalik xarob va nomukammal bo‘lmasin, yo‘q qilib yuborolmaydi. Shuningdek, yangi, mukammal dunyo qurishga ham kuchi yetmaydi; biz yashab turgan dunyo g‘alati va tushunib bo‘lmaydigan ekaniyoq buni izohlashga yetib ortadi. Biroq yozuvchi oz yo ko‘p darajada tesha tegmagan gap aytishi yoki o‘zidan oldin o‘tgan yozuvchilarning fikrlariga nimanidir qo‘shishi yoki salaflari nuqta qo‘ygan joydan boshlab ketishi mumkin.
Adabiyotdan qo‘poruvchilik maqsadlarida foydalanish mumkin, degan gaplar “adabiy inqilob” degan g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydiganlarning puch valaqlashidan boshqa narsa emas. Adabiyot o‘limni bilmaydi, yozuvchini esa yo‘qotib bo‘lmaydi. Har bir yozuvchining asarlari kitob jovonlarida ilgaridan tayin joyga ega. Yozuvchining asarlari qancha muddat o‘z o‘quvchilariga ega bo‘lsa, yozuvchining hayoti shuncha. Agar qaysidir yozuvchining bittayu bitta asarini bitta o‘quvchi odamzod to‘plagan ulkan kutubxonadan topib o‘qisa, bu, yozuvchi uchun katta shodlik.
Biroq, adabiyot ham, yozuvchi ham o‘quvchining fikriga ko‘ra, hozirgi zamonda ro‘y berayotgan voqelik va aynan shuning uchun ham qimmatga ega. Kelajak uchun yozayotgan yozuvchi o‘zini ham, boshqalarni ham aldaydi, samarali natija ketidan quvlaydi. Adabiy asar yashab turganlar uchun yoziladi va ularning zamonini tasdiqlaydi. Aynan mana shu mangu “hozirgi zamon”, alohida olingan odam hayotini tasdiqlash, adabiyotga yashab qolish huquqini beradi (agar shuni isbotlash zarur bo‘lsa?)
Yozuvchi qalam haqini o‘ylamasdan yozganida yoki kimga, nimaga yozayotganini xayoliga keltirmay, zavq uchun qog‘oz qoralasa, yozganlari mutlaqo zaruriyatga aylanadi. Mana shunday paytda adabiyot yuzaga keladi. Yoki, hech nimaga yaramaydigan narsa chiqishi mumkin, bu ham uning tabiatida bor. Badiiy ijodning kasb hisoblanishi, zamonaviy jamiyatdagi mehnat taqsimotining achinarli natijasidir. Yozuvchi uning achchiq mevalarini tanovul qiladi.
Bu eng avvalo bizning zamonga, bozor iqtisodiyoti shunchalik hukmron bo‘lib ketib, hatto kitob ham tovarga aylangan zamonga taalluqli.
Bunday cheksiz-chegarasiz va boshqarib bo‘lmaydigan bozorda muayyan yozuvchi haqida gapirish bir yoqda tursin, hatto o‘tmishdagi adabiy oqimlar va uyushmalarni eslashga ham o‘rin yo‘q. Agar yozuvchi bozorning zug‘umlariga bo‘ysunishdan o‘zini olib qochar ekan, moda degan hodisaning talablariga mos madaniy mahsulot tayyorlashdek tubanlikka tushishni istamas ekan, demak, tirikchilikning boshqa yo‘llarini qidirishi kerak.
Adabiyotning bestsellerlarga va “O‘nta eng ommabop kitob” turkumidagi ro‘yxatlarga hech qanaqa aloqasi yo‘q. Shunday bo‘lgach, televideniye va ommaviy axborotning boshqa vositalari e’tiborni yozuvchilarga emas, reklamaga qaratadilar. Yozish erkinligi adibga shundoqqina berib qo‘yilmaydi, u sotib olinmaydi ham. U adibning ichki ehtiyojlaridan kelib chiqadi. Erkinlikning narxi mana shunaqa!
Budda – mening yuragimda, degandan ko‘ra, yuragimda erkinlik yashaydi, degan ma’qulroq. Bu erkinlikni qanday ishlatishing o‘zingga bog‘liq. Agar uni bir narsaga almashtirmoqchi bo‘lsang, u qush kabi uchadi-ketadi. Erkinlikning tabiati shunaqa.
Yozuvchi mukofotni o‘ylamasdan yozishda davom etar ekan, bu – uning shaxsiy qadriyatidan dalil. Jamiyatga xitob qilib chiqish ham shundan iborat. Biroq, bunday xitob – puxta o‘ylanmagan amal. Yozuvchi o‘zini qahramon yoki kurashchi qilib ko‘rsatishiga hech qanday ehtiyoj yo‘q. Qahramonlar va kurashchilar jangga kirar ekanlar, buni olijanoblikdan yoki jangda shon-sharaf qozonish uchun qiladilar. Bularning bari adabiyotdan tashqarida turadi. Yozuvchi jamiyatga til vositasida da’vat qiladi, til esa asarlari qahramonlari va ular tushgan vaziyatlar bilan bog‘liq bo‘lishi lozim, aks holda, yozgan asari adabiyotga ziyon-zahmat yetkazib qo‘yishi mumkin. Adabiyot – qahr alangasi emas, bitta yozuvchining qahr-g‘azabi esa ayblov hukmiga aylanib ketmasligi kerak. Yozuvchining hislari asariga singib ketsagina, asar hayotiy chiqadi va vaqt sinovlaridan omon chiqadi. Shuning uchun yozuvchi emas, asarning o‘zi jamiyatga da’vat bilan chiqadi, deyish to‘g‘riroq bo‘lardi. Dolzarbligini doimo saqlab qolgan asarlar yozuvchi va u yashagan ijtimoiy muhitning baquvvvat aks-sadosi bo‘lib yangraydi. Asar qo‘zg‘agan ehtiroslar tinganda, uning qahramonlari tin olganda, asar hamon o‘quvchilarni jalb qilar ekan, mana shundagina yozuvchining jonli ovozi eshitiladi.
Shularga qaramay, bunday da’vatlar jamiyatda biron narsani o‘zgartirib qo‘yolmaydi; ularning ahamiyati shundaki, kimdir o‘zining ijtimoiy muhiti o‘rnatib qo‘ygan me’yorlar chegarasidan chiqib ketishi mumkin. Aynan shu tariqa yozuvchi o‘zining insonlik burchini bajarganidan g‘ururlanishi mumkin. Bashar tamaddunining rivoji qandaydir tushunarsiz qonunlar va o‘zining irodasiga bog‘liq ko‘r-ko‘rona oqimlar tufayli kechsa va kimdir ko‘pchiliknikidan boshqacharoq fikr bildirolmasa, bular, albatta quvonadigan hol emas. Bu masalada adabiyot tarixga qo‘shimcha bo‘lib xizmat qiladi. Tarix odamlarga o‘zining qonunlarini tiqishtirib, ularga hech qanday imkon qoldirmasa, odam o‘zining ovozini boshqalarga eshittirish uchun kurashishi lozim. Odamzodning qo‘lida faqat tarix emas, adabiyot ham bor. Shuning uchun ham alohida bir odam, u qanchalik kuchsiz bo‘lmasin, o‘ziga ishonch hosil qilishi uchun tayanchi bor.
Akademiyaning muhtaram a’zolari! Sizlar adabiyot sohasidagi Nobel mukofotini siyosiy quvg‘inlarga uchragan, odamzodni jarohatlagan azob-uqubatlardan holi bo‘lmagan va shunda ham bo‘yin egmagan adabiyotga berayotganingiz uchun minnatdorligimni bildiraman. Bu yuksak mukofotni bozorning hiyla-nayranglaridan uzoq bo‘lgan, shunga qaramay, o‘qishga arziydigan oddiygina yozuvchilik uchun berayotganingiz uchun rahmat. Ayni paytda, mendek bir ojiz odam butun dunyoning e’tibori qaratilgan minbarga chiqib, ommaviy axborot vositalarida ko‘p ham eshitilavermaydigan ojizgina ovozini ko‘tarishiga imkon bergani uchun Shvetsiya Akademiyasiga tashakkurlarim bo‘lsin.
O‘ylaymanki, bu, Nobel mukofotining maqsadlariga mos keladi. Menga shunday imkon berganinglar uchun hammangizga tashakkur!
Rus tilidan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 7-son.