G‘abit Musrepov. Yapon balladasi

Nogahoniy turtki

Esimni tanib, yelkamdan bunchalik qattiq turtki yeganimni hech eslay olmayman. Boshim borib naq tovonimga tekkan bo‘lsa kerak. Xuddi kamalakdek egilib qoldim. Yaxshiyamki sportdan sal-pal xabarim bor, bo‘lmasa yo bo‘ynim, yo belim uzilib ketar ekan…
Bundan uch-to‘rt yil ilgari, shubhasiz, men ham boshqa o‘rtoqlarimni orqa tomonidan kelib turtgan bo‘lsam kerak. Buning uchun ular ham haqini yubormagan, albatta. Biroq, mana bunday turtishdan Xudo saqlasin… Men bu gal o‘zimni xuddi bir mashina kranining xartumi kelib turtdimikan, deb o‘ylovdim, yo‘q, boshqa narsa ekan! Qarang-a, tag‘in ham mening o‘rnimda boshqa bir bo‘shangroq odam, yo ayol kishi bo‘lmagani. Yo‘qsa, naq boshi uzilib, ko‘chaning o‘rtasida dumalab yotgan bo‘lardi.
Ehtimol, o‘sha kuni talay boshlar dumalagandir…
Gavdam orqamga chayqalib, yiqilib borayotganimda, haligi o‘zimni turtib yuborgan narsa kim yoki nima ekanini bilgim kelib, orqa tomonimga qarab ulgurdim. Ammo hech kim va hech narsa ko‘rinmadi mening ko‘zimga. Zotan, bu voqea juda tez – ko‘z ochib yumguncha bo‘lib o‘tgandi. Biroq inson idroki undan ham ildamroq bo‘lgani uchun, shu qisqagina muddat ichida men ancha narsani ilg‘ab qolishga ulgurdim: orqa tomonimdan bir-biri bilan yelka tirashib turgan muhtasham g‘ishtin binolar bor bo‘lib, endi esa birortasi ham yo‘q edi. Faqat ularning o‘rnida qorakuyaga belangan xarobalarining o‘rnigina qolgandi. Ba’zan yong‘in yo zilzila bo‘lgan vaqtlarda ham sarnovlar qora ko‘mirga aylanib, chang bosgan og‘ochlar, so‘rraygan tutun quvurlari, yiqilib tushgan devorlar ko‘zga tashlanib turardi-yu, lekin hech qachon bunchalik bo‘lmasdi. Ammo bu gal yer betida hech narsa qolmagandi: yalab qo‘ygandek tap-taqir edi hammayoq. Ilgarilari muhtasham binolar ortida ko‘rinmay turgan tog‘lar negadir bu gal naq ko‘zim o‘ngida turardi. Ha, faqat tog‘largina o‘z o‘rnida turardi…
Bir mahal qarasam, osmondan hatto men tasavvur qilolmaydigan darajada katta-katta taxtalar qalqib tushib kelayapti. Go‘yo yuzlagan uylarning shiftlari bir varakayiga ko‘tarilgan-u, endi esa birin-ketin tushib kelayotgandek. Undan tashqari, yana allaqanday narsalar uchib yurishardi.
Ne ko‘z bilan ko‘rayki, o‘sha osmondan uchib tushayotgan taxtalar oralarida hatto odamlarning ham tanalari ko‘zga chavlinar va go‘yo ular ham uylarining shifti bilan birga osmonga otilib, oldinma-ketin bo‘linib-bo‘linib tushib kelardi. Ba’zi tanalarning qo‘llari xuddi butga o‘xshab kerilgan, ba’zilarinikini esa – u odamning tanasimi yoki boshqa narsanikimi – tanib bo‘lmasdi.
Men bu voqealarning hammasini kamalakdek egilib turgan mahalimda, qaddimni tiklashga urinib, boshimni ko‘tarayotganimda, lekin bunga madorim yetmay yiqilib borayotganimda, so‘ng yiqilib, es-hushim kirdi-chiqdi bo‘lib, oqni qora, qorani oq deb his qila boshlagan paytimda ko‘rdim. Yonginamga kelib tushgan qora tosh qip-qizil cho‘g‘ bo‘lib yonib turgan mahalda ko‘rdim. Bu yog‘i qorong‘ilik, bu yog‘i tilsimot, bu yog‘i mening uchun anglab bo‘lmaydigan zulmat bo‘ldi…
Men, muhtasham g‘ishtin binolari hozirgina bir-biri bilan yelka tirashib turgan dahalar orasidan kesib o‘tgan va shaharning bir qavatli imoratlar qurilgan chekkasiga endigina yetib kelgan edim. Yapon shaharlaridagi bir qavatli imoratlarda yashash naqadar fayzli va rohatbaxsh bo‘ladi. Undan tashqari, bu joylarni bobolarning bobolari va buvilarning buvilari bunyod qilgan. Bu hovlilarning bironta toshi yo‘qki, uni odam o‘z qo‘li bilan o‘rnatmagan bo‘lsin. Har bir hovlining ko‘rinishi va har bir toshning o‘rnatilishidan yapon geografiyasining bir jilosini ko‘rgandek bo‘lasan. Kichik-kichik tog‘lar, kaftdek-kaftdek ko‘llar, taram-taram soylar va ularga qurilgan bejirim ko‘priklar… Maymunjon daraxtlari, tarvaqaylab o‘sgan pakana qayrag‘ochlar, xrizantema gullari, tuki o‘siq gilamlarga o‘xshash ko‘m-ko‘k maysali maydonchalarni aytmaysizmi?!. Holbuki, yapon ayollari hatto urush yillari ham o‘zlarining qiynalganiga qaramay, bu hovlilarni gard yuqtirmay avaylab-asrab kelishardi.
Yapon musiqasi ham, uning dunyoga mashhur rassomchilik san’ati ham go‘yo o‘z tabiatidan ko‘chirilib olingan kabi go‘zal ekani hammaga ma’lum. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yapon bolalari uning hech qaysisiga putur yetkazmaydi. Novda-nihollarni sindirib, maysalarini toptamaydi.
Ro‘paramdan mungli yapon musiqasi eshitildi. Urush azob-uqubatlarini totib ko‘rgan yapon xalqi bu mahallarda mungli musiqalarni, qo‘shiqlarni kuylashardi. O‘sha kuni kun issiq edi. Qaysidir bir hovlidan musiqa tovushi kelardi. Meni xuddi shu paytda orqamdan turtib yuborishdi. Bir lahzada haligi bir qavatli dahalarning qayoqqa g‘oyib bo‘lib ketganini anglamay qoldim. Chunki men nogahoniy kuchli turtki zarbidan, nihoyasiz… hushsiz yiqilgan edim…
Men uyqudan uyg‘ondimmi yoki o‘zimga keldimmi, qayerda, qanday qilib esimni yig‘ib oldim – buni shu kungacha anglolmayman. Men hamon o‘ralgan, tang‘ib bog‘langan holda yotardim. Nazdimda, faqat bir kungina o‘zimni yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsam kerak, deb o‘ylayman. Biroq Amerika instituti xodimlari, ayniqsa, bir harbiy doktor ikki oydan beri meni: “bu qanaqa qaysar odam o‘zi!” deb kuyib-pishib koyirmish. Orqasining qanday kuyganini va bomba yorilgan joydan qancha masofa narida bo‘lganini nega tezroq aytmaydi? Nahotki, bu gaplarning qanchalik harbiy ahamiyati zo‘r ekaniga tushunmasa bu odam? Yo‘q, chamamda yaxshi tushunadiganga o‘xshaydi. Faqat ataylabdan qaysarlik qilib aytmayapti. Go‘yo nomus qiladi, xo‘rligi keladi. Hm, mamlakati bosh egib taslim bo‘lib turibdi-yu, nomus qilganiga o‘lasanmi, buning! “E, ahmoq, mamlakating taslim bo‘ldi, imperatoring bosh egdi!..”
Lekin o‘sha damlarda xo‘rligim kelmagandi. Keyin xo‘rligim keldi. Kuygan orqamning alami bosilay deb qolganida xo‘rligim keldi. Ehtimol, bu – orqamning kuygani uchundir? Agar shunday bo‘lsa, amerikalik doktor mendan bekorga ranjibdi…
Chunki men u kezlarda hattoki nima uchun tang‘ilib yotganimni ham bilmas edim. Biroq kunlar, oylar bo‘yi xayolimga bir narsa elas-elas kelar, u ham bo‘lsa haligi orqamdan turtilgan kunlarning xira xotirasi edi. U kim edi yoki nima edi? Men buni hamon tushunolmasdim. Faqat… keyinchalik tushundim.
Esim inganidan keyin, oq xalatli doktordan bu yerda nima uchun yotganimni so‘radim.
– Orqangiz Yaponiyaning geografik xaritasiga o‘xshaydi, – dedi u. – O‘ng kaftingizda Xakkayda orolining surati… Xuddi shu tomoningizning o‘zida yana ulug‘ Xansyu… Biqiningizda Simo‘naseki adiri, pastrog‘ida Kyusyu… Xudoga shukur qiling. Agar bu tasvirlar chap tomoningizda bo‘lganida bormi, unda uyg‘onishingiz amrimahol edi…
U bu gaplarni menga qachon aytdi va shungacha necha oy o‘tgan – buni ham aniq bilmayman. Lekin yana ancha vaqtgacha allaqanday bir narsani so‘ragim kelib, biroq so‘rashga tilim kelmay yotganim esimda.
Doktor keyingi safar kelganida mening orqamni ancha maqtabroq tasvir qildi:
– Mana, endi orqangiz maqtasa arzigudek orqa bo‘libdi! Endi unda Fudziama tog‘i ham, Asaki tog‘i ham bor. Tyugo‘ku, Kyusyu adirlari ham bor. Xirosima, Nagasaki shaharlari ham o‘z o‘rnida… Urush yillarida chiqqan xaritalar orasida bundan yaxshisini topish qiyin…
– Doktor, bularning hammasi nimadan bo‘ldi! Shuni aytib bering-chi? – deb so‘radim undan.
Doktorning ko‘zoynagi sinib ketay dedi. Yaponlarning ko‘zi u qadar katta bo‘lmaydi. Buni siz yaxshi bilasiz. Ularning ko‘zi ko‘pincha o‘ychan va mungliroq keladi. Men bilan hazil qilib o‘tirgan doktorning xo‘rligi keldi, shekilli, ko‘zlari chaqnab, ko‘zoynagini teshib yuboray dedi. So‘ng u:
– Tayeka O‘riko‘! – deb xitob qildi-da, eshik tomonga burilib, tez-tez yurib chiqib ketdi. – Shu vaqtgacha aytmaganmidingiz?
Eshikdan kirib kelgan o‘rta yoshli O‘riko‘-San degan ayol:
– Aytib boqqanman. Esi o‘zida emas edi, – deb javob qildi unga.
Ha, esim o‘zimda emasligi rost edi. Ikkita katta shaharning xalqi ko‘z ochib yumguncha qirilib, yo‘q bo‘lib ketdi, deyishganida, o‘zimni yo‘qotib qo‘ygan edim. Endi anglasam, shunga ham ancha vaqt bo‘lgan ekan.
Doktor boshini chayqab, yonimga kelib o‘tirdi-da, gap boshladi:
– Siz endi erkaklarga xos chidam bilan tinglang. Ikki shahrimiz ustiga amerikaliklar atom bombasi tashlagan, – dedi u menga. So‘ng bir zum sukut qilib, yana davom etdi: – Nega deysizmi?.. Haligina chidam bilan tinglang demadimmi sizga?.. Tajriba uchun tashlashgan bo‘lsa kerak. Oldingisi tajriba uchun, keyingisi esa o‘sha tajribaning to‘g‘ri ekanini aniqlash uchun, shekilli… Ha. Hozircha ikki xil fikr bor: biri – Yaponiya taslim bo‘lib, bosh egsa ham, bir yo‘la bosh ko‘tarmaydigan qilib qo‘yish, ikkinchisi – uning ittifoqchilarini ham cho‘chitib qo‘yish masalasi bo‘lsa kerak… Urush tamom bo‘lganidan keyin, yana nimalarnidir bo‘lib olish yoki shunga o‘xshash janjalli narsalar ham bo‘ladi-ku, ana o‘shalarga barham berish kabi narsalar bor emasmi?.. Odamlarning taxminiy fikricha shunday. Endi yotib damingizni oling…
– Mening onam bor edi, singlim bor edi… Ular bilan uchrashsam bo‘larmikin?
– Familiyangiz nima? Qaysi dahada turar edingiz?
– Yozgi tong dahasida…
– E, bechora, u daha endi yo‘q butunlay…
– Onam markaziy bog‘chada ishlar edi…
– Markaziy bog‘chaning o‘rnigina qolgan qora kukun bo‘lib… Endi yotib damingizni oling. Tovushingizni chiqarmang…
Doktor to‘g‘ri aytibdi. Tovushimni chiqarmasligim kerak ekan… Xor-zor bo‘lgan xalq qayg‘urib, yig‘i-sig‘i qilib o‘tirsa – bundan nima foyda!
Shundan beri ham mana, yigirma yil o‘tib ketdi. Men kasalxonada o‘n olti marta yotib chiqdim. Orqamni ham o‘n olti marta yamatdim. Axir, Yaponiyadek butun boshli bir mamlakatning kattakon xaritasini orqalab yuraverish oson gapmi? Yapon geografiyasining bir tomoni Tinch okeani, ikkinchi tomoni Yapon dengizi-ku. Xuddi o‘shanga o‘xshab, xayriyatki, mening ham badanimda sog‘ joylarim qolgan ekan. Men har gal o‘sha sog‘ qolgan joylardan tildirib olardim-u, kesib tashlangan joylarimni yamatardim… Terisi tilib olingan joylarimda esa yangi yaralar paydo bo‘lardi…
Hozir men oq qonli odamman. Qizil qonim borgan sayin ozayib borayapti. Yigirma yil yashash uchun ozmuncha kurashmadim. Mana, hali ham kurashib kelyapman.
Yoshim hali qirqqa yetganicha yo‘q. Ba’zan hatto uylangim keladi. Lekin kimga ham uylanardim? Agar ikki oq qonli qo‘shilsak – unda naslimiz nima bo‘ladi? Qiyshiq-qing‘ir, chalajon farzand tug‘ilsa nima qilamiz?
Haqiqatan ham doktor to‘g‘ri aytgan ekan. Bu gaplarga mardlarcha bardosh kerak, shekilli…

Oh, mening ko‘zlarim

Ayko‘ni men ancha joydan tanidim. U ham meni tanib kutib turardi. Boshqa qizlar bo‘lsa mashinaga allaqachon o‘tirib olishibdi. Yapon qizlarning qichqirib chaqirish odati yo‘q. Dugonam Ayko‘ meni to‘r xaltasini havoda aylantirib chaqirardi.
Usiz ham o‘zim oshiqib kelardim. Bugun bizlar bir qo‘shni maktabga yordamga borishimiz kerak edi. Qarama-qarshi kelayotgan ikki tramvay ro‘paradagi to‘xtaydigan joyga yaqinlashib qolmaganda, men allaqachon ko‘chadan kesib o‘tib ketgan bo‘lardim.
Tramvaylar o‘tib ketgach, men darhol ko‘chadan o‘tib olib, qadamimni tezlatdim. Ayko‘ hamon qo‘lidagi to‘r xaltasini havoda aylantirib, meni chaqirishda davom etardi. Maktabimiz bog‘ ichida, tramvayning shovqin-suroni eshitilmaydigan joyda edi. Mashina ustidagi qizlar chuvullashib qo‘shiq ayta boshlashdi, Ayko‘ning ichiga termos solib olgan to‘r xaltasi oftob nurida yaltirab, havoda doira yasab aylanardi. Men yugurgilab borardim. Birdan…
Birdan butun Yapon osmoni yorilib ketgandek bo‘ldi. Yoki o‘zimning quloqlarim yorilib ketdimikin?..
Men hangu-mang bo‘lib osmonga qaradim. Osmon bilan shahar o‘rtasiga qandaydir oq-sariq, quyunga o‘xshash, bosh tomoni qo‘ziqoringa o‘xshab ketadigan kattakon bir ustun o‘rnatib qo‘yilibdi. Ustun o‘zidan ko‘z qamashtiradigan darajada o‘tkir nur va olov purkab turardi. Tepa tomoni xuddi qo‘ziqorin sallasidek qaynab, tobora kengayib borardi. Quyi tomoni esa shaharning qoq o‘rtasiga qanday qadalganini payqay olmay qoldim. Ustunning yo‘g‘onligi, nima desam ekan, naq shahrimizning o‘rtasiga qurilgan dum-dumaloq saroycha kelardi…
Shoshib, maktab tomonga qaradim.
– Ayko‘, Ayko‘! – deb baqirdim. Biroq o‘z tovushimni o‘zim eshitmadim.
Ayko‘dan ham sado bo‘lmadi. Mashina ham yo‘q, maktab ham yo‘q edi o‘rnida. Go‘yo hammasi uchib ketgandek. Ko‘z o‘ngimda faqat qop-qora bo‘lib kuyib ketgan dalagina elas-elas gavdalanardi. Hamma yoq kul, kukun edi…
Maktabning men turgan tomonidagi daraxtlari yer bag‘irlab yonboshlab qolgandi. Nari-berida yiqilib yotgan daraxtlardan kuyik hidi kelardi. Men birdan ko‘ylagimning tugmalari qizib borayotganini va badanimga mixdek qadala boshlaganini sezib qoldim… Keyin gandiraklab ketdim va birdan tubsiz qorong‘ilik qa’riga qulab tushdim. Boshqa hech narsani eslolmayman…
Mana, shu qorong‘ilikda yigirma yildan beri yotibman… Haligi ko‘rdim deganlarimning hammasi odatdagi umumiy bir tushunchagina, xolos. Binobarin, ularning hech qaysisini ko‘z bilan ko‘rish mumkin emas. Faqat ko‘ngil bilangina ko‘rib, faqat xiragina tasavvur qilish mumkin. Chunki hali bu baloning hayotda qiyosi yo‘q. Hatto o‘lim, qirg‘in degan gaplar ham bu voqeaning tugal ma’nosini berolmaydi!..
Xalq orasida tosh balqidi, temir eridi, degan iboralar bor. Xo‘sh, ko‘z ochib yumguncha tosh va temirlar kuyib kul bo‘lib ketsa – buni nimaga qiyos qilamiz? Kattakon bir shahar ko‘zingni ochib yumguncha g‘oyib bo‘lib ketsa – buni nimaga o‘xshatamiz?..
Mayli, bu mening ishim emas. Lekin gap shundaki – men yigirma yildan beri qorong‘ilikda yotibman. “Shahar qayta o‘z asliga keldi”, deyishadi. “Hatto ilgarigisidan ham boy, ilgarigisidan ham ko‘rkam bo‘lgan”, deyishadi. Rostmi shu! Agar rost bo‘lsa, koshki edi men ham uni aqalli bir martagina ko‘rsam! Ha, hech bo‘lmasa bir martagina!.. Shundan keyin yana ko‘zlarimni yumib olardim va yana… qorong‘ilik bag‘riga chekinardim.
Negadir shu orzumdan hech umidimni uzgim kelmaydi. Uza olmasam ham kerak. Dastlab kasalxonaga tushgan kezlarimda ham doktordan shu haqda so‘ragan edim:
– Jon yangajon, ayting-chi, ko‘zimning ahvoli qalay?
– Nimasini so‘raysan, chirog‘im? Ko‘zing chaqnab turibdi? – deb javob berdi doktor ayol.
– Ko‘r bo‘lib qolganim yo‘qmi?
– Yo‘q, yo‘q!.. Faqat ko‘rmay qolganing rost, xolos. Lekin buning hechqisi yo‘q, ko‘p o‘tmay tuzalib ketasan…
– Yuzlarim qalay?
– Hammasi joyida, ilgarigisidek oppoq, xuddi oq marmardek…
– Sochlarim-chi?
– Sochlaringni olib tashlashga to‘g‘ri keldi. Osongina o‘sib chiqadigan sochni ham so‘z qilasanmi?..
Ikki qo‘lim bilan oyoqlarim qayoqda? Bormi, yo‘qmi – men buni bilolmasdim. Ko‘zlarimni, yuzlarimni, sochlarimni surishtirarkanman, qo‘llarim bilan silab ko‘rgim kelardi. Lekin buning iloji yo‘q edi. Ikki qo‘lim tang‘ib qo‘yilganga o‘xshardi. Ehtimol, kesib tashlashgandir qo‘l-oyoqlarimni?
Hammasi ham mayli-ku, biroq hech ikki ko‘zimdan umid uzolmayman. Ko‘zlarim o‘rniga kelsa, aftimni osongina tuzatib olarmidim… Hali doktor yuzlaring marmardek oppoq dedi-ku. Aksari yapon qizlari oqquvdan keladi. Ayko‘ mening yuz-ko‘zlarimga havas qilar edi.
– Ko‘zlaringning qorachig‘i tip-tiniq, chaqnab turibdi. Kipriklaring quyuq, sal yuqori tomonga qarab egilgan… – derdi u menga.
Yigirma yildan beri xonamga odamlar kirib-chiqib turishadi. Lekin shulardan birortasi hali meni, mana bu qiz basir ekan, deganicha yo‘q. Rostini aytishsa, birov ularga bir nima dermidi? Shuning uchun ham men yuzlarimni ochib o‘tiraman. Tovush chiqqan tomonga o‘girilib qarayman. Ko‘rishgandek jilmayaman… Mana, sizlarga ham shunday qildim. Agar mening ko‘zlarim oqib tushgan va yuzlarimni chandiq bosgan bo‘lsa, unda sizlar oldimga kelishga jirkangan bo‘larmidinglar, ehtimol?..
– Yo‘q, yo‘q, ko‘zlaringiz chaqnab turibdi. Bu sizga chet el kishisi sifatida aytayotgan sipoyi gapimiz emas, ishoning, faqat shunday chaqnab turgan ko‘zingizning ko‘rmasligi bizni hayratda qoldirdi, xolos. Chet el kishisi bo‘lganimiz uchun sal iymanib turibmiz. Bo‘lmasa shu uyning yorug‘ligida sizning ko‘zlaringizning ham ulushi bor, degan bo‘lardik…
– Men hozir o‘ttiz besh yoshga kirdim. Yorug‘ dunyodan mahrum bo‘lganimda o‘n besh yoshda edim. O‘zim ishtirok etmagan so‘nggi yigirma yilni hech ham yoshimga qo‘shgim kelmaydi. Hali ham o‘n besh yoshdaman. Ko‘zlarimdan umidim borligi ham shunda. Shu umid meni olg‘a chorlab kelyapti…
Ko‘zim tuzalgan kuni maktabimizga boraman. Boyagi aytganim, yonboshlab qolgan maktabimiz bog‘ining daraxtlari qaytadan bosh ko‘tarishib, chiroyli bog‘ bo‘lgan, deyishadi. Ilgarigi ikki qavatli maktab o‘rniga endilikda besh qavatli maktab tushganmish. Fotograf kelib suratimni olib ketdi. Uni maktabimizning kattakon zaliga ilib qo‘yganmish.
Maktabni bitirishimga faqat bir yilgina qolgan edi. Tuzalishim bilan borib, o‘sha chala qolgan o‘qishimni bitirib olsam, deyman. Tokiodagi universitetlarning birida bolalarni ovqatlantirish fakulteti ochilganmish. Shunga o‘qishga kirsam, deyman.
Men bir marta ko‘rib qolganim vayrona shahar qayta asliga kelgan, deyishadi. Albatta, xarobaga aylangan, qayg‘uda qolgan shaharni kim ham eslagisi kelardi, deysiz? Ehtimol, shu sababdan ham uni hamma unutgan chiqar… Biroq, odamlar uni unutmasligi kerak. Baxtim chopib, ko‘zim ochilsa, o‘sha kungi ko‘rganlarimni yozish niyatim ham yo‘q emas. Men bu lahzani ko‘zlarimni qurbon qilib ko‘rganman, axir. Hammasi ko‘nglimda xuddi hozirgina bo‘lib o‘tgandek ko‘rinib turibdi. Ammo ilgarilari bundan ham ravshanroq tuyulardi ular menga. Lekin ke­yin­gi paytlarda ba’zi narsalar nima uchundir hotiramda tumanga aylanib borayotgandek tuyuladi. Agar ko‘zlarim tezroq tuzalmasa, bu ahvolda ba’zi narsalarni unutib ham qo‘yadiganga o‘xshayman… Qichqirib aytay desam – bunga ham tovush yo‘q menda. Shuning uchun asta bir chekkadan qog‘ozga tushiraversammikan ham deyman…
Xirosima tepasiga atom bombasi tashlangandan keyin butun dunyo norozilik bildiribdi, deyishadi. Biroq u paytlarda men hali qil ustida yotgan edim. Noroziliklar qattiq bo‘ldimi yo yumshoq bo‘ldimi – men buni yaxshi bilmayman. Sizlar nima qildingiz o‘shanda?..
Ha, o‘zim ham shunday qilgan bo‘lsangiz kerak, deb o‘ylovdim…
Shahrimiz aholisining yarmisi bir necha soniya ichida kuyib kulga aylanib ketdi. Kul bo‘lib ketmaganlari esa, qaytadan kuydirilib kul qilindi. Holbuki, shahrimiz harbiy shahar ham emasdi. Aksincha, bola-chaqalar, xotin-xalaj, kampir-chollar yashaydigan tinch shahar edi. Birovga yomonlikni ham ravo ko‘rmasdi, bunga harakat ham qilmasdi. Mening nodon aqlim haligacha bir narsaga bovar qilolmaydi: bizning nima aybimiz bor ekan, kimga yomonlik qilibmiz? Erkak zoti kam bo‘lgani uchun qo‘shni maktabga yordamga borayotgan qizlarning nima yozig‘i bor ekan shunchalik? Yigirma ikki nafar qiz bir daqiqa ichida kuyib kul bo‘ldi-qoldi – to‘zonga aylanib ketdi. Yigirma uchinchisi bo‘lib mengina omon qoldim. Omon qolganmishman. Qanaqa omonlik ekanini mana o‘zingiz ko‘rib turibsiz-ku, axir…
O‘, Ayko‘ qanaqa qiz edi! Torgina xonalarda kambag‘algina yashovchi to‘rt-besh kampirga ovunchoq edi u. O‘zining oq ko‘ngilliligi, sho‘xligi bilan ularni sira zeriktirmasdi. U shunday chaqqon pazanda ediki, bir dona guruch, bir hovuch juva, bitta baliqdan bir uyga yetgulik ovqat pishira olardi… Ha, chindan ham sen buyurguningcha, u qilib ulgurardi har qanday ovqatni. Ikki qo‘lidagi o‘nta barmog‘i o‘nta qo‘lga arzigulik edi uning. U mening ko‘zimga havas qilsa, men uning qo‘liga havas qilardim…
Ba’zida boshimizga shunday tashvish, shunday ofat keltirganlarga la’natlar aytgim keladi. Bizning ichib o‘tirgan oshimizga tushgan zahar o‘zlarining kosalariga ham tushsa ekan, deyman ularning. Shundan so‘ng bu yog‘i ma’lum edi, albatta: tug‘iladigan bolalari qiyshiq-qing‘ir, chalajon… Nasl-nasablari ham shunday nogiron, mayib bo‘lib yetisharmidi ularning ham…
Yo‘q, bu yovuz fikrni men kashf qilgan emasman! Biroq… biroq bunaqa yovuz fikr hech qachon mening boshimga kelgan emas va kelmaydi ham desam – ishonmanglar!.. Chunki talay marta keldi, kelganda ham alam bilan keldi. Biroq men uni yillar bo‘yi yashirib keldim, mana endigina oshkor aytyapman.
Hamma xalqda ham: men dushmanimga ham yomonlikni ravo ko‘rmayman, degan gap bo‘lishi turgan gap. Bu gap bizlarda ham bor. Yaponlar mehribon, mehmondo‘st xalq bo‘ladi. Men bu baloni hech kimga tilamayman. Ayniqsa, sakson, to‘qson, yuz qavatli uylarning kunpayakun bo‘lishini sira-sira istamayman. Ha, o‘sha uylardagi chumoli yanglig‘ odamlarning kuyib kul bo‘lishini istamayman. Aksincha, mana shunday ofatlarning tezroq yo‘q bo‘lishini istagan kuchlarning o‘sishini xohlayman men!..
Ehtimol, ko‘p kishilar bilan gaplashaverganimdan, uchrashaverga­nimdan gaplarim ham xuddi birov o‘rgatib qo‘ygandek bo‘lib tuyular sizlarga. Nachora, ishonsangiz… o‘zingiz bilasiz…
Mening borlig‘im – umidimda… Umidim esa – o‘z ixtiyorimda emas. Boshqalarning umidi nimada, uni o‘zlari aytishar…
Oh, ko‘zlarim tezroq tuzala qolsaydi!..

Men bir sovuq toshman

Men bir qora toshman, qora marmar toshman. Odamlarning qo‘lida sayqal topganim uchun oynadek silliqman. Oldimdagi narsalarning hammasini ko‘raman, tugal ko‘raman. Odam kunga qaray olmaydi, men qaray olaman. Odam qiziqib qaray oladi, qo‘rqib qaray oladi. Ammo bularning hech qaysisi dunyoga to‘g‘ri qaray olish emas. Menda esa bu fazilatlarning birortasi ham yo‘q. Men faqat aniq ko‘ra olaman. Men faqat kechasigina ko‘ra olmayman, xolos.
Men bir qora toshman, qora marmar toshman. Ko‘rganlarimnigina ayta olaman. Men odamlarning qayg‘usini ham sezmayman, quvonchini ham… Ko‘rganimda ham, baribir, unga buziladigan ko‘ngil yo‘q menda. Men nimani qanday ko‘rsam, shundaygina ayta olaman. Mening shohidligimdan odamlar qanday xulosa chiqaradi – buni o‘zlari bilishadi.
Yo‘q, u kun bayram kuni emasdi. Hatto bayramga o‘xshash hech vaqo yo‘q edi u kuni. Urushning zil-zambil og‘irligidan yanchilgan, mag‘lubiyat azasini endigina his eta boshlagan odamlar – miyig‘ida kulishga ham istihola qilishar edi. Mening oldimdan ular doim faqat xafaqon kayfiyatda o‘tib turishardi. Ularning ko‘pchiligi yosh-yalanglar, o‘quvchilar, ayollar, chollar bo‘lardi… Yemirilgan poshnalar, juldur pochalar tinmay o‘tib turardi. Mening oldimdan qovoqlari soliq, ust-boshiga qora moy, ko‘k va sariq bo‘yoqlar yuqqan, shimlarining tizzalari osilib ketgan ishchilar esa boya, ertalab o‘tib ketishgan edi.
Urushdan oldin qizlar mening oldimdan o‘tib ketayotganida, ko‘zlari bir yarq etib ketguvchi edi, hozir esa ularda bu xususiyatdan asar ham ko‘rinmasdi. Bolalarning bo‘yinlari ingichka tortib, ayollarning qaddi yoydek bukilib, go‘yo hamma odamlar kichrayib, cho‘kib qolgandek o‘tib turardi. Ilgarigi mag‘rur va kiborona yurishlarning davri allaqachon o‘tib ketgandek tuyulardi.
Osmon bulutsiz bo‘lib, tush payti edi. Shahar atrofini o‘rab olgan o‘rmonli tog‘lar quyosh taftida mudrab turgandek ko‘rinardi. Mening yuzimga harir ko‘ylakning etagi selpiganicha ham epkin tegmasdi. Ko‘cha yuzidagi daraxtlar nimanidir eshitishga chog‘langandek, go‘yo butun jismi quloqqa aylanib qolgandek edi.
Taxminan shaharning yarim kilometrcha tepasida nimadir portladi-yu, yo‘l-yo‘l, oppoq ustun o‘rnatdi: yuqori tomoni burqirab qaynab, bamisoli oq qalpoq bo‘ldi-qoldi, pastki tomoni esa, shahar o‘rtasiga qadalib tushdi. Tevarak-atrofdan men umrimda ko‘rmagan, bilmagan o‘t, yolqin toshqini guvillab otildi. Shahar avval olovga tashlangan qog‘oz misol burishdi-yu, so‘ng birdaniga yo‘q bo‘ldi-qo‘ydi. Temir yonib kulga, tosh yonib to‘zonga aylandi. O‘t bilan yorug‘lik ko‘z ochib yumguncha shaharni shunday kul-talqon qilib, so‘ng uni go‘yo kattakon bir o‘ngach so‘rib borayotgandek, osmonu falakka olib chiqib ketdi. Shahar o‘rnida g‘adir-budur kuyik, qora kuyikkina qoldi. Agar qulog‘im bo‘lsa, osmoni falakning yorilib ketganini eshitdim va shuning zarbidan quloqlarim kar bo‘lib qoldi, derdim. Afsuski, men bir qora toshman, qora marmar toshman, hech narsani eshitganim yo‘q…
Osmoni falakdan yer bag‘riga ustundek qadalgan o‘t toshqini mening oldimga bir to‘p odam jasadini olib kelib, uyub tashladi. Hammasi ham otilib kelib tushdi. Hammasi ham xuddi zambarakning og‘zidan otilgandek otilib kelib tushdi… Boshlari, oyoq-qo‘llari yo‘q… Uzilgan, yanchilgan, majaqlangan, ezilgan… Odamzodning boshi toshga kelib urilmasin ekan… Mening yuzlarimga ularning chuvatilgan ichaklari kelib yopishdi, odam qoni sachradi… Ichaklari menga yopishgan ko‘yi kuyib, qonlari ham sachragan zahotiyoq o‘zidan-o‘zi yo‘q bo‘lib ketdi. Havo bamisoli jahannam otashidek yonib turardi.
Tramvay bekatida ham, tramvay ichida ham g‘ij-g‘ij odam edi. U endi joyidan qo‘zg‘algan mahalda birdan lop etib ketdi. Hatto uning temir ramalari ham bir daqiqagina ko‘zga chalindi-yu, so‘ng yo‘q bo‘ldi-qo‘ydi. G‘ij-g‘ij odamlar ham g‘oyib bo‘ldi. Odamlar kuyganlarini ham, o‘lganlarini ham sezmay qolishdi. Agar yetmish besh ming odamning kuyganini sezsang yo o‘z ko‘zing bilan ko‘rsang – chiday olarmiding? Ming-minglab yosh go‘daklarning jizg‘anak bo‘layotganini ko‘rsang – toqat qila olarmiding? Ming-minglab maktab o‘quvchilarining ustlari lop etib yonib, yalang‘och badanlari qovurdoq misol kuyayotganini ko‘rsang – holing nima kechardi? Ming qatra shukurlar bo‘lsinki, men u manzarani ko‘rganim yo‘q. Ilon tili lip etgudek vaqt ichida shahar g‘oyib bo‘ldi. Bir lahzada ko‘rkam, ko‘kalamzor shahar o‘rnida g‘adir-budur qora kuyik dala paydo bo‘ldi-qoldi. Ro‘paradagi o‘rmon yaproqlari ham xuddi dovul turgani kabi bir yulqindi-yu, kuz kunlari shoxlarga qo‘nib o‘tiradigan qora to‘rg‘aylar to‘dasi kabi “par-r” etib uchdi-ketdi. Baayni tog‘ etagida son-sanoqsiz fil o‘liklari yotgandek, to‘nkalarninggina qora kuyik o‘rinlari qoldi sochilib…
Go‘yo shaharni yondirib, chang-to‘zonga aylantirib ketgan ofatni quvlagandek, birdan shamol ham kuchayib ketdi. Xuddi birorta yengil-elpi bino duch kelsa uchirib ketgudek edi u. Quyun ko‘tarib guvillab esardi. Burunlari shaharning talay-talay muattar atrini hidlab ketgan shamol bugun kuyik hidini hidlab esardi. Qora kuyik sathi esa juda keng bo‘lib, go‘yo butun dunyo yuziga qora qilib surtsa yetgudek qorayib yotardi.
To‘s-to‘polon tinib boshlagach omon qolgan odamlar g‘imirlab qolishdi. Dastlab nima bo‘lganini tushunolmay hayron bo‘lib qolgan bolalar bo‘y ko‘rsatishdi. Nega hayron bo‘lishmasin ular? Bolalar bu yoqda tursin, hatto kattalar ham bunday bo‘ladi, deb sira o‘ylamagandi-da, axir! Chunki bu dunyo dunyo bo‘lib uning birinchi marta ko‘rgan ofati edi! Bu ofat – insonning o‘zi tomonidan kashf etilib, insonning o‘zini jazolagan ofat edi!
Qora kuyik atrofiga bolalardan so‘ng ayollar, chollar kelishdi. Ular atrofga hayron bo‘lib termilishar, hayron bo‘lib boqishar, hayron bo‘lib izlashar, lekin hech kimni, hech narsani va hatto shaharni ham topisha olmasdi. O‘zlariga tanish bo‘lgan joylarni taniy olmay garang bo‘lishardi. Ha, topa olmaysan ham, taniyolmaysan ham endi ularni! Ey, inson, sen ularni ortiq izlama, baribir topa olmaysan! Endi sen bularning o‘rniga bu qorakuya nimadan bo‘ldi – shuni izla! Zulm va ofat qayerdan keldi – shuni izla!
Qora kuyik o‘rtasida faqat bittagina qora xaroba qaqqayib turardi. Yon atrofi tep-tekkis edi uning… Bu besh qavatli, tepasi xuddi o‘tovdek qubbali aylanma uy edi ilgari… Boyagi o‘t va alangalar toshqini to‘g‘ri kelib tegmadimi yo sekingina yalab o‘tib ketdimi, har qalay, karomat yuz berib, faqat shu binogina o‘rtada qoraygancha omon qolibdi.
Qop-qora bo‘lib kuygan maydon uzra hayot boshlandi. Odamlar ba’zi jizg‘anak bo‘lib kuyib o‘lganlarning uzilib yotgan qo‘l-oyoqlari qoldiqlarini terib, qayta yondirishga kirishishdi. Odamlar yongan joylarni tozalashga kirishishdi. Ba’zilarning qo‘llarini, ba’zilarning oyoqlarini, boshlarini topib olishib, bir joyga uyushib, ha, qayta yondirishga kirishishdi. Agar menda eshitar quloq bo‘lsa, dunyodagi eng og‘ir azob shu, der edim!
Ko‘p vaqt o‘tmay mening oldimda anchagina yozuvli taxtalar paydo bo‘ldi. Bo‘lib o‘tgan jahannam o‘tining harorati – yuz ming daraja ekan. Do‘zax otashi kelib tushgan yerning aylanasi esa – bir kilometr bo‘lib, shu maydon ichidagi jon-jonivor, bino, qo‘ying-chi, hamma narsa tugal yo‘qolib ketibdi. Undan nariroqqa borib, ofat kuchi sal pasayibdi. Tosh bilan temir avvaliga balqib, keyin qotib qolibdi. Ammo bu atrofda ham jon-jonivorlar mutlaqo qirilib bitibdi.
Men bir qora toshman, qora marmar toshman. Qanchadan-qancha oylar o‘tdi, yillar o‘tdi, men uni sanay olmayman. Men mangulik vaqtinigina bilaman.
Hozir o‘sha yo‘q bo‘lib ketgan shahar o‘z o‘rniga keldi. U endi ilgargisidan ham yuksakroq, ilgargisidan ham chiroyliroq, ko‘chalari ham kengroq bo‘lib keldi. Qora kuyik maydonlardan nom-nishon qol­ma­di. Odamlar yopirilib ishlashdi, tog‘lar yordamga keldi, suvlar yordamga keldi. Bog‘-rog‘lar qaytadan obod bo‘ldi. Insonning bu mehnatini qo‘shiq qilib aytsa arziydi. Biroq men aytmoqchi bo‘lgan narsa – bu emas! Men aytmoqchi bo‘lgan narsa, ho‘, o‘sha, dahshatli – temirlar o‘rtangan, toshlar o‘rtangan kunlar edi! Men o‘sha kunlarni unutma, o‘sha balodan ehtiyot bo‘l, odamzod, demoqchi edim!
Hozir shahar markazida toshdan yasalgan kattakon yodgorlik o‘rnatilgan: unda odam o‘ng qo‘lini baland ko‘tarib, ko‘rsatkich barmog‘i bilan osmonni ko‘rsatib turibdi. Chap qo‘li bilan esa go‘yo tinch mehnatga chorlaydi. Ikki ko‘zini chirt yumib olgan, endi bundan buyon osmondan ofat kelmasin, degan kabi…
Men aytmoqchi bo‘lgan gaplarim mana shu edi, xolos. Buning uchun nima qilish kerakligini odamzod toshdan so‘rab o‘tirmasa kerak, albatta!..

Nagasaki – Xirosima.
1966 yil, noyabr oyi

Qozoq tilidan Nosir Fozilov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 3-son