Frants Kafka. Jazo koloniyasida (hikoya)

— Bu antiqa apparat, — dedi ofitser sayyoh-olimga va apparat o‘ziga yaxshi tanish bo‘lsa ham, uni suq bilan ko‘zdan kechirdi.
Aslida, boshlig‘ini haqoratlagani va itoatsizligi uchun hukm etilgan bir askarni jazolash jarayonida qatnashishga sayyoh-olimni komendant taklif qilgandi. Bu taklifga sayyoh faqat odob yuzasidangina rozi bo‘ldi. Jazo marosimi nainki sayyohda hatto koloniyaning o‘zida ham unchalik qiziqish uyg‘otmadi. Taqir tepaliklar bilan o‘ralgan bu mo‘jaz, qumloq vodiyda sayyoh va ofitserdan tashqari yana ikki kishi bor edi. Birinchisi — jinoyatchi askar — sochlari to‘zg‘igan, soqoli olinmagan va og‘zi katta, telbanamo yigit, ikkinchisi — soqchi askar. U qo‘lidagi og‘ir zanjirni qo‘yib yubormas, chunki zanjir yana ikkita kichik zanjirga ulanib, ular jinoyatchining bo‘yin va to‘piqlariga bog‘langan, o‘rtasidan esa birlashtirilgan edi. Lekin jinoyatchi askar qiyofasida shunday bir itoatkorlik muhrlangan ediki, uni bemalol tepaliklar tomon sayrga jo‘natib, hukm ijrosi oldidan hushtak chalsang, o‘zi darrov hozir bo‘ladiganday edi.
Jazo apparati qiziqtirmagani uchun sayyoh zerikib, jinoyatchining orqasida nari-beri yurib turardi. Ofitser bo‘lsa, goh chuqurga tushib apparatning tagiga kirar, murvatlarini burab yana trapga chiqar va mashinaning ustki qismlarini tekshirardi. Sirasini aytganda, bu mayda-chuyda ishlarni biror mexanik qilsa ham bo‘lardi, lekin hammasini ofitserning o‘zi bajarar, go‘yo bu ishni bugun hech kimga ishonish mumkin emasu apparatning sodiq muxlisi faqat ofitserning o‘zi edi go‘yo.
— Mana, hammasi tayyor! — deya u xitob qilib trapdan tushdi. Ofitser nihoyatda charchagan, og‘zini katta ochib nafas olar, mundiri yoqasidan ikkita nafis ro‘molchaning chetlari chiqib turar edi.
— Bu mundirlar tropikda og‘irlik qiladi, — dedi sayyoh apparat haqida so‘rash o‘rniga (ofitser shuni kutgan edi).
— To‘g‘ri, — dedi ofitser va moyga belangan qo‘llarini avvaldan tayyorlab qo‘yilgan suv to‘la tovoqqa tiqdi, — lekin bu — vatanimizda, vatanni esa yo‘qotishni istamaymiz. Yaxshisi, manavi apparatga qarang, — deya davom etdi u qo‘lini sochiqqa artayotib, — shu kungacha qo‘l mehnati kerak edi, ammo endi hammasini mashinaning o‘zi bajaradi.
Sayyoh bosh irg‘ab qo‘yib, ofitser ko‘rsatgan tomonga qaradi. Ofitser har ehtimolga qarshi qo‘shib qo‘ydi:
— To‘g‘ri, ba’zan apparat buzilib ham qolishi mumkin. Ammo bugun, umid qilamanki, biror ishkal chiqmas. Shunga qaramay buzilishi ehtimolini hisobga olib qo‘yish kerak. Chunki apparat tanaffussiz o‘n ikki soat ishlaydi, lekin buzilguday bo‘lsa ham, uni bir zumda sozlash mumkin. O‘tirmaysizmi? — dedi u nihoyat va uyulib yotgan to‘qima kreslolardan birini olib yerga qo‘ydi: sayyoh iltifotni rad etolmadi.
U apparat joylashgan handaq chetida o‘tirib kuzatdi: handaq uncha chuqur emas edi. Tuproq ko‘chib uning bir chekkasi ko‘milgan, bir chekkasida apparat turar edi.
— Bu apparatning tuzilishi haqida komendant sizga izoh berdimi-yo‘qmi, bilmayman, — dedi ofitser sayyohga yuzlanib.
Sayyoh qo‘li bilan mujmal bir harakat qildi. Ofitserga shuning o‘zi kifoya edi; u tushuntirishni boshlab yubordi:
— Bu apparat, — dedi shatunga qo‘lini tekkizib, — marhum komendantimizning ixtirosi. Inshootiing yaralishida men u bilan birga ishlaganman. Dastlabki tashabbusdan tortib, so‘nggi ishlarigacha qatnashganman. Siz sobiq komendantimiz to‘g‘risida eshitgandirsiz? «Yo‘q»? Hech mubolag‘asiz shuni aytish mumkinki, butun koloniyaning ichki tuzilishiga o‘sha odam asos solgan. Biz —— do‘stlari, u qazo qilgan daqiqadayoq bir narsani angladik: koloniyaning tuzilishi shu qadar mukammal ediki, marhumning o‘rniga tayinlangan odam boshida ming xil yangi reja bo‘lsa ham, marhum o‘rnatgan eski tartibni uzoq yillar o‘zgartira olmasdi. Bashoratimiz to‘g‘riyam chiqdi — yangi komendant buni tan oldi. Siz avvalgi komendantni bilmas ekansiz-da, afsus!.. Men ortiqcha gapirib yubordim, shekilli?.. Mana, apparatimiz — qarshingizda! Ko‘rib turibsizki, u uch qismdan iborat. Bora-bora ular oddiygina qilib, ya’ni pastki qismi — «yotoq», tepa qismi «hisobchi», o‘rta qismi — «mola» deb ataladigan bo‘ldi.
— Mola? — deb so‘radi sayyoh. U ofitserning so‘zlarini e’tiborsiz tinglagan edi. Soya tashlaydigan biror daraxti yo‘q vodiy uzra oftob lovillar, issiqda diqqatni bir joyga to‘plash qiyin edi. Ofitser bo‘lsa, bayram libosida, epoletlariga zarbof chilvir taqilgan tor mundir kiyib erinmay tushuntirar, bu ham yetmaganday, qo‘lidagi ochqich bilan goh u murvatni, goh bunisini tortib, sayyohni hayratga solar edi. Chamasi, soqchi askar ham sayyohdan battar ahvolda edi. U zanjirni qo‘liga bog‘lab, ikkinchi qo‘li bilan miltiqqa suyangancha, boshini quyi solib, loqayd turardi. Uning loqaydligi sayyohni taaajublantirmadi, chunki ofitser frantsuz tilida gapirar va bu tilni na soqchi, na jinoyatchi tushunar edi. Lekin jinoyatchi askarning ofitser aytayotgan gaplarni anglashga tirishgani qiziq edi. U lanj bir qaysarlik bilan sayyohga ofitser nimani ko‘rsatsa, o‘shanga qarardi. Sayyoh ofitserning gapini bo‘lib, «mola» haqida suraganida, jinoyatchi ham ofitserga qo‘shilib sayyohga qaradi:
—Ha, «mola», — dedi ofitser, — bu nom juda mos keladi. Uniyam tishlari bor, xuddi molaga o‘xshab ketadi. Lekin jindak farq ham qiladi. Hozir o‘zingiz ko‘rasiz. Mana — «yotoq», jinoyatchi shu yerga yotqiziladi… Yo‘q, sizga avval apparatning tuzilishini ko‘rsatay, keyin ishni boshlaymiz. Buni bilib qo‘ysangiz, ish jarayonini darrov anglab olasiz. Apparat ishlayotganida tushuntirish juda qiyin, chunki «hisobchi»ning bir g‘ildiragi yeyilgan, u qattiq g‘ijirlab, gapni eshitishga xalal beradi. Afsuski, ehtiyot qismlarni topish nihoyatda mushkul… Shunday qilib, mana bu «yotoq»… Paxta to‘shalgan. Mohiyatini hozir anglaysiz. Jinoyatchi bu to‘shakka yuztuban yotqiziladi. Uning qo‘li, oyoqlari va bo‘yni manavi tasmalar bilan bog‘langan bo‘ladi. Jinoyatchining boshi «yotoq»ning manavi joyiga to‘g‘ri keladi va bu yerdan kamat tiqin chiqib, to‘g‘ri jinoyatchining og‘ziga kiradi. Tiqinni og‘izga kirguncha jildiraverish mumkin. Shu tiqin tufayli jinoyatchi na dodlay oladi va na tilini tishlaydi. U, xohlasa-xohlamasa, bari bir, tiqinni og‘ziga oladi, aks holda, bo‘ynidagi tasma uning umurtqasini sindiradi.
— Paxtami bu? — deb so‘radi sayyoh.
— Ha, ha, albatta, — dedi jilmayib ofitser, — ushlab ko‘ring, — ushlab, u sayyohning qo‘lidan tutib, to‘shakni silashga majbur etdi, — alohida ishlov berilgan, shu bois paxtaligini bilish qiyin. Uning vazifasini hali sizga aytib beraman.
Sayyoh endi apparatga qiziqa boshlagan edi, u qo‘lini soyabon qilib pastga qaradi. Bu — xatta inshoot edi. «Yotoq» bilan «hisobchi» bir xil kenglikda bo‘lib, ular ikkita qora qutiga o‘xshardi. Hatto yotoqdan ikki quloch tepada joylashgan va ularni biriktirib turgan bir juft jez g‘o‘la quyoshda yaltillardi. Shu ikki quti o‘rtasidagi «mola» po‘lat simga osilgan edi.
Ofitser sayyohdagi avvalgi loqaydlik deyarli yo‘qolganini sezdi va uning apparatni shoshilmay, bemalol tomosha qilishiga xalal bermaslik uchun hatto gapdan ham to‘xtadi. Jinoyatchi askar ham sayyohga taassuf qila boshladi: u qo‘lini ko‘ziga soyabon qilolmaganidan, pastga qarayotib, qamashgan ko‘zlarini tez-tez yumib ochardi.
— Shunday qilib, jinoyatchi yotibdi… — dedi sayyoh kresloda o‘tirgan joyida oyog‘ini ayqashtirib.
— He. — dedi ofitser va furajkasini ensasiga surdi-da, qizib ketgan yuzini silab qo‘ydi, — endi bu yog‘ini eshiting! «Yotoq» va «hisobchi»da bittadan batareya bor. Birinchi batareya «yotoq»ning o‘zi uchun kerak, ikkinchisi bilan esa «hisobchi» o‘zini «himoya» qiladi. Jinoyatchi bog‘langan zahoti «yotoq» harakatga kelib, bir maromda va tez-tez — ham tikkasiga, ham yon tomonga tebrana boshlaydi. Bunaqa apparatlarni siz kasalxonalarda ko‘rgansiz, albatta. Ammo bizning «yotoq» ularga nisbatan nihoyatda puxta ishlangan. Uning har bir tebranishi «mola» harakatiga mutanosib. Chunki hukm ijrosi — asosan «mola»ning ishi.
— Hukm qanaqa? — deb so‘radi sayyoh.
— Siz hali buni bilmaysizmi? — dedi ofitser taajjublanib, lablarini tishlarkan, — mening izohlarim uzuq-yuluq bo‘lsa, ma’zur tuting, iltimos. Ilgari hammasini komendantning o‘zi tushuntirardi, lekin yangi komendant bu faxrli burchdan voz kechdi. Ammo sizday aziz mehmon, — sayyoh qo‘llarini ko‘tarib bu izzatni rad qilmoqchi edi, ammo ofitser o‘z «ibora»sini o‘zgartmadi, — sizday aziz mehmonga u hatto jazo mazmunini ham tushuntirmabdi, bu men uchun kutilmagan bir… — Ofitser so‘kinmoqchi edi-yu, o‘zini tutdi, — bundan meni hech kim ogoh etmagan, mening aybim yo‘q. Ammo, jazo xususiyatlarini boshqalarga nisbatan o‘zim yaxshiroq tushuntirishim mumkin, chunki mana bu yerda, — deb ko‘krak cho‘ntagini shappatiladi u, — sobiq komendant o‘z qo‘li bilan chizgan noyob chizmalarini asrayman.
— O‘z qo‘li bilan? — deb so‘radi sayyoh. — Sobiq komendant bir necha vazifani o‘tar ekan-da, ham harbiy, ham hukm chiqaruvchi, ham… kimyogar ekan-da?!
— Xuddi shunday! — dedi ofitser bosh silkib. Keyin qo‘llarini sinchiklab ko‘zdan kechirdi: chizmani olay desa barmoqlari unchalik toza emasday ko‘rindi va suv to‘ldirilgan tovoq yoniga borib, qo‘llarini qaytadan yuvdi.
— Jazomiz unchalik qo‘rqinchli emas. «Mola» jinoyatchi tanasiga u esdan chiqargan buyruqni bitadi. Masalan, — deya askarni ko‘rsatdi u, — mana buning badaniga: «Boshlig‘ingni hurmat qil», — deb yoziladi.
Ofitser jinoyatchiga imo etganda, sayyoh ham ko‘z qiri bilan unga qaradi: u boshini quyi solib, ofitserning jillaqursa biror so‘zini tushunish uchun qulog‘ini ding qilib turardi. Lekin uning do‘rdoq lablarining qimirlashi hech narsa tushunmaganidan darak berardi. Sayyoh yana ko‘p narsani so‘ramoqchi edi-yu, jinoyatchining ahvolini ko‘rib, gapini qisqa qildi:
— U qanday jazoga hukm etilganini biladimi?
— Yo‘q, — deya ofitser izoh bermoqchi edi, sayyoh uning gapini yana bo‘ldi:
— O‘z ustidan chiqarilgan hukmni ham bilmaydimi?
— Yo‘q, — dedi ofitser va sayyohning savoliga tushunmaganday duduqlandi, — jinoyatchiga hukmni bildirishning hojati yo‘q. Axir, u o‘z badanidagi yozuv orqali aybini bilib oladi.
Sayyoh gapni to‘xtatmoqchi edi, birdan jinoyatchining o‘ziga qarab turganini sezib qoldi: askar go‘yo ofitser tushuktirgan ish tartibi sayyohga ma’qulmi-yo‘qmi — bilmoqchi edi. Shunig uchun kresloga bemalol yastanishga chog‘langan sayyoh qaddini tiklab, yana oldinga engashdi:
— Loaqal, askar o‘zining jazoga hukm qilinganini bilar?
— Yo‘q, buni ham bilmaydi, — dedi ofitser va sayyohdan yanada g‘alatiroq savollar kutganday jilmayib turaverdi.
— Qiziq, — dedi sayyoh manglayini silab, — bundan chiqdiki, jinoyatchi o‘zini oqlash uchun harakat ham qilmasa kerak?
— Unga o‘zini himoya qilishga zarurat ham yo‘q, — deb javob berdi ofitser go‘yo o‘z-o‘ziga gapirayotganday chetga qarab. U sayyohni keraksiz tafsilotlar bilan zeriktirishni istamasdi.
— Axir, unda o‘zini himoya qilish imkoni bor edimi? — deb sayyoh kreslodan turdi.
Ofitser asosiy ish — apparat haqidagi suhbat uzilib qolishidan cho‘chib, sayyohning yoniga bordi va uning qo‘ltig‘idan oldi; bir qo‘li bilan jinoyatchini (buni sezgan jinoyatchi darrov qaddini rostladi, soqchi askar ham zanjirni tortib qo‘ydi) ko‘rsatib shunday dedi:
— Gap bunday: yoshligimga qaramay, men bu yerda — koloniyada hakam vazifasini bajaraman. Zero, adolat tantana qilishida sobiq komendantga ham ko‘mak berganman va shuning uchun ham bu apparatni hammadan yaxshiroq bilaman. Hukm chiqarayotib men: «Gunohkorlik — doim muqarrar», degan qoidaga amal qilaman. Boshqa hakamlar bu qoida bo‘yicha ish tutolmaydi, chunki ular oliy sud idoralariga qaram va ko‘pchilik bo‘lib ish tutmoqqa majburdirlar. Bu yerda esa bo‘lakcha. Harholda, sobiq komendant davrida shunday edi. To‘g‘ri, yangi komendant mening ishlarimga aralashmoqchi bo‘lib ko‘rdi, ammo men hozircha uniig hujumlarini qaytarib kelyapman, umid qilamanki, bundan keyin ham u menga xalal berolmasa kerak… Siz bugungi marosimga sabab bo‘lgan voqeani bilishni istayapsiz, mayli, aytib beraqolay. Qisqasi, bugun ertalab bir kapitan o‘z denshchigining xizmat paytida uxlab qolgani haqida xabar berdi. Denshchik har soatda, zang urilishi bilanoq, kapitan eshigi oldida qad rostlab uning sharafiga qo‘lni ko‘tarib qo‘yishi kerak edi. Bu unchalik og‘ir ish emas, lekin qoida shunday. Chunki ofitserni qo‘riqlab, unga xizmat qilayotgan soqchi hamisha hushyor turishi shart. Kecha tunda kapitan denshchikning o‘z burchini qanday bajarayotganini tekshirmoqchi bo‘lib chiqsa, u ikki buqilgancha uxlayotgan emish. Kapitan xivich bilan basharasiga tushiribdi. Soqchi o‘rnidan turib, kechirim so‘rash o‘rniga, o‘z xo‘jayinining boshini yerga qaratib oyog‘idan ko‘taribdi-da, «Xivichni tashla, yo‘qsa o‘ldiraman!» deb uni silkita boshlabdi. Mana sizga bo‘lgan voqea. Bundan bir soat oldin kapitan mening yonimga keldi, men uning ko‘rsatmalarini yozib oldimu darrov hukm chiqardim. Keyin denshchikni kishanlashni buyurdim. Bularning hammasi shunchaki rasmana ishlar. Agar, men denshchikni chaqirib so‘roq qila boshlasam, anglashilmovchilik ko‘payardi. Denshchik noto‘g‘ri so‘zlar edi, bu yolg‘onni rad qilganim zahoti u yana yolg‘on-yashiq gaplar to‘qir edi va hokazo. Lekin hozir u mening qo‘limda, men esa uni qo‘yib yubormayman… Endi hammasiga tushungandirsiz?.. Vaqt o‘tyapti, jazoni boshlash payti ham keldi, men bo‘lsa haligacha sizga apparatning qurilishini tushuntirib ulgurganim yo‘q.
Ofitser sayyohni yana kresloga o‘tirishga majbur qildi va o‘zi apparatning yoniga borib, gapira boshladi:
— Ko‘rib turganingizdek, «mola» odam tanasining andomiga to‘g‘ri keladi: mana bu joyi odamning gavdasi uchun, mana bunisi oyoqlari uchun, bosh uchun esa mana bu pichoqsimon tish mo‘ljallangan. Endi tushunarli bo‘lgandir-a?
U eng mayda tafsilotlarni ham izohlashga tayyorligini ko‘rsatish uchun sayyohning tepasiga kelib mehribonlik bilan engashdi.
Sayyoh xo‘mrayib «mola»ga qaradi. Sud ishlari uni qanoatlantirmagan edi. Shunga qaramay, sayyoh bu yerning jazo koloniyasi ekani va qonunlarning shafqatsiz bo‘lishi tabiiyligi, harbiy qoidalarga rioya qilish zarurligini ichida o‘ziga uqtirardi. Lekin u yangi komendantga umid bog‘lab, uning imillab bo‘lsa ham, sud ishlarini yangilashga harakat qilayotganini va bu islohni manavi to‘nka ofitser hech qachon tushunmasligini o‘yladi. Shu umid bilan sayyoh savol berdi:
— Jazo paytida komendant ham hozir bo‘ladimi?
— Bu ham aniq emas, — dedi ofitser kutilmagan savoldan xafa bo‘lganday va shu zahoti uning yuzi o‘zgardi, xuddi shuning uchun ham biz shoshilishimiz kerak. Afsuski, izohlarni qisqartirishga to‘g‘ri keladi. Lekin ertaga apparat tozalanganidan keyin (bu qurilma tez ifloslanadi, asosiy kamchiligi ham shu) men sizga qolganlarini tushuntirib berishim mumkin. Hozircha, eng zaruri ustida to‘xtalaman… Demak, jinoyatchi «yotoq»qa yotgach, u tebrana boshlaydi va «mola» jinoyatchining tanasini bosadi. «Mola»ning tishlari avtomatik ravishda tanaga tegib-tegmay turadi: «mola» sozlangandan keyin esa, u osilgan sim tarang tortilib, ish boshlanadi. Bilmagan odam jazo jarayonida biror qiziq tomosha ko‘rishi gumon. Unga «mola» bir xilda ishlayotganday tuyuladi. Aslida, «mola» tez-tez tebranib, tishlarini tanaga botiradi, tana ham «yotoq» bilan birga shu maromda tebranadi. Jazo jarayonini xohlagan kishi tekshirib ko‘rishi uchun «mola» shishadan yasalgan. Tishlarni o‘rnatishda ancha qiyinchiliklarga duch kelindi, ammo ko‘p urinishlardan so‘ng, ularni mahkam biriktirishga muvaffaq bo‘ldik. Mehnatni ayamadik. Endi tanaga yozilayotgan yozuv qanday bajarilishini hamma ko‘rishi mumkin. Yaqinroq keling, tishlarni o‘zingiz ko‘ring!
Sayyoh sekin o‘rnidan turdi-da, apparatga yaqin borib, engashdi.
— Siz, — dedi ofitser, — ikki xil joylashgan tishlarni ko‘rib turibsiz, Har bir uzun tishning yonida bittadan kalta tish bor. Uzun tish yozadi, kaltasi suv chiqarib, qonni yuvadi va yozuvning ravshanligini ta’minlaydi. Qonli suv kichik quvurchalardan o‘tib, kattasida to‘planadi, keyin xandaqqa oqib tushadi.
Ofitser suv oqadigan yo‘nalishni qo‘li bilan ko‘rsatdi. U gapi yaxshi anglanishi uchun tarnovdan go‘yo o‘sha suvni olganday hovuchlarini jipslashtirgan edi, sayyoh boshini ko‘tarib, qo‘lini orqaga qilgancha, kreslo tomon tislandi. Bu ham yetmaganday, u ofitserning «mola»ni ko‘ring degan taklifiga jinoyatchi ham bo‘ysunganini ko‘rib, dahshatga tushdi. Jinoyatchi mudroq soqchini sudrab «mola» yoniga kelgan va shisha uzra engashgancha turardi. U hozirgina manavi janoblar tomosha qilgan narsani izlar, ammo birov ko‘rsatmaganidan keyin, hech baloga tushunmay, goh u yoqqa, goh bu yoqqa enkayib, «mola» shishasi bo‘ylab ko‘z yugurtirar edi. Sayyoh uni haydamoqchi bo‘ldi, chunki uning xatti-harakati g‘ayriqonuniy va jazoga loyiq bo‘lishi mumkin, deb o‘yladi. Lekin ofitser sayyohni tutib qoldi, keyin yerdan bir siqim tuproq oldi-da, soqchiga otdi. Soqchi seskanib uyg‘ondi va jinoyatchining haddidan oshganini ko‘rib, miltig‘ini qo‘ydi-yu, oyoqlarini yerga tiragancha, qo‘lidagi zanjirni shunday kuch bilan tortdiki, jinoyatchi askar gursillab yiqildi. Keyin pastda zanjirlarini shaldiratib tipirchilayotgan jinoyatchiga qarab tek qoldi.
— Uni turg‘azib qo‘y! — deb baqirdi ofitser sayyohning diqqati jinoyatchiga alahsib qolayotganini sezgach.
Sayyoh «mola» ustida engashgan esa-da, «mola»ga qaramas, balki hozir jinoyatchi nima bo‘lishini kutar edi.
— Uni ehtiyot qil! — deb baqirdi ofitser va soqchiga ishonmay, apparatni aylandi-da, jinoyatchining yoniga o‘zi borib, uning yulqinishiga qaramay, soqchi yordamida qo‘ltig‘idan ko‘tarib, oyoqqa qo‘ydi.
Endi menga hammasi ayon, — dedi sayyoh ofitser qaytib kelgach.
Lekin asosiy narsa u yoqda, — dedi ofitser va sayyohning tirsagini qisib, yuqoriga imo qildi, — «hisobchi»ning g‘ildiraklar tizimi o‘sha yerda joylashgan. Ular «mola» harakatini belgilaydi. Bu tizim sud hukmi tayyorlagan chizma bo‘yicha o‘rnatiladi. Mana, u, ofitser hamyonidan bir necha qog‘oz chiqardi, — afsuski, bu qog‘ozlarni qo‘lingizga berolmayman. Bu mening — yagona boyligim. Manayi yerga o‘tiring, shunda hammasi kaftdagidek ko‘rinadi.
Ofitser birinchi qog‘ozni chiqardi. Sayyoh shunchaki maqtab qo‘ymoqchi ham bo‘lgan edi, ammo qog‘ozdagi chiziqlar shu qadar ayqash-uyqash va bir-biri bilan qayta-qayta kesishganidan sira ochiq joy qolmagan edi.
— O‘qing, — dedi ofitser.
— Men o‘qiy olmayman, — dedi sayyoh.
— Hammasi aniq yozilgan-ku, — dedi ofitser.
Ha, juda did bilan yozilgan, — dedi sayyoh gapdan qochib, — faqat men yaxshi ilg‘ay olmayapman.
— To‘g‘ri, dedi ofitser kulib hamyonini cho‘ntagiga solarkan, bu maktab o‘quvchilarining alifbosi emas. Diqqat bilan o‘qish kerak. Ana shunda siz ham tushunib olardingiz. Albatta, bu harflar sodda bo‘lishi mumkin emas: chunki chizma bo‘yicha jinoyatchi tez o‘lmasligi lozim. O‘rta hisobda jazo olti soat davom etadi. Keskin burilish payti oxirida yuz beradi. Har bir jumla o‘z mazmuniga ko‘ra bezatiladi. Yozuvning o‘zi tanada nozik kamar shaklidagina bo‘ladi. Tananing qolgan qismini faqat bezaklar to‘ldiradi. Endi siz «mola»ning ishini va, umuman, apparatni baholay olarsiz! Qarang!
Ofitser sakrab trapga chiqdi va qandaydir g‘ildirakni aylantirdi. Keyin pastga qarab: «Diqqat, chetga qochinglar!», deya baqirdi. Apparat harakatga keldi. Agar, g‘ildiraklardan biri shaqirlamaganida, hammasi joyida edi-ya. Ofitser bu g‘ildirakning «qilig‘i»dan uyalganday, unga o‘zicha musht o‘qtaldi, keyin sayyohdan kechirim so‘ragan bo‘lib, qo‘llarini yozdi-da, apparatni pastdan kuzatish uchun shoshib tepadan tushdi. Apparatning faqat ofitsergagina ma’lum bo‘lgan yana bir buzuq joyi bor, shekilli, u qaytadan trapga chiqib, qo‘llarini «hisobchi»ning ichiga tiqdi, keyin vaqtni yo‘qotmaslik uchun po‘lat quvurga o‘tirdiyu g‘izillab pastga tushib, shovqin ichida sayyohning qulog‘iga qichqira boshladi:
— Mashina faoliyati sizga tushunarli bo‘ldimi endi?.. «Mola» shunday yoza boshlaydi: yelkaga dastlabki yozuv tushgandan keyin paxta qatlami sekin aylanib, tanani ag‘daradi va yozishga yangi maydon tayyorlaydi. Tananing yozilgan qismidagi qonni esa maxsus ishlangan paxta so‘rib oladi va yozuvning botib turishi uchun imkoniyat yaratadi. «Mola» chetidagi mana bu tishlar tana ag‘darilayotgan paytda yaraga yopishib qolgan paxta parchalarini yulib oladi va handaqqa tashlaydi. Keyin «mola» yana harakatga keladi, Shu ko‘yi «mola» o‘n ikki soat davomida yozuvni chuqurlashtirib boraveradi. Dastlabki olti soatda jinoyatchi avvalgiday yashaydi, faqat og‘riqdan azoblanadi. Ikki soat o‘tgach — bas, jinoyatchi og‘zidagi namat tiqinni ham olib tashlasa bo‘laveradi, chunki uning baqirishga madori qolmaydi. Jinoyatchining bosh tarafiga, mana bu tovoqqa (u elektr bilan qizdirib turiladi) iliq guruch bo‘tqa solinadi. Agar, jinoyatchi tili yetsa, undan yeyishi mumkin. Shu kungacha bu lazzatdan bosh tortgan birorta jinoyatchi bo‘lmadi. Harholda, shunday. Faqat besh soatdan keyin jinoyatchi ovqatga qaramay qo‘yadi. Shunday paytlarda men mana shu yerga cho‘kka tushib, manzarani kuzataman. Odatda, jinoyatchi bo‘tqaning so‘nggi yutimini yeb qo‘ymay, og‘zida aylantirib lo‘ndalaydi-da, handaqqa tuflaydi. Agar, shunday paytda engashib qolmasam, bo‘tqa naq yuzimga chaplanishi mumkin. Ammo oltinchi soatda jinoyatchi shunday muloyimlashadiki, eng kaltafahm jynoyatchilarning ham tafakkuri ravshanlashadi. Bu hodisa uning ko‘zlari tevaragida boshlanib, atrofga yoyildi. Bu manzara kishini sehrlaydi, «mola» tagiga kirging keladi. Keyin aytarli hech narsa yuz bermaydi, faqat jinoyatchi yozuvni tushuna boshlaydi, uni tinglagan kabi qulog‘ini ding qiladi. Siz hali qog‘ozda ko‘rdingiz, yozuvni ko‘rish qiyin, bizning jinoyatchimiz esa uni o‘z yaralari orqali o‘qiydi. Albatta, bu oz mehnat emas, uni nihoyasiga yetkazmoq uchun olti soat kerak. Olti soatdan keyin «mola» tishlari jinoyatchi tanasini butunlay teshadi va uni handaqqa — qonli paxta va suv ichiga itqitadi.
Sayyoh ofitser tomon xiyol engashib quloq solar va ayni paytda mashinaning ishlashini kuzatardi. Jinoyatchi ham apparatga qarab turar, ammo hech narsa anglamasdi. U enkaygancha, «mola»ning borib kelayotgan tishlariga tikilib turganida, soqchi askar (ofitserning ishorasi bilan) ortidan kelib, pichoq bilan ko‘ylak va ishtonini ikkiga bo‘lib tashladi. U uyatini yopish uchun ishtonini yerdan ko‘tarmoqchi bo‘ldi-yu, ammo soqchi qolgan-qutgan juldurini ham yulib oldi. Ofitser mashinani sozladi; shovqin-suronsiz yalang‘och askarni «mola» ostiga yotqizishdi. Uning qo‘lidagi zanjir o‘rniga tasmalar bog‘landi. Ilk daf’a bu jinoyatchi uchun yengillikday ko‘rindi. Keyin «mola» odatdagidai ko‘ra pastroq tushdi, chunki askar oriq edi. Badaniga tishlar tekkanida askar titray boshladi. Soqchi uning o‘ng qo‘lini bog‘larkan, jinoyatchi chap qo‘lini beixtiyor sayyoh tomon cho‘zdi. Ofitser bo‘lsa ko‘z qiri bilan sayyohni kuzatar, bu jazo (garchi yuzaki tushuntirgan bo‘lsada) qanday taassurot uyg‘otishini chet ellikning yuzidan bilib olishga intilar edi.
Soqchi askar qattiq tortganidanmi, bilakka bog‘lanadigan tasma uzilib ketdi. U ofitserni yordamga chaqirib, unga uzilgan tasmani ko‘rsatdi. Ofitser uning yoniga bordi va so‘ngra ortiga o‘girilib, sayyohga izoh bera boshladi:
Mashina murakkab bo‘lgani uchun doim nimadir sinib, nimadir uzilishi mumkin, ammo bu hol mashinani baholashda putur yetkazmasligi lozim. Masalan, uzilgan tasma o‘rnida men darhol zanjirdan foydalanishim mumkin. To‘g‘ri, bu holda o‘ng qo‘lning tebranishi o‘z nafosatini bir oz yo‘qotadi.
Ofitser zanjirni bog‘layotib, qo‘shib qo‘ydi:
— Mashinaning ishlashi uchun ajratilayotgan mablag‘ juda kam. Sobiq komendant davrida bu mablag‘ni men o‘z bilganimcha sarflar edim. Bu yerda har xil zarur temir-tersak saqlanadigan xona bor edi, Men asboblarni ayamay ishlatardim. Avval shunaqa edi. Yangi komendant bo‘lsa eski tartibni ma’n qilishga intilgani-intilgan. Hozir mashina uchun ajratilgan pulga o‘sha xo‘jayin, deylik, men yangi tasma olib kelishga odam yuborsam, komendant eski tasmani ko‘rsatishni talab qiladi va oqibatda o‘n kun vaqt o‘tib, yangisini yuboradi, ammo bu ham yaroqsiz chiqadi. Men tasmasiz mashinani qanday boshqaraman — bu bilan hech kimning ishi yo‘q.
«Birovlarning ishiga dabdurustdan aralashmoq doim xavflidir», deb o‘yladi sayyoh. Chunki u koloniyada ham, koloniya qarashli bo‘lgan mamlakatda ham yashamaydi. Agar, sayyoh jazo marosimini tanqid qilsa yoki uni to‘xtatishga urinsa, unga: «Sen chet elliksan, izzatingni bilib, jim tur», deyishlari mumkin, o‘shanda sayyoh bunga e’tiroz qilmas, aksincha, u: «Men ham o‘zimga hayronman, axir, men begona mamlakatlarning sud ishlarini o‘zgartirish uchun emas, balki ilm axtarib sayohatga chiqdim-ku», deb aytgan bo‘lardi. Lekin bu yerdagi ahvol sayyohni qiziqtirib qo‘ygandi. Sud ishlaridagi adolatsizlik va jazoning vahshiyonaligi shundoqqina ko‘rinib turardi. Sayyohni ham birov manfaatdorlikda ayblay olmas, chunki u jinoyatchiga na qarindosh, na vatandosh bo‘ladi. U jinoyatchiga achinmas, umuman, jinoyatchi odamda rahm uyg‘otadigan kishi emasdi. Lekin sayyoh bu yerga oliy idoralar tavsiyanomasi bilan kelgan bo‘lib, uni yaxshi kutib olgan edilar. Hatto jazo marosimiga taklif qilayotib, sayyohdan bu yerning sud ishlari haqida fikr bildirishini zohiriy istaganday ham bo‘lishdi. Hozir ma’lum bo‘ldiki, yangi komendant ham sayyohga o‘xshab bu ofitserga nisbatan deyarli dushmanlarcha munosabatda-yu, koloniyadagi sud tartiblari uni ham qanoatlantirmas ekan.
Sayyohning xayolini ofitserning darg‘azab qichqirig‘i bo‘ldi. U bir amallab namat tiqinni jinoyatchi og‘ziga solgan edi, jinoyatchining ko‘ngli aynib, ko‘zlarini yumgancha qaltiray boshladi. Ofitser shosha-pisha uning boshini handaq tomon burmoqchi bo‘ldi, ammo ulgurmadi — askarning og‘zidan qusuq otilib chiqib, butun mashinani bulg‘adi.
— Hammasiga komendant aybdor! — deya qichqirdi ofitser g‘azabdan temir g‘o‘lani yulqilab. — Mashinani xuddi cho‘chqaxonaday bulg‘ashadi!
U hamon titrayotgan qo‘llari bilan askarga ishora qilib, sayyohga dedi:
— Jazodan bir kun oldin ovqat berishni to‘xtatish zarurligini komendantga soatlab aytganman. Lekin yangi tartib tarafdorlari boshqacha fikrda. Jinoyatchini olib ketish arafasida komendantning xonimlari unga har xil shirinliklar ulashadi. Umr bo‘yi sassiq baliq yeb kun kechirgan bu nusxa endi shirinlik yeyishi kerakday! Mayli, bunisiga ham chidash mumkin, men bunga ko‘nikib qoldim, ammo komendantdan yangi namat tiqin so‘raganimga uch oy bo‘ldi. Mana, qarang, yuzlab odam o‘limi oldidan tishlab, so‘rgan bu tiqinni jirkanmay og‘izga olish mumkinmi, axir?!
Jinoyatchi boshini yostiqqa qo‘ydi, uning ko‘rinishi osoyishta edi. Soqchi askar jinoyatchining ko‘ylagi bilan mashinani arta boshladi. Shu payt ofitser sayyohga yaqinlashdi. Sayyoh nimadandir shubhalanib bir qadam ortga tislandi, lekin ofitser uning qo‘lidan ushlab, chetga tortdi.
— Sizga bir gap aytsam maylimi?
— Albatta, —dedi sayyoh va boshini quyi solib tinglashga chog‘landi.
— Hozir siz tomosha qilayotgan bu adolatli sud va jazoning koloniyamizda ochiq tarafdorlari, muxlislari yo‘q. Buning yagona himoyachisi men va sobiq komendant qoldirgan merosning ham yolg‘iz himoyachisi o‘zimman. Mazkur sud tartiblarini kelajakda takomillashtirish mening xayolimda ham yo‘q. Butun kuchim mana shu — borini asrashga ketyapti. Eski komendant davrida koloniya uning maslakdoshlari bilan to‘la edi. Ishontirish qobiliyati menda ham bor, faqat sobiq komendant mansabdan ajralgan. Shu sabab uning tarafdorlari ko‘p bo‘lsa-da, hozircha jim, pusib yurishibdi. Agar bugun — jazo marosimi kuni qahvaxonaga kirsangiz ham gap-so‘zlarga quloq solsangiz, faqat mujmal suhbatlardan boshqa hech narsani eshitmaysiz. Chunki bu odamlar eski tartibni yoqlashsa ham, toki yangi komendantning qarashlari o‘zgarmas ekan, ulardan biror gap chiqishi qiyin. Endi sizdan so‘ramoqchiman: nahotki, o‘sha komendant va uning xonimchalari dastidan bir odam umrini sarf qilib yaratgan mana shu mo‘jiza (apparatni ko‘rsatib) yo‘q bo‘lib ketsa? Bunga yo‘l qo‘yish mumkinmi? Hatto siz chet ellik bo‘lsangiz ham, hatto bizning orolga bir necha kunga kelgan bo‘lsangiz ham, ayting, shunaqayam bo‘ladimi? Vaqt o‘tib boryapti. Mening sud ishlarimga qarshi allaqanday choralar ko‘rishayotgani aniq: komendaturada mensiz qandaydir majlislar o‘tkazishmoqda. Hatto sizning bu tashrifingiz ham vaziyatning qaltisligidan darak beryapti; ular o‘zlari kelishdan cho‘chib, avval sizni — chet ellik odamni jo‘natishadi… Ilgari jazo marosimi qanday tantanali ravishda o‘tardi-ya! Qatlga bir kun qolganda vodiy odamga to‘lib ketardi. Bu tomoshani ko‘rish uchun hamma kelardi. Erta tongda komendant o‘z xonimlari bilan paydo bo‘lganda, nog‘ora tovushidan butun lager uyg‘onardi. Men komendantga hamma narsa tayyorligi haqida darrov axborot berardim. Yuqori lavozimdagilardan birortasining marosimdan ketishga haqqi yo‘q edi. To‘planganlar mashina atrofida o‘tirardilar. Anavi to‘qima kreslolar — o‘sha paytdan qolgan-qutgani… Mashina top-toza, yarqirab turardi. Men har bir qatl oldidan mashinaga yangi qismlar qo‘yardim. Yuzlab tomoshabinlarning ko‘zi oldida komendant jinoyatchini o‘z qo‘li bilan «mola» ostiga yotqizdirardi, odamlar bo‘lsa, hu anavi do‘nglikkacha uymalashib, oyoqlarining uchida turishib tomoshani kuzatardi. Bugun oddiy askar bajarayotgan ish kaminangiz — sud raisining faxrli burchi edi. Qatl ana shunaqa boshlanardi! Mashina hech qachon buzilib qolmasdi. Ba’zi birovlar mashinaga umuman qaramas, ko‘zlarini yumib qumda yotardilar, chunki adolat tantana qilishini shundoq ham yaxshi bilishardi. Sukunat ichra og‘ziga namat tiqilgan jinoyatchining bo‘g‘iq ingrashi eshitilardi, xolos. U paytlar «mola» tishlari o‘zidan achchiq suyuqlik chiqarardi, hozir bu usul ta’qiqlangan.
Qatlning oltinchi soati!.. Manzarani yaqindan ko‘rishga intilganlarning iltimosini qondirish mumkin bo‘lmay qolardi. Ammo komendantimiz fahmli kishi edi, u dastlab eng oldinga bolalarni o‘tkazardi. Mavqeim taqozasiga ko‘ra men mashinaning yonida turishga haqli edim, hu anavi yerda har tizzamga bittadan bolani olib, qatlni kuzatar edim. Jinoyatchining azobdan qiyshaygan chehrasida ajib bir ravshanlikni ko‘rardik biz, bu — nihoyat erishilgan va ayni paytda yana yo‘qolib borayotgan adolat nuri edi, unga cho‘milardik! Eh, do‘stim, qanday zamonlar edi u zamonlar!
Ofitser yonida kim turganini mutlaqo unutgandi: u sayyohni do‘stona quchoqlab, yelkasiga boshini qo‘yganday bo‘ldi. Sayyoh bo‘lsa, nima qilarini bilmay, betoqatlik bilan chetga qarab turardi. Askar mashinani tozalab bo‘ldi, endi tunuka idishdagi bo‘tqa qoldiqlarini tovoqqa sola boshladi. Hushi o‘ziga kelgan jinoyatchi buni ko‘rdiyu darrov tilini tovoq tomon cho‘zdi. Lekin soqchi askar uning boshini orqaga itarib qo‘ydi va ochiqqan sho‘rlikning ko‘z oldida iflos qo‘llarini bo‘tqaga tiqib, o‘zi yeya boshladi. Bu ham tartibga xilof edi, albatta.
Ofitser o‘zini tezda o‘nglab oldi.
— Sizga ta’sir o‘tkazish niyatim yo‘q, — dedi u, — endi o‘sha paytlarni aytib birovga anglatish mahol, buni o‘zim ham bilaman. Nima bo‘lganda ham mashina ishlayapti, qiymati qanday ish berishiga bog‘liq. Har qalay, u butun bir vodiyda yagona bo‘lsa-da, ish beryapti: hamon jinoyatchining tanasi aql bovar qilmas doira yasab, handaqqa uchyapti, garchi handaq tevaragida yuzlab odam pashshaday uymalashmasa-da!
Ilgarilari bu handaq mustahkam panjara bilan o‘ralgan bo‘lib, uni allaqachon qo‘porib tashlashgan edi.
Sayyoh ofitserdan yuzini olib qochish uchun goh u, goh bu yoqqa ma’nisiz alanglardi. Ofitser sayyohni vodiyning kimsasizligi taajjublantirdi deb o‘yladi, shekilli, yoniga borib qo‘lidan ushladi, girdikapalak bo‘lib, ko‘ziga qaramoqchi bo‘ldi:
— Ana, ko‘rdingizmi sharmandalikni? — dedi ofitser.
Sayyoh unga javob bermadi. Ofitser ham kutilmaganda jim bo‘ldi va qo‘llarini beliga tirab, oyoqlarini kergancha yerga tikilib qoldi. Keyin ko‘tarinki bir tabassum bilan sayyohga boqdi:
— Kecha komendant sizni taklif qilayotganida, men o‘sha yerda edim. Komendantni bilaman. Sizni nima maqsadda bu yerga taklif qilganini darrov tushundim. Menga qarshi turishga uning kuchi yetsa ham, hozircha jur’at qilmayapti. Lekin sizday hurmatli chet el mehmonining men haqimdagi fikrini eshitib ko‘rmoqchi. Uning rejasi aniq: sizning orolimizga kelganingizga ikki kun bo‘ldi, eski komendantning o‘zini ham, qarashlarini ham hali bilmaysiz, balki siz, — ovrupo bid’ati tarbiyalagan odam — umuman, o‘lim jazosiga, qisman biznikiday avtomatlashgan qatlga, nihoyat, bu qatl sal eskirgan mashinada, tomoshabinlarsiz ijro etilishiga mutlaqo qarshidirsiz. Komendant shuni o‘ylagan. Bularning hammasi, men qilayotgan ishlar sizga yoqmasligiga umid tug‘diradi, shunday emasmi? Agar, sizga yoqmas ekan (men hamon komendant fikrini aytyapman), bu haqda, albatta, qayerdadir gapirasiz, chunki siz o‘zingizning katta tajribangizga suyanib ish qilishingiz tabiiy. To‘g‘ri, siz turli xalqlarning o‘ziga xos odatlarini yaxshi bilasiz va olimlarcha fikr yuritib, bu yerda ko‘rganlaringiz xususida hamma joyda ham, deylik, o‘z yurtingizdagiday, keskin gapirmaysiz, albatta. Komendantga buning keragi ham yo‘q. Unga sizning shunchaki aytgan bir qaltis gapingiz kifoya. Bu gap garchi e’tiqodingizga aloqasiz esa-da, komendantning istagini qondirsa bo‘ldi. Keyin u sizga ayyorlik bilan har xil savollar beraveradi. Uning xonimchalari esa sizni o‘rab, quloqlarini ding qiladilar. Deylik, «bizda sud ishlari boshqacha» yoki «bizda o‘lim jazosidan bo‘lak jazolar ham bor» yoki «odamni qiynash bizda faqat o‘rta asrlarda bo‘lgan», desangiz, bas. Mayli, bu gaplaringiz to‘g‘ri bo‘la qolsin. Mayli, ular sizningcha tabiiy bo‘lib, mening ishimga aloqasi yo‘qday tuyulsin, lekin, bilasizmi, komendant nima qiladi? Men buni tasavvur etaman. Komendant bu gapni eshitiboq, o‘tirgan kursisini keskin chetga suradi-da, boloxonaga chiqadi. Uning izidan xonimlari ergashadi. Keyin uning xonimchalari «momoqaldiroqday» deb atashgan ovoz eshitiladi: «G‘arbning buyuk olimi, butun mamlakatlarda sud ishini qayta ko‘rib chiqish uchun tayinlangan vakil hozirgina bizning eski tartib insoniy emasligini e’lon qildi. Men bu hurmatli zot xulosasidan so‘ng eski udum bilan kelisholmayman va buyruq beramanki, shu soatdan boshlab…» Va hokazo. Siz shunda gapga aralashmoqchi bo‘lasiz, men bu gaplarni aytmadim, demoqchi bo‘lasiz, mening uslubim vahshiyona emas, balki chinakam insoniy uslub, insonga loyiq yagona uslub ekanini, apparatga qoyil qolganingizni ham aytmoqqa shaylanasiz, ammo endi kech bo‘ladi. Chunki siz xonimchalar to‘plangan boloxonaga chiqolmaysiz, hammani o‘zingizga qaratmoq uchun qichqirmoqchi bo‘lasiz, ammo birorta xonimning qo‘lchasi og‘zingizni berkitadiyu men va sobiq komendantning vasiyatlari barham topadi.
Sayyoh kulgidan o‘zini zo‘rg‘a tutdi: u og‘ir deb hisoblagan vazifa shunchalik oson ekan-da. Shunga qaramay, u ikkilanib gapirdi:
— Siz mening mavqeimga ortiqcha baho beryapsiz: komendant mendagi tavsiyanomani o‘qib ko‘rgan va mening sud ishlari bo‘yicha bilimdon emasligim endi unga ayon. Mabodo, men biror fikr bildirganimda ham, bu fikr har qanday odam ayta oladigan shunchaki fikr bo‘lar edi. Harholda, meniki komendantning fikrichalik, ya’ni koloniyada bilishimcha, keng huquqqa ega odamning fikrichalik mavqega ega bo‘lmaydi. Agar, bu tuzum haqida komendantning rejasi siz aytganday chindan qiyomiga yetgan bo‘lsa, mening arzimas yordamimsiz ham tuzum qulamasa, deb qo‘rqaman.
Ofitser buni angladimikan? Yo‘q, hali anglamagan edi. Ofitser boshini chayqadi-da, soqchi askar bilan jinoyatchiga qaradi. Ular seskanib bo‘tqadan qo‘llarini tortishdi, Keyin ofitser sayyohga yaqin kelib, uning ko‘ziga emas, kamzuli yoqasiga qarab, odatdagidan sekinroq gap boshladi:
— Siz komendantni bilmaysiz. Unga ham, bizga ham, meni kechiring-u, bir qadar, soddadillik bilan yondashyapsiz. Sizning ta’siringiz, menga ishoning, bebahodir. Qatl paytida yakka siz bo‘lishingizni eshitib, quvonganimni bilsangiz edi. Komendantning rejasi bo‘yicha bu menga zarba bo‘lishi kerak, men esa zarbani o‘z foydamga hal qilyapman. Siz mening izohlarimni bemalol tingladingiz. Agar, odamlar bo‘lganida nafratomuz nigohlariyu munofiq shivirlashlari bilan bizga xalal berishardi. Mana, siz mashinani o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz. Endi qatlni ko‘rmoqchisiz. Sizning xulosangiz, albatta, tayyor bo‘lsa kerak. Mabodo, biror yetishmovchilik bo‘lsa, qatl manzarasining o‘zi buni bartaraf qiladi. Endi sizga murojaat etmoqchiman: komendantni yengishga yordam bering, iltimos!
Sayyoh uning gapini og‘zidan oldi:
— Men nima qila olaman?! — deya xitob qildi u. — Buning iloji yo‘q. Men sizga xalaqit berolmaganimday, yordamim ham tegmaydi.
— Tegadi! — dedi ofitser (sayyoh uning qisilgan mushtini ko‘rib, cho‘chidi). — Yordamingiz tegadi, — dedi yana ta’kidlab ofitser, — menda bir fikr bor, o‘ylaymanki, bu qo‘l keladi. Siz, «ta’sirim yetarli emas», deyapsiz. Menimcha, yetarli. Mabodo siz haq bo‘lsangiz ham, nahotki, eski tartibni saqlab qolish yo‘lida eng kichik, mayli, befoyda tuyulgan imkoniyatdan foydalanmasak? Mening rejamga quloq soling. Bu reja amalga oshishi uchun avvalambor siz koloniyada bizning sudimiz xususida iloji boricha yumshoqroq gapirmog‘ingiz darkor. Agar, sizdan birov so‘ramasa, umuman, gapirmang. Gapirgan taqdirda ham qisqa va mujmal gapirgan ma’qul. Ular sizga bu haqda so‘zlash oson emasligini ko‘rsin, mabodo ochiq gapirsangiz, o‘zingizni so‘kinib yuboradiganday tuting. Men sizdan yolg‘on so‘ylashni talab qilayotganim yo‘q. Faqat qisqa javob bersangiz bas. Norozi ohangda «ha, men hukm ijrosini ko‘rdim» yoki «ha, men barcha izohlarni tingladim», desangiz kifoya. Norozi ohangda gapirish uchun sizda yetarli asos bor. Komendant bu norozilikni o‘zinikiga mutlaqo teskari ekanini bilmaydi. Komendant buni o‘z foydasiga deb biladi. Keyin ertaga komendant raisligida boshqarmaning hamma mansabdorlari qatnashadigan majlis chaqiriladi. Komendant bunaqa yig‘ilishlarni tomoshaga aylantirishga usta. Hatto tomoshabinlar uchun alohida bo‘lmalar ham qurishgan. Odam doim ko‘p bo‘ladi. Ko‘nglim aynisa ham, o‘shanaqa majlislarga qatnashishga majburman. Sizni, albatta, taklif qilishadi. Agar, siz bugun o‘zingizni men aytganday tutsangiz, ularning taklifi iltijoga ham aylanishi turgan gap. Bordiyu sizni qandaydir sabablarga ko‘ra taklif qilmasalar, siz taklifni o‘zingiz so‘rab olishingizga to‘g‘ri keladi va iltimosingiz qondirilishiga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi. Shunday qilib, siz ertaga xonimchalar bilan komendant ravog‘ida o‘tirgan bo‘lasiz. Komendant vaqti-vaqti bilan sizni o‘tiribdimi-yo‘qmi deb tepaga qarab qo‘yadi. Anchagacha faqat tinglovchilarga mo‘ljallab qilingan asossiz ma’ruzalardan so‘ng, deylik, odatdagiday, portdagi qurilish ishlari haqidagi nokerak masala ko‘riladi va keyin gap sud ishlariga kelib taqaladi. Men o‘rnimdan turib bugungi qatl haqida axborot beraman. Axborotim juda qisqa bo‘ladi. To‘g‘ri, uni lo‘nda qilib aytish mumkin emas, lekin shunday qilaman. Komendant odatdagiday jilmayib, minnatdorchilik izhor etadi menga va qulay imkoniyatni boy bermay, o‘rnidan turadi. «Hozirgina, — deydi u yoki shunga o‘xshash bir gap qiladi, — hozirgina biz bo‘lib o‘tgan qatl haqidagi axborotni eshitdik. Shaxsan men shuni eslatib qo‘ymoqchimanki, qatl marosimida buyuk olim ham ishtirok etdi. U bizning koloniyamizga tashrif buyurib, katta iltifot ko‘rsatgani hammangizga ma’lum, Bugungi majlisimiz ham bu muhtaram zot qatnashayotgani sababli katta ahamiyatga egadir. Biz eski odat bo‘yicha chiqarilgan hukm va uning ijrosi haqida ulug‘ olimdan fikr-mulohazalarini aytishini iltimos qilsak, nima deysizlar?» Albatta, hamma chapak chaladi, men esa ulardan ham ko‘proq chalaman. Komendant sizga ta’zim qilib: «Demak, bu savol barchaning nomidan berildi sizga», deydi. Siz esa o‘rningizdan turib to‘siq yoniga borasiz. Qo‘llaringizni namoyishkorona tarzda to‘siq ustiga qo‘yasiz, aks holda, xonimlar qo‘lingizni olib, barmoqlaringizni o‘ynay boshlashadi. Nihoyat, nutq irod etasiz. Bungacha qanday chidab turishimni men tasavvur qololmayapman. Nutqingizni siz cheklamang. Bor ovoz bilan haqiqatni ayting. Fikringizni baralla ayting, ha, ha, to‘ppa-to‘g‘ri komendantning yuziga qarab hayqiring. Balki, siz buni istamassiz, tabiatingiz ko‘tarmas, balki sizning yurtingizda bunaqa holda kishi o‘zini boshqacha tutar, a? Yaxshisi, siz o‘rningizdan turmang. Bir-ikki og‘iz gapiradigan bo‘lsangiz, so‘zingizni pastdagi ravoqda o‘tirgan mansabdorlar eshitilar-eshitilmas qilib ayting, shu — bas. Shuning o‘zi yetarli. Faqat qatl marosimida odamlar bo‘lmaganiyu buzuq g‘ildirak va uzilgan tasma haqida, ko‘ngilni aynituvchi namat tiqin to‘g‘risida og‘iz ham ochmang, buni o‘z gardanimga olaman. Ishoning, mening nutqim komendantni zaldan chiqib ketishga majbur etmasa ham, uni tiz cho‘ktirajak, «sobiq komendant, men senga ta’zim qilaman!», deyishga majbur qilajak!.. Mana, mening rejam. Buni amalga oshirishga yordam berishni istaysizmi o‘zi? Albatta, istaysiz. Istakdan tashqari bu sizning burchingiz ham.
Ofitser sayyohning qo‘llarini oldi-da, ko‘ziga boqdi. U so‘nggi so‘zlarni shunday baqirib aytdiki, ovqat talashayotgan soqchi bilan jinoyatchi hech narsaga tushunmasa ham darhol to‘xtab, og‘izlaridagini chaynaganlaricha sayyohga qarab qolishdi.
Sayyoh ofitserga beradigan javobini allaqachon o‘ylab qo‘ygan edi: u — umri davomida ko‘p narsa ko‘rgan xolis odam, hozir ikkilanib yo qo‘rqib o‘tirmoqchi emasdi. Shunga qaramay, askar bilan jinoyatchining ovozini eshitgach bir zum jim qoldi. Nihoyat, u aytishi kerak bo‘lgan so‘zni aytdi:
— Yo‘q!
Ofitser undan ko‘zini uzmay kipriklarini pirillatdi.
— Sizga izoh kerakmi?
Ofitser indamay boshini silkidi.
— Men bunaqa sud tartibiga qarshiman, — dedi sayyoh, — garchi sizning menga ishonib aytgan gaplaringizni hech qachon suiiste’mol qilmasam-da, hali bu ishonchni qozonmay turib, sizlar o‘rnatgan tartibga qarshi borishga haqqim bormi, qarshiligim biror natija beradimi, deb o‘ylagan edim. Bu haqda dastlab komendantga murojaat qilishim kerakligi menga ayon edi. Mening bu fikrimni siz yana ravshanlantirdingiz. Ammo mendagi bu qat’iy qarorni (garchi, sizning ashaddiy, xolis e’tiqodingiz meni hayajonlantirsada) mustahkamlagan siz emassiz.
Ofitser indamadi, mashinaning yoniga borib, jez g‘o‘lalardan biriga qo‘lini tekkizdi, keyin boshini ko‘tarib, «hisob»chini tekshirganday bo‘ldi. Soqchi askar va jinoyatchi bo‘lsa allaqachon do‘stlashib olgandilar. Tasmalar bilan chandilgan jinoyatchi bir amallab askarga imo qilar, askar u tomon engashar va jinoyatchi unga nimanidir shivirlarkan, u boshini silkirdi.
Sayyoh ofitserning yoniga keldi.
— Siz hali mening niyatimni bilmaysiz-ku?! Albatta, men komendantga bu yerdagi ahvol xususida o‘z mulohazamni aytaman, ammo yolg‘iz o‘ziga aytaman. Qolaversa, men qandaydir majlisda qatnashmoq uchun bu yerda uzoq ushlanib qolish niyatim yo‘q. Ertaga ertalab men ketaman, loaqal, biror kemaga tushib jo‘nayman.
Bu gaplar ofitserning bu qulog‘idan kirib unisidan chiqayotganday edi.
— Demak, sizga bizning sud ishlarimiz ma’qul kelmadi, — dedi u o‘z-o‘ziga gapirganday va kinoyali kulib qo‘ydi. U bolaning injiqligidan kulgan chol kabi xayollarini kulgu pardasiga yashirayotganga o‘xshar edi.
— Unday bo‘lsa ishni boshlaymiz, — dedi ofitser va kutilmaganda tiniq nigoh bilan sayyohga qaradi. Bu qarashda nechukdir uyg‘onish, nimagadir da’vat ifodasi bor edi.
— Nimani boshlaymiz? — deb so‘radi sayyoh, lekin javob olmadi.
— Sen ozodsan, — dedi ofitser jinoyatchiga uning tilida.
Jinoyatchi dastlab ishonmadi. Ofitser yana takrorladi:
— Sen ozodsan, dedim-ku!
Avvaliga jinoyatchining yuziga nur yugurdi. Nahotki, rost bo‘lsa! Balki… ofitserning ermagidir bu? Yoki anavi kelgindi uni kechirishlarini so‘raganmikan? Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Bu savollarning barchasi jinoyatchi yuziga yozig‘liq edi. Ammo umidi uzoqqa bormadi, shunga qaramay, nima qilib bo‘lsa-da, ozod bo‘lgisi keldi va «mola» ostida imkoni boricha yulqina boshladi.
— Tasmalarni uzib yuborasan, — deya baqirdi ofitser, — jim yot! Hozir biz ularni bo‘shatamiz.
Ofitser soqchi askarga ishora qildi va ikkovlon ishga tushdilar. Jinoyatchi ohista kulardi. U boshini burib, goh chapga — ofitserga, goh o‘ngga — askarga, hatto sayyohga ham qarab qo‘yardi.
— Uni chiqarib ol, — deb buyurdi ofitser askarga. «Mola» juda yaqin turgani uchun ehtiyot bo‘lish kerak edi. Besabr jinoyatchining yelkasida bir necha kichik jarohat ham paydo bo‘ldi. Lekin ofitser unga qaramay qo‘ydi. U sayyohning yoniga kelib, cho‘ntagidan o‘sha charm hamyonni chiqarib, uni uzoq kavladi, izlagan qog‘ozini topib, sayyohga ro‘para qildi.
— O‘qing.
— O‘qiy olmayman, — dedi sayyoh, — buni o‘qiy olmayman dedim-ku.
— Yaxshiroq qarang, — dedi ofitser va birga o‘qish uchun sayyohga yonma-yon kelib turdi. Bu ham foyda bermagach, qo‘lini baland ko‘targancha, go‘yo qog‘ozga tegish mumkin emasday, jimjilog‘i bilan nimanidir ko‘rsatib, sayyohning o‘qishini yengillashtirmoqchi bo‘ldi. Jilla qursa, shuni o‘qib, ofitserni xursand qilish niyatida sayyoh nimanidir ilg‘ashga tirishsa ham, foydasi bo‘lmadi. Shunda ofitserning o‘zi avval harflarni topib, keyin qo‘shib o‘qidi:
— «Adolatli bo‘l!» deb yozilgan bu yerda!
— Ehtimol, — dedi sayyoh, — xuddi shunday deb yozilganiga aminman.
— Mayli, — dedi ofitser va ozgina bo‘lsa-da qanoatlanib, qo‘lida qog‘oz, trapga ko‘tarildi; qog‘ozni g‘oyat ehtiyotkorlik bilan «hisobchi»ning ustiga qo‘ydi. Keyin tishli g‘ildiraklar tizimini butunlay qaytadan o‘rnatishga kirishdi. Bunga ko‘p mehnat talab qilinardi. Tishli g‘ildiraklar ichida eng maydalari ham ko‘p bo‘lsa kerak, ofitser «hisobchi»ning ichiga boshini tiqib, uzoq diqqat bilan tekshirdi.
Pastda sayyoh timirskilanayotgan ofitserdan ko‘z uzmay qarab turar, uning bo‘yni va quyoshdan qamashgan ko‘zlari og‘rir edi. Askar bilan jinoyatchi esa birga edilar: boya handaqqa uloqtirilgan ko‘ylak-ishtonni soqchi miltiq nayzasi bilan ildirib oldi. Ko‘ylak loy bo‘lgani uchun jinoyatchi uni suv to‘ldirilgan tovoqqa solib yuvdi. Jinoyatchi kiyingach, uning o‘zi ham, soqchi ham baravariga kulib yuborishdi, chunki ko‘ylak bilan ishton orqasidan ikki bo‘lingan edi. Soqchining ko‘nglini ko‘tarishni o‘z burchi deb bildi shekilli, jinoyatchi yirtiq kiyimini hilpiratib, uning oldida raqsga tusha boshladi. Soqchi bo‘lsa yerda o‘tirgancha kulib, tizzasiga shappatilar edi. Lekin janoblarning shu yerda turganligi ularni o‘z mayllarini tiyishga majbur etdi.
Nihoyat, ofitser ishini tamomladi, har bir murvatni tabassum bilan so‘nggi bor ko‘zdan kechirdi, hozirgacha ochiq turgan «hisobchi»ning qopqog‘ini yopib, pastga tushdi. So‘ngra handaqqa, keyin jinoyatchiga qaradi. U ust-boshini handaqdan olganini ko‘rib, qanoatlandi va tovoq yoniga keldi-yu, iflos suvni ko‘rgach ta’bi xiralashdi. Demak, u qo‘lini yuvolmaydi. Nima qilsin, garchi qum suv o‘rnini bosolmasa ham, u qo‘llarini qumga tiqdi. Keyin o‘rnidan turib, mundir tugmalarini bo‘shata boshladi. U mundir yoqasiga solib qo‘ygan bir juft ro‘molchani chiqarib olib, jinoyatchiga irg‘itdi.
— Mana, sening ro‘molchalaring! — dedi-da, so‘ng sayyohga qarab qo‘shib qo‘ydi: —Xonimlarning sovg‘asi.
Ofitser mundirini va qolgan narsalarini qanchalik shoshib yechmasin, har bir kiyimini g‘oyat ehtiyotkor bo‘lib qo‘li bilan ushlardi. Hatto mundiridagi zarbof chilvirni silab ham qo‘ydi, bir tola popugini silkib to‘g‘rilashni ham unutmadi. Ammo har bir yechilgan kiyimni u asabiylik bilan handaqqa uloqtirarkan, o‘sha ehtiyotkorligidan asar ham qolmayotgandi. So‘nggi buyum — kamarga bog‘langan xanjar edi. U xanjarni qinidan chiqarib, tizzasiga urib ikkiga bo‘ldi va har ikkala bo‘lakni ham handaqqa shunday zarb bilan otdiki, pastda jaranglagan tovushning aks-sadosi eshitildi.
Ofitser tir-yalang‘och bo‘ldi. Sayyoh lablarini tishlab olgan, miq etmas edi u. Garchi hozir nima bo‘lishini bilsa ham, uning ofitserga halaqit berishga haqqi yo‘q edi. Modomiki, ofitser sig‘ingan sud tartibi endi o‘z mohiyatini yo‘qotgan ekan (balki bunga sayyohning aralashuvi, uning o‘z burchini bajargani sabab bo‘lgandir), bu tartib tugayotgan ekan, ofitserning hozir qilayotgan ishi juda to‘g‘ri, zero, sayyoh ham ofitserning o‘rnida xuddi shunday qilgan bo‘lardi.
Soqchi askar bilan jinoyatchi avval boshda hech narsani tushunishmadi, hatto dastlab ofitserga e’tibor ham qilishmadi. Jinoyatchi ro‘molchalari yana qo‘liga tekkaniga xursand edi, ammo uning shodligi uzoqqa cho‘zilmadi, chunki soqchi askar kutilmaganda bir yulqib ro‘molchalarni tortib oldi va kamariga tiqdi. Jinoyatchi ro‘molchani olishga har qancha urinmasin, eplolmadi. Ikki askar yarim hazil, yarim chin — anchagacha bahslashdilar, keyin yalang‘och ofitserni ko‘rib, sergak tortishdi. Ayniqsa, jinoyatchi buyuk bir o‘zgarishni sezib, qotib qoldi. Uning boshiga tushgan ko‘rgulik endi ofitserni domiga tortayotgan edi. Bu — chet ellikning buyrug‘i, shekilli. Demak, qasos bu. Ha, u to‘la azob chekmay, to‘la qasos oladigan bo‘ldi! Askar iljaydi va shu ifoda uning chehrasida muhrlanib qoldi.
Ofitser mashina tomonga yuzlandi. Uning apparatni mukammal bilishi garchi avvaldan ma’lum bo‘lsa-da, shu tobda mashinaning ishlashi, ya’ni ofitserga itoati kishini hayratga solardi: u qo‘lini «mola»ga tekkizgan zahoti, «mola» bir necha marta ko‘tarilib tushdiyu ofitser sig‘adigan oraliqda gaqqa to‘xtadi.
U «mola» tagiga yotib, «yotoqining chetiga qo‘l tekkizgan ham ediki, «yotoq» shu zahoti tebrana boshladi va namat tiqin ofitserning naq og‘zi ustida to‘xtadi. Ofitser tiqinni og‘ziga olishni istamayotgani ko‘rinib turardi, ammo o‘zini zo‘rlab u haligini og‘ziga oldi. Hammasi muhayyo, faqat tasmalar bog‘lanmagan edi. Lekin ofitserni bog‘lashga zarurat ham yo‘q edi. Shunga qaramay, osilib turgan tasmalarni ko‘rgan jinoyatchi, qatl bu holda risoladagiday bo‘lmaydi deb o‘yladi, shekilli, askarga o‘ynoqi bir imo qildi va ikkovlon mashina yoniga kelishdi. Ofitser oyog‘i bilan mashinani ishga soluvchi asbobni turtmoqchi edi, ammo askarlarni ko‘rib, qo‘l-oyog‘ini bog‘lashga izn berdi. U endi bog‘liq holda o‘sha asbobga oyog‘ini cho‘zolmas, askar bilan jinoyatchi hech narsani tushunmas, sayyoh bo‘lsa bu ishga aralashishni mutlaqo istamas edi. Lekin ularning xizmatiga zarurat qolmadi: tasmalar bog‘langan zamon mashina o‘zi ishlab ketdi. «Yotoq» qaltirar, tishlar tanaga botar, «mola» goh ko‘tarilib, goh pastga tushardi. Sayyoh bu manzaraga shunchalar mahliyo bo‘lib qolgan ediki, hatto «hisobchi» ichida joylashgan bir g‘ildirakning buzuqligi ham esidan chiqdi. Ammo hozir mashina nihoyatda shovqinsiz ishlar, ortiqcha biror tovush eshitilmasdi.
Mashina o‘zining sokinligi bilan unchalik diqqatni tortmay qo‘ydi. Sayyoh askar bilan jinoyatchiga qaradi. Mashina hammadan ko‘proq jinoyatchini qiziqtirayotgan edi: u goh enkayib, goh oyog‘i uchida turib, barmog‘i bilan askarga nimanidir ko‘rsatardi. Bu sayyohga yoqmadi. U marosim tugaguncha turmoqchi edi-yu, anavi askar bilan jinoyatchining qiliqlarini ko‘rib, chiday olmadi:
— Uyga jo‘nanglar! — dedi ularga.
Askar bunga e’tiroz bildirmadi, ammo jinoyatchi buyruqni xuddi jazoday qabul qildi va qo‘llarini qovushtirib, sayyohdan shu yerda qolishni so‘radi. Sayyoh rad ishorasini qilib bosh chayqagan edi, jinoyatchi cho‘kka tushgancha yalina boshladi. Shunda sayyoh bularga gap tushuntirib bo‘lmasligini anglab, haydab yuborish uchun ular tomonga yurdi, shu chog‘ tepada — «hisobchi»ning ichidan qandaydir tovush chiqdi. Demak, hali ham bitta g‘ildirak nosoz zkan. Lekin shu zahoti «hisobchi»ning qopqog‘i ohista ko‘tarila boshladi. Avval g‘ildirakning tishlari, keyin o‘zi ko‘rindi. Go‘yo «hisobchi»ni allaqanday zohiriy kuch ayovsiz siqib, bu g‘ildirakni sitib chiqarayotganday edi. G‘ildirak «hisobchi»ning chetiga g‘ildirab keldiyu yerga tushdi va qumda ozgina yumalab, yiqildi. Lekin tepada ikkinchi, uchinchi va ko‘plab katta-kichik g‘ildirakchalar izma-iz paydo bo‘lib, qumga yumalay boshladi. Har gal navbatdagi g‘ildirak paydo bo‘larkan, bu eng so‘nggisiday, nihoyat «hisobchi»ning ichi bo‘shaganday tuyular, ammo uning izidan yangilari ko‘tarilib, pastga tushar va qumda yumalab, yotib qolaverardi. Bu tomoshaga berilib ketgan jinoyatchi sayyohning buyrug‘ini ham unutdi. U tishli g‘ildirakchalarga zavq bilan qarar, ularni tutib olishga harakat qilar, askardan yordam so‘rardi. Lekin g‘ildirakni ushlayotib, yana qo‘lini tortib olar, chunki uning izidan kelayotgan yangi g‘ildirakning shiddati uni cho‘chitardi.
Sayyoh bo‘lsa, aksincha, besaranjom edi: mashinaning bir maromda ishlayotganiga mutlaqo ishonib bo‘lmas, uning tez orada parchalanib ketishi hech gap emas edi. Sayyoh ofitserga yordam berish paytim keldi, deb o‘yladi, chunki ofitserning o‘zi mustaqil hech narsa qilolmasdi. Biroq butun diqqati yumalayotgan tishli g‘ildiraklar bilan band sayyoh mashinaning boshqa qismlarini ko‘zdan qochirdi. Nihoyat, so‘nggi g‘ildirak tushganda sayyoh «mola» uzra engashdi-yu, yoqimsiz bir narsaming guvohi bo‘ldi: «mola» allaqachon yozmay qo‘ygan, faqat bir joyga sanchar edi, «yotoq» ham tanani aylantirmay, faqat «mola»ning tishlariga borib kelaverardi. Sayyoh bu ishga aralashmoqchi, hatto mashinami to‘xtatmoqchi ham bo‘ldi. Axir, bu ofitser sezgan qiynoq: marosimi emas, oddiy qotillik edida. Shu payt «mola» o‘z tishlariga tanani sanchdi-da (qoida bo‘yicha bu o‘n ikkinchi soatda yuz berishi kerak edi), aylanib handaq ustida to‘xtadi. Qon ko‘p oqar edi, chunki o‘zidan suv chiqaradigan tishlar negadir ishlamay qolib, qon yuvilmas edi. Shuningdek, tanani handaqqa irg‘itadigan asbob ham bu gal ishdan chiqqan edi va ofitserning tanasi o‘z qoniga belanib, uzun tishlarga sanchilgan holda, handaq uzra osilgancha turardi. «Mola» bir sira o‘z o‘rniga qaytmoqchi ham bo‘ldi, shekilli, ammo hali yukdan qutilmaganini sezganday, yana handaq uzra turaverdi.
— Yordam bersalaring-chi! — deya baqirdi sayyoh soqchi bilan jinoyatchiga va o‘zi ofitserning oyoqlaridan tutdi. Sayyoq ofitserning oyog‘i tomonidan, ular esa boshi tomonidan pastga bossalar, tanani sug‘urib olishlari mumkin edi. Ammo ikkala askar bunga jur’at qilisha olmadi. Hatto jinoyatchi teskari o‘girilib turaverdi. Sayyoh ularni kuch bilan ofitserning yoniga sudrab keldi. Shu payt sayyoh bir hissiyot bilan beixtiyor ofitserning yuziga qaradi: bu qiyofa o‘zgarmagan, tirikligida qanday bo‘lsa, hozir ham xuddi shunday edi. Bu qiyofada va’da qilingan hurlikdan asar ham yo‘q, barcha qatl qilingailar shu mashina tufayli erishgan hurlikka ofitser yetolmagan edi. Uning lablari qattiq jipslashgan, ochiq ko‘zlarida tirik ifoda, qarashidan muloyimlik va o‘ziga ishonch barq urib turar, manglayiga esa katta pichoqsimon tish botib kirgan edi.
Sayyoh sal oldinda, soqchi bilan jinoyatchi orqaroqda yurib, koloniyaga yetishganida, soqchi uylardan birini ko‘rsatib, dedi:
— Mana qahvaxona.
Bu binoning pastki qavatida g‘orga o‘xshagan, devorlarini qurum bosgan, shifti past xona bor edi, Uning ko‘chaga qaragan eshigi lang ochiq turar, garchi bu qahvaxona qolgan uylardan kam farq qilsa-da (komendaturaniig hashamatli binosidan boshqa hamma uylar eski edi), sayyohda tarixiy yodgorliklarni ko‘rganday taassurot qbldirdi. Sayyoh qahvaxonaga yaqinlashgan zahoti o‘tgan asrlar hidini sezdi. U yonidagi ikki askar bilan qahvaxona ro‘parasida qo‘yilgan bo‘m-bo‘sh stollarni oralab o‘tdi-da, eshik oldida to‘xtadi. Ichkaridai chiqayotgan zax havoni yutdi.
— Chol shu yerga ko‘milgan, — dedi soqchi askar, — ruhoniy unga qabristondan joy bermadi. Qayerga ko‘mishni bilmay, uzoq sarson bo‘lishdi, va nihoyat uni shu yerga ko‘mdilar. Albatta, ofitser sizga buni aytmagan, chunki ofitser uchun bundan ortiq sharmandalik yo‘q edi. U hatto bir necha marta tunda cholni kavlab olmoqchi bo‘ldi, lekin uni har gal haydab yuborishaverdi.
— Qani uning qabri? — deb so‘radi sayyoh askarga ishonmay.
Soqchi askar bilan jinoyatchi askar qabr qayerda bo‘lishi mumkinligini darhol aniqlashib qo‘llarini ilgariga cho‘zishdi-da, tusmollagan joyni kursatishdi. Keyin ular sayyohni to‘rdagi devor yoniga boshlab borishdi. Bu yerdagi stolda soqoli kalta qirqilgan zabardast odamlar o‘tirishardi. Ular kamzulsiz, egnida yirtiq ko‘ylakdan boshqa hech vaqo yo‘q, chamasi, port ishchilari, xullas, xo‘rlangan omma edi. Sayyoh devorga yaqinlashganda ba’zilari o‘rnidan turishib, devor tomon tislanishib, sayyohni kuzata boshlashdi.
— Bu chet ellik, — degan shivyrlash eshitildi yon-atrofdan, — u qabrni ko‘rmoqchi.
Ular stolni surishdi. Bu stol tagida chindan ham qabr toshi yotardi. Tosh unchalik baland bo‘lmay, stol ostidan deyarli ko‘rinmas edi. Undagi yozuvlar nihoyatda mayda bo‘lganidan, sayyoh tosh yoniga cho‘kka tushib, o‘qishga majbur bo‘ldi: «Bu yerda keksa komendant orom olmoqda. Bu qabrni, garchi bugun o‘z ismlarini aytolmasa ham, uning muxlislari qazdi, toshni ham o‘shalar qo‘ydi. Ma’lum vaqt o‘tgandan keyin komendant tirilib, koloniyani qo‘lga kiritmoq uchun o‘z tarafdorlarini jangga boshlayajak va ilk jang qahvaxonada bo‘lajak. Shunday bashorat bor. Ishoning va kuting!»
Sayyoh o‘rnidan turganda atrofida odamlar to‘planib, unga tirjayishar, go‘yo yozuvni birinchi marta sayyoh bilan birga o‘qishgan-u, yozuv ularga kulgili ko‘ringanday, go‘yo sayyohni ham o‘z fikrlariga qo‘shish uchun kulayotganday edilar. Sayyoh o‘zini hech narsa bilmaganday tutdi va to‘planganlarga bir necha tanga ulashdi. U qabrni stol bilan bekitishlarini kutib turdi-da, keyin qahvaxonadan chiqib, portga jo‘nadi.
Soqchi bilan jinoyatchi qahvaxonada tanishlarini uchratib, ushlanib qolishdi. Lekin ko‘p emas, albatta. Sayyoh hali sohilga yo‘nalgan uzun zinapoyaning yarmiga yetmay har ikkalasi uning izidan chopishdi. Ular sayyoh bilan birga ketishmoqchi, sayyohni shunga majbur qilmoqchi bo‘lishdi, chamasi. Sayyoh pastda qayiqchi bilan kemaga eltib qo‘yishni kelishib olayotganida, ikkalasi zinapoyadan sassiz yugurar, qichqirishga esa qo‘rqishardi. Nihoyat, ular sohilga tushganlarida, sayyoh allaqachon qayiqqa chiqib olgan, qayiq ham o‘rnidan jila boshlagandi. Ular qayiqqa sakrab chiqishlari mumkin edi-yu, ammo sayyoh qayiq tubidan og‘ir arqon olib, ularga do‘q qildi, shundan so‘ng soqchi va jinoyatchi sakrashga jur’at eta olishmadi.
1914.

Rus tilidan M.Solih tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1987 yil, 2-son