Frants Kafka. Milenaga maktublar

(aprel 1920 y.)
Meran-Untermays, Ottoburg pansioni.
Muhtarama Milena xonim,
ikki kecha-yu kunduz qo‘yib yoqqan yomg‘ir hozirgina tindi; ehtimol, bu uzoqqa cho‘zilmas, biroq nima bo‘lganda ham bunday hodisani nishonlash kerak — mana, men Sizga xat yozayapman. Darvoqe, yomg‘irni men yengil o‘tkazdim, buning boisi, begona joydaligim, bu begonalik, albatta, kuchli emas, biroq undan ko‘ngil taskin topadi.
Axir, Siz ham, agar to‘g‘ri anglagan bo‘lsam (bir martagina so‘zsiz uchrashuvni xotirdan o‘chirishning hech iloji yo‘q), Venadagi begonalikdan xursand bo‘lgandingiz; shuning uchun, ehtimol, vaziyat hammasini yo‘qqa chiqardi, biroq Siz ham bunday begonalikdan xursand bo‘lasiz-ku, to‘g‘rimi? (Lekin, bu, aftidan, yomonlik alomati, undan quvonmagan ma’qul).
Men bu joyda birnav yashayapman, omonat tanani bundan ortiq nazorat qilinishiga chidab berolmasdim, xonamning balkoni yam-yashil giyohlarga ko‘milib ketgan, uni maysa-giyohlar chirmab olgan, gullayotgan butlarga to‘la (bu yerning o‘t-o‘lanlari g‘aroyib, shunday iqlimda ham — Pragada bu ob-havoda suvilonu ko‘lmaklar muzlab qolardi — balkonim oldidagi gullarning kosachalari ohista ochilayapti), ustiga-ustak quyoshga (yoki, aniqrog‘i, qariyb bir haftadan beri bosib turgan bulutli osmonga) qarab ochilib turibdi. Kaltakesaklar va chumchuqlar, beo‘xshov tanishlarim, meni yo‘qlab turishadi; o‘, men Sizga Meranni tortiq qilishni judayam xohlagan bo‘lardim, Siz yaqinda “bo‘g‘ilayapman”, deb yozdingiz, bunda obraz mazmunga to‘la-to‘kis uyg‘un, bu o‘liklar esa, ehtimol, hammasini biroz bo‘lsa-da yengillashtirarmidi.
Chin dildan salom yo‘llab
Sizning F. Kafka.

(aprel 1920 y.)
Meran – Utermays, Ottoburg pansioni
Muhtarama Milena xonim,
men sizga Pragadan, undan so‘ng Merandan bir necha yo‘l xat bitib jo‘natgan edim. Javob bo‘lmadi. Mening yozganlarimga, albatta, shoshilinch javob qilishga hojat sezilgani yo‘q, agar Sizning sukut saqlaganingiz aksariyat hollarda xat yozishga rag‘bat sezmaslikka moyil xotirjamlik belgisi bo‘lsa, u holda men xursandman. Biroq tag‘in yozayotganimning sababiki, nazarimda, shunday ham bo‘lishi mumkin — men o‘zimning o‘sha xatlarim bilan Sizni xafa qilib qo‘ygandirman (u holda mening qo‘lim ko‘nglimga zid qo‘pol ish qilgan bo‘lib chiqadi) yoki, bundan-da og‘iri, Siz xatingizda yozganingiz, o‘sha bir fursat orom lazzati tugab bitgan va Siz uchun yana mashaqqatli kunlar boshlangan. Birinchi taxmin bo‘yicha men biror-bir narsa deyolmayman, chunki bunday niyat menga butkul begona, qolganlari esa bir qadar ko‘ngilga yaqin; ikkinchi taxmin bo‘yicha gumon qilishga ojizman — axir, qanday gumon qilayin? — faqat so‘rab-bilgim bor: nega endi siz ozroq vaqtga bo‘lsa-da Venadan ketolmaysiz? Siz boshqalarday boshpanasiz, g‘arib emassiz-ku. Balki Bogomiyada sayr qilish Sizga kuch-quvvat bag‘ishlarmidi? Agar biror-bir, menga noayon sabablarga ko‘ra, Siz Bogomiyaga kelishni xohlamasangiz, u holda boshqa biror joyga — ehtimol, Meranga kelsangiz yomon bo‘lmasdi? Siz Meranda bo‘lganmisiz?
Xullas, men ikkisidan birini kutayapman. Yo Siz sukut saqlashni davom ettirasiz va bu: “tashvishlanmang, ishlarim hammasi joyida”, degan ma’noni anglatadi; yoki bir enlik xat jo‘natarsiz.
Chin ko‘ngildan Sizning Kafka.
Ochig‘ini aytsam, men tuyqusdan sizning chehrangizni aniq-tiniq eslay olmasligimni payqab qoldim. O‘shanda Sizning kafedagi stolchalar orasidan eshikka tomon yurib o‘tganingiz ko‘z oldimdan ketmaydi, Sizning qomatingiz, Sizning ko‘ylagingiz — bularning barini hanuz ko‘rib turibman.

* * *

(Meran, aprel 1920 y)
Bundan chiqdiki, gap o‘pkalarda ekan-da. Kun bo‘yi boshimda shu fikr aylandi, unday o‘ylab ko‘rdim, bunday o‘ylab ko‘rdim, boshqa biror narsa haqida fikrlay olmadim. Kasallik meni qo‘rqitganidan bunday holga tushganim yo‘q; ehtimol (men bunga ishonaman va Sizning shamalaringiz buni, aftidan, tasdiqlaydi), kasallik Sizga yengilgina daxl qilgan, biroq hatto o‘pkaning jiddiy kasallangani (ozmi, ko‘pmi – o‘pkasiga zaxo yetganlar hozir G‘arbiy Yevropaning yarmisini tashkil etadi), mening o‘zimga uch yildan beri ma’lum bo‘lgan bu dard menga yomonlikdan ko‘ra ko‘proq yaxshilik keltirdi. Menda uch yil burun yarim tunda boshlangan bu kasallik — bo‘g‘zimdan qon kelgan. Men to‘shakdan turdim (yotish kerak bo‘lgan holda; buni men keyincha, tavsiyalardan bildim), ro‘y bergan ahvol, barcha yangi holatlar kabi, meni bezovta qildi, biroq ayni paytda, biroz qo‘rqitdi ham; men deraza yoniga kelib, cho‘zilib boshimni tashqariga chiqardim, keyin yuvinadigan xonaga o‘tdim, xona ichida u yoq-bu yoqqa yurdim, karavotga o‘tirdim — qon to‘xtamasdi. Biroq shundayligiga qaramay men butkul benajot emasdim, chunki biroz o‘tib men negadir tuyqusdan ravshan angladimki, uch yil, yo‘q, to‘rt yildan beri davom etayotgan uyqusizlikdan keyin men birinchi marta — agar, albatta, qon kelishi to‘xtasa — uyquga ketaman. Tez orada bari to‘xtadi (va o‘shandan beri qaytalagani yo‘q), xullas, o‘sha oqshomning qolgan vaqtida men xotirjam uxladim. To‘g‘ri, tongda xizmatchi qiz kirib keldi (o‘sha paytda men Pali Shyonbornda ijarada turardim), ko‘ngilchan, jonkuyar desayam bo‘ladi, biroq o‘ta harakatchan qiz; qonni ko‘riboq: “Pane doktore, Vami to dlouho nepotrva ”, dedi. Biroq men o‘zimni odatdagidan yaxshi his etardim, ishga bordim va tushdan keyingina vrachga jo‘nadim. Bu voqeani davom ettirishning, shu o‘rinda, qizig‘i yo‘q. Men nima demoqchiman: meni Sizning kasalligingiz qo‘rqitgani yo‘q(qolaversa, men o‘zimning ich-etimni yeb, xotiralarimni kavlashtirib, Sizning nozik jussangizda qariyb dehqonlarga xos bardamlikni, tabiatan chayirlikni ko‘raman: yo‘q, Siz kasal emassiz, bu ehtiyotkorlik, xolos, o‘pka xastaligimas), — xullas, bu emas meni cho‘chitgan narsa, balki bunday barbod bo‘lishning sababi nima, degan o‘y. Bu yerda men, avvalo, Siz yozgan gaplarni bekor deb hisoblayman: cho‘ntakda bir mirri yo‘q, faqat choyyu olma, har kuni ikkidan sakkizgacha, — bular bari men tushunmaydigan nrasalar va ular og‘zaki tushuntirishni taqozo etadi. Bundan men, demak, hozir chetga chiqaman (biroq faqat maktubda — zotan, bunday narsani unitish mumkin emas) va o‘zim boshimdan kechirgan kasallik uchun topgan izohlarim haqidagina o‘ylaymanki, bu izohlar bir qancha holatlarga mos keladi. Mening miyam o‘shanda o‘ziga yuklangan vazifa va qiynoqlarni ortiq ko‘tara olmagan edi. “Men yengildim; agar kimgadir baribir imkoniyat darajasida yaxlitlikni saqlab qolish zarur bo‘lsa, mening yukimni yengillatsin va shundagina biz ma’lum vaqt chiday olamiz”, dedi u. Shunda o‘pkalar ham ovoz berdi — aftidan, ularga baribir edi. Miya bilan o‘pkalar o‘rtasidagi — mening roziligimsiz — bu muloqotlar, ehtimol, dahshatli kechgan.
Xo‘sh, Siz endi nima qilmoqchisiz? Mening tushinishimcha, Sizni ozgina avaylash — bu g‘irt bema’ni gap, bu hech nimaga arzimaydi. Sizni biroz avaylash zarurligi, Sizni sevgan har qanday odamga ayon haqiqat bo‘lishi kerak. Bundan chiqdiki, da’vo topilibdi-da? Axir, men aytdim-ku — yo‘q, hazillashmayman, ko‘nglim ham hozir yayrab turgani yo‘q va Siz menga yangi, sog‘lomroq turmush tarzini yo‘lga qo‘ya olishni uddalaganingiz haqida yozmaguningizcha yayramaydi ham. Nega endi biroz vaqt Venadan keta qolmaysiz, — bu haqda men Sizning oxirgi maktubingizdan keyin so‘ramay ham qo‘ydim, men hammasini tushindim, biroq Vena atrofida ajoyib joylar bor, u yerda Sizga qarashardi. Men bugun boshqa biror narsa haqida yozmayman, ko‘nglimda hech qanday muhim gap yo‘q. Qolgan hammasi — ertaga, jumladan, jurnal uchun minnatdorlik ham; men hayajonlandim va xijolat tortdim, xafa bo‘ldim va suyundim. Yo‘q, bugun yana faqat bir narsa haqida: agar Siz uyqungizning birgina daqiqasini tarjima uchun qurbon qilarkansiz, bu mening abadiy la’natlanganim bilan baravar ish bo‘ladi. Negaki, bir kun kelib ish sudga oshirilganda hech qanday alohida tergovga hojat qolmaydi, hammasi oddiy: u Milenani uyqudan mahrum qildi, degan da’vo o‘z isbotini topadi. Shu tariqa men mahkum etilaman va bu adolatdan bo‘ladi. Bundan chiqdiki, men Sizdan bu ishni qilmasligingizni so‘raganimda o‘zim uchun ham kurashayotgan bo‘laman.
Sizning Frants K.

* * *

(Meran, aprelning oxiri, 1920 y)
Muhtarama Milena xonim, bugun men boshqa narsa haqida yozmoqchiman, biroq yozilmayapti. Bu mening hammasini o‘ta jiddiy qabul qilayotganimdan emas; agar shunday bo‘lganida, men boshqacha yozardim, bog‘da, unitilayozgan bir burchakda, Siz uchun atalgan halinchak turishi kerak-ku, va yana qo‘l ostingizda, cho‘zilib olish mumkin bo‘lgan joyda o‘n chashka sut ham turishi kerak. Mayliga, bu Venada bo‘la qolsin, nima bo‘pti, yoz payti, faqat och yurilmasa va tashvishlanilmasa bo‘lgani. Nahotki hech kim yo‘q bunga ko‘maklashadigan? Vrach nima deyapti?
Katta konvertdan jurnalni olgan chog‘imda hafsalam pir bo‘layozdi. Men Siz haqingizda nimadir eshitishni istagandim, biroq aslo lahaddan chiqqan bu o‘ta eski tanish tovushnimas. Nega u oramizga suqildi? Keyin men uni tushindim, bizni chalg‘itgan shuning o‘zi. Biroq, harqalay, bu mashaqqatli mehnatni Siz nega o‘z zimmangizga olishga qaror qilganingizga mening aqlim yetmaydi va Siz uni nechog‘li sadoqat bilan, so‘zma-so‘z tarjima qilganingizni ko‘rib ko‘nglim buzildi; buqadar sadoqat va bunday beqiyos samimiy ishonch bilan uni chex tiliga o‘girishingizni men xayolimga ham keltirmagandim. Nahotki olmon va chex tillari shunchalik yaqin? Biroq nima bo‘lgandayam, hikoyaning o‘zi, rostini aytganda, juda yomon; men uchun, muhtarama Milena xonim, Sizga buni satrma-satr dalillab berish har narsadan-da oson ko‘chardi, va ehtimol, mening nafratim dalillash zaruratidan ustun kelarmidi. Hikoyaning Sizga ma’qul bo‘lgani esa, tabiiyki, unga qo‘shimcha qadr-qimmat bag‘ishlaydi, biroq men uchun dunyo manzarasini xiralashtiradi ham. Bu haqda yetar. “Qishloq tabibi”ni Siz Volfdan olasiz, men unga xat yozdim.
Men, albatta, chexchani tushunaman. Bir necha bor Sizdan nega menga, ilojini qilib, chex tilida yozmaysiz, deb so‘ragim kelgandi. Bu gap aslo Siz nemis tilini puxta egallamagansiz, degan ma’noda emas. Siz, odatdagidek, uni judayam yaxshi egallagansiz, agar biror-bir o‘rinda Sizning uni puxta egallamaganingiz, degan ma’noda emas. Siz, odatdagidek, uni judayam yaxshi egallagansiz, agar biror-bir o‘rinda Sizning uni puxta egallamaganingiz tasodifan sezilib qolguday bo‘lsa, o‘shanda bu til Sizning qoshingizda tavoze bilan egiladi, shunda bu, ayniqsa, go‘zal chiqadi; har qanday nemis esa buni o‘zining tilidan hecham kutmaydi, shu bois, u yozishga jur’at etolmaydi. Biroq men Sizni chex tilida o‘qishim keladi, axir, bu Sizning tilingiz, axir unda, uning o‘zidagina Milena bor butunicha mujassam (tarjima buni tasdiqlab turibdi), bu o‘rindagisi esa venalik yoki Venaga otlanayotgan Milenaga o‘xshamaydi. Xullas, chexchada yozing, iltimos. Va o‘zingizning, xatingizda yozgan o‘sha feletonlaringizni yuboring. Mayliga “arzimas” bo‘lsa-da, nima qipti. Siz mening arzimas qissachamni qanday qilib bu qadar hijjalab chiqdingiz? Bilmayman. Biroq men ham uddalarman, uddalay bilmasam, nachora — o‘sha yaxshi tasavvurimda qolaveraman.
Siz mening unashganim haqida so‘raysiz. Men ikki marta unashtirilganman (agar kerak bo‘lsa, hatto uch marta — chunki bitta qizning o‘zi bilan ikki bor); xullas, men uch marta nikohdan atigi bir qadam berida bo‘ldim. Birinchi voqea butunisicha ortda qoldi(u yoqda yangi oila qurilgan va, eshitishimga qaraganda, chaqaloq ham dunyoga kelgan), ikkinchi voqea hali bardavom, biroq har qanday nikoh ko‘rinishidan xoli, ya’ni, ochig‘ini aytganda, barham topib ulgurgan – yoki, aniq qilib aytsam, endi o‘zgalar hisobidan mustaqil hayotini kechirayotir. Umuman, men bu masalada — aslida boshqalarida ham — shunday xulosaga keldimki erkaklar, ehtimol, ko‘proq azob chekishar yoki, agar masalaga boshqacha qaralsa, ularning kam qarshilik ko‘rsatishini payqash mumkin; ayollar bo‘lsa doimo aybsiz holda azob chekishadi, va bu ularning bu yerda “nimadir qilishga ojizliklari” tufayli emas, balki neki bo‘lgan bo‘lsa, to‘g‘ri ma’noda, aslida bo‘lganida, garchi bu, ehtimol, oxir-oqibat yana o‘sha “ojizlik”ka borib taqaladi. Biroq bu haqda bosh qotirishdan nima naf? Sen go‘yo do‘zaxdagi bor-yo‘g‘i bitta olovli doshqozonni sindirishga tirishasan; birinchidan, buning iloji yo‘q, ikkinchidan esa, iloji topilgan taqdirda ham bu qozondan otilgan olov to‘lqinida o‘zing kuyib ketasan-u, biroq baribir do‘zax o‘zining butun ulug‘vorligini saqlab qolaveradi. Boshqacha tarzda harakat qilish kerak.
Lekin dastavval, har ehtimolga qarshi, bog‘da yotib olib, kasallikdan qutilishga urinmoq kerak…
Sizning Frants K.

* * *

(Meran, aprel – may 1920 y.)
Muhtarama Milena xonim, boshida ayta qolay — aksincha Siz, ishonib bo‘ladimi, yashirganim bilan baribir xatimdan buni uqib olasiz: mana, taxminan ikki haftaki, uyqusizlik mening tinkamni quritayotir, rosti, men bundan fojia yasayotganim yo‘q, bunday damlar bir keladi, bir ketadi, va ularga keragidan-da ortiqcha bahonayu sabablar hamma vaqt topiladi(bu kulgili, biroq Bedekerga ko‘ra, bu sabablardan biri — Meranning havasi), garchi bu bahonalar boshqa paytlarda deyarli uchramasa-da; nima bo‘lgandayam, bularning baridan xuddi to‘nkaday o‘tmaslashasan, o‘rmon hayvoniday behalovat bo‘lasan.
Biroq, yagona bo‘lsa-da, mening sevinadigan narsam bor. Siz tinch uxlabsiz — mayli “g‘alati tarzda” bo‘lsa-da, mayli, Siz kecha “o‘zingizda yo‘q” holatda bo‘lsangiz-da — lekin tinch uxlabsiz. Agar oqshom, modomiki, uyqu mendan qochsa, men endi uning yo‘lini bilaman — va zorlanmayman. Zorlanishning o‘zi ahmoqlik bo‘lardi: axir, mavjud hodisalar orasida eng begunohi — uyqu, uyquni bilmaydigan odam esa — eng gunohkor banda.
Va shu odamni, uyqudan mahrum bo‘lganni, Siz o‘zingizning oxirgi xatingizda alqaysiz. Agar biror chetdagi odam uni o‘qisa, ehtimol, u shunday o‘ylardi: “Zo‘r odam ekan! Aftidan tog‘larni talqon qiladiganlardan”. Biroq bu odam hech nima qilgani yo‘q, qo‘lini sovuq suvga ham urmagan (peroni qimirlatganini aytmasa), sut va tangri nasib qilgan narsalar bilan oziqlanadi(garchi har doim bo‘lmasa-da, tez-tez qo‘l ostida “choyu olma” turadi), boshqa paytlarda hamma narsani o‘z holicha qoldiradi va tog‘larni ham o‘z holatida turishiga izn beradi. Siz Dostoyevskiyning birinchi muvaffaqiyati tarixini bilasizmi? Bu voqea o‘z ichiga ko‘p narsani qamrab olgan va men uni o‘ng‘ayligi, ismi-shariflarning mashhurligi uchungina keltiraman, nimaga deganda, unga o‘xshash, hatto unga yanada yaqin har qanday voqea o‘shanday mohiyat kasb etgan bo‘lardi. Darvoqe, men bu voqeani atigi taxminan bilaman, ayniqsa, ism-shariflarni. Bu vaqt Dostoyevsikiy o‘zining birinchi “Bechora kishilar” romanini yozgan, o‘zining do‘sti, adabiyotchi Grigorev bilan birga yashardi. Grigorev garchi tashlangan qog‘ozlarning stolda uyulib yotganini ko‘rgan bo‘lsa-da, roman tayyor holga kelgandan so‘nggina uni qo‘liga oladi. U asarni o‘qib chiqadi, hayajonlanadi va Dostoyevskiyga bir so‘z demay, uni o‘sha paytda mashhur tanqidchi Nekrasovga olib boradi. Oqshom soat uchlarda Dostoyevskiyning eshigidagi qo‘ng‘iroq jiringlaydi. Grigorev bilan Nekrasov otilib ichkariga kirishib, Dostoyevskiyni quchoqlab o‘pishadi, uni hali tanimagan Nekrasov Dostoyevskiyni Rossiyaning umidi, deb ataydi, ular bir, ikki soat, asosan, roman haqida gurunglashadi, va faqat tong oldi xayrlashishadi. Bu oqshomni keyinchalik o‘zining hayotidagi eng baxtli oqshom deb atagan Dostoyevskiy ularning ortidan derazadan qarab kuzatarkan, o‘zini yo‘qotar darajada boshi osmonga yetib, ko‘zlariga yosh oladi. Vujudini qamragan his-tuyg‘uni u — buni uning o‘zi keyincha yozgan, biroq qayerda yozgani yodimda yo‘q, — taxminan shunday bayon qilgan: “Qanday olijanob insonlar! Naqadar odamshavanda, nechog‘li karami keng ularning! Va nechog‘li pastman mening o‘zim. Agar ular mening botinimga nazar sola bilishsaydi… Mabodo buni men o‘zim aytar bo‘lsam — ishonishmaydi”. Dostoyevskiyning keyin hamma narsada ularga ergashishga qaror ham qilganiga kelsak, bu bir sarahbor, yengilmas yoshlikning o‘zidan qoldiradigan so‘nggi so‘ziki, hikoya qilingan voqeaga buning endi hech qanday aloqasi yo‘q, voqea, demak, bo‘lib o‘tgan, bo‘yog‘i singgan. Muhtarama Milena xonim, Siz bu voqeaning aql yetmaydigan sirli mohiyatiga tushunasizmi? Menimcha, mana, u nimada: Grigorev va Nekrasov, agar umuman aytadigan bo‘lsak, albatta, Dostoyevskiydan ko‘ra olijanobroq bo‘lishmagan, biroq Siz hozir umumiy qarashdan voz keching(Dostoyevskiyga ham u o‘sha oqshom zaril emas edi, sirasini aytganda, har bir xususiy holatda undan biror naf chiqarmidi?), Siz faqat Dostoyevskiyga quloq tuting, va shunda Siz Gr. Va N.ning chindan-da olijanobligiga, D.ning esa chirkin va o‘ta pastligiga ishonchingiz komil bo‘ladi, u, albatta, hech qachon, hatto bevosita ham, bu yuksaklikka erisholmaydi va xususan, Gr. va N.ga, ularning quloq eshitmagan, arzimas yaxshiliklariga munosib javob qaytarishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Men ularni shundoq derazadan ko‘rib turibman — ular uzoqlashayotir va bu bilan o‘zlarining qo‘l yemtas yuksakda ekanliklarini tasdiqlayotir. — Baxtga qarshi, bu voqeaning chin mohiyati Dostoyevskiyning ulug‘ nomi ostida qolib ketadi.
Mening uyqusizligim meni qayoqlarga olib ketayotir? Har holda, men o‘sha yoqda ham faqat eng ezgu istaklar va tilaklar bilan qolaman.
Sizning Frants K.

* * *

(Meran, may 1920.)
Muhtarama Milena xonim
(ha, ayni murojaat endi me’daga tegdi, biroq bizning omonat dunyoda bu shunday bir dastakki, bemorlar unga tayanishi, uni mahkam tutishi mumkin va, modomiki, ushbu dastakka tayanish jonga tekkan ekan, bu, baribir, hali sog‘ayganlik belgisi emas) — men hech qachon nemis xalqi orasida yashamaganman, nemis tili menga onam tomonidan ona tili va shu bois, men uchun tabiiy, biroq chex tili menga ko‘pdan aziz, shuning uchun ham Sizning xatingiz tuman pardasini go‘yo yirtganday, men Sizni aniq ko‘raman, qomatning, qo‘llarning harakati shunday epchil, shunday qat’iy, bu qariyb uchrashuvday totli, — to‘g‘ri, keyin men, Sizning chehrangizni ko‘rmoqchi bo‘lib, boshimni ko‘tarib qaragim kelgan chog‘da, yozayotgan xatim — zarbulmasalni qarang! — alanga olib yonadi, va men hech nimani ko‘rmayman, ko‘z oldimda faqat alanga.
Bunaqada vasvasaga tushib, Sizning o‘zingiz uchun joriy etgan yashash qonuningizga ishonib qolishim mumkin. Ustingizda misoli yuk bo‘lib bosib turgan bu qonun bois Sizni ayashlarini xohlamaganingiz sababi kunday ravshan, chunki qonun joriy qilmoq qat’iyat va mag‘rurlikdan boshqa narsa emas (ia isem ten ktery plati) ; to‘g‘ri, bu qonunning ko‘rinishlariga oid siz keltirgan misollar muhokama qilinishi mumkin emas, bu o‘rinda faqat so‘zsiz Sizning qo‘lingizni o‘pishdan o‘zga iloj yo‘q. Menga kelsak, men, albatta, Sizning bu qonuningizga ishonaman, faqat men uning Sizning hayotingizni bundayin oshkora ayovsiz va umrbod bezashiga ishonmayman; garchi u yangilik esa-da, biroq yo‘lda topilgan yangilik, yo‘l esa poyonsiz.
Biroq bundan qat’i nazar, odam bolasining mavjud aqli ojizi bilan Sizni o‘sha, o‘zingiz yashab turgan qizigan o‘choqda tasavvur qilish dahshat. Men faqat o‘zim haqimda gapirishga urinib ko‘raman. Agar hammasini xuddi maktabda yechiladigan masalaga o‘xshash deb qarasak, u holda Sizda menga nisbatan uchta yechim-imkoniyat bor edi. Siz, misol uchun, menga o‘zingiz haqda hech nima aytmasligingiz mumkin edi, biroq bu holda Siz meni Sizni bilish baxtidan mahrum etardingiz va — bunday baxtdan-da muhimi — bularning bari bilan o‘zingizni sinab ko‘rardingiz. Bundan ayon bo‘ladiki, mening oldimda Sizning sukut saqlashingiz mumkin emas edi. Siz, keyinchalik ham ko‘p narsani sir saqlashingiz, ko‘p narsani bo‘yab-bejashingiz mumkin edi — va hozir ham buni qila olasiz, — biroq men hozirgi vaziyatda buni, garchi hech nima demasam-da, sezgan bo‘lardim, va faqat bu menga ikki karra og‘ir botardi, xolos. Demak, buni ham Siz qilmasligingiz kerak. Faqat uchinchi imkoniyat qoladi: bu imkon qadar o‘zingizni o‘zingiz asrab qolishga urinish. Va shunday omonatgina imkoniyat Sizning maktublaringizda ko‘zga chalinadi. Men endi ularda tez-tez xotirjamlik va qat’iyat haqida o‘qiyman, to‘g‘ri, boshqa narsa haqida — hatto “reelni hruza” haqida ham tez-tez o‘qishga to‘g‘ri keladi.
Sizning o‘z sog‘lig‘ingiz haqida yozganlaringizdan (meniki tuzuk, faqat men bu tog‘ havosida yaxshi uxlay olmayman) men qanoatlanmayman. Vrachning tashxisidan ko‘ngil taskin topmaydi, aniqroq aytsam, tashxis ilmiliq, uni qanday talqin qilish Sizning kayfiyatingizga bog‘liq. Albatta, vrachlarning bari to‘nka; biroq ular, ehtimol, boshqa odamlardan ko‘ra ahmoqroq emasdir, lekin ularning izzattalabligi kulgili; nima bo‘lganda ham, shuni nazarda tutish kerakki, bizning ularga ishimiz tushishi hamonoq ular battar ahmoqlashadi; biroq vrachning hozircha Sizdan talab etayotganini o‘ta ahmoqlik ham, mumkin bo‘lmagan ish ham deyolmaysan. Mumkin bo‘lmagani faqat Sizning jiddiy kasallikka chalinmaganingiz, va bu shunday — mumkin bo‘lmgan hol bo‘lib qolishi kerak. Vrach bilan muloqotdan keyin Sizning hayotingiz qaysi tomonga o‘zgardi — eng muhimi shunda.
Endi esa bir necha ikkilamchi savollar — Siz ruxsat etasizmi? Nega va qachondan beri Siz pulsiz o‘tiribsiz? Nima uchun Siz avvallari, xatingizda yozganingizday, Venada ko‘p odamlar bilan muomalada bo‘lgansiz-u, endi hech kim bilan gaplashmaysiz?
O‘zingizning feletonlaringizni menga yuborishni xohlamaysiz; demak, men bu feletonlarni Siz haqingizda o‘zim tuzgan o‘sha obrazga to‘g‘ri va muvofiq tarzda qo‘shib bog‘lashimga ishonmaysiz. Yaxshi, u holda men Sizdan gina qilaman, sirasini aytganda, bu fojia ham emas, axir, muvozanatni saqlash uchun, hatto, yaxshi amal bu, agar mening yuragimning bir burjida Siz uchun bir chimdim gina tuyg‘usi uyg‘otib qo‘yilsa yomon bo‘lmaydi.
Sizning Frants K.

* * *

(Meran, 30 may 1920 y.)
Milena, Sizning odamni bilish borasidagi urinishlaringiz qanday kechayapti?
Gohida men shubhaga ham bora boshlayapman, — masalan, Sizning Verfel haqida yozganingizni o‘qiganda; Sizning satrlaringizda sevgi ham (va, ehtimol, faqat sevgidir) sas beradi, biroq bu mubham sevgi; agar, lekin, Verfelning inson sifatidagi jihatlari e’tibordan soqit qilinsa-chi, va uni faqat baqaloq sifatida muhokama qilinsa-chi (darvoqe, bu ta’na menga o‘rinsiz tuyuladi — menimcha, Verfel yildan-yilga xushro‘y va yoqimtoy bo‘lib borayotir, to‘g‘ri, biz onda-sonda uchrashib qolamiz), faqat baqaloqlar ishonchga sazovorligidan nahot Siz bexabar bo‘lsangiz? Hammasi faqat shu qalin idishlarda tayyor bo‘lguncha qaynab pishadi, faqat havo bo‘shliqlarining mana shu kapitalistlari, umuman odamga berilgan borki imkon qadar, tashvish va telbaliklardan ihotalangan, ular o‘z yumushlari bilan bamaylixotir shug‘ullana olishadi, va, kimdir qachondir aytganiday, faqat ulardangina zaminga, uning haqiqiy fuqarolari sifatida, naf yetadi, chunki ular shimolda isitadi, janubda esa soya soladi. (Albatta, buning teskarisini ham aytish mumkin, biroq u holda bu yolg‘on bo‘ladi).
Endi yahudiylik haqida. Siz mendan yahudiy emasmisiz, deb so‘raysiz; bu shunchaki hazil bo‘lishi ham mumkin, ehtimol, Siz — men qo‘rqoq yahudiylardan emasmanmi — faqat shuni bilgingiz kelgandir; biroq Siz, harholda, pragaliksiz va shu boisdan ham bu masalada, deylik, Geynening xotini Matilda qadar soddadil bo‘lmasangiz kerak. — Darvoqe, Siz bu voqeani bilasizmi? Umuman olganda, menda Sizga aytib beradigan muhimroq gaplar yo‘q emasdi, boz ustiga, bu bilan men o‘zimga ham, shubhasiz, qandaydir ziyon yetkazaman — voqeaning o‘zi bilan emas, uni hikoya qilib berish bilan; biroq Siz uchun mendan biror-bir qiziqarli voqeani eshitish maroqli, albatta. Maysner, bogemiyalik nemis shoiri — u yahudiy emas — bu voqeani o‘zining yodnomalarida hikoya qiladi. Matilda o‘zining nemislarga qarshi xurujlari bilan doim uning g‘ashini qo‘zg‘agan: ular makkor, tillari zahar, o‘zlariga bino qo‘ygan, maydakash, sulloh — qisqasi, juda bemaza xalq! — degan. Bir safar Maysner chiday olmay: “Lekin siz nemislarni mutlaqo bilmaysiz-ku! Genrix faqat nemis jurnalistlari bilan gurunglashadi, bu yerda — Parijda ularning hammasi yahudiylar”, degan. — “Oho, — deydi Matilda, — baribir siz bo‘rttirayapsiz. Bir, ikkita yahudiy ular orasida, ehtimol, topilsa topilar, masalan, Zeyfert…” — “Yo‘q, — deydi Maysner, — u bu yerdagi yahudiy bo‘lmagan yagona shaxs”. — “Ya’ni qanaqasiga? — taajjublanadi Matilda. — Mana Yeyteles — u nima, yahudiymasmi?” (U esa devqomat oq-sariqdan kelgan daroz kishi edi). — “Bo‘lganda qandoq!” — javob qiladi Maysner. “Biroq Bamberger-chi?” — “U ham”. — “Arnshteyn?” — “Uyam”. Shu zayl ular barcha tanish-bilishlarini sanab-saralab chiqishadi. Oxir-oqibat Matildaning g‘azabi qo‘zib, deydi: “Siz mening ustimdan kulayapsiz. Hali Kon ham yahudiycha familiya dersiz, biroq Kon Genrixning pochchasi axir, Genrix esa lyuteran ”. Bunga, endi, Maysnerning e’tiroz bildirib aytadigan gapi yo‘q edi. Siz yahudiylardan qo‘rqmaydiganga o‘xshaysiz. Bu hozirgi yoki o‘tgan yahudiylar avlodlariga nisbatan bizning shaharlarda qariyb qahramonlik, — hazilga o‘rin yo‘q! — agar navqiron inson o‘z ota-onasiga “Meni qo‘yib yuboring!” desa va yahudiyning qoshiga ketsa, bu Orlean qizining o‘z qishlog‘ini tark etganidan ko‘ra kattaroq hodisa bo‘ladi.
Shunday bo‘lsa Siz, albatta, yahudiylarga ortiqcha qo‘rqoqlikda ta’na qilishga haqlisiz, garchi bunday ta’na odamlarni bilishning amaliy jihatidan ko‘ra nazariy jihati ustunligidan dalolat bersa-da; nazariy jihati shundaki, birinchidan, bu ta’na, Sizning oldingi yozganlaringizga ko‘ra, eringizga hech qanday daxl qilmaydi; ikkinchidan, u, mening tajribam bo‘yicha, aksariyat yahudiylarga ham daxl qilmaydi; uchinchidan, bu ta’na faqat alohida nusxalarga tegib ketadi, biroq juda qattiq tegadi ularga, — masalan, menga. Bunda eng ajablanarli tomoni — ta’naning ko‘pchilikka nisbatan adolatsizligida. Aftidan, yahudiylardagi umumiy ishonchsizlik tuyg‘usi (bu o‘rinda botindagi ishonchsizlik ham, atrof-muhit, odamlar orasidagi ishonchsizlik ham) ularning o‘z qo‘llari bilan mahkam ushlagan narsanigina o‘zlariniki deb hisoblash odatlarini aniq-ravshan ko‘rsatishi kerak: faqat jon-jahd bilan tarmashish ularga yashash huquqini beradi, biror narsani qo‘ldan chiqarib yuborguday bo‘lishsa, bu narsa ularga qaytsa nasib etmaydi, balki sip-silliqqina qo‘ldan butkul chiqib ketadi. Mutlaqo kutilmagan tomondan yahudiylarga xavf-xatar tahlika soladi — yoki aniq qilib aytish uchun “xavf”ni tushirib qoldirib, “ularga qo‘rquvlar tahlika soladi”, deylik. Misol qidirib uzoqqa borish shart emas — mana, Sizga taalluqli, bir misol. To‘g‘ri, men, aftidan, bir paytlar og‘iz ochmaslikka va’da bergandim (o‘shanda men Siz bilan endigina tanishgan edim), biroq hech qanday vijdon azobisiz Sizga bu haqda aytib beraman, chunki Siz bundan hech qanday yangilikni topolmaysiz, biroq tug‘ishganlaringizning mehr-muhabbatiga baho berasiz, ismlar va tafsilotlarni keltirmayman, ularni men eslay ham olmayman. Mening singlim chexga, nasroniyga turmushga chiqmoqchi bo‘ldi, yigit bir safar Sizning qarindoshlaringizdan kimgadir o‘zining yahudiy qizga uylanmoqchi ekanini aytadi, u esa: “Xudo saqlasin! Yahudiylar bilan aloqa qilmoqchimisan hali? Mana, eshit: bizning Milena…” va hokazo.
Bu gaplar bilan Sizni men qayoqqa yetaklamoqchi bo‘layapman o‘zi? Men biroz chalg‘idim, biroq hechqisi yo‘q, chunki, umid qilamanki, Siz men bilan birga ketdingiz va biz birgalikda chalg‘idik, adashdik. Darvoqe, Sizning tarjimangizdagi eng go‘zal jihat — bu uning sodiq tarjima ekanida (meni bu “sodiq”lik uchun istaganingizcha koying, Siz hammasiga qodirsiz, biroq koyimoq, ehtimol, Sizga yarashar, men Sizning o‘quvchingiz bo‘lishni, Siz doimo meni koyishingiz uchun nuqul xato qilishni istardim; partada o‘tirib, boshimni ko‘tarib qarashga jur’at etaman, shunda Siz daf’atan egilasiz, va Sizning, xatoga o‘qtalgan barmog‘ingiz, nuqul ko‘zga tashlanadi, — shundaymi axir, a?) — demak, tarjima “sodiq”, va men shunday tuyg‘uni kechirayapmanki, men Sizni qo‘lingizdan ushlab, o‘z qismatimning qariyb tugamas (shu bois, taklifim ham so‘ngsiz), deyarli cheksiz (Siz faqat ikki oyga dedingizmi?), qorong‘u, qo‘rqinchli g‘orlari va yo‘laklaridan boshlab bordim, keyin esa chiqishda, kunduzning yorug‘ida, umid qilamanki, izsiz yo‘qolish uchun o‘zimda yetarli sog‘lom maslak topa oldim.
Bu menga buguncha bas qilish, mo‘tabar qo‘lni buguncha qo‘yib yuborish belgisi. Ertaga men yana yozaman va nega men — o‘zimga qay darajada ishona olar ekanman — nega Venaga kela olmasligimni tushuntiraman, va Siz: u haq, deguningizga qadar men tinchlanmayman.
Sizning F. “…”

* * *

(Meran, 31 may 1920 y.)
Dushanba.
Shunday qilib, mana, kecha va’da qilingan tushuntirish:
Men istamayman (Milena, menga yordam bering! Mening aytayotganlarimdan ko‘ra ko‘proq narsani tushunishga harakat qiling!), istamayman (biroq meni tutilib-tutilib gapirayapti deb o‘ylamang tag‘in), istamayman Venaga kelishni, chunki mening kuchsiz ruhim bunday bosimni ko‘tara olmasdi. Men ruhan xastaman, o‘pkalarning kasallangani esa ruhiy xastalikning qirg‘oqlardan toshishi oqibati. Men, mana, qariyb to‘rt-besh yildan, o‘zimning ikki bor unashtirilganimdan beri kasalman. (Sizning oxirgi xatingizdagi betashvish-quvnoq ohangni hech hazm qilolmayman, faqat keyin tushindim: men Sizning hali yosh ekaningizni nuqul unitib qo‘yaman, Siz, ehtimol, hali yigirma beshga ham to‘lmagandirsiz, bo‘lmasa atigi yigirma uchdadirsiz. Men o‘ttiz yettidaman, qariyb o‘ttiz yetti, men Sizdan qariyb bir navqiron avlod yoshicha kattaman, keksalikning uyqusiz tunlari va migrenlardan qariyb soch-soqolim oqargan). Sizning oldingizda bu uzundan-uzoq tarixning chindan qalin changalzorday chalkash tafsilotlarini dasturxon qilib yozmayman, ularni eslab men hozir ham go‘dakday dahshatga tushaman, faqat go‘dakning tez unitib yuborish iqtidori menga begona. Bu har uchala unashishlar uchun umumiy bo‘lgan jihat shu ediki, ularning barida aybdor men edim, so‘zsiz aybdor men edim, ikkala qizni ham men baxtsiz qildim, aynan esa (bu yerda men faqat birinchisi haqida aytayapman, ikkinchisi haqida gapira olmayman, u nihoyatda ta’sirchan, har bir so‘z, hatto eng yaxshisiyam uning dilini behad yomon siyoh qiladi, va men uni tushunaman) — aynan esa atigi shuning uchunki, men uning barcha urinishlariga zid tarzda (u esa, men xohlasam bo‘ldi, o‘zini, ehtimol, qurbon qilardi) har doim quvnoq, bosiq, qat’iyatli, umuman, er-xotinlikka tayyor bo‘la olmadim, grachi ba’zan unga behad oshiqu beqaror bo‘lsam-da, garchi men uchun er-xotinlikning o‘zidan ko‘ra ortiqroq qimmatli narsa bo‘lmasa-da. Qariyb besh yil men unga (agar, ta’bir joiz bo‘lsa — o‘zimga) uzluksiz zarbalar ketidan zarbalar yog‘dirdim; baxtimga, u metinday mustahkam chiqdi — prussiyalik va yahudiylikning qo‘shilgandagi hosilasi, kuchli, viqorli hosila. Men bu qadar bardoshli emasdim; to‘g‘ri, uning faqat azob-uqubat chekishiga to‘g‘ri keldi, men esa bir yo‘la ham zarbalar berdim va ham azob-uqubatlar tortdim.
“…” Sizning F.

Ahmad Otaboy tarjimasi