Tenbrij, 1739 yil, 15 iyul.
Azizim.
Mening sog‘lig‘im haqida qayg‘urayotganingdan minnatdorman. Anchadan beri o‘zim haqimda darak bermaganim sababi — muolajalarning ko‘pligidan vaqt topolmadim. Salomatligim hozir ancha durust, shuning uchun yana bir oy shu suvda qolmoqchiman.
Sinor Dzamboni bu yerda seni shunchalar maqtaydiki, azbaroyi xudo, men o‘zimni ba’zan noqulay his etaman. Senga maslahatim: doimo shunday maqtovlarga loyiq bo‘lishga harakat qilmoq kerak. Ammo yodingda bo‘lsin, ortiqcha, noo‘rin maqtov — bu odam ustidan kulishning bir usuliki, buning otini kinoya deydilar. Bunda gapiruvchi doimo maqtovning butunlay aksini nazarda tutadi. Ayni paytda uni yolg‘on gapiryapti, deb ham bo‘lmaydi, chunki sen haqingda aytayotgan fikrlarini aksini o‘ylayotgani aniq. Aytaylik, bir qallob, firibgar odamni vijdonli, andishali yoki g‘irt nodonni aqlli, qobiliyatli deb maqtasa, bu bilan mazax qilinayotganini tushunib olish qiyin emas. Bordi-yu, men seni: “O‘qiyotgan kitoblarini doimo miyasiga jo qilib oladi, aytganlarni darrov ilib oladi”, deb maqtagudek bo‘lsam, nahotki, sen shu bilan ustingdan kulayotganimni fahmlamagan bo‘lsang? Shuning uchun doimo seni maqtay boshlashsa, darrov o‘ylab ko‘rgin: sen shu maqtovga loyiqmisan yo yo‘qmi? Bundan so‘ng yurish-turishingni tuzatib olishga, hech qanday kinoyaga o‘rin qoldirmaslikka harakat qil.
1739 yil, 2 noyabr.
Azizim!
Sen Rim tarixini o‘rganyapsan; bunga jiddiy yondoshayotgan bo‘lsang kerak, deb umid qilaman. Tarixni o‘rganishdan maqsad nima, dersan? Maqsad — o‘tmish kishilarining yaxshi fazilatlari-yu, kamchiliklarini bilib-o‘rganib, bundan o‘zimiz uchun tegishli xulosa chiqarishdir. Tarix bizni ezgulikka chorlaydi, savob ishlarga undaydi. Tarixni o‘rganar ekanmiz, buyuk insonlar yaxshi fazilatlari tufayli hayotliklaridayoq xalqning yuksak hurmatiga sazovor bo‘lganliklarini, keyingi avlodlar esa bunday insonlar xotirasini e’zozlaganliklarining shohidi bo‘lamiz. El nazari tushgan insonlarninggina yodi bizgacha yetib kelgan.
Ayniqsa, Rim tarixida olijanoblik, ulug‘vorlik, qalbi poklikka yorqin misollar ko‘p. U o‘lkada konsullar va diktatorlar (ular oliy hukmdorlarini shunday deb ataganlarini sen yaxshi bilasan) yer haydab tirikchilik qilishni o‘zlariga or bilmasdilar va bu hech kimni ajablantirmasdi. Omochni qo‘yib, qo‘lga shamshir olib, dushman ustiga qo‘shin tortishgan, g‘alabadan so‘ng esa yana zaminni ishlagani qaytib, kamtarona hayot kechiraverishgan. Va bu ishlari ularga jangovar g‘alabalardan ziyoda shuhrat keltirgan. Ko‘plab buyuklar shunaqa oddiy turmush kechirishganki, vafotlaridan so‘ng ularni davlat hisobidan dafn etishga to‘g‘ri kelardi. O‘ta muhtojlikda yashayotgan bo‘lishiga qaramay, Kuriy samnit qabilasi vakillari unga in’om qilmoqchi bo‘lgan katta miqdordagi pulni olishdan bosh tortadi. Chunki, puldan ko‘ra puldorlar ustidan hukmdor bo‘lishni afzalroq ko‘rgan. Bu haqda Sitseron ham hikoya qiladi:
“O‘choq oldida o‘tirgan Kuriyga samnitlar talay oltin tortiq qilmoqchi bo‘lishganda, u olmagan, chunki uning ta’biricha, katta oltinga ega bo‘lishdan oltini borlar ustidan hukm surish huzurliroqdir”.
Rim qo‘shinlarini necha martalab zafarli yurishlarga olib borgan Fabritsiyning huzuriga kelgan kishilar bu buyuk inson o‘zi tomorqasida yetishtirgan ko‘katlar va ildizlar bilan tamaddi qilib o‘tirganini ko‘rib, lol qolishgan ekan. Seneka bu haqda shunday yozadi: “Shavkatli qariya Fabritsiy o‘chog‘i oldida o‘tirib, o‘z qo‘li bilan kavlab olgan ildizlarni yeb o‘tirardi”.
Stsipion Ispaniyada g‘alaba qozonadi. Unga qo‘lga tushgan asirlar orasida go‘zallikda benazir malika ham borligini va uni bir aslzoda vatandoshiga unashtirib qo‘yilgan ekanligini aytishadi. Stsipion asiraga xuddi o‘z uyidagiday sharoitlarni yaratib beradi, so‘ng uning qallig‘ini toptirib kelib, malikani unga to‘y qilib uzatadi. Qizning otasi farzandini qutqarish evaziga jo‘natgan pulni esa kelin sepiga qo‘shib qo‘yadi. Bu haqda Valeriy Maksim shunday degan ekan: “O‘zi ham hali yosh, bo‘ydoq, buning ustiga g‘olib bo‘la turib, go‘zallikda tanho qizning sha’niga dog‘ tushirmagan holda ota-onasi va qallig‘i qo‘liga topshirdi”.
Shu emasmi o‘zini tuta bilishlik, beqiyos olijanoblik belgisi? Bu bilan u butun ispan xalqining mehrini qozongan ekan. Liviyning yozishicha, Stsipion haqida ispaniyaliklar shunday deyishgan ekan: “Bu yigit tangrilarning o‘zi-ya. U bizni qurol kuchi bilangina emas, o‘zining saxovatliligi, oliyhimmatliligi bilan ham zabt etdi”.
Mana senga ezgulik uchun mukofot. Obro‘-e’tiborli bo‘lmoqchi bo‘lsang, mana shunaqa insonlarga, ularning ishlariga sen taqlid qilishing lozim. Va bu baxtli bo‘lishning birdan-bir yo‘li! Xayr.
* * *
Aziz o‘g‘lim!
Yakshanba kuni janob Bodennikida sen o‘zingni shunday yaxshi tutdingki, buning uchun seni maqtab qo‘yishni lozim topdim. Ayni paytda senga xushmuomalalik haqida bir-ikkita saboq berib qo‘ymoqchiman, sen ularga rioya qilishing kerak. Yodingda bo‘lsin, o‘qimishli bo‘lishi bilan bir paytda lutfkorlik, ulug‘vorlik ham odamlar hurmatini qozonish borasida muhim ahamiyat kasb etadi. Olijanoblik, iqtidorlilik, albatta, eng muhim fazilatlardir. Ammo o‘zlarida bunday xislatlar yo‘q kimsalar, odatda, buning qadriga yetishmaydi. Ayni paytda ular insondagi ikkinchi darajali xislatlarni: shirinsuxanlik, iltifotlilik, hozirjavoblik va gapining uddasidan chiqa bilish kabilarni ko‘proq qadrlaydilar, chunki bunday odamlar bilan hamsuhbat bo‘lish, bir davrada bo‘lish ham o‘ng‘ay, ham yoqimli. Ammo xushmuomalalikni ham barcha barobar qabul qilavermaydi. Bir joyda yaxshi, o‘rinli hisoblangan muomala tarzi ikkinchi joyda butunlay o‘zgacha talqin qilinishi mumkin.
Ayni paytda har qanday vaziyatda so‘zsiz kerak bo‘ladigan, o‘rinli hisoblanadigan muomala qoidalarini yaxshi bilib olmoq darkor. Masalan, gap so‘raganda quruqqina “ha”, “yo‘q” deb javob qilish qo‘pol hisoblanadi. Bunga albatta “ser”, “milord” yoki “madam” so‘zlarini qo‘shib ishlatmoq darkor. Frantsuzcha gaplashganingda ham “mese”, “milord”, “madam” va “mademuazel” murojaat so‘zlarini ishlatishing kerak. Sen, albatta, frantsuzlar turmushli ayolga “madam”, turmushga chiqmagan barchasiga esa “mademuazel” deb murojaat etishlarini yaxshi bilasan.
Kimdir senga gapirganda, nimanidir so‘raganda mensimay, dimog‘ bilan javob qilish yoki murojaatni umuman e’tiborsiz qoldirish, teskari qarab ketib, boshqa narsalar bilan kuymanib turish ham odobsizlik belgisidir. Shu bilan sen o‘sha odamni mensimaganligingni bildirgan, unga javob tugul, gapini eshitishni ham o‘zingga nomunosib deb bilgan bo‘lasan.
Xonadagi eng qulay joyga o‘tirib olib, yoqib qolgan taomni atrofingdagilarga qaramay olaverish yomon ekanligini senga tushuntirib o‘tirish shart emas, deb o‘ylayman. Sen boshqalarga qarab ish tutishing, yoningdagilarga e’tibor berishing kerak.
Shuni ayniqsa yodda tutginki, insonda boadablik zo‘raki emas, tabiiy bo‘lishi kerak. O‘zingni tutishingdan haqiqiy “jentlmen” ekanliging doimo sezilib tursin. Bu borada ko‘proq frantsuzlarga razm solgin-a. Muomalada o‘zini tutish ularda shunchalik tabiiy chiqadiki, bu haqiqiy san’atdir. Inglizlarda esa, muomala tarzi uncha kelishmagan. Ular xushmuomalalikka shunchalar iymanishadiki, natijada ishlari o‘ngidan kelmaydi. Qulog‘ingda bo‘lsin, xatti-harakating ko‘ngildagidek tabiiy bo‘lishiga intilgin va bundan hech ham uyalmagin: beodoblikdan uyalish kerak, xushmuomalalikdan emas. Bunaqa uyalishni frantsuzlar “zo‘raki uyalish” deb atashadi va bunaqasi ingliz (to‘nka)largagina xos. Aristokratroq odam murojaat qilgudek bo‘lsa jonlari chiqib ketadi, kalovlanib, gaplarini ham yo‘qotib qo‘yishadi. Albatta, bunaqalar ustidan beixtiyor kulamiz. Tarbiyasi puxta odam esa hatto butun dunyo qirollari bilan so‘zlashishga to‘g‘ri kelgan holda ham hech hayajonlanmaydi, xuddi sen bilan gaplashayotgandek tabiiy tutishadi o‘zlarini.
Yodingda bo‘lsin, haqiqiy xushfe’l, xushmuomala kishinigina jamoatda yoqtirishadi; tarbiya ko‘rmagan qo‘pol odamni esa hamma joyda ham chetga surishadi; tortinchoq odam kulgiga sabab bo‘lgani-bo‘lgan.
Sen mening aytganlarimni yaxshilab qulog‘ingga quyib olasan va to‘qqizga to‘lganingda Angliyadagi tengdoshlaring orasida eng bilimdon va eng tarbiya ko‘rgani bo‘lasan, degan umiddaman. Xayr.
* * *
Aziz o‘g‘lim!
…Sen endi katta bo‘lib qolding, bundan buyon o‘qib o‘rganayotgan narsalaringga jiddiy, ongli ravishda yondoshish darajasiga yetding. Sen hademay to‘qqizga kirasan-a! Bu yoshda o‘g‘il bola ancha-muncha narsalarga aqli yetadigan bo‘lib qolishi kerak. Bilasanki, sening tarbiyang haqida ozmuncha jon kuydirmayapmiz. Bordi-yu, sen ishonchni oqlay olmasang, o‘z sha’ningga dog‘ tushirgan bo‘lasan, bu esa o‘zini hurmat qilgan jentlmenga yarashmaydi.
Har bir inson o‘ziga yarasha izzattalab bo‘ladi, bu yo‘lda nimanidir orzu qiladi, namagadir intiladi. Bordi-yu, niyatiga yetmagudek bo‘lsa, qattiq qayg‘uradi, chunki har kishining o‘ziga yarasha izzat-nafsi bor, g‘ururi bor. Lekin gap shundaki, har xil odamda g‘urur degani, izzattalablilik turlicha bo‘ladi. Ahmoq odamda bu to‘g‘risida tushuncha ham bema’ni bo‘ladi. Oqil kishining izzattalabliligi esa e’tiborga loyiq, maqtovga sazovordir. Misol uchun sen tengi biror nodon bola faqat yaxshi kiyinishni o‘ylasa va shu bilan tevarak-atrofdagilarni e’tiborini qozonmoqchi bo‘lsa, bema’ni narsalarga pul sarf qilishdan boshqani bilmasa — bu faqatgina uning ota-onalari kaltafahmliligidan darak beradi, xolos. Aqlli bola esa tengdoshlaridan, hatto o‘zidan kattalardan ham, birinchi navbatda, bilim jihatdan, axloqi bilan ajralib turishga intiladiki, bu faqat maqtovga sazovordir. To‘g‘ri so‘zligi, odamoxunligi, o‘qishda erishgan muvaffaqiyatlari unga obro‘ keltiradi va bu bilan u haqli ravishda mag‘rurlanishi mumkin.
Kishi o‘zining ijobiy fazilatlariga yarasha izzattalab bo‘lsa, buning yomon joyi yo‘q. Darvoqe, bu gaplar faqatgina bolalarga emas, kattalarga ham taalluqlidir. Aqli zaif kishi obro‘ orttirish yo‘lini faqat mol-mulkka, uy-joyga ega bo‘lish, yaxshi kiyinish, shohona sayr qilib yurish, deb o‘ylaydi. Axir bular hammasi, pul bo‘lsa bas, bozordan topiladigan narsalar-ku. Aqli raso, vijdonli, odobli kishi ibratli ishlari, bilimi bilan, or-nomusliligi bilan ajralib turishga intiladi. Haqgo‘ylik, olijanoblik, poklik, mardlik — pulga topib bo‘lmaydigan tushunchalar. Bu xislatlar faqatgina sog‘lom fikrli va pok ko‘ngilli kishilarga ato etilgan. Lakedomonliklar (spartaliklar — tarjimon) ham, rimliklar ham mana shunaqa xalqlar bo‘lganliklari uchungina boshqalarga nisbatan ko‘p shuhrat qozonishgan. Ishonamanki, sen ham shunday inson bo‘lib yetishasan. Xayr.
* * *
Aziz farzandim!
Bergan va’dalaring meni xursand qildi. Ularni bajara olgan taqdiringda esa nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Va’dani bajarmaslik — eng noma’qul ish: yuzsizlik gunoh ekanligini o‘zing yaxshi bilasan. Bunday noma’qulchilikdan so‘ng hech kim senga ishonmay qo‘yadi. Dinda ham, oddiy axloq me’yorida ham to‘g‘ri so‘zlilik eng birinchi mezondir. Bu talabni bajarmaganni odam deb atash mumkinligi hech kimning xayoliga kelmaydi. Aksincha, bunday kimsa el nafratiga uchraydi, xudo ham, bandalar ham undan yuz o‘girishadi. Xullas, o‘g‘lim, sen o‘z foydangni yaxshi tushungan holda, g‘ururingga, manfaatingga mos ish tutishga, ya’ni nimaga qo‘l urmagin, o‘sha sohada o‘z tengdoshlaringdan ustun turishga harakat qilasan degan umiddaman.
Men sening yoshingdaligimda birorta bola maktab sabog‘ini mendan yaxshiroq o‘zlashtirgudek bo‘lsa yoxud biror o‘yinda mendan yutib chiqsa buni o‘zimga or deb bilardim. Raqibimdan ustunlikka erishmaguncha menda orom bo‘lmasdi. Bir umr ulug‘vorlikka intilgan Yuliy Sezar doimo: “Rimda ikkinchi bo‘lgandan ko‘ra, qishloqda birinchi bo‘lgan ma’qul”, — deb ta’kidlar ekan. Hatto u bir kuni Buyuk Iskandar haykali yonida shu yoshga yetibman-u, Iskandar o‘ttiz yoshda erishgan shuhratga yetolmadim, ya’ni buyuk ishlarni amalga oshirolmadim, deb zorlanib yig‘lagan ekan. Bunday buyuklik orzusi kishini faqatgina ezgulikka eltadi. Kimgaki bunday orzu va tuyg‘ular yot bo‘lsa undaylar bu dunyodan benom-benishon o‘tib ketaveradi. Bundaylarni hech kim yoqtirmaydi. Aqlli odamlar doimo ezgulikka intilishadi va shundagina ular garchand hammadan o‘zib ketmasalar-da, ko‘p narsalarni qo‘lga kiritishlari aniq. Biror fanni yaxshi o‘zlashtirish yo‘li, so‘zsiz, shu fanga asosiy e’tiborni qaratishdir. Dars paytida yaxshi tinglamasang, keyin o‘sha fanni o‘zlashtirib olish uchun ikki barobar ko‘p vaqt sarflashingga to‘g‘ri keladi. Faqat aqlsizlargina shunday qiladi. Farosatlilar har qanday saboqni ham darrov ilib olib, o‘zlashtiradilar. Mana o‘zing o‘ylab ko‘r va tanla: e’tibor va chidam bilan dars paytidayoq kerakli bilimni ilib olish, bu jihatdan tengqurlaringdan ustun bo‘lish va buning evaziga dam olish va o‘yinga ko‘proq vaqt ajratish imkoniyatiga ega bo‘lish yaxshimi yoki darslarda naridan-beri shug‘ullanish va natijada bilimsiz, hammaga kulgi bo‘lish, buning ustiga o‘ynagani bo‘sh vaqting bo‘lmagani ma’qulmi? (Yaxshi shug‘ullanmasang, men senga o‘ynash uchun vaqt bermasligimga shubha qilmasang ham bo‘laveradi.) O‘sha menga va’da berib, sen intilmoqchi bo‘lgan komillikka qaysi yo‘l bilan erishish mumkin?
Birinchi navbatda Yaratgan va odamlar oldidagi burchni sidqidildan bajarish bilan; bo‘lmasa boshqa barcha harakatlaring o‘z qiymatini yo‘qotadi. Ikkinchidan — chuqur bilim sohibi bo‘lish kerak; busiz garchand vijdonli bo‘lsang-da, sen odamlarga ma’qul kelmaysan. Va nihoyat, uchinchisi — a’lo darajada tarbiyali, odobli bo‘lish zarur. Odob-tarbiya bo‘lmasa biliming ham, vijdonliliging ham sezilmaydi, sen hech kimga yoqmaysan.
Mana shu uch narsani hech yoddan chiqarmagin, har uchchalasida ham namunali bo‘lishga intilgin. U dunyo ham, bu dunyo ham bu muhimdir inson uchun… Xayr.
* * *
Shanba.
Ser!
Yoshingni, hayotiy tajribangni nazarda tutsak, senga yaxshi xulq-atvor nima ekanligi to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ammo sening hozir mashg‘ulotlaring ko‘p: yunoncha va lotinchani o‘rganishing bilan bir paytda kriket va pitch o‘yinlari bilan shug‘ullanishing — bu muhim narsadan fikringni chalg‘itishi mumkin. Shu bois men yana bir bor shu haqda gapirib qo‘yishni lozim topdim, garchand tunov kuni lord Orerinikida bo‘lganda o‘zingni yomon tutmagan bo‘lsang-da.
Yodingda bo‘lsin, kimnidir qobiliyatli, bilimdon ekanligini tushunib olish uchun ancha-muncha vaqt kerak bo‘ladi. Xulq masalasiga kelsak — u bir qarashdayoq sezilishi mumkin. Ayni paytda sen bilasanki, yaxshi xulq qulluq qilishda-yu, takallufda, odob qoidalariga rioya qila bilishdagina emas. Bu narsalar inson tabiatiga uyg‘unlashib ketgan, ya’ni tabiiy bo‘lmog‘i zarur. Yaxshi odob har bir qadamda sezilib turmog‘i darkor. Senga gapirishganda muloyimlik bilan javob qilmog‘ing kerak. Jamoatga qo‘shilganda agarda seni to‘rga taklif qilishmasa, poygakda o‘tirmoq kerak.
Birinchi qadah so‘zni xonadon bekasi, ikkinchisi esa xo‘jayin sharafiga ko‘tariladi. Ovqatga hadeb tashlanavermaslik kerak, og‘izni chapillatib. Boshqalar tik turganda, betamizlik bilan o‘tiraverish yarashmaydi. Eng muhimi, bular hammasi senda tabiiy bir holat tarzida bo‘lishi kerak. Aslo bunaqa paytda aftingni burishtirmagin — zo‘raki mulozamat qilyapti deb o‘ylashadi. Lekin xushfe’l ko‘rinaman deb urinuvchi ba’zi ahmoqlarning bema’ni tirjayishlariga taqlid qilmagin. Yaxshi xulq juda murakkab tarzda shakllanadi. Zo‘raki sertakalluflikni ham, bema’ni uyatchanlikni ham, surbetlikka o‘xshab ketuvchi erkinliklarning ham bunga mutlaqo aloqasi yo‘q. Kishiga o‘zini tuta bilishlik, ma’lum darajadagi qat’iyat va bir me’yorda kamtarlik zarur. Aqlli odam birinchisidan qancha, ikkinchisidanu uchinchisidan qay darajada zarurligini yaxshi his etadi. Xayr.
* * *
Dublin qasri. 1745 yil 19 noyabr.
O‘g‘lim.
…Rojdestvo ta’tili yaqinlashib qoldi, men sening ixtiyoringga mese Denuayeni jo‘natayapman, u seni ta’til paytida raqsga o‘rgatadi. Sen bir narsaga e’tibor bergin: raqsga tushganda, ayniqsa, qo‘l chiroyli, bejirim harakatlanishi kerak. Yana shlyapani boshga qanday qo‘ndirishu xonimga qo‘l cho‘zishni yaxshi o‘rganib olishing zarur. Har bir jentelmen bu narsalarni yaxshi o‘zlashtirib olishi kerak. Raqsga tushish — aslida bu bema’ni bir odat. Lekin bu jamiyatda, kishilik hayotida shunday ildiz otgan bema’nilikki, aqlli odamlar ham bu bilan shug‘ullanib turishiga to‘g‘ri keladi, shug‘ullanganda ham do‘ndirib qo‘yishga uriniladi doimo. Menga qolsa, sening raqqos bo‘lishingni aslo istamasam-da, lekin boshqa ishlar qatori buni ham ko‘ngildagidek uddalashingni istardim. Xullas, nimaiki ishni boshlamagin, oxirigacha yetkazishga va a’lo darajada bajarishga intilmoq kerak. Hatto pitch yoki kriket o‘ynaganingda ham boshqalardan ustunlikka harakat qilishing kerak, deb uqtirgandim men.
Misol uchun, chiroyli kiyinishni olaylik. Bu aslida kishi uchun katta ahamiyatga ega emas, ammo paytiga moslab kiyina bilmaslik — uquvsizlik, nodonlikdir. Bu kishining obro‘sini to‘kadi. Olifta, ortiqcha kiyinishga berilgan odam bilan oqil odam o‘rtasidagi farq shundaki, olifta kiyimiga quvonsa, oqil o‘z kiyimi ustidan ichida kulib yuradi, ayni paytda u yaxshi biladiki, odam qatoriga qo‘shilish uchun ham kiyim kerak. Mana shunaqa bema’ni odatlar, ikir-chikirlar mavjud, bularda yomonlik ham yo‘q, albatta. O‘zini bilgan odam bu narsaga to‘g‘ri yondoshish yo‘lini topa oladi. Diogen Kinik kiyim-kechaklardan nafratlangani donolik hisoblansa-da, oshkora ularni inkor etishimiz nodonlikdir. Boshqalardan aqlli bo‘lishga harakat qilsang-da, sirtingga chiqarma buni. Xayr.
* * *
Bat, 1746, 4 oktyabr.
O‘g‘lim.
Garchand nasihatlarni barcha va hamma vaqt ham to‘g‘ri qabul qilavermasligini yaxshi tushunsam-da, senga nomalar bitishga ko‘p vaqt sarflayapman, nasihatgo‘ylikni ko‘pincha, afsuski, qarichilikning belgisi, safsata, quruq gap deb bilib, uncha yoqtirishmaydi. Achinarlisi shundaki, aslida ko‘proq quloq berishlari lozim bo‘lganlar, ayniqsa, yoqtirishmaydi. Men esa sen hali yosh bo‘lishingga qaramay aytganlarimdan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘zingga kerakli o‘gitlarni ajratib va ular birinchi navbatda sening, faqat sening foydangni ko‘zlab aytilgan fikrlar ekanligini bilab, ularni aql tarozisiga solib, o‘ylab ko‘rish darajasida esliksan, degan umiddaman. Shunday qilganingda bu o‘gitlar o‘z o‘rnini topgan, ya’ni senga nafi tekkan, deb hisoblasa bo‘ladi. Azbaroyi xudo, yana otam boqqani uchun menga hukmini o‘tkazmoqchi bo‘lyapti, deb xayolingga keltirmagin, men senga faqat do‘st sifatida maslahat beryapman, xolos. Sening yoshlik g‘ururingga tegmoqchi, vaqtichog‘ligingni cheklamoqchi emasman. Mening niyatim — sen bilmaganlarni bildirishdir, endi sabza urayotgan hayot yo‘lingda uchrashi mumkin bo‘lgan chaqirtikanaklarni olib tashlash, toki ular seni yaralab, ziyon yetkazib, yoshligingni xazon etmasinlar.
Shu bois ham men senga nisbatan ayollarcha rahmdillik bilan emas, qat’iylik bilan qarayman. Sen esa, o‘z navbatida faqatgina tahsinga sazovor ishlaring bilan mening ko‘nglimni ko‘tarishing mumkin.
Men senga doim quntli, sabr-toqatli, shu bilan birga ziyrak, abjir bo‘lishni nasihat qilaman. Buning hammasiga qandaydir bir majburiyat emas, balki pirovardida ko‘ngilxushligi nasib etadigan ne’matdek qarash kerak. O‘zing o‘ylab ko‘r, tengdoshlaringdan doimo har taraflama bir pog‘ona ustun turishdan xuzurli narsa bormi? Va aksincha, sendan kimdir o‘zib ketsa, bundan ortiq tahqirlanish bormi? Buning ustiga, sen ta’lim-tarbiyangga o‘rtoqlaringnikidan ko‘proq diqqat-e’tibor berilayotganligini hamma bilib turgan bo‘lsa?
Sen meni to‘g‘ri tushungin, men tirishqoqlik haqida gapirganda faqatgina kimdandir bellashuvda g‘olib chiqishingni nazarda tutmayman, garchand bu ham muhimligini e’tirof etsam ham. Men barcha sohalarda keng ma’noda zafarli bo‘lishingni ko‘zlayman. Faqat bir sohada yuzaki bilimga ega bo‘lgandan bo‘lmagan ma’qul. Yuzaki bilim kishiga qoniqish hissi bermasligi bilan bir paytda kulguga ham sabab bo‘ladi. Faqatgina havoyi odamlargina shu bilan kifoyalanib yurishlari lozim. Bundaylarni kaltabin deyishadi.
Agarda men ham yoshligimda, o‘z vaqtida tirishqoqlik bilan kerakli bilimlarni egallab olmaganimda, xozir bir bebaxt odamga aylanib qolgan bo‘lardim. Unda ahvolim ne kechgan bo‘lardi, deb o‘ylab qolaman ba’zan. Balki ko‘pchilik nodonlarga o‘xshab ichishga ruju qo‘ygan yoki ayollarday safsata sotish bilan kunini behuda sovuradigan (bunaqalarni ayollarning o‘zi ham yoqtirmaydi) odamlardan bittasiga aylanib qolgan bo‘larmidim? Bunaqa be’mani hayotdan o‘zini-o‘zi osib qo‘yish hech gapmas. Har kuni ertalab turib, kech yechinishdan boshqa narsani, kim bilan nima haqida gaplashishni bilmaslik! — bundan ham zerikarli hayotni tasavvur qilish mumkinmi? Meni esa kitoblar qurshab turdi, mening benazir boyliklarim va do‘stlarim! Sitseron kitob o‘qishning foydasi haqida bekorga aytmagan:
“Bu narsa yoshlarga ma’naviy oziq bersa, keksalarni xushnud etadi, baxtli onlar hadya etadi; qiyin damlarda ko‘ngilga taskin beradi, yupatib orom bag‘ishlaydi, uyda hordiq, safarda esa sodiq hamroh bo‘ladi; tunlari biz bilan kechadi, ishimizda ham ko‘makchi, og‘irimizni yengil qiladi…”
Shuni ham yodingda tutginki, men bilim olish kerak deganda, birgina kitobdan bilishni emas, odamlarni bilishni ham nazarda tutaman-ki, bu narsa kitobdan oladiganlardan ham muhimroqdir. Kitobiy bilim va hayotiy bilim — bu bir-birini to‘ldiruvchi, inson uchun teng zarur narsalar. Aqlli odam har ikkisiga yetarli e’tibor beradi va ikkovini egallamay turib, bittasining o‘zini o‘zlashtirolmasligini biladi. Odamning bilimi odamlar orasidagini amalga oshirilishi mumkin, salqin xonada emas. Hayotni kuzatganing sari, kitobiy bilimlarning ham yangi qirralari senga namoyon bo‘laveradi. Kitob o‘qir ekansan, hayotiy tajribangni qo‘llab, haqiqatni topishing oson kechadi. Odamlarni bilish ham, kitobdan bilim olishday ko‘p mehnat, sabr-toqat, qunt talab qiladi. Ko‘p narsani ko‘ra bilish, to‘g‘ri baho bera bilish kerak. Ba’zi qariyalarga e’tibor bersak, o‘ta kaltabinliklari natijasida o‘n besh yoshliklarida qanday bo‘lsa, hozir ham shundoq fikr yuritadilar. Hayotda safsatabozlik bilan bilim orttirib bo‘lmaydi-da.
Sen odamlarni chetroqdan, yuzaki kuzatibgina qolmasdan, ularning ichki dunyosiga kirib borishga urin. Chunki odamlarda o‘xshash odatlar, umumiylik bo‘lishi bilan bir vaqtda har birida qandaydir betakror, boshqalarda uchramaydigan xislat, tuyg‘u bo‘ladiki, sen o‘shani ko‘ra bilishga harakat qilishing kerak. Bilib oldingmi, kuzat, bu xislat, tuyg‘u o‘sha odamni nimalarga undaydi. Va bundan buyon hushyor bo‘lgin, kishini xuddi o‘sha tuyg‘usiga, boshqacha qilib aytsak, qitig‘iga teguvchi ishni unga ishonib bo‘lmaydi. Aksincha, sen o‘sha odamga ta’sir ko‘rsatmoqchi bo‘lsang, xuddi ana shu bilimingni ishga solishing kerak. Ammo yodingdan chiqmasin, o‘sha odam seni nimalar bilan lol qoldirishga urinmasligi mumkin… Xayr.
* * *
Bat, 1746 yil, 9 oktyabr.
O‘g‘lim.
Senda barcha yoshlarga xos bo‘lgan boshqalarga yoqish, tengdoshlardan ustun turish ishtiyoqi yetishmayotganga o‘xshaydi. Bilib qo‘yki, ichingdan yonib bir narsaga intilmas ekansan, sen hech qachon, hech narsaga erisha olmaysan. Kimgadir yoqish uchun shunga yarasha avval o‘zing unga nisbatan e’tiborli bo‘lmas ekansan, beparvo, befarq bo‘lar ekansan, senga hech kim qayrilib boqmaydi. Lotincha bir naql bor: “Sen o‘zing aqlli bo‘lsang, tangrilar ham senga yordir”. Har qanday o‘rtamiyona qobiliyati bor odam ham yetarli darajada harakat qilsa, jonkuyar, o‘ziga ham, boshqalarga ham g‘amxo‘r, hushyor bo‘lsa, istagan narsaga erishishi, niyatiga yetishi mumkin. Faqat shoirlik, she’riyat bundan mustasno.
Doimo yodingda bo‘lsin, faqatgina yashash uchun eng muhim fazilatlarnigina shakllantirish uchun emas, balki ikkinchi darajali, ikir-chikir tuyilganlarini ham o‘zida tarbiyalashga yetarli e’tibor bermoq zarur. Bular: muomala, kiyinish madaniyati, raqsga tushish va hokazolar. Bularsiz ham kishini jamoat yoqtirmaydi, chetga surib qo‘yadi. Men avvalgi nomalarimda uqtirgandim bu haqda senga…
Boshqalarga nisbatan beparvo bo‘lmaslik haqida gap borarkan, parishonxotirlik xususida ikki og‘iz so‘z. Parishonxotirlik ikki narsadan bo‘ladi: nima bilandir o‘ta bandlikdan yoki bo‘shanglikdan.
Ammo har ikki holatda ham parishonxotirlarni hech qanday davrada yoqtirishmaydi. Unday odamlar noqulay ahvolga tushgani-tushgan, kechagi oshnasini bugun tanimayotganga o‘xshashadi. Suhbatlarda ishtirok etisha olmaydi, aksincha, birdan uyqudan kimdir turtib uyg‘otganday, nimalarnidir o‘rinsiz gapira ketishadi. Yuqorida ta’kidlaganimdek, bunday odam yo bo‘shang, miyasi yo‘q, yoki bo‘lmasa o‘ta muhim muammolarni yechish bilan band. Lekin birinchi xil parishonxotirlik ser Isaak Nyuton, m-r Lok kabi besh-oltita insonlargagina azaldan ato etilgan. Biron yosh yigit hech qanday sababsiz o‘zini parishonxotir tutsa, boshqalarga nisbatan hushyor, e’tiborli bo‘lmasa, ya’ni kelsa-kelmas gaplarni o‘rinsiz gapiraversa, bundaylar tezda chetga surilib qoladilar. Jamoat qanchalik sendan past bo‘lmasin, o‘sha yerda turibsanmi, sen mensimasligingni sezdirmagin, o‘zingni katta olmagin, ulardan jirkanmagin, dilsiyohlik qilmagin.
Insonlar ularga yetkazilgan barcha ziyonni kechirishlari mumkin, lekin dilsiyohlikni esa aslo. Shuning uchun agarda sen kishilarga yoqmoqchi bo‘lsang, avval sen o‘zing ularga nisbatan ziyrak, e’tiborli bo‘lgin; har bir odamning o‘ziga yarasha g‘ururi, nafsoniyati borligini unutmagin — shu e’tiborsizlik xuddi mana shu nafsoniyatga tegadi va o‘sha odamda nafrat tuyg‘ularini qo‘zg‘atadi. Har bir odamni qandaydir bir ko‘ngil tori bo‘ladi — nimanidir sevadi, nimadandir nafratlanadi. Agarda sening e’tiborsizliging va beparvoliging oqibatida o‘sha odam o‘zi nafratlangan va ayni paytda sen oldini olishing mumkin bo‘lgan narsaga duch kelib qolgudek bo‘lsa, e’tiborsizligingdan xafa bo‘ladi, qo‘lingdan kelaturib qilmagan ishingdan qattiq ranjiydi va o‘zini kamsitilgan his etadi. Va u birinchisini ham, ikkinchisini ham ko‘ngliga tugib qo‘yadi. Aksincha, agarda sen o‘sha odam yoqtirgan ishni bilib amalga oshirsang yoki suymagan narsasini bartaraf qilsang, u sendan, albatta, minnatdor bo‘ladi, boshi osmonga yetadi. Shu yo‘l bilan odamlarni o‘zingga rom etish boshqa muhimroq xizmatlardan afzalroqdir.
Ayollarni ko‘nglini olish uchun esa bundan ham oz narsa kerak bo‘ladi odatda. Bu borada sen oliy davralarda udumlarga e’tibor beraver, tarbiya ko‘rgan odamlarning harakatlarini kuzatgin. Xayr.
* * *
London, 1747 yil, 21 sentyabr.
Mening o‘g‘lim.
Oxirgi pochtadan sening 8-da yozgan xatingni oldim. Eyonzidlenddagi xurofotchilar da’vatidan hayron bo‘lishing o‘rinli. Yodingda bo‘lsin, kimningdir noto‘g‘ri qarashlari, fikr yuritishlari xato bo‘lsa, ammo bu xatolik sidqidildan bo‘lsa, bundan faqat afsuslanish, o‘sha odamga achinish kerak. Bundaylarning ustidan kulib ham bo‘lmaydi, jazolash ham noto‘g‘ri. Aqli zaif odam xuddi ko‘zi ojizdek taassufga loyiq, xolos. Unisi ham, bunisi ham yo‘lda qoqilsa na ayblab bo‘ladi va na ustidan kulib bo‘ladi. Bundaylarga mehr-shafqat ko‘rsatib, to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘ymoq darkor. Har bir insonning hayot yo‘lida uning aqli yo‘l boshlovchidir. Men boshqalar ham xuddi menday fikrlashini kutishim, boshqalarning bo‘yi, gavdasi ham aynan menikidaka bo‘lishini ixtiyor etishimday gapdir. Hamma ham haqiqatga intiladi, lekin yolg‘iz xudo biladi, kim o‘sha haqiqatga yetishganini. Shu bois ham kimnidir o‘zgacha fikrlagani uchun uni ta’qib ostiga olish, ustidan kulish yaxshi emas. Ularning maslaklari o‘zlarining aql-idroklariga yarasha shakllangan.
Yolg‘onga soddalikdan ishonganlar emas, o‘sha yolg‘onni aslida qing‘irligini bila turib tarqatgan va shu ma’noda xatti-harakat qilganlar gunohkordirlar, aybdordirlar. Qing‘ir ish qilishdan ziyod gunoh, jinoyat yo‘q deb hisoblayman. Bo‘hton, qing‘ir ish — bu adovat, qo‘rqoqlik, manmanlik, shuhratparastlik mahsulidir. Yolg‘on bilan biron-bir maqsadga erishib bo‘lmaydi, yolg‘onning umri qisqa. Xusumatdan men biron kimsaga nisbatan yolg‘on ishlatib, uning obro‘siga putur yetkazmoqchi bo‘lsam, pirovard-natijada, baribir, men o‘zim bundan ko‘proq jabrlanaman. Chunki ertami-kech yolg‘onning oshkor bo‘lishi muqarrar, o‘shanda odamlar mendan nafratlanishadi, meni pastkash deb hisoblashadi, bundan so‘ng o‘sha odamni qoralash maqsadida to‘g‘ri, bor gaplarni aytgan chog‘imda ham menga hech kim ishonmaydi. Bu sharmandalikdir.
Bundan qutulish uchun har xil ayyorliklarni ishga solish esa, ahvolni yana ham chigallashtiradi, xolos. Bunaqa paytlarda qo‘rqmasdan sodir etgan xatosini, aybini bo‘yniga olish hamma narsadan ko‘ra ma’qul; undaylarga muruvvat ko‘rsatishadi odatda. Qo‘rqqandan bo‘yin egmaslik esa faqatgina ishni chigallashtiradi.
Yana bir toifa odamlar borki, shuhrat orttirish maqsadida yolg‘onni ko‘p ishlatishadi-yu, ularga quloq solsang, ulardan zo‘r qahramon yo‘q, hamma narsani do‘ndirishgan, behisob ayollar ular qo‘lidan o‘tgan… Bunday maqtanchoqlarni bilib olish qiyin emas. Unaqalar ustidan doimo kulib yurishadi. Chunki g‘irt ahmoqlargina doimo maqtanchoq, yolg‘onchi bo‘lishadi.
Kishi hayotining sodiq yetakchisi faqatgina to‘g‘ri so‘zlikdir. Bu unga obro‘-e’tibor, hurmat keltiradi. Eng muhimi, bu narsa o‘sha kishining shaxsiy manfaatlariga xizmat qiladi birinchi navbatda. Har xil odamlarga razm solsang, mening haqligimni tushunib olasan… Xayr.
* * *
London, 1747 yil, 9 oktyabr.
Aziz o‘g‘lim!
Sening yoshingdagi yigitchalar juda ishonuvchan bo‘lishadi. Ba’zi pixi qayrilgan mug‘ambirlar, men do‘stingman, deb qo‘ysa bo‘ldi, sizlar laqqa tushib, ularning shirin so‘zlariga uchasizlar, hamma narsani ishonib gapiraverasizlarki, bu, pirovardida, sizdaqalarni ko‘ngilsizliklarga eltadi, odamni nobud qilishi ham mumkin.
Sen oliy davraga kirib boryapsan, senga do‘stman deguvchilardan ehtiyot bo‘lgin. Ular bilan xushmuomala bo‘lmoq kerak, lekin ishonavermagin gaplariga; ular bilan takallufli bo‘lsang-da, siringni ochmagin. Odamlar bir uchrashishdayoq do‘st bo‘lib qolaveradi, deb o‘ylamagin. Haqiqiy do‘stlik asta-sekin shakllanadi, kishilar chin do‘st ekanliklarini isbotlashlari kerak.
To‘g‘ri, ba’zan yigitlar tez til topishib, buni do‘stlik deb yuritishadi. Bunaqa rishtalar juda otashin bo‘lishi mumkin, ammo, odatda, ko‘pga cho‘zilmaydi. Bu xil do‘stlik ko‘ngilochar joylardan, maishatxonalardan boshlanadi odatda. Unaqa do‘stlarni birlashtirib turgan narsa — axloqsizlik, ichkilikbozlik va hokazodir va u aslida axloq-odobga qarshi uyushtirilgan fitnadir va buning uchun jazolamoq o‘rinli bo‘ladi. Bunaqa aloqalarni do‘stlik deb ataguvchilar bir-birlariga bema’ni maqsadlarga qarz berishadi, “do‘stlar”ining tarafini olib, urush-janjallarga aralashishadi. Bunday aloqalar ma’lum muddatgina, biron-bir ular uchun ko‘ngilsiz hol ro‘y berguncha davom etadi. Undan so‘ng esa bir-birlarini izlashmaydi ham, boz ustiga, duch kelgan joyda bir-birlarini sotishadi, mazax qilib yurishadi. Shuning uchun, jigarbandim, qulog‘ingda bo‘lsin, tasodifiy o‘rtoq bilan haqiqiy do‘st o‘rtasida juda katta farq bor. Bir qaraganda xushro‘y, xizmatga tayyor hamtovoq, aslida ayyor, olchoq, xavfli dushman bo‘lib chiqishi mumkin.
Odamlar do‘stlaringga qarab senga baho berishadi. Ispanlarda maqol bor: “Do‘sting kimligini aytsang, men sening kimligingni aytib beraman”. Kimda-kim biror muttaham, firibgar yoki birorta laqma bilan yaqinlashsa, chetdan kuzatganlar albatta: bularning niyati buzuqqa o‘xshaydi, deb o‘ylashadi yoki ustlaridan kulib yurishadi. Sen dargumon shaxslar bilan hech do‘stlashib yurmagin. “Do‘st” so‘zi bunday aloqalarni ifodalamaydi aslo. Ayni paytda o‘ylamay gapirib, ularni o‘zingga dushman qilib qo‘yishdan ham ehtiyot bo‘lgin. Sen ularning qusurlariga, be’maniliklariga dushman bo‘lishing mumkin, ammo o‘zlarini dushman qilib olma o‘zingga. Ular bilan do‘stlik qanchalik xavfli bo‘lsa, dushmanlik ham shu qadar yomondir. Barcha bilan sipo bo‘lgin, o‘zingni tiyib yurgin, lekin soxta sipo ham bo‘lmagin, bu xunuk ish, o‘zini tuta bilmaslik esa undan ham o‘tib tushadi. O‘rta yo‘lni topish bo‘lsa ko‘pchilikka nasib etmagan. Kimdir haddan tashqari ichidan pishgan, hech kimsaga yorilmaydigan bo‘lsa, boshqalar, aksincha, og‘zi bo‘sh bo‘ladilar.
Do‘st tanlash — bu davra, jamoat tanlash demakdir. Iloji boricha sen o‘zingdan yuqorilar bilan muloqotda bo‘lgin. Bu sening obro‘yingni oshiradi, o‘zingdan pastlar bilan sherik bo‘lsang, sen ham o‘shalar darajasiga tushgan bo‘lasan. Ammo meni to‘g‘ri tushungin. “Yuqori”, “past” deganda men aslo kelib chiqishni, naslni nazarda tutayotganim yo‘q. Men bu yerda kishilarning jamiyatda tutgan o‘rnini, qozongan haqiqiy obro‘-e’tiborini nazarda tutmoqdaman.
Yaxshi jamiyat ikki xil bo‘ladi: birinchisi — oliy jamiyat, kiboriylar jamiyati deb yuritiladi va saroy atrofida uyushgan zodagonlardan tarkib topadi, ko‘pincha ayshu ishrat bilan band bo‘ladi. Ikkinchisi — fan va madaniyat sohalarida katta yutuqlarga erishgan kishilardan iborat bo‘ladi. Boshqa bir toifa kishilar ham bo‘ladiki, ularni tuban jamiyat deb atayman. Bunday jamiyat o‘ta pastkash bo‘ladi va men ulardan hazar qilaman. Pinjingga kirib olib, sening barcha qusurlaringni og‘iz ko‘pirtirib maqtashga tayyor, chunki sen ularga naflisan. Ba’zilar nufuzli davralarda bo‘lib turishlari bilan maqtanishgani-maqtanishgan, bu faqatgina nodonlikdan va bundaylardan uzoqroq yurish lozim.
Senda savol tug‘ilishi mumkin, xohlagan odam xohlagan jamiyatga qo‘shila oladimi, deb. Ha, qo‘shila oladi, faqat o‘sha jamoatchilik e’tiborini qozonishga intilsa va jentlmencha hayot kechirishga moddiy imkoniyati mavjud bo‘lsa. Axloq-odobli, tarbiya ko‘rgan yigit har qanday jamoatga yo‘l topa oladi. Uning ilmi bu ishda yo‘lboshchi bo‘ladi, yaxshi odobi esa barcha davralarda uni ardoqli, aziz mehmon etadi. Avvallari ham ta’kidlagandim senga, xushmuomalalik, odoblilik barcha boshqa ijobiy fazilatlarning bezagi deb. Busiz ilming ham, iqtidoring ham, boyliging ham ko‘zga tashlanmaydi. Xayr.
* * *
London, 1747 yil, 16 oktyabr.
Mening farzandim!
Inson odamlarga qanday manzur bo‘lish yo‘lini bilmog‘i zarur, ammo bu kishidan katta san’at talab qiladiki, bu san’atni aniq qoidalar bilan ifodalab berish qiyin. Balki aql-idrok va kuzatuvchanlik sen uchun mening barcha o‘gitlarimdan foydaliroq bo‘lar bu sohada.
Boshqalar senga qanday munosabatda bo‘lishlarini istasang, avval o‘zing ularga nisbatan mulozamatda bo‘lgin. Boshqalarda nima fazilat sen uchun xush ko‘rinsa, bilginki, ular ham senda xuddi shu xislatlar bo‘lishini xohlashlari mumkin. Boshqalar ra’yingga qarab ish tutishsa, istak-xohishlaringni sezgirlik bilan bajo keltirishsa yoqadimi? Boshqalarga ham shunday.
Qanaqa davraga kirsang, ajralib turmaslik uchun o‘shanga moslashishga harakat qilmoq lozim. Ortiqcha jiddiy qilib ham ko‘rsatmagin o‘zingni. Uzundan-uzun gaplaring bilan atrofingdagilarni zeriktirmagin, bundan yomoni yo‘q davralarda. Mavridi bo‘lsa, qisqa, qiziqarli biror narsa aytib bergan ma’qul.
O‘zing to‘g‘ringda ortiqcha gaplar, xasratlar bilan boshqalar vaqtini olmagin, sen uchun o‘sha gaplar o‘ta muhim bo‘lishi mumkin, boshqalar uchun emas. Umuman, shaxsiy masalalaring haqida qancha kam gapirsang, shuncha yaxshi. O‘zingni har tomonlama munosib deb bilsang-da, boshqalarga buni ko‘z-ko‘z qilavermaslik ma’qul. Haqiqiy yaxshi fazilatlar sohibi bo‘lsang, buni boshqalar sensiz ham bilib olishadi va shu yo‘l bilan e’tibor qozonish o‘zing uchun ham afzalroq. Garchand haqligingga to‘la ishonsang ham, hech qachon chiranib, hammaga eshittirib ma’qullayverma o‘zingnikini, yaxshisi, kamtarona, sekingina bildirib qo‘ygin fikringni, chunki bu chirangandan ma’qulroq, shunda tezroq ishonishadi odamlar. Bordi-yu, ishontirolmasang, yaxshisi, mavzuni boshqa tomonga burib yuborishga harakat qil.
E’tibor bersang, biron-bir guruh odamlariga mos keladigan, ularni xushnud etishi mumkin bo‘lgan narsa boshqa yerda umuman to‘g‘ri kelmasligi, aks natija berishi ham mumkin. Bir xil latifalar, askiya, yumor gaplar bir joyda qiziqarli va o‘rinli bo‘lsa, ikkinchi joyda umuman qabul etilmasligi tabiiy bir hol, hatto kimlarningdir nafsoniyatiga tegishi, xafa qilishi mumkin.
Ba’zan bir xil odamlar: “Men sizlarga hozir ajoyib voqea aytib beraman”, — deb gap boshlaydi. Shunga yarasha suhbatdoshlarda e’tibor kuchayadi, lekin “ajoyib voqea” ular uchun ahamiyatsiz bir narsa bo‘lib chiqishi mumkin va hikoyachi o‘zi bundan noqulay ahvolga tushib qolishi turgan gap.
Agarda sen kimlar bilandir do‘stlashmoqchi, e’tiborlarini qozonmoqchi bo‘lsang, sen ularning tahsinga loyiq (shunaqasi bo‘lsa) fazilatlarini va xarakteridagi zaif tomonlarini bilib olishga urin. Bilgach, birinchisiga munosib tahsin aytgin, ikkinchisini mavridi kelganda maqtab qo‘ygin. Chunki odam ko‘p sohalarda muvaffaqiyatli bo‘lishni orzu qiladi, hech bo‘lmasa boshqalar shunday deb o‘ylashini istashadi. Ularga haqiqiy yaxshi fazilatlarini maqtashdan, muvaffaqiyatli bo‘lishni istagan tomonlarini maqtash yoqimliroq bo‘ladi, chunki o‘sha odamlar mazkur sohalarda harholda yetarli darajada zo‘r emasliklarini o‘zlari yaxshi bilishadi. Masalan, kardinal Rishele zabardast davlat arbobi bo‘lgan, ayni paytda shoirlikka da’vogar ham edi va bu uning ko‘nglidagi nozik tori edi. Ustamonlar buni bilgan holda kardinal o‘tkir so‘z shoir deb ko‘proq maqtashardiki, bundan ular manfaatdor bo‘lardilar.
Nimani maqtashni bilib olish uncha qiyin emas odatda. Kim qaysi masalada o‘zini yuqori hisoblamoqchi bo‘lsa, o‘sha mavzuni ko‘targani ko‘targan. Mana shundan xulosa chiqarib, sen xuddi o‘sha zaif joyini maqtab qo‘yasan.
Masalan, barcha ayollarning zaif tomoni ularning chiroyidir. Bu borada qancha maqtamagin, ularga kam tuyulaveradi. Chiroyining maqtoviga butunlay befarq bo‘ladigan ayol hali dunyoga kelmagan bo‘lsa kerak. Qaysi bir ayolning yuzi kelishmagan bo‘lsa, qomatim chiroyliligi badbasharaligimni sezdirmay turadi va shu bilan maqtovga munosibman, deb o‘ylaydi o‘zini. Bordi-yu, yuzi ham, qomati ham ko‘rimsiz bo‘lsa, ayol kishilar o‘ngida o‘zini tuta bilishlik san’ati sirti chiroylilikdan afzal deb o‘ylaydi. Shuning uchun ham dunyodagi eng badbashara ayol ham iloji boricha chiroyli kiyinishga harakat qiladi…
Ammo, o‘g‘lim, meni to‘g‘ri tushungin, men senga, shaxsiy manfaatlaring yo‘lida, azbaroyi, kishilarning qusurlarini maqtagin, demoqchi emasman. Aksincha, yomonliklarini ko‘ra bilish va odamlarni bundan firog‘ etishga harakat qilmoq olijanob kishilarning burchidir. Men erkagu ayollarda uchrab turadigan, atrofdagilarga beziyon u yo bu masalada mag‘rurlanish odatlari, tuyg‘ulari haqida gapiryapman. Biror munosib erkak o‘zini “oqil” deb maqtab qo‘yishlarini yoqtirsa yoki biror uncha go‘zal bo‘lmagan ayol uni “farishta” deb atashlarini xohlasa, men ularni ana shunday deb maqtasam, buni nima yomonligi, kimga ziyoni bor? Ularga e’tiborsizlik qilib, o‘zimga dushman qilganimdan, ozgina maqtab do‘stlashib olganim yaxshimasmi? Qani endi sening yoshingda mening shunaqa narsalarga aqlim yetgan bo‘lganda edi. Bu aql men uchun ellik uch yillik umrga teng. Sening o‘rningda bu tayyor hayotiy tajriba xulosalaridan unumliroq foydalanishga intilgan bo‘lardim. Xayr!
* * *
1748, 2 yanvar.
Aziz farzandim!
Leyptsigda vaqtni bekorga sarflamay, to‘g‘ri taqsimlab, unumli foydalanayotganingdan bag‘oyat xursandman. Bundan birinchi navbatda o‘zing manfaatdor ekanligingni tushunishingga aminman. Vaqtni to‘g‘ri sarflay bilish — bu sudxo‘r pulni foydaga berishiga barobarki, bir necha yildan so‘ng mo‘maygina foyda keltiradi.
Jo‘ralaring xususida. Ularning o‘ntasidan sakkiztasi aytgulik zo‘r odamlar bo‘lmasligi, yaxshi odobi, tarbiya ko‘rganligi bilan ajralib turmasliklari mumkin. Shunday bo‘lsa-da, sen ulardan yuz o‘girishga shoshilmagin. Bordi-yu, shunday qilsang, sen o‘zing odobsiz ekanligingni ko‘rsatgan bo‘lasan. Yaxshisi, ulardan, suhbatlaridan iloji boricha o‘zingga foyda izlagin, zero, har qanday odam bilan bo‘lgan muloqot biron-bir ma’noda foydali bo‘lishi turgan gap; hech bo‘lmasa nemischa o‘rganishingda qo‘l keladi.
Ular turli viloyatlardan kelishgan, ulardan yurtlari haqida so‘rab bilib olish imkoni bor. O‘zlari zerikarli suhbatdosh bo‘lishlari mumkin, ammo yurtlarining qonunlari, an’analari, mashhur kishilari haqida, albatta, bir narsalarni biladilarki, ulardan buni bilib olmoq sen uchun foyda. Xullas, biron-bir inson bo‘lmaydiki, butunlay bequsur bo‘lsa, yoki aksincha, birorta ham odam topib olmaydiki, u umuman hech narsaga yaroqsiz bo‘lsa. Yaxshi kimyogar har qanday mahsulotdan o‘ziga kerakli essentsiya ajratib ololganidek, oqil kishi ham kim bilan muloqotda bo‘lmasin, bundan o‘ziga foydali tomonini topa oladi.
Kurlyandiya gertsoginyasiga seni tanishtirishgan ekan, sen huzurida imkoni boricha tez-tez bo‘lib turishga harakat qilgin. Eshitishimcha, u zoti oliy yuksak davrada tarbiya ko‘rgan, iste’dodli emish. Ayollar davrasida chuqur aql-idrok qidirish befoyda bo‘lsa-da, ular bilan muloqotda bo‘lib turish erkak kishi uchun muomala tarziga sayqal berishdek ishda qo‘l keladi. Inglizlarga esa xuddi shu narsa har doim yetishmaydi.
Emishlaring a’lo darajada bo‘lmasa-da, ularni yomon deb ham bo‘lmaydi, har qalay qorin to‘yg‘azadi. Senga aytsam, kartoshka mening hamyurtlarim bo‘lmish irlandiyaliklarning asosiy taomidir. Irlandiyaliklar Yevropadagi eng baquvvat odamlar ekanligi esa hammaga ma’lum… Xayr.
* * *
London, 1748 yil, 15 yanvar.
Aziz farzandim!
Modomiki, sen kelajakda o‘lponchilik davlat muassasalarida ishlashni xohlamas ekansan, bilki yunon tilidan professor bo‘lib, o‘zimizning universitetlardan biriga ishga joylanarsan? Bu ishning daromadi yomon emas, tilni esa sen yetarli darajada bilasan. Agarda bu ham senga yoqmasa, boshqa nima tavsiya etishni ham bilmayman. O‘zing kim bo‘lishni xohlaysan, qanday rejalaring bor? Mustaqil bir qarorga kelib, tegishli tadorikni ko‘rish fursati yetdi. M-r Xart yozishicha, senda davlat arbobi bo‘lish ishtiyoqi bor emish. Shu rost bo‘lsa, demak, bu borada mening izdoshim bo‘lasan va men jon deb sen bilan o‘z tajribamni o‘rtoqlashaman.
Davlat arbobi bo‘lish uchun ba’zi, bir qaraganda, katta ahamiyatga ega bo‘lmagan narsalar zarur odamga. Avvalambor o‘z xizmat lavozimiga munosib bo‘lish. Buning uchun esa qadimgi va yangi tarixni chuqur o‘rganish lozim hamda tillarni bilish kerak. Turli mamlakatlardagi davlat qurilishi va boshqarish usullariga oid ma’lumotga ega bo‘lmoq kerak. Qadimiy imperiyalar va yangi dunyo rivojlanishi-yu, inqirozi sabablarini yaxshi o‘rganib chiqmoq kerak. Boshqa davlatlarning qudrati, boyliklari, savdosi va boshqa mavjud imkoniyatlarini bilib olmoq darkor. Bu gaplar senga balki jiddiy tuyulmas, ammo siyosiy arbob bularni bilishi shart va sen ushbu masalalarga to‘g‘ri yondoshib, o‘qib o‘rganishni kechiktirmay boshlab yuborasan, degan umiddaman.
Siyosatdonlikni amalda yuritish uchun kishi yana bir qator fazilatlarni o‘zida tarbiyalashiga to‘g‘ri keladi. Birinchidan, bu har qanday vaziyatda ham o‘zini tuta bilish, his-tuyg‘ularini, ehtirosini noo‘rin namoyon qilmaslik. Ikkinchidan, chidamli, toqatli bo‘lish. Bu narsa yengil-elpi, arzimas, isbotsiz, ba’zan hatto surbetlarcha aytilgan gaplarni eshita bilish uchun zarur. Surbetlikni yengish uchun yana andisha va xushmuomalalik kerak bo‘ladi. Hech kimni og‘rintirmasdan ish tutishga urinish kerak. Uddaburon, epchil, hammabop, vaziyatni yaxshi his etadigan bo‘lmoq kerak. Mo‘ltoni bo‘lmagan holda sir boy bermaslik san’atini ham o‘zlashtirmoq zarur. O‘tkir zehnli, ziyrak bo‘lish talab qilinadi. Vazminlik esa alohida ahamiyatga ega. O‘zingni shunday tutginki, sirtingdan hech kim ichingdagini bilib olmasin. Samimiy, ochiqko‘ngil ko‘rinishga harakat qilish, ayni paytda o‘ylaganlaringni yashira bilmoq zarur. Mana shunaqa ikir-chikirlarni bo‘lajak siyosat arbobi o‘zida tarbiyalamog‘i lozim… Xayr.
* * *
Bat, 1748, 16 fevral.
Aziz o‘g‘lim!
Men bu yerga kecha yetib kelib, joylashdim. Keyingi paytlarda salomatligimga e’tibor bermagandim, endi biroz davolanib olmasam bo‘lmaydi, bu yerning suvlari shifobaxsh. Bir oydan so‘ng esa Londonga qaytaman, yangi uyimda farog‘atni davom ettiraman. U go‘shada mening hordig‘imni chiqaradigan narsa asosan kutubxonam (Chesterfildning kutubxonasi o‘sha davr Angliyadagi eng boy kutubxonalardan bo‘lgan — tarjimon). Bilasanmi, men endigina hayot gashtini surish imkoniyatiga sendayligimda ko‘p mehnat qilganligim evaziga erishdim. Agarda undan ham ma’niliroq hayot kechirganimda o‘sha paytlar, ko‘proq foydali urug‘ sepganimda edi hayotga, hozirga kelib bundan ham totli hayotga erishgan bo‘lishim mumkin edi. Mening niyatim, sen sochgan urug‘lar bexato bo‘lib, ulg‘ayganingda mo‘l va shirin hosil keltirsa…
Yoshlik davrimni eslarkanman, men faqat bir narsadan afsuslanaman. U ham bo‘lsa — behuda, foydali ish bilan shug‘ullanmay o‘tkazgan damlarim haqida. Sen g‘o‘rlik qilib mening xatolarimni takrorlamagin deyman. Behuda yo‘qotilgan daqiqalarni bir joyga to‘plab qo‘ysagina, bu naqadar katta talafot ekanligi seziladi. Kishi har bir daqiqadan unumli foydalana olsa — bu uning boyligi, chunki vaqti kelib ushbu tejalgan onlar yoshlik sururlaridan rohatu farog‘at bo‘lib qaytadi. Sen o‘ylamagin yana, dadam ertadan-kechgacha boshingni ishdan ko‘tarmagin, deb maslahat beryapti, deb. Yo‘q, albatta. Dam olish, hordiq chiqarish ham o‘z o‘rnida kerak, zarur. Lekin bilasanmi, dam olish, ulfatchilik qilishdan ham oqilona foydalanish mumkin. Bunaqa paytlarda kishilar — boshqa vaziyatda ehtiyotkor bo‘lganlari ham ko‘pincha yuraklarini ochib-sochib gaplashadilar. Bu esa kishi xarakterini o‘rganishga qulay payt. Ba’zi odamlar bo‘lsa ishga qanday loqayd bo‘lsalar, dam olishni ham shunchalik bilmaydilar, hayot quvonchlari qadriga yetmaydilar.
Nima bilan shug‘ullanmagin, puxta qilish kerak, shunchaki nomiga, yuzaki shug‘ullanmagin. Nihoyasiga yetmagan ish — bu umuman qo‘l urilmagan ish desa ham bo‘laveradi. Biror narsani mohiyatiga yarim yetish — bu umuman hech narsa bilmagan bilan barobar, hatto undan ham yomondir, chunki kishini chalg‘itadi, boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yadi.
Xullas, jamiyatda biron-bir burchak yoki biron odam yo‘qki — u umuman befoyda bo‘lsa, faqatgina, o‘sha foydali davrani, joyni qidirib topishga istak-xohish kerak. Har bir odam hech bo‘lmaganda birorta narsani biladi va bilganini kimgadir gapirib berish imkoniyati tug‘ilganidan, odatda, xursand bo‘ladi. Faqatgina sen o‘sha odamni o‘zingga rom eta olishing kerak. Shunday murojaat qilginki, bu ayni paytning o‘zida ham savol, ham uzr so‘rash bo‘lsin. Masalan: “Men falon narsa yuzasidan sizdan maslahat so‘ramoqchi edim-u, hijolat qilib turibman-da. Boshqa odam sizchalik tushuntirib berolmaydi menga buni”, — va shunga o‘xshash tarzda.
Hozir sen lyuteran ahli orasida yashayapsan. Iloji boricha ularning ibodatxonalarida bo‘lgin: ibodat qoidalarini, rasm-rusumlarini kuzatgin, ular ma’nosiga tushunib yetishga harakat qil, hademay nemis tilini ham o‘rganib olib, ularning va’zxonliklarini ham tushunadigan bo‘lib qolasan, ular mag‘zini chaqishga harakat qilgin. Bundan tashqari ularda cherkov qanday va kim tomonidan boshqarilishi bilan qiziqqin. Cherkovning daromadi, nima hisobiga yashashini ham bilib qo‘ysang yaxshi — davlat hisobigami yo xayriyagami? Katolik mamlakatlariga borganda ham shunday qiziqib turish kerak. Rohiblar jamoasi tarixi, ularning qonun-qoidalari, odatlarini kuzatgin. Ammo bitta narsani aslo yodingdan chiqarma: har xil din, mazhablarning turli, g‘aroyib odatlari, aqidalari ustidan hech kula ko‘rmagin, hatto ular senga g‘irt bema’ni, kelishmagan ko‘rinsa ham, gumrohlik tuyulsa ham. Chunki o‘sha inson diniy aqidalarga chin dildan ishonishi, talpinishi mumkinki, buning ustidan kulish odobdan emas. Zero, odamlar qanday toat-ibodat tarzini ixtiyor etmasinlar — bitta xudoga sig‘inishadi, barchamizni, butun mavjudotni yaratgan tangri yagona. Har bir mazhab o‘zini haq deb biladi, to‘g‘ri yo‘ldan borayapman deb o‘ylaydi. Lekin men biror-bir shaxsni bilmaymanki, u bu borada haq-nohaqni aniq ajratib bera olsa.
Qayerda bo‘lmagin, davlatning daromadi, armiyasi, hunarmandchiliklari, savdosi, politsiyasi haqida surishtirib yurgin. Agarda sen bitta qalin daftar yuritib, unga allaqayoqdagi tasodifiy uchragan ahmoqlardan dastxat to‘plash o‘rniga yuqoridagi ma’lumotlarni puxta yozib yursang, so‘zsiz, foydasi ko‘proq bo‘ladi.
Yana bir muhim maslahatim: borgan mamlakatlaringda harbiy ishlar, sud jarayoni qanday amalga oshirilishi bilan jiddiy qiziqib, tegishli ma’lumotlarni to‘plab borgin. Sudlar odatda ochiq bo‘lgani uchun bu ishni amalga oshirishingga mone’lik yo‘q hech qayerda.
Xullas, men seni komil inson sifatida ko‘rishni orzu qilaman. Lekin bunga yetishish oson emasligini tushungan holda, hech bo‘lmasa barkamollikka yaqinlashishingni istayman. Xayr.
* * *
O‘g‘lim!
Har qanday yaxshi fazilat, ezgulik bir payt kelib qusurga, yomonlikka aylanishi mumkin, me’yoridan oshib ketsa: saxovat — isrofgarchilikka, tejamkorlik — xasislikka, andisha — qo‘rqoqlikka. Shu sabab barcha ezgu niyatlarimizni, yaxshi ishlarimizni aql bilan amalga oshirmasak, aks natija berishi turgan gap. Yomonlik bir ko‘rgandayoq kishining nafratini uyg‘otadi, ammo gap shundaki, dastavval u ko‘pincha chiroyli niqob ostida, yaxshi bo‘lib ko‘rinadi bizga. Yaxshilik bo‘lgach, hammamizni o‘ziga rom etadi, ortidan ergashamiz, u hech qachon ortiqchalik qilmaydi, har qancha bo‘lsa ham o‘rni bor, deb o‘ylaymiz, “to‘ymaymiz” unga. Xuddi mana shu yerda bizga mulohazalilik, bama’nilik kerak bo‘ladi, yaxshi niyatlarni to‘g‘ri yo‘lga solib yuborish uchun.
Oddiy misol: chuqur ilmga ega har qanday odamda ham sog‘lom aql bo‘lmasa, unda, albatta, mutakabbirlik paydo bo‘ladi, dimog‘dor, rasmiyatchi bo‘lib qoladi. Ba’zi kibru havosi ortgan olim kishilar o‘zgalar fikrini tan olmaydilar, faqat o‘zlarinikini ma’qullayveradilar. Natijada o‘zlarining murosasizliklari, o‘zbilarmonliklari bilan kimning g‘ashiga tegsalar, ana o‘shalar mutakabbirlarga qarshi uyushadi. Ilmli odamning shunga yarasha kamtarligi ham bo‘lsa nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Sen biron narsa xususida aniq fikrga ega bo‘lsang ham, o‘zingni go‘yoki bir qarorga kelmagan, ikkilanayotgan qilib ko‘rsatgin, o‘z fikringni bildirgin-u, lekin uni mahkam tutib olmagin.
Ba’zilar o‘zlarining bilimdonliklarini ko‘rsatish maqsadida qadimiy yunon va lotinchadan kelsa-kelmasa misollar keltiraverishadi, cho‘ntaklarida doimo birorta eski kitoblardan ham olib yurishadi. Zamonaviy kitoblarni, asarlarni tan olishmaydi. Ularning fikricha, oxirgi bir ming yetti yuz yil ichida fanda ham, adabiyot va san’atda ham arzigulik asar yaratilmagan. Senga maslahatim shuki, zamondoshlarga burun jiyirmagin, lekin ko‘hna tarixga ham ko‘r-ko‘rona sig‘inmagin, barcha namoyondalarga xizmatlariga yarasha baho berishga o‘rgangin. Ko‘r-ko‘ronasiga barcha ajdodlarga sig‘inaverish — bema’nilik.
Ba’zilar o‘zlari tushunmagan holda eski kitoblardan parchalar yodlab olishadi-da, olimliklarini ko‘rsatish uchun boshqalarning g‘ashiga tegib, to‘g‘ri kelgan joyda takrorlayverishadi. Qanday davrada bo‘lsang, o‘sha kishilar tilida gaplashishga harakat qil, ilmingni bemavrud ko‘z-ko‘z qilma. Ilm — bu misoli soat, uni ichki cho‘ntakda saqlagan ma’qul. Soatingiz necha bo‘ldi, deb so‘rashsa, javob bermoq kerak, yo‘qsa, hozir mana muncha vaqt bo‘ldi, deyaverib, hammaning g‘ashiga tegmaslik kerak.
Xullasi kalom, — bilish — yaxshi narsa, bunga intilmaslik nodonlik bo‘ladi, ammo uni o‘rnida va me’yorida ishlata bilmoq kerakki, toki u yomonlikka aylanib, ziyon yetkazmasin yana o‘zingga. Eng muhimi: zamonni bilish tarixdan ham zarurroq, ammo tarixsiz zamonni anglab bo‘lmaydi… Xayr.
* * *
Bat, 1748 yil, 9 mart.
Mening o‘g‘lim!
Balki men senga muomala madaniyati, lutfikorlik haqida haddan tashqari ko‘p gapirayotgandirman. Zero, bu har bir kishi hayoti uchun juda muhimdir. Lutfikorona aytilgan so‘z bilan belutf aytilgani o‘rtasida katta farq yotadi. Lutf kishi qalbiga bexato yo‘l topa oladi, qalb esa aql hukmdoridir. Shu bois kishi qalbini o‘zingga rom eta bilish ko‘p a’lo fazilatdir. Ayniqsa, ayol zotida aql doimo qalb izmidadir.
Sen o‘zing ham bilasan, qo‘pol, kiyinishni bilmagan, gapi og‘zidan tushib ketadigan yoki ming‘irlab gapiradiganlar hech kimga yoqmaydi. Balki bunaqalar orasida sinchiklab ko‘rsang aqllilar ham topilar, qalblari pokdir, ammo birinchi taassurotning ahamiyati boshqacha — u kishini yo rom etadi, yo teskari qilib qo‘yadi. Bundan kimga foyda, kimga ziyon — yaxshi tushunasan.
Lutf, odatda, ko‘plab ikir-chikirlardan iborat bo‘ladi: tashqi qiyofa, kiyinish san’ati, nozik harakatlar, yoqimli ovoz, shirinso‘zlik, xushro‘ylik, ochiqchehralik, ayni paytda noo‘rin kulmaslik va hokazo, hammasini sinab bo‘lmaydi. Eng muhimi — sen e’tibor bergin va yodingda bo‘lsin: boshqalarda senga qanday fazilat yoqsa, o‘zgalar ham sendan shuni izlaydi, shuni kutadi va aksincha — senga nimadir yoqmasa, boshqalarga ham shunday.
Kulgu to‘g‘risida gapirdim. Bu o‘rinda seni ogohlantirib qo‘yay: qah-qah urib kulish ochiqchehralikka kirmaydi. Odamlar doimo yuzingda tabassum ko‘rishsin, ammo kulganingni zinhor-bazinhor eshitishmasin. Ko‘p va qattiq kulish — tarbiyasizlik belgisi, bema’nilikdir. O‘tkir so‘zlilik — bu zukkolik, zakovat belgisi bo‘lib, unga faqatgina tasanno aytib, jilmayish mumkin, xolos. Faqatgina oddiy qochiriq so‘zlar, beo‘xshov, qo‘pol qiliqlar, bema’ni gaplardangina kulgu qistashi mumkin. Mana bir misol: kimdir mehmonlar davrasida stulga o‘tiraman deb yiqilib tushdi. Bunga barcha xaxolab kulishadiki, bunday kulguni butun dunyoning askiyasi ham keltirib chiqarolmaydi. Ongli, tarbiya ko‘rgan kishi bo‘lsa hech narsa ustidan kulmaydi.
Men kulguga, kulishga umuman qarshi emasman. O‘zim ham kulishni, vaqtichog‘lik qilishni bilaman. Ammo qah-qah urib kulganimni hali hech kim eshitgan emas. Noo‘rin kulgu — odamlar nazdida ahmoqlik belgisi. Yana bir misol, mening tanishlarimdan biri, m-r Uoller, aslida ancha aqlli odam bo‘lsa-da, oddiy narsani ham kulmasdan, irshaymasdan aytolmaydi. Shu bois uni ko‘pchilik ahmoq deb hisoblaydi.
Ba’zilar o‘ta tortinchoq bo‘lishadi, jamoatda o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishadi, gap topib gapirisholmaydi. Bunaqa paytda ular o‘zlarini nima bilandir mashg‘ul qilib ko‘rsatishga urinishadi: kimdir burnini kavlaydi, boshqasi shlyapasini qo‘lida aylantira boshlaydi, yana biri ensasini qashiydi yoki boshqa bir qiliq qiladi. Bir-ikki qaytarilgan qiliq sezmagan holda odatga aylanadiki, o‘sha kishini qiyofasiga nuqs bo‘ladi. Shuning uchun bunday qiliqlarni keskin yo‘qotmoq kerak, chunki oliy jamoatga kirmoqchi bo‘lgan odam obro‘siga yoqimsiz qiliqlar putur yetkazadi. Yodingda bo‘lsin: biror kishiga yoqib qolmoq — bu so‘zsiz g‘alaba, muvaffaqiyat deyaver, hech bo‘lmaganda o‘sha tomon qo‘yilgan dadil qadam hisoblayver.
Aytib qo‘yishim lozim, sen Angliyadan jo‘nab ketayotganingda o‘zingga e’tiborni jalb eta oladigan yaxshi odatlaring yo‘q hisobi edi. To‘g‘risi, Angliyada o‘zi umuman bunaqa narsalar kamyob. Umid qilamanki, chet elda ko‘rib o‘rganib, sen bu kamchilikni yo‘qotasan. Oldingda ulkan vazifalar turibdi, biror narsaga erishish uchun esa yoqimli bo‘lish juda-juda muhim. O‘zingdan boshqa odam bu masalada senga yordam berolmaydi. Agar senda odamlarga yoqish san’ati bo‘lmasa, na amal, na boylik oliy jamoatda buning o‘rnini bosolmaydi.
Endi meni qiziqtirgan bir nechta masalalarga doir ma’lumotlarni xabar qilsang:
Saksoniya kurfyursti (hukmdori — tarjimon) davlatga xoinlik qilgan fuqarolarni o‘lim jazosiga o‘zicha mahkum eta oladimi yoki bunaqa ishni faqatgina ochiq sud hal qiladimi? Jinoyat qilgan fuqaroni u o‘z hukmi bilan xohlagan muddatga sudsiz qamoqda olib turish huquqiga egami, yo‘qmi?
O‘z hukmi bilan kimnidir gertsoglik hududidan tashqariga chiqarib yubora oladimi?
Saksoniya shtatlari ruxsatisiz aholiga o‘lpon sola oladimi? Shtatlar o‘zi qanday saylanadi? Kimlardan iborat bo‘ladi? Qaysi tabaqalar kiradi? Din peshvolari qatnashadimi unda yo yo‘qmi? Qayerda va qaysi muddatlarda chaqiriladi shtatlar?
Agar kurfyurstning ikki fuqarosi o‘rtasida yer-mulk xususida tortishuv chiqsa, ish qaysi sudda ko‘riladi? (Mahalliy) sud hukmi bunaqa masalada uzil-kesilmi yoki imperiya sudiga shikoyat qilish mumkinmi?
Fuqaroviy hamda jinoyat ishlarini ko‘ruvchi oliy sudlar qanday nom bilan ataladi?
Gertsoglikning yillik daromadi qancha?
Hozirgi paytda kurfyurst qancha askar saqlaydi va umuman, qancha saqlash imkoniyatiga ega?
Bu savollarga oshiqmay ishonarli, aniq javoblarni topib, menga xabar berib turasan degan umiddaman.
Leyptsig yarmarkasida vaqting yaxshi o‘tsin. Ayni paytda u yerdagi do‘konlarni durustroq kuzatgin. Masxarabozlar, akrobatlar, dorbozlar o‘yinlariga ham e’tibor bergin. Eng muhimi — xalq hunarmandchiligi bilan ko‘proq qiziqqin. Xayr.
* * *
London, aprel, 1748 yil.
Aziz o‘g‘lim!
Oxirgi uchta pochtada na sendan va na mister Xartdan xat bo‘lmadi. Leyptsig bilan London orasi ancha yiroqligidan, boshqa har xil sabablar tufayli ham xating kechikayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo biror noxush xabar eshitmagach, tinch yurgandirsan, balki biror foydali ish bilan mashg‘uldirsan degan fikr ko‘nglimga taskin beradi. Qolaversa, sen yaxshi bilasanki, men sening tan-sihatligingdan axloqing, o‘zingni tuta bilishing to‘g‘risida ko‘proq o‘ylayman.
Tushunasan, sening yoshingda inson tanasi tabiatan o‘z-o‘zini muhofaza eta oladi, albatta, agar odam palapartish hayot kechirmasa, dori-darmonlarni me’yordan ortiq, noo‘rin iste’mol qilmasa. Ammo-lekin fe’l-atvorni tarbiyalash, ruhan chiniqishga sening yoshingda alohida e’tibor zarur. Har chorak soatda sen kechirgan hayot tarzi ruhingga yo ijobiy, yo salbiy ta’sir ko‘rsatib turadi (qanday yashayotganingga qarab). Ruhni doimo mashq qilib, chiniqtirib turish zarur, chunki sog‘lomligi, tetikligi ko‘p ahamiyat kasb etadi hayotda.
Agarda e’tibor bersang, o‘z ruhi ustida ishlaganlar bilan bu borada o‘z-o‘zini tarbiya bilan shug‘ullanmaganlar orasida qanchalik farq yotishini sezasan va ishonamanki, sen o‘z tarbiyang uchun na vaqt, na kuchni ayamaydigan bo‘lib qolasan. Biror-bir aravakashning jismoniy rivojlanishi na Milton, na Lok va na Nyutonnikidan o‘zgacha emas, ammo aqliy jihatdan esa allomalar bilan aravakash o‘rtasidagi, aravakash bilan uning otlari o‘rtasidagi farqdan beqiyos ziyoda. To‘g‘ri, ba’zan tabiat bizga shunday daholarni in’om etadiki, bunaqalarni alohida tarbiyalashga hojat yo‘qday. Ammo bunga misollar juda-juda kam. Bordi-yu, bundaylar o‘zlari uchun kerakli tarbiyani ko‘rsalar, ulardan insoniyatga keladigan naf cheksiz ko‘paygan bo‘lurdi.
Masalan, Shekspir tarbiya ko‘rgan bo‘lganda edi, u yaratgan va bizning qalbimizda ezgulik tuyg‘ularini uyg‘otayotgan timsollar ular bilan yonma-yon yurgan bema’ni, ahmoqona qusurlar tomonidan kamroq toptalgan bo‘lur edi.
Odamni odam sifatida shakllantiruvchi omillar — tarbiya va jamiyat 15 yoshdan 25 gacha ta’sir ko‘rsata oladi. Shuning uchun navbatdagi 8-9 yil hayotingda qanday muhim ahamiyatga egaligini yaxshi his eta bilgin. Keyingi umringning qanday kechishi to‘la-to‘kis shu yillarga bog‘liq. Ochiqchasiga aytish kerak, sendan kelajakda yaxshi odam chiqishiga ishonchim bor, chunki durustgina ta’lim olgansan. Ayni paytda bir qaraganda ahamiyatsiz ko‘ringan narsalarga e’tiborsiz bo‘lmayotganmikansan, degan xavotirdaman. Men yana o‘sha xushmuomalalik, takalluf, xullas, kishini rom etuvchi fazilatlar haqida gapiryapman. Masalan, menga yozishlaricha, sen tez va shoshilib-shoshilib gapirarmishsan. Bilsang, bu atrofdagilarga yoqmaydi. Men buni avvallari ham senga ming martalab tushuntirishga harakat qilgandim. Yana takrorlayman, iltimos, o‘z nutqingga befarq bo‘lmagin, uni tuzatgin. Kimki dona-dona gapirib, aniq-ravshan fikr bildirolsa, doimo o‘z maqsadiga erisha oladi. Men hayotimda ko‘plab mazmunli, ammo gapiruvchi nutqida nuqson borligi sabab e’tiborsiz qolib ketgan ma’ruzalarni ko‘rganman. Va aksincha, aslida sayoz fikrli, lekin yoqimli qilib ifodalash evaziga barchani o‘ziga jalb qilgan va’zlarning shohidi bo‘lganman… Xayr.
* * *
London. 17 may, 1748 yil.
Aziz o‘g‘lim!
O‘tgan kun 16 mayda yozgan xatingni oldim va uni o‘qib bo‘liboq, ser Charlz Vilyamsga senga ko‘rsatgan iltifoti uchun minnatdorchilik nomasini yo‘lladim. Demak, sening saroyga birinchi tashrifing silliq o‘tgan, oliy hazrat Polsha qiroli senga e’tibor beribdi. Sen, albatta, uning maqtovidan kerilib ketmaysan — haqiqiy saroy kishisi shunday bo‘lmog‘i lozim. Bilginki, maqtovdan, yuksak iltifotdan faqatgina nodonlargina esankirab qolishadi, ko‘zlari hech narsani ko‘rmay qoladi. Ular bilan qirol yoki buyuk kishi gaplashib qolgudek bo‘lsa, aqldan ozgudek o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishadi, nima javob qilishni, o‘zlarini qanday tutishni bilmay qolishadi.
Men nufuzli universitetlarda ta’lim olgan, lekin oliy davrada hayajonlanib, kalovlanib qolgan talaygina inglizlarni ko‘rganman. Qirolga tanishtirish marosimida qanday turishni bilmay qoladilar.
Tarbiya ko‘rgan zotlar esa ulug‘vorlar huzurida o‘zlarini qanday tutishni, qay yo‘sinda ularga ehtirom aylashni yaxshi bilishadi, ayni paytda, xuddi o‘z tengi bilan gaplashgandek suhbatlashadi ular bilan. O‘zidan pastlar bilan ham doimo samimiy tutishadi o‘zlarini, kibor sezilmaydi. Oliyzot xonimlar bilan ham erkin, hazil-mutoyibani me’yorida ishlatib, ayni paytda hurmatlarini joyiga qo‘yib suhbat quradilar. Tanish-notanishligidan qat’i nazar, bunday kishilar o‘z tenglari davrasida barchani qiziqtirgan mavzularda suhbatlashib, fikr almashishlari mumkin. Lekin hech qachon yengil-elpi, oldi-qochdi gaplarni gapirishmaydi, hech kimning jig‘iga tegmaslikka urinishadi.
Darvoqe, ser Charlz Uilyams senga sovg‘a qilgan choy ichish anjomlarini (chaynыy servis) onangga tortiq qilib, Dyuvaldan berib yuborsang yaxshi bo‘lardi. Sen onangni hurmat qilish bilan birga, uning senga nisbatan mehribonchiliklari oldida hamisha qarzdor ekanligingni unutmasliging kerak va har bir qulay vaziyatda o‘z minnatdorchiligingni bildirib, e’zozlashing darkor. Xayr, xudo yor bo‘lsin senga!
* * *
London, 26 iyul, 1748 yil.
Aziz o‘g‘lim!
Ikki toifa odamlar bo‘ladi dunyoda: birinchisi yalqov fikr bo‘lsa, ikkinchisi havoyi, quruq fikr. Har ikkisi ham kaltabin hisoblanadi. Sen unisiga ham, bunisiga ham mansub emassan degan ishonch bor menda. Yalqov fikr biror muammo ustida bosh qotirishni yoqtirmaydi, yo‘lida ozgina qiyinchilikka duch kelsa bas (hayotdan arzigulik biror narsa kutsang, ko‘plab qiyinchilik, to‘siqlarni bosib o‘tishga to‘g‘ri kelishi tabiiy hol), u chekina boshlaydi, oz bilan kifoyalanishga ko‘nikib qolgan. Undaylar uchun ko‘p narsalar yechib bo‘lmas muammolardek tuyuladi. O‘zlarining kaltafahmliklarini, yalqovliklarini shu bilan oqlamoqchi bo‘lishadi. Hech bir narsani, masalani atroflicha o‘rganmaydilar, chunki yarim soatgina bo‘lsa ham bosh qotirib, muammoning mohiyatiga yetish uchun ularda sabot yetishmaydi. Natijada xuddi shu masalani o‘z vaqtida tubiga tushunib yetishga ulgurgan kishilar bilan suhbatlashishga to‘g‘ri kelsa, anqayib turaverishadi.
Shunday fan va san’atlar borki, hamma ham ularni chuqur bilishi shart emas. Masalan, fortifikatsiya (harbiy muhandislik — tarjimon) va dengizchilik. Bular haqida, masalan, sen uchun umumiy tushunchaga ega bo‘lish kifoya, maxsus o‘qish shart emas, o‘sha sohani bilganlar bilan suhbatlashsang bas, uncha-muncha narsani zehnli odam bilib oladi. Ammo har bir jentlmen uchun, uning kasb-koridan qat’i nazar, bilishi shart bo‘lgan sohalar mavjud. Bular: tillar, tarix, geografiya, falsafa, mantiq, nutq san’ati. Senga esa, ayniqsa, barcha Yevropa davlatlarining konstitutsiyasi, harbiy va fuqaroviy tizimlarini bilish zarur. To‘g‘ri, buncha bilimlarni o‘zlashtirish oson ish emas, ammo mehnatsevar, chidamli, sabotli kishi har qanday qiyinchiliklarni yenga oladi va evaziga esa hayot albatta taqdirlaydi uni.
Kaltabin odam esa doimo nima bilandir band ko‘rinadi. Lekin befoyda narsalar bilan shug‘ullanadi odatda, jiddiy narsalar o‘rniga aql-hushni mayda-chuyda narsalarga sarflaydi. Masalan, kapalaklar, chig‘anoqlar, har xil hasharotlar bilan qiziqishadi. Atrofdagi odamlarning xarakteridan ko‘ra, kiyinishlariga ko‘proq e’tibor berishadi. Teatrda ham ularni pesa mazmunidan ko‘ra ko‘proq sahna bezaklari qiziqtiradi, saroyda esa siyosat emas, qabul marosimlari qanday o‘tayotganligiga e’tibor berishadi. Vaqtni bunaqa narsalarga sarflash — umrni behuda ketkazish degani.
O‘g‘lim, sening ixtiyoringda yana ko‘pi bilan uch yil bor. Bundan keyingi hayoting mazmunini mana shu uch yil belgilaydi. Shuning uchun o‘ylab ko‘rgin: qanday o‘tkazasan shu uch yilni? Dangasalik qilib, birinchi navbatda huzuringni ko‘zlab bekorga umringni o‘tkazib yuraverasanmi yoki har bir daqiqani g‘animat ko‘rib, bilmaganlaringni o‘z vaqtida bilib olishga va shu yo‘l bilan obro‘-e’tibor qozonishga oshiqasanmi? Ishonamanki, sen buni mustaqil, to‘g‘ri hal qila olasan. Foydali kitoblarni mutolaa qilavergin. Seni qiziqtirgan narsalarni hech qachon oxirigacha bilmay qo‘ymagin, bilmaguncha kitob ko‘rish doimo odat bo‘lsin. Davralarda suhbatlashganda ham befoyda mavzularga vaqt sarflamagin, masalan, ob-havo, kiyinish haqida. Yaxshisi, aytaylik, Tevton, Malta ritsarlik ordenlari (diniy jamoa, tashkilot — tarjimon) haqida so‘z yuritib bilmaganlaringni bilib olganing ma’qul. Qirollar, buyuk kishilar to‘g‘risida suhbat qurish alohida ahamiyatga ega. Chunki ular haqida to‘g‘ri gapni bilib olishning birdan-bir yo‘li shu, zero, ular hayot ekan, hech bir qalamkash bu borada haqiqatni yozmaydi. Ayni paytda e’tibor bergin, suhbatdoshlaring buyuklar to‘g‘risida butunlay qarama-qarshi fikrlarni bildirishayotganining shohidi bo‘lasan — bu suhbatdoshing kayfiyatiga, dunyoqarashiga ko‘pincha bog‘liq bo‘ladi.
Bilmaganingni so‘rab bilib olishdan hech tortinmagin, ammo odob doirasidan ham chiqmagin. Masalan, savol berishdan avval, doimo kechirim so‘rash zarur. Xayr.
* * *
London, 5 sentyabr, 1748.
Aziz o‘g‘lim!
Mister Grivenkopga nemischa yozgan nomangni oldim. Mister Grivenkop, nemischa a’lo yozilgan, deydi. Agar bu til bilan yaqindan shug‘ullana boshlaganingni e’tiborga olsak, bu quvonchli hol. Ammo shu bilan kifoyalanib qolmay, bu til bo‘yicha malakangni yanada oshirishga intilaverishing kerak. Kimki qaysi bir tilda erkin so‘zlashmas ekan, u o‘zining kimligini, nimalarga qodir ekanligini ko‘rsata olmaydi. Chunki fikrini to‘g‘ri, to‘la ifodalab berishga ojizlik qiladi. Shu bois sen nemischa malakang rivoji maqsadida mister Grivenkopga hech bo‘lmasa ikki haftada bittadan xat yozib turgin. Germaniyadan Turinga ko‘chib o‘tgach esa, menga ham nemischa yozavergin. Hozircha Germaniyadaligingda esa har bir nemischa gapirish imkoniyatidan unumli foydalanishing kerak — bu chet tilini yaxshi o‘zlashtirib, xotirada mustahkamlab olishning birdan-bir yo‘li.
Nemis tili muallimingga aytgin, senga nemischa muomala so‘zi va iboralarini, kimga qanday murojaat qilish qoidalarini yaxshi o‘rgatib qo‘ysin. Germaniyada bunga, ayniqsa, ko‘p e’tibor berishadi. Hatto noma konvertida yigirmatadan birorta unvon tasodifan tushib qolgudek bo‘lsa, xatni ochmasdan qaytarib yuborilgan hollari ko‘p bo‘lgan.
Yaqinda sen Saksoniyadan Berlinga jo‘nab ketasan. Ishonamanki, unga qadar sen bu o‘lka haqidagi barcha kerakli ma’lumotlarni olib ulgurasan. Men bu o‘rinda nechta shahar, nechta ibodatxona borligini nazarda tutayotganim yo‘q: eng muhimi — davlat tuzilishi, harbiy ishlar, daromadlar, hunarmandchilik haqida chuqur tasavvurga ega bo‘lish. Bularni so‘rab-surishtirib yozib olmoq zarur.
Berlin — o‘ziga xos joy. U yerda sen eng katta oliy jamoatga duch kelasan. Unda dastlabki qadamingdan boshlaboq uzoqni ko‘zlab ish tutgin, ziyrak, hushyor, tavozeli bo‘lishga harakat qilgin doimo. Jamoatga yoqimli bo‘lish — uni o‘zing uchun yoqimli qilish demakdir. Aql va bilim eng kerakli tushunchalar bo‘lsa-da, mulozamatsiz bo‘lsang, bilgin, sen hech kimga yoqmaysan. Mulozamat qoidalarini o‘zlashtirish uchun esa tez-tez oliy davralarda bo‘lish bilan birga u yerdagi muomala madaniyatiga e’tibor berib, odob qoidalarini o‘rganib bormoq zarur.
Mulozamatni bilish bilan ham cheklanmaslik kerak, albatta. Sen har bir kishining xarakteriga, ichki dunyosiga kirib borgin. Inson xarakteri murakkab, ko‘plab unsurlardan tashkil topadi. Bularni o‘rganib, tubiga yetish uchun ozmuncha vaqt va mehnat kerakmas. Barcha insonlarda umumiylik mavjud bo‘lsa-da, xususan — ong, iroda, sevgi tuyg‘usi va hokazo, ammo shu unsurlar har xil odamda rangorang ko‘rinishlarda, murakkab kombinatsiyalarda namoyon bo‘ladiki, ana shu narsa xarakterlar olamini tashkil etadi, bir insonning ikkinchisidan farqini belgilaydi. Faqatgina ong vositasida kishi dunyosini idrok etish qiyin, buning uchun inson qalbini tushuna bilish kerak, bo‘lmasa jamoatda muvaffaqiyatsizlik kutadi seni. Rasmiy shaxslarga, ayniqsa, qirolga ularning yaqin kishilarini, arzandalarini chetlab o‘tib, bevosita biron-bir masala bilan murojaat qilsang ham xuddi shunday bo‘ladi.
Men senga, albatta, ikkita kitobni o‘qib chiqishingni maslahat beraman. Birinchisi — janob de Laroshfukoning “Axloq haqida o‘ylar”, ikkinchisi — Labryuyerning “Xarakterlar” asaridir. Ammo yodingda bo‘lsin, bu sen uchun yo‘l ko‘rsatuvchi xarita emas, hayot so‘qmoqlaridagi barcha o‘nqir-cho‘nqirlarni, kutilmagan katta-kichik burilishlarni bundan topolmaysan. Bunaqa paytlarda odamga faqatgina uning o‘zining kuzatuvchanligi, hushyorligidan boshqa narsa yordam berolmaydi.
Laroshfukoning fikricha, inson faoliyati, xatti-xarakatini belgilovchi narsa xudbinlikdir. Menimcha, bu fikri uchun Laroshfukoni nohaq koyishmoqda. Uning gapida jon bor, harqalay bundan hech bir ziyon yo‘q. Axir, nimaiki qilmaylik, demaylik, bu eng avval o‘z baxtimiz yo‘lidagi harakat emasmi? Albatta, bu boradagi sa’y-harakatlarimiz barchasi oqil bo‘lmog‘i, o‘zganing manfaatlariga zid bo‘lmasligi, tabiat qonunlari bilan uyg‘unlashgan bo‘lmog‘i lozim. Faqatgina soxta xudbinlikni, ya’ni shaxsiy manfaatlar yo‘lida qanday bo‘lmasin o‘z maqsadiga erishishga intilishni qoralash mumkin. Ammo men o‘zim sodir etgan ezgu ishdan quvonchga to‘lsam, mag‘rurlansam, mamnun bo‘lsam, buning uchun meni ayblash to‘g‘rimi? Yo‘q, albatta. Mana, nima deydi bu haqda Laroshfuko:
“Odam yaqin do‘sti boshiga tushgan kulfatdan ham huzur olishi mumkin”.
Darhaqiqat, nega endi bunday bo‘lishi mumkin emas? Men, axir, do‘stim boshiga kelgan qaro kunlarda uning yonida bo‘lsam, nega endi uning og‘irini yengil qilganimdan va shu bilan o‘z insoniy burchimni ado etganimdan xursand bo‘lmasligim kerak?! Yaxshi niyat ila qilingan ishni, bunga undagan sabab qanaqa bo‘lishidan qat’i nazar, olqishlamoq darkor. Kim bo‘lsa ham quyidagi ikki maqoldan birini tanlasa, o‘z hayot yo‘li uchun yaxshi bo‘lardi: “O‘zini hammadan ziyod sevgan kishi haqiqiy halol kishidir”, yoki “Halol kishi boshqalardan ko‘ra o‘zini ko‘proq sevadi”. Ikkisida ham aslida yagona ma’no yotadi.
Labryuyerning “Xarakterlar”i — ushbu kundalik turmush manzaralari — yuksak did, mahorat, yorqin bo‘yoqlar bilan yozilgan. Ularni qalbingga jo qilgin. O‘xshashlariga hayotda duch kelganda (bunaqasi har qadamda bo‘ladi) solishtirsang, bu tavsiyalar seni yana ham hayratga soladi; asli bilan qiyoslaganing sari go‘zallik va illatlarning farqiga tushuna borasan.
Jamiyatda ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bas, shunday ekan, ularning fikri ko‘pincha kishi obro‘si, mavqeini belgilab beradi. Shuning uchun ham men seni ayol tabiatining ba’zi sirlaridan ogoh qilmoqchiman. Ammo sen zinhor-bazinhor bundan xabardor ekanligingni ayollarga sezdirmasliging kerak.
Ayollar — misoli yosh bola bo‘lishadi, faqat bo‘ychanroq. Ularning tillari burro, hatto zukko ham bo‘lishadi. Ammo jiddiy fikr yuritib, mulohaza qilish masalasiga kelsak, men umrimda birorta ayolni uchratmaganmanki, u hech bo‘lmasa yigirma to‘rt soatgina bir fikrda muqim tura olsa. Arzimagan nohaqlik bahona bo‘lib yoki injiqlik natijasida fikrlarini o‘zgartirib yuborishlari mumkin. Birortasiga husnsiz ekanligini sezdirib qo‘ysang yoxud husniga e’tiborsiz bo‘lsang, unga ko‘p yosh bersang yoki aslida u befarosat bo‘lsa-da, oqila deb maqtab qo‘ymasang, hamma narsa barbod bo‘ldi, deyaver.
Aqlli erkak ayol bilan hech qachon ochiqchasiga gaplashmaydi, go‘yo haqiqatan ham ro‘parasida injiq bola turgandek, uning ko‘nglini ko‘tarishga, ovuntirishga, aldashga harakat qiladi; buning uchun shirin so‘zlarni izlab topadi, mutoyiba qiladi va hokazo, lekin hech qachon ayol bilan jiddiy mavzularda maslahatlashmaydi, unga sir boy bermaydi, garchand o‘zini xuddi shunday qilayotgandek ko‘rsatsa ham. Ayol u bilan maslahatlashayotganlaridan mag‘rurlanadi. Ular hamma narsaga burunlarini tiqaverishni yoqtirishadi-da, bundan esa faqat zarar keladi. Erkaklar ularga nisbatan jiddiy munosabatda bo‘lmasliklarini tushuna turib, o‘zlari bilan “teng” muomalada bo‘lgan, yana maslahatlashgan erkak kishiga e’tiqod qo‘yishadi. Aqlli erkaklar esa aslida nomigagina ayollarga ishongan, ular bilan maslahatlashgan qilib ko‘rsatishadi o‘zlarini.
Ayollar uchun xushomad hech qachon ko‘plik qilmaydi, yaxshi-yomoni ham bo‘lmaydi. Ochiqdan-ochiq tilyog‘lamalik ham yoqaveradi. Ularni oqilaliklaridan tortib yelpig‘ichlarining bejirimliligigacha maqtayverishing mumkin. Bundan ular rohatlanishadi, bag‘oyat mamnun bo‘lishadi. Haqiqiy go‘zal ayollarni ham, xunuklarini ham chiroyli va oqilaligiga, tarovatliligiga ishora qilib maqtab qo‘yish kerak. Chunki go‘zallar chiroyini har qancha maqtasang ham oz ularga va har qanday badbashara ayol ham o‘zini yoqimtoy hisoblaydi. Ammo ular husnlariyu donoliklari tahsinini hammavaqt ham eshitishga sazovor bo‘lishavermaydi. Shu bois xushomad qilganlardan doimo minnatdordirlar.
Haqiqiy chiroyli ayol o‘z bahosini biladi va uning uchun bu oddiy bir narsa bo‘lib, undan qoniqmaydi: u go‘zalligi bilan birga oqilaligini tan olishlarini istaydi. Badbashara ayol ham o‘zining xunukligini yaxshi his etadi va uning uchun faqatgina aql borasida e’tibor qozonishgina mumkinligini yaxshi biladi. Xuddi mana shu narsa erkak chertishi lozim bo‘lgan qalb toridir.
Ammo bu sirlarni bilishingni ayollarning o‘ziga sezdirmasliging kerak. Bo‘lmasa Orfeyning qismati seni boshingga tushadi (afsonaviy qo‘shiqchi Orfey ma’shuqasi Yevredika vafotidan so‘ng ayollardan chetlanib yurgani sabab, ishratparast ayollar tomonidan o‘ldirilgan — tarjimon).
Barcha podsholar saroyida erlarga ayollar ta’siri sezilarli: yo bor qilishadi, obro‘yini ko‘tarib, yo yo‘q qilishadi, beobro‘ etib. Shunday ekan, sen ular bilan doimo tavoze ila muomala qilgin, daf’atan kamsitmaslikka, g‘ururiga tegadigan gap qilmaslikka harakat qilgin, aksincha, ular hech qachon buni kechirmaydilar. Afsuski, bu xususda ayollar yagona emaslar, erkaklar ham ulardan qolishmaydi.
Odamzotning barchasi birday ochko‘z, xushomadga mukkasidan ketgan, o‘ziga bino qo‘ygan bo‘lavermaydi. Ammo deyarli hammada o‘ziga yarasha g‘urur bor, nafsoniyat bor. Biror kishini mensimasligingni, yomon ko‘rishingni sezdirgudek bo‘lsang, unda senga nisbatan nafrat uyg‘onadi (garchand yomon ko‘rishga senda yetarli asos bo‘lsa-da). Uni o‘zingga dushman qilmaslik uchun sen nafratni yashirishingga to‘g‘ri keladi. Biror kishini firibgar, qallobligini fosh etgandek, beaql, ahmoqligiga, tarbiyasizligiga yoki shunchaki qovushmaganligiga ishora qilib mazax qilgudek bo‘lsang, u seni umrbod yomon ko‘rib qolishi va senga ashaddiy dushmanga aylanib qolishi hech gap emas. Shuning uchun ko‘pchilik yigitchalarga o‘xshab birovning nuqsonlari ustidan mazaxlab kuladigan bo‘lmagin. Buning oqibatida nafaqat kulgu sababchisi senga qasd qilib qolishi, balki sen bilan birga kulishganlar ham keyinchalik bu ish noto‘g‘ri bo‘lganini tushunib yetib, sendan yuz o‘girishadi, sendan boshqa narsa kutish mumkin emasligini sezishadi. Qolaversa, birovning kamchiligi ustidan kulish axloqsizlik hamdir. Oqko‘ngil odam o‘zgalar qusuri ustidan kulishdan ko‘ra, uni yashirishga ko‘proq harakat qiladi, ko‘rib ko‘rmaganlikka soladi o‘zini. Gapga chechan bo‘lsang, uni kimnidir diliga ozor berish uchun emas, ko‘nglini ko‘tarishga ishlatmoq afzal. Quyosh bo‘lsang, mo‘tadil iqlimli o‘lkalarga borib nuringni soch, shunda ham kuydirmasdan, chunki o‘sha yerda sen keraksan. Ekvatorda esa odamlar quyoshdan, ortig‘i bilan bahramand.
Bu fikrlar barchasi mening oliy davralarda kechirgan uzoq umrim tajribasidir. Sen gaplarimga e’tibor bersang, to‘g‘ri xulosa chiqarsang, hayoting yengil kechadi. Aksincha, barcha omadsizliklaringda o‘zing sababchi bo‘lasan.
Mendan m-r Xartga salom deb qo‘y. Tobi qochganligini eshitib, kuyundim. Xudo shifo bersin. Xayr.
* * *
London, 13 sentyabr, 1748.
Aziz o‘g‘lim!
Avvallari men senga bir necha bor kardinal Retsning “Esdaliklar”ini (1613-1679; Frantsiyaning taniqli siyosiy arbobi, cheklanmagan monarxiyaga qarshi “Fronda” (palaxmon deb atalgan ijtimoiy harakatning rahnamolaridan biri, “Esdaliklar” “Fronda”ning tarixiga bag‘ishlangan — tarjimon) o‘qib chiqishni va bu ajoyib kitobdagi siyosat haqidagi fikrlarga e’tibor berishni tavsiya etgan edim. Endi bo‘lsa ushbu asarning ba’zi parchalarida to‘xtalib, senga bir necha o‘gitlar bermoqchiman.
Parijdagi to‘polonlar paytida Retsning safdoshlaridan bo‘lmish mese de Bofor, irodasizligiga qaramay ancha mashhur odam, kardinalga ozmuncha nafi tegmadi, xalq bilan uning o‘rtasida vositachilik qilib. Ayni paytda o‘zining mashhurligidan mag‘rur, parijliklarni to‘plab olib, ular oldida va’zxonlik qilishga ishqiboz edi va shu bilan olomonni boshqarayapman, deb o‘ylardi. Kardinal bo‘lsa ancha aqli teran kishi bo‘lib, aniq maqsad bilan uyushtirilmagan betartib olomon-yig‘inlardan o‘zini olib qochardi. Lekin u hammavaqt ham mese Boforni tiyib turolmasdi. Bir kun Bofor hech bir ehtiyojsiz xalqni to‘playdi, olomon esa tug‘yonga keladi, yetakchilar uni tinchitolmaydilar, natijada tashkilotchilarning ishlariga ancha-muncha talafot yetadi bundan. Bu haqda kardinal Rets yozadi: “Olomonni to‘plagan odam o‘zi uning tug‘yoniga sababchi bo‘lishini mese Bofor tushunmasdi”.
Mana shunaqa, katta olomon bir joyga to‘plangudek bo‘lsa, odamlar odatda o‘z-o‘zidan bir-birlarini qizitib, gij-gijlab, hovliqtirib, junbushga keladilar. Bu esa, o‘z navbatida bir yaxshi, bir yomon, ko‘proq esa yomon oqibatlarga olib keladi.
Odam yakka holda aslida mo‘min-qobil bo‘lishi mumkin, ammo olomonga qo‘shilganda keskin o‘zgaradi, tez tug‘yonga kelib, alangalanadigan bo‘lib qoladi, qo‘lidan har ish keladigan qora kuchga aylanishi mumkin. Bundan esa ko‘pincha olomonboshilar ustalik bilan foydalanib, to‘dani yovuz ishlarga undaydilar. Bordi-yu, bunaqa paytlarda olomonni hech kim hech narsaga boshlamasa, olomon o‘zi ham topib olaveradi o‘sha ishni. Shuning uchun ham safsatabozlaru qo‘zg‘alonboshilar olomon bilan o‘ynashmasliklari, kerak-nokerak joyda to‘planmaganlari yaxshi. Qolaversa, olomon hadeb to‘planaversa, muxoliflar ham bunga o‘rganib qolishadi va bora-bora bu yo‘l bilan ularni cho‘chitish qiyin bo‘lib qoladi. Olomonni kuzatsang, uning kuchi, shiddati to‘plangan soniga qarab, goh ortadi, goh susayadi. Olomon qancha katta bo‘lsa, undagi odamlar ham shu darajada es-hushlarini oldirib qo‘yadilar. Hatto eng og‘ir-vazmin kishilar ham go‘yo aqldan ozadilar, barcha birdaniga telbalanib qolgandek bo‘ladi.
Kardinal o‘z kitobida yana bir e’tiborli fikrni aytadi: “Bizning zamonamizda, ya’ni ko‘z o‘ngimizda ro‘y berayotgan hodisalar kitoblardangina bizga ma’lum bo‘lgan voqealarcha hayratlantirmaydi. Vaholanki, hozir ham atrofimizda diqqatga sazovor ajoyibotlar kam emas”. Darhaqiqat, biz Leonid (Sparta podshosi, eramizdan avval V asr; 300 ta askar bilan Fermopil darasida forslar bilan jang qilib, shu jangda halok bo‘ladi — tarjimon), Kodr (Attikaning so‘nggi podshosi; eramizdan avvalgi XI asr. Hal qiluvchi janglar oldida munajjimlar, agar podsho shu jangda halok bo‘lsa, dushman Attikani ololmaydi, deb bashorat qilishadi. Buni eshitgan Kodr, o‘tinchi kiyimida dushman qarorgohiga kirib boradi, u yerda janjal chiqaradi va halok bo‘ladi — tarjimon), Kurtsiy (emishki, eramizdan avval 362 yili Rimda yer yorilib, dahshatli tubanlik hosil bo‘ladi. Bashoratchilar, agarda bu yoriqni Rimdagi eng yaxshi narsalar bilan to‘ldirilmasa, shahar butunlay gumdon bo‘ladi, deb qo‘rquvga solishadi xalqni. Shunda Kurtsiy ismli yigit: “Rimda qurolu jasurlikdan ziyoda narsa yo‘qdir!” — deb xitob qilib, to‘la jang anjomlari bilan otga minadi va ot-poti bilan yoriqqa sakraydi. Uning ortidanoq jahannam og‘zi berkiladi — tarjimon) qahramonliklaridan hayratlanamiz, ammo dushman qo‘liga tushishdan o‘limni afzal ko‘rib, kemani portlatib, komanda a’zolari bilan o‘zi ham halok bo‘lgan kapitan haqidagi hikoyani oddiy bir narsadek behayajon tinglaymiz… Xayr.
* * *
London, 27 sentyabr, 1749 yil.
Aziz o‘g‘lim!
Dunyoda bir xil odamlar bo‘ladiki, ularni g‘aliz deb yuritishadi. Ularga o‘xshamaslikka urinish kerak. Bundaylarning gaplari bema’ni, dag‘al, qiliqlari beo‘xshov, no‘noq bo‘ladi. Bu tarbiya ko‘rmaganlik yoxud tuban kimsalar orasida bo‘lganliklaridan darak beradi. Unaqalar nufuzli davraga tushib qolsalar, xunuk qiliqlari bilan o‘zlari ham qiynalishadi, boshqalarning ham joniga tegishadi. Natijada kiboriylar ularni rad etishadi.
G‘aliz kishi, odatda, o‘ta injiq, tajang va rashkchi, arzimagan narsadan xafa bo‘luvchi, har narsadan hadiksiraydigan, hamma narsani o‘ziga olaveradigan bo‘ladi. Davrada kim nimani gapirmasin, kulishsa ham, o‘zidan hadiksirayveradi, go‘yo hamma uni mazax qilayotgandek tuyulaveradi. Jahl qiladi, qo‘pollik qila boshlaydi, ammo bundan faqat o‘zigina noqulay ahvolga tushadi. Odam ko‘rgan shinavanda kishi esa hech qachon o‘zidan hadiksiramaydi, boshqalar asossiz bir kishi ustidan kulmasliklarini yaxshi tushunadi. Bordi-yu, to‘planganlar o‘zi pastkash, ahmoqlar bo‘lib, uning ustidan kulib, mazax qilayotganliklarini sezgudek bo‘lsa ham bunga e’tibor bermaydi, o‘zini yuqori tutadi. Albatta, qochiriqlar chegaradan chiqib, kishi shaxsiyatiga, nafsoniyatiga tegmasa, mayda-chuyda gaplardan esa u hech qachon o‘zini yo‘qotib, tajang bo‘lmaydi, pastkashlar bilan tenglashib, adi-badi aytishib o‘tirgandan ko‘ra bilmaganga solib keta qoladi o‘zini va to‘g‘ri qiladi.
G‘aliz odam ko‘proq uyidagi narsalardan gapiradi, qo‘ni-qo‘shnilarini g‘iybat qiladi, ular to‘g‘risida bo‘lar-bo‘lmas mutoyibalar to‘qiydi, go‘yoki hayotda bundan muhim narsa yo‘qday. Bunaqa kishilarni xotinchalish deyishadi.
G‘aliz odamning nutqi ham qo‘pol, qashshoq bo‘ladi, garchand har xil maqol-matallarni, ajnabiy iboralarni, begona fikrlarni so‘z ko‘rki deb ko‘p ishlatsa-da, aslida esa bular o‘zining fikri sayozligidan, nutqi qashshoqligidandir. Bu jihatdan tarbiya ko‘rgan odam esa so‘zga boy bo‘ladi, fikrini ifodalash uchun begona unsurlarga muhtojlik sezmaydi, bir aytgan so‘zni boshqa ishlatmaydi.
Yana bir maslahatim senga. Sen hozir tarixi, san’ati, quroli mashhur mamlakat bilan tanishayapsan. Safaringda barcha nazaring tushgan narsani e’tibor bilan o‘rgangin, yuzaki qarab ketavermagin. Mayda-chuyda narsalar bilan, yaltir-yultir taqinchoqlar, ko‘ngilhushi ovunchoqlar bilan emas, balki mashhur rassomlar, haykaltaroshlar, me’morlarning betakror asarlari bilan qiziqib, ulardan to‘g‘ri oziqlanishga o‘rgangin. Boy ma’naviy hayot uchun bu kerakliroqdir. Afsuski, chet elga chiquvchi yoshlarimiz ko‘pincha bunga bee’tibor bo‘ladilar. Xayr.
* * *
London, 24 noyabr, 1749.
Aziz o‘g‘lim!
Har bir aqlli odam o‘z oldiga shunchaki yashashni emas, balki tuzukroq hayot kechirishni maqsad qilib qo‘yadi. U doimo boshqalardan ajralib turishga, yuqoriroq bo‘lishga intiladi. Bo‘ron paytida yo‘lga chiqqan Sezar aytgan ekan: “Maqsadim — bo‘rondan eson-omon chiqish emas, ko‘zlagan manzilga albatta yetib borishdir”. Pliniy (yozuvchi) bo‘lsa: “Biror ish qilsang — yozishga arzigudek bo‘lsa, yozsang — birov o‘qigulik bo‘lsa”, — degan ekan. Na u va na bu mezonga javob bermaydiganlarning yashashiyu o‘limining farqi yo‘q, chunki undaylarning hayoti ham, o‘limi ham odatda bee’tibor qoladi.
Men seni o‘z oldingga aniq va jiddiy maqsadlar qo‘ygan bo‘lishingga imonim komil. Ammo birgina maqsad, orzu bilan ish bitmaydi — unga erishish yo‘llarini, usullarini ham puxta o‘ylash lozim.
Kimki ko‘zga ko‘ringan kishi bo‘lishni o‘z oldiga maqsad etib qo‘ysa, faqatgina bilim olish bilan cheklanib bo‘lmaydi. Bilimni ko‘rsata olish, unga munosib libos tanlash, jilo berish, ya’ni boshqalarga o‘z fikrini, ilmini namoyish qilish san’atini egallamoq muhim ahamiyat kasb etadi. Yodingda bo‘lsin, agarda fikring qo‘pol, palapartish ifodalangan bo‘lsa, uning mazmuni, mantig‘iga hamma ham birdek tushunib yetavermaydi. Sening tana tuzilishing qanchalik go‘zal bo‘lmasin, isqirt kiyinsang, senga hech kim qiyo boqmaydi, degandek gap bu. Sen hali chet davlatlar bilan muzokaralar olib borasan, parlamentda ma’ruzalar qilasan, diplomatik yozishmalar olib borasan. Bordi-yu, uslubing xira bo‘lsa, na unisida va na bunisida hech qachon muvaffaqiyat qozonolmaysan. Buning uchun esa bexato yozish, gapni to‘g‘ri tuza bilishning o‘zi kifoya, deb o‘ylasang, katta xato qilasan.
Bundan ikki yil muqaddam parlamentda bir notiq dengiz kuchlari haqida gapirarkan, yer yuzidagi eng kuchli flot bizniki, deb kulgiga sabab bo‘lgandi. Boshqa bittasi kimningdir himoyasi uchun so‘zlarkan: “Bu jentlmenni jazo emas, mukofotga taqdim etmoq ma’qul aslida”, — degandi. O‘zing o‘ylab ko‘r, “taqdim” so‘zini ham ijobiy, ham salbiy ma’noda ishlatib bo‘ladimi?
Afsuski, Angliyada notiqlik san’atini yoshlarga o‘rgatilmaydi, ahamiyat berilmaydi. Afinaliklarda bu narsa yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Italiyada, Frantsiyada ham durust e’tibor berishadi bu masalaga. Sen o‘zing bilan birga taniqli ingliz yozuvchilarining kitoblaridan olib ketganding. O‘shalarni ko‘proq mutolaa qilaver, uslubni o‘shalardan o‘rgan. Sitseron haq gapni aytgan ekan: “Insonlar bir-birlaridan o‘zishi kerak bo‘lgan soha — bu insonni hayvondan farqlovchi narsadir, ya’ni nutq”.
Ko‘p yillik tajribamga tayanib, aniq aytishim mumkinki, sof til, nafis uslub bilimdagi ancha-muncha kamchilikni sezdirmaydi… Xayr.
* * *
London, 9 dekabr, 1749 y.
Aziz o‘g‘lim!
Keyingi qirq yil ichida men birorta so‘zni to‘g‘rimi yo noto‘g‘riligini puxta o‘ylayman, boshqasi bilan almashtirsa yaxshiroq bo‘lmasmikan, degan ikkilanishlarsiz aytmadim ham, yozmadim ham, desam mubolag‘a bo‘lmaydi…
Parlamentda so‘zlaydigan bo‘lsang, muvaffaqiyat qozonishing nima haqida gapirayotganingdan tortib notiqlik mahoratingga, sen topolgan yorqin so‘zlargayu nafis iboralarga ko‘proq bog‘liq bo‘ladi. Chunki sog‘lom fikr yurita olish qobiliyatiga ega barchaning miyasiga deyarli bir xil fikr keladi. Faqatgina o‘sha fikr chiroyli bezalsa, tinglovchilar olqishiga sazovor bo‘ladi, ularni lol qoldirib.
Yaxshi notiq qanday bo‘lishi kerak?
Notiq — koni mehnat mahsulidir. O‘qimishli, teran fikrli til boyligiyu uslubini yaxshi o‘zlashtirib olgan kishi o‘z fikrini har qanday vaziyatda to‘g‘ri, ishonarli qilib, nafis iboralar bilan yoqimli qilib tinglovchilarga yetkaza oladi va mana shu notiqlik mahorati, san’ati deb yuritiladi. Albatta, parlamentda to‘rt yuz deputat huzurida so‘zlash bilan kichik bir o‘n besh kishilik davrada gapirishning farqi bor. Kichik davradagilar parlamentdan sinchkovroq chiqib qolishlari va nutqingga jiddiy baho berishlari mumkin. Katta majlis nutqing mazmunidan ko‘ra so‘zlash mahoratingga ko‘proq e’tibor beradi.
Sitseron (eramizdan avvalgi 106-43-yillar; Rim siyosiy arbobi, yozuvchi va mashhur notiq, fasih — tarjimon) e’tiroficha, notiqlikka da’vogar barcha san’at va fanlarni egallagan bo‘lishi kerak emish. Men esa bunga qo‘shilmayman. Kimyoviy jarayonlar, matematik misollaru tenglamalar hech qachon notiqlikka mavzu bo‘lmagan. Bu fanlar to‘g‘risida chuqur tasavvurga ega bo‘lmagan kishi ham, faqatgina o‘z fikrini to‘g‘ri va chiroyli ifodalay olish qobiliyatiga ega bo‘lsa bas, notiq bo‘la oladi. Xayr.
* * *
London, 12 dekabr, 1749 y.
… … …
Nutq tushunarli bo‘lishi uchun yana ba’zi bir narsalar kerak bo‘ladi. Demosfen (eramizdan avvalgi 387-322; afinalik fasih, jamoat arbobi; ma’lumki, u tutilib gapirardi — tarjimon) o‘zida mavjud bo‘lgan tabiiy nuqsonni yo‘q qilish uchun nimalar qilganini eshitgansan. Bundan tashqari, u bo‘ron paytida sohilga borib, o‘z-o‘ziga nutq so‘zlar, shu yo‘l bilan olomon oldida, uning shovqin-suronini bosgudek nutq so‘zlashni mashq qilardi. Xullas, nutqingda biror-bir kamchilik, nuqson bo‘lsa, astoydil o‘z ustingda ishlasang, hammasi bartaraf bo‘ladi… Xayr.
* * *
London, 19 dekabr, 1749 y.
Aziz o‘g‘lim!
Modomiki sen arbob bo‘lmoqchi ekansan, inson tabiatini yaxshi o‘rganib, odamlarni bir-biridan farqlay bilishing kerak. Hayot yo‘lingda sen har xil xarakterlarni uchratasan, ularni o‘z vaqtida sinchkovlik bilan o‘rganib, o‘zingga qulay-noqulay tomonlarini bilib olishing kerak bo‘ladi. Inson xarakteri bu bir muayyan va muhim bilimlar yig‘indisi emaski, uni yod olvolib, turmushda qo‘llayverish mumkin bo‘lsa. Bu bilim faqatgina ziyraklik bilan kuzatish, fahm-farosat evaziga keladi. Men senga bu xususda o‘git beray. Avvallari ham ta’kidlaganimdek, bir qarashda so‘zsiz to‘g‘ri fikrga asoslanib, odam to‘g‘risida xulosa chiqarib bo‘lmaydi.
“Odam — bu ongli maxluq”, — degan fikrga asoslanib, barcha xatti-harakatlarini u ongli ravishda bajaradi yoki xarakteridagi yetakchi xislatiga mos maylda ish tutadi deyish, noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki inson — o‘ta murakkab mexanizmdir. Garchand unda bitta, barcha qolgan qismlarni harakatga keltiruvchi prujina mavjud bo‘lsa-da, qolgan ko‘plab mayda g‘ildirakcha, murvatchalar ham borki, ularning harakatidagi o‘zgarishlar butun bir mexanizm faoliyatini sustlantirib, hatto to‘xtatib ham qo‘yishi mumkin. Aytaylik, bir ministr xarakteridagi asosiy xislat — bu shuhratparastlik, shu bilan birga, qobiliyatli kishi. Bu odam faqat shuhrat ketidan quvib, hamma narsani bu yo‘lda qurbon qilaveradi, degan xulosaga menda asos bormi? Yo‘q! Shunday onlar bo‘ladiki, o‘sha ministrning kayfiyatida ba’zan paydo bo‘ladigan unsurlar xarakterdagi yetakchi (shuhratparastlik) tuzayotgan rejalarni buzib yuborishi mumkin. Masalan, xotiniga yoki ma’shuqasiga nisbatan mehri to‘lib turgan paytlarda u bosh maqsadni unutishi mumkin.
Yoki o‘sha odam, ustiga-ustak, ochko‘z ham deylik. Mo‘maygina daromad ko‘ziga ko‘rinib turgan paytda u shuhratni chetga surib qo‘yishi mumkin. Qiziqqon, serjahl bo‘lsa-chi, yana o‘sha odam? Arzimagan sabab, tortishuv (ba’zan ataylab uyushtirilgan) o‘sha ministrning asosiy xislati intilishlarini barbod etadi. Yana, o‘sha odam ortiqcha o‘ziga bino qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Unaqada biror makkor tilyog‘lamachilik bilan uning fikrini chetga burishi mumkin. Qolaversa, hatto o‘zining loqaydligi natijasida ham ko‘zlagan maqsadiga ba’zan erisholmay qolishi mumkin.
Shuning uchun ham, kimnidir qalbiga yo‘l topib, o‘zing tomonga tortmoqchi bo‘lsang, bu maqsadda uning yetakchi xislatiga ta’sir ko‘rsatish bilan natija chiqmasa, ikkinchi darajalilariga ham “bosish” kerak bo‘ladi.
Odamlar barchasi, istisnosiz, bir xil unsurlardan tashkil topishgan, ammo xuddi mana shu unsurlar mutanosibligi har xil odamlarda birdek bo‘lavermaydi, dunyoda ikkita bir-biriga aynan o‘xshash odam hech qachon uchramaydi. Bundan tashqari, yillar o‘tib, inson o‘zgaradi. Har qanday iste’dodli kishi nimanidir beo‘xshov qilib qo‘yishi mumkin, g‘ururli kishi kutilmaganda pastkashlikka yuz tutishi mumkin, halol odam vijdonsizlarcha ish tutib qolishi mumkin, maraz vaqti kelib, olijanoblik qilishi mumkin. Shuning uchun ham odamni uzoq muddat kuzatmoq ma’qul, uning tasviriga oxirgi chiziq tortishga oshiqma. Har qanday insofli odamga ham ortiqcha e’tiqod qo‘yishga shoshilma, chunki u, kim biladi deysan, vaqti kelib amal, mol-dunyo yoki muhabbat yo‘lida senga raqib bo‘lib chiqishi, bahslashib qolishi mumkin. Bu uchta narsa, afsus, har qanday vijdonli odamni ham yo‘ldan ozdirib qo‘yishi hech gap emas.
Ezgulikka chorlovchilarning barchasi ham o‘zlari aytganidek oqko‘ngil bo‘lib chiqavermasalar-da, ularga ishonchsizlik qilish ham to‘g‘ri emas. Riyokor deb o‘ylagan kishing — haqiqiy taqvodor, maqtanchoq bo‘lib ko‘ringan — haqiqatan ham jasur, ko‘zini suzgan ayol esa iffatli bo‘lib chiqishi mumkin. Xullas, inson qalbining har bir qorong‘i burchagiga yetib borishga harakat qil, u to‘g‘risida gapirilayotgan gaplarning hammasiga ham ishonaverma.
Yaqinginada tanishganingga qaramay senga do‘stlik taklif qilayotgan, ishonchingni oqlashga urinayotganlardan ham ehtiyot bo‘lgin. Ba’zan bunaqalar avval o‘zlarini “em” qilib, so‘ng esa seni “eyishadi”. Lekin bunday umumiy tushunchaga asoslanib, ularni so‘zsiz rad etish ham nomaqbul bo‘lardi. Faqatgina sinalgan, sendan hayotiy tajribasi ko‘proq, o‘z yo‘lini topib olgan va senga raqib bo‘lmaydigan do‘stgagina to‘la ishonish mumkin. Sen bilan qachonlardir nimanidir talashgan, tortishgan kishining do‘stligiga ishonib bo‘lmaydi. Xayr.
* * *
London, 30 aprel, 1752.
Azizim!
Odamlar orasida yashash, turli jamoatda til topa bilish inson hayoti uchun o‘ta muhimligi haqida, hammabop bo‘lishlik haqida ko‘p gapirilgan, busiz hech qanday iqtidor yaraqlab ko‘zga tashlanmaydi. O‘rinsiz lutf kulgiga sabab bo‘ladi, bemavrid o‘zingga erk berish kimnidir haqoratlagan bilan barobar. Oksford yoki Kembridj universitetining laboratoriyasidan tashqari chiqmagan olim inson tug‘ilishi haqida jag‘i tushguncha safsata qilishi mumkin; uning bosh qismi, yuragi, ongi, irodasi, qiziqishlari, tuyg‘ulari va hokazolar haqida soatlab gapirib beradi, ammo, afsuski, aslida inson haqida haqiqiy tushunchaga ega emas, chunki jamoat ko‘rmagan. Urf-odatlar, rasm-rusmlar, inson fe’l-atvori, unga xos bid’at-taassublardan xabari yo‘q. Aslida xuddi mana shular ko‘pincha odam xatti-harakatini belgilaydi.
Ser Isaak Nyuton prizma yordamida tabiatdagi asosiy ranglarnigina ajratib olish mumkin deganidek, jamoat ko‘rmagan olim ham odamning asosiy ranglari, ko‘rinishlarinigina biladi. Holbuki, usta bo‘yoqchi asosiy ranglarni aralashtirib, ajoyib qo‘shimcha ranglarni, jilolarni hosil qiladi. Dunyoda oddiy, bir xil tusli odam juda kamdan-kam, ko‘pchilik har xil ranglar aralashuvi natijasida olingan. Yoki bo‘lmasa, quyosh yorug‘i qanday tushsa, shunday tovlanadigan shoyiga o‘xshaydi odam. Ko‘pni ko‘rgan buni yaxshi tushunadi. Hujrasida kitob varaqlashdan boshqa narsani bilmagan faylasufni esa bunga aqli yetmaydi. Shu bois ular jamoatga kirganda ham na gaplashishni, na o‘zini tutishni uddalashadi. Ularning xatti-harakati raqsga tushishni kitobdangina o‘rgangan kishining xatti-harakatlarini eslatadi, beo‘xshov bo‘ladi. Shuning uchun sen ko‘proq odamlar muomalasini, mulozamatni kuzatgin, o‘rganib, ulardan ham yaxshiroq ko‘rinishga uringin.
Odam o‘z kayfiyati va tuyg‘ularini boshqara bilishi kerak. Ba’zilar qandaydir ko‘ngilsizlikdan darrov darg‘azab bo‘lishadi va g‘irt ahmoqlarday tutishadi o‘zlarini yoki butunlay es-hushini yo‘qotib qo‘yishadi. Kishi har qanday holatda ham o‘zini tuta bilishi kerak. Aqlli odam unga nisbatan bo‘layotgan ancha-muncha noxushliklarni, go‘yo aloqasi yo‘qdek, pinagini buzmay vazminlik bilan o‘tkazib yuboradi. Bunday paytda, yaxshisi, beparvolikka solish kerak o‘zni, aksincha, asabiylashsa, vaziyat yana ham chigallashadi. Bu xususda italiyaliklarda yaxshi naql bor: “Fikring oshkor bo‘lmasin desang, chehrang ochiq bo‘lsin”.
Yomon ko‘rgan kishiga nisbatan xushmuomala bo‘lish, ikkiyuzlamachilikka kirmaydi. Bu haqiqatga xiyonat emas, chunki sen u bilan do‘st bo‘laman deb ont ichayotganing yo‘q. Bu — shunchaki odob mezoni, xolos. Buni hamma biladi va to‘g‘ri qabul qiladi. Bu — odamlar o‘rtasida hamjihatlik, tinchlik va osoyishtalikni saqlashning zaruriy shartidir. Ayni paytda, bu — jamoatda o‘zni himoya etish quroli, desa ham bo‘laveradi. Bu bilan haqiqatga putur yetmaydi.
Haqgo‘ylik degani bor haqiqatni ochib solish degani emas. Imonli, oqil ham ziyrak odam qayerda qancha haqiqat kerak bo‘lishini yaxshi sezadi.
Xiyonatkorlik, yolg‘onchilik, makkorlik — qo‘rqoqlar qismati. Xayr.
P.S. Parijdan jo‘nab ketayotganingda barcha tanishlaring bilan, albatta, iliq xayrlashgin. O‘zingdan yaxshi nom qoldirishning bir usuli bu ham. Yaxshi nom, qayerga bormagin, sendan oldinroq yetgan bo‘ladi. Bu narsa senga doimo qo‘l kelishini unutma. Xayr.
* * *
London, 15 yanvar, 1753 yil.
Azizim!
Agarda senga foydam tegayotgan bo‘lsa, demak, mening umrim zoye ketmayapti, deb hisoblayman, zero, men butun umrimni asosan senga bag‘ishlaganman. Mana, nihoyat, umrim mahsuli – men yaratgan asar — tez kunlarda sinchkov jamoat huzurida namoyon bo‘lishidan bag‘oyat mamnunman. Ayni paytda, men yaxshi tushunamanki, ushbu asar nufuzli hakamlar tahsiniga sazovor bo‘lishi uchun birgina sirtdan yoqimli bo‘lish kifoya emas; qandaydir tugallovchi chizgilar, yana ham nafis bo‘yoqlar berish zarur bo‘ladiki, natijada uning mazmuni ham yetarli darajada go‘zal bo‘lsin. Shu bois ham men sen uchun hayotimda uchratgan shaxslar, voqea-hodisalarni kuzatish natijasida to‘plangan va yillar o‘tib sayqal topgan bir qator o‘gitlarni, hikmatlarni senga taqdim etmoqchiman. Ularni ushbu nomaga qo‘shib jo‘nataman.
Aytishim kerakki, ushbu hikmatlar faqatgina kechirganlarim zaminida vujudga kelgan, xayolotga erk berib to‘qiganim yo‘q. Sen har bir o‘git ustida o‘ylab ko‘rsang, undan oziqlanib, hayotingda kerak bo‘lgan paytlarda foydalanishingni xohlardim.
Yoshlar o‘zlarini aqlli hisoblashadi, ular orasida o‘zibilarmoni ko‘p. Mast odam o‘zining soppa-sog‘ligiga ishonchi komilligiga o‘xshaydi bu narsa. Hayotda yoshlarga tajribaga suyangan vazminlikdan ko‘ra, jo‘shqinlik afzalroq. Bir tomonlama ular haq, albatta. Ammo, tajribaga tayanmagan jo‘shqinlik xavflidir, ehtirossiz tajriba ham befoyda yuk bo‘lganidek. Har ikkisi qovushgan chog‘da komillik vujudga keladi. Ammo bu juda-juda kam uchraydigan narsa. Shuning uchun ham sening jo‘shqin qalbingga mening boy hayotiy tajribam hamroh bo‘lsa deyman; barcha to‘plangan umr saboqlarim sening xizmatingda bo‘lsin, deyman.
Yoshlikka xos jo‘shqinlik, ehtiros deganda men birinchi navbatda qiyinchilik va xavf-xatarni sezishga yo‘l qo‘ymaydigan tezkorlik, tiyraklik hamda ortiqcha o‘ziga ishonuvchanlikni tushunaman.
Ba’zilar esa ehtiros deganda arzimas sabab bilan alangalanib ketishni, g‘ashi kelib, noo‘rin valdirashni, kimdir uning mavqeiga tahdid qilgandek bo‘lsa, o‘ylab-netmay bema’ni gaplarni gapirishni tushunishadi. Bu noto‘g‘ri va bunaqa tuyg‘ularni odam o‘z qalbidan yulib tashlashi kerak.
To‘g‘ri, hammavaqt ham yomon ko‘rgan odam bilan xushmuomala bo‘lish qiyin. Uning senga nisbatan qilgan yomonliklariga munosib javob qaytarging keladi. Ammo, tushungin, nima bo‘lsa ham o‘zni tiya bilgan ma’qul. Aksincha, dushmaning xursand bo‘ladi, maqsadimga erishdim deb.
Odamlar bilan suhbat paytida o‘zingni doimo nimanidir bilmagan, eshitmagan qilib ko‘rsatgan yaxshi. Ayniqsa, birortasi: “Siz anavi haqda eshitdingizmi?” — deb gap boshlamoqchi bo‘lganda, yaxshisi “yo‘q” deb javob qilgan ma’qul va uning hikoyasini oxirigacha e’tibor bilan tinglamoq maqsadga muvofiq. Bundan hikoyachi mamnun bo‘ladi, chunki so‘zga chechanligini e’tirof etganday bo‘lasan. Boshqasi bo‘lsa mazkur tarixni birinchi bo‘lib kimgadir yetkazganidan xursand. Uchinchisi esa unga o‘z paytida kimdir o‘sha sirni ishonib aytganligidan g‘ururlanib qo‘yadi. Bordi-yu, sen: “Ha, men eshitgandim bu haqda” — deb qo‘ysang, ularning hafsalasini pir qilib, ranjitgan bo‘lasan. Ayniqsa, mish-mishlar, g‘iybatlar haqida eshitganligingni bildirmagin aslo. Chunki voqiflarga xuddi o‘g‘rilik mol saqlovchilarga qaragandek qarashadi. “Bilmayman, eshitmabman” deb quloq solaversang, ko‘p kerakli ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘lasan. Suhbatda hushyorlik kerak-da. Bilsang, afsonaviy Axill badaniga shikast yetmaydigan bo‘lishiga qaramasdan, jangga kirarkan, doimo barcha jang anjomlarini kiyib yurgan. Xayr.
Qodirjon Nosirov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 3-son.