Sharif Alining g‘oyat katta, oxiri ko‘rinmaydigan bug‘doyzorlari hatto sokin, shamolsiz kunlarda ham xuddi oltin dengizday mavjlanadi. Yorqin quyosh yog‘dulari ostida mayin-mayin raqsga tushayotganga o‘xshaydi. Uning bunday bug‘doyzorlari to‘rttami, beshta. Deyarli hammasi yaxshi sug‘oriladi, hosili ko‘pligidan omborlari to‘lib-toshadi. Sharif Ali ba’zan qishloqdagi hovli-joyida, ba’zan shahardagi hovli-joyida posholarday yashaydi. Bu yerda uni “og‘a” deyishadi – hammani shunday o‘rgatgan. Bu uning qulog‘iga kuyday xush yoqadi. Hamma sendan qo‘rqib-qaltirab tursa qanday yoqimli! Agar boy-badavlat, poda-poda sigir-buqalar sohibi, katta mol-mulk egasi bo‘lsang, bu o‘z-o‘zidan shundoq bo‘lishi turgan gap. Sharif Ali yoshligidan izzattalab va boylikka hirs qo‘ygan edi. Otasi xotinlikka uch qizdan birini tanlashni tavsiya qilganda, xunuk bo‘lsa ham eng boyini tanladi. Xotini o‘lib tul qolganda yana juda ko‘rimsiz boy qizga uylandi.
Uyi qarol va xizmatchilar bilan to‘la edi, o‘rim-yig‘im paytlarida esa u yana batraklar ham yollardi. Bu yoqda hech kim uning gapini ikki qilishga botinmasdi. Har qalay yigirma to‘rt qishloqli butun Erla tekisligida u biron bir amaldor yo boshliqqa ta’zim qilmas, o‘zini erkin, hatto kibrli tutardi.
Hozir aynan yozning oxiri, dala ishlari eng qizigan bir palla edi. Quyosh hali atrofni judda qattiq qizdirardi.
Bug‘doyzorda qo‘shni qishloqlardan kelgan kunbay mardikorlar ishlashardi. Sharif Ali ularga juda oz, arzimagan haq berardi, lekin ular shunisiga ham xursand edilar.
O‘rimchilar o‘ttiz sakkiz kishi bo‘lib, asta-asta ilgarilab borishardi. Yaraqlagan o‘roqlar qandaydir, boshqa hech qanday ovozga o‘xshamaydigan g‘alati tovush chiqarardi.
Oralaridan qil ham o‘tmaydigan bu zich qatorda erkaklar ham, ayollar ham bor edi. Ularning har biri yonidagi sherigining nafaqat achimsiq terlari isini his qilar, hatto nafasini va yurak urishini ham eshitardi.
Qo‘chqorning shoxiga o‘xshaydigan o‘ziga xos mahalliy o‘roqlarning jadal siltovlaridan boshoqlar uzunasiga qatorlashib yotardi. Bug‘doyi o‘rilgan maydon borgan sari kengayib, o‘rilmagan maydon esa kichrayib borar, butunlay tugashiga oz qolayotgandi.
Sal uzoqroqda uchta xodacha va yirtiq latta-puttadan nari-beri qurilgan chaylacha turardi. Uning soyasida qo‘pol qurib o‘rnatilgan belanchak chayqalar, unda uch oylik bir chaqaloq mudrab yotardi.
Sharif Alining o‘zi qator o‘roqchilar ortidan izma-iz to‘kilib qolgan boshoqlarni terib kelardi. Odam degan bekor turmasdan nima bilandir band bo‘lishi kerak-ku! Gap yo‘q, bitta-yarimta boshoq qolib ketsa balo-qazo yuz bermaydi! Mayda-chuyda jonivorlar, qushlar yoki och-yalang‘och qashshoqlar ham boshqalar hisobiga foydalanib qolishsin. Bu dunyo shunday qurilgan, axir.
Arslonlardan qolgani shoqollarni to‘ydiradi. Yetimlar va bevalar ham og‘adan qolganiga to‘yishadi.
“Og‘aning ahvoli bu kunlarda juda ilgarigiday mustahkam va baobro‘ emas,– xo‘rsindi Sharif Ali.- Agar hamma yerlarimni to‘rttala o‘g‘limga bo‘lib bersam, har qaysisiga tuzukroq-tuzukroq tegarmikin. Qanaqasiga og‘a bo‘lasan, agar yering kam bo‘lsa? Endi odamlar Egey bo‘yi tomonlarga ketib qolishyapti. Biri paxta terishga, biri fabrikada ishlashga… Hatto batrak ham topolmaysan. Ilgarigi zamonlar bosh-qacha edi! Bor-yo‘g‘i bitta hushtak chalsang, zumda chopib kelishardi. “Bizni oling! Bizni oling!” – deb yolvorib oyoq ostida o‘ralashardilar. Sen bo‘lsang eng sog‘lom, baquvvat yigit-qizlarni tanlab olarding. Hech kim senga qarshi bir so‘z aytolmas, nimani buyursang o‘shani qilardi. Jandarmlar, amaldorlar, boshliqlar – hammasi sening og‘zingga qarab ish tutishardi. Men bu dunyoga kechikib keldim, shekilli, eh, kechikib keldim. Yil o‘tgan sayin kunbay ish haqi ortib boryapti. Emishki, ular paxtadan ko‘proq pul ishlasharkan. Paxta teruvchilarga qanchadan berishsa, senam shunchadan ber, shunda sen bilan qolishadi. Tavba, shuncha yo‘l qurishning nima keragi bor edi? Shu tekinxo‘rlar yangi fabrikalarga bora olishlari uchun qurildimi?..”
O‘ng taraf kattasi (o‘roqchilar qatorining ikki chetidagi kishilar “katta” deb chaqiriladi) baland ovoz bilan qo‘shiq boshladi:
Hamma yoqqa qo‘shiq yog‘ilar…
Bu xol-xol ko‘ylakli baquvvat yigit edi. U xat-savod o‘rganmay qolib ketgan, kitob-gazit o‘qimaydi, radio eshitmaydi: ular u yerda nimalarni valaqlashayotganini tushunmaydi ham. O‘rimda doim bosh-qa batraklardan bir necha qadam oldinda borar, ulardan o‘tib ketardi. Ammo hozir to‘xtadi-da, qaddini rostlab, ikki qo‘lini beliga tiradi:
Hamma yoqqa qo‘shiq yog‘ilar…
Chap tarafning ulug‘roq yoshli kattasi unga jo‘r bo‘ldi:
Kelayotgan kimlar?
O‘rimchilar, o‘rimchilar!
He-he-he-e-ey!
O‘ttiz sakkiz bo‘g‘izning hammasi bir yoqadan bosh chiqarib qo‘shiqni bab-baravar ayta boshladi.
Qishloqlarda keng tarqalgan bu dehqoncha jo‘rlik qo‘shig‘i aytilganda na baland, na past, na ayol, na erkak ovozlarini farqlab bo‘lardi. Ularning qo‘shig‘i atrofdagi barcha tepaliklar bo‘ylab jaranglardi.
Tushlik yaqinlashayotgan vaqt, quyosh bor kuchini ishga solib qizdirayotgan bir palla edi.
Batraklardan besh yuz metrcha naridagi tepalikning uchida sigirlar podasi yonida bir cho‘pon turar, xayol surib dalaga qarab-qarab qo‘yardi. “He-hey” sadolari uning ko‘ksida kuchli bir hamdamlik tuyg‘usini qo‘zg‘ardi. Qandaydir bir daqiqalarda u har yoqqa o‘tlab ketgan podasini unutdi. Bu kimsasiz tomonlarda cho‘ponning ko‘rgiligi batraklarnikidan og‘irroq. U odamlarni sog‘inadi. “Mollarni sug‘orib olay, keyin yana shu yerga haydab kelaman,– deb ahd qildi cho‘pon.– Azbaroyi xudo, juda azamat-da bu batraklar! Ularning qo‘lida ishga jon kiradi. Oqshomgacha o‘rim bitdi, deyaver. Ana bog‘-bog‘ qilib bog‘lashyapti. Hash-pash deguncha yanchgani olib ketishadi.”
Cho‘pon xizmatchilardan ko‘zlarini uzmasdi. Bug‘doy o‘rimi oson ish emas, beling singuday bo‘ladi, lekin men hozir jon-jon deb ular bilan birga ishlagan bo‘lardim, odamlarni sog‘inib yuragim qon bo‘lib ketdi, axir!
Batraklar yana bir marta “he-hey”ni aytib olgach, qaytadan boshoqlar ustiga egilishdi. Ikkala tarafning kattalari yangi qo‘shiqni avj oldirib yubordilar. Ular qo‘shiqni yaxshi, kiftini keltirib kuylashardi. Tezda boshqalar ham ularga jo‘r bo‘lishdi. Qo‘shiqqa butun jon-dillarini berishardi.
Sharif Ali orqada o‘z-o‘zicha ming xil o‘y-fikrlar og‘ushida kelardi: “Menga kombayn ol, deb maslahat berishadi. Mening shunday xizmatchilarim bor, kombaynni nima qilaman?”
– Yashanglar, yigitlar, yashanglar! – deb baland ovoz bilan qich-qirib qo‘ydi u.–Topgan pulingiz halolidan bo‘ladi, yaxshilikka buyursin! Men sizlarga bir tog‘ora holva sotib olib kelishni buyuraman,– dedi kerilib.– Yashanglar, yigitlar, yashanglar! – deb qichqirishda davom etarkan, kunbaychilarga yanada yaqinroq keldi.
Sharif Ali sariq saxtiyon etik kiygan edi. Majnuntolning qamchiday novdasi bilan qo‘njlarini urib-urib:
– Yashanglar, yigitlar, yashanglar!– deb takrorlashini qo‘ymas edi.
Batraklar orqalaridan izma-iz kelayotgan xo‘jayin ularni, yal-qovsanlar, deya ta’na qilishidan hadiksirab, baravariga ishga zo‘r berishardi. Boshoqlarni batamom yoyib tashlashdi. Quyosh borgan sari qattiqroq qizdirardi. Batraklarning ko‘pchiligi – ochiq ko‘ngil, quvlikni bilmaydigan odamlar. “Shunday o‘rish kerakki, bironta ham boshoq qolib ketmasin”– deyishardi ular. Ammo ularning orasida “qari bo‘rilar” ham uchrab turardi: ular ko‘pincha qatordan orqada qolishga urinar, shunda qolganlarga ish ikki baravar og‘irlashardi. Odamlar bekorga “Og‘ir-og‘ir, o‘rtadagilarga og‘ir” demaydi. Ayyorroq va ziyrakroqlari chetga yaqin joyda bo‘lishga intilardilar.
Sharif Ali o‘rtada turardi. Uning nazariga nimadir ilashdi, nimaligini o‘zi ham bilmaydi. Uning old tomonida tolmadakkina kelishgan bir qiz ishlayotgan edi. “Shu menga yoqib qoldimi deyman? – o‘yladi Sharif Ali.– Yo‘g‘-e. – U bu taxminini xayolidan chiqarib tashladi. –Hali go‘dak-ku. Ammo zo‘r ishlar ekan. Epchil, chaqqon…”
Tolmadek qizning yonida zuvalasi pishiq, gavdasi baquvvat bir juvon bug‘doy o‘rayotgan edi. Faqat yomon kiyingan edi. Hatto cholvori yirtiq-yamoq edi. Yirtiq joylaridan qizg‘ish badani tashqariga shunday tiqilib chiqib turardi!
– Yashanglar, yigitlar, yashanglar!
Biqqi juvon o‘rilgan boshoqlarni tashlab shundoq orqasiga o‘girilgan edi, ortida og‘ani ko‘rdi. Esankiradi. Nima qilishni bilmay, o‘roqni yanada tezroq shig‘illatdi.
Sharif Ali:
– Yashanglar, yigitlar, yashanglar! – deb qichqirishda davom etdi.
O‘zi esa zavq bilan batrak juvonga baqrayardi. “Mana buni xotin desa bo‘ladi! Sonlari bo‘liqligini qarang! Faqat shunaqa zuvalasi pishiq juvonlardan sog‘lom bolalar tug‘iladi! ”
U o‘zini chetga oldi, ammo bir zumda qaytdi.
“Bunday xotinni qancha yedirib-ichirsang, shuncha joning yayraydi. Yasantirsang ham maza qilasan! Quchoqlasang quchog‘ing to‘ladi. Zo‘r. Zo‘rligiga gap yo‘q. Yelkalari do‘ndiqligi, qo‘llari kuchliligini qarang. Ko‘kraklari qovunlaringday…Qayerdan keldiykin bu go‘zal jonon?”
Batraklar dalaning oxirigacha chiqib, orqaga qaytishdi. Sharif Ali yosh juvonni ko‘zlari bilan yeb qo‘ygudek edi. “Zo‘r. Zo‘rligiga gap yo‘q. Yuzlari ham dumaloqqina.Terisi naq anorday. Chiroyli ayol chiroyli-da…”
Ular bir necha marta ko‘z urishtirib oldilar.
“U menga bir nima demoqchi shekilli?”- juvonni qo‘rquv bosdi va nariroqqa ketdi. Sharif Ali esa hamon angrayar, cholvori arang yashirib turgan bo‘liq sonlaridan ko‘zlarini uzolmasdi.
Batrak ayol chaylaga qarab ketdi. Demak, chaqaloqning onasi shu ekan-da, – fahmladi darhol xo‘jayin. Juvon cho‘nqayib, belanchakka egildi. Bola baland ovoz bilan yig‘lab yubordi. Kun issiq. Aftidan, bechora terlab ketganga o‘xshaydi. Bo‘yni va oyoqchalari qizarib ketibdi. Ayol tayoqchalarga ilib qo‘ygan fartug‘ini olib, bolani yelpiy boshladi. Keyin ko‘kragini chiqardi.
“Sutim juda isib ketmasdan oldin, uni emiza qolay”, – degan xulosaga keldi u.
Kichkina miqti, ona ko‘kragini hech qo‘yvormas, tinmay so‘rar, yana so‘rar edi. Ko‘rinib turibdi, kasal emas, baquvvat. Insholloh, tiqmachoqdan yigit bo‘ladi. Emchakni ildizi bilan yulguday bo‘lib tortqilar edi.
Xo‘jayin o‘ng tarafning kattasini chaqirdi:
– Bu yoqqa kel-chi…
U darhol yugurib keldi.
– Nima deysiz, og‘am?
– Bu yosh juvon kim?
Batrak ko‘zini qiyshaytirdi:
– Bumi?
– Ha.
– Qishlog‘imizdagi Sulaymon qorovulning xotini, og‘a. Yoshlarimiz har qayoqqa ketib qopti. Bolalik bo‘lsa ham uni olishga to‘g‘ri keldi.
Sharif Ali chaylachadan ko‘zini olmasdi. Yon taraf kattasi ham o‘sha yoqqa qaradi.
– Men uni olmoqchi emasdim, juda ko‘p yalindi. Erining aybi bilan qishloqdagi bir sigirning oyog‘i sindi. Oqsoqolimiz qorovulga jarima soldi, u bo‘lsa bor-yo‘g‘i o‘ttiz lira oylik oladi. Eng past maosh. Bunday moyana bilan kun ko‘rib bo‘ladimi? Mana endi xotini o‘zini o‘tga-cho‘qqa uryapti – qishin-yozin ishlagani-ishlagan. Shu sababli “Meni ham ola ket. Loaqal o‘zimga biror gazlama olarman, juda ko‘ylaksiz qoldim”, deb yolvordi. Uning hatto ro‘moli ham yo‘q, og‘am. Qo‘lida uch oylik chaqalog‘i bor. Unga achindim, xudo haqqi, judayam achindim.
– Oti nima?
– Oti Fotma, og‘am.
– Ha, uning holi achinarli ekan, – dedi Sharif Ali. – Mayli, ishlayversin. Yuz ellik lira yerda yotmaydi. O‘n kunda bir cholvorlik pul ishlab olsa yomonmi? Juda yasan-tusanga yetmasa nima bo‘pti? Yoqimli ayol ekan, juda yoqimli.
– Yaxshi ishlaydi, – deb javob berdi batrak.
O‘rim davom etardi.
Batrak chayla yonidan o‘tarkan, Fotmani chaqirdi:
– Emizishni to‘xtat. Xo‘jayinning jahli qistayapti.
Fotma shosha-pisha ko‘kragini tortib oldi, bolani qaytarib belanchakka yotqizdi va yugurib joyiga bordi.
Sharif Ali yana qator ketidan qo‘zg‘aldi.
Batraklar xo‘jayin o‘zlariga qarayotganini payqab bir oz mushsha-yishdi.
Hammadan ko‘proq Fotma xavotirda edi.
“Izimdan qolmay yuripti. Nega bolangni sudrab olib kelding, deb tashlanib qolsa kerak hozir. Uch oylik bolani kimga tashlab kelaman, axir? Erim boshqa bolalar bilan hozir nima qilayotgan ekan? Hamma yog‘i ifloslanib, pashsha talab yotgan bo‘lsa-ya? Yurak ham siqilib ketdi. Aqlli odam qorovullik qilmaydi, aqlli xotin qorovulga tegmaydi. Hammaning sigir-buzog‘iga qarash oson ekanmi? Qo‘tondan chiqarar-chiqarmas egasi to‘ng‘illaydi. Biron ekinzor payhon bo‘lsa – yana boshingda balo. Shu zayil qorovul bechora doim ikki o‘t orasida. Ulgurishing kerak, hammasiga ulgur. Beradigan oyligi choriqqa ham yetmaydi. Mening Sulaymonim esa ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan lavanglardan. Bitta sigirni tosh bilan oyog‘iga urib, yarador qilibdi. Biz o‘zi ikki qurushni ham zo‘rg‘a topamiz-ku, tag‘in ikki yuz lira jarima to‘larmishmiz. Uning o‘rnida bo‘lsam, o‘lsamam to‘lamasdim. Qishloqliklarimiz o‘z mollariga o‘zlari qarashsin. Qilgan ishini qarang: ketimizni yopadigan latta-puttamiz ham yo‘g‘-u, tosh bilan urishga balo bormi? Chaqalog‘imni bu yoqqa olib keldim. Sharif Ali esa orqamdan qolmaydi. Biladiki: bolali xizmatchi xizmatchi emas. Bel qurg‘ur zirqiradi, egilmayapti. Yon taraf kattasi esa nuqul: “Hey-hey, bo‘la qol” deb qichqirib qo‘yadi. Chap taraf kattasi bilan birga aqlsiz Boqiyning “O‘zganing g‘amini kim ham tushunar” degan qo‘shig‘ini ayta boshlashdi. Ha, to‘g‘ri gap bu, o‘zganing g‘amini kim ham tushunadi, deysiz? Ustiga ustak olamda yo‘q issiqlarni ko‘ring!”
* * *
Tushlikdan so‘ng shabada esib hamma yengil tortdi. Ertalaboq ayla-nib yurgan cho‘pon yana tepalik yonbag‘rida ko‘rindi. Bog‘ bog‘lovchilar ishga baravar kirishgandi. Boshoq bog‘larini shu yerning o‘zida uchta aravaga ortishdi. Sharif Ali esa hamon batraklar qatori ortida o‘ralashardi.
“Menga kombaynning nima keragi bor? – takrorlardi o‘ziga o‘zi.– Hech qanaqa kombayn mening xizmatchilarimga yetolmaydi. Bir kunning o‘zida butun boshli bir maydonda yig‘im-terimni bitkazishdi. Bular ham o‘rishadi, ham bog‘ bog‘lashadi, ham tashib berishadi – hammasini o‘zlari qilishadi. Xohlasam barini bir kunda yanchtirib olishim ham mumkin. Voy-voy, bu Fotmasi munchayam zo‘r-a! Yashavor, Fotma! Bir o‘zi bir kombaynning ishini qiladi! ”
Chindan ham Fotma ishni qoyillatdi. Ishlashi va epchilligiga qarab batraklar unga Kombayn deb laqab qo‘yishdi. Holva olib kelishganda, Sharif Ali unga ko‘proq berilsin deb buyurdi.
– Axir uning chaqalog‘i bor, boshqalardan ko‘ra ishlash unga og‘irroq. Mayli, to‘yib-miriqib yesin, – dedi u baland ovoz bilan xi-xilab.
– Fotma, og‘amiz seni sevib qolganga o‘xshaydi,- hazillashib kulib qo‘yishdi batraklar.
– O‘ziyam ishni qoyillatasan-da! Kombaynga o‘xshab.
– Fotma Kombayn-da o‘zi!
Sharif Ali yana Fotmaga yaqinroq bordi, hamma yirtiqlardan do‘ppayib ko‘rinayotgan badaniga hirsli ko‘z bilan yeb qo‘yay deb qarardi.
“Xotinmisan xotin!– zavqlanardi u.– Asal! Faqat allaqanday tog‘ ayig‘iga nasib qilgani achinarli. Qishloq qorovuli degani chuvrindining chuvrindisi, eng qashshoq odam degani. Loaqal orqasini bekitib yurishga yaraydigan biron ko‘ylak ham oberolmaydi. Uni boqolmaydi ham, buni qarangki, shundoq bir qashshoq odam – uylanibdi-ya! Och-yalang‘och bo‘lsa ham, qanday zo‘r xotinni qo‘lga kiritibdi! Butun qishloqda boshqa bunday xotin yo‘q. Uni erkalatish va asrab-avaylash kerak. Qimmatbaho matolar kiygazib yasantirish kerak. Ertalab qaymoq bilan asal yedirish kerak – qancha xohlasa shuncha yesin. U chuvrindida bunga pul qayoqda? ”
Chayladagi go‘dak tinmay yig‘lay boshladi. Fotmaning yurak-bag‘ri ezilayotgan bo‘lsa ham qatordagi joyini tashlab ketishga botinmasdi. Faqat o‘sha tomonga bildirmay qarab-qarab qo‘yardi. Ammo qanday qilib ketsin, og‘a undan ko‘zini olmay orqada turibdi?
– Bor, kichkinangni emizib kel, – ruxsat berdi Sharif Ali.
Fotma chaylachaga oshiqdi.
Sharif Ali maydonning yon tomoniga qarab yurdi. U yerdan ketmaket boshoq bog‘lari ortilgan aravalar jo‘nab ketayotgan edi. Boshoq bog‘lari borgan sari kamayib, dalalar yalanglashib borardi. Tepalikdagi cho‘pon ham bu yoqlarga goh-goh qarab qo‘yar, podasini tezroq g‘alladan bo‘shagan shu ang‘izga qo‘yvorgisi, shu yerlarda boqqisi kelardi. Poda miriqib to‘yguncha, u ham kunbaychilar bilan u yoqdan-bu yoqdan gaplashib olish mo‘ljalida edi.
Sharif Ali chaylacha yoniga keldi. Go‘dak iliq sutni ochko‘zlarcha so‘rardi.
– Fotma! – past ovoz bilan chaqirdi Sharif Ali, uning yoniga o‘tirarkan. U juvonning yelkalaridan, kichkina ro‘mol o‘ragan boshidan, ochiq tomoqlari va ko‘kraklaridan ko‘zlarini uzmasdi.
Fotma tizzalarini zichlashtirib, qizargancha ochiq joylarini to‘sdi.
– Assalomu alaykum, og‘a,- deb qo‘ydi hurmat va hadik bilan.
– O‘g‘ilchang juda chiroyli ekan, Fotma.
Ayol indamay yutinib qo‘ydi.
– O‘zing ham juda chiroylisan, odam qarab to‘ymaydi. Shunday shirin nashvati nok allaqanday tog‘ ayig‘iga nasib qilsa-ya! Omading yo‘q ekan!
Fotma unga qiya nazar tashladi. Sharif Ali yaqinroq surildi, butunlay bezbetlashdi.
Kunbaychilar xirillagan ovoz bilan baqirib: “He-hey”larini aytishardi. Cho‘pon podani yonbag‘irdan pastga hayday boshladi.
– Fotma, nega shu paytgacha seni ko‘rmadim-a?
Fotma unga o‘girildi. Endi ular shundoq yuzma-yuz, tizzalari tizzalariga tegib o‘tirishardi. Yuraklari gurs-gurs urar, nafaslari bo‘g‘izga tiqilardi.
–Agar ko‘rsang nima bo‘lardi?- deb qo‘ydi kunbaychi juvon bo‘g‘iq ovoz bilan.
– Seni ering bilan o‘z qishlog‘imga olib ketardim.
– Sizlarning qishlog‘ingizda qorovul yo‘qmi?
– Menga qorovul kerak emas. Kim kerakligini o‘zing tushunasan-ku.
Fotma tizzalarini o‘ziga tortdi. Ko‘kraklari yana ochilib qoldi: katta-katta yarqiragan ikkita choynak, oralarida qorong‘i chuqurcha.
Sharif Ali oldinga surildi.
– Menga sen keraksan… – dedi u. – Lablaringning asali, Fotma… Ko‘zlaringning cho‘g‘i, Fotma…Ollohning jannatidan qora tutlaring…
Fotma titrab-qaltirab ketdi.
–Tog‘ o‘rmonlarining ajoyib qushi. O‘tloqlarning nafarmon gunafshasi. Ohu. Jonim Fotma!
– Sen meni shirin gaplar bilan yo‘ldan uraman deb o‘ylama… qush… chiroylisan…- juvon nihoyat o‘zini yig‘ib oldi.- Menday bir kambag‘al bechoradan nima istaysan sen?
Og‘a yuziga boshqacha tus berdi.
– Eh, sen uyatsiz-e!
U juvonga tik nazar tashladi: qarasa, hamla qiladigan…
– Meni uyatsiz dema, Sharif Ali og‘a. Men hech qanday uyat ish qilganim yo‘q. Sen menga og‘asan. Muhtaram, obro‘yli odamsan. Bu kattakon vodiyda seni bilmagan odam yo‘q.. Yaxshilikcha jo‘na bu yerdan. Menga tegma. Tushundingmi?
– Xo‘jayining bilan qanaqa gaplashyapsan?
U shartta surilib bir qo‘li bilan ko‘kragini ushlab, ikkinchi qo‘li bilan bo‘ynidan quchoqladi, oldindan qanday o‘pib, erkalab lazzatlanishlarini his qila boshlagan edi.
Fotma xo‘mraydi, yuzlari qorayib ketdi. Qichqirib, odamlarni yordamga chaqirib o‘tirmadi. Sharif Ali baquvvat, pishiq kishi – naq qoyatoshning o‘zginasi edi. Ammo Fotma birdan sapchib turdi va qayerdandir paydo bo‘lgan allaqanday jasorat unga kuch berdiki, po‘latday quyma mushti bilan to‘ppa-to‘g‘ri Sharif Alining basharasiga tushirdi. Keyin yana bitta soldi.
– Ey, la’nati, senga aytdim-ku, menga shilqimlik qilma deb.
Sharif Alining og‘zi-burni qonga botdi. Boshi aylandi. Xuddi atrofdagi tog‘lar ustiga yiqilgandek edi. Daraxtlar uchiga turib qolganga, ildizlari havoda tebranayotganga o‘xshardi.
– Yana bir marta qo‘l tekkizib ko‘r-chi!- deb pishilladi Fotma, u hamon mushtlarini qisib turardi. U o‘zining shunchalik kuchi borligidan, dovyurakligidan hayratda edi.
– Xo‘jayining bilan shunday muomala qilishga qanday hadding sig‘di? – deb g‘o‘ldiradi Sharif Ali.
– Xo‘jayin bo‘lsang o‘zingni xo‘jayinday tut. Qo‘llaringga erk berma.
– Qanday hadding sig‘di…
– Shunday sig‘di, Xudo joningni olsin!
U o‘rnidan turdi. Yerdan tayoqchalarni sug‘urib oldi, lattalarga o‘radi.
Bolani opichib, qishlog‘i tomonga yonbag‘ir osha yuqorilab ketdi.
Sharif Ali Fotmaning uzoqlashgan sari kichrayib borayotgan qaddi-qomatiga indamay qarab turardi. Ikki marta xa-xolab qo‘ydi.
– Og‘aga tirnoqcha ham hurmat degan narsa qolmadi! – dedi asta to‘ng‘illab.
Turmoqchi bo‘ldi-yu, ammo turolmadi.
U bir necha daqiqa qimirlamay yotdi. Batraklar “He-hey”lab qich-qirgancha dalada o‘rimni davom ettirishardi. Shu chog‘ birdan cho‘pon yaqiniga keldi. Sharif Ali og‘zi-burnining qonlarini artib olmoqchi bo‘ldi-yu, ammo ulgurmadi.
– Iya, Sharif Ali og‘a, senga nima bo‘ldi? – deb so‘radi cho‘pon.
– Nima ishing bor? – yirtqich hayvonlarday jirilladi Sharif Ali. – Nega ahmoqona savollaring bilan senga dahli yo‘q narsaga burningni suqasan? Yo‘lingdan qolma, it…
– Ha-a-a! – deb chuqur ho‘rsindi hayratdan esankirab qolgan cho‘pon.- Nima bo‘ldi, muhtaram og‘aginam? Og‘zi-burning qop-qora qon ekan, shuning uchun nima bo‘ldi, deb so‘rovdim. Axir, sen bizning xo‘jayinimizsan.
– Qis! Yo‘qol tuqqaningning oldiga! Bo‘lmasa, hozir turib basharangga shunday tushiramanki, tug‘ilganingga pushaymon bo‘lasan!
– Yaxshi, og‘a, ketyapman, ketyapman.
– Tuyog‘ingni shiqillat, tezroq-tezroq!
Sharif Ali o‘z g‘azabini hech qanday aybi yo‘q cho‘ponga to‘kib-socharkan, bu asno Fotma xo‘jayinini qanday boplab urganini xayolidan o‘tkazgancha asta-sekin toqqa ko‘tarilishda davom etardi.
Turkchadan Miraziz A’zam tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 4-son