Duysburgda vokzal katta: o‘n uchta perronning hammasi qubbasimon shisha tom ostida. Bir poyezd kelaveradi, boshqasi ketaveradi. Puling bormi, o‘tir-da ketaver: Hollandiyami, Daniyami, Shvetsiya, Shveytsariya, Avstriya, Frantsiyami ko‘ngling tusagan tomonga… Yo‘lovchilar oqimi kunduzi ham, kechasi ham tinmaydi. Yuklar – xomashyo, tayyor mahsulotlar oqimi ham xuddi shunday. Besh emas, o‘n emas, qirqta temiryo‘lda yuk vagonlari ortishni va bo‘shatishni kutib turadi. Chamamda, yorug‘ dunyoning biron yerida boshqa bunday vokzal yo‘qday ko‘rinadi.
Yaqinda o‘qituvchimiz frau Ramaxer:
– Ikki sinf, shu jumladan, sizlarning sinf ham Kyolnga sayohatga boradi, – deb e’lon qildi. – Xarajatlarni maktab to‘laydi. Sayohatda qatnashish majburiy. Lekin ota-onangizdan yozma ruxsat olib kelishingiz kerak.
Men uyga qanot bog‘laganday uchdim. “Mana bu gal endi, – o‘yladim, – dadam yo‘q deyolmaydilar.”
Aytganimday bo‘ldi. Gaplarimni eshitib, otam “ha” ham, “yo‘q” ham demay, bosh chayqab qo‘ydilar xolos. Ammo men ham darhol: “Yaxshi, qizim, boraqol” deb rozi bo‘lishlarini kutmagandim. Unaqalardan emaslar. Ammo unamay gapimni shart kesib qo‘ymadilar – shunisiga ham rahmat.
– Dada, agar bormasam, meni sinfda qoldirishadi, – deb tushuntirdim yaxshilab. – O‘quv sayohati bu, tarix darsi bilan ikkovi bir.
Bu chin haqiqat edi – men axir oyimga ham, dadamga ham hech yolg‘on gapirmayman. Biz roman-german muzeyini ziyorat qilishimiz lozim edi. Umuman men ota-onam bilan Kyolnga borganman, ammo biz bu muzeyga kirib o‘tmagandik. Bizdan taassurotlarimizni yon daftarga qayd qilib kelish talab qilinardi. Bularning hammasini otamga aytib berdim va sarf-xarajatlarni maktab to‘lashini ta’kidladim.
– Ey, omon bo‘lgur, Komil og‘a, nimasini o‘ylaysiz? – deya meni qo‘lladi oyim.– Maktab barcha harajatlarni to‘larkan, siz ruxsat xati yozib berarkansiz, xolos. Tushlik uchun 20 marka bering qizingizga, tamom-vassalom. Qolgani xudoga havola.
Baraka topkur oyim zo‘r-da o‘zi.
Lekin otamdan xafa bo‘lsak ham gunoh bo‘ladi. U o‘ttiz marka chiqarib menga uzatdi.
– Meni to‘g‘ri tushun, Gultan. Biz bu yerda begona odamlar orasida musofirmiz. Agar ehtiyotimizni qilmasak, bir baloga yo‘liqishimiz hech gap emas. Seni nemis maktabiga berganimiz uchun ba’zi yurt-doshlarimiz uchiriq gaplar qilib yurishipti. Ammo bu mening ishim. Ular turk vaqfi fondiga pul o‘tkazishimiz zarurroq edi, deb hisoblashadi. Ammo bu ham mening ishim. Sen esa xotirjam sayohatga boraver. Lekin to‘g‘ri borib to‘g‘ri kel, nojo‘ya harakat qilma, o‘zimning shakarim, xo‘pmi?
– Nojo‘ya harakat qilmaydi, xavotir olmang, dadasi, – yana yonimni oldi onam. Boshini ko‘tarib, mag‘rur qaradi – arslondan qayeri kam? – Qizimiz hech qachon yomon yo‘lga yurmagan va yurmaydi ham.
Oyim dadamni ishontirish uchun o‘lib-tirilayotganini eshitib: “Negayam qiz bo‘lib tug‘ildim-a, o‘g‘il bo‘lganimda maza bo‘lardi,– deb o‘yladim.–Turklar o‘g‘illaridan xavotir ham olishmaydi, yo‘g‘am de-yishmaydi – nima so‘rasa, pulni ham ko‘proq berishadi. Menga bo‘lsa “unday yurma, bunday yurma…. begona joylarda” degan tanbehlar… Jonga tegdi.”
Mening oyim judayam yaxshi, tushungan xotin. Otamga qanday yondashish, qanday muomala qilishni biladi. Dadam bergan pulga yana o‘z yonidan o‘n marka qo‘shdi. Faqat nemislargina o‘z bolalariga sayohat uchun shuncha pul berishadi…
Dadam ishga kech qolmaslik uchun ertaroq yotdi. Men uydan undan bir soat keyin ketishim kerak edi. Yig‘ilish soat yettiga ta-yinlangan edi. Shuning uchun men ham televizor ko‘rmay, erta yota qoldim.
Soat jiringlaganda men yonboshimga o‘girildim va oyimning “U yana bir soat uxlab olsin” deganini eshitdim. Dadam menga yana birnecha yo‘l-yo‘riq berish uchun hamon meni uyg‘otmoqchi bo‘lar, ammo oyim: “Kerakli gapning hammasini men o‘zim unga aytaman” deb, uni menga yaqin yo‘latmasdi.
Ukalarimni uyg‘otishga ham qo‘ymadi. Dadam jimgina kiyinib, ishiga ketdi.
Men uyg‘onib o‘rnimdan turganimda choy tayyor edi. Aksariyat nemislarning choyi biznikiday xushbo‘y va achchiq bo‘lmaydi, ammo bu safar u menga shunday yoqdiki, bir yo‘la bir necha finjon ichdim. Oyim nimaki tayyorlasa, hammasi mazali bo‘ladi. Men yana ikkita saryog‘li buterbrod yedim. Oyim safar jildimga sochiq, sovun, tish cho‘tka va taroq soldi.
“Yugur, – dedi u, – bo‘lmasa kech qolasan!” Men Rurortgacha avtobusda borib, keyin tramvayga o‘tishim kerak edi. Yo‘l uchun vokzalgacha o‘ttiz-qirq daqiqa vaqt ketardi.
Olmoniyada avtobuslar aniq vaqtlarda yuradi. Xuddi poyezdlarday. Har bir qo‘nalg‘ada oynali ramkada qatnov jadvali osig‘liq. Avtobuslar xuddi ko‘rsatilgan vaqtda keladi. Begim kunlari vaqt oralig‘i qisqaroq, dam olish kunlari kattaroq. Biz – ukam ikkimiz uncha ko‘p kezmaymiz. Dadam Avgust Tissen zavodida ishlaydilar. Shuning uchun Rurortgacha oylik chipta olib qo‘yadilar, shunda arzonroq tushadi.
Rurortdan o‘tayotganimizda, men dadam ishlaydigan zavodni ko‘rdim. U Anqaradagi Xo‘ja masjidi kabi juda katta va ulug‘vor. Uning naq ko‘kka qadalganday karnaylari minoralarga o‘xshaydi. Peshtoqinning yarmi oynadan, yarmi pishiq g‘ishtdan. Yon devorlari esa semon, oqlab qo‘yilgan-u, lekin qurum bosib yotibdi. Bu yerda hamma binolar shu qadar kirki… Tissen kompaniyasi esa juda katta bir saltanat. Bu yerda, Duysburgda katta zavodlari bor. Brukxauzenda bundan ham kattarog‘i bor. Yana Oberxauzen, Boxum, Essen va boshqa joylarda ham zavodlari bor.
“Zavodimiz tashqi tomondan bunchalik chiroyli ekaniga qaramang,- deb hikoya qiladi dadam.- Ichkarisi – do‘zaxdan battar. Yozda ham, qishda ham odamni adoyi tamom qiladigan alangai otash. Jahannamning o‘zi. Olmonlar pivo bilan chanqoqlarini bosishadi. Bizning turklar esa dasturxon ustida aytib bo‘lmaydigan “onangni”larni aytib so‘kinishadi yoki, aksincha, Ollohdan madad so‘rab duo o‘qishadi. Biz pivo ichmaymiz, chunki bir tomondan gunoh bo‘lsa, ikkinchi tomondan ortiqcha chiqim. Dam olmay ishlab terga botamiz.
Qaynab turgan suyuqlikni katta temir cho‘michda suzib olib, qoliplarga solinadi.
Halokat bilan yakun topadigan ko‘p baxtsiz hodisalar bo‘lib turadi. Men hozircha nina teshigidan ipni bemalol o‘tkaza olaman. Allaqachon ko‘r bo‘lishim mumkin edi, lekin ko‘r bo‘lmadim,chunki qora ko‘zoynakda ishlayman.
Rostini aytsam, mening ishim unchalik qiyin emas. Xudoga shukur, uni eplab turibman. Ma’danni eritib, eritma sifatini tekshiraman. Qo‘limda emas, albatta, maxsus uskunalar bilan. Menga kerakli narsani avtomat uzatib turadi. Eritishni ham avtomat bajaradi. Bu Olmoniyada hamma ishni avtomatlar qiladi. Sen faqat bir tugmani bosasan, xolos… Men o‘zim olmonlarga o‘xshab pivo ichmayman. Biznikilar kabi “onangni”lab so‘kinmayman. Faqat imkon qadar ishni “bismillo” bilan boshlayman. Bizda tushlik tanaffus soat o‘nda. O‘shanda choy ichaman: baraka topkur Ko‘k Sulaymonning jannati qizi termoslarga quyib beradi! Saryog‘li va pishloqli buterbrod bilan bitta ko‘k olmani tanovul qilaman. Tanaffusdan keyin ishning unumi ortadi.
Xuddi tog‘dan tushayotganday bo‘lasan. Oyoqlarni chalishtirib o‘tirasan, avtomatlar o‘z ishini qilaveradi. Mening o‘rnimga keluvchi sherigim – italyan. Juda tartibli yigit, ish boshlashiga roppa-raso besh daqiqa qolganda keladi. Biz yaxshi do‘stlarday qo‘l berib so‘rashamiz, keyin men dushga ketaman. Sovun bilan yaxshilab cho‘milaman. Uyda sovun ishlatmay qo‘ya qolaman. Qarabsizki, faqat iqtisod qilingan sovunning o‘zidan bir yilda sakson marka tushib turipti! Bu – bitta shimga yetadi, bo‘lmaganda orqangni bekitasan…”
Rurortda men bilan birga tramvayga sinfdoshim Silviya ham chiqdi. Ko‘z ochib yumguncha qo‘lda gitarasi bilan Xaynrix ham oldimizda paydo bo‘ldi. Men uni yoqtirmayman, qandaydir bir qaynovi ichida, telbaroq. Vokzalda bizni frau Ramaxer kutib oldi. Tezda gerr Lorents ham yetib keldi. So‘ng bizga yon tomonimdagi partada o‘tiradigan qo‘shnim Gizela qo‘shildi. Soat roppa-raso yetti edi. Vokzal bolarining iniga o‘xshardi. Birdan boshqa shaharlik bir to‘da ishchi yopirildi, ko‘pchilik duysburgliklar. U yoqqa ishlashga ketayotgan edilar.
– Ayrim ishchilar bu yoqqa hatto Gamburgdan va Bonndan ham keladi, bu yerlik ba’zi birovlar esa Dortmund va Monnsterga ishlashga boradi, – deb izoh berdi frau Ramaxer.
Men esa iljayib qo‘ydim va ichimda: “Faqat Olmoniyada emas, butun yorug‘ dunyoda Duysburgday boshqa shahar yo‘q,– deb o‘yladim. – Bu yerga olis turk qishloqlaridan ishlagani kelishadi. Oyim to‘g‘ri aytadi: shahar, albatta, boshdan-oyoq tutun va qurumga ko‘milgan, hatto tepada osmon ham ko‘rinmaydi, lekin bu yerda pul ishlash mumkin, eng muhimi shu-da o‘zi! Pulning o‘rni bo‘lakcha!”
Mana men pulni hisoblay boshladim. Birgina shu Kyoln sayohatimga dadam sovundan iqtisod qilgan yarim yillik puli ketar ekan. Oh, dadajonim, mendan hech nimangizni qizg‘anmaysiz-a!
Bolalar uchta-uchta, beshta-beshta bo‘lib kelishardi. Ba’zi birovlar taksida keldi. Monika Shneyderni mashinada onasi olib keldi. Ursula o‘z yigiti Xartman bilan qadam ranjida qildi. Hamma to‘planib bo‘lishi bilan safar xaltalarimizni yelkaga osdik va yer osti yo‘lagi bilan to‘rtinchi perronga bordik. Yonib-parpirab turgan tablo poyezdimizning siljish vaqtini ko‘rsatardi. Biz kutib turdik. Tegramiz yo‘lovchilar bilan to‘la edi, hammasi olmonlar. Ba’zilari itlarini ham olib kelishipti. Bizning sinfda birgina men turkman. Men olmon tilini yaxshi bilganim va boshqa fanlarni ham tuppa-tuzuk o‘zlashtirganim uchun, olmon sinfiga qabul qilishgan. Umuman olganda, turk bolalari yillab tayyorlov sinflarida o‘ti-rishadi.
Oyim meni omadlisan deydi. Erga tegishda ham omading kelsa – tamom-vassalom. Baxtli bo‘ldim deyaver!
Biz Olmoniyaga ko‘chib kelganimizda tepamizda bir buvi turardi. U meni o‘zi bilan bozorga olib borar, o‘ynagani istirohat bog‘iga yetaklab ketardi. Ko‘pincha uyiga chaqirib, men bilan olmoncha gaplashardi.
Bir jumlani, eslab qolishim uchun, o‘n martalab, hatto yigirma marta ham takrorlardi. Ukalarimdan ham e’tiborini soqit qilmasdi. Shu kampir tufayli dadam ham olmoncha gaplashishni o‘rganib oldi. Oyim hatto dadamni undan rashk qila boshladilar. O‘rtalarida biron nima bo‘lgan-bo‘lmaganini bilmayman, faqat oyim dadamni ikkinchi qavatga chiqarmay qo‘ydilar. Ammo bizlarning chiqishimizga qarshilik qilmasdilar.
Bundan ikki yil burun bizning buvimiz o‘ldi. Oyim norozi bo‘lib, qovoq-tumshuq qilganiga qaramay, dadam uni Noyer Fridxof kabristoniga qadar kuzatib bordi. Dafn marosimida odam juda oz edi: ikki-uch qarindoshi, qizi va otam. Yotgan joyi parday yumshoq bo‘lsin, iloyim! O‘sha xotin menga olmon tilini o‘rgatdi. O‘shandan buyon hayotimda hammasi yaxshilikka qarab ketgan.
Poyezdimiz hali kelmagandi. Men Monika Shneyder bilan yonma-yon turardim; ikki vatandoshimiz perronni supurib yurganini ko‘rdim: biri – shundoq yonginamizda, ikkinchisi – sal nariroqda. Yaqinimizdagisi quyuq mo‘ylovlari orasidan tutun burqsitardi.
– Hey, Komil og‘a,– deb qichqirdi u tuyqusdan. – Tugat endi, bu yoqqa kel. Tez orada Myunxen ekspressi jo‘naydi.
Ikkinchi farrosh qaddini rostladi. Xuddi badanimni chaqmoq urganday bir titrab tushdim. Bu mening dadam edi.
Boshim aylanib ketdi. Bu nimasi? Dadamga yaqinlashishdan hadiksirardim: Monika Shneyderning ko‘zi tushishini istamas edim – uning shu paytda bilib qolishi bemavrid ko‘rinardi. Dadamning sherigi meni ko‘rib qolishi ham xatarli edi. Eng ma’quli o‘zni chetga olish. Men Xaynrixning ortiga yashirindim: uning kift-lari barvasta, yana tag‘in qo‘llarida gitarasi ham bor edi. Ammo o‘zim dadamni kuzatardim. Odatda, u ishga ketarkan, o‘zining qishloqdan olib kelgan eski kepkasini boshiga qo‘ndirib olardi. Ammo bugun u frantsuz politsiyachilari kiyadigan kepkasimon bir narsani kiygandi. Ham hokimiyat farroshlari kiyadigan kiyimda edi. Agarda sherigi uning otini aytib chaqirmaganda men uni hatto payqamagan bo‘lardim. Tish cho‘tkaga o‘xshash uzun cho‘tkasi bilan yo‘lovchilarning oyoqlari atrofidagi sigareta qoldiqlarini ilib-ilib supurib olardi. Ba’zi bir olmonlar, amerikaliklarga o‘xshab, koka-kolaning ezilgan paketchalarini duch kelgan yerga otib ketishardi. Yoki qatiq paketchalarini axlat yashiklariga otishar va ular ham mo‘ljalga tushmay sochilib yotardi. Bizning buvimiz, urushdan ilgari hamma olmonlar juda pokdomon bo‘lishgan, endi ular yomon tomonga o‘zgarib ketishdi, der edi.
Men hech kimga bildirmay, dadam qanday ishlayotganini kuzatayotganimda poyezdimiz keldi. Dadam cho‘tka-supurgisini piyoda askarlarday yelkasiga otdi-da, bizning perronimizga sakrab o‘tdi. U o‘z sherigining yoniga kelib to‘xtadi, shundan keyin ikkovlari poyezd qay taxlit taraqa-turuq qilib va vishillab, g‘ildirab kelishlariga qarab turishdi. Ikkovlarining ham mo‘ylovlari uzun-uzun va quyuq edi. Otam biz tomonga qarab-qarab qo‘yardi. Balki u o‘quvchilar to‘dasi ichidan meni qidirgandir. Buni fahmlaganimda, ko‘nglim battar cho‘kib ketdi.
Sayohat hammasi bo‘lib bir kunga mo‘ljallangan edi. Uyga qaytganimda kechqurun nima deyman endi? “Demak, dada, sizni Xo‘jatepa masjidiga o‘xshaydigan o‘sha ajoyib zavoddan haydashibdi-da? Farroshlikka borishga majbur bo‘libsiz-da?”
Ammo men u nima deb javob berishini oldindan bilaman:
“Qizalog‘im, men senga avtomatlar to‘g‘risida gapirib bergandim. Bu la’nati avtomatlarning har biri o‘nlarcha, hatto yuzlarcha ishchilarning o‘rnini bosa oladi. Shuning uchun ortiqcha ishchilarni, birinchi navbatda muhojirlarni ishdan bo‘shata boshlashdi. Shunday qilib men ham ko‘chada qoldim. Turgan gapki, juda qattiq xafa bo‘ldim. Ammo sizlarni xafa qilgim kelmadi, hech kimga hech nima demadim. Olti oy ish qidirdim. Odatdagi vaqtim, erta bilan ketar, oqshom qaytardim. Rahmat, do‘stlarim yordam berishdi, farroshlikka joylab qo‘yishdi. Ko‘rganingday, endi men Duysburg vokzalida, sherigim Avnosli Ibrohim bilan, perronlarni supuraman. Sen, Gultan, endi ancha katta bo‘lib qolding, hayot nimaligini sal-pal tushunishing kerak. Ishmi ish, ishdan uyalib yurish o‘rinsiz. Har neki bo‘lsa-da, sendan iltimos qilaman: oyingga ham, ukalaringga ham hech nima dema. Yana bir iltimosim – har doim aytadigan gapim – to‘g‘ri yur, ona qizim. O‘zingni ham, oilamizni ham uyatga qo‘yma. Senga aytar gapimning hammasi shu…”
Turkchadan Miraziz A’zam tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 4-son