1977 yilda men ikkala Berlinda ham yashardim. Sharqiy Berlindagi “Folksbyuks” teatrida Beko Besson va Mattiyus Langxoff degan rejissyorlar bilan hamkor edim, uyim ham shu yerda edi. Vaqti-vaqti bilan esa G‘arbiy Berlindagi do‘stlarimdan xabar olardim. “Fridrixshtrasse” da poyezdga o‘tirib, “Vedding-Gezundbrunnen”gacha borardim. Ko‘chaga chiqqanimda “Qara-ya, bu yerda ham xuddi Sharqiy Berlindagidek yomg‘ir yog‘ayapti yoki “Qara-ya, bu yerda ham qor yog‘ayapti”, deb hayron bo‘lardim. G‘arbiy Berlin bilan telefonda gaplashsam: “Klauss, Veddingda havo qanday, sizlarda ham quyoshmi?” deb so‘rardim.
Devor yiqilgandan so‘ng GDRning boshqa fuqarolari qatori men ham Kudammga avtobusda jo‘nadim. Yonimda ketayotgan sharq ayoli boshini derazadan chiqarib G‘arbiy Berlin osmoniga shavq bilan boqib xitob qildi: “Oftobni-chi, oftobini qarang, bu yerning!”
O‘sha devor yiqilgandan keyingi birinchi kunlardagi Berlinni juda yaxshi ko‘rardim. Men ko‘pincha poyezddan foydalanganim uchun yaxshi bilaman g‘arbliklar endi vagonlarga chiqqanda bir-birlari bilan hayiqmasdan baland ovozda gapira boshlagandilar. Kutil-maganda eng xotirjam vaziyatlarda teatr sahnalarida aytilishiga loyiq xitobu luqmalar eshitilib qolardi. Vagon restoranda ofi-tsiantga qilingan baland ovozdagi murojaatni qarang: “Iltimos, qahva bering! E’tiboringiz uchun bilib qo‘ying, men xuddi Oskar Uayldga o‘xshab ayollarni yomon ko‘raman!”
Butun Germaniya birdaniga teatr sahnasiga aylanib qolgandi. Bizlar hali qaysi spektaklda o‘ynayotganimizni bilmasdig-u, ammo har birimiz o‘zimizga bironta rolni albatta g‘amlab qo‘ygimiz kelardi. Kudammda ba’zida kiyimi G‘arbiy Berlinga hech mos kelmaydigan, sharqliklar ko‘rinib qolardi. Ularning libosi g‘arbning ko‘rkam, zo‘r dekoratsiyalariga solishtirganda nochor chuvrindiga o‘xshardi. Sharqli nemislar bu yerda xuddi chiqadigan teatrlarini adashtirib, butunlay boshqa sahnaga, boshqa spektaklga chiqib qolgan Maksim Gorkiyning qahramonlariga o‘xshardilar.
Kudammda men tasodifan ikki frantsuzning suhbatini eshitib qoldim. “Shuncha kloshar* bu ko‘chaga qayerdan kelib qoldi?” so‘radi biri ikkinchisidan.
Shahar hayot maromi tiqinga uchrab sekinlashdi. Kapitalizmning “ZOO” “KDW” singari ramzlari birinchi planga chiqdi. “Vertxoym universitetiga kiraverishdagi hid xuddi hojatxonanikiga o‘xshardi. Sharqliklarning oshqozonlari egalarining ishtahalari birdan boshqa yemishlar: gamburger, do‘nar kabob, koka-kolaga o‘tganini ko‘tarolmadi. Turkiyada: “Qo‘shnining tovug‘i g‘ozdek, xotini qizdek ko‘rinadi”, – degan maqol bor. Xuddi shunga o‘xshab, bekatda turganimda to‘rtta sharqlik erkak keldi. “Qara, bu yerdagi xonim-chalarning zo‘rligini” shivirlashardi boshqalariga.
Avtobus bekatida “turish taqiqlanadi” degan belgining ostiga ikkita “Trabakt” mashinasi qo‘yib ketilgandi. Bir xotin ikkin-chisiga dedi: “Buni qara, “Trabakt”larini bekatga qo‘yib ketishipti. Nima uchunligini bilasanmi? Ular ozodlik, demokratiyani mana shunday tushunishadi. Keyin u xotin Marksdan izoh keltirdi. Menga ularning g‘arbiy nemislar emasligi ayon bo‘ldi.
Kudammda “KDW” yaqinida mashinada yura olish mumkin emas edi. Ko‘cha sharqliklarga to‘lib ketgandi. Burunlari g‘arblik qashshoqlar timirskilanadigan axlat idishlar hozir banan po‘choqlariga to‘lib yotardi. Ko‘rinishi ziyolilardan ekanligi aniq bir kudammlik daydi, axlat idishining banan po‘chog‘iga to‘lib-toshganligini ko‘rib, yuziga hazar qilish alomatini yugurtirib, ovozsiz kinolardagi sahnani o‘ynab ko‘rsatdi: banan po‘chog‘ini yerga tashladi-da, go‘yo uni bosib toygandek Charli Chaplinga o‘xshab yiqildi.
Bir turk qahvaxonasiga kirdim. Hamma joyni sharqiy nemislar band qilgan ekan. Turk kabobidan totinmoqchi bo‘lganlardan qahvaxona xuddi “Makdonald” larning zallari kabi tiqilinch bo‘lib, bittagina bo‘sh stul qolgandi. “Bo‘shmi”, deb so‘radim yaqinlashib. “Marhamat, marhamat, bo‘sh!” dedi tipirchilab qolgan sharqlik ayol har bir “marhamati”da o‘rnidan biroz turib. So‘ng esa, xuddi zaldagi barcha stullar menga qarashlidek qiyofada o‘z joyini ham bo‘shatmoqchi bo‘ldi. Keyin men avtobusga o‘tirib, Kudamm bo‘ylab aylandim. Egnimda mo‘yna palto edi. Semiz sharqlik ayol yonimga joylasharkan, paltomning etagiga o‘tirdi. Yo‘q, o‘zi sezib dik etib sakrab turdi-da, “Meni kechira-siz qora ko‘zaningiz tagimda qolibdi – dedi. “Bu ko‘zan emas”, dedim men. “E, xudoga shukur, men qo‘rqib ketibman”, dedi u.
Qandaydir bir qashshoq avtobusga tutayotgan sigareta bilan chiqdi. Haydovchi unga qarab, “GDR fuqarolariga yo‘lkira tekin”, dedi. “Hey, siz meni kim deb o‘ylayapsiz”,– dedi bor ovozda baqirib, so‘ng namoyishkorona chipta sotib oldi.
Men Dalemdagi uyimga qaytib keldim. Yonimdagi villada ruhiy kasallikka uchragan boylar yashardi. Har birining boquvchilari bor edi. Ulardan biri balkonda turib o‘kirib yig‘lardi. “Unga nima bo‘libdi?” deb so‘radim singlimdan. “Voy, Sevgijon, bechora miyasiga quyib olibdiki, tez kunda ularni haydab chiqarisharmish-da, uylariga Xonekker kelib joylasharmish”.
Men birinchi qavatda yashardim. Xonamni bog‘dan ajratib turuvchi eshigim bor bo‘yicha shishadan edi. Hamma “eski natsist” deb atovchi bog‘bon oldimga keldi-da, hayajonli xufiyona suratda shivirladi:
– Eshigingizni yaxshilab qulflab o‘tiring. Hali-zamon bu yoqqa bosib keladi hammasi. Tamom bo‘lamiz.
Keyin ishonchli chiqsin deb, qo‘lini tomog‘iga surtib xuddi pichoq tortgandek ishora qildi. Go‘yoki meni shu balo kutadi demoqchi edi.
Rus tilidan Zohir A’lam tarjimasi
___________
* K l o sh a r (fr.) – ipirisqi, chuvrindi.