Ejen Ionesku. Qadrdonlar (10 sahnali pesa)

Qatnashuvchilar:

Mister Smit
Missis Smit
Mister Martin
Missis Martin
Meri, oqsoch
O‘t o‘chiruvchilar dastasi sardori

1-sahna

Ingliz o‘rindiqlari bo‘lgan ingliz zodagonlariga xos jihozlangan xona. Inglizcha oqshom. Ingliz mister Smit oyog‘ida ingliz tuflisi. Ingliz o‘rindig‘ida o‘tirib, ingliz trubkasini tortayotir va ingliz kamini yonida ingliz gazetasini mutolaa qilmoqda. U ko‘ziga inglizcha ko‘zoynak taqqan. Inglizcha mo‘ylabiga oq oralagan. Yonginasida ingliz o‘rindig‘ida ingliz missis Smit ingliz paypog‘iga yamoq solayapti. Uzoq inglizcha sukunat. Devordagi ingliz soati o‘n yetti marta inglizcha bong uradi.
MISSIS SMIT. Ana, to‘qqiz ham bo‘ldi. Ingliz cho‘chqa yog‘i solingan baliqli, kartoshkali sho‘rva ichdik, ingliz salatidan tanovul qildik. Bolalar ingliz suvidan ichishdi. Bugungi kechligimiz a’lo bo‘ldi. Bunga sabab, biz London chekkasida yashaymiz va nasabimiz Smit.
Mister Smit gazetadan bosh ko‘tarmay tilini chaqillatib qo‘yadi.
Cho‘chqa yog‘i bilan kartoshka “yig‘lab ko‘rishadi” – juda mazali narsa, salatdagi yog‘ kuyib ketmagan. Burchakdagi baqqollik yog‘i ro‘paradagi baqqollik yog‘idan o‘lsa o‘ligi ortiq, qirg‘oq bo‘yi baqqolliknikidan o‘n baravar yaxshi. Ammo o‘sha baqqolliklardagi yog‘ni yomon demoqchi emasman…
Mister Smit gazetadan bosh ko‘tarmay, tilini chaqillatib qo‘yadi.
Baribir u ham burchakdagi baqqollikning yog‘iga yetmaydi…
Mister Smit gazetadan bosh ko‘tarmay tilini chaqillatib qo‘yadi.
Bu gal Meri kartoshkani boplab qovuripti. O‘tgan safar chala qovurgandi. Yaxshilab qovurilgan kartoshkaning sadag‘asi ketsang arziydi.
Baliq yangi edi. Men maza qilib tushirgandim. Ikki marta qo‘shimcha ham yedim. Yo‘q, uch marta. Keyin hojatxonaga borishga to‘g‘ri keldi. Sen ham uch marta qo‘shimcha olganding. Ammo uchinchi gal oldingidan ancha kam olganding, men esa, aksincha, ancha ko‘p. Men bugun sendan ko‘ra yaxshiroq tushirdim. Bu nimadan bo‘ldiykan? Odatda sen ko‘proq tushirarding. Ishtahang yo‘qligida shikoyatingga o‘rin qolmaydi.
Mister Smit tilini chaqillatib qo‘yadi.
Aytgancha, sho‘rvaning tuzi balandroq edi. Sendagidan ko‘ra unda tuz ko‘proq edi. Vah-ha-ha! Porey piyozi oddiy ko‘k piyozdan ko‘proq edi. Meriga mix sol deb aytmaganimga achinayapman. Kelgusi safar esingdan chiqmasin.
Mister Smit gazetadan bosh ko‘tarmay tilini chaqillatib qo‘yadi.
Kichkinamiz pivoni jon-jon deb urar edi-ya! Sendan bir tuki o‘zgamas. Uning shishaga qanaqa tikilganini ko‘rdingmi? Men esa unga grafindan suv quyib berdim. U aroq ichmoqchi edi, suv ichdi. Yelena – quyib qo‘yganday mening o‘zim: ro‘zg‘orbop, tejamkor, pianino chaladi. Hech qachon ingliz pivosini so‘ramaydi. Kichkinamizning o‘zginasi, bu ham faqat sut ichadi va faqat bo‘tqa yeydi. U bor-yo‘g‘i ikkiga kirgani shundoq ko‘rinib turadi. Uning ismi Pechchi. Behili va loviyali tort zo‘r bo‘libdi. Balki kechlikda bir stakandan avstraliyacha burgunddan tatib ko‘rsak yomon bo‘lmasdi. Bolalarga yomon ibrat ko‘rsatmaylik deb men dasturxonga musallas qo‘ymagandim. Hushyorlik va vazminlikni o‘rgansin.
Mister Smit gazetadan bosh ko‘tarmay, tilini chaqillatib qo‘yadi.
Missis Parkerning Poposhev Rozenfeld degan bulg‘or tanishi bor. U Konstantinopoldan yaqinda kelgan. Yogurt bo‘yicha zo‘r mutaxassis. Andropoldagi yogurt oliygohini bitirgan. Ertagayoq undan folklor yogurtidan katta bir tuvagini olishimiz kerak bo‘ladi. London atroflarida bunaqasini topish amrimahol.
Mister Smit gazetadan bosh ko‘tarmay, tilini chaqillatib qo‘yadi.
Yogurt – oshqozon, buyrak, ko‘richak kabi illatlarning davosi. Buni menga qo‘shnimiz Jonsonlarni davolayotgan doktor Makkenzi-King aytdi. U yaxshi shifokor. Unga ishonsa bo‘ladi. U o‘zi sinab ko‘rmagan dorilardan zinhor yozib bermaydi. Parkerni operatsiya qilishdan oldin jigar operatsiyasiga avval o‘zi yotib berdi, holbuki, uning to‘rt muchasi ham sog‘ edi.
MISTER SMIT. Unda nima uchun doktor tirik qolib, Parker o‘lib ketdi?
MISSIS SMIT. Chunki doktorning operatsiyasi yaxshi o‘tdi, Parkerniki esa yomon.
MISTER SMIT. Demak, Makkenzi yomon shifokor. Operatsiya har ikki holda ham yaxshi o‘tishi yoki har ikki holda ham yomon o‘tishi kerak edi.
MISSIS SMIT. Nega?
MISTER SMIT. Bordi˗yu, har ikkalasi ham sog‘ayib ketmasa, vijdonli shifokor bemor bilan birga o‘ladi. Kema darg‘asi dovulda kema bilan birga halok bo‘ladi. Kema cho‘kkanda, u tirik qolmaydi-ku.
MISSIS SMIT. Bemorni kemaga o‘xshatib bo‘lmaydi.
MISTER SMIT. Nega endi? Kemalarning ham o‘z kasalliklari bo‘ladi. Buning ustiga doktoringning o‘zi linkor kabi sog‘lom. Shifokor o‘z kemasi bilan birga o‘lganidek, u bemor bilan birga o‘lishi kerak edi.
MISSIS SMIT. E˗ha, bu yog‘ini o‘ylamabman. Bir hisobdan sen haqsan. Xo‘sh, sen bundan qanday xulosa chiqarasan?
MISTER SMIT. Barcha shifokorlar lo‘ttiboz bo‘ladi. Barchalari kasal ham. Bizning Angliyamizda faqat flot vijdonli.
MISSIS SMIT. Ammo bunga dengizchilarni qo‘shma.
MISTER SMIT. O‘z˗o‘zidan ravshan. (Sukut. Yana gazetaga qarab). Men bir narsani tushunolmay turibman. Nima uchun fuqarolik holatida har doim marhumlarning yoshi ko‘rsatiladi˗yu, chaqaloqlarnikini muttasil ko‘rsatishmaydi? Bu – bema’nilik.
MISSIS SMIT. Bu yog‘ini o‘ylamabman.
Yana sukut. Devordagi soat yetti marta bong uradi. Sukut. Soat uch marta bong uradi. Sukut.
MISSIS SMIT. Nega esimda bo‘lmasin? Darrov esimga tushdi, faqat bu xabarni ro‘znomadan o‘qib nega hayratda qotganingga tushunolmadim.
MISTER SMIT. Ro‘znomada bu haqda hech nima yo‘q. Menga uch yil burun uning o‘lgani to‘g‘risida aytishgandi. Aqlimni peshlagan edim, darhol esimga tushdi-qo‘ydi.
MISSIS SMIT. Afsus! U o‘zini yaxshi saqlagandi.
MISTER SMIT. U butun Buyuk Britaniyadagi eng go‘zal mayyit edi! Necha yoshga kirgani bilan ishi bo‘lmasdi. Bechora Bobbi! O‘lganiga to‘rt yil bo‘lsa ham issiqqina edi. Tirik murda deb buni aytsa bo‘ladi. Qanday quvnoq edi!
MISSIS SMIT. Sho‘rlik Bobbi xonim!
MISTER SMIT. Sho‘rlik Bobbi demoqchi eding.
MISSIS SMIT. Yo‘q, men uning xotinini nazarda tutgan edim. Uning ham nasabi Bobbi edi. Bobbi Uotson. Mana shu o‘xshashligidan ularni ko‘rganda hamma adashtirar edi. Faqat u o‘lgandan keyingina kim kim bo‘lganini bilib olishdi. Hozir ham xonimni marhum eri bilan chalkashtirib yuboradiganlar ko‘p, xonimni tanirmiding?
MISTER SMIT. Bobbi xonimni bir marta ko‘rganman, bu ham tasodifan – Bobbining ta’ziya kunida.
MISSIS SMIT. Men esa hech qachon ko‘rgan emasman. U chiroylimidi?
MISTER SMIT. Aft-angori kelishgan bo‘lganiga qaramay chiroyli deb bo‘lmasdi. Haddan tashqari semiz va beso‘naqay edi. Xonimni chiroyli desa bo‘lardi. Ammo o‘ta nozik va kichkina edi. U qo‘shiq muallimasi edi.
Devordagi soat besh marta bong uradi. Uzoq sukunat.
MISSIS SMIT. Ular qachon turmush qurishga ahd-paymon qilishgandi?
MISTER SMIT. Kech bahorda.
MISSIS SMIT. To‘ylariga borishimiz kerak bo‘ladi.
MISTER SMIT. To‘ybop sovg‘a ham olish kerak bo‘ladi. Darvoqe, nima olamiz?
Qisqa sukut. Devordagi soat uch marta bong uradi.
MISSIS SMIT. Bizga to‘yimizda sovg‘a qilingan va bir marta ham kerak bo‘lmagan yetti kumush lagandan bittasining bahridan o‘ta qolaylik. Shunday durkun pallada beva qolish yomon!
MISTER SMIT. Baxtlariga farzandlari yo‘q.
MISSIS SMIT. Bitta shu yetmay turuvdi. Sho‘rlik beva endi nima qilarkan-a!
MISTER SMIT. U hali yosh. Shartta erga tegib oladi, vassalom. Motam unga yarashadi.
MISSIS SMIT. Bolalarga kim qaraydi? Bir o‘g‘il va bir qizi borligini bilasan-ku. Ismlari qanaqa edi?
MISTER SMIT. Bobbi va Bobbi – ota-onalari hurmatiga. Bobbi Uotsonning amakisi, keksa Bobbi Uotson katta boy va u bolakayni yaxshi ko‘radi. Bobbining tarbiyasi to‘g‘risida yaxshilab bosh qotirishmasa bo‘lmaydi.
MISSIS SMIT. Bo‘lmasa-chi! Bobbi Uotsonning xolasi, keksa Bobbi Uotson Bobbi Uotsonning qizi Bobbi Uotsonning tarbiyasini bir amallab qo‘lga olmasa bo‘lmaydi. Shunda Bobbi Uotsonning onasi Bobbi yana erga chiqa oladi. Ko‘z ostiga olgan bitta-yarimtasi bormikan?
MISTER SMIT. Bor. Bobbi Uotsonning otdoshi.
MISSIS SMIT. Mana shu Bobbi Uotsonmi?
MISTER SMIT. Sen qaysi Bobbi Uotsonni aytayapsan?
MISSIS SMIT. O‘lib ketgan boshqa Bobbi Uotsonning amakisi, keksa Bobbi Uotsonning o‘g‘li Bobbi Uotsonni aytayapman.
MISTER SMIT. Yo‘q, bu u emas. Bu o‘lib ketgan Bobbi Uotsonning xolasi keksa Bobbi Uotsonning o‘g‘li.
MISSIS SMIT. Ya’ni, bu kommivoyajer Bobbi Uotsonmi?
MISTER SMIT. Barcha Bobbi Uotsonlar kommivoyajer.
MISSIS SMIT. Judayam og‘ir kasb ekanmi? Ammo yog‘liqqina kasb.
MISTER SMIT. Ha, agar raqobat bo‘lmasa.
MISSIS SMIT. Qachon raqobat bo‘lmaydi?
MISTER SMIT. Har seshanba, payshanba va seshanbada.
MISSIS SMIT. Ie, haftada uch martami? Bu paytda Bobbi Uotson nima qiladi?
MISTER SMIT. Uxlaydi, dam oladi.
MISSIS SMIT. Raqobat yo‘g‘ida mana shu uch kunda u nima uchun ishlamaydi?
MISTER SMIT. Men hamma narsani bilishim shart emas. Sening barcha jinnisang‘i savollaringga javob berishim ham shart emas.
Missis Smit (xafa bo‘lib). Meni yerga urish uchun ataylab shunaqa deyapsanmi?
MISSIS SMIT (og‘zining tanobi qochib). Be, qo‘ysang-chi, hecham unaqa emas, sen buni bilasan ham.
MISSIS SMIT. Siz erkaklar baringiz bir go‘r: kun bo‘yi og‘zingizdan sigareta tushmaydi yoki kunda ellik marta basharangizni upalaysiz, lab­laringizni bo‘yaysiz, oxiri bo‘kib ichib, to‘ng‘izday ho‘ppos tushib yotasiz.
MISTER SMIT. Xo‘sh-xo‘sh, sen erkaklarning ayollarday bo‘lishini istarmiding? Kuni bilan chekib, upalanib, lab bo‘yab, viskiga bo‘kib yotsinmi?
MISSIS SMIT. Nima bo‘pti? Buni qaranglar-a! Axir menga o‘chakishib bu gaplarni aytayotgan bo‘lsang, unda… unda men bunaqa hazillarni yoqtirmayman, buni bilsang kerak? (Paypoqlarini sirib uloqtiradi, iljayadi. O‘rnidan turadi).
Mister Smit (u ham turadi, ohista xotiniga yaqin keladi). Oh, o‘zimning do‘mboqqina jo‘jacham! Nega jig‘ibiyron bo‘layapsan? Axir bu gaplarni kulgi uchun ataylab aytayotibman-ku! (Xotinini belidan quchadi, o‘padi). Keksa sevishganlar ichida eng dilbar juftlikmiz, jonginam! Kel, chiroqni o‘chiramiz-da, yotib uxlaymiz.

2-sahna

O‘shalar va Meri
Meri (kirib kelarkan). Men cho‘riman. Men oqshomni quling o‘rgilsin qilib o‘tkazdim. Men erim bilan kinoga bordim va ayollar bilan film ko‘rdim. Kinodan keyin sutli aroq ichdik, so‘ng ro‘znoma mutolaa qildik.
MISSIS SMIT. O‘ylaymanki, siz agar eringiz bilan kinoga borgan va sutli aroq ichgan bo‘lsangiz, oqshomni qoyilmaqom qilib o‘tkazibsiz.
MISTER SMIT. Ro‘znoma ham mutolaa qildik!
MERI. Mehmonlaringiz er-xotin Martinlar eshik tagida turishibdi. Ular meni kutishyapti, chunki o‘zlari kirishga botinolmayapti. Ular bugun sizlar bilan kechlik qilishlari kerak edi.
MISSIS SMIT. E-ha! Biz ularga muntazir edik. Lekin keyin biz ochqadik, ular esa ketaverishdi va biz ularsiz kechlikni pok-pokiza tushirdik. Meri, nega ketib qoldilaring?
Meri. O‘zingiz bizni qo‘yib yubordingiz-ku.
MISTER SMIT. Ataylab qilmadilaringmi?
Meri (xandon tashlab kuladi. Keyin yig‘laydi. Jilmayadi). Men o‘zimga tungi tuvak sotib oldim.
MISSIS SMIT. Jonginam Meri, Xudo xayringizni bersin, oching eshikni, er-xotin Martinlar ichkariga marhamat qilsin. Ungacha biz tezgina kiyimlarimizni almashtiramiz.
Smitlar o‘ng qo‘ldagi eshikdan g‘oyib bo‘ladi. Meri chap qo‘ldagi eshikni ochadi. Er-xotin Martinlar kiradi.

3-sahna

Meri va er-xotin Martinlar.
Meri. Nega bu qadar hayallaysizlar? Axir bu beadablik-ku. Vaqtida kelish kerak. Tushunarlimi? Bo‘pti, endi o‘tirib, kutasizlar. (Ketadi).

4-sahna

Missis va mister Martinlar bir-biriga qarama-qarshi o‘tiradilar. Nafaslari ichida. Hadiksirab iljayishadi.
Navbatdagi dialog bir zaylda talaffuz qilinadi, biroz ohangdorlashadi, boshqa hech qanday ifoda quloqqa chalinmaydi.
MISTER MARTIN. Uzr, xonim, agar yanglishmasam, men sizni allaqayerda ko‘rgandayman.
MISSIS MARTIN. Men ham, mse…
MISTER MARTIN. Balki, sizni Manchesterda ko‘rgandirman?
MISSIS MARTIN. Bo‘lishi mumkin. Men Manchesterda tug‘ilganman. Ammo, kechirasiz-u, taqsir, sizni oldin ko‘rgan-ko‘rmaganimni hech eslolmayapman!
MISTER MARTIN. Vo ajabo! Men ham shu shaharda tug‘ilganman, xonim! Shunisi qiziqki, xonim, bu shahardan uch oy oldin ketib qolganman.
MISSIS MARTIN. Buni qaranglar, men ham Manchesterdan ikki oy burun chiqib ketganman.
MISTER MARTIN. Men poyezdda tonggi sakkiz yarimda chiqib ketib, Londonga roppa-rosa o‘n olti-yu, qirq daqiqada kirib kelgandim.
MISSIS MARTIN. Vo ajabo! Vo darig‘o! Vo hasrato! Men ham shu poyezdda edim!
MISTER MARTIN. Men ikkinchi darajali poyezdda kelgan edim, xonim. Angliyada ikkinchi darajali poyezd umuman yo‘q, ammo men baribir ham ikkinchi darajali poyezdda yuraman. Biz oltinchi vagonda ko‘rishmagan edikmi?
MISSIS MARTIN. Bo‘lganda qandoq! Ammo men sira eslolmayapman.
MISTER MARTIN. Sirasini aytganda, men ham hech narsani eslolmayapman. Ammo shunday holatlarda uchrashib qolganimizga aslo shubham yo‘q.
MISSIS MARTIN. Vo ajabo! Vo hasrato! Vo darig‘o!
MISTER MARTIN. Juda topib aytdingiz…
Sukut. Soat ikkiga bir marta bong uradi.
MISTER MARTIN. Londonga ko‘chib kelganimdan buyon Bromfild-stritda yashayman.
MISSIS MARTIN. Bu qanday sinoat bo‘ldi – men ham Londonga ko‘chib o‘tganimdan buyon Bromfild-stritda yashayman, mse.
MISTER MARTIN. Men o‘n to‘qqizinchi uyda turaman, xonim.
MISSIS MARTIN. Buni qarang, men ham.
MISTER MARTIN. Unda… Unda… Unda… Unda biz, ehtimol, mana shu uyda ko‘rishganmiz? Xonadonim beshinchi qavatdagi o‘n sakkizinchi uy.
MISSIS MARTIN. Yo Xudoyim! Yo alhazar! Yopiray! Shunchalik ham o‘xshashlik bo‘ladimi!
Mister Martin (o‘ylanib). Nima desangiz, nima demasangiz, nima demoqchi bo‘layotganingiz bir gap-u, ammo bu o‘xshashliklar o‘zi bir gap. Demak, biz bitta xonada yotar ekanmiz-da.
MISSIS MARTIN. Unda kecha tunda ham… Negadir u yog‘ini eslolmayapman.
MISTER MARTIN. Mening bir qizim bor, u men bilan turadi. Ikki yashar, tilladay yalt-yalt qiladi. Uning bir ko‘zi oq, bir ko‘zi qizil, o‘zi judayam chiroyli. Ismi Alisa, xonim.
MISSIS MARTIN. Menda ham xuddi shunaqa. Alisa degan qizim bor, bir ko‘zi oq…
MISTER MARTIN. Bo‘ldi, bo‘ldi, bu g‘irt o‘xshashlik, bu Xudoning qudrati, bu…
MISSIS MARTIN. …bu g‘irt o‘xshashlik.
Ancha uzoq sukunat. Soat yigirma to‘qqiz marta bong uradi.
Mister Martin (uzoq sukutdan keyin asta o‘rnidan turadi va missis Martin tomon yuradi. Missis Martin ham asta o‘rnidan turadi va hayrat bilan mister Martinga qaraydi. Yoqimli ohangda hazin tovushda gapiradi). Demak, xonim, biz ilgari ko‘rishmaganmiz va biz er-xotinmiz… Elizabet, men seni yana topdim! Jonim!
Missis Martin asta mister Martin tomon yurib keladi. Ular hech hissiyotsiz o‘pishadilar. Soat bir marta, juda qattiq bong uradi. Azbaroyi qattiq urilgan bong barcha tomoshabinlar qulog‘iga yetib borishi kerak. Er-xotin Martinlar uni eshitmaydi.
MISSIS MARTIN. Donald, bu senmisan. Darling!
Bir-birini quchoqlab, bitta o‘rindiqqa cho‘kishadi. Uxlab qolishadi. Soat yana bir necha marta bong uradi. Oyoq uchida lablariga barmog‘ini bosib, sahnaga chiqib keladi va ommaga murojaat qiladi.

5-sahna

O‘shalar va Meri
Meri. Elizabet va Donald hozir baxtli, albatta, ular ovozimni eshitmayapti. Men esa sizga bir sirni aytaman. Elizabet – Elizabet emas, Donald – Donald emas. Bunga isbotimiz ham bor: Donald aytgan qizaloq – Elizabetning qizi emas, ular bitta qizaloqning o‘zi emas. Donald qizining bir ko‘zi oq, bir ko‘zi qizil – xuddi Elizabetning qiziga o‘xshash. Ammo Donald qizining o‘ng ko‘zi oq, chap ko‘zi qizil. Elizabet qizining esa chap ko‘zi oq, o‘ng ko‘zi esa qizil. Shunday qilib, uning barcha nazariyasini yo‘qqa chiqargan mana shu so‘nggi to‘siqqa urilib, Donaldning isbot tizimi chilparchin bo‘ladi. Rad etib bo‘lmas isbotdek noyob o‘xshashlikka qaramay birgina farzandning ota-onasi bo‘lmagan holda Donald va Elizabet hisoblanmaydi. Er o‘zini ming Donald deb bilmasin, xotin o‘zini Elizabet deb bilaversin. Ha, bilaverishsin, bilaverishsin, bilaverishsin. Ikkovi ham qattiq adashadi. Unda haqiqiy Donald kimu haqiqiy Elizabet kim? Bu chalkashlikning achchiq ichakday cho‘zilishi kimning gazagiga dori? Bilmadim. Bilishga urinmaymiz ham. Hammasi qanday bo‘lsa, shunday qolaversin. (Eshik tomon bir necha qadam yuradi, to‘xtaydi, ommaga yuzlanadi). Mening haqiqiy ismim Sherlok Xolms.

6-sahna

Soat palapartish bong uradi. Birmuncha muddatdan so‘ng Martinlar bir-birining quchog‘idan chiqadi-da, to‘g‘ri o‘tirib oladi.
MISTER MARTIN. Oramizda bo‘lib o‘tmagan hamma narsani unutaylik, darling, modomiki, bir-birimizni topgan ekanmizmi, kel, endi bir-birimizni aslo yo‘qotmaylik, ilgarigiday dorilamon umr kechiraylik.
MISSIS MARTIN. Ha, darling.

7-sahna

O‘ng tomondan xuddi ilgarigidek kiyingan er-xotin Smitlar chiqib keladi.
MISSIS SMIT. Salom, do‘stlar! Sizlarni uzoq kuttirib qo‘yishgani uchun uzr so‘rayman. Biz sizlarni o‘zingizga munosib tarzda izzat-ikrom bilan kutib olishimiz kerakligini o‘ylab turgandik, boz ustiga biznikiga ogohlantirmasdan, tomdan tarasha tushganday mehmon bo‘lib bostirib kelayotganingiz haqida eshitib qoldik, biroz taraddudlanganimiz boisi shunda edi.
Mister Smit (jahli chiqib). Kuni bilan tuz totganimiz yo‘q. Sizlarni oz emas, ko‘p emas, naqd to‘rt soat kutdik. Odam degani ham shunaqa kechikadimi?
Missis va mister Smit mehmonlarga ro‘baro‘ o‘tiradi. Soat mazmunga bog‘liq ravishda goh baland, goh past ovozda bong urib turibdi. Er-xotin (ayniqsa xotin) Smitlar xavotir va xijolat ichida mo‘ltayib qaraydi. Shu bois suhbat avvaliga yopishmaydi. Avvaliga – uzoq, noqulay sukut, keyin yana bir sidra sukut.
MISTER SMIT. Hm. (Sukut).
MISSIS SMIT. Hm, hm. (Sukut).
MISSIS MARTIN. Hm, hm, hm. (Sukut).
MISTER MARTIN. Hm, hm, hm. (Sukut).
MISSIS MARTIN. Ha, albatta. (Sukut).
MISTER MARTIN. Barchamiz sal sovqotdik. (Sukut).
MISTER SMIT. O‘zi uncha sovuq emas. (Sukut).
MISSIS SMIT. Yelvizak mutlaqo yo‘q. (Sukut).
MISSIS MARTIN. Ha, Xudoga shukur. (Sukut).
MISTER SMIT. Oh, shahlo ko‘zingdan. (Sukut).
MISTER MARTIN. Sizga bir nima bo‘ldimi? (Sukut).
MISSIS SMIT. Yo‘q. U badxohlik qilayapti. (Sukut).
MISSIS MARTIN. Oh, axir sizning yoshingizda bu xavfli-ku. (Sukut).
MISTER SMIT. Yurakning yoshga aloqasi yo‘q. (Sukut).
MISSIS MARTIN. Buning teskarisini ham gapiradi. (Sukut).
MISTER SMIT. Haqiqat qandaydir o‘rtalikda. (Sukut).
Missis Smit (er-xotin Martinlarga). Sizlar ko‘p sayohat qilasizlar, ko‘p narsa ko‘rgansizlar, qiziqroq bir narsa aytib bersangiz-chi.
Mister Martin (xotiniga). Jonim, bugun nimalarni ko‘rding, aytib ber.
MISSIS MARTIN. Nimani ham aytay, baribir hech kim ishonmaydi.
MISTER SMIT. Biz sizga to‘la ishonamiz!
MISSIS SMIT. Xafa bo‘lamiz-a!
Mister Martin (xotiniga). Sen ularni bekorga xafa qilayapsan.
Missis Martin (fusunkorona). Oh, men bugun bir ajoyib narsani ko‘rdim. Aytsam, ishonmaysizlar.
MISTER MARTIN. Gapir, gapir, jonginam.
MISTER SMIT. Ana, quvnab-yayramoqdamiz.
MISSIS SMIT. Allaqachon shunday qilishimiz kerak edi.
MISSIS MARTIN. Xo‘-o‘sh, demak, sabzavot olgani bugun bozorga borgan edim, sabzavot esa qimmatlashgandan kimmatlashib yotibdi…
MISSIS SMIT. Nima bo‘pti shunga?
MISTER SMIT. Gapini bo‘lma, ona ayig‘im. Yaramasginam.
MISSIS MARTIN. Bir vaqt qahvaxona oldida po‘rim kiyingan ellik­lardagi bir janobga ko‘zim tushdi va u…
MISTER SMIT. Nima u?
MISSIS SMIT. Nima u?
Mister Smit (xotiniga). Gapini bo‘lma, ona ayig‘im. Sen jirkanchsan.
MISSIS SMIT. Ona ayig‘im, sen bo‘lding-ku, birovning gapini. Sen xunsan.
MISTER MARTIN. Jim! (xotiniga). U nima qilayotgandi, o‘zi?
MISSIS MARTIN. Nima bo‘lardi, siz meni to‘qiyapti deyapsiz. U tiz cho‘kib, ta’zim qildi. Ha, u nima qilayotgan ekan deb unga yaqin bordim… U bor-yo‘g‘i yechilib ketgan tuflisi bog‘ichini bog‘layotgan ekan.
Qolgan uchalovi. Mo‘jiza!
MISTER SMIT. U siz bo‘lmaganingizda o‘la qolsam ishonmasdim.
MISTER MARTIN. Nima bo‘pti? Shaharda ko‘proq aylanib yursang, bunaqa qiziq narsalarni ko‘raverib, kulaverib, ichaging uziladi. Metroda men bir odamning bemalol o‘tirib ro‘znoma o‘qiyotganini ko‘rdim u yog‘ini so‘rasang.
MISSIS MARTIN. Misli ko‘rilmagan narsa!
MISTER SMIT. Bu ham o‘sha bo‘lishi mumkinmi?
Eshik jiringlaydi.
E-e, qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi.
MISSIS SMIT. Kimdir kelgandir-da. (Eshik tomon boradi. Ochadi. Qaytib keladi). Hech kim yo‘q ekan. (Yana o‘tiradi).
MISTER MARTIN. Yana misol keltiraymi?
Qo‘ng‘iroq.
MISTER SMIT. Qo‘ng‘iroq qilishayapti.
MISSIS SMIT. Demak, kimdir bor u yerda. Borib ko‘ray-chi. (Boradi. Eshikni ochadi. Qaytib keladi). Hech kim yo‘q. (O‘z joyiga o‘tiradi).
MISSIS MARTIN. Bir misol aytmoqchi eding.
MISTER MARTIN. E-ha…
Qo‘ng‘iroq.
MISSIS SMIT. Men endi borib qaramayman.
MISTER SMIT. Axir u yerda kimdir bor-ku?
MISSIS SMIT. Birinchi martada hech kim yo‘q edi, ikkinchisida ham bo‘lmadi. Nega bu gal birov bor deb o‘ylayapsan?
MISTER SMIT. Chunki qo‘ng‘iroq qilishdi.
MISSIS MARTIN. Buning isboti yo‘q-ku.
MISTER MARTIN. Nega? Eshik jiringladimi, demak, eshik oldida birov bor va u eshikni ochinglar, deb qo‘ng‘iroqni bosayapti.
MISSIS MARTIN. Har doim ham emas. Hozirgina o‘zimiz amin bo‘ldik-ku.
MISTER MARTIN. Ammo ko‘p hollarda shunday bo‘ladi.
MISTER SMIT. Shaxsan men, agar birovnikiga borayotgan bo‘lsam, eshikni jiringlataman. Hamma shunday qiladi deb o‘ylamayman, demak, har gal eshik jiringlaganida, u yerda kimdir bor bo‘ladi.
MISSIS SMIT. Nazariy jihatdan bu to‘g‘ri. Amalda hammasi boshqacha bo‘ladi. O‘zing hozir ko‘rding-ku!
MISSIS MARTIN. Xotiningiz mutlaqo haq.
MISTER MARTIN. Oh, qachon qaramaylik, siz ayollar bir-biringizni himoya qilasizlar.
MISSIS SMIT. Bo‘pti, borib qaray qolay. Tag‘in uchiga chiqqan o‘jar xotin bo‘lib qolmay. Ammo ko‘rasan – u yerda hech kim yo‘q. (Eshikka boradi. Ochadi. Yopadi). Ko‘rdingmi hech kim yo‘q. (O‘z joyiga qaytadi). Oh, bu erkaklar! Ular doim haq ekanliklarini ko‘rsatmoqchi bo‘lishadi, aslida hammasi teskari bo‘lib chiqadi.
Yana qo‘ng‘iroq yangraydi.
MISTER SMIT. E-e, qo‘ng‘iroq. Demak, u yerda birov bor.
Missis Smit (darg‘azab). Endi o‘ldirsang ham eshikka yaqin yo‘lamayman. Ko‘rding-ku, foydasi yo‘q. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, eshik jiringlaganda, u yerda hech kim bo‘lmaydi.
MISTER SMIT. Bekor gap. Ko‘pincha eshik jiringlaganda u yerda kimdir bo‘ladi.
MISSIS SMIT. Bir enlik ham yon berishni istamaysan-a!
MISSIS MARTIN. Mening erim ham Xudo urgan qaysarlardan.
MISTER SMIT. Men borib ochay-chi. (Borib eshikni ochadi). E-ha! Hau du yudu! (Xotini va lol qolgan Martinlarga qarab qo‘yadi). Bu o‘t o‘chiruvchilar dastasining sardori!

8-sahna

O‘shalar va o‘t o‘chiruvchilar dastasining sardori.
Sardor (u, o‘z-o‘zidan ravshanki, ro‘dapo mundir va yaltiroq kaskada). Salom, salom, xonimlar va janoblar.
Ular hayratdan hamon o‘zlariga kelgani yo‘q. Missis Smit salomga alik olmay jahl bilan teskari o‘giriladi.
Salom, missis Smit Jahlingiz chiqdimi? Xo‘sh, o‘zi nima gap bu yerda! Ayting, missis Smit.
MISSIS SMIT. Nima bo‘lardi?! Siz bilan ochiqchasiga gaplashishga andisha qilayapman, ammo u o‘t o‘chiruvchi ayni vaqtda avliyo ham!
Sardor. Xo‘sh, keyinchi?
MISTER SMIT. Men borib eshikni ochganimda, siz ko‘rindingiz – qo‘ng‘iroqni siz chalganmidingiz?
Sardor. Ha, men.
MISTER MARTIN. Siz eshik ortida turganmidingiz?
Sardor. Buni inkor etmayman. Qiziqchilik uchun berkinib olgan edim. Rostini aytsam, men bu yerga bir ish bilan kelgan edim, xizmat yuzasidan… Sizlarda hech narsa yonmayaptimi? Men butun shahardagi yong‘inlarni o‘chirishim kerak. Buyruq shunaqa.
Missis Smit (garangsib). Bilmasdim… menimcha… Hammayoqni hidlab chiqing demoqchimisiz?
Mister Smit (havoni hidlab). Yo‘q, kuyindi hidi kelmayapti.
Sardor. Sira yo‘qmi? Kaminda, qaznoqda, chordoqda – hech joydami? Hech bo‘lmasa yong‘inning bir uchquni hammi?
MISSIS SMIT. Menga qarang, sizni xafa qilgim yo‘q, ammo hozir bizda hech narsa yo‘q. Bir gap bo‘lgan zahoti sizga xabar qilamiz.
Sardor. Faqat unutmang. Sizlardan ko‘pdan-ko‘p minnatdor bo‘laman. O‘tgan hafta bir qiz gazdan bo‘g‘ilib o‘lib qolibdi – o‘yinchoq deb o‘ynagan ekan.
MISTER SMIT. Aytishlaricha, o‘t o‘chiruvchilar juda usta bo‘lisharkan. Siz ham u-bu narsalarni bilarsiz?
Sardor. “Xo‘roz” deganini bilaman. Bir xo‘roz it bilan bahs bog‘lab qolibdi, ammo nayrangi o‘tmabdi, xo‘rozligi fosh bo‘lib qolibdi. Tamom.
MISSIS SMIT. Xo‘roz bilan tashlashib qolgan itni esa, aksincha, fosh etisholmabdi.
MISTER SMIT. Men ham sizlarga bir latifa aytmoqchiman. “Ilon va tulkivoy”. Ilon tulkining oldiga kelib debdi: “Men ham sizni bilaman”. “Unda, – debdi ilon, – menga pul bering”. “Tulkilar pul bermaydi”, – javob beribdi ayyor tulki va o‘zini turli yo‘sinlar qoplab olgan chuqurlikka otibdi. Ilon esa joyida o‘tirgancha masxaraomuz kulib qo‘yibdi. Tulki pichoq o‘ynatib, o‘kiribdi: “Yashashni senga o‘rgatib qo‘yaman!” Shunday deya qochib qolibdi. Ammo ishi pachava bo‘libdi. Ilon mo‘ljallab turib tulkining boshiga bir musht tushirgan ekan, bosh ming bo‘lakka bo‘linib, tirqirab ketibdi va chinqiribdi: “Yo‘q, yo‘q, to‘rt karra yo‘q, men sening qizing emasman!”
Hamma chapak chalib olqishlaydi.
Men yana “Burun chirki” degan latifani ham bilaman. Darvoqe, soat necha bo‘ldi?
Meri kirib keladi va sardorning bo‘yniga osilib oladi.
Sardor. Qo‘yib yubor meni!
Meri. Parvo qilmang, ular ko‘rib turganingizdan ko‘ra ancha aqlli odamlar. Yaxshisi, “Olov” degan she’rni o‘qib beray, siz tinglang (Bu sardorimiz sharafiga shunday atalgan).

O‘rmonda yaltirar tomorqalar.
Tosh yonib ketdi,
Qal’a yonib ketdi,
O‘rmon yonib ketdi,
Erkak yonib ketdi,
Ayol yonib ketdi,
Qushlar yonib ketdi,
Baliqlar yonib ketdi,
Suv yonib ketdi,
Osmon yonib ketdi,
Qo‘r yonib ketdi,
Tutun yonib ketdi,
Hamma narsa yonib ketdi,
Yonib ketdi, yonib bitdi.

Meri she’r o‘qishda davom etadi, bu yoqdan Smitlar uni xonadan itarib chiqarib yuboradi.

9-sahna

Meridan boshqa o‘shalar.
MISSIS MARTIN. Badanim qizib, jimirlab ketdi…
MISTER MARTIN. O‘ziyam olovkor she’r ekanmi…
Sardor. Yo‘q, yo‘q… bular bari xususiy bo‘lishi mumkin… ammo men o‘z hayotimning asos-negizi shu deb bilaman. Qo‘shimchasiga, bu narsa mening ketishim kerakligini esimga soldi. Chunki mening hisobim bo‘yicha uchu chorak va o‘n olti daqiqada shaharning narigi chekkasida yong‘inim boshlanadi. Arzimagan narsa bo‘lsa ham tezroq bormasam bo‘lmaydi.
MISSIS SMIT. Nima, kamin yonarkanmi?
Sardor. Unchalik emas. Qiziquvchanlik portlashi, kulgi uchquni va jig‘ildon qaynashi.
MISTER SMIT. Ketishingiz achinarli, albatta.
Hamma xomush jim bo‘ladi.
MISTER MARTIN. Nachora, olovlaringizga baraka bersin.
Sardor. Sizlarga ham tilagim shu.
Sardor ketadi. Hamma uni eshikkacha kuzatib qo‘yadi va joylariga qaytadi.

10-sahna

Sardordan boshqa hamma bor.
MISSIS MARTIN. Akamga deb qalamtarosh olaman, ammo siz bobongizga Irlandiyani olib berolmaysiz.
MISTER SMIT. Biz oyoqda yuramiz, ammo elektr toki va ko‘mirda isinasiz.
MISTER MARTIN. Qilichni olgan to‘p uradi.
MISSIS SMIT. Hayotni darchadan kuzatmoq lozim.
MISSIS MARTIN. Stulda hech kim bo‘lmasa, unga har kim o‘tira oladi.
MISTER SMIT. Yetti o‘lchab, bir kes.
MISSIS SMIT. Nechta bosh bo‘lsa, shuncha burun ham bo‘ladi deganda Benjamin Franklin haq edi.
MISSIS MARTIN. Haftaning yetti kunini ayting.
MISTER SMIT. Monday…
MISSIS MARTIN. Eringning tobutini menga bersang, men senga shapshapimni berardim.
MISSIS SMIT. Amakim qishloqda yashaydi, ammo doyaga buning daxli yo‘q. (O‘zicha poyezd bo‘ladi). Gup-gup-gup, vish-vish-vish! Gup-gup, vish-vish!
Hamma o‘zidan ketib, bir-birining qulog‘iga qichqiradi. Chiroq o‘chadi. Qorong‘ilikda poyezd tezroq yurayotganday bo‘ladi. Pesa boshqatdan boshlanadi. Martinlar Smitlarning ovozlariga taqlid qilayotganda parda tushadi.

Rus tilidan Amir Fayzulla tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 12-son