“Men bu dunyoning odami emasman”.
Bolat Akudjava
“Odamning ikki burchi bor: biri bu dunyoga kelish, ikkinchisi – ketish. Qolgani – aldanish. Bu dunyoning gashti tugadi-ku, deganingda odamning keta qolgani ham ma’qul bo‘lsa kerak”.
Asqar Sulaymonov
Bolat Akudjava bu gapini 1996 yilning yozida kasalxonada yotgan chog‘ida aytgan edi. Sizning yuqoridagi gaplaringizni qachon aytganingiz esa esimda yo‘q. Esimda bori shuki, Siz hamisha shunaqa derdingiz. Biz esa kulardik.
E-e, Asake, Siz qanaqa gaplarni aytmadingiz! Qancha-qancha kunlar, qancha-qancha kechalarni birga o‘tkazmadik. Qanday mavzularda gaplashmadik, nimalar aytilmadi… Siyosat, adabiyot, san’at; idrok, halol-harom, odamiylik, xizmatchilik; do‘st, o‘rtoq, og‘ayni, tug‘ishganlar; boshqa millatlar va qozoqlar; kasb-hunar, sport, ayollar va boshqalar.
Siz hayotdan ko‘z yummay turiboq shular to‘g‘risida yozish ko‘nglimga kelgan edi. Siz to‘satdan u dunyoga ketib qoldingiz. Ana-mana deguncha ancha vaqt o‘tdi. Men esa hamon “xotira yozaman” degan o‘yda yuribman. Buning ustiga, Oliya tez-tez qo‘ng‘iroq qilib, eslatib turadi. U bilan har safar uchrashganimda qattiq xijolat bo‘laman. Siz-ku, mayli-ya, kutasiz. Siz to‘g‘ringizda hech kim hech narsa yozmay qo‘ysa ham, Siz uchun endi buning ahamiyati yo‘q. Necha marta qo‘limga qalam olib, yozishga chog‘landim. Ammo qozoqning biron ma’noli so‘zi qalam qarmog‘iga ilinsa-chi! Go‘yo “Asqar Sulaymonov” degan eshik qulflab qo‘yilgan. Qo‘limda bir bog‘ kalit bor, ammo ularning birontasi qulfga tushmadi. Yozishni boshlayman, yoqmaydi – o‘rnimdan turib ketaman. Tag‘in o‘tirib, bir necha kalima yozgan bo‘laman. Qog‘ozdan boshimni ko‘tarsam, tepamda Siz turgandek bo‘lasiz. Sizga ham yoqmaydi. Sizga umuman hech narsa yoqmaydi. Sinchkov nigoh bilan tikilib qarab turgan bo‘lasiz. “Sizga nima ma’qul bo‘lardi! – deb o‘rnimdan turib ketaman. – Boshqalar yozsin. Yoqsa-yoqmasa, hozircha shularni o‘qib turing”.
Siz haqingizda yozish zamondoshlar uchun turgan-bitgani azob ekan. Bir necha yil qiynalib, bir necha yil qayta-qayta chog‘lanib, o‘zimdan-o‘zim izza bo‘lib: “Xudo bandasini qiynamoqchi bo‘lsa, Asqar haqida xotira yozishni bo‘yniga yuklasin ekan”, deb kuyindim.
Hozir Siz to‘g‘ringizda yozayotganlar ko‘payib qoldi. Qizig‘i shundaki, ularning bari o‘zlarini go‘yo Siz bilan jonajon do‘st bo‘lgandek tasvirlashadi. Buning ham yo‘li bo‘lsa kerak-da. Chindan ham Siz kimlar bilan birga yurmadingiz, ortingizdan kimlar ergashmadi. Hatto o‘larday yomon ko‘radigan kishilaringiz bilan sirdoshdek birga o‘tirganingizni necha bor ko‘rganman. Mayli, yozishsin. Ba’zida hatto uch qaynasa ham sho‘rvasi qo‘shilmaydigan, aql-zakovat jihatidan oralaringizdagi masofa uzoq bo‘lgan odamlar bilan ham ko‘p marta birga o‘tirgansiz. Ularning bari Siz bilan og‘iz-burun o‘pishgandek bo‘lib yozishyapti. Yozishsin. Balki har kim har xil yozishi natijasida Sizning asl siymongiz jonlanar. Aslida Siz haqingizda yozish, Sizning suratingizni qog‘ozda tasvirlash g‘oyat murakkab ish.
Sizni hozir ba’zi kishilar “tanilmagan donishmand”, “ochilmagan qo‘riq”, deyishyapti. Siz bunday fikr bilan kelisha olmaysiz, albatta. Negaki, Siz Muhammad payg‘ambarning hadislarini hammamizdan oldin o‘qib, uqib, uning “Odam odamga topinmasligi kerak”, degan hadisini qoningizga singdirib olgan edingiz. Ulug‘lik Siz uchun hamma kirib-chiqaveradigan eshik emas, mutlaqo boshqa eshik edi. Uning qanaqa eshikligini o‘zingizdan boshqa hech kim bilmas edi. Xudoning qudrati bilan, Siz shunday yaratilgan edingiz. Sizning bu xislatingizni o‘sha paytdagi do‘stlaringiz ham (agar Sizda do‘st bo‘lgan bo‘lsa), hozirgi avlod bilan keyingi avlod ham “Asqarning qitmir fe’li”, deb ifodalab, o‘zlarining farosati yetmagan oliy matematikaning, mana shunaqa, qo‘shuv-oluv uslubi bilan osongina hal qilib qo‘ya qolishadi.
Yodingizda bo‘lsa kerak, Muqag‘alining vafotidan so‘ng esdalik yozuvchilar ko‘payib ketib, u bilan bir-ikki marta birga sharob ichgan odamlar ham uni o‘zlari bilan teng bilib, maqtanib yoza boshladi. Biz shu haqda ham gaplashgan paytimizda men:
– Hatto tasodifan suhbatlashib qolishgan, aslida ruhan undan o‘ta olis kishilar ham maqtanib yozyapti. Bu kimga kerak?! – degan edim.
– Nu chto je![1] Yozsin. Muqag‘ali, o‘lganimdan keyin men haqimda yozib qolmasin, deb yolg‘iz yurishi kerakmidi?
– Shunaqa odamlar bilan yurmay qo‘ya qolmadimi.
– Ey,slushay![2] Agar Gegel qozoq bo‘lsa, shuningdek, Olmaotada yashasa, buning ustiga, vino ichadigan bo‘lsa, o‘ziga hamdam izlab, uni topganidan keyingina ko‘chaga chiqishi kerakmi? Bunaqa odamni qayerdan topadi? Vot i prixoditsya bednomu Gegelyu pit vino s kem popalo[3]. Senlar mana bu Oris daryosining suvidan akula qidirishni qachon qo‘yasanlar? Sening fikringcha, Gegel Shopengauer bilan, Kant bilan, Spinoza bilan, Marks bilan, hech bo‘lmaganda Sen-Simon bilangina birga yurishi kerakmi? Qozog‘istonda-ya? U bechora qayerdan topardi?
Ham g‘urur, ham achinish, ham istehzo bilan aytgan bu so‘zlaringiz hamon esimda. Inkor qilib bo‘lmaydigan darajada teran javob. Siz turli asrlarda sochilib yotgan qozoq tafakkuri qatralarini yig‘ib, bugungi zamonaviy dunyoqarash bilan yonma-yon qo‘ydingiz. Sizning bu kabi hech kimning xayoliga kelmaydigan, mavhum tushunchalaringiz, osonni qiyinlashtiradigan, qiyinni yengillashtiradigan xulosalaringiz yuksak aql-idrok sohibiman, deb qaddini g‘oz tikib yuradigan ayrim kishilarni ham lol qoldirar edi. Turli o‘tirishlarda aytadigan ajoyib fikrlaru yangi iboralaringiz atrofda o‘rikday sochilib, oyoqosti bo‘lib yotardi. Davradagilarning aksariyati ularni terib olmas, terib olishga harakat ham qilmas edi. Esingizdami, shu masalada ikkovimiz bahslashib qolgan edik. “Ko‘ringan joyda duch kelgan odam bilan o‘tirib, bebaho gaplaringizni arzonlashtirib yurganingiz nimasi?! Bundan ko‘ra uyda yotmaysizmi. Yozing. Diktofonni ulab qo‘yib gapiravering”, – degandim qizishib. Siz esa piq etib bir kulib olib, shunday javob qaytargandingiz: “Slushay, yonimda hech kim bo‘lmasa, nima deb valdirayman?” “Haligilar bilan nega birga o‘tirasiz?” “Men ularni yomon ko‘raman”. “Tem bolee![4] Yomon ko‘rsangiz, ular bilan aralashib nima topasiz?” “Stranno[5], men yomon ko‘radigan odamlarim oldida tilim burro bo‘lib ketadi, – derdingiz. – Miyamga o‘zim mutlaqo kutmagan fikrlar keladi”. “Unda o‘sha fikrlarni yig‘ib yuravering. Ular ozlik qilsa, men yomon ko‘radigan kishilarni ham qo‘shib oling”. Yana piq etib kulib qo‘ygandingiz. “Oyto‘ti ikkovingdan baloga qoldim-ku. Hammang revizorsan[6] menga. Do svidaniya!”.
Siz bilan bahslashish esa menga rohat bag‘ishlardi. “Eto zamechatelno!”[7], “Eto je glupost! Eto tot de Korol Lir”[8], deb, aqlli dalillarni qalashtirib tashlaganingizda, men Sizni sekingina Orisga[9] doir dalillar bilan yengardim. “Endi senga o‘xshab Orisda tug‘ilmasak o‘lamizmi!” deb o‘yindan osongina chiqib ketar edingiz.
“Odam – mehmon degani. Mehmonning eng ko‘rimli joyi esa – uning yelkasi”. B. Brext.
“Kelayotgan odamning yuzidan ketayotgan odamning kifti ma’noliroqdir”. Asqar Sulaymonov.
Bu gapni qachon aytgansiz, bu ham esimda yo‘q. Hayot bo‘lganingizda, balki o‘zingiz ham eslay olmasdingiz. Umuman olganda, Sizning yozganingizdan aytganlaringiz ko‘p edi. “Asqar Sulaymonov – yozilmagan kitob”, deb ko‘p marta aytganmiz-ov. Ana shu gaplaringizni qog‘ozga tushiray deb stolga o‘tirganimda ularning aksariyati dab-durustdan xayolga kelavermaydi. Ular sochilib yotibdi. Ular erta, indinga, undan keyingi kunlarda, bir yildan so‘ng, besh, o‘n, yigirma yildan keyin, xullas, biz ham Siz ketgan yoqqa bormaguncha yodimizga tushaveradi, tushaveradi.
Hayotda odam bolasi qanday og‘ir kunlarga duch kelishi mumkin bo‘lsa, ana shu mushkulotlarning bariga Sizning miyangizda oldindan hozirlab qo‘yilgan baho va tahlillar tayyor turar, kunduz bilan kechaning duch kelgan paytida kompyuterdan chiqqanday hozir bo‘lar edi. Dunyoning chor tarafida kechayotgan siyosiy, adabiy, madaniy va umuman, kundalik hayotga doir voqealardan boxabar bo‘lib yurardingiz. Amerika yoki Angliyadagi siyosiy vaziyat atrofidagi oldi-qochdi hangomalar, jahon adabiyotida so‘nggi vaqtda paydo bo‘lgan badiiy asarlar, Gollivud aktyorlari bilan rejissyorlarining mashg‘uloti, ularning qaysi biri tirik, qaysi biri qachon vafot qilgani, Lotin Amerikasi, yapon, olmon, shuningdek, urushdan talofat ko‘rayotgan afg‘on adabiyotidagi yangi asarlargacha bilib o‘tirar edingiz. Siz ularni qachon o‘qiysiz-u, qachon tahlil qilasiz – bu o‘zingizgagina ayon edi.
Siz Brext, Kafka, Bell, Millerni yoddan bilardingiz. Sizning og‘zingizdan chiqqan o‘sha gap birgina Brextning dilida paydo bo‘lgan gap emas, barcha ijodkorlarning yuksak tafakkuri mahsuli bo‘lsa kerak. Bunday deb faqat o‘ta nozik, o‘ta sezgir, o‘ta bilimli, donishmand odamgina ayta olishi mumkin. Siz qozoq uchun o‘ta zarur bo‘lgan, “Yozuvchi kim?” degan savolga butun borlig‘ingiz bilan, aql-farosatingiz bilan, ijod qilish madaniyatingiz bilan zukkolarcha javob berib ketdingiz. Haqiqat bor, chin ijodkorning rostgo‘yligi bor, til bor, shuningdek, yozuvchining tili bor. Siz o‘z haqiqatingizni o‘z tilingiz bilan, o‘z uslubingizda rostgo‘ylik bilan yozdingiz. Bu rostgo‘ylik barimiz o‘rgangan rostgo‘ylikka o‘xshamaydi, u til biz odatlangan tildan boshqacha edi.
Siz qozoq tilining maxsus tiklangan chevarxonasi bo‘lib, asarga, uning qahramonlariga, jug‘rofiyasiga qarab, har kimning o‘ziga xos bo‘lgan tilini – so‘zini topib berib keldingiz. “Yozuvchi haqiqat bilan til atalmish “qurol”ning ustasi emas. Uning joni nozik, o‘yi dadil, barmoqlari axborot hokimi”, degan so‘zingiz ham yil o‘tgan sayin tushunarli bo‘lib bormoqda.
Siz ko‘pchilikning ichida yashab, qalban ulardan ayro, ruhan yolg‘iz edingiz; o‘zingiz alohida yurdingiz, turli jamoalar orasida yurib yolg‘iz bo‘ldingiz. Siz o‘zga ijodkorlarday ruhiy tushkunlik kuychisi, “odillik”ning jarchisi bo‘lganingiz yo‘q, bunday qilishni pastkashlik deb bildingiz, jamiyatning odil va shafqatsiz tanqidchisi sifatida qalbingiz va qalamingizni o‘z vijdoningiz bilan uyg‘unlashtira oldingiz.
Siz bu xulosangizni bundan o‘n besh-yigirma yil oldin aytgan bo‘lsangiz, Erve Bazen o‘lar oldidan, “Izvestiya” gazetasida shu yilning fevral oyida bosilib chiqqan intervyusida bayon etdi. Men bu yerda yana bir o‘xshatishdan foydalanmoqchiman: “Ko‘rdilaringizmi! Ovropada ( “Europa”ga hali ham tilim kelmaydi) XX asrning Erve Bazen degan donishmand yozuvchisi kuni kecha shunday degan bo‘lsa, bu fikrni qozoq Asqar Sulaymonov bundan yigirma yilcha oldin aytib qo‘ygan edi”, – deb Sizni donishmandlar qatoriga qo‘shib qo‘ymoqchi emasman. Umuman ijodkorga “donishmand” degan sifatlashning zaruriyati bo‘lmasa kerak.
Boshqalarga nisbatan boshqacha fikrlaydigan, boshqalarni ham hayot haqiqatiga teran ko‘z bilan qarashga o‘rgatishga intiladigan odam yozuvchi. Shu dard bilan o‘zgalarning dunyoqarashlariga, oz bo‘lsa-da, ta’sir qilib, idrok darajasini bir pog‘onaga ko‘tara olsa, yozma adabiyot paydo bo‘lgandan buyon odamzodning tafakkuri yaratgan tog‘-tog‘ kitoblar orasidan uslubi sezilib, ovozi eshitilib turadigan bironta asari bo‘lsa, bu yozuvchi uchun baxt emasmi!
Agar men ham biron darajaga erishgan bo‘lsam, bunda Sizning salmoqli hissangiz bor. Sizning ovozingiz, bilimingiz ana shu tog‘-tog‘ kitoblarning orasida dimiqib qolmas. Uni izlaydigan, keyingi avlodlarga yetkazadigan odamlar topilib qolar. O‘z o‘ying o‘zingga ham yov bo‘lib ko‘rinadigan yolg‘izlik o‘ylariga teran sho‘ng‘igan paytlarimda men Sizning So‘zoqda qozoq bo‘lib tug‘ilganingizdan noliyman. “Boshqa joy topmagandek, So‘zoqda tug‘ilganingiz nimasi? – der edim. – Bu sharoitda sizning falsafalaringiz qadrlanmaydi. Sizga Ovropa “bozor”i kerak. Bunaqada gazetaga ko‘z tikib, “Aris toje ne luchshiy variant”[10], deb yana o‘yindan osongina chiqib ketasiz. Ammo etingga sanchilgan tikonni tortib olganing bilan tig‘i tanangda qolishini bilaman. O‘sha kuni kechasi telefon qilgan edingiz. Odatdagidek, eson-omonlik so‘ramasdan:
– Xo‘sh, shunda nima bo‘lar edi? – degansiz.
– Shunda nima bo‘ladi, deganingiz nimasi?
– Hali aytganing-da. Esingdan chiqib ketdimi? Xo‘sh, So‘zoqda tug‘ilmadim, shunda nima bo‘lardi?
– Hech bo‘lmaganda “fuligan”[11] bo‘lardingiz.
– Trifonovmi? Nima, Remarkni ravo ko‘rmaysanmi?
– Marhamat, xohlaganingizni oling. Hatto Avezov bo‘laman desangiz ham erkingiz.
– Yo‘q, u vazminlik qiladi. U – epik.
– Epik bo‘lmagan Muxang ham bor. Novellachi Muxangni oling.
– Qisqasi, shu bilan nima demoqchi bo‘lgan eding?
– Hech narsa. Juda bo‘lmaganda, Odessada tug‘ilganingizda haligilarning boshida bo‘lmasa-da, qoshida bo‘lardingiz, deganim-ku.
– Sen keulning nimaligini bilasan-ku. Kstati[12], U Orisda, yo‘l bo‘yida o‘sadi.
– Bilaman ham deylik.
– Bilsang, qozoq – o‘sha keul.
– Keul bilan qozoqning bir-biriga qanday aloqasi bor?
– Bu ikkovi ham yerchil. Keulni boshqa joyga olib borib o‘tqazsang, ko‘karishi mumkin, lekin meva qilmaydi. Men qozoqchalik yerchil elni ko‘rgan emasman.
– Bu bilan nima demoqchisiz?
– Bu bilan – shu. Qozoqning o‘zi qanday yerchil bo‘lsa, so‘zi ham shunday. Dod deb eliga qaytaveradi. Boshqalarga ishonmaydi, qisqasi, o‘zgalarning buyrug‘iga bo‘ysunmaydi. Yersinmaydi degandek.
– Yo‘q, bu fikringizga qo‘shila olmayman.
– Radi boga! Nachinayete perexodit granitsы, skatertyu doroga[13]. Men o‘zim qozoq bo‘lib qolaveraman. Voobshe bыt kazaxom ochen interesno![14]
– Voy, Asake-ey! Tuppa-tuzuk boshlangan gapimizni yana kulgiga aylantirib yubordingiz-ku!
Biroq siporishlab gapirish Sizning tabiatingizga yot edi. Hamisha oxirini yutib yuborish – Sizning eski odatingiz. Shunday bo‘lsa-da, sezgir odamga hammasi oxiriga qadar aytilgandek tuyiladi. “Aysberg qonuniyati”ga ko‘ra, ichda qolgan o‘ylar ma’lum bir shaklda tashqariga chiqmasa-da, ularning bari, har bir so‘zning ohangidan, aytilish uslubidan, bir fikrdan ikkinchi fikrga o‘tish chog‘idagi bir dam sukutdan, o‘qish chog‘idagi bir nafaslik kulgidan anglasa bo‘lar edi. “Bit kazaxom ochen interesno” degan jumladan so‘ng biz kuldik-da, bahsni to‘xtatdik.
Bir necha yil oldin olmon olimasi, doktor Zigfrid Kleynmixel uchovimiz mening mashinamda Medeuga borgan edik. Safardan qaytishimizda Siz, akademik Bolmuxanovning chorbog‘iga kirib o‘tamiz, deb turib oldingiz. Lekin chorbog‘da hech kim yo‘q ekan. O‘sha yerda maysada o‘tirib, yana olmon va qozoq adabiyotlari haqida suhbatlashdik. Zigfrid Kleynmixel past bo‘yli, oriqqina, siyrak sochlari oppoq oqargan, o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlardagi ayol edi. U qozoq adabiyotiga astoydil ko‘ngil qo‘ygan, bizning turmush tarzimizni, Sizningcha aytganda, “bir olmonchalik” anglagan, Qur’on o‘qishni ham oz-moz biladigan, qozoq adabiyotining ko‘zi tirik vakillari bilan yaxshi tanish, o‘ta madaniyatli olima edi. U Sizga astoydil mehr qo‘yib, fikrlaringizga tarafdor bo‘lib yurdi. Siz esa uning ham asabiga necha bor tekkansiz. Xullas, suhbatimiz mavzusi yana adabiyotga ko‘chdi. “Olmon adabiyoti degan adabiyot eng nochor adabiyot, zamini qanday tekis va yalang bo‘lsa, adabiyoti ham shunaqa yalang, bir qolipda. Ularda tuzukroq tahlil yo‘q, negaki odamlarining bari bir qolipdan chiqqandek – standart, har birining o‘ziga xos fel-atvori bo‘lmagan odamlar. Obraz bo‘lmagach, adabiyot ham yo‘q”, deb hukm chiqardingiz. Qo‘ying, desam qo‘ymaysiz, battar avjingiz keladi.
– Brext-chi? – dedi nihoyat Zigfrid.
– Brext? Konfliktsizlik degani aynan o‘shandan boshlanadi. Bo‘lmasa, Germaniyadan kelib, Qizil O‘rdaning sholikor dehqoni Ibray Jakenov to‘g‘risida asar yozarmidi? Esi bo‘lsa, qizilo‘rdaliklar haqida yozish shart bo‘lsa, Mustafo Cho‘qayev haqida yozmaydimi? Mana bu muammo! Olmon ham, qozoq ham xursand! Darvoqe, Brext bu asarini yozayotgan paytda Mustafo Cho‘qayev Germaniyalaringizda tirik yurgan bo‘lardi.
– Asqar, nima to‘g‘risida yozish kerakligini adibning o‘zi yaxshi biladi.
– Bilishmaydi, gap shunda! – Sharaqlab bir kulib oldingiz-da, gapingizni davom ettirdingiz.– Bizga kelib, maslahatlashsa, aytgan bo‘lardik. Brext buni yaxshi tushunadi. “Kogda dumayut sapogi – mozgam prixoditsya marshirovat”[15], deb yozgan uning o‘zi-ku. Bilasizmi?
Zigfrid xijolatdan qizarib:
– Esimda yo‘q, – deb qo‘yaqoldi.
– Ana, esingizda yo‘q. Jal! Kstati[16], Maks Shuls hali ham GDR[17]da yuribdimi?
– Ha.
– Naprasno![18] U allaqachon Shpree ko‘lining narigi tomoniga o‘tib ketishi kerak edi. O‘shanda bundan ham yaxshiroq asarlar yozgan bo‘lardi. Xotini Yelizaveta-chi?
– U ham yozuvchimi?
– Yozuvchi emas, lekin yozadi. Uni ko‘rib qolgudek bo‘lsangiz, salom ayting va qozoqlar, yozuvchilikni qo‘ysin, deyishyapti deng.
GFR[19] emas, GDRdagi ko‘pgina yozuvchilarning ijodini tahlil qilganingizda, Zigfrid mamnun bo‘lardi. U: “Attang, agar siz Germaniyada tug‘ilganingizda, olmonlarning diqqat markazida bo‘lardingiz”, degan edi. Siz esa o‘zingizga xos sovuqqonlik bilan: “Yo‘q, olmon bo‘lgim kelmaydi. Sizlarda barcha yo‘nalishu uslublar allaqachon shakllanib, qolipga solinishi lozim bo‘lgan hech narsa qolmagan. Bari tep-tekis, sip-silliq. Gaplaringiz ham sip-silliq. Qozoqlar esa!.. Qisqa qilib aytganda: “Bыt kazaxom ochen interesno!”[20] degan edingiz. Hammamiz kulgan edik.
O‘sha kunlar ham ortta qoldi-ya, Asake! Keyinchalik Berlinda bo‘lganimda Zigfrid Kleynmixelning uyida Sizni ko‘p marta esladik. U Siz to‘g‘ringizda boshqalarga ko‘p gapirgan, shekilli, o‘zingizni hech qachon ko‘rmagan kishilar ham mendan Siz to‘g‘ringizda ancha-muncha narsalarni so‘rab, bilib olishgan edi. Mening “Gavhar tosh” nomli qissamni olmon tiliga tarjima qilayotgan Eleonora Venst Olmaotada bo‘lgan chog‘ida Siz bilan yaqindan tanishib olmaganidan ko‘p afsuslandi. Siz uni Olmaotada ko‘rgansiz, esingizda bo‘lsa kerak, biz Eleonora ikkimiz Yozuvchilar uyushmasining qahvaxonasida o‘tirgan edik. Siz yonimizga kelib, qo‘lqopingizni ham yechmagan holatda bir finjon qahva ichib, Eleonoraning boshdan-oyoq qora libosda o‘tirganiga e’tibor berib, yaqindagina Rossiya teleko‘rsatuvlaridan birida namoyish qilingan grek filmini eslagancha, unga “Devushka v chyornom”[21] degan ot qo‘ygan, keyin nimadandir ko‘nglingiz qolib, xayrlashmasdan chiqib ketgan edingiz. Zigfrid bilan Eleonora sizning asarlaringiz bilan maqolalaringizni olmon tiliga o‘girish niyatida yurishgan edi. Bu maqsadlari siyosat bilan bog‘liq ayrim muammolar sababli amalga oshmay qolgan edi. Afsus!
“Dramaturgiya yest intriga. Kazaxi bolshiye intriganы. No oni yeщe ne uspeli ves vlojit sebya v janr. Dumayu vse u nix vperedi”[22]. Dramaturglarning Yaltada o‘tayotgan seminari paytida mening xonamda A.Gelman bilan suhbatlashib, hazil-chin aralash shunday degan edingiz. U rosa kulgan edi. Gelman o‘zingiz o‘sha yerda rus tiliga o‘girib bo‘lgan “Kek” nomli pesangizni o‘qib chiqib, o‘z fikrini bildirish maqsadida kirgan edi.
– Asqar, pesangiz zo‘r! Bu mening “Az i Ya”[23]dan keyingi o‘qigan ikkinchi asarim. Bir qizig‘i shundan iboratki, har ikki asarning mualliflari Sulaymonovlar. Ammo pesangiz sahnalashtirilmaydi, og‘ir, murakkab. Ozgina grafomanstvo[24] etishmaydi. Bu o‘ziga xos badiiyat dunyosi. Siz O‘ljas Sulaymonov bilan qarindosh emasmisiz?
– Ne putayte menya s kem popalo![25]
Uncha-muncha odamni mensimay, o‘zgalarning salomiga zo‘rg‘a alik oladigan, o‘zining “tirik klassik” ekanligini sipoyilik bilan targ‘ib qiladigan Gelman besh-o‘n daqiqa davomida Sizning ta’siringizga berilib ketdi. Shundan keyingi uchrashuvlarda Siz bu yerga yig‘ilgan dramaturglar orasidagi dono shaxsga aylangan edingiz. Ey, Asake-ey, Siz balandga ko‘tarilgan joyingizdan osongina tushib ketaverar edingiz! Men shunga kuyinaman. Gelman aytganidek, Sizga rostdan ham ozgina grafomanstvo[26] bilan ozgina qat’iylik yetishmasdi, shekilli. O‘sha bo‘yi ketdingiz. Birgina bu emas, talay-talay bitay deb turgan ishlaringiz yakunlanmay qolib, qancha-qancha vaqtingiz behuda o‘tib ketayotganidan achinib, alamimdan yorilib ketgudek bo‘lardim. Vafot etganingizga ancha bo‘lganiga qaramay, hozir ham bu holatni eslasam, yonib ketaman. Siz o‘zingizning betakror shaxs ekanligingizni, rivojlanib borayotgan qozoq adabiyotining yosh vakillari uchun ustoz ijodkorga aylanib borayotganingizni anglamay, bunga e’tibor bermay ketdingiz.
Bilasizmi, men Sizni shuning uchun kechira olmayman. Iste’dod, salohiyat hammaga baravar sochilaveradigan tariq emas. Uni ham Xudo suygan quliga yoki bo‘lmasa, azob cheksin, deb o‘ziga ma’qul bo‘lmagan quliga bersa kerak. Buning ham qadriga yetmadingiz. Kim biladi, qadriga yetgan bo‘lishingiz ham mumkin, ammo, o‘zingiz aytgandek, ketish lozim bo‘lgandir. Bu zamonning odami emasligingizni aniq anglagan bo‘lishingiz mumkin. Yodingizdami, “Siz bu dunyoning odami emassiz. Yo yuz yil oldin, yo yuz yil keyin tug‘ilishingiz kerak edi”, deb aytar edik. Zaldagi bir dunyo odamni og‘zingizga qaratish Siz uchun hech gap emasdi. Buning uchun minbarga ko‘tarilsangiz kifoya edi. Sizning Turkmanistonda, shuningdek, kinochilarning Olmaotada o‘tgan anjumanlarida, Abayning 140 yilligi munosabati bilan Semeyda o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda so‘zlagan nutqlaringizni tinglagan barcha kishilar uchun hamon afsona. Siz “a” deb og‘iz ochishingiz bilan rasmiy so‘zlar me’dalariga tegib, g‘ala-g‘ovur qilib o‘tirgan odamlar xuddi g‘oyibdan kimdir kelgandek, bir zumda jim bo‘lib qolishardi. Bari – yoshi ham, qarisi ham, qozog‘i ham, o‘risi ham. Maktabning o‘ninchi sinfini bitirgunga qadar o‘ris zotini ko‘rmagan Siz So‘zoqdan ketib Olmaotaga kelgach, besh yil davomida o‘ris tilini suv qilib ichib yubordingiz. O‘z asarlarini o‘ris tilida yozib yurgan “o‘ristilli” qozoq yozuvchilarining fikrlari, so‘z boyligi Sizning teran ma’noli iboralaringiz, mulohazalaringiz bilan solishtirilganda, qirchang‘i otdek nochor ko‘rinib qolardi. Siz o‘zingizdan keyingi ijodkorlarga qanday yozish lozimligini o‘rgatdingiz. Yozmaslik kerak, degan iborani ham Sizdan o‘rgandik.
Siz musiqa, rassomlik, haykaltaroshlik to‘g‘risida mushohada qilganingizda yoki shu sohaning yetuk mutaxassislari bilan hamsuhbat bo‘lgan paytlaringizda ularning barchasini tang qoldirib o‘tirardingiz. Shopen, Betxoven, Motsart, Skryabin, Glazunovlar haqida bilganlaringizni tongga qadar aytib tugata olmasdingiz. Shuningdek, ularning simfoniya va kontsertlaridan duch kelgan joyidan parcha aytib bera olardingiz. Bunday noyob musiqiy qobiliyat va bilimga ega bo‘lgan kishilar taniqli bastakorlarning orasida ham kamdan-kam uchraydi. Ba’zan yarim kechada telefon qilib qolardingiz. Uyqudan ko‘z ocholmay go‘shakni ko‘targanimda:
U yo‘q, bu yo‘q: “Nima qilyapsan?” – deb so‘rardingiz.
– Bunday paytda odam nima qiladi! Cho‘chqalarni taqalab yotibman.– derdim holatimga ters tarzda, mayin ohangda. – Ikkitasini taqalab bo‘ldim, endi bittasi qoldi xolos.
Siz piq etib kulardingiz-da:
– Slushay, prekrati izdevatsya nad svinyami![27] Mana bu musiqani eshitib ko‘r-chi, – deya go‘shakni magnitofon yoki boshqa musiqiy moslamaning oldiga qo‘yib, o‘zingiz g‘oyib bo‘lardingiz. Go‘shakdan simfoniya orkestri ijrosida allaqanday kuy eshitilib turardi. Goho tanish, goho notanish kuy. Sizdan esa darak yo‘q. Go‘shakni qo‘yarimni ham, kuy eshitishda davom etarimni ham bilmas edim. Bu musiqa kimning asari, nechta qismdan iborat, qachon tugaydi, buning ustiga, yarim kechada odamni uyqudan uyg‘otib olib, o‘zi daf bo‘lgani nimasi, deb jahlim chiqardi. Men Sizga “Tun odami” deb nom bergan edim. “O‘zi tun odami bo‘laversin, bilganini qilsin. Lekin biz tun odami emasmiz-ku, o‘zgalarning vaqti, tinchligi bilan nega hisoblashmaydi!” deb tajang bo‘lardim. Go‘shakni joyiga qo‘ymoqchi bo‘lib turganimda ovozingiz eshitilib qolardi:
– Nu, kak?[28]
– Hech qalay!– derdim yana achchiqlanib.
– Naprasno! Eto – shik! Eto fugi Motsarta![29] Dirijyor – Lyutsern festivalining bosh dirijyori Baumgartner! Xo‘p, sog‘ bo‘l!
Ana shundan keyin uxlab ko‘ring!
“Literatura – pozitsiya, proshe govorya, predstavlennaya vozmojnost proyavit sebya, yeshyo proshe – vыsshaya spletnya. A proizvedeniya – eto Ya. Ostalnoye – vashe delo”[30]. Bu gapni A.Gelman, doktor I.Vishnevskaya[31], M.Gorkiy nomidagi Adabiyot institutining rektori Vladimir Pimenevlar bilan birga Yaltadagi “Astoriya” restoranida o‘tirganimizda aytgan edingiz.
Ular endigina tanishib o‘tirgan bo‘lsalar-da, bu gapdan so‘ng sizga moyil bo‘lib, og‘zingizga qarab qolishdi. Bilaman, ular sizni maqtashadimi, yomonlashadimi, rad etishadimi, siz uchun baribir, aqliy yetuklik minbaridan bir daraja ham pastga tushmay mag‘rur holatda qolaverardingiz. Ayrim odamlarga bu g‘urur yoqmas, shu bois Sizga qarshilik ko‘rsatishar edi. Siz ba’zan besh-o‘n daqiqada o‘zingizga qaratib olgan kishilaringizni shu zahoti yo‘qotib ham qo‘yardingiz, muvaffaqiyat qanchalik oson qo‘lga kiritilsa, shuncha oson qo‘ldan ketardi.
“Millatni yaxshi ko‘rish uchun avvalo uni yomon ko‘rib olish kerak”, der edingiz. Rostdan ham shunday-ku. Axir millatning kamchiliklarini bilmay turib, uni qanday sinaysiz, sinamay, tanbeh bermay, uning qaysi qusurini-kamchiligini to‘g‘rilamoqchi bo‘lasiz? To‘lib yotgan kamchiliklariga qaramay, qozoq degan xalqni juda yaxshi ko‘rardingiz. Sizning millatimizga bo‘lgan mehringiz boshqalarning mehriga mutlaqo o‘xshamasdi. Siz uni kalaka qilib yuriboq “Qozog‘im!” deb jar soladigan odamlardan ortiqroq mehr bilan yaxshi ko‘rardingiz. “Bu qozoqning bir qilig‘ini yaxshi ko‘rib, xursand bo‘la boshlasang, yaramas odatlarini payqab qolib, xafa bo‘lib ketasan. “Qozoqni yomon ko‘rasan”, deb meni yoqtirishmaydi. Agar qozoqning tubiga yetadigan bir narsa bo‘lsa, bu “Biz ajoyibmiz!” deb jar solishdir”.
Siz aytgandek, hozir nosamimiy, qalbaki maqtovlar ko‘payib qoldi. Siz boringizda ham oz emasdi. Siz u yoqqa ketganingizdan keyin “maqtash” bilan “maqtanish”ning ostida qolib ketdik. Siz borligingizda ulug‘ shoirlar ikki-uch kishigina edi, hozir yoppasiga “ulug‘lik”ka intilish boshlandi. “Sen ulug‘san”, desangiz, uyalmay-netmay: “Rost aytasan”, deydiganlar ko‘payib boryapti.
“Haqiqiy ijodkorning o‘limida jamiyat o‘limining hissasi bo‘lmay qolmaydi”, deb qachon aytganmiz, qayerda aytganmiz, dastlab kimning og‘zidan chiqqan edi bu gap, yodimda qolmabdi. Qolgani shu gapgina. Jamiyat unga qasd qilmaydi, albatta, biroq oldinda to‘lib yotgan qarama-qarshiliklar uning qobirg‘asiga qadalmay, vujudini yemirmay tura olmaydi.
“Fariza[32] qiz… Dunyoda shoirlarning bari yakka-yolg‘iz”. Asake! Muqag‘ali[33]dan keyin yolg‘iz qolgan Siz bo‘ldingiz. Ikkovingiz ham o‘z elingizda yurib muhojir bo‘ldingizlar. Rostakam ijodkor – mangu emigrant, o‘zining tug‘ilgan yeridan bir qadam hatlab ketolmaydi. Uilyam Folkner bir paytlari o‘zini emigrantman deb Amerikani bir titratib qo‘ygan edi. O‘shanda u o‘zining yakkalanib qolganini aytgan ekan-da. Biz ham sizni “emigrant” deb hazillashar edik.
…“Siz yuz yil oldin yo yuz yil keyin tug‘ilishingiz kerak edi”, deyaverganimizdan keyin ketib yuborgansiz, shekilli. Umuman, ikki dunyoda ham sizdan o‘pkalab bo‘lmaydi. Taken Alimqulov yozganidek, “Siz ham “Jumboq odam”ning birisiz”. Bu jumboqning yechimini kelgusi avlodlarga qoldiramiz. Ular bizlarga qaraganda kechirimli, hamiyatli, dadil bo‘lishsa ajabmas.
Siz u yoqqa ketmagansiz. Siz emigratsiyaning yangi turini o‘ylab topgansiz. Siz qaytib kelasiz.
Hozircha ana shunday umid bilan yashaymiz.
Qozon, 1996 yil.
Qozoq tilidan Muhammad Xayrullayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 12-son
[1] Nima bo‘pti! – Asqar Sulaymonov qozoqcha gapirganida ruscha so‘z va iboralarni, ba’zan fikr-mulohazalarini rus tilida ifodalashga odatlangan edi (Tarj.).
[2] Hoy, menga qara!
[3] Mana shuning uchun ham bechora Gegel to‘g‘ri kelgan odam bilan vino ichishga majbur.
[4] Ana!
[5] Ajabo.
[6] Revizor – bu yerda “tergovchi” ma’nosida.
[7] Bu zo‘r-ku!
[8] Axir bu tentaklik-ku! Bu qirol Lirning aynan o‘zi!
[9] Tuman nomi.
[10] Oris ham buning o‘rnini bosa olmaydi.
[11] “Xuligan”, ya’ni “bezori” demoqchi. (Tarj.).
[12] Aytgandek.
[13] Xudo haqqi! Chegaradan chiqib ketyapsiz. Katta ko‘cha!
[14] Umuman qozoq bo‘lish juda qiziq.
[15] “Etiklar o‘y surgan paytda, miyalarga qadam tashlashga to‘g‘ri keladi”.
[16] Afsus! Ha, aytgandek.
[17] Germaniya Demokratik Respublikasi.
[18] Bekor qiladi!
[19] Germaniya Federativ Respublikasi.
[20] Qozoq bo‘lish g‘oyat qiziq!
[21] “Qora libosli qiz”.
[22] “Dramaturgiya, bu – fitna, qutqu. Qozoqlar qutquga ko‘proq moyil. Lekin ular adabiyotning bu shakliga hali to‘la yetib borganlaricha yo‘q. Bari oldinda”.
[23] “Az i Ya” – qozoq ma’rifatparvari O‘ljas Sulaymonovning asari.
[24] Soddalik.
[25] Meni duch kelgan odam bilan adashtiravermang!
[26] Bu yerda “yozishga bo‘lgan ixlos” ma’nosida.
[27] Menga qara, bechora cho‘chqalarni tinch qo‘y.
[28] Xo‘sh, qalay?
[29] Bekorlarni aytibsan! G‘aroyib musiqa! Motsartning fugalari.
[30] “Adabiyot – nuqtai nazar, sodda qilib aytganda, o‘z-o‘zingni namoyish qila olish uchun imkoniyat, yanada soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak – oliy darajadagi g‘iybat. Asarlar esa, bu – men. Qolgani sizlarning ishingiz”.
[31] Filologiya fanlari doktori Inna Vishnevskaya.
[32] Qozoq shoirasi Fariza O‘ngarsinova nazarda tutilyapti.
[33] Qozoq adabiyotining zabardast shoiri Muqag‘ali Maqatayev nazarda tutilyapti.