Nimasini aytasiz, bizda she’riyat taqiqlanganidan buyon hayot boshqacha bo‘lib qoldi. Endi na avvalgi ko‘ngil ozishlar, na yurak o‘ynatuvchi ilhomlanishlar, na behuda xayolparastliklar bor. Ish — yolg‘iz ana shu narsa haqiqiy qadriyatga aylandi; odamzod ming yillardan buyon nechuk bu haqiqatni anglab yetmadi ekan — aql bovar qilmaydi.
Xalqni millat baxt-saodati yo‘lida aynan buyuk ishlarga da’vat etuvchi, muhtaram nazoratchilarimiz elagidan o‘tgan ayrim gimnlargina odatdagi chegaradan chiqmaydi, xolos. Ammo ularni she’r deb bo‘ladimi? Ne baxtki, ular she’r emas. Ular mehnatkash ommaning ruhini chiniktiradi-yu, biroq tizginsiz va o‘ynoqi xayol parvoziga xalal bergani bergan. Masalan deganingizda, bizda haligidaqa sevgi qiynoqlariga giriftor bo‘lgan yuraklar sharhiga imkon bormi? Qora mehnatdan boshqasini bilmaydigan bizning jamiyatimizda xalqning ruhiy quvvati hech bir foydasi yo‘q — bunisi shundoq ham barchaga ayon — zavqu safoga boy berilishiga toqat qilib bo‘ladimi, axir?!
Tabiiyki, hayotni bu qadar keng miqyosda yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni kuchli hukumat ko‘magisiz amalga oshirishning imkoni sira ham topilmagan bo‘lardi. Noib Nitstsari boshqarayotgan bizning hukumat aynan ana shunday — kuchli va shuning barobarida demokratiyali hukumatdir. Boz ustiga deng, demokratiyachilik unga zarur fursatda — shunisi kammidi endi!— cho‘yandek mushtini ishga solib qolishga hargiz monelik qilmaydi. She’riyatni taqiqlash haqidagi qonunning ashaddiy tarafdorlaridan biri Taraqqiyot vaziri noib Volter Montikyaridir. U, nafsilamrini aytganda — millat irodasining ifodachisi va mudom, ta’bir joiz ko‘rilsa, yuksak demokratiyaviy g‘oyalar yo‘lini tutib kelgan shaxs. Xalq ruhiyatning bunday chirkin holati ifodalangan matohni o‘qib o‘tirishga toqat qilolmasligi-ku kundek ravshan bir narsa edi. Gap bu munosabatni butun jamiyat baxt-saodati uchun qat’iy huquqiy me’yorlar asosida mustahkamlab qo‘yishda qolgan edi.
Ta’kidlash joizki, mazkur qonun fuqaroga ko‘pam tashvish keltirmaydi. Zero, kamdan-kam qonunlargina xalq uchun ushbu qonun kabi beziyon bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri-da, bizda shu paytgacha kim ham she’r o‘qibdi deysiz! U biror mardumning gazagiga dori bo‘lganmidiki, o‘qilsa? Qonunda ma’n etilgan she’riy bitiklarni davlat va xususiy kutubxonalardan terib olish hech bir qiyinchiliksiz amalga oshirildi; boz ustiga, bu tadbir, go‘yo yelkamiz og‘ir yukdan nihoyat xalos etilgani kabi, umumiy bir ko‘tarinkilik va mamnunlik vaziyatida kechdi. Mahsulot ishlab chiqarish, buyuk inshootlar qurish, taraqqiyot ko‘rsatkichlarini tobora oshirish, sanoat va savdoni mustahkamlash, milliy salohiyatimizni yuksaltirish maqsadidagi ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, naqliyotni muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun yanada ko‘proq kuch-quvvat sarflash (qanday ajoyib so‘z!) — dangalini aytadigan bo‘lsak, mana, poeziya degani nima, muhtaram vatandoshlar! Yashasin texnika, aniq hisob-kitob, talabni, tonnalarni, metrlarni, baho ko‘rsatkichlarini, bozor narxlarini, tannarx va san’at asarlari deb ataluvchi matohlarning (agarda ular zarur deb topilsa) hayotiyligini sinchiklab o‘rganishga asoslangan turmush tarzi!
Noib Volter Montik’yari qirq besh yoshda. U xiyla novcha va salobatli zot; ana qo‘shni xonadan uning xandon otib kulgani eshitilmoqda. (Unga keksa shoir Osvaldo Kanning qanday adabini bergaylari haqida hikoya qilmoqdalar. “Axir, men endi she’r yozmayapman-ku, — deya qichqirdi u sho‘rlik, — ont ichaman, o‘n besh yildirki she’r yozmayman! Don sotib kun ko‘ryapman — tamom-vassalom”. “Lekin avvallari yozarding-ku, hayvon!”— Bejirim kiyingan, boshiga shlyapa bostirib, qo‘liga hassatayoq tutgan cholni shunday haqoratlar ila axlattepaga uloqtirdilar). Noibning kulgisiga quloq tuting, qanday kulmoqda? Ha, ishonavering, bu odam o‘ziga pishiq va uncha-munchaga qoqilmaydi. Ayvon panjarasiga arang suyanib, kechki shafaq libosidagi osmonga termuladigan va go‘zal xonimlar haqida baytlar o‘qiydigan lapashanglar ham odam bo‘ptimi! Montikyari ularning yuztasiga tatiydi!
Umuman, bo‘larini aytadigan bo‘lsak, noibni qurshagan olamda hamma narsa aniq va ijobiydir. O‘zi ham mutlaqo toshbag‘ir odam emas. Ish xonasi devorlariga taniqli musavvirlarning asarlari osib tashlangan; ular ko‘zni jimirlatib yurakka daxl qilmaydigan mavxum chizmalardir. Bu yerda xona sohibining — pokiza ma’naviy qadriyatlar homiysining beqiyos musiqiy ta’bidan dalolat beruvchi ohang tasmalari ham mavjud; tabiiyki, ular orasidan Shopenning chuchmal asarlarini topishingiz amrimahol, ammo Xindemitning barcha musiqalari to‘la-to‘kis yig‘ilgan. Kutubxonalar to‘g‘risida gap ochadigan bo‘lsak, u yerda ilmiy asarlar va hujjatli kitoblardan tashqari, hordiq chiqarar kezlarda o‘qish uchun mo‘ljallangan ko‘ngilochar asarlar ham yetarlicha. Shubhasizki, bular barchasi — hayotni hech bir qo‘shib-chatish va lo‘ttibozliklarsiz, haqiqiy tusda tasvirlashga harakat qilgan mualliflarning kitobidir; ularni mutolaa qila turib, xudoga shukrki, ko‘nglingizga g‘ulg‘ula tushishi va demakki, tarbiyangiz buzilishidan tashvishga tushmaysiz — garchi avvalgi zamonlarda (endi bunga ishonish qiyin) bunday holga yo‘l qo‘yilibgina qolmay, rag‘batlantirilgan bo‘lsa-da, unga mutlaqo aql bovar qilmaydi.
Noibning qahqahasi yoqimli, eshitib maza qilasiz. Bu qahqaha zamirida qanchalar qudrat, iroda, umid, amaliy ishga ishonch yashirin! Lekin u biz tasavvur etayotgan kabi xotirjammi? She’r degan yaramas matoh tag-tugi bilan quritilganiga uning ishonchi komilmi?
Bir kuni oqshom mahali u uyida qandaydir ma’lumotnomani ko‘zdan kechirib o‘tirar ekan, huzuriga xotini kirib keldi.
— Volter, sen Jorjina qayoqqa daf bo‘lganini bilmaysanmi? —dedi u hovliqqan holda.
— Yo‘q, xabarim yo‘q. Nima, biror kor-hol yuz berdimi?
— U, borib darsimni tayyorlayman, degan edi. Ammo xonasida yo‘q. Chaqirib ham ko‘rdim — biror sas-sado eshitilmaydi. Qidirmagan joyim qolmadi.
— U hoynahoy bog‘da bo‘lsa kerak.
— U yerda ham yo‘q!
— Unda biror dugonasinikiga ketgandir-da?
— Allamahalda-ya? Nimalar deb vaysayapsan, ana, po‘stini dahlizda osig‘liq turibdi-ku!
Er-xotin xavotirga tushib butun uyni ag‘dar-to‘ntar qilib chiqdi. Qani, qiz topilaqolsa! Montikyari hatto tomga ham chiqib ko‘rishga ahd qildi — hechqursa, vijdoni xiyla taskin topadi-ku. Bu yerda — tom shiftiga tiralgan to‘sinlar ostida bir uyum bo‘lib yotgan latta-putta, zski lash-lushlar ustida sokin va sirli shu’la o‘ynaydi. Yorug‘lik tom shiftidagi yarim doira shaklidagi tuynukdan tushmoqda edi. Uni kimdir ochib qo‘ygan. Anchagina ayoz bo‘lishiga qaramay, uning qizi, go‘yo samoga mahliyo bo‘lgan kabi, qo‘llari bilan tuynukka yopishib, jim qotib turardi.
Tanho o‘zi bu yerda nima qilyapti? Noibning ko‘nglida alamli, noxush shubha bo‘y ko‘rsatdi va u zo‘r berib undan xalos bo‘lishga tirishdi. Biroq bari behuda.
U bildirmaygina qizini kuzata boshladi, qiz esa boyagi holicha miq etmay, bor vujudi bilan ko‘zlarini katta ochib, qandaydir mo‘‘jizaning shohidi bo‘lgan kabi, uzoq-uzoqlarga termulardi.
— Jorjina! — Qizcha sapchib tushdi va jonholatda qayrilib qaradi, yuzi bo‘zdek oqarib ketgan edi. — Sen bu yerda nima qilyapsan? — U lom-mim demadi. — Sen bu yerda nima qilyapsan? Gapir!
— Hech narsa qilayotganim yo‘q, tingladim, xolos.
— Tinglading? Nimani tinglading? Jorjina boshqa bir so‘z demasdan pastga chopib ketdi, zinadan uning o‘kirib yig‘lagani eshitildi va asta-sekin yig‘i tovushi uzoqlashib bordi.
Noib tuynukni yopdi, ammo ketishdan oldin tepaga bir nigoh tashladi: uning shubhalari tarqamagan edi. Jorjina u yerda nimani ko‘rib qoldiykan? Qiziq, bu yerda tinglaydigan narsa bormi? Lekin, shunga qaramay… Axir, bu yerdan tomlarning bo‘g‘otiyu ship-shiydam daraxtlar, shohko‘chaning narigi tomoni bo‘ylab cho‘zilgan zavod korxonalari-yu o‘n besh kunliklar chamasi bo‘lib qolgan, shaharga oydin tus berib, odatdagidek shu’lalar taratuvchi bo‘zargan oy, uzun soyalaru bulutlarning tovlayishidan o‘zga hech vaqo ko‘rinmaydi-ku?! Berilib tinglaydigan biron bir tovush ham yo‘q. Tomlardagi eski to‘sinlarning g‘ichirlashi va shahar bo‘ylab taralib, ohistagina — kechaning aynan shu daqiqalaridagi ishlab chiqarish sur’atining tabiiy holda pasayishishi to‘liq mos ravishda tinchib borayotgan, nafas sasiga o‘xshash quloqqa zo‘rg‘a chalinadigan tovush bor, xolos. Barchasi shu qadar oddiyki, hech bir qizig‘i yo‘q. Ehtimol… (Tom sovuq, cherepitsalar oralig‘idagi tirqishlardan muzdek havo sizib chiqadi.) Ehtimol, aynan o‘sha yerda — to‘lishayotgan oy nuri bilan banogoh o‘zgacha tusga kirgan tomlar ustida — insof bilan aytganda, hatto noib Montikyarining o‘zi ham buni inkor etishga jur’at qilolmaydi — bu kajraftori falakning o‘zidek qadim she’r degan balo pusinib, nenidir kutib yotgandir? Qarangki, hatto bolakaylar, shu pokiza vujudlar ham, garchi hech bir zot u hakda gapirgan bo‘lmasa-da, o‘sha baloning ta’mini his etadi. Butun shaharda shu ahvol! Go‘yo qandaydir fitnaga hozirlik ko‘rilayotgandek. Ma’lum bo‘ladiki, bu la’natini qonunlar bilan ham, jazolar bilan ham, ommaviy mazaxlash bilan ham gumdon etishning imkoni yo‘q ekan-da? Demakki, ular erishgan narsalar bor-yo‘g‘i bo‘hton, jaholatini mukofot bilib munofiqlarcha maqtanish, qalbaki e’tiqoddan iboratmi? Xo‘sh, Montikyarining o‘zi-chi? Nainki uning ko‘nglida ham she’r tuyg‘usi yashirinib yotgan bo‘lsa?
Salgina fursat o‘tib mehmonxonada xotini ro‘baro‘ keldiyu savolga tutdi:
— Volter, nima, bugun mazang yo‘qmi? Rangingda rang qolmabdi-ya!
— Qo‘ysang-chi bu gapingni. Men o‘zimni otdek his qilyapman. Hatto vazirlikka borib kelsammi deb turibman.
— Shu paytda-ya? Bir tishlam non ham yemasdan-a?
Montikyarining ko‘ngli alag‘da. U uydan chiqdi, ammo mashinaga o‘tirishdan oldin bir lahza xayolga toldi. Bugun ne bois oy bu qadar yop-yorug‘? Va o‘zicha bunday xayol ne oqibatlarga sabab bo‘lishini chamalab ko‘ra boshladi. Soat allaqachon o‘n yarimga borib qolibdi, shahar kun bo‘yi davom etgan og‘ir mehnatdan so‘ng tinchib, orom ola boshlagan. Ne bo‘lganda ham uning nazarida bugungi oqshom havoning o‘zi qandaydir boshqacha, unda arang ilg‘ab olinadigan hayot zarbi, anavi, deyarli qop-qora soyalar og‘ushida qandaydir tushuniksiz kuchlar hukm surayotgani seziladi; bamisoli kimlardir quvurlardan chiqayotgam tutunlar, daraxtlar tanasi, o‘chirib qo‘yilgan yonilg‘i qozonlari ortiga yashirinib, bir-biriga zo‘rg‘a anglashiladigan ishoralar qilayotgandek; go‘yo kimningdir isyonkor tuyg‘ulari tun paranjisi ostida betinim she’rni qutqarish chorasini izlayotgandek va daf’atan uni topadigandek…
Hatto Montikyarining o‘zi noiloj holda e’tirof etadiki, uni ham qandaydir g‘alati tuyg‘u azobga solmoqda. Ne qilsinki, osmon gumbazi ostidan uning boshiga ham shu’lalar marjoni yog‘ilmoqda edi. Ne chora borki, uning yog‘ilishi hukumat haroriga batamom zid edi! Go‘yo ust-boshiga ko‘zga ko‘rinmas o‘rgimchak to‘ri ilashib qolgan kabi, u beixtiyor egnidan nimalarnidir sidirib tashlamoqchi bo‘ldi.
U beixtiyor sergak tortib, mashinani haydab ketdi. Nihoyat, shahar markaziga yetib keldiyu, o‘zini bir oz yengil tortgandek sezdi. Bu yerdagi nurafshon chiroqlar — harqalay, unga shunday tuyuldi — oy shu’lasidan ko‘ra yorqinroq bo‘lib ko‘rinardi. Montikyari vazirlik binosiga kirdi va keng zinadan chiqib, sokin yo‘lak bo‘ylab ish xonasi tomon yurdi. Chiroqlar o‘chirilgani bois derazadan o‘sha la’nati yog‘du tushib turar edi. Faqat bir eshik tirqishidan chiroq nuri miltirab ko‘rinardi. Vazir o‘sha eshik yonida to‘xtadi. Bu — mudom raqamlarga ko‘milib yuradigan ilmiy tadqiqot bo‘limining boshlig‘i, o‘ta rasmiyatchi va ijrochi professor Karonesning xonasi edi. Ajabo, unga ne bo‘ldi ekan? Noib Montikyari eshikni ohista ochdi.
Karones u tarafga orqa o‘girib o‘tirardi. Styli ustida mo‘‘jazgina chiroq shu’la sochib turar, u bo‘lsa bot-bot to‘xtab va anchagina xayolga tolib nimalarnidir qog‘ozga bitar edi. Bunday lahzalarda u o‘zi ham bilmagan holda qalamni labiga bosar va ilhomini axtargan kabi, nigohini ayvondagi oy nuriga yo‘g‘rilgan shisha eshikka qadardi.
Bu oqshom Montikya yana bir insonni g‘ayriodatiy va hatto noravo mashg‘ulot ustida qo‘lga tushirmokda edi. Ilgarilari Karones hech qachon ishda bu qadar kech qolib ketmasdi.
Montikyari serpat gilam ustidan jimgina yurib Karonesning tepasiga keldi va uning yelkalari osha astagina egilib, professor qoralayotgan qog‘ozga ko‘z qirini tashladi:
O zabonsiz yog‘du, sen nechuk
Ma’dan korxonalarining qop-qora qurum
Devorlari osha chiqasan kulib?
Afsonaviy sehrli chiroq
Tilsiz toshni yoritdi hatto.
Senga borar yo‘l lekin uzoq —
Bir umrlik yo‘l erur raso!
Men toliqqan nigohim bilan
Atrofimga qarayman, hayhot!
Sening nuring etar namoyon:
Qanday g‘arib bizning bu hayot!
Ko‘p sehrli va tanti dunyo,
O‘n besh kunlik oy,
Narsalar olami…
O‘zing ayirmagin bulardan, Xudoy!
Shu misralarni o‘qigach, vazir bir qo‘lini Karonesning yelkasiga qo‘ydi va bunday dedi:
— Professor, shu ish sizdan chiqdimi?
U bo‘lsa qo‘rquvdan tosh kabi qotib nimalardir deb valdirardi.
“Professor, shu ish sizdan chikdimi?!” Ammo shu onda qo‘shni xonadagi telefon jiringlab qoldi, keyin yana qaydadir uzoqda — yo‘lakning oxirida telefonga til kirgandek bo‘ldi. So‘ngra uchinchi, to‘rtinchi bor telefonlar jiringlay ketdi… Va shu tariqa sokinlik qo‘ynidagi binoda, go‘yo javonlarga, chang bosgan pardalar ortiga bekinib olgan yuzlab odamlar orziqib kutilgan ishoradan nihoyat xabar topgani kabi, sirli ravishda hayot qayta jonlandi. Dastlab kimlarningdir mo‘ralab qaragani quloqqa chalindi, keyin butun tevarak-atrof shivir-shivir gaplar sasiga to‘ldi. So‘ng-so‘ng kimlarningdir tanish ovozlari, nimagadir da’vat etgani, shartta-shartta buyruq bergani, eshiklarning sharaqlab ochilib-yopilgani, yugurib borayotgan odamlarning olatasir shovqini, uzoqdagi baqir-chaqirlar eshitildi…
Montikyari eshikni lang ochib, ayvon tarafga nazar tashladi. Vazirlik tegrasidagi bog‘da nimadir bo‘lganu barcha chiroqlar o‘chgan. Buning oqibatida oy nuri yanada yorqinroq va noxushroq ko‘zga tashlanadi. Ikki yoki uch kishi qo‘llarida mash’ala tutgan holda oydin shu’laga burkangan xiyobondan chopib ketdi. Keyin yosh o‘spirin qizil kamzulini silkitib ot choptirib o‘tdi. Ana, bino o‘rtasidagi ravonning ikki tarafiga bashang kiyingan, ko‘zni qamashtiruvchi qilich taqqan ikkita harbiy kelib turdi. Ana, ular qilichlarini samoga irg‘itdilar. Yo‘q, ular — qilich emas, g‘alaba mushaklari. Nog‘ora-karnayning yangroq ovozi bir taraldi-yu, olomon tepasidagi tilla ravoq kabi, havoda muallaq turib qoldi.
Montikyariga hech bir izohning hojati yo‘q edi. Shundoq ham barchasi tushunarli: inqilob yuz berdiyu uning vazirligi qulatildi.
Ruschadan Polvon Otabek tarjima qildi.