Qorong‘ulik qo‘yniga cho‘mgan qamoqxona eshigi ochilib, nazoratchilar soqolli jikkakkina cholni ichkariga itqitganlarida vaqt allamahal bo‘lib qolgan edi.
Qariyaning soqoli oppoq va o‘ziga yetgulik darajada kattagina edi. U nimqorong‘i xona bo‘ylab ojizona nur taratar va bu mahbuslarda muayyan taassurot uyg‘otdi. Qorong‘i bo‘lgani uchun chol avvaliga xonada o‘zi yolg‘iz emasligini anglamadi.
Bu yerda kimdir bormi?
Savolga zaharxanda va alamzada po‘ng‘illash tarzida javob qaytdi. Keyin mahalliy taomilga binoan har kim o‘zini tanitib boshladi:
Rikkardon Marchello, – dedi bir bo‘g‘iq ovoz, – o‘g‘rilik, og‘irlashtiruvchi holatlarda.
Betstseda Karmela, – xuddi bochkaning ichidan chiqayotgandek bo‘g‘iq ovozda dedi yana bir mahbus. – Firibgar-retsidivist.
O‘zini tanitish davom etdi:
Marfi Luchano, zo‘rlash.
Lavataro Maks, begunoh.
So‘nggi so‘zdan keyin xonani gulduros kulgi tutdi. Mutoyiba hammaga xush yoqqan edi: Lavatarodek qo‘llari qanchadan-qancha begunoh jonlarning qoniga bo‘yalgan ashaddiy bosqinchi, o‘taketgan gunohkorni kim ham bilmaydi deysiz?
Espozito Enea, qotillik! – Bu mahbusning ovozida farxlanish ohangi zuhur ko‘rsatdi.
Muttironi Vinchentso, – bu ovoz butkul g‘olibona ohangda yangradi, – padarkushlik… Xo‘sh, sen-chi, qari burga, sen kimsan o‘zi?!
Men… – javob qildi yangi mahbus. – To‘g‘risini aytsam, o‘zim ham bilmayman. Meni ushlab hujjat ko‘rsatishimni talab qilishdi. Biroq menda hech qachon hech qanaqa hujjat bo‘lgan emas.
Bundan chiqdi, daydilik ekan-da, – dedi kimdir istehzo bilan. – Laqabing nima?
Mening otim Morro, laqabim esa… hmm-hmm… Ulug‘.
Demak, Ulug‘ Morro. Xo‘sh, yomon emas, – munosabat bildirdi zulmat qa’ridagi bir ovoz, – oti-zoting senga anchagina kattalik qilar ekan: u senga o‘xshaganlarning o‘ntasiga yetib ortar ekan.
To‘ppa-to‘g‘ri, – muloyimlik bilan ma’qulladi qariya. – Biroq bu yerda mening gunohim yo‘q. Laqabimni menga avval-boshda kalaka qilib qo‘yishgandi. Nachora, endi hech nima qilib bo‘lmaydi. Ochig‘ini aytsam, bu laqab mening boshimga bitgan balo bo‘ldi. Mana, masalan… biroq buning tarixi juda uzoq-da…
Qani-qani, borini to‘kib solaver! – mahbuslardan biri cholga qo‘rslik bilan qichqirdi. – Bizning vaqtimiz oshib-toshib yotibdi!
Boshqalar bu gapni qizg‘in qo‘llab-quvvatlashdi. Qamoqxonaning biri biridan zerikarli oddiy kunlarida har qanday ermak – bayram!
Bo‘pti, mayli, – noiloj rozi bo‘ldi qariya. – Kunlardan bir kuni shahar – nima edi nomi, mayli bu muhim emas – shahar bo‘ylab kezib yurganimda, dang‘illama chodirlaru u yoqdan bu yoqqa turli xil noz-ne’matlarni tashib yurgan xizmatkorlarga ko‘zim tushdi. Aftidan, katta bir bazmga tayyorgarlik ko‘rilayotganga o‘xshaydi, omadim chopdi deb sadaqa so‘rash uchun ularga yaqinroq keldim. Hali og‘iz ochib ulgurmagan edim, bo‘yi kamida ikki metr keladigan bir daroz mening yoqamga chang solib, baqirib-chaqira ketdi: “Mana, o‘g‘ri, men uni tutib oldim. Kecha xo‘jayinimizning ot yopinchig‘ini shu odam o‘g‘irlagan. Tag‘in uyalmay-netmay kelib turishini qaranglar-a! Ana endi o‘zingdan ko‘r, hozir qovurg‘alaringni sanab qo‘yamiz!” “Mening qovurg‘alarimnimi? – dedim. – Axir, men kecha bu yerdan o‘ttiz milcha olisda edim, qanaqa qilib…” “Hoy aldoqchi, kuni kecha seni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim-ku. Qo‘lingda yopinchiq bilan qochib ketayotgan eding-ku!”, – deb baqirib haligi barzangi meni chodir tikilgan keng hovli tomonga sudralakladi.
Men tiz cho‘kib yana yolvordim: “Rost aytyapman, kecha bu yerdan o‘ttiz mil olisda edim. Shahringizga birinchi bor kelishim. Ulug‘ Morro so‘zim!” “Nima-nima?! – deb beixtiyor qichqirdi haligi barzangi menga ko‘zining paxtasi chiqib qarar ekan. “Ulug‘ Morro so‘zim!” deb takrorladim men. U bo‘lsa, endi birdan xoholab kulib yubordi: “Nima, sen hali Ulug‘ Morromisan? Hoy, odamlar, eshitmadim demanglar, bu yoqqa kelinglar, manovi bitliqiga qaranglar, oti “Ulug‘ Morro” ekan buning!” Keyin menga o‘girilib so‘radi: – Ulug‘ Morroning kimligini bilasanmi o‘zi?!” “Mening o‘zim Morroman, boshqa Morroni bilmayman” dedim. “Bilmasang bilib qo‘y, Ulug‘ Morro, – dedi haligi yaramas, – aynan bizning muhtaram xo‘jayinimiz bo‘ladilar. Sen gadoy, ularning ismlarini o‘zlashtirib olishga qanday hadding sig‘di?! Ana endi o‘zingdan ko‘r!.. Ana, xo‘jayinning o‘zlari kelyaptilar!..”
Darhaqiqat, qarasam, baqir-chaqirlardan bezovtalanganmi, xo‘jayin chodirdan chiqib biz tomon kelyapti. Bu odam boy savdogar ekan. Boy bo‘lganda ham, shahardagi, ehtimolki, bu yorug‘ olamdagi eng boy odam ekan. Xullas, o‘sha odam mening yonimga kelib aftimga qaradi. Keyin so‘rab-surishtirdi. Axiyri kuldi: sadaqa so‘rab turgan qandaydir gadoyning o‘zi bilan adashligi, aftidan, unga kulgili tuyuldi. So‘ngra u xizmatkoriga meni bo‘shatishni buyurdi. Uyiga taklif qildi. Xazinalarga liq to‘la muhtasham xonalarini, hattoki tilla bilan qimmatbaho javohirlar saqlanadigan zirhlangan xonani ko‘z-ko‘z qildi. Qornimni yaxshilab to‘ydirishlarini buyurdi. Shundan keyin aytdiki: “Sening oti-zotingga bog‘liq bu hangoma, bechora oqsoqol, shuning uchun ham qiziqki, Hindistonga safarim chog‘ida xuddi shunday bir voqea mening boshimdan ham kechgan edi. U yerda o‘z molim bilan bozorga chiqib borgan edim, odamlar qanaqa qimmatbaho buyumlar bilan savdo qilayotganimni ko‘rib atrofimda uymalashib qolishdi. Kimligim-u qaerdan kelganimni so‘rab-surishtirishdi. “Meni Ulug‘ Morro deydilar!” – deb javob qildim. Ular bo‘lsa, qoshlarini chimirib menga tanbeh bera ketishdi: “Ulug‘ Morro deysanmi? Seningdek oddiy olibsotarda qanaqangi ulug‘lik bo‘lishi mumkin?! Insonning ulug‘ligi – uning aqlida-ku! Bu dunyoda Ulug‘ Morro faqatgina bitta, u ham bizning shahrimizda yashaydi. U mamlakatimizning faxri-iftixori! Sen lo‘ttiboz o‘zingning maqtanchoqliging uchun hozir uning huzuriga borib kechirim so‘raysan!”
Shunday deya mening qo‘llarimni bog‘lab, o‘zim bu dunyoda borligini mutlaqo bilmaydigan ana o‘sha Morroning oldiga olib borishdi. U mashhur olim, faylasuf, matematik, astronom-u astrolog bo‘lib, barcha uni qariyb Xudo deb bilishar ekan. Hayriyatki, u anglashilmovchilik bo‘lganini darrov tushundi-da, kuldi. Qo‘llarimni yechishni buyurdi. Xos xonasi, rasadxonasi, o‘zi o‘z qo‘llari bilan yaratgan mo‘‘jizaviy uskunalarini birma-bir menga ko‘rsatib chiqdi. Keyin shunday dedi: “Bu voqea, ey olis o‘lkalardan kelgan jahongashta savdogar, shuning uchun ham qiziqki, Levanta oroliga sayohatim chog‘ida men ham xuddi shunday bir ko‘rgilikni boshimdan kechirgan edim. Men bir vulqonning boshiga uni tadqiq qilish uchun poyi-piyoda yurib ko‘tarilayotgan edim, bu yerliklarnikiga o‘xshamaydigan ust-boshim shubha uyg‘otganmi, qaydam, bir guruh navkarlar yo‘limni to‘sishdi. Mening kimligimni so‘rab-surishtirishdi. Oti-zotimni aytgan zahotim meni zanjirband qilib shaharga olib ketishdi. “Hali sen o‘zingni Ulug‘ Morro deb hisoblayapsanmi? – deyishdi ular. – Seningdek bechorahol muallimda qanaqangi ulug‘lik bo‘lishi mumkin?! Ulug‘ Morro bu yorug‘ olamda bitta-yu bitta, u ham bo‘lsa, orolimizning egasi, qo‘liga qilich tutgan jamiki jangchilarning eng qo‘rqmas-qahramoni! Albatta, bizning hukmdorimiz sening kimligingni bilgan zahoti boshingni tanangdan judo qilishimizni buyuradi!” Ular shunday deya meni o‘zlarining vajohati har qanday odamning kapalagini uchiradigan hukmdorlariga ro‘para qilishdi. Yaxshiyam men uning tilini topib, gap nimadaligini tushuntira oldim. Shunda qahri qattiq deb ta’riflangan hukmdor bu ajoyib-g‘aroyib o‘xshashlikdan kulib, meni zanjirdan bo‘shatishlarini buyurdi. Qimmatbaho sarupolar bilan siyladi. O‘zining qasri oliyiga taklif qildi. Jamiki yaqin va olis orollardagi xalqlar ustidan qozongan g‘alabalarini namoyish etuvchi dalillarni ko‘rsatdi. Oxirida shunday dedi: “Bu tasodif, ey mening ismimni zimmasida ko‘tarib yurgan allomai zamon, shuning uchun ham qiziqki, Yevropa deb ataluvchi olis joylarda jang qilib yurganimda men bilan ham xuddi shunday voqea sodir bo‘lgan. O‘zimning yengilmas lashkarim bilan o‘rmon oralab ketayotgan edim, kutilmaganda soch-soqoli o‘sib ketgan tog‘liklar oldimizdan chiqib, meni to‘xtatib so‘rashdi: “Sen kim bo‘libsanki, qurol-yarog‘ingning shaqir-shuquri bilan o‘rmonimizning tinchini buzyapsan?” Nomimning o‘zidanoq ularning qo‘rqib-qaltirab qolishiga qattiq ishonib “Men Ulug‘ Morroman” dedim. Biroq ular qo‘rqishning o‘rniga meni masxaralab kulib aytdilarki, “Ulug‘ Morro deysanmi? Sen hazillashayotgan bo‘lsang kerak-a? Seningdek daydi itga o‘xshab sanqib yurgan oddiygina bir jangarida qanaqangi ulug‘lik bo‘lsin?! Insonning ulug‘ligi – nafsini tiyishi bilan ruhining yuksakligida emasmi? Bu dunyoda birgina Ulug‘ Morro bor. Insonning haqiqiy ulug‘ligini o‘z ko‘zlaring bilan ko‘rib qo‘y deb hozir biz seni uning huzuriga olib boramiz” Shunday deb ular meni kichik bir o‘raga boshlab borishdi. Qarasam, g‘aribgina chaylada ust-boshi yupungina, soqoli oppoq bir chol o‘tiribdi. Aytishlaricha, u butun umrini tabiatni tomosha qilib, Xudoga ibodat qilib o‘tkazgan ekan. To‘g‘risini aytsam, bunday vazmin-xotirjam, tirikligidan mamnun, ehtimolki, baxtiyor insonni umrim bino bo‘lib hech ko‘rmagan edim. Biroq, nima qilay, hayotimni tubdan o‘zgartirish endi mening uchun juda-juda kech…
Xullas, orolning qudratli hukmdori – donishmand allomaga, alloma – boy savdogarga, savdogar – uyiga sadaqa so‘rab kelgan yalangoyoq qariyaga shularni aytib beribdi. Hammalarining ismi Morro ekan. Buning ustiga, har biri u yoki bu sababga ko‘ra “Ulug‘” degan laqab olishgan ekan.
Chol o‘z hikoyasini tugatganida qorong‘i qamoqxona bo‘ylab mahbuslardan birining ovozi taraldi:
Agar mening miyam aynib qolmagan bo‘lsa, bundan chiqdi, ana o‘sha chayladagi badbaxt oqsoqol – demak, eng Ulug‘ Morro – bu sen bo‘lib chiqyapsan, shundaymi?
Sizlarga nima desam ekan, bolalarim, – savolga javoban na ha, na yo‘q demay o‘zicha ming‘irladi chol. – Hayotda nimalar bo‘lmaydi deysiz!
Shunda hamma bir muddat jim qoldi. Zotan, ba’zi narsalar odamni jiddiyroq o‘ylab ko‘rishga majbur qiladi. Hattoki uchiga chiqqan muttahamlarni ham!
Rus tilidan Rahimjon va Farrux OTAULI tarjimalari