Kunlardan bir kuni kechqurun charchab-horib, ruhim cho‘kib uyga qaytayotgan edim, professor (shunday deyishadi, biroq qanday professorligi noma’lum) Skyassi oldimdan chiqib qoldi. Bu odamni men ko‘pdan buyon bilaman. Turli joylarda tez-tez va kutilmaganda ko‘rinish berib qoladi. O‘zi uqtirishicha, biz gimnaziyada birga o‘qigan emishmiz. Biroq, to‘g‘risini aytsam, buni men eslayolmayman.
Kim o‘zi u? Nima ish qiladi? Hech qachon buning tagiga yeta olmaganman. Uning ozg‘in-qotma, yovqur yuzi bilan miyig‘idagi istehzoli tabassumi… Biroq eng o‘ziga xos jihati shundaki, u har qanday odamda “Men bu kishini qaerdadir ko‘rganman” degan yanglish tasavvur uyg‘otadi. Ba’zilar uni afsungar deb qat’iy ishonishadi.
– Qalay? – so‘radi u mendan taomildagi salom-alikdan so‘ng. – Haliyam yozyapsanmi?
– Boshqa nimayam qila olardim, – daf’atan nochor-notavon holimni his qilib yelka qisdim.
– Nima, joningga tegmadimi? – hujumni kuchaytirdi u. Ko‘cha chirog‘ining xira yorug‘ida yuzidagi masxaraomuz kulgi ko‘rinib turar edi. – Bilmayman, men ba’zan o‘ylab qolamanki, go‘yo siz yozuvchilar kundan kunga hech kimga kerak bo‘lmay qolyapsizlar. Nafaqat yozuvchilar, balki rassomlar, haykaltaroshlar, bastakorlar ham. Quruq ovoragarchilikka, shunchaki o‘yinga o‘xshaydi. Nima demoqchi bo‘layotganimni tushunyapsanmi?
– Tushunyapman.
– Yozuvchilar, rassomlar va shu kabilar, hammalaringiz e’tibor qozonishni istab tuturiqsizroq va chalkashroq yangilikni kashf qilishga jon-jahdingiz bilan urinasizlar. Muxlislaringiz o‘zi ko‘p emas, borlarining ham ko‘ngillari sizga nisbatan tobora sovib ketyapti. Odamlar aytmoqchi bo‘layotgan gaplaringizni qariyb mutlaqo eshitmay qo‘yyapti. Kunlardan bir kuni, ochig‘ini aytganim uchun kechirasan, sizlar o‘zlaringizni sahroning qoq o‘rtasida ko‘rasizlar.
– Bo‘lishi mumkin, – dedim men itoatkorlik bilan.
Biroq Skyassi, aftidan, meni qiynamoqchiga o‘xshardi.
– Menga yana shuni ayt-chi, masalan, sen biron mehmonxonaga kirganingda oti-zoting bilan kasbi-koringni so‘rashdi deylik. O‘shanda sen “yozuvchiman” deb javob qaytarganingda, bu senga allanechuk bema’nidek tuyulmaydimi?
– Ehtimol, – dedim men. – Frantsiyada unday emasdir, lekin bizda aynan shunaqa.
– Yozuvchi, yozuvchi! – oshkora kalaka qildi u. – Nima, sen hali o‘zingni jiddiy qabul qilishlarini istaysanmi? Bizning dunyomizda yozuvchi deganlari kimga nima uchun kerak?.. Mug‘ombirlik qilmay yana bir gapni ochiq ayt-chi… Sen kitob do‘koniga kirib, rastalarga qaraganingda…
– Devorlar bo‘ylab to shipga qadar tizilishib turgan turli-tuman kitoblar, keyingi oylarning o‘zidayoq yorug‘lik ko‘rgan minglab-minglab kitoblar… shularga ishora qilayotgan bo‘lsang kerak, a?.. Qarab turib, bularga qo‘shimcha men ham yana bir kitob yozyapmanmi deb o‘ylayman-da, qo‘lim ishga bormay qoladi. Bir necha chaqirimga cho‘zilib ketgan, tog‘-tog‘ bo‘lib uyulib yotgan sarxil mevalaru sabzovotlarga boy ulkan bozorda so‘ligan sabzini sotish umidida turgan bolakayga o‘xshataman o‘zimni… Dilingdagini topdimmi?
– Xuddi shunday! – Skyassi masxaraomuz tirjaydi.
– Hayriyatki, – e’tiroz bildirishga jur’at qildim, – o‘qiydiganlar hali bor, bizning kitoblarni sotib oladiganlar yo‘q emas.
Shu payt, ta’bir joiz bo‘lsa, qadrdonim andak engashib, poyabzalimni sinchiklab ko‘zdan kechira boshladi.
– Yaxshi etikdo‘z oshnang borga o‘xshaydi-ya?
Xudoga shukur, o‘yladim o‘zimcha, har qalay, suhbatimiz boshqa mavzuga ko‘chdi-ku. O‘zing haqingdagi achchiq haqiqatni eshitishdan og‘irroq nima bor bu olamda?
– Ajoyib usta! – bajonidil javob qildim men. – Qo‘li gul usta. Shunaqangi yaxshi, shunaqangi pishiq-puxta tikadiki, tikkani hech to‘zmaydi-da!
– Yasha! – xitob qildi bu ablah. – Garov o‘ynaymanki, u sendan kamroq pul topadi.
– Ehtimol.
– Nima, seningcha bu o‘taketgan mantiqsizlik emasmi?
– Bilmadim, – javob qildim men. – To‘g‘risini aytsam, men bu xususda o‘ylab ko‘rmagan ekanman.
– Meni to‘g‘ri tushun, – battar avj qildi Skyassi, – sen yozgan hamma narsalar menga mutlaqo yoqmaydi demoqchi emasman, yo‘q, shaxsan senga hech bir e’tirozim yo‘q. Biroq sen va senga o‘xshagan minglab odamlar o‘z umrlaringizni hayotda hech qachon bo‘lmagan tarixlarni yozib o‘tkazasizlar. Buning ustiga, ularni yorug‘likka olib chiqadigan noshirlar ham topila qoladi. Sotib oladigan odamlar ham topiladi. Sizlar shu yo‘l bilan dasta-dasta pul topasizlar. Gazetalar ular haqida yozishadi. Munaqqidlar ularga son-sanoqsiz tadqiqotlarini bag‘ishlaydi. Bu tadqiqotlar ham o‘z navbatida nashr etiladi-da, do‘konlarda muhokama qilinadi… Birinchi satridan to oxiriga qadar bichib-to‘qilgan uydirma tarixlar! O‘ylaymanki, hatto sening o‘zingga ham bularning bari o‘taketgan aqlsizlik bo‘lib tuyulsa kerak? Tag‘in bu atom bombalari-yu, sun’iy yo‘ldoshlar asrida!.. Seningcha, bu masxaravozlik hali uzoq davom etadimi?
– Bilmadim. Balki sen haqdirsan, – dedim men, yuragim misli ko‘rilmagan darajada huvillab.
– Xo‘sh, o‘zing ayt, sizlar kimga keraksizlar? – tantana qildi Skyassi – Adabiyot, san’at – chiroyli, balandparvoz so‘zlar! Ammo bizning davrimizda san’at ham ovqat, atir, sharobga o‘xshagan oddiygina kundalik iste’mol mahsulotlaridan boshqa narsa emas. Bugungi kunda odamlarni qanday san’at qiziqtiryapti? Qanday shiddatli to‘lqin ustimizga bostirib kelayotganini o‘zing ko‘rmayapsanmi?.. Yengil-elpi qo‘shiqlar, she’rchalar, shovqin-suron, dod-voy, oldi-qochdi! Mana, shon-shuhrat qaerda! Mana, aqalli seni olib qaraylik: aqlli narsalarni yozasan. Hatto zo‘r narsalar deyish mumkin. Biroq omad haqida gapiriladigan bo‘lsa, bu borada eng iste’dodsiz jaz qo‘shiqchisi seni bir cho‘qishda qochiradi. Odamlarga qo‘pol bo‘lsa-da, ayni lahzalarda bevosita hissiy qoniqish paydo qiladigan narsalar kerak, darrov, bir lahzalik, tushundingmi? Shunday narsalarki, toki zig‘ircha ham kuch sarflanmasin, ortiqcha zo‘riqilmasin, mutlaqo bosh qotirilmasin.
Men gaping to‘g‘ri degan ma’noda bosh irg‘ab turdim, xolos. E’tiroz bildirishga na kuchim, na dalilim bor edi. Biroq Skyassiga bu ham kam edi.
– Bundan qirq yilcha avval san’atkor taniqli shaxs bo‘lishi mumkin edi. Biroq endiga kelib… Agar qandaydir eski-tuski, almisoqdan qolgan narsalargina o‘zlarini omon saqlab qololmasalar. Masalan, deylik, Xeminguey, Stravinskiy, Pikasso, bobolarimiz bilan bobokalonlarimizning yaratganlari… Yo‘q-yo‘q, siz allaqachon yutqazib bo‘lgansiz… Sen abstrakt san’at ko‘rgazmasida bo‘lganmisan? Uni munaqqidlar qanday tushuntirishlarini o‘qiganmisan? Safsata, uchiga chiqqan safsata! Amal-taqal jon saqlab qolgan bir hovuch nodonlar, tag‘in o‘zlari chaplab tashlagan bo‘yoqlarini million, hatto ikki millionga sotishni uddalashganlariga hayron qolasan kishi. So‘nggi alahsirash bu, men senga aytsam, o‘lim oldidagi jon talvasasi bu! Siz san’atkorlar bir tomonga qarab ketyapsizlar, kitobxon bilan tomoshabin bo‘lsa, butunlay qarama-qarshi tomonga ketyapti. Bundan chiqdi, bir-biringizdan tobora uzoqlashyapsizlar. Shunday kun keladiki, o‘rtalaringizdagi masofa shu qadar olis bo‘ladiki… Siz qanchalik baqirib-chaqirib ayuhannos solmang, lekin bironta it sizning ovozingizni eshitmaydi.
Ayni shu topda goho sodir bo‘lib turadigan voqea ro‘y berdi: iflos ko‘cha bo‘ylab nimadir yelib o‘tdi. Nimaligi noaniq – mayin shabada emas, chunki havoda hech bir o‘zgarish sezilmadi, muattar atir isi emas, chunki atrofimizda o‘sha-o‘sha benzin va yana allambalo achimsiq narsalar hidi anqirdi, yoqimli kuy emas, chunki mashinalar shovqinidan boshqa hech nima eshitilmas edi. Nimaligi noma’lum – muqaddas tuyg‘ular va xotiralarning junbishga kelishimi, qandaydir izohlab bo‘lmaydigan bir sir-sinoat.
– Lekin baribir… – dedim men.
– Nima “lekin baribir”? – Skyassining yuzida zaharxanda zuhur bo‘ldi.
– Lekin baribir biz qo‘limizdan kelgancha yozayotgan tarixlarni hech kim o‘qishni xohlamay qolganida, ko‘rgazmalar butkul kimsasiz bo‘lib huvillab qolganida, cholg‘uchilar o‘z asarlarini bo‘m-bo‘sh o‘rindiqlar qatorlariga ijro etganlarida ham… ana o‘sha taqdirda ham bizning ijodimiz… yo‘q, men o‘zim haqimda emas, men qilgan ish bilan shug‘ullanadiganlar haqida…
– Qani-qani, namuncha bo‘shashmasang! – istehzo bilan qitiq patimga tegishda davom etdi birodarim.
– Shuni bilib qo‘yki, sen aytayotgan o‘sha tarix, rasm, musiqa, boshqa ahmoqona, tushunarsiz va foydasiz narsalar hamisha insoniylikning eng oliy ifodasi, asl umumbashariy qadriyatlar bo‘lib qolaveradi.
– Qo‘y, meni qo‘rqitma! – xitob qildi Skyassi.
Lekin men, bilmadim, nima uchun, endi o‘zimni to‘xtata olmas edim. Ich-ichimda toshayotgan isyon tashqariga yo‘l qidirar edi.
– Ha-ha! Mayli, sen buni ahmoqlik deb hisoblashing mumkin, biroq haqiqiy san’at hamisha bizni moldan farqlab turuvchi narsa bo‘lib qolaveradi. Bu yerda foydali yo foydasiz ekanligi ahmiyatli emas. Ehtimolki, butkul foydasizligi uchun ham bizga juda-juda kerakdir. Atom bombasi, sun’iy yo‘ldoshlar, yulduzlar¬¬aro raketalardan ham ming karra kerakroq! Ayni shu ahmoqlik butkul tugab bitgan o‘sha qaro kunda odamlar ibtidoiy jamoa davridagidek ayanchli bir mahluqqa aylanib qoladilar. Chunki chumolilar ini bilan eng yangi texnikaning har qanday mo‘jizasi o‘rtasidagi masofa chumolilar inini insoniy jamiyatdan ajratib turuvchi masofaga nisbatan ming karra qisqaroq!..
– Sen, masalan, o‘n satrlik almoyi-aljoyi syurrealistik she’rni nazarda tutyapsanmi? – achchiq kulib so‘radi Skyassi.
– Ha, hattoki bir qarashda mutlaqo aqlga sig‘maydigan, hatto besh satrlik she’rni ham nazarda tutib aytyapman bu gapni! Muhimi – odam bolasining yozish ishtiyoqida, bu ishidan biron natija chiqadimi-yo‘qmi – bu u qadar muhim emas. Ehtimol men adashayotgandirman, ammo faqatgina shu yo‘lda najot bor. Agarda…
Ana shunda Skyassi og‘zi qulog‘iga yetgudek xursand bo‘lib uzoq kuldi. Qiziq, bu kulgisi endi mutlaqo yoqimsiz emasdi. Men taajjubdan dong qotib qoldim.
U yelkamga qattiq qoqib qo‘ydi:
– Ana endi o‘zingga kelding, tentakvoy.
– Tushunmadim, nima demoqchisan? – ajablanib so‘radim men.
– Hech nima, hech nima, – javob qildi Skyassi va ozg‘in-qotma yuzi qandaydir ichki bir yorug‘likdan nurlanib ketdi. – Qarasam, hamma narsadan hafsalang pir bo‘lib bo‘shashibgina kelyapsan. Go‘yo hech nimaga ixlosing qolmagandek. Shuning uchun seni qattiqroq bir silkitib ko‘rgim keldi-da.
Haq-rost. Nima bo‘lganda ham, men o‘zimni butunlay boshqa odam deb his qilmoqda edim: bir qadar emin-erkin, o‘ziga ishonchi mustahkam… Men tamaki tutatgunimcha Skyassi ruhdek daf’atan ko‘zdan yo‘qoldi.
Rus tilidan OTAULI tarjimasi
* * *
Shom quyula boshlagan damda ishdan horib-charchab kelayotsam, nimagadir hamma “professor” deb ardoqlaydigan Sk’yassini uchratib qoldim. Uni ko‘pdan beri taniyman, goh u yerda, goh bu yerda baqamti kelsam: “Sen bilan gimnaziyada birga o‘qiganman”, deb doim meni ishontirmoqchi bo‘ladi, sirasini aytganda, buni eslay olmayman.
Sk’yassi degani kim? Nima ish qiladi? Menga qorong‘u. It mujigan oshiqdek chuvak basharasidan zaharxandalik arimaydi. Ajablanarlisi shundaki, u duch kelganga: “Sizni qayerdadir ko‘rganman”, deydi, vaholanki, bu aldamchi taassurot. Ba’zi birovlar uni afsungarga chiqarib qo‘ygan.
– E-e, bormisan? – deydi u menga salom-alikdan so‘ng. – Haliyam qog‘oz qoralab yotibsanmi?
– Boshqa nimayam qilardim, – deya yelka uchirib qo‘ya qolaman.
– Joningga tegib ketmadimi? – bo‘sh kelmaydi u, – ko‘cha fonuslarining mayin shu’lasida uning yuz-ko‘zidagi achchiq kulgini ilg‘agandek bo‘laman. – Bilmadim-u, nazarimda siz yozuvchilarga bo‘lgan ehtiyoj kun sayin yo‘qolib borayotgandek. Nainki yozuvchilar, balki rassomlar, haykaltaroshlaru mashshoqlarga ham. Go‘yo shunchaki ermak uchun ijod qilayotganga o‘xshaysizlar. Nima demoqchiligimni anglayotgandirsan?
– Hammangiz ommaning diqqatini tortish uchun jon-jahdingiz bilan o‘zingizcha yangilik yaratishga, bir-biridan mavhum va g‘alati narsalarni o‘ylab topishga harakat qilasizlar. Muxlislaringiz juda kam, borlari ham sizlardan sovib ketyapti. Ularning qalbiga yetaklovchi yo‘lni yo‘qotib qo‘ymadingizmikan… Andishasizligim uchun uzr, lekin bir kun kelib butunlay el-ulusning nazaridan qolib ketmasangiz, deb qo‘rqaman.
– Bo‘lishi mumkin, – deyman o‘ksingan bo‘lib.
Biroq Sk’yassi aftidan, xumordan chiqquncha qitiq patimga tegmoqchi edi.
– Menga ayt-chi, deylik, sen hashamatli mehmonxonaga kirib bording: daf’atan hujjatingni va nima ish qilishingni so‘rashadi. “Yozuvchiman” deysan. Javobing andak ahmoqona tuyulmaydimi ularga?
– Ajabmas, – deyman, – bizda aynan shunday tuyulishi mumkin, lekin Frantsiyada emas.
– Yozuvchi, yozuvchi! – deydi u ijirg‘anib. – Hali ular seni risolagiday kutib olishlaridan xomtama bo‘larsan ham. Shu zamonda kimning ham ko‘zi uchib turibdi sizlarga!.. Tilyog‘lamalik qilmay menga to‘g‘risini ayt-chi… Deylik, sen kitob do‘konidasan… Yuzlab, minglab kitoblar shiftgacha qalashib yotgan javonlarga ko‘zing tushadi. Shunga shama qilyapsan, to‘g‘rimi? Ularni chang bosib yotgani yetmaganday, kamina yangisini insho qilayotgan bo‘ladi. Gavjum bozorda sarxil meva-sabzavotlarga to‘lib ketgan uzundan-uzun rastalarning bir chekkasida chirigan kartoshkasini o‘tkaza olmayotgan dehqonning holiga tushaman, topdimmi?
– Aqlingga balli! – palag‘da tovushda xiringlaydi u.
– Baxtimizga, – deyman e’tiroz bildirib, – haliyam kitob xarid qilib o‘qiydiganlar topilib turadi.
Shunda “oshnam” Sk’yassi engashib boshmog‘imni obdon tomosha qiladi.
– O‘zingning kosibing bormi, deyman?
Uning boshqa mavzuga ko‘chganiga shukr qilaman. Zotan, o‘zing haqingda achchiq haqiqatni eshitishdan yomoni bo‘lmasa kerak.
– Qo‘li gul ustam bor. U tikkan pishiq-puxta va qoshiqday bejirim tuflilar uncha-bunchaga yeyilmaydi.
– Qandini ursin! – deydi “oshnam”. – Lekin garov o‘ynaymanki, u ham sen qatori pul topadi.
– Bo‘lishi mumkin.
– Axir shu ham insofdanmi?
–Kim bilsin. Nafsilamrini aytganda, bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekanman.
– Meni tushun, – hech past kelmasdi u, – yozganlaring menga yoqmaydi demoqchimasman. Shaxsan senga zig‘irchayam xusumatim yo‘q. Hamma gap shundaki, sen va yana minglab sendaqalar allanima-balolarni bichib-to‘qib kitob qilib chiqarasizlar. Ularni sotib olib o‘qiydiganlar topilib turganiga o‘laymi yana. Bundan hamyoningizga jaraq-jaraq pullar kelib tushyapti-ku! Kitoblaringizni reklama qilishyapti, tanqidchilar ketma-ket risolalar yozib, ular ham nashr etilmoqda.. Ularning turgan-bitgani uydirma-ku! O‘zingga ham g‘irt bema’ni tuyulmaydimi bular?! Tag‘in bizning asrimizda — atom va sun’iy yo‘ldoshlar asrida-ya!… Seningcha bu mashmasha qachongacha davom etishi mumkin?
– Bilmadim. Ehtimol, sen haqdirsan, – deyman batamom tushkunlikka tushib.
– Gapning po‘stkallasi, kimgayam keragingiz bor o‘zi?! – dedi gapidan zavqlanib Sk’yassi. – Adabiyot, san’at – chiroyli va jarang-dor so‘zlar, xolos! Hozir san’at – narsa. Ayni paytda qanaqangi san’at odamlar qalbida zavq-shavq uyg‘otishini bilasanmi? O‘zing guvoh, hammayoqni bemaza laparlar-u, tumtaroqli she’rlar, vag‘ir-vug‘urlaru, qiyqiriqlar tutib ketgan. Keng iste’mol mollari deysan! Mana shon-shuhrat qayerda! Sen bo‘lsang aqlni peshlab, teran mushohadaga undaydigan mumtoz asarlar yozib yuribsan. Omadi gap, tunu kun qog‘oz qoralab nimagayam erishding?! Eng iste’dodsiz jaz mashshog‘iyam seni bir cho‘qishda qochiradi. Hozir tomoshabinga bir zumlik ehtirosli lazzat bag‘ishlaydigan to‘pori san’at kerak, chunki unda uquvga ham, qobiliyatga ham hojat qolmaydi.
Uni ma’qullagan bo‘lib, bosh irg‘ab qo‘yaman. Qani endi unga e’tiroz bildira olsam. Lekin “oshnam” ga bu ham kamlik qilayotgandi.
– Qirq yillar ilgari san’atkor el-yurt ardog‘ida edi. Hozir-chi, hozir!… Shikast-rext yetmagan bitta-ikkita osori atiqani aytmasa. Xeminguey, Stravinskiy, Pikasso kabi salaflarning zamoni o‘tib ketdi… Yo‘q va yana yo‘q, bu safar sizning oshig‘ingiz pukka tushgan… Sen abstrakt-san’at asarlari ko‘rgazmasida bo‘lgansan, ularni san’atshunoslar qanday tahlil qilishiniyam bilasan. Axir shu ham san’atmi, aji-bujining o‘zginasi-ku! Matoga naridan-beri bo‘yoq chaplab, uni bir, hatto ikki millionga pullashning uddasidan chiqayotgan qalloblarning firibi emasmi bu?! Engak qoqayotgan bemorning akashak qo‘li tortgan chiziqmi, deysan. Siz ijodkorlar bir yoqqa, muxlislaringiz boshqa yoqqa tortmoqdasizlar aravani. Oxiri bir-biringizdan shunchalik olislab ketasizki, … Ayyuhannos solasiz, jonholatda baqirasiz, lekin dodingizni it ham eshitmaydi.
Ahyon-ahyonda ro‘y berib turadigandek shu on isliqi ko‘cha uzra nimadir uchib o‘tdi. Havo “qilt” etmaydi, shundanmi, borliqqa atir-upalarning emas, balki benzin va achigan narsalarning qo‘lansa isi o‘tirib qolgan, chor-atrofdan kuy-qo‘shiqlarning o‘rniga, u yoqdan-bu yoqqa g‘izillab o‘tayotgan mashinalarning ovozi quloqqa chalinadi.
Tahayyurimdagi tushunuksiz u-bu narsa inja tuyg‘ular va totli xotiralar bilan yo‘g‘rilgan ta’rifu tavsifga bo‘y bermas ro‘yolarga o‘xshab ketgandek bo‘ldi.
– Harholda… – deyman shunda, nafratimni ichimga yutib.
– Nima “har holda?” – deydi u kuydirilgan kalladay tirjayib.
– Harholda baholiqudrat yaratayotgan asarlarimizni hech kimsa o‘qimayotgan, ko‘rgazma zallari huvillab yotgan, san’atkorlar san’-atini bo‘m-bo‘sh o‘rindiqlar qarshisida ijro etishayotgan bir paytda ham ijodimiz mahsuli, yo‘q, yo‘q, men o‘zimni emas, balki shu ishning etagidan tutib nonini halollab yeyayotgan ijodkorlarni nazar tutyapman.
– Dadilroq, ha, bo‘sh kelma! – Meni o‘yib-o‘yib olardi “oshnam”.
– O‘sha sen “safsata” deyayotgan hikoyalar, aji-buji rasmlar, o‘sha sen satta tushunuksiz va ahmoqona hisoblayotgan kuy-qo‘shiqlar abadul-abad ma’naviyatimizning benazir mulki, insoniy qadriyatlarimizning yorqin timsoli bo‘lib qolaveradi.
– Menga aql o‘rgatyapsanmi? – tutaqib ketdi Sk’yassi. O‘zimni tutib turolmadim. Asablarim qaqshab, nimadir yoqamdan bo‘g‘a boshladi.
– Ha-ha! Balki sen buni g‘irt telbalik dersan, lekin san’at hamisha bizni hayvondan ajratib turuvchi mezon bo‘lib qolaveradi. Bu yerda uning samaradorligi yoki besamarligi muhim rol o‘ynamaydi. Ehtimol, adabiyot va san’at atom bombasi, sun’iy yo‘ldoshlar hamda olisga uchuvchi raketalardan anchayin besamardir. Ammo-lekin ro‘zi mashharda, ha, mana shu telbaliklarning bariga so‘nggi nuqta qo‘yiladigan kunda bani basharning haqir qurt-qumursqalardan mutlaqo farqi qolmaydi. Zotan qumursqa uyasi bilan eng zamonaviy texnika o‘rtasidagi masofa shunchalik qisqarib…
– Aytmoqchisanki, syurrealizm yo‘lida yozilgan o‘n qator she’rning misralari orasichalik ham…
– Ha, ha, bir qarashda bema’ni, g‘alati tuyuladigan, nari borsa besh misra she’rdan, demoqchisan-da… She’r yozish, agar bilsang, hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi, shunday ekan, sendaqalar she’riyatni qayerdan ham tushunsin! Balki poeziyani men ham teran anglab yetmasman. Modomiki…
Shunda “oshnam” zavq-shavqqa to‘lib kula boshladi, uzoq yoyilib kuldi, endi uning kulgisi beg‘araz, samimiy edi. Men bo‘lsam tahayyur barmog‘ini tishlab qolgandim.
U kiftimga salmoq bilan urib qo‘ydi.
– Nimani nazarda tutyapsan? – deyman g‘uldirab.
– Hech narsani, hech narsani, –deydi Sk’yassi.
Uning chuvak yuzlari botinidan taralayotgan savqi tabiiy nurdan yorishib ketgandek bo‘ldi. – Bundoq qarasam, suvga tushgan mushukka o‘xshab turibsan. Nima balo, hammasiga qo‘l siltab yuborganmisan deyman. Mendan yozg‘irib yubormagin tag‘in, seni shunchaki g‘aflatdan uyg‘otmoqchi edim, shu xolos.
To‘g‘risi, xuddi qaytadan tug‘ilgandek his qildim o‘zimni: menda anchayin erkin, baqadri imkon ishonch paydo bo‘ldi. Sigaretamni chekib tugatgunimcha Sk’yassi arvoh yanglig‘ yitib ketgandi.
Rus tilidan Ilhom Hafizov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 6-son.