Tozi deganingiz allambalo it-da — ovuldan bir to‘p otliq chiqdi deguncha hoziru nozir. To‘s-to‘polonda ergashib olganini sezmay qolasiz, endi uni haydab, orqasiga qaytarib bo‘psiz, do‘q-po‘psalaringiz bir pul — bari-bir ketmaydi, go‘yo hayiqqanday chetga chiqib, lo‘killab ketaveradi. Rostdan ham tozilar g‘alati maxluq — ularga dala-dasht bo‘lsa, shovqin-suron bo‘lsa, odam gavjum bo‘lsa bas, shunday paytlarni kutgani-kutgan; ehtimol shuning uchun ham ovchi it deyilsa kerak…
Elomon itning ketidan quvib Ko‘lgacha chopib bordi. U dafn marosimida so‘yish uchun mo‘ljallangan ikki yashar navvosni boylab berishda xotin-xalaj, qari-qartang bilan birga ketayotgan akasi Turmanga qarashib yurganida tozi iti Uchar olomonga ilashib, azza-bazza safarga otlanib qolibdi: quvonchi ichiga sig‘may u yoqdan-bu yoqqa chopadi, hali buni, hali uni hidlab-hidlab qo‘yadi, butalar atrofida sakrab-sakrab, goho bir zum to‘xtab, hurib ham qo‘yadi, odamlarni safarga tezlaydi. Elomon itining otini aytib ham, avrab-aldab ham qancha chaqirmasin, bari befoyda ketdi. Odamlarning ovga emas, balki ta’ziyaga — kennoyisi Olmoshning qo‘shni qishloqda to‘satdan vafot etib qolgan o‘n yetti yoshli singlisining janozasiga borayotganlarini aqlsiz it qayoqdan bilsin, deysiz; buni biyalarga, ho‘kizlarga minib olganlar orasida chopqir otli bironta ham yosh yigit yo‘qligidan bilib olsa ham bo‘lardi. Issiqko‘l atroflarini makon tutgan barcha erkaklar, jamiki eng yaxshi otlar, qurol ko‘tarishga qurbi yetadigan qirg‘izman degan yigit borki, barisi, o‘sha kuni uzoqda, tog‘larning narigi tomonida, bu yerdan uch kunlik yo‘l bo‘lgan Tolchuy vodiysida bosqinchi jung‘or lashkarlari bilan jon olib jon berib jang qilayotganiga tozi itning aqli yetarmidi! Mana, besh kundirki, Tolchuy vodiysidan hech bir xabar yo‘q. Ahmoq it, sarang it — butun bir xalqning taqdiri ne kechgani noma’lum bo‘lib turgan bir paytda qanday odam ov haqida o‘ylay olardi?
Aslini olganda, odamlarning g‘am-tashvishlari it uchun bir pul, urush, ayriliq, o‘lim, umuman inson bolasining g‘urbatlari bilan itning nima ishi bor; qani edi, uning oldidan lip etib quyonmi, tulkimi chiqa qolsa-yu, to‘zg‘itib quva ketsa, bunday onlarda otliqlar ham tozidan qolishmaydi – jonini jabborga topshirib, o‘lganiga qaramay o‘lja ketidan ot solishadi…
Tozi toqati toq bo‘lganidan o‘qtin-o‘qtin g‘ingshib-g‘ingshib qo‘yar, goho hammaning oldiga o‘tib, qisqa-qisqa hurar, sakrab-sakrab odamlarni gir aylanib “bunchalik imillamasanglar” degandek, shoshilishga undar, “tezroq yuringlar”, degan da’vati shunday ko‘zidan, butun borlig‘idan ko‘rinib turardi. Lekin sira Elomonga tutqich bermasdi. Itga qo‘yib bersa, qani edi, suvoriylar Uchar ketidan otlarini choptirsalar, uzangilarida tik turib qiy-chuv solsalar, yov ketidan quvganlaridek shovqin-suron ko‘tarsalaru butun borliq ov zavq-shavqi bilan yashasa. Tozi hammani ana shunday ov nash’asini surishga chorlardi…
E-voh! Odamlar ovga emas, janozaga ketishayotgandi. Cholu kampirlar g‘am-alamdan boshlarini xam qilib, jigarlari Sengirboyning kelini Olmoshning boshiga tushgan kulfatga sherik bo‘lib, qondoshlik burchlarini o‘tash uchun ketishayotgan edi. Shu bois qora tozi it Ucharga hech kim e’tibor bermasdi. Shum xabar urug‘doshlar uchun eng og‘ir va xatarli bir paytda yetib keldi. Ular bundan, bor-yo‘g‘i olti oy burun Sengirboyning hurmati deb emas, — axir, u kim bo‘libdi, — balki Olmoshning eri, hozir Tolchuy vodiysida ulkan qirg‘in-barot jangda qatnashayotgan Qo‘ychimanning hurmati, eng muhimi, ushoq qashshoq bo‘ziylar urug‘ining faxri, buyuk o‘tovsoz usta Sengirboylar oilasiga kelin bo‘lib tushgan Olmoshning hurmati uchun tishlarini-tishlariga qo‘yib chidayotgan edilar bu ovoragarchiliklarga. Sengirboy bobo esa, mana, uch kun bo‘libdiki, turolmasdan yotibdi — cholni ko‘pdan beri yuragi bezovta qilardi, qudalar tarafdan kelgan sovuq xabar ustani yiqitdi — Sengirboylar kelinining bir qorindan talashib tushgan singlisi — o‘n yetti yashar Ulqan dunyodan ko‘z yumibdi. O‘tovsoz usta qudalarining hurmati va urug‘doshlarning udumi, deb bo‘yiga yetgan qiz bolaning dafn marosimida ishtirok etish uchun shosha-pisha po‘stinini kiydi, o‘smir o‘g‘illaridan Turman bilan Elomon cholning ikki qo‘ltig‘idan ushlab hovlida egarlog‘liq turgan otga tomon yurishayotgan edi, Sengirboy bobo o‘tov bo‘sag‘asidan o‘tishi bilanoq yuragini changallab qoldi, oyog‘ini uzangiga solishga ham ulgura olmadi. Og‘riqdan ingrab, otning yoliga yopishganicha, oyoqda bazo‘r turib yiqilgudek chayqaldi.
Shunda urf-odatga ko‘ra, butun ishlarni xotini Kerto‘lg‘a-zaifa o‘z qo‘liga oldi. Kampir lozim bo‘lsa, hamma ishni joyiga qo‘yadi. Kerto‘lg‘a-zaifa cholini o‘g‘illari yordamida uyga olib kirdi, yechintirdi, tezgina o‘rniga yotqizdi va o‘tovsozga dedi:
— Usta, qudalarnikiga janozaga bora olmasangiz, Xudo ko‘rib turibdi, o‘zi kechiradi. Bu ishni menga topshiring. Sizdan keyin bu uyning kayvonisi men endi, vaqti kelar, bo‘zuay urug‘imizning urug‘ onasi ham men bo‘laman. Motamda yig‘lash uchun bo‘zuyliklarga men bosh bo‘lib borsam, qudalar xafa bo‘lishmas. Hozir xafa bo‘lishning mavridi emas — Tolchuy vodiysida nimalar yuz berayotganini hech kim bilmaydi: o‘g‘illarimiz g‘alaba bilan qaytishadimi, xudo biladi. Hozircha hech xabar yo‘q — hamma yuragini hovuchlab turibdi. Siz xudodan tani sog‘liq so‘rang, jang qilayotganlarga omad tilang! O‘zingizni ehtiyotlang, siz bo‘zuyliklarning boshchisisiz, mening uchun esa, uch bolamning otasi, eng ulug‘ odamsiz. Mana shu musibatli xizmatni ado etishni menga ishoning. O‘rningizdan turmang, yoting. Elomon sizga qarab turadi, biz hammamiz yo‘lga otlanamiz.
Shunday gap so‘z bo‘lib o‘tdi. Bu gaplardan keyin ran-gida rang qolmagan, yuzini ter bosgan o‘tovsoz usta Sengir-boy boshini yostiqdan ko‘tarmasdan eshitilar-eshitilmas dedi:
— Sen haqsan, kampir. Men borolmagach, sen borishing kerak. Sen bo‘zuyliklarning barini ergashtirib bor. Kelinimiz Olmosh qarindosh-urug‘lari orasida yolg‘izlanib qolmasin. Uzoqdan yig‘i beringlar, hamma eshitsin, barcha bo‘zuyliklarning yig‘laganini xalq bilsin, ovozlaringni baland ko‘tarib girya qilinglarki, qudalarimiz kuyovlari Qo‘ychiman bilan o‘lim to‘shagida yotgan katta quda — mening yo‘qligimni sezishmasin. Bilib qo‘yinglar: hammamiz inson ekanmiz, urush qancha dahshatli bo‘lmasin, o‘lganlarni hurmat-izzat bilan dafn etishni unutmasligimiz kerak…
Shu ravishda, ushoq bo‘zuy urug‘idan bo‘lgan bolali ayollar, chol-kampirlar yo‘lga chiqishdi, ularning butun qalbi jungor o‘yrotlari bilan bo‘layotgan jang nima bilan tugarkan, deb bezovta edi. Hamma o‘sha tomonda, Tolchuy vodiysida nimalar sodir bo‘layotgani haqida o‘ylardi: nega, hech xabar yo‘q? Nega, hech kim hech narsani bilmaydi? Urug‘ning, xalqning or-nomusini saqlab qolish uchun yigitlar qirg‘in-barotga yuz tutib ketishgan. Ular ko‘ngillari g‘ash, zo‘r xavotirda jo‘nab ketishgan.
Ucharni tutib, bo‘yniga kamarini solish Elomon uchun oson bo‘lmadi — tozining odamlarga qo‘shilib ketib qolishi hech gap emas edi-da! Shunda ham Uchar bo‘ynidagi bog‘ichi bilan olg‘a intilar, bo‘shab ketishga urinardi. Lekin itni qo‘yib yuborish mumkin emas — yot joylarda tozini ovul itlari galasi g‘ajib tashlagan bo‘lardi. Albatta, shunday bo‘lardi.
Elomon Ucharni bo‘ynidan ushlab turar ekan, nima deyishini bilmay turib qoldi. Janozaga ketayotganlarga “Yaxshi borib kelinglar” deyishmaydi-ku! Onasi oti ustida jilovni tortib turar ekan, o‘g‘liga: nega serrayib turib qolding? Tezroq uyga borsang-chi! — dedi qovog‘ini solib. – Otangga qara, eshityapsanmi? Oldidan bir qadam ham ketma, uqdingmi?
Elomon “tushundim” degandek bosh irg‘adi. Onasi aytganlarining hammasini qiladi. Elomon onasiga, uning bug‘doyrang, ajinlar bilan qoplangan g‘amgin qarimsiq yuziga boqar ekan, kampirning hozirgiday tashvish tortganini hech eslay olmaydi. Elomon onasiga qarab dedi: “Ko‘rgiliklarimiz bor ekan, endi siz ketavering. Biz uchun g‘am yemang. Men endi yosh bola emasman-ku! hamma tayinlaganlaringizni qilaman. Otamdan bir qadam nari jilmayman. Faqat Qo‘ychiman akam ot ustida uzangisiga oyoq tirab omon kelsa bas. Jasadini egarga o‘ngarib kelishmasa bo‘lgani. Ilohim, barcha yigitlar ot ustida o‘zlari tik turib kelishsin, egarga bo‘ktargi qilib ko‘ndalang yotqizib kelgilik etmasin! Otam bilan men haqimda tashvish tortmang, sizning buyurganlaringizning hammasini qilaman”.
Kerto‘lg‘a-zaifa tizginni tortib turar ekan, qora tozi iti bilan yolg‘izoyoq yo‘lda qolgan kenjatoyiga ko‘z qirini solar ekan, to‘satdan yuragida og‘riq paydo bo‘ldi, xayolidan shunday o‘ylar kechdi: bu hali bola-ku, otasi nima bo‘larkan, akasi Qo‘ychiman salomatmikan yoki o‘yrotlarning nayzasidan yer tishlab qoldimikan? Cholimning, o‘g‘illarimning holi ne kecharkan, barcha-barchasining, el-yurtning boshiga qanday kunlar tusharkan? Ana shu dahshatli o‘y-xayollarini bildirib qo‘ymaslik uchun g‘o‘ldiradi:
— O‘g‘lim, ovulga chop, seni va otangni Tangriga topshirdim. Sal yurgach, yana to‘xtadi – borishing bilan otangga haligi o‘tdan damlama qilib ichir…
— Xo‘p bo‘ladi, darrov damlama qilib beraman, — deb onasiga va’da berdi.
Kampirning bu gaplarga ko‘ngli to‘lmadi shekilli, dorini tayyorlash yo‘llarini tushuntira ketdi:
— O‘tning ustiga vaqirlab turgan qaynoq suv quyib damlab qo‘yasan, sal sovigandan keyin otangga berasan, terlaguncha ichsin, shundan keyin ko‘kragi bo‘shab yengil tortib qoladi.
— Mening gaplarimni uqdingmi, tushundingmi? — deb qayta-qayta so‘radi o‘g‘lidan Kerto‘lg‘a-zaifa.
Aytganlarining hammasiga o‘g‘lining tushunib olganiga ishonch hosil qilgach, boyvuchcha boshqalar ketidan otiga qam-chi bosib ko‘l bo‘ylab ketdi. Lekin sal o‘tmasdan u yoq-bu yoqqa alang-jalang qarar ekan, yana to‘xtadi-da otdan tushdi:
– Elomon, bu yoqqa kel, bolam, – deb o‘g‘lini chaqirdi. – Otni ushlab tur, men Ko‘lga sig‘inib olay. Ketdik.
Kampir shunday dedi-da ko‘lga yuzini burdi va shoshilmasdan ko‘lga qarab salobat bilan tantanovor qadam tashladi. Qattiq shamollar turganda to‘lqin-to‘lqin bo‘lib uyulib qolgan top-toza qizg‘ish mayda qum ustidan yurdi. Boshiga surpdan sallaga o‘xshatib tomog‘igacha qattiq o‘rab olgan oppoq qorday katta elachakdan boyvuchchaning faqat yuzi ko‘rinardi; elachakda kampir biroz yashargandek tuyulsa-da, chakkasidan oq sochlari ko‘rinib turardi. Boyvuchcha qarisa ham jismonan hali baquvvat, hatto xushbichim edi. Olmoshni kelin qilib tushirgungacha butun tirikchilikni o‘zi qilar edi-da — to‘rtta erkak: uch o‘g‘il bilan eriga qarashning o‘zi bo‘lmaydi, uy ishlarida esa, erkaklarning foydasidan zarari ko‘proq.
Ko‘l yoqasidagi qum ustida ohista oyoq bosar ekan, Kerto‘lg‘a-zaifa dunyo va oila tashvishlarini bir zum unutgandek, fikrini jamlab, ko‘lga qarab yurdi-da, qandaydir hayajon va ruhiy ko‘tarinkilik bilan o‘ynoqi moviy suv yuziga, uzoq-uzoqlarda bo‘zarib turgan qorli cho‘qqilarga, tog‘ tepalaridagi xira bulutlarga nazar tashladi. Bularning hammasi odam uchun makon qilib yaratilgan zohiriy bir keng dunyo, iloh kabi qudratli, uning yerdagi timsoli kabi hayotbaxsh dunyo ediki, bani bashar ana shu dunyo izmida bo‘lib kelgan.
Kerto‘lg‘a-zaifa ko‘pirib kelib-ko‘pirib qaytib turadigan qirg‘oq to‘lqini yetar-etmas joyda mayda shag‘allar ustida to‘xtadi. Elomon ham bir qo‘li bilan otni yetaklab, ikkinchisida tozisini ushlab shu yerga keldi. Ona cho‘kka tushib o‘tirdi, o‘g‘li ham cho‘kkaladi; shundan keyin kampir sekin va ohista pichirlab Ko‘lga yolvora boshladi:
— Ey, Issiqko‘l, sen Yerning ko‘zisan, sen har doim osmonga boqib turasan. Men senga iltijo qilaman, sen — mangu, muzlamaydigan Issiqko‘lsan, men Ko‘kka, hokimi taqdir bo‘lmish Tangriga munojot qilaman, Tangri sening qa’ringga nazar tashlaganda mening o‘tinchlarimni bilib olajak.
Ey Tangri, xatarli va dahshatli damlarda o‘yrotlarga qarshi kurashda bizga kuch-qudrat ber. Tog‘laringda sening ne’matlaringdan tatib, yaylov-o‘tloqlaringda chorva mollarini boqib kun ko‘radigan olti aymoqli qirg‘iz xalqimizni o‘zing asra. Bizning o‘choqlarimizning o‘yrot otlari tuyoqlari ostida toptalishiga yo‘l qo‘yma. Odil bo‘l — ayovsiz ochiq jangda bizga g‘alabangni darig‘ tutma. Huv, anavi tog‘lar ortida, Tolchuy vodiysida nimalar bo‘layotganini bilmaymiz. Na bir xabar bor, na bir chopar bor jang maydonidan — kutaverib ko‘zlarimiz teshildi, yuraklarimiz adoyi tamom bo‘ldi. Nimalar bo‘lyapi? Bizlarni ertaga nimalar kutyapti? Tangrim, dushman bilan ayovsiz jang qilish uchun ketgan yigitlarning jonlarini omon saqla. Bizlarga ularni egar ustida ko‘rishni nasib et, jasadlari otlariga ortib kelgulik qila ko‘rma, iloyim.
Mening ibodatimni eshit, men uch o‘g‘ilning onasiman…
Elomon ham cho‘kka tushib, bir qo‘li bilan tozisi Ucharning bo‘ynidagi kamardan, ikkinchi qo‘li bilan esa yoldor jiyron biyaning tizginidan tutib turardi. U ko‘l yuzasining nafas olgandek bir pasayib, bir ko‘tarilib turgan qoramtir sag‘risiga ahamiyat berdi. Ko‘l hozir sokin edi, suv yuzasi mayda to‘lqinlar yolqinida jonlanib yotardi. Uzoq cho‘zilgan qishning adog‘ida, bahor boshlarida Issiqko‘l sohili ovloq qolgandek, o‘t-o‘lansiz edi — to‘qaylar ship-shiydam, quruq xas-cho‘plar fayzsiz; na bir o‘tov bor, na bir otliq, na ko‘ch-ko‘ron, na dalada mol podalari…
Biroq Issiqko‘l bo‘yida qishlab qolgan o‘tar qushlar bahor hididan yangi o‘lkalarga yo‘l olish payti yaqinlashib qolganini sezib, ko‘l ustida to‘p-to‘p bo‘lib ucha boshlaydilar, ulkan galalarga uyushgan qushlar esa tog‘ etaklari bo‘ylab parvoz qilib, tez uchish mashqini oladilar. Qayoqqa qaramang, qushlarning shodon qichqiriqlari va ovozlari yog‘duli bahor havosida uzoq-uzoqlarga taraladi.
Mana, yaqinginada bir qiziloyoqli, kulrang g‘ozlar galasi shiddat bilan uchib o‘tgani ko‘zga chalindi. G‘ozlar bebosh shovqin ko‘tarib, ovozlarining boricha g‘aqillab shunday past uchib o‘tdilarki, qanot patlarining shovullagani ham eshitilib turdi. Elomon ko‘l ustida uchib yurgan bir necha gala o‘tar qushlarni ko‘rdi. Bular g‘ozlarmi, o‘rdaklarmi, oqqushlarmi yoki uzunoyoq ochpushti qizilg‘ozlarmi — bola farqlay olmasdi. Chunki bu qushlar juda uzoqda va balandda to‘p-to‘p bo‘lib uchib o‘tardi. Faqat ularning chug‘ur-chug‘uri ba’zan aniq eshitilsa, ba’zida elas-elas quloqqa chalinardi. “Demak, bu qushlar ertami-indin uchib ketadi”, deb o‘ylab qoldi bola.
Onasi esa, dildagi butun dardini aytib, jon-jahdi va ehtiros bilan Ko‘k Tangriga tavallo qilardi. U eri — buyuk o‘tovsoz Sengirboyga rahm-shafqat etishini so‘radi, axir ustaning dardi tobora kuchayib borayotir, hatto bugun otga ham mina olmadi.
— Tangrim, otamiz, qo‘li gul ustaning jonini omon saqla, – dedi u. – Bizning diyorimizda o‘tovsoz Sengirboyning qo‘li bilan yasalmagan bironta o‘tovni topish amri mahol. Uning o‘z umrida qancha o‘tov yasaganini hech kim bilmaydi! Axir, hech kim boshpanasiz yashay olmaydi – yosh ham, qari ham, boy ham, kambag‘al ham, qo‘ychivon ham, biya sog‘uvchi ham!
U yana Tangridan nevaralar so‘radi, yana qanchadan-qancha iltijolar qildi… Axir, odamning orzu-havasi, dardu alami kam deysizmi bu dunyoda…
Qordan choyshab yopingan qoyali tog‘lar orasida osmonga ko‘z qadagan buyuk ko‘k ko‘l suvi tinim bilmas, jonli maxluqday to‘lg‘anar, o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib, yana yo‘qoladigan ulkan erinchoq to‘lqinlarni bag‘rida erkalar edi. Obi ombor kechasi bo‘ron ko‘tarish uchun ummon yanglig‘ kerishib kuch yig‘ayotgandek edi. Hozircha esa, shaffof ko‘l ustida, uning bahor quyoshini emgan zilol suvlari tepasida dunyo bo‘ylab yangi uzoq va xatarli safarga otlanadigan payt yaqinlashayotganini sezgan o‘tar qushlar hamon yuksaklikda chappor urar, hamon jo‘rovoz bo‘lib, jar solib osmonni boshiga ko‘tarardi.
Ona bo‘lsa hamon astoydil, butun borlig‘i bilan munojot qilardi:
— Tangrim, eshit, o‘zimning oq ona sutim hurmati-la, yolvorib o‘tinaman! Senga, buyuk hokimi taqdirga — Ko‘k Tangriga iltijo qilish uchun biz bu yerga, sening Yerdagi ko‘zingga — muqaddas Issiqko‘lingga keldik. Mana men, mening yonimda o‘g‘lim Elomon — mening kenjatoyim, endi men na yaxshi, na yomon farzand tug‘a olaman, faqat sendan so‘raganim shuki, mening erkatoyimga otasi Sengirboyning ustaligini ber, o‘zining ustalikka ebi ham bor… Kenjatoyim akasi Qo‘ychimanga o‘xshab — “Manas” aytmoqchi. Bu iltijomni ham ijobat qil, eng avvalo va eng muhimi, unga azaliy So‘zning qudratini ato et — o‘sha So‘z ildiz otgandek jon va tan bilan chirmashib ketsin, u So‘zni — ajdodlardan avlodlarga o‘tadigan, o‘z bolalari va nevaralari uchun qoladigan So‘zni asrab-avaylasin, ajdodlar qirg‘iz nomini olgan davrdan yetib kelgan So‘zni o‘zida jo qila oladigan kuch-qudrat ber unga…
Men uch o‘g‘ilning onasiman, Tangrim, mening iltijolarimni qabul qilgaysan. Odam bilan doimo yonma-yon yashaydigan tilsiz maxluqlar — o‘g‘limning o‘ng tarafida turgan va manaman degan yirtqichni quvib yetadigan bizning tozi itimiz Uchar ham, o‘g‘limning chap tarafida turgan, biron marta qisir qolmagan jiyron biya ham bizlar bilan birga o‘tinib so‘raydi Sendan…
Elomonga shunday tuyuldiki, onasi garchi pichirlab, eshitilar-eshitilmas ohangda munojot qilgan bo‘lsa ham, uning so‘zlari hammani sehrlab qo‘ygan jo‘shqin xitob singari butun ko‘l bo‘ylab yangrab, hamma yoqqa yoyilib taralib ketdi; go‘yo uning so‘zlari ko‘l atrofidagi tog‘larda “Tangrim, menga quloq sol, mening so‘zlarimni eshit…” degan tashvishli va aniq aks-sado berdi.
Onasi otga minib, ko‘lning jiyagida kichkina to‘p bo‘lib uzoqlashib ketgan sheriklari ortidan shosha-pisha jo‘nab ketgandan keyin ham Elomon sevikli tozisi Ucharni ushlaganicha ancha vaqtgacha joyida turib qoldi. Bola hali o‘sha kunni, Ko‘lda onasi Tangriga iltijo qilgan o‘sha daqiqalarni umrida bir-ikki martagina emas, balki ko‘p martalab esga olajagini, xursandchilik onlarida ham, boshiga ish tushgan paytlarda ham yig‘lab eslayajagini, onasi Elomonning buyuk manaschi bo‘lishini Tangridan so‘ragani uchun, shuning sharofati bo‘lsa kerak, xalq uni “Momaqaldiroqdek guldiragan manaschi Elomon” deb atagani uchun taqdiridan rozi bo‘lajagini hali bilmasdi. U o‘zining yoshlik davri o‘yrotlarning bosqinchilik yillariga to‘g‘ri kelishini, qirg‘izlarning “Manas”ni Elomon ijrosida ovloq daralarga yashirinib olib, yig‘lab eshitajaklarini xayoliga ham keltirmasdi. Elomon “Manas” aytishga kirishishdan avval onasining Ko‘l bo‘yidagi duosini albatta eslayajagini, manaschi o‘g‘li Elomonni yashirgani uchun onasini o‘yrotlar o‘ldirajaklarini, dostonning yurakdan chiqqan boshlamasi Elomon uchun ham taskin, ham xalq ruhi buyukligi, ham xalqning umrboqiyligi kuylangan So‘zning go‘zalligi va teranligi ifodasi bo‘lajagi haqida o‘ylab ham ko‘rmagandi. U “Manas”ning Elomon og‘zidan chiqqan quyidagi so‘zlarini odamlarning butun vujudi quloqqa aylanib, nafas olishdan ham o‘zlarini tiyib eshitajaklarini bilmasdi:
“Qirg‘izlar, qirg‘izimiz, hammamizdan buyugimiz Manas haqida so‘z ochay.
O‘sha kunlardan to shu kunlargacha qancha kunlar qumday oqib ketdi, bir-birlarini quvib son-sanoqsiz tunlar o‘tdi qaytib kelmasdan, yillar va asrlar karvoni izsiz poyonsizlikda yo‘qoldi… Bu dunyoda o‘sha kunlardan buyon qancha jonlar kelib-ketdi, dunyoda qancha toshlar bo‘lsa shuncha odamlar, balki undan ham ko‘p odam kelib, ketgandir. Ular orasida buyuk kishilar, ko‘plar tanimaydigan kishilar ham bor edi. Yaxshi odamlar ham, yomon odamlar ham o‘tdi. Tog‘qomat polvonlar ham, yo‘lbarskelbat bahodirlar ham bor edi, alloma donishmandlar ham, qo‘li gul ustalar ham o‘tdi, qancha xalqlar kelib-ketdi, ularning faqat nomlari qoldi.
Kechagi bor narsa — bugun yo‘q. Bu dunyoga hamma keladi va hamma ketadi. Bu dunyoda faqat yulduzlar mangu turadi, mangu oyga qarab olam kezadi, faqat mangu quyosh abadiy Sharqdan chiqadi, faqat Yergina o‘zining abadiy o‘rnida turadi. Yerda faqat odamlarning xotirasi hammadan uzoq yashaydi, odamning umr yo‘li esa qisqa — qosh bilan qovoq orasicha. Odamdan odamga o‘tadigan fikrgina boqiydir; avlodlardan avlodlarga qoladigan so‘zgina abadiydir…
O‘sha kunlardan buyon o‘tgan vaqtda Yer o‘z qiyofasini ko‘p marta o‘zgartirdi. Tog‘lar yo‘q tekisliklarda o‘rkach-o‘rkach tog‘lar yuksaldi. Oldingi tog‘lar o‘rnida quruq dashtlar paydo bo‘ldi. Jarlar yemirilib sayxonliklarga aylandi; daryo-soylar oqib yotgan o‘zanlar tekislanib ketdi. Ayni vaqtda, yer ustida yomg‘ir-qor suvlari chuqurliklar — jarliklaru daralar hosil qildi. Dunyo yaratilgandan beri chayqalib turgan moviy dengizlar o‘z o‘rnini qumli cho‘llarga bo‘shatib berdi… Shaharlar qad ko‘tardi, shaharlar vayron bo‘ldi va choldevorlar o‘rnida yangi devorlar tiklandi…
O‘sha kunlardan bu kunlargacha so‘z so‘z tug‘di, fikr fikrga qo‘shildi, qo‘shiq qo‘shiqqa ulanib ketdi, ertak cho‘pchakka aylandi. Sanoqsiz dushmanlarga qarshi kurashgan qirg‘iz qabilalarining xaloskorlari bo‘lib qolgan Manas bilan uning o‘g‘li Semetey haqidagi doston bizga ana shunday yetib keldi…
Bu dostonda biz ota-bobolarimizning ovozini eshitamiz, ayni vaqtda, necha asrlar oldin uchib o‘tgan qushning yuksak parvozi, tulpor tuyoqlarining allaqachon so‘ngan dukur-dukurlari, dushmanlar bilan yakkama-yakka olishgan botirlarning hayqiriqlari qulog‘imizga keladi. Yig‘i ovozlariyu g‘alaba suronlari quloqqa chalinadi. Ana shu so‘zimizda o‘tmish hayot tiriklarning ko‘z oldida, tiriklarga hamdu sano aytish, tiriklarni sharaflash uchun yana namoyon bo‘ldi…
Alqissa, biz buyuklardan buyuk Manas haqidagi va uning jasur o‘g‘li Semetey to‘g‘risidagi dostonimizni boshlaymiz — tiriklarga hamdu sano aytish uchun, tiriklarni sharaflash uchun…”
Bu bolakay o‘zining Xudoning marhamati ila qirg‘izlarning jung‘orlarga qarshi hayot-mamot kurashining jarchisi bo‘lib qolajagini hali bilmasdi, u o‘z boshi uchun dushman mingta tulpor va’da qilajagini, xoinlar ushlab bergach, qozoqlarning jazirama cho‘lida butun tanasi chavaqlanib, ko‘zlari o‘yilib, qiynoqlarda o‘lajagini hali xayoliga ham keltirolmasdi. Axiri, qoniga belanib, tashnalikdan jon berayotgan so‘nggi onlarda yana mana shu kunni, shu soatni, shu Ko‘lni — onasi iltijo qilgan Ko‘lni; uzoq o‘lkalarga uchib ketish uchun to‘plangan ana shu qushlarni yana esga olajagini va bularning hammasini o‘ngidagidek ko‘z oldiga keltirgach, “Onajon ”degan xitob bilan jon berajagini hali bilmasdi.
Bularning hamma-hammasi — shon-shuhrat ham, kurash ham, halokat ham oldinda edi…
hozir esa, u Issiqko‘l yoqasida, onasi sajda qilgan joyda tozisi Ucharni o‘z qo‘lidan chiqib, odamlar ortidan chopib ketmasligi uchun bo‘ynidan qattiq ushlab turar edi. U birdan kasal otasi esiga tushib, shoshilib qoldi.
— Ketdik, Uchar, ketdik, — dedi u itiga buyruq bergandek va tog‘ yonbag‘ridagi ovulga qarab shosha-pisha yura ketdi. Ko‘ldan uzoqlashganda ham qush galalarining betinim chag‘ir-chug‘ur, g‘oq-g‘oq ovozlari quloqqa chalinib turdi…
* * *
O‘sha kechasi tong saharda kenjatoy Elomonning ko‘zi oldida buyuk o‘tovsoz Sengirboy foniy dunyodan ko‘z yumdi. Otasining oxirgi daqiqalarida xirillab, nafasi tiqilib g‘aliz aytgan so‘zlarini deyarli tushunib bo‘lmasdi. Lekin bola titrab-qaqshab va yig‘lab otasining yuziga egilib turar ekan, o‘choqdagi olovning nim yorug‘ida chol lablarining harakatidan otasining nima demoqchi bo‘lganini payqadi. bola ikki so‘zni tushundi:
— Tolchuyda… nima..
Tushundi-yu, labini tishlab yig‘lab yubordi, so‘ngra qattiq ho‘ngradi va o‘zini yig‘idan tiya olmasdan dedi:
— Yo‘q, ota, hech qanday xabar yo‘q! Men sizga qanday yolg‘on gapiray! hech darak yo‘q. Men bir o‘zimman. Eshityapsizmi? Men qo‘rqyapman. O‘lmang, otajon, siz o‘lmang. Tezda onam keladi, tezda onam keladi…
O‘g‘lining so‘zlariga ota tushundimi-yo‘qmi, Xudo biladi. Shu zahoti uning joni chiqib ketdi, ko‘zlari ochiq qoldi. Otasi jon taslim qilish bilan, yashin tezligida kelgan o‘lim cholning yuzini qo‘rqinchli tusga kiritib, butunlay o‘zgartirib yuborgani zahoti bola qo‘rqqanidan o‘tovdan otilib chiqdi va nima qilarini bilmay, vahimaga tushib, dod solib ho‘ngrab boshi oqqan tomonga chopa ketdi. Uchar ham nima bo‘lganini tushunmasa-da, dumini qisib, qo‘rqa-pisa Elomon ortidan chopaverdi. Elomon Issiqko‘lning to‘lqinlari mavjlanib yotgan qirg‘og‘iga yetganidagina o‘ziga keldi. Shu yerda u serrayib, turib qoldi.
Issiqko‘l o‘sha kecha junbushga kelib, shiddatli chayqalib, to‘lqinlarni o‘ynatmoqda edi. Biroq Elomonning qulog‘iga boshqa tovushlar — to‘xtovsiz qiy-chuv eshitildi. U Osmonga qaradi va nimqorong‘i osmonda son-sanoqsiz qushlar bulutini ko‘rdi. Beadad, tumonat qushlar. Qushlar Ko‘l ustida katta doira hosil qilib, aylanib uchmoqda, yo‘lda uchraydigan tog‘lar tepasidan oshib o‘tish uchun yuksaklikka ko‘tarilayotgan edi. Nihoyat, qushlar Ko‘l ustidan oxirgi marta aylanib uchib o‘tdi va turnaqator tizilishib, yanada balandga ko‘tarila borib Bo‘o‘m darasi tomon yo‘l oldi va dovondan oshib Tolchuy vodiysi yo‘nalishida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bola qushlar yiroq o‘lkalarga uzoq muddatga uchib ketganini, ularning Tolchuy vodiysidan o‘tishini, undan naridagi noma’lum va notanish yurtlarga borajagini tushundi va o‘zini qo‘lga olib, joni boricha qichqirdi:
— Bizning otamiz o‘ldi! Qo‘ychiman akamga aytinglar — otamiz vafot etdi! Otamiz o‘ldi, o‘ldi!..
* * *
Biz tog‘lar ustidan uchdik. Dovonga yetganimizda qattiq shamol turib, qop-qora bulutlarni qarshimizga haydab keldi. Oldin yomg‘ir tomchiladi, keyin ho‘l qor yog‘di, shalabbo bo‘lgan qanotlarimiz yaxladi, uchish qiyinlashdi. Bizning galamiz orqaga qaytdi. Biz hammamiz baqirib-chaqirib yana ko‘l ustida aylanib ucha boshladik, qanotlarimiz sergidi, aylanib uchganimiz sari yuksaklikka ko‘tarila bordik, so‘ng yana yo‘lga tushdik. Lekin bu gal shu qadar baland ko‘tarilib uchdikki, tog‘laru bulutlar juda pastda qolib ketdi, quyosh nurlari bizni quvib yetganda dovondan oshib o‘tgan edik, ostimizda uzoqda Tolcho‘y vodiysi keng yoyilib yotardi. Eh, rohatbaxsh Tolchuy, buyuk cho‘llarga tutashib ketgan go‘zal vodiy! Butun vodiy boshdan-oyoq quyosh nurlariga cho‘milib yotardi, yerni yashil maysalar gilami qoplagan, daraxtlarning novdalari esa, bo‘rtib, kurtak bog‘lagandi.
Vodiyning o‘rtasida ilang-bilan bo‘lib kumushrang Chuy daryosi oqib yotibdi, yo‘limiz xuddi shu daryo o‘zanidan o‘tishi kerak. Biz sog‘inganimizdan osmondan turib vodiy bilan o‘z tilimizda qiyqirib salomlashdik, so‘ng daryo bo‘ylab asta-sekin pasaya boshladik va yerga yaqinlashib bordik. Chunki sal narida daryo bo‘yida suvli qamishzor bor, qush karvonlarining ko‘ldan boshlangan doimiy buyuk yo‘lida biz birinchi marta ana shu yerga qo‘nib o‘tishimiz kerak. Bu yerda biz dam olishimiz, oziqlanib bo‘lgach, yana safarga otlanishimiz lozim. Biroq bu gal odatdagi joyga qo‘nib o‘tish nasib etmadi.
Galalarimiz qanotlari va dumlari yordamida parvozi sekinlashib, birin-ketin jonajon qo‘nim joyimizga yaqinlashganimizda qirg‘inbarot jang ustidan chiqib qoldik. Bu dahshatli bir manzara edi. Son-sanoqsiz odamlar, ming-minglab otliq va piyodalar shu yerda, bizning qo‘nim joyimizda jon berib-jon olishmoqda edi. Dahshatli hayqiriqlar, vahshiyona ovozlar, bo‘kirish-o‘kirishlar, na’ralar, chinqirishlar, ingrashlar, otlarning kishnashlari, pishqirishlari osmonu falakni qoplagandi. Keng maydonda odamlar bir-birlarini jahannamga jo‘natishmoqdaydi. Kishilar bir qarasang, na’ra tortib bir-birlarining ustiga nayza o‘qtalib yopirilishar, to‘qnashib qolganda bir-birlarini yerga yiqitishar, tiriklayin ustiga ot qo‘yar; bir qarasang, bir-birlaridan qochib uzoqlashar; bir qarasang, birovlar qochib ketayotgan bo‘lsa, boshqalari quvib ketardi. Kimlardir qamish orasida pichoq va qilich bilan jang qilib, bir-birini bo‘g‘izlar, qorinlarini yorardi. Qayoqqa qaramang, odamlarning jasadlariyu otlarning o‘liklari tog‘-tog‘ bo‘lib uyulib yotar, suv keng yoyilib oqqan joyda son-sanoqsiz murdalar daryo suvini to‘sib qo‘ygandi, qip-qizil qon aralash suv hamma yoqqa yoyilib, otlarning tuyoqlari ostida qon xalqoblarini hosil etgandi.
Bizning galalarimiz yuraklari orqaga tortib, sarosimaga tushib, gangib qoldi, osmonda qiy-chuv boshlandi, saflarimiz buzilib ketdi va hammamiz vahimaga tushib betartib bulutlar kabi bir joyda aylanib ucha boshladik. Ancha vaqtgacha o‘zimizga kelolmadik, bir-birlarini o‘ldirgan baxtsiz odamlar ustida birpas uchib yurdik, talay vaqtgacha galalarimizni to‘plash bilan ovora bo‘ldik, allavaqtgacha tinchiy olmadik. Oxir-oqibat, biz o‘sha yerga qo‘nib o‘ta olmadik, o‘sha mash’um joydan ketishga va safarni davom ettirishga majbur bo‘ldik…
* * *
Kechiringlar, o‘tar qushlar! Bo‘lib o‘tgan vahshiylik uchun kechiringlar, bo‘lajak vahshiyliklar uchun kechiringlar. Bani odam hayoti nima uchun shunday ekanini, nega ona zaminda shuncha o‘ldirilganlar va o‘ldirilayotganlar borligini men tushintirib bera olmayman, sizlar tushuna olmaysizlar… Kechiringlar, Xudo haqi, kechiringlar, musaffo kengliklarga safar qiladigan samoviy qushlar… Jang tugagandan keyin u yerda quzg‘unlar bazmi boshlandi, o‘limtikxo‘r qushlar jig‘ildoni yorilguncha odam go‘shtiga to‘yishdi, uchish u yoqda tursin, qanotini ham qimirlata olmay qolishdi. Jangdan keyin shaqallar bazmi boshlandi — chiyabo‘rilarning odam go‘shtiga qorni shu qadar to‘ygan ediki, gavdalarini zo‘rg‘a sudrab ketishdi. Qushlar, keting bu yerdan, bu mudhish joydan uzoq-uzoqlarga uchib keting.
* * *
Ibtidoiy tabiat mavjudligidan buyon shunday: har safar vaqti yetganda — erta ham emas, kech ham emas — har yili bir xil vaqtda qushlar uzoq safarga otlanadi. Ular albatta uchib ketadi, uchganda ham faqat ana shu uchar qushlargagina ma’lum o‘zgarmas havo yo‘llari bo‘ylab uchib, dunyoning u chekkasidan bu chekkasiga boradi. Momaqaldiroqlaru bo‘ronlardan o‘tib, kechayu kunduz qanot qoqib uchadi, hatto uchayotib uxlab ketadi. Ularning tiriklik mohiyati shunda: tabiat dunyosida narsalarning o‘zgarmas tartibi mavjud. Qush karvonlari shimolga, azim daryolar bo‘ylariga, azaldan uya yasab bola ochadigan joylarga uchib boradi. Kuzda esa, voyaga yetgan bolalari bilan janubga uchib keladi, shu zaylda bu jarayon uzluksiz takrorlanaveradi…
Mana, biz qancha kunlardan beri uchib ketyapmiz. Ana shu osmonu falakda, ana shu sovuq hukmron yuksaklikda shamol mangu daryo kabi shovqin solib oqib yotadi. Bu daryo cheksiz Koinotda nozohiriy Vaqtning noma’lum tomonga tinim bilmay qilayotgan harakatidir.
Bizning bo‘yinlarimiz kamon o‘qi, tanamiz yurak bo‘lib charchoq nima ekanini bilmasdan shiddat bilan harakatda. Hali safar uzoq, tolmasdan qanot qoqaveramiz, qanot qoqaveramiz…
Biz borgan sari baland ko‘tarilib parvoz qilmoqdamiz… Endi tog‘lar tekislikdek bo‘lib qoldi, keyin esa, umuman ko‘rinmay ketdi, kurrai zamin bo‘lsa uzoqlashgandan uzoqlashib, yer yuzasi chaplashib ketganday bo‘ldi — qayerda Osiyo, qayerda Ovrupa, qayerda okeanlaru qayerda quruqlik ekanini farqlab bo‘lmay qoldi. Gir-atrofimizda bo‘shliq hukmron, cheksiz Koinotda faqat bizning Yer sayyoramizgina cho‘lda adashgan bo‘taloq kabi olam kezmoqda, sekin suzib onasini qidirib yuribdi. Xo‘sh, o‘sha ona tuya qani? Yerning onasi, onaizori qani? Savol — javobsiz! Faqat shamol, xilvat yuksakliklarning shamoli g‘uvillaydi, faqat Yer kurrasi yosh bolaning boshidek yakka-yolg‘iz suzib, chayqalib qo‘ymoqda — yerimiz beqaror, yerimiz beqaror. Nahotki, ana shu yer shunchalik Yaxshiliklar maskani, shunchalik Yovuzliklar makoni bo‘lsa?! Yo‘q, yovuzlikka erk bermaslik kerak, o‘tinaman, kadxudolar, so‘zamollar, ijodkorlar!
Men ana shu parvoz qilayotgan galada bor-yo‘g‘i bir qushman. Men turnalarga qo‘shilib uchib ketyapman va o‘zim ham turnaman. Men turnalar bilan birga qorong‘u kechada yulduzlarga qarab, kunduzi ekinzorlar va shaharlar ustidan uchaman. O‘ylarga tolaman…
Qushlar galasi uzoqda ko‘zda g‘oyib bo‘ladi. Qanotlari ko‘rinmay ketadi. Mana, gala osmonda bir kichkina nuqtaga o‘xshab qoldi va u ham g‘oyib bo‘ldi…
hademay, yana bahor keldi va yana osmoni azimda turnalar “qur-qur”i yangray boshladi…
Suyun Qorayev tarjimasi