Bank degani zap rohatijon narsa-da: uy-joy deysanmi, pul, yutuq, maosh deysanmi — hammasi shundan chiqadi. Bas, shundoq bo‘lgandan keyin ro‘zg‘orda yuz lira qoqishtirgin-da, darrov oborib bankka qo‘y. Omading kelmay, pulingga yutuq chiqmay qolishi ham mumkin, mabodo shundoq bo‘lganda ham sendan nima ketadi? Haqing kuymaydi, bankda turaveradi, baribir protsentini qurtdek qilib sanab olaverasan.
Bu gaplarning yolg‘oni yo‘q. Men ham bir necha yildan beri yuz lira to‘plab, bankka qo‘yay deymanu, ammo ilojini topolmay xunobman. Kamarni qattiqroq tortib, zo‘rg‘a besh-o‘nta tanga yig‘ib qo‘ysam, lop etib bir ishkali chiqadi-yu, pul jonivor shunga sarflanib ketadi. Nazarimda bu pul degani go‘yo bir-biri bilan kelishib olganu, mening cho‘ntagimda yuz lira bo‘lib jamlanmaslikka qattiq qasam ichgan. Pul o‘jarlik qilaverganidan keyin men ham bo‘sh kelmay qo‘ydim, xullas, bir amallab yuz lira yig‘dim. Ne hasratda yiqqan pulimdan yana ajrab qolmay, degan xavotirda pulni darroz oborib bankka qo‘ymoqchi bo‘lgan edim, kechikibman, bankda ish vaqti tugab qopti.
Yuragim taka-puka: qo‘limdagi pul hozir simobday erib, bir zumda g‘oyib bo‘ladiganday. Shundoq bo‘lsa ham boshim osmonga yetgan, vaqtim chog‘. Naq boshiga davlat qushi qo‘ngan odamning o‘ziman.
Pulchamni yostiqning tagiga qistirib, o‘ringa yotdim. Ko‘zimga uyqu kelmaydi. Qoyilmaqom qilib yuz lirani to‘plaganman-da, shuning uchun o‘zimga o‘zim aql sotaman: bir narsaga qattiq kirishsang, albatta shuni qilar ekansan. Gap istakda qolgan. «Kam pul topaman!» yoki «Turmushimning mazasi yo‘q, hamma yoq qimmatchilik» degan bahonalar bekorchi gap. Axir yuz lira to‘play oldim-ku! Bundan chiqdi, agar istasam ikki yuz, besh yuz, ming, boring-chi, o‘n ming lira ham to‘plashim mumkin. Ha, shunday!
Shundan keyin shirin xayollarga berilib ketaman. Mana, ming lira o‘n mingga, o‘n mingi yuz mingga, yuz mingi esa yuz millionga chiqadi. Jamiki nol raqamlarini bir safga tizaman-da, tim qorong‘ida ularni o‘ng tomondan uchta-uchta qilib chiqaman, keyin baland ovoz bilan deyman: «Yuz million, bir milliard, o‘n milliard, yuz milliard…» Ha, bir narsaga qat’iy kirishsang, albatta buning uddasidan chiqasan!
Ilgari gazetalarda millionerlarning turmushini yozishardi. Bizning zamonamizda millionerlarning bozori kasod bo‘lib, oyoqdan qolib ketdi. Shuning uchun ham men milliarder bo‘lib oldim. Mana, trillionerman. Dunyoda trillioner bo‘lganmi o‘zi? Iya, bo‘lmaganmi? Bo‘lmagan bo‘lsa mana o‘zimiz bo‘lamiz-da! Millioner va milliarder bo‘lish hammaniig qo‘lidan kelaveradi. Bo‘lganga yarasha trillioner bo‘lgan ma’qul! Trillioner-a! Hazilakam gap emas bu.
Miyam shishib ketdi. Qorong‘ida barmoq bilan havoga bir raqamini chizib, yoniga nollar qo‘yib chiqdim. Bitta nol, ikkita, uchta, beshta, o‘nta, o‘n bitta, mana o‘n ikkita. Rosa o‘n ikkita nol yozdim. Iya, boyagi birni ikki raqamiga almashtirsam bo‘lmaydimi? Ikki trillion. Mana bo‘lmasa uch trillion! Yana bitta nol qo‘shgan edim, o‘ttiz trillion bo‘ldi. Ko‘rpa ostidan qo‘limni chiqarib yana bitta nolni boplab tashlagan edim, qarabsizki, uch yuz trillion bo‘ldi. Kuzda uchib yuradigan mezonga o‘xshab raqamlar xonada muallaq turib qoldi. Bularning ichida o‘yinqaroqlari sho‘xlik qilib qochib ketmoqchi bo‘ladi-da, tiyg‘anib ketadi. Men bu tirranchalarni yo‘ldan ushlab kelib, joyiga turg‘izib qo‘yaman. Ular ko‘zni shamg‘alat qilib yana qochishadi, yana tutib kelaman. «Pul topish qiyin emas, uni saqlab qolish qiyin», degan gapni eshitib yurardim. To‘g‘ri gap ekan. Mana hozir raqamlarga kuchim yetmay qoldi. Shumtakalar xuddi billiard soqqasiga o‘xshaydi-ya: birpasda dumalab ketadi. Rostini aytsam, bular baribir mendan qochib qutulolmaydi. Nega desangiz, boy bo‘lishga qat’iy jazm qilganman!
O‘rnimdan turib, sigaret tutatdim. Raqamlarni ko‘rgan sari zavqim oshadi. Qurmag‘urlar biram chiroyli, biram do‘mboqki… Boy bo‘lishning zavqi ham o‘zgacha bo‘larkan!
Tong yorishdi. Darrov yostiq tagini paypasladim, haytovur pul joyida ekan. Irg‘ib turib, bankka yugurdim. Bank u yoqda tursin, hali baqqollar ham do‘konini ochmagan ekan. Noiloj ochilishini kutib turibman. Shu payt bir og‘aynim uchrab qoldi:
— Nima gap? Senga nima bo‘ldi?
— Shundoq… Hech nima bo‘lgani yo‘q, — dedim unga.
— Ko‘zingga qon to‘lgan, ranging za’faron. Ayt, nima bo‘ldi?
— Kechasi uxlamagan edim, shuniki bo‘lsa kerak… Ishim ko‘p, uxlashga vaqt yo‘q.
Bankka pul qo‘yayotganimni ko‘rmay qo‘ya qolsin, degan maqsadda u bilan tezgina xayrlashdim. Mana, bank ham ochildi, Yurak yutib ichkari kirdim. Voy-bo‘! Zap ketvorgan joy ekan-ku bu! Hamma yoqda gul tuvaklar, chiroyli ayollaru, olifga erkaklar. Shiftdagi ajoyib qandillarni aytmaysizmi? Xuddi podsholarning saroyiga o‘xshaydi-ya. Ichkarida taxminan yigirma choqli xizmatchi o‘tiribdi. Atrof yog‘ tushsa yalaguday yarqiraydi, jihozlar yap-yangi. Yuragimni vahm bosib ketdi. Iya, bankka qo‘yadigan pulimning protsenti mana shu o‘tirganlarga sarflanar ekan-da? Manovi quling o‘rgilsin buyumlar, manovi hisob mashinalari-yu mashinistkalar — hammasi mening pulimga kelarkan-da? yo‘q, bunaqasi ketmaydi! Senlarga pul berib qo‘yadigan ahmoq yo‘q!
— Xush kelibsiz, afandim, xizmatlariga tayyormiz!
Bankda ishlaydiganlar biram xushmuomala bo‘ladiki! Bunaqa gapdan keyin bankdan chiqib ketolmadim. Pulimni qo‘liga berdim. Yuzidan tabassum arimaydigan bu xizmatchi ikki minutga qolmay ishimni to‘g‘rilab berdi. U chek qog‘oziga qo‘shib bitta yon daftar ham in’om qildi.
Ishxonadagi o‘rtoqlarim o‘sha kuni:
— Senga bir narsa bo‘lganga o‘xshaydi, yurgan yo‘lingda ham uxlayapsan, — deya meni rosa kalaka qilishdi.
Hech kimga sirimni ochmadim. Peshin bo‘lgan ekan, men bilan bir stolda o‘tiradigan og‘aynim:
— Qani, yur ovqatga! — deb qoldi.
— Qornim to‘q, — degan javobni qildim.
Aslida ertalabdan beri hech nima totiganim yo‘q. Ishlab topolmasang, tishlab pul to‘plashing mumkin. Kechqurun bitta teshikkulcha bilan nafsimga urdim. Kecha uxlamaganligim uchun barvaqt o‘ringa kirdim. Lekin yostiqqa bosh qo‘yishim bilan ko‘z oldimda yana o‘sha raqamlar chirpirak bo‘la ketdi. Bu gal ham kelgan joyidan boshladim.
Nol raqamlaridan biri chiroqqa girgitton bo‘lgan parvonadek bir aylanib chiqdi-yu, boyagi yuztaliklarning yoniga borib qo‘ndi. Ming… o‘n ming…. yuz ming… million… Nollar… nollar… nollar… Barmog‘im bilan bu nollarni bir safga tizib chiqaman-da, olib borib joy-joyiga qo‘yaman. So‘ngra ularga buyruq beraman:
— Senlar ko‘pam xarxasha qilavermanglar! Men xarxashani yomon ko‘raman. Intizom — turmushning asosidir. Nollar, qani borib joy-joyingga tur-chi! Chaqqon bo‘l!
Vahimaga tushgan nollar joyiga borib turadi. Xuddi generalga o‘xshab ularga do‘q uraman:
— Safga tur!
Nollar qator tizilishadi.
— Qani… Marsh!
«Gurs, gurs, gurs!»
Bir, ikki, uch, to‘rt, ming, yuz ming, bir million!
Nollarga o‘n daqiqa dam beraman.
— Yashavor! — deb baqirishadi ular.
Nollar bilan mashq qilib, tong ottirdim. Majolsizlikdan zo‘rg‘a ko‘chaga chiqib beixtiyor bank tomon yurdim. Go‘yo bankdagi pulimni birov opqochib ketadi-yu, ajralib qoladigandayman.
Bugun ham pishloq bilan quruq non yeb yotdim. Ko‘zim yumulib ketayotgani uchun ertaroq yostiqqa bosh qo‘ydim. Qani endi uyqu degani kela qolsa! Nol qurmag‘urlar qoq yarim kechada o‘yinga tushib ketishdi. Bir payt qarasam, bank tufayli hovli-joyli bo‘lib qolibman. Qani, shu yutgan uyimga ijaraga odam qo‘ysamu, besh yillik haqini oldindan olsam bo‘lmasmikin? O‘zim hozir arzonroq kvartirada turaman. To‘xta-chi, oyiga yuz yigirma lira to‘lab, bunaqa joyda turish non tepkilik emasmi? Ertagayoq arzonroq uy topmasam bo‘lmaydi. Shahar tashqarisida yigirma liraga kichikroq xona topish mumkin-ku. Bundan chiqdi, har oyda yuz liradan pul yonimga qoladi, uni bemalol bankka qo‘ysam bo‘ladi. Bir yilda bir ming ikki yuz lira yig‘ilib qoladi-ya! O‘n yilda esa 12 ming, yuz yilda 120 ming bo‘ladi. G‘oyibdan boyish deb shuni aytadilar-da. Shunaqa paytda isrofgarchilik qilib nima qilaman?
Kiprik qoqmay, yana tunni tongga uladim. Ishxonaga yo‘lni bank tomondan soldim. Oshna-og‘aynilar endi men bilan salomlashmay ham qo‘ygan. Salomlashmasa salomlashmas, menga nima! Choy-qahva olib berishdan qutulibman-da. Leman telefon orqali meni so‘ragan edi:
— Bugun ishga kelmadi, — deb yubordim.
Aslida shu Lemanga uylanmoqchi bo‘lib yurgan edim, bugun bu fikrimdan qaytdim. Bankka pul qo‘ygan kunimdan e’tiboran uni ko‘rgim kelmay qoldi. Axir oilalik bo‘lish serchiqim bo‘lish degan gap-da. Kipriklarim xuddi tegirmon toshi osib qo‘yganday yumulib ketyapti. Stolga bosh qo‘yib, mizg‘ib olmoqchi bo‘lgan edim, nollar raqqosalarga o‘xshab sakrayverib hech ko‘z o‘ngimdan ketmadi.
Ishdan chiqib, uyqu keltiradigan hap dori olib ketaman deb qo‘ydim. O‘rtoqlarimdan bittasida shunaqa dori bor ekan, rahmi kelib ozroq berdi. Dori ham kor qilmadi. Shu kecha shunaqa boyib ketdimki, asti so‘ramang. Bir mahal bundoq qarasam, butunlay sinibman! Milliard-milliard liralardan ajralibman. Singan millionerlarga o‘xshab o‘zimni o‘zim o‘ldirishimga sal qoldi. Bu yomon niyatdan qaytishimga bankdagi yuz lira sababchi bo‘ldi. Keyin yana boyib ketdim. Shu darajada boyidimki, dunyodagi hamma pullar mening qo‘limga kelib tushdi, hech kimda bir miri qolmadi. Jamiki muxbirlar ketma-ket mendan intervyu olyapti.
— Bunchalik boyib ketishingizning sababi nima?
Sirimni ularga aytib berarmidim.
— Mehnat qilib boyidim. Tug‘ilganimda sariq chaqa ham pulim yo‘q edi.
Shundan keyin hotamtoyligim tutib ketdi. Oldiniga pul uchun o‘zim o‘ldirgan odamlarning bola-chaqalariga paypoq sovg‘a qildim. Bemor ishchilarga bittadan piyoz ulashdim. Shaxsan o‘zim yer-suvini tortib olgan dehqonlarga hovuch-hovuch tuproq berib chiqdim. Qo‘yingki, olamda qanaqa savob ish bo‘lsa hammasini qildim. Odamlar xursand: «Qanday dilovar, qanday saxiy odam ekan bu!»
Xayrli ish qilaman deb bugun ham uxlayolmadim. Ochlik va uyqusizlikdan oyoqda turadigan holim yo‘q. Ertalab to‘g‘ri bankka bordim. Ichkari kirdimu, chek qog‘ozini xizmatchining oldiga uloqtirdim:
— Qani, yuz liramni bu yoqqa cho‘zing!
— Bir yo‘la hammasini olmoqchimisiz? — hayron bo‘lib so‘radi u.
— Ha, hammasini, hammasini olaman! — deya baqirdim. — Yetar endi! Oshna-og‘aynidan ajraldim, odamgarchilikdan chiqdim, sihatimni, baxtimni yo‘qotdim. Ming la’nat bunaqa turmushga! Hamma pulimni bering!
Asabim tobiga yetganidan o‘zimni tutolmadim. Bankdagi hamma xizmatchilar atrofimga yig‘ilib, meni yupata boshlashdi:
— Beyafandim, pulingizni olasiz, xotirjam bo‘ling, albatta olasiz!
Pulni oldim. Yonimda yana sakson lira bor. Restoranga yugurdim. To‘yib ovqatlandim. Bu yerdan chiqib, eng zo‘r mehmonxonaga bordim. Uch kecha-yu uch kunduz qotib uxladim. Uh, shunaqa dunyo ham bor ekan-ku. Yonimdagi pulning hammasini sarflab tamomladim.
Boylarning boshiga tushadigan savdolarni o‘ylasam, o‘zimning turmushimdan xursand bo‘lib ketaman. Bedorlik, ochlik azobi, sinib-xonavayron bo‘lish yoki o‘g‘riga talanish vahimasi u bechoralarning boshiga nimalar solishini men juda yaxshi bilaman! Yashasin qashshoqlik!
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi