Aziz Nesin. Xotin kishi bo‘lganimda-yu… (hikoya)

Salomat trikotaj fabrikasiga darvozabonlikka kirib, sakson lira oylik oladigan bo‘ldi. U bunaka maosh bir kishi u yoqda tursin, chorak kishiga ham yetmasligini bila turib, shunday qildi, chunki u o‘zining ishchanligiga, uddaburonligiga ishonardi. Axir uning bu qobiliyati bir kun emas, bir kun xo‘jayinning qulog‘iga yetmay qolmaydi, ana undan keyin oylikning oshishi ham gapmi! Aslida darvozabonlik qilish unga to‘g‘ri kelmasdi-ya, lekin nachora, dunyoning ishlari shunaqa ekan. Hatto o‘zi darvozabon bo‘lishga arzimaydiganlarning ham eshigini besh-o‘nlab tuppa-tuzuk odamlar qo‘riqlay berar ekan. Xullas, dunyoning ishlari charxpalak degandek, xo‘jayinlar bilan darvozabonlar o‘rin almashgan ekanlar-da.
Salomat oyligim oshib qolar, deb ertayu kech jonini jabborga berib ishladi. Hatto, hani endi tungi qorovul bo‘lib olsam, deb ko‘ngliga ham tugib qo‘ydi. Tungi qorovul 200 lira oylik oladi-ya. O‘zi unchalik qiyin ish emas…
Odam bolasi astoydil niyat qilsa, albatta niyatiga yetarkan. Bir kuni uni xo‘jayin chaqirtirib:
— Xizmatingdan xursandman, — dedi.
— Rahmat, afandim, salomat bo‘ling.
Keyin xo‘jayin undan:
— Uylanganmisan? — deb so‘rab qoldi.
— Ha, uylanganman, — dedi u biror nojo‘ya ish qilib qo‘ygan odamday qimtinib.
Keyin, aybini birato‘la bo‘yniga olib, yengil tortmoqchi bo‘lgan kishiday boshini egib, qo‘shib qo‘ydi:
— Ikkita bolam ham bor, beyafandim.
Xo‘jayin ham koyigan, ham achingan bo‘ldi.
— Ana xolos! Tirikchilik handay o‘tyapti?
— Bir amallab, beyafandim.
— Kel, senga bir yaxshilik kilay. Kunduzi darvozabonlikdan qutulgach, kechasi qorovullik qila olasanmi?
— Qo‘limdan keladi, afandim.
— Buni qara, kunduzi olti soat darvozabonlik qilasan, kechasi sakkiz soat navbatda turasan. Jami o‘n to‘rt soat bo‘ladi. Yana o‘n soat bo‘sh vaqting qoladi. Rozimisan shunga?
— Qulluq, beyafandim.
— Kechasi ishlaganing uchun oyligingga yana o‘ttiz lira qo‘shib beraman.
— Rahmat.
200 lira oylik oladigan tungi qorovul uyqusi qattiq bo‘lganligi uchun darhol ishdan bo‘shatildi, o‘rniga uni tayinlashdi. Kunduz kunlari u darvozada turadigan, kechalari esa bo‘yniga shaqildoq osib, fabrikani qo‘riqlaydigan bo‘lib qoldi. Maoshi 110 liraga chiqdi.
Kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishlayverdi. Xo‘jayin ham befahm odam emas-ku, payti kelib uning jonbozligini inobatga olar, qo‘lidan keladigan yaxshiligini ayamas, axir. Masalan, aytaylik, fabrika kotibining o‘rniga o‘tsa, qanday soz bo‘lardi. Kotib oyiga 300 lira haq oladi-ya!
Odam bolasi bir narsani niyat qilsa, niyatiga yetarkan. Bu gal ham shundoq bo‘ldi.
— Xizmatingdan mamnunman, — dedi xo‘jayin uni chaqirib. — Senga yana bir yaxshilik qilmoqchiman. Kechalari har holda bekor o‘tirarsan. Arzimagan yozuv-chizuv ishlari bor edi, shuni qilmaysanmi? Oyligingga yana 60 lira qo‘shib berardim…
Bundoq o‘ylab qarasa, oyiga 170 lira oladigan bo‘larkan.
— Iloyim biringiz o‘n bo‘lsin, afandim, — deb javob berdi u xo‘jayinga.
300 lira maosh oladigan kotib qahva ichish va chekishdan qo‘li bo‘shamay, ishga qaramay qo‘yganligi vajidan fabrikadan quvildi. Buning yumushi ham darvozabonga o‘tdi. Endi u kunduz kunlari darvozabonlik qiladigan, kechalari esa fabrikani qo‘riqlash bilan birga, yozuv-chizuv ishlarini ham bajaradigan bo‘lib qoldi.
U tinim bilmay ishlayverdi. Xo‘jayinning ham ko‘zi bor-ku, uning bu ishlarini ko‘rmay o‘libdimi. Fabrikaning buxgalteri 400 lira maosh oladi-ya! Qani endi buxgalter ham bo‘la qolsa…
Odam bolasi bir narsani astoydil niyat qilsa, niyatiga yetarkan. Kunlardan birida xo‘jayin uni yana chaqirib qoldi:
— 170 lira sizga kamlik qilayotganini sezib turibman, shuning uchun bir oz oshirib bermoqchiman.
— Tashakkur, afandim, — deya minnatdorchilik bildirdi u.
— Ancha bo‘sh vaqtingiz bor ko‘rinadi. Uyda bekor o‘tirganingizda fabrikaning hisob-kitobi bilai shug‘ullansangiz devdim.
— Jonim bilan, afandim.
— Juda soz, maoshingizga yana 45 lira qo‘shib beraman.
400 lira oylik oladigan buxgalter to‘rt amalni chalkashtirib yuborganligi uchun ishdan quvildi.
Bizning darvozabon endi 215 lira oylik oladigan bo‘lib qoldi. Kunduzi u olti soat eshikda turadigan, kechasi sakkiz soat fabrika qo‘riqlaydigan va shu vaqt ichida yozuv-chizuv ishlarini ham qiladigan, uyida esa fabrikaning hisob-kitobi ustida bosh qotiradigan bo‘ldi.
U bor kuchini ayamay, ter to‘kib ishladi. Endi omborga mudir bo‘lish tushiga kiradigan bo‘lib qoldi. Ombor mudirining maoshi 450 lira-ya!
Odam bolasi bir narsani astoydil niyat qilsa, niyatiga yetarkan.
Yana uni xo‘jayin chaqirib qoldi.
— Sizga bir yaxshilik qilmoqchiman, ombor mudirligini ham olib bersam, nima deysiz?
— Minnatdor bo‘laman, beyafandim.
— Juda yaxshi, maoshingizga yana 35 lira qo‘shib quyaman. Borib, omborni qabul qilib olavering!
Ombor uchun olingan ba’zi mollarni adashib o‘zining uyiga tashib ketadigan parishonxotir omborchining pattasi qo‘liga tutqazildi. Ombor mudirligi ham darvozabonga o‘tdi.
Ish ko‘pligidan uning qo‘li qo‘liga tegmay qoldi. Xo‘jayin ham ho‘kiz emas-ku, kezi kelganda uning tirishqoqligini inobatga olar, axir. Mana, inobatga oldi ham.
Xo‘jayin bir kuni uni huzuriga chaqirib:
— Sizdan g‘oyat minnatdorman, juda xursandman… — dedi. — Ishlagan tishlaydi-da. Ochig‘ini aytganda, darvozabonlik sizga yarashmaydi. Boshqa yumushlar zimmangizda qolaveradi-yu, men sizni fabrikaga direktor qilib ham tayinlamoqchiman.
Direktor bo‘lish-a? Buni eshitib Salomat dovdirab qoldi! O‘zi-ku ayni muddao-ya! Odam bolasi bir narsani astoydil niyat qilsa, niyatiga yetarkan. Mana, fabrikaga direktor ham bo‘lib oldi.
— Oyligingizga 90 lira qo‘shildi, — dedi xo‘jayini.
Darvozabonlikdan bo‘shaganligi sababli maoshi 80 lira kamaydi. Lekin yangi lavozimi uchun qo‘shimcha ravishda to‘qson lira ola boshladi. Xullas, oyiga hammasi bo‘lib 260 lira maosh oladigan bo‘ldi.
2 500 lira maosh olib kelgan direktor xo‘jayinning sekretari bilan “don olishib” qolgani uchun fabrika dan quvildi.
Fabrikada qirq ishchi, ikki usta va yigirmaga yaqin mashina bor. Oddiy ishchi bo‘lish uning qo‘lidan kelmaydi, ustalikni eplay olmaydi, mashinalarning o‘rnini esa bosolmaydi. Idorada o‘zi bilan xo‘jayinning sekretaridan boshqa hech kim qolmagan.
U bo‘sh paytlarida sekretar qiz bilan valaqlashib o‘tirib, unga nuqul xo‘jayinni maqtab ketardi:
— Baraka topkur, xo‘p tillo odam-da. Men fabrikaga sakson lira oladigan darvozabon bo‘lib kiruvdim. Meni tungi qorovul qilib tayinladi, oylikni 110 qildi. Innaykeyin, kotiblikni ham beruvdi, maoshim 170 ga chiqdi. So‘ng hisob-kitob ishlarini ham inoyat qilgan edi, 215 lira oladigan bo‘ldim. Shundan keyin omborchilikni ham qo‘shib beruvdi, oylik 250 liraga yetdi. Mana endi direktor ham bo‘lib oldim. Maoshimni aytmaysizmi — 260 lira-ya!
Sekretar qiz ham unga bo‘sh kelmadi:
— Men fabrikaga pol yuvadigan bo‘lib kirganman. Oyligim 40 lira edi. Keyin xo‘jayinning kir-pirini yuvadigan, uyini supurib-sidiradigan bo‘ldim, haqim 60 liraga chiqdi. So‘ngra mashinistkalikni ham o‘rganuvdim, 80 lira to‘laydigan bo‘ldi. Uyida ovqat qilib berishga, ro‘zg‘origa qarashishga o‘tdim, 100 lira ola boshladim. Keyin… keyin bo‘lsa, xo‘jayin uchun kim bo‘lib qolganimni o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Menga yana 15 lira to‘laydigan bo‘ldi. Hozir 115 lira olib turibman.
Bir kuni u qizga qarab:
— Ko‘p ishlab, toliqib qolyapsan-da, — dedi.
— O‘zingiz-chi?— javob berdi u. — Nahotki maoshingiz kamlik qilmayotgan bo‘lsa! Oyligingiz oshishini nahotki istamasangiz?
U qizning betiga tikildi. Idorada shu sekretar qiz ikkovigina qolganligi uning esiga tushdi. Keyin bu qizning qo‘shimcha vazifasi nimadan iborat ekanligini ko‘z oldiga keltirib, seskanib ketdi.
— Yo‘q-yo‘q, — dedi u, — oyligimning oshishini istamayman. Shunisiga ham shukur. Xotin kishi bo‘lganimda nima bo‘lardi-a? Xudo ko‘rsatmasin! Xo‘jayin seni ham ishdan haydab, oyligimga yana 20 lira qo‘shib berardi… Yo‘q, kerakmas… erkak kishi bo‘lganimga xursandman… Ammo lekin xotin kishi bo‘lganimda-yu…

Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi