Aziz Nesin. Tomdagi jinni (hikoya)

Mahallada duv-duv gap:
— Nima deysan, tomga jinni chiqibdi! Tomga jinni chiqibdi!
Tomga chiqib olgan jinnini tomosha qilish uchun ko‘chaga xaloyiq to‘plandi. Bu xabarni eshitib oldiniga bo‘limdan, orqasidan yuqori boshqarmadan politsiyachilar yetib keldi. Ularning ketidan hovliqqanicha o‘t o‘chiruvchilar ham kelib qolishdi.
— Jon bolam, bo‘ldi endi, pastga tusha qol! — deya yalinib-yolvoradi jinnining onasi.
O‘t o‘chiruvchi azamatlar «jinni tomdan sakrab qolsa, et-beti mayib bo‘lmasin tag‘in» degan xavotirda brezent chodirni ochib yoyishdi. Ulardan to‘rttasi chodirning to‘rt tomonidan ushlab, pastda gir aylanib yuribdi.
Politsiya komissari jinnini yaxshi gap bilan tomdan tushirmoqchi bo‘ldi:
— Iltimos qilaman, ukam, tomdan tush endi.
— Meni oqsoqol qilib ko‘tarsalaring tushaman, bo‘lmasa o‘zimni yerga otaman.
Shuncha yalinib-yolvorishadi, shuncha qo‘l ko‘tarib do‘q urishadi — qani endi unga ta’sir qilsa.
— Ho‘v uka! Qani tush pastga!
— Voy mug‘ambirlar-e! Meni tushirib, o‘zlaring chiqib olmoqchisanlar-a!
— Xo‘p, aytganini qila qolaylik, oqsoqol bo‘lsa bo‘la qolsin, — dedi kimdir olomon ichidan.
— Yo‘q, bo‘lmaydi, — unga qarshi chiqdi ikkinchi biri, — jinnini oqsoqol qilib bo‘ladimi?
— Tavba. Axir u rostakam oqsoqol bo‘layotgani yo‘q-ku.
— Baribir bo‘lmaydi, — gapga aralashdi hassa tayangan bir mo‘ysafid chol, — bular uchun rostakam yoki yolg‘ondakamning farqi yo‘q.
— Shundoq deya qolsak, balki yerga tusharmidi.
— Tushmaydi. Men bularning fe’lini yaxshi bilaman. Bir marta yuqoriga chiqib olsa, ikkinchi qaytib pastga tushmaydi.
— Qani bir ko‘raylik-chi!
— Tushmaydi dedim-ku!
Shu payt allakim yerdan turib qichqirdi:
— Bo‘pti, seni oqsoqol qilib ko‘tardik. Qani tush endi!
Jinni chapak chalib yubordi:
— Tushmayman, tushmayman! Meni shahar munitsipalitetiga saylamasalaring, o‘zimni yerga otaman!
— Ana aytmovdimmi shunaqa bo‘ladi deb! — yonidagilarga qarab dedi boyagi chol.
— Mayli endi, nima desa shuni qilib ko‘raylik-chi.
— Baribir pastga tushmaydi. Odam bolasi shunday baland tomga chiqadigan darajada jinni bo‘lgan bo‘lsa, qaytib yerga tushmaydi.
— Bo‘pti, bo‘pti! — yuqoriga qarab baqirdi komissar, — seni munitsipalitetga sayladik. Qani, uka, tush pastga endi, mana o‘rtoqlaring ham seni kutib qolishdi.
Jinni tomda o‘ynab ketdi:
— Tushmayman! Munitsipalitetga rais qilib ko‘tarmasalaring tushmayman.
— Ana ko‘rdinglarmi, buni issig‘ida tushirish kerak edi. Endi o‘laqolsa pastga tushmaydi, — dedi chol.
— Hoy yaxshilar, shuni rais qilsak, qila qolaylik, kelinglar endi, — dedi o‘t o‘chiruvchilarning boshlig‘i yuzidagi terni arta turib. Keyin uning o‘zi qo‘lini og‘ziga karnay qilib, qichqirdi: — Hov uka! Mana tush endi. Seni rais qilib ko‘tardik, qani ishni boshlab yubor.
U yana muqom dila ketdi:
— Hecham tushmayman! Jinnini munitsipalitetga rais qilib ko‘targan tentaklarning ichida men nima qilaman! Tushmayman dedim, tushmayman!
— Undoq bo‘lsa yana nima deysan!
— Ministr qilib ko‘tarsangiz, o‘shandagina oldingizga tushishim mumkin.
Erdagilar bir muddat fikrlashib olgach, rozi bo‘lishdi:
— Juda soz, seni ministr qilib ko‘tardik. Bas, tush endi. Mana, bu yoqqa qara, seni hamma kutib turibdi.
Jinni burnini ko‘rsatib masxara qildi:
— Tushmayman dedim, tushmayman. Jinnini ministr qilib ko‘targan laqmalarning yonida men nima qilaman?
— Hoy uka, mana seni ministr qilib ham sayladik, endi tezroq tushmasang bo‘lmaydi, boshqa ministrlar kutib qolishdi.
— Ho, bu yerda sizlarga ahmoq bormi pastga tushadigan! Men tushsamu, sizlar darrov jinnixonaga qamab qo‘ysalaring-a! Tushmayman!
Gapga yana chol aralashdi:
— Bekorga ovora bo‘lyapsizlar, u tushmaydi endi. Men bu jinnilarning fe’lini yaxshi bilaman. Qani sizlarni ham ministr qilib qo‘yishsin-chi, albatta tushgingiz kelmaydi-da.
Jinni esa ovozining boricha baqirdi:
— Agar bosh ministr qilib ko‘tarmasalaring, hozir o‘zimni yerga otaman!
Olomon yerdan turib hayqirdi.
— Xo‘p bo‘ladi, mana seni bosh ministr qilib ko‘tardik.
— Bunga ham ko‘nmaydi! — dedi chol.
Jinni yana tom tepasida sayray ketdi:
— Faqat podsho qilib ko‘tarsalaring tushaman. Bo‘lmasa hozir o‘zimni tomdan tashlayman.
Bundoq qarashsa, chol haqqa o‘xshaydi. Endi undan maslahat so‘rab qolishdi:
— Qani xo‘sh, siz nima deysiz? Podsholikka ham rozi bo‘laylikmi?
— Bo‘lar ish bo‘ldi, — javob berdi u. — Endi nima desa, shuni qilishga majbursiz.
— Xo‘p, aytganing bo‘ldi, seni podsho qildik, mana endi tusha qol! — deya hayqirdi olomon.
Tomni boshiga ko‘tarib o‘yinga tushayotgan jinni bunga ham rozi bo‘lmadi:
— Yo‘q, tushmayman.
— Yana nima muroding bor? Axir seni podsho qilib ko‘tardik-ku!
— Bunisi bo‘lmaydi, tushmayman. Agar meni jumlai jahonga sohibqiron qilmasalaring, hozir o‘zimni tomdan tashlayman.
— Rostdan ham tashlarmikin? — so‘rashdi choldan.
— Ha, tashlasa tashlayveradi.
— Xo‘p bo‘ladi, seni sohibqiron qilib ko‘tardik! — deya qichqirishdi odamlar, — tusha qol endi!
Jinni javob berdi:
— Tushmayman, sizdaqa xomkallalarning oldida mendaqa sohibqiron nima qiladi?
— Xo‘sh, nima qil deysan? Ayt aytadiganingni!
— Men sohibqironman-a? — so‘radi tepadan jinii.
— Ha, albatta, sohibqironsan! — javob berishdi yerdagilar.
— Modomiki sohibqiron ekanman, xohlasam tushaman, xohlamasam yo‘q. Tushmayman.
Komissar tutaqib ketdi:
— E, o‘zini tomdan tashlasa, tashlayvermaydimi. Nima, nari borsa dunyoda bitta jinni kam bo‘ladi-da.
U shundoq deyishga dedi-yu, lekin buning ortiqcha dahmazasini o‘ylab qoldi.
— Endi nima qilamiz, otaxon, — cholga murojaat qildi o‘t o‘chiruvchilarning boshlig‘i. — Bu tentak hecham yerga tushmasmikin?
— Tushishi mumkin.
— Qanday qilib?
— Menga qo‘yib beringlar, tushiraman.
Hamma qiziqib cholga qaradi.
U yetti qavatli uyning tomida turgan jinniga qarab qichqirdi:
— Sohibqiron hazratlari, oltinchi qavatga tashrif buyurishlari mumkinmi?
— Juda soz! — javob berdi jiddiy ravishda jinni.
U tom tuynugidan o‘tib, narvonga chiqdi-da, undan pastga tushib, oltinchi qavatda to‘xtadi.
— Qiblagohim beshinchi qavatga chiqishni lozim ko‘radilarmi?
— Albatta!
Hamma hayron.
Chol to‘rtinchi qavatdan yerdagilarni tomosha qilib turgan jinnidan yana so‘radi:
— Shahriyor, muqaddas poyqadamingiz bilan uchinchi qavatni muborak qilib bera olishingiz mumkinmi?
— Bo‘ladi!
Qarashsa, jinni uchinchi qavat oynasining to‘g‘risida turibdi. Endi u tomdagiga o‘xshab chapak chalib o‘ynayotgani ham yo‘q. Yuzida allaqanday viqor.
— Qiblagohim, ikkinchi qavatga chiqib ko‘rishni ko‘ngillari tortadimi?
— Mumkin.
U ikkinchi qavatga ham tushdi.
— Hazrat oliylari birinchi qavatga ham qadam ranjida qilishni xohlaydilarmi?
Narvondan tushib, olomonning ichiga kirib qolgan jinni to‘g‘ri cholning oldiga bordi-da, uning yelkasiga qoqib dedi:
— Sen ham jinni ekansan, ko‘rinib turibdi. Jinni jinnining fe’lini yaxshi tushunadi-da.
Keyin komissarga o‘girilib qo‘shib qo‘ydi:
— Mana endi qo‘limni bog‘lab, jinnixonaga olib ketaversang bo‘ladi. Jinniga qanday muomala qilish kerakligini bilib olgandirsan endi?
Politsiyachilar jinnining qo‘lini orqasiga bog‘lab olib ketishgach, olomon cholni o‘rab oldi.
— Otaxon, karomatingizning siri nimada?
— E, bolalarim, hazilakam ish emas bu, — javob qildi u. — Suyagimiz shu ish bilan qotgan, qirq yildan beri siyosat qozonida qovrilib yuribmiz.
Chol bir xo‘rsinib olgach, qo‘shib qo‘ydi:
— Qani endi shu topda mening ham iligim baquvvat bo‘lsa-yu, shunaqa baland bir tomga chiqib olsam. Sira tushmasdim. Tushiradigan mard hali onasining qornida yotibdi.

Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi