Dunyoda shunday odamlar borki, ularning har bir barmog‘ida bittadan hunar bo‘ladi. Bizga o‘xshash mulla quruqlarning bo‘lsa o‘nta barmog‘ida o‘nta tirnoqdan boshqa narsasi yo‘q. Darvoqe, mening qo‘limdan ham bir hunar keladi: odam ko‘p joyga tushib qolsam, darrov qo‘limni ishga solib, atrofimdagi xotinlarni et-betidan chimchilab olaman. Lekin bu hunarim hozircha faqat menga shapaloq yeyishdan boshqaga yaramay turibdi, xolos.
Mening san’atim tilim bilan burnimga joylashgan. Sababini so‘rasangiz, dimog‘da xirgoyi qilib, burundan chiqarsam, odamlar surnay chalyapti, deb o‘ylashadi. Keyin tilni takillatib, unga oyoqni jo‘r qilsam, naq nog‘ora ovozining o‘zi bo‘ladi.
Lekin burunni surnay-yu, og‘izni nog‘ora qilib chalib yurgan bilan tirikchilik o‘tmas ekan. Odamlar muzikani yaxshi tushunavermasligi, didining pastligi uchun men o‘z qadrini topmagan san’atkorga o‘xshab ko‘pincha och qolaman.
Eh-ha, bir burda non topaman deb ozmuncha sarson bo‘ldimmi?
Qayerga bormay, mendan:
— Qo‘lingdan nima ish keladi? — deb so‘rashadi.
Hammaga o‘xshab:
— Nima ish bo‘lsa shuni qilaveraman! — deb aytolmasam nima qilay?
Har kimning o‘ziga yarasha kasb-kori bo‘lishi kerak. Lekin menga qolsa har bir kishi o‘ziga yarashadigan ishni qilishi lozim. Modomiki, menga burunda surnay chalish san’ati nasib bo‘lgan ekan, shuni qilishim kerak-da.
Ammo men: «Janoblar, mening qo‘limdan burunda surnay chalish keladi», — deb gap boshlashim bilanoq, «gur» etib kulgi ko‘tariladi, hamma meni kalaka qila boshlaydi.
Shunda men:
— Ruxsat eting, bir chalib beray, yoqmasa yo‘limni berasiz! — deyman.
— Qani, nag‘mangni eshitsak eshita qolaylik! — deyishadi ular.
Kuyning daromad qismini boshlayman. Dam-badam «nog‘ora» chalaman. Buni ko‘rib, ularning og‘zi ochilib qoladi. Sizga yolg‘on, menga chinu, lekin mutlaqo tishining oqini ko‘rsatmaydigan ne-ne baobro‘ kishilar ham bunaqa paytlarda qizishib ketib, yechinib tashlaydilarda, qorin o‘yiniga tushib ketadilar.
Men chalib bergan «Surnay navosi»dan keyin nima bo‘lishini aytib beraymi?
— Voy-bo‘, agar bu odam Yevropa yoki Amerikada yashasa bormi, bir zumda millioner bo‘lib ketar ekan, — deyishadi nuqul.
Mamlakatimizda och-yalang‘och odamlarga nuqul shunaqa deyishadi.
Buni qarangki, o‘z vatanimizda emasu, Yevropa yoki Amerikada emish. Bundan chiqdi, xudoyi taolo odamlarni ikki toifa qilib — bir toifasini osiyolik bilan afrikaligu, ikkinchisini yevropalik bilan amerikalik qilib yaratgan ekan-da. Biz sho‘ring qurg‘ur kambag‘al bechoralar yaratilishimizdan vatangado ekanmiz, qismatimiz doim shunaqa ekan. Bisotingda qanchalik ilmu hunaring bo‘lmasin, sen va senga o‘xshaganlarga baribir ish topilmas ekan.
Bu yog‘ini so‘rasangiz, ana shunday himmat-iltifotlardan keyin qo‘limga besh-o‘n qurush pul tutqazishadida, keyin oldilariga solib quvlab berishadi.
Mana, o‘zingiz ko‘rib turgandek, men san’atning hamma mashaqqatlarini totib ko‘rgan odamman. Xudoga ming qatla shukurki, agar men mehribon, san’atsevar bir xo‘jayinni uchratmaganimda umrimning oxirigacha burunda surnay chaladigan havaskor sozanda bo‘lib qolaverar ekanman.
U bilan uchrashishimiz qiziq bo‘ldi. O‘sha paytlarda men sayyor teatrda orkestr bo‘lib ishlar edim. Iya, bu gapga hayron qolyapsizmi?
Ha, men chindan ham orkestr bo‘lib ishlardim. Axir bir odam ham surnay, ham nog‘ora chalishni bilsa, uni orkestr demay bo‘ladimi! Lekin mening boshqa vazifalarim ham bor edi: men ham sahnaga chiqar, ashula aytar, buning ustiga xotinchasiga kiyinib, o‘yinga ham tushar edim. Ustiga-ustak kassada bilet sotish, sahna bezash, chodir buzib, chodir tikish, bezaklarni tashish ham menga yuklatilgan edi. Mabodo birorta artist betob bo‘lib qolsa, uning o‘rniga ham men chiqishim kerak edi.
Shekspirning «Gamlet»i qo‘yiladigan kun edi. Gamlet roli menga topshirilgan. Lekin nima sababdandir bugun shu spektakl ketishini menga aytib qo‘yishmabdi, aytishgan bo‘lsa ham, yodimdan ko‘tarilibdi. Shundan bir kun oldin «Lablamachi Xorxor» pesasini ko‘rsatganligimiz uchun bugun ham shu ketsa kerak, deb o‘ylabman. Navbat menga kelishi bilan burnimda surnay, og‘izda nog‘ora chalib, Xorxor rolida sahnaga chiqib keldim. Sahna bezagi bilan artistlarga bundoq razm solib qarasam, biz Daniyadagi saroydamizu, men daniyalik shahzoda ekanman. Oldiniga nima qilishimni bilmay esankirab qoldim: lablamachining rolini davom ettirib, surnay bilan nog‘oramni chalaveraymi yo Gamletga o‘tib ketaymi? Bir lahza ikkilandimu, darrov qarorga keldim: tomosha mening sahnaga chiqishimdan oldin boshlangan, demak, Gamlet rolini o‘ynashim kerak. Skripkachi Xristosning xotini semiz Yelena qarshimda turibdi. U qizi Maroning neylondan tikilgan ko‘ylagini kiyib olgan, kampirning sigir yelinini eslatadigan gumbaz ko‘kraklari qizg‘ish ko‘ylakdan xurmachaga o‘xshab turtib chiqqan.
Men darrov Gamletning monologini boshlab yubordim: «Men onam atalmish bu benomus qirolichadan otamning qasosini olaman. Men shahzoda Gamlet bo‘laman! Otamning bu sirli o‘limining aybdori bir umr topilmagan jinoyatlar ichida qolib ketmaydi. Men jasadni tabiblarga tekshirtiraman. Men go‘rni qazib, otamning jasadini oldiraman va bu sirli jinoyat jumbog‘ini yechaman. Va men amakim atalmish qotilni politsiyaga topshiraman».
Gapni tugatishim bilanoq, bor ovozim bilan qichqirdim:
— Ofeliya!.. Ofe-e-liya! Ofe-e-liya!
— Politsiyadan xabar keldi: bemahalda baqirish man etilibdi! — deya shivirlab qoldi shu payt suflyor.
Men o‘zimni semiz Yelenaning quchog‘iga otdim.
Xaloyiqqa Gamlet roli manzur bo‘lmabdi shekilli:
— Surnaydan bo‘lsin! Surnay! — deya shovqin ko‘tarishdi. Bu janjalni ko‘rib xo‘jayin darg‘azab bo‘ldi. Darrov pardani tushirib, menga do‘q ura ketdi.
— Ho‘v mahmadana, bu yer senga va’z aytadigan joy emaski, og‘zingga kelganini gapiraversang. Bu yerni sahna deydilar!
Birpasda pattamni qo‘limga berdi. Qo‘limga osongina patta tekkanligining sababi shundaki, men bu yerda haq olmasdan ishlayotgan edim.
Odam biror joyda ishlasa, qarz olishi oson bo‘ladi. Mana endi men boshqalarni shilib yurishdan ham mahrum bo‘ldim.
Gamlet rolida chiqqanimda kiyish uchun harbiylarning qishki kiyimidan tikilgan kalta shimni, asli futbolchilarga atalgan ola-bula paypog‘imni hamda bitta ustara bilan nimchani qo‘ltiqlab, chodirdan chiqdim. Shu atrofda o‘ralashib yurgan bekorchi odamlar meni ko‘ra solib, bir-birini turta ketdi:
— Ana, ana boyagi artist! Burnida surnay chalishni shundoq boplab tashlaydiki!
Shu payt bir odam oldimga kelib, murojaat qildi:
— Afandim, sizga ikki og‘iz gapim bor edi.
— Vaqt masalasi chatoqroq, — javob berdim unga. — Oldin mendan rozilik oling, keyin navbat kuting.
— Sizga aytadigan zarur gapim bor edi-da!
— Qani, bo‘lmasa menga bir dona sigaret bering-chi, sal o‘zimga kelib olay.
U menga xushbo‘y sigaret uzatdi. Keyin uning mashinasiga o‘tirib, katta fabrikaga bordik. U meni dabdaba bilan yasatilgan xonaga olib kirdi.
— Ayni Gamlet o‘ynaydigan joy ekan-a! — deb yuboribman.
— Qani, maqsadga o‘ta qolaylik, — dedi u menga qarab. — Men shu fabrikaning egasi bo‘laman.
— Bunaqa narsani oldindan aytib qo‘yish kerak, — dedim unga bir oz o‘ng‘aysizlanib. — Har holda shunga qarab to‘n bichgan bo‘lardik.
— Sen bu yog‘idan xotirjam bo‘laver, men demokrat odamman, bunaqa narsalarga e’tibor bermayman. Gapimni jon qulog‘ing bilan eshit. Men fabrika egasi bo‘lsam ham, hech kimning haqiga xiyonat qilmayman.
— Iya, unaqa bo‘lsa, qorning nonga to‘ymas ekan-da!,
Suhbatdoshimning jahli chiqdi:
— Bema’ni gapingni qo‘y! Men senga ekspluatatsiyaga qarshiman, deyapman. Agar ishonmasang duch kelgan ishchidan so‘ra!
Fabrikaga kirgan edik, birinchi uchragan ishchidan so‘radim:
— Sen nima deysan, xo‘jayinning gapi to‘g‘rimi?
— Ha, ho‘jayin to‘g‘ri gapiryapti, — javob berdi u. — Bu yerda oladigan kundalik ish haqimiz boshqa fabrikalardagidan ikki hissa ko‘p. Har yili bir oy mehnat otpuskasiga chiqamiz. Otpuska uchun alohida haq to‘lanadi. Bundan tashqari, ortiqcha qilingan ish uchun mukofot berib turiladi. Bayram kunlari va yangi yilda hayitlik ham olamiz.
Bu gaplarga hayron bo‘lganimdan «ana xolos!» deb yubordim.
Kabinetiga qaytib kelishimiz bilan o‘zidan so‘radim:
— Men tushunolmay qoldim, sen o‘zing kallavaram odammisan yo jinni-pinni bo‘lib qolganmisan?
— Yo‘-o‘-o‘q, — dedi u. — Aqli hushim juda joyida.
— Bo‘lmasa buni qanday tushunsa bo‘ladi?
— Mana, men gapirib bera qolay, sen eshit. Ilgari fabrikamda uch yuzta odam ishlardi. Tabiiy, ular kam haq olishardi. «Xo‘sh, bordi-yu, maoshingizga o‘n foiz qo‘shib bersam, ish unumingiz qancha oshishi mumkin?» deb so‘radim ulardan. «Ikki hissa oshadi», degan javobni oldim. Men darrov ishchilarning sonini kamaytirib, fabrikada ikki yuzta odam qoldirdim. Chindan ham ish unumi ikki baravar oshdi. «Kundalik ish haqingizni yana o‘n foiz oshirib bersam, ish unumi hancha ko‘tariladi?» deb yana so‘ragan edim. «Yana ikki marta ko‘payadi» deb javob berishdi. Men ham yana ellik kishini ishdan bo‘shatdim. Ish unumi to‘rt hissa ko‘paydi. Nihoyat, bora-bora fabrikada yigirma besh ishchi qoldi. Hozir ular bir oy mehnat otpuskasiga chiqishadi, oladigan maoshlari ham boshqa joylardagidan ancha ko‘p, qolaversa, men ham ilgarigiga qaraganda o‘n hissa ko‘p daromad olyapman.
— Xo‘sh, menga nima demoqchi edingiz?
Hovliqma, hozir aytaman. Gap mundoq. Mana endi ishchilar sonini bundan ortih kamaytirib bo‘lmaydi. Shuning uchun mehnat unumdorligini oshirishning boshqa yo‘llarini o‘ylab yuribman. Fabrika ichini juda ozoda qilib tashlaganman, boshqa yerdagilarga sira o‘xshamaydi. Odamlar toza joyda yaxshi ishlashadi. Innaykeyin, ish paytida oynani ochtirib qo‘yaman. Yorug‘ tushib tursa, ish barakali bo‘ladi. Qolaversa, sen o‘zing ham ko‘rgan bo‘lsang kerak, binolarning devori bilan shifti yangi bo‘yoqdan chiqqan. Rangning kishiga ta’siri katta bo‘ladi. Moviy va oq rang odamning asabini bo‘shashtiradi, uni taskin toptiradi, shuning uchun ham kasalxonalarni mana shu ranglarga bo‘yashadi. Qora rang kishini ezib tashlaydi. Pushti bilan sariq rang xayolni bo‘ladi. Qizil va yashil ranglar esa odamni qitiqlaydi, hayajonga soladi, qonini jo‘shtirib yuboradi. Shuning uchun yotoqxona devorlari doim qizil rangga bo‘yaladi. Men ham fabrika binolarini shunday rangga bo‘yatdimki, natijada mehnat unumi yana ikki baravar oshdi.
— Xo‘p, mayliku-ya, lekin menga nima demoqchisan?
— Hovliqaverma, hozir aytaman. Men hech kimni ekspluatatsiya qilmay, ish unumini tag‘in ham oshirmoqchiman. Buning uchun esa ishchilarning muzikaga bo‘lgan ehtiyojini qondirishim kerak. Odam muzika tinglab ishlasa, o‘zi ham sezmagan holda barakaliroq ishlaydi. Senga aytmoqchi bo‘lgan gapim mana shu. Orkestr yollamoqchi bo‘lgan ham edim, lekin qimmatga tushadigan ko‘rinadi.
— Plastinka qo‘yib eshitaversang bo‘lmaydimi?
— Undan quruq tovush chiqadi. Bu narsa kishining asabiga tegadi, ishiga xalal beradi. Eshitilayotgan ovoz tabiiy bo‘lishi kerak.
— Juda soz! Men roziman.
— Lekin bitta shartim bor: muzika turkcha bo‘lmasligi kerak. G‘arb kuylarini chalishni bilasanmi?
— Bilganda qandoq!
— Qani, bo‘lmasa venger rapsodiyalaridan birortasini chalib ber-chi!
Burunni surnay, labimni nog‘ora qilib rapsodiyani boplab chalib bergan edim, xo‘jayinning o‘zi ham qoyil qoldi.
— Lekin bilasanmi, — dedi u menga qarab. — Surnay bilan nog‘ora kamlik qilarkan. Burning bilan og‘zing ishlayotganda oyog‘ing bekor turmasin-da. Agar bunisini ham eplasang, maoshingni ikki hissa oshirib beraman.
— Xo‘p bo‘ladi, — dedim. — O‘ng qo‘lim bilan qorinni childirma qilib chalib turaman.
— Juda soz. Iya, oyog‘ing bekor qoladimi unda?
— Botinkamning tagidagi nag‘alini taqillatib tursam bo‘ladi.
— Ajoyib! Yana?
— Yanami? Yana… Yana… Topdim, topdim! Chap ho‘lim bo‘sh-ku, uni orqamga urib, muzikaga jo‘r qilib turishim mumkin.
— Xo‘sh, yana?
— Yana bir-ikki bo‘sh joyim boru, lekin o‘zimga ham kerak-da!
— Xo‘p, mayli bo‘lmasa. Demak, sen oltita sozandadan iborat orkestrning ishini qilasan-da. Agar men bunday orkestr yollaydigan bo‘lsam, kuniga ikki yuz lira haq to‘lashim kerak bo‘lardi. Sen bo‘lsang ellik liraga ham rozisan, shundaymi?
— Iltifotlariga rahmat! Men bir haftada ham buncha pul olmaganman.
— Unday bo‘lsa kelishdik. Ishchilarga boshqa joydagilarga nisbatan ikki-uch hissa oshiq haq to‘lashimni endi o‘zing ham ko‘rib turibsan. Men faqat haq to‘lash bilan cheklanayotganim yo‘q. Ularning ishi unumli bo‘lsin deb qo‘limdan kelgan narsani qilyapman. Qani, ayt, senga nima kerak? O‘tiradigan joyingning bo‘yog‘i yashil bo‘lsinmi? Yoki senga qizili ma’qulmi? Ha, tortinmay aytaver, yoki kiyimingni yangi qilib beraymi?
Mahovatli xo‘jayinning betiga tikilib aytdim:
— Menga hech narsa kerak emas, shunisiga ham rahmat. Lekin mena unumli ishlasin desangiz, faqatgina bir iltimosimni bajo keltiring.
— Gapiraver, darrov qilib beraman.
— Ruxsoringni ko‘zimdan nari qilsang bo‘ldi!
Xo‘jayin suyunib ketdi:
— Qani, xo‘roz, qo‘lingni ber. Mana endi bu yog‘iga chalaver surnayingni!
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi

