«Hayot — achchiq narsa, janoblar. Hayot — tikanli yo‘l. Hayot…» Ana shunaqa chukur ma’noli gaplar yozilgan uchta daftarim bor. Bularning hammasi hayot falsafasi bilan to‘la.
«Hayot — bu turgan-bitgani uqubat demakdir. Hayot — bu zo‘r mashaqqat bilan chiqiladigan cho‘qqi demakdir. Hayot — bu orqasiga qaytmaydigan oqar suv demakdir». So‘nggi daftarimning so‘nggi betiga «Hayot nima o‘zi?» deb yozib qo‘ydim.
Boya aytganimday, hayot — bu achchiq narsa, janoblar. Ishonmasangiz, mana men hikoya qilib beray, siz hukm chiqaring.
Men ishsiz laqillab yurgan edim. Yo‘q, otamdan katta meros qolgani uchun emas, balki qidiraverib ish topolmaganim uchun bekor edim. Bu yog‘ini so‘rasangiz, ikki kundan beri faqat havo va suv bilan tirikman. Shu ahvolda bir boqqa kirib, hayot haqida chuqur fikr surib o‘tiribman. Yonimda o‘tirgan odam qo‘lidagi gazetasini o‘qib bo‘lib, sakkiz buklab cho‘ntagiga tiqayotgan edi, so‘rab oldim. Darrov e’lonlar bo‘limiga ko‘z yugurtirdim. Bir joyda erkak va ayollar ishga qabul qilinishi haqidagi e’lonni o‘qidimu, badanimga qon yugurdi. Gazetani egasiga qaytarib berdim. Vaqtni boy bermaslik kerak. Oxirgi kuchimni to‘plab o‘rnimdan turdim-da, o‘sha ko‘rsatilgan joyni izlab ketdim. Mana, shaharning savdo mahkamalari joylashgan katta binoning beshinchi qavati. Har xil ta’nalardan qo‘rqib liftga o‘tirmay, zinadan chiqdim. Gazetada ko‘rsatilgan 18-xona oldida turibman. Odam ko‘p. Xonaga kirib ketayotganlarning yuzida allaqanday umid porlasa, ichkaridan qaytib chiqayotganlar g‘amgin, g‘arib ko‘rinadi.
Ish va’da qilgan odamlarning oldiga tetik kiray, degan maqsadda ancha nafasimni rostlab oldim. Keyin men ham boshqalarga o‘xshab xonaga kirdim.
— Gazetadagi e’lonni o‘qigan edim, — deya murojaat qildim ko‘rinishidan eshikbonga o‘xshagan odamga.
— Ichkari kirib kutib tur, — dedi u.
Xonada qator kursilar qo‘yilgan. Bularda olti ayol va sakkiz erkak o‘tiribdi, menga o‘xshagan to‘rt kishi tikka turibdi. Ko‘rinishi o‘zimga o‘xshagan bir odamdan so‘radim:
— O‘zi nima ish ekan?
— Bilolmadim, navbat bilan ichkariga chaqirib turishibdi. Biri o‘n minutda, biri yarim soatda bo‘shab chiqyapti. Nima uchundir hammasi ham ichkaridan darg‘azab bo‘lib chiqyapti.
Aytgani keldi. Shu payt eshik taraqlab ochildi-yu, ichkaridan basharasi lavlagidek qizarib ketgan semiz bir odam so‘kinib chiqdi. U: «Behayolar, ifloslar!» deganicha yugurib tashqariga chiqib ketdi.
— Har holda ishga qabul qilishmagani uchun jahli chiqqan bo‘lsa kerak, — deb o‘zimni yupatdim.
Yonimda turgan odam gapimga qo‘shildi:
— Shunaqaga o‘xshaydi, hammasining xunobi oshib chiqyapti.
— Navbat kimniki? — deb so‘radi eshikbon.
Yuziga qalin upa surgan, olifta bir juvon «meniki» dedi-yu, lapanglab xonaga kirib ketdi.
— Qiziq, ichkarida nima qilishayotgan ekan? — so‘radim navbat kutib turganlarning biridan.
— Menimcha, imtihon qilishayotgan bo‘lsa kerak, — deb javob berdi u.
Maktabda o‘qigan narsalarimni eslay boshladim. Bu yer savdo mahkamasi bo‘lganligi uchun birinchi navbatda arifmetikadan so‘rashsa kerak. Miyamda karra jadvalni qaytarib chiqdim. Shundan keyin protsent chiqarish va narx chegirish yo‘llarini o‘ylab turgan edim, ichkaridan boyagi ayolning baqirgani eshitilib qoldi. Shu payt eshik qarsillab ochildi-yu, u tashqariga otilib chiqdi.
— Nomussizlar! Vijdonsizlar! — deya baqirganicha u ham xonadan yugurib chiqib ketdi.
Ochiq eshikdan bir gala erkak kishining qiy-chuvi quloqqa chalindi.
— Nima gap o‘zi, bu juvonga biror narsa qilishdimi? — deb yonimdagidan so‘radim.
— Unaqa bo‘lmasa kerak. Agar biror gap bo‘lganida bunchalik dodlab chiqmasdi. Ehtimol, qiyinroq bir savol tushgandir.
— Shunday bo‘lsa kerak, — gapga aralashdi tikka turgan yigit, — javobga kuchi yetmagan ko‘rinadi.
— Erkak kishilar ham dodlab chiqyapti-ku, birodar, — unga qarab dedi boshqa biri.
— Kimning navbati?
Hozirgina gapga aralashgan yigit kirib ketdi.
Men yana protsent chiqarish yo‘llarini eslab turgan edim, «bu qanday bema’nilik!» deganicha u ham yugurib tashqariga chiqib ketdi.
— Bu yigit ham boyagi juvonga o‘xshab javob berolmabdi-da! — dedi yonimdagi odam.
Mendan keyin yana to‘rt kishi navbatga turgan. Keluvchilarning keti ko‘rinmaydi. Navbati bilan ichkari kirganlar esa terlab-pishgan, qizarib-bo‘zargan holda chiqib ketmoqda. Men bitta-bitta odam qo‘yib, darrov ko‘zdan g‘oyib bo‘lib qolayotgan eshikbonni to‘xtatib so‘radim:
— Kirgan odamlarni ichkarida nima qilishyapti?
U tirjayib turib:
— Sinab ko‘rishyapti! — dedi-da, yana ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Mana, navbat kutib turgan bir kampir bilan chol ham dod solib chiqib ketdi. Qiya ochilgan eshikdan yana qiyqiriq, kulgi eshitildi. Ish istab kelganlar so‘kinib, faryod chekib tashqariga chiqib ketavergan sari ichimda suyunaman: nega deganda, raqiblarim kamayib, mening umidim oshib boryapti. Lekin bir tomondan, ichkarida nima voqea ro‘y berayotganligini o‘ylab, vujudimni qaltiroq bosadi. To‘g‘risini aytsam, agar ikki kundan buyon och bo‘lmaganimda, hozir shu ishini ham, shu sinov-pinovini ham tashlab ketardim. Zora omadim kelib, ishga olinsam, degan umiddaman. Navbatda mendan oldin turgan chol kishi ichkaridan rangi oppoq oqarib chiqdi. Boshqalarga o‘xshab baqirgani unda majol qolmagan edi.
— Nima gap ekan o‘zi, amaki? — deb so‘radim.
— E so‘ramay qo‘ya qol, o‘zing ko‘rsang bilasan! — zo‘rg‘a javob berdi u.
— Kimning navbati?
Miq etmadim.
— Sizning navbatingiz-ku, — menga qarab dedi orqamda turgan odam.
— Siz kira qoling, men uncha shoshilayotganim yo‘q, — dedim.
— Yo‘q, yo‘q, birovning navbati menga kerak emas! — e’tiroz bildirdi u.
Tramvay yo avtobus bo‘lganida bu xumpar navbatini kutmay urib-surib chiqib olgan bo‘lardi-ya.
— Iltimos qilaman, kira qoling.
— Yo‘q, oldin siz kiring.
Eshikbon orqamdan itarib yubordi-da, eshikni yopdi.
«E, parvardigor, ishqilib, o‘zing sharmanda qilma! O‘zingga ishondim! Ishqilib, shu tajriba yo imtihondan bir qutulib olay, men ham bu dunyoda ishlik bo‘lay!» — deya ko‘nglimdan o‘tkazdim.
Qornim ochligidanmi, nihoyatda qo‘rqib ketganimdanmi, har holda, ko‘zim tinib ketyapti. Olazarak bo‘lib atrofimga qaradim: yaxshi jihozlangan, katta xona. Bu yerda o‘tirgan odamlar qiyqiriq otib kulishadi, kulgidan namlangan ko‘zlarini dam-badam artib turishadi. Sanagani imkon bo‘lmadi-yu, lekin o‘n chog‘lik odam bor. Ular bu yerdan hozirgina chiqib ketgan odamni masxara qilib kulishayotgan ekan. Hammasi ham qorin qo‘ygan, semiz bo‘lgani uchun kulgi ularga yarashar ekan. Tepasi toshoynali stol oldida o‘tirgan odamga yaqinlashdim.
— Hazilga tobingiz qalay? — Uning menga bergan birinchi savoli shu bo‘ldi.
Ishga olinish uchun nima deb javob berish kerak? Xonadagilarga birma-bir qarab chiqdim. Ularning orasida menga o‘xshagani yo‘q. Hammasi ham yaxshi kiyingan, hammasi ham semiz, hammasining ham yuzidan qon chak-chak tomib turibdi. «Har holda bular hazilni yoqtirsa kerak» degan xayolda zo‘raki kulgi bilan javob berdim:
— Hazilni juda yoqtiraman. Hazil desa o‘lib qolaman! Axir kim hazilni sevmaydi deysiz!
— Agar hazilni yaxshi ko‘rsang, mana shu kursiga o‘tir, dedi u.
Qornim ochligidan oyoqda turishga majol qolmagan bo‘lsa ham, hurmatini joyiga qo‘yish uchun:
— Zarari yo‘q, afandim, men tikka turaveraman, — deya javob qildim.
— Yo‘q, unisi ketmaydi. Agar hazilni ma’qul ko‘rsang, shu kursiga o‘tirasan.
Kursida nima gap bo‘lardi, dedimu gap qaytarmaslik uchun o‘tirdim.
— Rahmat, afandim.
— Yo‘q, yo‘q, u yerga emas, manavi kursiga o‘tir.
Aytganini qildim.
— Bu yerdagi odamlarning hammasi hazilkash odamlar.
— Juda soz, afandim. Kaminangiz ham hazilni juda yaxshi ko‘radi.
U men bilan u-bu haqda gaplasha boshladi. Bergan savollariga odob bilan javob qaytarib turdim. Javob beryapmanu, a’zoyi badanim g‘alati bo‘lib ketyapti. Rostini aytsam, tagim qizib ketyapti. Xuddi laxcha cho‘g‘ ustida o‘tirganga o‘xshayman. Yo rabbiy, nima gap o‘zi? Nima balo, kasal bo‘lib qoldimmi? Undog‘ desam, isitma degani odamning tagidan emas, boshidan chiqadi-ku… Nima qilarimni bilmay, to‘lg‘anaman, o‘zimni goh u yonga, goh bu yonga tashlayman, lekin foydasi yo‘q. Men o‘tirgan joyimda besaranjom bo‘lgan sari ular xandon otib kulishadi. Ilojim qancha, ular kulgini yaxshi ko‘radigan odamlar, qolaversa, mening ahvolimdan kulmay bo‘ladimi o‘zi… O‘zim ne azobdamanu, lekin ular bilan birga kulishaman. Tagimdan shunday o‘t purkayaptiki, go‘yo hozir jizg‘anak bo‘lib kuyib ketadiganga o‘xshayman.
— Sizga nima, bo‘ldi, tobingiz qochdimi? — so‘radi qarshimda o‘tirgan odam.
Betobman desam, ishga olishmasligi mumkin.
— Yo‘q, sog‘lig‘im joyida, juda salomatman.
— Nega bo‘lmasa besaranjom ko‘rinasiz?
Ularning qiyqirig‘i avjga chiqqan.
— Kechirasiz, chipqon chiqqan edi, — dedim shu bahonani topib. — Ruxsat etsangiz, men tikka tursam.
Ular kulgidan ichaklari uziladiganday. Mening esa a’zoyi badanimdan duv-duv ter to‘kiladi. Peshanam jiqqa ho‘l bo‘lib ketgan ekan, uni artib o‘rnimdan turdim. Bu yerda maymun o‘ynatyapmanmi, nega kulasizlar, deya ularga baqirib bermoqchi bo‘ldimu, lekin o‘zimni bosib qoldim: har holda bular hazilkash odamlar, shundoq deydigan bo‘lsam, meni ishga olmasliklari mumkin.
Stol oldida o‘tirgan kishi tugmachani bosib, xizmatkorni chaqirdi:
— Afandimga bir stakan choy keltir!
Buni eshitib suyunib ketdim. Bundan chiqdi, men ularga ma’qul tushibman-da. Ochlikdan qornim g‘ulduraydi. Issiq choy ichsam ehtimol bosilar.
Xizmatkor bir stakan choy keltirdi. Men tikka turganimcha qo‘lidagi stakanni olib, ichiga ikki chaqmoq qand tashlagan edim, choy birdan vishillab ko‘pirib ketdi. Qo‘rqib ketganimdan jon holatda stakanni otib yubordim. Kiyim-boshim ko‘pikka belandi, qo‘llarim kuydi. Ayb menda bo‘lsa kerak, qo‘polligim qursin. Xonadagilar endi qahqaha otib kulishardi.
— Anavi eshikni ochib, ichkari kirsang, stol ustida bitta papka yotibdi. Shuni bu yoqqa olib chiq, — deb menga buyurdi ulardan biri.
U aytgan eshikni ochib, qaragan edim, ko‘zimga hech narsa ko‘rinmadi. Endi nima qilay, yo‘q desam, buyruqni bajarmagan bo‘laman-ku.
— Hech narsa yo‘q-ku, afandim, — dedim qo‘rqa-pisa.
— Ha, mayli, bu yoqda ekan, kelaver, — dedi u hamon o‘zini kulgidan to‘xtata olmay.
Aytganini qilib, oldiga kelgan edim, yana buyurdi:
— Eshikni ochib kelibsan, bor, yopib qo‘y!
Eshikni yopib keldim. Endi boshqa kishi meni savolga tuta boshladi. Lekin javobni o‘rniga qo‘yolmay qoldim — birdan aksa boshlansa bo‘ladimi. Hech to‘xtamay aksa uraman-a.
— Otingiz nima?
— Otim… Ap-ap-apshu… Meh-meh-ap-ap… apshu… Mehmed.
Ular qiyqirib kulishadi. Menga nima balo bo‘ldi ekan-a? Qirq yoshga kirib, endi ish topay deb turganimda yo tagim alanga oladi, yo qo‘pollik qilib choy to‘kaman, yo bo‘lmasa aksa tutadi-ya!
— Necha yoshdasiz?
— Qir… qir… apshu! Qirq birda! Apshu!
Kulgidan o‘layozishdi.
Bittasining rahmi kelib:
— Borib anavi jo‘mrakdan yuzingni yuvib kel, — dedi.
Jo‘mrakda yuzimni yuvib oldimu, lekin baribir o‘zimga kelolmadim. Bu gal nima uchundir ko‘zim yoshlana boshladi. Ko‘zim yoshlanyapti emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ho‘ng-ho‘ng yig‘layapman. Hayronman, hech bunaqa bo‘lmagan edim. Qornim ochganidan bo‘lsa kerak, deb ham o‘yladim. «Bo‘ldi endi, bularning oldida rosa sharmandam chiqdi. Bir yerda tinch o‘tirolmaydigan, dam aksa urib, dam ko‘z yoshi oqizadigan bunaqa lapashang odamni ishga olisharmidi» degan xayol miyamdan ketmaydi.
— Nega yig‘layapsiz?
— Menmi? O‘zim, shunday… Onam rahmatlik…
Qiyqirib kulishdi. Xudoyo tavba, o‘zim ham rosa yig‘layapman-a. Bittasi o‘rnidan turib shkafdan shishachada allanima oldi:
— Mana bundan ozgina hidlang, dimog‘ingiz ochiladi.
Kaftimga quygan narsasidan hidlab, chuqur nafas oldim. Asabni yupatadigan narsaga o‘xshaydi. Uh, dimog‘im sal ochildi-ya. Bugun o‘zi menga bir balo bo‘lganga o‘xshaydi. Buni qarang, endi hiqichoq tutsa bo‘ladimi. Hiq-hiq-hiq… Bular meni jinni deb o‘ylashsa kerak… Ha-da, dam yig‘lasam, dam aksirsam, dam hiqillab tursam. Meni haydab chiqarishmaganlariga hayronman.
— Ilgari nima ish qilardingiz?
Javobga yo‘l bo‘lsin!
— Ilgari… Hiq… bo‘… hiq… bo‘yoqchilik… hih…
— Bo‘ldi-bo‘ldi, bas qil! — deya qotib-qotib kulishadi.
— Manavi shkafni och!
Shkafni ochganimni bilaman, bir narsa zambarak otilganday gumburlab berdi. Qo‘rqib ketganimdan yerga ag‘anab tushdim. Omad yurishmasa, shunaqa bo‘larkan-da. Mana endi, ishdan ham quruq qoldim.
Xonadagi odamlarning ichida bittasi juda ham so‘lahmon ekan, o‘sha stol ustidagi changni men tomonga puflab yubordi. Keyin hiqirlab mendan so‘radi:
— Nega hadeb qashinaverasiz?
— Xudo haqqi, iflos emasman, kecha hammomga tushgan edim, lekin nima uchundir etim qichishib ketyapti.
Nima balo, burgami desam, hech burgaga o‘xshamaydi, axir burga odamning bir joyini qichitadi-ku. Mening esa hamma yog‘im qichishib ketyapti.
Ularning keksarog‘i savol berdi:
— Ma’lumotingiz qanday?
— Universitetning adabiyot fakultetini tamomlaganman.
U qulog‘ini og‘zimga yahin keltirib aytdi:
— Qattiqroh gapiring, qulog‘im og‘irroq.
Qulog‘i og‘ir kishilar tutadigan asbobi bor ekan. Qirt-qirt qashinib turib, javob berdim:
— Adabiyot fakultetini…
— A?
Lablarimni qulog‘idagi asbobga qo‘yib, «adabiyot» deganimni bilaman, birdan asbobdan suv otilib chiqsa bo‘ladimi. Esankiraganimdan tappa yerga yiqildim. Bir tomondan qornim tatalab ketyapti.
Ular ham yerda dumalab-dumalab kulishadi. Tutqanog‘i tutgan odamday ancha vaqtgacha yerda tipirchilab yotgach, o‘rinlaridan turishdi. Kulgi to‘xtadi. Hammasi jiddiy. Hazil tugagan ko‘rinadi.
— Ofarin senga, — menga qarab dedi ulardan biri, — sinovga yaxshi chidading. Sendan oldin qirqtacha odam keldi, lekin bittasi ham oxirigacha turish berolmadi. Hatto birinchi sinovda ham qochib ketganlar bo‘ldi.
— Tushunmadim, beyafandim, men qanday sinovga chidadim?
— Amerikada hazil uchun qo‘llanadigan dorilar ishlab chiqaradigan fabrika bor. O‘sha fabrika bizga ba’zi bir dorilarni yuborgan edi.
— Xo‘sh?
— Bu dorilarning ba’zilari xatarli bo‘ladi. Shuning uchun ularni oldin sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan edik.
Keyin o‘zaro gaplashib ketishdi:
— Amerikada shunaqa mollar sotiladigan o‘n mingta magazin bor ekan.
— To‘g‘ri… yiliga yigirma million dollardan ko‘proqqa mol chiqarisharkan.
— Fabrika bizga ellik xil dori taklif etyapti.
— Boshqa xillaridan ham olaveraplik. Katta pul ishlab olamiz. Nega deganda, xalqimiz amerikaliklarga qaraganda ko‘proq hazilkash. Biz hazilni yaxshi ko‘radigan odamlarmiz.
Ularning keksarog‘i sekretarga o‘xshagan bir kishiga buyurdi:
— Qani, yoz bo‘lmasa. Tagni qizdiradigan plastinkadan ikki ming dona, qichitqi poroshogidan o‘n ming quti, hiqichoq tutqazadigan atirdan besh yuz quti, karlarning asbobidan besh million dona, ko‘zni achishtiradigan suvdan yigirma ming shisha, ko‘piradigan qanddan besh tonna, paq-paq pistondan o‘ttiz ming quti. Hammasini yozib yubor, darrov jo‘natishsin.
Meni maqtashganiga qaraganda ishga olingan ko‘rinaman. Lekin to‘g‘risini aytsam, nima qilishga hayronman. Ular gap bilan bo‘lib meni unutib qo‘yishdi.
— Beyafandim, — dedim men bilan ko‘proq muloqot qilgan kishiga qarab, — ishga olindimmi endi?
— Iya, seni esdan chiqarib qo‘yibmiz-ku, — dedi u. — Ha, ish qidirib kelganlarning ichida eng chidamligi sen bo‘lding. Seni ishga qabul qildik.
Keyin u sekretariga o‘girildi:
— Buxgalterga ayt, bu kishiga kassadan ikki yarim lira olib bersin.
Yana menga qarab qo‘shib qo‘ydi:
— Bizning shirkatimiz har oyda Amerikadan shunaqa dorilar olib turadi. Siz har oyning uchinchi kuni kelib tursangiz bo‘ladi. Yangi olgan dorilarimizni sinab berasiz, ikki yarim lira xizmat haqingizni olaverasiz. Yoddan chiqarmang, har oyning uchinchi kuni.
Hi-hilab kuldim. U ham tirjaydi.
— Juda hazilkash odam ekansiz. Men ham hazilni yaxshi ko‘raman.
Men kulyapman. U kulyapti.
Ochlik azobidan oyoqda zo‘rg‘a turgan bo‘lsam ham, bor kuchimni yig‘ib bachchag‘arning hoh burniga bir musht tushirgan edim, orqasi bilan ag‘darilib tushdi. Burni qonab ketdi. Boshqalari esankirab qoldi.
— Siz bilan sal hazillashmoqchi edim, — dedim unga qarab.
— He, haziling qursin… Bunaqa hazilni odam emas, eshak qiladi.
— Nima qilay, axir biz kambag‘al bo‘lsak. Qo‘limizga tegadigan ikki yarim liraga hazil dorilaringizni olishga qurbimiz yetmaydi. Axir sizdek odamga hazil qilmay bo‘ladimi? Bizning dorisiz hazilimiz shunaqa bo‘ladi.
Eshikni shartta yopib chiqib ketdim. To‘g‘ri uyga bordim. Hayot falsafasi bilan to‘lgan daftarimni ochib, uning so‘nggi betiga shu so‘zlarni yozib qo‘ydim: «Hayot — bu achchiq hazil demakdir!»
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi

