Men allaqachon qirqni urib qo‘yganman, ammo haligacha so‘qqaboshman, hali-beri uylanadigan siyog‘im yo‘q. Aytishlaricha, zuryodsiz odam mevasiz daraxtga o‘xsharkan. Ammo meni mavasiz daraxtga mengzash unchalik to‘g‘ri emas. Mening jiyanlarim bor. O‘zimning bor mehr-qo‘rimni akalarimning farzandlariga bag‘ishlaganman. Katta akam kichkina bir lavozimda ishlaydi, zo‘rg‘a amal-taqal qilib tirikchiligini o‘tkazadi. Uning oilaviy daromadi har xil ko‘ngilxushliklar, sayru sayohatlarni ko‘tarmaydi. Kino yoki teatrlarga bormaydi, sohillarda toblanmaydi. Xotini bilan har yili bittadan bolani dunyoga keltirish qo‘lidan keladi, xolos.
O‘rtancha akamning ishlari yomon emas, chunki u maktabda faqat yettinchi sinfgacha o‘qigan. Uylanganiga o‘n besh yil bo‘lib qoldi. Ikkita bolasi bor.
Mening yana kichik akam ham bor. Kallasi unchalik yaxshi ishlamagani tufayli to‘rtinchi sinfni arang bitirgan. Shu bois u juda boyib ketgan. Er-xotinlarning yegani oldida, yemagani ketida. Shuncha kayfu safolar bilan yana bola orttirishganiga xayronman.
Biz to‘rt aka-ukamiz va hammamiz bir-birimizni ko‘rarga ko‘zimiz yo‘q. Kichik akalar katta akani xotinini «bola ko‘paytiradigan fabrika»ga aylantirib qo‘ygani uchun yomon ko‘rishardi. U bo‘lsa bunga javoban « Vatanga erkaklar kerak» deya hazil qilib qo‘yardi. Meni «Qisir sigir» deyishardi. Men bo‘lsam ularning churvaqalariga qarab qo‘yaman – bittasi qurt tushgan gilosga o‘xshaydi, boshqasi sap-sariq nokning o‘zginasi, uchinchisi so‘ligan shaftoli…Ammo men jiyanlarimni yaxshi ko‘raman. Ular ham meni yaxshi ko‘rishadi. Kecha ular uzzukun mening uyimda yayrashdi. Sakkiz bolakay. Kattasi o‘n ikkida, kichigi uch yashar.
To‘qqiz yoshli Oltan hamma kitoblarimni titkilab chiqqach, dedi:
– Amaki, shuncha kitob yiqqan bo‘lsangiz ham bironta o‘qiydigani yo‘q ekan-ku?
Uning yoshini e’tiborga olib, javob qildim:
– Qanaqasiga yo‘q bo‘larkan? Marhamat, «Robinzon Kruzo» bor, Jyul Vernning asarlari…
Bolalar xiringlashdi. Oltan gap qotdi:
– Amakijon, bular o‘zingizga buyursin, sizda «Qonli izlar», «Ishq saboqlari» yoki hech bo‘lmaganda «Jinsiy entsiklopediya» degan kitoblar topilmaydimi?
Bunaqa kitoblar menda yo‘q edi. O‘n bir yoshli tirrancha Fatosh judayam shum. Tinimsiz nimalarnidir so‘ragani so‘ragan. Hamma narsani bilgisi keladi. To‘g‘ri, men ota bo‘lolmadim, ammo bola tarbiyasi nima ekanligini tushunaman. Bola tarbiyasi haqidagi deyarli hamma kitoblarda shunday deyiladi: « Bolalar tashqi dunyo bilan bevosita muloqotga kirishish jarayonida atrofidagi voqelikka qiziqishi orta boradi va kattalardan muttasil nimanidir so‘rayveradi. Bolaning barcha savollariga sabru qanoat bilan javob berish kerak».
Jiyanlarim mendan nimani so‘rashmasin, tarbiya borasidagi qoidaga binoan xuddi oldimda bolakay emas, katta odam turgandek javob berishga harakat qilardim. Haligi shumtaka Fatosh gazetaning bir joyini ko‘rsatib so‘rab qoldi:
– Amaki, sun’iy urchitish degani nima o‘zi? Gazetada shunday yozilibdi.
Men o‘tirgan joyimda to‘lg‘onib, nima deb javob qilishni bilmay qoldim. Ammo pedagogika qoidasiga binoan men bolalalarning hamma savollariga batafsil javob berishim lozim.
– Bu…haligi…,- deya arang gap boshladim,- senga nima desam ekan…Mana masalan bolalarni olaylik…
Hammasi atrofimni o‘rab olishdi. To‘ppa-to‘g‘ri og‘zimga og‘zimni poylashdi.
– Xo‘sh?- deya javobni kutishdi.
– Bu endi haligi…bironta ona bolani o‘zi dunyoga keltirmoqchi bo‘lsa…Agar u birgalikda bolani dunyoga keltirish uchun otani topolmay qolsa… Ana o‘shanda…
Men terlab ketdim. Xayriyatki kichkintoy Erol suhbatga aralashib meni qutqarib qoldi.
– Amaki, «Axloqsiz holat» degani nima o‘zi? Mana bu gazetada yozilibdi: « Mirshablar ularni axloqsiz holatda turganida qo‘lga oldilar».
Men pedagogika darsligini yozgan mualliflar bunaqa savollarga qanday javob berishini bilmayman. Ular bolaning yoshiga muvofiq ota-onalar tushuntirish ishlarining alohida shakli-shamoyilini topishlari lozimligini, ammo bunda albatta faqat to‘g‘ri gapni aytish kerakligini ta’kidlashadi.
– Axloqsiz holat degani…,- deya chaynalaman, – bu haligi…
Bolalar zo‘r ishtiyoq bilan tinglashdi… Bas!..Bunisi endi ortiqcha. Meni mutasaddi-tarbiyachilar kechirsinlar-u, hamma narsaning o‘z meyori bor. Yaxshisi, bolalar axloqsiz holat degani nima ekanligini …o‘zlari shunaqa holatga tushmaguncha… bilmay qo‘ya qolishsin!
– Bolalar,- dedim,- axloqsiz holat degani – bu boshqalarga halaqit berib baqir-chaqir qilishdir.
Endi Ildizning tili chiqib qoldi:
– Amaki, mana bu yerda yozilibdi: «U qizning nomusiga tajovuz qildi». Bu nima degani?
– Yuringlar sayr qilib kelamiz,- dedim.
– Yo‘q, oldin haligini tushuntirib qo‘ying!- deya bolakaylar baravariga chuvillashdi.
– O‘chir ovozingni!- dedim keskin gapini bo‘lib.- Uyatsiz!
Oydinning savoli hammasinikidan o‘tib tushdi:
– Amaki, bolalar qayoqdan paydo bo‘ladi?
Men gapni boshqa yoqqa burvormoqchi edim, ammo Oltan chaqqonlik qildi:
– Ko‘chadan topib olishadi. To‘g‘rimi, amaki?
– Ayrim bolalarni ko‘chadan topib olishadi. Ammo hammasini emas.
– Farishtalar ularni qanotida olib kelishadi. To‘g‘rimi?- deb so‘radi Ildiz.
Hammasi ho-holab kulishdi. To‘qqiz yoshli jiyanim shunday pisanda qildi:
– Amaki, siz yaxshiyam hali uylanmagansiz.
Men qizarib ketdim.
– Nega endi bunday deyapsan?
– Negaligi ko‘rinib turibdi-ku! – javob qildi bolakay.- Siz haliyam bolalar qayoqdan paydo bo‘lishini bilmaysiz! «Ahloqsiz holat» nimaliginiyam bilmaysiz. Siz hech narsani bilmaysiz, amakijon. E suf sizga! Kap-katta odamsiz-a!..
Ular qotib-qotib kulishdi.Boshimni xam qilib xonadan chiqib ketdim.
Shodmon Otabek tarjimasi