Ikkinchi qavatimizga yangi ijarachilar ko‘chib kelishdi. Ularning kelishi oson bo‘ldiyu biroq ashqal-dashqallarini tashishiga naq bir hafta ketdi. Xabaringiz bor, hozirgi ko‘pqavatli uylarda istiqomat qiluvchilar eski odamlarday oqibatli emas. Hatto bitta qavatda yashab turib ham bir-birini tanimaydigan, salom-alik qilmaydigan qo‘shnilar bor. Masalan, ikki yildan buyon yonimidagi ko‘pqavatli binoda kun kechirayotgan mallasoch ayolning uyida g‘alati-g‘alati ishlar bo‘layotganini, ichki ishlar kelib bosib ketganini gazetalardan o‘qigandan so‘nggina bilib oldik.
Tepa qavatga ko‘chib kelgan yangi ijarachilarni ham tanimasdim. Tonglarning birida eshikdan chiqarkanman katta iyakli odam shlyapasini boshidan olib ehtirom bilan salom berdi. Alik oldim.
Endi o‘taman degandim,
— Qulingiz, Mo‘min Akram O‘zaner, — dedi.
Javob berishga ulgurmasimdan davom etdi:
— Tepa qavatingizga ko‘chib kelgan ijarachi kaminadur. Bir oqshom aziz mehmonim bo‘ling, bir go‘zal suhbatlar quraylik. Tashrifingizdan shod bo‘lurman. Xudoning panohida bo‘ling qadrdonim, bu tanishuvdan qulingizning ko‘ngli osmon qadar o‘sdi…
Xullaskalom, Mo‘min bey bilan shunday, tasodifan tanishib qoldik. O‘sha kuni kechqurun xizmatokori yo‘qlab keldi:
— Sohibim kelishingizni intizorlik bilan kutyapti, — dedi.
— Uzr so‘rayman, — dedim. — Bugun mehmonlarim bor.
Shundan so‘ng har kechasi Mo‘min beydan mehmonga chaqiruv kela boshladi. Uning uyiga borsakku, mayli, biroq, masalaning boshqa tomoni ham bor, keyin uni ham mehmonga chaqirishim lozim. Qarabsizki, uyimizda to‘rt dona oyoqlari singan kreslodan boshqa narsa yo‘q. Sharmanda bo‘lishimiz aniq. U har kuni, har oqshom xabar yuborar, agar bormasam go‘yoki qo‘limdan tutib, majburlab olib ketadigandek edi.
Kunlarning birida kechki ovqatdan so‘ng uning uyiga yo‘l oldim. Zamonaviy uy jihozlari bilan to‘lgan uyni aytmay turaqolay, eh-hee-e. Shiftga tegay degan muzlatgich, changyutgich, tikuv mashinasi, bichuv mashinasi, hushtak chaladigan choynak, blendr, mikser degan allambalolar ko‘rgazma paviloniga qo‘yilgan nodir buyumlardek joylashtirib qo‘yilgan.
Mo‘min bey o‘z xonasiga yetaklab bordi. Hayratda qoldim, devorga qotirilgan javonlar kitoblar bilan to‘la edi. Demak inson yanglishi mumkin ekan, dedim. Chunki men Mo‘min Akram beyni hoji ota deb o‘ylagandim.
— Qulingiz intellektual muhitni sevaman, — dedi.
Biroz tili g‘alatiroqmiyey… Mayli, nimayam derdim. Nima ish qilishini so‘radim.
— Tadbirkorlik bilan shug‘allanadurmen, — dedi. So‘ngra ijod bilan ham shug‘ullanib turishini aytib, she’rlaridan o‘qiy boshladi.
— Fikringiz qanday, bo‘lurmi, — deya so‘radi o‘qib bo‘lgach.
— Nihoyatda go‘zal, — dedim.
Go‘zal deyishim bilan yana o‘qidi, tinmay o‘qiyverdi. She’rdan hikoyaga o‘tdi.
— Hikoyalarim bulardan ham go‘zal, — dedi.
Shundan so‘ng pesalariga o‘tdi. Toza bezdim o‘ziyam. Mavzuni o‘zgartirish uchun sekin o‘rnimdan turib kitoblarni ko‘zdan kechira boshladim. Shuncha yildan beri ijodkormanu ammo bunchalik ko‘p kitob yig‘olmaganman ochig‘i.
Mo‘min bey,
— Nigohingiz tushib turgan ushbu nodir kitoblarning barchasi kaminaga tuhfa qilingan, — dedi.
— O‘o‘-o‘, qanday yaxshi… Kimdan tuhfa? — dedim.
— Mazkur kitoblarning mualliflari bilan shaxsan tanishman. Hammasi og‘aynilarim. Jonlari omon bo‘lsin, hamisha holimdan xabar olib turishadi, shular berishdi…
Hayratdan o‘zimga kelolmay turgandim,
— Falih Rifgiyni taniysizmi? — deya so‘radi.
— Ismi juda tanish… — dedim va o‘yga toldim.
Javondan bir kitobni oldi va ko‘rsatdi.
— Ushbu kitob shaxsan uning o‘zidan hadya kaminaga…
Kitobni qo‘limga oldim. Ustiga Falih Rifgiy “Zaytun tog‘i” deb yozilgan.
— Qani bir o‘qing, nima yozgan ekan, o‘qing? — dedi iljayib.
Kitobning birinchi betiga shunday yozilgandi: “Muhtaram do‘stim Mo‘min Akramga yuksak do‘stiligimizning xotirasi o‘laroq taqdim qilindi. Falih Rifgiy…”
Ichimdan “Har holda yozuvchi odam bunday, “yuksak do‘stlik”, “o‘laroq”, “qilindi” deya yozmasa kerak”, deb o‘yladim, yana kim biladi deysiz.
— Mana bu Rashod Nurning sovg‘asi, “Choliqushi”. Mana qarang, “Mo‘min beyga chuqur hurmat izhor etaman… Rishod Nuriy” deb yozgan. Azizim, ishimdan so‘rasangiz, bandai ojizingiz oddiy bir tadbirkor, ammo adabiyotchilarning bari yaqin do‘stlarimdir.
Gap orasida yana boshqa bir kitobni uzatdi:
— Bu kitob Ravshan Eshiref beydan…
Uzundan-uzun do‘stlik hikoyasidan keyin yozuvchining kitobga bitilgan izhorini o‘qidi: “Qardoshim Mo‘min beyga, chuqur hurmat ma’nosida taqdim etdim… Ravshan Eshiref O‘nuaydin”.
Yaqub Qadimiyning “Begona”si, Holida Adibning “Chivinlar baqqoli”. Xullas, shu kabi bir qator asarlar yozuvchilarning shaxsiy imzosi bilan Mo‘min Akramga sovg‘a qilingandi. Orada hatto biologiya, kimyoga doir kitoblarga ham ko‘zim tushdi. Kitoblarni ko‘zdan kechirayotib bir paytlar gonarar uchun majburan yozgan o‘z romanimni ko‘rib qolsam bo‘ladimi deng. Hovliqib kitobni ochdim, ilk sahifaga shunday yozilgandi: “Muhtaram Mo‘min Akram beyafandiga… Ehtirom bilan Hashan Yektash”.
Qonim qaynab ketdi.
— Siz bu Hashan Yektash deganlarini taniysizmi o‘zi? — deya so‘radim.
— Axir, birodarim, tanish bo‘lmasak shunday go‘zal kitobni shaxsan o‘zi imzolab hadya qilarmidi menga? — dedi u ko‘zlarini ayyorona o‘ynatib. — Balki ishonmassiz, o‘tgan kun mehmonimiz edi, xuddi mana shu, aynan siz o‘tirgan joyda o‘tirgandi…
Bu adabiyotsevarning ayoli ham o‘zidan hech qolishmasdi, biroq bir ustun tarafi bor edi, u mulozamatsiz, toza Istanbulcha gapirardi.
Oqshomlarning birida kechki ovqatdan so‘ng mehmonga, qahvaxo‘rlikka taklif qilishdi. Uzundan-uzoq va zerikarli suhbatdan qutilish uchun,
— Buyuk shoir Tevfik Fikratni taniysizmi? — dedim.
Ayoli eridan ham chaqqonlik qilib,
— Ee-a, albatta taniymiz, — dedi. — Judayam yaxshi inson, juda yaxshi ko‘ramiz, u ham bizlarni juda hurmat qiladi. Tez-tez uyimizga mehmonga kelib turadi. Men qilgan zaytun yog‘li do‘lmalarni yoqtiradi…
Eh-he, bu ikkalasi ham g‘irt yolg‘onchi ekan, er-xotin tuprog‘i bir yerdan olishadi, deyishardi, mana sizga isbot. Qotib-qotib kulib,
— Yo tovba xonimafandi, nimalar deyapsiz, axir Tevfik Fikrat o‘lgan, — dedim.
Bu gapdan keyin ikkalasining ham yuzi shuvit bo‘ldiyov, deb o‘ylagandim. Biroq ayol zarracha hayratlanmay gap boshladi:
— Haa-a, aytdima o‘zimam ko‘pdan buyon nega kelmay qo‘ydi deb.
Eri ham uning so‘zini tasdiqladi:
— Men ham xayron bo‘lib yuruvdim, nega kelmayapti hech, deb. Demak o‘lgan ekanda.
“Eh” deya o‘zicha afsuslanib tizzasiga urishdi ikkalasiga birdaniga. Men esa ko‘zlarim olayib,
— Axir uning o‘lganiga 50 yildan oshdi, — dedim.
Bu so‘zlarimdan keyin oraga biroz sukunat cho‘kdi. Ikkalovi bir-birovga termulib angrayib qolishdi. Bu vaziyat bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa davom etdi. Ayoli darrov xushyor tortib,
— Yo Xudoyimey… Vaqt deganlari bir zumda o‘tib ketaverar ekanda, xuddi kecha bo‘lgandek barchasi, — desa bo‘ladimi deng. Ovozimni chiqarmadim. Bir muncha vaqt Mo‘min beyning o‘xshamagan loflarini tingladim.
Xayrlasharkanmiz,
— Ertaga kechqurun biznikiga ham bir o‘ting, — dedim.
— Kamina amriringizga muntazir, ne desangiz shu, borurman, — dedi.
Odamgayam hayronsan, ko‘ngil uchun bir og‘iz o‘ting desang yugurib kelaverar ekanda. Uni bir uyaltirib qo‘yay deb oldindan tayyorgarlik ko‘rdim.
Qaxvaxo‘rlikdan so‘ngra,
— Siznikichalik kitoblarim ko‘p emas, biroq bularni yozuvchilarning shaxsan o‘zlaridan olganman, — deya maqtandim.
— Qanday ajoyib-a birodarim, qani-qani, qanday kitoblaringiz bor?
Javondan Ahmet Vafik Moliyera tarjimalarini oldim. Mo‘min beyga uzatdim va dedim:
— O‘qingchi qani, Ahmet Vafik Posho menga nimalarni yozibdi.
U o‘qishni boshladi: “Qadrdon Hashan bey o‘g‘limga… Ahmet Vefik”.
— Bu Ahmet Vofiq Posho deganingiz mabodo uchinchi rota komandoni emasmi?
Javob o‘rniga, ehtimol tushunib, uyalib qolar deya Naima Tarixiyning bir jildini oldim javondan.
— Qarangchi Naima nima deb yozgan ekan? — deya qo‘liga tutqazdim.
O‘qidi: “Nishonayi muhabbat ila asari ojizonamni sizga tuhfa etaman. Qadrdoningiz va muhibi hassosingiz Naimadan…”
Yaramasning yuziga qaradim. Hayratdan qotib o‘tirardi. Har holda yeb qo‘yganini angladi shekilli, deb tursam, birdan gap boshladi:
— Sizning ushbu Naim og‘a deganingiz o‘sha mashhur olib-sotar, chetdan tovarlar import qiladigan tadbirkor emasmi?
Biror so‘z demadim. Og‘zimni ochsam, o‘zimni tutolmasligim aniq, bu ablahni yer bilan bitta qilib tashlayman.
— Ammo, sizda hech kim tanimaydigan ijodkorning asaridan yo‘qdur, — dedi.
Qo‘limni tarjima asarlarga uzatdim, “Faust” ilindi.
— Gyote bor, — dedim mag‘rurlanib. — U ham hatto qarang menga bergan kitoblarida shunday deb yozgan: “Hashan ukamga…”
— Kimning asari deyapsiz? — deya so‘radi.
— Gyotening…
Qo‘lini iyagiga tirab,
— Go‘te… Go‘te… Go‘te… — deya bir necha marta takrorlagandan so‘ng, — Tanidim, bu kimsa bir paytlari juda mashhurlikka erishgan ko‘zboylag‘ich, to‘g‘rimi? — dedi.
…Qotillar o‘z jinoyatlari haqida ochiqlashar ekan so‘z oxirida “Qolganini eslolmayman…” deyishadi. Men ham xuddi shunday, o‘shanda, u oxirgi so‘zni aytganidan so‘ng nima qilganimni eslolmadim.
Ko‘zlarimni ochsam, ichki ishlardaman, atrofimni ichki ishlar xodimlari o‘rab olgan. Qo‘limda parcha-parcha bo‘lib ketgan Shekspirning kitobi turibdi. Mo‘min Akram bey yuz-qo‘llari timdalab tashlangan, ko‘zlari qonga to‘lgan holatda kresloda o‘tiribdi.
Komissar menga:
— Nima bo‘ldi? Tushuntiring! — deb buyurdi.
Qo‘limdagi kitobni unga uzatdim. Kitob boshida Shekspirning surati bor edi.
Komissar:
— Kim bu rasmdagi soqolli kimsa? — deya so‘radi.
— Shekspir! — dedim qat’iy ohangda.
— Haa-a, tushunarli, demak ajnabiy, shundaymi?
— Ingliz, afandim.
— Nima ish qiladi?
— Shoir.
— Qayerda yashaydi? Siz bu odamni qayerdan taniysiz? Tez manzilini ayting! — dedi vajohat bilan.
Mo‘min beyga o‘girilib:
— Alloh rizosi uchun gapimni tasdiqlang, yordam bering… — deya yolvordim.
Bu mahal komissar xonadagi ikki xodimiga,
— Bu ishlarga biz aralasholmaymiz, bu ikkalasini siyosiy bo‘limga olib boringlar! — deya amr qildi.
Turk tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi