Bu voqeani menga sahna rassomi Plaudis hikoya qilib bergandi. Shuni ham aytishim kerakki, Plaudis butun Rigaga dong‘i ketgan suzuvchi. Odamlarning gaplariga qaraganda, agar kayfiyati yaxshi bo‘lsa, uning Kish ko‘lidan suzib o‘tishi hech gap emas, albatta, buning uchun ko‘l qalin muz qatlami bilan qoplanmagan bo‘lishi lozim. Hatto kunlarning birida u butun Riga qo‘ltig‘idan suzib o‘tganmish; buning uchun Salatsgrivadan Engurega qadar suzib borgan. Shunisiyam borki, Plaudis u yoqqa quloch yoyib suzgan bo‘lsa, qaytishda chalqanchasiga suzgan. O‘zim ham uning Langstinyu ko‘li bo‘ylab doira yasab suzganligiga guvoh bo‘lganman. O‘shanda u shunaqa kibru havo bilan suzgandiki, bu sportchining oldida kinohujjatchi Ansis Epners unga mikrofon tutganicha, oldinda suzib borar (u marafonchilar bilan shunga o‘xshash film yaratganmish), Plaudisning suzish inson salomatligi uchun nechog‘li ahamiyatga molik ekanligi to‘g‘risidagi bebaho so‘zlarini kino tasmasiga muhrlardi. Biroq men nima sababdan hadeb Plaudis to‘g‘risida so‘zlamoqdaman, axir gap uning haqida emas, balki javon xususida borishi kerak-ku?!
Voqea bunday bo‘lgandi. Plaudis o‘zi uchun qadrdon bo‘lib qolgan operetta teatridan chiqdi-da, Vidzem bozoriga yo‘l oldi. Shu asnoda uni badbashara, yuz-ko‘zi loyga qorishib, oftobda qolgan qumanjir, ya’ni kaktusni eslatuvchi bir odam to‘xtatdi.
— Bu sen… latishmisan? — so‘radi u Plaudisni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirarkan; undan marvaridguldan tayyorlangan odekolon hidi taralmoqdami yoki kerogazning dimoqni yoradigan achchiq dudi isi kelmoqdami — bilib bo‘lmasdi.
— Bu men… yaponman, — rassom tezroq yo‘lga tushish uchun shunday dedi. — Ustiga-ustak, juda kambag‘alman.
— Eshityapsanmi? — inson-qumanjir rassomning izohini tinglab o‘tirmadi, uning pidjagi etagidan mahkam ushladi. — Quruqman, hammayog‘im qurib yotibdi. Uyda esa ukam supada yotganicha qurimoqda!
Plaudis ana shu tasqara odamning changalidan bir amallab o‘zini xalos etarkan, “Bu ishga mening hech qanday aloqam yo‘q” demoqchi bo‘lgandi, ammo boyagi zot rassomdan oldin otini qamchilagandek, dedi:
— Javon! Qadim zamondan qolgan qimmatbaho yodgorlik. O‘n so‘mga beraman!
— Tasodifan shunday bo‘ldimi yoki qumanjir qiyofasidagi inson teatr bilan yonma-yon yashab, Plaudisni ko‘z ostiga bosib qo‘yganmidi — bilib bo‘lmasdi: ammo uning so‘zlari naq nishonga borib tekkandi. Aftidan, u oldindan bir haqiqatni bilardi: bizning sahna rassomimiz uchun osoriatiqa mebeldan iborat to‘plamini biron-bir qiyshiq oyoqli, charxlangan, mayda-chuyda bezakli, qo‘ng‘iz ilma-teshik qilib tashlagan bo‘lsa ham mayli, mebel bilan boyitish katta quvonch baxsh etardi (albatta, suzish quvonchi bundan mustasno). Ustiga-ustak, o‘sha mebelning kulgili darajada arzonligini aytmaysizmi?!
Biroq ular kvartiraga chiqib borishganida, mazkur turarjoyning shu darajada tashlandiq va g‘aribona kulba ekanligi ma’lum bo‘ldiki, Plaudisning — nima bo‘lganda ham u rassom, binobarin, hissiyotli inson ediki — yuragi “shig‘g‘” etib ketdi; ko‘ngli aynib, qusib yuborishiga bir bahya qoldi, eshik tutqichini qo‘li bilan paypaslab topmoqchi bo‘ldi. Va’da qilingan javon — haqiqatan ham almisoqdan qolgan, hashamatli edi — bu isqirt, qurum bosgan turarjoydagi mebelning yagona namunasi sanalardi; albatta, g‘ishtga o‘xshatib ustma-ust qalangan taxtalar, ularni o‘rindiq degani til bormaydi, bundan mustasnodir. Mana shu qo‘lbola to‘shakda, ust-boshini ham yechmasdan, titig‘i chiqib ketgan fufaykaga bir amallab o‘rangan bir yigit cho‘zilib yotardi, u akasidan ko‘ra xiyla aqlli ko‘rinar, shishaga o‘xshash nigohini shiftga qadaganicha qotib qolgandi. Sirtdan qaraganda odam uni allaqachon jonini yaratganga topshirgan, deb o‘ylashi mumkin. Opa-singillarning boshiga tushgan kulfatlar haqida mo‘jiza ro‘y berib omon qolgan javon, devordagi o‘ngib ketishga ham ulgurmagan, hozircha chang-chung qoplamagan — katta va kichik, balandda va pastda joylashgan to‘g‘ri burchakli va kvadrat tasvirlar guvohlik berib turardi.
Plaudisning diqqat-e’tiborini devorda osig‘liq turgan juvonning portreti, aniqroq gapirganda, tevarak-atrofi burmali hoshiya bilan qoplangan, qizil yog‘ochdan yasalgan, ehtimol, mashhuri jahon bo‘lgan usta Berniyeksning ijodi mahsuli sanalgan rom o‘ziga qaratdi. Uning ko‘zqarashlarini anglagan — inson-qumanjir hiqillaganicha yig‘lab yubordi, burnini “shilq” etib tortdi, so‘ng uni yengi bilan artdi-da, ta’kidladi: “Bu bizning volidamiz; uning suvratini biz hech qachon, hech kimga va hech qanaqa pulga sotmaymiz. Javonni esa, marhamat, olib ketishingiz mumkin. — U xaridorning ikkilanayotganini ko‘rib, qo‘shimcha qildi. — Shundan so‘ng men, agar ish chappasiga ketsa, uni biron-bir odamga besh so‘mga, hatto uch so‘mga ham sotib yuboraman, ammo o‘zimning va ukamning cho‘p-ustixon bo‘lib, oriqlashimizga yo‘l qo‘ymayman”. Ishning kutilmagan bunday yo‘nalish bo‘ylab rivojlanishi sahna rassomini inontirdi, u talab qilingan o‘n so‘mni stol ustiga qo‘ydi, ustiga-ustak, cho‘ntagini kavlashtirib, bir qancha tangalarni ham uzatdi. Javon egasi yana ho‘ngrab yubordi. Bu safar u to‘la baxtga erishganligidan yig‘lar edi.
Shom tushganga qadar Plaudis o‘zi xarid qilgan javonni yuvdi, dezinfek¬tsiyaladi, unga sayqal berdi. Kattakon, yassi shakldagi ko‘zgu ostida suriladigan ikkita g‘aladon joylashgandi. G‘aladonlardan biri qurib ketgan, qiyshayib qolgandi. Rassom qiyinchilik bilan g‘aladonni sug‘urib oldi-da, unga nigoh tashladi: allaqayerda, chuqurlikdagi o‘rgimchak to‘ri bilan qoplangan zarang daraxti yaprog‘ini ko‘rdi. Bu yaproq o‘tgan yilning kuzidan qolgan “yodgorlik”mikin?
Yo‘q, bu — o‘n so‘mlik pul edi.
Rus tilidan Sherali Sokin tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 11-son