Mavludning uchinchi kuni bayram bilan tabriklagani oshnam Sherlok Xolmsning oldiga kirdim. U qizil xalat kiyib kushetkada yotar, o‘ng tomonida tamaki joylangan bir necha trubka, chap tomonida esa bir dasta g‘ijimlangan ertalabki gazetalar turar edi, ularni hozirgina ko‘zdan kechirgan bo‘lsa kerak. Kushetkaning yonida bir stul, uning suyanchig‘iga anchagina kiyilgan, bir necha joyi teshilgan faqirona namat shlyapa osilgan. Xolms, aftidan, bu shlyapani juda diqqat bilan tekshirgan bo‘lsa kerak, chunki stulda pintset bilan lupa yotardi.
— Band ekansiz, — dedim men. — Xalal bermasam deb qo‘rqaman.
— Sira ham xalal bermaysiz, —deb javob berdi u. — Men tadqiqotlarimning natijalari haqida suhbatlashsam bo‘ladigan o‘rtog‘im borligidan xursandman. Ko‘rib turibsizki, bu jo‘ngina bir narsa, — u bosh barmog‘i bilan eski shlyapani nuqib ko‘rsatdi, — lekin bu hatto ibrat bo‘lishga arzigulik ba’zi bir maroqli, hodisalar bilan bog‘liq.
Men kresloga o‘tirib, gurillab o‘t yonayotgan kaminga qo‘limni tutib isina boshladim. Kun qattiq sovuq derazalarni qalin jimjimador muzli qirov qoplagan.
— Garchand, bu shlyapa juda ko‘rimsiz tuyulayotgan bo‘lsa ham, u bironta qonli voqea bilan bog‘liqqa o‘xshaydi, — deb qo‘ydim men. — Aftidan, u qandaydir mudhish sirlarni ochishda kalit bo‘lib xizmat qiladi, siz uning yordamida jinoyatchini fosh qilib jazolashga muvaffaq bo‘lasiz.
Sherlok Xolms kulib yubordi.
— Yo‘q, yo‘q, — dedi u, — bu jinoyat emas, to‘rt million odam bir necha kvadrat milyadan iborat masofada ur-yiqit bo‘lib yuradigan joyda hamisha yuz berib turishi mumkin bo‘lgan juda mayda, kulgili epizod. Odamlar istiqomat qiladigan bunday bahaybat ari uyasida har qanday murakkab faktlar bo‘lishi mumkin, ular g‘oyatda sirli ko‘rinsalar-da, ularning zamirida hech qanday jinoyat bo‘lmasligi mumkin. Biz bunday hodisalar bilan bir necha bor to‘qnash kelganmiz.
— Bo‘lmasam-chi, — deb xitob qildim men. — Men qalamga olgan so‘nggi olti epizodning uchtasi zamirida hech qanday g‘ayri qonuniy narsa yo‘q.
— Mutlaqo to‘g‘ri. Bu arzimas hodisaning ham zararsiz bo‘lib chiqishiga shubhalanmayman. Siz xat tashuvchi Petersonni taniysiz-a?
— Ha.
— Bu o‘lja o‘shaniki.
— Ya’ni uning shlyapasimi?
— Yo‘q, yo‘q, buni topib olgan. Egasi noma’lum. Siz bunga eski bir buyum sifatida emas, jiddiy masala sifatida qarang. Dastlab sizga shlyapaning bu yerga qanday qilib kelib qolganini gapirib beraman. U mavludning birinchi kuni xuddi hozirgi paytda Petersonning oshxonasida qovurilayotgan ajoyib, semiz g‘oz bilan birga paydo bo‘ldi. Bu shunday yuz berdi. Mavlud kuni ertalab soat to‘rtda Peterson, o‘zingiz bilgan olijanob va sof vijdonli bu odam Totenxem-Koortrod ko‘chasida ziyoratdan uyiga qaytib kelayotgan ekan. Gaz fonar yorug‘ida oldinda allaqanday bir novcha kimsaning oppoq g‘ozni orqalagancha sal-pal gandiraklab ketayotganini ko‘ribdi. Guj-stritning muyushida unga bezorilar yopishishibdi. Ulardan biri uning shlyapasini tushirib yuboribdi. Notanish odam o‘zini himoya qilaman deb hassasini o‘qtalgan ekan bexosdan orqasidagi magazin vitrinasiga tegib ketibdi. Oyna chil-chil bo‘libdi. Peterson notanish odamni himoya qilgani yuguribdi, oynani sindirib qo‘yganidan sarosimaga tushgan sho‘rlik o‘ziga qarab yugurib kelayotgan odamni ko‘rishi bilan g‘ozni tashlabdi-yu, ura qochib, Totenxem-Koortrod orqasidagi qing‘ir-qiyshiq tor ko‘chalarga kirib g‘oyib bo‘libdi. Peterson formada ekan, qochoqni shu narsa qo‘rqitib yuborgan bo‘lsa kerak. Peterson paydo bo‘lishi bilan bezorilar ham qochib ketgan, xat tashuvchi jang maydonida yolg‘iz o‘zi qolgan, u mana shu g‘ijim shlyapa bilan ajoyib mavlud g‘ozidek o‘ljani qo‘lga kiritgan…
— …va Peterson ularni, albatta, egasiga qaytarib bergan.
— Bizning oldimizda turgan jumboq shundan iborat-da, azizim. O‘sha notanish odam kim-u, qayerda yashaydi? Rost, g‘ozning chap oyog‘iga bog‘lab qo‘yilgan bir parcha qog‘ozga: «Missis Genri Beyker» deb yozib qo‘yilgan, «G. B.» harflar bu shlyapaning astarida ham bor. Ammo shaharda bir necha ming Beyker, shu jumladan bir necha yuz Genri Beyker yashayotgani uchun yo‘qolgan buyumni ulardan birontasiga qaytarib berish oson emas.
— Xo‘sh, keyin Peterson nima qilibdi?
— U mening hatto eng arzimaydigan jumboqlarni ham yechishga ishqibozligimni bilgani uchun g‘ozni ham, shlyapani ham to‘ppa-to‘g‘ri menga olib kelibdi. G‘ozni biz to shu bugun ertalabgacha saqladik, shundan keyin kun sovuqligiga qaramay, uni yeya qolish durust, degan qarorga keldik. Peterson uni olib ketdi, rosa yayragan bo‘lsa kerak, menda esa mavlud oqshomida yeyman, degan ne’matidan ajralgan notanish kishining shlyapasi qoldi.
— U gazetada e’lon bermabdimi?
— Yo‘q.
— Uning kim ekanligini qayoqdan bilasiz?
— Faqat mulohaza qilib ko‘rib.
— Shu shlyapaga qarab mulohaza qilibmi?
— Albatta.
— Hazillashyapsiz! Bu eski, dabdala namatdan nimani bilib olish mumkin o‘zi?
— Mana lupam. Uni olib bu shlyapaga mening metodimni tatbiq qilishga harakat qilib ko‘ring. Bu metodni siz tuzukkina bilasiz. Bu shlyapaning egasi to‘g‘risida siz nima deya olasiz?
Men yirtiq shlyapani olib, uni xafsalasizlik bilan qo‘limda aylantirdim. Oddiygina g‘ildirak qora shlyapa. Dag‘al, juda ko‘p kiyilgan. Shohi astari bir vaqtlar qizil bo‘lgan, hozir esa aynib ketibdi. Fabrika markasini topolmadim, ammo, Xolms aytganidek, ichdan yon tomonidagi «G. B.» harflari ko‘rinib turardi. Qaytarmasida shlyapani tortib turadigan rezinka o‘tkaziladigan teshikni ko‘rdim, ammo rezinkasi yo‘q edi. Umuman, shlyapa yirtiq, kir-yag‘ir, dog‘ bosgan edi. Darvoqe, bu dog‘larni yashirish uchun ustidan siyoh ham surtilgan ekan.
— Men unda hech narsa ko‘rmadim, — dedim shlyapani Sherlok Xolmsga qaytarib.
— Yo‘q, Uotson, siz hamma narsani ko‘rib turibsiz. Ammo ko‘rib turgan narsalaringiz ustida bosh qotirgingiz kelmayapti. Siz mantiqiy xulosalar chiqarishda juda jur’atsizlik qilasiz.
— Unda, mumkin bo‘lsa, bu shlyapani ko‘zdan kechirganda o‘zingiz qanday xulosalar chiqarganingizni aytib bersangiz.
Xolms shlyapani qo‘liga olib, uning yolg‘iz o‘zigagina xos bo‘lgan sinchkov nazar bilan ko‘zdan kechira boshladi.
— Albatta, undagi ko‘pgina narsalar uncha ravshan emas, — deb uqtirdi u, —ammo ba’zi narsalarni aniq aytish mumkin, ba’zi narsalarning esa ehtimoldan xoli emasligini anchagina qat’iyat bilan taxminlash mumkin. Masalan, shunisi mutlaqo ayonki, uning egasi juda aqlli odam, uch yil muqaddam puli ko‘p bo‘lgan, hozir esa boshiga qora kunlar tushgan. U hamisha tadbirli bo‘lgan, hamisha ertangi kuning g‘amini yegan, hozir esa o‘ziga qaramay qo‘ygan. Chunki uning davlati ham kamaygan, biz u bironta halokatli nuqsonga — ehtimolki, ichkilikka duchor bo‘lib qolgan deya olamiz. Ehtimolki, shu sababdan xotinining ko‘ngli qolgan bo‘lsa ham ajab emas…
— Azizim. Xolms!
— Ammo u har qalay, o‘z fazilatlarini bir qadar saqlab qolgan, — deb so‘zini davom ettirdi Xolms, mening xitobimga e’tibor bermay. — U uyida o‘tirib qolgan, ko‘chaga kamdan-kam chiqadi, sport bilan mutlaqo shug‘ullanmaydi. Bu o‘rta yoshlardagi odam, sochlariga oq oralagan, sochmoy surtadi, sochini yaqinda oldirgan. Qolaversa, qat’iy aminmanki, uning uyida gaz chiroq yo‘q.
— Hazillashyapsiz shekilli, Xolms.
— Aslo. Nahotki bularning hammasini gapirib berganimdan keyin ham, bularni qanday qilib bilganimni tushunmasangiz!
— Meni merov desangiz ham mayli, ammo e’tirof etishim kerakki, sizning fikrlaringizni kuzatib borishdan ojizman. Masalan, uning juda aqlli ekanligini siz qayoqdan bildingiz?
Xolms javob berish o‘rniga shlyapani boshiga kiydi. Shlyapa peshanasini yashirib qansharigacha kelib tushdi.
— Hajmining kattaligini ko‘ryapsizmi? — dedi u. — Shunday kattakon kallaning ichida hech narsa yo‘q, deb bo‘lmaydi-ku.
— Xo‘sh, uning kambag‘al bo‘lib qolganini qayoqdan bildingiz bo‘lmasa?
— Bu shlyapaning olinganiga uch yil bo‘lgan. Chetlari bukilgan tekis qaytarma o‘sha vaqtlarda juda rasm bo‘lgan edi. Shlyapaning sifati yaxshi. Mana bu ipak tasmani, ajoyib astarini ko‘ring. Agar bu odam uch yil muqaddam shunday qimmatbaho shlyapani sotib olishga qodir bo‘lib, shu vaqtgacha boshqasini sotib olmagan ekan, mutlaqo ravshanki, uning ishlari orqaga ketgan.
— Xo‘p mayli, bu borada haqliga o‘xshaysiz. Ammo uning tadbirkor odamligini, hozirgi paytda esa ruhiy tushkunlikka tushganini qayoqdan bildingiz?
— Tadbirkorligi — mana, — dedi u rezinka o‘tkaziladigan teshikni ko‘rsatib. — Rezinkani hech vaqt shlyapa bilan birga qo‘shib sotishmaydi, uni alohida sotib olish kerak. Modomiki, bu odam rezinka sotib olib, uni shlyapasiga taqib berishlarini buyurgan ekan, demak u shlyapasini shamol uchirib ketmasligining tadbirini ko‘rgan. Ammo rezinka uzilib ketgan, u yangisini olib taqmagan, shunga qarab aytish mumkinki, ilgari u o‘ziga, usti boshiga oro berib yurgan, hozir esa xafsalasiz bo‘lib qolgan, ya’ni o‘ziga e’tibor qilmay qo‘ygan. Biroq, ikkinchi tomondan, u shlyapadagi dog‘larni yashirmoqchi, ularni siyoh bilan bo‘yamoqchi bo‘lgan, demak, u izzat-nafsini hali uncha yo‘qotgan emas.
— Bularning hammasi rostga o‘xshaydi.
— Uning o‘rta yashar odam ekanligi, sochiga oq oralagani, sochini yaqinda oldirgani va sochmoy surkashi — bularning hammasi shlyapasining astarini diqqat bilan ko‘zdan kechirilsa ayon bo‘ladi-qoladi. Lupadan sartaroshning qaychisi qirqqan sochlar yopishib qolganligi ko‘rinib turibdi. Sochlardan moy hidi kelyapti. E’tibor bering, unga yopishgan gard ko‘chaga xos kulrang, qumoq emas, uyga xos qo‘ng‘ir, momiqnamo. Demak, shlyapa ko‘pincha uyda osilib turgan. Uning ich tomonidagi nam asoratlari shundan dalolat beradiki, egasi unar-unmasga terlab ketaveradi, chunki, harakat qilmay qo‘ygan.
— Xotinining ko‘ngli qolganini qayoqdan bildingiz?
— Shlyapa bir necha haftadan beri tozalanmagan. Bordi-yu, azizim Uotson, sizning shlyapangiz aqalli bir haftadan beri tozalanmaganini, xotiningiz shu ahvolda ko‘chaga chiqishingizga izn berganini ko‘rsam, sizdan ham xotiningizning ko‘ngli qolib baxtsizlikka uchrabsiz-da, deb xavotir olgan bo‘lardim.
— Balki u bo‘ydoqdir?
— Yo‘q, u uyiga g‘ozni xuddi xotinining ko‘nglini olish uchun olib ketayotgan bo‘lgan. Parrandaning oyog‘iga bog‘langan qog‘ozni eslang-a.
— Hamma narsaga javobingiz tayyor. Ammo uning uyida gaz yo‘qligini qayoqdan bilishingiz mumkin?
— Shlyapaga tomgan bir-ikki yog‘ tomchisi — tasodif. Ammo men ularning beshdan kam emasligini ko‘rarkanman, bu odamning o‘qtin-o‘qtin shamdan foydalanib turishidan shubhalanmayman — aftidan u kechalari bir qo‘lida shlyapasini, bir qo‘lida yog‘i erib oqayotgan shamni ushlagancha, zinapoyadan chiqib tushsa kerak. Har qalay, gazdan yog‘ tommaydi… Endi mening fikrimga qo‘shilarsiz?
— Ha, bularning hammasi oddiygina gap, — dedim kulib. — Ammo siz gapirib bergan narsada jinoyat asari yo‘q. Hech kim zarar ko‘rmagan g‘ozini yo‘qotgan odamdan boshqa hech kim zarar ko‘rmagan demak, siz behuda boshingizni qotirgansiz.
Sherlok Xolms javob berish uchun og‘iz juftlagan ham ediki, shu payt eshik lang ochilib, xonaga sarosimaga tushgan, hayajonlangan xat tashuvchi Peterson otilib kirdi. Uning yonoqlari lovillab yonardi.
— G‘oz-chi, g‘oz, mister Xolms!.. — nafasi tiqilib qichqirdi u.
— Xo‘sh, unga nima bo‘ldi? Unga jon kirib, oshxonaning derazasidan uchib chiqib ketdimi?
Xolms Petersoning hayajonlangan yuziga yaxshilab razm solish uchun kushetkada yotgan joyida o‘girildi.
— Buni qarang, ser, xotinim uning bo‘takasidan topgan narsani qarang!
U qo‘lini cho‘zdi, biz uning kaftida no‘xatdan kichikroq chaqnab turgan moviy toshni ko‘rdik. Tosh shu qadar shaffof ediki, uning qoramag‘iz kaftida xuddi elektr uchqunidek chaqnab turardi.
Xolms hushtak chalib yuborib, kushetkaga o‘timb qoldi.
— Xudo haqi, Peterson, — dedi u, — siz xazina topibsiz! Ishonamanki, buning nima ekanligini payqayotgandirsiz?
— Brilliant, ser! Qimmatbaho tosh! U oynani moy kesgandek kesadi!
— Bu qimmatbaho toshgina emas — bu xuddi o‘sha qimmatbaho tosh.
— Bu nahotki grafinya Morkarning moviy karbunkuli[1] bo‘lsa? — deb qichqirib yubordim men.
— Mutlaqo to‘g‘ri. Men uning qanaqaligini bilaman, chunki, so‘nggi kunlarda har kuni «Tayms»da bu to‘g‘ridagi e’lonlarni o‘qirdim. Bu dunyoda monandi yo‘q tosh, uning chinakam bahosini tusmollabgina aytish mumkin. Uni topgan odamga va’da qilingan ming funt miqdoridagi mukofot asli bahosining yigirmadan bir ulushini ham tashkil qilmasa kerak.
— Ming funt! Yo rabbiy!
Xat tashuvchi o‘zini kresloga tashlab, ko‘zlari ola-kula bo‘lib goh menga, goh Xolmsga tikilardi.
— Mukofot o‘z yo‘li bilan-u, ammo mening shunday charoslarim borki, — dedi Xolms, — grafinya ba’zi mulohazalarga ko‘ra bu toshni qaytarib olish uchun bor davlatining yarmini beradi.
— Yanglishmasam u «Kosmopoliten» mehmonxonasida yo‘qolgan edi shekilli, — dedim men.
— Juda to‘g‘ri. Yigirma ikkinchi dekabrda, undan roppa-rosa besh kun muqaddam. Bu toshni o‘g‘irlashda kavsharchi Jon Xomerni ayblashgan edi. Unga qarshi qo‘yilgan dalillar shu qadar jiddiyki, ish sudga oshirilgan. Darvoqe, menda bu ish haqida gazeta hisoboti bor edi shekilli.
Sherlok Xolms gazetalarni uzoq titkilab, nihoyat bittasini oldi-da, ikki buklab, quyidagilarni o‘qidi:
«KOSMOPOLITEN» MEHMONXONASIDAN
QIMMATBAHO NARSALAR O‘G‘IRLANDI
Yigirma olti yashar kavsharchi Jon Xomer mazkur oyning yigirma ikkisida grafinya Morkarning qutichasidan uning “moviy karbunkul” nomi bilan mashhur bo‘lgan qimmatbaho toshini o‘g‘irlashda ayblandi. Mehmonxonaning bosh xizmatkori Jeyms Raydeming shohidlik berishicha, o‘g‘irlik sodir bo‘lgan kuni u Xomerni grafinya Morkarning pardoz xonasida ko‘rgan. Xomer u yerda kamin panjarasining ko‘chib ketgan simini kavsharlayotgan ekan. Rayder bir oz vaqt xonada Xomer bilan birga bo‘lgan, ammo keyin uni chaqirib qolishgan. Qaytib kelib Xomerning g‘oyib bo‘lganini, stol g‘aladoni sindirilganini ko‘rgan, keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, grafinya o‘z odatiga ko‘ra qimmatbaho toshini olib yuradigan kichkina saxtiyon quticha pardoz stolchasida yotganmish, ichida hech narsa yo‘q emish. Rayder shu zahotiyoq shovqin ko‘targan. O‘sha kuni kechqumnoq Xomer qamoqqa olingan, ammo toshni uning yonidan ham, xonasidan ham topisholmagan. Grafinyaning joriyasi Keterin Kyuzek shohidlik berishicha, u Rayderning jon holatda qichqirganini eshitib, xonaga yugurib kirgan va u ham toshning g‘oyib bo‘lganini ko‘rgan. «B» okrugining politsiya inspektori Bredstrit Xomerni qamoqqa olishga farmoyish bergan, Xomer qattiq qarshilik ko‘rsatgan va qizishib gunohsiz ekanligini isbotlishga tirishgan. Ammo Xomer ilgari ham o‘g‘irlik qilgani uchun sudlanganligi sababli, sudya bu ishni ko‘rib chiqishdan bosh tortib, uni maslahatchilar sudiga oshirgan. Shu vaqt davomida qattiq tashvishlanayotganligi ayon ko‘rinib turgan Xomer bu qarorni eshitib behush bo‘lib yiqilgan, uni sud zalidan olib chiqib ketganlar.
— Hm! Politsiya bergan ma’lumotning bori shu, — dedi Xolms o‘ychanlik bilan, gazetani bir chetga qo‘yarkan. — Bizning endigi vazifamiz — tosh qanday qilib grafinyaning qutichasidan g‘ozning bo‘takasiga o‘tib qolganini aniqlash. Qo‘rqyapsizmi, Uotson, bizning oddiy, jo‘ngina mulohazalarimiz birdaniga diqqatga sazovor bo‘lib qoldi. Ular biz taxmin qilganimizdan ko‘ra foydaliroq chiqib qoldi. Mana bu tosh… Bu tosh g‘ozning qornida, g‘oz esa mister Genri Beykerning qo‘lida edi, u manavi dabdala shlyapaning egasi, men sizga uning kimligini ta’riflab beraman deb g‘oyatda diqqatingizni oshirib yubordim. Xo‘sh, endi biz bu jentlmenni qidirib topish bilan jiddiy shug‘ullanib, uning bu sirli hodisada qanday rol o‘ynaganligini aniqlashimiz kerak. Uni qidirib topish uchun biz avval eng oddiy bir yo‘lni qo‘llab ko‘ramiz: kechki gazetalarning hammasida e’lon bostiramiz. Bu yo‘l bilan maqsadimizga erisholmasak, unda boshqacha usullarni qo‘llayman.
— E’londa nima deyiladi?
— Menga qalam bilan bir parcha qog‘oz bering. Mana bunday deymiz: «Gujstritning muyushidan g‘oz bilan qora namat shlyapa topib olindi. Mister Genri Beyker ularni bugun kechqurun 6.30 da Beyker-stritdagi 221-B raqamli uyga kelib olib ketishi mumkin». Qisqagina va lo‘nda.
— G‘oyatda. Lekin u e’lonni o‘qirmikin?
— Albatta. U hozir hamma gazetalarni kuzatadi, chunki u kambag‘al odam, mavludga atab olingan g‘oz uning uchun bir dunyo boylik. U oynaning singanini eshitib va Petersonning yugurib kelayotganini ko‘rgach, hech narsani o‘ylamay qochib qolgan. Keyin esa behuda qo‘rqib, g‘ozini tashlab qochganiga achingan, albatta. Gazetada biz uning nomini tilga olamiz. Har bir tanishi e’lonimizni darrov unga ko‘rsatadi… Bo‘lmasa, Peterson, tezroq e’lonlar byurosiga yuguring, shu satrlarni kechki gazetalarda e’lon qilishsin.
— Qaysilarida, ser?
— «Glob», «Star», «Pell-Mell», «Sent-Jeyms Gazett», «Ivning Nyuz»,
«Stendard», «Iko» va esingizga kelgan boshqa gazetalarning hammasida bostiring.
— Xo‘p bo‘ladi, ser. Bu toshni nima qilay?
— E, ha! Toshni men olib qolaman. Sizga minnatdorchilik bildiraman. Qaytishingizda, Peterson, yo‘lda g‘oz sotib olib, menga tashlab keting. Axir biz u jentlmenga hozir sizning oilangizdagilar maza qilib yeyayotgan g‘ozning o‘rniga boshqa g‘oz berishimiz kerak-ku. Xat tashuvchi chiqib ketdi, Xolms esa toshni olib, uni yorug‘ga solib ko‘ra boshladi.
— Alomat tosh! — dedi u. — Tovlanib, chaqnashini qarang. Har qanday qimmatbaho toshga o‘xshab bu ham jinoyatchilarni xuddi ohanrabodek tortadi o‘ziga. Chinakam iblisning tuzog‘i, katta, ko‘hna qimmatbaho toshlarning har bir qirrasi qanday bo‘lmasin bir qonli yovuzlik haqida rivoyat qiladi. Bu toshning topilganiga hali yigirma yil ham bo‘lgan emas. U G‘arbiy Xitoydagi Amoy daryosining sohilidan topilgan, shunisi bilan diqqatga sazovorki, unda karbunkulning bir xossasidan tashqari hamma xossalari mujassam: uning rangi qizg‘ish yoqut tusli emas, moviy. Yaqinda topilganiga qaramay, mudhish voqealarga aloqador qirq gran[2] keladigan bu tiniq shaffof ko‘mir tufayli ko‘pdan-ko‘p talonchilik sodir bo‘lgan, ikki odam o‘ldirilgan, bir odam o‘zini-o‘zi o‘ldirgan, kimningdir ustidan oltingugurt kislotasi quyib yuborishgan. Shunday chiroyli bir matoh odamlarni turma bilan dorga surgaydi, deb kim ham o‘ylashi mumkin. Bu toshni po‘lat sandig‘imga solib qulflab qo‘yaman, grafinyaga, menda saqlanyapti, deb yozaman.
— Siz, Xomer gunohsiz, deb o‘ylaysizmi?
— Hech narsa deyolmayman hozircha.
— Bu ishda Genri Beykerning qo‘li bormi?
— To‘g‘rirog‘i, Genri Beykerning bu ishga sira ham dahli yo‘q, o‘ylaymanki, agar bu g‘oz boshdan-oyoq oltindan bo‘lgan taqdirda ham o‘sha tosh narxidan bir necha bor arzon turishi xayoliga ham kelmagan. Agar Genri Beyker bizning e’lonimizni eshitib kelsa, bu narsani tez orada albatta bilib olamiz.
— Ungacha siz hech qanday tadbir ko‘rolmaysizmi?
— Yo‘q, hech narsa qilolmayman.
Unday bo‘lsa, men bemorlarimning oldiga jo‘nay, kechqurun esa tayinlagan vaqtingizda yana kelaman. Men bu chigal ishning nima bilan tugashini bilmoqchiman.
— Kelsangiz minnatdor bo‘lardim. Men yettida ovqatlanaman. Ovqatga kaklik tortilsa kerak. Darvoqe, boyagi voqealardan keyingi missis Xadsonga, uning bo‘takasini yaxshilabroq qarang, desakmikan?
Men bir oz tutilib qoldim. Beyker-stritga yana yetib kelganimda soat olti yarimlardan oshib qolgan edi.
Eshikka yaqinlasharkanman, shotlandcha qalpoq kiygan, kiyimining tugmalarini tomog‘igacha qadab olgan novcha odamni ko‘rdim. Xuddi men yaqinlashishim bilan unga eshikni ochishdi, biz Xolmsning xonasiga birga kirib bordik.
— Agar yanglishmasam, mister Genri Beyker bo‘lsangiz kerak? — dedi Xolms kreslodan turib, mehmonni oddiygina, xushxol qiyofada qarshi olarkan, ba’zan shunday qiyofaga kira oladigan odati bor edi. — Marhamat, olovga yaqinroq o‘tiring, mister Beyker. Kechqurun sovuq zo‘raydi, nazarimda yozdan ko‘ra qishga yo‘qroqsiz deyman… Uotson, ayni vaqtida keldingiz-da… Bu sizning shlyapangizmi, mister Beyker?
— Ha, ser, meniki.
Beyker kallasi katta, aqlli, yalpoq basharali, qo‘ng‘ir cho‘qqi soqolli, yelkalari bukik jussador odam edi. Bumi bilan yonoqlaridagi qizil dog‘lar, uzatgan qo‘lining ohista qaltirashi uning ichkilikka moyil ekanligi haqidagi Xolmsning taxminini tasdiqlardi. Egnida tugmalari qadalgan, sarg‘ayganroq syurtuk, yenglaridan chiqib turgan ozg‘in bilaklarida ich kiyimi borligidan asorat ham ko‘rinmasdi. U salmoqlab, bo‘g‘iq ohangda gapirar, turmushning achchiq-chuchugini totgan ziyoli odamning didini berar edi.
— Biz shlyapa bilan g‘ozni bir necha kun saqlab turdik, — dedi Xolms, — chunki, shu paytgacha, gazetalarda o‘z adresingizni ma’lum qilib e’lon berib qolarsiz, deb kutdik. Bilmadim, nega bunday qilmadingiz.
U xijil bo‘lib, kulib qo‘ydi.
— Bir vaqtlardagidek shillinglarim uncha ko‘p emas, — dedi u. — Menga yopishgan bezorilar shlyapamni ham, g‘ozni ham olib ketishgandir deb pulni bekorga isrof qilgim kelmadi.
— Mutlaqo tabiiy. Darvoqe, g‘ozingizni pishirib yeyishga to‘g‘ri kelib qoldi.
— Pishirib yeyishga to‘g‘ri kelib qoldi?!
Mijozimiz qattiq hayajonlanganidan o‘rindan turib ketdi.
— Agar uni pishirib yemaganimizda baribir buzilib qolar edi, — deya davom ettirdi so‘zini Xolms. — Ammo o‘ylaymanki, anavi bufetda turgan g‘oz yangigina so‘yilgan, vazni ham o‘shancha, g‘ozingizning o‘rnini bossa kerak.
— O, albatta, albatta! — deb javob berdi mister Beyker yengil nafas olib.
— Lekin parrandangiznimg patlari, panjalari bilan bo‘takasi bizda qoladi, bordiyu, siz…
Beyker samimiy qahqahlab kulib yubordi.
— Boshimdan o‘tgan sarguzashtdan xotira sifatida olib ketarmidim, — dedi u. — Rostini aytsam, marhum qadrdonimning bebaho xoki menga nima ish berishini bilmayman! Yo‘q, ser, ruxsatimgiz bilan butun diqqat-e’tiborimni o‘sha bufetda turgan ajoyib g‘ozga qarata qolsam.
Sherlok Xolms men bilan tez ko‘z urishtirib olib, sezilar-sezilmas kiftini qisib qo‘ydi.
— Mana sizning shlyapangiz, mana g‘ozingiz. — dedi u. — Darvoqe, siz bu g‘ozni qayerdan olganingizni menga aytolmaysizmi? Men bu borada uncha-munchaga aqlim yetadi, rostini aytsam, bunaqa bo‘rdoqisini kam ko‘rganman.
— Bajonidil, ser, — dedi Beyker, u o‘rnidan turib yangi g‘ozini qo‘ltiqlab oldi. — Biz bir nechagina ulfatmiz, muzey yaqinidagi “Alfa” mayxonasiga borib turamiz, biz, bilasizmi, muzeyda kun-uzun kun bo‘lamiz. Bu yil mayxonamizning xo‘jayini Vindiget «g‘oz klubi»ni tashkil qildi… u juda ajoyib odam. Har birimiz haftasiga bir necha pensdan to‘lab, mavludga bittadan g‘oz olamiz. Men o‘z hissamni to‘la-to‘kis to‘lab bo‘lganman. Qolgani o‘zingizga ma’lum. Sizdan g‘oyat minnatdorman, ser, mening yoshimdagi badavlat odamning shotlandcha qalpoq kiyib yurishi noqulay-ku axir.
U bizga kulgili, tantanavor taqlidda ta’zim qilib chiqib ketdi.
— Genri Beyker vaji tamom, — dedi Xolms, uning orqasidan eshikni berkitarkan. — Mutlaqo ayonki, qimmatbaho tosh uning yetti uxlab tushiga ham kirgan emas. Qorningiz qalay, Uotson?
— Uncha och emas.
— Unda men tushlik ovqatni kechga qoldirib, vaqtni o‘tkazmay darhol ishga tushishni taklif etaman.
— Jonim bilan.
Sovuq bir kecha bo‘lgani uchun palto kiyib, bo‘ynilarimizga sharf o‘rashga majbur bo‘ldik. Bulutsiz ochiq osmonda yulduzlar xiragina jimirlab turar, o‘tkinchilarning nafasidan chiqayotgan hovur bir talay to‘pponchalardan otilgan o‘qning dudiga o‘xshar edi. Ko‘chalar bo‘ylab odimlarimiz aniq eshitilardi. Biz Uimpol-strit va Garli-stritdan borib, Vigmor-strit orqali Oksford-stritga o‘tdik va chorak soatdan so‘ng Xolbomga olib boradigan ko‘chalardan birining muyushidagi oddiygina «Alfa» mayxonasi yaqinidagi Blumsberiga yetib bordik. Xolms mayxonaga kirib oq peshgir tutgan qizil yuzli mayxonachiga ikki krujka pivo buyurdi.
— O‘ylaymanki, pivongiz ajoyib bo‘lsa kerak, g‘ozlaringizdan qolishmasa kerag-a, — dedi Xolms.
— G‘ozlaringizdan?
Mayxonachi taajjublangandek edi.
— Ha. Yarim soatcha burun “g‘oz klub”ingizning a’zosi mister Genri Beyker bilan suhbatlashgan edim.
— Ha, ha, tushundim. Ammo, bilasizmi, ser, g‘ozlar meniki emas.
— Shunaqami? Kimniki bo‘lmasa?
— Yigirma to‘rtta g‘ozni Kovent-gardendagi bir savdogardan sotib olgan edim.
— Yo‘g‘-e? Men ulardan ba’zilarini taniyman. Kimdan sotib olgan edingiz?
— U odamning oti Brekinrij.
— E-yo‘q, Brekinrijni tanimayman. Xo‘p, sizning salomatligingiz va muassasangizning ravnaqi uchun, mezbon! Tuningiz xayrli bo‘lsin!
— Endi mister Brekinrijning oldiga boramiz, dedi Xolms, sovuqqa chiqib paltosini tugmalarkan. — Shuni unutmangki, Uotson, zanjirimizning bir uchida faqat g‘ozgina bo‘lib, ikkinchi uchiga bir odam kishanlanganki, agar biz uning gunohsiz ekanligini isbotlamasak, unga yetti yillik zahmatli surgun tahdid qilib turibdi, ehtimol, bizning qidirishlarimizdan aybdor xuddi o‘shaning o‘zi degan xulosa chiqsa-da, ammo, har qalay, kalavaning uchi politsiyaning qo‘liga ilinmay, tasodifan bizning qo‘limizga tushib qoldi. Biz uni tutib, qanday xunuk oqibatlarga olib bormasin, oxirigacha boramiz. Shunday qilib janubga burilib, ilgariga qarab yuramiz.
Biz Xolbomdan o‘tib, Endell-strit bo‘ylab bordik-da, allaqanday pastqam ko‘chalar orqali Kovent-garden bozoriga chiqdik. Eng katta do‘konlardan biriga: «Brekinrij» deb yozib qo‘yilgan edi. Ot yuzli basavlat bakenbardli do‘kondor bir bolaga darchalarni yopishga yordam bermoqda edi.
— Xayrli kech! Sovuq rosa zabtiga olyaptimi, a? — dedi Xolms.
Savdogar bosh qimirlatib, do‘stimga savol nazari bilan qaradi.
— G‘ozlarni sotib bo‘lganga o‘xshaysiz-a, — deya gapini davom ettirdi Xolms, bo‘sh turgan marmar peshtaxtani ko‘rsatib.
— Ertaga ertalab besh yuzta desangiz ham olishingiz mumkin.
— Ertaga boshimga uramanmi!
— Hov anavi chiroq yonib turgan do‘konda uncha-muncha qolgan bo‘lsa kerak.
— Ha, ammo meni sizga yuborishgan edi-da.
— Kim?
— «Alfa»ning egasi.
— E, ha! Unga yigirma to‘rtta jo‘natganman.
— Ajoyib g‘ozlar ekan! Siz ularni qayoqdan oldingiz?
Men hayron qoldim, bu savoldan savdogarning jini qo‘zib ketdi.
— Xo‘sh, mister, — dedi u boshini ko‘tarib, qo‘llarini beliga qo‘yarkan, — nimaga shama qilyapsiz? To‘g‘risini aytavering.
— Men to‘ppa-to‘g‘risini aytyapman. «Alfa»ga yetkazib turgan g‘ozlaringizni sizga kim sotishini bilmoqchi edim.
— Aytmayman.
— Aytmasangiz aytmay qo‘yaqoling. Osmon uzilib yerga tusharmidi! Qiziq, shu arzimagan narsaga ham muncha jig‘ibiyroningiz chiqmasa?
— Jig‘ibiyroningiz chiqmasa? Agar siz mening o‘rnimda bo‘lib, sizga ham shunaqa xiralik qilaverishsin-chi, o‘zingizning ham jig‘ibiyroningiz chiqmasmikin! Men yaxshi molga yaxshi haq to‘layman, gap shu, vassalom «g‘ozlaringiz “qayoqda?”, «G‘ozlarni kimdan sotib olgansiz?», «G‘ozlarni kimga sotgansiz?», «G‘ozlaringiz necha puldan?» deganlariga o‘laymi! Shu g‘ozlar to‘g‘risida ko‘tarilgan shov-shuvga quloq solib tursang, dunyoda shulardan boshqa tashvish yo‘qqa o‘xshaydi!
— Sizni qiynoq-qistoqqa olib so‘roqqa tutadigan odamlarga mening hech qanday aloqam yo‘q, — dedi loqaydlik bilan Xolms. — Gapirgingiz kelmasa gapirmay qo‘ya oling. Ammo men parranda vajiga uncha-muncha tushunaman, men pishirib yegan g‘oz qishloqda boqilgan deb besh funt sterlingdan bahs boylashganman.
— Funtlaringizdan ajralibsiz! Shaharda boqilgan g‘oz! — deb yubordi savdogar.
— Bo‘lmagan gap!
— Ha, shaharda boqilgan g‘oz!
— O‘lsam ham ishonmayman!
— Hali bu ishni sendan ko‘ra ko‘proq bilaman demoqchimasmisiz, axir men bu ish bilan yo‘rgakdaligimdan beri shug‘ullanaman-a! Sizga aytyapmanki, «Alfa»ga sotgan g‘ozlarimning hammasi qishloqda emas, shaharda boqib semirtirilgan.
— Siz meni bu tuturiqsiz gapga hech qachon ishontirolmaysiz.
— Garov o‘ynaysizmi?
— Unda, pulim ketdi, deyavering! Men o‘zimning haq ekanligimga shak-shubha qilmayman. Ammo o‘jarlik qilganingizga ta’ziringizni berib qo‘yish uchun bir soveren tikishga roziman.
Savdogar zaharxanda tirjayib qo‘ydi.
— Daftarlarni olib kel-chi bu yoqqa, Bill, — dedi u. Bola biri yupqa, ikkinchisi esa yog‘ bosgan katta daftami olib kelib, peshtaxtadagi chiroq tagiga qo‘ydi.
— Xo‘sh, mister Bahschi, — dedi savdogar, — men bugun bor g‘ozlarimning hammasini sotib bo‘ldim deb turgan edim, xudoyi taolo do‘konimga yana bir g‘o‘daygan «g‘ozni» yetkazdi. Mana bu daftarni ko‘ryapsizmi?
— Xo‘sh, nima bo‘pti?
— Bu men mol xarid qiladigan odamlarning ro‘yxati. Ko‘ryapsizmi? Manavi yerda qishloqdagi mol yetkazib beruvchilarning otlari yozilgan, har bir familiyadan keyin qo‘yilgan raqam katta daftardagi ular bilan olib boriladigan hisobni ko‘rsatadigan betni bildiradi. Qizil siyoh bilan to‘ldirilgan mana bu betni ko‘ryapsizmi? Bu shahardagi mol yetkazib beradigan tanishilarimning ro‘yxati. Shu yerdagi uchinchi familiyani ovozingizni chiqarib o‘qing.
— «Missis Okshot, Brikston-rod 117, bet 249» — deb o‘qidi Xolms.
— Mutlaqo to‘g‘ri. Endi katta daftardagi 249-betni oching.
Xolms o‘sha sahifani ochdi.
— Mana: «Missis Okshot, Brikston-rod 117 — ilvasin bilan tuxum yetkazib beradi».
— Oxirgi yozuvda nima deyilibdi?
— «Dekabrning yigirma ikkisida yigirma to‘rtta g‘oz, yetti shillingu olti pensdan».
— To‘ppa-to‘g‘ri. Buni eslab qo‘ying. Pastida-chi?
— «Alfa»ga, mister Vindigetga sotilgan, o‘n ikki shillingdan».
Xo‘sh, endi nima deysiz? Sherlok Xolms qattiq achingandek ko‘rindi. Cho‘ntagidan bir soveren pul olib, uni peshtaxtaga uloqtirdi-da, shart burilib xafa bo‘lgandek indamay tashqariga chiqdi. Bir necha qadam yurgach, u fonar ostida to‘xtadi-da, odatdagidek quvnoq va sassiz kulib yubordi.
— Bordi-yu, cho‘ntagida shunday qizil dastro‘moli bilan shunday mo‘ylovi bor odamni ko‘rsangiz, unga istagan garovingizni taklif etib, undan har qanday ma’lumotni bilib olishingiz mumkin, — dedi u. Qat’iy aytamanki, u bilan garov bog‘lashib qo‘lga kiritgan shunday mufassal ma’lumotlarni yuz funt sarflaganimda ham hech qachon ololmasdim undan. Shunday qilib, Uotson, nazarimda, sirli ipning chigalini oxirigacha yozgandekmiz. Endilikda hal qilishimiz kerak bo‘lgan birdan-bir narsa shuki, o‘sha missis Okshot degannikiga hozir boramizmi, yoki bu ishni ertalabgacha qoldiramizmi. Anavi qo‘polning so‘zlaridan ko‘rinib turibdiki, bu ish bilan bizdan tashqari yana allakimlar qiziqayotganga o‘xshaydi, shuning uchun men…
Biz hozir tashlab chiqqan do‘kondan tuyqusdan eshitilib qolgan shovqindan Xolmsning gapi og‘zida qoldi. Orqaga o‘girilib qararkanmiz chayqalib turgan chiroqning sarg‘ish shulasida qizil basharali jikkakkina odamni ko‘rdik. Brekinrij do‘kon eshigida turgancha unga musht do‘layardi.
— O‘zlaring ham, g‘ozlaring ham jonimga tegdi! — deb baqirardi Brekinrij. — Hammalaringni ham jin ursin! Yana bir karra ana shu ahmoqona savollaringizni beradigan bo‘lsangiz, itimga talataman. Olib keling miss Okshotingizni, unga o‘zim javob beraman. Bu ishga sizning nima daxlingiz bor? G‘ozlarni sizdan sotib olganmidim?
— Yo‘q, ammo, har qalay, ulardan biri meniki edi, — deb nolidi haligi odam.
— Bo‘lmasa, uni o‘sha missis Okshotdan talab qiling!
— U sizdan so‘rab bilgin degan edi.
— Menga desa Prussiya qirolidan borib so‘ramaysizmi! Jonimga tegdingiz! Bas! Yo‘qoling bu yerdan!
U qahr bilan oldinga tashlangan edi, haligi odam darhol qorong‘ilikka kirib g‘oyib bo‘ldi.
— Ana, Brikston-rodga bormasak ham bo‘ladiganga o‘xshaydi, — deya shivirladi Xolms, — qani, borib ko‘raylik-chi, bu kimsa bizga ish berib qolmasmikan.
Yop-yorug‘ do‘konlar atrofida sang‘ib yurgan bir to‘da bekorchilar orasidan o‘tib borib do‘stim haligi odamga yetib oldi-da, uning yelkasiga qo‘lini tashladi. U shartta o‘girilib qaradi, gaz fonar yorug‘ida uning rangi quv o‘chib ketganini ko‘rdim.
— Siz kim bo‘lasiz? Nima ishingiz bor menda? — deb so‘radi u ovozi qaltirab.
— Meni kechiring, — dedi muloyimlik bilan Xolms. — Anavi savdogardan nimani so‘raganingizni tasodifan eshitib qoldim. O‘ylaymanki, sizga foydam tegib qolar.
— Sizning-a? Kimsiz o‘zi? Menga nima kerakligini qayoqdan bilasiz?
— Otim Sherlok Xolms. Kasbim — boshqalar bilmaydigan narsalarni bilish.
— Ammo men bilishim kerak bo‘lgan narsa haqida siz hech narsani bilgan bo‘lishingiz mumkin emas.
Aybga buyurmaysiz, ammo men hammasini bilaman, Siz Brikston-roddagi missis Okshotning Brekin-rij degan savdogarga sotgan g‘ozlarining izlarini topishga urinib yuribsiz, Brekinrij bularni «Alfa»ning egasi mister Vindigetga, unisi esa, o‘z navbatida ularni Genri Beyker a’zo bo‘lib turgan o‘zining “g‘oz klub”iga sotgan.
— O, ser, men uchrashish ishtiyoqida yurgan odam xuddi siz ekansiz! — deb yubordi u odam qaltirayotgan qo‘llarini olg‘a cho‘zib. — Bu gaplarning men uchun nechog‘lik muhim ekanini sizga izhor qilishdan ojizman!
Sherlok Xolms o‘tib ketayotgan izvoshchini to‘xtatdi.
— Unday bo‘lsa, bu izg‘irin o‘ynagan bozor sahnidan ko‘ra, shinamgina xonada gaplashganimiz durust, — dedi u. — Ammo yo‘lga ravona bo‘lishimizdan oldida, mumkin bo‘lsa, shu narsani aytsangiz, men kimga baqadrihol yordam berishdek sharafga muyassar bo‘lmoqdaman?
Bu odam bir lahza ikkilanib qoldi.
— Mening otim Jon Robinson, — dedi u ko‘zini chetga olib qochib.
— Yo‘q. Yo‘q, asl nomingiz nima? — dedi xushmuomalalik bilan Xolms, — Kishi hamisha o‘z asl nomi bilan ish ko‘rgani qulayroq.
Notanish odamning rangpar yuzi qizarib ketdi.
— Unday bo‘lsa, — dedi u, — mening asl nomim Jeyms Rayder.
— Mana bunisi to‘g‘ri. Siz «Kosmopoliten» mehmonxonasida xizmat qilasiz. Marhamat, kebga chiqing, hademay bilmoqchi bo‘lgan hamma narsangizni aytib beraman.
Bu kichkina odam joyidan qo‘zg‘almasdi. U goh birimizga, goh ikkinchimizga tikilar, ko‘zlaridagi umid o‘rnini vahim egallagan edi. O‘zini kulfat kutyaptimi yoki katta baxt kutyaptimi, buni bilolmaganligi ko‘rinib turardi.
Nihoyat u kebga chiqdi, yarim soatdan so‘ng Beyker-stritdagi mehmonxonamizga yetib keldik.
Yo‘lda hech kim churq etib og‘iz ochmadi. Ammo hamrohimizning chuqur xo‘rsinib, kaftlarini jon-jahdi bilan yumib ochishidan, uning yo‘l bo‘yi qanday asabni holatda kelgani so‘zsiz ham ayon edi.
— Mana, uyga ham yetib keldik! — dedi xushchaqchaqlik bilan Xolms. — Bunday havoda lang‘illab turgan kamindan yaxshi narsa bormi dunyoda! Sovqotdingiz shekilli, mister Rayder. Marhamat, manavi to‘qima kresloga o‘tiring. Xonaki tuflimni kiyib olay, keyin darhol sizning ishingiz bilan shug‘ullanishga kirishamiz. Xo‘p, mana! Siz anavi g‘ozlarning nima bo‘lganini bilmoqchisiz-da, shundaymi?
— Ha, ser.
— To‘g‘rirog‘i, anavi g‘ozning nima bo‘lganini bilmoqchisiz? Nazarimda, sizni ulardan birginasi dumida qora yo‘li bor oq g‘oz qiziqtirgan shekilli… Rayder hayajondan tipirchilab qoldi.
— O, ser! — deb qichqirib yubordi u. Siz menga o‘sha g‘ozning qayerdaligini aytib bera olasizmi?
— U shu yerda.
— Shu yerda?
— Ha. O‘zi ham ajoyib g‘oz ekan. Unga qiziqib qolganingiz ham bejiz emas ekan. U o‘lganidan keyin chiroyli, yarqiroq moviy tuxum qildi. Tuxum shu yerda, mening muzeyimda.
Mehmonimiz o‘rnidan turib ketib, gandiraklagancha o‘ng qo‘li bilan kamin taxtasini ushlab qoldi. Xolms po‘lat sandiqni ochib, undan xuddi mitti yulduzdek tovlanib yarqirayotgan moviy karbunkulni oldi. Rayder bu toshni talab qilib olishini ham, unga bo‘lgan har qanday haq-huquqidan voz kechishini ham bilmay baqrayib turardi.
— Chuv tushdingiz, Rayder, — dedi xotirjamlik bilan Sherlok Xolms — Oyog‘ingizni qattiqroq bosib turing, bo‘lmasa o‘tga yiqilib tushasiz. Uni o‘tqazib qo‘ying, Uotson. Sir boy bermay, xotirjamgina qalloblik qilishga hali chog‘i kelmaydi. Unga bir qultumgina aroq bering. Ana endi sal odam bashara bo‘ldi. Qo‘ng‘izdan ham xarob-a!
Rayder gandiraklab ketib yerga yiqilib tushishiga sal qoldi, ammo aroqdan yonoqlariga sal-pal qizillik yugurib u o‘zining fosh etuvchisiga vahima bilan baqrayib tikilgancha o‘rniga o‘tirdi.
— Men qariyb hammasini bilaman, qariyb yetarli dalilu isbotlarga egaman, shuning uchun siz ozgina qo‘shimcha qilsangiz bas. Biroq o‘sha ozgina narsani hozirning o‘zidayoq gapirib berishingiz kerak bizga, toki ishda jindakkina ham noaniq joyi qolmasligi kerak. Siz grafinya Morkarning bu moviy karbunkuli bor ekanini qayoqdan bildingiz, Rayder?
— Menga buni Keterin Kyuzek aytib berdi, — deb javob berdi u titroq ovoz bilan.
— Bilaman: janobi oliyalarining joriyasi. Osongina boylik orttirish vasvasasi sizdan g‘olibroq kelgan, bu narsani sizdan ko‘ra mo‘tabarroq zotlar ham bir necha bor boshlaridan kechirganlar. Siz andishani yig‘ishtirib qo‘ygansiz. Nazarimda, Rayder, sizdan bora-bora binoyidekkina gazanda chiqishi mumkin edi! Siz Xomer degan kavsharchining ilgari bir marta o‘g‘irlik qilib qo‘lga tushganini, hammadan oldin shubhalanishlarini bilgansiz. Nima tadbir ko‘rgan Grafinyaning xonasidagi kamin panjarasining simini sindirgansiz, sherigingiz Kyuzek ikkovingiz ataylab shunday bir tadbir ko‘rgansizlarki, zarur remont ishini Xomer bajarishiga erishgansizlar. Xomer ketgach, sizlar qutichadagi toshni o‘g‘irlab, shovqin ko‘targansizlar, u sho‘rlikni qamoqqa olishgan. Shundan so‘ng…
Shu orada Rayder birdan gilamga sirg‘alib tushib, do‘stimning tizzalarini ikki qo‘li bilan quchoqlab oldi.
— Xudo haqi, menga rahmingiz kelsin! — deya qichqirib yubordi u. — Otamni, onamni rioya qiling. Buni eshitishsa adoyi tamom bo‘lishadi. Men hech qachon o‘g‘irlik qilgan emasman! Hech qachon! Ikkinchi bunday qilmayman, ont ichaman! Zabur haqi qasam ichaman! Bu ishni sudga oshirmang! Xudo haqi, sudga oshirmang!
— Joyingizga o‘tiring, — deb jerkib berdi Xolms. — Endi yetti bukilib o‘pasizmi! Sho‘rlik Xornemi qilmagan jinoyati uchun aybdorlar kursisiga ro‘para qilayotganingizda nimalarni o‘ylagan edingiz?
— Men qochib ketishim mumkin, mister Xolms! Angliyadan bosh olib ketaman, ser! Shunda unga taqilgan ayb bekor bo‘ladi…
— Hm! Biz hali bu to‘g‘rida gaplashib ko‘ramiz. Hozircha o‘g‘irlikdan keyin nimalar yuz bergani haqidagi haqqoniy hikoyangizni eshitamiz. Bu tosh g‘ozning bo‘g‘ziga qanday tushib qoldi-yu, g‘oz qanday qilib bozorga borib qoldi? To‘g‘risini ayting, siz uchun birdan-bir najot yo‘li to‘g‘risini ayting.
Rayder qahragan lablarini yalab oldi.
— Men sizga bor gapni aytib beraman, — dedi u. — Xomerni qamoqqa olganlarida, yon-verimni, xonamni tintish politsiyaning yodiga kelib qolmasdan toshni olib chiqib ketganim yaxshi, degan qarorga keldim. Mehmonxonada toshni yashirib qo‘yish uchun qulay joy yo‘q edi. Men xizmat yuzasidan ketayotgan bo‘lib tashqariga chiqdim-da, opamning uyiga qarab yo‘l oldim. U Okshot degan odamning xotini, Brikston-rodda yashaydi. U uy parrandalarini semirtirib sotish bilan shug‘ullanadi. To‘qnash kelgan har bir odam menga politsiyachi yoki iztopar bo‘lib tuyulaverdi, salqin bir oqshom bo‘lishiga qaramay, to Brikston-rodga yetib borgunimcha terga botdim. Opam mendan, nima gap, nega bunday ranging o‘chgan, deb so‘radi. Men, mehmonxonamizda qimmatbaho narsalar o‘g‘irlanganidan tashvishlanyapman, deb javob berdim. Keyin orqa hovliga o‘tib tamaki chekdimda, nima tadbir ko‘rish kerakligini o‘ylay boshladim.
Mening to‘g‘ri yo‘ldan toyib jazo muddatini Pentonvil turmasida o‘tkazib kelgan Modeli degan oshnam bor edi. Bir kuni u bilan uchrashib o‘g‘rilar haqida gaplashib qolganimizda, menga o‘g‘rilar o‘g‘irlik molni qanday quv qilishlarini gapirib bergan edi. U meni chaqib qo‘ymasligini bilardim, chunki uning ba’zi bir gunohlaridan xabardor edim, shuning uchim ham to‘ppa-to‘g‘ri Kilbumga borib, unga uchrashmoqchi va uni sirimdan voqif qilmoqchi bo‘ldim. U bu toshni qanday qilib pullashni o‘rgatishi mumkin edi. Ammo u yoqqa qanday yetib olaman? Men mehmonxonadan kelayotganim-da kechirgan iztiroblarimni esladim. Har bir daqiqada ushlab olib yon-verimni tintib, nimcham cho‘ntagidan toshni topib olishlari mumkin edi. Devorga suyangancha oyog‘imning tagida lapanglab izg‘ib yurgan g‘ozlarga qarab turarkanman, dunyodagi eng epchil iztoparni ham qanday qilib aldash haqida miyamga daf’atan bir fikr kelib qoldi…
Bir necha hafta burun opam menga mavlud bayramiga juda bo‘liq g‘oz sovg‘a qilajagini aytgandi, uning hamisha so‘zi ustidan chiqishini bilardim. Men o‘sha g‘ozni hozirning o‘zidayoq olib, toshni uning bo‘g‘zida Kilbumga olib bormoqchi bo‘ldim. Hovlida bir saroy bor edi. Men dumi ola kattakon, semiz bir oq g‘ozni saroyning orqasiga haydab o‘tdim. Uni tutib olib, tumshug‘ini ochdim-da, mumkin qadar ichkariroqqa surishga harakat qilib, toshni uning bo‘g‘ziga tiqdim. G‘oz yutindi, tosh uning bo‘takasiga qanday qilib o‘tib borganini qo‘lim bilan sezib turdim. Ammo g‘oz tipirchilab qanotlarini tapillata boshladi, opam nima gapligini bilgani chiqib qoldi. O‘girilib unga endi javob bermoqchi bo‘lib turgan edim, yaramas g‘oz qo‘limdan yulqinib chiqib galaga aralashib ketdi.
«Jonivorni nima qilayotgan eding, Jeyms?» — deb so‘radi opam.
“Haligi… dedim men, — senga mavlud bayramiga g‘oz sovg‘a qilaman, deganing uchun ulardan qaysi biri semizroq ekan, deb ko‘rayotgan edim”.
«O, — dedi u, — biz senga atab allaqachon g‘ozni tanlab qo‘yganmiz. Biz uni: «Jeymsning g‘ozi» deb ataymiz. Hov anavi boshdan-oyoq oppoq kattakon g‘oz. Hammasi bo‘lib yigirma oltita g‘oz, shulardan bittasi senga, bittasi bizga, yigirma to‘rttasi — sotishga».
«Rahmat, Meggi, — dedim men. — Agar senga farqi bo‘lmasa, menga hozir qo‘limda ushlab turganimni bersang».
«Seniki bunga qaraganda uch qadoqcha vazminroq, o‘zini ham senga atab yaxshilab boqqanmiz».
«Buning ahamiyati yo‘q. Menga xuddi shunisi kerak, uni hozirning o‘zida olib ketsam».
«O‘zing bilasan, — dedi opam bir oz ranjib. — Qaysi birini olmoqchi eding?» «Dumida qora yo‘li bor hov anavi oqini, hov ana galaning o‘rtasida turibdi». «Marhamat. So‘yib olib ketaqol!»
Men shunday qildim, mister Xolms, qushni Kilbumga olib ketdim. Oshnamga hamma gapni aytib berdim — u bunaqa gaplarni bemalol aytaversa bo‘ladigan odamlar toifasidan. U sillasi quriguncha qotib-qotib kuldi, keyin pichoq olib g‘ozni so‘ydik. G‘ozning ichida tosh yo‘qligini ko‘rib mudhish bir xato ro‘y berganini anglaganimdan keyin, yuragim orqasiga tortib ketdi. G‘ozni o‘sha yerda qoldirib opamnikiga g‘izilladim, chopgancha orqa hovliga kirib bordim. Hovlida g‘ozlar yo‘q edi.
«G‘ozlar qani, Meggi?» — deb qichqirdim.
«Savdogarga jo‘natdik».
«Qaysi savdogarga?»
«Kovent-gardsidagi Brekinrijga».
«G‘ozlarning orasida men hozirgina so‘yganga o‘xshagan yana bir dumi olasi bormidi?» —deb so‘radim.
«Ha, Jeyms, dumi ola g‘oz ikkita edi, men ularni doim adashtirib yurardim». Shundan keyin men, albatta, bir gapni tushunib, o‘sha Brekinrijning oldiga qarab yugurdim. Ammo u g‘ozlarning hammasini allaqachon sotib bo‘lgan ekan, kimga sotganini sira aytgisi kelmadi. Uning menga qanday o‘dag‘aylab berganini o‘zingiz eshitdingiz. Opam meni, aqldan ozgan, deb o‘ylayapti. Ba’zan o‘zim o‘zimga ham jinniga o‘xshab ko‘rinaman. Mana endi… mana endi men — qabih o‘g‘riman, holbuki o‘g‘irlayman deganim g‘animatga qo‘limni tegizmagan bulsam ham, uni deb yosh umrimni xazon qildim. Yo rabbiy, meni o‘zing yorlaqa! Yo rabbiy o‘zing yorlaqa!
U qo‘llari bilan yuzini berkitgancha titrab o‘krab yubordi. Oraga uzoq jimlik cho‘kdi, uni Rayderning og‘ir xo‘rsinishlari bilan do‘stimning stol qirrasnni bir maromda chertishigina buzib turardi. Birdan Sherlok Xolms o‘rnidan turib, ko‘cha eshikni lang ochdi.
— Yo‘qoling! — dedi u.
— Nega, ser?.. O, sizni parvardigor yorlaqasin!
— Gapirmang! Yo‘qoling bu yerdan!
Bu so‘zni yana bir takrorlashga to‘g‘ri kelmadi. Zinapoyadan tez tushib borayotgan odim tovushlari gumburlab eshitildi, pastda eshik taraqladi, ko‘chadan shaxdam qadam tovushlari keldi.
— Xulosasini aytganda, Uotson, — dedi Xolms, qo‘lini sopol trubkasiga cho‘zib, — mutlaqo politsiyamizning yo‘l qo‘ygan xatolarini tuzatish uchun ishlamayman. Bordi-yu, Xomerga xavf-xatar tahdid solayotgan bo‘lsa, unda boshqa gap edi. Ammo Rayder unga qarshi shohidlik bermaydi, ish shu bilan tinchib ketadi. Ehtimol, muttahamga homiylik qilayotgandirman-u, ammo, to‘g‘rirog‘i, men odamni batamom nobud bo‘lib ketishdan saqlab qolyapman. Bu shovvoz, endi bunaqa ishlarni takrorlamaydi — u juda yurak oldirib qo‘ygan. Hayot bizni g‘alati va alomat bir jumboq bilan to‘qnash keltirdi! Bu jumboqni yechishning o‘ziyoq katta mukofot! Iltifot qilib qo‘ng‘irog‘ni chalib qo‘ysangiz, yangi «tadqiqot» bilan shug‘ullanardik, bunda ham bosh rolni yana parranda ijro etadi: esingizda bo‘lsin, tushlikka kaklik yeymiz.
Vahob Ro‘zimatov tarjimasi
[1] Karbunkul — shaffof qimmatbaho tosh, odatda qizil bo‘ladi.
[2] Gran — 0,0622 grammga barovar eski o‘lchov birligi.