Sherlok Xolms haqidagi 1882 yildan 1890 yilgacha bo‘lgan davrga oid qaydlarimni ko‘zdan kechirsam, shu qadar qiziq va odatdan tashqari ishlarni uchratamanki, ulardan qaysi birlarini tanlab olishni bilmay qolaman. Garchand, bulardan ba’zilari allaqachon matbuotda yoritilgan bo‘lsa-da, boshqalari Xolmsning g‘oyat yuksak darajada egallagan ajoyib qobiliyatlarini namoyon etishiga imkon bermagan edi. Mazkur yozuvlarimda men uning ana shu qobiliyatlarini tavsiflashni maqsad qilib qo‘ydim. O‘sha ishlardan ba’zi birlarini hatto tahlil ham qilib bo‘lmas, og‘zaki aytib berilgan yechimsiz qissaga o‘xshab qolar, ba’zilari esa qisman yechilgan, ularning sabablari, o‘zi yoqtiradigan jiddiy, mantiqiy isbotlarga emas, ko‘proq tusmollaru taxminlarga asoslangan edi. Biroq ana shu keyingilari orasida ham tafsilotlari g‘oyat maroqli, natijalari g‘oyat kutilmagan bir voqea borki, men uning to‘g‘risida gapirib bermoqchiman, zotan u hech qachon to‘la-to‘kis aniqlanmagan, ehtimolki, hech qachon to‘la-to‘kis aniqlab bo‘lmaydigan vaziyatlar bilan bog‘liqdir.
1887 yilga tegishli uzun ro‘yxatda anchagina qiziq yoki uncha qiziq bo‘lmagan ishlar qayd etilgan Ularning hammasini yozib qo‘yganman. Mana ulardan ba’zilar: «Peredol Chember», katta mebel magazinning yerto‘lasida hashamatli klubiga ega bo‘lgan Havaskor gadoylar jamiyati; Britaniyaga tegishli «Sofi Enderson» yelkanli kemasining halokatiga bog‘liq bo‘lgan faktlar; Grays Petersonning Yuffa orolidagi ajoiib sarguzashtlari, va nihoyat, Kamberuelldagi zaharlash haqidagi ish. So‘nggi voqeada Sherlok Xolms marhumning soatini ko‘zdan kechirgach, ikki soat muqaddam burab qo‘yilganligi ta’kidlagan, bundan u, marhum o‘sha paytda yotgan, deb hukm chiqargan, bu xulosasi esa jinoyatni ochishda juda katta ahamiyat kasb etgan edi.Ana shu ishlarning hammasini men, ehtimolki, qachonlardir keyinroq qalamga olarman, ammo ulardan birontasi ham men hozir izhor qilmoqchi bo‘lgan odatdan tashqari voqealardagi o‘ziga xos jihatlarga ega emas.
Sentyabr oyoqlab qolgan, kuz bo‘ronlari quloq eshitmagan shiddatli qahr-g‘azab bilan avjga minar edi. Kun-uzukun shamol uvillar, yomg‘ir derazalarga shu qadar shovqin bilan kelib urilar ediki, hatto shu yerda, inson qo‘li yaratgan bu bahaybat asar Londonning yuragida ham biz kundalik hayotning odatiy hukmidan beixtiyor ravishda bir lahzagina alahsir, quturib ketgan tabiat shiddatli kuchlarining hozirligini sezar edik; ular esa madaniy hayot panjaralari orqasida panoh topgan biz ojiz bandalarga qafasga qamab qo‘yilgan vahshiy hayvonlarga o‘xshab o‘kirar edi. Kechga borib bo‘ron yana ham zo‘raydi: mo‘riga urilgan shamol yosh boladek yig‘lar, hiqillar edi.
Kamin oldida o‘tirgan tund bashara Sherlok Xolms kartotekasini tartibga solmoqda, men esa, uning qarshisida o‘tirgancha, Klark Rassel yozgan g‘aroyib dengiz hikoyalarining mutolaasiga shu qadar berilib ketgan edimki, mana shu po‘rtana go‘yo menga okeanda duch kelgandek, yomg‘irning shovqini esa bamisoli dengiz to‘lqinlarining guldirosidek tuyulmoqda edi. Xotinim xolasinikiga mehmondorchilikka ketgan, shuning uchun men bir necha kunga Bayker-stritdagi eski kvartiramizga kelib joylashgan edim.
— Menga qarang, qo‘ng‘iroq chalinayotibdi, — dedim men Xolmsga.
— Bugun kim kelishi mumkin? Do‘stlaringizdan bitta-yarimtasimikan?
— Mening sizdan boshqa do‘stim yo‘q, — deb javob berdi Xolms. — Menikiga hech kim mehmondorchilikka kelmaydi.
— Balki mijozlardandir?
— U taqdirda juda jiddiy ish bo‘lishi kerak. Ob-havo aynib turgan shunday bir paytda, shunday bemahal pallada bu odamni ko‘chaga chiqishga nima majbur qilgan bo‘lishi mumkin? Bekamizning bitta-yarimta egachisi yo dugonasi kelgandir.
Biroq Xolms yanglishdi, chunki dahlizda odim tovushlari eshitilib, kimdir eshigimizni taqillatdi. Xolms uzun qo‘lini cho‘zdi-da, chiroqni o‘zidan burib, yorug‘ini mehmon uchun mo‘ljallangan bo‘sh kresloga to‘g‘rilab qo‘ydi.
— Kiring, — dedi u.
Shinam kiyingan, harakatlari bir qadar nazokatli, yigirma ikki yoshlardagi yigit kirib keldi. Sharillab suv oqayotgan shamsiyasi bilan ho‘lligi tufayli yaltirab turgan suv o‘tmas uzun plashchi ob-havoning ayniganidan guvohlik berardi. Kirib kelgan odam xavotir bilan alangladi, chiroq yorug‘ida yuzi oqarib ketganini, qovoqlari esa boshiga og‘ir musibat tushgan kishidek salqiganini ko‘rdim.
— Men sizlardan kechirim so‘rashim kerak, — deb qo‘ydi, u oltin qabzali pensnesini ko‘zlariga olib borarkan. — Umid qilamanki, meni yopishqoq odam ekan, demassizlar. Fayzli xonalaringizga bo‘ronu yomg‘irning uncha-muncha asarini olib kelmadimmikan, deb qo‘rqaman.
— Plashingiz bilan shamsiyangizni menga bering-chi, — dedi Xolms — Ularni mana bu ilgakka osib qo‘yaman, tez orada qurib qoladi. Nazarimda, janubi g‘arbdan kelganga o‘xshaysiz.
— Ha, Xorshemdan keldim.
— Botinkalaringizning tumshug‘idagi bo‘r aralashgan loydan ko‘rinib turibdi.
— Men sizdan maslahat so‘ragani keldim.
— Maslahatdan osoni yo‘q.
— Yordam ham so‘ramoqchiman.
— Mana bunisi esa hamma vaqt ham oson ko‘chavermaydi.
— Men siz to‘g‘ringizda mayor Prendergastdan Ten-kervill klubida bo‘lgan mojaro vaqtida qanday qilib uning joniga ora kirganingizni eshitganman.
— Ha-a, esimda. Uni g‘irromlik qilding, deb behuda ayblashgan edi.
— U siz har qanlay sirni ocha olishingizni aytdi.
— Be, mubolag‘a qilibdi.
— Uning so‘zlariga qaraganda, siz hech qachon muvaffaqiyatsizlikka uchramasmishsiz.
— Ha, men odatda muvaffaqiyatga erishmay qo‘ymayman.
— Unday bo‘lsa, umid qilamanki, mening ishimda ham muvaffaqiyat qozonishga tirisharsiz.
— Iltimos qilaman, kresloni kaminga yaqinroq suring-da, ishingizni batafsil so‘zlab bering.
— Bu g‘ayrioddiy ish.
— Menda boshqacha ishlar bo‘lmaydi. Men — oxirgi bosqichman.
— Ammo, har qalay, ser, mening xonadonimda yuz bergan voqealardek aql bovar qilmaydigan, sirli voqealarni qachon bo‘lmasin eshitgan bo‘lishingizga ishongim kelmaydi.
— Siz meni g‘oyatda qiziqtirib qo‘ydingiz, — dedi Xolms. — Iltimos, bizga asosiy faktlarni gapirib bering, keyin men sizdan o‘zimga muhimroq tuyulgan tafsilotlarni surishtirib olaman.
Yigit kresloni surib, ho‘l oyoqlarini lang‘illab turgan kamin tomon uzatdi.
— Mening otim Jon Opensho, — dedi u. — Ammo, fahlashimcha, shaxsiy ishlarim bu dahshatli voqealar bilan uncha bog‘liq emas. Bu ish menga meros tariqasida o‘tgan, shunga ko‘ra, siz u haqda tasavvurga ega bo‘lishingiz uchun menga bu voqealarning eng boshiga qaytishim kerak bo‘ladi.
Bobomning ikki o‘g‘li bo‘lgan: bular — amakim Elayes bilan otam Jozef edi. Otamning Koventrida kichikroq fabrikasi bor, velosipedlar paydo bo‘lganda uni kengaytirgan edi. Uning «Opensho» degan pishiq shinaga patenti bo‘lib, ishlar shu qadar rivojga mindiki, keyinchalik fabrikasini sotib, durustgina davlat orttirtirgan odam sifatida tinchgina oyog‘ini uzatib yotish imkoniyatiga erishdi.
Amakim Elayes yoshlik yillarida Amerikaga borib qolgan, Floridada plantatorlik qilgan, aytishlaricha, ishlari juda yurishib ketgan. Urush vaqtida avval Jeksonning armiyasida, keyin esa Gudning qo‘li ostida xizmat qilgan, polkovnik darajasiga erishgan. Li taslim bo‘lgach, amakim plantatsiyasiga qaytib kelib, u yerda uch yilmi, to‘rt yilmi yashagan. 1869 yildami yoki 1870 yildami u Yevropaga qaytib kelib, Xorshem yaqinidagi Sasseksda molikona yer-suv sotib olgan. Qo‘shma shtatlarda kattagina davlat orttirgan, Amerikani esa negrlarga nafrat bilan qaragani, ularga saylash huquqini bergan respublika partiyasining siyosatidan norozi bo‘lgani uchun tark etgan edi. Amakim g‘alati odam edi: shafqatsiz, qiziqqon, g‘azabi oshganda ayovsiz bo‘ralab so‘kar, odamovi edi. Xorshem yaqinida yashagan butun yillari mobaynida aqalli biron marta shaharda bo‘lganiga shubha qilaman. Uyi o‘tloqlar o‘rtasidagi bog‘da joylashgan, o‘sha yerda sayr qilib yurar, shunisi ham borki, ko‘pincha haftalab xonasidan chiqmas edi. Ko‘p ichar, chekar, har qanday muloqotdan, hatto tug‘ishgan ukasi bilan uchrashishdan ham qochar edi. Zotan ilk bor o‘n ikki yasharligimda uchrashgan bo‘lsak ham, u o‘zini menga yaqin tutardi. Bu 1878 yilda, Angliyaga kelganimda sakkizmi, to‘qqiz yildan keyin yuz berdi. Otamdan mening unikida yashashimga ruxsat berishini o‘tindi, menga o‘ziga yarasha mehribonchilik ko‘rsatdi. Hushyor bo‘lgan kezlarida men bilan nard va shashka o‘ynashni yoqtirardi. Menga xizmatkorlardan ko‘z-quloq bo‘lib turishni, savdogarlar bilan barcha ishlarni olib borishni topshirdiki, men o‘n olti yoshimdayoq uyda to‘la-to‘kis xo‘jayin bo‘lib qoldim. Hamma kalitlar mening qo‘limda, xohlagan tomonga bora olar, ko‘nglim xohlagan har bir ishni qila olar edim, faqat bir sharti bor ediki, amakimning halovatini buzmasligim kerak edi. Darvoqe, yana bir g‘alati tartib bor edi: amakim hech kimning chortoqdagi qulflog‘liq hujraga kirishga ruxsat bermasdi. Men bolalarga xos qiziquvchanligim tutib qulf tuynukchasidan mo‘ralardim, lekin biron marta ham eski sandiqlaru tugunlardan boshqa hech narsa ko‘rmadim.
Bir kuni — bu 1883 yilning martida bo‘lgan edi — amakimning ovqatlanish stolidagi qoshiq-sanchqiyu pichoqlari yonida xorijiy marka yopishtirilgan xat paydo bo‘lib qoldi. Amakim deyarli hech qachon xat olmas, chunki xaridlari uchun pulni naqd to‘lar, do‘stlari esa yo‘q edi.
«Hindistondan, — dedi u, xatni ola turib. — Pondishernning pochta muhri bosilgan! Bu nima bo‘ldi ekan?»
Amakim shosha-pisha konvertni yirtgan edi, undan tarelkaga besh dona qurigan apelsin urug‘i to‘kildi. Kulib yuborayozgan edim, amakimning vajohatini ko‘rishim bilan labimni qimtigancha qoldim. Uning pastki labi osilib tushdi, ko‘zlari qinidan chiqib ketay derdi, yuzi bo‘zarib ketdi: qaltirayotgan qo‘lida hamon ushlab turgan konvertga tikilib qolgan edi.
«Uchta «K»! — deb xitob qildi u, keyin zorlandi:— Yo rabbiy, yo rabbiy! Qilgan gunohlarimning qasosi!»
«Bu nima, amaki?»—deb so‘radim.
«Ajal», — dediyu shartta o‘rnidan turib xonasiga chiqib ketdi, men garangsib, vahimaga tushganimcha qolaverdim.
Konvertni olgan edim, qopqog‘ining ichki tomonidagi yelim hoshiyasi tagida qizil siyoh bilan uch karra yozilgan «K» harfini ko‘rdim. Konvertda besh dona quruq apelsin urug‘idan boshqa hech vaqo yo‘q edi. Amakim nega bunchalik qo‘rqib ketdi ekan?
Men stoldan turib, g‘izillagancha zinapoyadan yuqoriga chiqib bordim. Qarshimdan amakim tushib kelardi. Bir qo‘lida zang bosgan eski kalit, ehtimolki, hujraning kalitini, ikkinchi qo‘lida esa chog‘roqqina mis quticha tutgan edi.
«Ular xohlagan ishlarini qilaverishsin, men hali ko‘rsatib qo‘yaman! — dedi u, yo‘l-yo‘lakay la’nat yog‘dira-yog‘dira. — Meriga buyur, xonamdagi kaminga o‘t yoqsin, Xorshemga odam yuborib, Fordxem degan advokatni oldirib kel».
Men uning farmoyishini ado etdim, advokat kelgandan keyin meni amakimning xonasiga chaqirishdi. O‘t lang‘illab yonardi, kaminda bir uyum momiqdek kul qorayib turardi, chamasi yondirilgan qog‘ozlarning qoldig‘i bo‘lsa kerak. Kaminning yonida qopqog‘i ochiq bo‘m-bo‘sh quticha yotardi. Unga ko‘zim tushishi bilan beixtiyor seskanib ketdim, nega desangiz, qopqoqning ichkari tomonida xuddi konvertdagiga o‘xshagan uchta «K» harfini ko‘rdim.
«Vasiyatnoma yozilayotganida guvoh bo‘lishingni istayman, Jon, — dedi amakim. —Men molikonamni ukamga, sening otangga qoldiraman, undan, shubhasiz, senga o‘tadi. Agar sen uni bamaylixotir tasarruf qilib tursang, joyida bo‘lardi! Bordi-yu, buning iloji yo‘qligiga ko‘zing yetsa, unda senga maslahatim shuki, bolaginam, molikonani eng ashaddiy dushmaningga ber. Senga shunday gumonli meros qoldirayotganimga g‘oyat achinaman, ammo ishlar qay tarzda tus olishini bilmayman. Iltimos qilaman, qog‘ozning mister Fordxem ko‘rsatgan joyiga qo‘l qo‘y».
Men qog‘ozga buyruq qilganidek qo‘l qo‘ydim, advokat uni ola ketdi. Bu g‘alati hodisa, tushunib turgandirsiz, menga juda chuqur ta’sir qildiki, jumboqning javobini topishga tirishib yakkash shu haqda o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Men vahimali bezovta bir tuyg‘udan qutulolmasdim, zotan vaqt o‘tishi bilan u tuyg‘u zaiflasha borardi, hayotimizning odati maromiga ham hech narsa xalal bermasdi. Biroq men amakimda yuz berayotgan o‘zgarishni payqadim. U avvalgidan ko‘proq ichadigan, yana ham odamoviroq bo‘lib qoldi. Aksar vaqt eshikni qulflab olgancha xonasida o‘tirar, ammo ba’zida qandaydir mast-alast vajohatda uydan otilib chiqardi-da, qo‘lida to‘pponcha ushlagan ko‘yi, «hech kimdan qo‘rqmayman, insoniga ham, iblisiga ham meni qo‘radagi qo‘ydek qamab, qamoqda ushlashiga izn bormayman!» deb qichqirgancha bog‘ bo‘ylab yugurishga tushardi. Biroq ana shunday jazavalardan keyin yana xonasiga kirib, telbalarcha vahimaga duchor bo‘lgan odamdek eshikni qulflagancha qamalib olardi. Yana shunisi borki, hatto salqin kunlarda ham yuzi xuddi tog‘oradagi suvga pishib olingandek yaltirab turardi.
Bu voqeani tezroq tugatish, sizning sabringizni suiiste’mol qilmaslik uchun shuni ilova etamanki, amakim bir kun kechasi odatdagi mast-alastliklaridek jazavasi tutib chiqib ketdi-da, shu ko‘yi qaytib kelmadi. Biz uni qidirgani chiqib, bog‘ etagidagi po‘panak bosgan hovuzchadan topdik. U mukkasidan tushib yotardi. Badanida hech qanday zo‘rlik asarini uchratmadik, hovuzning chuqurligi esa ikki futcha ham kelmasdi. Shunga ko‘ra sud maslahatchilari amakimning tentakona fe’lini ko‘zda tutib o‘limining sababini, o‘ziga suiqasd qilgan deb topdilar. Ammo men bilardimki, u o‘limni xayoliga keltirishdan ham qo‘rqardi, ongli ravishda joniga qasd qilganiga o‘zimni hech ishontirolmasdim. Har qalay, ish shu bilan barham topdi-da, otam uning molikonasi bilan bankdagi joriy hisobda turgan o‘n to‘rt ming funt pulini o‘z tasarrufiga oldi…
— Kechirasiz, — deb uning so‘zini bo‘ldi Xolms. — Sizning bergan ma’lumotingiz o‘ta darajada qiziq. Mumkin bo‘lsa, amakingiz xatni olgan sana bilan uning faraz qilingan suiqasdi sanasini aytib bersangiz.
— Xat 1883 yilning martida kelgan edi. Amakim yetti haftadan keyin, ikkinchi mayga o‘tar kechasi o‘ldi.
— Tashakkur. Marhamat, davom ettiring.
— Otam Xorshem molikonasini tasarrufiga olgan paytidanoq mening qistovim bilan — chortoqni sinchiklab ko‘zdan kechirdi. Biz u yerdan mis quticha topdik. Ichidagi bor narsa yo‘qotilgan edi. Qopqog‘ining ichki tomonida uchta «K» harfi bor, pastiga: «Xatlar, qaydlar, tilxatlar va reestr» so‘zlari yozilgan qog‘oz yopishtirilgan edi. Bizning taxminimizcha, bu so‘zlar polkovnik Opensho yo‘q qilib tashlagan qog‘ozlarning mazmunini bildirsa kerak. Bundan tashqari, amakim Amerikada yashagan vaqtlarga mansub parokanda qog‘ozlar bilan yon-daftarlarni aytmaganda, chortoqda bironta ham ahamiyatga molik narsa yo‘q edi. Ular ba’zilari urush davriga tegishli bo‘lib, amakim o‘z burchini yaxshi ado etgani, jasur soldat sifatida dong chiqarganidan shohidlik berardi. Boshqa qog‘ozlar Janubiy shtatlarni qayta qurish davriga xos, askar siyosatga taalluqli, negaki, chamasi, amakim shimoldan jo‘natilgan siyosiy arboblar — «sakvoyajchilar»ga qarshi oppozitsiyada katta o‘rin tutgan bo‘lsa kerak.
Shunday qilib, 1884 yilning boshlarida Xorshemga kelib o‘rnashdi, 1885 yilning yanvarigacha hamma ishlar ajabtovurgina ketayotgan edi. To‘rtinchi yanvar kuni nonushta qilib o‘tirganimizda otam daf’atan hayratdan qichqirib yubordi. Bir qo‘lida hozirgina ochilgan konvertni ushlab turar, ikkinchi qo‘lining kaftida besh dona quruq apelsin urug‘i yotar edi. U doimo, o‘z ta’biri bilan aytganda, mening polkovnik haqidagi uydirmalarimdan kulardi, endi esa o‘zi ham shunday xat olgach, g‘oyat hayratlanib, tashvishga tushib qoldi.
«Bu nima bo‘lishi mumkin, Jon?» — dedi u g‘o‘ldiragancha.
Mening yuragim orziqib ketdi…
«Uchta «K» harfi bo‘lishi kerak», — deb javob berdim men.
Otam konvertning ichiga qaradi.
«Ha, xuddi o‘sha harflar! — deb qichqirib yubordi u. — Lekin tepasiga nimalardir deb yozilgan».
«Qog‘ozlarni quyosh soatiga olib chiqib qo‘ying», degan so‘zlarni o‘qidim, uning yelkasi osha qararkanman.
«Qanday qog‘ozlar? Qanday quyosh soati?» deb so‘radi u.
«Bog‘dagi quyosh soati, bu yerda boshqa unday soat yo‘q. Aytilgan qog‘ozlar, o‘sha, kuydirib yuborilgan qog‘ozlar bo‘lsa kerak».
«Jin ursin! — dedi u, o‘zini o‘nglab olib. — Biz bir madaniy mamlakatda yashasak. Bunaqa tuturuqsiz narsalarga o‘rin bo‘lmasligi kerak. Xat qayerdan kelgan ekan?»
«Dapdidan», deb javob berdim men, pochta markasiga qarab olgach.
«Bitta-yarimtaning bema’ni hazilidir, — dedi u. — Allaqayoqdagi quyosh soati bilan allaqanday qog‘ozlarning menga nima dahli bor? Har xil bema’ni balo-battarlarga e’tibor berish shartmi?»
«Men politsiyaga ma’lum qilardim», dedim men.
«Meni kulgi qilishsinmi? O‘lsam ham unday qilmayman».
«Bo‘lmasa, ruxsat bering, men xabar qilay».
«Mutlaqo unday qila ko‘rma. Behuda bir narsaga shov-shuv ko‘tarilishini xohlamayman».
Otamga gap uqtirish foydasiz: u juda o‘jar edi. Meni mashaqqatli tashvishlar chulg‘ab oldi.
Xatni olganining uchinchi kuni otam Portsdaun-Xilli istehkomlaridan biriga qo‘mondonlik qiluvchi mayor Fribodi degan qadrdon do‘stini ko‘rgani ketdi. Ketganidan xursand edim: uyda bo‘lmasa xatardan xoliroq bo‘ladi, deb o‘ylagan edim. Biroq yanglishgan ekanman. Otam ketgandan ikki kun o‘tgach, mayordan darhol yetib borishimni iltimos qilgan telegramma oldim. Otam o‘sha yerdagi ko‘pdan-ko‘p chuqur bo‘r konlaridan biriga qulab tushibdi. U kallasi majaqlangan holda behush yotgan ekan. Oshiqqancha tepasiga yetib borsam, hushiga kelmay o‘lib qolibdi. Aftidan, u Feremdan qosh qorayganda qaytib kelayotgan bo‘lgan, o‘sha joylar unga tanish bo‘lmaganligi, bo‘r konlari mutlaqo ihotalanmaganligi uchun tergovchilar ikkilanib o‘tirmasdan: «O‘lim baxtsiz hodisa oqibatida yuz bergan», deb hukm chiqarganlar.
Men uning o‘limining hamma jihatlarini sinchiklab o‘rganib chiqdim, ammo suiqasddan belgi beradigan biron narsa topolmadim. Otamni tunashmagan, tanasida hech qanday zo‘rlik alomatlari yo‘q, tergovchilar hech qanday izlar topmagan, yo‘llarda hech qanday shubhalts shaxslar uchramagan. Tinchimni yo‘qotganimni, otamni tuzoqqa ilintirganlariga amin bo‘lganimni gapirib o‘tirishim shart emasdir.
Ana shunday qayg‘uli vaziyatda vorislik huquqiga molik bo‘ldim. Nega merosdan voz kecha qolmadingiz, deb so‘rarsiz mendan. Javob beraman: bizning boshimizga tushgan barcha baxtsizliklar amakimning hayotida allaqachonlar yuz bergan voqealar qandaydir yo‘llar bilan bog‘liq, xavf-xatar men qayerda bo‘lsam ham tahdid soladi, degan ishonch hosil qilgan edim.
Sho‘rlik otam 85-yilning yanvarida qazo qilgan bo‘lsa, o‘shandan buyon ikki yilu sakkiz oy vaqt o‘tdi. Ana shu vaqt mobaynida men Xorshemda osoyishta yashab keldim, yaqin ajdodlarimizning halokatidan keyin bu la’nat tavqi endi xonadonimizga ortiq tahdid solmaydi, deb umid qila boshlagan edim. Biroq barvaqtroq xotirjam bo‘lgan ekanman: kecha ertalab mening boshimga ham otamning boshiga tushgan falokat tushdi.
Yigit nimchasining cho‘ntagidan g‘ijimlangan konvert oldi-da, stolga o‘girilib, unga beshta qurigan apelsin urug‘ini ag‘dardi.
— Mana konverti, — dedi u. — Pochta muhrida sharqiy London ko‘rsatilgan. Ichida otam olgan xatdagi o‘sha-o‘sha yozuv: uchta «K» harfi bilan «Qog‘ozlarni quyosh soatiga qo‘ying», degan so‘zlar qayd etilgan.
— Siz nima tadbir ko‘rdingiz? — deb so‘radi Xolms.
— Hech nima.
— Hech nima deysizmi?
— Rostini aytsam, — dedi u, oppoq nafis qo‘llari bilan yuzini yashirib, — men o‘zimni oldiga ilon o‘rmalab kelayotgan ojiz, ayanchli quyondek his qildim. Nazarimda, menga hech qanday ehtiyotkorlik bas kelolmaydigan allaqanday mash’um qismat tahdid solib turganga o‘xshaydi.
— Nimalar deyapsiz?! — deb yubordi Sherlok Xolms. — Harakat qilish kerak, aks holda halok bo‘lasiz. Keskin choralargina joningizga ora kirishi mumkin. Umidsizlikka berilish o‘rinsiz.
— Men politsiyaga ma’lum qildim.
— Xo‘sh, nima bo‘ldi?
— Inspektor mening so‘zlarimni iljaygancha eshitdi. Aminmanki, bu xatlarni u, kimningdir achchiq hazili, amakimu otamning o‘limini, tergovchilar qayd etganidek, bu ogohlantirishlarga hech bir daxli yo‘q baxtsiz hodisa tufayli yuz bergan, deb o‘ylasa kerak.
Xolms mushtlarini silkitdi.
— Aql bovar qilmaydigan galvarslik! — deb yubordi u.
— Darvoqe, menga bir politsiyachini poyloqchi qilib berishdi, u mening uyimda uzluksiz navbatchilik qilib turibdi.
— Hozir u siz bilan birga keldimi?
— Yo‘q, unga uyda bo‘lish buyurilgan.
Xolms yana mushtlarnnn silkitdi.
— Hamonki menga keladigan ekansiz, nega darhol kela qolmadingiz? — deb so‘radi u.
— Bilmabman… Xavotirlarimni shu bugungina mayor Prendergastga aytgan edim, u sizga murojaat etishimni maslahat berdi.
— Axir xatni olganingizga ikki kun bo‘libdi. Nega endi darhol harakatga tushmadingiz. Bizga aytgan ma’lumotlaringizdan qanday bo‘lmasin yana boshqa ma’lumotlaringiz bormi? Bizga yordam berishi mumkin bo‘lgan qandaydir muhim tafsilotlaringiz bormi?
— Bir narsa bor, — dedi Jon Opensho. U cho‘ntagini titkilab bir varaq rangsizlangan moviy qog‘oz oldi-da, uni stolga qo‘ydi. — Esimda bor, amakim hujjatlarni yoqqan kuni kullar orasida yotgan, kuymay qolgan qog‘oz chetlari shu rangda edi. Bu qog‘ozni men amakimning xonasida yerdan topib olgan edim. Chamasi, bir chetga uchib tushganu shu tariqa butun qolgan. Men bu qog‘ozda urug‘larning eslatilishidan tashqari bizga yordam berishi mumkin bo‘lgan hech bir narsa ko‘rmadim. Uylaymanki, bu qandaydir kundalikning bir varag‘i bo‘lsa kerak. Dastxat, shubhasiz, amakimniki.
Xolms chiroqni beriroqqa surdi, ikkovimiz ham egilib, qog‘ozga tikildik. Chetlarining tekis emasligiga qaraganda u yondaftardan yirtib olingan bo‘lishi kerak. Yuqorisida: «1869 yil, mart» degan yozuv, pastida quyidagi sirli so‘zlar qand etilgan edi:
«4-da. Gudzon keldi. E’tiqodlari o‘sha-o‘sha.
7-da. Urug‘lar Mak-Kouli, Paramor va Sent-Ogastindagi Jon Sveynga jo‘natildi.
9-da. Mak-Kouli daf bo‘ldi.
10-da. Jon Sveyn daf bo‘ldi.
12-da. Paramornikida bo‘ldik. Ishlar jo-bajo».
— Tashakkur aytaman, — dedi Xolms, qog‘ozni buklab mehmonimizga qaytararkan. — Endi bir daqiqa vaqtni ham boy berib bo‘lmaydi. Biz hatto siz menga aytib bergan narsalarni muhokama qilishga ham vaqt sarf qila olmaymiz. Siz darhol uyingizga qaytib borib, ishga kirishishingiz kerak.
— Men nima qilishim kerak?
— Darhol bir ish qilishingiz kerak. Bizga ko‘rsatgan qog‘ozingiz bilan ta’riflagan mis qutichangizni o‘sha joyga olib borib qo‘ying. Qolgan qog‘ozlarni amakingiz kuydirib yuborganini, shu bir varag‘igina qolganini aytib, maktubcha yozing-da, uni ham ilova qiling. Buni mumkin qadar ishonarli qilib qayd eting. Shundan keyin qutichani amr qilganidek, darhol quyosh soatiga olib borib qo‘ying. Tushundingizmi?
— Mutlaqo.
— Hozir qasos yoki shunga o‘xshagan narsa to‘g‘risida xayol qila ko‘rmang. O‘ylaymanki, jinoyatchilarni qonuniy yo‘l bilan jazolash mumkin bo‘lar: axir hali biz tuzoq qo‘yishimiz kerak, holbuki ular tuzoqni allaqachon qo‘yib qo‘yishibdi. Avvalo sizga tahdid solayotgan xavfning oldini olish, ana undan keyingina sirni ochib aybdorlarni jazolash kerak bo‘ladi.
— Tashakkur aytaman sizga, — dedi-da, yigit o‘rnidan turib plashchini kiya boshladi. — Siz menga jon kiritdingiz, umid bag‘ishladingiz. Sizning maslahatingiz bilan ish ko‘raman.
— Bir daqiqa ham vaqtni boy bermang. Eng muhimi, ehtiyot bo‘ling, shubha yo‘qki, sizga dahshatli xavf tahdid solib turibdi. Siz uyingizga qanday ketasiz?
— Poyezdda, Vaterloo vokzalidan.
— Hozir soat o‘n bo‘lganicha ham yo‘q. Ko‘chalar gavjum, xullas, umid qilamanki, xatardan xoli bo‘lasiz. Ammo, har qalay, ogoh bo‘ling.
— Qurolim bor.
— Bunisi yaxshi. Ertaga sizning ishingizga kirishaman.
— Demak, men sizni Xorshemda ko‘rar ekanman-da?
— Io‘q, ishingizning ipining uchi Londonda. Men unn shu yerdan qidiraman.
— Unday bo‘lsa, men sizning oldingizga ikki kundan keyin kelib quticha bilan qog‘ozlar nima bo‘lganini aytaman. Maslahatlaringizga to‘la-to‘kis amal qilaman.
U qo‘l berib xayrlashgancha chiqib ketdi.
Shamol boyagisidek uvillar, yomg‘ir derazalarga kelib urilar edi. Bu g‘alati, mudhish hikoyani telbalangan bo‘ron dilga solgandek, u bizga dovul olib keladigan dengiz o‘lani singari kelib qolgandek tuyulardi.
Sherlok Xolms bir qancha vaqt boshini quyi solib, kamindagi lang‘illagan alangaga tikilgancha indamay o‘tirdi. Keyin trubkasini tutatib, kresloga orqa tashlagan ko‘yi shift ostida bilanglayotgan moviy tutun halqalarini kuzata boshladi.
— O‘ylashimcha, Uotson, biz hali bunday aql bovar qilmaydigan ishni ko‘rmagan ekanmiz, — dedi u nihoyat.
— Ehtimol, agar «To‘rtlar belgisi»ni hisobga olmasak.
— Ha, shunday… Har qalay, nazarimda, bu Jon Openshoga Sholtoga qaraganda kattaroq xavf tahdid solib turibdi.
— Siz bu xavf haqida biron tasavvur paydo qildingizmi?
— Bu haqda ikki xil fikr bo‘lishiga o‘rin yo‘q, — deb javob berdi u.
— Jumboq nimada bo‘lmasa? O‘sha «K. K. K.» kimu u nega bu baxtsiz xonadonni ta’qib qiladi?
Sherlok Xolms ko‘zlarini yumib, kresloning suyanchiqlariga tayandi-da, barmoqlarining uchlarini chirmashtirdi.
— Komil mutafakkir, — deb uqtirdi u, — yagona faktni har tomondan mushohada etarkan, uni yuzaga keltirgan barcha voqealar silsilasinigina emas, shuningdek undan kelib chiqadigan barcha oqibatlarni ham ko‘zdan kechira biladi. Kyuve hayvonning bir suyagiga qarab uni to‘laligicha to‘g‘ri tasvirlab bera olganidek, voqealar silsilasidagi bir bo‘g‘inni to‘la-to‘kis o‘rgangan kuzatuvchi barcha bo‘g‘inlarni, oldingilarini ham, keyingilarini ham aniq belgilab berishga qodir bo‘lishi kerak. Biz hali ong bilangina idrok etish mumkin bo‘lgan ko‘p narsalarni tushunib yetganimiz yo‘q. Mulohaza yuritish vositasida yechish uchun o‘z tuyg‘ulariga suyanib yo‘l qidirganlarning barchasini tang qilib qo‘ygan masalalarni ham hal qilish mumkin. Biroq bu san’atni kamoliga yetkazish uchun mutafakkir o‘ziga ma’lum bo‘lgan faktlarning barchasidan foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak, bu esa tabiiy ravishda siz bemalol ishonch hosil qilishingiz mumkin, fanning barcha sohalaridan to‘la-to‘kis bilimga ega bo‘lishni taqozo etadi, ana shu narsa esa hatto bizning qomuslar va bepul ma’lumot ola bilish zamonamizda ham g‘oyat kamyob fazilatdir. O‘z faoliyati uchun foydasi tegishi mumkin bo‘lgan narsalarning barchasini o‘rgangan odamni tasavvur etish osonroq, men o‘zim xuddi shu narsaga intilib keldim. Agar xotiram yoziq bo‘lmasa, do‘stligimizning dastlabki kunlarida siz mening bilimlarimning chegaralarini aniq belgilab bergan edingiz.
— Ha, qiziq hujjat edi, — dedim kulib yuborib. — Esingizdami, sizning falsafa, astronomiya, siyosat bo‘yicha ma’lumotlaringiz nolga teng edi. Botanikadan xabardorligingiz chalakam-chatti geologiyadan chuqur, negaki, ish Londondan ellik milya naridagi aylanada joylashgan har bir joyda sachragan loy iziga borib taqaladi: ximiyadan bilimingiz g‘aroyib, anatomiyadan — poyma-poy; jinoyat va sud xronikasidan — beqiyos. Bundan tashqari unda sizning skripkachi, bokschi, qilichboz, advokat, ashaddiy kokainchi, kashanda ekanligingiz aytilgan edi. Analizimning asosiy moddalari shulardan iborat edi.
So‘nggi modda Xolmsning kulgisini qistatdi.
— Nima derdim, hozir ham o‘shanda aytgan gaplarimni aytaman, odam miyasi tomining tagiga o‘ziga kerak bo‘ladigan barcha narsani joylashtirishi, qolgan qaqir-ququrni esa kerak bo‘lib qolgan taqdirda, hamisha qo‘li ostida bo‘lishi uchun kutubxonasi yonidagi hujraga taxlab qo‘yishi kerak. Bizga bugun kechqurun taklif etilgan ish uchun, albatta, biz barcha zahiralarimizni jalb etishimiz lozim. Iltimos, Amerika qomusining «K» harfiga doir jildini olib bering-chi. U yoningizdagi rafda turibdi. Tashakkur sizga. Endi barcha tafsilotlarni muhokama qilamiz, ko‘raylik-chi, ulardan qanday xulosa chiqarish mumkin ekan. Eng avvalo, mutlaqo ajab emaski, polkovnik Opensho Amerikani tark etish uchun juda jiddiy sabablarga ega bo‘lgan bo‘lsa. Uning yoshidagi odamlar barcha odatlariga xilof qilishga, Angliyaning avloqdagi shaharchasida uzlatnishin hayot kechirish uchun Floridaning g‘aroyib iqlimidan ixtiyoriy ravishda voz kechishga moyil bo‘lmaydilar. Uning Angliyada tanho yashashga bo‘lgan o‘taketgan o‘chligi, u kimdandir yoki nimadandir qo‘rqqan, degan fikrni tug‘diradi, biiobarin, biz shunday amaliy farazga suyanishimiz mumkinki, u xuddi kimdandir yoki nimadandir qo‘rqqani tufayli Amerikadan qochishga majbur bo‘lgan. Uning xususan nimadan qo‘rqqanligi to‘g‘risida biz u bilan vorislari olgan mash’um xatlarga qarab muhokama yuritishimiz mumkin. Bu xatlarga qanday markalar yopishtirilganini payqadingizmi?
— Birinchi xat Pondisheridan, ikkinchisi — Dandidan, uchinchisi Londondan.
— Londonning sharqiy qismidan! Siz bundan qanday xulosa chiqardingiz?
— Bularning hammasi dengiz portlari. Aftidan, jo‘natuvchi kemada bo‘lgan bo‘lishi kerak.
— Joyida. Endi jumboqning kaliti qo‘limizda. Ajab emas, mutlaqo ajab emaski, jo‘natuvchi kemada bo‘lgan bo‘lsa. Endi yana bir nuqtani ko‘zdan kechiraylik. Xat Pondisheridan jo‘natilganida tahdid bilan uning amalga oshirilishi orasida yetti hafta o‘tgan: xat Dandidan jo‘natilganida esa atigi uch-to‘rt kungina o‘tgan. Bu sizda biron fikr tug‘dirmaydimi?
— Birinchi holda katta masofani bosib o‘tish kerak bo‘lgan.
— Axir xat ham katta masofani bosib o‘tishi kerak bo‘lgan-ku.
— Unda tushunmadim.
— Taxmin qilishga to‘g‘ri keladiki, o‘sha odam yoki o‘sha odamlar tushgan kema yelkanli bo‘lishi kerak. Nazarimda ular o‘zlarnning g‘alati ogohlantirishlari yoki belgilarini doimo maqsadlarini amalga oshirgani yo‘lga chiqishlaridan oldin jo‘natib kelganga o‘xshaydilar. Dandndan jo‘natilgan belgidan keyin ish qanday tezlik bilan amalga oshirilganini ko‘rdingizmi? Agar ular Pondisheridan bug‘ kemasida yo‘lga chiqqan bo‘lsalar, ular qariyb xat bilan bir vaqtda yetib kelgan bo‘lar edilar. Aslida esa yetti hafta o‘tgan. O‘ylaymanki, yetti hafta vaqt xatni olib kelgan pochta bug‘ kemasining tezligi bilan xat egasini olib kelgan yelkanli kemaning tezligi orasidagi tafovutni bildiradi.
— Shunday bo‘lishi mumkin.
— Bugina emas. Turgan gap. Endi ko‘rdingizmi ishni paysalga solib bo‘lmasligini, yosh Openshoga nima uchun ehtiyot bo‘lishi kerakligini tayinlaganimni ham tushungandirsiz. Halokat har gal xatni jo‘natuvchilar yelkanli kemada yetib kelishlari kerak bo‘lgan muddatning oxirida yuz bergan. Ammo bu xat esa Londondan jo‘natilgan, shunga ko‘ra biz muddatning kechiktirilishiga umid bog‘layolmaymiz.
— Yo rabbiy! — deb yubordim men. — Bu shafqatsiz ta’qib nima bo‘ldi ekan?
— Aftidan bir vaqtlar Opensho olib kelgan qog‘ozlar yelkanli kemadagi odam yoki odamlar uchun g‘oyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi kerak. Mutlaqo aniqki, u kemada yolg‘iz o‘zi emas. Bir odam tergovchilarni chalg‘itish uchun bu yo‘sinda ikki suiqasdni amalga oshirolmasdi. Bu ishda, chamasi bir necha odam, shunda ham mudabbir, jur’atli odamlar ishtirok etgan. Ular qog‘ozlarini, kimning ixtiyorida bo‘lishiga qaramay, qo‘lga kiritishga qat’iy ahd qilganlar. Shunday qilib, ko‘rib turibsiz, «K. K. K.» bir odamning atoqlariga tegishli harflar emas, butun boshli jamiyatning belgilari.
— Qanday jamiyatning belgilari ekan?
— Siz hech qachon ku-kulks-klan haqida eshitganmisiz? — dedi Xolms, men tomonga engashib shivirlagancha.
— Eshitmaganman.
Xolms tizzasida turgan kitobni varaqladi.
— Bu yerda shunday deyilgan: «Ku-klus-klan. Bu nom otishga tayyorlanayotgan miltiq o‘qdoni dastasining o‘ziga xos tovushiga o‘xshash ohangga asoslangan. Bu vahima soluvchi maxfiy jamiyatni janubliklar armiyasining sobiq soldatlari Grajdanlar urushidan keyin ta’sis etgan: tez orada turli shtatlarda, asosan Tennesi, Luiziana, Shimoliy va Janubiy Karolina, Jorjiya va Floridada mahalliy bo‘limlari tashkil qilingan edi. Bu jamiyat negr saylovchilarni qo‘rqitish, shuningdek, o‘z qarashlariga qarshi bo‘lganlarni o‘ldirish yoki mamlakatdan haydab chiqarish kabi siyosiy maqsadlarni ko‘zda tutardi. Ku-kluks-klan a’zolarining jinoyatlari yuz berishidan oldin odatda mo‘ljalga olingan shaxsga g‘alati, ammo ma’lum va mashhur shaklda ogohlantirish yuborilar: u mamlakatning ba’zi qismlarida yaproqlari eman novdasi, boshqalarida esa qovun yoki apelsin urug‘lari orqali ifoda etilar edi. Ana shunday ogohlantirishni olgach jabrdiyda yo oldingi qarashlaridan ochiqchasiga voz kechishi, yoki mamlakatni tark etishi kerak bo‘lardi. Bordiyu kimda-kim ogohlantirishga parvo qilmasa, uni muqarrar o‘lim kutar, odatda qandaydir g‘alati va kutilmagan tarzda ajali yetar edi. Jamiyat shu qadar mukammal tashkiliyligi va shu qadar izchil metodlari bilan ajralib turardiki, ogohlantirishga e’tiborsiz qaragan biron odamning jazosiz qolishiga muvaffaq bo‘lgani yoki yovuzlikning sababchilari topilganiga bog‘liq biron tasodif qayd etilmagan edi. Qo‘shma Shtatlar hukumati va Janub aholisi eng yaxshi tabaqalarning tadbirlariga qaramay tashkilot bir necha yil avj olib turdi. Nihoyat, 1869 yili harakat daf’atan to‘xtab qoldi, zotan bu tariqa hodisalarning ayrim ko‘rinishlari keyinchalik ham ro‘y berib turdi».
— E’tibor bering-a, — dedi Xolms, qomus jildini chetga qo‘yaturib, — jamiyat faoliyatining daf’atan to‘xtab qolishi Openshoning qog‘ozlarini olib Amerikadan chiqib ketgan vaqtiga to‘g‘ri kelayotibdi. Bu sabab va oqibat bo‘lishi mumkinligi turgan gap. Opensho bilan uning xonadonidagilarni jamiyatning eng murosasiz a’zolari ta’qib qilayotganiga taajjublanmasa ham bo‘ladi. Bilasizmi, bu qaydlar bilan kundaliklar Janubdagi atoqli arboblarga isnod keltirishi mumkin, ko‘plar ana shu qog‘ozlarni qo‘lga kiritmaguncha tinch yotib uxlayolmaydilar.
— Demak, biz ko‘rgan varaq…
— Aynan kutilgan narsaning o‘zi. Agar xotirjam yoziq bo‘lmasa, unda: «A, B va Vga urug‘lar jo‘natildi», degan yozuv bor edi, demak o‘sha odamlarga jamiyatning ogohlantirishnnn jo‘natganlar. Keyin yozuvlarda A. va B. daf bo‘lganliklari, ya’ni mamlakatni tark etganliklari va nihoyat V. nikida bo‘lganliklari aytiladi. Qo‘rqamanki, bu V. uchun yomon tugamadimikan? O‘ylaymanki, doktor, biz bu qorong‘i ishni uncha-muncha yoritishga muvaffaq bo‘lamiz, qolaversa yosh Opensho uchun birdan-bir najot yo‘li — men bergan maslahatga ko‘ra ish tutish. Bugun biz bundan ortiq hech narsa deyolmaymiz ham, biron ish qilolmaymiz ham. Menga skripkamni olib bering, yarim soatgina bo‘lsa ham bu rasvo ob-havoni yaqinlarimizning undan ham rasvoroq xatti-harakatlarini unutishga urinib ko‘ramiz.
Ertalabga borib bo‘ron tindi, London uzra tushib turgan tuman pardasi orqali quyosh g‘ira-shira nur to‘kardi. Men pastga tushsam, Sherlok Xolms nonushta qilib bo‘lgan ekan.
— Kechirasiz sizni kutib o‘tirmaganim uchun, — dedi u. — Nazarimda yosh Openshoning ishi bilan ancha ovora bo‘ladiganga o‘xshayman.
— Siz nima tadbir ko‘rmoqchisiz?— deb so‘radim men.
— Bu anchagina dastlabki tekshirishlarim nima berishiga bog‘liq. Ehtimolki, Xorshemga borib kelishimga to‘g‘ri kelar.
— Ishni ana shu safardan boshlamoqchimasmisiz?
— Yo‘q, Sitidan boshlayman. Qo‘ng‘iroq chaling, xizmatkor sizga qahva olib keladi.
Qahva kelishini kutgancha men stoldagi gazetani olib, naridan-beri ko‘zdan kechira boshladim. Bir sarlavhaga ko‘zim tushishi bilan yuragim shuvillab ketdi.
— Xolms, — deb yubordim men, — siz kech qolibsiz!
— Ha-a! — dedi u, chinoyoqni chetga qo‘yarkan. — Men shundan xavotir olgan edim. Bu qanday yuz beribdi?— U xotirjam gapirardi, ammo men uning chuqur hayajonlanganini ko‘rib turardim.
— Men Openshoning nomi bilan «Vaterloo ko‘prigi yaqinidagi fojia» degan sarlavhani ko‘rib qoldim. Bu yerda shunday deyilgan:
«Kecha kechqurungi to‘qqiz bilan o‘n orasida Vaterloo ko‘prigi yaqinida navbatchilik qilayotgan konstebl Kuk yordam so‘rab dodlagan ovoz bilan suvning shaloplaganini eshitgan. Tun qop-qorong‘i va bo‘ronli bo‘lgani uchun, o‘tkinchilardan bir nechasining yordamiga qaramay, cho‘kayotgan kimsani qutqarib qolish mumkin bo‘lmagan. Lekin baribir konstebl shovqin ko‘targach, daryo politsiyasining ko‘magida jasad topib olingan. G‘arq bo‘lgan — cho‘ntagidan chiqqan konvertga qaraganda Xorshem yaqinida yashagan Jon Opensho degan yigit ekan. Taxmin qilishlaricha, u Vaterloo vokzalidan jo‘nayotgan oxirgi poyezdga oshiqqan, tun nihoyatda qorong‘i bo‘lgann uchun shoshilishda yo‘ldan adashib ketgan-da, daryo kemachiligining kichik bandargohlaridan birida toyib ketib suvga qulagan. Tanasida zo‘rlik belgilari uchratilmagan, binobarin marhumning baxtsiz hodisa qurboni bo‘lganiga hech qanday shubha yo‘qki, mazkur hol daryo bandargohlarining ahvoliga ma’murlarning diqqatini tortishi kerak».
Biz bir necha daqiqa churq etmay o‘tirdik. Men Xolmsni hech qachon bunday larzaga tushgan, ezilgan holda ko‘rmagan edim.
— Bu mening izzati nafsimga qattiq tegdi, — dedi u nihoyat. —Shubhasiz, bu — uncha zo‘r tuyg‘u emasu, ammo bu mening izzati nafsimga qattiq tegdi. Endi Openshoning ishi mening shaxsiy ishim bo‘lib qoladi, agar xudo menga salomatlik bersa, buning tagiga yetmay qo‘ymayman. U menga madad tilab kelgan bo‘lsa-da, men uni ajalga ro‘para qilsam!
U stuldan sapchib turib, uzun-uzun, nozik barmoqlarini asabiy g‘ijimlay-g‘ijimlay, dahshatli hayajon chulg‘agan ko‘yi xona bo‘ylab yura boshladi. Rangpar yuzi lovullardi.
— Ayyor iblislarni qarang! — deya qichqirib yubordi u nihoyat. — Ular uni uyoqqa, pastga, daryo bo‘ynga olib tushishga qanday muvaffaq bo‘ldi ekanlar? Qirg‘oq stantsiyaga olib boradigan yo‘lga butunlay ters. Ko‘prik esa, albatta, hatto shunday oqshomda ham juda gavjum bo‘lgan. Biroq ko‘ramiz, oqibat kim yengib chiqar ekan. Men ketdim.
— Politsiyagami?
— Yo‘q, men o‘zim politsiya bo‘laman. Men o‘rgimchak inidan tuzoq qo‘yganimda politsiya unda pashsha tuta qolsin.
Men kun bo‘yi o‘zimning tibbiy mashg‘ulotlarim bilan band bo‘lib, kech kirgach allamahalda keldim. Sherlok Xolms hali kelmagan ekan. U horib-charchab, bo‘zargan holda kirib kelganida soat o‘nlarga borib qolgan edi. U bufetning oldiga borib, bir burda non sindirib oldi-da, yutoqib kavshay boshladi, ora-sira katta-katta qultumlab suv ichardi.
— Ochiqdingizmi? — dedim men.
— Ochimdan o‘lay dedim. Ovqatlanish esimdan chiqib ketibdi. Nonushtadan beri tuz totganim yo‘q.
— Nima deyapsiz?
— Tuz totmadim. Bu xayolimga ham kelmadi.
— Ishlaringiz qalay?
— Joyida.
— Jumboqning kalitini topdingizmi?
— Jinoyatchilar changalimda turibdi. Yosh Openshoning qasosi olinadigan vaqt uzoqqa cho‘zilmaydi. Bilasizmi, Uotson, keling, bu iblislarning o‘z tamg‘alari bilan la’natlaylik! Chakki topilmabdimi, a?
— Nima demoqchisiz?
U bufetdan apelsin olib, pallachalarga ajratdi-da, urug‘larini stolga sitib tushirdi. Beshta urug‘ni konvertga solib, qopqog‘ining ichki tomoniga: «Sh. X. D. O. uchun» deb qayd etgach, konvertni yopishtirdi-da, «Kapitan Jeyms Kelxunga, «Yolg‘iz yulduz» yelkanli kemasi, Savanna, Jorjiya» degan adresni yozdi.
— Xat Kelxunni u portga kirib kelganida kutib turgan bo‘ladi, — dedi zaharxanda bilan. — O‘ylaymankn, u kechasi bilan uxlayolmay chiqadi. Xat uning qismatini xuddi Openshonnng qismatidek oldindan bexato aytib beradi.
— Kapitan Kelxun kim o‘zi?
— Butun shaykaning yetakchisi! Men boshqalarini ham qidirib topaman, ammo u birinchi bo‘ladi.
— Siz ularni qanday topdingiz?
— U cho‘ntagidan sanalar va nomlar bilan to‘lgan kattakon bir varaq qog‘oz oldi.
— Men kun bo‘yi vaqtimni Lloydning kartotekasiyu eski gazeta dastalarini ko‘zdan kechirish bilan o‘tkazdim. Pondisherida 83-yilning yanvari bilan fevralida bo‘lgan kemalarning yo‘llarini o‘rgandim. Bu oylar mobaynida salmoqli vaznga ega bo‘lgan o‘ttiz oltita kema qayd etilgan ekan. Ulardan «Yolg‘iz yulduz» degani darhol diqqatimnn tortdi. Rost, uning chiqish joni London edi, ammo Amerika shtatlaridan birini ham «Yolg‘iz yulduz» deb ataydilar-ku.
— Texasni bo‘lsa kerak.
— Shaxsan qaysinisini ekanligini bilmayman-u, har qalay, bu Amerika kemasi ekanligini payqadim.
— Xo‘sh, shundan keyin nima bo‘ldi?
— Men kemalarning Dandiga kelgan-ketgan sanalarini ko‘zdan kechirdim, «Yolg‘iz yulduz» yelkanli kemasi u yerda 85-yilning yanvarida bo‘lganini ko‘rganimdan keyin gumonlarim qat’iy ishonchga aylandi. Shundan keyin men hozirgi vaqtda London portida turgan kemalar haqida ma’lumotlar qidirdim.
— Nima bo‘ldi?
— «Yolg‘iz yulduz» bu yerga o‘tgan haftada kelgan ekan. Men Albert doklariga bordim. Bilsam, «Yolg‘iz yulduz» bugun saharlab Savannaga qaytib ketish uchun daryoning etagiga qarab yo‘lga tushgan ekan. Greyvsvendga telegramma berib aniqlasam, «Yolg‘iz yulduz» u yerdan bir necha soat ilgari o‘tib ketgan ekan, shamol sharqdan esayotganligi uchun, aminmanki, u allaqachon Guduindan o‘tib, Uayt oroliga yaqinlashib qolgan bo‘lsa kerak.
— Endi nima qilmoqchisiz?
— O, Kelxun endi mening changalimda turibdi! Aniqladim, u bilan ikkita yordamchisi — kemadagi amerikaliklar — shulargina ekan. Qolganlar finlar bilan nemislar ekan. Shunisini ham bildimki, uchalovlari o‘tgan kuni tuni bo‘yi qirg‘oqda bo‘lishibdi. Buni menga «Yolg‘iz yulduz»ga yuk ortishda qatnashgan odam aytdi. Yelkanli kema Savannaga kirib borgunicha pochta bug‘ kemasi mening xatimni yetkazdi, telegraf esa Savanna politsiyasiga bu uch jentlmenning qotillikda ayblanganliklariga ko‘ra ularni bu yerda sabrsizlik bilan kutayotganliklarini xabar qildilar.
Biroq insonlarning eng yaxshi rejalarida doimo qanday bo‘lmasin biron qusur chiqib qoladiki, Jon Openshoning qotillariga ham ularning o‘ziga o‘xshagan qat’iyatli kimsa izlarini topganini bildiruvchi apelsin urug‘larini olish nasib bo‘lmadi.
O‘sha yili kuz po‘rtanalari odatdagidan ko‘ra davomliroq bo‘ldi. Biz Savannadan «Yolg‘iz yulduz» haqida uzoq vaqt xabar kutdik, ammo darak bo‘lmadi. Nihoyat Atlantik okeanning bir joyida qandaydir kemaning axtershtevani topilgani, unda «Yo. Yu.» harflari o‘yib yozilganligi haqida axborot keldi. Biz «Yolg‘iz Yulduz»ning taqdiri haqida shunigina bilishga muyassar bo‘ldik.
Vahob Ro‘zimatov tarjimasi