Anton Chexov. Uyqu xumori (hikoya)

Okrug sudining zalida majlis bo‘lmoqda. Rastrat va qalloblikda ayblangan, basharasidan araqxo‘rligi ko‘rinib turgan o‘rta yoshli bir janob qora kursida o‘tiribdi. Oriq, ko‘kragi cho‘kkan sekretar aybnomani ingichka tovush bilan o‘qimoqda. U na nuqtani pisand qiladi va na vergulni; shuning uchun tovushi bir ohangda chiqib, asalarilarning g‘ing‘illashiga yoki ariqchaning shildirashiga o‘xshab eshitiladi. Birov shunday o‘qib turganda rosa shirin xayollar sursa, bir nimalarni eslasa, mazza qilib uxlasa bo‘ladi-da… Sudyalar, maslahatchilar, tomoshabinlar zerikkanlaridan hurpayib qoldilar… Hamma yoq jimjit. Faqat sud yo‘lagida ora-sira kimningdir sekin-sekin yurgani, yoki esnab o‘tirgan maslahatchi, og‘ziga mushtini tutib, ehtiyot bilan yo‘talgani eshitiladi…
Himoyachi jingalak soch boshini mushtiga tirab, sekingina mudrayapti. Sekretarning g‘ing‘illashi fikrini chalg‘itib, bo‘tab yubordi.
«Sud pristavining burni o‘lgiday uzun-da, — deb o‘yladi himoyachi, uyqusirab turgan qovoqlarini zo‘rg‘a qimirlanib. — Tabiatga juda ham zarur ekanmi-ya, mana shunday chiroyli basharani rasvo qilish! Odamlarning burunlari uzunroq bo‘lsa, masalan, ikki-uch sajen bo‘lsa bormi, hech qayerga sig‘may uylarni keng-keng qilishga to‘g‘ri kelardi…»
Himoyachi, pashsha chaqqan otday kallasini bir siltab olib, yana o‘ylaydi:
«Hozir uyimda nima bo‘lyapti ekan? Shu paytda xotinim ham, qaynanam ham, bolalar ham, xullas, hamma uyda bo‘ladi… O‘g‘lim Kolka bilan qizim Zina hozir kabinetimga kirib olgandir… Kolka kresloda turibdi; ko‘kragini stol qirrasiga tirab, qog‘ozlarimga surat solayotgandir. Tumshug‘i uzun, ko‘zi o‘rniga nuqta qo‘yilgan bitta ot, qo‘lini cho‘zib turgan bitta kishi, qiyshayib ketgan bitta uyning suratini allaqachon solib qo‘ydi; qizim Zina ham stol yonida, akasi qanaqa surat solganini ko‘rish uchun, kallasini cho‘zib qarab turibdi…
— Adamning suratini sol, — deb so‘raydi u.
Kolka endi mening suratimni sola boshlaydi. Ana bitta odamning suratini qotirib qo‘ydi, endi qora soqol qilsa — adasi tayyor. Keyin Kolka Qonunlar majmuasidan surat qidira boshlaydi. Stol bo‘lsa Zinaning ixtiyoriga qoladi. Ko‘zlari qo‘ng‘iroqqa tushadi — olib chaladi, siyohdonni ko‘radi — barmog‘ini suqib ko‘radi; stol g‘aladoni qulflanmagan bo‘lsa, demak, uni ham titkilash kerak. Axir ularning miyalariga g‘alati bir fikr keladi: ikkovi ham hindi emish-u, stolning tagaga kirib, dushmanday yashirinib olishsa yaxshi bo‘lar emish. Ikkovi stol tagiga kiradi, qichqiradi, chinqiradi va stoldagi chiroq yo guldon tushib ketguncha to‘polon qiladi… Uh! Hozir onasi mehmonxonada uchinchi bolasini ovutib yurgandir… Bola big‘-big‘ yig‘laydi… Sira tinmay big‘illaydi!»
— «Kopelov, Achkasov, Zimakovskiy va Chikinalarning joriy hisoblarida bo‘lgan protsentlar berilmagan, — deb sekretar g‘ingillaydi, — 1425 so‘mu 41 tiyindan iborat mablag‘ 1883 yil qoldig‘iga qo‘shib yuborilgan…»
«Hozir biznikida ovqat qilayotgan bo‘lsalar ham ajab emas — deb o‘ylaydi tag‘in himoyachi. — Stol atrofida qaynanam, xotinim Nadya, qaynim Vasya, bolalarim o‘tirishibdi… Qaynanamning yuzida odatdagi kelishmagan jonsarakligi va takabburligi mana men deb turibdi. Nadya biram ozg‘in; lekin, o‘zi so‘lisha boshlagan bo‘lsa ham, yuzining terisi haligacha oppoq, tiniq; o‘zi o‘tiribdi-yu, go‘yo birov zo‘rlab o‘tqazib qo‘yganday; o‘zini kasalga solib ovqat ham yemaydi. Uning yuzida ham, qaynanamnikidagi singari, jonsaraklik alomati to‘lib yotibdi. Bo‘lmasachi! Qo‘lida bola, zimmasiga oshxona, erining ko‘ylak-lozimi, mehmonga borish, po‘stinlarni kuyaga yedirmaslik, mehmon kuzatish, pianino chalish! Vazifa shunchalik ko‘p-u, qilinadigan ish juda oz! Nadya ham, onasi ham zig‘ircha ish qilmaydi. Bekorchilikdan zerikib qolib, mabodo gullarga suv sepishsa yo oshpaz xotin bilan aytishib qolishsa bormi, — bo‘ldi: nax ikki kungacha bellarini ololmay, dunyoning zaxmatidan zorlanib yurishadi… Qaynim Vasya xo‘mrayib o‘tirib, ovqat kavshanayapti, chunki lotin tilidan bugun bir olibdi. Xizmatga hamma vaqt tayyor turadigan, ko‘rgan yaxshiliklari uchun minnatdor bo‘lib yuradigan yuvosh bola-yu, lekin etikni, shimni, kitobni ko‘p yirtadi-da… Bolalar xarxasha qilishayotgandir, albatta. Sirka so‘rashadi, murch ber deyishadi, bir-biridan zorlanishadi, gohida qoshiqlarini tushirib yuborishadi. Mana shularni eslansa kishining boshi aylanib ketadi! Xotinim va qaynanam odobga rosa rioya qiladi-da! Tirsak stolga qo‘yilsa, pichoqni changallab ushlansa yo ovqatni birov pichoq bilan yesa, yo bo‘lmasa taomni chap yoqdan emas, o‘ng yoqdan tutsa bormi, nax kishi baloga qoladi, bunday gumrohlikdan xudo asrasin! Ovqatlarining hammasidan, hatto isda pishirilgan cho‘chqa go‘shti va no‘xotdan ham upa bilan monpanse hidi kelib turadi. Hamma ovqatlari bemaza, taxir, buning ustiga yana oz berishadi… Bo‘ydoqlik chog‘larimda yeb-ichib yurgan sho‘rva-yu kashalardan nishon ham yo‘q. Xotinim bilan qaynanam hamisha frantsuzcha so‘zlashadi; gap menga taqalguday bo‘lsa-chi, qaynanam darrov ruschaga o‘tib oladi, chunki menday sovuq, bag‘ri qattiq, uyati yo‘q, qo‘pol odam to‘g‘risida nozik frantsuz tilida gapirish xayf-da…
— Bechora Mishel, ochiqib qolgandir. Ertalab non ham yemadi, bir stakan choy ichdi-yu, sudga chopib ketdi… — desa xotinim, qaynanam ichi qoralik bilan valaqlab beradi:
— Yuraging chiqmasin, bolam! Och qoladigan erkaklardan emas u! Haligacha bufetga besh marta kirib chiqqandir. Sudda bufet ochib olishibdi, har besh minutda: «Bir tanaffus qilib yuborsak qalay bo‘larkin?» deb raisning qulog‘ini yeyishar ekan.
Xotinim bilan qaynanam ovqatdan keyin xarajatni kamaytirish to‘g‘risida gapirishadi… Hisoblashadi, qog‘ozga yozib boqishadi, oxiri xarajatni nihoyatda ortib ketgan deb topishadi. Oshpaz xotinni chaqirishadi, u bilan baqamti o‘tirib hisoblashadi, uni qarg‘ashadi va bir miri ustida yulishguday bo‘lishadi… Ko‘z yoshlari to‘kiladi, achchiq so‘zlar aytiladi… Keyin uy ko‘tariladi, mebellar jildiriladi — bularning hammasi bekorchilikdan qilinadi».
— «Kollej asessori Cherepkov guvoh bo‘lib kelib, — deb sekretar g‘ingillaydi, — o‘ziga 811-sonli kvitantsiya yuborilgan bo‘lsa ham, lekin olishi kerak bo‘lgan 46 so‘mu 2 tiyinini olmaganini, buni o‘sha mahal arz qilganini aytdi…»
«Ahvolni mundog‘ o‘ylab ko‘rilsa, aqlni yugurtirib karalsa, salmoqlab ko‘rilsa, — deb himoyachi yana uilab ketadi, — kishi hamma narsaga qo‘l siltab: «Bor-e!» deb, bahridan o‘tadi-qo‘yadi… Bu qurib ketgur xunoblik va sharmsizlik do‘zaxida kuni bilan qovurilib, kuyib-yonib chiqqaningdan keyin xoynahoy kishi picha bahrini ochgisi keladi. Shunday paytlarda yo Natashaning oldiga ye, puling bo‘lsa, lo‘lilarnikiga borsang, — qarabsanki, hamma narsa esdan chiqibdi-da… o‘lay agar, esdan chiqadi! Kishi qayerga borib qolganini ham bilmaydi, bir mahal shahar tashqarisida, alohida kabinetda, yumshoq o‘rinda cho‘zilib yotgan bo‘ladi. Osiyolilar ashula aytishadi, sakrashadi, chug‘urlashadi, sen bo‘lsang o‘sha malohatli dabdabali, ehtirosli lo‘li Glashaning ovoziga mahliyo bulib qolasan… Glasha! O, jonon Glasha, dilrabo Glasha! Tishlarini qarang-a, ko‘zlarini… yelkasini!»
Sekretar bo‘lsa hamon g‘ingillaydi, g‘ingillashini qo‘ymaydi… Himoyachining ko‘z o‘ngida hamma narsa aralashib, sakray boshlaydi. Sudyalar bilan maslahatchilar o‘tirgan yerlarida singib, tomoshabinlar zalda erib ketadi; ship bo‘lsa goh tushadi, goh ko‘tariladi… Miyadagi o‘ylar ham sakraydi, keyin borib-borib uziladi… Nadya, qaynana, sud pristavinnng uzun burni, sudlanuvchi, Glasha — hammasi ko‘z o‘ngida sakraydi, pirillaydi, keyin uzoq-uzoqlarga ketadi…
Himoyachi uyquga ketayotib sekin shivirlaydi:
«Juda soz… Juda soz… Yumshoq o‘rinda mazza qilib yotasan, qayoqqa qarasang — joning rohatda… uy issiq… Glasha kuylab turibdi…»
— Janob himoyachi! — degan qattiq tovush eshitiladi.
«Juda soz… issiq… Qaynanam ham yo‘q, xotinim ham… upa hidi keladigan sho‘rva ham yo‘q… dilbar Glasha, jonon Glasha, bor xolos…»
— Janob himoyachi! — deydi yana boyagi tovush qattiq.
Himoyachi cho‘chib ko‘zlarini ochadi. Ro‘parasida lo‘li Glashaning qora ko‘zlarini tikib, shirali lablarida tabassum o‘ynatib, qora, chiroyli yuzi charaqlab turganini ko‘radi. Uyqusi hali tamom tarqalmagani uchun, ko‘rayotganini tush yo arvoh deb o‘ylab, esxonasi chiqib ketadi; keyin sekin turib, lo‘liga angrayib qarab qoladi.
— Janob himoyachi, guvohga savolingiz yo‘qmi? — deb so‘raydi rais.
— Haya… aytmoq-chi! Bu xotin guvoh-a… Yo‘q, yo‘q… savolim yo‘q. Hech qanaqa savolim yo‘q.
Himoyachi kallasini siltab, uyqusini uzil-kesil haydaydi. Oldida turgan xotinning chindan ham Glasha ekanini, bu yerga guvoh bo‘lib kelganini anglaydi.
Darvoqi, so‘raydigan gapim bor, kechirasiz, — deydi u, sudyaga qarab. Keyin guvohga yuzlanib so‘raydi: — Siz Kuzmichovning lo‘lilar xorida ishlaysiz. Menga aytib bersangiz: aybdor sizlarning restoraningizda ko‘p ishrat qilarmidi? Shundog‘… U o‘z chiqimini har safar o‘zi to‘larmidi yo boshqalar to‘lab yuborgan paytlar ham bo‘larmidi — shunisi esingizda yo‘qmi? Tashakkur… Kifoya.
Himoyachi ikki stakan suv ichadi, ana shundan keyin uyqu xumori tarqaladi.

Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi