O‘rmon qorovuli Artyomning qiyshayib ketgan pastakkina uychasi. Devorga osilgan katta qora obraz tagida ikki kishi o‘tiribdi: biri Artyomning o‘zi — pakana bo‘yli, yuzlari qariganlikdan burishib bo‘ynigacha soqol bosib ketgan ozg‘ingina mujik, ikkinchisi bir yoqdan kelgan ovchi — novcha, yap-yangi qizil ko‘ylak va uzun qo‘njli ov etigi kiygan yoshgina yigit. Bular kichkinagina uch oyoqli stolcha oldida skameykada o‘tirishibdi. Stol ustida butilkaga suqib qo‘yilgan sham miltillab yonmoqda.
Tashqarida zim-ziyo qorong‘i, shamol olamni buzguday bo‘lib guvullaydi. Tabiat momaqaldiroqdan darak bermoqda. Shamolning shiddatidan daraxtlar qasirlab egilib-egilib tushadi. Derazaning bir ko‘ziga qog‘oz yopishtirilgan; o‘zilib tushgan yaproqlar shunga kelib urilar va qog‘ozni shitirlatar edi.
— Men senga aytsam, dindosh… — deb ingichka ovoz bilan sekin gap boshladi Artyom, cho‘chigansimon, ko‘zlarina ovchiga kiprik qoqmay tikib. — Men bo‘ridan qo‘rqmayman, ayiqdan ham, har qanday yirtqich hayvondan qo‘rqmayman-ku, lekin odamdan juda qo‘rqaman. Har qanaqa maxluqdan miltiq otib, yoki boshqa biron yo‘l bilan bir amallab qutilib olish mumkin, ammo yomon odamdan sira ham qutula olmaysan.
— Rost gap! Hayvonni otish mumkin, lekin bironta qaroqchini otib ko‘r-chi, javobgar bo‘lasan, Sibirga haydashadi.
— Ey uka, shu o‘rmonga qorovul bo‘lganimga o‘ttiz yil bo‘lay deb qoldi; shu orada yoman odamlardan qancha ko‘rgiliklar ko‘rdimki, aytsam tamom bo‘lmaydi. Uyimga kelib ketgan odamning sonu sanog‘i yo‘q. Uyim yo‘l yoqasida, serqatnov joy, har bir yo‘lovchi boshini suqib o‘tmasa, iloji yo‘q. Noinsoflar shartta eshikni ochib, kirib kela berishadi; shapkasini olish yo‘q, cho‘qinish yo‘q, xuddi berib qo‘ygani borday do‘q qiladi-da: «Non topib ber, faloningni-tuginingni…» deb so‘kadi. Ha, men nonni qayoqdan olay? Sendan non qarzim bormi? Yoki men ko‘chadan kirib kelgan qar bir aroqxo‘rni to‘yg‘izadigan millionermanmi? Qani, gap ta’sir qilsa! Ko‘zidan odam qo‘rqadi… Bo‘ynida kresti bo‘lmasa, xudodan qo‘rqmasa… Bir baloyi azim-da. Uyalmay-netmay quloq tagiga tars solib qoladi! «Non ber deyman!» deb baqiradi. Ilojing yo‘q, berasan… Bu mal’unlar bilan aytishib bo‘ladimi? Ba’zilari xuddi barzangiga o‘xshaydi: kifti bir quloch keladi, musht demaganing har biri oyog‘ingdagi etikka baravar. Mening jasadim esa — bu, mana, o‘zing ko‘rib turibsan, bir mushtlik holim bor… Noiloj oldiga non qo‘yaman; u esa, qornini to‘yg‘azadi-da, cho‘zilib yotib oladi. Pul beray deyish yo‘q, rahmat — yo‘q. Ba’zilari mendan pul talab qilishadi-ya! «Puling qayerda, ayt!» deb qistab qoladi. Menda pul nima qilsin? Pulni qayoqdan olay?
— O‘rmonda ishlaysan-u, puling nega yo‘q bo‘lsin! — deb kuldi ovchi. — Har oy maoshing tayin, bundan tashqari o‘g‘rincha yog‘och sotsang kerak.
Artyom cho‘chib tushdi va ovchiga xo‘mrayib qarab qo‘ydi, soqoli zag‘izg‘onning dumiday selkillay boshlaydi.
— Sen menga bunaqa gaplarni aytishga hali yoshlik qilasan. Og‘zingga qarabroq gapir, to ro‘zi qiyomatda xudo oldida javob berasan. Sen o‘zing kimsan? Qayerlik bo‘lasan?
— Vyazovkalikman. Nefed oqsoqolning o‘g‘li bo‘laman.
— Miltiqqa ishqiboz ekansan-da… Men ham yoshligimda shu noma’qulchilikni ko‘p yaxshi ko‘rar edim… Hey, tovba! Ne-ne gunoh ishlarni qilganmiz, bolam, — deb esnab oldi Artyom. — Dunyoda tuzuk odam juda kam, ammo kazzobu kallakesarning, xudo ko‘rsatmasin, sanog‘i yo‘q.
— Mendan ham xavotir bo‘layotibsanmi deyman…
— He, yo‘g‘e! Sendan nega xavotir bo‘lay? Ko‘rinishingdan ma’lum, men ham odam taniyman… Sen eshikdan kirgan zamon cho‘qinding, odob bilan ta’zim qilding… Sen boshqa… Senga non bersa savob bo‘ladi. Lekin men bir beva odamman, pech yoqmasdan o‘rganganman, samovarimni sotib yuborganman… Go‘sht-yog‘ degan narsaga kuchim yetmaydi, kambag‘alchilik… Lekin non desang — marhamat.
Shu payt stol tagida allanima irillab yuboradi, ketidan bo‘g‘iq ovoz eshitiladi. Artyom cho‘chib tushdi va darhol oyoqlarini tortib olib, «bu nima?» deganday qilib ovchiga qaradi.
— Mening itim, mushugingga irillayapti, — dedi ovchi. — Jim! Yot! Xuddi kaltak yeysan! Mushuging ham rosa ozib ketibdi, og‘ayni! Juni bilan suyagi qolibdi, xolos.
— Rosa qaridi, yaqinda ko‘zdan qoladi… Demak, vyazovkalik bo‘laman degin!
— Sira ham ovqat bermabsan. Mushuk ham jonivor… Qarash kerak, uvol bo‘ladi, axir!
— Vyazovkalaring yaxshi joy emas, — deydi ovchining gapini eshitmaslikka olib, so‘zini yana davom ettiradi Artyom. — Bir yilda ikki marta cherkovni o‘g‘ri urib ketdi… Shunaqangi imonsizlar ham bo‘lar ekan-da? Demak odam u yoqda tursin, xudodan ham qo‘rqishmaydi. Nahotki xudoning mulkiga chang solsa-ya! Bu noinsoflarni dorga ossa ham kamlik qiladi. Qadimgi zamonda gubernatorlar bunday kasofatlarni jallod qo‘liga topshirardi.
— Qanday jazo bersang ham, bari bir foydasi yo‘q, darra bilan tilimlab tashlasang ham, sud qilib osdirib yuborsang ham, yomon-yomonligini qo‘ymaydi.
— Yo xudoyo xudovondo, o‘zingning rahming kelsin, — deb xo‘rsinib qo‘ydi o‘rmon qorovuli. — Tamomiy dushmanu dilozorlardan o‘z panohingda asragaysan!.. O‘tgan hafta Volovi Zaymishchada bir o‘roqchi sherigining ko‘ksiga cholg‘i o‘roq bilan solgan ekan, til tortmay o‘libdi. Bekordan-bekorga-ya! Yo xudoyo tovba-ey! Bitta o‘roqchi qovoqxonadan chiqib kelayotgan ekan… mast bo‘lib… Ikkinchisi unga ro‘para kelib qolibdi… Bunisi ham ichib olgan ekan…
Artyomning hikoyasini diqqat bilan tinglab o‘tirgan ovchi, birdaniga seskanib tushdi va burilib tashqari tomonga quloq soldi.
— To‘xta-chi! — dedi u, Artyomning so‘zini bo‘lib, — Birov baqirayotganga o‘xshaydi.
Ovchi bilan qorovul ko‘zlarini qorong‘u derazadan uzmay quloq soldilar. Qattiq shamol bo‘lganidan guvullab hayqirayotgan o‘rmon tomondan g‘alati-g‘alati ovozlar kelar ediki, buni faqat astoydil tinglagan ziyrak quloqgina eshita olardi. Lekin bu, najot istab baqirayotgan biron odamning tovushimi, yoki mo‘rida o‘ralishgan shamolning ashulasimi — ajratib bo‘lmas edi. Shu orada kuchli shamol to‘lqini kelib, o‘zini tomga urdi va derazadagi qog‘ozni shaldiratib yubordi. Ana shunda «Voydod!» degan ovoz aniq eshitildi.
Ovchi ranggi o‘chgan holda o‘rnidan turdi.
— Boyadan beri kallakesar-u yo‘l to‘sar deb toza vaysading. Mana, aytganing keldi, shekilli.
— Xudoyo, o‘zing asragaysan! — deb qorovul ham ranggi o‘chgan holda o‘rnidan turdi.
Ovchi deraza oldiga borib, sirtga qaradi va qaytdi.
— Zim-ziyo! Tun ham shunaqa bo‘ladimi! — deb kuyinadi u o‘z-o‘zidan. — Hamma yoq zulmat! Ayni qaroqchi yuradigan payt bo‘libdi… Eshitdingmi? Yana dodladi.
Qorovul devoldagi obrazga tikiladi, so‘ngra, ovchi tomonga burilib qaraydi va bu kutilmagan hodisaning vahimasida darmoni qurib, skameykaga o‘tirib qoladi.
— Baraka topkur! — deb yalinadi u yig‘lamsirab. — Sen chiqib dahlizning eshigini tambalab kelsang, yaxshi bo‘lar edi. Shamni ham o‘chirmasak bo‘lmas.
— Nega endi?
— Vaqt shunaqa. Falokat bosib, to‘g‘ri kirib kelishsa-ya!.. Xudoyo, osiy bandangman!..
— Yordamga darrov yetib borish kerak-ku, eshikni tambala deydi-ya! Kallavaram-ey! Qani, yur, boraylik!
Ovchi miltig‘ini yelkasiga osdi, shapkasini ham oldi.
— Qani, kiyin, miltig‘ingni ol! Flerka, ma! — deb itini chaqirdi. — Flerka!
Skameyka ostidan setter bilan ko‘ppak jinsi aralashgan, uzun quloqlarini it talagan Flerka chiqdi. U egasining oyog‘i oldiga borib cho‘zildi va dumini likillatdi.
— Turmaysanmi axir?! — deb baqirdi ovchi qorovulga. — Yoki borging kelmayaptimi?
— Qayoqqa?
— Yordamga!
— O‘zim zo‘rg‘a turibman-ku! — deb qo‘lini siltadi qorovul va butun vujudi bilan buraldi. — Xudoyim o‘zi asrasin!!
— Bormasligingga sabab nima?
— Boyagi vahimali gaplardan keyin men endi bir qadam ham siljimayman. Kim bo‘lmasin, panoi xudo! Qorong‘ida o‘rmonda tentirab menga nima bor?
— Nega qo‘rqasan? Yoki miltig‘ing yo‘qmi? Qani, yur, sazamni o‘ldirma! Yolg‘iz odamni vahima bosadi, ikki kishi bo‘lsa — parvoi palak!.. Ana! Tag‘in dodladi. Bo‘l tezroq!
— Meni hali ham tushunmabsan, yigit! — deb yolvordi qorovul. — Yoki o‘zini-o‘zi jarga tashlaydigan ahmoq deb bildingmi?
— Demak, bormas ekansan-da?
Qorovul «churq» etmadi. It ham dodlagan ovozni eshitdi, shekilli, vovullay boshladi.
— Borasanmi, yo‘qmi deyman senga? — deb baqirib yubordi ovchi. Uning ko‘zlari g‘azabdan olayib ketgan edi.
— Xudo ursin, yelim ekansan!.. — deb g‘ijindi qorovul. — O‘zing bora ber-da!..
— Ie!.. Voy ablah! — deb so‘kindi va itini chaqirib, eshik tomonga burildi.
Ovchi chiqib ketdi, eshik lang ochiq qoldi. Hovullab shamol kirdi va shamni «lip-lip» o‘ynatdi. Sham «lop» etib bir ko‘tarildi-yu, o‘chdi.
Qorovul eshikni bekitar ekan, chaqmoq chaqdi va uning shu’lasida ko‘lmak suvlar, eshik oldidagi qayinlar va ketayotgan ovchi yaqqol ko‘rindi. Uzoqda momoqaldiroq guldiradi.
— Tovba, tovba, tovba! — deb shivirladi qorovul va yo‘g‘on bir tayoqni kattakon temir halqaga suqib, shoshib-pishib eshikni mahkam tambaladi. — Havo rosa aynadida, xudo-ey!.. — U uychasiga qaytib kirdi, qorong‘ida timirskilab pechni topdi va boshigacha burkanib yotib oldi. Po‘stin tagidan qanchalik diqqat qilib quloq solsa ham dodlagan odam tovushini eshita olmadi. Momoqaldiroq tobora kuchaymoqda, shamol haydab kelgan yomg‘ir tomchilari deraza ko‘zlariga va yopishtirilgan qog‘ozga rosa shatirlata boshladi.
Qorovul shu vahimalar ostida o‘zicha o‘ylaydi va ovchini yomg‘irda ivib ketgan, to‘nkalarga qoqilib-yiqilib yurgan kayfiyatda ko‘z oldiga keltiradi. «Alvasti chaqirdi. Mana endi vahima bosib, dag‘-dag‘ qaltirayotgandir. Ajab bo‘ldi!».
Oradan o‘n minut o‘tmay oyoq tovushi eshitiladi, so‘ngra birov eshikni qattiq taqillatadi.
— Kim u?
— Men, — deb javob qildi ovchi. — Och!
Qorovul pech ustidan tushib, shamni topib yoqadi va eshikni ochadi. Ovchi bilan iti rosa ivigan holda kirib kelishdi. Ular eng qattiq jalada yo‘lda edilar. Endi ustlaridan siqilmagan lattadan oqqandek suv oqib turardi.
— Nima gap?
— Arava haydab ketayotgan bir xotin, — dedi ovchi entikib, — yo‘ldan adashib changalzorga kirib ketibdi.
— Ana ahmoq! Shunga baqiribdimi? Qo‘rqib ketganda… Ish qilib yo‘lga chiqarib qo‘ydingmi?
— Sendaqanggi ablahga javob berishni istamayman.
Ovchi ivigan shapkasini skameykaga uloqtirdi-da, so‘zini davom etdirdi:
— Men seni endi bildim: sen eng ablah, eng razil odam ekansan. Tag‘in qorovulsan-a, maosh olasan! Ming la’nat senga!
Qorovul o‘g‘ri mushuk singari yurib, pech yoniga bordi va sekingina yo‘talib, yotib oldi. Ovchi skameykada bir oz xayol surib o‘tirdi-da, ivigan holicha cho‘zildi. Bir ozdan so‘ng turib shamni o‘chirdi-da, tag‘in yotdi. Momoqaldiroq rosa ovjiga chiqqan paytda u to‘lg‘anib tushdi va qorovulni koyidi:
— Qo‘rqar emish… Bordi-yu, o‘sha xotinni o‘ldirishmoqchi bo‘lsa-chi? Unga kim madadkor bo‘lishi kerak? Tag‘in bu ko‘pni ko‘rgan qari-ya, dindor odam-a!.. Satqaiy odam ket-e, to‘ng‘izning o‘zi ekansan…
Qorovul yo‘taldi va chuqur nafas oldi. Qorong‘ida Flerka qattiq bir silkingan edi, ivigan junlaridagi suvlar hamma yoqqa sachrab ketdi.
— Bundan chiqdiki, mushtipar bir xotinni o‘ldirib ketsa, parvoyingga ham kelmas ekan-da! — dedi ovchi. — Xudo ursin agar, sening munaqaligingni ilgariroq bilganimda…
Gap to‘xtadi. Jimlik… Havo ham yorishdi… Momaqaldiroq yiroqlashib ketdi, lekin yomg‘ir hali ham tinmagan edi.
— Bordi-yu, dodlagan odam xotin bo‘lmasa, sen o‘zing dodlayotgan bo‘lsang-chi? — deb jimlikni yana buzdi ovchi. — Dodingga hech kim yetib kelmasa, xo‘sh, holing nima bo‘lar edi, hayvon? O‘ylasam, hali ham o‘zimga kelolmayman-a! He kasofating o‘zingga urgur, badbaxt!
Ovchi xiyla vaqtgacha indamay yotdi, nihoyat:
— Bundan chiqdiki, senda pul ko‘p, puli ko‘p odam ko‘rqoq bo‘ladi. Kambag‘al hech kimdan qo‘rqmaydi.
— Bu so‘zlaring uchun xudoning oldida javob berasan — deb g‘o‘ng‘illadi pech ustida yotgan Artyom. — Menda pul nima qilsin?
— Rostdan-a? Pul hamisha ablahda yuradi. Bo‘lmasa nega odamdan qo‘rqasan? Demak, puling ko‘p! Shu qilganingga bor-u yo‘g‘ingni shilib olsam, rosa mulla bo‘lar eding-da!
Artyom ohistagina pech ustidan tushib shamni yoqdida, obraz tagiga borib o‘tirib oldi. Rangi tamoman o‘chib ketgan, ko‘zlarini ovchidan uzmas edi.
— Mana hozir hamma pulingni shilib olaman, — dedi ovchi o‘rnidan turayotib. — Sen nima, hazillashayotibdi deysanmi? Sendaylarning jazosini berish kerak. Gapir, pulni qayerga yashirgansan?
Artyom oyoqlarini yig‘ishtirib oldi, ko‘zlari mo‘ltiradi.
— Nega bulonglaysan? Puling qayerda? Tiling bormi? Gapir deyman, kasofat! Nega indamaysan?
Ovchi o‘rnidan irg‘ib turdi-da, uning yoniga bordi.
— Boyqushga o‘xshatib, ko‘zingni chaqchaytirma! Qani bo‘l! Ber pulni, yo‘qsa otib tashlayman!
— Meni buncha qiynaysan? — deb yalindi qorovul ko‘zlari jiq yoshga to‘lib. — Men senga nima qildim? Teppamizda xudo bor! Bu haqoratlaring uchun u dunyoda javobgar bo‘lasan. Mendan pul talab qilishga hech bir haqi-huquqing yo‘q.
Ovchi yig‘layotgan Artyomning yuziga tikilib turib, o‘ylanib qoldi va undan uzoqlashdi, keyin jahl bilan shapkasini bostirib kiydi-da, miltig‘ini oldi.
— Eh… basharangni naxs bosib ketibdi! — dedi u g‘azab bilan. — Diydoringni ko‘rgim yo‘q! Bari bir bu yerda uxlamay tong ottiraman. Ketganim yaxshi, xayr! Flerka! Ma!
Eshik tars ochildi-da, sertashvish mehmon itini ergashtirib chiqib ketdi…
Artyom darhol eshikni berkitdi, cho‘qinib oldi va yotdi.
O. Sharapov tarjimasi