Anton Chexov. Albion qizi (hikoya)

Gryabov degan mulkdorning uyi yoniga rezina shinali, barqut o‘rindiqli, semiz kucherli yap-yangi kolyaska kelib to‘xtadi. Kolyaskadan uyezd dvoryanlarining yo‘lboshchisi Fyodor Andreich Ottsov sakrab tushdi. Dahlizda uni uyqusiragan eshikbon kutib oldi.
— Janoblar uydami? — deb so‘radi yo‘lboshchi.
— Yo‘qlar. Boyvuchcha xonim bolalarni olib mehmonga ketganlar, boy otamiz tarbiyachi mamzel bilan ertalabdan beri baliq tutyaptilar.
Ottsov bir muddat o‘ylanib turdi, so‘ng Gryabovni izlab daryo bo‘yiga ketdi. Uni qo‘rg‘onidan ikki chaqirim naridan topdi. Daryoning tik qirg‘og‘idan pastga qarab Gryabovni ko‘rdiyu kulib yubordi… Norg‘ul, semiz, kallasi naq xumday keladigan Gryabov qumloq sohilda chordona qurib o‘tirgancha baliq tutardi. Shlyapasi ensasiga o‘tib ketgan, galstugi yonga qiyshaygan. Mulkdorning yonginasida ko‘zlari qisqichbaqaning ko‘zlariday chaqchaygan, burni burundan ko‘ra qarmoqqa ko‘proq o‘xshab ketadigan qushtumshuq, novcha, ozg‘in ingliz ayol tik turardi. Ayol dokasifat matodan oq ko‘ylak kiygan, ko‘ylak ostidan sarg‘ish ustixonlari ro‘y-rost sezilib qolgan edi. Belidagi tillarang kamariga tilla soatcha taqib olib, qarangki, u ham baliq tutardi. Atrof suv quyganday jim. Ikkisining ham yuzi qarmoq po‘kaklari qalqib turgan daryo sathiday osoyishta.
— Ishqi zo‘r-u, ishqibozligi og‘ir! — deb kuldi Ottsov. — Salomat bormisan, Ivan Kuzmich?
— Ha-a… senmisan? — dedi Gryabov suvdan ko‘z uzmay. — Kelgan ekansan-da?
— Yo‘limiz tushib… Haliyam shu bema’ni odatingni tashlamabsan-a? Zerikmadingmi?
— E, padariga la’nat… Kun bo‘yi, naq nahordan beri shu yerdaman… Bugun nimagadir ovim o‘ngmayapti. Men ham, manavi ta’viya-taraqqos ham hech narsa tutolmadik. Haykalday qotib o‘tiribmiz, lekin ilinsa qani! Dodlab yuboray deysan.
— Haliyam tupur shu ishingga! Yur, borib aroq ichamiz!
— Shoshma… Balki biror nima ilinib qolar. Kechga borib baliq xo‘rakka o‘ch bo‘ladi… Shu desang, birodar, saharmardondan beri shu joyda o‘tiribman. Yorilib ketay dedimki, hech naryog‘i yo‘q… Qaysi jin chaldiyu men shu dardga mubtalo bo‘ldim! It kuni, degin, bo‘lmag‘ur ishligini o‘zim ham bilaman, lekin o‘tiraveraman, jilolmayman. Yurgan bir kazzobday, degin, shu og‘ir jazoga mustahiq ekanmanki, suvga qarab, ahmoq bo‘li-ib o‘tiribman!.. Beda o‘rimiga borishim kerak asli, lekin men baliq ushlayapman. Kecha Xaponevo qishlog‘iga pop hazratlari kelib va’z aytibdilar, o‘shanga ham borolmadim, kechgacha manavi dudlangan baliqning yonida qarmoq tashlab o‘tirdim.
— Hoy, aqldan ozdingmi sen? — dedi Ottsov ingliz ayoldan uyalib. — Xonimning yonida so‘kinasan? Yana uning o‘zini…
— E, onasi o‘lsin! So‘ksang-so‘kmasang — bir pul, baloni ham tushunmaydi. Maqtaysanmi, onasini axtarasanmi, bunga baribir. Burniga qara, burniga! Burnini ko‘riboq hushing og‘adi! Shu yerda uzzukun birga o‘tiramiz, miq etib og‘iz ochsa qani! Ro‘dapo qo‘riqchiday qaqqayib turaveradi, tushini suvga aytadimi, nima balo!..
Ingliz ayol homuza tortib, qarmog‘iga chuvalchang ildi-da, yana suvga tashladi.
— Hayratimga til ojiz, birodar! — deya so‘zini davom ettirdi Gryabov. — Bachchag‘ar Rossiyada o‘n yil yashabdi hamki, birorta ruscha so‘zni o‘rganmabdi!.. Bizning zodagonchalardan birortasi bularning yurtiga borsa bas, ikki kunda inglizning tilida chuldirab ketadi, bular esa… E, onasi o‘lsin! Sen buning burniga qara! Burniga qara buning!
— Bo‘ldi qilaqol… Uyat bo‘ladi… Xotin kishini malomat qilish yaxshimas.
— Xotin emas bu, hali qizgina… Ko‘ngilginasi kuyov tusab turgan bo‘lsalar ham ajabmas. Bilsang, turish-turmushidan chirik hidi kelayotganday… Eh, birodar, ko‘rgani ko‘zim yo‘q buni! Ko‘zlarini chaqchaytirib bir qarasa bormi, ko‘nglim ag‘darilay deydi, go‘yo tirsagimni toshga urib olganday bo‘laman. Buyam baliq ovlaganini aytmaysanmi. Qara, qimir etmaydi, baliq tutayotgani yo‘q, ibodat qilyapti. Hammaga tepadan qaraydi, puf-sassiq, deb burnini jiyiradi… Turishiga qara buning, o‘z ko‘nglida, men ham odamman, demak, tabiat podshosiman, deb xayol qilsa kerak-da, a? Sen buning oti nimaligini bilasanmi? Uilka Charlzovna Tfays! Tuf-e!.. Tiling ham kelishmaydi!
Ingliz ayol o‘zining ismini eshitib, Gryabov tomonga tumshuq burdi, uni boshdan-oyoq tahqirli bir nazar bilan ko‘zdan o‘tkazdi. Keyin Gryabovni qo‘yib, Ottsovga qaradi, bunisiga ham nafratini bildirgan bo‘ldi. Bir so‘z demay, kibru viqoru salobat bilan qaradi.
— Ko‘rdingmi? — dedi Gryabov xoxolab kulgancha. — Mana, pishirib ye, demoqchi bo‘lyapti. Hu sendaqa tasqarani!.. Bolalarning g‘amini yeyman-da, bo‘lmasa, bunaqa kaltakesakning dumini allaqachon tugib qo‘yardim-a! Shu bolalarni o‘ylamasam, qo‘rg‘onimdan o‘n chaqirim naridan o‘tardi-ya… Burni naq qirg‘iyning tumshug‘iga o‘xshaydi… Beli-chi? Beli yo‘q buning, tik turgan mixning o‘zginasi. Bilsang, birodar, o‘zimga qolsa, shundoq olardimu yerga qoqib kiritib yuborardim. Shoshma-chi… Po‘kak qimirladi, baliq aylanganga o‘xshaydi…
Gryabov o‘rnidan sakrab turdiyu qarmoqni tortdi. Ip tarang tortildi… Gryabov yana bir silkitdi, lekin qarmoq chiqmadi.
— Ilinib qoldi, — dedi u aftini burishtirib. — Toshga ilinib qoldi-yov… Jin ursin…
Gryabovning yuzida iztirob ko‘rindi. Uh tortib, notinch kuymalanib, so‘kishu qarg‘ishni qalashtirib, qarmoq ipini tortib ko‘rdi. Lekin qarmoq chiqavermadi. Gryabovning yuzi bo‘rday oqarib ketdi.
— Savil qolsin! Endi suv kechishga to‘g‘ri keladi.
— Suv kechib yurasanmi, qo‘y bu ishingni!
— Aytaverasan-da, birodar. Kechki payt baliq zo‘r tutiladi… Endi, shu joyda ishning chappa ketganini! Suvga tushamiz endi. Boshqa iloj yo‘q! Yechingim kelmayapti, hech yechingim kelmayapti… Manavi inglizingni ketkizish kerak. Bu turganda yechinib bo‘larmidi. Harna, ayol oti bor buning ham!
Gryabov shlyapasi bilan galstugini yechdi.
— Miss… Xo‘-o‘sh… — deya ingliz ayolga murojaat qildi u. — Miss Tfays! Je vu pri…* Bunga nima desam ekan? O‘zing ayt, nima deb aytsam sen tushunasan, a? Hov, eshityapsizmi, quloqdan bormi?.. Anavi yoqqa! Hu anavi yoqqa keting! Eshityapsanmi?
Miss Tfays Gryabovga ola qarab, nimadir deb ming‘irladi.    1
— Nima deding? Tushunmadingizmi hali? Bu yerdan yo‘qol, deyapman senga! Hu ana u yoqqa ket! Uyoqqa!
Gryabov missning yengidan tutib, butazor tomonga imo qildi-da, yerga cho‘kkalab ko‘rsatdi, aytmoqchi bo‘ldiki, sen o‘sha yerga borib, butalar panasida mana shunday… panalab tur… Ingliz ayol, qoshlari qahrli chimrilib, o‘zining tilida allanimabalolar deb gapirdi. Mulkdorlarning ikkovi ham piq etib kulib yubordi.
— Shuncha vaqtdirki, buning ovozini birinchi marta eshitishim… Bulbuligo‘yo bo‘lib ket-e! Tushunmaydi! Sen ayt, birodar, bu dardi bedavoga yana nima dey?
— E, qo‘ysang-chi buni! Yur, borib aroq ichamiz!
— Borolmayman, hozir ayni baliq tutadigan payt… Kech tushyapti, axir… Nima qilay endi, birodar, ayt, nima qilay? Kasofat-e! Endi buning ko‘z oldida yechinishga to‘g‘ri keladi.
Gryabov syurtugi bilan nimchasini yechib tashladi-da, qumga o‘tirib, etiklarini torta boshladi.
— Ivan Kuzmich, oshna, — dedi dvoryanlar yo‘lboshchisi piq-piq kulib. — Judayam oshirib yubording, bu ishing borib turgan bedodlik…
— O‘zidan ko‘rsin, kim bunga ruschani tushunmagin, deb edi. Mayli, yechinaveraman, toki ajnabiylarga saboq bo‘lsin!
Gryabov etiklarini, shimini yechdi, so‘ng ishton-ko‘ylaklarini ham sidirdiyu shiryalang‘och bo‘ldi. Ottsov qornini changallab qoldi. U kulgi bilan uyatning zo‘rligidan qizarib ketgan edi. Ingliz ayolning qoshu ko‘zlari pir-pir ucha boshladi. Sariq yuzida kibru nafratga to‘la bir kulgi zohir bo‘ldi.
— Sal salqinlab, keyin tushaman, — dedi Gryabov sonlariga shapatilab. — Azizim Fyodor Andreich, sen tushuntirib qo‘ysang bo‘lardi, nega yoz keldi deguncha ko‘kragimga toshma toshib ketarkin, a?
— Tezroq suvga tush yoki kiyinib ol. Hayvon ekansan o‘zi, oshna!
— Bu benomus sal-pal uyalsa qani! — dedi Gryabov cho‘qina-cho‘qina suvga tusharkan. — O‘h, muzdekkina ekan… Qara, qoshini chimirganini qara! Ketmaydi bu… Oyimtilla o‘z xayollarida naq osmonda yuribdilar, olomondan tepada! He-he-he… Bizlarni odam hisobiga qo‘shmaydi bu!
Gryabov tizzagacha suvga kirgach, bo‘ydor qomatini ko‘z-ko‘z qilgandek kerishib oldi-da, do‘stiga ko‘z qisdi:
— Erkaligini Angliyasiga borib qiladi!
Miss Tfays kiprik qoqmay, chuvalchangni yangiladi, odatdagicha bir marta esnab olib, qarmog‘ini suvga tashladi. Ottsov teskari o‘girildi. Gryabov ilinib qolgan qarmog‘ini topib, suvga bir sho‘ng‘ib oldi-da, pishillagancha daryodan chiqdi. Oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmay, u xuddi boyagiday, qumga chordona qurib o‘tirgancha baliq tutar edi.

Murod Muhammad Do‘st tarjimasi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1985 yil, 10-son.

______________
* Iltimos qilardimki… (frants.)