Tushgi ovqatni yeb bo‘lishdi. Qorinlar to‘yib, dimog‘lar chog‘; esnab, shirin uyqu bosib, ko‘zlar biyo-biyo. Er sigara chekdi, kerishdi va kushetkaga o‘zini tashladi. Xotin uning bosh tomonida o‘tirib, mushukka o‘xshab xirilladi… Er-xotin baxtiyor edi.
– Gapirsang-chi, – dedi er esnab.
– Nima deyayin? Hm… Ha, aytganday! Eshitdingmi? Sofiya Okurkova haligi… oti nima edi-ya… Fon-Trambga tegipti! Buni qara-ya!
– Tegsa, tegibti-da, nima qipti?
– Tramb razil odam-ku, axir! Shunday ham yaramas… Shunday ham vijdonsiz odamki! Bunaqa tuturiqsiz, betamiz maxluq doriga ham topilmaydi. Axloqini ham asti qo‘yaver! Grafning ish boshqaruvchisi edi, shuning orqasidan ko‘p dunyo orttirdi, endi temir yo‘lda ishlab, o‘g‘irlik qiladi… Singlisini g‘orat qildi… Qisqasi ko‘p yaramas va o‘g‘ri… Shunaqa odamga tegadimi kishi?! Shu bilan umr qiladimi kishi! Hayronman! Shunday binoyi qiz bo‘lsa-yu… Shunaqa qilib o‘tirsa-ya! Bunaqa maxluqqa o‘lsam ham tegmas edim! Millioner bo‘lsa ham baribir tegmas edim! Dunyoda yakka-yu yagona chiroyli bo‘lsa ham aftiga tuflar edim. Toqatim bormi razil erga!
Xotin irg‘ib o‘rnidan turdi va qipqizargan, g‘azablangan holda uyda nari-beri yurdi. Uning ko‘zlari g‘azabdan yonar, so‘zlari samimiy ekanligi ochiq ko‘rinib turar edi…
– Bu Tramb shunaqa maxluq. Shunaqa odamlarga tegadigan xotinlar o‘larday axmoq, o‘larday sharmanda xotinlar!
– Hm… Sen, albatta tegmas eding… Hm… Bordi-yu men ham razil odam bo‘lsam-chi? Nima qilar eding?
– Menmi? Sendan chiqar edim! Bir soniya ham sen bilan umr qilmas edim! Men faqat pok kishini yaxshi ko‘rolaman, xolos. Agar Tramb qilgan ishlarning yuzdan birini qilganingni bilib qolsam bormi… Tamom!
– Hm… Hali shunaqaman degin… Men bilmagan ekanman. Ha-ha-ha… Baqrayib turib yolg‘on gapiradi-ya!
– Men umrimda yolg‘on gapirgan emasman! Qani, razillik qilib ko‘r-chi, nima qilar ekanman!
– Nima hojati bor? O‘zing bilasan… Men o‘sha sening Fon-Trambingni bir cho‘qishda qochiraman!.. Trambni menga qaraganda kisavur desa bo‘ladi. Nega ko‘zingni lo‘q qilasan? Ajab… (Pauza). Men necha pul oylik olaman?
– Bir yilda uch ming so‘m.
– Bundan bir hafta burun olib berganim marvarid necha pulga keldi? Ikki ming… Shunday emasmi? Kecha olib bergan ko‘ylagim besh yuz… Dacha ikki ming… Ha-ha-ha… Kecha otaxoning bir mingni o‘marib ketdi…
– Axir, Per, boshqa daromadlar ham…
– Otlar… Shaxsiy doktor… Mashinachilarning schyotlari. Bundan uch kun burun yuz so‘mni o‘zing kartaga boy berding…
Er boshini ko‘tardi, chakkasiga mushtini tirab, butun boshlik bir ayb-noma o‘qib berdi; yozuv stolining yoniga borib bir necha dalil va hujjatlar ko‘rsatdi.
– Mana, ko‘rdingmi, jonim, fon-Trambing mening oldimda chakana o‘g‘ri, kisavur! Minba’d birov to‘g‘risida bunaqa dema!
Men hikoyani tamom qildim. Ehtimol kitobxon:
– Xotin chiqdimi? – deb so‘rar.
– Ha… chiqdi. Lekin eridan emas, narigi uyga chiqdi.
Rus tilidan Abdulla Qahhor tarjimasi