
– Bilasanmi, bemorlarimning og‘rig‘ini tanamda his qilib turaman, – dedi menga dadam bir kuni. Buni sekin, oyim va buvimga eshittirmay gapirdi. U hatto sekin gapirganda ham bu gaplarni ular eshitishini istamaydi, chunki bu gaplar unga juda balandparvozdek tuyiladi. Balki shunchaki oyim uning qanchalik qiynalishini bilishini istamas.
Menga esa dadam hamma narsani gapirib beradi! Hatto butun umr, to‘rtinchi sinfdan buyon faqat oyimni yaxshi ko‘rishini ham.
– Ba’zi og‘aynilarim hayron bo‘ladi, – deydi dadam.
– Bo‘lsa bo‘lar! – deb xitob qilaman men. – Baxtsizlar! Ular oyimga o‘xshash ayolni umrida uchratmaganda…
Bir so‘z bilan aytganda, dadam bilan o‘rtada sirimiz yo‘q. Menimcha, qachondir og‘ir operatsiyani boshdan kechirsam, umuman qiynalmasam kerak. Chunki o‘zi o‘tkazgan hamma operatsiyalar haqida dadam batafsil gapirib beradi, men esa ularga qandaydir o‘rganib qolganman.
Axir kimgadir ko‘nglini yorishi kerak-ku! Ayollarni xafa qilishni istamaydi. Undan boshqa erkak esa uyda bitta. Men!
Hamma og‘ir kasallarni ism-sharifigacha bilaman. Ularning qarindoshlarini ham bilaman, chunki doim qo‘ng‘iroq qilib turishadi. Dadam ularga ma’lum qiladi: “Bugun sizning eringiz yonlariga ag‘darildi!”, “O‘g‘lingiz yurishga o‘rgandi! Ha, yana…Derazagacha yurib bordi! Tabriklayman!”
– Kasalxonanglarda surishtiruv byurosi yo‘qmi, deyman, – deydi buvim.
– Yaqinlari operatsiyani kasaldan ham ko‘proq qiynalib o‘tkazishadi, – deb javob qiladi dadam. – Ularga narkoz berilmaydida! Shuning uchun telefon orqali “og‘riq qoldirishga” harakat qilaman.
Dadam har doim bemorlarning qayerda, kim bo‘lib ishlashi, nimani orzu qilishi va nechta bolasi borligini biladi.
– Birovning hayotini bilmasdan turib aralashib bo‘lmaydi, – deydi dadam. – Ayniqsa, biz jarrohlar…
Dadam doim oyim bilan buvimni bezovta qilmaslikka urinadi. Shuning uchun erta tongda juda quvnoq bo‘lib, baland ovozda qo‘shiq kuylab qolsa, bilamanki, uning hozir dili xufton. Yoki, aniqroq aytganda, sarosimada. Shunda dadamni asta oshxonaga chorlayman:
– Nima, bugun murakkab operatsiya bormi? Hayajonlanyapsizmi?
– Engil operatsiyalar bo‘lmaydi, – deydi doim dadam. Keyin: – Bo‘yinga mas’uliyat yuklaydigan holatlar ko‘p…
Javoban unga ishonishimni aytaman. Dadamning qalbi ancha engillaydi, qo‘shiq kuylashni bas qiladi. Kunduzi buvimga aytaman:
– Jen’kadan xabar olishim kerak, geometriyasi qalay ekan!
Kasalxona raqamini terib, go‘shakka dadam kelganda so‘rayman:
– Qalay bo‘ldi? Hal bo‘ldimi?
Dadam meni darrov tushunadi. Umuman olganda biz bir-birimizni juda yaxshi tushunamiz.
Kechqurun uyga kelganda uning yuziga qaraboq aniq bilaman – muammo bormi-yo‘qmi, harorat juda balandmi yoki unchalikmasmi…
Lekin bir kuni dadamning yuzi shunday tusda ediki, men hech narsani tushunmadim. Dadam na xafa, na xursand ko‘rinardi. Umuman hech qanday his ko‘rinmasdi. Yurishlari ham o‘zgargan. Aniqroq aytganda, hech qanday yurish qolmagan…Qo‘rqib ketdim.
– Nima bo‘ldi, dada? – dedim shivirlab.
– U o‘ldi, – dedi dadam.
– Kim?
– Yegorov…Ivan Pavlovich.
Avvallari Yegorov haqida hech narsa eshitmagan edim. O‘sha kuni tongda ham dadam hayajonlanmagan, qo‘shiq kuylamagan edi. To‘g‘ri, oyim bilan buvim uch kunga shahar tashqarisiga ketishgan. Lekin, men baribir sezgan bo‘lardim!
– Yoshi nechada edi?
– Hmm…Shunday vaziyatlarda birinchi bo‘lib shunaqa savol beriladi. Nima farqi bor, yoshini?! U yashashi kerak edi.
– Uning kasali og‘irmidi?
– Umuman unday emasdi. Hamma gap shunda-da! Operatsiya yaxshi o‘tdi. Keyin…Senga qanday tushuntirsam ekan? Kichik qon quyqasi paydo bo‘ldi. Tromb.
– Demak, siz aybdor emassiz? (Dadam menga qarab qo‘ydi) – Ya’ni siz hammasini to‘g‘ri bajargansiz-ku, to‘g‘rimi?
– U o‘ldi. Avvalgi kuni onasi oldimga kelgandi. Tushunyapsanmi?
– Demak, u yosh bo‘lgan ekanda?
– Ellik yettida edi.
– Onasichi?
– U yetmish sakkiz yoshda. Lekin abjir, ko‘zlari ham chaqnab turadi… “Yaxshi, degandi u, Vanyaning ayoli sanatoriyada, bolalari boshqa shaharda. Bo‘lmasa, kechqurun bu xuruj boshlanganda juda qo‘rqib ketishar edi!” Men bo‘lsa hazil ham qiluvdim: bu kasallik bekor biz bilan o‘ynashyapti. Enasini ko‘rsatib qo‘yamiz!
– U biladimi?
– Men operatsiyani yana besh kundan so‘ng bo‘ladi, dedim unga. Yegorov shuni so‘ragandi. Xavotir olmasligi uchun…
“Ivan Pavlovich shunda ham onasini o‘ylagan ekanda” deb o‘yladim men. So‘radim:
– Endi nima bo‘ladi?
– Endi oldiga borib o‘zim gapiraman.
– Men ham boraman!
– Kettik. Uzoqda emas. “Tong” kinoteatri oldida…U menga “Vanya uyga qaytganda siz ham keling!” degandi…
Dadamning qo‘lidam tutib, o‘zim yo‘l boshladim. U hayron bo‘lmadi, qo‘yib yubormadi. Demak unga kerak edim o‘sha paytda! Yoki shunchaki unga hammasi baribir edi.
– Onasi menga Yegorov haqida gapirib bergan edi. Onalar doim shunday qiladilar. Men bolalarini yaxshi ko‘rishim va harakat qilishim uchun…
Dadam Yegorov haqida shunday gapirar ediki, go‘yo u mening yoshimda, onasi oyimning yoshida bo‘lgandek edi.
– Dunyoda onalar hammasidan ham ko‘p o‘z bolalaridan uzoqroq umr kechirishdan qo‘rqadilar, – dedi dadam. – Ular biz vrachlar bunga yo‘l qo‘ymaymoz, deb hisoblashadi. Ahvol esa, mana, ko‘rib turganingdek…
Men esa “Qanday qilib kichkina qon quyqasi hamma narsadan kuchli bo‘lib chiqishi mumkin? Nega inson hayoti qandaydir kichkina tomirchaga bog‘liq bo‘lib qolishi kerak? Nega?” deb o‘ylardim. Bu fikrlarimni dadamga aytganimda u shunday javob qildi:
– Mana, shu bog‘liq bo‘lmasligi uchun harakat qilyapmizda!
Dadam judayam harakat qilyapti Bilib turaman…
– Iltimos, aytingchi: siz buning oldindan ko‘ra ololarmidingiz?
– Vrach hamma narsani oldindan ko‘ra bilishi kerak, dedi u xafalik bilan. Men esa savoldan to‘xtamasdim:
– Oldini ololarmidingiz?
– Shart edi!
Angladimki, dadam mendan emas, o‘zidan xafa bo‘lyapti. Men bunga yo‘l qo‘yolmasdim!
– Majburmidingiz? Eplay olarmidingiz?
– Sen hech qachon vrach bo‘lolmaysan, – dedi dadam.
– Nega endi?
– Chunki doim men haqimda o‘ylaysan. Ya’ni o‘zing haqingda ham! Uning o‘rniga…E, mayli! – dedi dadam qo‘l siltab.
– Siz haqingizda ham kimdir o‘ylashi kerakku! O‘zingiz haqingizda o‘ylamaganingizdan keyin… – dedim oyimdan ko‘p eshitgan jumlani takrorlab.
Kinoteatr oldiga yetganimizda dadam kvartira raqamini bilmasligi ma’lum bo‘ldi. U faqat kinoteatrni eslab qolgan, uy raqamini esa unutgan edi.
Sochlari oppoq bir kishi butalar va o‘tlarga suv sepib yurgandi. Rezina ichakni qanday ushlashidan u bog‘bon emasligini, o‘z ixtiyori bilan hovlini sug‘orib yurganini tushundim. Har tomonga alanglayotganimizni ko‘rib, u kishi so‘radi:
– Sizlarga kim kerak?
– Yegorovning uyi qayerda? – so‘radi dadam.
– Ey-haa, o‘g‘lingizni tuzatishga olib kelyapsizmi? Bizning mahallada kimning bolasidan shikoyati bo‘lsa, Ivan Pavlovichga olib kelishadi. Bola tilini biladi-da bu odam! Endi boshqa mahallalardan ham kelishyapti ekanda? U birinchi pod’ezdda yashaydi. Ikkinchi qavatda…Uy raqami esimda yo‘q! Lekin hozir u kasalxonada – dedi xo‘rsinib. Rezina ichakdan chiqayotgan suv bir butaning ustida quyilib turardi. – U yo‘q, mana, bolalar stolniyam sindirgan… O‘zlaricha jangovar turishni qilishganda. Akrobatlar! Ivan Pavlovich qaytmaguncha tuzatmay turamiz. Qani, yuziga qanday qarashar ekan! U bo‘lganda sindirishmasdi. Mutlaqo! Hurmat qilishadi. Gullarga, o‘simliklarga jonlarini berib mehribonlik qilishadi. Ivan Pavlovich o‘tkazganda. Mana bu olma ham uniki… U birinchi pod’ezdda yashaydi… Qaysi xonadonda edi? – deb so‘radi u yonimizdan sumka ko‘tarib o‘tib ketayotgan ayolga yuzlanib.
– Kimni so‘rayapsiz?
– Yegorovni.
Ayol darhol qo‘lidagi sumkalarni yerga qo‘ydi. Og‘irlik bilan, tushkunlik bilan qo‘ydi.
– U ana u pod’ezdda yashaydi, Yettinchi xonadon. Tezroq qaytaqolsaydi! O‘g‘lim matematikani o‘qiyolmayapti. U Ivan Pavlovichni, u kishi sabab matematikani ham yaxshi ko‘roib qolgan edi. To‘rt olib kela boshladi. Men mana shu o‘g‘lim katta bo‘lmaguncha hech qayoqqa ketmayman! Keling, sizni kuzatib qo‘yaman. Onasi uyda bo‘lsa kerak…
Dadam “Ivan Pavlovich endi oramizda yo‘q” deb qo‘ymasa edi, deb xavotirlanar edim. Lekin dadam sukut saqlardi. Menimcha, bu insonlar uchun Yegorovning umrini yana biroz uzaytirishni istardi.
Biz qo‘shnining ortidan ergashdik. Men uning bitta sumkasini ko‘tarib oldim, dadam ikkinchisini. U ayol esa gapirib ketar edi:
– Maktabdan o‘g‘limni o‘rtoqlari kelishuvdi. Ivan Pavlovichsiz juda zerikishdi. Men ham maktabda o‘qiganman. Eslayman… Darslarimiz qoldirilganda xursandchilikdan o‘zimizni qayerga qo‘yishni bilmas edik! Bular esa sog‘inishadi. Kasalxonaga borishmoqchi edi ko‘rgani. Men shu yerda, birinchi qavatda qolaman. Sizlar tepaga ko‘tarilasizlar. Uning uyi tepada!
U eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdi.
Qandaydir norozi, tushkun bir ayol eshik ochdi.
– Nega o‘zingiz bilan kalit olib yurmaysiz? Shovqiningiz olamni olaman deydi…
– Mana bu odamlar Ivan Pavlovichni izlab yurishibdi, – dedi negadir sumkali ayol.
Qo‘shni xuddi Ivan Pavlovichning uyini izlayotgan kishilarning oldida uyalgandek, aybdorona jilmaydi.
– Ivan Pavlovich tepamizda yashaydi. Shundoqqina tepamizda!
Biz tepaga ko‘tarildik…Asta-sekin, zinalarni go‘yo bitta-bitta sanayotgandek, go‘yo qandaydir og‘ir kasallikni boshdan o‘tkazgandek.
“Yashaydi…Yashaydi…Yashaydi!.. – quloqlarim ostida tinmay jaranglar edi shu so‘z. – Yashaydi…”
Rus tilidan Odilxon Orifjonov tarjimasi

